OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nurali Qobul. Kechagi kun (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurali Qobul
Asar nomiKechagi kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Nurali Qobul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechagi kun (hikoya)
Nurali Qobul

Yillarga choʻzilgan tanaffucdan soʻng biz bogʻ hovlidagi durkun oʻrik daraxti soyasida suhbatlashib oʻtirar edik. Har ikkimizning soʻz ohangimiz va yuz qiyofamizdan bu koʻrishuvdan mamnunlik hissi aks etib turardi.
— Biz ham ikki yumalab tijoratchi boʻlib qoldik, aka, — dedi Tolibjon hozirgi xizmatidan uyalganday va bu oʻngʻaysizlikdan qutulish uchun gap mavzusini boshqa tomonga burarkan. — Sizning bir maqolangizni oʻqigan edim. Rassom Roʻzi Choriev Stokgolmda ochilgan koʻrgazmasida Andrey Saxarovning xotini Yelena Bonnerning qoʻlini oʻpganligi uchun qora roʻyxatga tushgan ekan. Mening boshimdan ham shunga oʻxshash bir gʻalati voqea kechgan. Saksoninchi yillarning oʻrtalari edi, — deya tomogʻini qirib qoʻyib hikoyasini boshladi suhbatdoshim...

...Xonqoʻriqda yosh-u qari, barcha birdek yaxshi taniydigan, yoshi oʻtib qolganiga qaramay, oʻzini qizlarday tutadigan serkarashma, nafaqachilar va yosh bolali ayollarning xaloskori, aloqa boʻlimining mudirasi Flora Fayzievna xuddi shaharlik artistlar kabi poʻrim kiyinadigan Tolibjonni iliq kutib oldi.
— Obuna munosabati bilan bir sizga uchrashay degan edim, — deya murojaat qildi Tolibjon mudira ish stolining qarshisidagi eski kursiga omonatgina oʻtirar ekan.
— Pionervojatiylaringiz Tursunali allaqachon maktab boʻyicha obunani tugatgan edi. Nima, siz ulgurmadingizmi?
— Respublika va ittifoq nashrlariga yozildim. Biroq men istagan nashr obunasi bevosita aloqa boʻlimlari orqali amalga oshirilar ekan, — dedi Tolibjon maqsadga koʻchib. — Yaqinda malaka oshirish uchun Rigaga borgan edik. Oʻsha yerda ikki dona jurnal qoʻlimga tushib qoldi. Boshidan oxirigacha oʻqib chiqdim. Yozilgan narsalarning barchasi biz uchun yangilik. Kichik bir maqoladan ham odam bir nima oladi, — taassurotlarini maroq bilan hikoya qila boshladi Tolibjon.

Flora Fayzievna esa borgan sari sergaklanib, qoʻlidagi ruchkasini oʻynagancha diqqat bilan rus tili muallimining hikoyasini tinglar edi.
— Qanday jurnal ekan u? — deya soʻradi u nihoyat sabri chidamay.
— «Amerika» jurnali — javob qildi Tolibjon oʻsha hayajonli ohangda. — Uning yarim hajmida «Angliya» degan jurnal ham bor ekan. Biri-biridan qiziqarli va juda sifatli qogʻozda chop etilgan...
— Istagingizni tushundim, domla, — muallimning soʻzini kesdi mudira chuqur nafas olarkan. — Ertaga javobini aytaman, — deya gapni kalta qildi.

Uning ovoz ohangi oʻzgargan, sasida beixtiyor titroq va qoʻrquvga oʻxshash alomat paydo boʻlgan edi. Tolibjon endi har qanday gap-soʻz ortiqchaligini sezib, indamadi. Opa uni parishonxotir kuzatib qoʻydi.

... Ertasi kuni toʻqqizinchi sinfga darsga kirgan edi, xona eshigini kimdir qoqdi.
— Muallim, sizni direktor chaqirayaptilar, — dedi yoʻlakda turgan oltinchi sinf oʻquvchisi.

Tolibjon bolalarga vazifa topshirib, direktor xonasi tomon yoʻnaldi.

Maktab direktori Hazratqul Boʻtabekovning xonasida qishloq uchastkavoyi Valijon Boboev oʻtirar edi.
— Men sizlarni xoli qoldiraman. Shu yerda bemalol gaplashaveringlar, — dedi Boʻtabekov Tolibjon oʻtirishi bilan undan nigohini olib qocharkan.

Tolibjon uchastkavoyning qarshisidagi eski stulga choʻkdi. Valijon yonidagi ohori ketgan qahvarang papkasini titkilab, qandaydir qogʻozni olgan boʻldi.
— Kecha bir joyda qandaydir jurnalmi, kitobmi haqida gap boʻlgan ekan. Menga shu xususda batafsil gapirib bersangiz? — dedi Valijon tomogʻini qirib qoʻyarkan.
— E-e, shuning uchun keldingizmi? Xayriyat-ey! — Hayronligini yashira olmadi muallim yuziga beixtiyor tabassum yugurib. — «Amerika» degan jurnalga obuna boʻlmoq uchun aloqa boʻlimiga, Flora opaga uchrashgan edim.

Bu qadar qisqa javobni kutmagan Valijon ikkinchi savolni oʻylab qoʻymagan shekilli, yana qogʻozga qarab qoʻydi.
— Nima uchun aynan «Amerika» degan jurnalga? — deya navbatdagi savolni berdi.
— Safarda boʻlganimda qoʻlimga tushib qoldi. Qiziqarli ekan. Yozilish mumkin boʻlsa, olib oʻqimoqchi edim.
— Qaerda qoʻlingizga tushdi?
— Riga shahrida.
— Hm-m, Riga degan shaharda deng. Nega u yerga bordingiz? — ijikilab soʻrar edi leytenant.
— Viloyat xalq maorifi boʻlimidan rus tili oʻqituvchilari seminariga yuborishgandi. Sakkiz kishi edik.
— Seminarga bordingiz-u «Amerika» va «Angliya» degan kapitalistik jurnallarni oʻqib keldingiz. Shundaymi? — gʻalati tirjaydi Valijon.
— Yoʻq, orada kemada Atlantika ummoni orqali suzib, Amerikaga ham borib keldik! Qalay, yoqadimi? — endi yelkasi tirishdi Tolibjonning.
— Men siz bilan hazillashayotganim yoʻq, uka! Xizmatim yuzasidan suhbatlashmoqdaman! Achchiq-chuchuk gapingizni menga qilmang!

Valijon shunday deb oʻrnidan turdi va beixtiyor xona boʻylab naridan-beri yura boshladi.
— Mendan nima istaysiz? Savolingizni bering? — dedi past va tushkun ovozda boshini quyi egarkan Tolibjon.
— Tinchgina yursangiz boʻlmaydimi, uka? Nima kerak sizga oʻsha «Amerika»mi-samerikami, degan jurnal? Oʻzimizning gazeta-jurnallarni oʻqib yuravermaysizmi? Yoʻq yerdan oʻzingizga ham, bizga ham malomatni sotib olib!..
— Buning nima malomatli yeri bor? Oʻsha jurnalga yozilish mumkin boʻlmasa, shuni oʻsha zahoti aytsa boʻladi-ku! Men hashshakalla obuna qilasan, deb yoqasidan boʻgʻib olayotganim yoʻq-ku?! Buning uchun ichki ishlarga murojaat qilganiga balo bormi? Meni kechiring, Valijon aka, shunga qonim qaynayapti! — qoʻlini paxsa qilib soʻzlardi muallim.
— Masalani chuqurlashtirishga hojat yoʻq. Sizdan oldin men uchib ketib oʻtirmayin tagʻin, — hushyor tortdi militsiya xodimi. — Boshimni qotirmang, Tolibjon uka. Men sizni soʻroq qilmoq uchun kelganman, siz meni emas. Suhbat doirasidan chiqmang.

Tolibjon beixtiyor oʻrnidan turib ketdi.
— Oʻtiring, uka! Men ruxsat bersam oʻrningizdan qoʻzgʻolasiz, — dedi muallimning tixirligidan achchigʻi chiqqan Valijon buyruq ohangida. Ikkimizning bahslashib oʻtirishimizdan foyda yoʻq. Yaxshisi siz oʻsha jurnalgami, kitobgami nima uchun va qanday maqsadda yozilmoqchi boʻlganingiz haqida yozma ravishda tushuntirish xati bering.
— Menimcha, bu yerda izoh berib yozadigan hech nima yoʻq! — javob qildi Tolibjon battar ensasi qotib.
— Boʻpti. Shuni yozib bering! Nimani lozim topsangiz, shuni yozib bering. Kerakli joyga eltib topshirayin-da, shu mashmashadan qutulayin! Tushundingizmi? Bekorchilikdan kelib, siz bilan adi-badi aytishib oʻtirganim yoʻq! — ovozini keskin balandlatdi militsiya leytenanti.
— Kimning va qaysi tashkilotning nomiga yozayin?
— «Tushuntirish xati» deya yozing-da, davom etavering. Manzilni koʻrsatish shart emas ekan, — oʻrgatgan boʻldi Valijon kimdandir olgan koʻrsatmasini ehtiyot boʻlib soʻzlarkan. — U yoq-bu yogʻini yaxshilab oʻylab yozing. Siz vaziyatni tushuning. Oʻshanday katta dushman, imperialistik davlatning «Amerika» degan, buning ustiga rus tilida chiqadigan jurnali tovuqning katagidek rayonimizga kelishi, uni sizdan boshqa odamlar, maktab oʻquvchilari orasida qoʻldan-qoʻlga oʻtib, qanday shov-shuv boʻlishini hecham oʻylab koʻrganmisiz?

Tolibjon uchastkavoyni diqqat bilan tinglab, bosh irgʻadi-da, indamay yozishga kirishdi. «Men Xonqoʻriq qishlogʻidagi 22-Narimonov nomli oʻrta maktabning rus tili va adabiyoti muallimi Tolibjon Qayumov Xonqoʻriq aloqa boʻlimiga «Amerika» jurnaliga obuna boʻlmoq uchun uchrashdim. Bu jurnalni olmoqdan maqsadim oʻz bilimimni boyitish va dunyo yangiliklaridan xabardor boʻlmoq edi. Bundan boshqa hech qanaqa niyat va maqsadim boʻlmagan. Imzo».

Leytenant Boboev diqqat bilan tushuntirish xatini oʻqib chiqdi-da, komissarcha sumkasiga solib qoʻydi.
— Men bu qogʻozni olib borib topshiraman. Biroq yozuvda kamchilik boʻlsa, yana meni siz tomon boʻzchini mokisidek yugurtiradilar. Buning ustiga boshliq bu ish bilan kelgan odamga soy boʻyida tushlik tayyorlashni buyurdi. Siz muallimlar esa birorta bolani sotib yeya olmasangiz, — yarim hazil, yarim chin gʻalati tirjayib soʻzlardi Valijon qogʻozlarni yigʻishtirib oʻrnidan qoʻzgʻalar ekan. — Eski boʻyinbogʻingiz bilan kostyumingizni yeyilib ketgunga qadar kiyib yuraverasiz, — hamon oʻz-oʻzicha gʻuldirardi u norozi ohangda.

Tolibjon suhbatdoshining bu gapiga nima, deb javob qaytarishni bilmay haykaldek qotib qoldi. Endi lab-lunjini yigʻishtirib nimadir demoqchi boʻlganida uchastkavoy yana soʻz qotdi.
— Ha, aytgandek sizning mashinangiz bor edi-ya? Yuring, Jaloyirga tushib chiqaylik. Sudga kelmayotgan bir odamga chaqiriq qogʻozini berib, tilidan tilxat olib kelishim kerak, — deya eshik tomon yurdi Valijon. — Soʻngra meni rayon markaziga tashlab qoʻyasiz.

Karaxt muallim oyogʻini zoʻrgʻa sudrab bosib, unga ergashdi. Direktor Hazratqul Boʻtabekov esa bezovta va asabiy bir holatda yoʻlakning u boshidan bu boshiga borib kelar edi.
— Biz bir yoqqa borib kelamiz, — dedi Valijon xayrlashmoq uchun direktorga qoʻl uzatarkan sirli va buyruq ohangda.

Siyosatda xato qilmoq tushiga kirsa ham choʻchib uygʻonadigan Boʻtabekovning kapalagi uchib ketgan edi. Chunki uning otasi unsur sifatida Ukrainaga surgun — quloq qilingan va oʻsha yerlarda xor-u zor boʻlib oʻlib ketgan, quloqning oʻgʻli sanalib, u ham yaqin-yaqinlargacha ma’lum roʻyxat va nazoratda turar edi. Bir marta ogʻzidan chiqib ketgan ehtiyotsiz gapi uchun elliginchi yillar oxirida Sibirga joʻnatib yuborishlariga bir bahya qolgandi. U kimdandir Habibulla Qodiriy yozuvchi Abdulla Qodiriyning oʻgʻli boʻlganligi uchun oʻn besh yil oʻtirib chiqqanligini eshitdi va ehtiyotsizlik qilib bir suhbatda shu haqda ogʻzidan gullab qoʻydi. Shundan soʻng uni sakkiz oy huquq-tartibot tashkilotlarining ostonasini yalatib, sarson-u sargardon qildilar. Kap-katta odam xoʻrlik va alamdan bir necha marta yelkasi tebranib hoʻngrab yigʻlab yubordi. Har holda dzerjenskiychilarning koʻngliga Xudo rahm-shafqat soldi, qoʻyib yubordilar. Oʻshanda u hibsxonadan chiqqan mahbusdek xursand boʻlgan, koʻz yoshi toʻkkancha rayon markazidan qishloqqacha piyoda qaytgan edi. Mahkama degan joyga ishing tushmasin ekan. Paygʻambar boʻlsang ham ikki daqiqada eshak oʻgʻrisiga aylantirib qoʻyar ekanlar.

Yoʻlak boʻylab asabiy ravishda yurayotgan Boʻtabekov ikki yil burun shu muallimni ishga olganligi uchun oʻzini koyir edi. Xalq maorifi boʻlimining mudiriga bir ogʻiz aytsa bas edi, uni narigi, Kattaturk yoki Barlos qishlogʻidagi maktablardan biriga oʻtkazib yuborardi.
— Tolibjon qaytib keladimi? — hovliqib soʻradi Boʻtabekov uchastkavoy muallim bilan birga ketayotganiga izoh bermagani uchun.
— Keladi, qaytib keladi, — javob qildi Valijon oʻsha sirli va buyruq ohangida.

Tolibjon otasiga urush nogironi boʻlgani uchun berilgan eski «Zaporojets»ni oʻt oldirdi. Dami ichiga tushgancha terlab-pishib, Jaloyir qishlogʻi tomon mashinani haydab ketdi.

Ayni damda uning oʻyu-xayoli bir narsa bilan qattiq band edi. Tolibjon mehmon kelishi munosabati bilan rayon markazidan oqib oʻtadigan soy boʻyida tushlik hozirlab, osh tayyorlash majburiyatida qolgan birodari Valijon Boboevga qanday qilib boʻlsa-da, yordam berish haqida oʻylardi. Valijon ham u bir qarorga kelishini kutganday diqqatini boʻlmay, indamay kelardi.

Uastkavoy chaqiruv qogʻozini olib kirib ketganda, Tolibjon yon choʻntagidagi ellik soʻmdan ikkita oʻntalikni ayirib, koʻylagining koʻkrak choʻntagiga solib qoʻydi.

Manzilga yuz gazlar chamasi qolganda, Valijon mashinani toʻxtatishni buyurdi. Mashina toʻxtar-toʻxtamas u ajratib qoʻygan yigirma soʻmni olib, sherigi kostyumining chap yon choʻntagiga tiqdi. Xijolatdan qizarib-boʻzarib tili kalimaga kelmay qoldi.
— Qoʻyaversangiz boʻlar edi, — dedi Valijon sovuqqina va xayrlashib tushib qoldi.

Bu kutilmagan holatdan hamon oʻziga kelolmayotgan Tolibjon rulni qishloq tomon burib, alamini gaz pedalidan olar edi.

Yoʻl-yoʻlakay butun dov-daraxtlar, poliz-u paxtazorlar, hatto sargʻaygan kuzgi dalalarga iliq nurini sochayotgan quyosh ham, kap-katta tarbiyachi, muallimning birovga pora berganligi ustidan kulayotgandek edi...

Hafta, oʻn kun, bir oygacha u yuragini hovuchlab yashadi. Xayriyat, boshqa soʻrab kelishmadi.

Oʻsha noxush voqeadan soʻng Tolibjon beixtiyor ehtiyotkor boʻlib qoldi. Mashinada yuz bergan holatni eslasa koʻngli xijil boʻlar, oʻz-oʻzidan nafratlanar edi. Valijonni uzoqdan-da koʻrsa sakkiz qir oshib nari qochadigan boʻldi.

Bir yil oʻtar-oʻtmas esa oʻzi bilan birga oʻqigan, viloyat ijroiya qoʻmitasida ishlovchi ogʻaynisi Shokirjon Azizov sim qoqib qoldi.
— Ertaga, ertalab soat oʻnda oblijroqoʻmga, mening xonamga yetib kel! Gap bor, xursand boʻlasan! Bu yoqqa kelayotganingni hech kim bilmasin! Birorta bahonani oʻylab top! — amaldorlarga xos buyruq ohangida gapni qisqa qildi Shokirjon.

Tolibjon nogiron otasini shifoxonaga koʻrsatib kelishni bahona qilib, maktab direktoridan bir kunga ruxsat soʻradi...

Shokirjon uni ijroqoʻmning tashkiliy boʻlimi mudiri Mahmudjon Qoraboev huzuriga olib kirdi-da, oʻzi chiqib ketdi. Mudirning qoʻlida oʻzining — rus tili muallimi Tolibjon Qayumovning anketasi turar edi.
— Nega armiyaga bormagansiz? — soʻradi Qoraboev anketani oʻqishda davom etarkan.
— Otam urush nogironi. Oilada yolgʻiz oʻgʻilman. Ariza bersam ham olishmadi, — javob qildi Tolibjon.
— Hm-m, partiya a’zosi emassiz. Yaxshi. yoʻriqnomaga koʻra, bu lavozimda ishlagan kishi partiyasiz boʻlishi kerak, — qogʻozdan koʻzini uzmay dimogʻida gapirar edi Qoraboev. — Yaxshi, mana sizga bir papka. Unda viloyat boʻyicha maishiy xizmatning ahvoli haqidagi barcha ma’lumotlar bor. Yaxshilab oʻqib, oʻrganing-da, yigirma betlik chamasi ma’ruza matnini yozing. Bir hafta muhlat sizga. Ma’ruzani bitirgach, toʻgʻri oʻzimga olib keling. Hech kimga koʻrsatmang. Tushundingizmi? — chertib-chertib gapirib koʻrsatma berar edi Qoraboev.
— Tushundim!
— Sizga ruxsat! Ketishingiz mumkin. Xayr! — dedi oʻrnidan turib qoʻlini uzatarkan boʻlim mudiri.

Tolibjon tisarilgancha eshikni yopib, Qoraboevning xonasidan chiqdi. U hayotida ilk bor bunday katta amaldorning qabulida boʻlishi edi.
— Mana senga eski ma’ruza namunasi, — dedi ish stolining tortmasidan bir papkani chiqarib uzatar ekan Shokirjon. — Otni qamchila. Xudo «ol qulim» desa haftadan soʻng mana shu koridorlarni tang qilib birga ishlaymiz. Bunday vazifalarga joylashish uchun diplomatiga pul solib chopib yurganlar oz emas. Sen bilan mening oshigʻimizning olchiligi ruschaning «koʻzini oʻyish»imizda. Qaysi davlat yoki hukumat tashkilotda boʻlmasin, bizga ehtiyoj bor. Xoʻ-oʻsh, tushlik vaqti ham boʻlib qolibdi. Birga uygʻurcha lagʻmon yemaganimizga ham ancha boʻldi. U shunday deb stoli ustidagi qogʻozlarni yigʻishtirishga kirishdi.
— Men ham tushlikka taklif etmoqchi edim, — doʻstining soʻzini quvvatladi Tolibjon.

Shokirjon boʻlimda birga ishlaydigan Qoʻshmurod degan hamkasbini ham tushlikka da’vat etdi va qulogʻiga shipshib, Tolibjonni unga tanishtirdi. Bir necha kundan soʻng birga ishlayajaklarini bashorat qildi.

Shahar bogʻi chetidagi oshxonada uygʻur qardoshlar chin va uygʻur taomlarini tayyorlardilar. Oshxona mudiri Turdioxun lagʻmonxonaning kunda-shundasi Shokirjon boshliq oblijroqoʻmchilarni iliq qarshi oldi va katta-kichik rahbarlar uchun atalgan chogʻroq xonachaga boshladi... Besh kundan soʻng Tolibjon buyurilgan ma’ruzani yozib boʻlib, Qoraboevning xonasida turar edi.

Boʻlim mudiri ma’ruzaning toʻrt varagʻini diqqat bilan oʻqib chiqdi. Qolgan qismiga koʻz yugurtirdi.
— Yaxshi-i! Ma’qul, uka. Shokirjonning xonasida oʻtiraturing. Oʻzim chaqiraman, — dedi Qoraboev telefonlardan birining dastagiga qoʻl uzatar ekan.

Shu kuniyoq Tolibjon uch nafar oblijroqoʻm raisi muovini, kechasi soat toʻqqizlarda esa raisning suhbatidan oʻtdi. Ertasi kuni uning viloyat ijroiya qoʻmitasi tashkiliy ishlar boʻlimi instruktori lavozimiga ishga qabul etilganligi haqida buyruq chiqdi.

Yangi xodim tashkiliy-hududiy boʻlimda sakkiz oy ishladi. Soʻnggi yozgan ma’ruzasi raisga ma’qul boʻldi-yu, oʻsha kuni uni huzuriga chaqirdi. Oblijroqoʻm raisi, qorashirgʻaydan kelgan, istarasi issiq Joʻraqul Husanov tajribali, koʻpni koʻrgan, katta-kichik birdek hurmat qiladigan obroʻli odam edi. Uning fikri bilan respublika rahbarlari ham hisoblashar edilar. Tolibjon rais xonasiga kirganida u oblijroqoʻm mas’ul kotibi Jaloliddin Kattabekov bilan suhbatlashib oʻtirgandi. Rais Tolibjonni oʻrnidan turib, bir necha qadam yurib kelib qarshi oldi va qoʻlini alohida mehr bilan qisdi.
— Tilingiz yaxshi ekan, ukam Tolibjon. Kelajak siz kabi yoshlarniki. Biz maslahatlashib sizni yonimizga olmoqchimiz, — salmoqli ohangda gapirar edi rais. — Bugundan e’tiboran siz katta referent vazifasiga tayinlanasiz va mening ikkinchi yordamchim boʻlib ishlaysiz. Huquqiy tashkilotlar, savdo va maishiy xizmat faoliyatini nazorat qilib borasiz. Bizga shu tashkilotlar bilan aloqasi boʻlmagan, siz kabi bir toza xodim kerak. Nima deysiz? — deya Tolibjonga sinchkovlik bilan tikildi Husanov.
— Siz nima desangiz shu. Ishonchingizni oqlashga harakat qilaman, — deya javob qaytardi Tolibjon hayajonini bosib.
— Har holda Shahrixondan yomon odamlar chiqmaydi-ya? — deya ijroqoʻm mas’ul kotibiga qarab kuldi rais Kattabekovning ham oʻsha tarafdanligiga sha’ma qilib.

Kattabekov ham qizarinqirab miyigʻida kuldi.
— Shuni unutmangki, ukam, — deya soʻzida davom etdi Husanov. — Elimizda bir ota soʻzi bor. Yori va diyori goʻzal insonning dushmani koʻp boʻladi. Buning ustiga rahbarlik lavozimida ishlasangiz, ustiga ustak aqlli, qobiliyatli va xushbichim boʻlsangiz kamdan-kam odamlar sizni sevib ardoqlaydilar. Bunday sharoitda bir dushmaningiz oʻn boʻlib, ana shu olomon hamda noxayrixohlarning kutilganu kutilmagan zarbalariga chidab, himoyalanib yashamogʻingizga toʻgʻri keladi. Sizdan bir necha koʻylakni koʻp yirtgan odam sifatida yana bir oʻgitim — ayollar masalasida juda ehtiyot boʻling. Bu nafsga oʻch odamdan hech qachon yaxshi rahbar va sadoqatli doʻst chiqmaydi.

Yangi yordamchi rais xonasidan qora terga tushib chiqdi. Ertasiga esa bir qavat yuqoriga, rais qabulxonasining chap biqiniga koʻchib oʻtdi. Endi viloyatning butun katta-kichik rahbarlari uning ismi-familiyasini oʻqib, raisning qabulxonasiga kirar edi.

Bu paytga kelib «Zaporojets» ham oltinchi «Jiguli»ga aylangan, Qayumjon akaning rayijroqoʻmdagi navbati kelgan edi. Tolibjon yangi mashinada havas bilan rayondan viloyat markaziga ishga qatnardi.

Odatda u ishga erta kelib, kech qaytardi. Bir kechasi tuman hududidagi DANga yetar-etmas mashinaning yonilgʻisi tugab qoldi. Boshi qotib nima qilarini bilmay turganda, qarshisidan kelayotgan «UAZ» taqqa toʻxtadi. Undan rayijroqoʻmning mas’ul kotibi, ogʻzini toʻldirib gapiradigan odamshavanda va seriltifot Said Fayzullaev tushib keldi.

Ular hol-ahvol soʻrashib ulgurmagan ham edilar, DANning ola-bula navbatchi mashinasi gʻizillagancha Fayzullaevning xizmat mashinasi orqasidan yetib kelib toʻxtadi. Tolibjon ne koʻz bilan koʻrsinki, mashina kabinasidan oʻsha tanishi — uchastkavoy Valijon Boboev chiqib kelardi.

Valijon Said Fayzullaev bilan ham, Tolibjon bilan ham etana boʻlib koʻrishdi. Xizmatlar bormi, degandek rayijroqoʻm kotibining qosh-qovogʻiga qarab turar edi u.

E-e, domla koʻrinmay ketdilar? — deya Tolibjonga yuzlandi leytenant. — Oqtulpor muborak boʻlsin? — Tabriklaymiz, koʻtarilib ketibsiz!
— Rahmat! Rahmat! — tutilib javob qildi Tolibjon.
— Yaxshisi tezgina borib, rayijroqoʻm hisobidan, hotamtoyliging tutsa oʻz hisobingdan oʻttiz litr benzin olib kel! — Yoʻl inspektorini ishga buyurdi Fayzullaev.
— Keragi yoʻq, Said aka! Ukamizni ovora qilib... Oʻzim bir amallar edim, — dedi battar xijolat chekib Tolibjon. — Pulini bersak boʻlardi.
— Qoʻyavering. Yaxshi yigit. Oʻsaman desa siz kabi begʻubor odamlarga xizmat qilishi kerak. Ilgari u sizlarning qishlogʻingiz tarafda uchastkavoy edi. Ikki oy burun GAIga ishga oʻtdi, — qoʻshib qoʻydi Fayzullaev.
— Ha, yaxshi taniyman, — deya javob qilgan boʻldi Tolibjon hamon oʻsha karaxt holatda.

Qorongʻu boʻlgani uchun Said Fayzullaev Tolibjonning qizarib-boʻzarganini sezmadi.

Valijon tezda benzinni olib keldi. Qaerdandir dahanaki topib, uni quydi.
— Ruxsat bering, Said Fayzullaevich, Tolibjon akamizni uylarigacha kuzatib qoʻysam, — dedi Valijon «chest» berib, ular xayrlasharkan.
— Yaxshi, yaxshi! — dedi kulib Fayzullaev. — Shunday qil.

Valijon mashinasining tepasidagi chirogʻini yoqib Tolibjonning oldiga tushdi. Tolibjon gʻalati bir kayfiyatda boshi gʻovlagancha unga ergashib borar, yuragining bezovta urishi oʻchib-yonayotgan chiroqqa hamohang edi.

Ular yigirma daqiqalarda manzilga yetib kelishdi. Tolibjon eski tanishini choyga taklif etdi.
— Qulluq, Tolibjon aka! Boshqa payt oʻzim alohida kelaman! Qutlugʻ uyga quruq keldik, uzr! Siz kabi rayonimizdan chiqqan kadrlar bilan faxrlanamiz! Xizmatlar boʻlsa tortinmay buyuravering, akajon!

Valijon shunday deya quchoq ochib, Tolibjon bilan xayrlashdi-da, burilib mashinasi tomon yurdi. Xuddi shu daqiqada darvoza ochilib, otasi Qayumjon aka chiqdi.
— Keldingmi, bolam? Mehmon boʻlsa, uyga olib kir. Ovqat tayyor, — dedi hassasini doʻqillatib ohista yurib kelarkan.

Tolibjon mashinani darvozaxonaga kiritmoq uchun kalitni axtarib choʻntagiga qoʻl suqqanida, barmogʻi pulga oʻxshash qogʻozga tegdi. Olib koʻrsa ikkita yigirma beshtalik ekan... Uning kissasida buncha pul yoʻq edi... Demak, Valijon... Tavba! Qanday va qay usulda uddaladi bu ishni?

U karaxt bir holatda mashinani darvozaxonaga kiritar ekan, otasining soʻzlari qulogʻiga kirmas, boʻsagʻa chetidagi egilib qolgan keksa behiga tikilgancha, qoʻli chambarakda qotib qolgandek edi...