OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurali Qobul
Asar nomiKechikkan turnalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Nurali Qobul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Kechikkan turnalar (hikoya)
Nurali Qobul

I

Safardalik paytimda sinfdoshim usta Mamarasul dunyodan oʻtibdi.

Qishloqqa otlandim.

Kuz erta kirgani bois yoz oxirlamay yogʻingarchilik boshlangan edi.

Saraton jaziramasidan sargʻaygan adirlar, suruv-suruv qoʻylar tuyogʻidan taqiri chiqib ketgan togʻ etaklari, angor va yaylovlarga yana jon kirdi. Boʻzqirlarda maysalar nishlab, ilk bahor rangini ola boshladi.

Keyingi paytlarda qishloqqa bormoqchi boʻlsam negadir xayolim qochib, ogʻir oʻy bosadi. Gʻamgin va parishon tortib qolaman. Avvallari esa aksi boʻlardi. Oyqor togʻini koʻrish, dalalarda yayrab kezmoq, hamqishloqlar bilan dardlashmoqdan zavq tuyardim. Xayolim qatidagi xotiralarni qayta-qayta jonlantirgancha, sabrsizlik bilan ertak kabi kechmishda qolib ketgan goʻshaga oshiqardim.

Rahmatli dadamning qaytishlari, birga oʻnib-oʻsgan doʻstim, oʻqituvchi va jurnalist Shavkatning oddiy koʻrichakdan bevaqt vafot etishi koʻnglimda hanuz yashab kelayotgan romantik tuygʻularga birdan nuqta qoʻydi. Oilaning kattasi boʻlganim uchunmi, bir necha kunda choʻkib, boshqa kishiga aylandim. Ota-ona ayriligʻiga koʻniqmoq qiyin kecharkan. Ota-ona qaytmogʻi meros degan aqidani eshitganing bilan boshingga tushgani orasida osmon bilan yerchalik farq boʻlarkan. Hayot koʻz oʻngingda oʻzgacha rangga kirib, togʻday koʻksing darz ketarkan. Umr boʻyi yoʻldoshday yonginangda yurgan ota-onangning gʻanimat ekanligini bagʻring oʻrtanib tuyarkansan. Va birdan ular oldidagi burchimni hali oʻtay olmagan edim-ku degan afsus, nadomat tuygʻusi borligʻingni egallarkan. Biroq boshingni qaysi devorga urma, hayot hukmi qat’iy. Inson oʻlimni boʻyniga olib tugʻiladi.

Uzoq choʻpon bilan oltinchi sinfgacha birga oʻqigandik. Oltmishinchi yillar boshidagi majburiy koʻchirma bizni Nurota togʻlariga tutash Jizzax dashtiga eltib tashladi. Otasini erta tuproqqa bergan Uzoq bir etak uka va singillari bilan qishloqda qoldi. Sakkizinchini bitirar-bitirmay choʻponlik qila boshladi. Shuning uchun ularning oilasiga koʻchirma paytida tegishmadi. Soʻngra u qoʻy boqish uchun biz tomonlarga keldi.

Ming toʻqqiz yuz oltmish sakkizdan oltmish toʻqqizga oʻtar yildagi qahratonda amakim Ergash choʻponga qarashgani borganimda uni otarda uchratdim. Mashaqqatli kunlar bizni yana yaqinlashtirdi. Yaxshi koʻrib yurgan qoʻshnisining qiziga Rahmon rabochkomning Toshkentda oʻqiydigan oʻgʻli uylanganida kechalari qoʻtonning tomiga chiqib yigʻlagani hali esimda. Uni yupatamiz deb, Ergash amakim ikkimizning ona sutimiz ogʻzimizga kelgan.

Onasi Tursuntosh xola koʻziga qilqon, xas-choʻp tushganlarni tili bilan oladigan tabib edi. Ikki gapining birida erkalab: «Hah, sanga man oʻlayin, dardiginang ursin, koʻzginangning ogʻrigʻi ursin, oshginamning qaylasi, betginamning oynasi», – der edi soʻz ila ifodalab boʻlmas mehrli va yoqimli ohangda. Galaxirmonjoydan somon tashiyotganimizda chap koʻzimga qilqon kirganda, enam u kishining oldiga ergashtirib borgandilar. Tursuntosh xola aylanib-oʻrgilib, jonimni halqumimga keltirayotgan bugʻdoyiq qilqonini tilining uchi bilan olib tashlaganini kechagidek eslayman. U kishi men kabi mijozlarning ogʻirini yengil qilganida voqeadan xabar topgan qoʻni-qoʻshnilari Tursuntosh falonchining koʻziga tilini solibdi deyishardi.

Qishloqda Uzoqlarning, Enacha xola va Xumor momo, Qudrat togʻa, Shodibek bobo va Otabek oʻnboshining bogʻlaridagina yongʻoq daraxti boʻlib, ikki koʻzimiz shularda edi. Xazonlar orasini titkilay-titkilay bitta yongʻoq topib olsak, doʻppimizni osmonga otardik. Darsdan keyin Uzoqlarning hovlisidagi yongʻoq ostida oʻynab, etakdagi Kattasoyda choʻmilardik.

Endi oʻylab qarasam, kattagina qishlogʻimizda olti tupgina yongʻoq borligi, yongʻoq eksang, mevasini oʻzing yemaysan, degan gapning odamlar ongiga oʻrnashib qolganida ekan. Obidaga aylangan bu daraxtlar ostida xayol surib oʻtirarkanman, begʻubor bolalik xotiralari enamning ertaklari kabi koʻz oldimda jonlanadi. Darvoqe, umr ham bora-bora ertakka aylanar ekan...

Yoʻlga chiqqanimdayoq beixtiyor yodimga Uzoq choʻpon tushdi. U Gʻallakon taraflarda Togʻvoy choʻponning yonida choʻliq edi. Xoʻjayini bilan gapi toʻgʻri kelmay, qishloqqa qaytib kelibdi. Oʻn besh-yigirma chogʻli qoʻyini qoʻni-qoʻshnilarnikini qoʻshib, Kattasoyda aylantirib yurganmish.

Temur darvozasidan soʻng yoʻl Sangzor daryosi yoqalab ketadi. Tepaliklar oralab koʻprikdan oʻtishingiz bilan daryo kichik-kichik irmoqlarga boʻlinib, kengish maydonni egallab yoyilib oqadi. Tuya oʻrkachlari kabi pastu baland tepaliklar, soʻngra parqu bulutlarga ohista yonboshlagan Oyqor togʻiga tutashib ketadi. Uning izgʻirinlarga koʻkrak kergan azamat qoyalari, yil-oʻn ikki oy qor arimas yuksak choʻqqilari, na’matak va maymunjon terganimiz sharqiroq soylari, uchi-quyri yoʻq togʻolcha va bodom daralari koʻz ochib yumguncha oʻtib ketgan umrni eslatadi, bugungi hayot haqiqati va umidning mujdasi kabi meni oʻziga chorlaydi.

Toqqa tutash, kechmishdan yodgor Dunyotepa va Qoʻrgʻontepa qalbimga shu tuproqqa mehr tuygʻusini solgan ilk manbalar edi. Endilikda mana shu ikki tepalik orasidagi qishlogʻimiz qabristonida mungʻayibgina turgan qabrlar menga bobom, enam, otam va opamning siymolarini eslatadi va men juda koʻp narsalarni qayta mushohada va mulohaza eta boshlayman.

Masjiding uzoq boʻlsa ham, mozoring yaqin boʻlsin degandek, qoʻyindi ham shundoqqina qishloqning biqinida.

Zamonida bu cheksiz dara va adirlarga sigʻmay ot surgan man-man degan hamqishloqlarning endi bir qabriston boʻlib, sovuq marmar toshlardan mahzun termilgancha sassiz-sadosiz yotibdilar.

Doʻppaygan qabrlarda bot-bot yumaloq xat yozib bir-birini qamatgan amaldorlar, bu hayhotday hovli-bogʻlarga sigʻmay yer uchun bir-birini pichoqlagan aka-ukalar, Oyqor togʻida oʻrmalagan jonivor borki, qiron keltirgan, kaklikning koʻzidan uradigan ovchilarning qazoyi qadari yetib, yer bilan bitta boʻlib yotibdilar.

Gapiga qosh qayirgan odamni ta’qibu quvgʻin qilib, kerakli joyga tiqtirib qoʻyadigan, butun boshli qishloqni yotqizib-turgʻazib, oxir-oqibatda Mirzachoʻlga koʻchirmaga toʻgʻrilab yuborgan, gʻazabidan barcha birdek zir titraydigan Otabek direktordan tortib, qoʻni-qoʻshnilarning qoʻliga qarab, ular beradigan yarim kosa yovgʻon piyova va bir burda noni bilan kunini kunlagan opa-singil Mayram va Chinni momolargacha endi birdek qora tuproqqa aylanib yotibdilar.

Tuproq odam ajratmaydi.

Buni hayot deydilar.

Inson bolasi samodagi chaqin kabi bir chaqnab oʻtib ketaveradi.

Ellik yilda el yangi, qirq yilda qozon derlar. Vaqt, zamon kechishi bilan kishilar koʻp narsalarni unutib yashaydilar. Zotan arab tilida inson degani unutuvchi demakdir.

Bu dunyoda goʻzal hayot bor, goʻzal oʻlim yoʻq...

Oxir-oqibat bir gaz yer, ikki gaz boʻz...

Shu xayollar bilan ikki chetiga oʻrik, bodom va jiyda ekilgan Oʻsmat yoʻlidan oʻrlayman. Mol-hol koʻpayib ketganidan yaydoq yaylovlarda qoʻzi tiliga ilinar maysa koʻzga tashlanmaydi. Kuz yomgʻiridan oʻziga kelgan anhordan namiqqan xas-xashak va quruq tuproq hidi koʻtariladi.

Otameros uyimizga yetib kelishim bilan qishloqbop kiyinaman-da, dadamdan qolgan qadrdon irgʻay tayogʻimni olgancha adir yoxud soy boʻylab togʻ tomon shoshaman. Oʻlim boʻlgan uylarga kirib, koʻngil soʻrayman, bolaligimda kelib yurgan eshiklarga bosh suqaman. Duch kelgan yoshu qari, xotin-xalaj, bola-baqra bilan gurunglashaman. Eng yuksak tepalikka chiqib, bolaligimizda bir marta borib koʻrishni orzu qilganimiz, ufqqa yonboshlayotgan quyoshning olovrang taftida yonib koʻrinayotgan Samarqand tomon tikilaman. Bolaligim shundoqqina koʻz oʻngimda namoyon boʻladi.

Vujudida ezgulik tuygʻusi barqaror kishilar tabiat qoʻynida bolaga aylanadi. Kishi yoshlikda ne qadar tezroq ulgʻayib, biror manzilga yetmoq uchun tirishsa, yosh bir yerga borib qolgach, beixtiyor bolaligi tomon talpinadi. Tabiat bagʻrida kishi oʻz his-tuygʻularini boshqara olmaydi va uning salobatini boricha tuyadi. Fikr – bu koʻrinmas tabiat, tabiat – bu koʻrinuvchi fikrdir degan-ku buyuklardan biri. Faqat fikrlay olmoq, mushohada eta bilmoq xislati boʻlgan kishilargina tabiatning nozik falsafasini anglab yetishlari mumkin.

Yogʻingarchilikdan oʻydim-chuqur boʻlib qolgan koʻchalarda qoʻlda tayoq, dilim toʻkilgan, ruhim soʻkilgan bir ahvolda gʻamgin va parishon kezishimni doimiy suhbatdoshim, adabiyot oʻqituvchisi Safarali muallimdan boʻlak kimsa anglab yetmaydi.

Togʻ etaklari, yonbagʻirlari, daralar, soyligu adirlar, izgʻirinlarga koʻkrak kergan tepaliklar... Odam oyogʻi yetgan yer borki, tartibsiz va qonunsiz ravishda egallanib, oʻrab olingan. Koʻrimsiz va rejasiz binolar qurib tashlangan.

Soylarning oʻzanini sagʻnoq, sangloq deyishadi. Bu toshloq demak. Biroq bu sangloqlar ham egallanib, itu qushga otar tosh topolmaysiz. Tashib ketishgan. Hatto qoya va tepaliklarni portlatib, parchalab shagʻal qilib pullaydilar. Bu ahvolda togʻ ham hademay pasayib, choʻkib qolsa kerag-ov deya oʻylaysan, xayoling qochib. Xayriyatki, yuksak qoyalar va tik choʻqqilarga qoʻllari yetmaydi.

Insoniyat shu tariqa tabiat muvozanatini buzib, oʻz oyogʻiga oʻzi bolta urib yashayverarkan. Sharqiragan soylar suvi allaqachon quvurlarga solingan. Yaylovlar ekin-tikin maydonlariga aylangan.

Dadamning Irgʻaychi mahallalik bolalik doʻsti, matematika oʻqituvchimiz Abdurajab domlaning uzoq yillar chet ellarda ishlab kelgan, olti tilni biladigan, Toshkentda yashab, universitetda dars beradigan Xudoyqul Joʻraev degan fan doktori amakisi boʻlardi. Domla har yili yoz ta’tilida Oʻsmatga kelar, oʻziga toʻqroq qarindosh-urugʻi, yor-doʻstlari qoʻymi, echkimi soʻyib, topgan-tutganini oldiga qoʻyib, navbat bilan mehmon qilishardi. Joʻraev domla biznikiga ham kelar, bogʻimiz toʻridagi oʻrik ostiga, bedazorga toʻshak soldirib, yigʻilganlarni ogʻziga qaratib, tongotargacha hangoma berar va yotib qolardi.

– Koʻngling toʻq boʻlsin, Abdurajab, – der edi mehmon damsar urib. – Bu boshi yumaloq, buti ayrilaring hali-beri odam boʻlmaydi. Bular uchun oʻzingni oʻtu choʻqqa urganing befoyda!..

Ota avlod aqrabomiz Abdurasul aka paygʻambar yoshida olamdan oʻtdi. U qishlogʻimizga elektr olib kelmoq uchun rahmatli Vafoqul togʻa bilan birga yelib-yugurgan yagona injenar edi. Elektr idorasi rayon gazetasi binosi bilan qoʻshni boʻlib, biz koʻpincha ishga birga qatnardik. Uning noxos oʻlimi ukasi Mamarasulga qattiq ta’sir etdi chogʻi, u ham koʻp oʻtmay omonatini topshirdi.

Ularning otasi rahmatli mullo Rahmatulloh bobo qishloqda oʻttiz yettinchi yillar qatagʻonidan omon qolgan, eskichani biladigan yagona odam edi. Bobom mulla Qobulni olib ketib, Sibir surguniga joʻnatganlarida uy toʻla kitoblari qolgan. Kimningdir maslahati bilan Shahzoda enam bu kitoblarning yarmini tokchada taxlab suvattirganlar. Qolganini esa tun yarimdan oqqanda Rahmatulla boboga eltib berganlar. Toʻqqiz yoshli dadam enamga yordamlashib, qorongʻi qish kechasida Xoʻjatoʻpi mahallasiga it azobida qanday borib kelganlarini koʻzda yosh bilan hikoya qilib berardilar.

Toʻqsoninchi yillar boshida odamlar dinu iymonga qaytib, masjidlar qurila boshlaganida uch-toʻrt oqsoqolimiz bir oy chamasi ovora boʻladi. Kimsadan sado chiqmaydi. Shunda faqat Abdurasul injener tomorqasining yarmini masjid uchun ajratib beradi. Oʻsha joyda qad koʻtargan masjid endilikda mulla Rahmatulloh nomida...

II

Ertasi kuni butun qishloq usta Mamarasulning xudoyisiga yigʻildi. Darvozaning ikki yonida qoʻl qovushtirib turibmiz. Oʻng tomonimda xomush va parishonxotir Uzoq oʻtiribdi. Soʻl tarafimda – bizdan yoshi kattaroq Bozorvoy choʻpon.

– Ha, joʻra, shashting past? – ahvol soʻrayman Uzoqdan.

– Shu yoshda ishsiz qoldim, joʻra. Umr boʻyi suruvning ortidan ergashib yurgan odam uyda oʻtirib qolsa siqilib, jinni boʻlarkan. Hatto ikki qoʻling ham ortiqchaga oʻxsharkan, – soʻnik ovozda javob qildi Uzoq choʻpon.

– Togʻvoy bilan oralaringdan qil oʻtmas edi-ku?..

– A-a-a-y, Togʻvoy choʻpon uyni qotirganda, qizzigʻar! Qasr deysan, qasr! – dabdurustdan suhbatimizni boʻldi Bozorvoy. – Qandingni ur, azamat! Rayonda birinchi boʻlib qoʻyini mingga yetkazgan ham Togʻvoy! Xudo berishdan qismasa, hech gap emas ekan! Ikki oʻgʻlini yurpakda oʻqitdi...

Oraga yoqimsiz jimlik choʻkdi. Beixtiyor Bozorvoyning yuziga qaradim. Soqoli bir hafta chamasi olinmagan, ustida yagʻiri chiqqan fufayka, oyogʻidagi botinka kiyilganidan beri artilmagandek. Uning nazarida eng zoʻr va aqlli odam, barcha birdek boʻysunadigan, hammadan amali katta kishi edi. Qoʻyi koʻp boʻlib, yurtni toʻplab katta koʻpkari bergan, yangi marka mashina olib, dangʻillama imorat solgan, xonadoniga kattakonlar kelib turganni barchadan obroʻli odam sanaydigan Bozorvoy uchun non paygʻambar, osh xudo edi. Poyintar-soyintar soʻzlari bilan u allaqachon hazil-mutoyibaning mavzusiga aylangan, qovun tushiraverganidan hamqishloqlar bir ma’rakaga aytsa, biriga aytmas edi. Oʻzining ham ming chogʻli qoʻyi boʻlib, davralarda hech kimga soʻz bermasdi. Ming qoʻyli boylar sirasiga kirsa-da, uyida tayinli qozon qaynamas, eshigidan birov kirib-chiqmas, kiyim-kechagi yagʻir boʻlib, toʻkilmaguncha yangisini olmas edi.

– Narxi besh chaqalik odam saroydek uy qurgani yoki qoʻyini mingdan oshirgani bilan uning bahosi oʻn tiyin boʻlib qolmaydi, – Bozorvoyning gapini boʻldi qishloq maktabining tarix oʻqituvchisi Said muallim. – Odamlar ogʻzim bor ekan deb, har gapni bir gap deb sannayvermasa-da!

– Yetar-ey. Aravakash tavba qilibdi! – gursillatib oʻng qoʻlini koʻkragiga urdi Bozorvoy. – Gapirishni xudo faqat mallimlarga chiqargan, qizzigʻar! Oʻqitgan oʻnta bolasidan toʻqqiztasi oʻqishga kirolmaydi-yu, yana tilini sakkiz qarish qilib, odamlarga narx bichadi!

– Muallimlarga til tekkizmagan sen savodsiz qoluvding! Ogʻzingni koʻpirtirib maqtagan oʻsha Togʻvoyning otasi Pardavoy podachi qoʻlida chelak, yelkasida nonxaltasi bilan oshi halol toʻplab, eshikma-eshik yurganini hali koʻpchilik unutmagan. Bu choʻponman deganning tuprogʻi bir yerdan olingan boʻladi oʻzi. Sening oʻsha inomarkali boyvachchang oʻshanda, oyogʻida toshtovon, otasining orqasidan eshagini yetaklab, navbat bilan «oshi halol» deb baqirib yurardi...

– Sening otang ham raykom-paykom boʻlmagan, uka! Oʻzing ham zovuchni-povuchni qilib yumaloq-yastiq oʻqishni pitirgansan! Taniganimdan beri ustingda shu eski kastim! Yana birovning ogʻziga urasan!

– Aytganingdek yaxshimi-yomon bir oʻqishni bitirganman, – boʻsh kelmay soʻzida davom etardi muallim. – Sen kabi Taypoqsoy dashtida qiyshunoslikni emas.

– Sening ham ota-bobong choʻpon-choʻliq oʻtgan, uka-a! Agar sen kulturniy odam boʻlganingda choʻponlarning ustidan kulmasiding. Oʻsha Pardavoy podachining janozasiga nachalnik militsiyalar bilan toʻrtta prokurorini oldiga solib, oblas prokurori Mustafoqulov kelgan. Qoʻy koʻrmasagam qiy koʻrganmiz, bizam...

– Sen ham har haftada bitta shirvoz qoʻzi yoki qirqilmagan uloqni soʻyib, tandirkaboblarni sovutmasdan eltib, boʻzchining mokisidek yelib-yugurib xizmatini qil. Koʻrasan, janozangga undan ham kattalar yetib keladi. Eng muhimi, obroʻ borida va vaqtida oʻlish!

– He-h-e-e! Sodda mallim-ey! Shirvozlar holva boʻlib qoldi, ogʻayni! Endi kattadan kichigi koʻkidan keladi. Goʻyoki Oyqor togʻining bir soyida doʻllir moshinasi borday! Xudo berganiga shukur qilib, oʻzimizni soʻmginani olovir! Teshib chiqmaydi-ku, qizzigʻar! Rasxodga tushib doʻllirni qaerdan topadi senga? Soʻmni shotirlaringga ber, gʻizillab borib almashtirib keladi!..

– Menga qara, Bozorvoy, koʻpam oʻtlayverma! Girdi maktab yoki girdi saroy degan gap bor. Ikkisini ham koʻrmaganni yoʻnilmagan tayoq deydilar! – qoʻlini paxsa qilib boʻsh kelmasdi muallim. – Qoʻysang-chi shu bema’ni gaplarni.

– Aravakash tavba qilibdi dedik-ku! Hamma sendek olim boʻlaversa qoʻyni kim boqadi? – dedi achchigʻi chiqib Bozorvoy iyagini koʻtarib, yuzini teskari burarkan. Bu bilan u Said muallimga «sen ham odammisan» demoqchi edi.

– Sening qulogʻingga quyilib qolgan «ming qoʻyli boy gapirsin» degan zamon yana keldi chamasi, – hamon shashtidan tushmasdi Said muallim. – Mol topib, aql topmasang, uchovoradan chiqib ketaverasan, ogʻayni. Tilim bor deb valdirayverma. Senga nasihat qilish befoyda-ku, lekin kezi kelganda ipingni tortib turish kerak...

– Oʻlikni qoʻyib tutga yugurmaylik. Hozir bahsi-munozaraning mavrudi emas, domla, – Said muallimga yuzlandim.

Oraga yana jimlik choʻkdi. Uzoq choʻpon damsar urdi.

– Togʻvoy doʻstimizning ketiga jir bitdi, joʻra, – dedi anchadan soʻng chuqur nafas olib Uzoq. – Bu dunyoda och odamni toʻydirsa boʻlarkan, biroq toʻqni toʻydirish qiyin ekan. Joʻramiz bosar-tusarini bilmay qoldi. Koʻrmaganning koʻrgani qursin degani toʻgʻri ekan. Qachon koʻrsang, kayfi taraq, yonida har xil ayollar. Men ahmoq uni oʻsha, chorigʻini sudragan Togʻvoy joʻramiz deb oʻylab, nasihat qilmoqchi boʻlibman. Kelin-kuyovli odamsan. Endi bunnay ishlar senga yarashmaydi. Unnay qima. Ayaq-bayagʻingga qara deppan. Bosh irgʻab ma’qullaganday boʻluvdi. Keyin bilsam boshini «ha-a, senmi menga aql oʻrgatadigan» degan ma’noda sarak-sarak qilgan ekan. Menga oʻxshaganlarning qoʻlidan choʻponlikdan boshqa ish kelmasa...

– Bekor gapni qoʻysang-chi! Qoʻlingdan hamma ish keladi. Senikidek olmazor kimda bor? Faqat shu kasbga oʻrganib qolgansan. Oʻttiz-qirq qoʻy-echkini chakanaga berib boqtirishga toqating yoʻq. Boshqa biror ish bilan shugʻullanish haqida oʻylab ham koʻrmagansan, – uning gapini boʻldim. – Toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri! Gapingda jon bor, – yuzimga tikilib qoldi Uzoq. – Lekin yogʻ yeganda yot yaxshi, qon ichganda qarindosh deganidek, bir paytlar xizmating singan odamlarga, qorni toʻygach, keraging boʻlmay qolsa alam qilarkan, joʻra. Mening oʻrnimga ish topolmay yurgan bolani arzimagan maoshga yollab, qornini toʻygʻazib, suruv boqtirmoq ma’qul koʻrindi joʻramizga. Odamlar faqat oʻtar kunini oʻylab qoldi, birodar. Odamgarchilik otangning qulimi der edilar. Shunday boʻldi chogʻi.

– Kamdan kam holatlarda boy va amaldorlar oʻzlaridan quyidagilarning soʻz­lariga quloq soladilar. Ularning aksariysi men barchadan aqlli boʻlganim uchun boyman yoxud shu mansabga oʻtirganman deb oʻylaydi. Soddalik qilibsan-da, joʻra.

– Oʻsha gap-soʻzdan soʻng ham uch oy chamasi ishladim. Suruv sanash chogʻida bexosdan maoshdan soʻz ochilib qoldi. Oyiga bitta toʻqli beradi. Menga ozlik qiladi dedim. Qoʻshni Tojikistonda ham bir toʻqliga choʻliqlik qilishmaydi. «Oylik ozlik qilayotgan boʻlsa, mayli, oʻzing bilasan», dedi shartta javobimni berib. «Shoshmay tur, joʻra, oʻylab koʻrarmiz», desa ham boʻlardi. Hachchakalla yoqasiga tarmashgan boʻlmasam. Uyam bizga oʻxshab chorigʻini sudragan bir choʻpon edi. Qaytib ogʻzimni ochmadim. Oʻzing bilgan oʻsha itim Oqtoʻshni eshakning egariga bogʻlab, oʻn yetti qoʻy va toʻrtta echkimni suruvdan ajratib, yoʻlga tushdim. Yarim yoʻlda orqamdan yetib keldi. «Uzoq, Oqtoʻshni tashlab ket. Mayli oʻsha bitta toʻqlini iting uchun berib turaman», deydi yoʻlimni toʻsib. Indamadim. Yonida oʻtirib kelgan bolaga Oqtoʻshning zanjirini tutqazdim. It bechora mensiz suruvga qaytishni istamaydi. Oxiri alamimdan tayoq bilan urdim. Gʻingshib, ingradi jonivor. Men ham yigʻladim...

Gapi boʻgʻziga tiqilib qolgan Uzoq yigʻisi otilib chiqib ketmasligi uchun koʻzlarini yumib, boshini egdi. Yosh boladek bir necha bor burnini tortib qoʻydi.

– Eslaysan-a, joʻra, Oqtoʻshning onasi Oybetni, – xirilloq ovozda soʻzida davom etdi. – Qishlogʻimizda ikkita it bor edi. Silarda Olapar, bizda Oybet. Itmisan it edi-da. Jonivorning mendan insondek koʻngli qolganini eslab oʻkinaman. Undan zot olmoqchi edim oʻshanda. Qanjiqning oʻziga oʻxshaganini olmasang zoti yaxshi chiqmaydi. Qasdlashgandek oʻziga oʻxshagan arlon bolasi oʻlib qolsa boʻladimi. Gidikning oʻligi uch kun poxolning ustida qolib ketibdi. Shuni koʻmishga aqlim yetmabdi-ya! Uchinchi kuni Oybet bolasini tishlab borib, chaldevor ostiga koʻmdi. Oʻsha joyga borib-kelib, uch kun motam tutdi. Ishonasanmi, shu voqeadan soʻng menga munosabati oʻzgardi. Gapimni koʻzimdan bilardi, jonivor. Birorta qoʻzini jondor tortib ketsa, pochasinimas, qulogʻinimi topib kelardi. Boʻlmasa mol egasiga tovon toʻlardim. Suruvni oldiga oʻtib yotar, otar yetib borsa yana bir soy oldinga oʻtib yotardi. Otarni boʻlib yuboradigan boʻron-chopqin boʻlganda aylantirib suruvni toʻplayverardi. Suruvga yaqinlashayotgan jondorni hidini olib yoʻliga chiqar, qoʻshni otar itlarini chaqirib, qashqirlarni yetti qir oshirib quvib qaytardi. Endi bunday boʻribosarlarni tushda ham koʻrmaysan, joʻra. Kishiga mehribonligini aytmaysanmi?..

Hasratidan chang chiqayotgan Uzoqning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. Gapi boʻgʻzida qoldi.

– Uch oy boʻldi, – dedi anchadan soʻng oʻziga kelib, boʻgʻriqqan ovozda. – Oʻgʻli uyga bitta tirriq toʻqlini tashlab ketibdi. Nega olding deb xotinni soʻkdim. Xullas, shunday gaplar, joʻra. Bizni qoʻyaver. Ochdan oʻladigan zamon emas. Oʻzingni ishlaring qalay? Kamnamosan? Qishloqqa kamqatnov boʻlib qolding. Bizni hamma unutsa ham sen unutmaysan deb oʻylayman.

Ikkimiz ham xoʻrsindik. Navbatdagi odamlar toʻpi keldi. Oʻrnimizdan turib oʻtirdik. Kishi ellikdan oʻtgach, tanasidan et qochadi chogʻi. Uzoqning issiq-sovuqdan tirishgan yuz-qoʻllari, boʻrtib chiqqan chakka suyaklari, choʻzilgandek tuyuladigan iyagi, kichraygan yelkasida osilib turgan eski kostyumi, horgʻin va tushkun tortib qolgan nigohi bir yigitning umri oʻtganidan dalolat berardi. Bekorga umr ikki oʻttiz demaydilar.

– Tuzukman, joʻra, – dedim uning rangi oʻchib ketgan shimi va oyoq kiyimiga razm solib. – Bir navi yuribman. Menga qara, Uzoq joʻra. Bir kattaning, bir kichikning aytganini qil degan gap bor. Chorva xususida senga aql boʻla olmayman. Gapimni diqqat bilan eshit. Yoshing ham oltmishni qoralab qoldi. Tugʻilganingdayoq peshonangga faqat choʻponlik qilasan degan muhr bosilmagandir. Ilgari zamonlarda qoʻlidan boshqa ish kelmaydigan kasbi-kori yoʻq kishilar choʻponlik qilishardi. Hozir esa choʻponlar boyib, bolasini yurfakda oʻqitib prokuror yoki militsioner qilishning payiga tushgan. Choʻponlik qochib ketmaydi. Choʻpon zotiga har doim va har zamon ehtiyoj boʻlgan. Kechayu kunduz, qishu yoz demay, bola-chaqadan olisda, toshdan yostiq, qordan koʻrpa qilib choʻliqlik qilgandan koʻra, rahmatli otangdan qolgan oʻsha zotdor boʻribosarlarni koʻpaytirsang boʻlmaydimi? Axir bu ham mehnat-ku! Har qanday halol mehnatning aybi yoʻq. Choʻponman deganga bir necha qoʻychivon it kerak...

– E-e, joʻra! Xayoling joyidami? Endi kelib-kelib it boqib, sotamanmi? Odamlar nima deydi? – gapimni boʻldi Uzoq, hayratdan koʻzlari ola-kula boʻlib.

– Oʻgʻrilik, gʻarlik qilsang odamlar bir nima deydi. Boringda koʻrolmagan, yoʻgʻingda berolmaganlar bilan nima ishing bor? Otangdan oʻnta boʻlsang, oilangda yolgʻizsan deydilar. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. It sotasanmi, bit sotasanmi, kimning nima ishi bor?..

– Nega boʻlmasa itni soʻragan ham, bermagan ham it deyishadi? – ogʻzimga qarab agʻraydi Uzoq, yana gapimni boʻlib.

– Soʻzimni soʻngiga qadar tingla, ogʻayni. Toʻgʻri, shunday naql bor. Iting zotsiz, laychasifat boʻlsa yalinib-yolvorsang-da, ustiga pul qoʻshib bersang-da, birov olmaydi. Katta shaharlarda daydi itlarni qoʻyarga joy topilmaydi. Londonu Moskvada esa bir donasi yuz ming dollar turadigan itlar, bir millionlik otlar bor. Xoʻsh, shularni boqib yetishtirganlar sen bilan mendan ahmoqmi?..

Uzoq oʻyga tolgancha jimib qoldi. Tushdan keyin ham kelgan-ketganni qarshilab ancha oʻtirdik. Tengdoshlar ertasi kuni ertalab yana Mamarasulnikiga kelib, shu yerda xayrlashadigan boʻldik.

Yana doʻstimizning bosh egasiz qolgan uyida yigʻildik. Oramizdan chiqqan yagona imom mulla Toshtemir qur’on tilovat qildi. Negadir Uzoq choʻpon bilan Bozorvoy koʻrinmas edi.

– Qurmagur Uzoq Togʻvoy choʻponning otaridagi itini olib kelgani Gʻallakonga ketibdi, – dedi Said muallim. – Bozorvoyni hokim Amirqul Soatov bozor-oʻchar qilib kegani Samarqandga yuboribdi. Rayonga nozik mehmonlar kelarkan...

III

Oʻsmatdan chiqib, Devqoʻrgʻonga yetganda toʻxtadim. Qarovsiz bogʻ oʻrtasidagi tepalikka koʻtarildim. Yoʻlning ikki chetidagi bodomzorlar osha kuzda shudgor qilinmay qolgan oʻng va soʻldagi angorlarga tikilarkanman, xuddi shunday, ilk bahorni eslatguvchi armonli kuz kunlarining birida dadamning eski «Moskvich»ida ikkimiz Oʻsmatga kelganimizni esladim. Toshkentu Samarqandda ishlab yurganim bois suhbat uchun bunday qulay damlar kam boʻlardi. Hayotimda haqiqiy ma’noda mehr-muhabbatli ikki kishini koʻrdim. Birisi Shahzoda enam boʻlsalar, ikkinchisi dadam edilar. U kishining soʻzlari beixtiyor quloqlarim ostida jaranglaydi.

– Bu joylarning oʻr-qirini yaxshi bilaman. Bu yil yer haydalmay, nafas ololmay qolibdi-da, – dedilar dadam yalangoyoq bolaliklari kechgan, urushdan soʻng opam bilan birga oʻroq oʻrib, mashoq tergan dalalarga armon va alam bilan termilib.

Soʻngra Devqoʻrgʻonda toʻxtadik. Dadam oldinda, men orqada tepalikka chiqdik. Dadam Gʻallakon dashtlari, Tuyatortar daralari va Soyboʻyi sohillari tomon tikilib toʻymas, yigʻlamasalar-da, koʻzlaridan miltillab yosh oqardi.

– Chala boyning chala uyqusi kelmaydi, toza boyning toza uyqusi kelmaydi. Hay-hay, kambagʻalning yotsa turgisi kelmaydi, – dedilar yigʻiga oʻxshash mahzun ovozda. Odam bolasining boshi toshga tegib, astoydil zoriqmaguncha chin yurakdan bir ishga qoʻl urmaydi. Tirikchilikni tirriqchilik bilib yuraveradi. Oyogʻimiz ostidagi yer shunchaki shudgor emas, bu rizq-roʻz, el-yurt degani. Seni uchovoraga qoʻshgan el, yetti pushting xoki yotgan yerdan uzoqlashma. Ogʻochidan ayrilgan shoxning qismati shamolning ixtiyorida boʻladi...

Sibir surgunidan qaytar ekan, qozoq dashtlarida suvsiz qolib, ichi kuyib ketgan, eski koʻrpa parchasi va rangi oʻchib ketgan sholchani ustiga kiyim oʻrnida oʻrab, ip bilan chatib olgan, bir ahvolda qishloqqa qaytgan bobom mulla Qobul ham xuddi shu Devqoʻrgʻonga toʻxtab dam olganlar. Bir amallab qishloqqa yetib kelgach, Oyqorning muzidan keltirib, koʻkragiga qoʻyganicha, muz solingan suv ichib, toʻqqiz kun yashaganlar. Shodmon oʻris boshchiligidagi toʻrt kishi tong saharda bobomni olib ketganlarida tirik yetim qolgan uch bola otasi orqasidan zor qaqshab yigʻlab Devqoʻrgʻonga qadar ergashib kelgan...

Dadam otalari haqida soʻzlay olmas edilar. Bu haqda gap ochishlari bilan koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib, soʻzlari boʻgʻzida turib qolar, koʻz yoshlarini artgancha, gʻilt-gʻilt yurinardilar. Otam otalarini qalblariga koʻmgan edilar...

Kechmishning ogʻir va qaygʻuli xotirasini yelkalagancha Devqoʻrgʻonga chiqaman. Bobolarim va otam tikilgan sayhonliklarga, qir adirlarga sogʻinch va armon bilan termilaman.

Devqoʻrgʻondan toʻrt taraf kaftdek koʻzga tashlanadi. Zarafshondan ajralib Sangzorga quyiladigan Tuyatortar irmogʻining kun botishida koʻpchib yotgan Taypoqsoy dalalari. Etakda bugʻdoyi belga uradigan Gʻallakon adirlari. Hayotning oʻtkinchi va davomiyligini ta’kidlagandek Sangzor buralib oqadi.

Kunchiqishda olisdan qora tasma kabi Gʻallakonni Oʻsmat bilan bogʻlaydigan yoʻl koʻzga tashlanadi. Yoʻl boshida bir ulovli kishi Oʻsmat tomon kelardi. Egasining atrofida gir aylanib oʻynab chopayotgan it tepaliklarga otilib chiqar va sakragancha qaytib tushar edi.

Bu qadrdon koʻrinishga tikilgancha uzoq oʻtirdim. Koʻz oldimizda jonlangan bu manzara bolaligimda qalbim va xotiramda chizilgan surat edi.

Itini ergashtirib Oyqor tomon ketayotgan kishi esa kecha hasratidan chang chiqqan joʻram Uzoq choʻpon edi. Kechagina koʻrib dardlashgan boʻlsam-da, uni sogʻinib qolibman. Yoniga uchib borib bagʻrimga bosib quchoqlagim, bolaligimiz izi qolgan adirlarni toʻldirib, oʻkirib yigʻlagim kelardi.

Havo ochiq. Shafaq rangiga kirgan bogʻlar yaproqlarini toʻkib, istirohatga hozirlik koʻrar, quyosh ilmiliq nurlarini yer tomon zoʻrgʻa uzatayotgandek. Yangi qor tushgan Oyqor qoyalari ham oʻranib uyquga hozirlangan ayiqdek horgʻin uzangan. Choʻqqilarni siypalab, turli shakllarga kirgan bulutlar kunchiqish tomon erinibgina suzar, barqut archazorlarini bagʻriga bosgan togʻ vodiyga gʻamgin boqardi.

Borliqni ogʻushiga olgan kuz qahraton qish kelishidan bexabardek zaminni ilk bahor rangiga boʻyar, janub tomon uchmoqqa kechikkan turnalar qureylashgancha issiq oʻlkalar sari qanot qoqishardi.

Dastlab qaldirgʻochlar, soʻngra laylaklar, nihoyat, turnalar yozlik man­zil­larini tark etadilar. Ular oʻrnini qishdan darak berib, chugʻurchiq, mayna va qargʻalar egallaydi.

Kuz shamoli olib kelgan dilni qitiqlovchi sarin boʻy koʻklam nafasiga oʻxshardi...

IV

Qish ichi qishloqqa oʻtolmadim. Navroʻzda borganimda odatdagidek qishloq ay­lanib, Uzoq joʻraning uyiga bosh suqdim. Bir koʻylak xotini Buvinor bizdan ikki sinf pastda oʻqirdi. Tashrifimdan suyungani bois oʻtqizarga joy topolmay qoldi. Par­tibiyron boʻlib choy damladi. Oʻrmakda toʻqigan antiqa dasturxonga tegirmon unidan qilingan, endi tandirdan uzilgan, bolalikning qadrdon hidi anqib turgan toʻrt­ta non qoʻydi. Qand-qurs olib chiqdi. Hol-ahvol soʻrashgach, hisobot bergandek soʻz boshladi.

– Togʻvoy choʻpon kelib joʻrangizni qoʻyarda-qoʻymay yana olib ketdi. Ishda shunday past-baland gaplar boʻladi-da, joʻra, bizdan oʻtgan boʻlsa kechir dedi. Oʻziyam siqilib ketgandi, bechora. Toʻrtta qoʻyni haydasa-haydamasa har kuni Oʻrtaqirga bir chiqib keladi. Toqqa qarab damsar urib, koʻzi yoshovlaydi. Oqtoʻshni bolalariga oʻgʻillaring qarasa ham boʻlar. Meni ishim emas ekan deydi. Ikki kun burun eski hokim Apsamat Boʻtayup ham keluvdi. Ikki otar suruvi bor ekan. Bir suruvni olsin deb ketdi. Joʻrangizning talabgori koʻpayib qoldi...

Buvinor bilan bolaligimizni eslab, ancha suhbatlashib oʻtirdik. Ertasi kuni usta Hamza tikkan toshtovonini sudrab, yelvagay toʻni hilpillab, halloslagancha Uzoq joʻraning oʻzi yetib keldi. Kulchatoy yeb gurunglashdik.

Choʻponlar alahsib, otarlar qoʻshilib ketganda suruvdagi ming chogʻli qoʻyu qoʻzini birorta toʻqliyu uloqni ham adashtirmay ajratadigan Uzoq dadamdan qolgan oʻttizta qoʻyni bir u chakana, bir bu chakana otarga qoʻshib, boshi qotib yurgan togʻbegi ukam Sobirga choʻpon tanlash borasida astoydil maslahat berardi.

– Choʻpon degan qiybosqoq bilan qorbosqoqdan ehtiyot boʻlmasa ishini mazasi boʻlmaydi. Qiybosqoqda qoʻzi onasining ichida irib, issiqda pishib qoladi va oʻlik tugʻiladi. Bilasan-ku, qoʻtondi eski chalmasi koʻmirdan zoʻr boʻladi. Suruvdi qoʻtonu qoʻradan tashqarida yotoqlatganda ham qiy toʻplanib qoladigan chuqurroq joyga emas, yonaroq, shamolgaza joyga yotqizish kerak. Yonada qiy turmaydi. Qoʻydi qiyidan quvurlardan keladigan gazdek zoʻr gaz chiqadi. Qoʻzini jinjak qilaveradi. Qorbosqoqda qoʻy qoʻzisidan ajralgani uchun soʻyishdan boshqa ilojing qolmaydi. Qalin qorda quyosh charaqlab turganida qoʻylar yurolmay koʻzi qamashib haykaldek qotib turib qoladi. Koʻzini qor olib qoʻyadi. Qoʻy boqishdi oʻzi boʻlmaydi, uka. Choʻpondi yostigʻi tosh, koʻrpasi qordan boʻganda, biri ikki boʻladi. Chorvani bilganga beru tepasida oʻzing tur. Boʻlmasa oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi. Yomon choʻpon boʻridan besh battar boʻladi. Jondor kuchi yetganini, choʻpon jonivor esa tanlab yeydi. Choʻponning qoʻyi yuzga yetguncha, terisi mingga yetadi. Chorva bir sinsa, qirq yilda oʻziga keladi...

– Aka, siz aytganingiz oʻtgan zamonlarda qolib ketgan. Hozirgi boylar kerak boʻlsa bir kunda suruvini mingga yetkazadi, – Uzoq choʻponning gapini toʻgʻrilagan boʻladi Sobir togʻbegi. – Siz nima deb yuribsiz.

– Bu gapingiz ham toʻgʻri, ukam Sobirjon. Endi siz oʻqigansiz-da, bizdan koʻp bilasiz. Man sizga yana bir gapdi aytay. Yoshingdi oshiru molingdi yoshir deganday, qoʻyingizni sonini hech kimga aytmang. Barakasi qochadi. Endi, Sobirjon ukam, bu yoz bizdi suruvga Oyqorning yaxshi yeridan belat olib berasiz-da. Koʻkqoʻtonni koʻzlab yurgandim, eldan burun Bozorvoy egallabdi…

Suhbat qizigandan qizib, tongga qadar davom etdi…