OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurboy Abdulhakim
Asar nomiZamon evrilmoqda - Sen-chi zamondosh?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Nurboy Abdulhakim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 32-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zamon evrilmoqda - Sen-chi zamondosh?
Nurboy Abdulhakim

Vaqt hech qachon kutib turmaydi. U mudom olgʻa intiladi. Uning har bir lahzasidan unumli foydalana olsagina inson oʻz umrini abadiyatga muhrlashi mumkin. Aks holda...

Shayx Sa’diyning «Guliston» asari muqaddimasida insonning har bir nafasida ikki ne’mat mavjudligi ta’kidlanadi. Ya’ni, inson birgina nafasni ichga yutar ekan, bu unga hayot bagʻishlaydi. Xuddi oʻsha nafasning qaytib chiqishidan esa nafsimiz xursand boʻladi. Mabodo, Xudo saqlasin, oʻsha nafasni ololmasak yoki olgan nafasimiz chiqmay qolsa... inson hayotiga nuqta qoʻyiladi.

Shuning oʻziyoq bu ikki ne’matning nechogʻlik ulugʻ ekanligiga dalolat qiladi. Bir nafas uchun ikki marta shukr aytish haqidagi Shayx Sa’diy oʻgitining hikmati ham shunda.

Shukr aytish nima bilan boʻladi? Tabiiyki, «shukr» degan soʻzning oʻzi bilangina emas. Bu ne’matning shukronasi, birinchi navbatda, umrning har bir lahzasini INSON degan sharafli nomga munosib tarzda oʻtkazish bilan belgilanadi. Inson deganlari esa shunchaki yeb-ichish, koʻpayish, maishat uchungina yaralmagan. Yaralmishlarning mukarrami sifatida uning zimmasida muayyan mas’uliyat ham mavjud.

Mutaxassislarning aniqlashicha, kishi bir kunda oʻrtacha yigirma ming qadam yuradi. Bu uning oʻrtacha 70 yillik umrida 420 million qadamni tashkil qiladi. Bu miqdordagi qadam bilan inson oyga bemalol piyoda borishi yoki yerni ekvator boʻylab toʻqqiz marta aylanib chiqishi mumkin. Xoʻsh, bunchalik katta quvvatni inson nimaga sarflayapti? U aziz umrni oʻziga berilgan imkoniyat, deb bilyaptimi? Uning har bir lahzasidan unumli foydalana olyaptimi?

Odam Ato va Momo havo davridan buyon falak necha aylandi, zamon necha evrildi. Oʻtgan zamonlarda ajdodlarimiz bashariyatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiysiga ulkan hissa qoʻshdilar. «Roʻyi zaminning sayqali» ham, «dini islomning quvvati» ham bizda boʻldi. Lekin XVI asrdan millatimiz hayotida tanazzul jarayoni boshlandi. Zamon evrildi-yu biz evrilmadik. Taassuflar boʻlsinki, buning ta’siridan hanuz toʻla qutula olganimiz yoʻq.

Mustaqil taraqqiyotning oʻtgan oʻn uch yilida, shubhasiz, ulkan yutuqlarga erishdik. Bu muvaffaqiyatlar bizniki. Lekin, tabiiyki, buning bilan qanoatlana olmaymiz.

Til – Millatning Ruhi

Millatning millatligini belgilovchi bosh omil – til. Til boʻlmasa, millat ham mavjud boʻlolmaydi. Modomiki shunday ekan, oʻz tilining mavqeini koʻtarish har bir millat uchun hayot-mamot masalasidir.

Sir emas, bugun juda koʻp millatlar zamonaviy kompyuterlarni oʻz tillarida yaratilgan dasturlar boʻyicha boshqarish imkoniyatiga ega. Bunga bizda ham katta ehtiyoj mavjud. Mustaqillik sharofati bilan bu borada ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti huzurida ochilgan «Kompyuter lingvistikasi» kafedrasi oʻz oldiga shunday ezgu maqsadni qoʻygan (Toʻgʻri, mutaxassislar kafedra nomlanishi haqida turlicha fikrdalar. Kafedrani «Amaliy tilshunoslik» deb atash tarafdorlari ham bor. Lekin hozir gap bu haqda emas).

Bugungi kunda jahon miqyosida kechayotgan integratsiya va globallashuv jarayonida oʻzbek tilini dunyoviy tillar darajasiga olib chiqish hayotiy zaruriyatdir. Mazkur katta, mas’uliyatli, oʻta muhim maqsadni amalga oshirishda kompyuter texnologiyalariga, xususan, kompyuter lingvistikasiga boʻlgan ehtiyoj yana ham oshadi. Chunki aynan kompyuter lingvistikasi oʻzbek tilining jahon miqyosiga chiqishida, ona-tilimizning ham dunyoviy tillardan biriga aylanishida, uni oʻrganish va oʻrgatish ishlari optimallashuvida hal qiluvchi oʻrin tutadi.

Shu oʻrinda tabiiy bir savol tugʻiladi. Xoʻsh, kompyuter lingvistikasining oʻzi nima? Mazkur kafedra mudiri professor Abdumajid Poʻlatovning fikricha, kompyuter lingvistikasining asosiy maqsadi tilshunoslikka oid masalalarni yechishning kompyuter dasturlarini yaratishdir. U amaliy tilshunoslikning boʻlimi boʻlib, matnga kompyuter yordamida ishlov berish bilan bogʻliq vazifalarni bajaradi. Uning asosiy vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
— tillarga oʻqitish;
— bilimlarni tekshirish (baholash);
— matnlarni turli jihatdan avtomatik tahrirlash;
— mashina tarjimasi uchun moʻljallangan dasturlarni ishlab chiqish;
— lugʻatlarni va kompyuterdagi matnni statistik tahlil qilish va h.k.

Koʻrinadiki, katta hajmdagi axborotni qayta ishlash zaruriyati kompyuter lingvistikasini taqozo etadi. Bularni mazkur sohaning oʻziga xos yoʻnalishlari deb ham atash mumkin. Agar ushbu yoʻnalishlarning mohiyatiga chuqurroq e’tibor berilsa, ularning har biri oʻzbek amaliy tilshunosligi uchun naqadar hayotiy, zaruriy ahamiyat kasb etishi ayon boʻladi. Shunga koʻra kompyuter lingvistikasining ayni vazifalari asosida bugungi kunda oʻzbek tilshunosligining kompyuter bilan bogʻliq holda hal etish lozim boʻlgan quyidagi masalalarini ta’kidlab koʻrsatish mumkin:
— Oʻzbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish.
— Axborot matnlaridagi qoliplilik, qisqalik, aniqlik mezonlarini ishlab chiqish.
— Internet saytlarini yaratish me’yorlarini belgilash.
— Kompyuter izohli va tarjima lugʻatlarini ishlab chiqish.
— Oʻzbek tili va adabiyoti darsliklarining elektron versiyalarini ishlab chiqish.
— Kompyuterda inglizcha-oʻzbekcha va oʻzbekcha-inglizcha tarjima dasturlarini tuzish.
— Yozma matnlarni tahrirlash dasturlarini yaratish.
— Ta’kidlash joizki, ushbu muammolarning eng ahamiyatlisi — oʻzbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish. Chunki bu masala sanalgan barcha muammolarning asosi, aytish mumkinki, yechimi boʻlib hisoblanadi. Zero, jahon andozalari talablariga javob beruvchi, har tomonlama mukammal, qulay va ommabop axborot (kompyuter) uslubi yaratilganidan soʻnggina yuqoridagi muammolarni hal qilish mumkin boʻladi.

Kompyuter uslubi jahon andozalari talablariga monand holda fikrning aniq, qisqa, loʻnda, qayta ishlashga mos boʻlishini taqozo etadi. «Shunday uslubni yaratmas ekanmiz, — deydi professor A.Poʻlatov, — Respublikamizda oʻzbek tilida toʻliq ish yuritishga oʻta olmaymiz. Ushbu uslubni maktablarda ham oʻqitishni boshlash zarur».

Yaqinda «Dunyoviy oʻzbek tili» kitobi bosmadan chiqdi. Unda oʻzbek tilidagi birgina «ishlamoq» fe’lining taxminan yuz ming shakli (leksik grammatik paradigmalari) rus va ingliz tillariga oʻgirilgan. Ingliz tilida esa bu fe’lning bor yoʻgʻi 100 ta shakli borligi ma’lum. Mana sizga qiyos: 100 000 ta va 100 ta.

Odamlarning Eng Boyi Kim?

Insoniyat uchinchi ming yillikning boshida axborot asriga qadam qoʻydi. Minglab yillar davomida rivojlangan inson tafakkuri uchun bugungi kunda dastlabki manba, ya’ni axborot olish hayotiy zaruratga aylandi. Shuning uchun jahon bozorida ma’lumot oltindan ham qimmatliroq baholanadi. Mazkur axborotni topish, saqlash, qayta ishlash va boshqalarga yetkazishning qulay usullariga boʻlgan ehtiyoj kun sayin oshib bormoqda. Demak, kimki mazkur qulay usullarni ishlab chiqsa, ularga egalik qilsa, mana shu odam dunyodagi eng boy odam boʻladi.

Ma’lumki, dunyodagi eng boy-badavlat kishi Billi Geyts hisoblanadi. Nima uchun dunyodagi eng boy kishi kompyuter, ya’ni axborotni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash sohasining vakili? Nega savdo xodimi, bankir yoki neft, paxta, avtomobil zavodining xoʻjayini emas, aynan axborot bilan bogʻliq sohaning rahbari sayyoraning eng boy odamiga aylandi? Bu savolga Billi Geytsning oʻzi shunday javob beradi: «Kim axborotga ega boʻlsa, u hamma narsaga ega boʻladi» yoki uning yana bir mushohadasi dunyoga mashhur: «Axborot dunyodagi eng katta, eng qimmat moddiy boyliklardan ham ustun turadi, chunki ushbu boyliklar axborot vositasida qoʻlga kiritiladi». Koʻrinadiki, inson muayyan bir sohada – biznes, ta’lim, qurilish, umuman, hayotning har bir jabhasida biror yutuqqa erishish uchun, avvalo, axborotga ehtiyoj sezadi: nima? qachon? qaerda? (necha puldan?) kabi savollarga javob topish uchun aynan axborotga murojaat qiladi. (Ya’ni mahsulotlarning barcha xususiyatlari: sifati, hajmi, narxi kabilarni bilishda axborotning roli kattaligi tufayli axborot sohasi moddiy boyliklardan ham koʻproq foyda beradigan sohaga aylanadi). Shu tariqa axborot olmosu tillo, kumushlardan ham zaruriylik, qimmatbaholik kasb etadi.
— Axborot asri boʻlgan XXI yuzyillikda, - deydi professor A.Poʻlatov, — oltindan qimmatroq boʻlgan ma’lumotni zarar yetkazmay qabul qilish, ishonchli saqlash va eng qulay tarzda savodli qilib boshqalarga yetkazib berish til bilan bevosita bogʻliqdir. Shuning uchun til va biznes chambarchas bogʻliq sohalardir. Meni bir narsa juda oʻylantiradi, taajjubga soladi: nima uchun bizning tilchi olimlarimiz, dunyodagi boshqa mamlakatlar olimlaridek, biznes bilan, yaxshigina moddiy manfaat koʻrish bilan shugʻullanmaydilar? Qaysi olim bilan suhbatlashsangiz, kitob yozganini, lekin uni chop etishga mablagʻ topa olmayotganligini aytadi. Mablagʻni, biz olimlar, oʻzimiz topishimiz zarur. Buning uchun esa lingvistlar ham biznes olamiga chuqurroq kirib borishi kerak. Nima uchun tilchilar biznesda qatnashmayaptilar? Chunki ular yangi borliqqa – zamonaviy hayotga tayyor emaslar. Ularning reklama, biznesda ishtirok etishlari uchun dasturlari mavjud emas. Bu bizning katta kamchiligimiz. Hozirgi joʻshqin hayotdan – biznes, reklamadan chetda turishimiz notoʻgʻri hol. Bundan tilchilar tashqarida qolganligining salbiy oqibatlarini koʻrib turibmiz: Toshkentda naridan beri yozilgan, oʻzbek tilining ichki qonuniyatlariga, uzoqqa bormaylik, oddiy valentlik — soʻzlarning birikuv qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan jumlalar, imloviy xatolarga toʻla reklamalar koʻpayib ketgan. Ularni kim yaratmoqda? Oʻzbek tilini chala-chulpa biladigan boshqa millatga mansub professional boʻlmagan reklama mutaxassislari. Ularni nazorat etish, reklamalarni savodli, tushunarli qilish va shu orqali moddiy manfaatdorlik koʻrish qoʻlimizdan kelmaydimi? Keladi, albatta. Faqat buning uchun eskicha, tor fikrlashdan voz kechishimiz, «Olim – bu faqat olim» degan qarashlarni oʻzgartirishimiz zarur. Buning uchun, menimcha, bir vaziyat muhim ahamiyat kasb etadi. Tilshunoslar oʻzbek tilining faqat nazariy jihatlarini tadqiq qilishdan biroz chekinib, uning amaliy tomonlariga ham koʻproq e’tibor berishsa. Ya’ni quruq nazariy fikrlarga toʻla tadqiqotlarni salgina cheklab, xalqimiz uchun foyda keltiradigan kompyuter dasturlari — matnlarni tahrirlash, avtomatik tarjima qilish, tillarga oʻrgatish kabi dasturlarni ishlab chiqishda faol qatnashishsa, maqsadga muvofiq boʻlur edi. Zero, bu ishlarni amalga oshirishda kompyuter dasturchilari lingvistik ta’minotga ehtiyoj sezadilar. Uni esa filologlar yaratib berishi zarur boʻladi.

Biz Kimning Avlodimiz?

Biz musulmon farzandlarimiz. Bu e’tiqod qon-qonimizga singib ketgan. Xudosizlik tuzumi har qancha tashviq etmasin, nechogʻlik urinmasin, bu e’tiqodni qalbimizdan sugʻurib ololgan emas. Bugun oʻzga e’tiqoddagi olimlar ham Qur’oni karimni ilmiy manba sifatida e’tirof etadilar. Taassufki, kechagi moddiyunchilik, ateistik qarashlar ta’siridan qutula olmagan oʻz olimlarimizdan ayrimlari buni tan olgisi yoʻq.

Yaqinda bir maktab oʻqituvchisidan eshitib qoldim. U oʻzi rahbar boʻlgan sinfga bir sabab bilan biologiya darsida borib qolibdi. Oʻqituvchi oʻquvchilarga: «Odam maymundan yaralgan» deb, maymunlarning qay tarzda odamga aylangani toʻgʻrisida soʻzlab berayotgan emish. Eshitib hayratda qoldim. Axir kommunizm nazariyotchilarining odamning paydo boʻlishi haqidagi gʻoyalari oʻz isbotini topmagani kunday ravshan-ku! Ulardan meros qolgan saqichni qachongacha chaynash mumkin?

Vaholanki, Qur’oni karimda va muborak hadislarda insonning qanday yaratilgani ochiq zikr etilgan-ku! Jumladan, «Insonlar Odam alayhissalom farzandlaridir. Odam safiyulloh esa tuproqdan yaratilgandir» deyiladi hadislardan birida.

Qul Xoja Ahmad, toat qil,
umring bilmam necha yil,
Asling soʻrsang obu gil,
yana gilga ketaro —

deydi Xoja Ahmad Yassaviy. Nosiriddin Rabgʻuziy bobomiz oʻzining «Qisasi Rabgʻuziy» asarida Odam yaratilishini, har bir fikrini Qur’on oyatlari bilan dalillab, mufassal bayon etib bergan. Bizga bundan ortiq yana qanday isbot kerak? Millatimiz quyoshi hazrat Navoiy:

Bordur inson zotigʻa oncha sharaf,

Kim boʻla olmas onga gavhar sadaf —

deb tursa-yu, biz qandaydir maymunlar haqidagi safsataga ishonib oʻtirsak. Buni qanday izohlash mumkin?!

Yaqinda «OʻzAS»da (2004 yil, 28 may, №21) «Odam tuproqdan yaralganmi?» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Uning mazmuniga koʻra, yapon olimlari Qur’oni karimdagi inson tuproqdan yaratilganligiga oid fikrni yangi ilmiy dalillar bilan isbotlashibdi.

«Darvin nazariyasi allaqachon oʻzining asossizligini koʻrsatdi, — deyiladi maqolada. — Hozir urf boʻlgan frantsuz biofizigi Marsel Lavuantega tegishli gipotezaga koʻra, hozirgi odam koinot yaralishining uch asosiy bosqichi paytida yuzaga kelgan yulduzlar changi va bazaviy elementlardan tarkib topgan. Frantsuz olimlari odam organizmi asoslarini chuqur kimyoviy analiz qilishgach, mana shunday kutilmagan xulosaga kelishgan. Odam tanasining taxminan oʻn foizi vodoroddan iborat boʻlib, u Olamning paydo boʻlishiga olib kelgan ulkan portlashdan keyingi ilk lahzalarda yuzaga kelgan. Bundan tashqari, odam organizmi tarkibida uglerod, azot, kaltsiy, fosfor ham borki, bularning paydo boʻlishi sayyoralarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Odam organizmining uchinchi kimyoviy asosi yulduzlar markazida yadrolarning paydo boʻlishi bosqichi bilan bogʻliq. Demak, odam organizmida, qoʻrgʻoshin, kumush borligi, nikel, kobalt, qoʻrgʻoshin va molibden izlari uchrashi aniqlangan. Xullas, ilmiy kimyoviy tadqiqotlar muqaddas kitoblardagi odam tuproqdan yaralgan, degan ta’limotni toʻla tasdiqlaydi».

Dunyo olimlari bobolarimiz allaqachon yozib ketgan haqiqatlarni zamonaviy tadqiqotlar asosida isbotlab berayotgan bir paytda umrini oʻtab boʻlgan, haqiqatga zid, gʻayriilmiy qarashlarga yopishib olish qanchalik toʻgʻri?! Kechirasiz-u, bu xalqimizning «Kar eshitganini qoʻymaydi, koʻr tutganini» degan parma’no naqlini yodga soladi.

Mustaqillik bizga ilmiy haqiqatlarni aytish borasida ham katta imkoniyatlar berdi. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, qotib qolgan dogmatik qarashlardan voz kechib, dunyoga, inson va uning mohiyatiga yangicha koʻzqarashni shakllantirish millat ziyolilari oldidagi burchdir.

Evrilmoq Aynimoq Degani Emas

Bugun dunyo biz bilan hisoblasha boshladi. Jahonning eng taraqqiy etgan davlatlari bilan hamkorlik qilyapmiz. Ular bizdagi, biz ulardagi yutuqlarni oʻrganyapmiz. Bundan ular ham foydalanyapti, biz ham naf koʻryapmiz. Bu yaxshi. Lekin... Hamma gap mana shu «lekin»da.

Yaqinda bir xorijiy firmada ishlaydigan tadbirkor bilan suhbatlashib qoldim. Ta’kidlash kerakki, chet elliklar bilan hamkorlik qilayotgan bu tanishim eng soʻnggi markadagi mashinada yuradi. Uylarini ham ovrupocha ta’mirlatgan. Xotinida alohida mashina. Oʻzining davlatmand ekanligini sezdirib turishni xush koʻradi.
— Men chet elliklardan yaxshi bir odatni oʻrgandim, - dedi u. – Ular qanchalik boy boʻlishmasin, hech kimga qarz berishmas ekan. Firmamiz rahbarining aytishicha, bir muhtojga qarz berib, har gal qarzni qaytarishni soʻraganda xafa qilguncha, bermasdan bir marta ranjitgan afzalroq. Juda dono fikr. Shunday emasmi?

Tadbirkor chet ellikdan juda zoʻr odatni oʻrganganiga zarracha shubha qilmasdi. Bu gaplarni aytar ekan, uning koʻz qarashlaridan «Qoyilmisanlar!» degan fikrni uqib olish qiyin emasdi. Hatto suhbatdoshlarning ayrimlari ham uning «dono» fikrini ma’qullasha boshladilar. Chiday olmadim.
— Bu odat oʻsha xorijlikning mentalitetiga xos. Axir bizning ajdodlarimiz bunday boʻlmaganlar-ku! Ular boylikni Olloh taolo ato etgan omonat, deb tushunishgan. Bu omonatning egasi boyning oʻzigina emas. Bu boylikda qoʻni-qoʻshnining, yetim-esirlarning qoʻyingki, yonma-yon yashaydigan koʻplab insonlarning haqqi bor, deb hisoblashgan.

Xondamir «Makorim ul-axloq»da yozishicha, «Ixlosiya» madrasasi huzuridagi «Xalosiya» xonaqohida har kuni minglab yetim-esir, beva-bechora, faqir-miskinlarga laziz taomlar tortilgan. Bu hazrat Navoiyning xususiy mablagʻi evaziga amalga oshirilgan. Bobolarimiz inson dilini ranjitish ogʻir gunoh, deb bilishgan. Shuning uchun, muhtojga qarz bermasdan bir marta xafa qilish toʻgʻrisidagi «yangi gʻoya» bizga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.

Boyagina tadbirkorni qoʻllab-quvvatlagan hamsuhbatlar endi mening fikrimni ma’qullasha boshladi...

Toʻgʻri, biz zamon taraqqiyotidan orqada qolmasligimiz kerak. Lekin bu degani toʻgʻri kelgan har qanday qarashni zamonaviy hisoblab, qabul qilaveramiz, degani emas. Prezidentimiz joriy yilni «Mehr va muruvvat yili» deb atadi. Buning zamirida ulkan ma’no bor. Xalqimizga, millatimizga xos muhim qadriyatlarni mudom yodimizda saqlashimiz, bugina emas, ularga har doim amal qilishimiz zarurligiga ishora bor bunda.

Biz barcha sohada zamon bilan hamnafas, hamqadam boʻlish tarafdorimiz. Lekin zinhor necha ming yillik qadriyatlarimizni unutmoqchi, ulardan voz kechmoqchi emasmiz. Yangi zamonni oʻzimizda xalqimizga, millatimizga xos barcha fazilatlarni tarbiyalagan holda qarshilamoqchimiz.

* * *

Soʻzimizni inson va uning mohiyati, har bir nafasni gʻanimat bilish haqidagi hikmatlarni eslash bilan boshlagan edik. Darhaqiqat, umrning har lahzasi Vatan va millat xizmatini qilish uchun, mansub boʻlganimiz xalqqa naf keltirish uchun berilgan imkon. Bu imkondan iloji boricha toʻlaroq foydalanishga burchlimiz. Bu borada hazrat Navoiyning quyidagi soʻzlari bizga mudom ibrat boʻla oladi:

Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Bilki, bu naf’ oʻzunggʻa koʻprak durur.