OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNuriddin Ismoilov
Asar nomi«Kechir meni, Ra’no» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nuriddin Ismoilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Kechir meni, Ra’no» (hikoya)
Nuriddin Ismoilov

..Poezdda Samarqandga ketayotgandik. Hamrohim ancha gapdon chiqib qoldi. Olis yoʻlda shunday hamroh borligi ham yaxshi-da: zerikmaysiz. Xullas, oʻtmishdan gaplashdik, kelajakdan, suhbatimiz oxir-aylanib muhabbat mavzusiga borib taqaldi. Shunda hamrohim kupemizning ochiq eshigi yonidan oʻtib borayotgan shoʻx yoshlarga havaslanib qararkan:
— O, qani edi, ularning yoshligi menda boʻlib qolsa! — dedi.

Bu gapni eshitib kulib yubordim.
— Vaqtida jigaringizdan rosa urgan shekilli, — dedim.
— Soʻramang, — dedi sherigim armon ila. Soʻng joylashib oʻtirib olgach, qoʻshib qoʻydi: — Keling, men sizga oʻz muhabbat tariximni aytib beray, baholash oʻzingizga havola.

Shunday qilib, kutilmaganda gʻalati sevgi tarixini eshitdim. Uni sizga ayrim ismlarni oʻzgartirgan holda aytib bermoqchiman, marhamat.

Men toʻqqizinchi sinfda oʻqiyotganimda sevib qolganman. Sinfimizdagi eng goʻzal, eng a’lochi va boshqa hamma eng... englarning egasi Ra’noni.

Bu kutilmaganda sodir boʻldi. Oʻsha kuni nima falokat bosib matematikadan faqat men uy vazifasini tayyorlab kelibman. Hamma sinfdoshlarim mendan koʻchirdi. Xuddi togʻni talqon qilib qoʻyganday koʻkrakni kerib doska oldida yuribman. Shunda... goʻzal Ra’noga koʻzim tushib qoldi. U menga sal hayron qolganday qarab turardi, koʻzlarida oʻzgacha ifoda zohir. Yuragim gupirib urib ketdi. Oyoqlarim qaltirab, oʻz-oʻzimdan iljaya boshladim.

Oʻqituvchimiz biz bilan salomlashib boʻlgach, birma-bir uy vazifani tekshira boshladi.

Eng qizigʻi, masala notoʻgʻri yechilgan, buning ustiga, misolning javobi yoniga oʻzim bilmagan holda bir chiziq chizib qoʻygan ekanman. Baraka topkur sinfdoshlarim ham xuddi shuni takrorlashibdi. Oʻqituvchimiz bizni yoniga navbat bilan chaqirib, bitta-bitta «ikki»ni jingalak qilib qoʻya boshladi. Men chiqib kelganimda sabr kosasi juda toʻlib ketgan ekan.
— Kimdan koʻchirding? — deya muallim menga koʻzoynagi tepasidan qaradi.
— Hech... Hech kimdan, — dedim men gʻoʻldirab. Shu ondayoq oʻng qulogʻim qattiq qizib ketdi.

U mahallari negadir maktabimizda pedagogikaning bunaqa usuli ommalashgan edi.

Butun sinf jim-jit. Hammaning koʻzi bir necha daqiqada sholgʻomning qarindoshiga aylangan kaminada.

Tanaffusda sinfimizning eng... eng goʻzali yonimga keldi. Xoh ishoning, xoh oʻzingiz bilasiz, tirnogʻimgacha qaltiroq kirdi.
— Siz butun sinfga yaxshilik qilaman deb jazolandingiz...

Sir boy bermadim.
— Hechqisi yoʻq, — Gʻoʻdaydim men, — pashsha chaqqanchalik ham boʻlmadi.
— Koʻzingizda yosh paydo boʻlgandek tuyuldi menga, — deya ajablanib soʻradi qiz.
— Bunisi «maskirovka» edi. Agar shunday qilmasam, Botir aka tepishi aniq edi.

Ra’no jilmaydi. Uning husn-jamolini yanada goʻzallashtirgan tabassumini koʻrdim-u, dovdirab qolib, sal boʻlmasa yiqilayozdim. Shu bilan yana qoʻngʻiroq chalinib, navbatdagi dars boshlandi.

Ra’nodan keyingi partada oʻtiraman. Qizning silliq taralib, bitta qilib oʻrilgan qop-qora sochiga termulib, xayolan u bilan bogʻ-rogʻlarda sayr qilaman. Unga gullarning eng chiroylisini hadya etaman... U esa boyagidek jilmayadi. Men yayrab ketaman, keyin...

Keyin qoʻlidan ushlab...
— Daftarni joyiga qoʻy, — yonginamdan vishillagan ovoz keldi bir payt.

«Zuhra qanday qilib kelib qoldi bu yerga?» — deya hayron boʻlib yonimga qarasam, oʻtiribdi biqinginamda aftini bujmaytirib.
— Qaydan paydo boʻlding?! — deb yuborganimni oʻzim ham sezmay qolibman. Qoʻlimda esa uning gʻijimlangan daftari. Zuhra koʻrsatkich barmogʻini peshonasiga niqtab aylantirdi-da:
— Jinni-pinni boʻldingmi? — dedi.

Buning nafasi sovuqligini! Onasi qish chillasida tuqqanmi?!
— Endi bitta daftar oberasan, — dedi Zuhra.
— Muzqaymoq yeysanmi? — deya uning «changali»dan qutulish uchun atayin gapni boshqa yoqqa burdim.
— Qaerda sotyapti? — hayron boʻlib qaradi u menga.
— Boya tanaffusda koʻrdim.
— Yeyman.
— Boshqa narsa xohlamaysanmi?
— Shokolad ham bormikan...

«Qars« etgan ovoz keldi bir mahal. Keyin qulogʻim qiziy boshladi. Bildimki, fizika oʻqituvchimiz Tolib aka yonimda. Qoʻrqa-pisa oʻqituvchiga qaradim. »Mana senga shokolad!» dedi u gʻazab bilan. Butun sinf menga zigʻircha achinmadi, qaytanga hamma qah-qah otib kuldi. Faqat Ra’no... Faqat shu qizgina menga achinib, koʻzida yosh bilan qarab turardi. Tarsaki yeb-ku, oʻrganib qolganman, ammo birov senga achinib qarab tursa gʻalati boʻlib ketarkansan...

Tanaffusda Ra’no yonimga keldi. Oʻzini majburlab jilmayarkan:
— Kundan-kunga shoʻx boʻp ketyapsiz, — dedi u. — Zuhra bilan bunchalik apoq-chapoqligingizni bilmasakanman...
— Yoʻ-oʻ-oʻ-q, — dedim keskin boshimni chayqab. — U menga xalaqit berdi.
— Qanaqasiga?
— Yoz... ha, yozayotgandim. Adabiyotga tayyorlanayotuvdim.
— Fizika darsida-ya...

Yolgʻonim oshkor boʻlmasligi uchun «hm» deb qoʻya qoldim.
— Tushunarli... agar oʻqituvchining oʻrnida men boʻlganimda, bu betingizga ham tushirgan boʻlardim.

Ichimdan «qaniydi» degan bir nido keldi. Axir bu qizning chiroyli kafti yuzimni silaydigan boʻlsa, kun boʻyi hamma darsda butun sinfni boshimga koʻtarishga ham tayyorman.

Shu payt qoʻngʻiroq «voy-voy»lab qoldi-yu, gap-soʻzni tugatishga majbur boʻldik.

Dunyoda eng ogʻir fan qaysi deb soʻrashsa, hech ikkilanmay «ximiya» deb javob berardim. Ochigʻi, shu fanga hecham tushunmayman. Oʻqituvchimiz qanaqadir qorishmalar deydimi-ey, yana ekvivalent-pekvivalentiga balo bormi...
— Toʻxtasinov! — dedi oʻqituvchimiz uzoq vaqt jurnalga tikilib turgach. Bu kaminaning familiyasi. Lekin sharifim ayni damda tilga olinishini hecham istamagan edim. Biroq... taqdir ekan, nachora.
— Labbay, — dedim ohista. Javobimni, menimcha, oʻzimdan boshqa hech kim eshitmadi.
— Toʻxtasinov! — bu safar oʻqituvchining ovozi asabiyroq chiqdi.
— Men, — deya sekin boʻy koʻrsatdim.
— Qulogʻing tom bitganmi? — Oʻqituvchining gapiga sinfning u yer-bu yeridan chiqqan «piq-piq« kulgi sasi qoʻshildi. Hatto kimningdir »ikki quloq ham ketgan», degan soʻzlarini eshitganday boʻldim.
— Doskaga chiq! — buyurdi oʻqituvchi. Shunda oldingi partada oʻtirgan Ra’no qandaydir qogʻozni gʻijimladi-da, parta ustiga, men oʻtadigan tomonga qoʻydi. Miyam yashin tezligida ishlab ketdi. Doskaga chiqayotganimda u qoʻygan qogʻozni sezdirmasdan olib oʻtdim. Oʻqituvchi uyga vazifa qilib berilgan masalani doskada yechishimni buyurdi. Xursandman, zero, Ra’noning yordami bilan muallimning chigʻirigʻidan oppa-oson oʻtib ketaman.

Doska tomon oʻgirildim-da, suyuklimning nozik qoʻllari bilan yozilgan uyga vazifani doskaga koʻchira boshladim. Yana ikki daqiqa vaqtim boʻlganda «besh» olishim aniq edi. Ammo mutlaqo kutilmaganda quloq qurgʻur yana qizib ketdi-yu, men qahr bilan boqib turgan muallimga yuzlandim.
— Meni ahmoq deb oʻyladingmi?..

Qoʻngʻiroq chalindi. Men chuqur nafas oldim. Ra’no yana yonimga keldi.
— Aybdorman, — dedi boshini egib, — men tufayli...
— Yoʻq... yoʻq, hecham unaqa demang. Oʻzim sal noʻnoqroqman. Tayyor oshni toʻkib qoʻydim. Boshqa boʻlganida...
— Siz oʻqituvchiga e’tibor bermadingiz-da...
— Ha-a, shunday boʻldi. Endi pishiqroq boʻlaman.
— Yalqovlik qilmay, uyda tayyorlanib keling-da, — jilmaydi Ra’no. — Hozir yaxshi oʻqimasangiz, oʻqishga qanday kirasiz?
— Oʻqimasdan yashab boʻlmaydimi?
— Unday hayot chiroyli emas-da, — Ra’no jiddiylashdi.

«Nima qipti? — xayolimdan oʻtkazdim men. — Ana, oʻtgan yili maktabni tugatganlardan birontasiyam oʻqishga kirolgani yoʻq. Men oʻqiganimda shoxim chiqarmidi? Ja, uzoq ketsam, oʻqituvchi boʻlarman. Hozir esa, bu kasb boʻlmay qoldi. Muallimlarning bari noligani-noligan. Maoshi kammish. Hatto bir safar oylik oʻrniga aroq berishibdi. Oʻzi maktab boʻyicha qolgan erkak oʻqituvchilar beshta. Shu «maosh»ni olishdi-yu, bir hafta birontasiyam qorasini koʻrsatmadi».
— Men oʻqituvchi boʻlmayman, — dedim viqor bilan.
— Juda yaxshi, oʻqib boshqa kasbni egallaysiz, — dedi Ra’no.

Yana qoʻngʻiroq chalindi. «Endigi dars jismoniy tarbiya, nasib etsa, bu safar quloqning «isitma»si chiqmaydi», degan oʻy oʻtdi xayolimdan.

Oʻqituvchi sinfga ikkita toʻp koʻtarib kirib keldi.
— Xoʻ-oʻ-sh, — dedi u choʻzib oʻziga yarashmagan ingichka ovozda. — Qizlar volleybol oʻynaydi, oʻgʻil bolalar futbol. Hamma sport kiyimini kiysin-da, stadionga ortimdan yetib borsin!

Bunaqa gap kimgayam yoqmaydi, deysiz. Tezlikda butun sinfimiz bilan stadionda paydo boʻldik. Maroq bilan toʻp surarkanman, yonginamizdagi kichik maydonchada sport kiyimida yelib-yugurayotgan, sarviqomat Ra’noga qarab-qarab qoʻyaman. Oʻzimning nimalarga qodirligimni koʻrsatish uchun bitta-ikkita raqib oʻyinchilarni aldab oʻtaman. Gol boʻlganda esa, qattiqroq baqirib, qoʻllarimni osmonga koʻtaraman. Buning barisini Ra’no koʻrib turganligiga shubham yoʻq edi. Biroq kutilmaganda quvonchim yoʻqqa chiqdi. Bektosh meni aldab oʻtaman deb yiqilib tushdi-da, oyogʻini ushlagancha dod-voy sola boshladi. Shu payt yonimda oʻqituvchimiz paydo boʻlib qolsa boʻladimi? U Bektoshning oyogʻini ushlab koʻrdi-da, «Kim qildi?« deya soʻradi. Jabrlanuvchi qoʻlini bigiz qilib kaminani koʻrsatgach, menga juda yaxshi tanish boʻlgan ovoz yangradi: »Qars!» Qarabsizki, qulogʻimga qoʻshilib basharam qizil rangga kirib turibdi.

«Ishqilib, Ra’no koʻrmagan boʻlsin-da», degan oʻyda boshimni koʻtardim... va dahshatdan qotib qoldim. Ikki qadam narida koʻzlari jovdiragan alfozda Ra’no menga qarab turardi... Eng yomoni, toʻsatdan qiz piqillab yigʻlab yubordi va oʻqituvchiga qaragancha:
— Boʻldi-da endi, hadeb uraverasizlarmi? — desa boʻladimi!

Oʻlay agar, muallimlardan shuncha tayoq yeb, bu qadar izza boʻlmagandim... Axir, oʻylab koʻrsangiz, gʻalati-da: tarsakini yegan men-u, yigʻlagan Ra’no...

Toʻgʻrisi, shu paytgacha oʻqituvchilarning shapalogʻiga unchalik e’tibor berib oʻtirmasdim, nazarimda, bu pedagogikaning ajralmas qismi edi. Bugun, koʻzlari jiqqa yoshga toʻla goʻzal Ra’no, mening suyukli sinfdoshim menga achinib, moʻltirab qarab turganida ilk bor bunday tarbiya usuli menga, mening yoshimga endi toʻgʻri kelmasligini payqadim. Shu anglash ta’sirida shartta muallimning qoʻlidan siltanib chiqib ketdim.

Ra’no esa, piq-piq yigʻlagancha kiyinish xonasi tomon chopib ketdi.

Bolalar birdan jim boʻlib qolishdi.

Hatto oʻqituvchimiz ham miq etolmas, faqat bizga hayron boʻlib qarardi.

Biz esa, ehtimolki, aynan shu damda oʻsmirlik ostonasidan hatlab oʻtib, yigitlik davriga qadam qoʻymoqda edik. Bizda endi yigitlik gʻururi, sha’ni, qolaversa, nomusi uygʻonmoqda edi. Biz ayni shu damda endi moʻylablarimiz sabza urib qolganini sezdik. Biz ayni shu damda, toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurganimizda oʻz qadrimiz, izzatimiz xususida oʻylay boshladik. Ha, biz, xususan, men bir lahzada ulgʻaydik. Bunga Ra’no, balki mening unga muhabbatim, balki (kim biladi deysiz) uning menga shafqati sabab boʻlgandir...

Dars tugab, sinfga qaytib keldik. Ammo biz endi gʻoʻr oʻsmir yigitchalar emasdik. Nimadir oʻzgargandi...

Tanaffusda Ra’no yonimga kelmadi, buni oʻzim ham istamasdim. Zero, ba’zan gaplashmasdan turib ham koʻp narsani gaplashib olsa boʻlarkan.

Jismoniy tarbiya oʻqituvchimiz shapaloq urgan qulogʻim zingʻillardi. Ba’zan ayrim gap-soʻzlarni eshitmay qolardim. Buni birinchi boʻlib oʻgʻil bolalar anglashdi. Nimagadir ular birdaniga mehribon boʻlib qolishdi. Hatto keyingi soatda oʻqituvchi meni doskaga chaqirib, bir necha savol bera boshlaganida oʻsha chaqmachaqar Bektoshning oʻzi birinchi boʻlib yonimni oldi:
— Buning qulogʻi ogʻriyapti, — dedi.

Shu soʻzlarni aytarkan, Bektosh koʻzlari qizarib ketgan Ra’no tomonga gerdayib qarab qoʻydi, goʻyo shu qiligʻi bilan boyagi ishi uchun uzr soʻrab, qizning oldida oʻzini oqlaganday boʻldi.

Oradan kunlar oʻtdi. Endi sinfdoshlarimiz bizni Anvar-Ra’no deb chaqirishardi. Ularning hammasi biz ikkalovimiz bir-birimizni oʻlarday sevishimizga chippa-chin ishonishardi. Hatto men ham ba’zan bunday gap-soʻzlarga ishonib qolardim.

Ra’no menga mehribon edi. U yonimga yaqinlashsa bas, sinfdoshlarim, keyinroq borib esa, hatto maktabdoshlarim asta-sekin, sezdirmasdan, benihoya odobli kishilarga xos tarzda bizni yolgʻiz qoldirishga urinishardi. Ular bu ishlari bilan bizga katta marhamat koʻrsatganday boʻlardilar goʻyo. Bora-bora men ham qizning yoniga yaqinlashsam, uning dugonalari sekin-asta sirgʻalib chiqib ketadigan boʻlishdiki, zum oʻtmasdan Ra’no ikkalamiz yolgʻiz qolardik.

Bu holni koʻrib men kulardim, Ra’no andak xijolat chekardi, ammo bu doʻstlarcha gurunglashib oʻtirishimizga xalaqit bermasdi.

Ishonasizmi, biz deyarli bir yarim yil mobaynida, ya’ni, oʻninchi sinfni tugatgunga qadar koʻpchilik, deyarli barchaning nazarida Anvar-Ra’no boʻlib yurdik. Holbuki, gurunglarimiz darslaru kelajak mavzuida boʻlardi, juda nari borsa hamqishloqlarimiz yoinki sinfdoshlarimiz xususida gaplashardik.

Men muhabbat istardim, nazarimda, muhabbatimga erishgandek ham edim. Ammo bizning munosabat¬larimizga nimadir yetishmayotgandek edi. Oʻlay agar, bu nima ekanligini oʻzim sira tasavvur qilolmasdim, ammo nimadandir toʻla qoniqmayotganligim rost edi. Deylik, har tong maktabda Ra’noni koʻrardim, bundan quvonib ketishim rost edi, ammo hayajonlanmasdim... Buni qanday tushuntirsam ekan. Ayni paytda bu koʻngil toʻlmasligiga oʻzimga-oʻzim iqror boʻlishga ham choʻchirdim, nazarimda, bu noshukrlikning namunasi boʻlardi, ayniqsa, qizni qattiq xafa qilib qoʻyishdan choʻchirdim...

Maktabni bitirdik. Ra’noning qistovi bilan politexnika institutiga oʻqishga kirdim. Faqat fakultetlarimiz boshqa boʻldi. Yotoqxonamiz bir-birimiznikiga yaqin edi.

U paytlari toshkentlik talabalar ham paxtaga borardi.

Bir kuni terimdan qaytayotib, ikkita yuqori kurs bola bilan arzimagan gap ustida jiqillashib qoldim. Xullas, bittasi yuzimga shapaloq tortib yubordi, unga ikkinchisi qoʻshildi. Shoshib qolganimdan oʻzimni bir amallab himoya qilishga tushdim. Xuddi shu mahal qiz bolaning qoʻngʻiroqdek ovozi yangradi:
— Boʻldi-da endi, hadeb uraverasizlarmi?

Yanglishishim mumkin emasdi, qarshimizda yuqori kursdagi bolalarga oʻqrayib qaragancha Ra’no turardi. Yigitlar toʻngʻillay-toʻngʻillay nari ketishdi...

Oʻzingiz bir oʻylab koʻring: menga yana nima kerak edi, axir? Mehribon, oqila, goʻzal Ra’no yonimda boʻlsa...

Ammo koʻngilning sirlarini tushunib boʻlmas ekan...

Men... men boshqa bir qizni sevib qoldim.

Telbalarcha.

Muhabbat deganlari boshqacha boʻlarkan.

Odam faqat oʻshani, suyuklisini oʻylarkan, oʻshaning xayoli bilan uxlab, oʻshaning xayoli bilan uygʻonarkan.

Albatta, gap men yonib-kuyib sevib qolgan qiz haqida emas. Buning ustiga, u qiz menga nasib qilmadi: ketdi-bordi bittasi bilan.

Keyin, asl muhabbat neligini anglagach, Ra’no bilan oramizdagi munosabat doʻstlikdan boshqa narsa emasligiga iqror boʻldim.

Garchand sinfdoshlarimiz, tanish-bilishlarimiz, hatto ota-onalarimiz allaqachon bizga er-xotinlikni tayin qilib qoʻyishgan boʻlsa-da, Ra’nonikiga sovchi yubora olmadim...

Ra’no uch yil kutdi. Oʻqishni bitirganimizdan soʻng. Ungacha bir ogʻiz soʻz aytmasa-da, bir ogʻiz ta’na qilmasa-da, umid bilan kutdi. Ammo men bunga jur'at etolmadim. Nazarimda, men bilan turmush qursa, Ra’no ham baxtsiz boʻladigandek edi. Men, birgina oʻzim baxtsiz boʻlsam mayli edi... Ammo Ra’noning baxtsizligini koʻtarolmasdim. Oʻqituvchi meni urganda u qanchalik izillab yigʻlagan, achingan boʻlsa, suyuksiz turmush shapalogʻi Ra’noning oppoq yuziga tushganida men ham shunchalar oʻrtangan, azoblangan boʻlardim...

* * *

Hamrohim ogʻir «uf» tortdi.
— Buni qarang. Oradan shuncha yillar oʻtib ketdi. Kecha Ra’no qizini turmushga chiqardi. Taklifnoma yuborgan ekan, bordim. Yaxshigina toʻy boʻldi.

Ra’no... hamon menga oʻshanday mehribon, gʻamxoʻr. Eriga «Qarindoshimiz» deb tanishtirdi. Menga ham shu ma’qul koʻrindi.

Nazarimda, men ikki jonni bir umr qiynalib yashashdan qutqarib qolgandayman. Chin sevgi yoʻqligi qiynogʻidan. Yana kim biladi deysiz...

Hamrohim sigareta tutatdi.

Men uzoq oʻylanib qoldim, ammo aniq bir xulosaga kelolmadim: hamrohim toʻgʻri yoʻl tutganmi yoki notoʻgʻri...


Nuriddin ISMOILOV — 1969 yil Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tugʻilgan. Oʻrta maktabni tugatgach, 1991-1997 yillarda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Bir qancha hikoya va qissalari matbuotda e’lon qilingan. «Odamlar orasidagi odamlar« deb nomlangan hikoyalar toʻplami, "Oʻlimga mahkum qilinganlar", "Milliarderga qoʻyilgan tuzoq", "Burgut togʻda ulgʻayadi", "Jaholat qurbonlari", "Omonat gʻor siri", »Iblis saltanati» nomli sarguzasht-detektiv romanlari kitob holida chop etilgan.