OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurilla Chori
Asar nomiBoʻron tingan kecha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nurilla Chori
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻron tingan kecha (hikoya)
Nurilla Chori

«
Farmon togʻamga
»
«
«...Jonuzoq arab sal guppiroq odam edi. Uning nazarida, bu yorugʻ dunyoda atigi ikkita hurmatga loyiq odam bor edi: biri – galatepalik rais Raim Gʻaybarov, ikkinchisi – qamashilik rais Norboʻta Sharof».
Murod Muhammad Doʻstning «Lolazor» romanidan
»

Hu-uv, u davronlar boshqacha edi. Har mardumning dili tili bilan bir edi.

Boshpurtsiz Jonuzoq arab har safar Oʻrtaqoʻrgʻonga karvon tortganida Norboʻta Sharof boʻtalar boʻynidagi qoʻngʻiroq sadolari eshitilmay, loʻkillagan nortuyalaru yoʻlovchilar chang yoʻlga singib,- loy izlarga botib ketmaguncha ortidan qarab qolardi.

Ixtiyor oʻzida boʻlsa Koʻhiqofda dev boʻlishga orzumand arab bir ketganida hilolni toʻldirib yo boʻlmasa, barkashdek oyni nimtalab Elsaroyning soyida boʻy berardi. Ana shunday kecha-kunduzlarda karvonu sarbonga ilhaq Norboʻta Sharof ich-etini yer edi. Karvon yoʻliga koʻzini tikmaslik uchun oʻzini ovutish bahonasida el oralab toʻyu tomosha koʻrar, yurt kezib hol soʻrardi. Shu odati keyin-keyin uning a’moliga aylanib ketdi.

Bu kunda u yolgʻiz emas, egiz yurardi. Alpligi Alpomishga tortgan, kelbati Qorajonga qora bergan Shohimardon pirning bolasi, Chim saroyining Shaymardon polvoni yonida boʻlardi. Bilganlar polvonni Ibrayim (Ibrohim) aminning bolasi, bilmaganlar Norboʻtaning polvoni derdi. Ammo ikkisi-da rost edi.

Peshin... peshinning peshinligini bilish-da qiyin payt... Etagini yigʻmagan kuzdan qahrlangan qish qilichini qibladan turib yalangʻochlagan. Qor kishining qovogʻini-da ochirmaydi, ochgandayam oʻn-oʻn besh odim nari koʻrinmaydi. Quloqqa ot pishqirigʻi va gungur-gungur ovoz eshitiladi. Ovozning qor parchalariday olis-olisdan kelayotganini payqash unchalik mushkul emas. Goh aniq eshitilgan sasdan goho sadoyam boʻlmaydi. Yana birpasda ot dupurlari boʻronda turtinib oʻchoqqa oʻt qalayotgan, osh damlab et qaynatayotgan ahli Qizgʻaldoqning diqqatini tortadi.

Shu boʻronda otasidan miroxur nisbasini meros olgan Tashkan kal elga dasturxon yozib miroxurligiga munosib boʻlmoqchi, yurt kezib totgan non-nasibasini oqlamoqchi, koʻp qor koʻrib, sochini oqartirgan alamni koʻkayidan sugʻurib otmoqchi, el oldida toʻqqizinchi qizini «ulim» deb yelkasiga qoqmoqchi!

Tashkan bosar-tusarini bilmagan Boysariday boy ham, Boyboʻriday shoy ham emas, yonida maslahat berguvchi Ya(Yo)rtiboyi ham yoʻq. Uning bisotidagi boyligi ming qoʻylinikidan-da ziyoda. Koʻnglining benihoya keng-ligi, joʻrabozu oshnabozligini aytmaganda, Qaldirgʻochdek qizlaridan boshqa hech vaqosi yoʻq. Miroxurning elga va Egamga bir yoqqan tomoni bordirki, shu kunda Galatepayu Tersotadan, Xoʻjasoatu Sangijumondan, Quvkallayu Baqahovuzdan, Nakurtu Arpali dashtidan ot oʻynatib, poyu piyoda misli boʻronday mehmon yogʻilyapti.

Koʻz koʻrar, tovush yetar oraliq masofa tashlab yosh-yalang tizilgan. Ular kelguvchilarning ot-ulovini ushlab, toʻy bahona tikilgan oʻtovga chorlaydi. Oʻtovda Buxor mulla, Tirkash koʻsa, Eshon Tashkan miroxurning qavatida mehmonlar bilan xushlashadi, xeshlashadi.

Shu payt kimdir tashqarida mehmonlar talash boʻlayotganini aytdi. Tirkash koʻsa choʻrt kesib, bu mehmonlar Qulmirzaga (Qulmirzaning oʻzi boʻlmaganda uning ismiga shayton laqabini ham tirkardi) tobin ekanini aytdi.
– Hoʻv, Tirkash buva, bizga qoʻnoq yoʻqmi? – deb ichkariladi murtiga qor ingan qoruvli yigit, uning gapi tugar-tugamas.
– Mehmonning hali qadami uzilgani yoʻq, – dedi Eshon bepisand nazar tashlab.
– Sabr qiling, endigisi sizniki, – dedi tasbeh oʻrniga barmoqlari boʻgʻimini sanayotgan mulla.
– Uchinchi marta shunday deganlaringiz! Biz toʻy berganimizda miroxur izzatli chavandozlarni kuzatgan.
– Siz ham izzatlisini kuzatasiz, polvon, – dedi koʻsa siyrak soqolini goʻshtdor panjalari bilan tutamlab.
– Miroxurning qaysi mehmoni izzatsiz ekan?! Menga mehmon bering, boshqasini bilmayman. Mehmonsiz oʻtovdan chiqmayman, – deya oʻtirib olgan yigit oʻzimizning Bozirgan chavandoz boʻladi.

Bu tortishuvlardan koʻngli koʻtarilgan Tashkan tashqariladi, odamlar orasidan siyliqdi . Koʻzidan yosh qalqib, toshdi... Yelkasi nortuyaning oʻrkachiday silkindi, qayta-qayta uchib-uchib tushdi...

Qor bilan yuzini yuvib qaytdi. Oʻtovni qurshab turganlarning suhbati qulogʻiga ilindi.
– Koʻpkari bermasa, miroxurning miroxurligi qaerda qoladi?!
– Koʻpkari boʻlmasayam kurash beryapti-ku!
– Endi, aytaman-da, otbozning qilgan ishini?
– Miroxur ulli boʻlsam, koʻpkari beraman, koʻpkariga Norboʻta Sharof bakovul boʻladi, deb niyat qilgan ekan. Bugun Norboʻta Sharof qarigan. Koʻpkariga oralashi qiyin.
– Oralamasa bakovullik qilib boʻlmasmikan?
– U bakovul boʻlgan koʻpkarida chavandozlar bilan birtan chopgan, deyishadi.
– Miroxurga halol bilan haromni ajratib beradigan boshqa odam yoʻq ekanmi?
– Bor. Raim oqsoqol!
– U ham qirchangʻi chol-da, endi. Keyin, Norboʻtaning ustidan ot haydamaydi u.
– Nima boʻlgandayam, otlarning oʻpkasi pishmaydigan boʻldi-da. Koʻpkari yoʻq!
– Koʻpkari boʻlganda nima?! Polvonning taqimidan uloqni uzib oladigani bormi?
– Balki Norboʻta Sharof olishda Shaymardonga tovoqni olib beraman, deb bakovullikka rozi boʻlgandir-a?!
– Shaymardon Norboʻtasiz davralarning tovogʻini ham birovga bermagan. Keyin, gʻirromligi boʻlsa, miroxur uni oshna tutmasdi.

Tashkan tomoq qirib tortishuvni boʻldi: – Men Norboʻta buva bakovul boʻladi, deganman. Shaymardonga zot beraman, deb olish qilayotganim yoʻq. Joning boʻlsa, elning oriman, Qizgʻaldoq meniki, deb koʻkragingga ursang, polvon bilan olish, ol! Oʻzim chiqsam uyat boʻlar... Mehmonlar miroxur noqis ekan, polvonga zot bergisi kelmay, butiga tarmashdi, demaydimi?! Hali yoʻldagi kishiga shuncha gap! Tagʻin qulogʻi qizib, Norboʻta Sharof bizdan ginalamasin, boʻzaning polvonlari!
– Aka, gʻaflatda qolibsiz, oqsoqol boshli elsaroyliklar Bozirgan polvonnikiga allaqachon qoʻnoq boʻldi...

Shomga borib boʻron tindi. Qibla qontalash tusga kirdi. Yerni qoplagan qor toʻpiqdan oshadi. Har qadamdan gʻirchillagan ovoz chiqadi. Sovuq suyak-suyakka igna sanchayotganiga qaramay, barcha bu kungi boʻronni koʻrmaganday, pisand etmaganday. Qishloqda qancha oʻchoq boʻlsa, hammasiga oʻt qalanyapti. Bu bilan ular miroxurning toʻyi, deb Tangrining kuhna imoratini qizitmoqqa uringanday.

Xufton kirdi. Oysiz, yulduzsiz, qor oqartgan bir kecha. Kurash boshlanishiga ilhaq olomon bakovulning ovoziga mahtal.
– Birodarlar! Tashkanboy boylardan boy, beklardan bek yigit! Sazasi uchun shaytonning boʻyni uziladigan imonli, e’tiqodli yigit. Xudoning hovlisida jonliqni harom qotirmagan. Halollaganini sizu mensiz totmagan. Bugun bir bahona bilan barchamizni yiqqan. Azaldan elga beraman, degan hotamtoyning bahonasi koʻp. Nima boʻlgandayam, «oʻmganlasam, suyaguvchi, qulogʻim bitsa, ortimdan chaqirguvchi, choʻbin otimni yetaklovchi shu el», deb bilgan miroxurning berganini halollab, koʻpning rizoligi bilan olasiz, polvonlarim! – dedi oʻrta boʻy, yuzidan nur yogʻilgan, ovozi oʻktam bir chol maydonda turib. – Davrada halolni men aytaman! Vijdonini yiqitgan gʻirrom polvon boʻlsa, Elsaroyni ahmoq qilmay kelsin, toʻychining «tovoqqa tashlayman», degan tuyasi bilan jandasini hozir berib yuboraman!
– Nomardu nokasni polvon demang, undaylar bizning oramizda yoʻq! – hayqirdi olomon.

Polvonlarga Tangri taolodan kuch-quvvat, yigit piridan yoʻl soʻragan bakovulning ovozi yanada oʻktamlashdi:
– Polvon, otingiz nima?
– Jolpon!
– Sizniki-chi, polvon?
– Ortiq!
– Ov-v, xaloyiq! Ortiq polvon bilan Jolpon polvon elning katta polvoni boʻlsin! Hozir ham kam emas, tishi butun, rizq-nasibasi moʻl, oʻngirini ayol tutmagan, kuragi yer koʻrmagan zoʻr polvonlar! Bu polvonlarga toʻychi bir soʻm pul, Tashman tuya uch soʻm pul, Toshtemir polvon bir chopon atagan. Halollab oʻyin koʻrsatib, olishsin. Nima deysiz, qora koʻzli qanotlarim? – deb elga yuzlandi Norboʻta Sharof.

Davraning har tomonida mehmon polvonlar Sayfining allasicha kelmaydigan qishlogʻi sha’ni uchun yeng shimaryapti. Bir-birini botirim, deb maydonga undayapti. Ahli Qizgʻaldoq esa, bu kurashda Shaymardondan boshqa polvon yoʻqdek, u bilan tirashadigan bir mard izlayapti. Belidan madori ketib, koʻzi tina boshlagan oqsoqollar murti sabza urgan har kishidan umidvor: termildi, tikildi, tamshanib, milkini soʻrdi. Oxiri, kim maydondan magʻrur qaytsa, oʻzlariga jiklab , qon-qarindosh chiqara boshladi.
– Eshon, boya Yoʻldosh kalning uli bilan olishgan kim?
– Koʻsa, koʻzingga nima boʻlgan, izilloqlik Oʻroqning bolasi-ku!
– Ha, Toshtemir bekorga unga toʻnini tikmagan ekan-da. Ular togʻa-jiyanlashadi-ya?
– Men bilmayman, oʻzlari bilishmasa...
– Nima dedingiz, Eshon? – deb suhbatga aralashgan mulla daf’atan- joyidan irgʻib turdi: – Oʻroqning oʻzi qani?!
– Arzining uyiga qoʻnoq tushgan ekan, izzatini qilmaganmi, kurashga qaramay ketibdi. Miroxurning ham nomiga yaxshi boʻlmadi.
– Eshon, jigʻildon bilan gapirmang! Bir yumushi chiqqandirki, ketgan!
– Ulini olishtiraman, deb kelgan odamning nima ishi chiqishi mumkin, soʻfitoʻrgʻay!
– Oʻv, Eshon, tilingning tagidan tilcha chiqarmay. Qulmatni top, shundan boshqa bari «ogʻiroyoq».
– Shu sagʻirga bunchalar ishonmasangiz? Bori bir yaloqxoʻr boʻlsa, – dedi Tirkash koʻsa.
– Oshna, sizni elning koʻsa deganiyam e’zoz ekan-ku! Asli ikki koʻzi miltillagan bir qop goʻsht ekansiz!.. Menga Oʻroq kerak. Sizlarga kerak boʻlmasa, Qizgʻaldoqqa kerak! Hoʻv, Qulmatboy bolam, beri kel, Qulmatboy! – deb boʻgʻziga zoʻr bera boshladi mulla davraga termilib turgan jussasi mushtdek oʻspiringa. – Bolam, Qulmatboy, Qulmuhammadboy, hozir Izilloqqa – Boʻri toʻpdan Oʻroqning uyiga borasan. Sizdan Tashkan miroxur xafa, de. Bormasangiz miroxurning koʻp yillik tuguni yana chiyralib qolar ekan, degin. Buxor mulla aytdi, degin. Mayli, manovi Tirkash buvang bilan Eshon buvangning avlod-ajdodi nomidan gapirsang ham mayli. Chop, toʻyxonayu qoʻnoq tushgan uylardagi istagan otingni min. Faqat Norboʻta Sharofning toʻrigʻiga tegmasang boʻlgani. Chop, bolam! Chop!

Oydin kechada oppoq qor uzra ot choptirib borayotgan yigitcha ortidan Buxor mulla bir muddat qarab qoldi. Soʻng qaytib joyiga oʻtira olmadi. Bu orada biroz sepsib qolgan, bir xil jussali, bir xil quvvatli polvonlarning oʻrtamiyona kurashidan zerikkan davra Shaymardon polvonning chakmonidan tutishga kim jur’at etishini kutardi.

Tik turib polvonlarga razm solayotgan mullani tobora yaqinlashayotgan ot dupuri davradan sugʻurib oldi. Ogʻzidan oppoq bugʻ chiqarib, pishnab turgan otning jilovini mahkam changallagancha, kelguvchilarni: «Oʻroqboy polvon, yaxshi keldingizmi, sizni davra kutib qoldi-ku, shunday kurashniyam tashlab ketadimi?!» – deb qarshiladi.
– Mulla buva, nimaga buncha zarur boʻldim?
– Sizdan boshqa birov Shaymardonning yoqasidan ushlayolmaydigan koʻrinadi, inim.
– Ey, bu nima deganingiz boʻldi? Men olishga ishqibozman. Oʻzim tengim- bilan ham olishaman, toʻgʻri. Katta polvonlar bilan qachon olishuvdim?
– Polvonjon, bunda Qizgʻaldoqning ori turibdi!
– Qizgʻaldoqning ori boʻlsa, menga nima! Qizgʻaldoq sizniki...
– Nima desangiz ham mozorimiz birligini unutmang! – deb koʻzining osti bilan qaradi mulla.
– Mulla buva, otalar qabrini bosib oʻtadigan Koʻkamanning koʻkayidan olaman. Lekin polvonni qishlogʻingizdan topganingiz yaxshi edi.
– Polvon, oʻzingiz otalar yotgan joyni oyoqosti qildirmayman, deb turibsiz-ku. Boshqa odam izlab nima qilamiz? Siz bola edingiz, bilmaysiz. Otangiz, bu mozoris-tonga Elsaroydan bir ayolni suyagim, deb olib kelib qoʻygandi...
– Eshitganman, mulla buva, eshitganman! U kishi ammamiz boʻladi.
– Eshitgan boʻlsangiz, ularni oyoqosti qilib qoʻyasizmi? Shularni bilsangiz yana nimaga terslanasiz?
– Mayli, siz aytgandek boʻlsin, – deb chuqur nafas oldi Oʻroq maxsum.
– Qoʻrqmang, polvon, sizni Shaymardon yiqita olmaydi. Aytganimday boʻlmasa, Buxor tilidan kofir deysiz! Davrada Shaymardon polvonning qoʻlini baland koʻtarib, talabgor izlayotgan bakovulning qavatiga yurak yutib birov yaqinlashmadi. Bundan elsaroyliklar qancha mamnun boʻlsa, qizgʻaldoqliklarning boshi shuncha xam edi. Shu bois, Oʻroq maxsumning davraga kirganini birov bilmay qoldi.

Norboʻta Sharof Shaymardon polvonning talabgori Oʻroq polvon ekanini elga e’lon qildi. Ularning chakmoni ustidan bakovulning oʻzi belbogʻ bogʻladi. Tomoshatalablarning butun vujudi koʻzga aylangan: lab juftlamay, kiprik qoqmay davraga tikiladi. Polvonlar avval qoʻshqoʻllashib salomlashdi. Soʻng Shaymardon oʻngdan davra aylandi. Raqibi unga ergashdi. Bir-biriga yuzlangancha chap oyogʻidan oʻngini yarim qadam oldinga tashlagan polvonlar biroz engashdi. Goʻyo qanot qoqib turgan xoʻrozlarday bir-biriga tikildi.

Shaymardon polvon raqibiga tikilgancha... oʻn yashar bolaga aylandi.

...Peshindagidek boʻron qoʻpgan kun. Uning peshonasidan bir odam oʻpdi. Mahkam quchoqlab, manglayini manglayiga tiradi va: «Bu olamning savdolarini bir kun oʻzing yechasan, menga oson tutma, otangni ham kutma. Shu kungacha gʻayridin olib ketgan biror odam qaytmadi. Kishining moliga teginma. Qoʻling halol, nima ish qilsang-da, bir kun biz tomonga Xudoyqul deb izlab bor. Yetimni Yaratgan yaxshi koʻradi, boshini yormaydi. Oʻzingni ehtiyot qil...» – deb, ikki qop somon ostidan faqat boshi koʻrinib turgan oq burun, olaqashqa samanga marhumani yukladi. Shaymardon biyaning ortidan yigʻlab chopdi. Yiqildi, qorga agʻanadi. Shu yotgancha oldinga tikilib qoldi. Tim qora dum qorda sudralib borardi...

Avval sarbon, keyin biya, soʻng qorda qolgan dum izi boʻronda koʻrinmay ketdi. Biyani yetaklab ketgan odam – bodomqovoq, qiyiqkoʻz, oʻsik qosh, keng burun, kulcha yuzli, bugʻdoyrang odam edi. U qartayish oʻrniga yosharib, kichrayib, bugun qarshisida turibdi.

Shaymardon bu odamni ikki marta izladi: avval urushga ketish arafasida daraklab keldi. Bildiki, biya yetak-lagan sarbon elning mullasi ekan, oʻtib ketibdi. Onasi omonatini topshirganida «ur-tiq», «ot-ot» zamon edi. Ota-si ham shuning qurboni ekanini keyin angladi. Ikkinchi marta urushdan qaytgandan soʻng qidirdi. Xudoyquldan qoraxat keldi, deb eshitdi. Shu bilan togʻa tomiridan, ona avlodidan umidini uzib ketdi. Xudoyqulning el ichra Oʻroq otini olganini esa, kimsadan eshitmadi. Bugun u qarshisida!..

Polvonning qomati «alif» boʻldi. Raqibining yoqasini tutishga chogʻlangan qoʻllari toʻqsonga toʻqnashib, asoga kuchi kelmaydigan ilklarday shalvirab qoldi. Birdan ortiga tislanib, qoʻlini osmon qadar koʻtargancha «kurashmayman» ishorasini berdi.

Davra – hangu mang. Nima boʻlganini hech kim bilmay qoldi.

Osmon toqidagi uzun pardek bulutning qishloq tepasidagi joyi tugundek. Goʻyo somonyoʻlida borayotgan «nortuyalar» horib, davra ustida choʻkkan. «Yoʻlovchilari» el-ulusni kuzatgan, kuzatganu shu kuzatishda jim tarqalayotgandek edi. Olomon ham qanday yigʻilgan boʻlsa, yana shunday tarqadi.

Tuni bilan qoʻnoqxonalarda Oʻroq maxsum va Shaymardon aminning taqdiridan gurung qizidi. Qishloq ahli bomdodda Shaymardon polvonning qabristonda qiroat bilan fotiha oʻqiyotganini eshitdi.

Qizgʻaldoqdan qaytayotgan otliqlar orasida ikki kishi unsiz soʻzlashdilar. Norboʻta Sharofning koʻzlari «olishganda otangni ayama, deyishardi. Bu yogʻi qanday boʻldi, Shaymardon?» deganini uqqan polvonning koʻzlari «Bir kun bu tanni tuproqqa topshirar boʻlsam, manzil-makonimga qoʻyar odamning qanday yoqasidan olay, oqsoqol?!» derdi.

Oqsoqol boʻlsa koʻnglida, «Polvon, sen emas, men yiqildim. Umrimda birovning yoqasidan olmagan, kishining yoqasini juftlamagan mulladan yiqildim-a! Mulladan! – derdi. – Davralarda yursam-da, baqirib-baqirib tursam-da, qaribman... Qaribman-da, a?! Bir aldarkoʻsa meniyam, seniyam, bizga qoʻshib togʻangniyam yiqitdi. Endi u bu gaplarni toʻylardagi davralarda emas, azada ham qiroat qilib oʻqiydi. Shuni aytib oʻtadi... Uh, oq chalvorli, koʻngli qora kas...»

Mahzun suhbat tilga koʻchib, koʻngilga choʻkib borardi:
– Oqsoqol, bu olamda togʻa nega bunchalar mukarram?
– Polvon, bu olamni-ku qoʻyatur, zimiston, qorongʻu lahad tuqqan jiyanni toʻrga oʻtqazib siylagan ham yuragi yoldor bahodir togʻa edi-ku! Er yigitni goʻrdan olib taxtga chiqazgani uchun lahadga qoʻyish ham uning zimmasida qolgandir, balki. Elsaroyda Norboʻta Sharof boʻlsam-da, ular nimalarga tayanib yashaydi, bilmasam, polvon!

Oqsoqol uzoqlarga koʻz tikib, karvonga, karvonning emas, Jonuzoq arabning yoʻliga qarardi. Qani endi, u koʻrinsa. Kelsa-yu, koʻrgan-kechirganidan aytsa. Norboʻta ham koʻnglining cherini yozsa, yozsa-yu, dilida biror tugun qolmasa, chuv tushgan alami qalbini tirnamasa, koʻkayida ham, karvon yoʻllarida ham chechaklar koʻklasa, bu olam koʻm-koʻk boʻlib, koʻkarib ketsa... Olam yasharsa, Norboʻta Sharof yosharsa, Shaymardon emas, men olishaman, deb davraga otilib kirsa... Eh, qani endi shunday boʻlsa! Shundaylar boʻlsa...