OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurilla Chori
Asar nomiQizgʻaldoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nurilla Chori
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizgʻaldoq (hikoya)
Nurilla Chori

Turdixolning eri askarlikka ketdi-yu, qaytmadi. Oʻlik-tirigidan darak yoʻq. Yesir boshi bilan koʻzining oqu qorasi bir oʻgʻil, bir qizini elga qoʻshaman, deb yoshini yashamay, yalmogʻizning singlisiday qaridi-qoldi. Bu orada ochiq boshi ne bir malomatlarga qolib, taqdirining issiq-sovugʻi yuziga chang solib, izgʻirin shamollari sochini yuldi. Yelkasidan qamchi yeb, tovoni yorildi. Ammo kimsaning eshigidan moʻralamadi, birovning oʻngirini ushlamadiyam.

Qizgʻaldoq – keng dara. Qishloqning kalulogʻi Turdixol, yemagi makkajoʻxori, noʻxat boʻldi. Ogʻzi zogʻarayu yovgʻon oshga yetib turdi. Qizini nomusi, oʻgʻlini ori bildi. Tunlarni uzundan-uzoq ertak aytib tonglarga uladi. Ertaklarida yuragi yoldor botir yigit musofir yurtda adashib, oʻz tuprogʻiga qayta olmay darbadar kezdi, keksaymadi. Bitta, oʻnta, mingta ertak aytdi. Barchasida – shu koʻzlari choʻgʻ uzoq safardagi yigit!

Sagʻirlarini dam-badam ilingan it qopib, eshak tepib turishi yetmaganiday toshga turtinib, kesakka surinib ulgʻaydi. Oʻgʻli oʻgʻil boʻlib, qizi qiz boʻldi. Endi Turdixol kampirning eriga erkalik qila olmay, boshqalar ogʻzida ermak boʻlib oʻtgan yillari unut, yaralari but.

Qizgʻaldoqlik yigitning bari Turdixolning qiziga oshiq, beqarorlariyam kam emas. Ular oʻzlaricha talashib-mushtlashib yurdi. Qizi qurmagʻur qizgʻaldoqlikman deb koʻksiga urib yurgan koʻplarga koʻngil bermay sarson-sargardon etdi. Hatto qosh qoqish nari tursin, bir bora qiyoyam boqmadi. Eshik qoquvchilar, ostona hatlab qizni soʻrovchilar koʻpaydi.

Ohorsiz koʻylagu roʻmol orasida Toʻlgʻonoy qiz toʻlgan oydan-da suluv! Oʻsha xushroʻyning onasi Turdixol ahli Qizgʻaldoqning biroviga singil, boshqasiga jiyan, yana biriga checha boʻlishini kun oʻtib mana, endi biladi. Jelagini sudrab boʻsagʻasini hatlagan xotin borki, «shu qizgina begona boʻlmasin» deb keldim deydi. Turdixol qizginaning hali «bir tovoq unni elab uddasidan chiqolmas»ligini aytib javobini bersa, «Seni odam bilib keluvdim! Oʻzimga teng koʻrib adashibman! Attang! Turgan turishingga qara, dimogʻingga tushgan qurtdan oʻrgilay!» deb eshikni taraqa-turuq yopib, qoʻnqillab ketganlar koʻpaydi. Kelib-ketarlar odam topilmasa, soyasi bilan soʻzlashib, toʻymaydi.

Turdixol shu pichir-pichirlardan qoʻrqqanidan mard ketdi. Yoʻgʻ-a, mard ketmadi, moʻrt ketdi. «Jesirga sovchi ayol boʻladi. Qizginani soʻrab kelguvchi er boʻladi-da, endi!». Tilidan chiqqani yoqasiga yetmay ostonasida Eshpoʻlat dallol koʻrindi. Qizgʻaldoqda kim ot sotar, kim mol sotar, kim duldul, kim xoʻtik olar boʻlsa, shu Eshpul dallol narx bichadi. Baraka olib, baraka sochadi. Sotguvchi ham shu, olguvchi ham shu Eshpul!

* * *

Eshpul choyni issiq-issiq hoʻpladi. «Shashting bir ercha bor, checha!», deb Turdixolni koʻylagiga sigʻdirmay, koʻklarga parvoz ettirdi. Ayol qushday boʻladi. Qushdaygina boʻlmaydi, ayol asli zoti qush boʻladi. Uchsa qoʻnar joyini bilmay qoladi.

Parvoz qushga yarasharkan. Ayol aslo uchmasin ekan.

– Checha, choyni kim damlagan?

– Kim damlardi, Toʻlgʻonoy-da.

– Eh-he, Toʻlgʻonoy singlimiz choy damlaydigan boʻldimi, a?

– Ogʻajon, siz Toʻlgʻonoyning choy damlaganiga ishonmaysiz, men xamir qorishiga. Bilmayman, Qizgʻaldoqning koʻziga shu oyqizimdan, suluvimdan boshqa koʻrinmay qolgan. Duch kelgani, eshigimga soya solib ermaklaganday bir soʻraydi.

– Eh, nima deyapsiz unda, checha?!

– Biror nima deganimcha yoʻq.

– Demaysiz! Toʻlgʻonoyni boshqalarga berib qoʻyadigan Olloni bandasimas!

– Ei-i-y. Bu nima deganingiz boʻldi?

– Toʻlgʻonoyni oʻzim kelin qilaman!

– Shoshilmayapsizmi? Bola-da!

– El soʻrayaptimi, bolaligi qolmabdi, checha!

– Qizginani koʻngli deganday…

– Ey, koʻngil ham gap boʻlibdimi, – Eshpul ogʻziga kelgan gapni ichiga yutib gʻoʻldirab qoʻydi. Yigitga qizning koʻnglini olish «enangni...» deganidan oson-ku!

Topgan gapiga ich-ichidan quvondi. Quvonchi ichiga sigʻmay yana iljayib Turdixol kampirga quloq tutdi.

– Endi, aytaman-da…

– Bizdiyam eshiting unda, checha. Toʻlgʻonoyning otasi ikki tomir oshgan akamiz boʻlardi. Buni bilasiz!

– Bilmay oʻlibmanmi.

– Bilsangiz, sulton suyagini xoʻrlamas, deb ostonangizga kelib ayb qilibmiz-da!

– Unday… undaylar demang-a…

– Demasak, gapingizga qarang-da. Hali bola deysiz, hali koʻngil deysiz. Koʻngli oʻlgur qoʻtir boʻlmasa, chimildiqdayam binoyiday topishib ketadi. Yo akam bilan Nazabuloq etagida qizgʻaldoq teribmidingiz?! Mana – keliningiz, eh-hiy, qudagʻayingiz, menga atalganida enasining qornida boʻlgan. «Ostona supur-sidir» qilingan. Yo u zamonlar oʻtib, bizniki gunoh boʻldimi?!

Eshpulning gapi Turdixolning koʻkayiga botdi. Kampirning qaysar tomiri tortdi. Dallolning gapi-da ogʻzida qoldi.

– Qaynim-ov! Ayol boshim bilan biror narsa deya olmayman. Mengayam, Toʻlgʻonoygayam Safar ega! U opasini kimga bersa, qizim shuning oʻngiridan tutadi.

Eshpul mum tishladi... Ikkovining ham qulogʻi ding! Tillari oʻz oʻrasiga choʻkkan! Koʻzlari dasturxon gardishidagi qora magʻizga qizil ip bilan uquvsizlarcha tikilgan gulga qadalgan! Bu oʻngʻaysiz holat roʻzi mahshar qadar boradiganday! Guyo Isrofilning surini kutishayapti!

Kirligidan yogʻ bosib tusini, tusiga qarab tikilgan gulini farqlash qiyin boʻlib qolgan qalpogʻini oʻng qoʻliga olib, soʻliga «qars-qars» urmoqchi boʻldi-yu, chekindi. Qoʻshqoʻllab gʻijimladi. «Beayb Parvardigor. Suyaksiz til boshga balo», deb gʻoʻnqillab dallolning tili chiqdi.

– Checha, unday boʻlsa, Safarboyni chaqirmaysizmi?

– Uni Abray oqiraq hayrovga olib ketgan. Hafta-oʻn kunda kelib qolar. Sabr qilsangiz, Safarning javobiniyam olarsiz. Xudoyimni dargayida oʻn kun oʻtmay qolmas.

– Himm, shunday deng! – deya chuqur nafas olb kutilmaganda tizzasiga qarsillatib doʻppisini urib...

– Checha, sizday xotin har mahalda bir tugʻilsa kerak. Buyam elni obroʻsi. Hali moʻyiga ustara tegmagan ulini shuncha izzat qilish. Endi, bu oqil xotindi ishi-da! Boʻlarmanning bolasi yettisida bosh boʻlar, boʻlmagʻurning bolasi yetmishidayam yosh, degan burungilar. Safarboyyam suriqday yigit boʻlibdi-da. Kecha qorongʻu olish payt Jinjakli bozoridan qaytib kelayotsam, Boyirkoʻlni soyida bir toʻda yigit kurashib yotibdi. Birpas tuyoqdam qilib, olishni kuzatdim. Safarboyga tirashadigani topilmadi. Bizniyam tomirdan davragir chiqarkan-ku, deb xursand boʻlganimdan tishimgacha terlab ketdi. Roʻzgʻoringizga Safarboyni bosh bilganingiz durust. Men bekorga shashtingiz ham, gap-soʻzingiz ham bir ercha bor, deb aytmadim. Qizgʻaldoq katta el, koʻrib-bilib yuribmiz.

– Ogʻajon, ogʻrinmang, ogʻrinmasangiz-chi! Siz nima desangiz shu-da. Men nimayam derdim. Sultonman deyapsiz-ku! Iloyo sulton boshingiz omon boʻlsin. Sulton ogʻamdan aylanay.

– Toʻyni qachon boshlaymiz?

– Endi, Safarboyni oldidan bir oʻtaylik...

– Sizning berganingizmi, checha!

Ularning gurungi ustidan jimlik gʻolib keldi. Turdixol kampir boshini shu jimlik egdi. Qayta-qayta bosh irgʻadi...

– Ha, qaddingni urgʻurni chechasi!

Toʻlgʻonoy choynakdan hol soʻrar boʻlib eshik tirqishidan moʻraladi. Onasining koʻzi Eshpulning ogʻzida. Qiz tomoq qirdi. Yana-yana tomoq qirib, tovush berdi. Eshik tirqishidan soʻz qanot yozdi: «Hu-uv qizgina, oʻzim boraman».

Qoraqumgʻon shaqir-shuqur qaynar, qopqogʻi oʻynar, xushroʻy qiz kul titardi. Turdixol kampirning yonoqlariga kulgi yugurib, yoshidan yosharib choynak tutdi. «Qizgina, choyni damla! Hayitligingni yeyin, senginani sotdim, yelkamdan oshirib otdim». Toʻlgʻonoyning mushtdek jussasiga minglab qumursqalar oʻrmaladi. Tilidan otilmish soʻroq tishlarining orasidan chiqmadi. Koʻzlari «Kimga, kimga?» deya soʻzladi. Onasi: «Oʻz qoning oʻzingga boʻldi, qizim! Qoshu qabogʻim boʻlasan. Hu-uv peshonamda turasan. Shu qarindoshga, qarindoshning uliga berdim!». Turdixol kampirni taniy olmayotgan qizi onasining jinjigidan pilayogan Eshpul dalloldan ijirgʻanib, yer singalagancha moʻltirab ovoz berdi.

– Qondosh boʻlsa-da, yondosh emas, nomussiz, deb qargʻardingiz-ku, ena!

– Ollo kechirimli boʻlganida, bandasiga yoʻl boʻlsin, bolam! Kechirimlini Egamning oʻzi suyadi, suyaydi.

– Ena, kechirimli boʻling, mayli! Qizgʻaldoqda Mashi masxaradan boshqa tengim yoʻqmi?

– Mamashukurboyni masxara degani uyalmaysanmi, hademay ering boʻladi. Ogʻzim bor deb gapiraverasanmi, – deyishga dedi-yu, masxarani Muhammadshukurboy deyishga kampirning farosati yetmadi.

Kampirni ostonada «tegmayman-tegmayman» degan hirqiroq ovozlar quvib yetsa-da, parvo qilmay ichkariladi.

– Checha, nima gap?

– Toʻlgʻonoy-da…

– Him-m-m… Tegmasmishmi… Hech bir mahalda qiz tegaman deganmi oʻzi? Qiz tegmayman deb tegadi, yigit olaman deb oladi. Azaldan yoʻrigʻi shunday.

Turdixol xayol ogʻushida. Oʻz baxti – bolalarining toleidan sarmast. Hovlisi bir etak qorakoʻz qiy-chuviga toʻlsa. Toʻy-toʻylarga ulansa, oʻgʻliyam Qizgʻaldoqda bir odam tengiga oʻtsa. Gulday qizni kelin qilsa, ul kelin Turdixolning koʻnglidan yaralsa. Armon ne bilmasa. Baxt degani boʻlsa, gul yetimlarining peshonasida koʻrsa.

* * *

Eshpul mol sotadigan odamning qoʻlini silkilab-silkilab dilidagini oshkor qildi. Bozorga kirgan semiz qoʻchqorning quyrugʻidan changallab, «Toʻybop ekan-da!», deya sir berdi. Qulogʻi ogʻirga qichqirib, otliga munkayib, eshakliga gerdayib aytdi. «Toʻlgʻonoyni kelin qildim!», deb Qizgʻaldoqqa jar soldi.

Safari qarigan qish kunda Qizgʻaldoqni ikkiga boʻlib oʻtgan damariqda Abray oqiroq boshchi hayrovchilardan oldin loyqa suv keldi. Suv hapqiri Safarboy hovliqib ham qaytdi. Qulogʻi bitib, boshi qotdi. Ammo norizolik qilib ogʻiz juftlay olmadi. Onasini koyishga tili bormay Eshpul dallolni, Mashi masxarani boʻralatib soʻkib, yuragining cherini yozdi. Elni «Eshpul Turdixol kampirning qizini kelin qilibdi», degan ovoza tutdi.

Necha alplar Toʻlgʻonoyga dirayalmay toʻlin oy bilan sirlashib kelayotgandi. Ularning barchasi koʻksini zax yerga, Turdixol esa qizini Mashi masxaraga berdi. Mashining muchali maymunligi boismi, bolaligidan daraxtga tirmashib yurardi. Elning ogʻziga shamol oʻynatib Razzoq mirshab toʻyiga masxara olib keldi. Masxaralar Qizgʻaldoq darasiga dor qurdi. Dorda sakrab-sakrab umbaloq oshib chopdi. Nay chalib, ilon oʻynatdi. Yelkasiga maymun mindirib ahli Qizgʻaldoq lipasidagi bir tangasidan tortib sariq chaqasigacha shilib oldi. Shu kundan buyon Mashiboy dom-daraksiz...

Keyin koʻp bora bodom gulladi, toʻkildi, yongʻoq pishdi, qargʻa olib qochdi. Yana-yana bodom gulladi, toʻkildi. Yongʻoq qargʻaning ogʻzida ketdi. Yoʻlbarsdan qochgan quyon yurt kezib, el oraladi. Dumini oʻynatib dikka-dikka sakragan quyon qisir chiqdi. Yer oriqlab it semirdi. Koʻzini yogʻ bosgan it gʻarib egasini tuyaning ustida qopdi. Dasht odamlari qatrlagan qavirgʻa boʻlib qolgan ushoq jonligʻini oʻraga butidan sudrab tashladi – ogʻizlar oqliqqa yetmay qoldi. Eshpoʻlning esa kuni tugʻdi...

Bir qarasang hamsaya-xaloyiqning echki-ulogʻini Jinjakli bozoriga quvib ketaveradi. Ertasiga Nayzabuloqda eshikma-eshik yurib «Huv birodar! Molingni harom qotirmay menga ber, pullab beraman», deb qora mol teradi. Soʻng kuni Qoraboʻriqqa karvonini boshlab ketadi. Molni tong otguncha koʻtarganiga sotadi. Egasiga terisining haqiniyam bergisi kelmay boʻza simiradi. Bir qoʻlida soch tolasiday kesilgan achchiq piyoz, ikkinchisi issiq kabob bilan band. Ogʻzini katta ochib omonat tishlari bilan yogʻli etni sixdan sugʻirdi. Egilgan boshini biroz koʻtarib terak boʻyi balandlikka yuzlandi-yu «do-o... , do-o... , do-o... , r-r-r... »lab qotti-qoldi. Dallolning nima deyayotganini uning koʻzlari tikilgan tomonga qaramagan kishi bilmasdi.

Qoʻqib yotgan jun bozori-yu changib yotgan un bozori oraligʻida dorbozlarning dori boʻy koʻrsatib toʻribdi. «Do-o... , do-o... , do-o... , r-r-r... »lagani bilan Eshpoʻl unga qarab chopmadi. Yurak oldirib qoʻygan. Avvallari hovliqib borar, duch kelgan masxaradan pushti kamari – erkatoy oʻgʻli Mashiboyni soʻrardi. Endi boʻlsa uzoqdan oʻgʻri mushukday poylaydi. Masxaraning koʻzlariga tikiladi, oʻzida bir ajib tuygʻu tuymasa sira bormaydi. Bora olmaydi. Qaysi bir yili, adashmasam toʻngʻiz yilida Jinjakli bozorida oʻyin koʻrsatayotgan dorbozu masxaralar oldiga borib dallol oʻgʻlini surishtiradi. Masxara boʻlsa «Ota-otajon! Mana men oʻgʻlingizman, tanimadingizmi?» deb davraga olib chiqadi. Va besh-oltita tuxumni osmonga otib almashtira boshlaydi. Tuxum esa bitta boʻlib qoladi. Tomoshatalablar ham, Eshpoʻl ham hayronu lol. Masxara katta va keng yamoqdor chalvarining tizzasigacha keladigan kissasini teskari qilib osiltirib, egnidagi kamzulining ham shu ahvolga tushiradi. Odamlar masxarani koʻzboʻyamachilikda ayblab boshlaganida Eshpoʻlning yelkasiga zarb bilan bir uradi-yu ketidan beshta tuxum tushiradi. Shu-shu dallol masxaralardan qoʻrqadi. Oldiga bormay zimdan termuladi.

Chollarga ergashib bozorga kelgan bolakaylar ularga sherik kattalar qurshovidagi dor tagidagi olomonga dallol kelib qoʻshilganida usta dorboz Masxarani bir shapaloq tushirdi-da, dorga chiqa boshladi. Alamzada masxara soxta yigʻlab ortidan dor ustuniga tirmashdi. Dorboz langar tayogʻini olib dorning narigi boshiga yugurib oʻtdi. Masxara esa dor ustunlarining ayri joyiga oʻtirib olib uniga ragʻbat berayotgan bolalarga yuzlandi: ikki yonogʻi qip-qizil olma rang, qalin lablari pishganidan yorilgudek gilos tus, burni misoli bemaza bodring, yuqori va quyi qovoqlari gʻoʻr olma, koʻzlarida bir sogʻinch, bir mung ufurib turibdi. Uni boʻlsa qalbaki kiprik lashkari toʻsish bilan ovvora.

Pushti panoh – Eshpoʻl tanidi-bildi. Oʻz zurriyodi yer qolib, koʻkda kimsaning koʻnglini ovlayapti. Otaning mehri iyib tikilib qolganida usta dorboz dordan ikki bora umbaloq oshib masxaraning oldida paydo boʻlib, langar tayogʻini tutqazib, oʻzi qoʻllarini langar qilib ortga qaytdi.

Mashiboy bir-ikki-uch qadam tashladi. Laylak turish qilib qanot qoqdi. Bir necha bor chumchuq sakrash qilib oʻynadi. Dallol atrofidagilariga «hu-u dorboz mening oʻgʻlim» deb gurraydi. Orziqib kutilgan, Tangridan tilangan diydor koʻzlaridan qalqib toshdi. Odimlarini tezlashtirayotgan masxara yugurmoqchi boʻldi-yu, arqonni eshak qilib minib qoldi. Dor arqonini qoʻsh qoʻllab mahkam ushlagancha chinqirdi. Kiprik qoqquncha yongʻoq shoxiga osilgan oʻgʻri qargʻaday osildi-qoldi. Yoqasidan zarang yerga bir tuxum tushib yorilib ketdi. Tomoshatalab bolalardan bir «U aldabdi. Yutib yuborgan moyagi qoʻynida ekan-ku!» deya qichqirdi. Xuddi u masxaraning bor firibi yengi orqali qoʻyniga tuxum oʻtkazganini koʻrganday.

Dor tomoshasi shu tariqa tarqagan. Eshpoʻl Qoraboʻriq bozoridan otga mina olmagan oʻgʻlini xurjunining bir qoʻnjiga tosh solib, ikkinchisiga Mashiboyni oyogʻini tiratib, kindigini egarga mahkam bosib kelganini tun qoʻynida dallolning zavjasidan boshqa hech kim koʻrmagan. Bu taqir tarixni Qizgʻaldoqda Eshpoʻl, musichaiy bezalol ayoli va Mashi masxaradan boshqa bilmaydi-bilaolmaydi.

Toʻlgʻonoy termulgan koʻzlarni kuydiradigan, oyni suqlantiradigan kelinchak boʻldi. Oy va yulduzlarni bulut qamal qilgan kecha zimiston boʻldi. Tongga bormay Turdixol kampir uvvos tortib yigʻladi. Yigʻi olamni tutib, osmon ham unga ergashdi. Ikkovi oʻpkasini bosolmay, qora yerni azonga qoʻymay shitta loy qildi.

Turdixolning holi tang. Tilini yutgan. Ne qilarini, ne deyarini bilmay hayron qotgan. Nimayam desin, qizgʻaldoqlik qolib, Qizgʻaldoqqa qishlamoq uchun qoʻngan qora qargʻalar-da bir tunda oʻn toʻrt kunlik oyni xijolat qiladigan gul qizini «Toʻlgʻonoy buzuq, Toʻlgʻon buzuq»qa chiqarib, qagʻillab «buzuq-buzuq», deya qanot qoqib ketgan.

Safarboy yer mushtlab na’ra tortib yotibdi. Alamdan oʻkirganini eshitgan keksa togʻlarning oppoq sochlari toʻkilib ketdi. Olam gumburlab chaqmoq chaqdi. Toʻlgʻonoy etini yulib, oʻzini otib, qon yutib, kun koʻrmay oʻtkazib borliqni koʻkartirib yubordi. Kampir holiga dunyoyam kul-di. Yashnadi, yoshardi.

Eshigidan it moʻralamay qoʻygan, el oʻzini olib qochgan kunlarning birida boʻsagʻani Buxor mulla bosdi.

– Turdixol, tuzukmisan?

– Mulla aka, Egamning oʻzi manglayimni shoʻr emas, zuvalamni balchiqdan olganmi, deb oʻtiribman-da.

– Esipastlik qilma. Hali bir kunlar kelar, huv-ana shunda noshukurliginingdan muztar boʻlib qolasan!

– Yaratganning yorugʻ kuni, baxt qushi boʻlsa, odam qurib sherigi shayton jesirni boshiga qoʻnarmidi?!

– Tilingga erk bermay, Toʻlgʻonoyingni chaqir, oʻzing ham beri kel!

Qargʻa koʻrganini choʻqiganiday, Buxor maxsum ham bilganicha oʻqib, «suflab-suflab» damsuv ichirib, achchiq-achchiq tanbeh berib tadbir qilishini aytdi.

Kampirning patagiga qurt tushib, jinjaklik Moxov folchiga chopdi. Folchi doyrasini chertib-chertib kun botarda kul tutganga chiqazib, davosi kulrang tovuq ekanidan soʻzladi va faqat momo chiroqni Mangʻit qushnoch oʻtkazishini tayin etdi.

Toʻlgʻonoyning peshonasi tovuq qoni rangini oldi. Soʻng uni jandaga soldi, olov bilan savalab qoqa boshladi. Qizning koʻziga qushnoch qoʻlidagi olov qizgʻaldoq boʻlib koʻrindi. Xayolini onasining tongi yiroq tunlarda aytgan ertagi oʻgʻirladi.

Qadim-qadimda boʻri bakovul, tulki yasovul, qargʻa qaqimchi, chumchuq chaqimchi boʻlgan paytda ilonu chayon ham tek emas ekan. U paytlardayam kambagʻalni tuyaning ustida it qoparkan, gʻaribning poyini poylab chaladiganlar boʻlar ekan. Ey, nimasini aytayin, onangni qozi oʻynasa, dodingni kimga aytasan, degan zamon ekan-da. Kichik bir yurt Xoqonning mulki ekan. Mol-mulkka mukkasidan ketgan Xoqon atrofidagi ellar orasida nizo chiqarib, ustiga ot haydar, bagʻriga tigʻ sanchar ekan. Tigʻ sanchishni qoʻymas, mol-dunyoga toʻymas Xoqon saroyi xotin-xalajga, qiz-juvonga liq toʻla ekan. Oʻsha zoʻr xizmatiga shay xufiyalar son-sanogʻi yoʻq ekan. Ular el oralab, yurt kezib, qaerdaki husndor qiz boʻlsa, Xoqonga xabarini yetkazar ekan.

Kunlardan birida shumqadamlar koʻzi bir bechora cholu kampirning qiziga tushibdi. Xoqon xufiyalari oʻzini sovchi deb aytib, ovchilikka qilganida navkarlarsiz yurmaskan. Qizni olib ketishga kelganida chol ularni oʻtoviga chorlab, non-namak tutib, oʻz oʻtmishidan doston kuylabdi. Yigitlik chogʻida Xoqonning otasiga navkarlik qilib, bir jangda oʻng qoʻli qilich zarbidan uzilib, soniga nayza sanchilib, yana qaysidir yurt oshganida yuzi kuyganini aytib, yoshi oʻtgach jangu jadallarga yaramay qolib, olaxurjunni boʻyniga olib, qiz koʻrganini va yolgʻiz zurriyoti shu ekanini aytibdi. Xufiyalar qizini ul zotga munosib bilgani va navkarlar kelganiga mamnunlik bildirib, qizi bilan xayr-xoʻshlash uchun bir tun soʻrab yalinib-yolvoribdi. Keksa navkarning yuzidan oʻta olmagan yigitlar saharda kelishini tayin qilib, joʻnab ketishibdi.

Chol «Kunim bitgan, paymonam toʻlgan koʻrinadi. Sen qizingni olib qoch yo yashir», desa, kampiri hoʻng-hoʻng yigʻlab, uni oʻtmishda koʻp kishilarning yostigʻini quritganlikda ayblab, «Xudoyimning omonatini qaerdayam asrash mumkin?!», deb zor qaqshab, Xoqonning qoʻli uzunligi, qoʻlidan tigʻi uzunligini aytib, oʻz peshonasidan domongir boʻlibdi.

Ota-onasining dardidan voqif qiz oydin tun qoʻynida koʻklam tuhfa etgan oq chechaklarni oralab, changqovuzni «biyov-biyov-biyov»latib chala boshlabdi. Tizzalariga urib turgan oq chechaklarga havasi ketib, dilini changqovuzga joʻr etib chertaverib-chertaverib, oʻzini butkul unutibdi. Gulgʻunchadek lablari qonab, oq chechak kosasiga tomib, behol yiqilibdi.

Koʻklam tongining shabadasi dalada yastanib yotgan chechaklarni qizartirib yuboribdi. Qon libosini kiygan oq chechaklarni cholu kampir qizgʻaldoq qizim deb quchib ovoz chiqargani, aza ochgani olis-olis oʻlkalargayam yetibdi.

Xoqon yurtida «Qizgʻaldoq boʻlib yashayotgan qiz elda teng-tengi bilan boʻlmaguncha qaytmas emish… Qizligini sogʻingan qizgʻaldoq esa har bahor qir-adirlarga chiqib, kishilarga moʻltirab turishiyam shundan ekan…», degan uzuq-yuluq gaplar tomir otib ogʻizdan-ogʻizga, quloqdan-koʻngilga oʻtaveribdi...

Toʻlgʻonoyning xayolini soniyaga oʻgʻirlagan ertak asta-astalik bilan butun aqlu hushini band etib oldi. Oyning toʻlin boʻlishini, qizgʻaldoqning qiygʻos ochilishini kutdi. Kunduzi onasiga ham koʻrinmaydigan, tunda esa changqovuz chertib tentiraydigan odat chiqazib, «Qizgʻaldoqman!», deb da’voyam qila boshladi. Kampir qizini jin chalgan bilib, fol koʻrdirib, kulrang tovuq qoni enmaganiga yoʻyib, koʻk uloqning ham boshini oldirib yurgan kunlarning oydin tunida Toʻlgʻonoy qizgʻaldoqlar orasida changqovuz chala-chala gʻoyib boʻlib qoldi. U oyga yoʻl oldimi, qaro yerga qorishdimi, unisini Qizgʻaldoq odamlari bilmaydi.

Turdixol kampirning «Oy-kuni toʻlib tugʻilmagan Toʻlgʻonoy qizim-ay, bilarmiding dunyoning oʻzi sharmanda ekanligin? Qornimga joy boʻlgan oyqizim, ilon el boʻlgan, chayon siqqan dunyo torlik qilgan qizim-ay! Ey dunyo, tor qornimcha yoʻqsan!» degan iddaolariga hamma koʻnikib ketdi. El endi birov-yarim dunyodan norizo boʻlsa, «Turdixol kampir boʻlib ket-ey», deya ermak qilar odat chiqardi...

Turdixol – bu dunyodan ham qari kampir ayozdan koʻklamni, koʻklamdan qizgʻaldoqni, qizgʻaldoqdan qizini ilhaq kutadi. Oydin tunda changqovuz chertib, «Qizgʻaldoq boʻlaman!», deb yigʻlaydi. Safarboyning bir etak nevaralari kampirning koʻzidan Qizgʻaldoqni yashirib sarson. Ular tomlar ustida, devorlar boʻgʻotida oʻsgan azalgi oq chechaklarni olib qochsa, «qizgʻaldoqni bosma-ey! Oʻz bagʻrini tigʻlagan qizdir u!», «qizgʻaldoqni yulma, qon yigʻlagan qizdir u!», «Qizgʻaldoq gul qizim-ku!», deya Toʻlgʻonoyni yoʻqlay-yoʻqlay tili ich-ichiga tortib ketadi.

Kampirni «ana ketdi-mana ketdi»lab bolalari «chopha-chop»ga tushib qoladi. Mulla Maxsum kampirning kaftiga kaftini qoʻyib kalima qaytarib oʻtiradi. Kampir ne mahalga borib, yana «Toʻlgʻonoy keldimi?!», deya turadi. Bolalari oʻpkasini bosib oladi – oʻz yumushi bilan andarmon boʻlib ketadi.

Tol tush Qizgʻaldoqning osmonidagi quyosh tik kelib, soya bermay qoʻygan palla. Kecha tili tortib ketgan Turdixol kampir toʻrt oyoqlab tom oldiga oʻrmalab bordi. Umidvor boʻlib olis-olislarga qaradi-yu, ikki odim nariniyam ilgʻay olmadi. «Qizgʻaldoq, Qizgʻaldoq, Toʻlgʻonoy, Toʻlgʻon-hov», deya tovush berdi. Tovushini kampirning oʻziyam eshitmaydi, dunyodan umidiniyam uzolmaydi. Oʻzi turgan taqir yerdan emaklagancha qoʻllari bilan paypaslab qizgʻaldoq izlaydi...