OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurillo Abbosxon
Asar nomiShoʻrqishloq (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nurillo Abbosxon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm289KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 2-3-сонлар


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shoʻrqishloq (roman)
Nurillo Abbosxon

Birinchi bob. Dunyoning bir qavati

Jaziramadan qizigan asfalьt yoʻl boʻylab yelib kelgan taksi Adirkoʻcha boshida toʻxtadi. Undan tushgan koʻzi ojiz er va xotin, taksi haydovchisi bilan iliq xayrlashdilar. Mashina ortga burilib joʻnab ketgach, ular ohista odimlab Adirkoʻchaga tomon yurdilar. Qoʻltiqlashgan eru xotin, bamisoli bir vujud kabi harakatlanadilar. Chust doʻppi va oq koʻylak kiygan, bugʻdoyrang yuzli, peshonasi keng, oʻrta boʻyli kishi yigʻma hassasini yerga urib, yoʻlni aniqlab bormoqda. Uzun yengli havorang koʻylak kiyib, oq roʻmol oʻragan, oq-qizil yuzli homilador ayoli esa eriga suyanib, bexavotir odimlaydi.

– Shoʻrqishloqqa xush kelibsiz, pirim, – dedi ayol mulozamat ila.

– Xushvaqt boʻling, azizim, – jilmaydi eri, peshonasidagi ter tomchilarini roʻmolchasi bilan artib.

Koʻr juvon ismi Obida edi. U Olimga turmushga chiqib, shaharda qolib ketganiga koʻp yillar boʻldi. Oʻshandan beri ikkisi koʻrlar jamiyatidagi sholcha toʻqish sexida ishlashadi. Yoshi oʻttizdan oʻtganda Obida farzandli boʻlishni xohlab qoldi. Koʻzyorish muddati yaqinlashganda onalik mashaqqati nechogʻli ogʻirligini his qila boshladi.

Ular Rahmon amakining temir darvozasi yaqinida toʻxtadilar.

– Pirim? – dedi Obida, erining bilagini mahkam qisib.

– Qulogʻim sizda, – deb unga tomon bir oz enkaydi Olim.

– Bolamiz koʻzi ochiq tugʻilar ekanmi?

– Ha, doʻxtirni aytishiga qaraganda, koʻzi ochiq tuoʻilishi mumkin ekan.

– Agar koʻr boʻlsa, tugʻilmasayam mayli edi, – ogʻir xoʻrsindi Obida.

– Tavba qildim deng, Obidaxon, – unga dakki berdi er.

– Astagʻfirulloh... – pichirlab tavba qildi ayol.

Yigit yana dalda berdi:

– Biz bu dunyoning bir qavatida yashash uchungina kelganmiz. Bandaning ishi Alloh bergan qismatga rozi boʻlish, azizim. Allohga shak keltirmang.

– Meni kechiring, pirim, – uzr soʻradi juvon. – Oʻylamay gapirdim.

– Alloh sizni oʻz panohida asrasin.

* * *

Rahmon amakining Adirkoʻchadagi qoʻhna hovlisi oqposhsho askarlari Koʻqon xonligi hududlarini bosib olgan 1860-70 yillarda qurilgan. Bobosi Zunnur eshon bundan bir yuz oʻttiz yillar avval, mana shu qoʻriq yerga suv keltirib, soʻlim bogʻ barpo qilgan. Eng avval bogʻ oʻrtasiga aravada tosh tashib, balandligi tizza boʻyi, kengligi besh kvadrat metrli supa qurgan. Zunnur eshon avvallari bu supada, mana shu bogʻda pishib yetilgan mevalarni qoq qilib quritgan. Boqqa tom solib butunlay koʻchib kelgach, oʻz muridlari bilan shu supada davra qurib, xatmi xojagan va irfoniy suhbatlar oʻtkazgan. Bu supada yurtga dongʻi ketgan asilzoda boylar – Horunboy, Nurmuhammadboy, Otaxonboy va boshqa kazo-kazolar toʻplanib oʻtirib, Zunnur eshonning nazari va nafasidan bahramand boʻlganlar. Keyingi avlodlar shuni inobatga olib, supani hozirgacha asl holida saqlab kelishdi. Xarili[1] va xarisiz katta-kichik xonalar zaxlab shoʻrlagani sababli, oʻtgan yillar davomida besh marta qayta qurilgan. Adir bagʻridagi bu bahavo bogʻda hozir ham uzum, oʻrik, olma, anor, yongʻoq, anjir, xurmo, nok, gilos, olu, bodom, tut daraxtlari bor. Rahmon amakining ikkinchi oʻgʻli Shokir qadimgi uchta xona yoniga bundan uch yil avval sement poydevorli bir xona uy qurdi. Kun chiqish tomonda oshxona va bostirmalar tiklab, ustiga shifer yopdi.

Bu koʻhna hovlida ne shoʻri savdolar boʻlib oʻtmagan deysiz. Rahmon amakining otasi Eshondada shoʻrolar davrida iymon-e’tiqodi uchun jazolandi. Uni tergovchi Nigʻmonov, “xudo yoʻq” deyishga majburladi. Lekin qaysar eshon: “Alhamdulilloh, xudo bor,” deb turib oldi. Shoʻroviy hakamlar qahru gʻazabga minib, uni qamab qoʻydilar. Qamoqda oʻtirib kelgandan keyin ham eshonning “aqli kirmadi”. Oʻz “jinoiy faoliyati”ni davom ettirib, shoʻrolarning gʻashiga tegib, besh vaqt namoz, janoza oʻqib, tiriklarga dam solib, yoshlar “ongini zaharlab”, oila qurmoqchi boʻlganlarni Alloh va Payoʻambar farzu sunnatiga binoan nikohlashda davom etdi. Bu “jinoyati” uchun boshi bir umr gʻavgʻodan chiqmadi. “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq”, deydi shoʻrqishloqliklar. Eshonning yagona farzandi Rahmon, otasining qismatidan saboq olib, zamonga boqib, yangicha uslubda yashab, ota-bobolari tutgan eski yoʻlni tark etdi. Otasiga “qanday yashashni oʻrgatib”, unga bir-ikki bor dakki berdi. Zamonaviy doʻstlariga qoʻshilib gazeta oʻqib, Rossiyaga oʻrik olib borib sotib, soch oʻsdirib, shapka kiyib, oʻrischa soʻkinib, nos va papiros chekib, hatto vino ichishni ham oʻrganib oldi. Shu tariqa umr oʻtkazib, kuch-quvvatidan ayrilib nafaqaga chiqdi.

Qaysi bir kuni televizor koʻrib oʻtirgan Rahmon amaki hangu mang boʻlib qoldi. “Voy tavba! – deya oʻyladi. – Dadamni aytgan bashoratlari rost ekan-da! Shoʻro hukumati agʻdarilib ketdimi?! Voh qudratingdan keta-a-ay!” Rahmon amaki oʻz tengdoshlari qatorida, yangi ochilgan masjidga qatnab, bilib-bilmay joynamozga yumalay boshladi. Ammasining oʻgʻli mulla Hakimdan, hijjalab Qur’on oʻqishni oʻrgandi. U hamma yomon odatlarini tashladi-yu, lekin nos qurgʻurdan qutulolmadi. Naslu nasabini inobatga olgan masjid jamoati uning nuqson va kamchiliklarini kechirdi. U goho masjidda azon aytib, oʻngi kelib qolganda imomlikka ham oʻtib turardi. Ittifoqo, masjidga imom kelolmay qolib, Rahmon eshon imomlikka oʻtdi. Niyat qilib, quloq qoqib, namozni binoyiday boshlab, qiyomda qoʻl booʻladi. Surai fotiha va zamsurani oʻqib boʻlgach, “Allohu akbar!” deb ruku’ga egildi. Jamoat ham shunday qildi. Shu payt imomning qoʻynidagi olmaday nosqovoq “top” etib joynomozga tushdi. Mulzam boʻlgan eshonzoda bir amallab namozni yakunladi. Shu kundan e’tiboran masjid ahli uni imomlikka oʻtkazmay qoʻyishdi. Chetanboyning choyxonasidagi choyxoʻrlar esa bu ahvolni sharhlab, malomat qilib, ustidan kuldilar.

– Men oʻzim imomlikni otkaz qildim – deya oʻzini oqlashga urindi Rahmon amaki qizarib-boʻzarib. – Ataylab qilganman bu ishni! Tuzukmi?!

* * *

Bundan qirq yil muqaddam, Shoʻrqishloqqa kelin boʻlib tushgan Karima xola, “shoʻrim boʻlmasa Shoʻrqishloqqa kelin boʻlarmidim”, – deb yigʻlagan edi. Xola hozir anchagina qarib qolgan, ammo uning shu gapi hamon navqiron. Mehnatkash eru xotin qirq yil kolxozda ishlab, olti farzandni oʻstirib voyaga yetkazishdi. Yoqub, Shokir, Obida, Nasiba va Naziralar uy-joyli boʻlishdi. Kenjatoy Sulton hali uylanganicha yoʻq. Rahmon amaki soch-soqoli toʻla oqarib, yuzidan nur yogʻiladigan boʻlib qoldi. Unga oq yaktak va toʻrt gulli chust doʻppi juda yarashadi. Ba’zi bir ulfatlariga oʻxshab, vino va nosdan yuzining rangi qochmadi. Qazisan, qartasan, oʻz zotingga tortasan deydilar. Aytishlaricha, odamning zoti toza boʻlsa, unga uncha-buncha dardu illat yuqmas ekan.

Rahmon amaki hovli oʻrtasidagi supaga oʻtirib, bir ilgagi siniq koʻzoynagini taqib, mutolaaga tutindi. U oʻz uyidagi mojarolarni unutish maqsadida duch kelgan gazetani oʻqiyveradi. Bu odam oʻz tengdoshlari orasida shu jihati bilan ajralib turadi. Ba’zida gazetani tushunolmay, gʻazablanib, gʻijimlab uloqtiradi.

Oshxonadan Karima xola chiqib eriga yaqinlashdi. Xola bugʻdoyrang, kulcha yuzli, qalinqoshli, oʻrta boʻyli, sochlari oqargan, lekin tishlari hali ham sadafdek, gapga usta shaddod kampir. Agar gap boshlashdan oldin chordana qurib oʻtirib olsa, demak, hangoma zoʻr boʻladi. Doim bir xilda koʻk durra oʻraydi. Koʻcha-koʻyga chiqqanida durrasi ustidan oq doka roʻmol tashlab yuradi.

– Choy ichasizmi? – deb soʻradi xola eriga razm solib. – A? Ichasizmi?

– Yoʻq, – deya gʻulduradi chol gazeta varaqlab.

– Nega ichmaysiz? – oʻchakishdi kampir unga xalal berib. – Choy opkelaymi?

– Nega ichmaysiz deganing nimasi?! – gazetani yigʻishtirdi chol. – Men iymonli odamman! Gapim bitta. Ichgim kelsa, ichaman deyman. Ichgim kelmasa, ichmayman deyman!

– Tavba! – asabi buzilgan kampirning yana jagʻi ochildi. – Sizga biror narsa dedimmi?! Choy ichasizmi, deb soʻrasayam jahl qilaverasizmi?

– Hoy, xotin! – chol chinakamiga tutaqdi. – Qachon men jahl qildim?! Ishtaham boʻgʻilib tursa men nima qilay axir?!

– E-e-e! – qoʻl siltadi kampir. – Yomon qaridingiz chol!

– Jonimga tegma, xotin, tuzukmi?!

– Da-a-a-ard! – xola uf tortib supaga oʻtirdi. – Shoʻrim boʻlmasa Shoʻrqishloqqa kelin boʻlarmidim!

Ichkari xonadan uxlayverib qovogʻi shishgan Shokir chiqdi. Bu zamonaviy tadbirkor avvaliga omadi chopib kattagina pul topdi. Ammo aqlidan adashib, savdo ishlarida xatoga yoʻl qoʻyib, barcha topganini boy berdi. Qoʻlga kiradigan bor narsasini sotib, qarzlariga toʻladi. Ruhi tushgan Shokir, bugun yarim tunda, oyogʻida turolmaydigan darajada mast boʻlib, gandiraklab uyga qaytdi. Xotini Oyxon uni bir amallab oʻz xonasiga olib kirdi. Barzangi erini toʻshakkacha sudrab borishga kuchi yetmadi. Poygakka yiqilib qolgan Shokir tuni bilan uxladi. Yuziga sholcha botib, katak-katak izlari tushib qolibdi. U naqshinkor yuzini ishqalab, hojatxonaga kirib chiqqach, yuvina kelib supaga yaqinlashdi.

– Ha, paxan? – dedi u mudroq ovozda xirillab.

Barzangi Shokir qirqqa yetsa-da, yoshiga mos kelmagan kiyimlarga oʻranib, bosh yalang yuradi. Yoz kunlari kalta ishton kiyib yuradi. Rossiyaga qatnayverib, otasi aytmoqchi, rang-roʻyigacha oʻrislashib ketgan. U ogʻzini karrakdek ochib, esnagancha supaga oʻtirdi. Devkelbatli oʻgʻilning ogʻzidan anqigan aroq hidiga chidolmay, otaning koʻngli agʻdarildi. Rahmon amaki oʻqchib yoʻtaldi-da, uh tortdi.

– Shokir, mol qani?

– Molingiz xafa boʻlib birovnikiga ketib qoldi, – mingʻirladi Shokir horoʻin ovozda.

– He, ahmoq! – yana gazetani qoʻliga oldi chol.

– Maxan, – dedi Karima xolaga yuzlangan Shokir. – Ovqat bormi?

– Ovqatni xotining bersin! Molni oʻrniga qoʻyib qoʻy! – javradi kampir.

– Oy! Oyxon! – chaqirdi Shokir.

– Huv! – oshxona darchasidan bosh chiqardi Oyxon. – Ha, turdingizmi, dadasi?

– Ovqat-povqating bormi?

– Kechagi ovqatni yeyaverasizmi?

– Achimagan boʻlsa opkelaver, – dedi Shokir supaga yonboshlab.

– Sen yaramas qachon oʻnglanasan?! Bunaqada xarob boʻlasan bola, tuzukmi?!

– Boʻldi-da, paxan.

– Kun tikkaga kelguncha yotaverasanmi?! Hozir soat nechchi boʻldi?!

– Soatlarini sotib yuborganlar, dada, – ovoz berdi kelini Oyxon oshxonadan turib.

– Bu hali oʻziniyam sotib yeydi, – javradi kampir.

Shokir suyaklarini qisirlatib kerishib, qashindi. U bir yil burun donoʻi chiqqan boyvachcha edi. Viloyat markazidagi uyida tuzukkina davr surdi. Endi esa patak soqolini qiray desa, ustara olishga puli yoʻq.

Oyxon kechagi jirsiz xamiroshni isitib dasturxonga qoʻydi. Shokir ovqatdan bir qoshiq yeb, non kavshab xoʻmraydi.

– Tuzukroq ovqat qilsang boʻlmaydimi? Na maza, na matra bor...

– Har doimgi ovqat, – kiftini qisdi Oyxon. – Uyni ovqatigayam koʻnasiz endi, xoʻjayin.

– Ha, sen kam eding kesatmagan, – dedi Shokir chaynalib.

– Men kesatmadim...

– Oyxon ortga burilib, yerga boqqancha oshxonaga kirib ketdi.

Rahmon amaki va Karima xola fe’llari aynib, Shokirga teshib yuborgudek tikilib unsiz oʻtirdilar.

– Bismillo dedingmi? – soʻradi Rahmon amaki nihoyat tinchlikni buzib.

– Ichimda aytdim, – beparvo chaynaldi Shokir.

– Ha, fosiq! – gʻazablandi kuni kecha dinga qaytgan shoʻrlik ota. – Men eshonlar zurriyodiman. Bolamni ahvoli esa mana bu!

– E, konchayte, paxan! – oʻijindi Shokir. – Undan koʻra buvamdan qolgan duolardan oʻqivoring. Axir men bankrot boʻlib qoldim.

– Kurortma-kurort sangʻib yuraversang, bangikurort boʻlasan-da, – toʻoʻri gapirdim deb oʻyladi soʻz ma’nosini tushunmay Karima xola. – Molni oʻrniga qoʻyib qoʻy!

– Dunyo bevafo deb toʻoʻri aytisharkan! – dedi u qoshiqni tashlab. – Oʻz ota-onang vafo qilmasa, boshqalardan nimaniyam kutish mumkin? Jaraq-jaraq pul topib kelganimda yelkamga qoqib, alqab-alqab pulimni olgansizlar. Ishim orqaga ketganda, sizlar ham meni yomon koʻrib qoldinglar!

– Qancha pulingni olaqolibmiz? – achchiqlandi Karima xola.

Kunbotish tomondagi paxsa devor ortidan Salim kaptarbozning xotini Zohidaning boshi koʻrinadi.

– Karima xola-a?! Huvv, Karima xola-a-a! – deb baland ovozda qichqirdi.

Bekaning shanoʻi ovozidan hurkigan kaptarlar potirlashib uchib dorxodaga qoʻnishdi.

– Nima deysiz, qoʻshni? – ensasi qotib javob qildi xola.

– Ozgina tuzingizdan bervoring, – hovliga bir sidra nazar soldi u.

– Da-a-ard! – ensasi qotib oshxona tomonga ovoz berdi kampir. – Qoʻshniga tuzdan berib qoʻying, qizim. Bu qoʻshnilar oʻz oʻamini oʻzi yeb yursa oʻlarmikin-a...

Oyxon oshxonadan bir kaft tuz olib chiqib, devorga yaqinlashdi.

– Eshikdan kelsangiz boʻlmaydimi, qoʻshni? Ha, tuzlab qoʻyaymi? – jerkidi u va qogʻozga oʻrogʻliq tuzni uzatdi.

– Rahmat, – Zohida tuzni olib, devor ortida gʻoyib boʻldi.

Shu payt darvoza ochilib, Olim bilan Obida kirib kelishdi.

– Ana, – choy xoʻpladi Shokir. – “Koʻrlar jamiyati ” yetib keldi. Shunisi kam edi.

– Hoy, kim bor, azizlar? Assalomu alaykum, – ochiq eshikni taqillatib ovoz berdi Olim.

Karima xola, Rahmon amaki va Oyxon mehmonlarga peshvoz chiqdilar. Salom-alikdan soʻng mehmonlar supadagi oʻrinlarga oʻrnashdilar. Shokir esa, parvoyi palak, choy ichishda davom etdi. Rahmon amaki Shokirning qoʻlidan piyolani tortib olib, tagida qolgan choyni sochib yubordi, piyolani ikki qur chayqab, yangitdan choy quyib Olimga uzatdi.

– Iya?! Hoy-hoy! Mening choyim bor edi-ku?! – achchiqlandi Shokir.

– Kuyovni paygʻambarimiz siylaganlar! – dedi u oʻgʻliga olayib. – Tuzukmi?!

– Oh-oh-oh! – tebrandi quvonib Olim. – Yashang, dadajon! Yashang!

– Shu yerdamidingiz, aka? – boshini egdi Obida.

Obida bu hovlidagi hamma narsani besh qoʻlday biladi. Har bir qarindoshini nafas olishi, qadam bosishi, hatto hidi orqali ham ajarata oladi. Obida Shokirdan anqiyotgan aroq hidi va xoʻrillatib choy ichishidan uni tanib oʻtirar, lekin soʻz qotishga botinmayotgan edi. Soʻqir singil Shoʻrqishloqqa bemavrid kelganini anglab, pushaymon boʻldi.

– Assalomu alaykum, Shokir aka, – qoʻlini havoga choʻzdi kuyov.

– Va alaykum assalom, – soʻqir kuyovning qoʻlini olib salomlashdi Shokir.

– Aka? – soʻradi Obida. – Kelganimizga xafamisiz?

– Nega unday deysan? – ogʻir xoʻrsindi Shokir. – Kelsang oʻz uyingga kelgansan. Bugun kayfiyatim yaxshimas. Koʻnglimga hech narsa sigʻmayapti.

– Tashvishlanmang, aka, hammasi yaxshi boʻlib ketadi, – deb uni yupatdi Obida oʻkinib.

– Albatta, – dedi Olim koʻtarinki ruhda. – Hali yana boy-badavlat boʻlib ketasiz.

Shokir apil-tapil fotiha oʻqidi.

– Xoʻp, men boray. Shaharda ishim bor.

Shokir hovlidan chiqib ketgach, Oyxon supani saranjomlab, qaytadan dasturxon yozdi. Keksalar esa har doimgiday Shokirning ortidan gʻiybat boshlashdi.

– Bangikurort yana Mahliyo oʻlgurni yoniga ketdi. U boʻlsa buni goʻl qilib, hamma pulini tortib oldi. Hozir qarzi boshidan oshib yotibdi. Molimizni sotib, bizni sut-qatioʻdan benasib qildi.

– Men unga ming bor aytganman, – uf tortdi Rahmon amaki. – Hozirgi zamonda koʻp xotin olish notoʻgʻri. Qadimda Saidazimboyni qoʻsh-qoʻsh xotinlari boʻlarkan. Hammasi iymonli, halol-pok, ahil-inoq ekan. Erini duo qilib, yegan-ichganiga shukur qilib, toʻrt devor ichida oʻtirarkan. Hozirgi iymonsiz xotinlar bir-birini koʻzini oʻyadi. Erini aldaydi. Qargʻaydi. Ilmu amal ichirib, yoʻlini booʻlaydi. Mana, burgutday uchib yurgan Shokir boyvachcha qanoti singan musichaday boʻldi-qoldi.

Oyxon qaynotasining soʻzlarini eshitgisi kelmay, xayolga choʻmib oshxonaga qaytdi. “Xudoga soldim, – deb dilida qargʻandi u, – goʻdaklarni och-yupun qoldirib, oltinga burkangan buzuqlargayam xudo bordir... Xarob boʻlgur Mahliyo... Er jonivor boʻlsa xotinim bormi-yoʻqmi demay yana shaharga ketdi... Balki oʻgʻil tuqqanimda bolaga mehr qoʻyib, uyga bogʻlanib qolgan boʻlarmidi... Qachongacha shunday gʻurbatda yashayman-a, xudoyim?..”

Oyxon oʻchoqqa oʻt tutashtirib yubordi. Qozonga ozgina paxta yogʻi quyib, piyoz toʻoʻrashga kirishdi. “Ha, – deya oʻyladi u. – Kimdir qora non yeb yupun yasharkan. Kimdir ayshu ishrat qilarkan. Dunyoning ishlari qiziq. Uchta qizimning taqdiri nima boʻlarkin? Menga oʻxshab tosh chaynab, bu yorugʻ dunyodan tovoni yorilib oʻtarmikin? Buzuqlarni boʻlsa oshigʻi olchi. Hammasi yaraqlab yuribdi. Qorni toʻq, egni but. Balki qizlarim ham zamona zayli bilan oʻshalarga oʻxshab olgʻir boʻlib ketar? – Oyxon oʻtga tikilib keskin bosh chayqadi. – Ho-o-o! Tiriklayin yerga koʻmib tashlarman! Hu, otangga tortmay oʻlgur qanjiqlar deb, mana shunaqasiga solaman!”

Oyxon kapgirni gʻazab bilan bir silkidi. Kapgir oʻchoq boshida tiklogʻliq qopqoqqa urildi va u taraqlab yerga tushdi. Oyxon qopqoqni oʻrniga qoʻyib, qizigan yoqqa piyoz tashladi. Hovliga totli hid taraldi.

Shoʻrqishloqlik jaydari kelin Oyxon koʻhlikkina, bodomqovoq, soddadil juvon. Egniga pushti duxoba xalat kiyib, boshiga arab roʻmolini durra qilib, oyogʻiga xitoy shippagini ilib, hovlida yugurib-elib xizmat qiladi. Qachon qaramang, soʻyloq tishini koʻz-koʻzlab kulgani-kulgan. Shokir bir kuni tunda, “shaharda Mahliyo degan xotinim bor”, deb oʻz gunohiga iqror boʻldi. Oʻshanda bu sodda ayol, “iy-ya-a-a! Voy aldoqchi! Voy tavba-a-a!” deb kulgan, keyin esa hech kimga sezdirmay tong otguncha piqillab yigʻlagan edi.

Ikkinchi bob. Mahliyoning mahliyosi

Asabi buzilib uyidan chiqqan Shokir katta asfalьt yoʻlda “Damas” mashinasini toʻxtatdi. Haydovchi yonida oʻtirib, sigaret tutatdi. Mashina shahar tomon yoʻl oldi.

– Shokir aka, – deb soʻradi haydovchi. – “Kamaz” mashinangiz nima boʻldi?

– Sotib yubordim, uka, – dedi Shokir xoʻrsinib.

– Nega sotdingiz? Men boʻlsam, sizga ishga oʻtaymikin, deb turgandim.

– Mendan omad yuz oʻgirdi, – gapni qisqa qildi Shokir.

– E-e, yaxshi boʻlmapti, – jimib qoldi haydovchi va bir ozdan soʻng tilga kirdi. – Parvo qilmang, Shokir aka, bunday oʻtkinchi qiyinchiliklar hammaniyam boshida bor. Men oʻzim oldin kolxozda yuk mashina minardim. Maosh ozlik qildi. Benzin yoʻq. Zapchast yoʻq. Ishdan boʻshadim. Boyvachcha Alimardonni “Kamaz”ini haydab, Rossiyaga ikki reys borib, tirikchilikka yetadigan pul topib keldim. Akamni omadi kelib, mana shu “Damas”ni sotib oldi. Birovni shopirlikka yollab, bir yil kira qilib foydalandi. Mashina charchagan ekan, tirikchilik qilolmay qolgan haydovchi bola ishni tashlab ketvordi.

– Mashina tuzukkina shekilli? – razm soldi Shokir.

– Buyogʻini eshiting, – jilmaydi haydovchi. – Keyin akam mashinani tagʻin boshqa birovga berdi. U bir oydan soʻng mashinani buzib, “kalla-pocha” qildi. Akam meni har kuni uyiga chaqirtirib, “mashinani oʻzing min!” deb majburlayverdi. Men unga: “Aka, men kalta poyga qilib, mayda mashina minmaganman, kirakashlikka oʻrganmaganman”, deb koʻnmadim. Akam hol-jonimga qoʻymay, shu mashinasini baribir boʻynimga ildi.

– Juda yaxshi boʻpti-da, – dedi Shokir. – Aka-uka inoq boʻlib, birgalashib roʻzoʻor tebratsa nimasi yomon?

– Nimasini aytasiz. Aka-ukani doʻst boʻlganiga yetadigan narsa bor ekanmi, – tan oldi u va kulib qoʻydi. – Hozir mana shu mashinani deb qozon-tovoqni suvga solib qoʻyganman, Shokir aka.

– Iya! Nega? – ajablandi Shokir.

– Yemagan somsaga pul toʻlab yuribmiz-da. Mashina butunlay toʻkilib ketgan ekan, qoʻlimga oʻtgandan keyin uch kun gʻildiradi xolos. Shundan beri topgan pulimni remontga sarflayman. Toʻrt yuz ming soʻm xarjladim. Uyimdagi qoʻylarni sotdim. Mashina butun boʻldi. Akam esa boʻynimga uch yuz ming soʻm qarzni ilib qoʻydi.

Shokir endi jiddiy ajablandi.

– Bu qanday qarz boʻldi?!

– Mashina ikki oy bekor yotdi-da, – jilmaydi haydovchi yigit. – Akam mashinani bekor oʻtgan kunlarigayam plan qoʻyadi. Kuniga besh ming soʻm topshirishim kerak. Bugun ishlab topgan pulimni bugun topshiraman. Uchta qoʻyimdan ayrilganimga mingdan ming roziman. Mayli, ketsa akam uchun ketibdi. Ammo, uch yuz ming soʻmni qayerdan topib beraman? Tushgacha shahar tomonga yoʻlovchilar koʻp boʻladi, qaytishda boʻm-boʻsh qaytaman. Tushdan keyin ahvol buni teskarisi. Benzin qimmatladi. Ikki yuz soʻmga bir six kabob yemasam boʻlmaydi. Ikki ming soʻmga yoqiloʻi olish kerak. Yangam boʻlsa, xotinim kelinlikda kiygan eski tuflisini koʻrib, yangi tufli olibdi, deb janjal koʻtardi. Ana sizga Shoʻrqishloq hangomasi!

Haydovchi yigit shunaqa sharaqlab kuldiki, Shokir “esi joyidami buni” degan xayolda unga nazar tashladi.

– Topshirvoring mashinasini, – dedi Shokir asabi buzilib. – Siz Ahmad domlaning ukasi Rahmatillamisiz?

– Ha, Shokir aka. Meni tanirkansiz-da? – jilmaydi haydovchi. – Jon deb bu “hoʻl balo”ni topshirvorgan boʻlardim-u, akam “agar qarzingni toʻlamasang, mashinani olmayman” deyapti-da. Meni birgina choram qoldi. Hovlimni yarmini qoʻshnimga sotaman, Shokir aka. Qarzimni toʻlab, qolgan pulga yoʻlkira qilib chet elga ketaman. U yerdan dastmoya yioʻib qaytaman. Boʻlmasa holim xarob, aka.

– Balki akangiz insofga kelib qolar? – achindi Shokir.

– Akam otamizni qarzini kechmagan, menikini kecharmidi, – dedi haydovchi yuzini chetga burib.

Shokir uning yoshlangan koʻzlarini koʻrib, yuragi ortga tortdi.

– Ana senga oqibat! – boshini changalladi Shokir. – Bu dunyoga nimalar boʻlyapti oʻzi?!

Mashinaga ikki bolasini yetaklab olgan bir juvon chiqdi. Mashina yana yoʻlga tushdi. Quyoshning oʻtli haroratidan olam entikib nafas oladi. Issiqdan qochib, hatto osmonda qush uchmaydi, yerda jonivor oʻrmalamaydi. Salonning ochiq oynalaridan issiq asfalьtning hidi kirib dimogʻni boʻgʻadi. Yoʻlovchilar bolali ayoldan tortinib, suhbatga chek qoʻyib, sukut saqlagancha boradilar.

* * *

Shokir shaharning gavjum koʻchalarida, parishon ahvolda bemaqsad izgʻib yurdi. Hali u, hali bu bekat soʻrisida shumshayib oʻtirdi. Keyin tavakkal qilib, kichik tumandagi kichik xotini huzuriga joʻnadi. Qishloq koʻchalarida puling bor-yoʻqligiga qaramay, haydovchilar mashinani toʻxtatib olib ketaveradilar. Shahar koʻchalarida chopib borayotgan, har turli rusumdagi mashinalarga pul toʻlamasang boʻlmaydi. Yonida puli yoʻq Shokir boyvachcha, shohona uyiga, shohona ixtiyor ila piyoda ketishni ma’qul koʻrdi. U kichik xotini Mahliyo bilan ilk uchrashgan kezlarni xotirladi. Koʻz oʻngida oʻsha qargʻish tekkan restoran namoyon boʻldi.

Restoranda omadi chopgan tadbirkor ulfatlar konьyak ichib, har toʻgʻrida valaqlagancha qah-qahlashib oʻtirardilar. Roʻparadagi stolda yolgʻiz oʻtirgan xushbichim bir huriliqo faqat qahva ichib, pirojniy yer, bu odobsiz kishilarga qarab asta bosh chayqar, Shokir bilan nigohi toʻqnashganda nafratlanib yuzini chetga burardi. Qizning nozik qaddu basti, oppoq yuzi, sariq rangga boʻyalgan kalta sochi, ohu koʻzlari Shokir koʻnglida oʻzgacha bir hirsu havas uygʻotdi. U ofitsiant ayol bilan hisoblashgach, Sodiq akash, Alisher va Homid ismli shaharlik hamkorlari ortidan tashqariga chiqdi. Savdogarlar u bilan quchoqlashib xayrlashib, mashinalarga oʻtirib joʻnab ketishdi. Shokir boyagi jozibador qizning oldiga qaytib kirgisi keldi-yu, negadir oʻz fikridan qaytib mashinasi tomon yurdi. U mashinasi eshigini ochib rulga oʻtirdi. Boyagi qiz yana koʻz oldida gavdalanib, yuragi bezovta boʻldi. U fikridan qaytib Shoʻrqishloqqa joʻnab ketganida bugungi koʻrgiliklar yuz bermasligi ham mumkin edi. Ammo restoranga qaytib kirdi. Mahliyo oʻtirgan stolga yaqinlashib, tavoze ila salom berdi. Qiz kiftini qisib, labini burib alik oldi.

– Oʻtirsam boʻladimi?

– Maqsad nima oʻzi? – jiddiy nigoh tashladi qiz. – Ovqatlanib boʻldingiz-ku?!

– Sizni mehmonga taklif qilmoqchi edim.

– Nega aynan meni? – muloyim jilmaydi u. – Men sizni tanimasam, bilmasam...

– Endi tanishib olamiz-da, – suzildi Shokir.

Fransuz konьyagidan boshi qizigan tadbirkorning koʻkrak choʻntagida bir dasta koʻk dollar “ol meni!” deya koʻzga tashlanib turardi. Mahliyo unga zimdan nazar solib, qarmooʻiga laqqa baliq ilinganini sezdi. U Shokirda oliymaqom taassurot qoldirish uchun kimning siymosiga kirishi lozimligini bilolmay ikkilandi. Gollivud madonnasi boʻlsinmi yoki Kumush bibi suratiga kirsinmi? Balki unga oddiy Mariya yoqar? Yoki beozor Jen Eyer boʻlib koʻrinsinmi? Oddiy fohisha sifatida u bilan juftlashsa, anavi koʻk qogʻozlarning bittasiniyam ololmaydi. Bu yigit ham u qadar goʻl emas. Mahliyo nogoh gʻamgin malika siymosiga kirib, Shokirga qarab suzildi.

– Iltimos, – dedi u mungli ohangda. – Meni jarohatimga tuz sepmang.

– Jarohat deysizmi? – yoyilib stulga oʻtirdi Shokir.

U suhbatning boshlanishidan tushundiki, qizning koʻnglini eritish mumkin. Muloyimlik bilan notanish goʻzalning diliga qoʻl soldi. Oʻamgin malika esa oʻz ayanchli qismatini mahorat ila bayon qila boshladi.

– Men xuddi shu yerda, shu alfozda bir kishi tomonidan aldanganman. Oqibatda uy-joyim, ota-onam, obroʻ-hurmatimdan judo boʻldim. Insonning eng yomon dushmani uning sodda koʻngli ekan. Siz, boyvachcha, kech qoldingiz. Meni sizdan oldinroq aldab boʻlishgan. Men oʻsha kezlarda erkak kishini tushunmasdim. Oxir-oqibatda oʻz yurtimni tashlab ketdim. Bu isnodga chidolmay, otam rahmatli olamdan oʻtdilar. Onam tuzalmas dardga chalindilar. Shundan soʻng erkak zotidan nafratlanadigan boʻlib qoldim. Ortiq xiralik qilmang. Anavi ayol meni yaxshi taniydi. Gap-soʻz boʻlishni xohlamayman...

Shokir boyvachcha Mahliyo koʻrsatgan ofitsiant ayolga burilib qaradi. Ofitsiant haddan ortiq boʻyangan, yupqa koʻylak kiygan yengiltak juvon edi. Mahliyo stolga pul tashlab, oʻrnidan turib, sumkasini yelkasiga ildi. Qizning qaddu qomati va xusnu jamoli rassom Leonardo orzularida tuoʻilgan beqiyos asar edi. Bu xoʻrlangan malaknamo mahliqo shirakayf Shokir dilida oliymaqom hirsu havas uygʻotib, restorandan viqor ila odimlab chiqib ketdi. Kolxozchi xonadonida ulgʻaygan Shokir boyvachcha fikru xayollar ummoniga gʻarq boʻldi. Ofitsiant ayolni oʻz yoniga chorlab, bir qadah konьyak buyurib, uni suhbatga tortdi. Mahliyo haqida erinmay soʻrab- surishtirdi.

– Ha, – dedi ayol. – Men bu qizni yaxshi taniyman. Biz yonma-yon uyda yashaymiz.

– Sal gʻamginroq ekanmi? – qiziqdi Shokir

– Gʻamgin? – kiftini qisdi u. – Ha-ha! Shunaqa boʻlib qolgan. U shunaqa gʻamgin...

– Erkak kishidan nafratlanarmish, – konьyak ichib gazak qildi Shokir. – Shu rostmi?

– Mahliyomi?! – yuzini chetga burib irshaydi ayol. – Toʻppa-toʻgʻri. Uning hayotida erkak kishi – salbiy qahramon. U erkaklardan juda-juda nafratlanadi.

– Adresini bering, – oʻtindi Shokir.

– Voy, xudo! – yoqasini ushlab, koʻzlarini ola-kula qildi u. – U meni naq oʻldiradi-ya!

– Bizdayam qolib ketmas.

– Unday boʻlsa yozib oling, – dedi ayol.

Shokir boyvachcha shu tariqa, Mahliyoning uy manzili va telefon raqamini oldi.

* * *

Ertasi kuni Shokir oʻsha manzil boʻyicha yoʻl topib, “oʻamgin malika” huzuriga keldi. Mahliyo aslida bu manzilda yashovchi ijaragir edi. Uyning egasi abjir qoʻshmachi xotin boʻlib, Mahliyo uni oʻz qarindoshi sifatida tanishtirdi. Shokirni mehmon qildi. Yioʻlab-siqtab suhbatlashishga moslashib olgan Mahliyo u bilan bir oy davomida tuzukkina pachakilashdi. Shokirning kun sayin Mahliyoga nisbatan ishqi alangalanib borar, qoʻshmachi ayol esa pul undirolmay armonda edi.

– Maxlishka, boyvachchani pulini olaylik? – dedi u sabri tugab.

– Menga uni puli emas, oʻzi kerak, – dedi Mahliyo.

– Oʻzini boshingga urasanmi? – jerkidi ayol. – Qarzingni toʻlab qoʻy! Sen mijoz boshlab kelmayapsan. Bir oydan beri tekinga yeb-ichib yotibsan. Shoirona gaplaringni qozonga solib boʻlmaydi.

– Agar oʻzini qoʻlga olsam, hamma mulki meniki boʻladi, – dedi muoʻombir ayol. – Bugun bir hunar ishlataman. Senam men qoʻyadigan “kino”da qatnashasan.

Shu kuni Shokir konьyak va qazi koʻtarib keldi. Zalda bir ovsarroq yigit, atrofga alanglab, irshayib oʻtirardi. Uy bekasi javrar, Mahliyo dodlab yioʻlar, zaldagi buyum va jihozlar har tomonga sochilib yotardi.

– Meni aytganimni qilasan! – baqirdi uy bekasi.

– Hech qachon!! – uv solib yigʻladi Mahliyo. – Otamning arvohini chirqiratmayman! Harom yoʻlga yurmayman!

– Nima gap oʻzi?! – hayron boʻldi Shokir.

U Mahliyoni bu alfozda koʻrib koʻzlariga ishonmadi. Qiz shoʻrlik telbaga aylanib qolgandi. Koʻzlari tubida mavhum zulmat va iblisona makr uchqunlar, yuzi oʻrnida esa notanish bir chehra paydo boʻlgan edi. Goʻyo siymosida bu jirkanch dunyodan toʻygan samoviy farishta oʻz osmoniga uchib ketmoqchi boʻlib qanot rostlaganga oʻxshardi. Qizning telbaligi oʻziga shu qadar yarashgandiki, Shokir uning bu jinniligini ham behad sevib qoldi. Olam ahli tomonidan aldangan goʻzalning samoviy farishta ekaniga aniq ishondi. U qizga yaqinlashib, oʻziga tomon otmoqchi boʻlayotgan choynakni qoʻlidan tortib olib stolga qoʻydi va Mahliyoni bagʻriga bosdi.

– Senga nima kerak?! – unga zardali boqdi Mahliyo, zir-zir titrab. – Sengayam pokiza badanim kerakmi?! Meni hech kim, hech qachon sotib ololmaydi! Men oxirgi nonimni yeb boʻlib, oʻzimni balkondan tashlayman. Lekin buzuqchilik qilmayman.

Soxta xola bu gapni eshitib, uyni boshiga koʻtarib shangʻilladi.

– Tashlasang boshqa uyni balkonidan tashla! Mening boshimni baloga qoʻyma! Yoʻqol uyimdan. Menga pulsiz farishta kerakmas!

– Ketaman! Qoʻshmachi! Buzuq! – uv solib yioʻladi shoʻrlik juvon.

– Hoy, soʻtak, – Shokirga yuzlandi soxta xola. – Oting Shokirmidi? Jiyanimni oʻz holiga qoʻy! Oʻrgildim sendaqa farishtalardan! Halol boʻlsang, ikkoving masjidga borib namoz oʻqi! Menga hozir pul kerak! Pul!

Shokir bu shallaqi ayol siymosida farishtalarni asirga olib azoblovchi mal’un iblisni koʻrdi. Uning sariqqa boʻyalgan kalta sochi, mugʻombirona jilmaygan yuzi, qahrdan olaygan koʻzlari shoʻrqishloqlik toʻpori azamat dilida beqiyos nafrat uygʻotdi. U qahramonlik koʻrsatish istagi ila yonib, aqlidan adashib, shamol tegirmoniga qarshi urush ochgan Don Kixotga aylandi. Mardona choʻntak kavlab:

– Qancha kerak?! – deya pishqirdi.

– Ancha kerak! – qilpilladi soxta xola.

– Kavlanmang, Shokir aka, – yigʻidan toliqib hiqilladi Mahliyo. – Meni hech kimdan qarzim yoʻq. Bir yil shu yerda farrosh boʻldim. Olgan halol maoshimni keltirib, tiyinigacha topshirdim. Mehnat qilib-qilib, oxiri qoʻchaga haydaldim.

– Kim seni haydadi, Mahliyo?! – xonadon bekasi yoqa ushlab angraydi. – Voy, quruq tuhmatingdan oʻzing asra, xudoyim!

– Shundan koʻra haydaganingiz yaxshi edi! – soxta xolasiga baqirdi Mahliyo va Shokirga soxta jazmanni koʻrsatib faryod urdi. – Bu hozir meni manavi goʻrsoʻxtaga qoʻshmoqchi boʻldi, Shokir aka-a! Men ortiq yashashni istamayman! Harom yashagandan qoʻra, halol oʻlganim yaxshi-i-i!

– Tavba qildim desangiz-chi... – yuragi achishib uni insofga chaqirdi Shokir.

– Senam meni azoblading!... – Shokirga moʻltirab qaradi qiz. – Men jinni seni sevib qolganman... Hammang birlashib meni boshimga yetding! Men ortiq yashashni xohlamayman!

Mahliyo dabdabali nutqini yakunlab, oshxona tomon otildi. Soxta xola vahimaga tushib dod soldi. Shokir va jazman yigit Mahliyoning ortidan yugurdilar. Oshxonaga kirgan Shokir benajot qiz bechoraning titrayotgan qoʻllarida pichoq koʻrdi. Unga tashlanib bir amallab pichoqni tortib oldi. Vaqtni gʻanimat bilib, Mahliyoni yana mahkam quchoqladi. Jazman yigit oʻzini bosolmay hiringlab kuldi. Shokir gʻazabi qaynab, uning yuziga bir musht urdi. Jazman polga quladi. Soxta xola oshxonaga kirdi. U oʻzini kulgidan bazoʻr tiyib, ogʻzi qiyshaydi.

– Yur, Mahliyo, – dedi Shokir Mahliyoni yuz-koʻzlaridan oʻpib. – Mening uyimga ketdik. Hamma narsani muhayyo qilaman. Seni xoʻrlashlariga yoʻl qoʻymayman.

– Rostdanmi? Qaroringiz qat’iymi? – qaltirab yigʻladi Mahliyo. – Yoʻq. Men sizgayam ishonmayman! Ishonolmayman! Yoʻq...

– Ishon, jonim, – dedi Shokir oʻamgin malikaning boshini silab. – Uyimda hamma qulayliklar bor.

– Yaxshi yigit! – oʻshqirdi soxta xola. – Buni onasiga nima deb javob beraman? Bu qiz kazo-kazolarni bolasi. Koʻchada qolmagan. Agar oʻz nomiga uy olib bersangizam bermayman.

– Kerak boʻlsa oʻz nomiga olib beraman! – ishonch bilan gapirdi u. Soxta jazman “balodan hazar”, deganday, emaklab oshxonadan chiqib, zaldagi karavot ostiga kirib bekindi. Soxta xola Shokirni turtib:

– Hoziroq keting! – deya eshikni koʻrsatdi.

– Mahliyo, sen nima deysan? – bagʻridagi qizdan soʻradi Shokir.

Xola Mahliyoni kuch ishlatib undan ajratib oldi.

– Qani, koʻchaga marhamat! – buyurdi u, Shokirni tashqi eshik tomon surib.

– Shokir aka-a-a-a! – dodladi Mahliyo, unga tomon intilib. – Meni olib keti-i-i-ng!

– Hech qayerga bormaysan! – oʻshqirdi xola.

U Mahliyoni zalga itarib kiritib, Shokirni turta-turta tashqariga chiqardi va eshikni ichidan qulfladi. Shokir bu koʻngilsiz voqeadan dili vayron boʻlib, eshik oldida bir oz turgach, mashinasini haydab oʻz uyiga ketdi.

Mahliyo oʻz roliga berilib, yioʻiga moslashib qolib, hamon oʻzini bosolmay xoʻrsinardi. Soxta xola zalga kirib divanga oʻtirdi va qiqirlab kuldi. Mahliyo yana bir oz hoʻngrab yioʻlab olgach, hiringlab unga joʻr boʻldi va nihoyat qotib-qotib kula boshladi. Karavot tagida yashirinib yotgan zoʻraki jazman tashqariga emaklab chiqdi. Ayollar uning koʻkargan yuzini koʻrib, battar qitioʻlari kelib, polda yumalab kulishdi. Oriyatsiz jazman ham ularga qoʻshilib, erlarga yarashmagan ohangda hiringlar, ooʻrigan yuzini siypalab uh-uhlardi. Mahliyo kulaverib holdan toydi. Xola qornini changallab ho-holadi:

– Ja oshirvording-da, Maxlishka! Ha-ha-ha-a-a! Teatr artistiyam senchalik oʻynolmaydi.

– Iste’dodimni haqoratlamang! – tamanno ila qilpilladi Mahliyo. – Teatr artistingiz meni oldimda kim boʻpti?

– Voy boʻldi! Ha-ha-ha-a-a! Ichagim uzilib ketadi ! Voy, loʻx! Loʻx!

– Shokir aka-a-a-a! Meni olib keti-i-ing! – mazaxlab chiyilladi soxta jazman.

– Hoy, Soʻtaqoʻzi, bor uyingga, – dedi soxta xola, soxta jazmanning ketiga bir tepib.

Yuzi koʻkargan oriyatsiz olifta oʻxshovsiz hiringlab. Kulgi yana avj olib, bu telba tomosha kechga qadar davom etdi. Soxta xola qazini shoʻrvaga solib pishirdi. Shokir tashlab ketgan konьyakni ichib, ikki makkora yanada puxta reja tuzdi. Bir oy mobaynida uzluksiz ijro etilgan, siyqa ssenariy asosiga qoʻyilgan spektaklь tobora avjiga chiqib bordi. Aqlidan ayrilgan Shokir, har kuni telefon orqali ular bilan adi-badi qilib, visol ilinjida Mahliyoga yalinadi. Narigi tomonda yo Mahliyo yioʻlaydi yoki xola javraydi. Xullas, bu aytishuvlar nihoyasiga yetib, shoʻrqishloqlik laqma tamomila mavh etildi. Shokir boyvachcha Mahliyosiz yasholmasligini tushundi. Shahardagi uch xonali uyini ichidagi mebellari bilan unga xatlab berdi. Guvohlar va Mahliyoning onasi ishtirokida shahardagi ulfatlari bilan bazmi jamshid yasab, bir toʻp isqirt mehmonlarni toʻplab toʻy berdi. Toʻyda Rahmon amakining kichik oʻgʻli Sulton ham ishtirok etdi. Shokir oʻz otasidan bir ogʻiz ruxsat soʻramadi. Oilani oq yuvib, oq taragan musichaday Oyxonni, yulduzdek chaqnab turgan uchta qizini xayoliga keltirmadi. Mahliyoga mahliyo boʻlgan Shokir tez orada bor-budidan ayrilishini bilmasdi. Mahliyo turli-tuman siymolarga kirib rolь oʻynab, boyvachchaning aqlu xushini butunlay egallab oldi. Shokir aytarli har tomonlama oʻzgardi. U ichkilikka, ayshu ishratga berilib, savdogarchilik qonun-qoidalarini unutdi. Natijada chuv tushdi. Qachonlardir ilohiy ishqni targʻib etib, riyozatu itoatda yashab oʻtgan ajdodlar vorisi shahvoniy ishq girdobida toʻgʻri yoʻldan adashdi.

Uchinchi bob. Orzumand ojizlar

Shokir yumshoq koʻngil yigit. U hammga qayishib yashaydi. Obida Shokirdan keyin tugʻilgan. Oralarida toʻrt yosh farq bor. Yogʻinli noyabrь kunlarining birida maktabdan qaytayotgan Shokir olti yoshli Obidaning Adirkoʻcha chetidagi katta ariqda yiqilib yotgani ustiga kelib qoldi. Obida paypaslanib, sovuq suvdan chiqishga urinib zorlanib yigʻlar, loyda toyilib yana ariq ichiga qaytib tushardi. Sal nariroqda toʻplanib turgan bolalar:

– Ih! Obish koʻr suvga tushib ketdi! Suvga tushib ketdi! – deb javrashar, lekin yordam berishga shoshilmasdilar.

Shokir yugurib kelib, singlisini ariqdan chiqarib oldi. Obida kichik jussali, Shokir esa boʻlaligina edi. U singlisini dast koʻtarib, uy tomon yurdi.

– Qayda yuribsan, Shokir? – dedi Obida akasining boʻynidan qoʻchoqlab. – Suv sovuq ekan!

Shokir xoʻrligi kelib yigʻlab yubordi. Shu voqeadan soʻng u soʻqir singlisiga butunlay bogʻlanib qoldi. Ba’zan Obidani yetaklab maktabga olib borar, sinfdoshlari yoqimtoy ojiza qizaloqni oraga olib erkalashar, burro-burro gaplaridan zavqlanib, savol-javob qilib, har sohada suhbatlashardilar. Obida oʻz atrofidagi insonlarning iliq munosabatlari va mehrlaridan juda yayrar, mehribon kishilar davrasiga talpinib turardi. Qiz sakkiz yoshga kirganda, uni shahardagi koʻzi ojizlar maktabiga joʻnatib yuborishdi. U oyda bir yoki ikki marta – shanba va yakshanba kunlari qishloqqa kelib ketardi.

Obida oʻn ikki yoshida shahar bilan Shoʻrqishloq orasida mustaqil qatnay oladigan, gap-soʻzlari bama’ni, pishiqqina qizga aylandi. Avtobusda tanigan ayollar uni bagʻrlariga bosib, qoʻliga qand-qurs tutqazib erkalashardi. Bir kuni otasining doʻsti Pirmat quloq, avtobusda shahardan qaytayotib, Obidani oʻz yoniga oʻtqazib oldi. U paytlarda shahar bilan qishloq orasida bittagina eski avtobus qatnar, motoridan “voy-voy-voy” qabilida ovoz chiqarib, oʻqtin-oʻqtin yoʻtalib, eshakdek imillab yoʻl bosardi.

– Muncha sudraladi bu avtobus! – jigʻi-biyron boʻldi Pirmat quloq. – Soat nechchi boʻldiykin?

– Soat oʻn ikkidan yigirma besh minut oʻtdi, – dedi Obida oynasi ochiladigan qoʻlsoatini paypaslab.

– Hech-da, – dedi oldingi oʻrindiqda oʻtirgan Sharof doʻkondor oʻz soatiga qarab. – Soat beshta kam oʻn ikki boʻldi.

– Soatingizni toʻgʻrilab oling, Sharof pochcha, – boʻsh kelmadi qiz.

Sharof doʻkondor pishillab, soatini silkitib qulooʻiga tutdi.

– Voy, padaringga million ming la’nat! – achchiqlandi u. – Yana toʻxtab qolibdi-ku!

– Buni soatiyam Zahrodan qoʻrqadi! – hoholab kuldi Pirmat quloq. – Bir baqirganda oʻziyam, soatiyam toʻxtab qoladi. Vah-ha-ha-ha-a-a!

Hamqishloqlar ichkuyov Sharofning ustidan miriqib kulishdi. Nozikta’b Obida burnini jiyirib, Pirmat quloqdan nariroqqa surilib oʻtirib oldi.

– Pirmat amaki? Bozorda mol sotdingizmi? – deb soʻradi.

– Yo tavba! – yoqa ushladi Pirmat quloq. – Obish, buni sen qayerdan bilding?

– Qoʻyningizdagi arqonni hididan, – dedi u.

– Zoti toza-da! – yoʻlovchilarga ma’noli boqdi Pirmat quloq. Eshondada eshonni karomatlari bu! Yerni tagida ilon qimirlasa biladi-ya.

Pirmat quloq ta’sirlanib ketib, nosqovooʻini kissasidan olib, boshini sarak-sarak qilib nos chekdi. Sezgisi kuchli Obida, nosqovoqdan taralgan hiddan burnini jiyirib, labini burib, qoshlarini chimirdi.

– Shu sassiq narsani chekishdan sizga nima foyda, Pirmat amaki? – deb dakki berdi u. – Orqada oʻtirgan Oftob xolamni sotilmay qolgan qulupnayidan yesangiz, qoningiz koʻpayib, jahlingiz kam chiqadigan boʻladi.

– Hoy, soʻpini xotini! – orqada oʻtirgan mulla Hakimning xotini Oftob xolaga ovoz berdi Pirmat quloq. – Qulupnay kasod boʻldimi?

– Voy oʻlay, Obida, shuniyam bilib qoʻydingmi? – ajablanib yopinchioʻiga oʻraldi bir qoʻli nogiron Oftob xola.

Obidaning bundan boshqa ajabtovur qobiliyatlari bir talay edi. Eshonlar xonadoni ta’til paytlarida, qizning begʻubor qah-qahasidan jonlanib ketardi. Oilaning boshqa a’zolari esa oʻzaro mushtlashgani-mushtlashgan. Katta oʻgʻil Yoqub, Shokir va Nasiba, hovlini boshlariga koʻtarib, shovqin solib urishib-talashardilar. Bular tinch turishganda Rahmon aka bilan Karima opa janjal koʻtarishardi. Nazira bilan Sulton esa endi tetapoya qila boshlagan boʻlib, ular hali janjal qilishni bilishmasdi.

* * *

Obida oʻn besh yoshida oʻzgacha bir siymo kasb etgan edi. Iyagini baland, tik qomatli ojiza qizning uzun va qalin kipriklari, qaldiroʻoch qanotiday qayrilgan qora qoshlari oq yuziga ajoyib koʻrk bagʻishlagandi. Oʻspirin Obida koʻzi koʻrmasa-da, dadil va choʻrtkesar edi. U koʻzi ochiqlar yetaklab yurishini yoqtirmas, doim alyumin hassacha tutib yurar, qoʻlidan ushlab aqlboshi boʻluvchilarni oʻzidan nari surib:

– Mingtangdan bitta hassa yaxshi, – deb osmondan kelardi.

U har doimgiday shanba kuni kechqurun darvozadan kirib salom berdi. Supada oʻtirishgan oila a’zolari peshvoz chiqishdi. Qiz hassachasini supaga tirab qoʻygach, hamma bilan quchoqlashib koʻrishdi.

– Bizga qalanqat qani? – deya soʻradi u.

Qalanqat tut mevasidan tayyorlanadigan shirinlik. Karima xola taomlar qatorida oxirgi qalanqatni tovoqqa solib dasturxonga qoʻygan, oila a’zolari uni paqqos tushirib boʻlishgandi.

– Boshqa narsalardan yeyaqol, qizim, – dedi onasi.

– Qara-ya, seni unutib qoʻyibmiz, – xijolat boʻldi Rahmon amaki.

– Hechqisi yoʻq, – soʻqir qiz iljayib, boʻshagan tovoqqa nonni surtib ogʻziga soldi va oʻz odatiga koʻra mezbonlarga zahrini sochdi. – Koʻz ulashayotganda meni hatto xudo unutib qoʻygan-u, sizlar unutsangiz nima boʻpti.

Dili vayron boʻlgan ota va ona dasturxon ustida sukutga toldilar. Soʻqir farzandning bu achchiq soʻzlari ularning qalbiga xanjardek sanchildi. Ertasiga Rahmon amaki yakshanba bozoriga borib, soʻrab-surishtirib yarim kilo qalanqat topib keldi. Obidani erkalab, bosh-koʻzini silab, Karima xola ortidan paxtazorga ketdi. Obida supaga oʻtirib olib, Sulton va Naziraga qalanqat yedira boshladi. Nasiba kasallikka koʻp chalinganidan uni avaylab erkalatib qoʻyishgandi. Erkatoy qiz tozalikka rioya qilmas, qoʻl-oyogʻini yuvishga erinar, burun qoqishdan koʻra burun tortishni osonroq koʻrib, Obidaning oʻashiga tegardi. U Sulton va Naziraning orasiga tiqilib, yuvilmagan qoʻlini tovoqqa choʻzdi. Obidaning lablari asabiy pirpiradi. Singlisining qoʻliga qoshiq bilan bir tushirdi.

– He-e-e! – burnini tortib ovozini baralla qoʻyib yioʻladi Nasiba. – Hoy, Obish! Nimaga menga bermayapsa-a-a-an? He-eh-e! He-e-e-e!

– Sen qoʻlingni yuvmagansan! – tergadi uni Obida. – Qoʻl-oyooʻingni yuvib, burningni tozalab qoqib kelsang beraman.

– Berasa-a-an! He-e-e! Yuvmasamam berasa-a-a-an!

– Oyogʻingni yuvmasang tovoning yorilib ketadi! – dedi Obida qoʻlini bigiz qilib.

Nasiba opasining koʻrligidan foydalanib, tovoqdagi taomga sezdirmay yana qoʻl choʻzdi. “Zolim” soʻqirning uzun kipriklari pirpirab, qoshlari chimirilib, biri soʻroq, ikkinchisi undov belgiga aylandi. U sal oldinga enkayib, Nasibaning yuziga shapaloq tortib yubordi. Supadan agʻdarilib tushgan Nasiba qattiq gʻazablandi. Obidaning ortiga oʻtib, kuraklari orasiga bir musht tushirib qochdi. Koʻrlar oʻzlarini urgan odamni chaqongʻich hasharot va gazandalar bilan barobar koʻrishadi. Oʻtirgan joyida qadam tovushlariga quloq tutgan Obida, Nasiba joylashgan joyni aniqlab olgach, qahru gʻazabga mindi. Sakrab oʻrnidan turib, supaga suyogʻliq hassachasini qoʻliga oldi. Oyogʻiga Karima xolaning katta kovushini ilib, Nasibaning qochishga qulay yoʻlini toʻsib, atrofga diqqat bilan quloq soldi.

Nasiba qoʻrquvi ortib, ehtiyotkorlikni unutdi. Supa yaqinidagi dahlizga chopib kirib, eshikni ichkaridan yopib oldi. Ojiza oʻolibona jilmayib, bor kuchi bilan itarib, eshikni ochdi. Nasiba tashqariga qochmoqchi boʻlib, Obidaning yonidan emaklab oʻta boshladi. Ammo koʻrning temir hassasi uning oriq yelkasiga qarsillab urildi. Nasiba shoʻrlik jazodan qochib qutulolmadi. Oyoq-qoʻllariga besh-olti marta achchiq zarba yegach, dodlab palosga yotib oldi.

– Bor, aytganimni qil! – buyurdi Obida temir tayooʻini uning boshi uzra oʻynatib.

Bir muddat hovlini boshiga koʻtarib yioʻlagan Nasiba oxiri yuvina kelib, oʻz ulushini oldi. Obida bir-ikki luqma shirinlikni oʻz qoʻli bilan ukasiga yedirib, uning boʻynidan quchoqlab, yuvilgan yuzidan asta oʻpdi.

– Mening ukajonim biram shirinki! – deb qoʻydi, kipriklarini pirpiratib jilmayarkan.

– He-e-e! Jinni-i-i! – xoʻrligi kelib chaynalib yigʻladi Nasiba. – Seni hali oyimga aytib beraman! He-e-e-e!

Ojiza qiz qalanqatdan bir luqma ham yemadi. Chamasi, unga qalanqat emas, boshqa narsa kerak edi. Kechqurun Karima opa va Rahmon aka Nasibaning arzu dodini eshitib, qavarib chiqqan boldirini koʻrib achchigʻlanishdi.

– Qiz oʻlmagur! – javradi Karima opa. – Shunchaligam urasanmi bolaginamni?

– Bolaga yoshlikdan toʻgʻri tarbiya berish kerak, – dedi Obida pinagini buzmay. – Hovlini toza tutish kerak. Boʻlmasa farishtalar uyimizga kirmay qoʻyishadi.

– Ola-a-a! – kuldi Yoqub. – Sankom siyosatni boshladilar-ku!

– Sen, Yoqub! – harbiy xizmatni bitirib qaytgan akasini tergadi Obida. – Nos chekasan. Vino ichasan. Oyooʻing sassiq! Paypogʻingni yuvmaysan!

– Ola-a-a, – xoʻmraydi Yoqub. – Sizni nima ishingiz bor men bilan?!

– Shokir sigaret chekarkan, – unga parvo qilmay hammani ayblay ketdi Obida. – Oʻrischa uyat gaplar bilan soʻkinarkan. Armiyaga borib kelsa bu ahmoq kim boʻladi? Nasiba boʻlsa burnini qoqmaydi. Qoʻlini yuvmaydi. Hamma yogʻi sassiq. Naziringizdan doim siydikni hidi keladi. Qovugʻiga qoʻy yogʻi suring, deb oʻtgan gal aytganman! Sulton jinni boʻlsa supani yoniga siyadi. Hojatxonaga bormaydi. Bu uyda tartib yoʻq! Hovlini tozaroq supuring, oyi! Yuvgan kiringizdan sovunni hidi kelyapti. Shu kirni toza suv bilan ikki emas, uch qur chayqasangiz boʻladi-ku?!

– Voy xudo! – shangʻilladi Karima opa bu aybnomalarga chidolmay. – Qaynanamdanam bunaqa dakki yemagandim. Voy, Ozodaxon, shoʻrimga shoʻrva toʻkilib tirilib keldingizmi ?!

– Onaginamni tinch qoʻy, xotin! Tuzukmi? – uning soʻzini boʻldi Rahmon aka, bitta-ikkita oq oralagan moʻylovi va qirtishlangan iyagini silab. – Obidamni hamma gapi toʻgʻri. Gapiraver, qizim. Bularni bir ta’zirini berib qoʻy!

– Hamma ayb sizda, dada, – davom etdi koʻr qiz. – Janjal qilganingiz-qilgan. Buvamdan qolgan tabarruk supada vino ichaverdingiz, ichaverdingiz. Mana, Yoqub bilan Shokir ham vino ichishni oʻrgandi. Karomatilla domlamiz suv boshidan loyqa, deganlar.

– Iyah! Voy padaringga senday qizni! – Rahmon aka fioʻoni falakka chiqib, uning gapini boʻlib baqirdi. – Oʻchir uningni! Kaltak yeysan hozir!

– Qani uribam koʻring-chi! – orqa tomonidagi temir hassasini qoʻliga oldi soʻqir qiz. – Bu uyda biror kun tinchlik yoʻq. Hamma bir-biri bilan urishadi. Birortasi xudoga shukur qilib non yemaydi! Qachon shu yerga kelsam, bekorchi janjalni ustidan chiqaman!

Rahmon akaning oila a’zolari koʻr qizdan dakki yeb, bir-birlariga qarab sukutga toldilar. Uning tanbehlarini tan olishga gʻururlari, inkor etishga esa vijdonlari yoʻl qoʻymadi. Koʻr qiz sogʻlom odamlardek hunarboz soxtakor emasdi. U hamma ishni toʻoʻri bajarib, toʻgʻri soʻzlab, toʻgʻri yashardi. Negaki, bundan boshqacha usulda yashash tabiatida yoʻq edi.

* * *

Shokir shahar internatida oʻqiyotgan singlisini hammadan koʻra koʻproq sogʻinar, ba’zan Obidani birovlar urib xafa qilayotgandek tuyular, uni uyga qaytarib olib kelishlarini soʻrab, ota-onasining yuragini ezardi. Obida shahardan uyga kelmay qolgan haftada yakshanba kuni xaltaga yegulik toʻldirib, undan xabar olishga borardi. Bir safar Shokir, koʻrlar maktabida oʻzidan ikki yosh kichik, xoʻjaqishloqlik xushsurat Olim bilan tanishdi. U ham Obidaga oʻxshab tugʻma koʻr boʻlib, hatto yorugʻlikni ham sezmasdi. Olim tili burro gʻazalxon, kuchli shashkachi, qiroatini kelishtirib Qur’on tilovat qiladigan, shirali ovozda kuylovchi iste’dodli yigit edi. Maktab hovlisidagi soʻrida Olim va Obidaning suhbatlashib oʻtirganlarini koʻrgan Shokir vaqti chogʻ boʻldi. Olim bilan tezda til topishib oldi.

– Men yaqinda harbiy xizmatga ketaman, – dedi Shokir Olimga. – Siz men qaytib kelguncha singlimni yomon bolalardan himoya qilib tursangiz. Obida juda yaxshi qiz.

– Biz buni bilamiz, Shokir aka, – dedi Olim. – Siz xavotir olmang, hammamiz Obidaxonni hurmat qilamiz. U kishini xafa qilishga hech kim botinmaydi.

Gapni chertib-chertib ma’noli gapiruvchi, yasan-tusanga usta chapani Obida, ikki barmooʻini qoshining ikki uchiga qoʻyib, oʻsmali nilni koʻzi ochiqlardan koʻra bejirimroq tortardi. Sezgir barmoqlari bilan xonaga qoʻngan changni darrov sezardi. Xonasidagi stol va darcha tokchalarini yaraqlatib artar, shiftdan osilib tushgan islarni supurgi uchida ilib tozalardi. Bu qizni qishloqda ham, shaharda ham oʻijim koʻylakda koʻrishmagan. Ish-malakasi kir yuvish va dazmol bosish. Gapi mantiqsiz, ogʻzi buzuq bachkana yoki tili zahar kishilardan nafratlanardi. Qoʻli terlaydigan, tishini yuvmaydigan, sarimsoq yeydigan kishilar oʻziga yaqinlashsa, hassasini suhbatdoshining qorniga botirib:

– E-e! Oʻsha yerdan turib gapiraver, xudoga shukur, qulogʻim kar emas, – derdi.

– Yorugʻ dunyodagi har bir inson gʻarib, – deb unga dashnom berardi Olim. – Siz yomon odamga ozor bersangiz ham gʻaribga ozor bergan boʻlasiz, Obidaxon. Bu qiligʻingizni tashlang.

Obida va Olim oʻrtasidagi doʻstlik uzoq yillar davom etdi. Koʻzi ojizlarning aytarli barchasi musiqa va she’riyatga ishqiboz boʻladi. Ikkovlon goho joʻrlikda qoʻshiq kuylab turardilar. Bu doʻstlik bora-bora muhabbatga aylandi. Ular turmush qurib, shahardagi yotoqxonaga joylashib yashay boshladilar. Olimga tegmasdan oldin Obidaning xulq-atvori shoʻrqishloqcha edi. Olimning ta’sirida dimooʻdorligini tashladi. Oradan bir-ikki yil oʻtgach, butunlay xoʻjaqishloqcha xulq-atvorga oʻtib oldi. Karima xola aytmoqchi, qiz shoʻrlik muloyim supurgiga aylandi. U tengdoshlariga qoʻshilib, Shoʻrqishloq koʻchalarida oyoq-yalang chopmagan. Gʻarb va sharq tomondagi baland adirlarni, shimolda joylashgan moviy togʻlarni, qishloq janubida mil-millab oqayotgan suv toʻla anhorni koʻrmagan. Oʻrtoqlari bilan ariqlar boʻyida “non-oqizoq” oʻynamagan. Shunday boʻlsa-da, Obida Shoʻrqishloqning toʻpori odamlarini, booʻ-rooʻlarining atrini juda sevadi. Oʻlmagan qul niyatiga yetarmish. Mana, notavon Obida ham homilador boʻlib, farzand kutmoqda. Agar Shokirning hushi joyida boʻlsa, homilador singlisini yuqorida qayd etilgan alfozda kutib olarmidi. Obidaning unga qanchalar suyanib yashashini nahotki sadoqatli aka unutib yuborgan boʻlsa? Ehey, odamlarga nima boʻldi oʻzi?.. Axir, singil uchun bugʻdoyzorni bosganga jazo yoʻq deydilar.

* * *

Tugʻish arafasida ahvoli tanglashgan notavon ayol doktorning undovi bilan qishloqqa keldi. Yuragi qisib, oyogʻi ogʻrib, shahar havosining dimligi tufayli nafasi boʻoʻilib qiynaldi. Oy-kuni yaqinlashgani sari bechoraning yuragiga gʻulgʻula tushib, ota-onasidan umidvor boʻlgan edi. Oʻz uyiga sigʻmay qolganini anglagan Obida koʻngli choʻkib, tilini tishladi. Rahmon amaki bilan Karima xola supada oʻtirgan Olim va Obidaning arzu dodini tajang kayfiyatda tingladilar.

– Shu ishingni qoʻy desam koʻnmading, – javradi Karima xola. Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga. Oʻzimni tashvishim ozmidi, bolam. Nazirani roʻzgʻori notinch. Nasibani ichi ogʻrigani-ogʻrigan, boshi kasaldan chiqmaydi. Shokir qarzga botdi. Bolalarimga nima boʻldi demay, koʻchada sangʻib, buzuq xotini bilan domga borib yotib oldi. Yoqub lavoqni boʻlsa xotini eshak qilib minib yuribdi. Mashinasiga toʻrtta qaynisini oʻtqazib olib, koʻchamizni changitib oʻtib ketadi. Darvozamizga bosh tiqib oʻtishga erinadi. Unga na ota kerak, na ona. Bir qishloqda yashamasak ham mayli edi. Sultonni aytmaysanmi! Oʻlgur ichib olib, qishloqni boshiga koʻtarib ashula aytadi. Yigirma oltiga kirdi. Haliyam uylantirolmaymiz. Bitta tinch oʻtirgan bolamiz sen eding. Mana, senam oʻalva orttirib kelibsan. Uff! Boshimni qayerga ursam ekan-a?

Chorasiz soʻqir eru xotin, ayb ish qilib qoʻygan boladek, churq etmay oʻtirishar, Obida hayajonlanib titraganda, Olim oppoq qoʻlini asta siqib qoʻyar, “parvo qilmang” deya pichirlab, dalda berardi.

– Oyijon, – dedi Olim bosiqlik bilan. – Hali hammasi oʻz oʻrniga tushib ketadi. Meni sizlardan boshqa hech kimim yoʻq. Toʻlqin tooʻamning kelinlarini koʻzi yorigan. U yerga borolmaymiz. Agar oʻz ota-onam hayot boʻlishganida, sizlarni bezovta qilmasdik.

– Sizlarga bolani nima keragi bor edi, – dedi Karima xola bir oz shashtidan tushib. – Xudo deb tinchgina yashayversanglar boʻlardi-ku...

– Unday demang, oyijon, – xoʻrsindi yuragi ezilib Obida. – Bizlardanam birorta tuyoq qolsin. Dunyodan benomu nishon oʻtib ketmaylik... Unday demang...

– Toʻgʻri aytasan, qizim, – deb qizini qoʻlladi Rahmon amaki. – Onang qarib miyasi suyilib qolgan. Xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻladi.

– Nima? – toʻngʻilladi Karima xola. – Siz tugʻib koʻribsizmi?

– Koʻnglim sezib turibdi. Hammasi yaxshi boʻladi.

– Ikkisini koʻzi koʻr boʻlsa, – dedi choliga oʻchakishib Karima xola. – Bolasi oʻsib-unib oyoqqa tursa, katta koʻchada yugurib qochsa, ikkisi koʻchani boshiga koʻtarib dodlab qolaveradi-da. Sizga shu kerakmi?

– Oldindan fol ochib javrayverma, tuzukmi?! Balki bularni bolasiyam koʻr tugʻilar, – dedi Rahmon amaki. – Hali ikkita koʻrdan koʻzi ochiq bola tugʻildi-yu, katta koʻchaga qochib ketdimi! Juda mayda gapsan-da, kampir.

Koʻrlar qalbiga kampirnikidan koʻra cholning soʻzlari, ooʻirroq botdi.

– Shundaymikin? – qayoʻurib boshini egdi Obida. – Men tufayli yana bitta koʻr tugʻilib, bu dunyoda paypaslanib yurarkan-da?

Karima xola Rahmon amakiga koʻzini olaytirib bosh chayqadi. Eri kiftini qisib qoʻllarini yoydi.

– Anavi odamni koʻringlar! – achchiqlandi Karima xola va Obidaning koʻnglini koʻtargan boʻldi. – Sen parvo qilma, qizim, dadang oʻylamay soʻylaydigan boʻlib qolgan.

Darvozadan Rahmon amakining ammavachchasi mulla Hakim kirdi. U – oq-qizil yuzli, uzun soqoli qorday oqargan, beli bir oz bukchaygan, lekin hassaga tayanmagan serharakat, bardam qariya. Yoshi saksonga yetib qolgan mulla Hakimning yuz-koʻzidan ilmu ma’rifatdan boxabarligi yaqqol sezilib turadi. Boshiga kuloh doʻppi, egniga oq yaktak-ishton, koʻk chopon, oyooʻiga kalish-mahsi yoki kovush kiyadi. U ohista odimlab, doim pichirlab duo oʻqiydi. Qoʻlidan tasbeh tushmaydi. Yalinchoq ohangda halimlik bilan soʻzlaydi.

– Rahmon eshon?! Hov, Rahmon eshon! – deb chaqirdi u darvoza yonida toʻxtab.

– Labbay?! – Rahmon amaki peshvoz chiqdi.

– Masjidga joʻnadim. Asrni birga oʻqirmiz?

– Aka, – dedi u bilan soʻrashib xonadon sohibi. – Olimjon kuyov kelganlar. Men tahorat olib chiqay. Siz ungacha bular bilan soʻzlashib, choy ichib oʻtiring.

– Boʻpti-boʻpti, – dedi u va xonadon ahli bilan iliq salomlashdi.

Karima xola roʻmoli bilan yuzini toʻsib, ichkari xonaga kirib ketdi. Mulla Hakim supaga oʻrnashib oʻtirib olgach, fotiha oʻqidi.

– Tuzukmisizlar, bolalarim? – deb mehmonlardan hol soʻradi. – Olimjon, tuzukmisiz?

– Rahmat, amaki, – bosh egdi Olim.

– Sen qalaysan, Obida qizim?

– Rahmat, amaki, – bosh egdi Obida. – Oftob xolam yaxshimilar?

– Xolangiz yuribdi Allohni panohida. Qochib qayoqqayam borardi, – dedi qariya va Olimga yuzlandi. – Oʻgʻlim, bu yil nechanchi poraga yetdingiz? Oʻtgan safar oʻn poraga yetdim degandingiz?

– Hoziram oʻsha-oʻsha, – dedi Olim. – Jamiyatimizda ish koʻp. Yana sholcha toʻqiydigan dastgohlarni koʻpaytirdik.

– Ha, roʻzgʻorchilik shu-da.

– Ha, kitob oʻqish, Qur’on yodlashga vaqtimiz oz qolyapti, xoʻrsindi Olim.

– Oʻzingiz qancha yodladingiz?

– Besh poraga yetib qoldi. Siz qanday qilib barakali yod olasiz?

– Magnitafonga yozib olib yodlayman. Ustozlar qiroatini tinglayman. Quyma quloqmiz-da, amaki.

– Koʻzi ojizlarga duo tekkan-da, Olimxon qori, – dedi mulla Hakim. – Hazrati paygʻambarimizni koʻr qorilari haqida bilasiz-a?

– Abdulloh ibn Ummu Maktum, – jilmaydi Olim.

– Ha! U kishini otlari Abdulloh ibn Ummu Maktum, – choy hoʻpladi qariya. – Hazrati paygʻambarimiz Makka raislarini dinga da’vat qilayotganlarida, qurayshlar orasida shu kishiyam oʻtirgan ekan. Quraysh raislari paygʻambarimizga ixlos qilmabdilar. Abdulloh esa suhbatga aralashib, “hoy, Muhammad, bularni qoʻy, islomni menga oʻrgataqol”, deb yalinaveribdi. Hazrati paygʻambarimiz alayhi salom uni xarxashasidan zerikib, yuzlarini chetga buribdilar. Shu kuni kechasi “Abasa” surasi nozil boʻlibdi. Tong otishi bilan Rasululloh Abdullohni uylariga yoʻqlab boribdilar. Uni quchoqlabdilar. “Ey, Allohimdan menga dakki olib bergan zot, ayting, sizga nimani oʻrgatay?” deb soʻrabdilar. Shu kundan e’tiboran Abdulloh, Qur’oni karimni yodlab, yoqimli ohangda bulbuldek sayraydigan boʻlibdilar. Zamonasi yetib Yasribdagi ansorlarga shu qorini ustozlikka yuborishibdi. Oradan bir yil oʻtgach, Hazrati payoʻambarimiz alayhi salom hijrat qilib Madinaga borsalar, Abdullohni shogirdlari bulbuligoʻyodek tilovat qilayotganmishlar. Xudoi taolo bir koʻzi ojiz bandasini mana shunday aziz qilgan ekan. Agar sizlar oʻksinsangiz xato qilasizlar, bolalarim. Xudo xor bandasini bir kuni kelib albatta aziz qiladi.

– Oh-oh-oh! – quvondi Olim.

– Omin! Ilohim uvali-juvali boʻlinglar! Xoru zor boʻlmanglar. Allohu akbar!

Qariyalar masjidga ketishdi. Olim, Obida va Karima xola, bir oz undan-bundan suhbatlashdilar. Olim qoʻl soatining murvatini burab, oynasini ochdi. Barmooʻi bilan paypaslab vaqtni aniqladi.

– Shaharga kun botmay yetib olishim kerak, – dedi u. – Soat toʻrt boʻlyapti, Obidaxon. Xarxasha qilmay, odobli qiz boʻlib oʻtiring. Men indinga kelaman.

– Yoʻllarda ehtiyot boʻling, – dedi Obida.

– Xoʻp, xoʻp.

– Ovqatingizni oʻzingiz eplab pishira olasizmi?

– Bir amallayman. Siz oʻzingizni oʻylang.

Olimjon hamma bilan quyuq xayrlashdi. Karima xola bu tuoʻma basirlarning mehr-oqibatlarini koʻrib ajablandi. “Koʻrlarga shuncha mehrni bergan xudoga hayronman, – deb oʻyladi u. – Nega shu mehrni koʻzi ochiqlarga bermaydi?.. Ehey, zamon aynidi, zamon. Naslu nasab aynidi...”

Toʻrtinchi bob. Koʻmilib ketgan ilmlar

Nazarkarda Zunnur eshon bashorat qilganidek, nafaqat begonalar, oʻz avlodlari ham jaholat botqogʻiga botishdi. Bir zamonlar bu xonadonda, ilmu ma’rifatli Zunnur eshon, uning oʻgʻli Eshondada eshon, oltin suvi yuritilgan naqshinkor kitoblarni oʻqishgan. Otasi va ammavachchasi mulla Hakimning ayanchli oqibatini koʻrgan Rahmonali, bu yorugʻ dunyoda tinchroq yashagisi kelib, ajdodlar ma’rifatidan voz kechdi. Bu xonadonda soʻqir Obidadan tashqari hech kim kitob oʻqimaydi. Bir qator qilib qurilgan eski va yangi xonalarda maktab dasturiga daxldor kitoblardan boshqa kitob yoʻq.

Obida bugun oʻzi tugʻilgan hayhotdek hovlida tanho qoldi. Hamma oʻz yumushi bilan har yoqqa tarqaldi. Karima xola, oʻrtancha qizi Nasibadan ahvol olish maqsadida, Rahmon amakini yetaklab, tong sahardayoq uydan chiqib ketgan. Hammadan soʻng eshikni ustidan qulflab, Oyxon ham bozorga joʻnadi. Obida hovlida tanho qolgach, supaga toʻshalgan koʻrpachaga oʻtirib, koʻzi ojizlar uchun maxsus chop etilgan kitobini mutolaa qila boshladi. U boʻrtma nuqtalar zarb qilingan rangsiz va jilosiz kitobning, gʻadur-budur sahifalarini paypaslab, barmogʻini boʻrtma satrlar boʻylab yurgizar, ongida nuqtalar yigʻimidan tamgʻa, tamgʻalar yigʻimidan soʻz va soʻzlar toʻplamidan gap hosil qilib oʻqirdi.

Hovlidagi sukunatga raxna yetgach, hushyor tortgan ojiza ayolning kipriklari ketma-ket yelpindi. Kunbotish tarafdan eshitilayotgan shitirlashlarga quloq osib, nafasini ichiga yutdi. Hovli devoridan Zohida oshib tushdi. Supa ustidagi Obidani kuzatib, bir muddat devorga qapishib turdi. Koʻchadan bolalar va Olaparning shovqini eshitildi. Zohida choʻchib atrofga olazarak boqdi. Keyin oshxonaga kirib, kapgirni olib chiqdi. U oyoq uchida yurib, Obidaning yaqinidan oʻta boshladi. Obida ovqat va atir hidini tuydi. Achchiqlanib yuzlari burishdi. Bosh chayqab kitobdan barmoqlarini uzdi.

– Zohida opa, kapgirni oʻz oʻrniga qoʻying!

– Voy, xudo! – deb yubordi Zohida.

Tosh yoʻlakka tushgan kapgir jaranggi Adirkoʻchaga baralla eshitildi.

– Nega bunday qilyapsiz, Zohida opa?

– Men koʻrindimmi? Meni koʻryapsizmi?

– Bilasiz-ku, men yorugʻlikniyam koʻrmayman, opa.

– Unday boʻlsa meni qanday tanidingiz? Avliyomisiz?

– Yoʻq, – Obidaning peshonasi tirishdi. – Men sizni kovushingiz tovushidan tanidim. Oʻtgan kungi oʻtirishda atiringiz hidini eslab qolganman. Kapgirni oʻrniga qoʻying.

Zohida oshxonaga kirib, kapgirni qozonga solib, qaytib chiqgach, supada bemalol oʻtirib olib, tizzasiga shapatilagancha, hoʻngray boshladi.

– Sharmanda boʻldim! Meni erim urib oʻldiradi! Voy, endi bolalarim qanday bosh koʻtarib yurishadi! Voy, onajon, xarob boʻldi-i-i-im!

– Och qolyapsizlarmi, opa? – soʻradi Obida.

– Yoʻq, oʻlar-qolar chogʻimiz yoʻq, Obidaxon. Voy, qandoq qilaman?..

– Oʻgʻri boʻlib ketibsiz-da?

– Yoʻq, men oʻgʻrimasman! – balandroq yigʻladi Zohida.

– Oʻzingizni aldamang, – dedi Obida. – Mis lagan, paqir, qosh tergich, yarim ishlatilgan shampun... bularni oʻgʻirlash faqat sizni qoʻlingizdan keladi. Siz ilgari piyozdoq qilayotganda doim goʻsht chaynab turardingiz. Oʻshandayoq oʻgʻriligingizni bilgandim. Salim akam sizni koʻp urarmish. Nega shunday qiladi, bilasizmi?

– Yoʻq... – xoʻrsindi hiqillab Zohida.

– Oʻgʻrilikni siz qilasiz, begunohlar gumon ostida qolib azoblanadilar. Keyin ularni qargʻishi sizni tutadi. Jazoingizni shunaqa qilib eringiz beradi, opa.

– Obidaxon, – yolbordi Zohida. – Iltimos, hech kimga aytmang! Rahmingiz kelsin. Ikki bolamni yetim qilmang! Erim meni urib oʻldiradi.

– Mayli, – dedi Obida. – Oʻgʻirlagan narsalaringizni oʻrniga chiqarib qoʻying. Boshqa oʻgʻrilik qilmang. Kelishdikmi?

– Kelishdik, – rozi boʻldi oʻgʻri qoʻshni. – Hamma narsanglarni qaytarib beraman.

Nogoh darvoza taraqlab ochildi. Bozor xaltalarni koʻtarib, qora terga botgan Oyxon kirib keldi. Supaga xaltalarni qoʻydi.

– Iya?! – peshona terini artdi Oyxon. – Ha, keling, qoʻshni?

– Men... haligi... – taysalladi Zohida. – Qoʻshnim zerikmasin deb, devordan oshib tushdim.

– Obidaxon hech zerikmaydigan qiz edi-ku?

– Men oʻzim opamlarni chaqirtirib oldim, yanga, – oʻoʻrini himoya qildi Obida.

– Xoʻp boʻlmasa, – tisarildi Zohida. – Men uyimga chiqa qolay.

– Eshikdan chiqib ketavering-da, qoʻshni, – dedi Oyxon yoʻl koʻrsatib.

– Ha-ya!

Zohida soxta koʻtarinkilik bilan, koʻzlari ola-kula boʻlib, darvoza orqali koʻchaga chiqib ketdi. Oyxon supada oʻtirib yelpindi. Obida Oyxon yaqiniga kelib oʻrnashdi.

– Zohidaga juda qiyin-da, – achindi Oyxon. – Eri koʻp uradi bechorani.

– Bir gunohi bordirki, jazolayotgandir, – dedi Obida va jiddiy ohangda soʻradi: – Nima boʻlyapti oʻzi sizlarga, yanga?

Oyxon hasrat kitobini ochdi.

– Akangiz qarzga botib qoldilar. Anavi Mahliyo tufayli maishatga berilib, dastmoyalaridan ayrildilar. Rossiyaga yuborilgan mevalar yoʻlda chirib ketdi. Nasiyaga olingan mevalar haqini toʻlash uchun bor narsamizni sotdik. Mashinalarimiz ham arzon-garovga ketdi. Sigirdan, qoʻy-echkilardan ayrildik. Akangizni sheriklari pul qistab kelishsa, hovliniyam sotsak kerak.

– Sulton-chi?... – gʻamga botdi Obida.

– Uff... – yana javray boshladi Oyxon. – Hamma ayb mana shu Sultonda. U Rossiyaga mashinalarni boshlab ketgandi. Yoʻlda savdogarlarni milisalar, har xil yomon odamlar toʻxtatib, pul talab qilisharkan. Ular aytgan pulni toʻlash kerak ekan. Shunda mashinalar manzilga oʻz vaqtida yetib borarkan. Sulton pulni qizoʻanib, yoʻltoʻsarlarga kam toʻlabdi.

– Yoqub akam buni biladimi? – soʻradi yuragi ezilib ojiza.

– Be, – xoʻrsindi Oyxon. – Yoqub akamni ovsinim eshak qilib minib olgan. Bu yerga oʻt tushsa teshik paqiriniyam bermaydi. Yoqub akamda mehrdan asar yoʻq. Mahliyodan umidimiz bor. U pulimizni yarmini qaytarsayam mayli edi.

Darvozadan qizarib-boʻzarib Zohida qaytib kirdi.

– Voy, qoʻshnijonlar, – dedi u zoʻraki kulib. – Nega meni adashtirasizlar? Axir eshigim ichidan yopiq edi-ku? Voy, Oyxon!..

– Voy, qoʻshni?! – kaftini qisdi Oyxon. – Sizni eshigingiz ichidan berkligini men qayerdan bilay?

Zohida bir amallab paxsa devorga chiqdi. Oʻz hovlisi tomon qulab tushib, dodlagan ovozi eshitildi. Oyxon xavotir olib devor yoniga borib chaqirdi.

– Hoy qoʻshni? Tuzukmisiz ishqilib?

– Rahmat! – inqilladi Zohida. – Sogʻman! Rahmat!

Zohidaning ovozi oʻchdi.

Obida yana xonadon mushkulotini eslab gʻamga botdi.

– Jiyanlarim qachon kelishadi, yanga?

– Biror soatda kelib qolishar, – dedi Oyxon.

– Iltimos, meni qishloqda aylantirib kelishsin.

– Jon deb aylantirib kelishadi. Oʻzlariyam sizni juda sogʻinishgan.

* * *

Obida shu kuni tugʻilib oʻsgan qishlogʻida miriqib sayr qildi. Akasi Shokir haqida koʻp oʻyladi. Shoʻrqishloq zaminida asosan paxta, bogʻdorchilik va poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Shokir poliz va bogʻ mahsulotlarini Kamaz mashinasiga yuklab, Rossiya bozorlariga olib borib sotardi. Qovun-tarvuz, uzum, olma, shaftoli, olu, oʻrik va xurmo mevalaridan koʻp foyda koʻrgan. Ilgari barcha ishni Obida bilan bamaslahat qilardi. Obidaning oʻaroyib qobiliyati bor. U suhbatni tinglab oʻtirib, bir zumda oqilona yechim chiqara oladi. Agar u, bu ishdan yoki mana bu kishidan yaxshilik chiqmaydi desa, albatta aytgani boʻlardi. Ilgari Obida va Olim Shokirning xolis maslahatchilari edilar. Keyinchalik Mahliyo boshini aylantirib, ulardan deyarli uzilishib ketdi. Shokir koʻcha koʻrgan yigit boʻlgani bilan odamlarning yaxshi-yomonini koʻp ham farqlay olmaydi.

Shokirning uch qizi Obidani yetaklab, Sutbuloq ona mozoratiga bordilar. Obida avliyo ona qabriga baoʻishlab qur’on tilovat qildi. Oʻz oilasiga xudodan omonlik tiladi. Akasi Shokirga omad tilaganda soʻqir koʻzlaridan yosh keldi. Obida homilador boʻlsa-da, noshud xotinlardan farq qilardi. Uning tik qomati, keng tikilgan kuylagi, turmaklangan qora sochlari, boshidagi oq roʻmoli, oq-qizil yuzi, qaldiroʻoch qanotiday qoshlari, har qanday koʻzni oʻziga tortardi. U zamin uzra yengil odimlab borar, guyo afsonaviy Sutbuloq ona tirilib kelgandek, izlariga maysalar salom berishar, shabada erkalar va sochlarini oʻynardilar.

Ular aylanma soʻqmoq orqali adirdagi katta qabristonga borishdi. Eshon buvaning qabri yaqinida oʻsgan tut daraxti soyasidagi soʻriga oʻtirishdi. Qizlar atrofdagi qabrlardan qoʻrqib shumshayib qolishdi. Obida yana qur’on tilovat qilib, marhumlarga bagʻishladi.

– Amma, men qoʻrqyapman, – dedi yuragi uvishib Shokirning oʻrtancha qizi.

– Bu yerda katta buvalarimiz yotishibdi, – dedi Obida. – Ulardan qoʻrqsang xafa boʻladilar. Ular dadangni, buvang bilan buvingni, meni yaxshi koʻrishgan.

– Ular qayerda? – soʻradi katta jiyani Shahzoda.

– Qorasoch buvimlarni qabrlari anavi, – dedi Obida tutni ushlab qarshisiga ishora qilib. – Roʻparamizdagisi Zunnur eshon buvamlarniki. Ularni ortida ikkita qabr bor. Bular Eshondada buvam bilan Ozodaxon buvimni qabrlari. Men Eshondada buvamlarni eslayman. U kishi toʻrt yoshimda oʻlganlar. Ozoda buvimlar esa men maktabga ketganimdan soʻng oʻlganlar. Ular meni juda yaxshi koʻrishardi.

Shokirning qizlari qabrlarga boqib, oʻyga choʻmdilar.

– Toʻrt yoshingiz esingizdami, amma? – soʻradi oʻrtancha Ozoda.

– Nega esimda boʻlmasin, hammasi esimda, – dedi Obida jilmayib. – Dadang meni toʻrt yoshimda katta ariqqa choʻkayotganimda qutqarib qolgan. Buyam kechagiday esimda. Soʻrab koʻr-chi, dadangniyam esida bormikin.

– Eslarida yoʻq, – dedi kenjatoy Oʻgʻiloy. – Dadamni kallalari yaxshi ishlamaydi. Hamma narsa eslaridan chiqib qoladi. Har kuni ertalab paypoqlarini topolmay oyimni urishadilar.

Ziyoratchilar kechga tomon uyga qaytishdi. Qizlar koʻhna qabrlarda yotgan bobolari va momolari haqida oʻy surib borar, Rahmon amaki va Karima xolaga oʻxshagan, ulardan ham qariroq erkak va ayollar siymosini tasavvur qilib, orzu-armonlarga toʻla olamga boqib, entikib-entikib qoʻyardilar. Qiziq, dunyodan oʻtib ketishgan oʻsha ota-bobolar qanday boʻlishgan ekan-a?

* * *

Yuz yillar muqaddam Shoʻrqishloq hayoti mutlaqo boʻlakcha edi. Bir umr roʻza tutgan Zunnur eshonning oq yuzidan nur yogʻilib, surma tortgandek qora koʻzlari jilvalanib turardi. U koʻrinish berganda qishloq ahli egilib-bukilib istiqboliga peshvoz chiqib, oppoq va mayin qoʻlini koʻzlariga surtardi. Eshon qishloqdagi har bir odamni nomma-nom tanirdi. Har birini ismini aytib murojaat qilar, har biriga tegishli pandu nasihat berardi. Mushkul muammolarni yechib, janjallashgan tomonlarni osongina yarashtirardi. Uning ooʻzidan chiqqan kalomlar, ilohiy bashorat kabi zuhurga kelib, ixlosmandlarni lolu hayron qilardi. Ular soʻlim booʻidagi toshsupada oʻtirib, dam soldirib, duosini olib ketardilar.

Oktabrь inqilobidan bir yil avval, eshonning supasida, yigirma kishiga yaqin jamoat jamlandi. Shoʻrqishloqning keksayib qolgan Horunboy, oʻrta yoshli Nurmuhammadboy, Otaxonboy va Saidazimboy kabi boylari tashrif buyurib, Zunnur eshon ilhomlanib sharhlagan oyatu hadislarni maroqlanib tingladilar. Shu kuni u aytgan soʻzlar kelajakdan bashorat ekanini hech kim sezmay qoldi.

– Noqis aqlimizni ishlatib atrofga boqsak, bandaning qoʻlida hech narsa yoʻq ekan, – dedi u mudroq ohangda. – Olamga toʻymagan koʻzlarimiz, jon qushi tanamizni tark etgach, Allohning mulkida qolib ketarkan.

– Haq, haq, taqsir, – deb bosh egib qoʻyishdi tinglovchilar.

Eshon ma’yuslanib soʻzida davom etdi:

– Bu dunyoga etak silkib oʻtdik. Ammo undan uzilishib ketolmadik. Janobi Haq diydoriga yetolmadik. Kecha gʻarib quli “Muftohul jinon, misbohul iymon” kitobining qiyomat sahifalarini ochdi. Hazrati Rasululloh marhamat qilibdilar: Qiyomat oldida, olimlardan ilmiga amal, boylardan saxovat, amaldorlardan qonunga itoat, gadolardan qanoat, avomdan sharmu hayo ketur. Shu aytilgan belgilarni oʻz yurtida koʻrib, gʻaribning yuragini vahmi qiyomat larzaga soldi. Gʻarib chor tomonga boqib koʻrsa, obidlaru olimlarning koʻzlari soʻqir boʻlib, el boshiga baloyu qazolar bosib kelayotgan emish. Ilohim mehribon Alloh bu jafokash elni oʻz panohida asrasin.

Eshonning shogirdlari, ixlosmand boylar, oʻzga yurtlardan kelgan darvishlar:

– Omin! Aytganingiz kelsin, pirim! – deya xitoblar qildilar.

– Biringiz boy, biringiz darvish, – dedi toʻrda oʻtirgan eshon ommaga yuzlanib. – Biringiz amaldor, biringiz tobe. Biringiz shoyi kimxob kiyibsiz, biringiz namat. Birovda ilm bor, birovda oltin. Soʻraguvchilar soʻradilar: kimda mas’uliyat katta? Kim xudoga yaqinroq? Javob qildilarkim: hammada mas’uliyat katta, hamma Allohga yaqin. Alloh kimga nazar solsa, oʻsha bandasini oʻzining yuz ismi sifatidan biriga monand qilib qoʻyadi. Alloh moʻmin edi, nazariga sazovor boʻlgan bandasi moʻmin boʻlib, iymon topdi.

– Qulluq, pirim, tasanno, pirim, – egilishdi darvishlar.

– Alloh olim edi, nazari tushgan bandasini olim qildi, – davom etdi eshon. – Unga oʻz ilmidan bir hissai omonat berdikim, bandam ilmimni elga tarqatsin deb. Ammo oʻofil olim bu ilmni qizoʻanib, oʻzgaga ravo koʻrmadi. Qiyomat kuni uning ooʻziga erigan qoʻrgʻoshin quyiladi.

– Oh, astagʻfurulloh, – bosh egishdi darvishlar.

– Alloh boy edi, nazari tushgan bandasini boy qildi, – odatiga yarasha qiroat ila soʻzladi eshon. – Nazarkardalarning mas’uliyatlari, nasibalariga yarasha kattadir. Qiyomat kuni haq tarozisi tortilganda, Alloh jalla jalol soʻradi: “Ey, bandam, boy edim, boyligimni senga omonat topshirgandim, shuni qanday tasarruf qilding? Uying toʻla buoʻdoy edi, nega yurtingda och qolgan bandalarim mendan norizo boʻlib nolai zor qildilar? Men roʻyi zaminga tushirgan boylik bisyor boʻla turib, nega bandalarim qashshoq yashadilar, uylanmay-joylanmay oʻtdilar? Huzurimda kim degan odam boʻlding? Meni yerdagi soyam boʻlasan deb, zimmangga yuklagan vazifamni a’lo oʻtaysan deb, senga nazar solgandim. Omi bandalarim ustidan seni mas’ul qilgandim.”

– O, hasrato alhamdullilloh, o, hasrato, – koʻzlariga yosh qalqib, boshlarini egishdi shoʻrqishloqlik boylar.

– Dilingizda ilm boʻlsa kimga bermak kerak? – oʻzi soʻrab oʻzi javob berdi u. – Tolibi ilmga bermak kerak. Qoʻlingizda non boʻlsa kimga bermak kerak? Ochu yalanoʻochga, miskinu musofirga bermak kerak. Ishqu muhabbatni mehribon Allohga, boʻsh vaqtni ilmu hikmat va toat-ibodatga, hurmatu ehtiromni ota-onaga, ta’lim-tarbiya ila mehrni farzandga, kuch-quvvatni halol mehnatga, Haq farmoni ila yetib kelsa, shirin jonni Malikul Mavtga bermak kerak. Gʻarib oʻylab koʻrsa, biz bandalar, oʻz tasarrufimizdagi har bir narsani oʻz egasiga yetkazib berguchi bir dastyor ekanmiz. Dastyorlikda xatoga yoʻl qoʻysak, Ulugʻ Podshoh – Alloh bizni jazoyu sazoga griftor qilar ekan. Ertaga bul janobi Aziz haqdor bergan omonatlarini tortib olmasa edi, dargohidan quvib solib, sharmandai sharmisor qilmasa edi, deb bandasi qoʻrquv iztirobiga tushdi.

– Yashang, pirim! Haq aytdingiz, pirim! – nido qildi muridlar.

– Kelinglar, bir duo qilaylik, – deya fotihaga qoʻl ochdi eshon. – Iloho omin!

– Omin, – fotihaga qoʻl ochdi jamoat.

– Iymoni muhammadiy ila barchamiz oʻaflatdin uyoʻonaylik. Ilmimiz ila el koʻzini ochaylik, molu davlatimiz ila elni oʻz bolamizdek parvarishlaylik. Haqiqat qilaylik, adolat qilaylik. Janobi Odil, Janobi Haq qilgan gunohlarimizni kechirsin. Istiqbolda biz oʻarib qullarni kutib turgan balolar boshimizdan arisin! Alloh jalla jalol mehru shafqatini bizlardan darioʻ tutmasin. Omin Allohu Akbar!

– Omii-i-in!!

* * *

Ammo eshonning duolari ijobat boʻlmadi. Oradan yillar oʻtdi. El xudoning qahriga uchrab, dunyo isyonu tugʻyon alangasi ichida qoldi. Jahannamning qopqalari ochilib, otash ajdarlari oʻz oʻljalarini kutib, ooʻizlarini katta ochdilar. Ma’rifatli Zunnur eshon xonadoni tokchalarini toʻldirgan koʻhna kitoblarning aksariyati hattotlar tomonidan koʻchirilgan boʻlib, ba’zilari uch yuz yil avvalgi kitoblar edi. Toshkent va Qozonda bosib chiqarilgan bosma kitoblarning qogʻozlari qalin boʻlib, bu nashrlar Sankt Peterburgda nazoratdan oʻtkazilgach, bosishga ruhsat etilgandi. Hajmi, yozilish uslubiyati, qogʻoz va siyohlari har xil, zarmuqovali kitoblarni Zunnur eshon juda avaylab saqlardi. Kitobga nisbatan behurmat kishilarni yoqtirmasdi. Mutolaadan avval tahorat qilib, chordana qurib, lavh taxtasiga kitobni qoʻyib, xatchoʻplarni saralab, tegishli varaqni ochardi. Biron yumushi chiqib qolsa, albatta kitobni yopar, oʻz oʻrniga joylashtirar, aslo ochiq holda qoldirmasdi.

– Bir nuqta birla koʻzni koʻr qilurlar, bolalarim, – derdi u.

Bu hikmatli soʻzlar zamirida ikki xil ma’no bor edi. Arab imlosida “re” va “ze” harflari bir xil koʻrinishda boʻlib, “ze” ustida nuqtasi bor. Agar “koʻz” soʻzida nuqta tushirib qoldirilsa “koʻz” soʻzi “koʻr” soʻziga aylanib qoladi. Ochiq qolgan kitob sahifasiga mabodo pashsha qoʻnsa, nuqtali va nuqtasiz harflar ustiga, qoʻshimcha nuqta-dogʻlar tushib qoladi. Oqibatda mutolaa qiyinlashib, kitobxon “koʻzi koʻr” boʻladi...

Shoʻroviy faollar ma’rifatli xalq koʻzini koʻr qilishni bosh maqsad qilib oldilar. Arab alifbosida bitilgan barcha kitob ular koʻziga diniy qurol boʻlib koʻrinardi. Faollar xonadonma-xonadon yurib, barcha kitoblarni xalq qoʻlidan tortib ola boshladilar.

Bir bexosiyat kunda Zunnur eshon hovlisiga, ikki yigit bilan yigirma besh yoshli firqa faoli Safar Nugʻmonov kirib keldi. U kezlarda birorta shoʻrqishloqlik erkak soch qoʻyib, soqol qirdirmasdi. Uzun sochini orqaga tarab, soqol-moʻylovini qirtishlab, gimnastyorka kiyib yuruvchi oq yuzli xushsurat Nugʻmonov, gʻoyat iste’dodli boʻlib, oʻn sakkiz yoshigacha diniy madrasada tahsil olgan, keyin Rossiyada rus tilini oʻzlashtirgan otashin kommunist edi. Nugʻmonov eshiklarni yaltiroq etigi bilan tepib ochib, hujradagi kitob solingan sandiqni agʻdarishga buyurdi. Soʻngra u kitoblarni muqovasiga koʻz yugurtirib, saralab ikki boʻlakka ajratdi. Ajratib olingan kitoblar qoplarga solindi. Sakson yoshli Zunnur eshon somon-suvoq qilingan tosh supasida oʻtirar, bu gʻaroyib qaroqchilarning harakatlarini hayratga choʻmib kuzatardi.

– Bu kitoblarni ne qilmoqchisiz, azizlarim? – deb soʻradi u.

– Gulxanga tashlaymiz! – doʻrillagan ovozda javob qildi Nuoʻmonov, qora sochlarini ortga silab. – Shunda mehnatkash xalq afyun balosidan qutiladi.

– Afyun la’natga giriftor boʻlgan koʻknordan binoga kelmish, – dedi kuyinib Zunnur eshon. – Zahmatkash ilm ahlining mehnatu mashaqqati ila afyun orasidagi farqni koʻrmayotirsizmi?

– Bu kitoblar xalq koʻzini koʻr qilgʻuvchi gʻaflat! – dedi papiros tutatib Nugʻmonov.

– Xalq koʻzini savodsizlik ila kitobga behurmatlik koʻr qilur, – deya afsuslanib bosh chayqadi Zunnur eshon.

– Chego tiʻ ponimayeshь, temnota.

Nugʻmonov eshonga qoʻl siltab, yigitlarga ishora qildi. Faollar ikki qop kitobni orqalab xonadonni tark etdilar. Boʻshab qolgan sandigʻiga boqqan Zunnur eshon, katta oq sallasini boshiga oʻrab, oq chakmonini yelkasiga ilib, “asoi Muso” yooʻochidan yasalgan hassasini bir qoʻliga, muborak haj safarida Makkadan olib kelgan tasbehini ikkinchi qoʻliga olib, faollar ortidan guzar tomon shoshildi. Yoshi oʻttizdan oʻtgan Eshondada, oʻz otasidan xavfsirab, boshiga kuloh doʻppisini apil-tapil kiyib, uning ortidan ketdi.

Guzarda qishloqning kattayu-kichigi toʻplangan, oʻrtada katta gulxan yonib turar, gimnastyorka kiyib, qizil nishon taqqan, yigirma-oʻttiz yoshlar orasidagi navqiron faollar, oltita oʻspirin yigit va miltiqli toʻrt askar eski choyxona ayvoniga joylashgandilar. Nugʻmonov diniy kitoblarni qoralab uzoq gapirdi. Notiq soʻzi tugagach, oʻndan ortiq qopdagi kitoblar yerga agʻdarildi va gulxanga tashlandi. Ulamolar koʻziga surtib oʻqigan mushaflar, hadislar, ilm-ma’rifat durdonalari gurillab yona boshladi.

Zunnur eshon ahvolni koʻrgach, vujudi muzlab, peshonasidan sovuq ter chiqdi.

– Toʻxtanglar, musulmonlar! Toʻxtanglar! – bor ovozda baqirdi dahshatga tushgan eshon. – Aqlingizni yigʻing!

– Otajon! – uni bilagidan tutib ortga tortdi Eshondada. – Boshingizga balo chaqirmang!

– Ey, farzand?! – umrida birinchi marotaba gʻazablangan koʻzlarini oʻgʻliga tikdi Shoʻrqishloqning soʻnggi avliyosi. – Bu ne harakatkim, otangiz bilagini qayirmoqni ixtiyor etibsiz?!

Gʻofil farzand ota nigohidagi gʻalati bir begona uchqunni koʻrdi. Tunu kun shu farzand baxtu iqbolini soʻrab fotihaga ochiluvchi qoʻllar qayrilib, barcha duolar kunpayakun boʻldi. U ota duosidan ayrilganini his etdi.

– Avf eting, qiblagohim! Avf eting!

Zunnur eshonning soyasiga salom beruvchi xalq qoʻl qovushtirib, tavoze ila tisarilib yoʻl ochdi. Zunnur eshon choyxona ayvoni yoniga borib, xaloyiq tomon burilib, oʻziga yarashmagan notanish bir ohangda xitob qildi:

– Hoy, musulmonlar! Toʻxtating bu gumrohlikni! Shu aziz kitoblar sharofatidan rizqingiz butun, xonadoningiz tinch, dil oynangiz musaffo edi. Nega ilmga oʻt qoʻymoqdasiz?! Ilmsiz yashasangiz koʻngil koʻzlaringiz koʻr boʻlib, dil bogʻingiz dashtu biyobonga aylanadi! Ogoh boʻling, ey, xaloyiq, boshingizga balo-qazolar kelyapti!

Rangi gezargan basavlat Boymurod Muxtorov, firqa faollari orasidan ajralib chiqib, ayvon zinasi orqali pastga tushdi. Zunnur eshonga yaqinlashib, qisiq koʻzlari sovuq yiltirab, uning muborak yuziga bir shapaloq tushirdi. Shoʻrqishloq ahli buni koʻrib oh urdi. Choʻtir yuzli koʻrimsiz yigit – Hakim Ernazarov, oʻris birodariga qarab bosh chayqadi.

– Boymurod oshirib yubordi, Maksim, – deb oʻazablandi tugulgan mushtlari qaltirab. – Bunday aziz kishilarga qoʻl koʻtarish yaxshi emas.

– Nimayam qilardik, – kaftini qisdi mallasoch Parfyonov. – Kurash ketyapti, Hakim.

Guzarga zoʻrlab haydab keltirilgan ayollar paranji ichida uv solib yigʻladilar. Yoshi saksondan oʻtgan nuroniy eshon, rangi sovuq moʻylovli yigitga hazin boqib, soʻzlashdan toʻxtab qoldi.

– Hoy, xurofotchi ruhoniy ! – dedi Muxtorov. – Toʻxtat teskari tashviqotni! Hoziroq bu yerdan yoʻqol!

– Ha, attang! – gulxanda yonayotgan kitoblarga achinib termuldi eshon. – Guldek yigit ekansan-u, bu toʻtiyolarni tanimading. Oʻzing koʻr boʻlding! Elu yurtni koʻr qilding! Olimlarni koʻr qilding! Obidlarni koʻr qilding! Iloyo, shu aziz kitoblarni uvoliga uchragin! Naslu nasabing yer yuzida oʻrmalamasin! Oʻzing qashqirlarga yem boʻlgin! Dodingga yetguchi bir zot topilmasin! Allohu Akbar!

Zunnur eshon qaddini bukib uyiga qaytdi.

* * *

U joynamozdan bosh koʻtarmay, supa ustida uzoq ibodat qildi. Ixlosmandlari hovliga toʻplanishdi. Daloilxonlar yoqilgan “Daloilul xayrot” kitoblaridan “Asmail-husna” va “Qasidai burda” bobini oʻqidilar. Eshon yengil tortib, davraga qoʻshildi. Koʻzlardan oqayotgan yoshlarni koʻrib:

– Yigʻlamangiz! – deb farmon berdi. – Paygʻambar alayhi salom sunnatiga erishgan ustozingiz oʻz qismatidan rozi. Siz nechun isyonu tugʻyonga botmoqdasiz?

– Pirimizga qoʻl koʻtarsalar qandoq chidaylik? – dedi bir qalandar. – Siz loyiq topsangiz boshini uzib kelib, oyogʻingiz ostiga tashlayman.

– Hojatsiz amalga qoʻlingizni bulgʻamangiz, – rad etdi eshon. – Biz sizlarni choʻchqa soʻyarsiz degan umidda ilmu ma’rifatga olib kirganmidik? Biz ul badkirdorni qashqirlar hukmiga topshirdik.

– Ulugʻ yoshingizni hurmat qilsalar boʻlardi, – oʻkindi eshonning kuyovi Abdulhofiz.

– Ming yoshli Nuh paygʻambarni urgan kofir sakson yoshli qariyani ayab qoʻyarmidi, farzand, – dedi u ogʻir xoʻrsinib. – Alhamdulilloh, oʻzingga shukur, Allohim.

– Nima sababdan bu balolar boshimizga keldi, pirim? – soʻradi eshonning asrandi oʻgʻli Sadriddin qipchoq moʻltirab.

– Allohni qahriga uchradik, farzand, – ellik yil muqaddam boʻlib oʻtgan shoʻri savdolarni xotirlab oʻkindi Zunnur eshon. – Yurtimizda fisqu fujur, zinoyu kufr, bedodlik, beshafqatlik koʻpaydi. Boylardan saxovat, kambagʻallardan sabru toqat ketdi. Podshohlardan kuch-qudrat ketib, hammasi yogʻiyga qul boʻldi. Oxir-oqibat shu kunlarga duchor boʻldik. Barcha balolarga biz aybdormiz. Biz...

– Bularga siz aybdor emassiz, pirim, – oʻkirib yigʻlab yubordi Sadriddin. – Alloh shohid, siz azizlarning azizisiz…

– Hamma balolarga shu dongʻi ketgan eshon otangiz aybdor, farzand, – ogʻir xoʻrsindi Zunnur eshon. – Bahouddin balogardon aytibdurlarkim, gar yurtga balo kelsa, u shohni emas, darveshning xatosi boʻladi. Qutblikka da’vo qildik. Lekin qutblarda tizgin, qamchi boʻlishini esdan chiqardik. Bu shoh emas, darveshning xatosi. Bu xatokor oʻofil sizni koʻzyoshlaringizga arzimaydi! Agar biz dunyo moliga qaramaganimizda, duolarimizni toʻgʻri oʻqiganimizda, bu falokatlar yuz bermagan boʻlardi. Unutmanglar, avliyolarning duolari chala boʻlsa, elu yurt boshiga balo keladi. Biz qilgan xatolar evaziga, elni jabru sitam, ochligu horlik oʻz girdobiga oladi. El podshohlari qul, malikalari choʻriga aylanadi! Avom xalq tubanlashib, jaholat botqooʻiga botadi! Hammasiga biz aybdor. Koʻzlarimiz koʻr ekan. Qilgan gunohlarimizga tavba qildik. Tavba qildik...

Oʻz qavmidan shapaloq yeb koʻngli choʻkkan Zunnur eshon, xafalik va iztirob iskanjasida, bir yarim oy supada yotib, ramazonning mafirat qismida, namozi juma kuni ogʻzida kalimai shahodat bilan boqiy dunyoga qaytdi.

Beshinchi bob. Telba dunyo

Taqdirni qarangki, 1981 yilda Qobil frontchining yakkayu yolgʻiz yetim oʻgʻli Salimni Afgʻon urushiga olib ketishdi. Yetimcha Salim darvozasiga kalladay qulf osildi. Salim bolaligida urush-urush oʻynashni yaxshi koʻrar, yogʻoch miltiqni yelkasiga taqib, har kuni Yoqub bilan Shokirning oldiga chiqar, Rahmon amaki uni quvib solmaguncha tirgʻilaverardi. Farishta omin degan ekan, armiyaga boriboq boʻyniga avtomat osib, bir oydan soʻng oʻzini Afgʻoniston zaminidagi Qandahorda koʻrdi. Salim yoshligida otasi va Xoldor muallimning zulmi tufayli hurkak boʻlib qolgan, biror narsa behos qarsillab ketsa ham sapchib tushardi. U kinolarda koʻrgan avtomatga ham yetishdi. Oʻsha savilni ikki yil koʻtarib yurib, qilgan orzulariga pushaymon boʻldi. Birin-ketin oʻqqa uchib, temir tobutga joylanayotgan safdoshlari ahvolini koʻrib, yuragida oʻlim vahmi paydo boʻldi. Oʻsha nohaq urush davomida, oʻz oyooʻi bilan ketgan shoʻrqishloqlik yigirmaga yaqin yigit, uyiga temir tobutda qaytdi.

– Bechora Qaynazar qirgʻizni katta nevarasi Afgʻonistonda oʻlibdi! – afsuslanadi choyxonada oʻtirgan bir qariya. – Bolasi tushmagur birovga yomonligi yoʻq, toʻgʻrigina bola edi. Salom berishdan nariga oʻtmasdi. Dunyoga kelib nima koʻrdi? Qoʻy ortida yurib umri oʻtdi-da shoʻrlikni!

– Jannati bola edi, joyi jannatda boʻlsin! – deb fotiha oʻqishadi choyxoʻrlar.

Oradan bir oz oʻtgach yana yangi shumxabar tarqaladi.

– Eshitdinglarmi? – deyishadi shoʻrqishloqliklar. – Anavi toʻyga chaqiradigan Nortoji chinqiroqni oʻgʻliyam urushda oʻlibdi. Temir qutida olib kelishibdi. “Qutini ochmaysan,” deb harbiylar janjal qilishibdi.

– Voy, shoʻrlik! – hamqishloqlar achinib bosh chayqaydilar. – Jigarporasi diydorini oxirgi bor bir martagina koʻrib olsa nima boʻpti? Ochishavermaydimi?

– Parchayu reza boʻlib ketganmish-u, nimasini koʻradi!

Shu chogʻlarda Salim afgʻonlar yashaydigan qishloq yaqiniga oʻrnashgan harbiy qismda xizmat qilardi. Rus, belorus, qirgʻizu qozoq, oʻzbegu tojiklardan iborat bu harbiy qism askarlari, qishloqni dushmanlardan qoʻriqlab, pistirma okoplarda togʻ tomonni nishonga olib turardilar. “Ruhlar” deb ataluvchi dushmanning qachon va qayerdan hujum boshlashi noma’lum edi. Kunduzi atrof tinch-osoyishta, tunlari esa uzuq-yuluq oʻq ovozi yangrar, shoʻro askarlari tahlikada chor tarafga behuda oʻq otarlardilar.

– Iloyo otganim ularga tegmasin, ularni otganiki menga tegmasin! Omin! – okopda yotib osmonga qarata tarillatib oʻq uzib nola qilardi Salim. – Voy, beminnat Shoʻrqishlogʻim qaydasa-a-a-an!

Afgʻonlar shoʻro askarlarini barcha qurollar bilan mavh etishga urinardilar. Ular bu yoʻlda asosan qora dori va “chars” deb ataluvchi nashani ayamasdilar. Okop va chodirlarda zerikib oʻtiradigan askarlar bekorchilikda shu zaharni iste’mol qilishga oʻrgandilar. Afgʻon bolalari arzimas mayda-chuydalar va hatto boʻsh gilzalar evaziga harbiylarga nasha tashlab ketardilar. Afyun iste’mol qilgan askarlar, hush-behush ahvolda, karaxt pashshalarday gʻoʻngʻirlashib kunni kech qilardilar.

Bir kuni dushmanlar hujumi boshlandi. Shoʻro askarlari chekindilar. Qoradori yeb okopda qotib uxlab yotgan Salim uygʻonib, oʻrnidan turib kerishib, bir amallab oʻziga keldi. Kayfi tarqamagani sababli koʻzlari xira, qulogʻi bitgan va tanasi vazmin edi. U atrofga alanglab, hech kimni topolmadi. Boshini koʻtarib yuqoriga qaradi-yu, esnashga ochilgan ogʻzi ochiq alfozda qotib qoldi. Okop yonidagi tepalikda uzun soqolli bir mujohid qurol oʻqtalib turardi.

– Assalomu alaykum, – Salim shoʻrqishloqcha tavoze ila qoʻlini koʻksiga qoʻyib okopdan chiqdi. – Biznikilar qayerga ketishdi, aka?

Javob oʻrniga ketiga tepki yegan Salim mujohidning amriga binoan ikki qoʻlini boshiga qoʻyib yoʻlga tushdi. Sergap Salim afoʻon yigitini gapga solib, koʻnglini yumshatishga urindi. U har safar soʻz boshlaganda, zolim yigit baqanikiday baqraygan koʻzlarini chaqchaytirib, etigi bilan ketiga ayamay tepardi. Shoʻrlik Salim yarim kun davomida ketma-ket tepki yeb yoʻl bosdi. Urdu zabon mujohid turkiy tildan bexabar ekan. Asir Salim horib-tolib, tooʻ orasidagi mujohidlar qarorgohiga yetib keldi. Qishloqda oʻsib yotgan koʻknor va nashalarni koʻrib, aftini burushtirib mingʻirladi.

– Ha oʻsha seni ekkanniyam, chekkaniyam padariga la’nat!

Salim afgʻon yerlarida biror-bir ekinzorni uchratmadi. Qayoqqa qaramasin, koʻknor yoki nashani koʻrdi. Afgʻonlar paxtazori ham, bugʻdoyzori ham shu emish. Salimni bir tomoni ochiq katta chodirga olib kirdilar. Chodirda yigirma chogʻli uzunsoqol mujohid oʻtirishgandi. Ular asirga boshdan-oyoq razm solishdi. Sayid ismli oʻzbek tilini biladigan bir yigit Salimni soʻroq qila boshladi.

– Mujohidlarni otganmisan, shoʻraviy?

Oʻzbek tilini tushunuvchi kishi topilganidan boshi osmonga yetgan Salim dam boʻlib yorilayozgan qornini boʻshatib, bulbuligoʻyodek sayray ketdi. Bunchalik koʻp va tushunarsiz soʻzlardan iborat izhoru iqrorni eshitib tilmochning boshi aylanib qoldi.

– E, akajon, bormisiz! Bu kallavaram til bilmaslaringiz orasida yuragim ezilib ketdi-ku!

– Savolimga javob ber! – oʻqraydi tergovchi. – Otganmisan?!

– Aka, oʻzingiz oldin bir mundoq qarab koʻring, keyin gapiring, – qoʻllarini qilich qilib uqdirdi Salim. – Men odam oʻldiradigan bolaga oʻxshaymanmi? Sinfimizda hammadan qoʻrqadigan Toʻxtasin degan bola bor edi. Hamma shuni urardi. Men uni bir martayam urmaganman. Ruchkamni oʻoʻirlab olgandayam urmaganman. Tojik bolalar bilan urishib qolganimizda Shokir ularni toshboʻron qilgan. Men bittayam tosh otmaganman.

– Shokir kim, shoʻraviy? Qumondoningmi? – ensasi qotib soʻradi afgʻon tergovchi.

– Iyah?! – kulib yubordi Salim uning anqovligidan ajablanib. – Shokir hozir Shoʻrqishloqda. Oshnasi Fitrat bilan qora yoqqa belanib mashina tuzatib yuribdi, aka! Firat qirim-tatar bor-ku, Edim qirim-tatarni oʻgʻli, oʻsha bilan bilim yurtida oʻqib avtorem boʻlimini bitirgan. Siz mundoq gapni anglang-da. Shokir qoʻshnimiz Rahmon akamni oʻgʻli. Oʻzimizni Adirkoʻchada yashaydigan, suvchi Rahmon oʻrisni ikkinchi oʻgʻli-da, aka. Siz boʻlsangiz otganmisan deysiz! Maktabimizni rayondagi paradga oborishganda, 7-noyabrь bayramida, Tursun zoʻrlik qilib meni hamma pulimni tortib oldi. Bu pulni menga dadam padarka qilgandi. Uniyam urmadim, kel qoʻy, mayli, nima qilaman kattalardan kaltak yeb dedim. Shu Tursun...

Afgʻonistonlik tilmoch Salimning ooʻzidan chiqayotgan oʻnlab soʻzlarni tushunmasdi. Buning ustiga barcha shoʻrqishloqliklar kabi bidirlab tez soʻzlardi.

– Tursun kim, shoʻraviy?! – gʻazablandi Sayid.

– Ha-a-a! – ijgʻirinib qoʻl siltadi asir. – Kim boʻlardi! Oʻzimizni Petkani oʻgʻli-da, aka.

– Petkang kim, shoʻraviy?! – oʻzini bosolmay baqirib yubordi Sayid.

– Pirmat quloq kim?! – choʻchib ketib bidirlab tushuntira ketdi shoʻrlik asir. – Sutbuloq mozori shayxi Orif ota oshnasini aytayapman-da, aka. Gapni mundoq tushuning-da sizam. Tursun afting qursun, oʻsha Petkani oʻgʻli. Bu quloqlar toʻpi juda rasvo-da. Kaptarlarimni nima qildi ekan deng, kaptarlarimni! Hamma kaptarlarimni shunga ishonib topshirib kelganman! Meni oʻzi kallam ishlamaydi, aka. Tursun kaptarlarni tochno sotib yeb boʻlgan, aka. Bularga xudo bas kelmasa bandasi bas kelolmaydi.

– Bizga ishlaysanmi? – Sayid hech narsa tushunolmay boshini changalladi.

– Nima ish bor oʻzi, aka? – asir qoʻlini koʻksiga bosib qulluq qildi. – Lyuboy ishni qilaveraman. Rotadayam hamma ishni oʻzim qilardim. Stariklarni paytavasini yuvardim, polni yuvardim, oshxonagayam oʻzim borib kelardim. Kartoshka artish oʻzimni boʻynimda edi, aka. Biz Shoʻrqishloqdanmiz, aka. Nima ish boʻlsa bajaraveramiz. Ishlaysanmi deysiz-a, shoʻrqishloqlikni ish bilan qochirib boʻlarkanmi.

Sayid ensasi qotib, qoʻl siltab tergovni bas qildi.

– Buni otib tashlash kerak, – dedi fors tilida. – Bundan hech qanday foyda yoʻq.

Bombardimon chogʻida oilasidan ayrilgan bir keksa mujohid oʻzbek tilidan xabardor edi. Avtomatini sozlab oʻtirib, asirga rahmi kelib, uni gapga soldi.

– Isming nima?

– Salim, – deb qulluq qildi asir.

– Isming goʻzal, kitobiy ism ekan.

– Otimni Eshondada eshon buvam qoʻyganlar, – maqtandi u. – Suf deb suvni teskari oqizardilar. Rahmon akamni dadasi edilar. Siz hech biz tomonlarga borganmisiz? U kishini Shoʻrqishloqdayam, Xoʻjaqishloqdayam hamma taniydi.

– Salim, – dedi qariya ooʻir xoʻrsinib. – Otang bormi?

Bu savolni eshitgan Salimning vujudida yengil titroq turdi.

– Uch yil burun qazo qilganlar... – koʻziga yosh quyilib boshini egdi u.

– Onang-chi? Onang bormi?

– Avvalgi yili ularam oʻtib qoldilar... – hoʻngrab yubordi yetimcha.

– Tuoʻishganlaring-chi?

– Men yakkaman…

– Qoʻy, yioʻlama, – dedi qariya. – Sizlarda dindorlarni qirib tashlashgan deydilar. Agar biz bilan yashasang, senga dinu iymonni, Qur’onni oʻrgatamiz. Biz bilan qolasanmi?

– Iloji yoʻq-da, amaki, – dedi u hiqillab yigʻlab.

– Nega iloji yoʻq?

Salim burnini roʻmolchasiga qoqib, ota-onasiga aza ochishni bas qilib, jiddiy tusga kirib, oʻz ahvolini yotigʻi bilan tushuntirdi.

– Otaxon, tushungan odam ekansiz. Sizga aytmasam kimga aytay. Shu desangiz, hamma kaptarlarimni, Pirmat quloqni oʻgʻli Tursunga omonat tashlab kelganman. Agar tezroq qaytib bormasam, tatarmahalladagi kaptarbozlarga sotib yuboradi. Kaptarlarim, Shoʻrqishloqda bitta. Sizga yoloʻon xudoga chin, har bittasi besh soʻm turadi. Hammasi uzun paypoqli, oq kaptar. Tikka uchadi. Beshtagacha oʻmbaloq oshadi. Bittasi bor, – kaptarlarini eslab, koʻzlari suzulib chayqaldi Salim. – Osmondan toʻoʻri uchib kelib, qoʻlimga qoʻnadi. Men ogʻzimni ochaman. Ogʻzimda suv bor. Shu kaptarim ooʻzimdan suv ichib, yana osmonga uchadi. Oltita, yettita, sakkiztagacha oʻmbaloq oshadi.

Mujohidlar oʻz tillarida chugʻurlashib, uzoq tortishdilar. Qariya baribir oʻz maqsadiga erishdi. Asirning jonini saqlab qoldi. Salim bir hafta davomida mujohidlar orasida boʻldi. Uning vazifasi, tooʻ bagʻridagi buloqdan suv tashish edi. Shoʻrqishloq bolasi sidqidildan mehnat qildi. Oqshomlari bolalar orasida lanka tepib, ular bilan barobar qichqirishib oʻynab yurdi. Jafokash qariya unga termulib, mahzun jilmayib qoʻyardi.

Shoʻrqishloqliklar telbaning ishini xudo oʻnglar deydilar. Bir kuni vertolyot kelib qishloqni oʻqqa tutdi. Afgʻonlar qishloqni tark etishdi. Tentak Salim horib-charchab, eshakka ortilgan suv toʻla bidonlar bilan qishloqqa yetib keldi. Afgʻon mujohidlari oʻrnida BTRlar va oʻz quroldoshlarini koʻrib, hayratdan dong qotib qoldi.

– Salim! – qichqirib qah-qah kulishdi safdoshlari. – Bu yerda nima qilib yuribsan, sotqin?!

– Kim ekan sotqin?! – sir bermay hoholab kula boshladi u. – Mana, sizlarga buloqdan toza suv olib kelyapman, jinnilar! Hoʻ-oʻ-oʻ, Shoʻrqishloqdan hozirgacha sotqin chiqmagan! Ooʻzingga qarab gapir, boʻptimi! Ha-ha-ha-a-a-a!

* * *

La’nati urushning asorati koʻp yillargacha choʻziladi deydilar. Yoʻq, unday emas, bu asoratning jarohati insoniyat bagʻrida abadiy qoladi. Salim va Zohida, ularning oʻn-oʻn ikki yoshli oʻgʻillari ham bu asoratdan qutilib ketolmadilar. Zohidaning bolaligi urush jabrdiydalari orasida kechgan. Uning buvisi bamisoli bir yalmogʻiz kampir edi. Kampir oʻz nabiralariga non-suvni oʻlchab berardi. Shakardan tortib tuzgacha qulflogʻliq sandiqda saqlanardi. Zohida va uning opasi, uxlayotgan kampirning ishtonbogʻiga bogʻlangan kalitni oʻgʻirlab, sandiqdan turshak va novvot olib yerdilar. Otasi bozorda dallolchilik qilib pul topardi. Qizlar uning choʻntagidan tez-tez mayda pul oʻgʻirlashar, ertasiga kampir javrar, otasi baqirar, Zohidaning begunoh onasi oʻgʻrilikda ayblanib “qora kaltak” ostiga olinardi. Qonga belangan kelin darmondan ketib toʻshakda yotar, betayin yalmogʻiz kampir, uning tepasida kuyinib yigʻlab oʻtirar, kelinidan qayta-qayta kechirim soʻrardi. Zohidaning onasi yoyilib kulib, kampirning mehridan dili yayrab darmonga kirar, toʻshakdan turar va yana uy yumushlariga unnab ketardi.

– Hammasiga men aybdorman, – derdi yalmogʻiz kampir yigʻlab. – Hamma narsani qulflayverib, qizlarni nafsini och qilib qoʻydim. Ocharchilik yillari bizni xarob qilgan-da, bolam...

Yalmogʻiz kampirning kasru kasofatiga qolib, Zohida havaskor oʻgʻri boʻlib oʻsdi. Buzuqligi esa tuhmat boʻlib, kuchli shamollash tufayli bu ayol kasaldan-kasalga oʻtib kun kechiradi. U miriqib janjal qilishni va yaxshi taom yeyishni yoqtiradi. Ayniqsa, qonib uxlash eng ezgu orzusi. Chunki otasidan badxayollik dardini yuqtirib olgan Salim uni nohaq va nooʻrin “tergov” qilib, yarim tungacha uxlatmaydi.

* * *

Salim bir kuni tunda Zohidani uygʻotib soʻradi:

– Bugun uni chaqirdingmi?

– Kimni? – soʻradi koʻzini ishqalab Zohida.

– Oʻynashingni! – ilondek vishilladi Salim.

– Yoʻq ... – kaftini qisdi u.

– Yoʻq?! Hay! – gʻazablanib baqirdi er. – Demak, oʻynashing bor ekan-da?!

– Yoʻq oʻynashim! Yoʻq! – undan balandroq baqirdi Zohida.

– Boʻlmasa, – ovozini pastlatdi tergovchi er, – nega oʻynashingni chaqirdingmi, desam yoʻq deysan?

– Nima dey boʻlmasa? Ha, chaqirdim deymi?

– Oʻzi oʻynashing bormi?

– Yoʻq dedim-ku!

– Yoʻq boʻlsa kimni chaqirasan?

– Iyya-a-a! Nima?! Men, oʻynashim bor, uni chaqirdim dedimmi?!

– Boʻlmasa nega boshdayoq meni oʻynashim yoʻq demading?!

– Bitta soʻzga osilib olib qiynayvermang! Menga hozir kimni koʻzi uchib turibdi?

– Ha-a?! – uni jinoyat ustida ushladi Salim. – Agar koʻzi uchib turgan kishi topilsa yurarmiding? A?! Yurarmiding?!

– Hoy, musulmon, oʻzim orqamni zoʻrgʻa koʻtarib yuribman! Meni bunaqa ishlarga holim yetmaydi! Boʻldi-da e-e-e! – boshini toʻshakka oʻradi u.

– Boʻlmasa kim devordan oshib tushdi?

– Qachon?! – qoʻrqib deraza orqali qorongʻi hovliga moʻraladi Zohida. – Kim tushdi?!

– Ha-a?! Qoʻrqib ketding-ku? Oʻynashing bor ekan! Men bir haftadan beri kuzatyapman. Har kuni kechasi, “top-top” qilgan tovushlar eshitilib turibdi.

– Ha, – dedi Zohida xotirjam homuza tortib. – Axir qurt yegan olmalar toʻkilyapti-da. Shuniyam bilmadingizmi? Yoting, uxlang. Jinni boʻlmay oʻling.

Salim mana shunday suhbatlar chogʻida, ba’zan xotinini urib yuborar, oʻzi ham undan bir-ikki tayoq yeb qolardi. Ba’zi kunlari tunda hovlidagi chiroqlarni butunlay oʻchirib, qoʻliga panshaxa olib, olma tagida yashirinib, maxfiy oʻynashning kelishini kutardi. Bir kuni top etib, boshiga qurtlagan olma tushgach, Isaak Nьyuton kabi yalt etib koʻzi ochildi. Xotini aytgandek, olmaning toʻkilayotganiga ishonch hosil qildi. Uning oʻynashi yoʻqligiga esa baribir ishonmadi.

* * *

Salim qishloqdagi koʻpdan-koʻp ulfatlari bilan birga gap oʻynardi. Bir kuni davrada kartabozlik tez tugab qolib, oʻiybat avj olib ketdi. Gap xotinlar xususida bordi. Salimning vujudi quloqqa aylanib, atrofga shubhalanib nazar soldi.

– Bilasizlarmi, gʻarni belgisi qanday boʻladi? – deb soʻradi birinchi boʻlib paranji tashlagan Tillaxon ochiqning nevarasi magazinchi Toshmirza. – Bobom rahmatli koʻp aytardilar. Gʻarlarni oyogʻi doim oʻynab turarkan. Mundo-o-oq, zehn solib qarasang, oyoqlarini likillatib oʻynatib oʻtiradi. Innaykeyin, oʻsmani qalin qoʻyadi. Chiroyli erkaklarni yaxshi koʻradi. Televizordagi erkaklarniyam yeb qoʻygudek boʻlib tomosha qiladi.

– Bekor gap, – dedi Pirmat cholning oʻgʻli Tursun. – Xotin kishi zagadka. Hech kim, hech qachon xotinlar sirini bilolmaydi. Yolki-palki!

Tursun bu oʻrischa haqoratni harbiy xizmatdan oʻrganib kelgan. Ammo ma’nosini oʻzi tushunmaydi.

– Bilib olishni bitta zoʻr yoʻli bor, – deb tushuntirdi qitmir Toshmirza. – Tunda uxlayotgan ayolga atab fotiha surasini oʻqiysan. “Agar shu xotinni oʻynashi bor boʻlsa harakat qilsin!” deb tilak qilasan. Yetti marta “ayon boʻl!” deb suf solasan. Agar ayol qoʻzgʻalsa, gapirib yuborsa yoki uyqusidan uygʻonib ketsa, u buzuq boʻlib chiqadi.

– A-a?! – xayolga choʻmgan Salim tez-da xonadan chiqib ketdi.

Shu suhbat bahona boʻlib, Salim Zohidaning sirini bilib olishga astoydil kirishdi va tunlari xotinini sehrlay boshladi. Axir u shuncha yildan beri kaptar quvlab, xotiniga tuzukroq parvo qilmagandi-da. Beparvo boʻlsang xotin nimalar qilmaydi deysan! Salim tahorat qilib kelib, uxlayotgan xotinining bosh tomoniga oʻtirib, qiroatni keltirib, chala-chulpa oyat oʻqidi.

– Hoy, Zohida, – deb pichirladi Salim, yarim tunda telbanamo afsunlashni boshlab. – Oyoqlaringni qimirlat. Birov bilan yurgan boʻlsang ovoz chiqar. Bir, ikki, uch, toʻrt, besh, olti, yetti! Ayon boʻl! Ayon boʻl! Ayon boʻ-oʻ-oʻl! – Uyqudagi bekachdan sado chiqmadi. U qaytanga yanada salobatliroq xurrak ota boshladi. – Yana qaytaraman! – ovozini balandlatib oyat oʻqidi “sehrgar” Salim. – Hoziroq qimirla! Ana, oʻynashing keldi! Hamma sirlaringni bilib oldim! – Salim bu holatni uch-toʻrt marta takrorlab koʻrdi, lekin hech qanday natija chiqmadi.

Salim bir hafta davomida, afsungarlik bobida, biror natijaga erisholmagach, bu chorai tadbirni toʻxtatdi. Lekin, Toshmirza aytgan boshqa bir “bashorat” amalga oshdi. Salim bir kuni koʻchadan kirib, xotinining qimirlayotgan oyogʻiga qaradi. Zohida radio orqali shoʻx musiqa tinglab, oyogʻini likillatib oʻtirgandi. Toshmirza gapini eslab, Salimning figʻoni falakka chiqdi. Zohidaga tashlanib, uni ayamay doʻpposladi. Zohida ham qarab turmay, erining duch kelgan joyini yumdalab, goʻshtsiz terisini tishlayverdi. Ogʻriq jonidan oʻtgan Otello izdoshi “qoʻydim sendaqa xotinni!” deb baqirib yubordi. Ana shundan soʻng janjal kuchayib, ajralishga qaror qildilar. Qizigʻi shundaki, Salim oʻz xotini Zohidasiz bir kun ham yasholmasdi.

Zohidaning qarindoshlari uni oʻrtaga olib, “tergov” qilishdi. Salim noilojlikda qoldi, gapxonadan chiqqan gapni aytib berishga majbur boʻldi. Shoʻrqishloqliklar bu hangomani eshitib, kaptarboz ustidan miriqib kulishdi. Mulla Hakim ikkisini qayta nikohlab qoʻygach, nasihat qilib dedi:

– Alloh oʻz xotinini taloq qilgan bandalarini sevmaydi. Shundan koʻra toʻy-ma’rakalarda qatnashib yursang boʻlmaydimi, Salimjon oʻgʻlim? “Gap”ing nimasi? Qobiljon akamni, Sanobar yangamni arvohini shod qilay desang, aqlingni yigʻ!

– Boʻldi, tavba qildim, Hakim amaki, – rozi boʻldi Salim.

– Odamni bemavrid oʻtirishlarda ziyofat yeyverishi ahmoqlik, – dedi qariya. – Ehey, telba dunyo... Bu gʻofil bandalarga nima boʻldi oʻzi?..

Oila saqlab qolindi. Ikki norasida farzand yetim boʻlmadi. Ammo Salimning rashkchiligi kasallikka aylanib, hanuzgacha davom etadi. Uzoq vaqt oʻy suraverib aqlidan adashgan Zohida u yer-bu yerdan qoʻlga kirgan narsani oʻgʻirlab, uyiga tashib keladigan odat chiqardi. Xotini yoshligida “oʻgʻri-tomoq” opasi bilan chakana oʻoʻri boʻlganidan rashkchi er bexabar edi. Bir kuni hovlida mototsikl farasi paydo boʻlib qoldi. Salim yana gumonga borib:

– Uyimda oʻynashingni mototsiklini chirogʻi tushib qolibdi! – deb uni urdi.

– Chiroqni qoʻshninikidan oʻgʻirlab chiqqanman! – dedi Zohida gunohini tan olib.

– Nega oʻgʻirlaysan? – hayron boʻldi Salim. – Menam oʻgʻriman, lekin men kaptar oʻgʻirlayman, boshqa narsa oʻgʻirlamayman.

– Ana, kaptar oʻgʻirlarkansiz-ku? – barobar aytishdi u.

– Iya?! – achchiqlandi Salim. – Boshqalar ham meni kaptarimni oʻgʻirlaydi-da! Qoʻshnilar seni hech narsangni oʻgʻirlamagan. Sen nega ularni narsasini oʻgʻirlaysan? Bu gunoh boʻladi-ya! Mototsiklni chirogʻini nima qilasan? Tomga oʻrnatib, oʻchirib-yoqib, oʻynashingga signal berasanmi, a?

– Menga oʻynash kerakmas dedim-ku, telba?! – gʻazablanib baqirdi xotini.

– Ogʻzingga qarab gapir! – undan balandroq baqirdi Salim. – Kim telba ekanligini xudo koʻrib turibdi! Men seni gʻarsan deb yurardim! Oʻgʻriyam ekansan-da?!

Rahmon amakining bu telba dunyoda tentiragan kunbotish tomondagi qoʻshnilari mana shular edilar.

Oltinchi bob. Qudachilik ming yilchilik.

Oʻrtancha qiz Nasiba kasal boʻlib, Rahmon amakiga tashvish orttirdi. Nasibaning oʻng biqini tez-tez ogʻrib turadi. Mehnatkash Nasiba birovning koʻziga tik qaramaydi. Shunday boʻlsa-da, qudalar Nasiba ustidan arz qilib, Rahmon amaki va Karima xolani oʻz uylariga chaqirtirishdi. Cholu kampir, bir juft nonni qoʻltiqlab, aytilgan muhlatda, antiqa anjumanga yetib kelishdi. Shoʻrqishloqlik Xolmat bangining oʻgʻli Sotimboy traktorchi Rahmon amakining toʻrtinchi qudasi. Sotimboy traktorchining otasi Xolmat bangi, ma’lum va mashhur Xorunboyning oʻgʻli edi. Bizning zamonlarga yetib, eshonzoda Rahmon amaki ilmsiz, asilzoda Sotimboy traktorchi kambagʻal boʻlib qolishdi. Ikkisining topgan boyligi ham, ortirgan ilmi ham kissasidagi nosqovoq, xolos.

Mehmonlar va mezbonlar qudachilik nizomiga binoan salomlashgach, mehmonxonaga joylashdilar. Jabrlanuvchi kuyov Malikjon bilan aybdor kelin Nasiba ikkiga boʻlinib, oʻz tarafdorlari yaqiniga oʻrnashdilar. Anjumanning kirish qismida barcha qarindoshlar salomatligi soʻrab-surishtirilib taftish qilindi. Soʻng oʻlgan qarindoshlarga jannatdan tomorqa berilishini soʻrab, xudoga ogʻzaki arznoma yoʻllab, fotiha oʻqildi. Dasturxon yozilib, choy keltirildi. Maishiy boʻlim qisqa tarzda kechdi, har ikki tomon vakillari nomigagina non chaynab, sukut saqlab choy ichishdi. Piyolalar dasturxonga toʻnkarildi. Tadbirning asosiy boʻlimi boshlandi.

– Quda, qizingiz bizga boʻysunmay qoʻydi, – dedi qirgʻizqovoq xotin quda Orifa. – Aytgan gapimga kirmaydi. Ovsini bilan koʻp urishadi.

– Qachon, he-e?! – hayron boʻlib qaynonasiga qaradi Nasiba.

– Jim oʻtir! – buyurdi Rahmon amaki.

Xotin quda anjuman ishtirokchilariga oilaning bugungi kundagi ahvolidan atroflicha xabar berdi.

– Hozir ayni dalada ishlaydigan payt. Bu boʻlsa koʻrpa-toʻshak qilib yotib oldi. Oʻzingiz bilasiz, quda, biz qoʻl uchida tirikchilik qilamiz. Kunimiz ekin-tikin bilan oʻtadi, – deb eriga yuzlandi. – Toʻgʻrimi, dadasi?

– Hammaniyam yer boqadi-da, – katta hikmatni kashf etdi erkak quda.

– Doʻxtirga olib borib koʻrsatdik. Buni jigarida qurt bor emish. Aparasta[2] ga yuz ming soʻm ketarmish. Buncha pulni qayerdan olamiz, oʻrgilay qudalar? Sizam ayting, dadasi.

– Ha. Yuz ming katta pul.

– Endi, qudajonlar, – masalani koʻndalang qoʻydi tadbirga raislik qilayotgan xotin quda. – Mana, qizingizni qoʻlingizga soppa-sogʻ topshiryapmiz. Xohlasangiz davolating. Bizda bor-yoʻgʻi ikki sigir, toʻrtta qoʻy bor, xolos. Bisotimizda boshqa hech narsamiz yoʻq. Oilamiz katta. Agar oʻzini oʻnglab kelsa – kelsin. Boʻlmasa qayerga borib yashasa yashayversin.

– Iya! Oyijon? – moʻltiradi Nasiba. – Men nima qildim, he-e-e?

– Jim oʻtir, ahmoq, – tergadi Karima xola alamini ichiga yutib.

– Sizam biror narsa deng... – dedi Nasiba eriga umidli boqib.

– Men nima deyman... Oʻzingdan koʻr – yuzini chetga burdi Malik.

Bunday bedodlikni kutmagan Rahmon amaki tilini tishlab qoldi. U qizining ahvoliga achinsa-da, oxirini oʻylab achchiq soʻz aytib yuborishdan oʻzini tiydi. Oraga sovuq sukunat choʻkdi. Bir xira pashsha gʻingʻillab uchib kelib, xotin qudaning yuziga qoʻndi. Orifa quda pashshani qoʻl silkib haydadi. Pashsha oʻchakishib burniga qoʻnib, burun parragini yalab qoʻydi. Orifa qichishgan burnini qattiq ishqalab qizartirib oldi. Shu payt eshikdan Nasibaning uch yashar qizchasi pildirab kirib keldi.

– Oyi, chushsh-chushsh! – deya tipirchiladi.

– Hozir, qizim...

Nasiba oʻng biqinini changallab, ihrab oʻrnidan turdi. Qizini bazoʻr koʻtarib, yoziltirgani hovliga chiqib ketdi. Obidaning tarbiyasini olgan, nozik did bilan bola boquvchi bu juvon tappi yopib, yer chopib, eri bilan barobar gʻisht quyadi. Atigi besh-olti soat uxlaydi, xolos. Bu kasal boʻlmay yana kim kasal boʻlsin. Sotimboy traktorchi mehnatkash Nasibani oʻz farzandiday yaxshi koʻradi. U sukut saqlab, qudasining yuziga qarolmay xijolatga botib oʻtirar, Rahmon amaki esa ora-chora tomoq qirib bosh chayqardi.

– Nimayam derdik, – deb tinchlikni buzdi Rahmon amaki. – Ammo hozir holimiz sal chatoq edi-da. Mayli, agar sizga kelin kerak boʻlmasa, bizga qiz kerak...

– Hoy, dadasi, – dedi Karima xola past ovozda. – Shoshilmay turing. Bir qarorga kelmay turib, gapga yakun yasamang.

– Nima qil deysan boʻlmasa? – xotiniga ooʻrinib qaradi mushtipar ota. – Axir bor gapni aytib boʻlishdi-ku.

– Bizniyam aytadigan gapimiz bor, dadasi.

Karima xola roʻmol uchida Sotimboydan yuzini toʻsib, Orifaga qaradi. Xotin quda yuzini qoʻli bilan pana qilib, undan koʻzini olib qochib:

– Mendan ogʻrinmang-da, quda, – deya mingʻirladi.

– Shu bolani, – dedi tashqariga ishora qilib Karima xola. – Sizga soppa-sogʻ, qoʻlida hunari bilan bergandik. Bosh egamdan berkitib, oʻmarib-soʻmarib hamma kamini oʻzim qildim. Oʻn yil eshigingizda oʻtirib, yangi kiyim kiymadi. Kelinlikdagi kiyimlarini kiyib umri oʻtdi. Har yili noʻxat ekaverib, uzum tarayverib, sabzi oʻtayverib ado boʻldi. Kasalini biz davolaymizmi? Eshakni kim minsa, yagʻiriniyam oʻsha tuzatadi, oʻrgilay!

– Sizlarga yuz ming soʻm pul pulmas, quda!

– E, oʻgʻlimni omadi ketib, qozonni suvga solganmiz, Orifaxon. Pulimiz bor boʻlganida qizoʻanmagan boʻlardim. Meni bilardingiz-ku...

– Ishi rostdanam rasvo boʻlgan ekan-da? – Orifaning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi.

– Rost, oʻrgilay, rost.

– E-e, Karima opa! – ovozini koʻtardi u, yuz minglik chiqimni eslab peshonasi tirishib. – Qizingizni obketing! Oʻzinglardan koʻringlar. Hammayam oʻz qiziga qiladi-da. Ana, qizim bilan kuyovim, bola-chaqasi bilan biznikidan yeb-ichib ketyapti. Bizgayam oson tutmang. Oʻoʻlingizni omadi ketsa nima qilay? Oʻgʻlingiz eplolmasa nega ikkita xotin oladi?

– Iyah?! – achchiqlandi Karima xola. – Meni oʻoʻlim bilan sizni nima ishingiz bor, quda?! Oʻgʻlim xohlasa oʻnta xotin oladi.

– Eplasa olmaydimi, quda! – oʻshqirdi xotin quda. – Qizingizni oling-da, jiling!

– Hech qayerga ketmaydi!! – baqirib yubordi Karima xola, qayerda oʻtirgani yodidan chiqib.

– Uningni oʻchir! – unga sari baqirdi Rahmon amaki rangi gezarib.

Haybatli ovozdan Karima xola xayoli boʻlinib, bir sapchib tushdi. U eshonzodaning qadimgi jahli kelib qolganini sezib, dahanaki jang maydonini tark etdi va mehmonxonadan apil-tapil chiqib ketdi. Malik boshini egib jim oʻtirar, oʻqtin-oʻqtin otasiga qarab qoʻyardi. U ham oyoq uchida yurib hovliga chiqdi.

– Bizdan xafa boʻlmang, quda, – dedi Rahmon amaki traktorchiga qarab. – Oxir zamon deganlari shu ekan-da. Qarigan chooʻimizda xotinlarga kuchimiz yetmay qoldi. Bolalarimiz quloqsiz chiqdi. Erkakman deb choyxonada nosqovoq koʻtarib yuramizu uyda ahvolimiz shu. Nimayam derdik... Sizlarga bolamiz kerak boʻlmasa, bizga kerak...

– Olib ketib yaxshilab davolatinglar, – dedi xotin quda, – Nasiba oʻzi yomon qiz emas...

Hozirgacha anjuman tadbirida kichik rol oʻynagan donishmand Sotimboy quda oʻtirgan oʻrnidan bir qoʻzgʻalib oldi. Uning gʻazabdan qoʻllari qaltiray boshladi. Rahmon amakining oxirgi kesatiqli gapi suyak-suyagidan oʻtib ketdi.

– Rahmon aka, – dedi u yana bir yangilikni kashf etib. – Sizni qizingiz meniyam qizim. Qanday mehnat qilishini, qanday yotib-turishini yaxshi bilaman. Menam kimsan Xolmat bangini oʻgʻliman. Hali-beri xotinga boʻsh kelgan joyim yoʻq. Xudolikka ishonsangiz menga ishoning. Xotinimni bunaqa rejasidan bexabar edim. Nasibani ikkita boʻrdoqi qoʻchqori bor. Shularni sotsa, oʻrniga ikkita qoʻzi olib beraman. Ortgan puliga aparasta qildiraveradi. Oʻlmasa boʻldi bizga. Siz bilan quda boʻlib yomonlik koʻrmadim. Ana, qaynsinglimni bitta qizini kenja oʻoʻlimga olib berganman. Har kuni maymun tomosha koʻrsatadi. Betavfiq!

– Iya?! Hoy, dadasi! – javradi xotin quda. – Bu nima degan gap?!

– Chiq-chiq! – xotiniga doʻq urdi er. – Bor, ovqatga urin!

– Qoʻchqorlarni nevara toʻyiga boqqanman, dadasi!

– Hu onangni ..... sani!! – soʻkinib baqirdi Sotimboy traktorchi rangi oqarib. – Meni isnodga qoʻymoqchimisan?! Kenja keliningga qoʻshib, oʻzingniyam singlingnikiga eltib qoʻyaymi?! Hu seni oʻsha singlingniyam !..

Xolmat bangining oʻgʻli donishmandlikni chetga surib, dunyo ilmlarini shoʻrqishloqchasiga kashf etishga oʻtdi. Uning ogʻzidan otilib chiqayotgan qora hikmatlarni eshitib, nafaqat Orifa quda, hatto Rahmon amakining ham esi ogʻib qoldi. Xotin quda oʻrnidan turib, gandiraklab tashqariga yuzlandi. Ostonadagi kovushini poyma-poy kiyib, Nasiba yigʻlab oʻtirgan xonaga qochib kirdi. Nasibaning boshini silab ovutayotgan Karima xola Orifaning ahvolini koʻrib hayron boʻldi. Xotin quda duxoba yopqichli beshik ortiga biqinib yotib oldi va Nasibani imlab shivirladi.

– Nasiba?

– Ha, oyi? – ajablandi Nasiba koʻzyoshlarini artib. – Nega u yerga yotib oldingiz?

– Qara-chi, dadang bu yoqqa kelmayaptimi? – beshik ortidan boshini koʻtarib, boʻy choʻzib tashqariga moʻraladi Orifa.

* * *

Kechga tomon er-xotin hamma bilan xayrlashib uyga qaytishdi. Nasiba qizini qoʻlida koʻtarib, yioʻlab ularga ergashdi. Rahmon amaki va Karima xola yuraklari ezilsa-da, sir bermadilar.

– Meni olib ketinglar...He-e-e-e...– yioʻladi Nasiba. – Men bu yerda oʻlib qolaman. Oʻlib qolsam maylimi, a?! He-e-e-e... Maylimi?!

– Qaynatang davolatamiz dedi, qizim, – tushuntirdi Rahmon amaki.

– Boraqol, uyingga, – dedi onaizor. – Bizni uyda yeyishga nonimizam yoʻq. Yaqinda hovlimizniyam sotsak kerak. Boshimizga shunaqa koʻrgiliklar tushdi, bolam...

Ular oʻnqir-choʻnqir koʻchada ortga qaramay ketaverdilar. Nasiba behol boʻlib bolasini yerga tushirdi. Asta choʻnqayib, oʻrta yoʻlda oʻtirib qoldi. Kelinini bu ahvolda koʻrib, Sotimboyning yuragi ezildi. Malik otasining yonida angrayib turar, hovli ichida Orifa quda qaroʻanib javrardi. Hamqishloqlar Sotimboyni, otasi Xolmat bangiga tortgan, yomon fe’lli kishi sifatida taniydilar. Uning qaynilari yumshoq soʻzli, halim kishilar boʻlib, zolim pochchadan ochiq-oydin nafratlanadilar. Orifa tannoz jiyanini kelin qilib, pand yeb qoldi. Jiyani tushmagur juda tartibsiz kelin boʻlib chiqdi. Undan kuygan qaynona alamini Nasibadan olardi. Sotimboy buni yaxshi bilar, oʻgʻli Malik esa Nasibani himoya qilishga layoqatsiz edi.

Sotimboy nos chekib, gʻazablanib bosh chayqadi.

– Bormaysanmi?! – deb yonida turgan Malikka oʻshqirdi.

– Qayoqqa? – kaftini qisdi Malik.

– Xotiningni oldiga-da! – baqirdi ota. – Togʻangga tortmay oʻlgur! Xotining oʻrta koʻchada oʻtirib qoldi! Erkakmisan oʻzi?! Bor, olib kel uyga!

– Oʻzi kelavermaydimi? – mingʻirladi Malik qoʻlini choʻntagiga solib.

– Ha urugʻingga ... seni!

Sotimboy qulochkashlab oʻgʻlining boʻyniga urdi. Qari traktorchining bolgʻaday mushti zarbiga dosh berolmagan Malik orqasiga agʻdarilib tushdi. Sotimboy Nasibaning yoniga borib, qoʻlidan bolasini olib, oʻzini turgʻazdi va uyga olib keldi.

– Otangni isitma qilib kelganga oʻxshaydi quda oʻlgurlar, – dedi Orifa.

U jangari erining koʻzidan panaroqqa yashirinib oldi. Malik ham boʻynini uqalab, balodan hazar degandek, qoʻyxona ortiga oʻtib, bir chetda oʻtirdi.

– Boshqa odam shunday urganida ezib tashlardim, – qonli soʻlagini tufladi u. – Qoʻchqorlarim qulogʻini ushlab ketadigan boʻldi-da.

Shoʻrqishloqliklar qiz ammaga, oʻgʻil togʻaga tortadi deydilar. Malik chindan ham otasiga tortmagandi. Uning yuz tuzilishi togʻalariga quyib qoʻygandek oʻxshar, oqibatsizligi ham deyarli bir xil edi. Bunday noma’qul ish uchun Xolmat bangining oʻgʻli Sotimboy oʻz xotini va oʻgʻlini uzoq vaqt jazoladi. Qudasining kesatiqli soʻzlari tunlari yodiga tushib qolsa, oh urib yuborar, asabiylashib oʻrnidan turib ketar, kappa-kappa nos chekardi. Hozirgacha uni hech kim xotindan qoʻrqishda ayblamagan. Bola-chaqa ortidan odam har turli savdolarni koʻrarkan-da. Inson shoʻrlikning boshi nima ekan-a, ne-ne qismatlarga duchor boʻlmagan u...

– Bir umr dunyoga etak silkib, chilim tutatgan otam ne topdi-yu, bir umr yer tatalab men nima topdim! – deya faryod urdi bangining oʻgʻli. – Bola boqaman deb dinimni yutdim! Umrimni boy berdim! Toʻrt tomonimga ta’zim qilib, oʻgʻrini ogʻam dedim, toʻnkani togʻam dedim! Ochu yalangʻoch qolsam-da, senlarni boqdim! Senlarni boqaman deb qoshimga oʻsma qoʻyib oʻyinga tushmadim, xolos! Senlar meni tiriklayin oʻldirding! Oʻldirding! Shu kunlarni koʻrgandan koʻra, otamning chilimini qoʻltiqlab, togʻu toshlarga chiqib ketsam boʻlmasmidi?! Ha, onaginangni ... senlarni!

* * *

Zot – zotga qarab isbot deydilar. Xorunboyning nabirasi kambagʻal boʻlsa-da, naslu nasabi toza edi. Qoʻy koʻrmagan boʻlsa ham qiy koʻrgan traktorchi ota-bobolariga loyiq ish qildi. U ikkala qoʻchqorni sotib, pulini Nasibaning qoʻliga berdi.

– Qoʻzilarga pul ajratmadingiz-ku? – dedi Nasiba.

– Aparastaga qancha pul ketishini hali bilmaymiz, qizim, – deb qoʻl siltadi u. – Tuzalib kelaver-chi, qoʻzi bir gap boʻlar.

Yoʻllanma bilan Nasibani shahardagi jarroh shifoxonasi boʻlimiga olib ketishdi.

– Qoʻylarim sotilib ketdi-ya, – deb yigʻladi qaynonasi. – Ha, essizgina.

– Qanaqasiga seni qoʻying boʻladi? – dedi Sotimboy achchiqlanib. – Qoʻylarni qoʻzichoqlik davridan beri Nasiba oʻzi boqqan-ku?

– Boqqan boʻlsa meni uyimda, meni nonimni yeb boqqan, – oʻchakishdi xotini.

– U yegan nonini oqlaydi. Seni jiyaning nima hunarlar qilyapti?!

– Jiyanim meni oʻz jiyanim, oʻz xolasini uyida oʻtiribdi.

– Sen kimni uyida oʻtiribsan? – olaydi traktorchi.

–Men... – tilini tishladi ayol. – Sizni uyingizda oʻtiribman...

– Bu kelin shuncha yil ishlab, bu yerga ega boʻlolmabdi. Sen nega otamdan qolgan uyni oʻzimniki deyapsan, tagi past? Menga qara, pismiqlar avlodi, agar tez-da koʻzingni ochib olmasang, anavi satang jiyaningga qoʻshib, bojamnikiga eltib qoʻyaman. Hammang jonimga tegding!

Traktorchi ancha vaqtgacha oʻazabdan tushmadi. Shubhalangan Orifa quda, Karima xolani qargʻab, uni bogʻlatib tashlash va erini yumshatish uchun qaytarma qildirgani azayimxonga bordi. Ammo bu “vinoxoʻr” traktorchiga domlaning amali ta’sir qilmadi. Kun sayin qahru gʻazabi alangalanib bordi. Nihoyat, xotin quda oʻz gunohini tan olib, eridan uzr soʻrab yigʻladi. Sotimboy ham bir oz hovuridan tushdi. Avvalgidek birga oʻtirib choy icha boshlashdi. Xotini uni eritish maqsadida, oyogʻini uqalamoqchi boʻlgandi, bangining oʻgʻli qarshilik koʻrsatmadi. Oyogʻini uqalatib yayrab yotdi.

– Xotin, – dedi traktorchi. – Nasiba kelinimiz eshonzodalardan boʻladi. Meni buvam Horunboy, shu Nasibani katta buvasi Zunnur eshonga qoʻl berib, boy boʻlib ketgan ekan. Bunday zotlarning suyagini xoʻrlagan koʻr boʻladi.

– A-a-a? – xushlamayroq bosh irgʻadi Orifa.

– Oʻzing oʻylab koʻr, – tushuntirdi traktorchi. – Shu Nasibani kelin qilib tushirib kelganimizdan keyin ishimiz yurishib ketdi. Uyimizda qoʻsh-qoʻsh sigir, “Moskvich” moshina, qop-qop bugʻdoy paydo boʻldi.

– Ehtimol bu tasodifdir.

– Tasodifmikin? – traktorchining koʻzlari olaydi. – Nasibadan keyin seni jiyaning Goʻzalni kelin qildik. Hamma ishimiz orqaga ketdi. Ekinlarga shoʻr tushdimi? Daladagi mol boʻkib qolib, soʻyib yubordikmi? Sen gimaroy boʻlib, orqangni kesdirib keldingmi? Men birgadirni urib qoʻyib, milisaga ishtarop toʻladimmi? Mana endi Nasibani ichidan qurt chiqib turibdi-da!

Orifa yana bir narsa demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, cholning tepongʻich oyogʻiga oʻng oʻtirgani yodiga tushib, qoʻrqib tilini tishladi va uning boldirini alam bilan qattiq-qattiq uqalay ketdi. Sotimboy traktorchi qoʻy-koʻzlarini yumib, mehnatda ezilgan oyoqlarini uzatib, oʻzini bobosi Xorunboydek sezib, joni orom olib yayrab yotdi. Otasi va onasini, jabru jafolar ichra oʻtgan bolalik chogʻlarini xotirlab chuqur uh tortdi.

* * *

Inqilobdan keyinoq Xorunboyning molu mulki ishchi-dehqon davlati hisobiga musodara qilindi. Yurak xastaligiga chalingan boy mol achchigʻiga chidolmay tez-da olamdan oʻtdi. Otasidan ayrilgan Xolmuhammadga esa ikki dunyo bir qadam boʻlib qoldi. U bir oy davomida betinim yigʻladi. Keyin bangilikni boʻyniga olib, kechayu kunduz nasha chekib, choyxonada chilim quchoqlab yotaverdi. Xolmat bangi qizil inqilob davrida bosh koʻtargan bosmachilar, keyinchalik hokimiyatni qoʻlga olgan qizilvoylar, kolxozlashtirish davridagi faollar, quvgʻinga uchragan mullolarga ham el boʻlmadi. Bangidan hech kimga foyda yoki ziyon yoʻq edi. Xorunboyning mulkida yashab, keyin bosmachilarga qoʻshilib ketgan shoʻrqishloqlik aka-ukalar Xolmatni oʻzlari bilan birga olib ketmoqchi boʻlishdi.

– Yuring biz bilan, boyvachcha, qizillardan boy otamni oʻchini olamiz, – taklif qildi bosmachilarning katta akasi Abdulla yuzboshi. – Hozir Omon polvonning yigitlari bilan birgamiz. Sizni xafa qildirib qoʻymaymiz.

– Yoʻq, men odam oʻldirolmayman, – dedi yigʻlab Xolmat. – Qizillar ham, oqlar ham ajal quvlagan gʻarib. Meni tinch qoʻyinglar...

U har turli davralarda sandiraqlab yurib, hech kim bilan fikri bir joydan chiqmadi. Bangilar bilan nasha chekib, oʻz gʻamu hasratlarini unutdi. Keyin chilimga butunlay sigʻinib qoldi. Ozib-toʻzib, rangi dokaday oqarib, koʻz kosasi chuqurlashib, badbashara bir kimsaga aylandi. Ammo shunga qaramay, uni Andijon, Oʻsh, Fargʻona va Namangandagi bangilar yaqindan tanishar va hurmatlashardi. Xolmat chilimini qoʻltiqlab yurtma-yurt daydir:

– Mana, men yolgʻon dunyoga oʻt qoʻydim! – deya chilimga solingan nashani qurillatib tortib hoholardi. – Tuta-ya, joningdan, tuta-a-a! Seni kayfing qanchalik yolgʻon boʻlsa, bu yorugʻ dunyoyam shunchalik yolgʻon!

Ulfatlar shoʻrqishloqlik tanti yigitga tan berib, uning qoʻlbola nashasidan karaxt boʻlib, qotib-qotib kulardilar. Rangi dokaday oqargan, koʻzlari suzulib qizargan bangilarning, buruqsigan qoʻlansa hididan odamlar nari tursin, hatto burgalar ham hazar qilishardi. Xolmatning badaniga ilashgan burgalar, yonida yotgan shoʻrlik xotinini qiyratib chaqishar, Xolmatga esa tegmasdilar. Burga, bitlar ham oʻz salomatliklarini asrashgan boʻlsa ehtimol.

Stalin oʻlgan yili qamoqdan qaytib kelgan Eshondada eshon Xolmat bangiga nasihat qildi.

– Ikkimizam oltmishdan oshdik, doʻst, – dedi eshon. – Otalarimiz qadrdon boʻlishgan. Qanday jannati odamlar edilar. Balki shu giyohni tashlab, aqlingizni yioʻib, iymonga kelarsiz?

– Aql iymonga dushman, taqsirim, – dedi banggi.

– Bu soʻzda mantiq yoʻq, Xolmatjon, – rad etdi eshon.

– Ajablar boʻlsinkim, – izoh berdi Xolmat bangi. – Koʻring, taqsirim, Istalinday aqlli odamni yer yutdi. Iskandaru Dorolar bu dunyodan qoʻllari boʻsh ketdilar. Mardi maydon Omon polvon qani? Shermuhammadxonu Muhammadaminbeklar qani? Suvni teskari oqizgan otangiz Zunnur eshon qanilar-u, davlati togʻdan baland Xorunboy otam qani? Ularni qoʻllaridan nima keldi? Bu dunyoda biror narsani amalga oshiraman deb, ovora boʻlmaslik kerak. Hamma narsani xudo biladi, xudo qiladi. Xudo xohlamasa musulmon boʻlolmaysiz, iymonga kelolmaysiz. Sizam menga qoʻshilib nasha cheking, taqsirim. Duoyingiz yuz karra kuchayadi! Hamma iymon bangilarda boʻladi.

– Astagʻfurulloh! – achchiqlandi eshon yoqasini ushlab. – Bu qanday shakkoklik boʻldi, doʻst? Iymon bangida nima qiladi? Xudoga ishongan odam nasha chekadimi?

– Nasha chekmagan kishi xudoga ishonmaydi, eshonim!

– Nozambilloh! Nozambilloh! – achchioʻi kelib, gʻudrandi eshon.

Bangilar oʻta iymonli bandalar ekanini isbotlash maqsadida Xolmat bangi Eshondada eshonga qoʻyidagi rivoyatni aytib berdi.

Bir kuni buyuk yaratguvchi Alloh oʻz huzuriga oliy bir farishtasini chaqiribdi.

– Yer yuziga tushib eng iymonli kishilar orasiga bor, – deb buyuribdi. – Ularni iymonlarini sinab koʻr. Aniqlab bilginchi, qaysi bandam meni qudratimga shubha qilmas ekan.

Farishta yer yuzidagi eng katta sahroga tushibdi. Musofir odam suratiga kirib, karvonga qoʻshilib olibdi. Karvonni yetaklab borayotgan sarbon, birdan boʻyi bulutlar qadar oʻsib, ulugʻ farishtaga aylanib, yerga juda ulkan bir juvoldizni sanchib, uni teshigigacha qum barxaniga botiribdi. Keyin karvonni shu juvoldiz teshigidan olib oʻtibdi. Karvon gʻoyib boʻlibdi. Taftishchi farishta tanho qolgach, sahro oʻrtasida joylashgan bir shaharga kiribdi. Jazirama yoz oylarida bu shaharga biror karvon sahrodan oʻtib kelolmas ekan. Shahar aholisi musofirni koʻrib, hayron boʻlib, uni podshoh huzuriga boshlab borishibdi. Podshoh ajablanib:

–Ey, musofir? – deya soʻrabdi. – Sen bu choʻlni qanday bosib oʻtding?

– Allohning qudrati bilan, men bir karvonga qoʻshilib keldim, – debdi farishta. –Karvonboshi epchil kishi ekan. Bir juvoldizni sahroga sanchib, karvonimizni teshigidan olib oʻtdi. Mana, men huzuringizga keldim.

– E, bizdek oliy zot senga mazax boʻlib qoldikmi? Bu gaping aqlga sioʻmaydi-ku? – deb gʻazablangan podshoh, farishta soʻzlariga ishonmay, uni kaltaklatib, saroydan haydab yuboribdi.

Farishta ma’yus alfozda shahar masjidiga kirib, ikki rakat namoz oʻqibdi. Imomlar va ulamolar musofirni koʻrib, qiziqib soʻroq-savol boshlashibdi.

– Ey, birodar, – soʻrabdi imom. – Siz bu jazirani qanday bosib oʻtdingiz? Axir bu chogʻlarda biror karvon sahrodan oʻtolmasdi-ku?

– Allohning qudrati bilan, – deya soʻz boshlabdi farishta. – Men bir karvonga qoʻshilib oldim. Karvonboshi yerga bir juvoldizni sanchib, shuning teshigidan karvonni olib oʻtdi. Mana, men shahringizga yetib keldim.

– Siz yo beaql ahmoqsiz yoki bizni mayna qilyapsiz, – achchiqlanibdi imom.

Farishta masjiddan quvilibdi. U bozorga boribdi. Bozordagilar ahvol soʻrashibdi. U boʻlgan gapni roʻyi-rost aytib beribdi. Bozordagi savdogarlaru xaridorlar, faqiru gadolar ham bu behurmat yolgʻonchini oʻz yonlaridan quvishibdi. Farishta eng oxiri sasib-achib yotgan bangilar takyaxonasiga kiribdi. Bangilar chilim chekib, karaxt boʻlib oʻtirishgan ekan.

– Kel, musofir, – iltifot koʻrsatib yonidan joy beribdi bir bangi.

– Sahrodan qanday oʻtib kelding? – soʻrabdi boshqasi.

– Allohni qudrati bilan oʻtib keldim, – xohlamaygina javob qilibdi farishta.

– Yo, qudratingdan! – xitob qilibdi birov.

– Ana moʻ’jiza! – yoqa ushlabdi kimdir.

– Aytib ber, musofir! – oshiqibdi yana birovi. – Qanday oʻtding?

– Bir karvonga qoʻshilib oldim. Karvonboshi zukko kishi ekan. Choʻlni oʻrtasiga bir juvoldizni tikka qilib sanchdi. Shuni teshigiga qarab karvonimiz yoʻl yurdi. Allohning qudrati bilan, ana shu karvonboshi, karvonimizni juvoldiz teshigidan olib oʻtdi. Mana, koʻrib turganingizdek, men bu yerdaman.

– E tasanno! – hamma bangilar uni olqishlab chilim tortishda davom etishibdi.

– Bunday karvonboshining ustoziga ofarin! – bir bangi iljayib bosh iroʻab qoʻyibdi.

– Sizlar menga ishondinglarmi? – ajablanibdi farishta.

– Boʻlmasam-chi, – deb javob qilibdi bir qari bangi. – Allohning qudratiga shak-shubha yoʻq. Seni karvoning bor-yoʻoʻi juvoldizni teshigidan oʻtibdi-ku. Agar xudoyim xohlasa, karvoningni juvoldiz emas, ignani teshigidan oʻtkaza oladi. Xudoning qudratiga shak-shubha yoʻq.

Farishta arshi a’loga qaytib borib Allohga xabar beribdi.

– E Allohim, seni qudratingga beaql bangilardan boshqa hech kim ishonmadi.

– Unday boʻlsa, – deya farmon qilibdi Allohi taolo. – Olamdagi barcha beaql bangilar yayrab-yashnab halovatda yashasin. Och qolsayam oʻynab kulaversin! Yalanoʻoch qolsayam oʻynab-kulaversin! Xaroba xonasi koʻziga saroydek koʻrinsin! Qolgan bandalarim esa oʻz aqliga tayanib, ur-toʻpolon qilib, yugurib-elib, doʻzax azobida behalovat boʻlib yashayversin!

Eshondada eshon bu qaysar bangining bemaza rivoyatini tushunolmadi.

– Ishonch bilan itoat orasidagi bogʻlanish qani? – deb soʻradi u. – Masjid qani? Ahli jamoa va sunna qani?

– Ishonchi yoʻq kishining itoati kimga kerak, taqsirim? – beholgina tomogʻi gʻirillab yoʻtaldi u. – Menga bu dunyoni savobiyam, gunohiyam, molu dunyosiyam kerakmas. Menga birgina Alloh bilan bir chekim nasha kifoya.

Dunyoga qoʻl siltagan bangi bolalarining baxtiga ham qoʻl siltab qoʻyganini anglamadi. Xolmat bangi yetmish yoshgacha nasha chekib gʻujanak boʻlib yotdi. Kattagina yer-suv, molu mulk, chorva egasi boʻlmish Xorunboyning yagona oʻgʻli, kaftdek hovli va pastqam uy-dahlizda umr kechirdi. Yotarga toʻshagi, yeyarga noni butun boʻlmadi. Umri nasha tuplari ostiga goʻng koʻmish bilan kechdi. Undan tugʻilgan toʻrtta farzandga “bangining bolasi” degan tavqi la’nat meros boʻlib qoldi...

Yettinchi bob. Rahmon amakining armoni

Yoz quyoshi zaminni kuydirgudek alanga sochadi. Odamlar shaharning soya-salqin bogʻlarida jon saqlab, issiq zahrini kesish uchun yaxna choy, gazlangan salqin ichimliklar ichib, muzqaymoq yeydilar. Ayollar xitoycha yelpigʻichlari, erkaklar doʻppilari bilan yuzlari va boshlarini yelpiydilar. Mashinalardan taralayotgan achchiq tutun va issiqdan shahar havosi yoqimsiz va dim. Ochlikdan ichagi achishib, issiqdan tinkasi qurigan Shokir, kichik tumanga yetib kelib, Mahliyoga boy bergan uyga kirdi. Mahliyo da’vogar kelganini sezib, oʻzini kasalga solib yotib oldi. Uydagi mulkning oʻzi uch milliondan oshiq turardi. Jihozlar yarmi sotilganda Shokir qarzidan qutilib ketgan boʻlardi. Mahliyoga olib berilgan oltinlar oʻzi milliondan oshadi. Mahliyo shuning yarmini bersa, Shokir uni duo qilib ketishga tayyor. Ammo Mahliyoni nafsi yoʻldan urib, oʻzini balo-qazoga roʻbaroʻ qildi.

– Mahliyo, – dedi kresloga choʻkkan Shokir, ochlikdan aftini burishtirib. – Boshimga tushgan ahvolni koʻrib turibsan. Aslida sendan bu narsalarni butunlay qaytarib olish niyatim yoʻq. Sevgimiz haqqi-hurmati meni qoʻllavor. Uyni bermasang, jihozlarni yo oltinlarni qaytarib ber. Men oʻzimni tiklab olay. Hali senga koʻp foydam tegadi.

– Buni sira iloji yoʻq, – inqilladi Mahliyo. – Oyim betoblar. Meni ahvolim esa mana bu. Rahmingiz kelsin. Rossiyaga borib ozarbayjon bolalardagi pullaringizni qaytarib oling. Axir uch-toʻrt ming dollar pulingiz ularda qolib ketaveradimi?

– U pullarni hozir undirolmayman, xotin, – dedi xoʻrsinib Shokir.

– Meni qiynamang... – oʻzini toʻshakka urdi Mahliyo.

– Buncha toshbagʻirsan, Mahliyo?! – nafratli boqdi Shokir. – Erta-indin ota-onam, bola-chaqam koʻchada qoladi. Meni toʻgʻri tushun. Hamkorlarimga qarz toʻlayapman.

– Nega toʻlaysiz?

– Qoidasi shunaqa. Qoʻl-qoʻlni taniydi. Sendan oʻz mulkimni soʻrayapman-ku, Mahliyo.

– Ovora boʻlmang, hech narsa bermayman.

– Topgan-tutganimni senga sarf qilganman!

– Men boʻlsam sizga muqaddas badanimni bagʻishlaganman! – oʻchakishdi ayol.

– Jahlimga tegma, xotin!

– Sizam haddingizdan oshmang! – fe’li buzilib hurpaydi u. – Oʻtgan kuni oyimni haqorat qildingiz. Meni urdingiz. Siz gʻoʻrligimdan foydalanib, yoʻldan ozdirib, uylanib olgansiz. Sizdan oʻn yosh kichikman! Ehtiyot boʻling! Oyim sizni sudga berib qamatarmishlar!

– Oying meni nega qamatarkan?!

– Siz meni kasal qilibsiz. Doʻxtirlar aniqlashibdi.

– Nima-nima?!

Bu nayrangni koʻrgan Shokir koʻngli xira boʻlib oʻyga choʻmdi. Qaynonasi oʻshanda qizining omadidan sevingan boʻlsa-da, sir boy bermay bir-ikki oy davomida qovogʻini osib yurgan, keyin kirishib ketgan va kuyovdan anchagina naflangandi. Bu ayolning roʻzgʻori, oʻzidan yosh yangi eri va takasaltang oʻgʻilchasining sarfu xarajati ham Shokir zimmasiga tushib qolgan edi. Toʻpori kuyov Mahliyoni aytarli oltinga tortib oldi desa xato boʻlmaydi. Shokir kasod boʻlgandan soʻng muttaham qaynona, bu yergaga xoʻmrayib kelib-ketadigan boʻldi.

– Agar, meni tinch qoʻymasangiz, bitta varaqqa hamma gapni yozaman. Keyin oʻzimni oʻldiraman! Ehtimol siz nasha-pasha chekarsiz, shuning uchun meni azoblagandirsiz...

– Nimalar deyapsan?! – dedi gʻazabdan titrab Shokir. – Hamma buzuq, hamma nashavand seni atrofingda, qanjiq!

– Nega tuhmat qilasan?! – eshikni koʻrsatdi Mahliyo chaqchayib. – A nu, poshyol!

– Pullarni qaytar, tovlamachi!

Mahliyo sakrab oʻrnidan turib, yugurib ayvonga chiqdi. Kichik tumanni boshiga koʻtarib ovozining boricha baqirdi.

– Voy dod! Kim bor? Milisa chaqiringlar, qoʻshnilar! Voy dod! Yordam beringlar!

Chinqiriq kichik tumanning baland binolariga urilib aks-sado berdi. Qoʻrqib ketgan Shokir tuflisini qoʻliga olib, uydan chopib chiqdi. Zinadan pastga yalangoyoq yugurib tushib, yoʻlak ostonasida tuflisini kiydi. Shoʻrlik oshiq Shoʻrqishloq qaydasan deb yana piyoda joʻnadi. U keyingi paytlarda negadir qoʻrqoq boʻlib qolgan. Qarshisidan kelayotgan notanish odam ham koʻziga haqdor boʻlib koʻrinar, oʻzini butun dunyo qarshisida qarzdor va aybdor sezar, qayerlardadir oʻz haqi bor yoki yoʻqligini esa eslolmasdi. Ehtimol soddalik qilib tushkunlikka tushib qolgandir yoki Mahliyo ichirgan ilmu amallar koridan aqlini yoʻqotgandir, hartugur eshonzoda boyvachcha butunlay es-hushidan ayrilgan edi.

“Oʻshanda es-hushim qayda ekan? – deb oʻyladi u. – Bu ayol nega buncha chiroyli koʻrindi? Shuni nimasi chiroyli? Baqraygan koʻzlariga boʻyoq chaplab, zahil yuziga qizil surkab, xaltadek osilgan tanasini kuylak bilan tortib oladi. Nega oʻshanda men toʻgʻri fikrlamadim? Koʻngli kirligini nega hisobga olmadim? Aldangan gʻarib qiz boʻlsa, nega biror hovliga kirib qoʻlini kosov, sochini supurgi qilish oʻrniga, begona shaharda zamonaviy tarzda umr kechiradi? Nima, shuncha aldangani koʻziga kam koʻrindimi? Yoʻq, Shokir, bu aldangan sohibjamol emas. Bu hammani aldab domiga tortadigan ozitqi! Aldoqchi, tovlamachi, oʻgʻri, fohisha! Onasi bilan tili bitta buni. Agar hozir bu mahluqlar bilan non talashsang, oʻzingni yo qamoqda yoki kasalxonada yoki boʻlmasa qabrda koʻrasan. Nashavand, bandit, ayollarni zoʻrlovchi vahshiy, degan biror ayb bilan turmaga tushasan. Yoki birorta xudobexabarga pul berib, seni bir umrga mayib qiladi. Unda qari ota-onang, goʻdak farzandlaring xarob boʻladi. Eh, Shokir, oldinroq shu aqling qayerda edi?”

Shohbekatda “Damas” mashinasiga suyanib, Ahmad domlaning ukasi Rahmatilla turgan edi. U Shokirni koʻrib, koʻzi quvonib iljaydi.

– Ha, uka? – dedi Shokir horgʻin salomlashib.

– Bugun omad kelmadi, – dedi haydovchi xomush. – Odam yoʻq. Loaqal benzinga mablagʻ chiqarib olganimdayam mayli edi.

– Omadi ketgan odamga hech qayerdan najot yoʻq ekan oʻzi... – oʻkindi Shokir.

– Qishloqqa qaytamizmi? – soʻradi Rahmatilla.

– Ha...

Ikki omadsiz hamqishloq yoʻl boʻyi har sohada hasratlashib bordilar. Mashinadan tushayotganda Shokir puli yoʻqligini aytib xijolat boʻldi.

– Uka, ogʻir kunimda kor keldingiz, – dedi. – Omadim kelganda sizni aslo unutmayman.

– Men sizni yaxshi bilaman, Shokir aka, – dedi Rahmatilla. – Siz baribir suyagi butun yigitsiz. Xijolat chekmang, sizga yarashmas ekan.

Shokir bir tomoni adirlik, ikkinchi tomoni mahalladan iborat Adirkoʻchadan yurib borarkan, Rahmatilla bilan boʻlib oʻtgan suhbatni esladi. Ahmad domlaki oʻz ukasini ayamabdimi, Mahliyodan nima kutish mumkin? Tugʻishganlarning ham goho oʻzaro doʻstligi yoʻq boʻlarkan. Ining yaxshimi yo doʻsting? Albatta inim yaxshi, agar u doʻst boʻlsa!

Shu kungi ochlik, charchoq, dilxastalik Shokirning xotirasiga muhrlanib qoldi. Rahmatilla siymosida oʻzi koʻrgan dunyo moli oʻtkinchi ekaniga chinakam ishondi.

* * *

Supada yonboshlab yotgan Rahmon amaki Sulton xonasida ma’yus oʻtirganini koʻrib, qiziqib uni kuzatdi. Sulton bir dasta qogʻozni titib, nimalarnidir yozib-hisobladi.

– Sultonboy? – dedi Rahmon amaki yotgan joyidan ovoz berib.

– Ha, dada?

Sulton otasi yoniga kelib oʻtirdi.

– Nimalarni oʻqiyapsan, oʻgʻlim? Sendayam es-xush bormi oʻzi?

– Bor, – dedi Sulton. – Nima, meni jinni deb oʻylaganmidingiz?

– Deganim yoʻgʻ-u, keyingi chogʻlarda juda gʻalati boʻlib qolding-da. “Sulton shildir, Sulton pachava”, deb noming chiqdi, oʻgʻlim.

– Nima bilan vaqtimni chogʻ qilay boʻlmasa? – soʻradi Sulton.

Rahmon amaki xoʻrsinib bebosh bolasiga qaradi. Sulton ota-onasini tez-tez xafa qilar, keyin ularni quchoqlab, kechirim soʻrab oʻyinga tushar, ichib olsa hatto yigʻlashdan ham qaytmasdi. Ba’zan xomush va oʻychan boʻlib qolardi.

– Sultonboy? – oʻsmoqchiladi amaki choy xoʻplab. – Nega oʻshanda yoʻl toʻsadigan chegarachilarga ajratilgan pullarni bermading?

– Qanaqasiga ular chegarachi boʻlsin? – qovogʻini uydi Sulton. – Savdoga borganingizda bilardingiz. Olatayoq koʻtarganlar, har qadamda yoʻl toʻsib, pul talab qilaveradi. Hammasiga pul toʻlayversam, buyoqqa nima bilan qaytaman deb, qaysarligim tutdi.

– Baxilni bogʻi koʻkarmas, oʻgʻlim. Toʻlash kerak edi.

– Ortiqcha pul boʻlganida toʻlardim, – kuyunib tushuntirdi Sulton. – Jiyan-larimga qishki botinka, palьto olay degandim-da. Axir akam beparvoligini bilasiz-ku. Uyimizda bitta “KamAZ”imiz, bitta “Jiguli”miz boʻlsa, oborotda qirq million pul aylansa, jiyanlarim eski tufli kiysa gʻalati-da. Har bir yoʻltoʻsarga bir dastadan pul beraversam, bozorga soʻppayib kirib borardim. U yerda pullarni akam jaraqlatib sanab oladi. Yangamni betiga qanday qarayman, deb shu ahvolga tushdim. Yangam boʻlsa, akamni yonini olib, mendan xafa boʻlyapti. Musichaday erlarini men bankrot qilibman.

– Ha, – oʻgʻliga achinib uni quchoqlab qoʻydi ota. – Boʻlar ish boʻlibdi, oʻgʻlim. Choy quyib beraymi? Choy ichasanmi?

– Ichmayman, rahmat, – Sulton qoʻlidagi qogʻozlarni koʻrsatdi. – Mana bunda bizni boshqalarda qolib ketgan hamma haqlarimiz yozilgan. Ozarbayjon, boshqird, oʻris bolalarda haqimiz qolgan. Ruslardan orttirgan Volodьka degan oshnamizdayam ancha-muncha pul bor. Mahalliy tanish-bilishlardayam bor. Lekin ulardan pul olish jon olish bilan barobar. Ular ham bizga oʻxshab yoʻlsiz. Akam kallasi achib hamma pulini Mahliyo bilan uning onasiga oldirib qoʻygan. Hozir ham nima qilayotganini oʻzi bilmaydi. Sizni duolaringiz bilan Amerikaga borib olsam, bir-ikki oydayoq hamma qarzdan qutilamiz.

– Amerikaga seni kim joʻnatadi? – xoʻrsindi Rahmon amaki.

– Bir yaxshi inson, – mehri joʻshib Shurik delavoyni esladi Sulton.

– Baraka topsin, – dedi Rahmon amaki oʻsha yaxshi insonni alqab.

Darvoza ochilib, xarobu xasta, ochu nahor, ezilgan kayfiyatda Shokir kirib keldi. U yengil salomlashib, otasining yonida oʻtirdi-da, Sultonga yuzlandi.

– Sulton, Bahromdan ikki yuz mingni olganmiding?

–Ha, – dedi Sulton.

– Tezroq oʻshani akashga berib qoʻy. Qachon olganding oʻzi?

– Pul yoʻq, aka, – dedi Sulton botinmayroq.

– Nega yoʻq? – fe’li aynib gezardi Shokir.

– Uni men toshkentlik Delavoyga berib yubordim.

– Nima?! – Shokir irgʻib oʻrnidan turdi. – Unga nega pul berasan?

– U meni Amerikaga yuboradi. Pasportimga viza ochdirib berdi.

– Hoy, ahmoq! Eshakmiya yeganmisan?! – baqirdi Shokir. – U sendaqadan yuztasi qozonini suvga soldirib qoʻygan, eshshak! Nega unga ishonasan? Nega?!

– Sodiq akashga nega pul beramiz? – hayron boʻldi Sulton. – Akashni hamma boyligi bizni peshona terimiz.

– Bunaqa gap savdoda yoʻq! – siqilib boʻgʻildi Shokir. – Hazillashmay pulni oʻrniga qoʻy.

– Pul Delavoyda ketgan dedim-ku!

– Qachongacha meni chuv tushirasan! Oʻldiraman seni!

– Boʻldi-da, aka! – baland keldi Sulton.

Shokir Sultonni quloq-chakkasiga zarb bilan urdi. Sulton akasiga qoʻl qaytardi. Bundan Shokirning gʻazabi qaynab, uni ayamay savalay ketdi. Rahmon amaki shoshib oʻrnidan turdi.

– Hoy, bola, toʻxta! Toʻxta! – dedi qaltirab.

Toʻpolondan kapalagi uchgan Karima xola, Oyxon va Obida hovliga chopib chiqishdi. Ayollar oraga tushishdan qoʻrqdilar. Rahmon amaki oraga kirib ularni ajratdi. Janjal toʻxtadi. Sulton qonli tupugini yutib, alam bilan harsillab soʻkindi.

– Seni aka deyishniyam istamayman! – dedi gʻazabdan qaltirab. – Sen qancha-qancha pullarni Mahliyoga sarflab yubording. Bizlar bu yerda suvogʻi koʻchgan uyda mastava ichib yashadik! Sen boʻlsang, Mahliyo bilan koshonada konьyak ichib, qazi yeb gashtingni surding! Aqlimni taniganimdan beri xizmatingni qilib yugurdim! Evaziga olganim shu boʻldi! Bor oʻsha gʻaringni oldiga!

– Unga til tekkizma, hayvon! – xasmi halolini himoya qildi oʻdagʻaylab Shokir. – Tilingni tiy, bola.

– Tiymayman! – oʻchakishdi Sulton. – Seni xotining gʻar! Buni hamma biladi. U Alishergayam, Hamidgayam, mengayam osilgan! Sen loʻxsan, loʻx! Holing qalay endi-a?!

– Uningni oʻchir! Bu gapingni isboti bormi?!

– Bor, xohlagan odamingdan soʻra! – koʻzlarini chaqchaytirdi Sulton.

Nogohon Shokirning yorugʻ dunyosi qorongʻi boʻldi. U Mahliyoni halol emasligini oz-moz bilar, pushaymoni ichida yurardi. Lekin oʻz ukasi, hamkor doʻstlariga ham suyilgani sha’niga yomon dogʻ edi. Haqiqat ba’zan ogʻudek achchiq boʻladi. Shokir alamini kimdan olishni bilmay, vujudida gʻazab toʻlib- toshdi. Koʻziga baqrayib turgan beshafqat ukasi tishidan zahar tomizgan ilon boʻlib koʻrindi. Uni mushtlab, tepkilab ayovsiz ura boshladi. Sulton ogʻriq zoʻridan baqirib qarshi hujumga oʻtdi. Ayollar chinqirigʻi, erkaklar ur-sur na’rasi, dupur-dupur, taraqa-turuq tovushlar Shoʻrqishloq osmoniga koʻtarildi. Salim va Zohida devor ortidan boʻy choʻzib janjalni tomosha qildilar. Yuz yillar davomida ibodatgoh boʻlgan, Eshondada eshon ibn Zunnur eshon xonadoni bamisoli shaytonlar qarorgohiga aylandi. Rahmon amaki hay-haylab baqirib yugurdi.

– Biring oʻlib, biring qamalib, qariganimda xor qilasanlarmi?! Toʻxtat! Toʻxtat!

Rahmon amaki chopib oraga kirdi. Gʻaflat bosib, Shokirning daydi mushti cholning moʻysafid chehrasiga urildi. Chol koʻzi qorayib, supa yoniga yiqilib qoldi. Qulogʻi chip bitdi. Karima xolaning javragani elas-elas eshitildi.

– Otangni oʻldirib qoʻyding, Shokir! Turgʻiz otangni! Turgʻiz!

– Dadam tiriklarmi?! Tiriklarmi?! – yigʻlab yubordi Obida.

Mungli faryodni eshitgan, shoʻrlik ota hushdan ketish niyatidan qaytdi. “Bolam homilador, qoʻrqib qolsa yaxshi boʻlmaydi, – deb oʻyladi chol va bir amallab koʻzini ochdi. – Voy, bolaginam-a, oʻzing koʻr boʻlsang, qiynalib bola tugʻib nima qilarding... Men bolalarimdan nima koʻrdimu sen nima koʻrarding? ”

Shokir va Sulton cholni koʻtarib olib, avaylab supaga yotqizdilar. U boʻynini choʻzib, qaqshab yigʻlayotgan Obidaga qaradi.

– Tirikman... Obida qizim, qoʻrqma… Qoʻrqma…

Ammo u oʻrnidan turishga mador topolmay, koʻzlarini yumib yotib qoldi. Koʻz oldini tobora quyuq tuman qoplab, oʻzini oʻzga bir fazoda koʻrdi. Xuddi tush koʻrayotgandek, otasi olamdan oʻtgan kechadagi voqealar koʻz oldidan birma-bir oʻta boshladi.

* * *

Ahvoli ogʻirlashgan kuni tunda Eshondada eshon, oʻz farzandi Rahmonga koʻnglini ochib, nimalarnidir aytgisi keldi. Uni yuz istihola bilan yoniga chaqirtirdi. Shamollab qolgan Shokir shu kecha qattiq isitmalab yotgandi.

– Oʻgʻlim, – dedi eshon mungli ovozda. – Bizni vaqtu soatimiz bitgan koʻrinadi...

– Dada, sizam yuragimni ezmang! – jerkib berdi Rahmon. – Bir tomonda Shokirtoyni isitmasi tushmayapti. Bu yoqda siz oʻlaman deb qoʻrqitasizmi?

– E-e! – xijolatga botib qoqsuyak qoʻllarini fotihaga ochdi bemor. – Ilohim, bolaginamni dardiga shifo bersin. Shokirtoy omon boʻlsinlar. Bizni yoshimizga yetsinlar. Boy yigit boʻlsinlar. Xalqni boshini silab yursinlar. Diydor qiyomatlik boʻlmasin degandik-da, bolam. Tokchadagi dadamdan qolgan Qur’onni olib, yostigʻimiz ostiga qoʻyib qoʻysangiz. Dilimizga dalda boʻlib tursin...

Rahmon tokchadagi sariq rangli duxoba gʻilofli Qur’on kitobini olib, yostiq ostiga qoʻydi. Eshondada eshon Qur’onni qulogʻi bilan oʻqimoqchi boʻlgandek yostiqqa qulogʻini bosib jilmaydi.

– Boʻldimi, dada?

– Boʻldi, – im qoqdi eshon va qadoq qoʻllari bilan oʻgʻlining qoʻllarini asta siladi. – Vaqtingiz boʻlsa, kelib biz bilan bir oz dillashib oʻtirarsiz, nuridiydam?...

– Xoʻp-xoʻp, – dedi Rahmon oʻris. – Siz koʻnglingizni toʻq qiling, bardamsiz, dada. Qari oʻlaman deb, yosh ketaman deb qoʻrqitaversa, hayotimiz hayot boʻladimi...

– Ha, albatta, albatta... Bizdan dilingiz ogʻrimasin, oʻgʻlim...

Bu Eshondada eshonning oʻz bolasiga aytgan soʻnggi soʻzlari edi. Rahmon amaki dogʻda qoldi. Yarim tunga borib, buvasining duolari mustajob boʻlib, Shokirtoy isitmasi tushdi. Eshonning esa joni uzildi.

* * *

Kuchli zarbdan koʻz oldi tumanlashgan Rahmon amaki bir amallab koʻzini ochdi. U qaddini rostlab, bir oz vaqt holsizlanib oʻtirdi. Keyin xoʻrligi kelib yigʻlab yubordi. Ayollar joʻr boʻldilar. Janjalkash oʻgʻillar, suvga tushgan mushukday shumtirab, supada oʻtirib qolishdi.

– Kechiring, xoʻjayin, – dedi aybdor Shokir boshini egib. – Kechiring...

– Kechiring, dada, –qoʻshildi Sulton.

– Men sizni emas, Sultonni urmoqchi edim, – dedi Shokir.

– Sultonni nega urasan? – milmillab yigʻladi chol. – Axir Sulton jigarimni bir parchasi-ku, bolam?! Uni nega urasan?!

– Men xato qildim. Kechiring, dadajon...

Rahmon amaki tobora xoʻrligi kelib, oʻkirib yigʻladi.

– Men bechora kechirgani qayergayam borardi. Men podshohmasman. Yoki xudomasman, bolam. Kechiradigan toju taxtim yoʻq. Aslida hamma xatoni men qilganman! Men! Hammasiga oʻzim aybdorman… – Koʻksiga musht urdi u. – Men nega shunday azoblarga qoldim... Nega hamma bolam shoʻrpeshona boʻldi? Nega Obidam koʻr boʻldi?! Bilasanmi?! Men ota-buvamni ilmiga xiyonat qildim. Bexudo kofirlarga qoʻshilib, avliyo otamni ustidan kuldim. Topgan oqibatim mana! Men ahmoq musichaday oʻlimi oldidan otam dilini ogʻritdim. Shokirtoy isitmada yotibdi, sizga nima bor xarxasha qilib dedim. Oxir-oqibat Shokirtoyim mushtini yedim! Hammasiga oʻzim aybdorman! Oʻzim!

Rahmon amaki marhum ota-onasiga aza ochib uzoq yigʻladi. Devordan moʻralab janjal tomosha qilayotgan Zohida bilan Salim ham yum-yum yigʻlashdi. Karima xola ham joʻrlashib, erini boshini silab yupatdi.

– Boʻldi qiling, yigʻlamang, dadasi... Bolalarimizdan ogʻrinmang... Otasini ranjitmagan bola bor ekanmi? Odam Atoniyam bolalari qiynashgan ekan. Shoʻringiz boʻlmasa Shoʻrqishloqda tugʻilarmidingiz, dadasi?..

Sakkizinchi bob. Odamgarchilik

Rahmon amakining qizi Naziraga uylangan Oktabr Nugʻmonov oʻziga Oktabr ibn Partkom deya taxallus qoʻydi, Rahmatli otasi Sodiq partkom kutubxonasiga qamalib olib, eski yozuv mashinkasini ishga soldi va ilmiy risola yozdi. U ichkilikni koʻp ichganidan, hayotiy voqealarni aniq sharhlolmasa-da, ravon tilda ijod qila olardi. Muallif ilmiy risolaga qanday sarlavha qoʻyishni bilolmay uzoq oʻyladi. Va nihoyat unga “Odamgarchilik qoidalari” deb nom berishni ma’qul topdi. U aroq ichmagan kunlari, shirin orzular qanotida uchar, asarini Naziraga ovoz chiqarib oʻqib berar, xotini alla eshitgan chaqaloqdek mudrab, xurrak otib uxlab qolar edi.

– Shuyam odamgarchilik boʻldiyu?.. –Oktabr xafa boʻlardi, oyna oldiga oʻtirib olib, qoʻlini qilich qilgancha, ovozini baland qoʻyib oʻqishda davom etardi.

“Biz – odamlar, – deb yozadi Oktabr ibn Partkom oʻz asarida, – odamgarchilikni unutib qoʻydik! Hammamiz oʻz foydamizni koʻzlab yashamoqdamiz. Aslida bizlar, bir-birimizning baxtimiz uchun kurashib, halolu pok yashashimiz kerak. Begonalar kulfatiga yigʻlashimiz kerak. Oʻz nonimizni birovlarga berib, ulardan pul olmasligimiz kerak. Doʻkonlarda aroq-vinolarning narxi oshib ketdi. Xoʻsh, nega shunday boʻldi? Bunga kim aybdor? Albatta, biz oʻzimiz aybdormiz. Biz oʻz foydamizni emas, odamgarchilikni koʻzlab yashaganimizda, narx-navo koʻtarilib ketmagan boʻlardi. Nima uchun nonvoy nonni qimmatlashtirib qoʻydi? Nega qassob goʻshtning narxini oshirdi? Haydovchilar nima sababga koʻra yoʻlovchilardan katta haq olishyapti? Chunki ular pulni sevishadi. Bizning barcha kulfatimiz pulga nisbatan muhabbatimizdan kelib chiqmoqda!”

Ushbu mushohadalar bilan tanishgan Shodi piyon iliq soʻzlar aytdi.

– Qoyil, – deb maqtadi u. – Odamgarchilikni boplab sharhlabsan.

“Biz oʻzaro qanday muomala qilishimiz kerak? – bitigini Shodi piyonga oʻqiy boshlaydi ibn Partkom. – Bir-birimizni “oʻrtoq” deb chaqirishni tashlaylik. Masalan, xotinlar bilan erkaklarning oʻrtoqchiligi qanday oqibatga olib keladi? Buni izohlashning oʻzi ham siyosiy sharmandalikdir! Amaldor bilan amaldor, chayqovchi bilan chayqovchi oshnachiligini qanday izohlaymiz? Shoʻro davrida bu illati urchib ketib, rahbariyat orasida noloyiq shaxslar juda koʻpaydi. “Suya-suyalizm” avj olib bordi. Natijada tuzum inqirozga uchradi. Biz eskilik sarqitini qoralaymiz va har qanday meshchanlikni yoʻqotamiz. Eng ulugʻ nom – “Odam” degan nom. Shuning uchun bir-birimizga “Ey, odam!” deb murojaat qilsak, maqsadga muvofiq boʻladi. Bu soʻzni eshitgan har bir kishi zurriyodini eslab qoladi va oʻzida odamgarchilik fazilatini paydo qilib, jinoiy faoliyatini toʻxtatadi. Aks holda u hayvoniy xulqda yashashda davom etaveradi va hech qachon odam boʻlmaydi!”

Oktabr va Shodmon kayflari oshib qolgan chogʻlarda qoidalar mutolaasidan charchamas, bir-birlariga “odam” deb murojaat qilardi. Bor-yoʻgʻi qirq varaqlik risolani, Qur’on oyatlarini tafsirlagandek tafsirlab, baqirib-chaqiravergan oshnalar hamma yemakxonalardan haydalishdi. Oqibat topgan-tutgan pullariga aroq olib, koʻchada tik turib ichib, uy-uylariga tarqaladigan boʻlishdi.

– Barcha daholar mana shunday quvgʻinga uchragan, – soʻz qotadi Oktabr chayqalib. – Biz tobora oʻsib boryapmiz, Shodi odam.

– Toʻppa toʻgʻri, Oktabr odam! – zavqlanib xitob qiladi Shodi piyon. – Marks ham, Engelьs ham bizni oldimizda kopeyka boʻldi!

Qadrdon ulfatlarlar Naziraning tilla uzugini sotib, pulini ichib tugatishdi va yanada mashhur boʻlib ketishdi.

* * *

Bir kuni shahar markazidagi pivoxonada Oktabr ogʻaynisi Shodmon bilan koʻproq ichib qoʻydi. Shodmon ichkilikdan oʻzga narsa haqida oʻylamasdi. Oktabr esa unga nisbatan oliftaroq. Shuning uchun oʻzini ustozday tutadi.

– Odam nima uchun tugʻiladi? – deb baqirdi u pivobarni boshiga koʻtarib. – Odam bu dunyoni anglash uchun tugʻiladi. Sen, Shodi odam, hayotni anglaysanmi?.. Biror marta bu ahmoq kallang bilan “hayot nima oʻzi?” deb oʻylab koʻrganmisan?

– Ha, – dedi Shodmon. – Shuning uchun alkash boʻlib qoldim-da, oshna! Eh, hayot, onangni! Buni men tushunmasam kim tushunardi.

– Sen parmani tushunasanmi, odam?! – u barmogʻini chakkasiga qoʻyib parma kabi aylantirdi. – Bu hayot – parma! Uchi ichingga kirib olsa bas! Aylanaveradi, aylanaveradi, aylanaveradi. Borgan sari ichingga yoʻgʻon dastasiyam kirib boradi. Sen esa bundan bexabarsan! Bir kuni dahshatli krizis! I, tamom, sen yoʻqsan! Hayot shakar bilan boshlanib, tuz bilan tugaydi! Tamom! Kaput! Bu hayotda yashashdan hech qanday naf yoʻq!

– Yoʻq! – bosh chayqadi peshonasini stolga urib Shodmon. – Foyda yoʻq, Oktabr odam! Yuz grammdanam foyda yoʻq! Bitta otib olsang hayot seniki. Qolganini onasini...

– Ammo, – dedi faylasuf Oktabr fikrga tolib – yashash kerak. Juda kerak.

– O-o-o! – dedi Shodmon uni ma’qullab, qoʻlini bigiz qilib. – Albatta yashash kerak! Ilojimiz yoʻq! Yoʻq boshqa iloj, Oktabr odam!

– Aslida, shartta oʻlib ketsangam boʻlaveradi! – yana faylasufona oʻyga choʻmdi Oktabr.

– Sekin gapirasanmi? – tuturiqsiz Shodmon unga joʻr boʻldi. – Oʻylab oʻtirmay oʻlish kerak. Bu hayotni onasini!.. Hayotda haqiqat yoʻq!

– Bir yoqlama oʻylasa shunday. Lekin, Shodi odam, – kekirdi Oktabr. – Hayotda haqiqat bor.

– Pravilьno! – oxirgi aroqni unga sezdirmay, stakanga quyib ichib yubordi Shodmon. – Haqiqat bor! Uni biz koʻrmayapmiz, xolos, Oktabr odam.

Oktabr chala chekilgan sigaretini tutashtirib, tutundan achishgan koʻzini qisib, Shodmonga tutun puflab, boʻsh shishani tekshirib koʻrdi.

– Men koʻngil dardiga malham qidirib, hamma davralarga bordim. Otam qizil edi. Uni falsafasidan koʻnglim aynirdi. Men radioni qisqa toʻlqini orqali “Amerika ovozi”ni tinglab oʻsganman. Hamma partiyalarga bordim. Mullalargayam bordim. Koʻnglimni dardiga davo topmadim. Kimga qarama boyishni, rahbar boʻlishni xohlaydi. – Oktabr boʻsh shishani silkidi. – Hammasi xuddi senga oʻxshab oʻgʻri! Hammasi vahshiy! Men bu dunyoga birovni oʻldirish yoki bevaqt oʻlish uchun emas, yashash uchun kelganman! Yoki gapim notoʻgʻrimi?

– Istinnaya pravda! – yigʻladi Shodmon, oʻsiq moʻyloviga burnini oqizib. – Ha-hamma bir narsaga intiladi. B-bir narsa boʻlsa oz... Ha-hammaga yetmaydi... Kel, bir oʻpay seni, odam!

– I-i! Oshna, burning oqib ketdi, artib ol, – jirkandi Oktabr, ulfatining moʻyloviga qarab va faylasufona oʻy surib uh tortdi. – Ehhe, seni usting kir, ularni esa ichi kir. Hammangiz jirkanchsiz. Uningizam, buningizam koʻnglimni aynatasiz... Ming la’nat sizlarga! Men bobom Nugʻmonovga oʻxshab, odamlarni oʻlimga mahkum qilmayman. Otamdek sovun koʻpigiga oʻxshash ma’ruza oʻqimayman. Menga bu olamdan hech narsa kerak emas! Men odamgarchilikni targʻib qilaman!

– Toʻppa toʻgʻri! Bu ishda otangni arvohi senga yordam beradi! – deb gʻuldiradi yuzini stolga qoʻyib mudrayotgan Shodmon.

– Yoʻq, Olya, – dedi kayfi oshgan daho, – biz endi boshqa yoʻldan boramiz!

– Kim Olya? Ogʻzingga qarab gapir, Oktabryat! – xafa boʻldi Shodmon.

* * *

Eshonzoda Nazira partkomvachcha Oktabrning xurmacha qiliqlaridan bezor boʻldi. Ayniqsa uzugining sotib ichib yuborilishi va oʻziga nisbatan “xotin odam” deb murojaat qilinishini sira kechirolmadi. U oxirgi piyoz va yogʻni, jiz-biz qilib non bilan yeb olgach, oʻgʻlini, ya’ni eri aytmoqchi, “oʻgʻil odam” Jahongirni, qaynsinglisi “Lemaren odam” – Ominaning uyiga olib kelib tashladi. Oktabr oʻz farzandini juda sevadi. Toʻrt yoshli Jahongir ham usiz yasholmaydi. Nazira boʻxchasini qoʻltiqlab, Rahmatilla “Damas”iga oʻtirib, Shoʻrqishloq qaydasan, deb yoʻlga tushdi. U ilgari bir oz erkatoy, sarvqomat, kulib turgan jozibador qiz boʻlib, unga Shoʻrqishloqdagi koʻp yigitlar oshiq edilar. Toʻy xabarini eshitib, ba’zilari aroq ichib, mastlik qilib yigʻlab-siqtashdi. Bunday adolatsizlikdan gʻazablangan yigitlar kuyov Oktabr va uning joʻralarini doʻpposlashga hozirlik koʻrib qoʻyishdi. Xayriyatki, Shokir va Sultonning haybati qalqon boʻlib, toʻyga kelgan kuyov joʻralar bir amallab omon-eson oʻz uylariga yetib olishdi.

Nazira mashinada borarkan, shularni eslab koʻziga yosh oldi. Lekin oʻgʻli Jahongirni eslab, jilmayib yuzi yorishdi.

– Siz Oktabr alkashni xotinisiz, a? – soʻradi oldingi oʻrinda oʻtirgan yigit. – Kecha eringiz koʻchada gʻirt mast yurgan ekan. Oyogʻida oʻrnamaydi deng. Sizga qiyin boʻldi-da.

– Nega alkash boʻlarkanlar? – achchiqlandi Nazira. – Hecham alkashmaslar. Hozir meni erim katta ilmiy ish yozyaptilar. Boshlari charchaganda, bir oz ichib ulfatchilik qiladilar-da. Sizga ogʻirligi tushmasin, boʻptimi?!

Mashinada oʻtirganlar orasida, noqulay vaziyat yuzaga kelib, sukunat choʻkdi. Haydovchi xushlamaygina gʻiybatchi yigitga qarab tanbeh berdi.

– Oʻylamay suylamang, uka, – dedi u va Naziraga xayrixoh nazar tashladi.

– Rahmat, singlim. Niyatingizga yeting. Er yigitni boshidan har turli savdolar oʻtib turarkan-da. Ilohim, eringizni ilmiy ishlariga rivoj bersin.

Nazira qishloqqa yetib kelib, uyi yaqinida mashinadan tushib qoldi. Xijolatdan boshi egildi. Qoʻlidagi boʻxchasini koʻrib, koʻchada turgan ayollar unga qarashar, boshiga tushgan kulfatni bilgilari kelar, uzoqroq gapga solishga urinardilar. Nazira hech kimga sir bermay, uyiga yetib oldi.

* * *

Rahmon amaki oʻsha kungi janjaldan keyin, xafalanib supada yotaveradigan odat chiqardi. Uni yelpib oʻtirgan Karima xola, pichirlab qaynonasi oʻrgatgan duolarni oʻqir, erining dardiga xudodan shifo soʻrardi. Obida esa otasining boshini bosib oʻtirar, ogʻir oʻyga choʻmgan edi. Qoʻshni hovlidan shangʻillab Zohidaning qargʻagani eshitildi. Salim uni haqoratlab baqirdi. Bir narsalar taraqlab ketdi. Devordan gup etib bir tugun tushdi.

– Nima?! – hamma bir ovozdan xitob qildi.

– Bular uyimizdan yoʻqolgan narsalar, – dedi Obida.

– Sen qayerdan bilasan? – dedi ishonqiramay Karima xola.

Oyxon shoshilib tugunni yechdi.

– Iya! Rost ekan! – dedi ajablanib.

– Rostdanmi, qizim?.. – yalt etib Obidaga qaradi xola.

Rahmon amaki ham supaga keltirilgan tugundagi tovoqlar, paqir, mototsikl chirogʻi, oʻroq, qosh tergichlarni tomosha qildi.

– Sen boʻlsang Oyxonni ayblading, – dedi u kampiriga.

– Hech-da! – Karima xola xijolatga botib Oyxonga qaradi.

– Men Oyxonoyim kimligini bilmasmidim? Oyxon, sizga biror marta tuhmat qilganmidim?

– Yoʻq, – noiloj aldadi kelin. – Oʻzimni onamsiz-ku, oyijon...

Karima xola topilgan narsalardan ham koʻra koʻproq Obidaga termilib qoldi, koʻz oʻngida qizi avliyoga aylandi.

– Bu xonadonda oʻgʻri yoʻq, – dedi Obida. – Johillar borligi rost.

– Bu jaholat qayerdan paydo boʻldi oʻzi hayronman... – kiftini qisdi Rahmon amaki.

– Bu jaholat sizni jahlingiz, dada.

– Nega meni jahlim boʻlsin, qizim?

– Axir biz tugʻilganimizda jahl qilishni bilmaganmiz. Hammasini sizdan oʻrgandik. Oyim ikkingiz juda koʻp urishardinglar. Yoqub akam, Shokir akam, men yigʻlab, sizlarni ajratardik. Esingizdami?

– Esimda...

– Olim akam sen jahldorsan deydilar, – kuldi Obida. – Sizni qizingizman-da.

– Sen hecham jahldormassan, – Karima xola gapni boʻldi. – Sen, qizim, avliyosan. Qaynatamdan senga yuqqan avliyolik bor. Dadamiz hamma narsani oldindan bilardilar. Bundan koʻra duo qil, Obida. Ishlarimiz tezroq oʻnglanib ketsin.

Xotiniga Rahmon amaki joʻr boʻldi.

– Bekor gap, qizim, hecham jahldormassan! Sen farishtani oʻzginasisan. Birorta bolam senga oʻxshamaydi. Nega oʻxshamaydi? Ularni men mana shunday rasvo qilib oʻstirdim. Sen koʻrlar maktabida oʻqib, meni zahrimdan omon qolding! Oyingniyam nohaq ayblardim. Hamma ayb meni oʻzimda.

– Mendayam ayb yetarli, – tan oldi Karima xola. – Bundan keyin nolimaymanam, qargʻanmaymanam. Odamlar oʻz bolasiga vaqti kelib yukinarkan desalar ishonmasdim. Men bugun Obidamga yukindim.

– Yaxshi yoki yomon yashash oʻzimizga bogʻliq, – dedi Obida. – Lekin anavi tugunni bugun devordan tashlab qoʻyishlarini men oldinroq bilardim.

– Oʻzimizni Zohidaxon-da, a? – soʻradi Rahmon amaki.

– Birovni ayblash gunoh, – dedi Obida. – Zohida opamiz yaxshi inson.

– Kelinglar, – dedi Karima xola. – Bundan keyin tinch yashaylik. Oʻlmaganimizga shukur qilaylik. Dadasi, keling, bir duo qiling, bundan keyin hammamiz tinch yashaylik.

Eshonzodalar ixlos bilan qoʻl ochib, uzundan uzoq duo oʻqishdi. Duo tugamay turib, darvoza taraqlab ochildi va uvvos solib yigʻlagancha Nazira kirib keldi. U he yoʻq, be yoʻq boʻxchasini otib yuborib, supada oʻtirdi-da, bolaligidagi kabi lablarini choʻchchaytirib, yigʻlashga tushdi. Kap-katta xotin shunday hunar qilsa kimning aqli shoshmaydi. Xonadon ahli kalovlanib qoldi.

– Nima balo, – dedi tipirchilab Karima xola. – Qoʻshnilar bu tugunni amal qilib tashlashdimi? Uyimizdagi janjallar bunikiga koʻchib oʻtsin deyishgan-da! Ha, xudo bexabarlar! – devor yoniga borib bor ovozda qargʻana ketdi. – Iloyo, kim shu xonadonga yomon koʻz bilan qaragan boʻlsa, koʻzi oqib tushsin! Amal qilganlarni amali oʻziga qaytsin! Bu ifloslarni dastidan koʻchib qutulaman shekilli?! Ha, uzun-qisqa boʻlmay oʻlgurlar!

– Hoy, muttaham bola!? – Naziraga baqirdi Rahmon amaki. – Bu nima qiliq? Toʻxtat yigʻingni!

– Ha? Ering urdimi?! – soʻradi Karima xola Naziraga yaqin kelib.

– Yoʻq! – yigʻladi Nazira.

– Uyingga qaytib ketasanmi?

– Yoʻq!

– Ha, yergina yutgur! Oʻz tashvishimiz ozmidi?! Sen nega kelding?!

– Boʻlmasa qayga boray? Ochiq mozorga boraymi?!

– Boshimga balo boʻlib tugʻilgan ekansan, yashshamagur!

– Oyi?

– Nima deysan?

– Bolam shaharda qoldi. Borib opkelib bering!

– Uni opkelib oʻligimga azob tushibdimi? – shangʻilladi xola. – Senlarni dastingdan sabru bardoshim ado boʻldi!

– Olib keling bolamni! – baqirdi Nazira.

– Itdan boʻlgan qurbonlikka yaramas! Kimga kerak boʻlsa oʻsha yugursin!

– Chidamasangiz nega tugʻdingiz?!

Nazira yana-da balandroq yigʻlashga oʻtdi. Rahmon amaki asabi buzilib, Naziraga baqira ketdi:

– Nega yana qochib kelding, muttaham?

– Uyda yegani non qolmasa nima qilay? Ochimdan oʻlaymi? Oʻlaymi?!

Karima xola qoni qaynab, choynakdan sovuq choy quyib ichdi. Asabiylashib, oʻzini bosolmay, nari-beri yurgancha javrashga tushdi:

– Iloyo sevging bilan qoʻshmozor boʻlgurlar! Oʻshanda aytganman-a! Aytganman! Erkak quda siyosatdon ekan shundan ehtiyot boʻlaylik deganman! Ha, sevishmay qurib ket! “Shoʻrqishloqdan ertopar qizlar chiqib qoldi”, degan gaplarniyam koʻtarib yurdim. Qaynotang nima derdi? – partkom Noʻgʻmonov iborasini esladi xola. – “Qoʻlni-qoʻlga berib, oʻrtoq quda, porloq kelajakka boraylik. Oʻlsak kelajak avlod xotirasida abadiy qolaylik! Avlodlarimiz osmonni egallashadi!” He, ordona! Shumi osmonni egallagani?! Bitta xotinini eplab boqolmasa, osmonni qanday egallaydi?! Yaxshiyam qaynatang ertaroq oʻlib qoldi, boʻlmasa nevaramni oti Gagarin boʻlardi! Uningni oʻchir!

– Qornim och! – hiqilladi Nazira.

– Bor, oshxonaga kirib ul-bul narsa yeb olaqol, – dedi Rahmon amaki. – Ovqatni supaga olib kelishguncha horib qolmagin yana!

Nazira har gal shu qabilda tomosha koʻrsatib, bir amallab uyga kirib oladi. Shundan keyin uni hech kim urishib haydamaydi. Biror hafta qorni toʻyib ovqatlanib, kuchga toʻlib yana shaharga qaytadi. U bugun ham har galgidek, alohida taklif kutib oʻtirmay, qoʻlini ishqalab oshxonaga kirib ketdi. Shu desangiz, bechora qiz shirin taomni juda yaxshi koʻradi-da. Ayniqsa, unga Oyxonning qoʻli xush yoqadi. Ammo u bu safar dasturxonga qoʻyilgan ovqat va nonni koʻrib, bir oz hayron boʻldi.

– Bu qanday ovqat, yanga? – deb soʻradi xontaxta yoniga oʻtirib.

– Bizam qarzga botib, gʻarib boʻlib qoldik, – dedi Oyxon. – Oʻzga iloj yoʻq, oʻrgilay!

Nazira gʻamga botib xoʻrsindi.

– Juvon oʻlgur nayrang qilib, akaginamni sindirdi-da.

Rahmon amaki, Karima xola, Oyxon, Obidalar, Nazira qornini toʻydirib olgandan soʻng, uni oraga olib miriqib suhbatlashdilar. Uzoq jahl qilishgani uchun ruhiyat posangisini rostlashdi chogʻi, har doimgidan uzoqroq kulishdi. Bolalikdagi xurmacha qiliqlarini eslatib, Karima xola Nazirani mazaxlab oʻtirdi. Oktabr bilan Nazira eshonoyimning muhabbatlari haqida gap ochilib ketdi. Karima xola nashtar sanchib hazillashdi:

– Ha, sevgini katta siygʻoqlarga chiqargan ekan. Biz kichkina bir odammiz. Nimaniyam tushunardik.

– Oyi...! Uff! – zarda qilib mingʻirladi Nazira.

Yoshi oʻn toʻrtga chiqqanida ham bu uyqusevar qiz bir-bir “ish” koʻrsatib qoʻyardi. Karima xola, shu qizining kelajagidan qoʻrqib, yurak hovuchlab yurardi. Oldingi nashtardan koʻngli toʻlmagan xola, shularni eslab, qizini yana bir marta uzib oldi.

– Ha, qiz boqqanni shoʻri qursin. Uyogʻini oʻpirib kelarmikinsan, deb qoʻrqsam, buyogʻidan koʻzingni yoshlab kelding, – tirjaydi u. – Qaynota-qaynonangga, ering Oktabrga moslab tuqqan ekanman oʻziyam! Oʻxshatmasa uchratmas! Ering ilmiy ishlar yozib turibdimi ishqilib? Hukumatdan pul kelay deb qoldimi?

Qarindoshlar qah-qah urib kulishdi.

* * *

Ertasiga hovlida Shokir, Sulton, Nazira va Obida, Oyxon va Karima xola jamlanib qolishdi. Tushga yaqin eshonlar xonadoniga xudoning nazari tegib, hatto Yoqub qonqaynatar ham ahvol olgani keldi. Sulton quvonib Shokirga koʻz qisgach, Yoqubni quchoqlab koʻtarinki ruhda xitob qildi:

– Bugundan boshlab bu ulugʻ kunni har yili hayit sifatida nishonlaymiz!

– Ola-a!.. – bazoʻr irshaydi erinchoq Yoqub.

Yoqub – Rahmon amakining katta oʻgʻli. Gavdasi yumaloq, yuzi sariq va sergoʻsht, bilaklari yoʻgʻon, sertuk, koʻzi sal koʻkka moyil, bir oz jahli tez va bir vaqtning oʻzida anchagina beparvo. U shiftga tikilib sukut saqlab, bemalol besh-olti soat bir joyda oʻtira oladi. Shunchalar erinchoqki, yuziga ikki pashsha qoʻnib hunar koʻrsatsa ham qoʻrimay oʻtiraveradi. Eshonlar oilasida birgina shu soʻzamollik san’atidan benasib qolgan. Mabodo zarurat sezmasa, bemalol bir-ikki hafta gapirmay yuradi. Shoʻrqishloq yigitlari bu ahvoliga ajablanib yoqa ushlaydilar. Uylanmasdan avval bir chiroyli yigit edi. Aroq ichib mast boʻlib qolsa, “bir oʻpay, otam!” deb chollarniyam hol-joniga qoʻymay, koʻchama-koʻcha ortidan quvlab yurardi. Ana shundoq yigit mana bundoq gum boʻldi-qoldi. Nega bunday boʻlib qolgani sababini Karima xoladan boshqa hech kim bilmaydi. Qiziquvchilar bu haqda undan soʻrasalar:

– E-e-e!, – deydi xola qoʻl siltab. – Bunga xotini noboproq narsa yedirib qoʻygan!

Yoqub gapni sudrab gapiradi, jahli chiqqan yoki quvonib ketgan chogʻda,“ola-a-a!” deb xitob qilishdan nariga oʻtmaydi. U supada oʻtirganda soat oʻn edi. Oradan uch soat oʻtgunga qadar ikki ogʻiz soʻz aytdi, xolos.

Roppa-rosa tushida hovliga ibn Partkom halloslab kirib keldi.

– Salom! Salom! Salom! – deb bidirladi u, hammaga yuzlanib. – Mehnatkashlar ommasiga alangali salom!

– Assalomu alaykumni qudam rahmatli tushirib qoʻygandi, oʻgʻli bechora haliyam izlab topolmaydi, – dedi xushlamasdan Karima xola. – Poyondozga qayga boray endi.

– Soʻlim Shoʻrqishloqqa gavjum Namangan shahridan alangali salom! – hamma bilan birma-bir qoʻl olishib soʻrashdi Oktabr. – Bilaman, hammangiz ommaviy ravishda mendan ahvol soʻramoqchisiz. Hamma ishlar joyida. Faqat, shu desangiz, bizni malikai Dilorom yoʻqolib qoldilar. U kishi mabodo bu yerda emasmilar? Sizlardanam bir hol-ahvol olay, degan maqsadda, quruq boʻlsayam shoshilib kelaverdim. Dasturxonga ovora boʻlmanglar. Quruq keldim, quruq ketaman. Dadajon, bitta zajigayushiy fotiha bering! – Oktabr Rahmon amakining yoniga oʻtirib, undan oldin fotiha oʻqib qoʻyaqoldi. – Hay, mayli. Birligimiz yoʻqolmasin . Omin!

– Tavba, –dedi Rahmon amaki bosh chayqab.

– Hamma gap shundaki, dadajon odam, – savolni kutmay, axborot beraboshladi kuyov. – Men vaziyat taqozosiga koʻra, vaqtinchaga, besh-olti yildan beri ishlamay turibman.

– Ha, besh-olti yildan beri, – im qoqdi chol ma’qullab.

– Ha, bor-yoʻgʻi besh-olti yil. Och qolganimiz yoʻq, – dedi u Oyxon keltirgan nonni oʻzi ushatib, bir burdani tishlab chaynalarkan. – Musulmonga nima kerak? Mana shu non kerak. Shu sababdan shoʻrolar oʻzbeklarga faqat non berishardi, xolos. Nonu iymon deydilar, toʻgʻrimi, dadajon? Oʻzbekka iymon boʻlsa boʻldi-da. Boshqa narsaning nima hojati bor? Hiq! Hiq! – yutgan luqmasi tomogʻiga tiqilib, qiynaldi ibn Partkom.

– Oyxon, tezroq choy keltiring, – dedi Karima xola. – Yana non tiqilib, shunday kuyovimdan ayrili-i-i-ib qolmay.

– Naziraxon odam koʻrinmaydilar? – soʻradi Oktabr.

– Nazira! – chaqirdi Karima xola. – Chiq, Oktabrjon keldi, qizim.

Ichkari xonadan Nazira chiqdi. Ostonada eshikka suyangancha, tirnogʻini oʻynab, yerga qarab turaverdi. Oyxon choynakda choy keltirdi. Qishloqcha usulda Oktabrga katta piyolanib toʻldirib choy quyib berdi.

– Rahmat, yanga odam, – dedi Oktabr piyolani olib va yasama xursandlik bilan Naziraga yuzlanib kuldi. – Iya, sizam shu yerdamidingiz? Axir biz siz bilan hiyobonda uchrashmoqchi edik-ku!

– Qaysi hiyobonda? – toʻngʻilladi Nazira.

– Sevishganlar hiyobonida-da, – Oktabr choyni issiq xoʻplab qoʻyib, yutib yo tuflab yuborolmay rangi boʻzarib ketdi.

– Voy, bechora, – dedi Oyxon chetga. – Och ekan...

– Uff! Uff! Uff-u-u! – Mehmon ogʻzini katta ochib, ogʻzidagi choyni puflab sovutdi, choyni yutib olgach, yengil tortib, yuziga qon yugurdi. – Xayriyat, oʻtib ketdi...

– Nega xayriyat deysiz? – yigʻlamsiradi Nazira. – Men uyingizga qaytib bormayman. Meni olib ketaman deb ovora boʻlmang.

Oktabr gʻayrat bilan non yeb, choy ichishga tutindi.

– Unday demang, Naziraxon. Hali hammasi joyiga tushib ketadi. Men hozir katta-katta ilmiy ishlar qilyapman. Keyin juda boyib ketamiz, – u atrofdagilardan najot kutib, hammaning koʻziga birma-bir nazar soldi. Oʻziga hamfikr topolmagach, koʻzi ojiz Obidaga yuzlandi. –Toʻgʻrimi, Obida opa?

– Toʻgʻri, – im qoqdi Obida. – Hammasi oʻtib ketadi.

– Uyda yegani non yoʻq, – yigʻladi Nazira. – Bu kishi boʻlsa, siyosat sotganlari-sotgan. Odamgarchilikka toʻgʻri kelmas ekan deb, hamma ishdan boʻshayveradilar. Quruq gap bilan tirikchilik oʻtarmidi. Buning ustiga ichganlari-ichgan.

– Odamgarchilik masalasi, bugungi kun tartibida turgan eng muhim masala, – dedi Oktabr. – Oʻzingiz oʻylab koʻring. Biz nima uchun kiyim kiyamiz? Chunki, bizlar ongli mavjudotmiz. Odam boʻlganimiz uchun sevamiz, ishlaymiz, uyalamiz, ashula aytib, oʻyinga tushamiz, she’rlar oʻqiymiz, suhbatlar quramiz. Ey, odam, agar bir-biringni haqqingni yeb, toshbagʻirlik qilib qorin toʻydirsang, ovora boʻlib odamchasiga yashashing shartmi? Uy-joy, kiyim-kechak, bu bosh ogʻrigʻi roʻzgʻorni nima hojati bor? Undan koʻra yalangʻoch yurib oʻrmonda yasha! Birorta maymunga uylanib olib, daraxtma-daraxt sakrab yuraver!

– Yana qanaqa maymunga uylanmoqchisiz? – achchiqlandi Nazira.

– Bizga bittasi yetib ortadi, boshqasiga uylanish niyatimiz yoʻq, – deb kesatdi Oktabr. – Xullas, azizlar, odamgarchilik tuygʻusi hayotda juda muhim. Tushunyapsizmi? Agar bizlar inson boʻlsak, bizlarga pulning nima keragi bor? Undan koʻra odamgarchilikni oʻzini qoʻllasak-chi? Masalan, Shokir akam odamgarchilik qilib, hozir menga bir qop un beradi. Uni hisobiga, bir karra odamgarchilik yoziladi. Keyin Yoqub akam oʻz mashinasida meni uyimga tashlab keladi. Mashina haqqiga oʻz kissasiga bir norma odamgarchilik ishlaydi. Shunda, eng boy odam kim deb soʻralganda, eng koʻp odamgarchilik qilgan odam boy boʻlib chiqadi. Zamonlar oʻtib, odamgarchilik bobida millioner boylar paydo boʻladi. Milliarderlar paydo boʻlishiyam mumkinu lekin bu aqlga sigʻmaydi. Bu haqda ilmiy izlanishlar olib borish lozim.

– Xonaki daho yana siyosat boshladi, – dedi Nazira kesatib.

– Xoʻsh, unda chet el bilan qanday aloqa qilamiz? – soʻradi kulgisi qistab Shokir.

– Ularda dollar, tanga, rublь, manat, griven boʻlsa, tashqi savdo qanday yoʻlga qoʻyiladi?

– Mol ayirboshlaymiz, aka odam, – uqdirdi Oktabr. – Tushunyapsizmi? Biz ulargayam odamgarchilik qilamiz. Ularga tekinga non beramiz, osh beramiz, maishiy xizmat koʻrsatamiz. Evaziga ulardan bir tiyin olmaymiz! Ular oʻz qilmishlaridan uyalib, hamma pullarini oʻtga tashlab yoqib yuborishadi. Xijolatdan qizarib, lavlagi boʻlib qolishadi! Meni tushunyapsizmi? “Oʻzbeklar ana shunday yasharkan! Bizlar shoʻrpeshona boʻlib, nega bu ahvolda tentirab yuribmiz,” deb yigʻlashadi. Ba’zi ajnabiy siyosatdonlar, bu sharmandalikka chidolmay, oʻzlarini oʻzlari otib tashlashadi. Hamma millatlar toʻgʻri yashashni oʻrganish maqsadida, eshigimizga bosh urib keladilar. Boyliklarini bizga tashlab, bu yerdan odamgarchilik olib ketishadi. Davlatimiz boy boʻladi. Hammamiz pullarimizni oʻchoqqa qalab yuboramiz.

– Ola-a-a! – qornini silkillatib kuldi Yoqub. – Pula-a? Pu-u-ul! Puldan hech kim kecholmaydi.

– Undan koʻra halol ishlab, halol pul topib, boy boʻlinglar, oʻgʻlim, – dedi amaki.

– Yoʻq, aslo, dada odam! – dedi qizishib Oktabr. – Pul bor joyda odamgarchilik ado boʻladi! Bunday yomon ishga qoʻl urib boʻlmaydi. Ana! Boylar shaharda toʻlib yotibdi. Hammasini qoʻsh-qoʻsh xotinlari, mashinalari bor. Sasib achigan pullari, chang bosgan oltinlari behisob. Ammo odamgarchilik nolь! Hayotlari gʻurbat! Tunlari oʻgʻridan qoʻrqib uxlolmaydi shoʻrliklar. Ular shoʻro davridayam pullari sandiqda sasib yotgan chirik boylar edilar. Endi bu kasalliklari yuz barobar kuchayib ketdi. Shuyam boylik boʻldimi? Mana, men ulardan koʻra boyroqman, ya’ni odamgarchilik masalasida boyman. Shu boylik menga yetib- ortadi.

– Boy boʻlsangiz nega qorningiz och, boy pochcha? – kuldi Sulton.

– Chunki, hozirgi banklarda, odamgarchilik degan pul birligi muomalaga kiritilmagan, – xoʻrsindi Oktabr va non chaynashda davom etdi. – Bu nonni ichida gʻichirlagan narsa bor ekan. Sizlarga odamgarchiligi yoʻq qashshoq savdogar un sotibdi.

– Shunisigayam shukur qiling, – dedi Nazira. – Odamgarchilik deyverasizu uzugimni oʻgʻirlab, sotib ichib yubordingiz. Shu ishingiz odamgarchilikka toʻgʻri keladimi?

– Bu arzimas texnik xatoyimni kechiring, – parvo qilmay chaynaldi Oktabr. – Oshnam Shodmon odam ikkalamiz choyxonada xamir ovqat ichayotgandik. Sizni uzugingizni unga koʻrsatib maqtandim. U Shodmonni qoshigʻiga tushib ketdi. Shodmon hamiroshga qoʻshib, uzukniyam yutib yubordi. Haligacha ketini poylayman, qani edi chiqa qolsa? Yaqinda doʻxtirlar qornini yorib olib berisharmish. Siz aslo uzukdan xavotir olmang. Uzuk judayam ishonchli joyda turibdi.

Obida sharaqlab kulib yubordi.

– Boʻldi, – dedi yigʻlab Nazira. – Hadeb mazax qilavermang. Uzugimni topib bermasangiz siz bilan ortiq yashamayman! Bildingizmi?! Yashamayman!

Oraga sovuq sukunat choʻkdi. Oila a’zolari ham, kuyov ham noqulay ahvolda qoldilar. Obida bir oz achchiqlandi chogʻi, peshonasi tirishib, qoshlari chimirilib, lablari titrab, uzun kipriklari pirpiradi.

– Nazira, – dedi qoʻlidagi uzukni yechib. – Ma, oʻsha uzukni oʻrniga menikini olaqol.

– Oʻzing-chi, opa? – yugurib borib uzukni olib tomosha qildi Nazira. – Shu uzuging judayam chiroyli-da!

– Bugundan boshlab uzuk seniki, – dedi Obida. – Boyagi soʻzni esa qaytib ogʻzingga olma.

Odamiylik harakati dohiysining ishtahasi boʻgʻilib, qoʻlidagi nonni dasturxon chetiga qoʻydi. Boshi egilib, uzoq jim qoldi.

– Unday qilmang, Obida opa, – dedi mingʻirlab. – Men albatta ishga kirib, oʻsha uzukni qaytarib olib beraman. Siz meni odamgarchilikdan chiqarmang. Mana, men birpasda qashshoq boʻlib qoldim. Hammasini siz yutib oldingiz. Uzugingizni qaytarib oling.

– Menga uni keragi yoʻq, – soʻqir koʻzlarini yumdi Obida. – Men baribir uzuk chiroyidan bahra olmayman. Oltinni misdan hidi orqali ajrataman. Sizlarni koʻzingiz yashnaydi. Siz yaxshi odamsiz, Oktabrjon. Sizni hurmat qilganim uchun berdim. Oshnangiz Shodmonni qornini yormanglar. Bechorani bola-chaqasiga jabr boʻladi.

Nazira xayoli boʻlinib, qoʻlidagi uzukka tikildi. Uni har holatga solib tomosha qildi. Obidani quchoqlab, yuzidan oʻpib qoʻydi. Karima xola esa peshonasini tirishtirdi. Obida va Olim oʻzlariga toʻq yashaydilar. Ortiqcha hashamga berilmaydilar. Mehnatsevar Olim koʻp ishlaydi, tuzukkina pul topadi. Ba’zan ish vaqti tugasa ham, dastgohdan turmay ishlayveradi. Mingʻirlab qoʻshiq aytib, shukur qilib, namoz oʻqib, oʻtgan ota-buvasiga atab qur’on tilovat qilib, zerikish nima bilmay yashaydi. Karima xola shularni oʻylab, yana ojiz Obida va Olimni ilohiy maqomatda koʻrdi.

Kech kirgunga qadar Oktabr kuyov Shoʻrqishloqda mehmon boʻldi. Sulton uni oʻz xonasiga olib kirib, unga yaqin kelajakda qilajak safari haqida maqtanib koʻp gapirdi. U orzu-xayollarga berilib, toshkentlik Shurikni, uning ustozi mama Rozani ogʻiz koʻpirtirib maqtadi. Suhbatga yakun yasarkan:

– Mana shunaqa, pochcha, – dedi shirin entikib. – Bizam amerikalik boʻlib ketdik. Yaqinda joʻnaymiz. Elchixonadan xabar kelishiga qarab turibmiz, xolos.

– O, amerikalik oʻzbeklar! – xitob qildi Oktabr. – Vatangado shoʻrpeshonalar! Ularga achinaman. Afsus, ularni qutqarishga hozircha ojizmiz. Ularni boylik degan ajdarho yutib yuborgan. Odamgarchilik esa ado boʻlgan! Siz, Sulton odam, u yerga borgach, Amerika xalqiga mening nomimdan salom ayting.

– Xoʻp, – dedi Sulton va’da berib. – Salomingizni albatta yetkazaman. Eh, ser pechcho! Bilsangiz edi. Bill Klinton bilan uchrashmoqchiman. Unga aytadigan koʻp gaplar bor. Shoʻrqishloq mevalarini Nьyu-Yorkda, Vashingtonda sotish kerak.

– Ha, siz haqsiz! – dedi qaynisidan besh battar xayolparast Oktabr, kamoli ishonch bilan. – Ularga qiyin. Bechoralar banan, kakos, ananas, mango-pangolarni yeyverib ichlari shilinib ado boʻlgan. Bizda esa... ehe-e! Ular bilan yaqindan tanishib olgach, hammasini biz tomonga da’vat qiling! Biz albatta ularni ogʻir azobdan xalos etamiz.

Shu payt xonaga Nazira kirib keldi. Uni noʻqib imo-ishora qildi. Ikkisi Rahmon amaki hovlisini tezda tark etdi. Nazira, Obida oʻz fikridan aynib qolmay turib, tezda qochib qolishning taraddudida edi. Oktabr va Nazira shaharga joʻnashdi. Koʻchada Olapar bilan yonma-yon oʻtirgan Sharof, ular bilan iliq salomlashdi. Oktabr Sharof doʻkondorni quchoqlab, ikki bor koʻtarib tashladi.

– Odamgarchilik qilib, bizni shaharga tashlab qoʻying, boja odam.

– Benzin yoʻq, inim, – deb aldadi Sharof.

– Eh, doʻstim Olapar odam, – uni nari surib, itning boshini siladi Oktabr. – Xoʻjayining katta xatoga yoʻl qoʻydi. Bugun u bir pachka odamgarchilikni yutqizdi. Unga achinaman.

Toʻqqizinchi bob. Qonqaynatar Yoqub

Rahmon amakining katta kelini Dilbar uyda oʻtirib, mol-qoʻy boqadi. Yoqub bir haftada uch marta mol bozoriga boradi. Mol sotib, oʻrniga yangisini olib keladi. Dilbarning jahli chiqsa, jagʻi charchaguncha javraydi. Yoqub esa yuz ogʻiz gapga bir ogʻiz qaytim bermaydi. Oyxon aytganday, Dilbar anchagina shallaqi, beburdroq uruqqa mansub. Yoqub uni indamay boʻgʻib oʻldirishga qasd qilgandek, gapirmay ezgani-ezgan. Dilbar u bilan urishib xumordan chiqolmay, tez-tez pastdagi mahallaga tushib, oʻz urugʻi bilan urishib keladi.

Bir kuni Yoqub mashinasini patillatib bozordan qaytdi. Katta janjalga xumor boʻlgan xotini, yengini shimarib urishishga chogʻlandi. Dasturxon ustida asabi buzilib, soʻroq qila boshladi.

– Ola sigirdan qancha foyda qoldi?

– Nima ishing bor? Ola-a-a!

– Olasigirni bir chelak suti bor edi?

– Buniki yoʻgʻakanmi? – gʻuldiradi Yoqub.

– Ikki kosa koʻk sut berdi, xolos. Kasalga oʻxshaydi. Ola sigirdan qancha foyda qoldi?

– Oʻttiz ming.

– Oʻttiz ming foydaga ka-a-atta sigirni topshirib keldingizmi?

– Ola-a!

– Qachon sut-qatiqqa yolchiymiz, dadasi? Gʻunajinlarni, buzoqlarni olib-sotavering. Sigirga tegmang!

– Xoʻp! E-e-e!

Yoqub devorga suyangancha oʻtirgan joyida uxlab qoldi.

– Nima?! – achchiqlandi Dilabar. – Esingizdami?! Onangiz bizni bitta teshik togʻorani tengi qilmagan. Sultonni hasharga aytganimizda kelganmidi, a? Kelganmidi?

– Ola-a-a, – gʻijindi u. – Men senga kelgan dedimmi?

– Meni akalarim boʻlsa, bu yerda tunu kun mehnat qilishgan. Loylarga belanishgan.

– Pul bergandim-ku.

– Voy-voy-voy?! – labini burdi Dilbar. – Oʻsha pulga mardikor ishlaydimi? Hamma bergan pulingiz bir boʻlib, toʻrtta ustani toʻrt kunlik haqi. Ular bir yil ishlagan bu yerda. Ha! Bir yil!

– Yoʻgʻe-e! Ola-a-a! – xoʻmraydi Yoqub. – Xuddi Tolibga oʻxshab aldaysan-a-a! Lekin tunda bu soʻloqmon er belini uqalab oʻtirgan Dilbarga dili yumshab qoʻrgʻon beradi[3]. U nima desa rozi boʻlib, uyqu aralash ma’qullab gʻoʻngʻillaydi, tanasi yayrab allalangan chaqaloqdek uyquga ketadi. Bunday gʻaroyib gipnoz ta’siridan nafaqat Yoqub, undan zoʻrrogʻi ham sogʻ chiqolmagan boʻlardi.

* * *

Karima xola bilan bu qoramagʻiz yuzli kelin yigʻinlarda bir-birlarining koʻzlariga qaramay koʻrishadilar. Eni va boʻyiga bir qarich koʻrinadigan Dilbar Karima xola qoshida yolgʻon tavoze saqlab, xushomad gap qiladi. El koʻziga oʻzini xokisor, mehribon kelin qilib koʻrsatishga urinadi. Axir unda ham qiz, oʻgʻil bor, ertaga birovning eshigiga supurgi koʻtarib boradi. Kampir esa yoʻqotadigan hech narsa yoʻq. U duch kelgan joyda kelinini ochiq-oydin gap bilan uzib oladi. Mugʻombir Dilbar el-yurt oldida sir bermay, bu tomoshani hazilga aylantirib hiringlaydi.

Pirmat cholning nabira toʻyida, adirkoʻchalik va qorachoʻqqilik mehmonlar bir uyga oʻtirishdi. Bir tomonda Karima xola, Oyxon, Nasiba, Zohida, Zahro, ikkinchi tomonda Dilbar va qorachoʻqqilik kelinlar joylashdilar. Karima xola oldi-qochdi askiya-payrovlari bilan mehmonlarni uzoq kuldirdi. Dilbar qarzga botib holdan toygan gʻarib qaynona oʻrnida maqtanchoq eshonoyimni koʻrib, tilini tishladi. “Otdan tushsayam egardan tushmaydi-ya kampir oʻlgur!” – deb oʻyladi u.

– Shoʻrqishloqqa xotin oʻgʻirlaydigan dev kelsa, birinchi Qorachoʻqqiga kelarkan, – dedi Karima xola qoshini qoqib, boʻyangan kelinlarga sirli tikilib.

– Ha-a-a-a!! – uni tezlashdi hangomatalab ayollar joʻrlikda.

– Nega Karima xola? – oʻsmoqchiladi bir mugʻombir juvon.

– Shu desangiz, qorachoʻqqilik kelinlarni devdan qizgʻonadigan qaynonasi yoʻq ekan-da!

Mehmonlar qotib kulishdi. Qorachoʻqqi baland adir ustiga joylashgan yangi mahalla boʻlib, u yerdagi hamma oilalar yosh. Qaynonasidan qochgan kelinlar oʻz bilganicha kun kechiradi. Qarisi yoʻq mahallaning parisi yoʻq deydilar. Dilbarning mahallasi befayz. Bu askiya ma’nosidan qitmir ayollar xolaning Dilbarga mehri yoʻqligini anglab qoldilar.

Mehmonlar barobar qoʻzgʻalishdi. Yoqub eski “Moskvich” mashinasini patillatib, xotinini olib ketishga keldi. Dilbar hammaning oldida kerilib, orqa oʻrindiqqa oʻtirdi va qaynonasiga ishora qildi.

– Yuring, oyijon, sizniyam tashlab oʻtamiz.

– Qoʻying, qizim, qoʻy-echki qamaydigan moshinaga meni qamamanglar. Ikki qadam yursam uyimga yetaman, – dedi xola va Yoqubga nishtarini sanchib oldi. – Ha, oʻgʻlim, senam tuproqdan tashqarida yuribsanmi? Bemahalda yakka-yolgʻiz qolib ketma. Ehtiyot boʻl. Dilbarni etagini mahkam ushla. Shundan boshqa kiming bor, bolam?

– Chiqmaysizmi moshinaga? Ola-a-a!

Yoqub bu yerdan tezroq ketmasa ishi lanj boʻlishini tushunib, motorga oʻt berdi. Mashina patillab toʻyxonadan uzoqlashdi. Yoqilgʻi qamalib qolib, moʻrisidan ketma-ket paqqillab ovoz chiqdi. Karima xola esa qoʻshnilari Zahro va Zohidani yana kuldirdi.

– Ana, bolaginamga zoʻr kelib orqasi paqillab ketdi.

– Kasali bor-da, oyijon, – deb kuldi texnika sirlaridan xabardor Oyxon.

* * *

Karima xola yangi xabarni eshitib yuragi ezildi. Shokirning doʻstlari u bilan orani ochiq qilmoqchi boʻlishibdi. Bu degani, Shokir yana bir million soʻmdan ortiqroq qarz toʻlashi kerak. Shokir gʻamga botib, boshini koʻtorolmay yotib qoldi. Xola noiloj katta oʻgʻli Yoqubni maslahatga chaqirdi. Yoqub mashinasini qaldiratib kelib, darvoza oldida toʻxtatdi. U har xil xayolga borib, hadiksirab uyga kirdi.

– Ha-a? – dedi supada oʻtirgan otasi va onasiga qarab. – Qalay?

Yoqubning salomi ham, hol soʻrashi ham shu boʻldi. Karima xola uni yoniga oʻtqazib olib, boʻlib oʻtgan voqealarni bir sidra aytib berdi. Yoqub homuza torta-torta eshitdi. Qulogʻiga gap kirmas, ertangi bozorga qaysi molni olib borish haqida oʻylardi.

– Meni eshityapsanmi? –xomushlanib soʻradi onaizor.

– Ah? – unga diqqatini burdi Yoqub va darrov oʻzini oʻngladi. – Ha-a-a.

– Hovlimizni sotamiz shekilli, oʻgʻlim.

– Nega sotasizlar? Ola-a-a – aftini burishtirdi Yoqub.

– Bir millionni toʻlashga pulimiz yoʻq-da, oʻgʻlim. Hovlini sotmasak boʻlmaydi. Narxi uch million emish. Sendan oʻzga sigʻinadigan kishimiz qolmadi, – dedi xola. – Shunga nima deysan?

– Nima deyman?

– Biror narsa desang-chi? Oʻzing tugʻilib oʻsgan hovli-ku bu!

– Ola-a, buni bilib turibman.

– Bilib turgan boʻlsang oʻylabroq gapir!

– Nima dey?

– Pul berib turasanmi bizga?

– Bilmasam...

– Pullar senikimi? – qoni qaynab gʻazablandi Karima xola. – Uydagi mollaring ikki millionga yetib qolar?

– Xotinim biladi-da, oyi, – dedi Yoqub uyalmay-netmay.

– Sen erkakmisan oʻzing?

– Shunaqa-yu, bemaslahat ish qilib boʻlmaydi-da.

– Xotining unamaydi baribir.

– Qaynilarimdan soʻray-chi.

– Oʻzingcha biror narsa desang-chi.

– Bir gap aytolmayman dedim-ku! Ola-a-a! – gʻazablandi Yoqub. – Hamma ishni Shokir qildi. Pulni biz toʻlaymizmi, oyi?

– Bu baribir bermaydi, onasi, – dedi supada yonboshlab, suhbatni tinglayotgan Rahmon amaki ensasi qotib.

Karima xola barini tushundi.

– Hoy, garang! – dedi koʻrsatkich barmogʻi bilan uning peshonasiga nuqib. – Senam odammisan? Shunday qiyin kunlarimda menga kor kelmasang, qachon kor kelasan? Xotining senga axlatini yedirib qoʻymasa shunday boʻlib qolarmiding? Axir qaytarib beramiz olgan pulimizni! Xoʻpmi? Loaqal qarzimizni yarmini toʻlagin.

– Xotinimdan soʻrab koʻray-chi, oyi! Ola-a-a! – gʻazablanib qichqirdi Yoqub.

– Nega menga baqirasan?! – balandroq keldi xola. – Oʻgʻil boʻlmay har balo boʻlgur! Bizga joning achiydimi yo yoʻqmi?

– Qachon kelsam janjal! Qachon kelsam meni gʻiybatim! Xotinimgayam kun bermasdingiz! Shu yerdan koʻchib ketib qutilganman! – yoʻgʻon ovozda choʻzib-choʻzib baqira ketdi Yoqub. – Xotinim ikkalamiz oʻlib bersak, bolalarimiz yetim boʻlsa, koʻnglingiz oʻrniga tushadimi? Shu gʻurbatxona hovli esimga tushsa yuragim eziladi! Sotilsa-sotilib ketar!

– Pul berasanmi? – oʻshqirdi Rahmon amaki. – Berasanmi, bola?!

– Bilmadim dedim-ku!

–Bermasang koʻzimdan yoʻqol! Bu yerda boʻkirma, itvachcha! – qoʻl siltadi amaki. – Yoʻqol uyimdan!

* * *

Yoqub mashinasini chang koʻchalardan haydab borib, adir orasidagi yoʻldan burilib, Qorachoʻqqi yoʻliga oʻtdi.

“Senlar meni, adir ustidagi dashtu biyobonga haydadinglar, – deya oʻyladi u. – Arzimagan yordam berib, hammang chetga chiqib olding. Uy-joy qilaman deb, kechasiyu kunduzi yurtma-yurt, bozorma-bozor izgʻidim. Oʻzimni tiklab olguncha ona sutim ogʻzimga keldi. Yordamim kerak boʻlganda esingga tushdimmi? Ola-a-a! Men qaynilarimni koʻziga moʻltirab, bozor yurishni oʻrgandim. Shularga suyanib uy qurdim. Qaysi biring qarashding? Koʻkragimga oftob tekkanda, topganimni senlarga berib, yana och qorin bilan hansirab yugurib yuraymi? Hech qachon. Shokir buzuqni kasriga hamma ish orqaga ketdi. Hali Sulton valakisalangni uylantirib qoʻyish kerak. Ungayam pul berish kerakdir? Olasan-a, olasan... Meni bolalarim kelsa kel demaydi. Hamma mehrini Shokirni bolasiga beradi. Qizlarini bolasi kelsa, erkalatib boshiga koʻtaradi. Meni uchta bolamga boʻlsa koʻz qirida qaraydi. Xotinimni yomon koʻrsang, bolamniyam yomon koʻrasanlarmi? Senlarga nabira-ku. Menga desa oʻlib ketmaysanlarmi! Senlarni uying uy emas, jinnixona. Yana oqsuyakmiz deb kerilganiga oʻlaymi...”

Mashina adir ustidagi asfalьt yoʻldan Qorachoʻqqi tomon yelib boradi. Baland adirdan yam-yashil Shoʻrqishloq kaftdek koʻrinadi. Yoqub xom gʻishtdan boʻlsa-da, bejirim qilib qurilgan, oqlab bir oz jilo berilgan hovlisiga yetib keldi. Ekib qoʻygan ikki yuz tup teragi ikki tom barobar oʻsgan. Mashina ovozini eshitib, katta oʻgʻli Bobur, kichigi Sherzod va kenjatoy Shohista chopqillab koʻchaga chiqdilar. Farzandlar ogʻushida Yoqubning dili yayrab ketdi. Qoʻshnilar toʻplanib turishganini koʻrib, ishtonsiz qizchasini uyga haydadi.

– Bor, uyga kir, ishtoningni kiyib chiq, qizim!

– Siz bilan boraman, – koʻnmadi qizi.

– Bobur, ukangni kiyintirib chiq, oʻgʻlim, – katta oʻgʻliga buyurdi. – Nega ishtonsiz yuribdi ukang? Bu ahmoq oying qayerda oʻzi, Sherzod?

– Mollarga qarayaptilar, – dedi Sherzod va ukasini turtdi. – Uyga kir!

Yoqub qoʻshnilar tomon yurdi. Asli u, bitta Rahmon amaki emas, qorachoʻqqiliklarning ham qonini qaynatib turadi. U foyda chiqmaydigan ishga sira bosh qoʻshmaydi. Ahror hisobchi hammani toʻplab hokimga borishni maslahat soldi. Shu qatorda Yoqubni ham davraga tortdi. Bir toʻda qorachoʻqqiliklar bir yoqadan bosh chiqarishdi. Yoqub oʻzini olib qochdi. U Dilbarning oldidan oʻtishi lozim edi.

– Yoqubjon, – dedi yoshi ellikdan oʻtgan oqsoch Ahror. – Bu oy bizga umuman suv kelmadi. Men qoʻshnilarni toʻplab hokim oldiga ketyapman. Sizni oʻriklaringiz bargini tashlay boshlabdi. Hadeb oʻzingizni goʻllikka urmang.

– Kim tortyapti, aka, – dedi Yoqub.

– Erta-indin bodomlar ham bargini tashlab yuboradi. Shu bois hokim bilan bir choʻqishib olaylik. Suvimizni chiqarib bersin. Nasosni ta’mirlashga haliyam pul oʻtkazmabdi.

– Ola-a! – tashvishlandi Yoqub. – Oʻtgan gal borganimizda Qurbonaliyev xafa boʻldi, Ahror aka.

– Bu yerda oltmish xonadon ekin-tikinidan ayrildi. Daraxtlarimiz qurib qolsa bu jaziramada nafas ololmay qolamiz, – dedi kuyinib Ahror. – Yoki buni sizga qizigʻi yoʻqmi? Vaqt ajrating, Yoqubjon. Kemaga tushganni joni bir.

– Vaqt qayda deysiz. Men erta bozorga boraman. Mollarni yuvishim kerak. Bozorni bilasiz-ku!

– Qonimni qaynatmang, uka, – achchiqlandi Ahror. – El boshiga ish tushganda madad boʻling. Juda boʻlmasa yaxshi kuningizda oshingizni yeymiz, uka. Birga borib, sizam bizga dalda boʻlib turing. Yoki past qishloqqa tushib, otangizni uyida yashamoqchimisiz? Bu hovli-joyingiz qurisa qurib ketaversinmi?

– Ola-a-a! Hech qayerda tinchlik yoʻq, – gʻuldiradi Yoqub.

– Buni past qishloqdagi ota uyi yaqinda sotiladi, – dedi qoʻshnilaridan biri. – Rahmon akam oʻzi shu yerga koʻchib chiqsa kerak. A, Yashka? Toʻgʻrimi?

– Ola-a! – gʻazablanib gʻiybatchiga oʻqraydi Yoqub.

* * *

Qoni hech kimga qoʻshilmagan Yoqub bu ishga ham qoʻshilmadi. Qorachoʻqqiliklar hokim qabuliga oʻzlari ketishdi. U eshikdan kirib, bu xabarni aytishi bilanoq:

– Kattalar bilan oʻynashmang, – dedi qoʻlini bigiz qilib Dilbar. – Bir kunmas bir kun hokimga ishingiz tushar?

– Tushar, – dedi tusmollab Yoqub.

– Qurbonaliyevni nazaridan qolmang – toʻxtalib maqsadga koʻchdi Dilbar. – Oyingiz nima deydi?

– Bir million pul kerak emish.

– Nima?! – sapchib tushdi Dilbar. – Janjalga chaqirishsa bora koʻrmang. Aytganday, hoziroq oyimlarnikiga borib keling. Arzon kunjara kelganmish. Akam bir tonna gaplashib berarmish. Bora qoling.

– Boʻpti, – yoʻlga otlandi Yoqub. – Zoʻr ish boʻpti-da.

– Ha, aytganday, – tugun uzatdi Dilbar. – Manavi mantilarni oyimga tashlaysiz. Keyin tezroq qaytib keling. Ikkinchi taomni oʻzimiz yeymiz. Qorningiz toʻqmi?

– Qornim och-u, kel mayli, oldin borib kela qolay.

– Onangiz tushlik yedirmay joʻnatdimi? Meni onam biror marta shunday qilganmidi?

– Boʻpti, koʻp vaysama, – dedi Yoqub.

U tugunni olib, mashinasini yeldirib yoʻlga toʻshdi. Yoqub xotini va qaynonasidan mamnun. “Birov qadringga yetmasa, birov yetar ekan, – deya oʻyladi u mashina motorini oʻchirib. – Ota-onamdan koʻrmagan yaxshilikni shulardan koʻrdim. Dunyoda yaxshi odamlaram bor”.

Motori oʻchirilgan mashina tovush chiqarmay, nishob yoʻldan gʻaltakarava kabi gʻirillab borar, Yoqub qaynonasi haqida oʻylab shirin entikar, rulni boshqarar, burilishlarga yetganda tormoz tepkisini bosib-bosib qoʻyardi. U uch kilometrlik yoʻlni doim shunday usulda bosib oʻtib, quyida joylashgan Shoʻrqishloqqa tushib boradi. Bu nodon oʻgʻil bir haqiqatni tushunmaydi. Onasi hech qachon pishib turgan ovqatni yedirmay turib, uni yumushga yuborgan emas. Agar Dilbar Yoqubni Karima xola sevgandek sevganida, avval qornini toʻydirib, keyin onasinikiga yuborgan boʻlardi. Lekin Yoqub qorni toʻygach, charchoq va taom ta’sirida oyoq-qoʻli boʻshashib uxlab qoladi. Natijada, Dilbar oʻz onasiga ilingan taom, aytilgan vaqtida oʻz manziliga yetib bormaydi. Dilbar, Yoqubning xulq-atvorini juda puxta oʻrgangan, qanday “qamchilash” va “xala sanchish”ni yaxshi biladi. Oʻta oqilona uslubda, oʻz erini minib olgan bu ayol oʻzi ham tinimsiz mehnat qiladi. U oʻz oilasini ona asalaridek asraydi. Shu oila uchun kuyib-yonib yashaydi. Xohlaganida zahrini solib, xohlaganida asal tutqazadi. Lekin u oʻz qaynonasidan koʻp qargʻish olmoqda edi. Balki qarigan chogʻida oʻzi ham kelinlarini qargʻab oʻtar, axir, bu dunyo qaytar dunyo deydilar.

– Onangiz, nikohimiz kuni atiga bitta moshina jshʻnatgan, xolos, – deya tez-tez gina qilib turadi Dilbar. Qarindoshlarimni toʻy kuni usti ochiq moshinada olib kelishgan. Oʻzimgayam shunaqasi xizmat qilgan. Odam xoʻrlansa shunchalik xoʻrlanar-da!

– Ola-a-a! – uf tortadi Yoqub. – Oʻshanda bitta sen xoʻrlanibsanmi! Menam xoʻrlanganman, xotin! Hadeb eslataverma! Uff!..

* * *

Karima xola ginaxonlikda kelini Dilbardan qolishmaydi. Shoʻrqishloqqa oʻzini qanday tushirib olib kelishganini eslaganda hasratidan tutuni chiqadi. Qoni qaynagan Rahmon amaki nos chekib, baqirib bermaguncha javrayveradi. Karima xola Eshondada eshonning shaharlik muridlaridan birining qizi boʻlib, otasi kambagʻal kosib edi. Rahmon va Karimaning toʻyi boʻlgan yillarda, Eshondada eshon bazoʻr tirikchilik qilardi. U chogʻlarda kolxoz kattalari qamalib chiqqan ruhoniyga koʻmaklashishdan hayiqardilar. Eshondada shaharlik kelinni olib kelish uchun yakka ot qoʻshiladigan arava hozirladi. Childirmasini koʻtarib, oʻz tashabbusi bilan toʻyga yetib kelgan Tillaxon ochiq:

– Menam boraman, eshon aka, – dedi. – Rozimisiz yoki uyimga qaytib ketaveraymi?

– Endi... – deb tomoq qirdi Eshondada eshon bir oz taraddudlanib. – Mehmon atoyi xudo. Shu yallaga hojat yoʻq edi-yu, ammo oʻz oyogʻingiz bilan kelibsiz, buning ham bir hikmati bordir. Borsangiz boravering.

– Yashang, eshon aka! – dedi Tillaxon ochiqning satang dugonasi. – Toʻyingizni qizdirib bir duoingizni olaylik.

– Yetti pushtingizga yetadigan duo olasiz, Tillaxon opa! – deb oraga suqildi Qobil frontchi. – Meni xotinim Sanobar bilan Halima yangamam boradilar.

– Urro-o-o! – xoholadi Tillaxon ochiq. – Toʻydan keyin otamlasharkanmiz-da, frontavik! Ha-ha-ha!

Yoshi ellikdan oʻtgan Tillaxon ochiq, qop-qora, baquvvat, ovozi yoʻgʻon, bir shisha aroqni ichib, gʻoʻr-gʻoʻr kekirib, oʻngu soʻlga ogʻishmay ketaveradigan erkakshoda ayol edi. Bu qorindor pahlavon xotin, namoz oʻqishdan oldin ixlos bilan tahorat qilar, ishtonining lipasidagi tuxumdek nosqovogʻini ham bir bor suvga chayib olib, yana lipasiga qistirar, namozdan keyin kappa-kappa nos chekib, oʻz yaqinlariga oxirat azoblaridan pandu nasihat aytib, doʻzax azoblari bilan ularni qoʻrqitar, ba’zan oʻzi ham oʻz vahimasidan qoʻrqib ketib, doʻrillab yigʻlab yuborardi. Childirmani hamma satanglardan koʻra qattiqroq chalar, ogʻzini toʻldirib yoʻgʻon ovozda ashula aytar, qoʻshiq orasida koʻziga yoqqan yigitlaru qizlarga gap sotib, “voy, joningdan-ey, falonchi, qani meni yoshligim!” deb hayqirib qoʻyardi.

Horunboyning qizi Halimabegim, Qobil frontchining xotini Sanobar chevar, Tillaxon ochiq, uning yallachi dugonasi va yana toʻrtta kampir, Eshondada eshondan oq fotiha olib, aravaga oʻtirib shaharga bordilar. Kamtarona toʻyxona moʻ’jazgina edi. Mehmonlar toʻkin dasturxon atrofida oʻtirib, toʻyib yeb-ichgach, qaytish taraddudiga tushdilar. Nortoji chinqiroqning aravasiga oʻtirgan shaharlik kelin oʻkinib yigʻladi. Otasining nochor doʻstiga kelin boʻlish peshonasiga yozilgan Karima tengdoshlaridan juda uyaldi. Birorta ham dugonasi yoniga kirib, Shoʻrqishloqqa borishni istamadi. Karima ikki qoʻshni juvon kuzatuvida, kampirlar va yallachilarga qoʻshilib, aravaga oʻtirib Shoʻrqishloq tomon yoʻl oldi. Kampirlar Tillaxon ochiq boshchiligida yor-yor ayta boshladi. Nortoji chinqiroq bir qulogʻi chinoq, baqirib soʻzlaydigan toʻpori kishi edi. U dala yoʻlida arava haydab, toʻy va ma’rakalarda jarchilik qilardi. Umri davomida shu hunaridan boshqa biror ishni qoyillatolmadi. Shoʻrqishloqdan chetga chiqmagan, oʻng qoʻl va chap qoʻl qoidalarini tushunmaydigan oʻquvsiz aravakash, shahar koʻchalaridan oʻtib, Shoʻrqishloqqa yetib kelguncha yoʻldagi aravakashlaru haydovchilardan koʻp dakki yedi. U katta toshyoʻldan Shoʻrqishloq tomonga burilib, paxta dalasini kesib oʻtgan tutlar qatori orasidagi yoʻldan borayotganda, gʻazabi qaynab til-zabonsiz otni ayamay savaladi.

– Choʻh, oqquloqdan qolgan haromi! Koʻzingga qarab yurmaysanmi?! Seni kasringga hammadan soʻkish eshitdim!

Elliginchi yillarda bu qari otni Islyam tatarning otasi, mana shu eski aravaga qoʻshib, kolxozda goʻng tashigandi. Chinqiroq “oqquloq” deb, Abdulla tatarni nazarda tutardi. Ot jonivor yigirma yoshdan oʻtgan boʻlsa-da, hali ham baquvvat edi. Qarigach ayyorlikka oʻtib olgan kuchli ot, bexos urilgan qamchidan joni achib, shataloq otib chopib ketdi. Chinqiroq shoʻrlik qari otning bunday kuchi borligini bilmasdi, aravani boshqorolmay qoldi. Tizginni zoʻr berib tortgani bilan hurkib ketgan ot, boshini bir tomonga qiyshaytirib, tobora tezlikni oshirib chopaverdi. Aravada yigʻlab borayotgan kelinchak shoʻrlikning qoʻrqqanidan dami ichiga tushib, shotiga yopishib kalima oʻgirdi. Vagʻir-vugʻur gap sotib, childirma chalayotgan kampirlar dod solishdi.

– Toʻxtat harom oʻlgurni, chinoq oʻlgu-u-u-ur!! – deb baqirdi Tillaxon ochiq. – Yergina yutgur, aravadan tushib olay, sochingni bittalab yulama-a-a-an! Ha, onangni ... seni!

– Voydu-u-ud! Voydu-u-u-ud! – deya dod solishdi yopingʻichli kampirlar. – Kim bo-o-r! Aravani toʻxtatingla-a-a-ar!

– E, baqirmangla-a-a-ar! – ulardan ham balandroq chinqirdi aravakash. – Otni hurkitmangla-a-a-ar! Otni-i-i-i!

– Parvardigor! – deya ovozining boricha nola qildi Tillaxon ochiq. – Paranji tashlaganim uchun oʻzing kechir! Agar shu balodan eson-omon qutilib olsam, eskicha oʻqiyman, otin oyi boʻlaman! Nos chekishni tashlayman!

Gʻildirak yoʻl chetidagi toshga urilib, oʻqidan chiqib ketdi. Arava bir tomonga ogʻib, kampirlar va kelin yumalab tushdi va toʻproqqa belandilar. Arava sal narida toʻxtadi. Oʻrnidan turib, xushi oʻziga kelgan Tillaxon ochiqning fe’li aynidi. Qoʻliga ikkita mushtdek tosh olib, ensasini qashlab turgan Nortoji chinqiroq tomon chopdi. Aravakash buni koʻrib ura qochdi.

– Toʻxta, xalq dushmani! – deya baqirib uning ortidan tosh uloqtirdi Tillaxon ochiq. – Ot savashni senga koʻrsatib qoʻyaman, shoʻrtumshuq! Toʻxta-a-a! Ha onaginangni ... seni!

Tasodifmi yoki eshonlarning karomatidanmi, biror kishiga ham shikast yetmadi. Ayollar oʻrinlaridan turib, kiyim-boshlarini qoqdilar. Qoʻshnilaridan biri kelinchak ustiga yopilgan chodirdagi changni qoqib, bagʻriga bosdi.

– Shoʻrim boʻlmasa Shoʻrqishloqqa kelin boʻlarmidim, yanga, –deya yigʻlab yubordi Karima.

Uning holiga achinib, shaharlik qoʻshni juvonlar ham yigʻladilar. Horunboyning kenja qizi Halimabegim juda bama’ni ayol edi. Kelinga yaqinlashib uni quchoqladi.

– Karimaxon, – dedi u koʻzlariga termilib. – Aslo bunday demang, oʻrgilay. Siz kelin boʻlib borayotgan xonadon avliyolar makoni. Ota-onangiz shu xonadonga yukinib farzandli boʻlishgan. Otangiz bilan eshon akamning doʻstliklari oxirat doʻstligi. Hozir roʻy bergan hodisa sizga bir umr dars boʻlsinki, sizni aravada borishingizni piru ustozlar ruhlari xohlashmadi. Agar aqlingiz boʻlsa, qaynotangiz bilan qaynonangizni huzurlariga piyoda boring. Katta arkonu davlatga ega boʻlasiz.

Nortoji chinqiroqni quvib yetolmay, erkakchasiga soʻkina-soʻkina ortga qaytgan Tillaxon ochiq, tuproqqa belangan childirmasini yerdan olib, doʻpillatib changini qoqdi. Asabiylashib, koʻylagining etagini shimardi, lipasidan nosqovogʻini olib, bir chekim nos otdi.

– Voy onangni emgur! Ruhoniyni toʻyida oʻlib ketishimga bir bahya qoldi-ya! Ha, oshsiramay oʻlay! Eshon baribir aroq quyib bermaydi!

– Boya chekishni tashlagandingiz-ku, ochiq?! – qah-qah kuldi Halima begim.

– E, oʻrtoqjon, – qoʻl siltadi satang. – Joni koʻziga koʻringanda odam nimalar demaydi. Bir piyola aroq ichvolganimda nastroyeniyam oʻrniga kelgan boʻlardi.

– Samad polvonga aytaman, bugun sizga aroq quyib beradi! Chaling childirmangizni, oʻrtoq! – deya buyurdi Horunboyning qizi va Sanobarga yuzlandi. – Oʻynang sizam, chevar! Akaginamni toʻylarini shu yerdanoq qizdirib boraylik.

Tillaxon ochiq childirmasini chalib kuylab yubordi. Halimabegim va Sanobar chevar oʻyinga tushib, kelinni oraga olgancha Shoʻrqishloq tomon yurdilar.

Oʻninchi bob. Doʻstlik

Shoʻrqishloq tabiati gʻoyat soʻlim. Qishloq oʻrtasidan janub tomonga quyilab oquvchi soyning suvi juda kam. Qadimgi ajdodlar suvga tashna boʻlib yashaganlar. Endilikda qishloq yaqinida katta va kichik kanallar oqadi. Qishloqda ilgari yuztacha xonadon yashagan, xolos. Hozirda esa pasttekislikda mingdan ortiq, adirliklar ustida uch yuztacha xonadon joylashgan. Bu xonadonlar va ekin yerlari kanaldan tortib chiqariluvchi nasos suv bilan sugʻoriladi. Ilgari qishloq markazida bitta maktab, bitta doʻkon, bitta maishiy xizmat koʻrsatish uyi, bitta medpunkt boʻlardi. Qishloq xalqi roʻzgʻor tashvishida tuman markaziga qatnab umri oʻtardi. Markazdan uzoqda joylashgan barcha qishloqlarda “uchar” yigitlar hojat chiqarish uchun kerakli narsalarni shahardan yetkazib kelishardi. Mana shundaylardan biri Shokir, mayda-chuyda temir-tersaklarni yigʻib kelaverib, Zunnur eshondan qolgan tabarruk hovlini ajoyibxonaga aylantirdi. Bu battol eshonzoda hamma narsani sotardi va sotib olardi.

Bir kuni Rahmon amaki bilan shahar bozorida kezib yurgan Shokir bitta podshipnikni xarid qilib xaltasiga solib oldi.

– Bu temirni nima qilasan? – deb soʻradi amaki tushunmay.

– Satimboy traktorchiga pullayman, – dedi Shokir.

– Seni shunaqa bola boʻlasan, deb oʻylamagandim, – achchiqlandi Rahmon amaki. – Zunnur eshon oʻz avlodidan senchalik foydaxoʻr chayqovchi chiqishini bilganida, joynomoziga oʻt qoʻygan boʻlardi!

Shokir iljayib qoʻya qoldi. U baribir oʻz bilganidan qolmasdi. Ertasigayoq podshipnik xabarini eshitgan Satimboy Shokirni izlab keldi. Unga uch barobar koʻp pul toʻlab, rahmat ayta-ayta podshipnikni olib ketdi. Shokir yaxshigina mexanik, haydovchi, hunarmand, tijoratchi va chidamli dehqon edi. Qurilishga borsa andavani qoʻlga olib, devor suvoqqa tushib ketar, pul unsa loy qorib gʻisht quyishdan ham qaytmasdi. Xotini Oyxonning aytishicha, uxlab yotganda ham qoʻl barmoqlari qimirlab turarmish. Biror ishni boshlasa, oʻzini ham, oʻzgalarni ham shoshiltirib qiynab yuboradi. Ilk mustaqillik yillarida u oʻz oila a’zolarini jamlab, ikki gektar yerni ijaraga olib dehqonchilik qildi. Ijarachilar orasida katta xirmon koʻtardi. Pullarni esa sarflashga shoshilmadi. Pulga muhtoj boʻlib qolgan kishilarning ishdan chiqqan yengil mashinlarini sotib olib, hovliga sudratib keltirdi. Rahmon amaki bundan norozi boʻlib javradi:

– Nega yurmaydigan moshinalarni olib kelding, jinni?! Qolgan pullar qani?!

– Hammasini zapchast olishga sarfladim, – dedi Shokir.

– Ha, jinni, kallavaram! – baqirdi ota shoʻrlik. – Umrimda bir marta boy boʻluvdim, sovurding! Ha, ablah savdogar! Chuv tushirding meni! Chuv tushirding!

Shokir avvaliga hunar-texnika bilim yurtida oʻqib, keyinchalik oʻrtogʻi qrim-tatar yigiti Firatning ustaxonasida ishlab, mashinalarni ta’mirlashni yaxshigina oʻrgangan. U tuzgan reja ham yomon boʻlib chiqmadi. Qishi bilan tinimsiz mehnat qildi. Oradan uch oy oʻtgach, shoʻrqishloqliklar hayratda qolishdi. Oltita yengil mashinani ta’mirlagach, uddaburon Shokir, ularni viloyat markazidagi katta bozorga olib chiqdi. Bir “Jiguli”ni oʻzida qoldirib, beshtasini sotdi. Oʻrniga bitta “KamAZ” sotib oldi. Algʻov-dalgʻov davrda kelgan shu omadi tufayli ishi yurishib ketdi. Ukasi Sultonni yoniga olib, mashinasida yuk tashib, mevafurush savdogarlarga xizmat qila boshladi. Oldin qozoqlar yerini kezdi. Keyin sibirliklarga vitamin tashib boyib bordi. Atrofiga birin-ketin savdogarlar, bogʻbonlar va dehqonlar toʻplanishdi. Eshonzodalar toʻgʻrisida tarqalgan boshqa mish-mishlar esa tagsiz gap-soʻzlar edi.

* * *

Savdogarlikni orzu qilgan oshna-ogʻaynilar, tanishu notanish kishilar Shokir ortidan soyadek ergashib yurishardi. Sodiq akash, Alisher va Homidning hangomalarini aytaversangiz tugamaydi. hangoma adogʻiga yetmaydi. Ular ilk tanishuv chogʻida Shokir va Sultonni shahar istirohat bogʻiga taklif qilishdi. Did bilan tuzatilgan dasturxon atrofida beshta tadbirkor davra qurib oʻtirishdi.

– Aka, – dedi Sulton, – nega bular bizni siylashyapti?

– Biz bilan birga ishlashmoqchi, ukash, – dedi u.

– Oʻzimiz yaxshi ishlayapmiz-ku? Nima qilamiz ortiqcha tashvish orttirib?

– Bular qoʻshilsa nima boʻpti? Karvon koʻp, rizqi boshqa.

– Oʻzingiz bilasiz, – dedi Sulton.

Bir qadahdan aroq ichib, ovqatlanib boʻlishgandan soʻng, savdo uslubi va yoʻllari haqida soʻz ketdi. Homid, Sodiq va Alisher Rossiya bozoriga mol yuborib koʻrishmagan, dastmoyalari ozligi uchun har narsadan hadiksirab ish yuritardilar.

– Eh, Shokirjon, pichoq borib suyakka yetdi, – dedi Sodiq akash. – Bizam katta-katta pul topmasak boʻlmas ekan. Muruvvatingizni darigʻ tutmay bizni yetaklang, inim.

– Rizqimga sherik qoʻshildi deyotgandirsiz? – kuldi Homid.

– Birovni rizqini birov yeyolmaydi, – dedi Shokir.

– Rahmat, – dedi barvasta Alisher qulluq qilib. – Yaxshi odam ekansiz.

Sodiqning yoshi qirq beshlarda. U tepakal, qorindor, ingichka ovozli, hasratkash kishi. Xursand oʻtirganda ham xoʻrsinaveradi. Jahli esa burnining uchida turadi. Birov bilan muomala qilsa, yetti bukilib, mulozamatni me’yoridan oshirib yuboradi. Yonida turgan kishi ham bu holatdan xijolatga botadi.

– Bolalar katta boʻlib qolishdi, – dedi u kayfi oshgach, tili ravonlashib. – Zamon mana bunday bozor iqtisodiyotiga oʻtib ketdi. Oʻzing uchun oʻl yetim, degan zamonga kelib qoldik. Koʻproq ishlab, kamroq yemagan niyatiga yetolmaydi. Biz koʻzimiz koʻr, yoʻl koʻrmagan kishilarmiz, uka. Musofirchilikda bizlarni qoʻllab turasiz-da.

– Mayli, – dedi Shokir. – Ismoiljon, Nabijon degan haydovchi oshnalarimiz bor, shularni koʻmakka chaqiramiz. Sizlarga yuk toʻplab beramiz. Harakat qilaveringlar. Bozorga borganda oʻzim sotishib qoʻyaman. Sizni yoshingiz ulugʻ ekan, aka. Ellikdan oshganga oʻxshaysiz.

– Soch ertaroq toʻkilgan, xolos, – kuldi Sodiq. – Sizdan bor yoʻgʻi oʻn yosh kattaman. Xijolat qilmay, bemalol ogʻir ishlarniyam buyuravering.

Alisher Sultondan besh-olti yoshlar chamasi katta, qora toʻriq yigit. Oʻrtoqlari kulishib, uni Aleks deb chaqiradilar. Homid esa uyatchan, jussasi kichik, qoʻykoʻz, moʻylov qoʻygan, sipo kiyinadigan yoshi oʻttizdan oʻtgan yigit. U koʻproq Sultonning koʻnglini olish bilan band boʻldi.

– Qisqasi, – dedi u, – Shokir akamizni bizga xudo yetkazdi. Eh, Sultonbek, sizni baxtingiz bor ekan. Xudo sizga shunday jahongashta akani ato etibdi. Bizlarga aka nasib qilmagan. Boshimizni u toshdan bu toshga urib yashab kelyapmiz-da, oshna.

Maktabni zoʻrgʻa tamomlagan qishloqi Sulton pachava, maqtovlardan moydek erib, akasiga gʻururlanib qarab qoʻydi.

* * *

Shokir navbatdagi safarda yangi hamkorlarni qoʻshib olib, yana bitta qoʻshimcha mashinaga yuk ortib Rossiyaga joʻnadi. Tyumenga meva olib boruvchi shovvozlar oʻsha kezlarda salmoqligina pul ishlab topishardi. Shokirga ergashib, shaharlik hamkorlar qayerdan va qanday usulda meva-chevani arzon olish yoʻllarini oʻrgandilar. Yangi tanish-bilishlar orttirdilar. Ular halol, odobli va mehnatkash yigitlar boʻlib, birortalari nojoʻya harakat qilmas, hatto rus yerlarida ham oʻzbekcha tavozeni tark etmas edilar. Birinchi galgi safar davomida, Shokir yangi hamkorlarni qoʻy suruvini haydagandek oldiga solib haydab yurdi. Sulton yuk toʻplash maqsadida qishloqda qolgandi. Shokir uni tashlab ketganiga pushaymon boʻldi. Bozorga yetib borib, mashinalarni toʻxtatib, yuklarni tushirishini tayinlab, oʻzi mehmonxonaga ketdi. Mehmonxonada joy va tushlik hozirlatib bozorga qaytib keldi. Yuklar hamon tushirilmagan, yangi hamkorlar esa millati noma’lum mast kimsa bilan qizishib tortishmoqda edilar.

– Nima qilyapsizlar? – dedi achchiqlanib Shokir. – Xaridorlar kelib ketishyapti-ku! Bu alfozda kechiksak yaxshi boʻlmaydi. Hoʻl meva bu!

– Mana bu odam hech narsani tushunmasdan “yoʻq” deb turib oldi! – kuyinib javradi Sodiq akash. – Yuklarni pajalista tushiraylik desam, “net!” deydi! Xudoni zorisini qildim. Mana, Alisherjonam yotigʻi bilan tushuntirdilar. Homid oraga tushdi! Toʻgʻrimi, Homid?

– Juda qaysar bola ekan-da bu, Shokir aka, – tasdiqladi Homid.

Ensasi qotgan Shokir bozorda bemaqsad kezib yuruvchi piyonistani ketiga bir tepib haydab yubordi.

– Poshyol otsyuda!

Kayf piyonista hiringlab kulib nari ketdi. Hamkorlar angrayib qolishdi.

– Nima boʻldi? – soʻradi Homid. – Tushirishga ruxsat berdimi?

– Bu nega ruxsat beradi, uka, – achchiqlandi Shokir. – Kallanglar joyidami oʻzi? Bu bola bozorda ishlamaydi. Tavba, jinniyam odamdan boʻlarkan-da. Qutilarni tushiringlar!

* * *

Keyingi safarlarda yuz bergan voqealar bundan ham qiziq. Qozogʻiston yoʻllarida borayotgan Sodiq boshchiligidagi “KamAZ” mashinasi, Shokirnikidan oldinga oʻtib yoʻl bosdi. Shokir charchab qolib, mizgʻib olish maqsadida orqa oʻrindiqda yotdi.

– Kechroq uygʻot, Sulton, qoʻlim zirqirayapti, – dedi u.

– Mayli, bemalol uxlayvering, aka, – rulga oʻtirdi Sulton.

Oldinda borayotgan mashinani militsiya olatayogʻini koʻtargan fuqoro kiyimidagi yigit toʻxtatdi. Uning qoʻlida uyali telefon bor edi. U Sodiqni mashinadan tushirib, qoʻlini koʻtartirib qoʻydi. Xoʻjaqishloqlik haydovchilar – Nabijon va Ismoil Sodiqdan ham sodda edilar. Ular ham Sodiq akashga taqlidan qoʻllarini koʻtarib mashinadan tushdilar. Yoʻltoʻsar yigit mashina kabinasini tintuv qilib, uch ming dollar solingan charm karmonni topdi.

– Buni musodara qilamiz, – dedi u rus tilida.

– Nimaga? – norozilik bildirdi Sodiq. – Bu pul oʻrtadagi pul. Bolalar xafa boʻlishadi.

– Chevo? – tahdidli boqdi yoʻltoʻsar.

Sodiq qoʻlini tushirib:

– Bu pulga biz DSP taxta olmoqchimiz, – deya izoh berdi.

– Ruki vverx! – buyurdi yigit.

Ular qoʻllarini koʻtarishdi. Yigit yoʻl chetida turgan “Jiguli” mashinasiga oʻtirib joʻnab ketdi. Besh minutlardan soʻng Sulton, boshqarayotgan ikkinchi mashina voqea sodir boʻlgan joyga yetib keldi.

– Ha? Nima gap? – soʻradi Alisher mashinadan tushib.

– Nega bunday turibsizlar? – ajablandi Sulton.

– Haligi, tekshiradigan kishi uch ming dollarni olib ketdi! – dedi Sodiq multirab.

– Kim? Nega?! – achchiqlandi Sulton.

Shokir uygʻoniboq vaziyatni tushunib yetdi. Oʻzi rulga oʻtirib gazni bosdi. Bir soatlar chamasi quvishib, yoʻltoʻsar ortidan yetishdi. “Jiguli”ini toʻxtatib, yigitni doʻpposlab, undan pullarni qaytarib oldi.

– Tezroq ketaqolaylik bu yerdan! – dedi qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrab Sodiq.

– Nega ketarkanmiz?! – pulni erinmay sanadi Shokir. – Bu ablahdan hali solyarka haqiniyam undirib olamiz.

Sodiq akashning Shokirga nisbatan ixlosi yana ham oshib ketdi. Hamkorlar hisobli doʻst ayrilmas qabilida ish tutib, ba’zan tushlikka sarflangan chiqim ustida ham talashib-tortishardilar. Shokir bunday doʻstlikka ajablanib kulib qoʻyardi. Sultonning esa gʻashi kelib, bu tirik-tovonlardan tezroq qutilishni istardi. Shokir koʻpchilikning oshi shirin, ishi barakali boʻlishini yaxshi bilardi. Shu bois ularning kamchiliklari va xatolarini tez-da kechirib yuborardi. Ammo zamon charxpalagi chappa aylandi. Shokir yetakchiligidagi savdo ishlari katta zarar bilan yakun topdi. Mana, vaqtu soati bitib, gʻalvirni suvdan koʻtaradigan payt keldi.

* * *

Shoʻrqishloqliklardan pand yegan jabrlanuvchi Sodiq akash, arzu dod bilan sud mahkamasiga kirib bordi. Yurist uni iliq muomala bilan kutib oldi. Sodiq akash unga bor hasratini toʻkib-soldi.

– Pichoq borib suyakka yetdi, inim, – dedi u oʻksinib.

– Ha, – dedi yurist, – pichoq... pichoq...

– Bu ozmuncha pulmas ammo.

– Ha, anchagina, – mudradi yurist ma’qullab.

– Shuni nima qilish kerak?

– Nima qilsangiz ekan-a?

– Kim? – ajablandi akash kiftini qisib.

– Siz-da, – dedi u.

– Ha-da, shuni aytaman-da, nima qilishni bilolmay qoldim! Zamon ado boʻlgan ekan, inim. Pichoq borib suyakka...

– Sovuq qurol bu... Buni qoʻyib turing, – dedi yurist chimirilib. – Xoʻp, siz u odamga pul beribsiz. Uni hozir qarz toʻlashga puli bormi?

– Yoʻq-da, – achchigʻlandi akash, terlab ketgan yaltiroq boshini roʻmolcha bilan artib.

– Xoʻsh, siz kreditor bankmisiz? Berayotgan summangizdan naf olayotgan boʻlsangiz, nega davlatga foizini toʻlamayapsiz?

– Kim? Menmi?

– Siz-da.

– Axir men unga haqqimni oldirib qoʻyganman-ku? Nega birovga oldirib qoʻygan pulim uchun davlatga foiz toʻlashim kerak?

– Demak, siz unga naqd pulni foizga bermagansiz.

– Yoʻq, birga ishlagandik, unda kattagina haqim qolib ketyapti, – tushuntirdi u.

– Biz sizlarga oʻz huquqingizni tanib oling deb shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yuguraverib, tuflimiz yirtilib ketdi, – xafa boʻldi yurist. – Nega unga haqqingizni berasiz? Oʻrtada shu savdoni tasdiqlovchi shartnoma hujjatlari bormi?

– Yoʻq, – dedi akash.

– Demak, Shokir ikkovingiz oʻz daromadingizni soliq idoralaridan, bojxona mutasaddilaridan yashirgansizlar. Ikki kishimidinglar?

– Yoʻq, toʻrt kishimiz, – ogʻzidan gulladi Sodiq akash.

– Demak, uyushgan jinoyatchilar guruhiga a’zo ekansiz, – aniqlik kiritdi yurist.

– Yoʻq! Nega a’zo boʻlarkanman?!

– Orangizda shuncha koʻp mablagʻ aylanarkan, foydangiz falon pul ekan, – achchigʻlandi yurist. – Nega bu toʻgʻrida biz bexabarmiz? Agar siz davlat bilan hamkorlikda ish olib borganingizda, harom haqqingiz harom qoʻllarga oʻtib ketmagan boʻlardi. Toʻrtovingizni batafsil oʻrganib, jinoiy javobgarlikka tortish kerak! Olgan foydangiz mamlakat hududida yetishtirilayotgan mahsulot evaziga kelgan. Hamkorlaringiz kim?!

Pichoq Sodiq akashning suyagiga borib yetdi. U yuristga yalinib-yolborib, bir amallab mahkamadan eson-omon chiqib olgach, parvardigorga shukrona keltirdi. Bir oy davomida Zohidani qizgʻongan Salimdek, Shokirda qolib ketgan pullari haqida oʻylayverib, uyqusizlik dardiga chalindi. Bir bahonada ishdan haydalgan sinfdoshi, sobiq huquqshunos Asadilla razborchi huzuriga bordi.

– Pichoq borib suyakka yetdi, sinfdosh, – dedi u.

– Meniyam, – dedi yuzi choʻtir Asadilla. – Shoʻrqishloqqa qachon joʻnaymiz?

– Ertagayoq!

– Ochigʻini ayt, Sodiq, pulni qanchasini menga berasan?

Bu choʻtir mojaroparast huquqshunos, ma’lum va mashhur militsiya polkovnigi, marhum Hakim Ernazarov kenjasi edi. Qamchisidan qon tomgan Ernazarovning oʻgʻli xunuklik bobida otasidan ham oshib tushardi.

* * *

Asadilla razborchi qoʻmondonligi ostida, haqdor hamkorlar qilichlarini yalangʻochlab, qarzdor Shokir yashovchi Janjalmahallaga bostirib keldilar. Asadillaning shokolad rangli “Neksiya” mashinasi hasrat va haroratdan changgi osmonga chiqqan Adirkoʻchaga burildi. Mashinada oʻtirgan Sodiq, Alisher va Homid hayajon va issiqdan terga botdilar.

– Boyvachcha koʻchasining ahvoliga qaranglar, – dedi Asadilla oynani berkitib.

– Birinchi koʻrishganimizdayoq men buni sezgandim, – dedi Sodiq. – Koʻrmaganni koʻrgani qursin ekan, sinfdosh. Odam yorugʻ dunyoga kelgandan soʻng qonun-qoidaga rioya qilib yashashi kerak. Oʻzidan ketmasligi lozim. Toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri-toʻgʻri, – hamma bir ovozdan ma’qulladi.

Sodiq soʻzida davom etdi.

– Bu bola oʻsha Mahliyosini deb hamma topgan-tutganini boy berdi. Ayshu ishratga berilib ketdi. Savdogarlarning piri kim? Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdirlar. Savdo harom-harish ishni yoqtirmaydi.

– Albatta, – unga joʻr boʻlishdi hamrohlar.

Sodiq akash nogoh oʻz gunohlarini ham eslab qoldi shekilli:

– Oʻzing kechir, bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni, – deb gʻuldirab, uni oʻchib qoldi.

– Shunchalik boy boʻlibsan, – deya uloqni ilib ketdi Alisher afsuslanib, – shu tuproq koʻchani asfalьt qilib qoʻymaysanmi? Bitta doʻkon qurdirib, loaqal suv sotsang, bola-chaqangni ogʻzi qimirlab turadi. El-yurt bundan naf oladi. Xotin olishiga meniyam qarshiligim yoʻq. Mayli, qandini ursin! Ammo endi bola-chaqasi ahvoli qanday kechadi? Uyi sotilib ketsa-chi?

– Shokir akamga qiyin boʻldi–da, – achindi koʻngilchan Homid.

Asadilla mashinani haydab Sharofning eshigi oldidan oʻtayotganda, Olapar hujumga chiqib, oʻzini berk oynaga urdi va qattiq hurib yubordi. Asadilla choʻchib mashinani chetga olib qochdi. Mashina yoʻldan chalgʻib, oʻng tomoni bilan chuqur ariqqa tushib qoldi.

– Obbo! – uf tortdi Asadilla. – Rasvo boʻldi-ku...

– Oyna yopiq edi. Nega qochasiz, baraka topgur, – tergadi Sodiq. – Kim aytadi sizni razborchi deb! Hayf sizga, e-e-e, sinfdosh!

– Tur yoʻqol! – eshikni ochib Olaparni soʻkdi Asadilla. – Egangga oʻxshamay oʻlgur...

Ogʻiz yugurugi oshga, til yugurugi boshga deydi shoʻrqishloqliklar. Samad polvon va Halima begimning arzanda qizi Zahro doʻmboq darvozadan chiqib, bu gʻalati mehmonlarni ajablanib tomosha qila boshladi. Oʻz sha’niga aytilgan haqorat soʻzlarni eshitib, asilzodaning qoni qaynadi. Qoʻlini beliga tirab, oyoqlarini kerib gezardi. Gavdasi katta, koʻylaklari keng, bilaklari yoʻgʻon, koʻzlari kichkina, yuzi katta, qoshi qalin, sochi hurpaygan, oyogʻida erining katta kalishi, ishtonining bir pochasi uzun, biri buklanib qolgan, yoshi ellikdan oshgan bu urishqoq xotinga xudo berdi. Qishloqni boshiga koʻtarib shangʻillab, aziz mehmonlarni haqoratlay boshladi.

– Chevo-chevo?! Hu ota-buvangni ogʻziga varanka qoʻyib!..

– Kimni?! – gʻazabga mindi razborchi Ernazarov. – Menimi?!

– E, bittangga ovora boʻlib oʻtiraymi! Hammangni! – baqirdi Zahro. – Ha, seniyam ogʻzingga varanka qoʻyib!..

Shaharlik nozikta’b mehmonlar Shoʻrqishloq zaifasining ogʻzidan otilib chiqayotgan haqoratlarni eshitib, vujudlari muzlab, qon bosimlari pasayib, mashina oʻrindiqlariga qapishib qolishdi. Bir zamonlar sud zalidagi odamlarni ogʻziga qaratib, hech kimga gap bermagan, badbashara huquqshunos Asadilla Hakimovich holi ayniqsa tang boʻldi.

– Voy, parvardigor, bu qishloq qanday qishloq?..– mingʻirladi u.

– Bu yer Shoʻrqishloqni Janjalmahallasi! Bildingmi?! – tobora avjga chiqdi Zahro. – He, eplasang minmaysanmi savilingni! Nega bizni oʻrtaga qoʻshasan?! Hu, koʻzingni olib qochmay oʻlgur! Hu, qirilib ketgur! Agar hozir erimni chaqirsam, hammang naleva-naprava uchib ketasan! Bizni kimligimizni sen bilib qoʻyibsanmi?!

– Voy kechiring, opa-a! Bilmay qoldik! Gʻaflatda qoldik! – mazaxlagannamo engashib ta’zim qildi Asadilla va oʻz ogʻziga urdi. – Yana gapirasanmi, dumba chaynagur!

– Ha iloyo jaqqinang gʻisht parchani chaynasin! – Zahroning baribir xumori bosilmadi chogʻi, burilib itiga buyurdi. – Ol, Olapar, yer yutgurlarni! Ol!! Bos!!

Olapar bekasi har baqirganda undan balandroq hurar, xezlanib oldinga chopar, hovliga kirib ketar, yana shoshilinch qaytib chiqardi. U mana shu hunari bilan Sharofga juda oʻxshaydi. Sharof oʻz xotini bilan urishganda, gʻazablanib Zahroning ustiga bostirib boradi, keyin zarda qilib, uxlash xonasiga kirib, divanga yotib oladi. Ammo oʻzini bosolmay xonadan qaytib chiqib, xuddi oʻldirib qoʻyadigandek unga tashlanadi. Lekin yengil turtib, yana ortga qaytadi.

Olapar shunday alfozda oʻzini zoʻrgʻa bosib turgandi. Buyruq dalda boʻlib, irillagancha Asadillaga tashlandi. Asadilla eshikni yopib oldi-da, signalni “ba-ba”lata ketdi. Kuchli ovozdan choʻchib ketgan Olapar, birdan dumini ketiga tiqib, “ving-ving”lab hovliga qochib kirdi va boshqa koʻrinmadi. Boʻribosardan bunday nomardlikni kutmagan ayol, oyoqlarini kergancha quruqqa gerdayib qolaverdi. U obroʻsi toʻkilmasdan burun janjalga chek qoʻydi. Mehmonlar yengil nafas olishdi.

– Ketaylik, akalar, – dedi Homid bezovta boʻlib. – Bu ishimiz xudoga xush kelmadi shekilli.

– Oldin chuqurdan chiqib olaylik, – dedi Asadilla. – Quruqqa kelganga oʻxshayman.

Asadilla koʻpdan beri shaharliklar orasidagi “oldi-berdi”larga qozilik qiladi. Yurist yozib qoʻyilgan qonundan chetga chiqolmaydi. U ikki tomonning arziga quloq osishga majbur. Asadilla esa hech qayerda qayd etilmagan ibtidoiy qonunga amal qiladi. Qarzdorning oʻlgan-qotganiga ham qaramay, haqdorning yonini olib, haqqini undirib berib, oʻzi ham moʻmaygina daromadga ega boʻladi.

Asfalьt koʻchada toʻxtagan mashinadan toʻrt kishi tushib, shu tomonga burildi. Asadilla ularni yordamga chaqirdi. Sakkiz kishi birlashib mashinani chuqurdan chiqardilar.

* * *

Da’vogarlar Shokirning uyiga kirib bordilar. Ostonada Karima xola bilan gaplashdilar. Obida sal narida tik turib, hamma gapni diqqat bilan tingladi. Homid uni koʻrib yuragi ortga tortdi. Obida bamisoli oʻzidan nur sochib turar, suhbatning oqimiga mos ravishda qoshlari chimirilar, uzun kipriklari bir-bir pirpirab qoʻyardi.

– Bolalarim, – dedi Karima xola. – Biz sizlarning haqqingizni yeb ketmaymiz. Bizga ishoninglar. Ozgina muhlat beringlar. Xudo xayr bersin.

– E, xola, – dedi Sodiq akash. – Pichoq borib suyakka yetdi...

– Ilohim hech qachon suyagingizga pichoq qadalmasin, aziz mehmon, – dedi Obida qoʻngʻiroq ovozda. – Allohning borligiga ishonsangiz, bizga ishoning. Men oʻzim shu ishni hal qilish niyatidaman. Bu oila mehnatkash oila. Oʻsha haqingizni sizga halol pullar bilan qaytarib beramiz. Shu mushtipar onamiz hurmatlariga, bir oz sabr qilsangiz, allohim sizni qoʻllasin. Biringiz ming, mingingiz tuman boʻlsin.

Da’vogarlar Obidaning qaddi-bastiga mahliyo boʻlib tikilib qoldilar. Koʻr ayol oʻziga qadalgan nomahram koʻzlarini iymon nuri ila sezib, qirmizi lablarini oq roʻmoli uchi bilan asta toʻsdi. Bu harakatdan koʻzi ochiq gʻofillarning yuraklari tebrandi. Hammalari koʻzlarini yerga tikib, ortga tisarilishdi. Hamrohlar ona-bola bilan xayrlashib mashinaga oʻtirdilar. Sukutga tolgan alfozda shaharga tomon joʻnadilar.

– Yuragim titrab ketdi-ya, – dedi Asadilla. – Boyagi homilador ayolning koʻzlari koʻr ekan. Bu Shokirni qarindoshimi?

– Ha, – dedi Homid. – Bu kishi Shokir akamning koʻr singlisi Obida opa boʻladilar.

– Yuzlari nurli ekan, a? – Obidani sizlab yodga olib, Homidga qayrilib qarab qoʻydi u. – Xudoga shukur. Koʻrgizgan kuniga shukur.

Oʻn birinchi bob. Vijdon

Karima xola Mahliyodan najot soʻrab shaharga bordi. Ilgari u bir bor kelib, oʻgʻlining hashamatli uyini koʻrib ketgandi. U xushlamaygina Mahliyo ortidan shinam xonaga kirdi. Mahliyo uni yaxshigina kutib oldi. Yengiltak ofitsiant xotin oshxonada oʻtirgandi. Choy damlayotgan Mahliyoni turtib hiringladi.

– Qaynonasiga bir salom! – Mahliyoning boshini zoʻrlab egib kuldi ofitsiant.

– Boʻldi qil, gʻar, – uni surib tashladi Mahliyo va iziga qaytdi.

Xola zal hashamini koʻrib, ogʻzi ochilib oʻtirardi.

– Qizim, ovora boʻlmang, – dedi u fikrini jamlab. – Boshimizga tashvish tushib oldingizga keldim.

– Nimayam qila olardik, – dedi Mahliyo. – Shokir akamni xatosi tufayli shu ishlar yuz berdi-da.

– Dushanba kuni haqdorlar uyimizga kelishadi. Siz borishingiz lozim, qizim. Agar yomonlashmay kelishib olsak yaxshi boʻlardi. Borasizmi?

– Yoʻq...

– Nega? Bizga yordam bermaysizmi, qizim?

– Meni bu ishlarga aloqam yoʻq.

– Unday boʻlsa nega borgingiz kelmayapti?

– Bilmasam...

– Agar sizni Shokirdan qarzingiz boʻlmasa yoqangizga yopishib olmaymiz.

– Bu yerdagi hamma mulk va uy toʻla-toʻkis meniki. Oʻgʻlingizdan qarzim yoʻq.

– Axir bu uyni oʻgʻlim sizni topishdan avval sotib olgandi-ku?

– Meni haqim u kishiga oʻtib, u kishini uyi menga oʻtgan.

– Sizni haqingizga Shokir muhtojmasdi-ku?

– Savdoni tushunmaysiz, oyijon.

Karima xolaning bu tuprogʻi vazmin xonadonda uzoq oʻtirgisi kelmadi. U dushanba kuni uchrashishga shartlashib, xayrlashib chiqib ketdi. Ayyor va gʻalamis dugonasi yana Mahliyoni mazaxlab, zoʻrlab boshini ega boshladi.

– Qaynonasiga bir salom! Qaynotasiga bir salom! Loʻx eriga bir salom!

– Boʻldi qil dedim, jinni! – oʻshqirdi Mahliyo. – Xoʻsh, oʻzing ayt. Meni hujjatlarim joyida. Shokir meni urolmaydi, milisa chaqirishimdan choʻchiydi. Agar borsam ularni qoʻlidan nimayam kelardi?

– Qaynonasiga bir salom! Qaynotasiga bir salom! – unga osilib irgʻishladi yengiltak.

– Konchay, dura!

Mahliyo isqirt buzuqlar bilan ishrat qilaverib vijdonidan ayrilgan, gunoh va savobni unutgandi, hozir u qay yoʻl bilan boʻlsa-da, Shokirning mulkiga butunlay ega boʻlib olish haqida oʻylar, shu sababli hozir koʻngliga bachkana oʻyin-kulgi sigʻmasdi.

* * *

Shaharlik haqdor da’vogarlar bostirib kelishgan paytda Rahmon amakining yuragi muzladi. – “Nahotki Zunnur eshon ariq chopib, adir yoqasiga suv chiqarib bino etgan bu tabarruk poyi ostona kimlargadir sotilib ketsa? Kimlar kelib bu dargohga yukinmagan deysiz... Oʻzbeklar, qirgʻizlaru tojiklar, qozoqlaru uygʻurlar, urush paytida haydab kelingan qirimlik tatarlar ham shu dargohda qur’on tilovati va rasululloh hadislarini tinglaganlar. Qancha-qancha darveshlar Zunnur eshonning jamolini koʻrish maqsadida adirlik ustida davra qurib, gulxan yoqib oʻtirishardi. Tong otguncha zikr tushib, “illalloh” deb hayqirgan qalandarlar, eshonning tarbiyatu karomatlari tufayli naqshbandiyaga kirib, mehnat qilish, oila qurishga jazm etishgan, oʻzlaridan koʻpayib ketishgandi. Eshondada eshon esa toshbagʻr va badfe’l shoʻrqishloqliklarni odobu ahloqqa chaqirib, ularni baholi qudrat toʻgʻri yoʻlga solgan. Qimor, buzuqchilik va besharm soʻzlardan qaytargan. U oʻlgach, oʻrniga iymoni butun, ilmi-qol va ilmi-holdan boxabar zukko duogoʻy Shoʻrqishloqda boshqa tugʻilmadi. Zamona zayli bilan ularning duolari yer yuzini tark etib, qadamjolari ham sotiladigan boʻldi. Mana otalar yoʻliga xiyonatning oqibati! Mana kiygan shapkang, ichgan vinolaring, haqoratu jaholatlaring qaytimi...”

Rahmon amaki Shokirning savdogar doʻstlari haqida oʻylab ajablandi. – “Bular qanday doʻst oʻzi? Shuncha yil birga ishlading, birga musofir yurtlarni kezding, parcha nonni boʻlishib yeding, dardu ofatlardan omon oʻtib, rizqu nasiba bilan yurtingga qaytding. Oqibating qani? Nahotki odamzot hidlangan goʻshtdek shu qadar tez aynib bormoqda? Bu ketishda oxiri inson zoti beoqibat mahluqqa aylanib qoladi-ku!”

Rahmon amaki mehru oqibat haqida oʻylagani sayin battar ezilardi. Xoʻrlikdan koʻngli chok-chokidan soʻkildi. Supada davra qurgan mehmonlarga yer ostidan qarab-qarab qoʻyar, janjal koʻtarilib ketishidan qoʻrqib, sukut saqlardi. Shunchalar gʻazabkor cholning bu qadar mungʻayib qolishini Shokir ham kutmagandi. Sodiq, Alisher, Homid, Asadilla, Olimjon kuyov va mulla Hakimlarning suhbatini tinglab, oshxonadagi dahlizda Obida, Oyxon, Shokirning uchta qizi miq etmay oʻtirardilar. Olim qora koʻzoynagini choʻntagiga soldi. Haqdorlar bu ojiz yigitning soʻqir koʻzlariga bir-bir nazar tashlab olishdi.

– Oʻgʻillarim, – dedi koʻziga yosh quyilib Rahmon amaki. – Agar sizlar pulni toʻla deb turib olsalaring biz shu hovlini sotamiz. Bundan oʻzga iloj yoʻq. Bu hovli menga eshon buvamlardan meros qolgan. Endi holimiz nima kechadi? Quda-anda, elu yurt oldida nima degan odam boʻldik...

– Yigʻlamang! – asabiylashdi Shokir. – Nega yigʻlaysiz?!

– Sen bola meni adoi tamom qilding! – hoʻngrab yubordi chol.

– Hoy?! – dedi Shokir da’vogarlarga yuzlanib. – Senlarni oʻlar-qolar joying yoʻq-ku?! Nega uyimga bostirib kelasanlar? Olasanlar-da oʻsha pullaringni!

– E, Shokir! – boʻgʻildi Sodiq akash. – Pichoq borib suyakka yetdi. Bizlarni bola-chaqamiz bor. Bolalar katta boʻlib qolishdi. Sarfi oʻsyapti. Sen indamay shuncha pulimizni yeb ketaversang vijdoningga toʻgʻri keladimi?

– Kim senlarni pulingni yeb ketaman deyapti? Surgutda pulim bor. Ikki ming dollar pulim bokulik bolalarda turibdi. Rossiya rublidan Volodьkada yuz mingdan oshiqroq pulim bor. Qoʻlimga kelsin... Oshigʻi bilan toʻlayman!

– Ikki yuz ming soʻmni menga bermoqchi edingiz, Shokir aka, – dedi Alisher.

– Bu puldan umid qilmang, – choʻrt kesdi Shokir.

– Iya! Yaqinda boʻladi degandingiz-ku, aka?! – gʻazablandi Alisher.

– Uni Sulton Bahromdan olib, toshkentlik Shurik delavoyga berib yuboribdi. U avrab Amerikaga joʻnataman desa ishonibdi. Iltimos, ogʻaynilar, ozgina sabr qilib turinglar, – deb sigaret tutatdi Shokir.

– Shokir! – eshondan qolgan tabarruk supani uch bor mushtladi Sodiq. – Biz halol haqimizni soʻrayapmiz sendan! Toʻlab qoʻy!

– Koʻp oʻzingdan ketma, aka! – shoʻrqishloqcha jahlga mindi Shokir. – Sen hozir birovni uyida oʻtiribsan.

– Agar Rahmon akamning buzrukligi boʻlmasa seni hozir urgan boʻlardim! Ha-ha! Kulma! Urib yuboraman! – qaltirab terlagan boshini roʻmolcha bilan artdi Sodiq. – Buni qaranglar!

Qarzdor bechora yuzini chetga burib jilmayib qoʻydi. Shokirning bir qoʻliga pay kelolmaydigan Sodiq akash pul achchigʻi bois jangga chiqishga ham shay boʻldi. Bu talvasani chinakamiga qabul qilgan amaki:

– Rahmat sizga, oʻgʻlim, – deb mingʻirladi. – Rahmat.

– Menga qarang, Sodiq akash, – dedi kulgisi qistab Shokir. – Esingizdami, yangi ish boshlagan chogʻimizda bitta “Moskvich” moshinangiz bor edi. Shuncha yildan beri men bilan birga ishlab yomon boʻlmadingiz. Senam, Alisher. Hozirgacha menga ergashib pul topding. Bola-chaqa boqding. Boy boʻlding. Arzimagan ikki yuz ming soʻmga meni olmading. Men axir katta qarz uzdim. Uyimdagi televizorniyam sotdim. Minib yurgan mashinalarimdan ayrildim. Senlar meni butunlay ado boʻlganga chiqarib qoʻydingmi? Bir kunmas-bir kun davlatimni qaytarib olarman. Koʻz-koʻzga tushar.

– Toʻgʻri, – dedi Alisher. – Biz sizdan koʻp manfaat koʻrganmiz. Lekin hisobli doʻst ayrilmas. Biz oʻz bolalarimiz rizqini sizga berib ketmaymiz. Pulni oʻrniga tiklab qoʻying, Shokir aka! Mahliyo oʻtirgan dom sizni nomingizdami?

– Yoʻq – dedi Shokir.

– E-e! – tutoqib ketdi Sodiq. – Ish harom boʻlgan ekan. Undan bir chaqayam ololmaysan, Shokir! Nega bunday qilding oʻzi, a?! Nima, sen Xudoyorxonmisan? Nega oʻsha paytda aqlingni yigʻmading? Hoy, – deb boshqalarga yuzlandi u. – Umringizda fohishaga dollar sochganni koʻrganmisizlar? Bu oliy zot samolyotda Rossiyaga borib kelardilar. Qoʻllarida diplomat. Boshlarida charm shlyapa. Koʻzlarida qora koʻzoynak. Choʻntak toʻla pul, qoʻllarida gul, Tyumenьdan toʻgʻri Mahliyoni oldiga keladilar. Mahliyoni oldidan olifta kiyinib olib, yana Tyumenьga joʻnaydilar!

Shokir bir zamonlar koʻziga tik qarolmagan, doimo sizlab murojaat qilagan Sodiqni taniyolmay qoldi.

– Boʻldi qiling, akash! – dedi u supaning chetida oʻtirib.

– Bu kishi yallo qildilar, – qizishdi Sodiq akash. – Bizni mollarimiz esa yoʻlda chirib ketdi. Shokir boyvachcha domda Mahliyoga mahliyo boʻlib oʻtiraverdilar. Biz puldan ayrildik. Pul jigardan bino boʻladi.

Jamoa uni ma’qullab oʻtirardi. Vijdonan aytganda Sodiqqa ham qiyin. Uning oilasi katta. Boy kishilar bilan quda-anda boʻlib qoldi. Shokirdan esa qarz emas. Shokir yaxshilik qilgan boʻlsa bu ham qarab turmagan. Ba’zida uncha-muncha mayda pullardan kechib yuborardi. Shokirga oʻxshab yallo qilib yashamasdi. Boshqa tomondan yondoshilsa, masalaning mohiyati ochilganda yana savol tugʻiladi. Mayli, Shokir yanglishibdi. Bular oʻzlari avliyomidilar? Bularda kamchilik yoʻqmidi? Shokirdan balki bular oʻzlari qarzdor boʻlib chiqishar? Qiyomat kuni haq va nohaq taroziga tortilganda nima boʻlarkin?

* * *

Adirkoʻchaga yana bir mashina kelib toʻxtadi. Mashinadan Karima xola bilan Mahliyo tushdilar. Olapar Sharofning darvozasi yonida yotgandi. Notanish haydovchi va Mahliyoni koʻrib qoni qaynab hurdi. Mahliyo atrofga razm solib, roʻmolchasi bilan yelpinib, qiya ochiq darvozadan jirkangannamo kayfiyatda hovli ichkarisiga moʻraladi va botinmaygina ilgari yurdi. U changu tuproqdan oʻzini ehtiyotlab, tuflisini yerga avaylab bosar, yaltiroq koʻylagining etagini qoʻli bilan bir oz yuqoriga koʻtarib olgandi. Peshonasi va quloqlari ustidan sariqqa boʻyalgan sochlari sharsharaday toʻkilib turar, lablari qirmizi rang, qora qoshlari ingichka qilib terilgan, ulama kipriklari qayrilma, oq yuzidagi zahillikni yashirish uchun ikki yonogʻiga ham qizil boʻyoq surtgandi. U kirishi bilan hovliga oʻtkir atir hidi taraldi. Rahmon amaki unga qarashdan hazar qilib, yuzini kafti bilan toʻsdi. Oyxon va uning uchta qizi dahlizda oʻtirgandilar, qiziqsinib darchadan qaradilar.

– Mana, azizlar! – dedi Karima xola. – Iloyo mol-dunyoni xarxashalari qursin. Hozir hammasi hal boʻladi. Mahliyoxon keldilar.

– Otam rahmatlini soʻzlari esingdami, onasi? – dedi Rahmon amaki. – Och qornim – tinch qulogʻim, der edilar.

– Ha, nimasini aytasiz, – uf tortib bir chetga choʻnqaydi xola. – Qarigan chogʻimizda el-yurtga maymunday tomosha boʻldik.

Kichik tuman malikasi nomini olgan goʻzal supada oʻtirgan kishilarga razm soldi. U bu yerda e’tiborga arzirli biror tirik jonni koʻrmadi. Hafsalasi pir boʻlib:

– Karoche, – dedi saqichini chaynab. – Meni nega chaqirdinglar?

– Mahliyo, – unga yaqinlashdi Shokir. – Bular qarzlarini qistab kelishibdi.

– Nu i chto? – erinibgina soʻradi u.

– Tak chto, Maxlishka, yordam bermasang boʻlmaydi, ne podvedi.

– Qancha? – soʻradi Mahliyo qoshini chimirib.

– Hozircha, toʻrt yuz ellik ming kerak, xolos.

– Shuncha pulni berganmidingiz menga?

– Esla, azizim?! – yalinib moʻltiradi Shokir. – Hozir ahvolim chatoq, xotin. Oltinlaringni sotib boʻlsayam meni qoʻllab yubor.

– Oltinlarim sotilmaydi, erjon! – choʻrt kesdi ayol. – Oyimning qon bosimlari koʻtarilib turibdi. Meni uyimdan umid qilmang. Uni epaqaga keltirguncha butun topgan-tutganim sarf boʻldi.

– Nimalar deyapsan, sterva?! – gʻazablandi Shokir. – Sen qancha pul sarf qilgansan?!

– Mana men degan krutoy bolalar orqamdan yugursa, kelib-kelib krahoborga koʻngil beribman. Umrimda bir marta sevdim, no xato qildim.

– Bermaysanmi?! – oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib boʻgʻildi Shokir.

– Daje ne dumayu, – gapga yakun yasadi Mahliyo.

Ichkarida oʻtirgan Obida tashqariga chiqdi. Hamma burilib, koʻr juvonga qaradi. U uzum ishkomining ustunini qidirib topib suyanib oldi.

– Mahliyoxon, – dedi asta. – Xudodan qoʻrqmaysizmi? Siz avval goʻdaklarni rizqini yeb, otasidan ayirdingiz. Endi esa ularni koʻchada qoldiryapsiz. Gʻaflatdan koʻzingizni oching, vijdoningizni yutmang. Besh kunlik dunyoni deb, abadiy baxtni doʻzax oloviga alishtirmang. Iltimos, akamni shu balodan qutqaring. Sizni bir umr duo qilay.

– E, bor oʻshaqqa, koʻr! – gʻazablandi chaynalib Mahliyo. – Kundoshim gapirmagan gaplarni gapirib, nega ortimdan aygʻoqchilik qilib yuribsan! Akangdan bir tiyin qarzim yoʻq!

– Agar xudo nasib qilmasa oʻzimcha koʻr boʻlarmidim, Mahliyoxon, – dedi shoʻrlik oʻkinib. – Bu qismat xudo bitgan qismat ekan. Xudodan qoʻrqing. Har bir zarra gunohni oxiratda javobi bor.

– E, bor-bor! Menga moral oʻqima! – jerkidi Mahliyo.

– Qoʻy, Obida, – oraga tushdi Shokir. – Yuraging siqilib qolmasin, singlim.

– Meni yuragim siqilgandan nariga oʻtib ketdi, Shokir aka, – nola qildi Obida alamdan qaltirab. – Oyxonni nimasi yomon edi? Sizni oq yuvib, oq taradi. Ozingizni oz, koʻpingizni koʻp demasdan, hammasiga sabr qildi. Sizni koʻzingiz ochiq edi-ku? Bu xotin toʻgʻrisida biror kishidan yaxshi gap eshitmadim. Agar bizlarni desangiz, shu ayolni talogʻini bering. Davlatingizni xudodan men soʻrab beraman, aka.

– Ha, gap poylamay oʻlgur, koʻrsichqon! – javradi Mahliyo olayib.

– Koʻrdingizmi, aka, – payvasta qoshlarini chimirdi Obida. – Yomon ogʻizdan yaxshi gap chiqmaydi.

Yigʻilganlar farishta bilan shayton oʻrtasida borayotgan suhbatdan hangu mang edilar. Mahliyo shu payt janjal koʻtarilishini juda-juda xohlardi. Tashqarida yangi jazmani “Tiko”sini taxt qilib turibdi. Agar Shokir urib yuborsa, u yer-bu yeri koʻkarsa, jazmanni guvoh qiladi-da, borib kasalxonaga yotib oladi. Mahliyo shu makrni ishga solish maqsadida yana Obidaga hujumga oʻtdi.

– Menga qara, koʻr, – dedi u tahqirli ohangda. – Sen meni nega yomon koʻrasan? Seni xudo yaxshi koʻrganda koʻr qilib yaratarmidi? Yana homilador boʻlib olibdilar! Vah-vah! Koʻnglimning koʻchasi!

– Olim aka!... – Bu haqoratlardan zulmat dunyosi ham vayron boʻlgan ayol erini chorladi.

– Obida?! – koʻngli notinch boʻlib, gʻazabnok Olim paypaslab supadan tushdi. – Obida, men shu yerdaman.

– Olim aka, qayerdasiz oʻzi?...

Obida gandiraklab qayerga borishini bilmay qoldi.

– Obidaxon, – unga yaqinlashdi Olim, – men shu yerdaman, azizim.

– Tezroq bu yerdan ketaylik... – dedi u va ilk bora ohista qargʻanib qoʻydi. – Yaxshiniyam, yomonniyam xudoyimga soldim...

Mahliyo ojiza ayolni yengib chiqqanidan mamnun boʻlib qilpillab qoʻydi. U agar koʻrlar jamiyatidagi biror ojizga, shu qabilda muomala qilganida, ojizlarning ham kim ekanligini bilib olgan boʻlardi. Ammo Olim va Obida boshqa olam kishilari edilar. Arzimagan bir adashgan kimsani deb, ilohiy nurlarga koʻmilgan olamga oʻt qoʻyib boʻlarkanmi?

– Hoy, haqdorlar, – dedi Olim Obidani yetaklab. – Obidaxon ikkimiz qarzlarni bugunoq toʻlaymiz. Hoziroq bu yerdan ketinglar. Bu xonadonni tinch qoʻyinglar! Tinch qoʻyinglar!

Koʻrlar yetaklashib, hovlidan chiqib ketdilar. Bu vaziyat hammani esankiratdi. Mahliyo bu yerda toʻplangan kishilarning aksariyatini tanirdi. Bularning orasida oʻtirgan koʻrimsiz, yuzlari choʻtir, sochlari siyrak, notanish razborchi Asadillaga esa mensimaygina qarab qoʻydi. Asadilla Mahliyoga tikilib oʻz nafratini bosolmadi.

– Voy-boʻy... yomon ekansan-ku, – dedi bosh chayqab.

– Tur yoʻqol, urod! Senga nima? – unga koʻzlarini olaytirdi Mahliyo.

– Shungayam gapirasanmi, dumba chaynagur... – deb oʻz ogʻziga urdi Asadilla va xomushlanib qoldi.

Otasi Hakim Ernazarovga tortgan choʻtir Asadilla, bolalikdan oʻz yuzini oʻzi yomon koʻrar, urod, ya’ni, badbashara degan soʻzni sira hazm qilolmasdi. Karima xola esa ishning bu tomonga burilib ketganini koʻrib yuragi ezildi. Olimning uy olish uchun yigʻib qoʻygan puli bor edi. Ular hamon yotoqxonada turadilar. Yangi uy ularga suv bilan havoday zarur. Shu bois onaizor:

– Jon, bolam...– dedi behayo keliniga boshini egib. – Bu koʻrlarni uyga toʻplagan ozgina puli bor, xolos. Shularga achinmaysizmi? Qizim hozir ogʻiroyoq, yaqinda koʻzi yoriydi. Yotoqxonada chaqaloq bilan qiynalib qolishadi. Rahmingiz kelsin...

– Meniyam oyim kasallar, – dedi Mahliyo. – Bizga kimni rahmi keladi?

– Iloyo onangiz tuzalib qolsinlar... Sizam baxtli boʻling, uvali-juvali boʻling. Onangiz ikkingiz aslo kam boʻlmanglar. Ozgina yordam bersangiz boʻldi...

– Koʻp vaqillamang, kampir! – jerkidi Mahliyo. – Bir tiyinam bermayman!

– Shunaqami! – gezardi Karima xola. – Undogʻ boʻlsa! Iloyo seni tuqqan gʻar onang aslo oʻnglanmasin. Dardi bedavoga yoʻliqsin! Oʻlsa goʻriga koʻndalang tushsin! Senam bir umr balo-qazoga duch boʻlgin! Aslo unib-oʻsmagin! Allohu akbar!

– Tfu! Tfu! – qargʻish yopishgan koʻylaklarini qoqdi Mahliyo. – Iloyo oʻzing oʻlib qol! Qargʻishing yoqangga yopishsin!

Shokir bir sapchib Mahliyoning oldiga bordi.

– Tilingni tiy, mahluq! Mahluq! – deb baqirdi.

– Ha, urasanmi?! Ur!Ur! – uni tezladi gʻamgin malika. – Urolmaysan, soʻtak!

–Uch taloq qoʻydim seni! – baqirdi Shokir oʻzini bosolmay. – Yoʻqol bu yerdan! Yoʻqol!

– Nu i chto uch taloq?! Padumayeshь! – dedi ayol. – Viditь vas ne xochyu!

Mahliyo doʻqillab hovlidan chiqib ketdi. Karima xola supadagilarga yuzlandi.

– Qani, bolalarim, sizlaram ketinglar! Haqingizni olasiz. Bundan keyin sizlarniyam koʻrmay oʻtaylik.

– Hoy, xola! – dedi Sodiq qizishib. – Pichoq borib suyakka yetdi!

– Hu suyaging bilan qurib ket! Unday boʻlsa omin! Iloyo senlarniyam! – duoi ba’d qilish maqsadida fotihaga qoʻl ochdi eshonning kelini.

– Boʻldi qargʻamang, xola, – sapchib oʻrnidan turdi Asadilla. – Mana, ketyapmiz!

Hammasi uzun-qisqa boʻlib gʻuldirashib hovliga chiqishdi. Darvoza oldida turgan “Tiko” va “Neksiya” mashinalari birin-ketin joʻnab ketdi. Olapar hamon oʻz postida sergak edi, tamoyilga binoan, mehmonlarni asfalьt koʻchagacha vovullab kuzatib bordi.

Oyxon bilan uch qizi bir qatorga tizilib olib yigʻlashayotgandi. Fe’li aynigan Shokir ularga doʻq urdi.

– Boʻldi qillaring!

– Bizdan xafa boʻlmang, – hiqilladi Oyxon. – Xursandchilikdan yigʻlayapmiz...

– Nega xursand boʻlasan? – xoʻrsindi Shokir. – Biz qashshoq boʻlib qoldik, xotin!

– Mahliyodan qutildik-ku, bundanam qutulib ketarmiz. Qornimiz toʻyib, kunimiz oʻtsa boʻldi-da, – avjga chiqib yigʻladi u.

– Bunday kino qoʻyib, meni yuragimni ezma! – baqirdi Shokir. – Undan koʻra meni qargʻa! Senlarni shuncha qiynadim!

– Oʻzingizam qiynalab ketdingiz-da, dadasi. Men sizni nega qargʻay... Axir bosh egamsiz. Qoʻlingizdan non yeb, tuz ichganman.

Shokir bu soʻzlarni eshitgandan soʻng koʻngli buzilib, oʻzini tutolmay koʻzlari yoshlandi. U oldin arzimas boylikni yoʻqotib, keyin yangi bir boylikni topgan kishiday ajib bir hayajonda qizlarini birma-bir bagʻriga bosdi.

– Meni kechiringlar, bolalarim, – dedi ularning qoʻlchalarini oʻpib. – Men yanglishdim. Qattiq yanglishdim... Sizlarga xamirosh ichirib, oʻzim kayfu safo qildim. Bitta iflos maxluqni qazi-qartaga boqdim. Oltinga burkadim. Sizlarni xonavayron qildim. Koʻr singlimga yordam berishning oʻrniga, uni uysiz-joysiz qildim! Xato qildim!

– Rahmon amaki oʻgʻlining boshiga tushgan koʻrgiliklarga chidolmay, koʻngli toʻliqib yigʻladi. Erta tongdan beri sukut saqlab, koʻzlarini yumib supada oʻtirgan mulla Hakim ogʻir xoʻrsinib dedi:

– Ha, oʻgʻlim, Shokirjon, sen ismingga mos ish qilmading. Bundan keyin koʻzingni ochib yasha. Xudodan yorugʻ yuz bilan rizq soʻra, bolam. Xudo mushkulingni oson qilsin... – Mulla Hakim jigarbandi Rahmon amakini quchoqlab xoʻrsindi. – Yigʻlamang, eshonim. Yuragimni ezmang. Shu bolalarga yetkazganiga, shu azoblarga duchor etganiga rozi boʻling. Oʻzingizga ayon, men gʻarib bu yorugʻ dunyodan tirnoqqa zor boʻlib oʻtdim. Qani edi shunday mojarolar menikidayam boʻlsa... Yoʻq... Buni xudoyi taolo menga nasib qilmadi. Hayot degani shu ekan-da, doʻst. Koʻrsatgan kuniga shukur deng.

– Shukur, aka, shukur, – xoʻrsindi Rahmon amaki koʻzyoshlarini artib.

Shaharlik hamkorlar Olim bergan manzilga borib oʻz haqlarini koʻr qoridan undirib olishdi. Bu chora-tadbir qaysidir jihatdan toʻgʻri boʻlsa-da, shoʻrqishloqcha vijdonga xilof edi. Mulla Hakim shu masalada gʻazablanib oʻyladi: “Insof boʻlmasa iymonning ne hojati bor...”

* * *

Shoʻrqishloq aholisi gʻazablanganda, xursand boʻlganda, ajablanganda, qoʻrqqanda, xijolat boʻlganda, qoʻyingchi har qanday holatda, turli-tuman ohanglarda ishlatadigani “iy-ya!” degan xitob juda oʻziga xosdir.

– Iya-a-a!? – deb hayratlanadi Zohida. – Kechagina qorlar erib, bahor keluvdi. Bir pasda yana kuz keldimi? Iy-ya-a-a-a!?

– Iy-ya-a-a! – achchiqlanadi Zahro eri Sharofni turtib. – Qachongacha ish qilmay uyda oʻtiraverasiz?!

Shoʻrqishloqcha bu xitob jahl chiqqanda sal qisqaroq talaffuz qilinadi.

– Iyah?! – gʻazablanadi Sharof doʻkondor gʻijinib. – Meni tinch qoʻyasanmi yo yoʻqmi?!

Erkaklar koʻp oʻrinda bu unli xitobni eslamaslikka urinadilar. Xijolatli ahvollarda faqat “i!”ning oʻzi qisqa shaklda ishlatiladi. Jon ogʻriganda, yigʻlaganda, birovni qoʻrqitish maqsadida “i” tovushi ayanchli choʻziq ohangda izhor etiladi.

Salim kaptarvoz Murod oqsochni velosipedda kelib urib yuboradi.

– I! Kechirasiz! – deb uzr soʻraydi velosipedidan sakrab tushib.

Murod oqsoch hakillab, inqillab oyogʻini ishqalaydi.

– I-i-i-i! Oyogʻimni ado qilding! I-i-i! – deb Salimga olayadi va aybdor boʻlmish velosiped gʻildiragiga bir tepadi.

Jahl chiqqanda “iyah!” xitobi juda baland va qisqa tarzda talaffuz qilinadi.

– Iyah?! Men ataylab qilmadim-ku?! – kechirimini qaytarib olib gʻazablanadi Salim.

Shokirning inqirozga uchragani haqida turli mish-mishlar yurardi. Mardikor bozoriga qatnayotganini eshitib, gʻiybatchilar ilhomlanib ketishdi.

– Shokirni oʻziniyam qul qilib sotishganmish!

– Iyya-a-a!

– U oʻla-oʻlguncha qora non yeb, loyxandaqda ishlarkan!

– Iyya-a-a-a!

– Shokirni buyragi bilan qora talogʻini qirqib olib pullashgan deydilar.

– Voy! Iyya-a-a-a!

Gʻanimlar koʻchada mashinalarini tez haydab, Shokirning yuziga loy sachratib oʻtib ketadilar. Shokir xayoli parishon boʻlib anchagina mungʻayib qoladi.

Sulton esa adirdagi kaftdek yerdan oltin unadigandek, qora terga botib ishlagani-ishlagan. U hozir gʻalati hunarlarini kamaytirgan, lekin hamon yengil xayollar surib, toshkentlik delavoyni xotirlar, uni va yonidagi mama Rozani kutib, umid saqlab yashardi. Bunday “nurli” kishilar yolgʻon gapirishmaydi. Ular albatta soʻzlarining ustidan chiqadilar. Shularni oʻylagan Sulton kaftdek yerga parvona boʻlib mehnat qiladi. Hosildan ham, delavoydan ham nom-nishon yoʻq.

Shokir ukasini yoʻqlab adirdagi shudgorga chiqdi. Kapada oʻtirgan Sulton akasining qoʻlini olib salomlashdi. Ikkovi kapada oʻtirib choy ichdilar.

– Nega uyga bormading? – soʻradi Shokir. – Iyah, biz senga nima qildik?

– Sabzini sugʻordim, – dedi sigaret chekib Sulton. – Delavoy Shurikdan xabar yoʻqmi, aka?

– U koʻpchilikni aldab ketibdi. Senga oʻxshab pul berib chuv tushganlar juda koʻp ekan. Ba’zilardan ming dollargacha olgan emish. Koʻp oʻzingni chetga tortaverma, ukash, – dedi Shokir uning yelkasiga qoqib. – Uyga boraqol.

– Iyah?! – xijolat boʻlib akasiga qaradi Sulton. – Men shunday qilib ikki yuz ming soʻmni urdirib yubordimmi? Opamdan xabar bormi?

– Senga shuni aytgani keldim, – dedi Shokir. – Obidani ogʻrigʻi tutib qolibdi. Mardikor bozoriga borgandim. Oʻsha yerda Olimjonni koʻrib qoldim.

– Yana boryapsizmi, aka? – achindi Sulton. – Bormang oʻsha yerga...

– Tirikchilikka pul topib kelyapman-da, ukash, – dedi Shokir. – Uyda un tugab qolibdi. Roʻzgʻorga bir oz nafim tegyapti.

Shokir ukasiga mehrli termulib oʻtirdi. U uylanolmagani, mana bunday ahvolga tushganiga oʻzini aybdor sezib afsuslandi. Uni yelkasidan quchib bagʻriga bosdi.

* * *

Mardikor bozorida ketmon va andavasini koʻtarib, suvoqchilar safida mijoz kutib oʻtirgan Shokir, sharaqlagan tanish kulgu tovushini eshitib, piyodalar yoʻlagi tomon nazar tashladi. Mahliyo va ofitsiant xotin mardikorlar yaqinidan oʻtib borishayotgandi. Ular Shokirni tanib qolib, qadamlarini tezlatishdi. Mahliyo anchagina oʻzgaribdi. Sochlarini oq-sariq rangga boʻyab, kalta qilib qirqib olibdi. Qoʻlida uyali telefon, boʻynida qoʻsh-qoʻsh oltin zanjir, kiyimlari toza charmdan, hatto sumkasining oʻzi ham falon pul.

Shokir yerga koʻz tikib, u bilan kechirgan kunlarini yodga oldi. Mahliyo yumshoq divanda u bilan yotar, qirmizi olmani tishlab, oʻz palaponiga suv bergan qushdek, ogʻzida unga bir boʻlak yedirib, ikkinchi tishlamni oʻzi chaynab yutar va oʻz muhabbatini ta’riflab lof urardi.

– Men sizni osmonchalik sevaman. Siz-chi? Men sizdan ayrilsam albatta oʻlaman. Siz-chi? A, Shokir aka?

Mana endi oshigʻu beqaror gʻamgin malika hashamdor hayotda, osmonchalik sevilgan boyvachcha esa mardikor bozorida. Ikkovlari ajralib oʻlib qolishmadi. Qaytanga ikkoviga “oʻl!” deydigan odam yoʻq.

Oʻsha kuni Shokir, bir shaharlik savdogarning uyida qora terga botib ishladi. Savdogar qotmadan kelgan, tishlari yirik, afti burishgan tajang kishi edi. Shokir unga “ozgʻin savdogar” deb nom berdi.

– Siz ustamisiz? – deb loyxandaq atrofida aylandi u.

– Yoʻq, – dedi Shokir loy qorib. – Ammo bunaqa ishga usta boʻlish shartmas. Tashvishlanmang, aka. Koʻngildagiday qilib bitkazib beraman.

– Afsus! – tishini taqillatdi ozgʻin savdogar. – Agar oʻsha yerdayoq shuni aytganingizda boshqa odamni olib kelgan boʻlardim. Loyni nega buncha koʻp qilyapsiz?

– Oʻzim boplab suvab beraman, xoʻjayin, – gapni qisqa qildi Shokir.

Ozgʻin savdogar kun boʻyi tergayverib tinkasini quritdi. Shokir xayolga tolib, oʻtmishni eslab ishga unnadi. U oʻshanda Rossiyaga yuk yigʻayotgan edi. Xoʻjaqishloqning meva saralovchi qizlari qutiga sasigan olmani qoʻshib yuborishibdi. Shokir ularni achchiqlanib tergadi. Uchta yollanma ishchi qiz yigʻlab yubordi. Biri oppoq, nozik, ta’sirchan ekan. U shunday ma’yus qaradiki, nigohidagi dardni koʻrib boyvachcha seskanib ketdi. Shokir uning sovuqdan koʻkargan lablari, ma’yus nigohini eslagani sayin pushaymon boʻlib, hovli devorini suvay boshladi. “Oʻsha nozik qiz qaysidir sobiq amaldor yoki boy kishini bolasi edi chogʻi, – deb oʻyladi u. – Sen oʻsha sovuq kunda choʻntagingdan qoʻlingni chiqarmay, shoʻrlik qizlarni tepasiga borib, manavi odamday sayrayvergan eding. Boylik, mansab muhim narsa emas ekan. Nozik qiz qachonlardir toʻkin muhitda yashagan, zamona zayli bilan nochorlik tufayli arzimagan pulga yollanib ishlashga majbur boʻlgan. Xudoning borligi haq ekan... Falakning gardishi aylanib, oʻsha ma’suma qizning qismati mana bugun oʻz boshingga keldi. Qaytar dunyo deganlari shu boʻladi”.

Ozgʻin savdogar devordagi chiziqlarni koʻrib asabiylasha boshladi. Shokirning xayoli boʻlinib unga savolomuz qarab qoʻydi va devor suvashda davom etdi.

– Hoy, uka! – achchiqlanib uni tergadi ozgʻin savdogar. – Bu nima?! Bunisi-chi?!

– Hozirgina gazchoʻp tortdim, aka.

– Nima choʻp? – tishlarini taqillatdi u.

– Gazchoʻp. Keyin andavalayman. Shunda bu chiziqlar yoʻqoladi, – tushuntirdi Shokir.

Ozgʻin savdogar shomga yaqin javobini berdi. Kechki ovqatni qizgʻandi, ish haqidan chegirib qoldi-da, koʻchaga chiqarib qoʻydi. Shokir haliga qadar bunday sovuq yuzli odamga duchor boʻlmagan edi.

U Shoʻrqishloqqa och-nahor yetib keldi. Xufton chogʻida bir kosa mastava ichib, sovuqdan dirdirab toʻshakka oʻranib uxlashga chogʻlandi.

– Bundan keyin loyxandaqqa tushmang, havo sovib qoldi, dadasi, – dedi Oyxon achinib.

– Xoʻp... – dedi u tishlari taqirlab.

Uning tanasiga issiq xush yoqib, koʻzlarini uyqu chulgʻadi. Tasavvurida tishi taqillaydigan ozgʻin savdogar jonlandi. “Buncha yuragi tor noinsof odam ekan-a. Qanday qilib shunga roʻpara boʻla qoldim? – deb oʻyladi va nogoh Mahliyoni esladi. – Bu mahluqlar yoningdan oʻtib qoʻysayam omad qoʻldan ketarkan-a! Ey, parvardigor, yana davlatimni qaytib bersang begona ayolni yaqinigayam yoʻlamayman... Shu goʻdaklarim rahmini yegin ilohim. E, xudo, ketgan davlatimni qaytarib bersang, har kuni savob ish qilaman. Pul berishsayam buzuqlarga yaqin bormayman... Ming marta tavba qildim... Oʻzing kechir... Ming marta tavba qildim...”

Bankrot boyvachcha gʻuldirab, bir muddat shu alfozda tavba qilib yotdi va qattiq uxlab qoldi. Uning mehnatdan ezilgan vujudi ham tong otguncha xudoga tavba qildi. Oyxon yarim tunda uyqusi qochib, qulogʻiga paxta tiqib yana toʻshakka oʻraldi. “Bu er jonivorning ketib qolganiyam bir balo, qaytib kelganiyam, – deya oʻyladi u. – Xurrak tortishini koʻring! Traktorga oʻxshab tarillaydi-ya. Iy-ya-a-a-a!”

Oʻn ikkinchi bob. Pahlavon oʻgʻil

Obidaning matonatiga tugʻruqxona bosh vrachi hayron qoldi. U shovqin koʻtarmay, tinchgina koʻz yoridi. Ojiza ayol pahlavon oʻgʻil tugʻdi, doktorlar va ayollardan xijolat chekib, oʻzini yashirib uyalib qimtindi. Hamma chora-tadbir yaxshi kechdi. Faqat... chaqaloq Umidjon koʻzini ochavermasdi.

– Buyam koʻrmikin? – soʻradi doya tugʻruqxona mudirasidan.

– Hayronman. Nega koʻzini ochmaydi bu? – kiftini qisdi u.

– Kam yigʻlayapti.

Mana shu hol doyalarni oʻyga toldirdi. Shifokorlar “bu bola koʻr” deb qaror chiqarib, biror chora qoʻllashga botinmadilar. Koʻz ochmayotganini roʻkach qilib, Obidaga bolani bermadilar. Sun’iy ravishda oziqlantirib turdilar. Obida xudo va doʻxtirlardan najot kutib, koʻksiga toʻlgan oppoq sutni sogʻib tashlar, oʻzidan nafratlanar va uzundan-uzun oʻy surardi. “Mening bolam koʻrarmikin yo koʻrmasmikin, xudoyim? – dedi u dil toʻrida nola qilib. – Agar bu dunyoni koʻrmasa uning tugʻilishidan nima foyda? Koʻrlarning dunyoga kelishidan qanday maqsading bor? Birovlarga oʻrnak qilish uchun, bir begunoh bandangni shunchalar xoru zor qilib, koʻr yaratasanmi, xudoyim? Bizlar odamlar oyogʻi ostida paypaslanib yurganimiz ozmi? Nega zurriyodimga koʻz ato etmayapsan? Nega, mehribonim?..”

Qarindoshlar Obidani Shoʻrqishloqqa olib ketdilar. Umidjonga esa shifokorlar ruhsat berishmadi. Karima xola qizini xoʻrda ichib, toʻshakda yotishga majburladi. U koʻngli notinchligi bois onasiga quloq solmadi. Ba’zan yupun kiyimda hovliga chiqib aylanib yurar, oʻgʻlini va uning koʻrish-koʻrmasligini oʻylab ezilardi. Obida chilla urfiga ham amal qilmadi.

– Agar ayol kishi yozda tugʻsayam qalin chopon kiyadi. Xoʻrda ichadi – dedi Karima xola. Bu qiz meni boshimga bitgan tashvish boʻldi. Aytganga koʻnmaydi.

– Yangicha xotin-da bu, – kulimsiradi Rahmon amaki.

– Siz shu bolalarni yonini olaverib buzdingiz! – deb urishdi xola.

– Hadeb mendan koʻraverma! – dedi tutaqib Rahmon amaki. – Zamon boshqa-da, xotin.

Chaqaloq koʻzini ochmagani qariyalarning ham dillari xufton edi. Xonadonga uchinchi koʻr yetishmay turuvdi oʻzi...

* * *

Olim va Obida Shoʻrqishloqdagi supali uyda mungli suhbat qurdilar.

– Tushimda Umidjonni koʻzlari ochilganmish, – dedi Obida.

– Ilohim tushingiz oʻngidan kelsin, Obidaxon, – unga dalda berdi Olim.

– Meni,– xudoyimdan yagona tilagim, farzandim dunyoni koʻrsin, – xoʻrsidi ayol. Shu goʻdak koʻz ochib dunyoni koʻrsa, xudoyimni davlati kamayib qolmaydi-ku!

– Shukur qiling, Obidaxon... – uni bagʻriga bosdi Olim.

– Shukur, shukur, – dedi onaizor. – Dunyoni oʻgʻlimiz koʻrsalar, dunyoga besabab kelib-ketmagan boʻlardim. Dunyoni qargʻab oʻtmagan boʻlardim, pirim...

– Astagʻfurulloh, – dedi Olim. – Har qanday ahvolda ham dunyoni qargʻamang..

– Yoʻq! – dedi onaizor. – Xudoyim meni loaqal shundan noumid qilmasin! Istamayman! Umidjon men kabi paypaslab xoru zor boʻlishlarini sira istamayman! Istamayman!

U homiladorlik chogʻida ne-ne azoblarni boshdan kechirmadi! “Oʻzi koʻr boʻlsa, ikkiqat boʻlib olganiga oʻlaymi!” – degan tahqirlarni ham koʻp eshitdi. Bir kuni soʻqir notavon, shahar koʻchalarida hojatxona ilinjida, notanish kishilardan yordam soʻrab birov hovliga kirdi. U hojatxonadan chiqib tahorat oldi. Hovlida qariroq kampir yashardi.

– Sizga nima azob edi-ya, bolaginam, – dedi achinib. – Bolani nima keragi bor? Hozirgi bolalar ota-onasini boshiga yetyapti. Dunyoda mehru vafo qolgani yoʻq. Ha, tortgan azoblaringdan seni...

Obida kampir bilan xayrlashib, rahmat aytib chiqib ketdi. Uning soʻzlariga parvo qilmadi. “ Yoʻq, – dedi u tishini tishiga bosib. – Men albatta bu bolamni tugʻaman. Uni koʻzlari ochiq boʻladi. Armonlarim bitadi, orzularim ushaladi. Men undan dunyo qandayligini soʻrab bilib olaman. Men bu dunyoga kelib oʻzimni, ota-onamni, birodarlarimni, sevgan yorimni koʻrolmadim. Oʻz tuqqan farzandimniyam koʻrolmayman... Shuncha jafosiga yarasha bitta vafosini mendan darigʻ tutmas... Loaqal tuqqan bolam bu dunyoni koʻrar... ”

* * *

Xuddi shu chogʻlarda Umidjonni tugʻruq palatasidan davolash boʻlimiga oʻtkazdilar. Bosh hakim va tugʻruqxona mudirasi chaqaloq tepasida uzoq suhbatlashdilar.

– Bola koʻzini hali ochmadimi?

– Ha, – dedi mudira.

– Ota-onasi tugʻma koʻr, a?

– Ha. Aytishlaricha ular yorugʻlikni umuman koʻrmaydilar.

– Ularni aqlu xushlari joyidami?

– Risoladagiday kishilar.

– Bolakayni quvvati qanday? – chaqaloqni yaqindan kuzatdi hakim.

– Sun’iy oziqlantiryapmiz. Quvvati yaxshi.

– Onasini emdimi?

– Onasini hali emmagan.

– Tugʻilishda boʻgʻilish-netish boʻlmadimi?

– Yoʻq. Qaytanga juda muvoffaqiyatli tugʻriq boʻldi.

– Kuchli yorugʻlikka reaksiyasi qanday?

– Yorugʻlik tomonga burilib olyapti.

– Bolakay koʻradi. Albatta koʻradi, – dedi bosh hakim. – Bu psixologik deffekt. Koʻz ochib olamga qarash funksiyasi ota-onasini kayfiyatida yoʻq. Shu sabab chaqaloq olamga koʻz ochib qarash zarurligini bilolmayapti. Kuchga toʻlgach koʻzi ochiladi. Vaqt hammasini hal qiladi.

Bosh hakim Umidjonni qoldirib, boshqa bemorlar bilan alahsib, oʻz kundalik nazoratini boshladi. U yangi tayinlangan. Uni hamma har turli qabul qiladi. Shu qabildagi olimona suhbatlar oʻtkazib, boʻlimdan-boʻlimga sayohat qilib yuradi. Bemorlar bilan soʻrashadi. Ularning bosh tomonida bir oz oʻtiradi. Keyin boʻlim boshligʻiga qarab:

– Bu kishini albatta davolash kerak, – deydi tagdor ohangda.

Bemorlar uni koʻrishganda ona qoʻynida yotgan goʻdakdek yayrab ketishadi. Bosh hakim koʻngil ovlashga juda usta. Ammo, oʻzi aytmoqchi, hammani barobar rozi qilib boʻlmaydi. Noshukur odamlar uni gʻiybat qiladilar.

– Doʻxtirlar hozir faqat gap bilan davolashadi. Qolgan hamma narsa bemorni yonidan. Xayriyatki, ignani oʻzlari sanchishadi.

Bosh hakim goho shifokorlik kasbini himoya qilib, ta’sirchan va’z oʻqiydi. Uni tinglagan kishining yuragi ezilib, koʻzlariga yosh qalqiydi.

– Hamma muxbirlar gʻiybatchi, – deydi u kuyinib. – Faqat muallimlar, professorlar, vrachlar yoki mullalarni yomonlab yozadilar. Qiziqchi masxarabozlaram shularni mazaxlaydilar. Poraxoʻr vrachlar bilan muallimlar “Otalar soʻzi” koʻrsatuvida, bir ming bir yuz marta qoralangan. Gazetalardayam ahvol shu. Kimsan falonchi hakim poraxoʻr ekan. Kimsan falon muallim pora olibdi! Lekin ular soliqchilar boshligʻi, tuman hokimi, shirkat raisi, prokuror yoki tergovchilarni yozisholmaydi. Nega? Chunki, ular qasdlashib qolishsa qamab qoʻyishadi, ishdan boʻshatishadi. Yoki biror narsa undirgani borishsa, muxbir shoʻrliklarni koʻchaga qoq-quruq haydashadi. Meni esa qoʻlimda na amal bor, na pul bor. Mana shu qoʻllarim bilan oshxonada osh yeyman, ishxonada esa bemor axlatini ushlayman. Iyah?! Qani axir adolat?! Bemor tuzalib chiqib ketguncha, yuragimni hovuchlab oʻtiraman. U ketgach, ertasiga oʻrniga yangisi kelib yotadi. Yurak hovuchlash yana davom etadi. Bemor tuzalib ketsa xudodan koʻrishadi. Oʻlib qolsa mendan koʻrishadi. Hatto meni shoʻrqishloqlik muttahamlar kelib, bir marta doʻpposlab urishgan. Shoʻrqishloqdagi Janjalmahallani bilasizlarmi?

– Bilamiz! Bilamiz! – deb bosh irgʻishadi bemorlar.

– Eshonkoʻchaning pastidagi mahalla-da! – deydi kimdir.

– Ha eshonkoʻchasi bilan basar topsin! – xafa boʻladi bosh hakim. – Iyah?! Meniyam bitta nonga qornim toʻyadi. Ajal axir xudodan keladi. Insonni oʻlimdan olib qolish mumkin boʻlganida, men oʻz otajonimni tuproqqa topshirib yigʻlab oʻtirarmidim? Odamlar mediklarni qadriga yetishmaydi. Roʻzgʻori tang boʻlsa, kobra xotini gizillab, oʻxlovni hozirlab tursa, yuragi titrayotgan bu shoʻrlik, qanday qilib aqlini yigʻsin, qanday qilib bemorni davolay olsin? Iyah?!

– Shunaqami?! Voy iyya-a-a?! – deb koʻzyoshlarini artadilar tushakda yotgan bemorlar, shoʻrpeshona vrachlarga achinib. – Bu dunyoda hammagayam qiyin ekan-da.

* * *

Rahmon amakining hovlisida esa er-xotin ojizlar hamon farzandlarini kutadilar. Supada oʻtirgan Olim Obidani choponiga oʻrab, yoniga oʻtqazdi.

– Xafa boʻlmasangiz sizga bir sirimni aytaman, – dedi Olim.

– Qanday sir? – soʻradi Obida.

– Sizga aytmay yurgan kattagina bir sirim bor edi.

– Ana xolos,– dedi Obida.– Ayting, pirim, eshitaylik.

– Bu voqeaga oʻn yil boʻldi. Toʻlqin togʻam bilan Sarvarxon yangam otamni mulkini sotib, pulini tillaga aylantirishgandi. Uylanishimdan bir yil avval tillani qoʻlimga tutqazishgandi. Hozir oʻsha narsalar bir joyga yashirilgan holda turibdi. U juda katta boylik.

– Boyvachcha bilan yashabmanu bexabar ekanman-da? – dedi Obida. – Nega buni menga aytmagansiz?

– Bunga hojat sezmadim.

– Tillalarni qayerda saqladingiz?

– Sutbuloq ona mozoridagi sada kavagiga tashlab yuborganman.

– Nega unday qildingiz?

– Men oʻsha boyliklardan nafratlanaman, – dedi Olim. – Shu boyliklarni deb, ota-onam erta kunda xazon boʻlishdi. Toʻlqin togʻam esa ular koʻzingizni davolash uchun bir umr pul yigʻishgan, ilojsiz ekanini eshitib pushaymon chekishgan deydilar. Bir tush eshitildi menga.

– Qanday tush eshitdingiz? – soʻradi Obida.

– Bir salobatli ovoz “boyliklarni muhtojlarga berib, itni duosini ol, shunda oʻzingga kerakli narsani olasan”, dedi. Oʻzimga kerakli narsa deb u nimani nazarda tutdi deb uzoq oʻyladim. U menimcha oʻgʻlimizni koʻzlarini nazarda tutdi. Agar oʻz oʻrnida turgan boʻlsa, yashirilgan boylikni Shokir akamga bermoqchiman. Bugun itdan duo olamiz. Oʻshanda men oʻzimga kerakli narsaga erishaman.

– Qanday qilib?

– Itni toʻydirib qoʻysangiz duo qiladi. Hazrati Bahovuddin avliyolik yoʻlida itdan duo olganlar.

Ular shu kuni tunda bir idishga pishirilgan goʻsht solib, yetaklashib Sharof magazinchining darvozasi oldiga keldilar. Olapar ikki ojizni tanidi. Olim qoʻlidagi taomni maysa ustiga agʻdardi. Sal nari ketdilar. Olapar vaqti chogʻ boʻlib, oʻljaga tashlandi. Miriqib xudoyi oshini ura ketdi. Olim va Obida yoʻl chetidagi ariq labida oʻtirdilar. Olapar ochlik azobidan qutilib, kuchga toʻlib oʻynoqlay boshladi.

– Ey, xudoning maxlugʻi, – dedi Olim. – Ehsonimizni yeb, bolamizni duo qilgin.

Koʻrlar yana katta darvozadan oʻz uylariga kirib ketishdi. Olaparning vujudi yayradi. U shataloq otib oʻynab, Shoʻrqishloqni boshiga koʻtarib vovullab, adir ustiga chopib chiqdi. Qishloq qabristoni shu adir ustida edi. Indamaslar mamalakati oralab Olapar qanot yozib uchdi. Uzoq qirlarda boʻri uvilladi. Buni eshitgan qishloq itlari junbushga kelib hura boshladilar. Olapar koʻkrak kerib hammadan oshirib oʻzgacha kuch va gʻayrat ila hurdi. Rahmon amakining darvozasiga mamnun qarab, ikki ojizni yodga oldi. Ha, niyatingga yetgurlar. Bugungi kun juda yaxshi kun boʻldi-da!

* * *

Oʻn birinchi kuni tushga yaqin chaqaloqning rangu tusi oʻzgardi. Bosh hakim qiziqib yana tepasiga keldi. Karima xola va Oyxon shu yerda edilar. Tashqarida Rahmon amaki, Shokir, Sulton ilhaq boʻlib kutib turardilar.

– Koʻzini ochsayu ochmasa olib ketaveramiz, doʻxtir, – dedi xola. – Ota-onasini yuragi ezilib ketdi.

– Mayli, – dedi bosh hakim. – Lekin noumid boʻlmang.

Ular engashgan chogʻlarida Umidjon charaqlatib koʻzlarini ochdi. Atrofni xuddi katta odamlarday kuzatdi. Bosh hakimga tikildi.

– Iyya?! E, xudo! – dedi bosh hakim shoshib. – Bu bola meni koʻzimga qaradi!

– Koʻzini ochdi! – shodlanib xitob qildi Karima xola.

– Yoʻq! – ajablandi bosh hakim. – Kakim obrazom, yangi koʻz ochgan chaqaloq meni koʻzimga qarayapti? Fenomenalьno! Unikalьno!

– Xudoga shukur! – dedi quvonib Karima xola. – Xudoga shukur!

– Da-da! – bosh irgʻadi bosh hakim. – Menam xuddi shuni aytmoqchi edim!

* * *

Rahmon amaki va oilasi shahardan xushvaqt qaytishdi. Hammadan avval boshqa yengil mashinada Sulton pachava yetib keldi. Eshikdan kira solib supada oʻtirgan opasi va pochchasiga xushxabar yetkazdi. U sigaretning boʻsh qutisini mikrofon qilib, xuddi abjir suxandonlardek javray ketdi:

– Hello! Xonimlar va janoblar! Shaxsan oʻzim va qishloq ahli nomidan sizlarni qutlayman! Mister Umidjon kelyaptilar! U kishi qadamlariga qoʻylar soʻyilsin! Karnay-surnaylar chalinsin! Tuman hokimi chaqirilsin! U eshik-peshiklarni supurib tursin! Janobni koʻngillari juda nozik! Janoblar! Nega xursand emassiz?!

– Koʻzlari-chi? – dedi Olim. – Koʻzlarini ochdilarmi?

– O, mister fazer! – uni quchoqladi Sulton. – Umidjon bosh vrachni koʻziga tikilib “seni ishdan haydayman! Yaxshi ishlamas ekansan!” dedilar. Bosh vrach esa hayratdan yoqa ushladi. “Umidjon meni koʻzimga qaradilar” dedi hayratlanib! Xullas, men Bill Klintonga xabar berishim kerak. U ham beshiktoʻyida qatnashadi.

– Sulton!? – orziqib chaqirdi ukasini Obida. – Koʻzi koʻryaptimi?! Shuni ayt!

– Umidjon soppa-sogʻ ekan, mem! U koʻryapti! – tantanali qichqirdi Sulton.

– Allohga shukur! – xitob qildi Olim qah-qah urib kulib. – Obidaxon, eshitdingizmi?!

– Alhamdulilloh! – toʻlqinlanib jilmaydi Obida. – Noumid qoʻymading Allohim!

– Men oʻz koʻzim bilan koʻrdim, leydi end jentelьmen! – sayray ketdi Sulton. – Ular hozir yetib kelishadi. Tayyor boʻlib turing. Quvonchdan missis Karlson bilan mister Robinzonlar yigʻladilar. Sinьor Shukura bilan sinьora Ayxen ham yigʻlashdi. Umidjonni koʻzi ochiq ekan. Menam yigʻlamoqchi edimu sigaretim tugab qolgandi. Pechcho-o Aleks, aqalli sigaretga pul bering, boʻm-boʻsh qutini koʻtarib yuribman.

– Sigaretni kecha olib kelganman, – dedi Olim. – Ichkari uydagi shkafda turibdi.

– Suyunchisiga birorta “moʻysafid” qoʻyarsiz? – uni quchoqladi Sulton. – O, bir oz erisangiz-chi, pechcho-o-o!

– Xoʻp, keyin gaplashamiz, – im qoqdi Olim.

Sulton uyga sigaret olish uchun kirib ketdi. Hovlida Olim bilan Obida yolgʻiz qoldi. Ularni ajib bir hayajon, xursandchilik qamrab oldi. Olim chuqur-chuqur nafas olar, yuzida turli imo-ishoralar zohir boʻlar, oʻzicha jilmayib qoʻyar, birovdan uyalgandek boshini egar, turib-turib ikki qoshi barobar uchar, tez-tez qoʻllarini bir-biriga ishqalab silkinib qoʻyardi. Obidaning yuzida esa negadir soʻniq bir ifoda paydo boʻldi.

– Pirim, – chaqirdi Obida.

– Labbay, Obidaxon, – qoʻllarini ishqalab qars urdi Olim.

– Bir gap aytsam koʻnglingizga ogʻir kelmaydimi?

– Bugun siz uchun hamma narsaga tayyorman! – dedi masrur ota.

– Balki sizam taqdirga tan berarsiz?

– Nima demoqchisiz oʻzi? – hushyor tortdi Olim.

– Umidjonni koʻzlari ochiq ekan, – dedi Obida. – Ikkimizni esa koʻzimiz koʻrmaydi. Biz qanday qilib koʻzi ochiq bolani boqamiz? Umidjon bir toʻda soʻqirlarni nursiz koʻziga termulib oʻsadilarmi?

– Axir?... Nima demoqchisiz oʻzi?! –dedi Olim yuragi ezilib.

– Oʻgʻlingizdan keching, otasi, – taklif qildi zolima ayol.

– Axir?... Bu qanday zulm?! – qaltirab qoʻllarini havoda yoydi shoʻrlik ota. – Biz-chi?

– Biz ham xursand boʻlib yashayveramiz, – dedi u jilmayib.

Olimning yuzidagi barcha imo-ishoralar toʻxtab, faqat pastki labidagi sezilar-sezilmas titroqgina saqlanib qoldi. Koʻz koʻngil oynasi deydilar. Koʻzlari soʻqir shoʻrpeshona Olimjonning koʻnglidan nimalar oʻtganini hech kim bilolmadi.

Rahmon amaki oilasi yangi mehmon bilan Shoʻrqishloqqa yetib keldi. Hovli shodiyona qiy-chuvga toʻldi. Ojizlarning oʻzlarini tutishlari Karima xolani oʻylantirdi. Bularga nima boʻldi oʻzi? Nega bolasiga talpinmayapti?

U Umidjonni koʻtarib olgan:

– Qayerdaman deb hayron boʻlyapsizmi? Aynanay sizdan? – deb tilini yarimta qilib chaqaloqqa soʻz qotardi.

– Qizim, oʻgʻlingni qoʻlingga ol! – xitob qildi Rahmon amaki. – Koʻzlari seni qidiraverib tolib ketdi bolamni. Qoʻlingga olaqol, onasi.

– Koʻzlaridan oʻrgilay, – pichirladi soʻqir ayol yuzini chetga burib.

– Umrlari uzoq boʻlsin, – dedi titroq ovozda Olim.

– Sizlarga nima boʻldi? – soʻradi tashvishlanib Karima xola. – Umidjonni koʻzi ochiq ekan. U koʻryapti. Obida, kel, koʻtar bolangni!

– Oyi, – dedi Obida. – Akamni oʻgʻli yoʻq. Biz Umidjonni akamga berishga qaror qildik. Qoʻlimizni qaytarmanglar.

Oraga ogʻir sukunat choʻkdi. Chaqaloq bu sukunatdan qoʻrqdimi yoki onasidan ayrilganini sezdimi, chirqirab yigʻlab yubordi.

– Yuragimni ezma! – achchiqlandi Karima xola. – Xudoga shukur qilib, bolangni qoʻlingga ol! Uni emiz! Bolangga mehring shumi?

– Mehrim borligidan shu qarorga keldim, oyijon... – xoʻrsindi mahzuna ona.

– Meni qorongʻi bagʻrimda bu azizga nima bor ekan? Koʻksimdagi sut emas, zardob... Kulib turganim bilan koʻksimni butun joyi yoʻq... Umidjon sizlarni bagʻringizda yayrab yashasin.

Karima xola hoʻngrab yigʻladi. Oila a’zolari unga joʻr boʻldilar. Sulton moʻltirab:

– Eh, Diana xonim... – dedi sigaret tutashtirib. – Oh, jiznь!

– Mana, hech boʻlmasa bagʻringlarga bosinglar uni...– dedi Karima xola chaqaloqni Obidaga uzatib. – Shoʻrginang qursin seni, qizim-a... Shoʻrginang qursin...

Obida chaqaloqni qoʻliga olib, uzoq hidladi, barmogʻi bilan yuzchasini paypaslab olgach, quvondi. Chaqaloq yigʻlashdan toʻxtadi.

– Assalomu alaykum, Umidjon. Oh, qaniydi shu yuzlaringizni soʻqir onangiz koʻra olsa... – dedi u. – Iloyo azizu mukarram boʻling. Biz soʻqirlardan dilingiz ogʻrimasin.

Bir ozdan keyin Obida bolani eriga uzatdi. Olim uni qoʻliga olib, avaylab yuziga yuzini yaqinlashtirib hidlab koʻrdi.

– Oh-oh! Umringiz uzoq boʻlsin, oʻgʻlim, – dedi u hamon titrayotgan labini chaqaloq yuziga tekkizib. – Sizni rosa sogʻinib kutgandik. Mana, niyatimizga yetdik, Umidjon. Sizam niyatingizga yeting!..

Obida Umidjonni oʻz qoʻli bilan Oyxonga topshirdi. Ojizlar shu kuniyoq Shoʻrqishloqni tark etib, ma’yus qiyofada shaharga joʻnab ketishdi.

– Iy-ya-a-a-a! – ajablanib shoʻrqishloqchasiga xitob qildi Karima xola.

Oʻn uchinchi bob. “Umid” firmasi

Shokir va Sulton adirdagi sabzini oʻtoqdan chiqarishdi. Hovliga qaytib kelib mastava ichish uchun supaga oʻtirganlarida, hassasi bilan darvozani taraqlatib, paypaslab Olim kirib keldi. Qaynilar pochchaning hurmatiga oyoqqa turdilar.

– Tashqarida mashina kutib turibdi, – dedi Olim. – Bir joyga borib kelish kerak. Zarur ish chiqib qoldi.

– Bir piyola choy iching, – dedi Shokir. – Mastava tayyor.

– Shopirni chaqiraylik, – deya joʻr boʻldi Sulton. – Umidjonni bir koʻtarib qoʻying, Olimjon pechcho.

– Umidjonni koʻtarishga vaqt boru choy ichishga vaqt yoʻq.

– Mastava ichishga-chi? – ezmalandi Sulton.

– Astagʻfurulloh, – bosh chayqadi Olim. – Choy ichishga vaqti yoʻq odam, mastava ichishga qayerdan vaqt topsin?

Olim Oyxon olib chiqqan chaqaloqni bagʻriga bosib oʻpib qoʻydi. Soʻng uni qaytarib berdi.

– Dadaga salom berdingmi? – chaqaloqni erkalatdi Shokir.

Ular mashinada yoʻlga tushdilar. Sutbuloq ona mozoriga borishdi. Shokir hamon nima gapligini tushunmas, Sultonga kaftini qisib qarab qoʻyardi. Olim esa oʻz xazinasi bor yoki yoʻqligini hozircha aniq bilmagani uchun, podadan oldin chang chiqarmay jim borardi. Nihoyat mozorga yetdilar. U sadaga yaqinlashdi. Hassasini sada kovagiga urib, yigitlik chogʻlarini esladi. Togʻasi Toʻlqinboy vijdonli kishi edi. U bir hovuch oltin taqinchoqlarni qora xaltaga solib, koʻrlar maktabiga keldi.

– Olimjon, – dedi togʻa jiyanining boshini silab. – Otangizdan koʻp narsa qolgandi. Siz qishloqqa qaytishni rad etdingiz. Men ba’zi mulkinglarni sotdim. Otangizdan qolgan hovlingiz oʻz nomingizda. Unga qarab turarman. Ammo mana bu boylikni yashirib qoʻying. Biror kuni kamingizga yarab qolar.

Olim bu boylik ota-onasining ochiq koʻzini koʻr qilganini bilardi. Ularni sogʻinib borgan chogʻlarda, ota-onasi faqat pul sanash bilan ovora boʻlardi. U oltinlarni Toʻlqin togʻaga in’om qildi. Lekin togʻa rad etdi. Olim Sutbuloq ona haqidagi afsonani eshitgandan soʻng, kuchli ta’sirlanib, shu oltinlarni niyoz qilib, daraxt kovagiga tashlab yubordi. Lekin boyliklar hozirga qadar oʻz oʻrnida turibdimi yo yoʻqmi? Bu unga qorongʻi edi.

– Tavakkal, – dedi Olim. – Shu kovak tubini tekshiringlar.

– Nega? – ajablandi Shokir.

– Ha, pochcha, nima gap oʻzi? – soʻradi Sulton.

– Shu yerga ilgari bir narsam tushib ketgandi...– dedi Olim.

Shokir qoʻlini kovakka tiqib tugunni topishga urindi. Keyin Sulton kovakka qoʻl tiqib koʻrdi. Kovak tubi juda chuqur edi. Sulton sada ustiga chiqib kovak ichiga moʻraladi.

– Tubi yoʻqqa oʻxshaydi, – dedi u. – Bu daraxtni kesmaguncha narsangizni olib boʻlmaydi.

– Bir ilojini qilinglar, – deb buyurdi Olim.

Sulton mozorda kuymanib yurgan Orif shayxga uchrab, qattiq sim va fonar topib keldi. Urina-urina nihoyat daraxt kovagidan qora tugunchani chiqarib oldi. Ular mashinaga oʻtirib ortga qaytishdi. Uyga yetib kelishgach, tugundagi qimmatbaho buyumlarni yozib tekshirdilar. Shokir va Sulton hangu mang boʻlishdi.

– Ana boʻlmasa! – dedi Shokir xomchoʻt qilib. – Bu oltinlar besh million soʻmlik chiqsa kerak.

– Siz bu narsalarni bahosini bilmas ekansiz, – iljaydi Olim.

– Shuncha boyligingiz boʻla turib nega ishlayapsiz, pochcha? – qiziqdi Sulton.

– Bundan menga nima foyda? – kiftini qisdi Olim. – Sizlarga shuni tuhfa qilaman. Umidjon baxtli boʻlishlari kerak. Oramizda boʻlib oʻtgan bu hodisani faqat uchovimiz bilaylik.

– Yoʻq, – keskin bosh chayqadi Shokir. – Men buni olmayman. Ochimdan oʻlsamam olmayman.

– Buni sizgamas, Umidjonga berdim. Siz ilgari shu oilani boqqansiz. Yana oʻsha ishni davom ettiring. Agar tekinga olishni istamasangiz qarzga oling.

– Men qachongacha oʻz jigarimning qonini ichaman? – dedi Sultonga qarab Shokir. – Sen tushuntir pochchangga!

– Siz kimni qonini ichyapsiz, aka?.. – oʻzini soqit qildi Sulton.

– Nima, ishlashdan chiqib qoldingizmi? – soʻradi Olim.

– Yoʻq, – dedi Shokir.– Shoʻrqishloqlikni ish bilan qochirib boʻlmaydi. Faqat oʻz xatolarimdan oʻzim charchadim, Olimjon.

– Xoʻsh, nima boʻpti! – dedi topagʻon Sulton. – Umidjon tufayli shunday imkoniyatga ega boʻldik. Kelinglar, “Umid” firmasini ochaylik. Yana qadimgiday oldi-sotdi bilan mashgʻul boʻlamiz. Bizga axir bu masalada hech kim bas kelolmaydi.

– Aytishga oson, – dedi Shokir. – Yana noldan boshlash kerak.

– Nu i chto?! – dedi koʻtarinki ruhda Sulton. – Hozir xalqqa davlat yer-suv beryapti. Yer sotib olamiz. Savdoni rivojlantirib, boʻrdoqichilik bilan shugʻullanamiz. Yerdan chiqqan hosilni sotib, yem-xashakni molga yediramiz.

– Ogʻizdagi oshmas bu, – dedi Shokir.

– Nega qoʻrqasiz, aka? Ilgari mard edingiz-ku? Yoki Mahliyo... a?

– Hadeb mendan kulaverma, pachava!! – baqirdi Shokir va darrov oʻzini bosib oldi. – Sultonboy, haziling juda qoʻpol-da.

* * *

Dafina xazina ancha salmoqli chiqdi. Shokir va Sulton yana faollashib, yuk tashuvchi mashinalarni yollab, qadimgiday bogʻ mahsulotlarini Barnaulga olib borib sota boshladilar. Olimning iltimosiga koʻra, sir maxfiy qoldi. Rahmon amaki hech narsani tushunolmasdi. Barnauldan qaytib kelgan ikki oʻgʻilni ogʻir tayoq bilan qarshiladi. Karima xola oraga tushib, ularni ajratmoqchi boʻldi. Lekin cholning avzoyini koʻrib, oʻzini chetga tortdi. Rahmon amaki tayoq bilan Shokirni koʻproq urdi. Shokir uyatni bir chetga surib, allaqachon koʻchaga qochib chiqib olgan olifta Sulton ortidan loʻkillab qochdi.

– E, xudo! – zorlandi Shokir koʻchadagi kishilardan xijolat boʻlib. – Qachongacha meni boshimda nohaq kaltak sinaveradi? Men nima gunoh qila qolgandim oʻzi?!

Rahmon amaki ularni tuproq koʻchada quvib urdi. Olapar ham vovullab koʻrdi, lekin cholning avzoyini koʻrib, “obbo bu mendanam yomonga oʻxshaydi,” deb hovlisiga kirib berkindi. Adirkoʻchalariklar toʻdalashib koʻchaga chiqdilar. Tepalikdagi choyxona ayvonida oʻtirgan choyxoʻrlar ham chopqillashib, tekin tomosha koʻrishga yetib kelishdi. Salimning kaptarlari gʻala-gʻovurdan hurkib, parillab osmonga koʻtarildi.

– Shu el-yurtni oldida ayt, ikkalang! – baqirdi Rahmon amaki. – Men senlarni harom yedirib katta qilganmidim?!

– Yoʻq!!– e’tirof etishdi oʻgʻillar.

– Yana qayerdan pul topding, tugʻilmay oʻlgurlar?! Nima, biror kishini soʻydingmi yo biror omborni oʻmardingmi?! Menga ayt! Kimni puli bu pullar?!

– Oʻzimizniki! – dedi Sulton. – Mister Robinzon! Shimimni yirtdingiz!

Salim esa koʻchada chopib gah-gahlab yugurar, Adirkoʻcha ustida davra yasab uchib, dorxodaga qaytmayotgan kaptarlarini chaqirardi. U alami ichiga sigʻmay Rahmon amakiga tashlandi.

– Agar kaptarlarim qaytmasa toʻlaysiz, aka! – dedi harsillab. – Sizni dastingizdan hammasi hurkib uchib ketdi. Bularni hali dorxodaga toʻliq oʻrgatmagandim.

– Toʻrt soʻmlik kaptaringni menga pesh qilma! – gʻazabini sochdi amaki.

– E, aka! – qizishdi Salim kaptarboz. – Bular hammasi uzun paypoqli kaptarlar. Bitta boʻrdoqi qoʻyga alishganman! Bir hafta oldin shahardan olib chiqdim!

– Nima-nima?! – Bu gapni eshitgan Zohida Salimning yoqasidan olib baqira ketdi. – Hali bularni pulga olganmidingiz?! Menga bekorga olganman dedingiz-ku? Uyda bir chaksa un yoʻq. Bu boʻlsa qoʻyni oʻgʻri urdi deb, meni aldab, puliga kaptar olib kelibdi. Hoy, musulmonlar, shungayam nasihat qilasizlarmi yo yoʻqmi?! Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim-ku!

– Ana, Rahmon aka! – zorlanib javradi Salim. – Kasringizga qolib sirim ochildi. Qachon aqlingiz kiradi? Koʻchani boshingizga koʻtarib janjal qilaverasizmi? Tarbiya bormi?! Bu Adirkoʻcha tinchiydimi yo yoʻqmi?!

Hamma uy-uyiga tarqalib, koʻcha suv quygandek tinchlandi. Darvozasi oldida miriqib janjal tomosha qilgan Zahro Olaparni erkalab boshini siladi.

– Qoʻrqma, azizim, qoʻrqma, – dedi tilini chuchuk qilib. – Bu jinnilardan choʻchidingmi? Ketdi. Hammasi ketdi. Qoʻrqma.

– Uningni oʻchir! – baqirdi Sharof doʻkondor darvozadan bosh boqib. – Shu mehringni menga bersang saxar kasal boʻlmasdim! Prostite degan kasal boʻlmasdim! Hammasi seni kasringga boʻldi! Hozir Olaparingni otib tashlayman!

– Iy-ya-a-a!? Oldin meni ot, zolim! Keyin Olaparni ot! – dedi u doʻrillab va itiga qayrildi. – Qoʻrqma, pochchang seni otolmaydi. U tovuqni soʻyolmaydi-yu, seni otarmidi... Pochchang naleva-naprava ado boʻlgan.

* * *

Oktabr oyining ayozidan ba’zi daraxtlar sargʻaya boshladi. Umidjon belanchakda oyoqlarini oʻynab, atrofga quloq solib, qiqirlab kuladi. Qayerdadir oʻzini sogʻinib yashayotgan ikki soʻqir borligini esa bilmaydi. Belanchak tebranganda koʻz oʻngidagi olam ucha boshlaydi. Umidjon xohlab-xohlamay koʻzlari yumilib uyquga ketadi. U oʻzi kirib borayotgan zulmatda tanho qolishdan qoʻrqib, koʻzlarini ochadi. Oʻz atrofida bir necha bexavotir quvnoq chehralarni koʻrib, xotirjam uxlab qoladi. U goho tush koʻradi, goho koʻzi yumuq oʻy suradi. “Bu odamlar nega bemavrid kulaveradilar, yigʻlayveradilar, baqiraveradilar? Nega osmon qorongʻi boʻladi? Nega yorugʻ boʻladi? Nega meni hamma oʻpaveradi? Nega meni koʻtarishaveradi? Men kimman oʻzi? Bu yer qanday joy oʻzi?”

* * *

Shokirning qadimgi mijozlari, mish-mishlar yolgʻonligiga ishonch hosil qildilar. Unga nasiyaga mahsulot bera boshlashdi. Savdo ishlari avj olgan aka-ukalar sarmoyasi oy sayin koʻpayib bordi. Rahmon eshon xonadoni yana mehmonlarga gavjumlashdi. Hayot iziga tushib asliga qaytdi. Dasturxon nonu oshga toʻldi. Yoʻqolgan yoru doʻst, qavmu qarindoshlar qayta topishdilar. Mana, har doimgiday oʻz vaqtida Oktabr ibn Partkom bitta boʻsh qop koʻtarib kirib keladi.

– Salom! Salom! Salom! – dedi bidirlab. – Hamma odam doʻstlarga salom! Sizga Shoʻrqishloq goʻzali Naziraxonim odamdan alangali salom! U kishi odamgarchilik qilib, bir qop un berib yuborishingizni soʻradilar. Men besh-olti yildan beri vaqtinchaga ishlamay turibman. Ishga kirganimdan soʻng qarzlarimizni albatta toʻlayman. Toʻldirib soling, dadajon odam! Unning uvoli bor. U yer-bu yerda qolib ketsa sichqonlarga yem boʻladi. Uvol qilmang.

Naziraning elchisi bir qop bugʻdoyga ega boʻladi. U hatto allaqaysi taniqli zot nomini oʻrtaga qoʻyib, ajabtovur duo oʻqiydi. Ish bitgach, xayrlashish ham esidan chiqib, shoshilinch juftak rostlaydi. Bir kundan soʻng Nasiba va Malik keladilar. Bir juftgina qoʻziga pul yetmayotganini aytib, qarz soʻraydilar. Shokir bu pul qaytmasligini bilib, ikkilanib taysallaydi. Karima xola Shokirga koʻzini olaytiradi. Shokir noiloj soʻralgan pulni sanab beradi. Nasiba eri Malikni ergashtirib, ogʻzi qulogʻida uyiga joʻnaydi.

– Ehtiyot boʻling qurtlardan, – deb kesatadi Shokir. – Qurtlar yomon-da, Nasibaxon.

– Hovotir olmang, aka, – deydi kesatiqni tushunmay Nasiba. – Doʻxtirlar hamma qurtlarni olib boʻlishdi. Kelasi safar reysdan kelganinigizda yana berib turasiz-a?

– Ha-a-a! – chiyillaydi Sulton. – Pliz, mem! Yana qancha kerak?!

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay Yoqub va Dilbar kirib keladilar.

– Ha-a? – deb hol soʻraydi Yoqub har doimgiday begʻamlik bilan. – Qalaysizlar?


  1. Xarili – ustunlarga koʻndalang oʻrnatiluvchi tayanch yogʻoch.
  2. Operatsiya demoqchi, sheva.
  3. Qoʻrgʻon beradi – yengiladi.