OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurmamat Almurodov
Asar nomiKalta ishton (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Nurmamat Almurodov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kalta ishton (hajviya)
Nurmamat Almurodov

Yakshanba kuni Tojiboy bilan Qirmizigul oʻzlarining «Neksiya»sida Chuqursoy koʻliga otlanishdi. Ular bu kunni uzoq kutishgan edi. Ayniqsa, Qirmizigul eri choʻmilishdan gap ochdi deguncha, yuragida shubha-gumonga oʻxshash tuygʻu gʻimirlab, oʻzini qoʻygani joy topolmas edi. Endi bariga nuqta qoʻyadi. Qani koʻrsin-chi, erining atrofida kimlar jilpanglab, girdi kapalak boʻlarkan?

Ular yoʻlda jim ketishdi. Tojiboy xotinining sirli-sirli qarab qoʻyganini payqamadi. Koʻlga yetib kelishgach, Tojiboy apil-tapil yechina boshladi. Shimini tizzasigacha tushirdi-yu, negadir choʻchib yana kiyib oldi.

Uni kuzatib turgan Qirmizigul:
— Ha, nima boʻldi? — dedi hayron boʻlib. — Nega yuzingiz sholgʻomdek qizarib ketdi?

Tojiboy tabiatan uyatchan odam edi. Xotinining qochirigʻidan battar qizarib-boʻzarib:
— Ishtonim yirtiq ekan... — dedi atrofga alanglab. — Choʻmila olmayman, uyalaman. Tur, ketdik bu yerdan.
— Nuqul shu koʻk ishtonga yopishib olasiz, — tanbeh berdi xotini. — Kiyaman desangiz boshqasi ham bor-ku!

Qirmizigul erining yirtiq ishtoniga koʻzi tushib tirjaydi.
— Huv anovi, badanini oftobga toblab yotgan qiz-juvonlar uyalsin. Nega endi erkak boʻlib siz uyalarkansiz?
— Esing joyidami sening, uyalaman deyapman, ketdik.

«Ha, demak erkaklarning yirtiq kalta ishtonda yurgani tuzuk ekan. Shunda ayollarga shilqimlik qilmay, bir chaqirim naridan oʻtishadi», degan xulosaga keldi Qirmizigul.

Soʻng:
— Yirtiq boʻlsa nima qipti, dadasi, — deya erini choʻmilishga da’vat etdi. — Qani boʻling. Tez suvga tushing, kim koʻrib oʻtiribdi. Bir kalla tashlang-chi!..
— Voy, esi past. Ming qilsa ham xotinligingga borarkansan-da, nima qilibdi deydi-ya. Ering kichkina odammi, nodon. Kimsan — bank boshqaruvchisi boʻlsa! Tanish-bilishlar koʻrib qolsa, kim degan odam boʻlaman?
— Oʻsha tanish-bilish deganingiz mabodo huv ana u, boyadan beri sizdan koʻzini uzmay turgan tannoz emasmikan?
— Rostdanmi? Qani, koʻrmayapman-ku?!. Tez chiq moshinaga, ketdik.
— Qirmizigul ming qistagani bilan, baribir, Tojiboy choʻmilmadi. Ular moshinada tezda ortga qaytishdi. Qirmizigul oʻzida yoʻq xursand. Mana, nihoyat chorasini topdi! Endi eri uni tuni bilan poylatib, yoʻliga koʻz tiktirib boʻpti!

Bu «kashfiyot»idan koʻngli taskin topgan Qirmizigul uyiga kelishi bilanoq erining ishtonlarini topib, sezdirmasdan yirtib chiqdi. Endi begona ayollarning yoniga yoʻlab koʻrsin-chi!

U «kashfiyot»ini oʻzidek rashk azobini tortib yurgan sirdosh dugonalari — Saragulga ham, Klaraga ham, Munavvarga ham oʻrgatadi. Mayli, nima qilsa ixtiyori oʻzida. Ayting-ayting, erkaklarning baxtiga Qirmizigulning «kashfiyot»i ommalashib ketmasin-da.

U erining yirtiq ishtonlarini berkitib, «urra» qochganini tasavvur qilib kuldi. Radiodan taralayotgan shoʻx kuyga oʻyinga tushib ketdi.

Ertalab kiyinishga chogʻlangan Tojiboy:
— Nima balo, nega bu ishtonlarning hammasi yirtiq! — baqirdi oshxonada nonushta hozirlayotgan xotiniga. — Tikib qoʻysang boʻlmaydimi?
— Savil qolgur, qirqinchi ip ham yoʻq edi, — javray ketdi xotini, — boriga shukur qilib kiyib ketavermaysizmi? Sizga charmdan tikib bersa ham chidamaydi-ku?!.

Tojiboy xotinining avzoyiga qarab shashtidan tushdi. U bilan tortishish befoyda, soʻzini oʻtkazaman desa, oʻziga qiyin. Hozir yoʻqni yoʻndirasiz, deb ikki oyogʻini bir etikka tiqsa, iloji qancha. «Shimimning ichidagi ishtonni birov koʻrib oʻtiribdimi?»

Tojiboy shu xayollar bilan alamini ichiga yutib kiyindi-da, ishga joʻnab qoldi.

Koʻpdan beri rashk olovida qovurilib yurgan Qirmizigul esa Tojiboyni kuzatib qolar ekan, ilk bora xotirjam nafas oldi. Oʻzining uddaburonligidan sevinib, beixtiyor xirgoyi qila boshladi...