OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurulloh Muhammad Raufxon
Asar nomiEtakdagi kulba (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nurulloh Muhammad Raufxon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/08/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Etakdagi kulba (hikoya)
Nurulloh Muhammad Raufxon

Jimjit Qishloqqa jimjitlikni buzib oʻxshovsiz bir devona oraladi. U bir marom va bir ohangda nimalardir deb jar solar, ora-chira jinkoʻchaning ikki tomonidagi pastqam uylarga va undan ham pastqam eshiklarga koʻz tashlab, goʻyo jariga javob kutar edi.

Yer yuzida paydo boʻlganidan beri Qishloq bunaqa devonalarni, har turli kelgan-ketganni koʻp koʻrgan. Birda: «Qaychi-pichoq oʻtkirlayma-a-an! Oʻroq-ketmon egovlayma-a-an!» deb charxchi jar solib oʻtadi. Qishloqda nima koʻp, oʻtmas pichogʻu toʻmtoq ketmon koʻp – bir zumda hammasi shaqir-shuqur qilib charxchining oldida toʻplanadi. Birda chegachi kelib qoladi: «Singan choynak-piyola chegalayma-a-an!» Qishloqliklar bolalarining qoʻllariga chaqa berib, chegachining oldingi kelishi bilan hozirgi kelishi oraligʻida singan choynak-piyola va kosa-laganlarini tutqazib, koʻchaga chiqazishadi. Yana: «Jun olama-an!» degani qancha, «Uvada titama-an!» degani qancha. Boshqa kunlari Qishloq qish boʻlsa qora¬sovuqdan dildirab, yoz boʻlsa saratondan jizgʻinagi chiqib yotaveradi. Bahorda bir nafas oladi, kuzda bir nafas chiqaradi. Zerikarli.

Bunaqa kelgindilarni koʻraverib Qishloq koʻnikib ketgan, hamishagi hol deb qaraydi. Devonaga ham parvo qilmasligi mumkin edi, lekin uning soʻzlari bu gal sal boʻlakcharoq tuyuldi. Devona odam¬lardan qotgan non emas, eski kiyim-bosh emas, nimadir boshqa narsa soʻrayotgan edi:
— Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bagʻri kuygan kim bor?..

Qishloq sergak tortdi, shubhalandi. Zerikarli va tussiz hayotiga sal boʻlsa-da boʻlakcha bir havo kiritishi mumkin boʻlgan bu ishdan negadir quvonmadi, aksincha, bir oz qoʻrqinch bosdi uni.

Gʻalati tovush va undan ham gʻalati soʻzlar egasini koʻrishga qiziqqan tajribasiz bola-baqraga tajribali ota-onalar oʻshqirib berishdi:

– Ha, qayoqqa?! Qayt orqangga!

– Eshikni tambala! Uyda xap oʻtir!

Diqqinafas koʻchada hali ham Devonaning tovushi kezar, jimjitlik shovqinidan tom bitgan quloqlarga uning tovushi allaqanday yoqimli bir epkin boʻlib kirar, hatto shirali eshitilar edi:
—Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bagʻri kuygan kim bor?..

Ming tiyilmasin, baribir maroq ustun keldi: qattiq tambalangan, zulfinlangan va kamiga yana ichdan qulflangan eshiklar orqasiga Qishloq asta-sekin va ixtiyorsiz ravishda surilib keldi, tirqishlardan koʻchaga moʻralay boshladi.

Kim boʻldi bu odam? Nega birdan bunaqa narsalarni soʻroqlab qoldi? Usta boʻlib ustaga oʻxshamaydi, kuygan uylarni butlab beray desa? Boy boʻlib boyga oʻxshamaydi, moli kuyganlarga suyanchiq boʻlsa? Tabib boʻlib tabibga oʻxshamaydi, kuygan bagʻirlarga dori qoʻysa? Kim axir?..

Gʻirt devona! Soʻzi turishiga, turishi soʻziga uygʻun kelmaydigan dali! Albatta, Qishloqda uyi, moli yo bagʻri kuyganlar qancha, lekin shu paytgacha birov bularni soʻramagan-da. Uzoqdan kelib soʻrash tugul, qishloqliklarning oʻzi ham bir-biridan yurak yutib, tovush chiqarib hol soʻramay qoʻygan. Bir hisobga, soʻrab nima qiladi, qachondan beri bir osmon ostida, bir tuproq ustida birga-birga yashab keladi, bir-birining holini har kim oʻzi koʻrib-bilib turibdi, koʻrib-bilib turgan narsasini yana soʻraydimi?!

Shunday bir pallada... qandaydir bir Devona... issiqdan pishillab yotgan Qishloqda... koʻchama-koʻcha yurib... qanaqadir bir narsalar desa!

Jinkoʻchalar uzra momaqaldiroqdek tuyqus yangragan bu tovush, albatta, shubhali va qoʻrqinchli edi. Axir, momaqaldiroq ham bahorga yarashadi. Kuzdayam mayli deylik, ammo yozning qoq oʻrtasida guldi¬rashi...

– Nima deyapti? – deb soʻraydi qiziquvchan xotinlar.

– Ovozingni oʻchir! Ishing boʻlmasin! – deb jerkiydi ehtiyotkor erlar.

Ichkarilarda hol bu ekan, tashqarida Devona hayron edi. Oʻlikmi bu qishloq, deb oʻylaydi. Uzun umri ichida ne-ne yurtlarni kezdi, ne-ne odamlarni koʻrdi, ammo bunaqa gung Qishloqqa endi yoʻliqishi. Biron-bir ofatdan aholisi qirilib, kimsasiz shoʻppayib qolgan shaharu qishloqlar oʻtmishda koʻp boʻlgan, albatta. Bu qishloqqayam yaqin orada biron ofat keldimikan yo? Unday desa, koʻrinishidan juda unaqa tashlandiq makonga oʻxshamaydi, yaqin-yaqinlargacha odam yashaganining izlari bilinib turibdi.

Lekin jimjitlik, xuddi oʻlik deysiz.

Shunga qaramay, Devona qandaydir bir ichki sezgi bilan, Qishloqda bironta tirik jonzot qolgan boʻlishi kerak-ku, axir, degan umidda jar solishdan toʻxtamasdi:
— Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bagʻri kuygan kim bor?..

Shu palla... etakdagi bir eshik gʻiyqilladi. Bunaqa soʻrovga javoban bironta eshikning ochilishini sira kutmagan Qishloq sapchib tushdi. Shu damgacha jimjit kechayotgan turmushini bezovta qilgan bu gʻiyqillash, nazarida, yana juda uzoq zamon boshi uzra qoʻrqinch solib yangrab turganday boʻldi. Eshiklarni qiya ochib, hadik-xavotirda, tovush chiqqan tomonga moʻraladi.

Etakdagi kulbada eski zamonlardan beri bu Qishloqqa begona bir odam yashardi. Qaerdan kelib qolgan, ota-onasi kim, heshlari bormi, nima ish qiladi – Qishloq buni bilmas, uni tanimas edi. Keyingi paytlar hamma oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketib, Begona battar koʻzga chalinmay qolganidan, hatto oʻldiga ham chiqarib qoʻygan.

Bu nima degan gap, bir kishi oʻlsa, Qishloq bilmasmi, odamlar toʻplanib koʻmmasmi?!.

Ha, odam toʻplanmasa ham, oʻlgan kishini koʻmmasa ham, kimningdir oʻlganini Qishloq bilmay qolsa ham, boʻlaverarkan! Nega deganda, hozir koʻplar hovlisidan oʻziga goʻr qazib, uyini mozor qilib olgan – shu yoʻl oʻngʻay kelib qoldi: ha, desa, yuvinmayoq, kafanga oʻranmayoq, goʻriga kirib ketyapti. Oʻlish oson va tekin boʻlib qoldi. Hech kimga ogʻiringiz tushmaydi, Qishloq ham bilmay qolaveradi.

Yoʻq, hartugul, Begona hali oʻlmagan ekan, oʻlmaganini Qishloqqa yogʻsiragan eshigi bildirdi. Jimjitlik pardasini chok-chokidan soʻkib, bu pasqam eshik bu ulkan olamga jar soldi:
— Gʻiy-y-yiq!..

Keyin ostonada Begonaning jussasi ham koʻrindi. Boʻynini choʻzib, picha tevarakni sinchiladi, nihoyat, koʻngli tinchlandimi, asta koʻchaga oyoq qoʻydi.

Devona toʻxtadi. Oʻlimsangi Qishloqda tuyqus paydo boʻlgan bu tirik odamga ajabsinib qaradi.

Chindan ham, Begona shu turishida xuddi goʻrdan chiqib kelayotganga oʻxshardi: tirish bosgan yuzida qon asari yoʻq, oʻsiq qoshlaridan quloqlarigacha, quloqlaridan yelkalarigacha, yelkalaridan burniyu patila soqol-moʻylovigacha oʻrgimchak in toʻqib tashlagan; kiyimlari ham ilviroq. Yurganida, oʻrgimchak toʻrlarini avaylaganday, oyogʻidan boshqa joyini qimirlatmaslikka tirishib yurardi.

Devonaga yaqinroq kelib, toʻxtadi. Ogʻzini xiyol ochdi, orada Qishloqqa olazarak boqdi, hayiqdimi, gapira olmadi, ammo nimalardir degisi kelayotgani quyuq toʻr ichra xiragina yiltirab turgan koʻzlaridan bilgili edi.

Devona uzoq kutdi, hadeganda Begonadan sas chiqavermagach, oʻzi birnimalar deganday boʻldi.

Qishloq uning gapini eshitmadi, lekin koʻchaga chiqishga, bu Devona bilan bu Begonaga yaqinlashishga, gaplariga quloq solishga yuragi betlamadi ham.

Devona yana kuta-kuta, kutganiga erishavermagach, oxiri Begonaning is bosgan qulogʻiga ogʻzini qoʻydi va... bir oʻkirdi!

Bu oʻkiriqdan Begona titrab ketdi, boshiyu qoʻllarini ixtiyorsiz qimirlatib yubordi.

Oʻrgimchak toʻrlari chirt uzildi.

Keyin Devona ketdi. Jar ham solmay qoʻydi, orqasiga ham qaramadi, Qishloqda qanday toʻsatdan va bilintirmay paydo boʻlgan boʻlsa, shunday toʻsatdan va bilintirmay yoʻqoldi.

Begona yana eshigini gʻiyqillatib... goʻriga kirib ketdi.

Qishloq tagʻin jimjitlik chuquriga choʻkdi.

Bu sirli-jumboqli manzara koʻzlardan tez oʻchgani singari eslardan ham tez oʻchdi. Xuddi aslida boʻlmaganday...

«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil 1-sonidan olindi.