OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurulloh Muhammad Raufxon
Asar nomiOq bino oqshomlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nurulloh Muhammad Raufxon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm63KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/08/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oq bino oqshomlari (hikoya)
Nurulloh Muhammad Raufxon

Hafizalarning uyi Tuyulning chiqaverishida, Jaloyirning kiraverishida joylashganidan bu uydagilar ikkala qishloqqa ham birday edi. Toʻygami, ma’rakagami — ikkala yoqqa ham boraverishar, begonasirashmas edi. Qolaversa, bu qishloqlarning oti boʻlak, maktabi boʻlak, xolos, qabristoni qariyb bir-biriga ulanib ketgan.

Hafiza toʻrt sinfni Jaloyirda oʻqidi, beshinchi sinfdan otasi negadir u bilan ukasini Tuyuldagi maktabga berdi. Dastlab yangi sinfdoshlariga aralashib ketishi qiyin boʻldi, ayniqsa, tuyullik qizchalar Hafizani anchagacha oraga qoʻshmay, oʻzlariga yaqinlashtirmay yurishdi. Boʻlar-boʻlmasga gʻijillashib qolishsa, «Jaloyirdi jinnisi» deb uni masxaralashar edi. Bora-bora bu gaplar unutildiyu, lekin Hafizaning mitti yuragida koʻrinmas gʻubori qoldi. Shundanmi, odamoviroq boʻlib oʻsdi. Necha marta onasiga yigʻlab berdi. Hatto bir safar otasiga: «Biz oʻzi qaysi qishlokdanmiz?» deb zarda qildi. Otasining «Ikkala qishloq ham oʻzimizniki, oʻrtada begonasi yoʻq», degan javobidan esa koʻngli toʻlmadi. Vaqtni oralatib, yana onasiga yigʻladi. «Tayinli bir oʻrtogʻim yoʻq meni», deb oʻksindi. Onasi otasidan oshirib bir nima dermidi? Qoʻyaver, qizlarning mingʻir-mingʻiri—sening shimildirigʻing, deb Hafizani yupatib yurdi...» Ha, qizlar koʻproq hasad qilganlaridan bir-birlariga ozor berishadi, hasad qilishayotgan ekanmi, demak, sen ulardan ustunsan!» Bunisini onasi aytmagan, bunisini yettinchi sinfdami oʻqiyotganida oʻzi oʻylab topgan. Shundan koʻngli koʻtarilib, qizlarning shivir-shivirini parvoyiga ilmasdan, oʻqishini oʻqiyverdi.

Lekin, oradan yillar oʻtib, bitta bolali boʻlib, dugonasi bilan sirlashib oʻtirganida dilidagi oʻsha ilk armonini baribir aytdi.

«Oʻzi men boshidan ikkiga boʻlinib qolganman, — dedi mijjalarini artib, — endi oʻlganimdayam oʻnglanmasam kerak».

Dugonasi bu dunyoda Hafizaning yakkayu yagona sirdoshi edi.

«Sen chiroylisan, Hafiza — hamma balo shunda!» dedi oʻsha sirdoshi har galgidek tap tortmay.

«Nima qil deysan? Yuzimni yumdalab tashlayinmi?» «Yuzni yumdalagan bilan ish bitmaydi. Oʻrtada bolang bor, koʻzingni och, deyapman, xolos».

«Buni oʻzim ham bilaman. Menga oʻshanaqa — koʻzimni ochadigan maslahat berginda boʻlmasa!»

«Toʻgʻrisini ayt: mabodo hammasi qayta boshlanganida kimga tegar eding?»

«Sharif akamga!» dedi Hafiza oʻylab ham oʻtirmay. «Unda... Avaz aka-chi?»

«Bilmadim... — Hafiza tutilib qoldi. —Rostini aytsam, tagʻin baribir shunday boʻlardi, shekilli...» «Unda mening maslahatim senga kor qilmaydi». Jaloyirdan Tuyuldagi maktabga koʻchib oʻtganining boisini ham Hafiza erga tegib, bitta bolali boʻlgandan keyin bildi. Onasi aytdi.
— Oʻshanda Jaloyirdagi maktabdi diriktiri — u yuzsiz dadangdi oshnasi edi — Oʻninchi sinfda oʻqiydigan bitta qizni buzib qoʻygan. Rostiniyam, yolgʻoniniyam bir kimsa bilmaydi, dadangga boʻlsa, oʻzi maqtanib aytganmish. Dadangdi bilasan-ku, jahli burnining uchida turadi,— dedi onasi nima sababdandir oʻsha olis voqealarni xotirlab. Mening bolalarim sening harom maktabingda oʻqib olim boʻladigan boʻlsa, kechdim beradigan ilmingdan, debdi dadasi va shundan keyin Hafiza bilan ukasini Tuyulga koʻchirgan ekan. Hafiza buni eshitdiyu miyigʻida kuldi-qoʻydi.

...Hafizaning odamoviligi oʻzi bilan, chekkadan qaragan kishi nazarida esa, u haddan tashqari chiroyli, istarali, haddan tashqari yoqimtoy qiz boʻlib voyaga yetar edi. Bunaqasi ikkala qishlokda ham yoʻq edi, ikkala qishloq ahli ham bunaqasini umrlarida koʻrmagan edi. Buni Hafizaning oʻzi ham sezib, his qilib ulgʻayardi. Buni ayniqsa ikkala qishloqning oʻgʻil bolalari, yigitlari yaxshi bilishardi. Eh-he! Tuyulda ham, Jaloyirda ham Hafizani loaqal bir marotaba oʻylamagan, u bilan loaqal bir marotaba xayolan bir toʻshakda yotmagan, yuragida Hafizaga atalgan loaqal bittagina orzu-umidi boʻlmagan, uni suymagan, unga xayolan uylanmagan bironta yigitcha, bironta boʻydoq yoʻq edi! Eh-he! U orzu-umidlar, u shirin xayolar birdan jonlantirilib, kino singari koʻrsatilsa bormi, Hafizani bir paytda ikkala qishloqning deyarli barcha xonadonida koʻrib, es-hushingizdan ayrilishingiz turgan gap.

...ana, sochlarini majnuntol qilib, nafis durrasini Kumush kabi peshonasiga dol tangʻib, enkayganda ochilgan koʻkrak yoqasini chap qoʻli bilan toʻsib, hovli supurib yuribdi... ana, oʻchoqdagi alanganing aksi urib jilolanayotgan yonoqlarida bir dumaloq yosh bilan piyoz archyapti... ana, tizzalarini quchoqlagancha darvozadan koʻz uzmay, erining yoʻliga ilhaq oʻtiribdi... ana, choʻgʻdek gilamning oʻrtasiga kenggina, balandgina qilib oʻrin solyapti... ana, erining oyoqlarini, bellarini uqalayapti, u yer-bu yerini chimchilab ham qoʻyadi, qiyqirib kuladi, soʻng nak jon olgʻuchi noz bilan yechinadi... ana, qoʻlida goʻdagi, suyib-suyib emizyapti, yonida eridan boʻlak kimsa yoʻq, bolasi emib boʻldi hamki, koʻkragini yashirishga shoshilmaydi... ana, kelinlik liboslari-yu xilma-xil matolar bilan yasatigʻlik uyda koʻylagi beligacha tortilib, atlas lozimi tagidan qomati boʻrtib, shundaygina qoʻliga bosh qoʻyib, oʻrilmagan sochlari toʻshakka yoyilib, mizgʻiyapti...

Balogʻatga yetgan barcha oʻspirinlaru boʻydoq yigitlar xayolida, orzu-umidida Hafiza hamisha mana shunday manzaralar qoʻynida yashar edi.

Ha, u haqiqatan chiroyli, istarali, haqiqatan yoqimtoy qiz boʻlib yetilgan edi!

Ba’zan otasining ham yuragi hovut olib ketadi. Shunaqa paytlari Hafizaning onasiga oʻshqirib qoladi. «Qizingga ayt, hadeb sallanglab yuravermay, ish-pishini qilsin!» deydi. Ona hayron. Qizimga nima qipti, degisi keladi-yu, aytmaydi. Fursatini topib, Hafizaga dashnom beradi: «Qizim, dadangdi fe’lini bilasan, shuning koʻziga koʻrinavermay, oʻchoqqami, tandirgami unnasang-chi!» deydi. Endi Hafiza hayron. Turib-turib onasining dakkisi nash’a qiladi, sekin darsxonasiga kiradi-da, xumori tarqaguncha koʻzyoshi qilib oladi...

Boʻlariga oʻtadigan boʻlsak, gap bunday.

Shu qiz maktabni tugallagan yili, yoz kunlarining birida, ikkala qishlokdan, «Bor tavakkal!» degan ikkita xonadondan, bir paytda, lekin bir-birlaridan xabarsiz holda... ikkita sovchi keldi. Ajab taqdir: ularni Hafizaning oʻzi kutib oldi. Ayvonga koʻrpacha soldi, dasturxon yoydi, choy qoʻydi, dalaga borib onasini uyga yubordi. Oʻzi qaytmadi. Xotinlarning sovchi ekanini u bir qarashdayoq bilgan edi, kimlardan vakil boʻlib kelishganini ham yuragi sezdi.

Avval soʻz Sharifjonning ta’rifida.

Hafiza sakkizinchi sinfni bitirayotganida gʻalati voqea boʻlgan. Toʻy edi, shaharda oʻqiydigan tuyullik bir yigitning toʻyi. Kelin-kuyov studentlar emasmi, toʻyxona odamga liq toʻla. Gʻala-gʻovur. Davra katta, oʻrta charogʻon. Studentlar antiqa tomoshalar tayyorlab kelishibdi, koʻrsatib, keksayu yoshning ichagini uzishdi. Qizlari ham shoʻx-shaddodgina ekan, toʻyxonaga yigʻilgan barcha qizaloqlarning koʻzini kuydirib, yigitlar bilan rosa oʻyin tushishdi. Aylana tuzalgan stolda oʻtirganlar qancha, girdo-girdida tik turganlar qancha. Hafiza ham shu tikka tomoshabinlar qatori hovlining dala tarafdagi qorongʻi bir chekkasida turib bazm koʻrar, toʻy agar ertalabgacha davom etsa, ertalabgacha tomosha qilaveradigan kayfiyatda edi. Bazm qizigandan-qiziyverdi. Vaqt allamahalda Hafiza yonidagi qizning qulogʻiga nimalarnidir deb shivirladi-da, sekin davradan chekinib, qorongʻilikka qarab yurdi. Hovlining burchagiga uydek qilib gʻoʻzapoya gʻarami uyub tashlanibdi. Orqa devorning buzilgan yeri bor ekan, oyoq ostida kesaklar qalashib, sochilib yotibdi. Naryogʻi dala...

Hafiza xiyol enkayib, kesaklarning ustidan paypaslanib, endi dalaga oʻtayotganida kimdir nomini tutib chaqirgandek boʻldi.
— Hafiza!

Jinday vaqt oʻtib, tovush yana qaytarildi. Hafizaning oyogʻidan mador qochdi va u devorning buzuq joyiga suyanib toʻxtadi.
— Kim u? — dedi qoʻrqa-pisa.
— Hafiza, qoʻrqma, menman,— dedi yana oʻsha «kimdir» qorongilik qa’ridan.

Yuzi koʻrinmayotgan boʻlsa ham, Hafiza uni tanidi: maktabni oʻtgan yili tamomlagan Sharifjon degan yigit edi u. Politexnika institutining kechki boʻlimida oʻqiy di, kunduzi qandaydir zavodda ishlaydi. Hafiza sal oʻzini bosib oldi-yu, oyogʻidagi titroq baribir qolmadi. Bir nafas oʻtib, Sharifjon gʻoʻzapoya gʻarami bilan devorning oraligʻidan chiqib keldi.
— Senga bir narsa berib qoʻymoqchiydim,— dedi u uch-toʻrt odim narida toʻxtab.— Tashlavormaysanmi?

«Otkritka! — deb oʻyladi Hafiza darrov.— Birinchi Mayga otkritka bermoqchidir-da»

Bundan ikki oycha burun singlisi maktabda unga bir kitob keltirib berdi. «Sharif akam kitobingizni olgan ekan, berib yubordi», dedi. Hafiza hech kimga hech narsa bermagan edi, shunday boʻlsa ham, nimagadir indamay oldi. Sinf xonasiga kirib yashirin varaqladi. Kitob ichidan otkritka chiqdi! Sharifjon uni Mart bayrami bilan «chin qalbdan» qutlabdi. Sababini oʻzi ham bilmagani holda Hafiza otkritkani ikki-uch kungacha tashlamay olib yurdi. Necha marotaba oʻqib chikdi, soʻzlarini yodlab oldi, nihoyat bir kuni chorvoqqa opchiqib maydalab-maydalab ariqqa oqizib yubordi... «Bu safar ham otkritka yozgandir», deb oʻyladi Hafiza.
— Toʻy boshlangandan beri shu yerda poylab oʻtiribman,— dedi Sharifjon tagʻin ikki qadam oldinga yurib.— Xayriyat, oʻzing kepqolding. Hafiza, bir haftadan keyin armiyaga ketyapman... manovi senga...— u turgan yeridan nimanidir uzatdi.— Ma, Hafiza, aytadiganlarimni shunga yozganman, uyda oʻqiysan.

Hafiza nima qilarini bilmay qoldi. Bir koʻngli, shart tashlada qoch, desa, yana bir koʻngli, olaver, olganing bilan bir nima boʻlarmidi, derdi. Sharifjon armiyaga ketayotganini yana eslatganidan soʻng beixtiyor xatga qoʻl choʻzdi. U hayajondan oʻzini yoʻqotgan, keyin nima boʻlganini ham bilmaydi. Xatni tutqazayotganida Sharifjon uning qoʻlini siqdimi-ey, titroq tovushda: «Seni jonimdan ham yaxshi koʻraman, Hafiza!» dedimi-ey... Soʻngra Sharifjon bir sakrab, dala tarafga oʻtib ketdi. Devor boʻylab ketgan ariqning marzasidan anchagacha shitir-shitir oyoq tovushlari kelib turdi.

Hafiza keyin ham bu tovushni koʻp bor eshitdi. Kechalari darsxonasida yolgʻiz oʻtirganidami, uyqusi ichidami, gohida hatto dars paytlari qulogʻiga shu tovush chalinib qolardi: shitir-shitir, shitir-shitir... Oʻshanda esa u bazmni tomosha qilgandek ham boʻlmadi, uyga qaytdi. Kelasolib, xatni oʻqidi.

«Hafiza, men seni yaxshi koʻraman! Bilaman, sen hali yoshsan, bunaqa gaplarni hozir aytmasligim kerak edi, lekin bir haftadan keyin men armiyaga ketyapman. Ikki yilga! Bilib boʻlmaydi, matroslikka tushsam, uch yilga choʻzilib ketadimi. Seni yaxshi koʻrishimni oʻzingga aytib ketmasam, u yokda qiynaladiganga oʻxshayman. Ungacha sen ham maktabni tomomlab qolasan, shu gaplarim esingdan chiqmasin, Hafiza! Bilib qoʻy: qaytib kelib senga uylanaman!.. Xatim gʻalati boʻpqolyapti, xayolimga boʻlak gaplar kelmayapti. Ikkala varaqniyam «Seni yaxshi koʻraman, seni yaxshi koʻraman» deb toʻlgʻazib chiqsam, soʻzlarimga ishonasanmi? Aytmoqchi, armiyadan xat yozib turaman, maktabning adresiga, maylimi? Qoʻrqma, konvertning tepasiga birorta qiz bolaning otini qoʻyaman, birov bilmaydi. Xat yozasan-a, yozasan-a?! Xatlaringni intizorlik bilan kutaman, deb seni jon-dilidan sevuvchi

Sharifjon!»

Oʻshanda Hafiza xatni qayta-qayta oʻqirkan, ichi jimir-jimir qilib, vujudini yoqimli, odamni mast qilguvchi bir zaiflik chulgʻagan edi. Kunlar, oylar oʻtgan sayin u bir narsani oʻylab, sira oʻyining tagiga yetolmay, ajablanib yurdi.

«Sharif akam mening gʻaram yonidan oʻtishimni qayoqdan bildiykan?— deb soʻradi bir kuni dugonasidan.— Nimaga meni oʻsha yerda kutib turdi? Nimaga endi oʻzim ham aynan oʻsha joyga bordim?»

Dugonasi gapni aylantirib oʻtirmadi:

«Sharif aka seni qattiq yaxshi koʻrib qolgan!— dedi oʻsha zahoti.— Hammasi shundan. Noz qilib yurmasdan, sen ham uni yaxshi koʻrib qoʻyaqol!»

Hafizaga bu gap xush yoqdi, lekin yana ham ishonch hosil qilib olish uchun bir oz taysalladi:

«Qiziq-ku gaping. Mabodo u yerga bormaganimda nima boʻlardi?»

«Borarding! Baribir borarding!»

Toʻqqizinchida oʻqiyotganida Sharifjondan intiqlik bilan xat kutayotganini sezib qoldi. Hatto, yozmay qoʻysa-ya deb choʻchiyotganidan hayratga tushdi. Paxta terimi tugagan paytlari bir xat oldi, qishda orqama-ketin ikkita xat oldi, bahorga chiqib koʻzni chirt yumdi-yu, oʻzi ham bitta javob xati yozdi. Oʻshanda nimalarni yozgan edi — keyin eslayolmay yurdi. Toʻqqizinchida oʻqiydigan murgʻak qiz askar yigitga nimani ham yozardi? Oʻqishlarim yaxshi, dalagayam chiqib turibmiz, degandir? Qishlokda yangiliklar koʻp: Adolat opoyning toʻyi boʻldi, Jaloyirdagi maktabning direktori qamalib ketdi, «Dik domla» haliyam pinqillab yuribdi, deb yozdimi yo? Shulardir-da. Shulardan oʻtkazib yana nimani yozardi!

Sovchining unisi jaloyirlik Avazbekdan edi, demak, endi soʻz Avazbekning ta’rifida.

Avazbek boʻlimda miroblik qiladi. Qishin-yozin matroslarning yoʻl-yoʻl maykasini kiyib yurgani-yurgan. Qomatdor. Adirlarning tagida soyning ayrilish yeri bor. Qishlokdan anchagina olisda. Shuning uchun sovxoz kuloqboshiga bitta uycha qurib bergan. Oʻtgan yili Avazbek qishloqdan atay ohak olib borib, shu uychaning devorlarini oqlab qoʻydi-yu oʻsha kundan boshlab dalachilar uni «Oq bino» deb atay boshlashdi. Uycha adirlikda boʻlganidan ikkala qishloqqa ham oqarib koʻrinib turardi. Shu Oq bino — Avazbekning ishxonasi. Bekor paytlari qoʻlda gavron bilan dala aylanishni yoqtiradi. Gavronni yon tomondan oyogʻiga urib-urib qoʻyadi. Gohida soyning uzun ketgan qirgʻogʻi boʻylab «Yava»sini uchirib oʻtib qoladi. Tuyulu Jaloyirning qizlari orqavarotdan Avazbekni koʻp gapirishadi, pinhona unga havas qilishadi, oʻzlaricha bir-birovlarini toʻqib bichishadi. Avazbek boʻlsa, nimagadir hech kimga e’tibor bermaydi. Hech kimga! Faqat...

Kuz edi. Oqshom tushgan. Tutqator boʻylab oʻt yulib yurgan Hafiza sira kutilmaganda Avazbekka duch keldi. Dalada bu oddiy hol, lekin Hafizaning yuragi bezovta dukurlay boshladi.
— Hafiza,— dedi Avazbek tovushi allanechuk gʻoʻldirab,— bir gap aytsam maylimi?

Hafizaning yuragi sezganicha bor ekan: Avazbek uni yolgʻiz uchratish uchun atay poylab yurgan koʻrinardi.
— Nima deysiz?— dedi azbaroyi nimadir deyishi kerak boʻlgani uchun ham.

Avazbek undan bunday dangal muomalani kutmaganmi, avvaliga dovdiradi:
— Bilasanmi... rostini aytsam... anchadan buyon... Qiziq, Hafizaning xayoliga dastlab: «Nega sensirayapti, oldinlari sizlab gapirardi-ku?» degan oʻy keldi. Bu hol unga gʻalati tuyuldi. Sharifjon ham hov oʻshanda tomdan tarasha tushgandek sensirab qolgan edi...
— Sensiramay gapiring! — deb yubordi u beixtiyor.
— Kechirasiz...

Avazbek shundan boʻlak bir soʻz ham deyolmadi. Hafiza apil-tapil oʻtlarini toʻplab, etakka solib, Avazbekka ham qaramay, uyga joʻnab yubordi.

Avazbek yana bir marta yoʻl toʻsdi. Yana sensirab gapirdi. Lekin bu safar u dadilroq edi. Ham uzoqroq gapirdi. Hafiza, yuragimdagilarni aytmasam senga, yorilib ketaman, dedi. Men seni sevaman, faqat, aytolmay yurgan edim. Oʻninchini bitirganingdan keyin odam yuboraman, menga tegasanmi? Seni boshimda koʻtarib yuraman, xoʻp desang, sen mening malikam boʻlasan, dedi. Gapiraverdi, gapiraverdi, Hafizani indagani ham qoʻymadi. Bir yogʻi shuning uchun, bir yogʻi yana nima uchundir Hafiza «ha» ham demay, «yoʻq» ham demay, Avazbekni chetlab oʻtdi-da, yoʻliga ketaverdi. Orqadan Avazbekning: «Seni baribir yaxshi koʻraman, Hafiza!» deganini eshitdi. Yuzlari lovillab yonib, oʻn-oʻn besh qadamcha yurib bordi-da, u yogʻiga chopqillab ketdi.

Shundan keyin Avazbek uning yoʻlini ham, ogʻzini ham koʻp bor poyladi, lekin Hafizadan koʻngilga taskin bera digan biror belgi-ishora sezilmadi.

Hafiza esa tobora tushuniksiz bir dunyoga — avvalgilariga oʻxshamagan, yangicha bir dunyoga kirib borayotganini sezdi. Oʻsha damgacha kitob oʻqisa ham, televizorda kino koʻrsa ham, oʻz-oʻzidan Sharifjonni oʻylab ketardi. Endi onda-sonda koʻziga Avazbek ham koʻrina boshladi. Rost, uni oʻylasa, keragicha oʻylaydi, soʻng xayol eshigini darhol orqasidan tambalaydi, goʻyo oʻzi bilan oʻzi bekinmachoq oʻynaydi. Bunday bekinmachoq oʻyin oʻrni-oʻrni bilan odamga yoqar ekan ham! Goho xayollari chegaradan chiqib, Sharifjon bilan Avazbekni bir-biriga solishtirib koʻradi. Aslida ikkalovi ham yomon emasdek, lekin Hafizani ulardan qay biri qattiqroq sevadi?

«Sharif akaning sevgisi qattiqroq! — derdi dugonasi qat’iy ohangda.— Unaqasi bu dunyoda kamdan-kam uchraydi. Ovora boʻlib boshqasini oʻylab ham oʻtirma!»

«Askarlikda xizmat qilayotgani uchun uni maqtayotgandirsan?» deb Hafiza dugonasini, ayni choqda oʻzidagi tuygʻularning chin yoki yolgʻonligini sinab koʻrmoqchi boʻlsa, dutonasi baribir boʻsh kelmasdi:

«Yoʻq, askar boʻlgani uchun emas, men bilganimni aytyapman,— derdi.— Sharif aka oʻzi boʻlakcha yigit!»

Kunlar shu taxlit oʻtaverdi, Hafiza yetilib boraverdi, Avazbek Oq binoda koʻkragini zaxga berib yotaverdi, Sharifjon askarlikdan qaytdi, Hafiza oʻninchini bitirdi, yoz keldi va... kunlarning birida, ikkala qishloqdan, «Bor tavakkal!» degan ikkita xonadondan, bir paytda, lekin bir-biridan xabarsiz, ikkita sovchi keldi.

Sovchilar yana kelishdi. Kimoʻzarga oʻynayotgandek biri olib-biri qoʻyib yana kelishdi. Axiyri ota-ona oʻrtaga odam qoʻyishdi. Hafiza oʻylana-oʻylana, dugonasidan maslahat ola-ola, nihoyat bir qarorga keldi. Qarorini onasiga aytdi. Kuz oʻtib, qish oʻtib, bahor kechalaridan birida Sharifjonning qalligʻiga aylandi...

Shod, kelinlik libosiga burkanib, ikki yuzi yanada tiniqlashib, shirin-shirin tunlar ogʻushida erkalanib, yangi xonadonga yarashib, Sharifjonning ham, qaynona-qay-notasining ham koʻngillarini xushnud etib yuraverdi.

Shahar yaqin edi, Sharifjon haftaning har shanba-yakshanbasi kelib turadigan boʻldi. Shanba-yakshanbalar Hafiza qoʻmsab, orziqib kutib yashaydigan kunlarga aylandi. Ikkisi ham hayotga goʻyo kitoblardan, kinolardan tushib qolgandek baxtiyor edi!

Bir safar Sharifjon oʻng qoʻlini Hafizaning boʻynidan oʻtkazib, Hafiza esa boshini Sharifjonning yalangʻoch yelkasiga qoʻyib, tunchiroqning xira shu’lasida koʻkimtir tusga kirgan shiftga tikilib yotganlarida:
— Shaharga olib ketaymi, Hafiza?— deb soʻradi Sharifjon sirli tovushda.— Xohlasang, oʻqishga harakat qip koʻrasan. Maktabda yomon oʻqimagan eding, shekilli?
— Yomon oʻqimaganman, lekin...— dedi Hafiza erining qulogʻiga shivirlab. Nafasi Sharifjonning qitigʻini keltirdimi, u qiqirlab kuldi. Shu choqda Hafiza erini yana ham suyib ketdi: shart oʻgirilib, qulogʻining solinchogʻidan tishlab oldi.— Men oʻqimiyman, erginam... Umuman, men oʻqimoqchimasman. Menga siz boʻlsangiz boʻldi! Siz oʻqing, men dalada ishlayveraman, sizga yordam qilaman.

Sharifjon bir siltanib, bor kuchi bilan quchoqladi.
— Sendaqasi bu dunyoda bittayu bitta! — dedi yutoqib. Shunday qilib, Sharifjon shaharda oʻqib, Hafiza dalada ishlab yuraverishdi. Kuzning oʻrtalaridamidi, Hafiza keyinchalik oʻzining takdirini oʻzgartirib yuborgan bir gapni eshitdi: Avazbek xotinini oʻlasi qilib urgan emish. Uch-toʻrt kungacha dalachi xotinlar shuni ermak qilib yurishdi, Hafizaning miyasiga esa bu voqea qoʻrgʻoshin boʻlib quyilib qoldi. U Avazbekni toʻydan keyin koʻp uchratgan, shunchaki salomlashib oʻtib ketavergan, Avazbekdan ham ortiqcha biror harakat yoki biror qiliq sezmagan, demak, eski gaplar oʻz-oʻzidan barham yegandir, deb xulosa chiqarib qoʻygan edi, endi «yangilik» unga nimaga bu qadar ta’sir etdiykan? Nimaga bu oddiy hodisa uning miyasidan ketmay qoʻydi?..

Axiyri bir kuni xayolidan kutilmagan fikr oʻtdi: «Hammasi — meni yaxshi koʻrganidan!»

Keyinroq undan ham gʻalati oʻy keldi: «Men unga tekkanimda, meni ham urarmidi? Urmas edi...»

Oʻylar biri ikkinchisini tugʻardi, bunaqa oʻylarni oʻylashdan Hafiza oʻzini toʻxtatolmay qolgan edi. «Men Avazbek akaga tekkanimda, Sharif akam ham achchigʻidan boʻlak qizga uylanib ketarmidi? Uylansa... meni deb «u»ni urarmidi?— Shularni oʻylagan sari Hafizani titroq bosardi.— Urmas edi, mutlaqo urmas edi! Sharif akam olijanob odam: yomon koʻrsa yomon koʻrardiki, aslo xotinini urmas edi. Ha, ha, urmas edi!»

Bularning shunchaki bir xayol ekanini, qolaversa, ularni oʻzi toʻqib chiqarayotganini bilib turib ham negadir Hafizaning kayfiyati tushib ketdi. Hatto, nega urmaydi, deb Sharifjondan gʻoyibona dili ranjidi, erining bunaqa «olijanobligi» yuragiga ogʻir botdi. Ayni choqda, Avazbekning tez uylanish voqeasi xayolida qaytadan jonlanib, unga tinchlik bermay qoʻydi. Avvallari nazariga ilmagan edi, endi qarasa... Nega unday qildiykan? Axir, sensiz yashay olmayman, degan edi-ku? Qasam ichgan edi-ku? Yo oʻshanda yoʻliga aytgan-qoʻyganmikan? Avraganmikan?

Gap shundaki, Hafiza Sharifjonning sovchilariga rozilik berib yuborgach, Avazbek jiyanidan unga xat joʻnatgan. Uni xat deb ham boʻlmaydi, qogʻozning oʻrtasiga katta-katta harflar bilan: «Baribir seni yaxshi koʻraman, Hafiza! Demak, baribir senga yetishaman!!!» deyilgan edi, xolos. Soʻngra Avazbek uzoq bir qishloqdan qiz topib, onasini qistalang qila-qila, oʻshanga boʻlishgan. Toʻyini Hafizalarnikidan uch kun keyin oʻtkazgan. Xudtsi mana shu narsa oradan shuncha oʻtib Hafizaning tinchini oʻgʻirlagan edi...

«Alam qilibdi», dedi dugonasi bir kuni.

«Yoʻgʻ-e! — deb qoʻrqib ketdi Hafiza.— Oldiniga oʻzimga ham shunday tuyuldi, qarasam — yoʻq, unaqamas. Alammi, alammasmi ekanini oʻzim bilaman-ku, axir! Menga bir narsani ayt: hammayam menga oʻxshaganmi yo faqat men shunaqamanmi?»

«Qanaqa «shunaqa»?»

«Xayolimga har narsa kelaveradi-ku?»

«Buni sen bilan biz bilmaymiz. Bilolmaymiz...»

«Ana shunaqa! Koʻnglidan kechganini koʻplar yashiradi, men boʻlsam ochiqchasiga aytyapman,— deb qizishib ketdi Hafiza.— Aslida hammayam menga oʻxshagan, deymanu shunga ovungim keladi».

«Boshingda ering bor, u seni yeru koʻkka ishonmaydi, buni oʻzing ham bilasan. Bas, shunday ekan, nimaga hadeb bekorchi narsalarni oʻylayverasan, Hafiza?»

Hafiza uh tortdi.

«Aytishga oson,— dedi peshonasiga kaftini bosib.— Oʻylar oʻzi kelaversa... qoʻl siltagan bilan ketaqolmaydi-ku!»

«Bahona qilyapsan! — dedi dugonasi keskin ohangda.—

Ojizligingni oqlamoqchi boʻlyapsan!»

«Avazbek akayam yaxshi koʻrsa, menda nima ayb? Keyin buning nimasi yomon? Axir, men oʻylamaganim bilan u niyatidan kaytib qolmaydi-ku?»

«Unda nimaga alam qilyapti? Uylangan boʻlsa — uylandi. Endi xotinini urayotgan boʻlsa — uryapti. Senga nima? Oraga suqilib nima qilasan?»

«Bilmadim. Bilganimda...»

Lekin baribir Hafiza oʻzini qoʻlga ololmay qiynalar edi. Saodatli shanbalardan birida qalbini larzaga solgan, turmushini izdan chiqargan hol roʻy berdi.

Sharifjon kelgan edi. Hafiza roʻzgor yumushlarini unda-munda tinchitib, uyga kirganida, tasodifmi yoki poylaganmi, Sharifjon eshik orqasida turgan ekan, yoʻliga tiz choʻkib uni quchogʻiga oldi. Hafiza ham erini sogʻingan edi. Bir-birlarining islaridan mast boʻlishib, allaqancha muddat shunday turaverishdi. Nihoyat, Sharifjon uni dast koʻtarib oʻrnidan turdi.
— Sekin,— dedi Hafiza barmoq uchi bilan erining burnini bosib,— sekin... Kichkintoy Sharifjonni qiynab qoʻyasiz...

Sharifjon kiyim ustidan Hafizaning qornidan oʻpdi.
— Vah-vaha, munchayam shirin boʻlmasang, Hafiz! Sen ham odam bolasimisan-a! — Keyin Hafizani avaylab toʻshakka yotqizdi-da, ehtirosga berildi.

Kutilmagan voqea shunda roʻy berdi.

Hafiza Sharifjonning erkalashlaridan mast boʻlib, vujudi qizib, tanasida ajib yengillik sezib, inon-ixtiyorini unga butkul hadya etayotganida, koʻziga tuyqus... Avazbek koʻrinib ketdi! Aslida koʻzlari yumuq edi, lekin Avazbekni yaqqol koʻrdi! Va birdan qichqirib yubordi. Sharifjon sapchib oʻrnidan turib ketdi.
— Nima gap, Hafiza?
— Bilmadim,— dedi Hafiza titrab-qaqshab,— qoʻrqdim... Bola chinqirgandek boʻldi...
— Rangingda rang qolmadi. Suv beraymi?— deb Sharifjon oʻrnidan turib, unga piyolada suv tutdi.

Oʻshanda Hafiza eriga birinchi marta yolgʻonlagan edi.

Kuzning oʻrtalarida Hafiza daladan qaytayotib, Avazbekka yoʻlikdi. Havo jindek izgʻirin edi. Avazbek matroscha maykasining ustidan yalangqavat kurtka kiyib olibdi. Hafizaning egnida baxmal toʻn, boshida roʻmol. Shu toʻniyu roʻmoli oʻziga qoʻpoldan-qoʻpol tuyulib ketdi. Ustiga ustak, lop etib homilasi koʻzga tashlanib turardi. Hafiza uyaldi. Ikkala qoʻlini beixtiyor qorniga tashlab oldi.
— Hafiza, gaplarim esingdami?— dedi Avazbek burgutdek tikilib. Hafiza yerga qaradi.— Men seni chindanam yaxshi koʻrardim, hali ham yaxshi koʻraman! Mendan qochma, iltimos. Har zamonda koʻrib, ovozingni eshitib yursam bas.
— Qoʻying, Avaz aka, endi u kunlar oʻtdi,— dedi Hafiza oʻzini xotirjamroq tutib.
— Senga oʻtgan boʻlsayam, menga oʻtgani yoʻq! — Avazbekning ovozi titrab ketdi.— Ammo-lekin Hafiza, meni pichoqsiz soʻyding sen...

Hafiza tevarakka olazarak koʻz tashlar ekan, qariyb iltijoga oʻtdi:
— Jinni boʻlmang, Avaz aka, mening erim bor, sizning — xotiningiz. Qolavursa, oʻshandayam sizga hech narsa va’da qilganim yoʻq.

Avazbek koʻz qiri bilan uning doʻmpaygan qorniga qarab oldi-da:
— Ering boʻlsa... unga mening xusumatim yoʻq! — dedi keskin. Ayni chokda unga Hafizaning «jinni boʻlmang» degani yoqimli eshitilgan edi.— Haliyam seni yaxshi koʻraman, shuni aytib qoʻyyapman, xolos! Yana, sen bu yerda, ering shaharda... menga nimagadir alam qiladi, Hafiza!

Hafizaning gʻashi keldi.
— Endi mening yoʻlimni toʻsmang! — dedi u choʻrt kesib.— Tekkan boʻlsam, Sharif akamni yaxshi koʻrib tekkanman, turmushimizni buzmang!
— Aldayapsan,— dedi Avazbek sovuqqon qiyofada,— yaxshilab oʻylab koʻrgin-a, uni sevasanmikan? Sharif mendan omadliroq ekan, xolos. Mayli, roʻzgʻoringni buzmayman, qoʻrqma. Endi boraver uyingga!

Avazbek shuni aytib, kartaning oʻrtasidan Oq binoga qarab yoʻl soldi. Burilayotganda: «Mening xotinim boʻlganingda, bir minut ham yonimdan jildirmasidim», deb toʻngʻillab qoʻydi.

Hafiza birdan oʻzidan nafratlandi. Avazbekdan oldin ketishi kerak edi. «Boraver uyingga», demasidan oldinroq ketib yuborishi kerak edi. Nahot ketgisi kelmadi? Avazbekning barcha gaplarini rad qilsa ham, oʻzi bilan uning oʻrtasiga mustahkam devor qurib qoʻymoqchi boʻlgan boʻlsa ham, baribir, nahot koʻngli u bilan uzoqroq birga turishni, uning ham koʻnglidagilarni bilishni istadi? Uyatu isnoddan Hafizaning dili oʻrtanib, uyga qanday yetib borganini ham bilmadi...

Qishning chiqarida Hafizaning koʻzi yoridi: oʻgʻil tugʻildi. Polvon boʻlsin, boshiga qiyinchilik tushmasin, deb «kichkintoy Sharifjon»ga Rustam otini qoʻydilar. Sharifjon ota boʻldi, Hafiza ona boʻldi — ikkalasi ham oʻzida yoʻq shod. Rustamjon esa kundan-kunga oʻsaverdi. Hafiza olti oygacha dalaga chiqmadi. Orada chillaqochdi qilib oʻzining uyida picha turib keldi. Ikki marta Sharifjon bilan shaharga tushib, bir hafta-bir haftadan oʻsha yoqda yashashdi. Avgustning oxirlariga kelibgina yana ishga chiqdi.

Bir kuni Avazbek tagʻin uning qoshiga keldi.
— Hafiza, senda gapim bor edi.
— Menga hech qanaqangi gapning keragi yoʻq!
— Nima qilay, axir?
— Bilganingizni qiling! Rosti, oʻtgan safargi yoʻltoʻsarligingizdan keyin siz bilan gaplashmayman, deb qoʻyganman. Siz... haliyam munaqa qip yuribsiz.

Avazbek yalt etib Hafizaning koʻzlariga qaradi, nigohini tutib olmoqchi boʻldi. Yoʻltoʻsar... Avazbek yoʻltoʻsar!.. Qanday shirin eshitildi unga bu soʻz! Shunda shartta Hafizaning qoʻlidan ushlab, hansirab soʻzlay boshladi:
— Yoʻq dema, Hafiza, bir joyga boraylik, gaplashaylik, maylimi?! Yuragim toʻlib ketyapti, boʻshatmasam boʻlmaydi. Qoʻrqma, tegmayman senga, oʻlay agar! Men seni sevaman, Hafiza! Nima qilsam ishonasan? Oʻzimni osayinmi, xotinimni qoʻyayinmi — ayt?.. Koʻnmasang, zoʻrlamayman, lekin unda meni ado boʻldi deyaver! Loaqal bir marta men bilan yurakdan gaplashsang, armonsiz ketardim... maylimi, Hafiza?

Or-nomusi qanchalik kuchlilik qilmasin, oʻz erini qanchalik suymasin, hadeganda koʻziga Rustamjoni koʻrinavermasin, Avazbekning yurakdan vulqon kabi otilib chiqayotgan bu hayajoni qarshisida Hafiza oʻzini ojiz sezdi. Bir yoqda qiziqish...

Axir, tan ol, Hafiza, qalbingni larzaga solgan oʻsha kundan boshlab ba’zan atayin, ba’zan beixtiyor sen ham Avazbekni oʻylab qolmasmiding? Uzoqlardan unga koʻzing tushsa, yuraging jizillashi ham yolgʻonmi? Oʻshanda toʻshakda oʻz eringni emas, Avazbekni koʻrgan eding, yana necha marta shuni koʻrdingku? Hatto xayolingga, hozir Sharif akam oʻrnida Avaz aka boʻlsa, u nima qilardi, degandek oʻylar ham kelgan. Bunaqa oʻylar senga sirli bir dunyo edi, sirlari bilan u jozibali tuyulardi, mana, endi seni yana ham sirliroq tuygʻular chulgʻab olyapti, boʻlak bir jozibali dunyo oʻziga chorlayapti, xoʻsh, nima deysan?..

Hafiza Avazbekning qaynoq kaftlari orasidan qoʻlini sugʻurib, «Koʻramiz», dedi ohista va toʻxtamay ketdi. Avazbek-chi? Qariyb rozilik olgan Avazbek turgan yerida sapchigisi, sapchigisi, sapchiyvergisi kelayotgandir? Hafiza ortiga oʻgirilib qarashdan oʻzini zoʻrgʻa tiydi...

Ertasi kun qanday oʻtdi, qanday ishladi — Hafiza eslayolmaydi. Oqshomgi uchrashuvni orziqib kutganidan emas — u aminki, buni u orziqib kutayotgani yoʻq — shunchaki, qandaydir tushuntirib boʻlmas bir holatda edi u. Lekin Oq binoga borishga qattiq axd qilib qoʻydi. Shundanmi, kun boʻyi Avazbek haqida yomon oʻylamaslikka, hatto uni sal-pal sogʻinib, ha, ha, sogʻinib eslashga urinib yurdi. Oqshom esa, oyogʻi oʻz-oʻzidan Oq binoga tortaverdi.

Binoning pastidagi kartadan oʻt yulayotgan boʻlib, sekin-asta yaqinlashaverdi. Ellik qadamlar qolganda toʻxtab, goʻzalarning ichiga choʻkdi. Yuragi duk-duk urar edi. Tizzalarini quchoqlab oʻtirarkan, nega keldim, deya iztirob aralash koʻnglidan oʻtkazdi. Bir xayoli, Avazbek koʻrib qolmasidan iziga qaytishni oʻyladi. Shu payt Oq binoning eshigi gʻichirlab ochildi va ostonada Avazbek paydo boʻldi. Ichkaridan Hafizani anchadan beri kuzatib turgan shekilli, toʻgʻri shu tarafga kela boshladi. Hafiza indamay oʻtiraverdi. U goʻyo egatlar orasiga chandib bogʻlab tashlangandek edi. Tepasiga Avazbek kelganda ham qimir etmadi.
— Aldab ketasanmi deb qoʻrquvdim,— dedi Avazbek shivirlab.— Kelmaganingda, boʻynimga tosh bogʻlab, dambaning tagiga oʻzimni tashlar edim lekin.

Hafiza bir daqiqa oldin qanchalik hayajonlanib oʻtirgan boʻlsa, birdaniga hayajoni bosildi-qoʻydi.
— Meni siz sudrab kelganingiz yoʻq, oʻzim keldim, shuning uchun boʻlmagʻur narsalarni oʻylab oʻtirmang,— dedi oʻzi ham kutmagan holda.— Aytadiganingizni ayting, orani ochdi qilaylik.
— Mayli. Oldin ichkari kiraylik.

Oq bino deganlari ombordek bir joy ekan. Suv darvozasini koʻtarib-tushiradigan kalitlar, turli boʻlak asbob-uskunalar qalashib yotibdi. Bir burchakka ustma-ust yashik taxlangan, yashikning tepasida pilik chiroq. Oyoq ostida qop, latta-lutta. Devorga taqab uzun taxta karavot oʻrnatilgan, ustida bitta koʻrpachayu bitta yostiq. Oq binoning bor jihozi shu edi. Derazasi yoʻq. Birdan-bir eshigi ham doim berk tursa kerakki, allaqanday hid odamning koʻnglini behuzur qilgulik darajada dimoqqa uriladi. Xuddi devorga ham shu hid oʻrnashib qolgandek.
— Nima bu, boshim aylanib ketdi?— dedi Hafiza qoʻlini yelpigʻich qilib, burnining tagini yelpir ekan.
— Taraktirning yogʻi. Solidol ham bor. Bilinyaptimi?
— Bilinmaychi.

Avazbek gap orasi eshikning zanjirini solib, chiroqning piligini koʻtarib qoʻydi.
— Bekitmang, ketaman men,— dedi Hafiza, koʻnglida Avazbekning ishini ma’qullab turgan boʻlsa ham.—Puf-f, hidi yomon ekan... Tezroq gapiring gapingizni!
— Shoshma, Hafiza. Mana bu joyga oʻtib oʻtir. Qoʻrqma, kechqurun binoga mendan boʻlak zogʻ ham kelmaydi.
— Qoʻrqayotganim yoʻq,— dedi Hafiza xotirjam.— Qoʻrqsam, kelmasidim.

Ikkalasi taxta karavotning ikki chetiga oʻtirishdi. Soʻng eshikning tirqishiga tikilgancha, xiyol fursat jim qolishdi.
— Iltimos, gapimni boʻlmay eshit, Hafiza,— dedi Avazbek nihoyat tilga kirib.— Nimaiki aytsam, yuragimdagilarni aytaman, undan keyin oʻzing hal qilaver, men ham bir kunimni koʻrarman.

Hafiza Avazbekning yuziyu koʻzlarini koʻrmayotgan boʻlsa-da, undagi oʻzgarishlarni ichdan his etib oʻtirardi. Gapirgan sari Avazbekning nafasi yonoqlariga urilib, boʻyinlarini siypalar, yoqasining qirgʻogʻidan ichiga kirib, vujudini yondirar edi, lekin hammasiga chidab, miq etmay oʻtiraverdi. Gap orasida Avazbek qaerdan bir magnitofon oldi, qachon tugmasini bosdi — sezmay qoldi. Oq bino ichida mashhur xonandaning yoqimli ovozi toʻlqin-toʻlqin boʻlib tarala boshladi:

Men ishq elining nolai afgʻonida kuydim,

Koʻngil uyining otashi armonida kuydim...

...Sen Avazbekning sovchilarini qaytarding, Hafiza, lekin uning sof muhabbatini qaytarishga haqqing yoʻq! Hayotini izdan chiqarganing alam qiladi, xolos. Chunki u seni, faqat seni yaxshi koʻrar edi! Ehtimol, Sharifjondan ham qattiq yaxshi koʻrar edi, afsuski, bilmading! Taqdirning ishimi bu? Taqdir nahot shunchalik shafqatsiz boʻlsa?.. Sen judayam chiroylisan, Hafiza, sen bu dalalarning odami emassan! Toʻydan keyin ering ssniyam shaharga koʻchirib ketadimi deb Avazbek choʻchigan edi, xayriyatki, sen qishlokda qolding. Avazbekka shunisiyam katta baxt edi. Axir, hech boʻlmasa ora-chora koʻrib turadi-ku seni! Rost, uning xotini bor, sening ering bor, ehtimol, ikkalalaringning xilvatda bunday oʻtirishlaring quyushqonga sigʻmas, lekin bir narsani bilib qoʻy, Hafiza: Avazbek xotinini itdan battar yomon koʻradi. Uni koʻrgani koʻzi yoʻq! Bir jihatdan, xotinida nima gunoh? Axir, u ham birovning bolasi. U ham kim bilandir baxtli yashagisi keladi? Yoki bunga uning haqqi yoʻqmi? Haqqi bor — buni Avazbek juda yaxshi biladi, lekin bunda ham nima ayb? Atay shunday boʻlsin demaydi-ku?! Avazbek toʻyni achchiq ustida qildi. Shoshildi. Toʻydan keyin turmushimiz yurishib ketar, deb oʻyladi. Boʻlmadi-da. Oxiri xotiniga ochigʻini aytdi: seni yaxshi koʻrmayman, dedi. Bunisi holva. Baqrayib turib, seni yomon koʻraman, dedi. Bir kuni ichib kelib, koʻzimga kirpidan ham xunuk koʻrinyapsan, deb aytdi. Eh, Hafiza, sen bularni bilarmiding? Xotini shoʻrlik rosa yigʻladi. Yigʻladi-yu, otasinikiga ketib qolmadi. Oʻshanda uning qornida bolasi bor edi... Avazbekni uyatsiz deysanmi yo betiga tarsaki tortib yuborasanmi — Oʻzing bilasan, lekin u senga yana bir gapni aytmasa turolmaydi, chunki xuddi shu narsa uni mana shu arzi holni qilishga majbur etgan. Uyalmay aytayotganiga sabab shuki, endi Avazbek ham boʻz bola emas, endi sen yosh qizaloq emassan... uning hozirgi ahvolini toʻgʻri tushungin, Hafiza! Toʻyning ertasigayoq Avazbek sensiz yashay olmasligiga iqror boʻlgan. Ayni nozik mahalda uning koʻziga sen koʻringansan! Xotinining oʻrnida sening jilmayib turgan qiyofang namoyon boʻlavergan va u butkul oʻzini yoʻqotgan. Oʻshandan beri toʻshakka kirsa, xotinini emas, seni koʻradi! Yoʻq, shoshma, uning gaplarini boʻlmay tur...

Avazbek seni sevadi, Hafiza! Buni u toʻydan keyin yanayam qattiq his qildi. Xotiniga koʻzi tushsa, oʻz-oʻzidan nafrati qoʻziyveradi, urgisi kelaveradi. Nihoyat, ura boshladi ham. Bu ketishda u bechorani oʻldirib qoʻyishi ham mumkin. Shunday yashab boʻladimi, Hafiza? Xotiniga kiyin, bolasiga qiyin, lekin Avazbekka ham oson emas! Mana shunaqa — ikki yildan beri Avazbekning boshi qotgan. Lekin... Tavba, bugun u senga butunlay boshqa gaplarni aytmoqchi edi, nimaga bularni soʻzlab oʻtiribdi? Eh, Hafiza, sen bir yigitning umriga oʻt qoʻyding-a!

...Mashhur xonanda esa hamon yuraklarni ezib-ezib kuylar edi:

Mehrin tilabon oʻtsa agar oshiqi zorlar,

Mehrimni berib, men esa tavonida kuydim...

Hafiza toʻsatdan qichqirib yubordi: — Endi nima qil deysiz?! Meni bu yerga nimaga boshlab keldingiz?! Menga bu gaplarni endi nimaga aytyapsiz, Avaz aka?!

Avazbek osmondan qulab tushgandek boʻldi.
— Hafiza, axir...

Lekin hozir Hafizaning jini qoʻzigan edi, uni gapirtirgani qoʻymadi.
— Niyatingiz mening roʻzgʻorimni buzishmi endi?! Meni muncha qiynaysiz, Avaz aka?!

Avazbek terlab-pishib ketdi.
— Senga men, eringdan chiq, demadim. Senga men boʻlgan gaplarni aytdim, xolos. Ertaga mening holim ne kechadi — yolgʻiz xudoga ayon...
— Men ham nima qilay ahir?! — Shunday deb Hafiza shartta oʻrnidan turdi va Avazbekning ikki yelkasidan tutib siltay boshladi. Keyin birdan toʻxtab, uning yuzini qorniga bosdi va... yigʻlab yubordi.— Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim-ku men ham!

Avazbek ham Hafizaning belidan pastrogʻidan mahkam quchoqlab, oʻziga tortdi.

Oq binodagi badboʻy hid allaqayoqlarga chekindi...

Boʻlar ish boʻldi, endi taskinu nadomatlarga oʻrin yoʻq, qolaversa, yuzni sidirib tashlab, tan olish kerakki, Hafiza ham, Avazbek ham shu kunlaridan rozi edilar. Hafiza anchagacha Avazbekning oʻsiq sochlarini tarab-silab yotdi, keyin chap kafti bilan yondamasiga Avazbekning moʻyloviyu ogʻzini toʻsib, chiroyli koʻzlariga tikildi. Xayolida esa: «Bu yomon emas, bu yomon emas, bu yomon emas,— deya takrorlar edi.— Shoʻrlik, oʻzi suygan juvon quchogʻida yotganidan terisiga sigʻmayotgandir? Axir, shu kungacha bundayin mehr koʻrmagani sezilib turibdi...» Keyin kaftini siljitib, Avazbekning koʻzlarini toʻsdi va peshonasidan oʻpdi...

Hafiza shundan soʻng bir oygacha Oq binoga yaqin yoʻlamadi. Lekin oy oʻtib, beixtiyor oyogʻi shu yoqqa tortib, Avazbekni shu yerda koʻrib, ajablanmadi ham...

Oq binoga oltinchimi, yettinchimi borishida Avazbek undan bir narsani soʻrab qoldi:
— Sharifni haliyam yaxshi koʻrasanmi, Hafiza?— dedi u Hafizaning yalangʻoch koʻksiga boshini qoʻyib. Bu aldasa, rostini oʻzi bilib olmoqchidek, yuragʻiga quloq tutib yotar edi.
— U kishini bu yerda eslamaylik.
— Xafa boʻlma, bilgim keldi-da bir.
— Qoʻying shu gapni!

Mabodo Avazbek yurak zarblarining ma’nosini tushuna olganida edi, Hafizaga bunday savol bermasdi. U esa
— Unda mening oldimga nimaga kelyapsan?— deb soʻradi qoʻpoldan-qoʻpol.— Rostini ayt: meni yaxshi koʻrganingdanmi yo...

Oq binoga dastlab kelgan oʻsha kundan boshlab Hafizaning oʻzi ham tez-tez shu kabi soʻroqlar girdobiga tushib qolar, lekin hozirgacha bunga aniq javob topolmagan edi. Sharifjonni yaxshi koʻrishiga shak keltirmaydi, lekin bu yoqqa nega kelyapti? Men oʻzimni aldab yurolmadim, oʻzimga qarshi borolmadim, koʻplar xayolan qiladigan narsani men amalda qildim — bor-yoʻq gap shu, deb oʻziga tasalli berardi. Kim haq, kim nohaq — Oʻsha koʻplarmi yo menmi? Haq boʻlsak — hammamiz haqmiz, nohaq boʻlsak — hammamiz nohaqmiz deb ovunardi. Ehtimol, bunday savollar Avazbekni ham oʻylantirib yurgandir va u haligi gapni Hafizadan koʻngilda kir-gʻuborsiz soʻragandir? Lekin baribir Hafizaga u ogʻir botdi.
— Oladiganingizni olyapsiz, qolgani bilan ishingiz boʻlmasin! — dedi shart-shurt va shahd oʻrnidan turdi... «Oʻshanda ilk bor vijdonim qiynaldi,— dedi u dugonasiga.— Sharif akamni aldab yashayotganimni bilib qoldim. U mening ishlarimdan bexabar. Bundan koʻra meni urib-haydab solgani yaxshi emasmidi-ya?! Uzim indamay ketaveray desam.... Sharif akamsiz bu dunyoda qanday yashayman?!»

«Yigʻlama, Hafiza, yigʻidan foyda yoʻq. Nima deyishgayam hayronman. Hamisha maslahat soʻraysan, lekin hamisha oʻz bilganingdan qolmaysan».

«Shu kungacha faqat bir narsani oʻylayman: qilayotgan ishlarim gunohmi, gunoh emasmi?» «Gunoh ham gapmi, xiyo...»

«Oʻtinaman, u soʻzni tilingga olakoʻrma! Oʻzidan ham koʻra nomi xunuk. Uning oʻrniga menga tasalli ber. Axir, Avaz aka meni qanchalar sevishini sen ham bilasan-ku!» «Ikki gapning birida «Sharif akam, Sharif akam» deysan, bu yokda Avazbekning oldiga borishingni ham qoʻymaysan», deb chimdib oldi dugonasi.

«Men sevib erga tekkanman, bundan keyin ham Sharif akamsiz hayotimni tasavvur qilolmayman! Nima bu? Muhabbatmi? Agar muhabbat shu boʻladigan boʻlsa, unda anavi nima? U ham, axir, men bilan birga, ichimda yashayapti-ku, oti nima uning?»

«Nima boʻlgandayam, har holda yaxshi narsa emas-ov. Yaxshi narsalarning oxiriyam yaxshi boʻladi, uning esa... bilmadim».

«Bu javob emas. Bunaqa javoblarning mingtasini bilaman oʻzim ham. Menga boshqacha javob kerak. Oʻshaning nimaligini tushuntiradigan va mening kunglimni tinchlantiradigan javob!»

«Boʻlmasa mendan bunaqa ogʻir narsa soʻrama, Hafiza. Oʻzing yecholmagan jumboqni men qanday yechayin? Axir, aslida ikkovimizning ham ahvolimiz bir emasmi?»

«Ha-ya», dedi Hafiza birdan xomush tortib...

Kunlardan bir kun Avazbek unga:
— Xotinimni otasinikiga joʻnatib yuboraman! — deb qoldi.

Hafiza hatto nimagaligini oʻylab oʻtirmay, uni bu yoʻldan qaytarishga tushdi:
— Sizga yana nima kam, Avaz aka? Qoʻying, oʻsha bechorani sarson qilmang!
— Uni yomon koʻraman, axir! Butun umrim shunday oʻtadimi endi?
— Xotiningizni oʻylamasangiz, bolangizni oʻylang.
— Xotinga koʻngil isimagandan keyin, bola battar sarson boʻlmaydimi? Men sendaqamasman, Hafiza, bitta yuragimga ikki kishini sigʻdirolmayman.

Hafiza bir gapni qaytaraverdi:
— Ajrashmang, Avaz aka! Meni desangiz, ajrashmang!
— Nimaga endi?
— Unda yomon boʻladi...

Hafiza aynan shunday dedi. «Unda yomon boʻladi», dedi. Lekin yomon boʻlib nima boʻlishini, umuman, nega yomon boʻlishini oʻzi ham bilmasdi. «Unda yomon boʻladi»— Hafizaning koʻnglida kechgan oʻy edi, shuni aytdi-qoʻydi.

Baribir Avazbek xotinini haydadi. Bu xabarni Hafiza dalada eshitdi. Xotinlar kun boʻyi va undan keyin yana biror haftacha shu voqeani tildan qoʻyishmadi. Hafiza bunaqa suhbatlardan oʻzini yiroq tutar, biroq har gal shundan gap ochilganida seskanib ketar edi.

«Endi yomon boʻladi...»

Hafiza Oq binoga qadam bosmay qoʻydi. Avazbek bir-ikki yoʻlini toʻsgan edi, ul-bulni bahona qilib qutulib ketdi. Kechalari hayhotdek uyda Rustamjoni bilan yolgʻiz qolganida yo uyqusi oʻchgan mahallari qariyb har kuni: «Endi hech qachon uning oldiga bormayman!» deb qayta-qayta qasam ichar edi. Qachon yodiga Avazbek tushsa, ichida shu qasamini qaytaraverardi, qaytaraverardi. Shunday kunlar boʻldiki, oʻn martalab qaytardi shu gapni. Shunday kunlar boʻldiki, yuz martalab qaytardi. Erini boʻlakcha orziqish bilan sogʻina boshladi. Biror shanba kelmay qoʻysa, jinni boʻlib qolay derdi. Oxiri uning oʻqishidan ham, ishidan ham bezor boʻldi. Bir gal dabdurustdan:
— Qachon tugaydi shu zormanda oʻqishingiz?— deb zahrini sochdi. Boshqa safar:
— Yo qishloqda turing, yo meniyam oldingizga oborvoling, qachongacha loʻliga oʻxshab yashayman?! — deb yigʻladi.

Sharifjon xotinidagi oʻzgarishni sogʻinchga yoʻyib, avvaliga uncha xavotirlanmadi. Yelkasidan quchib, burnining uchginasidan oʻpmoqchi boʻldi, biroq Hafiza uning qoʻlini siltab tashladi. Ters oʻgirilib olib, hiqillab-hiqillab yigʻlayverdi. Sharifjonning urinishlari behuda ketdi. Savollari javobsiz qoldi. Hafiza uzoq yigʻladi. Nihoyat, uxlab tinchidi. Ertasi Sharifjon tagʻin shaharga otlanayotganda oʻzidan-oʻzi insofga kelib:
— Kechiring, injiqlanib qolyapman oʻzi, endi sira yigʻlamayman,— dedi.

Shu bilan er-xotin yana apoq-chapoq boʻlib ketishdi.

Rustamjonlari ikki yoshga toʻlar-toʻlmas Hafiza qiz koʻrdi. Er-xotin orziqib niyat qilgan holvadekkina qiz. Sharifjon allaqachon otini topib qoʻygan ekan, Hafiza monelik qilmadi: qizaloqning ismi Muhabbat boʻldi. Endi Hafiza, zora qulogʻim tinchisa, deb umid qilardi.

Darhaqiqat, Muhabbat tugʻilganidan keyin sakkiz oygacha dalaga chiqmagani sababmi yo Avazbek ham, endi bas, dedimi, koʻcha-koʻyda unga duch kelmadi. Hafiza hatto uni esidan chiqarib yubordi. Hayot oʻz iziga tushib olgandek edi. Koʻngil tinch, yurakda vahima yoʻq. Lekin Hafizaning astoydil xursand boʻlishiga hali erta ekan. Ishga chiqqanining birinchi haftasiyoq Avazbek unga uzoqdan koʻrinish berdi. Ertasi «Yava» mototsiklini minib, xotinlar ishlayotgan yerga yaqin dala yoʻldan u yoq-bu yoqqa tuproq changitib oʻtdi. Ishdan qaytarda esa Hafiza atay bir toʻda xotin-xalajning ichida ketdi. Lekin bu yoʻl bilan Avazbekdan qachongacha qochib yurardi? Koʻpchilikning orasida gap otib, qolsa, nima degan odam boʻladi? Hafiza Avazbekni yomon koʻrib ketdi. Avvallari u bu qadar koʻziga yomon koʻrinmagan edi!

Bir safar ariq boʻyida oyogʻini yuvib oʻtirgan edi, qayoqdandir kelib qoldi. Hafiza kalishini ham kiymasdan turdi-da, joʻnab yubordi. Orqasidan Avazbek «Hafiza! Hafiza!» deb chaqirdi, lekin u toʻxtamadi.

Yana bir marta shunday boʻldi. Unda ham bir balo qilib qutuldi.

Keyin esa...

Keyin Avazbek ichib keldi. Ogʻzidan aroqning hidini burqsitib, Hafizaga doʻq ura boshladi:
— Seni deb xotin qoʻydim, endi nimaga qochyapsan mendan?!
— Ikkita bolaning uvoli tutadi meni, Avaz aka,— dedi Hafiza ovozi titrab.
— Ikkita bolasi bor ekan, deb biz burnimizni tortib yuraveraylikmi?
— Qoʻpollik qilmang!
— Yur boʻlmasa men bilan! Yurmayapsan-ku, axir! Hafiza tuyqus angladiki, bundan bu yogʻiga endi Avazbekka keskin gapira olmaydi. Angladi-yu jismu jonidan mador qochdi.
— Mengayam rahmingiz kelsin, Avaz aka, yaxshi koʻraman derdingiz-ku!
— Tonmiyman, yaxshi koʻraman, lekin yur men bilan! — Avazbek zoʻr berib Hafizaning qoʻlidan ushlab olmoqchi boʻlardi. Uning bu galgi dil izhori avvalgilariga oʻxshamasdi. «Yomon boʻlgani shudir-da», deb Hafizaning koʻngli choʻkib ketdi.
— Mayli, Avaz aka. Sal keyinroq uchrashaylik,— deb iltijo qildi.
— Oldimga poxol solib ketadigan boʻlsang, oʻzingdan oʻpkala!

Xotinlarning gapicha bor ekan. Avazbek hammaning koʻzi oʻngida devonavash qiyofaga kirib borayotgan edi. Xotini bilan ajrashganidan buyon ichishga berildi. Ishidan koʻngli qoldi. «Shunday bola oʻzini oʻzi xarob qilyapti-ya», deb kimlardir unga achinar, boshqalar esa: «Oydekkina xotinini haydadi, oʻzidan koʻrsin endi», deb orqavarotdan koyishar edi. Haqiqatan, turishi shu boʻlsa, undan har baloni kutsa boʻlardi. Hafiza shularni oʻylab, bir haftaning ichida ozib-toʻzib ketdi. Tomogʻidan ovqat oʻtmaydi, qoʻli ishga bormaydi, uydagilarga yorilmaydi. Daladan keladi-da, uyiga kirib olib, dim-dim boʻlib ketadi...
— Shu bugundan boshlab dalaga chiqmayman! — deb baqirdi Sharifjon kelgan kuni.
— Mayli,— dedi Sharifjon hech baloga tushunmay,— seniyam qiynab yubordim. Uyda oʻtiraqol...
— Uydayam oʻtirmayman! Umuman, uyingizdan ham, qishlogʻingizdan ham bezdim! Sizga xotin kerak boʻlsa, shu bugunoq oʻzingiz bilan opketasiz! Bolalarniyam! Ishlasam, shaharda ishlayman, gap tamom!
— Oʻh-hoʻ, chap yoning bilan turganmisan bugun? Muncha shoshilinch?
— Ketaman, dedimmi — ketaman.

Sharifjon ham qiziy boshladi.
— Boshda yur dedim, bormading, endi bunaqa qiliq, -Keyin tovushini pastlatib davom etdi. - Jinday sabr qil Hafiza shu bu yil oʻqishimni tugatib olayin ana undan keyin umrimizning oxirigacha birga boʻlamiz

Biroq Hafiza sabr qiladigan holda emasdi.
— Oldin bormagan boʻlsam, endi ketaman deyapman! Men borsam ham oʻsha oʻqishingizni oʻkiiverasiz xalakit bermayman. Shu safar bizni opketasiz, dedimmi – opketasiz.

Ancha tortishuvlardan soʻng, Sharifjon xotinining talabiga koʻnishga majbur boʻldi, u onasiga: «Mayli, uch-toʻrt kun oʻynab kelar», dedi.

Ularning kalta oʻylaganini shaharda yurganining beshinchi kunidan anglab yetdiyu oʻz-oʻzidan yuragi siqilaverdi. Shaharda yashab qolmoqchi, oʻsha yerda ishlamoqchi edi... qayokda?! Avazbek shu yerga ham uni gʻoyibona ta’qib qilib keldi. Shaxarku Tuyulga ikki qadam endi dunyoning narigi burchiga qochib borsa ham undan qutulolmasligini his qilib, Xafiza qishlokdagidan beshbattar iztirob bilan birga Tuyulga qaytdi..

Shaharda yurganida: «Oʻlsam ham dalaga chiqmayman deb qoʻygan edi, biroq qishloqqa qaytgan kunining ertasigayoq indamay ishga chikdi. Shaharda menga desa butun olamga yoysin, sharmandayu sharmisor qilsin lekin Oq binoga bormayman!» deb ahd kilgan edi, biroq qishloqqa qaytib, dalaga chiqmaslikning iloji yoʻqligini angladi. Avaz akayam odam-ku, ja unchalikka bormas, deb umidlandi. Hozircha uzilmay turayin, keyinroq butunlay uzib yuborarman, deb reja tuzdi. Nihoyat, bir kuni tuyqus: «Boraman, agar u oʻsha yerda boʻlsa, demak... peshonamdan koʻraman degan qarorga keldi va oqshom chogʻi dalachilarning koʻzini shamgʻalat qilib, yoʻlni qishloqqa emas, Oq binoga soldi,Avazbek yolgʻiz oʻzi oʻtirgan ekan. Pilik chiroq yoqigʻliq. Hafiza-a?! - deya gandiraklab oʻrnidan turdi u.

Hafiza iloji boricha oʻzini xotirjam, quvnoq koʻrsatar edi.
— Mana, keldim,— dedi ilgaridagidek muomala yoʻsinida.— Uf, haliyam oʻsha sassiq hidlaringiz ketmadimi? Kunduz kunlari munda-ay shamollatib qoʻysangiz boʻlmay-dimi?—Eshikning zanjirini soldi. Turgan yerida chayqalayotgan Avazbekni chetlab, soʻriga yurdi.— Chiroqni sal koʻtarib qoʻysangiz-chi, qorongʻida hech narsani koʻrib boʻlmayapti,— deb oʻzi pilikni buradi.

Xona yorishdi. Ichkiridagi holni Hafiza shundagina koʻrdi, bildi.

Taxta karavotning qarshisiga yashik koʻndalang toʻnkarilgan, yashikning ustida yarim shishacha bir balo, shishaning yonida ikki burdagina non...
— Oʻtir,— dedi Avazbek dovdirab.

Birdaniga Hafizaning ruhi tushib ketdi. Kelib bekor qilibman, deb afsuslandi ich-ichida. Ha, oʻlsa ham bu yerga kelmasligi kerak ekan! Hafiza bir lahzaning orasida adoi tamom boʻldi. Endi nima qiladi? Chiqib ketsinmi! Qoʻyib yuborarmidi endi Avazbek? Dodlasinmi? Shunisi yetmay turgan edi.

Avazbek shishaning uzun boʻynidan gʻijimlab, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Yashikning ustidan hatlab, Hafizaga roʻbaroʻ keldi, pishillab uning qoʻlidan tutdi. Hafiza ham gʻayri tabiiy sokinlik bilan tek qoʻyib berdi. Avazbek likillab, valdiray boshladi:
— Bu nima, bilasizmi, jonim? Buni viyno deydilar... Buning bir qultumini ichgan odam toʻppa-toʻgʻri arshi a’loga uchadi... Manovi-chi? Buni bilasizmi? Bu — popiriska...

Hafiza chinqirib yubordi:
— Bas qiling, Avaz aka! Odam degan ham shunaqa ayniydimi?!
— Hali biz ayniganga chikdikmi? Hiyq... Mayli, koʻramiz... Mayli, biz ayniganmiz, siz oppoqsiz... Oʻtir, Hafiza, ichamiz! Piyola yoʻq, kecha sindi... Piyolada har qanday ahmoq ham icha oladi... biz tomogʻidan qulqillatib... manavinday qili-i-ib...

Hafiza bir harakat bilan Avazbekning qoʻlidan shishani tortib oldi va burchakdagi taxlogʻliq yashiklarning orqasiga irgʻitdi.
— Boʻldi, ichmang, Avaz aka! — dedi ham qahr, ham mehr aralash.

Avazbek negadir bunga parvo qilmadi.
— Otaversinlar, joyidan, otaversinlar,— deya enkayib, karavotning tagidan tagʻin bitga shisha chiqardi.— Otaversinlar... Bizda esa munaqasidan bir yashik...

Hafiza keskin burilib, tashqariga chiqishga chogʻlandi. Hozirgina zoʻrgʻa likillab turgan Avazbek bir sakrab, uning yoʻlini toʻsdi va qoʻllari aralash koʻkragidan quchoqlab oldi.
— Yoʻl boʻlsin, jonginam? Bugun biz bilan qolmaydilarmi? A?..
— Qoʻyvoring! Men sizni odam deb yursam... — deya Hafiza yulqina boshladi. Avazbek oʻxshovsiz kuldi.
— Mayli, biz odammasmiz... biz ayniganmiz, mayli... lekin haqimizni tashlab keting, Hafizaxon!
— Qanaqa haq? Qoʻyvoring, deyapman!
— Iya, hali eslaridan chikdimi? Vox-xo-xo!.. Zakonniy haqimiz bor sizda... zakonniy! — Avazbek Hafizaga kanaday yopishib olgan edi, duch kelgan yeridan tatalay boshladi.

Dunyo Hafizaning koʻziga qorongʻi koʻrinib ketdi.
— Oʻlganimda olasiz haqingizni! Oʻlganimdayam ololmaysiz! — deya chinqirdi-da, bor madorini bilaklariga jamlab, Avazbekni itarib yubordi.

Avazbek oʻrtadagi yashikni non-poni bilan toʻntarib, chalqanchasiga karavotga quladi.
— Sen hali meni uradigan boʻldingmi? Sen-a? Men endi senga odamlikdan chiqib qoldimmi? Ishginalarini toʻgʻrilab yurardik, endi puf sassiq ekanmiz-da? He oʻsha sendaqangi...

Qachonlardir kelib Avazbekning ogzidan shunday haqoratli soʻzlar chiqishi mumkinligi Hafizaning yetti uxlab tushiga kirmagan edi. Quloqlarini bekitayin desa, eshikning zanjirini tushirishi kerak, zanjirni tushiraqolay desa, qoʻllari tarashadek qotgan — boʻysunmaydi. Bir yilgina burun qanday edi! Nahot oʻshanda ham shunday oʻylagan boʻlsa?! Qani u shirin-shakar soʻzlar? Nahotki oʻshalarni ham shu odam aytgan?! Yoʻq, Hafiza boʻlak har qanday xoʻrlikka chidaydi, lekin oʻzining eng goʻzal damlariga sherik qilgan odamning bunday haqoratlariga dosh berolmaydi. Bu — xiyonat, oʻtaketgan xiyonat!!!

Yuragi zirillab ketdi. Vujudiga qalt-qalt titroq kirdi. Akashak qoʻllarini ming mashaqqat bilan zanjirga choʻzib, tushirdi. Zanjir shiriq-shiriq etib tebrana boshladi.
— Oʻv, menga bir qara-chi,— deya Avazbek Hafizaning orqasidan koʻylagiga chang soldi.— Qolmaysanmi?

Qoʻyvoring!

— Nimashta muncha noz qilasan? Koshki farishta boʻlsang!
— Bas qiling! Qoʻyvoring, deyapman!

Hafiza eshikning kssakisini ushlab tashqariga yulqinar, Avazbek uningg qoʻlidan changallab ichkariga tortqilar edi.
— Nimaga keldingu endi nimaga ketyapsan? Oʻz oyogʻing bilan kelding... oldin xam zoʻrlab opkelganim yoʻq, oʻzing kelgansan, shundaymi?! Endi nimaga noz qilyapsan? Ho-o, osongina qutulib boʻpsiz.., Xaqimizni berib ketasiz...

Hafiza shartta oʻgirilib, tizzasining koʻzi bilan Avazbekning chotiga tepdi.
— Mana senga! Mana senga haqing! ......deb yana tepdi.

Avazbek oʻzini oʻnglashga ulgurmay turib, oʻxshatib yana tepdi.— Ol haqingni, iflos!!!

Avazbek chotini changallagancha, ikki buklanib ketdi va...
— Uh, jallab! — dedi chinqirib.— Jalabligingga bording axiyriyam-a!!!

Hafiza otilib tashqariga chiqdi va toʻxtamay chopib ketaverdi. Qayoqqa chopayotganini bilmaydi. Oyoqlarida jon yoʻq, lekin chopyapti. Shu holda u hech qachon toʻxta-maydigandek edi. Yigʻlab yigʻlashini bilmaydi, kulib — kulishini. Dalalarda yengilgina shamol izgʻib qolibdi, shunga qarshi chopaverdi. Boshidan roʻmoli uchib, orqada qolib ketdi hamki, toʻxtamadi. Xuddi ortidan Avazbek quvib kelayotgandek tuyulardi unga. Chopaverdi. Biroq har qancha chopmasin, aylanib-oʻrgilib kelib tagin Oq binoning qarshisidan chiqib qolaverdi. Yoki koʻziga shunday koʻrindimikan? Har holda, Oq binoning lang ochiq eshigini aniq koʻrar, Avazbekning haqoratini aniq eshitar edi... Holdan toyib, dumalab qolguncha chopdi oʻziyam...

Koʻzini ochganida, tepasida oʻzining tuqqan onasini koʻrib, hayron boʻldi. Yigʻidan onaning koʻzlari qizarib ketgan, yuzlari bir ahvolda edi.
— Sizga nima boʻldi, aya?— deb soʻradi xavotirlanib. Shunda ona tap etib oʻzini uning ustiga tashladi-yu yigʻini baralla qoʻyib yubordi.
— Tuzukmisan, bolam? Voy bolaginamdan oʻrgilay, tuzukmisan?— derdi u hadeb.
— Menga nima qilibdi?— dedi Hafiza hali nima gapligiga aqli yetmay. Keyin birdan tusi oʻzgardi.— Men qachon bu yerga kelib qoldim, aya?—deb soʻradi onasining yoshli koʻzlariga javdirab.
— Bilmayman, qizim, bilmayman. Kechagi ahvolingni koʻrib, oʻlib boʻldik... Nima gap, qizim? Koʻzingga jin koʻrindimi? Qoʻrkdingmi-ya? Shu, dalasida qorongʻiga qolib nima qilarding-a, bolaginam!

Hafiza birdan hammasini esladi. Hovliqib, bolalarini soʻroqlay boshladi.
— Qaerda boʻlardi, uyingda-da,— dedi onasi.— Hozir opkelib qolishar. Kechasi bilan qaynonang ham tepangda oʻtirib chiqdi. Ertalab kelamiz degan edi...
— Aya, men ketaman! — dedi Hafiza taraddudga tushib. Onasining tavallolariga quloq solmadi. Nonushta qip ketarsan, deganiga ham, dadang doʻxtirga ketuvdi, deganiga ham parvo qilmadi.
— Menga doʻxtir kerakmas, soppa-sogʻman!

Onasi: «Iloyim sogʻ boʻlgin-a, qizim!» degancha qoldi.

Shamol kechagidan xiyla kuchayibdi. Hafiza koʻylagining ustidan onasining pinjagini kiyib, uyiga joʻnadi.

Bu kun juma edi. Erta — olamda yagona erining kelar kuni. Hafiza tezroq borib, tayyorgarligini qilishi kerak. Ilgarilari shanba-yakshanbalarni ozmuncha hayajon bilan kutarmidi u! Bugun ham oʻshanday hayajon, oʻshanday sogʻinch uni uyga shoshiltirar edi. Hozir borib hovli-joyni tartibga keltiradi, supurib-sidiradi. Rustamjonni ham, Muhabbatini ham choʻmiltiradi, orasta kiyintiradi. Axir, dadajonisiga ularni boʻjalaq holicha koʻrsatmaydi-ku?! Bahonada oʻzi ham choʻmilib oladi, badanidan dalaning bir haftalik gʻuborlarini yuvadi. Boʻyniga, quloqlarining orqasiga xushboʻy atirdan surkaydi...

Hafiza uyga yetib kelganida shamol kuchaygandan kuchayib borardi.

Oqshom tusha boshlagan palla ikki oila bir boʻlib qishloqning keksa kampirlaridan birini olib, Hafizani dalaga boshlab keldilar. Tuyul bilan Jaloyirning dalalari tutashgan joyga — uzun ketgan tutqatorning oʻrtasiga oʻt yoqib, latta kuydirib, «ajinadan qoʻrqqan» Hafizani alas-alas qildilar. Katta yapaloq toshni koʻramtada qizdirib, togʻoradagi suvga soldilar, ustiga Hafizani engashtirib, koʻrpa yopdilar, nihoyat, togʻoradagi suvdan unga uch hoʻplam ichirdilar, koʻkragini ochtirib turib, sepdilar, har ehtimolga qarshi oʻzlari ham oʻsha suvdan ichdilar. Hafizaning yuziga sal-pal rang kirgandek boʻldi. Koʻngillar tinchib, bu oʻziga xos kichikkina marosim qatnashchilari uy-uylariga qaytdilar.

Shamol kuchaygandan kuchayib boraverdi.

Kechki ovqatdan keyin Hafiza dilga tugib qoʻygan ishlarni bajardi: kir yuvdi, bolalarini choʻmiltirdi, oʻzi ham choʻmildi, shirin alla aytib, qoʻzichoqlarini uxlatdi. Rustamjon birpasda pish-pish qilib uxlab qoldi, Muhabbat esa, «dad-da, dad-da» deya-deya anchagacha uxlamadi. Onasi beshikni tebratib, yana alla aytgandan keyingina oromga ketdi. Nihoyat, Hafiza oʻziga qaraydigan fursat ham keldi.

Vaqt allamahal boʻlib qolgan, tashqarida shamol hamon guvillar edi.

Hafiza javon tepasidan atir-upa turadigan jajjigina qutichani olib ochdi-da, toshoyna qarshisiga turdi...

Evohkim, koʻzgudan unga mutlaqo begona bir juvon moʻltirab qarab turar edi!

Shuv etib yodiga kechagi voqealar tushdi. Oq bino... vino... qoʻlansa hid... Avazbekning mast basharasi... va haqoratli soʻz...

Hafizaning quloqlari shangʻillab ketdi. Miyasi shishib, boshi tars yorilay derdi.

Koʻzgudan hamon begona bir juvon unga tikilib turar, ajabki, hov orqarokda kimdir (Sharifjonmi? Avazbekmi?) ortga oʻgirilmay, shitob bilan ketib borardi. Hafizaning koʻzlari chars ochildi. Xayoliga: «Endi Sharif akam menga nomahram, endi men Sharif akamga begonaman!!!» degan oʻy keldi va...

...kutichani zarb bilan toshoynaga urdi. Oyna ham, quticha ham sinmadi, lekin ichidagi lash-lushlar xona boʻylab har tomonga sochildi. Uy ichini upa-elikning isi tutib ketdi. Bir zumda karaxt boʻlib qolgan Hafiza shalvirab gilamga choʻnqaydi...

Bu olamda uning yakka-yu yagona sirdosh dugonasi — chegara bilmas oʻy-xayollarga burkanib yurguchi yana bir Hafizasi boʻlardi. Shunday paytda oʻsha dugonasi ham gung, soqovga aylangandek edi. Hafiza zoʻr berib u bilan tillashishga urindi. Boʻlmadi. Nimadandir ilinj-umidda unga quloq soldi. Hech bir sado yoʻq. Oʻzi nimanidir soʻramoqchi boʻldi. Tili aylanmadi. Shunda birdan, bu olamda yakka-yu yagona sirdoshi ham uni abadul-abadga tark etganini fahmlab qoldi. Va ovozining boricha... kulib yubordi.

Tungi kulgidan uy ichi jaranglab ketdi.

Beshikdagi Muhabbat choʻchib tushdimi, piqillay boshladi.

Hafiza kulgidan toʻxtab, toshoynaga yana bir necha muddat qarab turaverdi. Soʻng indamay orqasiga qayrilib, daxlizga chikdi. U yerdan ayvonga oʻtdi.

Beshikdagi Muhabbat sekin-asta avjga minaverdi.

Hafiza kaytmadi. Boʻm-boʻsh boshida Avazbekdan eshitgan haqoratli soʻz hamda oʻzining boyagi dil iqrorigina gʻuvillab charx urar edi: «Endi Sharif akam menga nomahram, endi men Sharif akamga begonaman!»

Shamol hamon tinmay guvillar, zimziyo tunda allanimalarni uchirib oʻynar edi. Hafizaning koʻylaklari shamolda tovush chiqarib pirpiraydi, zimziyo tun misol zimziyo sochlari yoyilib, toʻrt tarafga yulqinadi.

Beshikdagi Muhabbat bigʻillab yigʻlay boshladi. Hafiza ortiga qaytmadi. Chorvoq eshigini ochib, dalaga chikdi. Eshik taraqlab yopildi.

Dalada shamol hovlidagidan ham kuchli ekan: buralib-buralib, chiyillab-chiyillab, Hafizani allaqayoqlarga surgab ketaverdi.

Qizchasi beshikda bigʻillab-bigʻillab qolaverdi.

Zimziyo tunda toʻrt taraf poyonsiz ketgan yoʻldek edi: Hafiza sochlari toʻzgʻib, koʻylaklari pirpirab, boshi oqqan tomonga ketaverdi.

Guvillagan shamol tinimsiz yigʻlayverdi, Hafiza oʻzini shamolning erkiga berib ketaverdi. Endi uning boʻm-boʻsh boshida Avazbekdan eshitgan haqoratli soʻzu oʻzining boyagina qilgan dil iqrori bilan birga beshikda chirqillab qolgan Muhabbatining yigʻisi ham qoʻshilishib gʻuvillar edi.

Shamol esa, bu koʻhna dunyoni zir-zir titratib, bigʻillab-bigʻillab yigʻlayverdi...

* * *

Ziyrak oʻquvchilarimiz norozilanmasinlar deb keyin ayrim tafsilotlardan ularni qisqacha xabardor etib qoʻyishni lozim topdik.

Sharifjon politexnika institutini bitirib, etagini silkib, uzoq Sibir viloyatlaridan biriga ishga joʻnab ketdi. Qoʻshni qishlokdagi Sunnatilla birgadga «Men endi butunlayga ketyapman», debdi.

Avazbek «taraktirning dastagi tepgan» joyini davolatib chiqqach, ichkilikni tag-tomiri bilan tashladi. Xotini bilan ham yarashdi. Ular hozir Qarshi choʻlining yangi oʻzlashgan joylaridan birida istiqomat qilishadi. Farzandlari toʻrtta boʻldi, toʻngʻichi bu yil maktabga bordi.

Hafiza esa...

Keling, Hafiza haqida indamay qoʻyaqolay. Shunchasini aytdim, shunisini aytmaslikka ijozat boʻlar, axir?..

1986