OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nusrat Rahmat. Iqbol (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiIqbol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iqbol (hikoya)
Nusrat Rahmat

– Chiqar! – buyurdi polvon odatdagi toʻnglik bilan toshlarni imlab koʻrsatarkan.

Men zilday ogʻir toshlardan ikkitasini ikki qoʻlimga olib, sahnaga chiqdim: zalning har yer-har yeridan tartibsiz qarsak chalindi.

Bular meni polvon deb oʻylashganidan shunday qilishadi. Aslida men polvon emas, uning shogirdiman.

Institutga kirolmaganimdan keyin fizkultura oʻqituvchimiz shahar istirohat bogʻining direktori Kiromovga iltimos qilib, shu odamga – Juma polvonga shogird tushishimga yordamlashdi.

Men toshlarni sahnaga chiqarib qoʻydim. Hademay surnay choʻzib nola qildi, nogʻora hayajon bilan avjiga koʻtarildi. Keng yelkalari, zabardast bilaklaridan kuch yogʻilib turgan azimjussa Juma polvon sahnaga chiqishi bilan hamma qarsak chalib yubordi. Pahlavon labining bir chekkasi bilan xiyol tabassum qildi. Men oʻzimni chekkaroqqa oldim. Tomosha boshlandi.

Juma aka eng avval men chiqargan ikki pudlik toshlarni koptokday yuqoriga uloqtirib oʻynay boshladi: ularni navbatma-navbat irgʻitar, soʻng koʻkragi bilan urib yuborar, choʻyan toshlar zarb bilan polga urilar, taxtalar bir oz mayishib ketar, yengil chang koʻtarilardi.

Aslida bunday sharoitda tomosha koʻrsatish noqulay. Yaxshi tomosha uchun obdan jihozlangan tsirk sahnasi kerak. Uning manejiga yogʻoch qinigʻi solingan, ustidan gilam toʻshalgan boʻladi. Unday paytda ishtiyoq ham shunga yarasha boʻladi, albatta.

Ha, mayli, bular bari vaqtincha: kelajakda hammasi joyida boʻladi. Yaqinda Toshkentdan kelgan vakil ham shahrimizd – bizning gruppamiz bazasida tsirk boʻlishini aytgandi: biz oʻsha tsirkning ilk artistlari boʻlamiz. Unda hamma narsamiz boʻladi: mashinamiz, inventarlarimiz, eng muhimi – mustaqil boʻlamiz. Hozir esa madaniyat boʻlimi ixtiyoridagi bir gruppa, buxgalteriya daftarida ham birimiz hisobchi, yana birimiz farrosh va hokazo. Shuning uchun boʻlsa kerak, har bir yigʻilishda Juma polvon Kiromov bilan aytishib qoladi: qoʻshimcha shtatlar ajratishni talab qiladi, bizga tegadigan pulni koʻpaytirish masalasini qoʻyadi. Ammo u boʻlsa shunday polvon kishidan choʻchimay: «Bu qoʻlimdan kelmaydi», deb qoʻya qoladi. Balki, haqiqatanham shundaydir. Oʻtgan kuni ishga kelgan kassir qizni ham toshkentlik vakil ruxsat berganidan keyin qabul qildi-ku. Ungacha Boʻta qiziq ham bilet sotardi, ham tomosha koʻrsatardi.
– Tubaretka! – fikrimni boʻldi hamon toshlarni oʻynatayotgan polvon menga qaramayoq.

Yugurib borib, avvaldan tayyorlab qoʻyilgan kursini keltirdim va sahnaning oʻrtasiga qoʻydim, toshlarni ichkariga olib kirdim.

Polvon oʻn-oʻn besh yoshlardagi bolani kursi ustiga chiqardi, soʻng mahkam tishlaganicha uni yerdan uzdi, qarsak sadolari ostida sahnani ikki bor aylanib chiqdi.

Navbat Polvonning qorni ustida oʻtin yorish hangomasiga yetib keldi. U chalqanchasiga yotdi, maxsus tayyorlangan enligina taxtani uning koʻkrak qafasi ustiga qoʻydim. Surnay bilan nogʻora odatdagiday nola qilishga tushdi. Men gʻoʻlani bafurja tiklab qoʻyib, boltani oldim va odamlarning hayajonlarini oshirish ilinjida uni dast koʻtarganimcha bir lahza toʻxtadim, keyin gʻoʻlani bir necha boʻlaklarga boʻlib tashladim. Juma aka oʻrnidan turishi bilan qarsak yangrab ketdi.

Navbatdagi tomosha ancha qaltis edi. Men tomoshabinlar koʻzi oldida bir necha limonad shishasini sindirib, pol ustiga yoydim, soʻng uning orasidan yiriklarini terib oldim. Oʻtgan gal shunday qilishni unutganim uchun polvon shunday yovqarash qilgandiki, eslasam hali ham yuragim orqaga tortib ketadi.

Polvon bu gal hech qanday e’tiroz bildirmay, shisha siniqlari ustiga chalqancha choʻzildi. Programmaga binoan zaldan sakkiz kishini sahnaga taklif qildim va ulardan polvonning ustiga chiqishlarini iltimos qildim. Har galgidek, ular rozi boʻlishmay tarxashlik qilib turishdi. Shuning uchun avval oʻzim chiqdim. Ular ming istihola bilan polvonning keng yelkalariga chiqishdi. Biz bir necha daqiqa shu alfozda turdik. Zalni qarsak tutib ketdi.

Shu bilan bizning galimiz tugadi. Juma aka yana bir ta’zim bajo keltirib, orqasiga qaytayotganda unga yumaloqlangan qogʻoz uloqtirib qolishdi. Bilaman: uni men tengi bolalardan birortasi yozgan. Har gal shunday qilishadi – Juma akadan polvonlik sirlarini soʻrashadi: polvon boʻlib olib hammani hayratda qoldirmoqchi boʻlishadi. Oʻzim ham shunaqa boʻlganman. Aslida esa bu shundaygina aziyatdan iborat ekanligini endi his qilyapman. Kuni bilan polvonning qosh-qovogʻiga qarab ish tutish, uyga borgandan keyin ham tinmay mashq oʻtkazish oson emas.

Polvon maktubni ochib koʻrmayoq Boʻta qiziqqa uzatdi. Oʻtgan gal ham shunday qilgandi. «Boʻta gapga boy, oʻsha gapirib bersin», degandi.
– Birodarlar, – soʻz boshladi BOʻta qiziq ikki qoʻli bilan «jim» ishorasini qilib, - qaerdaki tomosha koʻrsatmaylik, bolalar albatta mashhur polvonimiz Juma akadan polvonlik sirlarini soʻrashadi. Mayli, ayta qolay. Faqat jim oʻtirilsin! Bu sir – hech kimga aytib qoʻyilmasin.

Bir lahza sukutdan keyin u yana davom etdi:
– Rivoyat qilishlaricha, juda qadim zamonlarda uzoq qaybiram mamlakatda oʻz marganligi bilan dong taratgan bir shahzoda boʻlgan ekan. U kamon bilan bir chaqirim naridagi otning qulogʻini tesha olar, uchib borayotgan turnalardan istaganini urib qulata olarkan. Shahzodaga hamma tan berarkan-u, ammo sevikli xotini qoyil qolmas ekan. Shahzodaning toqati tugab, xotinidan buning boisini soʻrabdi. «Mahoratning kaliti – mashq. Mashq qilsa hamma ham shunday boʻlishi mumkin», - debdi malika. Shahzoda uning qaysarligidan dargʻazab boʻlib, haydab yuboribdi. Malika uzoq bir qishloqqa borib kun kechiribdi. Oʻsha yerda boloxona qurdirib, yaqinda tugʻilgan buzoqni olib chiqish, olib tushishni mashq qilaveribdi. Yillar oʻtibdi, buzoq ulgʻayib hoʻkiz boʻlibdi, ammo malika mashqni kanda qilmabdi. Koʻp oʻtmay bu shov-shuv shahzodaning ham qulogʻiga yetibdi va u hoʻkizni koʻtaradigan ayolni koʻrish niyatida mulozimlari bilan oʻsha tomonga ravona boʻlibdi. Borib qarasa, haqiqatan ham bir nozanin ayol bahaybat hoʻkizni koʻtarib yurgan ekan. Shahzoda juda qiziqib, ayoldan buning boisini soʻrabdi. «Mahoratning kaliti mashq. Mashq qilsa hamma ham shunday boʻlishi mumkin», debdi u avvalgidek. Shundan keyingina shahzoda bu ayol oʻzining sevikli va tik soʻzli xotini ekanligini fahmlab qolib, undan uzr soʻrabdi.

Bu ertakni Boʻta qiziqdan kelgan kunlarim eshitgan edim. Shundan keyin gantel sotib olib mashqni juda qizitdim, ammo negadir Juma akaday baquvvat boʻlolmayotganimdan xunob boʻlib ketaman ba’zan.

Programmaga binoan sahnaga Boʻta qiziq bilan Boli vali chiqishdi. Ola-bula kiyingan bu masxarabozlar paydo boʻlishi bilan zalda shoʻx kulgi yangradi. Ular bir necha intermediya ijro etishgach, odatdagidek Boʻta Boli valining koʻzini bogʻlab, uni sahnada qoldirdi va oʻzi zalga tushdi. U tomoshabinlar orasida bir oz yurgach, bir ayolni koʻrsatib soʻradi.
– Tak, Boli vali, bu kishi kim?
– Bu – ayol kishi, aka, - javob berdi Boli vali hech qiynalmay.
– Balli! Bu kishi-chi? – bir erkakni koʻrsatib soʻradi Boʻta qiziq.
– Erkak.
– Bu kishi-chi?
– Bu kishi ham oʻzini erkak deb yurganlardan, aka.
– Balli! Bu kishining boshlarida nima bor?
– Hech nima yoʻq, aka.
– Balli! E, sizni bekorga vali deyishmaskan-da.

Bir lahza jimlik choʻkdi. Boʻta qiziq chekkada oʻtirgan kishiga murojaat qilib, bir necha barmogʻini koʻrsatishni soʻradi. Soʻng Boli volidan nechta barmogʻini koʻrsatayotganini soʻradi.
– Beshta barmogʻini, aka.
– Endi-chi?
– Endi bitta barmogʻini, aka.

Odamlar gurillab kulishadi, qarsak chalishadi. Bundan keyingi savollarga ham adashmay javob qaytaradi u.

Tomoshadan keyin kolxoz rahbarlari ziyofat berishdi. Dasturxon ustida ham nuqul bugungi tomosha haqida gapirishar, mahoratimizni maqtashardi.
– Bular hali ishning boshlanishi, - gʻururlanib javob qaytardi surnaychimiz.
– Sirkka aylangandan keyin koʻrasizlar: oʻzimizning akrobatsiyamiz, dressirovkami boʻladi.
– Sirkimizning mustaqil xoʻjaligi, plani, nomi boʻladi, - vazminlik bilan davom ettirdi Juma aka.
– Shunday qilib, nomini nima qoʻyamiz? - polvonga savol berib qoldi Boʻta.

Juma aka bir oz oʻylanib turdi-yu, yelka qisib qoʻya qoldi.
– Nomini «Iqbol» qoʻysak yaxshi boʻlardi-da, – qoʻrqa-pisa ancha vaqtdan beri oʻylab yurgan fikrimni aytdim. Hech kim indamadi. Faqatgina kassir qiz «piq» etib kuldi.
– Ha, tinchlikmi? – unga yuzlandi Boʻta.
– Nima, tsirkka mening nomim qoʻyiladimi? – bu gal ochiqroq kulib gapirdi u.
– Iqbol uchun olaylik, oʻrtoqlar, - suhbatimizni kesdi rais.

Juma akadan soʻng Iqboldan tashqari hammamiz qadahlarni boʻshatdik.

* * *

Bugun tushgacha taxtaga qoʻl bilan mix qoqib, uni tish bilan sugʻurib olishni mashq qildim. Ammo har qancha zarb bilan ursamda, taxtani teshishni uddalolmadim. Buning ustiga mixdan zarb yegan kaftim qip-qizil boʻlib shishib chiqdi, tishimga zirqirab ogʻriq kirdi. Shundan keyin juda xoʻrligim kelib ketdi, mixni toʻgʻri kelgan tomonga uloqtirdimu koʻzimdan tirqirab chiqqan yoshlarni sidirib tashladim. Oʻzi men xumboshga kim qoʻyibdi pahlavonlikni?! Boshqa biror ishning etagini tutganimda, hozirgacha bemalol oʻrganib olardim, oyimga ogʻirligim tushmay, yordamim tegardi. Farroshlik qilib topadigan ozgina moyasini ham mana bunaqa lashlushlar sotib olish uchun menga tutqazadi, boyaqish. Qoʻshnilarga: «Oʻgʻlim katta pahlavon boʻladi», deb maqtanib ham qoʻydi. Mening esa ahvolim bunaqa... Meni shu toshbagʻir Juma polvonga shogird qilib qoʻygan fizkultura oʻqituvchimiz Norboevga ham...

Kechqurun yigʻilishda kayfiyatim undan ham battar buzildi: kvartal yakuniga bagʻishlangan yigʻilishda bizlarni rosa tanqid qildi. Ma’lum boʻlishicha, faqat bizning gruppa planni bajarolmay qolgan ekan.
– Oxi, ayoqqa kishan boʻlmanglar, - dedi Kiromov tojikcha lahjada, - programma doqiyunusdan qolgan, tamoshabin ziq boʻlib ketadi.

Juma aka ham jim oʻtirmadi: ruxsat-puxsat soʻramay oʻrnidan turdi-yu, tutaqib gap boshladi.
– Shu gruppani yoʻq joydan bor qilaman deguncha ona sutim ogʻzimga kelgan: u paytlarda birorta xoʻjayin yoʻq edi. Endi hamma bizga katta. Ahvoling nechuk deb soʻraydigan savobtalab yoʻq! Tomoshaning oʻzi boʻlmaydi-ku! Juma aka yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, soʻzini yoʻqotib qoʻydi. Kiromov fursatdan foydalandi:
– Qaysi talabingiz roʻyobga chiqmadi?
– Talabimiz shuki, bizga bilet sotish toʻgʻri kelmaydi. Shartnoma tuzamiz. Oʻsha pulni qaerdan boʻlsa topib beramiz. Bizga mashina kerak, shtat kerak!
– Bular qoʻlimdan kelmaydi, - odatdagi javobini roʻkach qildi Kiromov va boshqa masalaga oʻtdi.

* * *

Navbatdagi tomosha togʻ orasidagi Ohalik qishlogʻida koʻrsatiladigan boʻldi. Bu yerda kelishimiz bilan diqqatimizni uning soʻlim tabiati jalb etdi. Qishloq toʻrt tomondan purviqor togʻlar bilan qurshalgan, choʻqqilar toʻshida qor yaltirardi.

Lash-lushlarimizni klubning bir chekkasiga joylab, togʻ sayriga joʻnadik. Shundaygina tepamizda osilib turgan choʻqqi oʻziga chorlardi bizni. Choʻqqi etagiga yetguncha hazillashib, latifagoʻylik qilib bordik, xatto Juma polvon ham hazil-mutoyibaga moyil boʻlib qoldi. Ammo u choʻqqiga chiqmadi, garchand bizning ham chiqishimizga unchalik roʻyxoʻshlik bermagan boʻlsa-da, indamay yuqoriga chirmashdik.

Koʻp oʻtmay Boʻta qiziq bilan Boli vali ham hansirab qolishdi va men bilan Iqbolga oq yoʻl tilashdi. Oldinda Iqbol choʻqqiga tikilganicha ilgarilar, men unga yetib olishga harakat qilardim.

Hademay Iqbol kattakon xarsang ustida tin oldi. Men uning yonidan joy oldim. Ikkalamiz ham yengilgina hansirardik, gaplashishga majolimiz yoʻq edi.
– Bu toshlar oddiy toshlar emas, - sukunatni buzdi Iqbol ostimizdagi xarsangni imlab koʻrsatarkan. – Bular – ohak toshlar, qishloqning nomi ham «ohaklik» soʻzidan olingan boʻlsa ajab emas.
– Buni Boli validan soʻrash kerak, - dedim uning topqirligi yodimga tushib.
– Nega?
– Axir u vali-ku! Biladi-da!

Men bunday javobni kutmagan edim: hayratlanib Iqbolga yuzlandim. U hamon oʻsha qiyofada turardi.
– Vali emas, dedingizmi? – ishonqiramay soʻradim.
– Boʻlajak pahlavon oʻta sinchkov boʻlishi kerak. Ular kod bilan aniqlashadi – odamlarni aldashadi.
– Masalan?

U andak sukut saqlab turdi-yu, tushuntirishga kirishdi.
– Boʻta qiziq savol berganda, bir yoʻla javobini ham aytadi. Masalan, «Tak, Boli vali, bu kishi kim?» – desa, ana shu gapdagi «tak soʻzi ayol ekanligiga ishora, shu soʻzni tashlab ketsa – erkak. Boʻta qiziq «xoʻsh», deb gap boshlasa, Boli vali «yoʻq» deb javob qaytaradi. Masalan, «Xoʻsh, bu kishining boshida nima bor?», «Hech nima yoʻq».
– Unday boʻlsa, buyumlar, barmoqlar sonini qanday qilib biladi? – hayratlanib savolda davom etdim.
– Savoldagi soʻzlar soniga qarab. «Bu kishi nechta barmogʻini koʻrsatayaptilar:» Beshta soʻzmi? Demak, beshta barmogʻini koʻrsatayapti.

Men juda lol qoldim. Shuncha vaqtgacha oddiy laqillatishning fahmiga yetmay yurganimni qarang-a! Balo ekan bu qiz! Yaqinda kelib, bari sir-asrorimizni bilib olibdi.
– Boʻlmasa haqiqiy koʻzboylagichlarqanday qilib biladi? – suhbatimiz uzilib qolmasligi uchun savolda davom etdim.
– Illyuziya. Nerv sistemasiga ta’sir qilish yoʻli bilan.

Tabiiyki, men hech narsa tushunmadim. Bir oz sukunatdan keyin yana savolda davom etdim. Iqbol javob berish oʻrniga menga yaqin surildi, koʻzimga boqqanicha uyqu haqida gap boshladi. Chexovning «Uyqu istagi» hikoyasini napirib bergach, «uxlang, uxlang» deb nazokatli shivirlay boshladi...
– Oʻtiring, - dedi u bir mahal.

Men oʻtirdim, ammo qachon oʻrnimdan turganimni eslolmadim, bu orada qandaydir sirli voqealar boʻlib oʻtganidan shubhaga tushdim.
– Hozir oʻzingiz sezmagan holda oʻrningizdan turib, kostyumingizni yechdingiz, orqasiga oyogʻingizni artdingiz.
–Hazilni qoʻying, - dedim mumkin qadar bosiqlik bilan, ammo shubham ortib, kostyumimni yechdim: uning orqasida oyoq izlari bor edi.
–Siz xijolat tortmang, Umid aka, - birinchi bor nomimni tilga olib gap boshladi qiz, - kim koʻrgan emas.

Koʻnglimda tugʻyon urayotgan boyagi zavq oʻrnini noxush gʻashlik egallay boshladi, men endigina sadoqat qoʻymoqchi boʻlgan qiz bilan oramizda kattagina jarlik borday edi. Axir u – dono, hozirjavob boʻlish bilan birga qandaydir gʻayritabiiy hunarga ham ega. Menda esa na Juma polvonnikiday kuch bor va na Iqbolnikidaqa mahorat.
–Umid aka, siz tsirk boʻlishiga ishonasizmi? – fikrimni boʻldi Iqbol.
–Ha, ishonaman, albatta ishonaman!
–Aytganingiz kelsin-da.
–Unda koʻproq bilet sotish mumkin boʻlardi-da, - fikrini uqmoqchi boʻldim uning.
–Gap unda emas, biletni hamma ham sotishi mumkin. Men bu yerga kassir boʻlish uchun institutni tashlab kelganim yoʻq.
–Ha, ha, siz tsirk artisti boʻlishingiz kerak. Odamni gipnoz qilolasiz, - dalda berdim.
–Gap unda ham emas. Sirk boʻlsa zabardast gipnozchilar keladi, ulardan koʻproq narsani oʻrganib olish mumkin boʻladi-da. Men bu yerda shunday artistlar bor, deb xatoga yoʻl qoʻyibman.

U ta’riflab boʻlmas, samimiyat, nazokat bilan gapirardi: juda yaqin kishisiga koʻngil ochayotganday oʻkinch va nadomat bilan oʻz tuygʻularini izhor etardi. Bu hol bizni yana yaqinlashtirdi.
– Sirk boʻladi, albatta boʻladi, - dedim negadir komil ishonch bilan.

* * *

Ohalik qishlogʻining klubiga odam sigʻmasdi. Chollar, bolalar, jamiki toʻplanganlar tomosha boshlanishini intizorlik bilan kutardilar.

Bugun kayfiyatim joyida edi: birorta tomosha koʻrsatib, mana shu begʻubor togʻ kishilari shodligiga qoʻshgim kelardi. Lekin buni polvondan soʻrashga istihola qilardim. Bir gal aytganimda juda toʻng javob qaytargandi. «E, qoʻysang-chi, Umid, men polvon boʻlib qaerni obod qildimki, sen qilsang! Shu ham kasb boʻldi-yu?! Hozirgi zamonda kuch kerak boʻlmay qoldi: hozir yo pul kerak, yo bilim!» – degandi. Shunday boʻlsa-da, unga yaqinlashib, birorta nomer ijro etish niyatim borligini gapirdim.
–Masalan, - ancha ochiq chehra bilan soʻradi u.
–Masalan, taxtaga qoʻl bilan mix qoqib tish bilan sugʻurish yoki arqonni uchiga yetti kishini qoʻyib tortish.
–Yetti kishini tortaman, dedingmi? Sharmanda boʻlib qolmaylik tagʻin. – U ishonqiramay qayishini yechdi, sahnaga chiqdik, pardaning ochilib qolgan joylarini berkitdik. Pahlavon tasmaning bir uchini qoʻliga oʻrab, osilib turgan tomonini menga choʻzdi.
–Qani, tortting-chi!

U oʻng qoʻlini oldinga choʻzganicha gʻoz turardi, loaqal oʻrnidan ham jildirolmasligimga ishonchi komil edi.

Qayishning ikkinchi uchini qoʻlimga oʻradim, gavdamni bir oz egib, bor kuchim bilan tortdim: polvon munkillab ketdi. Men toʻxtashim bilan hijolat boʻlib, qayishni ikki qoʻli bilan ushladi. Vaziyatini oʻzgartirdi.Zarb bilan tortdim: raqibim yana silkinib ketdi, chekkaga borib qolganim uchun oʻzimni chapga oldim, tezligini toʻxtatolmagan pahlavon sahnadan pastga tushib ketdi. Har qalay yiqilmadi!

Ikkalamiz ham bunday boʻlishini xayolimizga keltirmadik: naqadar nooʻngʻay vaziyat. Men bu odamni juda kuchli deb yuribman...

Surnay choʻzib nola qildi, nogʻora avjiga chiqdi. Men ikki pudlik toshlardan bir juftini sahnaga olib chiqishim bilan har yer, har yerdan tartibsiz qarsak yangradi. Koʻp oʻtmay Juma aka oʻsha viqor va salobat bilan oʻrtaga chiqdi...

Menga gal bermagan boʻlishsa hamki, unchalik oʻksinmadim. Qandaydir iftixor tuygʻusi qalbimni allalardi.

Kechqurun odatdagidek ziyofat berishdi. Araq shishalarini koʻrib, Juma akaning chehrasi ancha yorishganday boʻldi. Men bu gal ichishdan oʻzimni tiydim.
–Bizning shogirdlar shunaqa: asta-sekin ayniyveradi, - toʻngʻilladi polvon. Hademay uning kayfi oshdi: yovvoyi hislatlari yuzaga ura boshladi. Menga esa yeb qoʻyguday boʻlib tikilar, biror bahona bilan mojaro chiqarib, toʻyib doʻpposlagisi kelayotganligi sezilib turardi. U Iqbolga ham qandaydir gʻarkoʻzlik bilan nazar tashlar, bularning bari nooʻngʻay va hatto jirkanch edi.

Har qalay rais fotihaga qoʻl koʻtardi.

* * *

Kuni bilan Iqbolni qoʻmsadim. Kech tushishi bilan mikrorayonga – unikiga yoʻl oldim. Entikib ikkinchi qavatga koʻtarilishim bilan ovozi qulogʻimga chalindi.
–Chiqing, chiqing deyapman, benomus!

Uning ovozi qaltirar, yigʻlamsirardi. Oʻrnimda qotib qoldim. Qiya ochiq eshikdan Juma polvonning mingʻirlagan ovozi keldi: «Oʻsha soʻtakchalik ham boʻlmadikmi! U bilan kayf-safo qilinadi-yu, bizga kelganda...»
– Chiqing, Chiqing deyapman! – keskinlashdi Iqbol.

Ortiq chidab turolmadim: eshikni shiddat bilan ochib, oʻzimni ichkariga urdim. Ular meni kutishmagan edi, albatta: polvonning koʻzi qonga toʻldi, Iqbol esa hoʻngrab yigʻlab yubordi.

Juma polvon bilan intiqomli nigohlarimiz toʻqnashdi: duelga chogʻlangan erkaklarday tashqariga chiqdik va hududsiz gʻazablarimizni bosib pastga tusha boshladik. Birinchi qavatga toʻrt-besh zina qolganda, yelkam va boʻynim aralash qattiq zarba tushdi: oʻz nafratini tiyolmagan polvon butun kuchini toʻplab musht tushirgan edi. Men uzala tushib yiqildim. Chap yuzim betonda shilinib ketdi, ogʻzimda shoʻrtakkina ta’m paydo boʻldi.
– Xoʻsh, soʻtak! Ana shu mushtdan yana yeging bormi?! Yoki basmi, a?

Men qattiq zarba yegan, oʻrnimdan turishga majolim yoʻq: shu alfozda bir oz yotib, oʻzimni tiklab olgim kelardi. Ammo ustimga bostirib kelayotgan polvonni koʻrib oʻrnimdan turdim. U yuzimga tarsaki tortishga ulgurdi. Koʻzimdan oʻt chaqnaganday boʻldi, qorachigʻimni yosh qoplab, hech nimani koʻrmay qoldim. Chekindim. Yengim bilan koʻz yoshlarimni artib olgach, koʻkragimni toʻldirib nafas oldim. Polvonning havoga koʻtarilgan qoʻlini kesib ushladim-u, bor kuchimni toʻplab koʻkragiga kalla qildim. Polvon surilib ketib burchakka yiqildi, koʻzlari katta-katta ochilib, vajohati vahimali tus oldi. Nazarimda u hozir oʻrnidan turib meni qiymalab tashlaydigan edi. Yugurib borib ikkala yelkasidan koʻtarib turgʻizdim va yana yelkasi aralash musht tushirdim. Shundan keyingina u dod soldi. Hademay odam toʻplandi. Bir rus kampir meni mushtumzoʻrlikda ayblab, polvonga yordamga shoshildi.

Kechasi bilan uxlolmadim, yuragim hamon gupillab urar, xayollarim parishon, zarb yegan badanim esa zirqirab ogʻrirdi. Tuzalgach, birorta zavodga kirib ishlashni, u yerdan Iqbolni ham chiqarib olishni moʻljallab qoʻydim. Zoʻr boʻlsa, tsirk tashkil etilgandan keyin kelarmiz...

Bir haftadan keyin hujjatlarimni olish uchun idoraga kelib talay yangiliklarni eshitdim. Juma polvon ketib qolibdi. Umuman ketibdi. Hozircha Iqbol bizga boshliq qilib tayinlanibdi.

Shoshib zalga kirdim. Hamkasblar berilib mashq oʻtkazishardi. Meni koʻrib hammalari quvonishdi. Iqbol esa oʻtirib yangi programma tuzardi. U men bilan ancha hayajonlanib koʻrishdi va yana ishida davom etdi. Bir ozdan keyin esa muzikachilarga murojaat qildi.
– Ishni muzikadan boshlaymiz! Bizga shoʻxroq, dilkashroq kuylar kerak!

Muzikachilar e’tiroz bildirmay boshqa kuy mashq qilishga kirishishdi. Men bir oz nima qilishimni bilmay turdim-u, soʻng mashqni davom ettirdim.