OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiMahv boʻlgan shahar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Behbudiyga bahshida» hikoyalar turkumidan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mahv boʻlgan shahar (hikoya)
Nusrat Rahmat

«
Dushman mahv etgan shahar or-nomusi toptalgan qizga oʻxshaydi.
Lev Tolstoy
»
«
Urushni hamisha yomon odamlar boshlashadi, ammo unda asl insonlar nobud boʻladi.
Ernest Xeminguey
»

1868 yilning ayni tut pishigʻi mahali keksa Camarqand qattol dushman koʻlankasidan seskanib tushdi; aniqrogʻi, titrab ketdi. Manfur yov allaqachon Zarafshon daryosidan oʻtgan, Choʻponota yonbagʻirlarida chodir tikkan edi.Hamma qatori sokingina roʻzgurzonlik qilib kelayotgan ahli Samarqand diliga gʻulgʻula solgan holda garmon chalishar, qiyqirib, raqsga tutshishardi. Illo, koʻngilxushlik bilan qon toʻkish istagi bir-biriga batamom zid, gʻayri-gʻayri tushuncha boʻlsa hamki, bunday noxush arafa, taassufki roʻy berib boʻlgan edi.

Qochgan ham Xudo deydi, quvgan ham. Oʻrislar goh-gohida choʻqinib, Iso Masih alayhissalomdan, yaratganning oʻzidan hidoyat, madad soʻrashar; minglab chaqirim masofalarni umid bilan bosib kelgan, oʻz iboralari bilan aytganda: sodiq provaslavlarni benasib qoldirmasligini iltijo qilib soʻrashar, bu serhosil zamin, iliq daryolar, shovullagan bogʻlar oʻzlariniki boʻlishini qumsashar; shahanshoh va qoʻmondonlari, oʻt ochar zambaraklari, chapdast qilichvoz kazaklari bilan zohiran faxrlanishardi, albatta. Shu bilan birga har bir jangchida talosh qilishga ruxsat beriladimi, yoʻqmi, baribir, uyga quruq qoʻl bilan qaytmaslik, biror nimarsalik boʻlib borishdek zohiriy istak ham yoʻq emasdi. Musulmonlar oltin taqinchoqlarga, qimmatbaho buyumlarga oʻch boʻlishini koʻproq tilga olishib, shu mavzuda ezmalik bilan hazillashishlarining boisi ham mazkur hirsning namoyon boʻlishidan oʻzga narsa emasdi.

Rus ziyolilarining katta bir qismi esa, inchunin, bu yerdagi komandirlar mazkur urushni tarixiy zarurat deb bilishar, bunga oʻzgalarni ham ishontirmoqchi boʻlishardi. Boisi: sartlar qoloq, omi odamlar – ularga kimdir ma’naviyat, ma’rifat eshigini ochishi kerak; bu missiyani Xudo biz – ruslarga ravo koʻrgan, degan tushunchada edilar. Shu bilan birga ayrim nopisandlarda: satrlarning hozirgi tariqa ilmsiz boʻlgani ma’qul, degan mujmal mensimaslik ham yoʻq emasdi. Samarqand – dengizga chiqishimizdagi bir bekat boʻlib qoladi, deb oʻylashardi bunday toifadagilar.

Xullas, sabab, mohiyatini oʻsha zamon odami ham ham, hozirgilar ham tushunaverishi qiyin boʻlgan fikrlar, munosabatlar maqsadlar.

Yoʻq, fotihlarning shahar ostonasiga kelib qolishi daf’atan roʻy bergan yohud kutilmagan tasodif emasdi: Samarqand bozorlarida oltin buyumlar, qurol-aslaha, ot-arava qimmatlashib, hovli-joy, roʻzgʻor ashyolari, kiyim-kechak arzonlashganiga bir necha oylar chamasi boʻlgandi. Bularning bari el-ulusning anchayin notinchligidan dalolat berardi.

Ruslar yoʻl-yoʻlakay shahar-qishloqlarni xarob etib kelishayotganligi, olamni dahshatga soladigan zambaraklari bilan qal’alar, qadimiy obidalarni hoki-turob qilib, qarshilaridan chiqqan kishini – u bolami, ayolmi, cholmi –avsiz qirib, olgʻa siljishayotganidan shahar ahli boxabar edi, albatta. Chunki bu xalq turli nizo-yu urushlardan juda-juda zada boʻlib ketgan edi.

Yogʻiy bostirib kelayotgan shaharning ruhini tasavvur qilish qiyin emas. Oʻpkasi toʻlib turgan qiz bolaga oʻxshaydi u. Bunday mahzun damlarda kindik qoning tomgan tuproq, vatan tushunchasi teranlashadi; yovga, eng avvalo, uning podshosi, qumondoniga oʻlim tilashadi; or-nomusi boʻlgan erkak qoʻliga qurol oladi; shu bilan birga xotin-xalaj, bola-chaqa taqdirini xavotirona oʻylashadi, ularni qutqarish tashvishida boʻlishadi.

Xoʻjai Abdu Darun masjidining mudarrisi, imom xatibi Behbudxoʻja chandon xavotir tortdi: dushman Panjakent yoʻlini toʻsib qoʻysa, xotin-xalajni Baxshitepaga – qaynonasinikiga qochirish niyati roʻyobga chiqmay qolardi.

Anchayin tahlikali peshin namozidan keyin u amri ma’ruf qilmadi, oʻrniga Parvardigorga iltijo etdi: «Yo Xalloqi Karim! Rahm-shafqatingni darigʻ tutma! Afu et, biz insonlarni, hidoyat et. Zolimlarni qahr et, mahv boʻlsin zulm! Kofirlar din-u diyonatimizni, azizu avliyolarimizni oyoq osti qilmoqchi. Ishonchimizni komil et, toki gʻayori dinlarni tuprogʻimizga oyoq bostirmaylik! Dushman oyogʻimiz ostiga yiqilsin! Omin!»

Nogahonda Behbudxoʻja namozxonlar va mullovachchalar nigohidagi moʻminlik zohiriy intiqom bilan almashganini his etdi, bir necha daqiqalik kalovlanishdan keyin ularni beixtiyor Choʻponotaga da’vat etdi. Odamlar yoʻl-yoʻlakay oʻroq, bolta, pichoq xullas, qoʻlga ilinganini oldilar.

Samarqandning toshfarch koʻchalari ham, tuproq yoʻllari ham biz hozir «qochoqlar» deb ataydigan muslimu muslimalarga toʻlib ketgan edi. Qoʻqon aravalarining taqir-tuquri, otlarning bezovta kishnashi, muysafidlarning nigohlaridagi sergʻussa sarosimalik, bolasini koʻtarib olgan ayollarning mungli yigʻlashlari juda-juda noxush falokat sodir boʻlayotganidan dalolat berardi.

Bular, beixtiyor tinchlik deb ataladigan ma’naviy ne’mat huvaydo boʻlgan joylarni: kimdir Bogʻdod yoki Balxni; tagʻin kimdir Shahrisabz yohud Termizdagi qarindoshlarni yoki shunchaki, inson insonga tigʻ koʻtarmaydigan togʻu toshlar qoʻynini moʻljallab, yoʻlga otlangandilar. Chumoli inini suv bossa, eng avvalo, bolalarini tishida koʻtarib qochganidek, bular ham zurriyotni saqlab qolish instinkti bilan yoʻl bosardilar.

Xayr, alvido, Vatan!

Seni qaytib koʻrolamizmi yoʻqmi - Xudo biladi.

Ammo shu bilan birga bir toifa odamlar, goʻyoki sharqqa otlanganlarga qasdma-qasd oʻlaroq teskari tomon shoshilardilar. Bular, asosan, yigit yoshidagi erkaklar, suvoriylar, mullovachchalar ... Mushtini tugib olgan bu odamlarning nigohlarida qasos, intiqom oʻti yonardi. Aslida bular ham tinchlik uchun qoʻlga qurol olishgandi. Yurt osoyishta boʻlishi, ayollar, bolalar musofirlikdan qaytib kelishi uchun dushmanni yoʻq qilishi talab etilardi.

Choʻponotadagi qirlarning yonbagʻirlari odamga toʻlib ketgan edi. Faqat sarbozlar emas, turli toifa va yoshdagi kishilar, hatto ayollar ham bor edi bu yerda. Kimlardan pilta miltiq, qilich, nayza ham koʻrinardi.

Oldingi qatorda Amir Muzaffarning qurollangan sarbozlari jangga shay edilar. Tagʻin nariroqda esa shahar hokimi va qozikaloniga qarashli jangchilar tizilishgandi. Bu azamatlarni koʻrib, olomonning dili jilla taskin topardi.

Behbudxoʻja bir amallab tepalikka chiqdi-yu, koʻzi qamashib ketdi: daryoning ikki sohilidagi dushman son-sanoqsiz edi. Suvoralar, toʻp ortilgan aravalar, saf tortgan otryadlar tartib bilan turar; farmon kutishardi.
— Dayuslar! – dilidagisi tiliga chiqdi uning.
— Ey, Ollohi azim, - iltijo qilardi bir muysafid, - mute bandalaringdan lutfu-karamingni ayama! Tarahhum ayla! Ey, najotkori olam, ey taborak va taolo! Bizga muzaffariyat ato et! Ey, azizu-avliyolar, oʻzingiz qoʻllang!
— Shumo dar kujo, - zorlanardi bir ayol, - ey sohibqironi olam ...

Ha, bundan tahlikali lahzalarda Amir Temurning ham yodga olinishi bejiz emasd, axir Jahongir sevgan shaharga, uning poytaxtiga hujum qilish shakkoklik emasmi?! Amir Temur tirikligida shunday boʻlarmidi?! Hech ham!

Oʻz raiyatining osoyishtaligini saqlagan, ularga tinchlik ato etgan yurt egalariga Xudodan rahmatlar yogʻilsin!

Durbin bilan bu holatni sinchkov kuzatayotgan general fon Kaufman zohiriy xavotir aralash mamnunligini yashirmay, ad’yutanti – ofitser kazakka yuzlandi.
— Forma, qara, sartlar koʻpayishayapti, -dedi sof rus tilida.
— Kuzatayapman, Konstantin Petrovich; uyushmagan tarqoqdek, - dedi u kazak lahjasida va qoʻshib qoʻydi: - zambaraklari ham koʻrinmaydi.

Garchand ozroq va eskiroq boʻlsa-da, toʻplar bor edi. Ad’yutant bu gapni dushmanning anchayin ojizligidan mamnunligini izhor etish uchun aytgandi. Zero, xoʻjasiga qanaqa gaplar yoqishini bilardi u.

General Kaufman bungacha Turkiston general gubernatori edi va rasmiy jihatdan Buxoro amirligiga tobe boʻlgan bu shaharni buysundirishdan oldin talaygina ma’lumot toʻplagandi. Jumladan, shahar hokimi Sherali Inoq amirga buysunmay qoʻyganligi, oralarida ixtilof borligi, qozikalon ham shu kayfiyatda ekanligini bilardi. Bular bari ayni muddao edi, chunki dushman hamisha qal’aning omonat joylarini izlaydi.
— A’lo hazratari, komandirlar diltang boʻlishyapti, ehtimol komanda berilar, - soʻradi oʻrinbosarlardan biri.

General javob bermadi. Uning nazarida, raqib tomondan oq bayroq koʻtarib, elchi keladiganday, shaharni jangsiz topshirishga rozi boʻlishadiganday edi. Bunday taxmin asossiz emasdi: uning tasavvuricha, rus imperiyasiga qarshi turadigan kuch yoʻqligini hamda tuzukroq qurol-aslahaga ega boʻlmagan armiya, yoxud choʻmich, oʻroq koʻtarib chiqqan olomon toʻpga yem boʻlishdan oʻzgasiga yaramasligini yurt egalari idrok etishlari zarur, deb bilardi. Axir, har qanday sharoitda ham mantiqni madadga chaqirish kerak-ku!

Shu bilan birga, general oʻzini yaxshi tarbiya koʻrgan kishi, deb hisoblardi va magaram, shahar qarshiliksiz taslim boʻlsa, kamroq qon toʻkilardi, degan mujmal niyatda edi. Tagʻin: Injilda yozilgan – «Senga nafrat bilan qaraydiganni, hatto dushmaningni ham sev», degan fatvodan xabardor edi; bu halqning ham urf odatlari, diniy e’tiqodlari, asriy obidalarini e’tirofu ehtirom qilishimiz zarur, degan unchalik qat’iy boʻlmagan zohiriy fikrdan uzoq emasdi.
— A’lo Hazratlari, taloshga ruxsat berilar, - soʻrab qoldi kimdir, - soldatlar ancha yoʻlni bosib kelishdi ...
— Yoʻq, - keskin javob berdi Kaufman, - sha’nimizga dogʻ tushirmanglar! Qadlaringni gʻani tutinglar!

Ertasi ham oq bayroq koʻtargan elchidan darak boʻlmadi, jangchilar va olomonning soni va gʻazabi oshib borardi.

«Mayli, oʻzlaridan koʻrishsin; madomiki, sulhga unashmas ekan, rus zambaraklarining qudratini koʻrib qoʻyishsin», nadomat ila koʻnglidan oʻtkazdi u. Nadomat chekkaning boisi shundaki, uning zohiriy taktikasiga koʻra, bu shahar taslim boʻlsa, navbatda turgan Qoʻqon xonligi, Xorazm davlatidagilar ham oʻylab koʻrishardi – samarqandliklardan ibrat olishardi.

Hademay, bir necha chaqirimga choʻzilgan toʻplar oldida harakatlar tezlashdi; koʻp oʻtmay sarhadlar osha komanda yangradi:
— Ogon! Ogon! Ogon!

Zambaraklar nilidan birin-ketin, avval oppoq tutun chiqar, soʻng qarsillagan ovoz quloqni qomatga keltirardi; lovullab yonayotgan oʻqlar duch kelgan joyni xoku turobga aylantirardi.

Javoban, avval amir jangchilari toʻp, miltiqlarini ishga soldilar, soʻng shahar hokimiga qarashli kuchlar dushmanni moʻljalga ola boshladilar.

Urush boshlandi!

Urush! Insoniyat bunyod boʻlibdiki, uni qoralaydi. Lekin baribir, odamlar bir-birlarining qonlarini toʻkaveradilar. Ruslar oʻz iboralari bilan aytganda: sartlar yoki musulmonlarni oʻldirish uchun bir necha ming chaqirim masofani otda yoki piyoda bosib kelganliklari boisini tushunish, izohlash mushkul.

Urush! Nima uchun? Ochkoʻzlikmi, tabiiy ehtiyojmi, tarixiy zaruratmi? Ehtimol, mohiyatan, biz barimiz tarix qoʻlidagi quroldirmiz va uning yoʻrigʻidan chiqolmaganimiz uchun jang qilarmiz?!

Yoʻq,yoʻq, menimcha, bu eng avvalo, ma’rifat va jaholatning toʻqnashuvi aniqrogʻi, chap yelkadagi yuk (jaholat) vaznining nisbatan oshib ketishi oqibatidir.

Jami dinlar odam oʻldirishni qoralashadi, ammo cherkovda choʻqinib olgan nasroniy ham, machitda sajdaga bosh qoʻygan musulmon ham qon toʻkishdan oʻzini tiyolmaydi. Adolatsizlik ustiga – adolatsizlik: arzimas jinoyatga qoʻl urgan kishi qamoqqa tushadi, ammo urushni boshlab, minglab kishilarning oʻlimiga, nogiron, vatangado boʻlishiga sabab boʻladigan jinoyatchi, koʻpincha tarixda qoladi.

Ha, mayli ... Nima boʻlsa hamki, urushni hech qachon yaxshi odamlar boshlashmagan!

Zum oʻtmay qilichlarini oʻynatib, kazaklar ham yetib kelishdi. Front chizigʻidan (ta’bir joiz boʻlsa) oʻtgan rus jangchilarining bir qismi oʻng qanotdagi sarvozlar bilan qilichbozlikni boshlab yubordi, olomon ustiga ot solganlari esa nochor odamlarning boshlari, qoʻllarini xuddi polizdagi karamni chopib olayotganday kesib tashlay boshlashdi. Atrofni otlarning bezovta kishnashi, oʻq va shamshir ovozlari, yaradorlarning faryodi qopladi; chang va toʻzon aralashmasi nafaslarni bugʻa boshladi. Olmon nima qilishini, qayoqqa qochishini ham bilmay qoldi.

Behbudxoʻja beixtiyor orqaga chekina turib, uzala tushib yotgan otni koʻrdi. Uningi ichak-chovogʻi chiqib yotar, iltijoli ingrardi. Axir, Behbudxoʻja eng avvalo, mudarris ya’ni muallim edi: u faqat bolalarnigina emas, jonivorlarni ham yaxshi koʻrardi. Urushning bu ilk qurboni ruslarga tegishli ekanligini uning gʻayrioddiy egaridan bildi. Shu qismatni deb ming chaqirim masofa bosganligidan nadomat chekdi.

Bunisi xolva ekan: sal nariroыda behush yotgan kishini tanib qoldi u oʻz hamkasbi qoʻshni machitda ishlaydigan mudarris boʻlib, bagʻoyat moʻmin halol odam edi. Zambarak oʻqimi, nogahoniy qilichmi bir oyogʻini tizzasidan batamom uzib tashlagandi. Uzilgan oyoq nariroqda turar, hamon qon sizardi. Behbudxoʻja yordam berish ilinjida oʻsha tomonga intilgan edi., ammo qoʻy podasiga oʻxshab, bu dahshatdan qochayotgan olomon uni ancha nariga surib ketdi. Boyagi chang, toʻzon, tutun hidiga qon hidi ham qoʻshilib, nafasi qisildi va oʻzini bir chekkaga olaman, deb inson xuni qalqib turgan bir chuqurlikda murdalar ayqayib yotganini koʻrdi.

Koʻp oʻtmay bu mudhishliklarning bari uni karaxt bir holatga tushirdi: Behbudxoʻja atrofdagi voqealarni koʻrar, eshitar ammo nima boʻlayotganini obdon idrok etolmay qolgandi. Zero qon kechgan kishining devonavor holatini tasavvur qilib koʻrish uncha joʻn ish emas. Nazarida Azroilning noxush nigohi unga bot-bot qadalayotganday va bu tabiiyday, ahamiyatsizday edi. Negadir chekingisi ham kelmas, hayotning mazmuni puchga aylanganday edi. Kimdir «Taqsir qoching!» – dedi (talabalardan birortasi boʻlsa kerak). Haligi ovoz uning yodiga oʻzi bilan kelagn talaba namozxonlarni soldi: nima boʻldi ekan shoʻrliklarga?

Behbudxoʻja boshi oqqan tomonga ketaverib, Choʻponotaga tutash boʻlgan Rabotigʻoziyon qishlogʻiga kelib qoldi. Bu yerda koʻpgina uylar yonar, ammo hech kim oʻchiray demasdi. Odamlar qochardilar – uy-joydan, mol-mulkdan ham zarur boʻlgan tinchlik tomonga – Sharqqa shoshardilar.

Urush taqdiri kechgacha hal boʻldi. Amir Muzaffarning ishongan lashkarboshisi Usmonbek chekinish haqida buyruq berishga majbur edi. Ular Buxoro yoʻlini oldilar. Lashkarboshi bir tomondan qoʻldan ketgan Samarqand uchun iztirob chekar, Buxoroi sharifda xushxabar kutib oʻtirgan amir bu holdan qahrga minishini bilar va shu bilan birga oʻzini ovutardi: «Samarqandliklar yaxshiliklarimizni bilishmadi – endi jazolarini tortishsin! Biz ona shahrimiz –Buxoroni himoya qilamiz – dushmanni Zirabuloqdan nariga oʻtkazmaymiz!»

Kazaklarning sodiq atamani Kaufman kutgan tashrif ertasi amalga oshdi: shahar hokimi va qozikalonidan elchi keldi. Nomada qon toʻkishning hojati yoʻqligi bayon etilib, ancha nisbiy shartlar ham qoʻyilgandi. Jumladan, Samarqandda aziz avliyolar koʻpligi shuning uchun shaharga kirishda otdan tushib, piyoda yurish kerakligi; shunday qilinganda bu yurt ahli rus xalqining buyuk podshosi Aleksandr hazrat oliylariga hamda ularning botir sarkardasi Konstantin Petrovich Kaufman janoblariga sadoqatli boʻlib qolishi uzundan-uzun, anchayin gʻaliz, koʻtara nosamimiy tarzda yozilgandi.

General miyigʻida kuldi. Tarjimonga istehzo bilan buyurdi.
— Elchiga tushuntir va yozib ber – biz sulhga rozimiz! Ammo bizning ham shartlarimiz bor: hokim bilan qozikalon bizni rus taomiliga koʻra non, tuz bilan peshvoz olishi kerak. Chunki bu yurtga yaxshi niyat bilan kelganmiz. Podshoh hazratlari sartlarga ma’rifat va tinchlik ato etishga bel bogʻlaganlar. Maktablar, kasalxonalar ochamiz, bu tuproqqa birorta dushmanni yoʻlatmaymiz va hakozo.

Shunday keyin ham siyosatning gʻirrom oʻyinligiga ishonmasangiz, ixtiyor oʻzingizda. Ma’rifat va tinchlik kabi buyuk ma’naviy ne’matlar nomidan jinoyat qilish munofiqlik, jaholatdan oʻzga narsa emas! Zero bu ne’matlar zambaraklarga ortib kelinmaydi!

Xoʻjai Xizir masjidi oldida dushman non va tuz bilan peshvoz olinganiga Behbudxoʻjaning oʻzi guvoh boʻldi.
— Musulmonlar, qaranglar, - murojaat etdi qozikalon avval turkiy soʻng forsiyda, - Kaufman (u shunday talaffuz qildi) hazratlarining bir yelkalarida Xoʻjai Xizir, ikkinchi yelkalarida Xusan ibn Abbos ruhi; bu – Xudoning hohishi!

Biz siyosatni gʻirromlik deymiz. Agar din ham siyosatlashsa, aldam-qaldamga aylanib qoladi. Shuning uchun koʻpgina mamlakatlarning konstitutsiyalaridan din siyosatdan ayri ekanligi alohida ta’kidlanadi. Insoniyat siyosatlashgan din anarxiyaga olib kelganiga bot-bot guvoh boʻlgan.

Ammo Behbudxoʻja batamom oʻziga kelolmagani uchun bu gaplarning mohiyatiga uncha e’tibor berolmadi, mushohada qilolmadi. Faqat ruslarning bayrogʻidagi ikki boshli burgut va ularning xalaqib chiqqan beoʻxshov tillarni koʻrdi. Tilini oʻynayotgan ikki boshli ilonga oʻxshab ketdi ular nazarida. Uning bir boshi Xoʻjai Xizir, ikkinchsi esa Qusam ibn Abbos yotgan Shohizindaga qarab turganday edi.

Koʻp oʻtmay Temurbek qurdirgan hashamatli ark darvozasiga ham bayroq oʻrnatildi. Burgutning bir boshi xaqiqatan ham Boʻstonsaroyga, ikkinchisi Koʻksaroyga qarab turardi.

Bayroq degani shunchaki yogʻochga ilintirilgan latta emas, u zafar va tobelik, gʻurur va oʻksirlik va yana allanimalardan darak beradigan ramz ham.

    Ey, tahqirlangan vatan!
    Ey, toptalgan qadriyat!
    Qaydasiz: spitamenlar, temurmaliklar, sarbadorlar!!!

Ruslarning mazkur zaftu zafari haqida oʻsha davr ziyolilari ham, bugungi siyosatchi-yu tarixchilar ham turfa fikr-mulohazalarni aytishadi va tabiiyki, bunday mubohasalar kelajakda ham davom etadi. Agar amir Muzaffar bilan Sherali Inoq inoq boʻlishganda yoxud Buxoro amirligi bilan Qoʻqon, Xiva xonligi kuchlarni birlashtirganda yo dushmanga qarshi Sirdaryo boʻylarida jang olib borilganda, bu hol roʻy bermasdi, deyishadi. Bir guruh ravshanfikrlar (ha, aynan ular) qozikalon bilan hokim ortiqcha qon toʻkmaslik uchun toʻgʻri yoʻlni tutishdi, degan fikrlardan qaytishmaydi. Tagʻin bir guruh ziyolilar: dushmanga qarshi soʻnggi damgacha kurashish zarur ekanligini ta’kidlashdan charchashmaydi. Kim bilsin, Kichik baliqlar hamisha kattalariga yem boʻlganidek, Rossiya oʻz atrofidagi yurtlarni birlashtirishi tarixiy zarurat edi, degan fikrlar ham yoʻq emas.

Oʻzi shunday boʻladi: u yoki bu tarixiy jarayonga, ijtimoiy voqelikka baho berishda, koʻp hollarda shaxsiy manfaatlar nazarda tutiladi. Ammo tarix va taqdir deyiladigan barhaq bir qudrat borki, uni inkor etib boʻlmaydi!

Yashirib nima qildik: bir zamonlar bizning sarkardalarimiz ham oʻzga yurtlar, shaharlarni xuddi shu tariqa mahv etishmaganmi, begunoh bandalarning qonini toʻkishmaganmi, oʻsha yurt boyliklarini tashib kelishmaganmi, fotehlik qilishmaganmi?! Zero, jamiiki qilmishlar uchun hatto nogahoniy shuhrat, zafar uchun ham u dunyodagina emas, shu yerning oʻzidayoq javob berishga toʻgʻri keladi. Otasi olamdan oʻtsa, oʻgʻli uning qarzini toʻlashi shart qilib qoʻyilgani singari oʻtgan avlodlar uchun farzandlarning tovon toʻlagani shu emasmi?!

Bobolarimiz inkor etgan saltanatni beshafqat tarix va taqdir inkor etgani, ehtimol shudir!

Buni tan olish uchun mayda manfaatlardan andak ustun boʻlishimiz talab etiladi.

Magaram inkorni inkor etish qonuniga tayanadigan boʻlsak, bu olamda boshlangan hamma narsa: kun, tun, oy, yil, asr; tuzum, saltanat tugashiga iqror boʻlsak, qachonlardirrus imperiyasi ham barbod boʻlishiga ishonmogʻimiz lozim edi.

Xoʻsh, bunga ham ishonib yashadikmi?

Yoʻq, aslida mening ham xulosalarim nisbiy. «Ildiziga qara», - deydi Arastu. Men buni oʻzgacha talqin etardim: har qanday ijtimoiy voqelikning sababigina emas, sababining sababiga qarash taqozo etiladi. Bunga esa mening ham quvvai hofizam qosirlik qiladi. Chunki bu ildizlar juda chuqurlikda.

Dushman mahv etgan shahar or-nomusi toptalgan qizga oʻxshaydi, deb yozgandik.

1868 yilning sarvida Samarqand shu kuyga tushdi.

Bu ibtido edi!

Uning intihosi qachon kelishini yolgʻiz Yaratuvchining oʻzi bilardi.

Asalarichilikda: oilani kuchaytirish, degan ibora bor. Biror uyada podshoh nobud boʻlsa, noshud chiqsa, yoxud keksayib, rahnamolik quvvati susaysa, asalarini uni kuchliroq oila bilan birlashtiradi. Ammo bu jarayon oson kechmaydi. Asalarichi qator tadbirlarni koʻrishiga qaramay, janjal boshlanadi: ikki tomondan ham ancha-muncha ari nobud boʻladi. Bunday paytda ojiz oilada tirik qolganlar oldida uch yoʻl boʻladi: oʻlish, oiladan chiqib ketish yoki yangi podshohga xizmat qilish.

Samarqandliklar ham shu holatda qoldilar. Kimdir qurbon boʻldi, kimdir kelgindilarga qarab, yuziga tabassum surtdi, talay kishilar esa boshqa yurtlarga bosh olib ketdilar. Behbudxoʻja toʻrtinchi yoʻlni tanladi – uzoqroq qishloqqa, aniqrogʻi, Baxshitepaga borib yashashni afzal bildi. Bobokaloni Xoʻja Ahmad Yassaviyning: «Vatanidan ajralgan – hamma narsasidan judo boʻladi», - degan nasihatini otasidan bir necha bor eshitgandi.

Behbudxoʻjaning bu qarorini eshimtib, Haydar devkor ham unga ergashadigan boʻldi.
— Siz bilan boraman: dasturxoningizdan ushoq terib, tirikchilik qilaman, - dedi u hokisorlik bilan.
— Mayli, - dedi Behbudxoʻja, - yonimda boʻlsang, yelkangga bosh qoʻyish mumkin.

Haydar devkor deganimiz aslida shaharga tutash Badal qishlogʻidan. Uning otasi machitning namozxonlaridan edi.
— Taqsir, - dedi u bir kuni namozdan oldin, - arzim bor: bizning avloddan ham birorta xat-savodli kishi chiqsa degandim ... Dadam bolaligimda mudarrisga olib borgan edilar, ammo urush boshlanib ketdi: besavod boʻlib qoldim. Shuning uchun oʻgʻlimni olib keldim: goʻshti sizniki, suyagi bizniki. Ammo-lekin zehni juda tez.

Mittigina bola kelib, ta’zim bajo keltirdi.
— Buning oti Haydar devkor, - dedi otasi.

Ammo u zehnli boʻlib chiqmadi. Bolaga oʻtin yorish, yer agʻdarishni buyursangiz, zavq-shavq bilan ishlardi-yu, imlo oʻrganishga kelganda ... Har holda u zavqli, odobli edi. Ammo tasodifni qarang-ki, taqdiri otasinikiga mengzab ketdi: savodi chiqmay, urush boshlandi.

Baxshitepaliklar Daryovot deb ataydigan bu qiyaliklar daryoga yaqin boʻlsa hamki, suvdan benasib edi. Buning ustiga qayroqqum moʻlligidan ketmon urib boʻlmasdi. Behbudxoʻja Haydar devkor bilan ana shu qarovsiz zaminda bogʻ qilishga kirishdilar.

Vaqt – buyuk hakamgina emas, dono hakim ham. Fursat oʻtishi bilan boshqa ziyolilar singari Behbudxoʻjaning dilidagi yaralar ham birin-ketin bita boshladi. Oʻshanda, garchand Samarqandga qaytib kelmaslik – kofirlar yuzini koʻrmaslikka ahd qilgan boʻlsa-da, bunday qilolmadi. Yomini, Toshkandi mahallasidagi qavmlar, doʻstlar diydori tortdi uni. Har gal shaharga tushganda, roʻy berayotgan oʻzgarishlar bilan ham qiziqdi u. Urushda koʻplab yaxshi odamlarning nobud boʻlganligi yoki vatanni tark etganligi, Amir Temur arkining, aniqrogʻi Koʻksaroy bilan Boʻstonsaroyning vayron etilganligi iztirobli dard edi, albatta. Ammo dilafroʻz mujdalar ham yoʻq emasdi. Samarqandda tuzem maktablar ochib, jumladan musulmon bolalarini ham oʻqitishayotganligi, ularga jahoniy fanlardan ham saboq berilayotganligi quvonchli edi. Shuningdek, shifoxonalar, kutubxonalar ochishayotganligi, shaharga zabardast olimlar, muallimlar kelishayotganligi har qanday ravshan fikrli kishini mamnun etardi.

Toʻgʻri, ularning yangi shaharda fohishaxona ochishgani haqida ham gap-soʻz yurardi. Ammo nachora ...

Behbudxoʻja bogʻda qolib ketmadi. Daryovotdagi yumushlarni Haydar devkorga yuklab, Dorami masjidida mudarris boʻldi. Bolakaylarga avvalgidek «Haftiyak», «Chorkitob», «Qur’oni Karim»dan saboq berishga kirishdi.

Ruslar bosqinidan naq yetti yil oʻtib, Daryovotdagi nihollar hosilga kirgan yili Xudo Behbudxoʻjaga oʻgʻil berdi.

Unga Mahmudxoʻja deb nom berdilar.

Bola ashraf, dilovar edi! Tiyran koʻzlarida zakiylik nuri munavvar edi uning. Chaqaloqning qulogʻiga azon aytgan ota Yaratganga shunday iltijo qildi.

«Ey, Tangri taolo! Sen magʻfiratingni darigʻ tutmaydigan mehribonimizsan! Afu et bizni, hidoyat et! Yer yuzinda sulh va silohi umumi ato ayla! Bu goʻdakni bobokalonimiz hazrat Ahmad Yassaviy ruhlari bir umr qoʻllasin! Uni nogahoniy tuhmatlardan asra! Oʻgʻlimiz oʻlgʻayib, haq soʻz bilan odamlarni ma’rifat va najot yoʻliga chorlaydigan alloma boʻlsin!»

Yoz kunlarining birida Haydar devkor bolani otga mindirdi. Ot qimirlamay, jim turdiyu «Demak, bola qobil-moʻmin boʻladi», - dedi otasi. Koʻp oʻtmay, saman bir tepsinib oldi-yu, oldingi oyogʻi bilan bir maromda chiziq torta boshladi. Bu horl ancha davom etgandan keyin Haydar devkor quvonchini yashirolmadi.
— Mahmudxoʻja sohibi qalam boʻladiganga oʻxshayaptilar.

Behbudxoʻja ichki bir qoniqish bilan, mamnun bosh silkidi.

Bu orada talay suvlar oqib oʻtda, ancha-muncha gaplar boʻldi. Ammo bu gaplarning voqealar rivojiga, aniqrogʻi, asarimizga aloqasi boʻlmagani sabab e’tibordan soqi qilib, qahramonimiz Mahmudxoʻja ibn Behbudiyning moʻylovi endigina sabza urgan kezlarda togʻasi, nufuzli qozi Muhammad Siddiq bilan otasi Behbudxoʻja oralarida boʻlib oʻtgan gapdan voqif etamiz sizni.
— Mullopochcha, - dedi qozi istihola, ehtirom ila, - Mahmudxonni ixtiyorimga bersangiz – mirzo qilib olur edim. Bir mirzomiz bor edi, savodi tumtoq boʻlgani ustiga andak ta’magir chiqib qoldi. Bilasiz: bunaqasi menga toʻgʻri kelmaydi.

Ota tamkinlik ila sukut saqladi.
— Mirzolikni udda qilurmu? Yosh ...
— Aql yoshdamu? Qur’oni Karimni tushirdi; turkiy, forsiy, arabiyni sharros bilur, oʻrischaga ham fahmi yetur. Zehnu zakovati qozilikni ham olib ketadurgʻon. Axir, oʻrnimga jonishin ham tayyorlamogʻim kerak-ku!
— Durust, ammo orzu etib edimki, oʻgʻlim mudarris boʻlsa, ahli muslimga ilmu-urfon oʻrgatsa, ma’rifat, adolatdan dars bersa ...
— Zarur kelganda mudarrislik ham qilur – imkon yaraturman. Zero qozixona ham ma’rifat, adolat uyidir, -dedi togʻa ishtiboh bilan.

Shunday qilib, yosh Mahmudxoʻja oʻz faoliyatini qozixonada mirzolik qilishdan boshlab yubordi.

Ota Qur’on tilovat qilib, duolar ila oʻgʻlining ishiga kushoyishlar tiladi.

Iloho, duolar mustajo boʻlsin