OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiMavhum tuygʻular (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mavhum tuygʻular (hikoya)
Nusrat Rahmat

Nihoyat, shuncha yakravlikdan keyin bobom ham bu yerdan koʻchadigan boʻldilar. Bundan butun oilamizdagilar quvonishdi. Biror yil ilgari barcha qishloqdoshlarimiz posyolkaga koʻchib oʻtib, Qamchinda u kishining bir oʻzi qolgandi- da. Bobomni bu yerdan koʻchirishga hech kim koʻndirolmagandi. Kolxozimiz raisi Mingnorov ham, agronomimiz, partorgimiz ham bir necha bor aytishdi. Bobom esa yotigʻi bilan «yoʻq», deyish oʻrniga:
-Koʻchmayman dedim-ku, kuyasizlarmi-yoʻqmi?- deb baqirib berardilar.

Boyaqish oyim boʻlsa, bobomning qarshisida oʻtirib olib, yum-yum yigʻlardi-yu, ammo jur’at qilib: «Bu yerdan koʻching», deyolmasdi. Uning baqirib berishidan juda qoʻrqardi.

Shuning uchun boʻlsa kerak, bobomning koʻchishi toʻgʻrisidagi xabar tez tarqaldi. Bobom fikridan qaytib qolishidan choʻchib dadam posyolkada zudlik bilan uning mollari uchun ogʻil, tovuqlari uchun katak qurib qoʻydi. Bobomning koʻchishlaridan qarindoshlar ham quvonishdi.

Ammo men negadir... quvonmadim. Bobomning shu yerda – qadrdosh qishlogʻimiz Qamchinda qolishini juda-juda istar edim. Men u kishining eshigi qarshisidagi eski tegirmon tomiga chiqib, miriqib kitob oʻqishni, shirin xayol surishni juda yaxshi koʻramanda. Ulkan va quyuq tollar bilan burkangan bu manzilgohning bir me’yorda esib turadigan yoqimli shabadasi, sharqirab yotadigan bir tegirmon suvi boshqa hechjoyda boʻlmasa kerak. Goh u, goh bu tolda bulbul sayrab qoladi, barglar orasidan uni topolmasangiz ham ovozini tinglab oʻtirish juda zavqli. Tegirmon tomidan tirmashib novning ustiga chiqsangiz butun qishlogʻimiz va posyolkamiz xuddi kaftdagidek koʻrinib turadi. Kishining ilhomi joʻsh urib ketadi: qoʻshiq aytgisi yoki she’r yozgisi kelaveradi. Darvoqe, men qishlogʻimizga bagʻishlangan «Qamchin» degan she’rimni xuddi shu yerda yozganman. U shunday boshlanadi:

Choʻqqidan otilar inju boʻlib suv,

Shoshib sen tomonga yoʻl oladi u.

Horgʻin bulutlar-chi koʻnib qoyaga

Senga termiladi: borligʻing suluv:

O, ona Qamchinim, sevaman seni!

Bu she’rim toʻgʻrisida batafsilroq soʻzlab berishdan ilgari, qishlogʻimizning nega Qamchin deyilishini aytib bergim kelyapti.

Bobomning hikoya qilishlariga qaraganda,bu nom Samarqanddagi Shohizinda maqbarasi bilan bogʻliq emish. Undagi qabrlardan biriga quloq tutilsa, xuddi temirchining bir me’yorda bolga urishiga oʻxshash ovoz eshitilib turarkan, ammo bu sadoning siri hozirgacha hech kimga ma’lum emas ekan. Juda qadim zamonda Samarqand ustiga moʻru malaxdek boʻlib yov bostirib kelibdi. Soʻgʻdiyon lashkarlari uzoq kurashibdilar, ammo dushman son jihatdan bir necha bor koʻp ekan. Soʻgʻdiyon lashkarboshisi noilojlikdan ana shu gʻorga kirib yashirinishga buyruq bergan ekan. Hozir ular oʻsha yerda qilich-qalqon yasayotgan emish: qachonlardir chiqib, yovga qashqatqich zarba berisharmish. Qadimda Samarqand shohlaridan biri ana shu qabrdagi tovushning sirini bilib chiqqan kishiga juda katta in’om va’da qilibdi. Uning beliga uzun argʻamchi bogʻlabdilar va chuqurga tushira boshlabdilar: koʻp oʻtmay haligi baqira boshlabdi. Uni zudlik bilan tortib olishsa, qop-qora boʻlib oʻlib qolgan emish. Shunda ikkinchi navkar uning belidan argʻamchinni yechib, oʻz beliga bogʻlabdi.

«Baqirsam ham tortib olmanglar», - tayinlabdi u. Shunday qilib uni ham qabrga tushira boshlashibdi. Baqirsa ham quloq solishmabdi. Bir mahal qirq gazli argʻamchi oxiriga yetib, haligi odam oyogʻi yerga tekkanini ma’lum qilibdi. Oradan yana bir oz oʻtgach, uni tortib olishibdi. Navkar juda hayajonlangan, taajjublangan ekan. Zum oʻtmay uni shahanshohga roʻpara qilibdilar.

«Xoʻsh, tezroq gapir, nimalarni koʻrding?», shoshib soʻrabdi podshoh.

«Avval shartimni eshiting, shohim! Bu sirni – barcha tilagimni muhayyo qilganingizdan keyingina gapirib beraman».

«Tila tilagingni!»

«Bir otga minib, uni qibla tomon choptiraman, ot qaerdaki yiqilsa yki toʻxtab qolsa, oʻsha yergacha boʻlgan tumonatning hokimligini menga berasiz!»

Shoh rozi boʻlibdi.

Haligi navkar bir toʻriqqa minib, unga qamchin bosibdi. Ot chang koʻtarib yuguribdi. Xuddi mana shu yerga – bizning qishloqqa kelganda munkib ketibdi. Navkar otdan yiqilayotib, qamchisini oldinga uloqtirganiga baqiribdi:

«Ha-ay, qamchin tushgan joydan berisi meniki-i-i!..»

Lekin boyoqishga hokimlik nasib etmabdi: oʻsha yerdayoq otning ostida qolib, hayotdan koʻz yumibdi. Sir ham u bilan birga ketibdi. Uning qamchisi tushgan joy esa bizning qishlogʻimiz boʻlib qolibdi, shuning uchun ham uni Qamchin deyisharkan.

Adabiyot oʻqituvchimiz Qilichevning aytishiga qaraganda, bu gap mutlaqo yolgʻon va hatto zararli ham emish. Uning fikricha, qadim zamonlarda ota-bobolarimiz qamchin yasash bilan shugʻullanishganimish: bu yerning asli nomi Qamchinon boʻlib, keyinchalik Qamchin boʻlib qolganmish.

Mening kuzatishimcha, bu ham unchalik toʻgʻri emasday. Mana shu balandlikdan qishlogʻimizga qarab, uning katta qamchinga oʻxshashligiga bir necha bor ishonch hosil qilganman. Huv anavi choʻqqi poyidan yoʻl olgan buloq avval toʻgʻri ariq boʻylab sokin oqardi. Bu qamchinning sopiga oʻxshab ketadi. Mana shu tegirmondan oʻtgandan keyin esa u ilonizi boʻlib ketadi, ya’ni qamchinning darrasiga oʻxshaydi. Qishloqdagi deyarli barcha xonadonlar ana shu ariq sohilida joylashgan, ularning tomlari ham bir-biriga tutashib ketgan.

Men sizga aytgan oʻsha «Qamchin» sarlavhali she’rimda qishlogʻimizning hamma ham darhol his qilolmaydigan jozibasi, boʻyoqlari haqida qalam tebratgandim-da. Biror yilgacha bu she’rimni hech kimga koʻrsatmay yurdim. Keyin ming andisha, istixola bilan adabiyot oʻqituvchimizga berib, undan maslahat soʻradim. Muallim avval miyigʻiga kuldi, soʻng mingʻirlaganicha oʻqib chiqdi-yu, boshini sarak-sarak qilib gap boshladi:
–Menga qara, Abdulla! Bu Qamchinning nimasini maqtaysan?! Axir, u yerda toʻrtta eski choldevor bilan sening baqiroq bobongdan boʻlak nima bor?! Posyolkani maqtamaysanmi uning oʻrniga: hamma sharoiti bor, zamonaviy...

Avval juda xijolat boʻldim, uning gapiga hech ham qoʻshilgim kelmadi. Nahotki Qamchin – kindik qonimiz tomgan shu ona qishloq xunuk boʻlsa?! Lekin keyin oʻylab boqsam, Qilichevning gapida ham jon borday. Haqiqatan ham posyolka shinam, gazi, suvi bor. Shundan keyin posyolkaga bagʻishlab she’r yozishga kirishdim, ammo qoʻlimga qalam olishim bilan pishiq gʻishtdan qilingan va pishiq gʻishtday bir-biriga oʻxshash uylardan boshqa narsa koʻz oʻngimga kelmadi. Uning oʻrniga esa bobom haqida she’r boshlab qoʻydim.

Bobomni orqavarotdankoʻpchilik «baqiroq boboy», deydi. Oʻzim ham bunga koʻnikib qolganman, meni ham ba’zida «baqiroq boboyning nevarasi» deyishadi. Men bularga achchiqlanmayman, chunki u kishi haqiqatan ham bir oz tajangroq: koʻngilga yoqmaydigan gap boʻlsa, baqirib beradigan odatlari bor. Buning ustiga nuroniy ham emas, soqoli – yakkam-dukkam, ortiq chakka suyaklari boʻrtibroq chiqqan... Mening kuzatishimcha, bunday chollar hamma joyda ham tajangroq, baqiroq boʻlishadi.

Bobomning uylariga bir tavaqali bogʻdodi eshikdan kiriladi. Hovli toʻrida bitta yetti bolorli uy va besh bolorli dahliz bor, xolos. Hovli kichikkina, oʻrtada keksa, bukri shotut: unga hamisha qora govmish bogʻlangan boʻladi, atrofda uch-toʻrtta koʻlanki tovuq donlab yuradi.

Uyda ham deyarli hech vaqo yoʻq. Ayrimlar: «Cholning oltini bor», deyishadi. Bu – yolgʻon! Uyda eski sandiq, sholcha, toʻrda – devorga ilingan non koʻzga tashlanadi. Uni urushda bearak ketgan togʻam, ya’ni bobomning yagona oʻgʻillari tishlab ketgan. Non koʻp turaverganidan burishib, yurakka oʻxshab qolgan.

Men oʻsha, «Bobom» sarlavhali she’rimni u kishini bu yerda turtib turgan kuch oltin emas, ana shu kemtik nondir, degan tuygʻuni bayon etishga harakat qilganman. Shu bilan birga bobomni nuroniy, katta qalbli kishi qilib tasvirlanganman. Lekin aslida bobomning bu yerdan ketmasligining sabablari haytovur faqat oʻsha non boʻlmasa kerak, boshqa sabablari ham bordir...

Urush yillari oilamizdagilarni shu sigir bilan tovuqning avlodi saqlab qolgan, deyishadi. Bobom tong bilan shaharga sut bilan tuxum olib ketib, nonga almashtirib kelarkan. U paytda mana shu hovlichada oʻz bolalaridan tashqari bir necha yetim bolalar ham bor ekan. Bobom shu alfozda ularni asrab qolgan ekan. Oʻzining yetmish yillik hayotida turli tasodiflar, ochlik, muhtojliklarni boshdan kechirgan bobom mana bu sigir bilan tovuqni nimalardandir choʻchib asrab yurgandir.

Bu sigir bilan tovuqning avlodi juda qadim zamonlardan beri avlodimiz yoʻldoshi boʻlib kelgan ekan. Bobomning bobosi koʻz yumish oldidan bu jonivorlarni yoʻqotib yubormaslikni vasiyat qilgan deyishadi. Balki bobom posyolkada bu jonivorlarni saqlaydigan joy yoʻqligi uchun koʻchmay yurgandir.

Balki bular ham emasdir. Bilmadim, bilmadim.

Oʻta ehtiyotkor va badjahl bobom boshqalarga yoqmasa yoqmas, men baribir uni yaxshi koʻraveraman. U kishining koʻnglidagi gapni darhol fahmlab olaman va shunga koʻra ish tutaman. Shuning uchun bobom meni yaxshi koʻradilar, men bilan ochilibroq gaplashadilar, ba’zida qiziqarli sarguzashtlar, afsonalar aytib beradilar. Bobomga bagʻishlangan she’rimni ham mehrim toshganidan yozganman: u kishining qandaydir koʻzga koʻrinmaydigan olijanob hislatlari koʻp, deganman.

Koʻp andishalardan keyin bu mashqimni ham adabiyot oʻqituvchimizga koʻrsatishga majbur boʻldim. Axir boshqa kimga koʻrsatish mumkin? U kishi adabiyot muallimi, biladigan kishi...

Qilichiev bu gal ham she’rni mingʻirlab oʻqib chiqdi-yu, boshini yuqoriga koʻtarib, qah-qah otib kuldi.
–He, Abdulla-ey! Oʻsha bobongning nimasini maqtaysan! Boshqa nuroniyroq qurib ketgan edimi?!

Men ham hijolat chekdim. Lekin uning gapi jahlimni chiqardi. Bundan keyin she’r yozsam, redaktsiyaga yuborganim boʻlsin! Har holda ular bobomning baqiroqligini bilishmaydi-ku! Ular Qilichevday andishasiz, yuzgachopar boʻlishmasa kerak?! Men she’rlarimga yashirgan qandaydir samimiy va bir oz mavhumroq tuygʻularni ular darhol fahmlashmasa kerak?! Ha, his qilishadi, axir redaktsiyada dono, hamiyatli, sinchkov kishilar ishlashadi-ku!

Toʻgʻri, bobom bir oz badjahlroq. Buni tan olmasligim ham insovdan emas. Boshqalarni qoʻya turing, shu kolxozimiz raisi bilan agronomini ham jerkib berganliklarining guvohi boʻlganman.

Men tomida oʻtirib she’r yozadigan tegirmon bir mahallar odam bilan gavjum boʻlgan. Oʻsha paytlarda bobom bu yerda tegirmonchilik qilganlar. Keyinchalik esa magazinlarda unlar koʻpayib, bu yerga qadam bosmay qoʻyishgan. Shunda bobom ne-ne azoblarda tegirmonni moyjuvozga aylantirganlar. Odamlar bu manzilga yana kela boshlaganlar. Bobom endi ularga zigʻir yogʻ ulashgan. Ammo bu uzoq davom etmagan: juvoz yasab, zigʻir yogʻ ishlab chiqarish mumkin emas ekan-da! Kolxozimiz rahbarlarining biri qoʻyib-biri kelar, juvozni berkitishni talab qilishardi.

Bir kuni rais bilan agronom kelib, talabni qattiqroq qoʻyishdi. Bobom ham toqat qilolmay, baqirib berdi:
– Axir, odamlar zigʻir yogʻ yemasinmi...
– Paxta yogʻ hech kimni teshib chiqqan emas, - boʻsh kelmadi rais ham.
– Teshib chiqmagan boʻlsa, oʻshani yeyavering, men juvozni yopmayman!

Ular juda gʻazablanib, indamasdan orqaga burilishdi. Bobom esa bogʻdodi eshigining ostonasiga ogʻir choʻkib, uzoq vaqtgacha sukut saqlab oʻtirdi. Yodiga oʻgʻli tushdimi yoki boshqa sababdanmi, bir nuqtaga uzoq tikilib, ogʻir xayol surdi, soʻng kechga yaqin juvozning eshigiga mana bu katta qulfni urdi. Lekin odamlar uzoq-uzoqlardan hamon zigʻir yogʻ izlab kelishadi.

Kolxozimiz rahbarlari ham yomon odamlar emas, ular har gal bobomni kechirishadi va yuzma-yuz kelganda albatta qoʻl berib salomlashishadi. Agar badjahlroq rais boʻlganda... Bultur bobom uni shunday xijolat qilgandiki, asti qoʻyavering.

Oʻshanda xuddi shu yerda kitob oʻqib oʻtirgandim. Bobom tol xivichidan savat toʻqiyotgan edilar. Kutilmaganda rais bilan notanish kishi kelib qoldi. Mehmon hiyla keksaroq, ortiq boʻlib, bobomning chipor tovugʻidan nigohini uzmas, xuddi semurgʻ qushni koʻrganday, uni ta’qib etib kelardi. Rais ham bir tovuqqa, bir atrofga alanglab, uning orqasidan ergashardi. Bu juda taajjubli hol edi: men bilan bobom ishimizni yigʻishtirib qoʻyib, ularni kuzata boshladik.
– Ha, oʻzi nima gap? – dedilar chidab turolmagan bobom bir ozdan keyin.

Rais bu kutilmagan uchrashuvdan sarosimaga tushdi, lekin darhol oʻzini oʻnglab oldi.
– Ie, shu yerdamisiz? Yaxshimisiz, sogʻliqlar joyidami?
– ...
– Bu kishi, - rais yonidagiga ishora qildi, - chet ellik mehmonlar. Kolxozimizga kelgan ekanlar. Zoʻlari professor... tovuqshunoslik boʻyicha. Shu desangiz, toza qonli koʻlangi tovuq ya’ni oʻzimizning jaydari tovuq yoʻqolib ketgan, degan gaplar bor ekanda. Mehmon tovugʻingizni koʻrib, juda xursand boʻldilar. Endi bittasini shu kishiga berib yuboradiganga oʻxshaymiz.

Oraga bir lahzalik jimlik choʻkdi. Rais bobomning aynib qolishidan yoki baqirib berishidan choʻchidi shekilli, yotigʻi bilan davom etdi.
– Men sizga fermadan toʻrt-beshta tovuq berib yuboraman.
– Haligi oq tovuqdanmi? – qandaydir kinoya bilan gap boshladilar bobom.
– Ha, semizrogʻi, tuzukrogʻidan...
– Oʻsha sariqpocha tovuqlarga shuni almashtiradi, deb oʻylaysizmi?
– Ha, mayli, pulni toʻgʻrilab beramiz. Qimmatroq qilib...
– Mening tovuq sotganimni qachon koʻrgan edingiz? Qimmatchilik yillari sotmagan jonivorni endi sotamanmi?! – tovushlarini bir oz koʻtardilar bobom.

Rais choʻchib qoldi. Mehmonning nazdida noqulaylikka tushdi, ammo bu vaziyatdan ham osonlik bilan chiqib ketdi.
–Ha, buning ilojini topamiz, - dedi u mumkin qadar yumshatib.

Nimaning ilojini topishini biz bilolmay qoldik. Yonidagi mehmonga esa ruschalab: «Cholning oʻzi bu tovuqni nabirasidan berib yubormoqchi boʻlyapti, siz, hurmatli mehmonning ovora boʻlishingizni istamayapti», dedi.

Men juda hayron qoldim. Bobomga aytmadim-ku, ammo bu yogʻi qanday boʻlarkin, deb oʻylay boshladim. Ular qaytib ketganidan keyini koʻp oʻtmay, halloslagancha dadam yetib keldi. Ma’lum boʻlishicha, rais tadbirkorlik qilib dadamni ishga solibdi. Dadam kolxozimizda buxgalter boʻlib ishlaydilar, raisning gapini ikki qilolmaydilar.
– Endi, nozik mehmon ekan, bermasak, rais xafa boʻlar, - bobomni koʻndirishga tirishardi dadam.
– Xafa boʻlsa sadqai sar! Juvozni yoʻqotdi, jaydari sigirlarimizning barini goʻshtga topshirib yubordi. Endi tovugʻimiz ham qolmasinmi?!

Oraga ogʻir jimlik choʻkdi. Dadam ham hech yoqqa ketmay, boshini chap tomonga xam qilganicha xomushgina oʻtirardi, bobom esa yana ostonaga choʻkkandi. Shu topda dadamni emas, koʻproq bobomni oʻyladim, u kishiga rahmim keldi.

Oradan biror soat chamasi vaqt oʻtgach, bobom oʻrinlaridan chaqqon turib, tovuqni tutib keldilar.
– Mang! Olib boring. Ayting, tovugʻi ham, puli ham kerak emas!

Dadam tovuqni qoʻltiqqa qistirganicha mamnun boʻlib ketdi. Vaziyat yumshaganidan oʻzim ham quvondim: ilhomim joʻsh urib ketdi, she’r boshlab yubordim. Avval tegirmon haqida she’r bitdim, eshigi qulfli bu bino keksa kishiga oʻxshashligini, uning ichi boʻsh emasligini, bir vaqtlar najot maskani boʻlganligini qofiyaga soldim. Oʻsha kunning oʻzida «Shotut» degan she’rni ham boshlab qoʻydim.

Darvoqe, shotut! Bobom hovlilaridagi oʻsha bukri shotut tufayli agronomimiz Qoʻzivoy akani ham qattiq ranjitgandilar.

Shotut gʻarq pishgan edi oʻsha payt. Biz – bolalar daraxt ustida edik. Bir mahal qayoqdandir Qoʻzivoy aka kelib qoldi. Otini shoshmay daraxtga bogʻlab, bobomga oʻgirildi.
– Hormang, ota!
– ...
– Bu, shotut, pishibdi, manzirat ham qilmaysiz?!
–Shotut yegingiz keldimi? – bobomning ovozida qandaydir kesatishmi, kinoyami bor edi. Agronom buni sezdi, shekilli, indamadi.
–Axir, ekinglar, - davom etdilar bobom. – Hammasi qoʻllaringda-ku!

Agronom shotut yemadi, indamadi, qovogʻini solganicha otiga mindi-yu, joʻnab ketdi. Ammo juda xijolat ish boʻldi-da!

Men «Shotut» degan she’rimga batamom boshqa narsani – shu daraxt toʻgʻrisidagi afsonani asos qilib olganman. Bu afsonada aytilishicha, qadim zamonlarda shoh bir begunoh oshiq yigitni oʻlimga mahkum etibdi. Yigit najot izlab atrofga alanglayotgan paytda tutning tanasi ochilib, uni oʻz bagʻriga olibdi. Buni faqatgina bir hakka koʻribdi, xolos. Jallodlar yigitni izlayotgan paytda hakka uning daraxtdan chiqib turgan etagini choʻqilab qaqillayveribdi. Shunday qilib, haligi yigitni tutib qatl qilishibdi. Shundan beri shohtutning mevasi qon rangida boʻlib qolgan emish.

Lekin ertasiga bu she’r oʻzimga ma’qul boʻlmadi: uni yirtib tashlab, oʻrniga «Mavhum tuygʻular» degan she’r yozdim. Bu she’rimga hayotda shunday nodir tuygʻular borki, ularni hamma ham his qilolmaydi, bu mavhum va tabarruk tuygʻular, ularni his etish katta baxtdir, degan mazmun bor edi.

Koʻchirdim-u, redaktsiyaga joʻnatdim. Ertadan boshlab gazetani sinchiklab kuzatib bordim. Ammo ular men kutgandek gazetada chiqmadi; oʻn kunlardan keyin redaktsiyadan xat oldim.

«Hurmatli A. Ma’dullaev!

«Mavhum tuygʻular» sarlavhali she’ringizda mavhum misralar mavjud boʻlganligi uchun ulardan foydalanishning iloji boʻlmadi.

Bizga yozib turing!»

Koʻnglimning allaqaeri huvillab qolganday, juda tabarruk narsani yoʻqotganday boʻldim.

Shu payt qarasam, bobom ham ostonada oʻtirib ogʻir xayol suryapti. Ehtimol soʻnggi yuklarini koʻchirib, ona qishlogʻimiz – Qamchin bilan xayrlashayotgandir, ehtimol, «oʻgʻlim kelib qolsa, bu yerda hech kim yoʻq ekan, deb qaytib ketmasin», deb xavotirga tushayotgandir, ehtimol, boshqa biror mavhum tuygʻu unga tinchlik bermayotgandir.

Bular bari men uchun mavhum edi.