OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nusrat Rahmat. Omadsizlik (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiOmadsizlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm83KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Omadsizlik (hikoya)
Nusrat Rahmat

Jugʻrofiy, iqtisodiy va hatto, tabiiy nuqtai nazardan qaralganda ham, taqdir jagʻalvoyliklarga oʻng qoʻlini choʻzgan, deyish mumkin boʻladi. Yuqori tomon - togʻ, bir tegirmoncha suv qishin-yozin sharqirab yotadi. (Bahorda quturib, yoʻl, koʻpriklarni vayron qilishi noxushroq, albatta). Bu yogʻi shaharga ham yaqin. Qishloqdan biror chaqirim pastdan esa ikki viloyatni bir-biriga bogʻlaydigan shohkoʻcha oʻtadi.

Shularni hisobga olib, jagʻalvoyliklarni togʻ ham, shahar ham boqadi, deyishga asosimiz bor. Shoʻrolar davrida qishloq gohida oʻrmon xoʻjaligiga, gohida kolxoz hisobiga oʻtib turgan boʻlsa hamki, tirikchilik tarzi qoʻshnilardan farq qilmagan holda, ichki bir qonuniyat asosida kechdi. Bu yillar davomida qishloq yonbagʻirlikdan, ancha pastga tushdi, uy va hovlilar sathi kengaydi, tomlar shiferlandi, xullas, tsivilizatsiya degan «mehmon» darvozalarni taqqillatmay qolmadi-ki, bularni sanab oʻtirish ortiqchadir.

Qishloq ahlini uzoq yillar davomida togʻ boqqan - mollarini yonbagʻirlarda oʻtlatishgan, qishlik ozuqani ham togʻdan oʻrib olishgan. Faqat shu emas: bahorda revoch, lola; yoz boʻyi togʻrayhon, boʻznoch, boʻyimodaron, mavrak singari dorivor giyohlar yigʻishgan; kuzda pista, bex, togʻpiyoz deganlariday…

Yildan-yilga bu ne’matlar kamayib ketayotganligi sabab, hozir aksar yoshlar shahardagi korxonalarga, mardikor bozoriga borishadi; katta yoʻl boʻyidagi oshxonalarda ishlashadi; Qozogʻiston, Rossiyadan non topib kelayotganlar ham anchagina.

Qoʻshni qishloq va kentdagilarning tirikchilik tarzi, saviyasi bulardan farq qilmasa hamki, jagʻalvoyliklarni andak andi, lakalovga chiqarish, ularning ustidan kulishni xush koʻrishadi. Ikki chaqirimcha yuqorida Ayriqiya degan qishloq bor. Bu yerdagi odamlar jagʻalvoyliklardan shevasi, soddaligi bilan farq qilishadi. Shular ham: «Bir jagʻalvoylik…» deb boshlanadigan latifanamo gaplarda qoʻshnilarini jilla afandiga chiqarishga harakat qilishadi.

«Bir jagʻalvoylik hovlisiga devor urishdan oldin katta darvoza oʻrnatibdi. Har kun ishga ketayotganda, darvozani qulflab ketarkan, kechasi tamba qoʻyib yotarkan. Devor esa haligacha yoʻq ekan».

Hangomatalablarning biri boshlashi bilan ikkinchisi ulab ketadi: «Bunisini qoʻying, bir jagʻalvoylik maxsumning devori ham, darvozasi ham bor ekan. Darvozani qulflab, kalitni ostona ostiga qoʻyarkan-u, balandroqqa chiqib, poda haydab ketgan oʻgʻliga baqirarkan: «Hov Qarashqul! Kalitni ostonaning ostiga qoʻydim».

Uchinchisi ham jim turmaskan: «Bir jagʻalvoylikning oʻgʻli chorrahada turadigan mirshab boʻlgan ekan. Otasi mast boʻlsa garillab qolarmish: «Hey, bilasanmi? Shahardagi hamma moshinlar oʻgʻlimning tayogʻi uchiga qarab yurishadi».

Bu gaplarning aksari oʻsha hangomatalablarning oʻydirmasi boʻlsa ajab emas. Ammo hazilda - ozgina hazil boʻladi, deganlaridek, jagʻalvoylilarni bot-bot chuv tushirib turishadi. Bir qallob kelib, qishloqqa gaz oʻtkazib berishga va’da bergan, loyiha-smeta hujjatlarini koʻrsatgan va katta pulni olib, suvga choʻkkan toshday yoʻqolib ketganini hamon gapirishadi. Surishtirib gaz idorasiga borishsa, yaramas morbozning ishdan haydalganiga ikki yil boʻlgan ekan.

Qozogʻistonga mardikorlikka borgan jagʻalvoylilarni olti oy ishlatib, rosa doʻpposlab, haydab yuborishganiga nima deysiz?

Ularni ham togʻ, ham shahar boqadi, dedik, ammo ikki sigirni emadigan bu «buzoqlar» nisbatan nochorroq yashashadi. Guvala yoki paxsadan, shunchaki tiklangan, aksar hollarda polsiz, shifti vassali, oqlanmagan uylarda turishadi. Poʻstlogʻi chala-chulpa olingan toʻsinlarning koʻpi akas, archa yogʻochidan ekanligini sinchkovroq kishi darhol fahmlaydi va buning sabablari haqida keyinroq toʻxtalarmiz.

Qishloqda Navroʻz, Mustaqillik, Yangi yil bayramlari, hayitlar deyarli nishonlanmaydi. Faqat toʻylarda miriqib xursandchilik qilishadi: yeyishadi, ichishadi, raqsga tushishadi, yoqalashishadi va hokazo. Keyingi yillarda, mardikorlik, chorakorlik qilib, ne-ne uqubatlarda topilgan pulga (nochor boʻlishlariga qaramay) Toshkentdan dongdor artistlarni olib kelish ham odat tusiga kiryabdi.

Jagʻalvoylida juma kuni ham oʻziga xos bayramga oʻxshab ketadi. Aksar ayol, erkak togʻ oshib, qoʻshni viloyat hududidagi Jumabozor degan joyga borishadi. Saharmardondan eshakli, otli, mototsiklli, mashinali bozorchilar karvoni oʻsha tomonga shoshilishadi. Kimdir sotadi, boshqasi xarid qiladi. Gohida, shunchaki, tomoshaga borib kelishadi. Keyin bir haftagacha Jumabozorning tandir kabobi, nosi va allanimalarini maqtab yurishadi. Faqat shu emas: oshna-ogʻaynilarni koʻrishadi, hangomalashishadi, turfa yangiliklardan boxabar boʻlishadi.

Kolxoz paytida yaqinroqdan yangi bozor ham ochishdi; ayrim ishbilarmonlar kattagina pul sarflab, uning atrofiga doʻkon-u oshxonalar qurishdi, ammo odamlar negadir borishmadi; koʻnikmalaridan voz kechishmay, olis boʻlsa ham togʻ oshishni ma’qul deb bilishdi.

Xullas, oʻzbekning koʻpchilikka tanish, rasmana bir qishlogʻi.

U haqda tagʻin nima deyish mumkin?

Boshqa joylardagi singari, bu yerda ham boy boʻlishni orzu qilgan holda, boylarni yomon koʻrishadi.

* * *

Boylar (gazetachilarning daqqoq va rasmiy tili bilan aytganda, «yaxshi ta’minlangan oilalar») haqida gap ketar ekan, birinchi oʻrinda Yodgorxon akaning nomini (bu yerda u kishini «eshon», yoki «asalchi» ham deyishadi) tilga olishga toʻgʻri keladi.

Bu odam oltmish yoshdan oshgan boʻlib, oʻrtaboʻy, rangi toza, oʻzi ozoda; tinch turmaydigan, uddaburro, tejamkor, nigohlari quv, nimadandir zada boʻlganday haddan tashqari ehtiyotkor, nabirasini ham «siz»laydigan; doimo jilmayib turishiga qaramay, uzib-uzib, dona-dona qilib gapiradigan, qattiq kuladigan va andak diltang, xudbinroq kishi. U ishi koʻpligidan yoki shuni vaj qilib, choyxona, machitga chiqmaydi. Qishloqning katta-kichigi toʻplanadigan ana shu ikki joyda bu odam haqida past-baland gaplar boʻlib turadi-ki, bunga tabiiy bir hol, deb qarashga toʻgʻri keladi. Machitdagilar uning paygʻambar yoshidan oshgan, buning ustiga eshonzoda boʻlishiga qaramay, peshonasini yerga qoʻymasligini ta’na qilishadi. Choyxonada esa koʻproq: «Eshonda «qizilcha» bor», degan sirli, shubhali gapni shipshib qoʻyishadi va bu gapga, negadir ishongisi keladi kishining.

«Qizilcha» deganda, oltinni nazarda tutishadi, albatta. Oltin esa bobosidan qolgan, deb taxminlashadi.

Yodgorxon akaning bobosi - Porsoxon eshon oktyabr inqilobidan ilgari qozimi, muftimi boʻlgan ekan. Oʻzi ma’rifatli boʻlib, jadidlar bilan ham bordi-keldi qilarkan. Bolsheviklar u kishiningg mol-mulkini musodara etib, oʻzini Sibirga surgun qilishgan, bu yerda qolgan bola-chaqalarini ham rosa siquvga olishgan, xoʻrlashgan; otaxon esa bedarak ketgan.(Mustaqillik e’lon qilingandan keyin Yodgorxon aka bobosining Behbudiy bilan tushgan suratini kattartirib, mehmonxonasiga ilib qoʻyganligi rost).

Shu qishloq oʻrniga birinchi qoʻy qoʻrasini qurgan, Jagʻalvoyli degan uzoq qishloqdan uch-toʻrt oila qoʻychivonlarni yollagan ham uning bobosi boʻlgan ekan. Oʻsha qishloq odamlari oʻpka silidan qirilib ketgan, bu yerdagilar tirik qolgan va oʻzlaridan koʻpayishib, qishloq vujudga kelgan, deyishadi.

Bobosining boshiga tushgan oʻsha qismat bu avlodni hozirgacha ta’qib ostiga olib kelayotganga oʻxshaydi. Yodgorxon akaning otasi ham bobosiday oʻqimishli kishi boʻlgan. Ikkinchi jahon urushiga ketib, qaytib kelmagan. Oʻshanda u ona qornida boʻlgan. Koʻz yoshi va peshona teri ta’mini juda erta tatigan, talotoʻp zamonlarda ham bir burda baxti uchun sabot bilan kurashgan bu odamni hayotning oʻzi tirishqoq, tadbirkor, tejamkor qilib qoʻygan boʻlsa ajab emas. Yodgorxon aka bilan muloqotda boʻlgan kishining xayoliga, beixtiyor: «U hali uzoq yashaydi», degan fikr kelishining sababi ham, ehtimol shudir.

Bolaligidayoq togʻdan dorivor oʻtlar tergani, qoʻy boqqani, podachiga yordamchi boʻlib, «oshhalol» aytgani, katta koʻchaga suv chiqarib sotganini gapirib bersa, rahmingiz kelib ketadi.

Uning hovli-joyi boshqalarnikidan batamom farq qiladi: ichkari hovlidagi imoratlar pishiq gʻishtdan qurilgan, shiftlar ganjkorlik qilingan, devor did bilan boʻyalgan, poydevorlar ustiga oq marmar yopishtirilgan. Mehmonxona, hammom havas qilgudek; darvozaxonadagi oq «Neksiya» koʻzni qamashtiradi. Tashqari hovlidagi aylanma ayvon ostida ot, sigir boqiladi, xoʻjalik ashyolari, yem-xashak, asalari qutilari, traktor qismlari, zarur boʻlganda, tok beradigan motorli generator (bu yerlarda elektr tokining boʻlganidan boʻlmagani koʻproq) norvon, zambilgʻaltak, hafsala bilan maydalanib, odam boʻyi sarjin qilingan oʻtin va roʻzgʻorning boshqa ashyolari dargohda talabchan, intizomli kishi hukmronligidan dalolat berib turadi. Oʻrtaroq joyda artezian quduq, yonida moʻ‘jazgina issiqxona. Qoʻshni qishloqdan xizmatkori ham bor.

Birinchi televizorni, oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida Yodgorxon aka olib kelgan. Butun qishloq kelib tomosha qilarkan oʻshanda. Keyin rangli televizorni ham lokatorli antennalarni, hattoki qoʻl telefonini ham, ilk bor shu asalchi xarid qilgan.

Ikkinchi jahon urushidan ilgari Genrix degan nemis kelib, bu yerda oʻrmon xoʻjaligining bir boʻlimini ochgan, Yodgorxonning otasini oʻrinbosar qilib olgan ekan. Ular togʻ yonbagʻirlariga daraxt nihollari oʻtqazishni boshlashibdi. Hamqishloqlarni ishga olib, maosh berishibdi. Uch-toʻrt yil mobaynida tepadagi archazorlargacha akas, sarv, doʻlana, oʻrik, archa, olcha, bodom, xullas Genrix deganlari nimani topib kelsa, oʻshani oʻtqazishibdi. Togʻbegilar otda yurib, nihollarni qoʻriqlaydigan boʻlishibdi. Urush boshlanib, ilk «qoraxat»lar kelishi bilan odamlarning boshliqqa munosabatlari oʻzgaraboribdi: «Nemis» degan birgina soʻzning oʻzi ularni larzaga soladigan, tutaqtiradigan hol yuzaga kelibdi. Bu noxushlikni sezgan va oqibatidan xavotir tortgan Genrix bir kechada gumdon boʻlibdi. Shunda qishloqda: «Genrix deganlari Gitlerning odami ekan, Moskvani olishi bilan, butun viloyatimiz xoʻjayinligini unga bermoqchi boʻlgan emish», degan gaplar tarqalibdi.

Yodgorxon akaning dadasi bu yerga atigi bir yarim yil boshliq boʻlgach, u kishini ham armiyaga olib ketishibdi.

Aynan urush yillari yonbagʻirdagi daraxtlar hosilga kirgan ekan: odamlar ozmi-koʻpmi bahramand boʻlishibdi. Keyinroq oʻtin, qurilish ashyolari ham shu yerdan chiqaboshlabdi.

* * *

Oʻtgan asrning yetmishinchi yillariga kelib, bu yerlar oʻrmon xoʻjaligi hisobidan kolxozga oʻtganda, daraxtzorlar ancha kamayib qolgan ekan. Rais katta yigʻilish oʻtkazib, hamma amaldorlar singari, va’dalar beribdi. «Lekin, - debdi u, - daraxtzorlarni saqlab qolishimiz, koʻpaytirishimiz kerak! Bu borada hukumatimizning qarori bor. Imorat uchun archa bilan akasni qirqish bugundan e’tiboran man qilinadi!»

Shunda Yodgorxon aka soʻz soʻrab qolibdi.
— Mening nazarimda, - debdi,- bu daraxtzorlarni muhofaza qilishning yoʻli bitta: u ham boʻlsa, odamlarga taqsimlab berish. Har bir xoʻjalik oʻziga tegishli joyni bogʻ qilib olsin: meva-chevasini yesin, sotsin, ammo daraxtini qoʻriqlasin, unga javob bersin. Jonim achiydi - bularni otam oʻtqazgan…

Negadir oʻpkasi toʻlib, uyogʻini aytolmay qolibdi. Bu gapni rais ham ma’qullabdi. Qoʻl koʻtarishib, qaror qabul qilishibdi. Bir oy oʻtmay, kolxoz pastlikdan molxona qurishni boshlaganda, toʻsinni shu yerdan qirqib, tashiy boshlabdilar. Kolxoz, aslida talon-toroj degani - bu yogʻochlar boshqalarga ham asqotadigan boʻlaveribdi.

Shunda Yodgorxon aka uch gektarlar chamasidagi daraxtzorni oʻrashga kirishibdi: simtoʻr, tikanli sim, taxta, shox, ba’zi joylarga hatto tosh terib, bir necha oy davomida berkitib olibdi. Bunga ham qanoat qilmay, mol-holdan, daraxt oʻgʻrilaridan qoʻriqlash ilinjida chayla quribdi, ba’zan kechalari ham aylanib yuradigan boʻlibdi.

Undan ilgariroq - olmishinchi yillarda miltiqlar tortib olinganda ( bu yerda deyarli har bir oilada boʻlgan), Yodgorxon aka oʻz miltigʻini ixtiyoriy tarzda topshirgan ekan. Ammo ayrim tunlari uning bogʻi tomondan miltiq gumbirlashini eshitganlar zohiriy xavotirga tushib, bobosidan qolgan dumilani yashirib qoʻyganiga ishonch hosil qilisharkan.

Hozir Jagʻalvoyli qishlogʻi tepasida faqat ana shu uch gektar daraxtzor qolgan, xolos. Yodgorxon aka uning yonidan yigirma sotixlik tokzor barpo etaman, dedi-yu, boshqa yumushlari koʻpayib ketganidanmi, odamlarning malomatlaridan choʻchibmi - soʻzining ustidan chiqolmadi.

Eh, shu bogʻ sabab kimlar bilan yaxshi-yomon boʻlmadi u?!

Basirxon degan amakivachchasi bor uning. Andak ichkilikka berilganidan foydalanib, odamlar uni koʻp gij-gijladilar. «Bobongdan qolgan tilloga sening ham haqqing bor: qurumsoq asalchi ulushingni berishi kerak». «Daraxtzor onasining mahriga tushgani yoʻq…». «Sen yeyishga non topolmaysan-u, u muttaham…».

Basirxon, ayniqsa, mast boʻlganda, bu gaplar dilini oʻrtab yuborardi. Ammo amakivachchasiga oltin haqida soʻz ochishga andisha qilardi. Bogʻ masalasida esa ta’ma-yu shamalar qilishni avj oldira boshladi.
— Basirxon,- dedi bir kuni Yodgorxon,- mayli siz u yerdagi xashaklarni keragicha oʻrib oling, meva-chevalarni terib soting. Imorat qiladigan boʻlsangiz, yogʻoch ham topib beraman, bir tiyiningiz kerak emas, ammo orani buzib qoʻymaylik. Eshonzodalarmiz! Igʻvolarga uchmang, uka!

«…Bir tiyiningiz kerak emas», deyishining boisi shundaki, asalchi boshqalarga ham oʻrik, doʻlana, yongʻoq, bodom terishga ruxsat berar, ammo ular bilan shu ne’matlar yoki pulini teng taqsimlashga shartlashardi.

* * *

Aslida Yodgorxon akaning asosiy daromadi bogʻdan emas; u kishi koʻp yillardan buyon asalari boqadi.

Bunga ancha yil boʻlgan. Oʻshanda daraxtzor oralab boraturib, bir joyda asalari galasi gavjum, bezovta uchayotgani e’tiborini tortib qoladi. Tepasidagi akas daraxti shoxida esa arilar gʻuj boʻlib, uzum boshiday osilib turardi. U bir pas nima qilishini bilmay, moʻljal izlaydi, keyin ehtiyotkorlik bilan sertikan shoxni qisqaroq kesib, qopga soladi va uyiga olib keladi.

Qoʻshni Andijoni qishlogʻida…

Savollarga oʻrin qoldirmaslik uchun bu qishloq haqida andak kirish soʻz qilmasak boʻlmas. Shaharga tutash bu deha ahli ikki yuz yillar muqaddam amir Shohmurod tomonidan Andijon tomonlardan koʻchirib kelingan, degan taxminlar bor. Lekin shahar ta’sirida ular tamoman tojiklashgan. Maktablari ham tojikcha, uylarida shu tilda gaplashishadi.

Yodgorxon aka bu qishloqda yashaydigan Fazliddin asalchini yaxshi bilardi. Bogʻidagi akaslar gulga kirganda, arilarini koʻchirib kelgandi. Xushfe’l va ulfatligi diliga oʻtirishgandi uning. Ana shu odamdan madad-u, maslahat izlab, Andijoniga yoʻl oladi u.

Fazliddin asalchi uni koʻrib quvonadi, mehmon qiladi. Asalari boqishni oʻrgatish bilan kifoyalanmay, quti, chorchoʻp, «Asalarichilik» degan kitob ham berib yuboradi. Yodgorxon aka qishlogʻiga qaytib, ishga sidqidildan yopishadi. Ikki yil davomida asalari qutilari yigirmadan oshadi. Ammo oʻsha yili qish qattiq kelib, ularning bari qirilib ketadi. U tushkunlikka tushmaydi. Eng muhimi, tayyor qutilar bilan birga tajriba, ishonch bor edi, asalarichilik nonini ozmi-koʻpmi tatib koʻrgandi.

Arilar qaytadan, tez koʻpaytiriladi. Ularni bahorda toqqa olib chiqar va gʻoʻza gullaganda, Qashqadaryoning choʻldagi yangi sovxozlariga koʻchirardi. Uchinchi yili hosilni koʻtara sotib, telejka xarid qildi. Bu moslamaga oʻttiz qutidan koʻproq ari sigʻar va orqadagi uychasida yashash uchun sharoitlar yaratilgandi. U xotini - Istodaxonni olib, choʻl sahrolarga ketar, toza havolarda ari boqishni xush koʻrardi. Er-xotinning shirin xotiralar, totli orzular haqidagi suhbatlari har gal davomli va maroqli boʻlardi.

* * *

Ular qarindosh ham edilar. Yodgorxon akaning urushdan nogiron boʻlib kelgan togʻasi bor edi. Bir oyogʻi yogʻochdan boʻlishiga qaramay, tinim bilmas: yer chopar, daryodan baliq ovlar ( hozir baliqdan nom-nishon qolmagan), bogʻbonlik qilardi. Yaxshi odam edi, rahmatli. Istodaxon oʻsha kishining qizi boʻlib, ularni unashtirish masalasi boshlanganda, «qarindoshlik» muammosi yuzaga chiqqandi. Ammo har ikki tomonning moyilligi sabab boʻlib, toʻy qilishdi. U vaqtlarda Yodgorxonning ixtiyorida hali bogʻ ham, asalari ham yoʻq edi. Oʻshanda ozgina guruch damlab, qishloqqa osh berishdi, xolos. Kelin-kuyov ham shu qashshoqqina hayotga qanoat qilgan holda, bir-birlariga mehr qoʻyib, sadoqat koʻrsatib roʻzgurzonlik qildilar. Ammo omad ularga oʻng qoʻlini choʻzmadi: yetti yilgacha farzand koʻrishmadi. Ozgina topganlari ham doktor, tabib, azayimixonga ketdi. Doktorlar: bu - qarindoshga uylanishning oqibati ekanligini aytishsa hamki, umidlarini uzmay, bir-birlariga ta’na, malomat yogʻdirmay yashadilar.

Oʻsha - asalari boqishga kirishgan yili xotini qulogʻiga sekin, gʻayritabiiy shivirlab qoldi.
– Hayz koʻrganimga ellik kundan oshib qoldi.

Yodgorxon behad quvongan boʻlsa-da, hayajoninin yuzaga chiqarmadi. Keyin birinchi farzandni intiqlik bilan kutdilar.

Ammo tagʻin omadsizlik yuz koʻrsatdi: bola oʻlik tugʻildi. Noumid - shayton, debdilar; ular nomi chiqqan doktorlar, nafasi oʻtkir domlalarni izlab topdilar, oʻshalarga e’tiqod qoʻydilar. Uch yildan keyin ayol homilador boʻldi. Toʻqqiz oydan keyin dunyoga kelgan oʻgʻillariga bobolari nomi (Porsoxon)ni berishdi. Ammo bola gʻalati edi: loqayd, karaxt, harakati sust... Uni koʻrgan kishi beixtiyor: «Bola boʻlsa, shoʻx boʻlsin» degan naqlni eslab qolardi. Porsoxon uch yoshga toʻlgandan keyingina qoʻrqa-pisa yuraboshladi. Zehni oʻtmasligidan maktabda ham oʻqiyolmadi: shunchaki borib keldi. Birov buyursa ishlar, boʻlmasa kun boʻyi oʻtirar, oʻzidan oʻn yoshlar kichik bolalar yoki qizlar bilan uynashni xush koʻrardi. Biror savol yoki maslahat bersangiz. «Siz nima desangiz, shu…», degan iborani takrorlardi.

Oradan tagʻin yetti yil oʻtgach, (ular umidlarini uzib, doktor-u domlalarga bormay qoʻygan edilar) Istodaxon tagʻin oʻgʻil koʻrdi. Bunisiga otasining nomini (Buzrukxon) berishdi. Bolakayning koʻzidan oʻt chaqnardi! Qorachiqlari, negadir, koʻm-koʻk edi uning. Yodgorxon avlodini koʻz oʻngiga keltirib, biror kishi koʻk koʻz boʻlganini eslolmadi va miyasiga kelgan shum xayoldan seskandi. Ayolning makri ming tuyaga yuk boʻladi, degan naqlni eslab, gohida choʻl, sahrolarda uni yolgʻiz qoldirganini, xotinining oldiga dala qorovullari, asal xarid qiluvchilar kelishini oʻylab, xayolga toldi. Sanatoriyaga birga borishardi, ammo ayolini oʻsha yerda qoldirib, aridan xabar olishga ketgan paytlari ham boʻlgandi.

Keyin, nogahonda bu noxush gumonlaridan nadomat chekdi. «Oʻzing farishta boʻlganingda ham mayli edi-ya, Yodgorxon», dedi mingʻirlab.

Buzrukxon fizika-matematika sohasida iqtidorli boʻlib chiqdi. Maktabda muallimlar yecholmaydigan misollarning javobini osonlik bilan chiqarib berardi. Keyin hech kimning madadisiz institutga oʻqishga kirdi. Bitirgach, oʻsha yerga kompyuterchilar guruhiga ishga olishdi. Yil oʻtmay guruhga rahbar boʻldi.

* * *

Yodgorxon aka katta oʻgʻli - Porsoxonni uylantirishi tafsilotini gapirishdan oldin, undan yigirma yillar muqaddam sodir boʻlgan qiziqarli voqeani hikoya qilib berishga toʻgʻri keladi.

Oʻsha yili yozda asalarilarini Karshi choʻliga koʻchirgandi. Bir tomoni yangidan oʻzlashtirilib, gʻoʻza ekilgan, bir yogʻi ufqqa tutashib ketgan, hali oʻzlashtirilmagan sahro edi. Yumushlar er-xotin oʻrtasida oʻz-oʻzidan taqsimlangandi - Yodgorxon aka arilarni koʻzdan kechirar, mashinasi bilan doʻkon-u bozordan zaruratlarni xarid qilar, asalni koʻtara oluvchilarga sotardi. Istodaxon esa oʻsha qutichaday xonada ovqat pishirar, dasturxon bezardi. Katakday keladigan taxtali uychada hamma sharoit yaratilgandi: toza suv, ballonli gaz oʻchoq, mashina ( eskigina «Jiguli»si bor edi oʻshanda) akkumlyatoridan kuch oladigan televizor.

Istodaxon ilgariroq bel, oyoq, buyrak ogʻrigʻiga duchor boʻlgandi. Kechqurunlari Yodgorxon atrofga alanglab olgach, xotinini bel, oyoqlarini uqalab qoʻyishdan or qilmas, shunda ayoli daf’atan yengil tortib, uni oʻpib olardi.

Shu atrofda, omonatgina chaylada istiqomat qiladigan dala qorovulidan boʻlak zogʻ ham boʻlmasdi. Yodgorxon aka har yakshanba tuman markazidan xarid qilgan ne’matlaridan ularga ham berib turardi.

Istodaxon qoʻli gul pazanda edi. Xoʻjayini olib kelgan masalliqlarni shunday ham mazali va rango-rang qilib pishirardiki, har qanday xoʻrandaning tahsin aytmay iloji yoʻq edi. Oʻsha kuni kechquran u qoni sizib turgan mol jigarini andak tuz, murch, ziraga aralashtirib oldi, keyin suvi silqishi uchun bir muddat lattaga oʻrab qoʻydi, piyozni maydalab toʻgʻradi va shu barobarinda qozonni qizitdi. Yodgorxon aka arilarga qoʻshimcha chorchoʻb qoʻyguncha, jigar kabobni dasturxonga tortdi, yoniga issiq choy, turfa gazaklarni qatorlashtirdi. Toza chinni tovoqcha, sochiq, pichoq, sanchiq oʻz joyini topdi.

Xoʻjayin yuvinib olib, xonachaga kirdi-yu, kabobning ishtahani ochib yuboruvchi hididan, stoldagi ne’matlardan zavqi joʻshib ketdi va dasturxonga imlab: «Bu ayshni topolmas jahon sultoni», dedi. U oʻrnashib olgandan keyin Istodaxon shoh qarshisidagi kanizakday yengilgina ta’zim aylab:
— Dadajonisi, buyuring, bakalashkani olib kelaymi?- dedi, xazilomoʻz va shohista tavoze bilan.

Shu oʻrinda, shoirlar tili bilan aytganda, qitday lirik chekinish qilishga ijozat bersangiz.

Yodgorxon aka tabiatan ichkilikka qarshi - uning araq ichganini hech kim koʻrmagan. Ammo har yili oʻz qoʻli bilan qora uzumdan vino tayyorlab, eman daraxti yogʻochidan yasalgan, yigirma besh litrli bochkasini toʻldirib qoʻyadi. Yil boʻyi mehmonlarga suzib beradi, asalarini olib chiqqanda, uch-toʻrt bakalashka olib ketadi.

Istodaxon, boya nimani nazarda tutganini a’lofahm oʻquvchi fahmlab olgandir, albatta. Zero, «dadajonisi» ham zukko odam edi - she’r bilan lutf ayladi.
— Men mayni dilxushlik uchun ichardim, Bugunchi yonimda siz bor, ichmayman!

«Siz bor» degan jumlani aytganda, Istodaxon tomon nozik imlab yuborgani uchun boʻlsa kerak, babbaravariga qah-qah otib kulishdi.

Bir holatga e’tibor berganmisiz? Xotin ham koʻpincha hatti-harakatlari, fe’li bilan eriga oʻxshagan boʻladi yoki yillar oʻtib, unga moslashadi. Istodaxon ham bundan mustasno emasdi. U ham xoʻjayini boya ikki misrani andak oʻzgartirib qiroat qilgani uchunmi, yoki yodidan chiqqan ekanmi - ayrim soʻzlarni qoʻshib she’r oʻqidi.
— Yigit omon boʻlsa, xavf-u xatar yoʻq, Qoʻrgʻon but, asal moʻl, men ham salomat…

Ular tagʻin qah-qah otishdi. Eh, shirin edi - bularning bari!
— Taslim boʻldim,- dedi Yodgorxon aka ikki qoʻlini koʻtarib,- meni yigitga chiqarganingiz uchun ichmasam boʻlmaydi! Ammo mastligim chatoqligini unutmang.
— Yoqmay oʻlsin,- dedi ayoli oʻziga xos karashma bilan.

U piyolani boʻshatib, ogʻziga gazak solishi bilan xalloslaganicha dala qorovuli kelib qoldi. U favqulodda hol roʻy berganini taxminlab, hushyor tortdi.
— Eshon bovo (U Yodgorxon akaga shunday deb murojaat etardi) keliningizni dard tutdi…

«Eshon bovo» ham vaziyatni tushundi, xotiniga nimalarnidir tayinlab, mashinasi motorini oʻt oldirdi. Chaylagacha mashina borolmasdi - yoʻl yoʻq edi. Ayolni yetaklab chiqishdi. U «Jiguli» rulini tuman markazi tomon burdi. Yarim yoʻlga borganda, ayolning bezovtaligi oshdi. Yodgorxon xavotirga tushib, tezlikka tezlik qoʻshganda, panadan Davlat avtomobil nazorati noziri chiqib, iddao aralash tayoqchasi bilan yoʻlning chekkasini koʻrsatdi. Boya shoshib, jomakori bilan yoʻlga chiqqani, hujjatlari, puli u choʻntagida qolib ketgani, buning ustiga, jilla kayfi borligini eslab, borini qimorga tikkan kishiday nadomat chekdi.
— Haydayvering! Enasini buni…!- dedi xotinining yonida oʻtirgan dala qorovuli, tang boʻlib.

Yodgorxon aka yoʻl mirshabini urib ketmaslik uchun tezlikni bir oz susaytirib, uning yonidan oʻtdi-yu, gazni bosdi.

Aslida Yodgorxon aka odob va tavozelarnigina emas, qonun-qoidalarni ham oʻrniga qoʻyadiganlardan edi. Yoshligida qiyinchilik bilan voyaga yetgani, turli joylarda har xil feldagi kishilar bilan yuzma-yuz boʻlganligi uni shu ruhda tarbiyalagandi. Ammo hozir mashinani toʻxtatsa, ayol…

Bu holni nopisandlik deb bilgan yoʻl noziri jahl bilan mototsikliga minib, uni ta’qib qilaketdi. Rostini aytganda, oʻsha paytlarda bu hududdagi militsionerlar anchayin zolim va johil boʻlishardi. Shunga qaramay, uning quvib oʻtishi uchun yoʻl bermadi: oldingga oʻtsa, yoʻlni toʻsishi, vaqt boy berilishidan choʻchidi. Faqat shifoxona (tugʻruqxona ham shu yerda edi) hovlisiga kirgandan keyingina tormozni bosdi va shasht bilan ichkariga yugurdi. Hademay hamshiralar chiqishdi va galalashib ayolni ichkariga olib kirdilar. Yodgorxon aka tashqariga chiqsa, koʻzi qonga toʻlgan nozir mashina oldida turibdi. Noxushlik ruy bermasligi uchun uzoqdan turib kechirim soʻragan boʻldi.
— Dokument?- talab qildi u javoban.
— Ukajon, oʻzingiz koʻrdingiz-ku,- zorlangan boʻldi Yodgorxon aka,- shoshgandan hujjatlarni ham ololmabman.
— Kalitni bering, moshinni olib ketaman,- dedi u oʻsha jahl bilan.

Shu payt ichkaridan chiqib kelgan dala qorovuli bu mashmashani koʻrib, dargʻazab boʻldi.
— Hov milisa uka,- dedi yarim iltimos, yarim dagʻdagʻa ohangida, sizda insof bormi?

Yodgorxon aka uni tinchlantirdi, nozirga benzin datchigini koʻrsatib, uqdirishga kirishdi.
— Qarang, benzin tugagan, nariroq borib, yoʻlda qolib ketasiz.

Aslida benzin bor edi, ammo moslama buzuqligi sabab uning strelkasi nolning ustida turardi.

U jilla uylanib, ikkilanib turdi.
— Unday boʻlsa nomerni yechib olaman,- dedi va mototsiklidan ombir olib kelib uni yechishga kirishdi. Zanglab ketgan boltlarning bittasini yechishga ulgurmasdanoq, ichkaridan hamshiralar yugurib chiqishdi.
— Suyunchi beringlar, suyunchi!

Hammalari sarosimalanib qolishdi.
— Mana bu kishi togʻasi boʻladilar,- dedi Yodgorxon aka noiloj nozir tomon imlab,- suyunchini shu kishi beradi.

Militsioner labining bir chekkasi bilan iljaydi va allaqanday hijolatvozlik bilan mototsikliga minib, joʻnab ketdi.

Yodgorxon aka hamshiralarni quruq qoldirmadi: kabinadagi bir paqir (sotishga moʻljallab qoʻygandi) bolni qizlarga uzatib yubordi.

Shundan keyin qizaloqning nomi bu yerda Asaloy boʻlib qolgan ekan; keyinroq ota-ona ham shu nomni tanlab qoʻyaqolishibdi.

Har yil yoki yil oralab oʻsha tomonlarga arilarni olib borishganda, ular Asaloyga ham sovgʻa-salomlar olishar, tanish chaylaga kirib, qizaloqni mehr bilan bagʻrlariga bosishar, sogʻligʻi, oʻqishlari bilan qiziqishardi.
— Maktabni bitirsang, oʻzim oʻqishga kiritib qoʻyaman,- derdi asalchi amaki.

Shunday boʻldi ham: Asaloy oʻrta maktabni bitirgach, meditsina kollejida ishlaydigan tanish oʻqituvchining uyiga bir paqir asal olib borib, iltimosini aytdi. U ham yordamini ayamadi.

Oradan uch yil oʻtgach, er-xotin yangi liboslarini kiyishdi, atirlar sepishdi, ungacha xizmatkor mashinaning ichi-tashini yaltiratib tozaladi. Ular bu gal oʻsha tanish chaylaga sovchilikka yoʻl olgandilar. Yoʻq, oʻgʻillarining andak karaxtligi va bu orada hech kim unga qiz bermasligini nazarda tutib, noilojlikdan shunday yoʻl tutishgan, deyishimiz nooʻrin boʻlardi. Ular Asaloyni, uning ota-onasini bilishardi va garchand, qorachadan kelgan, boʻyi past boʻlsa ham choʻl sharoitida katta boʻlgan mehnatkash, serbardosh qiz ularning koriga yarashini, qoʻlidan ish kelmaydigan farzandlarining ogʻirini yengil qilishini, unga nopisandlik qilmasligini nazarda tutishgandi. Porsoxonning layoqatsizligini boʻlajak quda yoki kelindan pinhon tutib ish koʻrish ilinji ham yoʻq edi ularda: Asaloyning ota-onasi ham, uning oʻzi ham boʻlajak kuyovni bir necha bor koʻrgan, gaplashgan edilar.
— Eshon bovo, bizar qoracha-ku,- buyogʻi qanday boʻladi?- dedi Asaloyning otasi uzoq sukutdan keyin.
— Bobomizning ayollari ham eshonzodalardan boʻlmagan,- javob berdi u,- barimiz ham Xudoning bandasimiz.

Yodgorxon aka katta toʻyga, isrofgarchilikka, ichkilikka qarshi boʻlsa hamki, bu taomilni buzdi: atrofdagi qishloqlarga ham xabar yubordi, araq deganlarini toʻldirib tashladi, Toshkentdan nomdor artistlarni olib keldi, kurash boʻldi.

Asaloy bu xonadonga avvaldan ozmi-koʻpmi koʻnikkani uchun ( u ayrim dam olish kunlarini shu yerda oʻtkazardi) boʻlsa kerak, tez kirishib ketdi. Qaynotasiga «mullaamaki», yoki shunchaki «dada», qaynonasiga «ayamullo», eriga «toʻram» deb murojaat qiladigan boʻldi. Yodgorxon aka birinchi haftadayoq yangi kelinchakni asalari qutisi oldiga olib borib, saboq bergani sira yodidan chiqmasa kerak.
— Asalari deganlari begona odamni chaqadi, mabodo tanish kishisi ham bilibmi-bilmaymi noxush munosabat qilsa, ayab oʻtirmaydi. Shuning uchun har ehtimolga qarshi, boshingizga mana bu toʻrni kiyib oling. Qopqoqni sekin ochish kerak: mabodo taqirlab ketsa soqchi arilar bezovta boʻladi. Mana bunday. Endi arining holati kuzatiladi: chorchoʻb olinib, diqqat bilan qaraladi. Mana bu - ishchi ari, bunisi - shoh, mana bu tekinxoʻrlar - erkaklar. E’tibor bilan qaraysiz: arilar tuxum qoʻyayabdimi, asal toʻplayabdimi. Bekorchixoʻja erkaklar koʻpayib ketmayabdimi.
— Koʻpayib ketsa nima qilish kerak?
— Oʻldirish kerak!

Bu yumushlarni u tez oʻzlashtirib oldi. Shu bilan birga gohida otga minib, bogʻ tomonga yoʻl olar, u yerda kimlar meva terayotganini nazorat qilar, kalitlar shodasini sharaqlatib, yertoʻlaga, narigi hovliga yugurar, qoʻli-qoʻliga tegmasdi, Kelinini kuzatib, Yodgorxon aka ichki bir mamnuniyat bilan jilmayib qoʻyardi.

Yil oʻtar-oʻtmas u birayoʻla ikki oʻgʻil tugʻdi. Taqdir ota-onasidan qisgan omadni Porsoxonga berganga oʻxshardi. Garchand Asaloyning oʻzi, avval ta’kidlaganimizdek, past boʻyli, qorachadan kelgan boʻlsa-da, oʻgʻillari oppoq, gavdali, sogʻlom, shoʻx edilar.
— Ikkovi ham bobomga oʻxshaydi,- derdi Yodgorxon aka har gal Hasanxon, Husanxonni entikib ikki qoʻliga olarkan, sevinchini yashirolmay.
— Kelin, siz endi bolalarga qarang, roʻzgʻor ishlarini boshqalar bajaradi,- dedi u bir kun.
— Mullaamaki, unisini ham, bunisini ham uddalayman,- deb javob berdi Asaloy, boshini xam qilganicha.

Bolakaylar oilaga cheksiz quvonch ato etib, voyaga yetaboshladilar. Yodgorxon aka nabiralarini yaxshi koʻrar, har kun bir-ikki bor koʻrmasa turolmasdi. Oila uchun eng shirin davron boshlanganday edi. Dasturxon boshida duo qilganda, Yaratgandan ana shu totli damlardan benasib etmasligini iltijo qilib soʻrardi u.
— Sizlar kimning toychogʻi?- soʻrardi endigina tilga kirgan nabiralaridan.
— Sizzi toychogʻingiz,- deyishardi ular bab-baravariga.
— Qani, erkaklarga bir ot boʻlaylik, derdi. Soʻng qoʻllari, tizzalariga tayanib, chorpo boʻlar, oʻgʻliga buyurardi.
— Erkaklarni otga mindirib qoʻying-chi.
— Siz nima desangiz - shu,- derdi u, sekin-sekin odimlab.

* * *

Asalarichilikda «razvedka» degan tadbir bor. Ya’ni asalarini koʻchirishdan oldin, qaerda, qanaqa oʻsimlik gullaganini aniqlashga toʻgʻri keladi. Bizning tasavvurimizcha, giyohlar va dov-daraxtlar faqat bahorda gullaganday boʻladi. Aslida esa, tabiatda yil davomida gul boʻladi va arilar nektarsiz qolmaydi. Koʻklam chogʻi daraxtlar, togʻdagi oʻt-oʻlanlar chechak koʻrsatsa, jilla keyinroq pasttekislikdagi chuchmomalar, lolaqizgʻaldoq, boʻtakoʻzlar oʻziga chorlab qoladi. Yozda esa gul degani, bahordagidan ham serob boʻladi: gʻoʻza, kungaboqar, yantoq, oqquray…xullas, sovuq tushguncha davom etadi bu hol.

Bugun Yodgorxon aka, odatdagidek, Istodaxonni yoniga oʻtqazib, mashina rulini Baxmal tomonlarga burgandi. Bir kun oldin esa xotini uning koʻylagi, kostyum, shimlariga dazmol bosdi; yoʻlga chiqish oldidan oʻzi ham ohori toʻkilmagan plashini kiydi, yangi sharfini boshiga tashladi. Xizmatkor mashinani oynaday qilib yuvdi.

Ikkovlarining bogʻlar, sayxonliklarni ortda qoldirib, olgʻa intilishlari, u yerdagi eski tanishlari bilan uchrashishlari hamisha shavqovar, unutilmas boʻlardi. Yoʻlda ham ular bir-birlariga gal bermay, xotiralar, yaxshi odamlar haqida gapirishni xush koʻrishardi. Bunday lahzalarda ularni koʻrgan kishi: Xudo ana shu er-xotinni, atayin bir-birlari uchun yaratgan, degan fikrga kelardi.

Aslida bu yerlardagi har bir soylik yoki yonbagʻirlar ularga tanish. Ammo ari qoʻyiladigan joylarni birov band qilgan yoki vaziyat oʻzgargan boʻlishi ham mumkin-da.

Mashina olgʻa qarab intilar, Yodgorxon aka esa nabiralari haqida toʻlib-toshib gapirardi.
— Kechagina toychoqlarga ot boʻlardim: chap qulogʻimni burasa, chapga, oʻng qulogʻimni burasa, oʻngga qayrilardim. Endi ikkalasi ham she’r aytadigan boʻlgan. Ikkovi ham aridan qoʻrqmaydi. Bunday boladan arichi chiqadi! Men bunga ishonaman!
— Lekin umringdan baraka topgur, kelinimiz binoyi chiqdi,- gapga qoʻshiladi xotini, sizni bir pas koʻrmasa xavotiri oshib izlab qoladi. Tinim bilmaydi oʻzi ham.
— Nimasini aytasiz? Bahosi yoʻq-ku buning…

Shu payt Yodgorxon akaning qoʻl telefoni musiqa chalib qoladi va suhbat uziladi. U mashina tezligini susaytirib, telefonni qoʻlga oladi. Nari tomondan ayol kishining rus tilidagi savoli eshitiladi.
— Eto vы? Mojno govorit?

Yodgorxon aka andak sarosimalanadi, nima deyishini bilmay, duduqlanadi va ikkilanib javob beradi.
— Ni tuda popali.
— Ponyatno,- deydi ayol javoban.

Ular jimib qolishadi. Sukunatni Istodaxon buzadi
— Xoʻjayin, bu - Kristinaning ovozi-ku…

«Xoʻjayin» andak nooʻngʻay vaziyatga tushadi.
— Ha, oʻsha,- deydi, noiloj.
— Avallari kelib turardi, daragi boʻlmay ketdi,- davomini eshitgisi kelib, tergab qoʻyadi, sal hayallikdan keyin Istodaxon.

Yodgorxon aka nima deyishni bilmay qoladi.

Kristina deganlari qirq yoshdan oshganiga qaramay, toʻladan kelgan, suluv ayol. U veterinariya laboratoriyasida ishlaydi. Bundan toʻrt besh yil ilgari viloyatda asalarilar koʻplab nobud boʻlaboshladi. Sinchiklab tekshirishsa, ularni yapon kanasi nobud qilayotgan ekan. Faqat lupada koʻzga tashlanadigan bu zararkunandaga qarshi Yaponiyadan dori olib kelishdi. Uni ilk bor Yodgorxon akaning arilariga oʻsha Kristina degan ayol sinab koʻrgandi. Kanalar yoʻqotildi, ammo Kristina tez-tez kelib turadigan boʻldi. Keyinroq tirik ishchi arilardan yigirma-oʻttiztasini shisha idishga solib, olib ketadigan odat chiqardi. Ayon boʻlishicha, podogra kasalligini ari chaqdirib davolashni oʻrgangan ekan. Kristina arichilikni nazariy jihatdan yaxshi bilardi. Bu borada u oʻqimagan kitoblar kam edi. Ularni amaliyotga joriy etish uchun esa Yodgorxon akaday sofdil, izlanuvchan kishi zarur edi. Ularni ilk bor birlashtirgan narsa ana shu intilish boʻlsa ajab emasdi. Bu yogʻini esa Xudo biladi.

Kristina qaybiram kitobda ari oilasini jadal usulda koʻpaytirish yoʻllarini oʻqiganini aytib berganda, Yodgorxon aka darhol oʻzlashtirib oldi. Usul anchayin joʻn boʻlsa-da, samarali edi. Buning uchun asalari kataklaridan biriga qalamning orqasini suqib uni kengaytirish, soʻng unga boshqasidan shprits bilan ozgina asalari suti olib tomizish talab etilardi.

Garchand hikoyamizning ayrim oʻrinlari arichilik haqidagi qoʻllanmani eslatsa hamki, «asalari suti», degan iboraga sharh berishimiz lozimga oʻxshab qoldi.

Asalari degan jonivor bol, propolis degan shifobaxsh ne’matlardan tashqari sut ham beradi va u tabobatda juda qadrlanadi. Odatda ari bolalariga ozuqa boʻlishi uchun inning tubiga zarragina sut qoldiradi: tuxum va gʻumbaklar shu hisobda oʻsib, voyaga yetishadi.

Xullas, Yodgorxon asalchi shu tariqa sun’iy inlardan shoh ari chiqarishni oʻrganib oladi. Shoh ari chiqdimi, uni bir rom ishchi arilar bilan ajratib olinsa, yangi oila paydo boʻladi.

Bahor paytlari Yodgorxon akaning qoʻl telefoni tinmay jiringlar, hatto boshqa viloyatlardan ham asalari oilasiga xaridorlar chiqar va u yaxshi daromad olardi.

Bu orada Istodaxon tagʻin bir holni idrok etganini ta’kidlamoq kerak: Kristina kelganda, erining kayfiyati koʻtarilar, koʻzlari yashnab ketar, xuda-behudaga kulaverardi. Hayallab qolsa, xavotirga tushar, ustma-ust telefon qilar, gohida bir banka asal koʻtarib, uni izlab borardi.

Istodaxon erini zohiriy rashk qilardi, albatta. Ammo buyragi va beli ogʻrigani bois, uning shahvoniy talabini qondirolmas va shu sabab erkak zotini tushunish lozim, degan mujmal va mavhum mushohadalari ham yoʻq emasdi.

Kristinaning eri Rossiyaga koʻchib ketgani, oʻzi esa qizi bilan shu yerda qolganidan xabardor edi. Bu ayol asalari zaharini yangicha usulda olish tashvishida yurganda, Istodaxonning istehzoli nigohlaridan choʻchidi va qadamini deyarli uzdi.

* * *

Asalchi, bir oʻris ayolni «Neksiya»siga mindirib yurgani, choyxonada ham gap boʻlgandi.
— Boboy hali dajam,- dedi kimdir bu gapni eshitib.
— Bir devorzan, beliga belbogʻini bogʻlab olib, yettinchi paxsaga loy otarkan,- rivoyat aytishga kirishdi Nasriddin traktorchi deganimiz, maroqli mavzudan ilhomlanib,- sheriklari qarashsa, belbogʻning ichida yettita tillo tanga bor ekan. Haligilar bildirmay tangalarni olishibdi. Shundan keyin polvon toʻrtinchi paxsaga ham loy otolmay qolibdi. Tangani joyiga qoʻyishsa, tagʻin avvalgi holiga kelibdi. Dilga ham, belga ham, undan pastiga ham quvvat ato etadigan narsa, oʻsha - «qizilcha».

Ular gurillab kulishdi va boshqa mavzuga oʻtib ketishdi.

Yoʻq, qishloq choyxonasini gʻiybatxona deyish nooʻrin. Aksar erkaklar bekorchixoʻja boʻlgandan keyin qaerga ham borishsin, nima ham qilishsin? Mol-holni podachi boqadi, roʻzgʻor yumushlari ayollar zimmasida. Biror tashabbus boshlash, masalan, biznesga qoʻl urish uchun saviya, malaka, sarmoya kerak. Bunday paytda gapdan gashtak yasab oʻtirishdan oʻzga nimaga ham yaraydi kishi?!

Bu yerda ikki xona boʻlib, birida yoshlar narda, shaxmat, shashka surishadi. Ikkinchisida yoshi kattalar gapxonlik qilishadi, karta oʻynashadi. Koʻproq elektr tokidagi uzilishlarni muhokama qilishadi: allaqanday amaldorlarni roʻyi-rost, boloxonador qilib soʻkishadi. Soʻkmay boʻladimi: soʻxtasi sovuqlar, ertalab ikki soat, kechqurun ikki-uch soat tok berishadi, xolos. Avvallari qishloq ahlining elektr ta’minoti idorasidan katta qarzdorligini vaj qilishardi. Pul yigʻib, qarzlardan qutulgandan keyin ham ahvol tariqcha oʻzgarmadi.
— Shu svetchilarni katta itiga ham kirdim,- deydi hamma Doʻm bovo deb ehtirom koʻrsatadigan otaxon, «katta» soʻziga urgʻu berib,- «Simlarni yangilash kerak, ular oʻn besh oʻrniga qirq yildan beri ishlayabdi - jilla kuchlanishga ham tob berolmayabdi», deydi. «A, yangilang!» desam: «Buning uchun falon million kerak», deydi.

Ishsizlikdan ham nolib qolishadi. Atrofdagi togʻlardan katta kon chiqib, hammaning ishli boʻlishini orzu qilishadi. Siyosat haqida gap boshlab qolishsa, AQShning zoʻravonligi, Rossiya prezidentining xushfe’lligi, Eron sarvarining jasurligi ham e’tibordan chetda qolmaydi. Jumabozorda nima arzon, nima qimmatligi, uning sabablarini ipidan-ignasigacha muhokama qilishadi. Shu bilan birga, oʻzga yurtlarga ishga ketgan bolalari, qavmlari, ularning nasibaga yarasha topishayotganligi, ishboshilarning nopisadligi yoki odamoxunligini sanab oʻtishadi.

Bu yerda araq ichish, hatto nos chekish ham mumkin emas, ichganlarni rosa yomonlashadi, lekin goh-gohida, ayniqsa harifona qilishganda, oʻshanda ham choynakda, qitday-qitday qilishadi.

Aslida gʻiybat, igʻvo ham araqqa oʻxshaydi: uni qoralashadi-yu, beixtiyor u tomonga ogʻib ketishadi.

Nazarimizda, gʻiybat va igʻvoning talay sabablari bor. Birinchidan, buning tagida allaqanday zohiriy manfaatlar yotadi. Ana shu manfaatlar toʻqnashganda, gʻiybatga yoʻl ochiladi. Balki bu birinchisi emasdir. Yuqorida aytganimizdek, hammamiz boy boʻlishni istaymiz, ammo boylarni yoqtirmaymiz. Shu sabab ularni gʻiybat qilishga moyildirmiz. Balki mentalitetimiz shunaqadir.

Bilmadim, bilmadim, bilmadim…
— Shu kecha Eshon bovoning bogʻidan miltiq gumburladi: kim eshitdi?- dedi Nasriddin traktorchi, mavzuni avvalgi oʻzanga burish ilinjida.

Aslida gap miltiq tovushida emasdi. Miltiq ayrimlarni hurkitib qoʻyish maqsadida otilishini va bu koʻplarning diliga oʻtirishmasligini Nasriddin yaxshi bilganligi uchun shu gapni aytgandi. Choyxonaning doimiy muxlislaridan biri - Basirxon ham buni yaxshi tushungandi. Ammo uning oʻz manfaatlari bor edi: «bobomdan qolgan «qizilcha»dan mening ulushimni bermayabdi», degan zohiriy ta’ma hamon uning ich-ichini tatalardi.
— Qoʻyinglar, bizning amakivachchani,- dedi u,- foydasi yoʻq. Birov Xudoning bandasi, birov xotinining.

Buni oʻtga oʻtin qalash, desa, ehtimol oʻrinliroq boʻlardi.
— Bu gap toʻgʻri,- davom etdi traktorchi,- xotininig oyogʻini uqalaganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman…
— Yoʻgʻ-ey!- bir necha kishi hayratlanib u tomonga oʻgirilishdi.

Nasri deganimiz, avallari oʻrmon xoʻjaligining «Belarus» traktorini haydardi. Keyin bu texnika kolxoz hisobiga oʻtdi. Kolxozlar tugashi arafasida Yodgorxon aka uni sotib oldi. Shinalari, motorining ayrim qismlarini yangilashga toʻgʻri keldi.
— Nasriddin, traktorni oʻzingiz haydayverasiz, ammo tomorqa-pomarqa degan gap yoʻq,- dedi u. -Telejkani sudrab borasiz, olib kelasiz, traktorga yaxshi qaraysiz, u bizning hovlida turadi. Kolxozga qaraganda ikki hissa koʻp haq toʻlayman!

Ammo Nasriddin deganlari juda loqayd, ishyoqmas edi, zamon oʻzgarganligini, endilikda bu traktor xususiy mulkka aylanganini idrok etmas yoki buni tan olishni istamas, traktorni ta’mirlab turish, tozalashni xayoliga ham keltirmasdi. Tomorqalarni haydash hisobiga choʻntagiga tushadigan toʻrt-besh soʻmdan mahrum qilinishi esa dard ustiga chipqon boʻlgandi. Xullas, ana shu illatlar sabab boʻlib, Yodgorxon aka uning bahridan kechdi, Tangriberdi degan kishini ishga oldi.

Tangriberdi deganimizga ta’rif beradigan boʻlsak, uning oʻttiz yoshlarning nari-berisida ekanligini, anchayin ishchanligini ta’kidlab oʻtishimizga toʻgʻri keladi. Bu arabbashara yigit Qozogʻistonda ikki yilcha ishlab kelgandan beri anchayin uddaburro, tejamkor, vaqt va pul deganning qadriga boradigan boʻlgan. Nachora, musofir boʻlmasang, musulmon boʻlmas ekansan-da. Oʻzining aytishiga qaraganda, u yerda bedana tuxumini koʻpaytirib sotadigan bir qozoq cholning xizmatini qilgan ekan.
— Men ikki yil uning tuzini tatidim, gʻiybat qilishim uvol-u, ammo uyiga gado kelsa, ushlab uradigan nojins edi. Bizni inson oʻrnida koʻrmasdi: hojatxonasigacha tozalatardi. U yerda ishdan or qilmaysan, chunki seni tanish-bilishlaring koʻrmaydi. Bu yerda qoʻlingni sovuq suvga urishdan nomus qilasan. Alam suyak-suyagimga oʻtib ketgandan keyin boyning biznesini oʻrganishga ahd qildim: bedanani koʻpaytirish, ularni oziqlantirish, dori berish asrorlarini «oʻgʻirladim».

Tangriberdi qishloqqa qaytib, bedana koʻpaytirishga kirishdi: mardikorchilikdan topib kelgan puliga qimmatbaho inkubator, simtoʻr, ozuqa, vitaminlar, dori-darmon sotib oldi. Jonivorlar tez koʻpaydi, koʻpchilik borib tomosha ham qildi. Bu haqda gazetalarga yozishdi. Ammo nogahonda omad yuz oʻgirdi: bedanalar endi tuxumga kirayotgan paytda allaqanday kasalikka chalinib, qirilib ketdi.
— Bariga oʻzim aybdor,- deydi bu haqda gap ketganda,- hali ishni boshlamasdan, olamga jar soldim, kim borsa, koʻrsatib maqtandim. Qozoq chol pashshani ham yoʻlatmasdi: «koʻz tegadi», derdi. Oʻshaning aytgani boʻldi.

Tangriberdi hozir togʻdan togʻpiyoz (anzur) yigʻish, uni qayta ishlash bilan shugʻullanadi. Aniqrogʻi, togʻpiyozni obdon yuvib, avval bir muddat namakobga, soʻng sirko, yoki uksus kislotasiga solib qoʻyadi. Ma’lum muddatdan (buni sir tutadi) keyin bankalarga joylab, ogʻzini berkitadi. Bozorda bu noyob gazakning narxi falon pul. Aytishlaricha, qand kasalligini davolashda tengi yoʻq emish. Avval bozorga chiqarardi, hozir savdogarlar uyidan koʻtara olib ketishadi. Oʻzi hech kimga sir bermaydi, ammo ma’lumotlarga qaraganda, hozir togʻpiyoz urugʻini ekib koʻpaytirayayotgan ekan. Oʻtgan yil yaxshi hosil olgan, deyishadi. Shu bilan birga traktorni ham shaylab qoʻyadi - zarur boʻldimi - oʻt oldiradi. Lekin oʻz xoʻjasi haqida yaxshi gap ham, yomon gap ham gapirmaydi. Bu odamning kelajak haqidagi taxmini, tasavvuri juda noxush, sovuqroq ekanligini ham aytib oʻtishga toʻgʻri keladi.
— Qishloqlar yoʻqolib ketadi: uchta-toʻrtta boy, uning besh-oʻnta xizmatkori qoladi, xolos. Boshqalar non izlab koʻchib ketishadi: shaharlarga, oʻzga yurtlarga… Chunki boqimonda hech kimga kerak emas! Bir zamonlar Porsoxon eshon bovo uch-toʻrt oilani koʻchirib kelmaganda, bu qishloq ham boʻlmasdi: zurriyotimiz sildan nobud boʻlib ketardi. Endi bizni faqat boylar saqlab qolishi mumkin.

Uning bu gapi koʻpchilikka yoqmaydi va tabiiyki, koʻplashib unga qarshi chiqishadi, muhokama qilishadi.

* * *

Yuqorida Doʻm bobo degan oqsoqol haqida soʻz yuritgan edik. Bir vaqtlar kolxozga, keyin qishloq Sovetiga (u paytlar shunday nomlangan) rais boʻlgan bu otaxon bir kuni Yodgorxon akani koʻrib, andak insofga chorlagan, gilalagan boʻldi.
— Eshon bovo, bu lesxoz zamonida ham, kolxoz payti ham shu traktor odamlarning koriga yarab turardi…
— U paytlar egasi yoʻq edi-da - jamoaniki edi, Doʻm bovo, moshiningizni odamlarning xizmatiga berib qoʻymaysiz-ku..
— Berib qoʻyganman, eshon bovo, berib quyganman,- dedi u kishi, vazminlik bilan,- birortasining toʻyi bormi, ta’ziyasi bormi - moshin tayyor. Axir, qishloqchilik…

Doʻm bovo toʻgʻri aytgandi: bu odam borini qishloqdoshlari bilan baham koʻrardi, oʻzi ham ularning xizmatidan foydalanardi: hamon yerini haydab, joʻyak olib berish, xashagini oʻrish, tashish hamqishloqlar zimmasida edi.

Lekin Yodgorxon aka vazminlik qilib, ma’qullab qoʻyaqolgandi.

Choyxonada asalchi haqida gap qoʻzgʻalgani uchun boʻlsa kerak, Doʻm bobo nogahonda oʻsha guftugoʻni xotirlab qoldi.
— Traktor topiladi, dedim, ammo qishloqdoshlardan ayro tushish yaxshi emas! Tirigimiz ham, oʻligimiz ham shu tobutkashlar bilan…
— Kim nima desa desin-u,- dedi tagʻin birov,- asalchi, suv ham qattiq joyda turishini biladigan odam: birovga tiyinini ravo koʻrmaydi. Zarur boʻlganda, qarz soʻrab koʻring - undan pul oʻndirish ignaning teshigidan tuya oʻtkazishday gap!

Bu gapni gʻiybatga yoʻyish, ehtimol oʻrinsizdir. Asalchining birortaga qarz bermasligi - bor gap. Buning sabablari esa uning oʻziga va Xudoga ayon. Yoʻq, falon-falon kishilarga qarz berib, rosa nadomat chekkan, deb oqlash ham oʻrinsiz. Qarz bermaydi, vassallom! Ammo uni qurumsoqliqda ayblagan ana shu odam uch yil davomida bogʻidan yongʻoq, doʻlana terib sotganini, asalchiga tegishli haqni chala-chulpa berganini aytib oʻtish ortiqchalik qilmaydi. Buni boshqalar qatori, Basirxon ham yaxshi bilardi, albatta.

Bu orada mavzu boshqa tomonga - qimmatchilik masalalariga burilib ketgan edi, ammo kimdir Yodgorxon akaning qishloqdan birorta shogird tayyorlamaganini ta’na qilgach, suhbat tagʻin shu mavzuga qaytdi. Basirxon fikr yuritib qoldi. Darhaqiqat, amakivachchasining yillar osha birorta shogird chiqarmaganini qanday izohlash yoki oqlash mumkin? Bu ichiqoralik, oʻtaketgan xudbinlik emasmi? Buning ustiga qurumsoqligi, xasisligini toʻgʻri ta’kidlashdi-ku. Agar shunday boʻlmasa, unga tegishli oltinni berib koʻyardi-da. Balki xotini aybdordir bariga. «Qizilcha» oʻsha yalmogʻizning ixtiyoridadir…

Lekin masalaning boshqa tomonlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Bir vaqtlar Basirxon katta oʻgʻlini unga shogirdlikka bergandi. Bola paqir birinchi bor ari chaqqandan keyin u yerga yoʻlamay qoʻydi. Hozir bozorda aravacha haydaydi. Undan keyingi ayrim shogirdlar ari zahriga tob berib, oʻrganishdi, ammo quti, asalari va boshqa ashyolarni sotib olish uchun sarmoya topolmay, boshqa sohalardan panoh izlashdi. Yodgorxon akaning imkoni boʻlaturib, ularni qoʻllab-quvvatlashni xayoliga keltirmadi.

Barimizda ham nimxohish, ya’ni yarim istak degan bir illat bor. Balki buni nimnoxohish desa toʻgʻriroq boʻlar. Boshqalar singari Basirxon ham amakivachchasini gʻiybat qilishlariga nimxohish bilan munosabatda edi. Yoʻq, Yodgorxon unaqa emas, deyishga oʻsha qosirlik toʻsqinlik qilardi.

Bizni, aslida barbod qiladigan illat - nimnoxohish emasmikin, deb qolasan kishi bunday paytda.
— Qancha tillosi bor, deb oʻylaysizlar shu Yodgorxonning? Oʻn kilo bormi?

Davraga tashlangan bu savol, koʻproq Basirxonning dilini oʻrtantirish uchun aytilganini u sezdimi-yoʻqmi, bilib boʻlmasdi. Shunda Tangriberdi oraga kirdi.
— «Qizilcha» deganlari kilo bilan oʻlchanmaydi. U tanga holatida boʻladi. Men koʻrganman: oʻsha qozoq cholda bor edi - koʻzimizni oʻynatib maqtanardi, qiztaloq! Qoʻlimga olib koʻrganman: bir tomonida Nikolay podshoning rasmi, orqasida ikki boshli qush. Mullaakamizning bobosidan qancha ana shunaqa tanga qolgan-qolmaganini uning oʻzi biladi. Birovning choʻntagiga moʻralash yaxshi emas!

Bir tomonida Nikolay podshoning, ikkinchi tomonida esa ikki boshli qushning rasmi aks ettirilgan tillo tangalar! Ular Basirxonning dilini mushuk boʻlib tatalayotgani, sichqon boʻlib kemirayotganini anglash qiyin emasdi. Doʻkonchining mash’um daftaridagi qarz esa kundan-kunga oshib borayabdi, Jumabozordagi dalloldan qarz koʻtarganiga bir yildan oshdi… U ortiq toqat qilolmadi:
— Qoʻyinglar, shu gaplarni!- dedi.

* * *

Basirxon choyxonadan chiqib uyi tomon ketayotganda, soyning nari tomonida, otda xayol surib ketayotgan Yodgorxon akani koʻrib qoldi. Uning xuddi shu vaqtda bogʻni aylanib kelish odati borligini bilardi. Dilini esa mavhum gʻashlik egalladi.
— Aka, toʻxtang!- ham ovozi, ham qoʻlini koʻtardi u.

Shu bilan birga nojoʻya ish qilyabman, degan pushaymonlik, xavotir ham bosdi uni. Soyning katta-katta toshlari terib qoʻyilgan joyidan ehtiyot boʻlib oʻtar ekan, gapni nimadan boshlashni oʻylar, munosabatlarni buzib qoʻyishdan choʻchirdi.

U odatdagidan quyuqroq salom berdi, hurmat yuzasidan otning jilovidan ushlagan, uning yuganiga ilinib qolgan xasni qoqib tashlagan boʻldi. Yodgorxon akani ham mavhum bir noxushlik, shubha seskantirganday boʻldi. Shunga qaramay, nimtabassum qilib turdi.
— Aka, bu doʻkonchidan qarzlar koʻpayib ketdi.

«Demak, qarz soʻraydi, oʻyladi oʻzicha Yodgorxon aka, araq ichguncha qarzni toʻlasa boʻlardi». Shunga qaramay, vaziyatini oʻzgartirmay turdi. - Aka, bizning ulushni qachon berasiz?
— Qanaqa ulushni?
— Bobomizdan qolgan Nikolay podshoning tangalarini aytayabman-da… Haligi, bir tomonida ikki boshli qushning surati…

Yodgorxon aka bir lahza tin olib turdi. Soʻng butun qahru gʻazabini ichga yutgan holda, oʻsha yumshoq ohangda iltimos qildi.
— Yuganni qoʻyvoring.

Basirxon yuganni qoʻldan chiqarishi bilan, u otiga qamchi bosdi. Bu hol Basirxonning izzat-nafsiga tegib ketdi.
– Xudodan qoʻrqing, Xudodan! - dedi.

Amakivachchasining hamon miq etmay ketaverishi uni battar tutaqtirdi. - Teshib chiqadi!

Bu gap suyak-suyagidan oʻtib ketdi Yodgorxon akaning. U eng avvalo, choyxonadagi gʻiybatchilarni birma-bir koʻz oʻngiga keltirdi. Soʻng, asabi qaqshamasligi uchun, koʻp yillik koʻnikmasini ishga solib, xayolini boshqa tomonlarga chalgʻitish harakatida boʻldi.

U turli tuman, viloyatlarga asalari olib borib, musofirchilik, adolatsizlik sitamlarini rosa tortgan kishi edi. Ammo bugungi zarba baridan oshib tushganday boʻldi. Asabi qaqshagani sabab boʻlsa kerak, oʻsha nohaqliklarning ayrimlari koʻz oʻngiga keldi.

* * *

Oʻshanda arilar choʻldagi bedapoyaga qoʻyilgandi. U «Jiguli»si bilan bozorga borayotganda, qarshisida «Neksiya» paydo boʻldi. Mashina, xuddi beshiktebratardek, koʻchaning goh chap, goh oʻng tomoniga borib-kelayotganini koʻrgan Yodgorxon aka rulda mast oʻtirganini taxminladi va choʻchib, mashinasini bir chekkaga oldi, tormozni bosdi. Zum oʻtmay, «Neksiya» uning naq ustiga bostirib keldi. Soʻnggi soniyada haydovchi rulni keskin burdi, shekilli, «Neksiya» yonboshi bilan «Jiguli»ning orqa eshigiga borib urildi, bir agʻdarilib, tagʻin oʻz holiga keldi. Yodgorxon aka yugurib borib, uning eshigini ochdi: ruldagi oʻsmir hushidan ketgan edi. Orqa eshikni ochgandi, ikki yigitcha choʻloqlanib chiqishdi-yu, Yodgorxon akani mushtlay boshlashdi. U avval oʻzini himoya qildi, soʻng chekindi. Shu payt gʻalati hol roʻy berdi: haligi joʻjaxoʻrozlar oʻz-oʻzidan behush boʻlib yiqildilar. Odamlar toʻplanishdi, militsiya, «tez yordam» yetib keldi, protokollar tuzildi.

Ruldagi yigitchaning mastligi, oyogʻi singanligi aniqlandi. Uning otasi avval katta lavozimda ishlagan, ayni paytda notarial idora xoʻjayini ekanligini aytishdi. Yodgorxon aka oradan ikki-uch kun oʻtkazib, loaqal orqa eshikning xarajatini undirish ilinjida sobiq amaldorga uchrashishga qaror qildi. U befahm esa toʻng-u takabburlik bilan, ruyi-rost poʻpisaga oʻtdi:
— Siz ikki bolani urib, hushidan ketgizgansiz!
— Yoʻq, taqsir,- bor gapni aytmoqchi boʻldi Yodgorxon aka,- ular issigʻida dardni bilishmagan, keyin ta’sir qilgan, buni doktorlar ham tasdiqlashdi.

Yodgorxon aka shunday dedi-yu, suhbatdoshining sigir yeliniga oʻxshagan basharasidan biror ma’noni anglab ololmagach, xayrlashib qoʻyaqoldi.

Bunisi ham qoʻshni viloyatda boʻlgandi. U asalarilarni koʻchirib ketayotganda, katta maydonda kungaboqar qiygʻos gullab yotganini koʻrib qoldi. Traktorchiga toʻxtash ishorasini qildi va suvga yaqin, oʻngʻayroq joy topib, telejkani joylashtirdi. Istodaxon atroflarni tozaladi, suv olib keldi, kechki ovqatga unnayboshladi.

Gap shundaki, arilar bu oʻsimlikdan juda koʻplab gulchang olishadi. Ayrim oʻsimliklarda nektar bor-u, gulchang oz; kungaboqar esa teskarisi. Ari, aynan oʻsha nektarni gulchangga obdon aralashtirib asal tayyorlaydi. Bundan tashqari u oʻziga xos qurilish materiali hamdir. In qurishda asosan gulchanglarni ishlatadi. Ari har bor uchganda, tumshugʻiga nektar, oyogʻiga esa gulchang olib keladi.

Xullas, ular ishni saranjomlayotganda, bir shirakayf otliq paydo boʻldi. Oʻzini brigadir deb tanishtirgach, poʻpisaga oʻtdi.
— Arini bu yerga qoʻyishga kim ruxsat berdi?

Garchand Yodgorxon aka bunday vaziyatlarga bot-bot duch kelgan boʻlsa-da, ayni paytda nima deyishini bilmay qoldi. Odatda shunaqa toifalarning oldiga suyak tashlash - aniqrogʻi, bir banka asal berish bilan qutilardi. Bu hoʻkizning muomalasi esa loʻlilarga qilinadigan toʻnglikka oʻxshab ketgandi.
— Arilar mana bu kungaboqaringizni changitib beradi, magʻzi toʻq boʻladi,- dedi yumshoq ohangda.
— Koʻtaring, bu yerdan!

Yodgorxon aka xotinidan hijolat boʻlib, yuqori koʻtarilganda, negadir brigadir ham sarkashlik qilib, ortidan ergashdi va shunda arilar yoppasiga unga tashlandilar. Shoʻrlik otini ham olmay, qochib qoldi.

Arining tabiati shunaqa - araq hidiga toqati yoʻq. Umuman oʻtkir hidni hazm qilolmaydi. Yodgorxon aka hatto soch oldirganda, sartaroshga atr sepmaslikni oldindan iltimos qilib qoʻyadi. Bir shogird olgandi: shoʻrlik koʻp terlardi. Ari esa ter hidiga toqatsiz. Shu sabab, boshqa kasb tanlab ketishga majbur boʻlgandi.

Yodgorxon aka ana shu noxushliklarni xotirlar ekan, amakivachchasining muomalasi, aniqrogʻi, ta’masi baridan oshib tushganiga ishonch hosil qildi va bir afsonani esladi. Qaybiram zamon-u makonda zolim podsho bir begunohni toshboʻron qilib oʻldirish haqida farmoni oliy beribdi. Shahar ahli hukmfarmo aytganidek, saflanib, haligi shoʻrlikka tosh ota boshlabdilar. Ittifoqo, shu odamlar orasida uning yaqin qavmi ham bor ekan. U boyaqish tosh otmabdi-yu, choponining yirtigʻidan bir laxta paxta olib itqitibdi. Shuncha zarbalarga tob bergan jabrdiyda bunisiga chidolmay, dod deganicha yiqilgan ekan.

Basirxonning yemagan somsaga pul talab qilayotganligi ham shunga oʻxshash alamli edi. Eng ogʻir zanjir oltin zanjir, deganlaridek, eng ogʻir vasvasa ham «qizilcha» vasvasasi ekanligini u yaxshi bilardi. Basirxonning mastligidan foydalanib, bundan keyin ham uni gij-gijlaydigan topilib turishi xavotirli edi, albatta. U xafa boʻlib ketdi.

Darvoza oldida oʻgʻlining mashinasini koʻrib ham dili yorishmadi. Unga peshvoz chiqqan Buzrukxon…

Mantiqni madadga chaqiradigan boʻlsak, shu oʻrinda kichik oʻgʻil - Buzrukxon haqida andak qoʻshimcha ma’lumot berish talab etiladi.

U institutda kompyuter buyicha katta mutaxassis. Chet eldan qimmatbaho kompyuterlar, matbaa uskunalari olib kelishsa, avval shu yigitga murojaat qilishadi. U oʻz sohasini suv qilib ichgan mutaxassislardan. Qishloqda kim toʻy qilsa, rangli taklifnomalar tayyorlab beradi, bilimga andak ishtiyoqi boʻlgan bolalarni oʻqishga olib ketadi, ammo biror kishidan tiyin ham ta’ma qilmaydi.

Ammo har toʻkisda bir illat, deganlaridek, oʻta ishonuvchanligi, tavakkalchiligi, dangalligi dadasini zohiriy xavotirga solib turadi. Nachora, bizda iste’dodlar qusursiz boʻlishmaydi. Uning hamoxir-oqibatini oʻylamay ish tutadigan, soʻng, ishkal chiqarib qoʻyadigan odati yoʻq emas. Buzrukxonda hamisha nimadir kamday yoki koʻpday boʻlib tuyuladi. Buning ustiga hech kimni tan olmaydigan - nigilist, sarkash. Olimlar haqida gap ketganda: «Ular qadimgi yunonlar kashfiyotini takrorlashdan narigi oʻtishgan emas», deydi; shoirlar xususidagi fikri ham pessimistik: «Aksariyati qishloqni ulugʻlab turib, shaharga qarab qochadigan yolgʻonchilar, haqiqatni aytolmaydigan qoʻrqoqlar», deb hisoblaydi. Televideniedan norozi - uning kelajagi yoʻq, deb biladi: «Atigi besh-olti yilda qoʻl telefoni televizorning barcha yumushlarini oʻz zimmasiga oladi», deydi.

Hozirgacha (yigirma yettiga kirdi) uylanmay yurganining sababi haqida toʻxtaladigan boʻlsak, bundan ikki yilcha oldin oʻzidan yoshi katta, eridan ajralgan, bolali ayolning domiga tushib qolganini gapirishga toʻgʻri keladi. Shu ayolga uylanmoqchi boʻlganini eshitib, ota tutaqib ketdi: avlodiga isnod keltirsa, oq qilishini aytdi.

«Unday boʻlsa boshqasiga ham uylanmayman», dedi u.

«Uylanmasang, sadqai sar, ammo mening uyimga bu ayolni olib kelmaysan», degandi oʻshandi Yodgorxon aka uni sen-senlab.

Ungacha esa bir necha qizlarni tavsiya etganda, burnini jiyirgandi. Harqalay ayol chet elga ishga ketib, mashmasha oxiriga yetganday boʻldi.

Hayotda Buzrukxonga oʻxshagan kishilarni uchratish qiyin. Uning oʻz falsafasi, tarixi, iqtisodi borki, u boshqalarnikidan batamom farq qiladi. Shularning bariga qaramay, pala-partish yashaydi, hamkasblardan bot-bot pul qarz oladi.

U yaxshi ishlaydi, yaxshi kiyinadi, yaxshi yeb-ichadi…Lekin shularning bariga qaramay, nimadandir qoniqmay, norozi boʻlib yuradi. «Qadim zamonda bir badfe’l podsho boʻlgan ekan,- hikoya qilib qoladi gohida,- uning qashshoqqina yashaydigan, goʻrkov tanishi boʻlarkan. Bir kuni podsho oʻsha hududdan oʻtaturib, goʻrkovning holidan xabar olgisi kelibdi. Qarasa, u juda boyib ketgan emish: koʻp qavatli imoratlar, faytunlar, xizmatkorlar…deganday. «Demak, davlatim koʻlankasida fuqarolarimning hayoti juda yaxshi», oʻylabdi hukmdor. «Xoʻsh, qanday qilib, boyib ketding»,- soʻrabdi goʻrkov bilan uchrashgach. «Sizning sharofatingiz bilan,- debdi u, odamlar ochlik, muhtojlikdan koʻp oʻlyabdi - daromadim oshyabdi.»

Ha, mayli, mavzudan chetlashib ketmaylik…
— Dada sizning asabingiz buzuq,- dedi u salom-alikdan keyin, mehribonona xavotirlik bilan,- nima gap? Yodgorxon aka Basirxon bilan boʻlgan guftigoʻ haqida gapirishni sira istamagandi, ammo oʻgʻlining yakravligi, tutganini qoʻymasligini xayolidan oʻtkazdi.
— Anavu amakivachcham jigʻimga tegayabdi,- dedi nihoyat va bor gapni batafsil gapirib berdi.

Buzrukxon taajjublandi, anchayin fikrga choʻmdi.
— Men ilojini topaman,- dedi, nimadir yodiga tushganday, daf’atan ochilib. Boplaymiz, bachchagʻarni!
— Qanday qilib?
— Ogʻziga pul bilan uramiz! Men grantga katta pul yutganman!

Yodgorxon aka odamlar grantga pul, mashina va boshqa buyumlar yutishayotganini televizordan eshitgan boʻlsa-da, buning mohiyati, tafsilotini yaxshi bilmasdi. Shuning uchun soʻramay qoʻyaqoldi.

Ertasiyoq Buzrukxon bir tsellofon xaltani toʻldirib pul koʻtarib keldi.
— Bu yerda uch million,- dedi,- bering barini. Men hozir qaytishda uni aytib yuboraman. Xafa boʻlishga arzimaydi. Minba’d gʻing demasligi haqida tilxat ham yozdirib oling!

U chiqib ketgach, oradan koʻp oʻtmay Basirxon oʻzgacha odob, tavoze bilan kirib keldi. U soqolini olgan, yuvingan, yangi kiyimlarini kiygan, batamom hushyor edi.
— Aka kechirasiz,- dedi salom-alikdan keyin,- u kuni sizni xafa qilib qoʻydim. Padariga la’nat shu araqning!
— Yoʻq, yoʻq,- dedi Yodgorxon aka,- siz haqsiz. Haqsiz! Shuning uchun odam yuborgandim.

Oraga mavhum sukunat choʻkdi. Amakivachchasi «siz haqsiz», deganda nimani nazarda tutayotganligini oʻylab qoldi. Jimlikni tagʻin Yodgorxon aka buzdi.
— Bobomizdan bir oz tillo qolgani rost edi: oʻshani sotdim. Endi sizning haqingizni berib qoʻymasam, insofdan boʻlmas…

Basirxon ishonib-ishonqiramay, sukut saqladi. Yodgorxon aka davom etdi: - Ayting, qarindosh, qancha beray?

Bu gal u ishondi va nogahonda qoʻli kattagina pul koʻrishidan behad quvondi, his-hayajonlarini jilovlab:
— Ixtiyor oʻzingizda,- dedi.
— Bir million bersam boʻladimi? Bu – ming dollar degani.

U quloqlariga ishonmadi, lekin vazminlikni qoʻldan bermay turdi.
— Ixtiyoringiz…
— Siz bitta tilxat yozing: «Men Porsoev Basirxon amakivachcham Faloncha Falonchaevdan million soʻm oldim. Unga boshqa da’vom yoʻq» deng.

U shunday dedi-yu, Basirxonning oldiga daftar bilan ruchka qoʻydi. Nogahoniy omaddan hayajonlangan va xavotirlangan Basirxonning qoʻllari qaltirar, fikrini jamlab ololmasdi. Shunga qaramay qingʻir-qiyshiq harflar bilan qogʻozni qoralab, amakivachchasiga uzatdi. Yodgorxon aka uni olib oʻqidi-yu, tagʻin qaytarib berdi.
— Basirxon, Xudodan qoʻrqishim kerak: oʻylab koʻrsam, sizga bir yarim million berishim lozim ekan. Boshqatdan yozing: tagʻin qoʻshib qoʻying - «odamlarning mashmashasiga ishonmayman, qavmimni gʻiybat qilgan nojinslarning ogʻziga uraman,» deng.

Yodgorxon aka pulni, yuziga habashning aksi tushirilgan tsellofon xaltaga solib, amakivachchasiga uzatdi. Xushu xursand xayrlashishar ekan, «Bu yaramasning oldiga katta suyak tashladim, endi gʻing demaydi», deb oʻyladi. Shu bilan birga Basirxonning quv nigohlaridan: «Qari tulki, shuncha yildan beri hidini chiqarmading-a!» degan ifodani uqib oldi. Ular xayrlashish uchun chiqishganda, tashqarida nafratangez osudalik hukm surar, havodan kuygan rezina hidi kelardi.
— Kimdir ballon yoqayabdi,- dedi Basirxon.
— Noinsoflar,- dedi Yodgorxon aka.

* * *

Nabiralari bilan birga boʻlganda u bolaga aylanib ketardi.
— Xoʻsh, sizlar kimning toychogʻi?
— Sizning toychogʻingiz!
— Men oʻrta barmogʻimni yashiraman: kim topsa, otga minadi,- dedi u zavq bilan.
— Men topaman,- dedi Hasanxon.
— Avval men topay,- dedi Husanxon.

U chap qoʻl barmoqlarini yashirdi, ammo nabiralarining ikkalasi ham topolmadi. Bu holni zavq bilan tomosha qilib turgan Istodaxon erinig zavqiga zavq qoʻshmoqchi boʻldi.
— Eshitdingizmi, Basirxonni milisa olib ketibdi. «Demak, mast boʻlib kim bilandir janjallashgan, fikrladi oʻzicha Yodgorxon aka, nogahoniy bir yarim million endi u shoʻrlikni turfa kuylarga solishi tabiiy.»
— Janjallashibdimi?- fikrini tasdiqlatmoqchi boʻldi u. - Yoʻq, yonidan yasama pul chiqibdi, bari qalbaki ekan, nomeri bir xil emish…

Yodgorxon avval e’tibor bermadi, soʻng ajablandi, keyin esa daf’atan hushyor tortdi.
— Pulni kimdan olgan ekan?

Xotini yelka qisdi. U umr yoʻldoshining gapini kesib, oʻrnidan turdi va mehmonxonaga qarab shoshildi. Koʻrpani koʻtarib, shoshilinch, pullarning nomeriga qaradi: ularning bari bir xil edi. Yodgorxon aka juda mudhish jinoyatga qoʻshilib qolganini his qildi va qoʻrqib, vujudiga titroq kirdi. Negadir, bobosining ham otasining ham qabri yoʻqligini eslab qoldi, bu achchiq qismat uni ham ta’qibga olganday edi. Rangi-quti uchib, nima qilishini bilmay, ancha oʻtirgach, qoʻl telefonidan oʻgʻlining nomerini terdi. «Abonent xizmat doirasidan tashqarida» degan javob esa hafsalasini batamom pir qilib yubordi.

U sarosimalanib qolgandi. Keyin esa, qolgan pulni yashirish kerak, degan fikrga keldi. Zudlik bilan uni narigi hovliga olib borib, sheluxaning ostiga koʻmib qoʻydi.

* * *

Uni izlab kelganlar uch kishi boʻlib, ular orasidan faqat uchastka militsioneri tanish edi. Garchand, bu tashrifni tabiiy hol, mantiqiy oqibat deb bilgan boʻlsa-da, uning dilini had-hududsiz gʻussa bosdi, shuncha yillik toat-ibodati bir pul boʻlganligini oʻyladi, kekirdagigacha botqoqqa botgan kishiday ruhi tushib ketdi.

Kelganlar u bilan yaxshi munosabatda boʻlishdi. Salom-alikdan keyin birgalikda, beixtiyor yotogʻiga kirdilar.
— Yodgorxon aka,- dedi tanish militsioner ,- sizda Basirxon akaning tilxati bor ekan, shuni bersangiz…

U e’tiroz bildirmay, stol tortmasidan buklangan tilxatni olib uzatdi. Uni oʻqib koʻrishdi va papkaga solib qoʻyishdi.
— Endi pulning qolganini ham topib berasiz,- dedi kelganlarning yoshi kattarogʻi, sirli andisha, makkorona tabassum bilan.
— Menda pul yoʻq,- dedi u.
— Sizda pul bor!- dedi haligi kishi ishonch bilan, biz uni, baribir topamiz,- lekin, oʻz ixtiyoringiz bilan bersangiz, yaxshi boʻlardi.

Ular chala-chulpa tintuv oʻtkazgandan keyin, haligi kishi tanish militsionerga imlab yubordi va u Yodgorxon akaning qoʻliga kishan soldi. «Hammasi tamom, hammasi barbod boʻldi», oʻylardi boyaqish asalchi. Nahotki mening ham qabrim oʻzga yurtlarda qolib ketsa».

Uni mashinaga mindirishayotganda, qaerdandir Asaloy paydo boʻlib qoldi. Qoʻliga kishan solib, olib ketilayotgan qaynotasini koʻrib, bechora chinakamiga dahshatga tushdi, bu hol katta adolatsizlik, nohaqlik, zolimlik boʻlib tuyuldi. Negadir, avval qaynonasini oʻyladi: umr yoʻldoshini shu alpozda koʻrsa, qoʻrqib, oʻlib qolishidan choʻchib ketdi. Soʻng oʻzini idora etolmay, dod solganicha Yodgorxon akaning bagʻriga otildi, choʻkkala tushib, uning ikki oyogʻini quchogʻiga oldi.
— Dadajon, bu xudobexabar, zolimlarga nima yomonlik qilgandingiz, nima yomonlik? Ogʻzi-burnidan qon kelsin bularning, qon kelsin!

Yodgorxon aka ham koʻz yoshlarini tiyolmadi. Negadir kelinini birinchi bor «sen-sen»lab dardu-hasratlari, soʻnggi ilinjlarini toʻkib soldi.
— Asaloy! Hamma umidim sandan, onajon! Goʻrim boshqa yerlarda qolib ketmasin! Pulni ayama! Bolalaringni ehtiyot qil! Zurriyotlarimni xoʻrlatmagin! Kampirim sening umidingda, onajonim!

Istodaxon shovqun-surondan xavotir tortib, tashqariga chiqqanida, erini olib ketishgan, kelini esa qaqshab yigʻlardi. Asaloy oʻzini tutolmay, qaynonasini quchoqlab oldi.
— Ayamullojon, mulloamakimni olib ketishdi! Qirgʻin tekkurlar! Goʻringga olov tushgurlar! Endi nima qilamiz? Nima qilamiz? Nima qilamiz?
— Kim olib ketdi? Nimaga olib ketadi?

Tafsilotni chala-chulpa eshitgan Istodaxon ham oʻzini tutolmadi: negadir oʻgirilganicha, ezilib-ezilib yigʻlayboshladi.
— Yuzingizni oʻgirmang, birga yigʻlaymiz,- zorlandi Asaloy.

Yillar osha xotirjam roʻzguzaronlik qilayotgan oila tashvish, tahlika, gʻussa ogʻushida qolgandi; hayot tizgini qoʻldan chiqib ketganday edi.

Ular oʻzlarini bosib olgach, endi nima qilish kerakligini maslahatlashgan boʻlishdi.
— Avval doʻm bovoga boraylik, maslahat olaylik,- fikrini aytdi Istodaxon, ovozi qaltirab.

Bir zamonlar bobokalonlari Porsoxon otani ham aynan uch kishi olib ketganini va u zoti sharifning na oʻligi va na tirigidan darak yoʻqligini oʻylab, dili xufton boʻlar, ammo bu noxush alomatni keliniga aytishni istamas, aksincha, unga dalda berish, koʻnglini koʻtarish payida boʻlardi.
— Vaqtimiz ziq - toʻgʻri milisaxonaga boramiz,- unamadi Asaloy.

Ikkovlari apil-tapil kiyinib, katta koʻchagacha sukut saqlab, piyoda borishdi.

Ular mingan avtobusda odam koʻp emasdi, tanishlar ham uchrardi va qaynona, kelinga zohiriy shafqat nazari bilan koʻz tashlayotganday boʻlib tuyilardi. Notanishlar esa, allaqanday qalbaki pul, uni tayyorlaganlar haqida gapirishar, muhokama qilishardi.
— Stalin zamonida bundaylarni chiqarib otardi,- dedi keksatob kishi.
— Hozir endi, pul bilan hammaning ogʻziga ursa boʻladi,- uni qoʻlladi yonidagisi,- asalchi bekorga boy boʻlmagan ekan-da - oʻgʻli pul yasab beravergan, bu … Barining nomeri bir xil emish.

Asaloyni nogahonda tok urganday boʻldi. Gap qaynotasi haqida ketayotganligini fahmlab qolgandi u. Qoʻrquv va hijolat aralash, diqqat bilan quloq soldi. Ammo keksalar Stalinni maqtash bilan ovora boʻlib ketishdi.

U Stalinning kimligini aniq bilmasdi ham. Shuning uchun e’tibor bermay qoʻydi. Mullaamakisining qalbaki pul masalasida ayblanishini esa tasavvuriga sigʻdirolmas, bunga ishonmasdi.

Militsiya eshigida turgan darbon ularni ichkariga qoʻymagan, bu xususda biror ma’lumot bermagan boʻlsa hamki, begʻaraz maslahatini ayamadi.
— Sizlar bu yerlarda yurmanglar - bitta zoʻr advokat topib, oʻshani koʻnglini olinglar, vaqt ketmasin!

Ertasi tagʻin bir noxushlikkka guvoh boʻlishdi. Kechagi uch kishi kelib, ha yoʻq, be yoʻq, toʻgʻridan-toʻgʻri tashqari hovliga oʻtishdi, sheluxani kovlab, pulning qolganini olishdi, oʻsha yerda sanab, akt tuzishdi. Keyin esa oila sardori yotogʻiga kirib, tagʻin tintuv oʻtkazishdi. Bular ham Porsoxon eshondan «qizilcha» qolganiga ishonganga oʻxshashardi. Bularning bari mudhish oqibatlardan darak beradiganday, juda koʻngilsiz hol edi.

Asaloy tanish-bilishlarning maslahati bilan bir vaqtlar prokuror boʻlib ishlagan, endilikda advokatlik idorasi ochgan Mallaev degan kishiga uchrashadigan boʻldi. Birinchi borishidayoq bir paqir asal koʻtarib bordi. Bu soha odamlariga ishi tushmagani sabab, ularni juda qoʻrs, nopisand deb tasavvur qilardi u. Ammo Mallaev deganlarining xushfe’l, ashraf va ochiqkoʻngilligi manaman, deb turardi. U Asaloyni issiq qarshiladi, gapiga ixlos bilan quloq tutdi, ammo uning xoʻrligi kelib gapirolmadi. Aslida qoʻpolroq yoki rasmiyroq zabonda gaplashganda, bu hol roʻy bermagan boʻlardi. Advokatning aynan mehribon ohangini his qilib, «yolgʻiz emas ekanmiz, suyanchigʻimiz bor ekan» degan umid sabab diydalari shashqator boʻlgandi bechoraning. Asaloy oʻzini bosib olgach, Mallaev qaynotasining familiya, nomi, tugʻilgan yilini suradi. U soʻzini tugatar-tugatmas, eminlik ila ilib ketdi:
— Asalchimi? Boʻldi! Men u kishini bilaman,- dedi, yaxshi odam!

Qalbaki pul tayyorlashga aralashib qolganini eshitgandan keyin ham, daldakor ohangda davom etdi. - Boʻyi mushk pinhon namemonad, deyishadi, tojiklar. Adolat yuzaga chiqadi! Qutqarib olamiz! Mabodo ish chigallashganda ham, olti oydan koʻp saqlashmaydi: yoshi ulugʻ ekan - dekabrda amnistiya e’lon qilinadi. Nimadan qoʻrqasiz? Stalin zamoni emas-ku! Sibirga surgun qilmaydi-ku!

Asaloyning yelkasidan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Har yili amnistiya e’lon qilinishi va unda oltmishdan oshganlar avf etilishini eslab, halovatli qoniqish his etdi. Dunyoda xuddi shodlik batamom yoʻqolganday, haftalab kulgi nimaligini bilmagan shoʻrlikning yuziga ilk bor tabassum yoyildi. Barmoqlarini birin-ketin bukib, dekabrgacha atigi olti oy qolganligiga ishonch hosil qildi. Jon siquvchi mudhish kunlar ortda qolganga oʻxshardi. Nigohlarida avvalgi oʻktamlik qalqiganday, nur paydo boʻlganday edi. Hozirgacha Stalinning kimligi bilan qiziqmaganidan, negadir nadomat chekdi.
— Delo bilan tanishay, keyin aniq javobini beraman,- dedi, advokat solihlik bilan.
— Bolalaringizni rohatini koʻring!- keksalarga oʻxshab duo qildi u va bir olam umid, quvonch bilan tashqariga yoʻl oldi. Shu payt Mallaev uni toʻxtatmoqchi boʻldi:
— Qizim, toʻxtab tur - men paqiringni boʻshatib beray.
— Yoʻq,- dedi u shoshib,- satil ham sizniki!

Gohida miyamizda shunday tuygʻular joʻsh uradi-ki, uni tilimizga tarjima qilib boʻlmaydi. U xuddi shu holatni boshdan kechirayotgandi: uyiga dilga taskin beradigan xushxabar olib borayotganidan mamnun va sarosimada, fikrlari algʻov-dalgʻov, sarkash edi.

Keyingi hafta uning fikrini ayrim jumboqlar juda band etgandi: mabodo qamoqxonadagi mahbus vafot etsa, jasadni qavmlariga berishadimi, yoʻqmi? Sibirga joʻnatishmaydimi? Ammo bu nooʻngʻay, nojoʻya gaplarni kimdan ham soʻrash mumkin? Shu gal, mavrudini topib, Mallaevga savol bermoqchi boʻlgandi, lokinda uning umidbaxsh gaplarini eshitib, quvondi va soʻramadi. Yoʻlda ketaturib, bu xususda ogʻiz ochmaganidan mamnun boʻldi.

Ayamullosining ezilganini koʻrib, oʻzining ham dili dardga toʻlib ketgandi, bechoraning. Shuning uchun eshikdan kirishi bilan, qaynonasini quchoqlab, gapga kirishib ketdi.
— Biz behuda gʻussa chekib yurgan ekanmiz: Mullaamakimning ishlari yengil ekan - koʻpi bilan olti oyda chiqarisharkan. Mallaev amaki: «Bu Stalin zamoni emas - Sibirga joʻnatmaydi», dedilar.
— Buzrukxonchi, oʻgʻlimchi,- soʻradi ayol.
— U kishining advokatini ertaga koʻraman,- va’da berdi Asaloy.

* * *

Sud boshlanadigan kun Asaloy qaynonasini olib borishdan andisha qildi: oʻgʻli bilan umr yoʻldoshini panjara ortida koʻrish uning uchun ogʻir kechishi, kasallanib qolishidan xavotir tortdi. Busiz ham qon bosimi oshib qolgandi boyaqishning. Advokat bilan maslahatlashib, u aytgan vaqtda yetib borganida, bir nechta qurolli askarlar qaynotasi, qaynukasi va tagʻin ikki yigitcha (Buzrukxonning jinoyatga aralashib qolgan shogirdlari)ni panjara orasiga olib kirgan edi. Asaloy qaynotasining ma’sum yuziga, jovdiragan koʻzlariga boqib: «Men sizlarga nima yomonlik qildim? Nega bu kuyga solib qoʻydilaring?» degan mahzun nolishni uqib olganday boʻldi va tagʻin yigʻladi.

Hademay, kazo-kazolar ham kelib, oʻz oʻrinlaridan joy olishdi. Sud anjumani ochilib, aybnomalarni oʻqishga kirishildi. Qora kursidagilarni qalbaki pul tayyorlash va undan foydalanishda ayblashdi. Ayon boʻlishicha, Basirxon jumabozorlik bir dalloldan qarzdor ekan. Oʻsha odam, mazkur pulga un xarid qilayotganda, qoʻlga tushibdi. Tabiiyki, pulni kimdan olganini aytib beribdi va hakozo.

Shu payt, Buzrukxonga advokatlik qiladigan (oʻzbekchani suv qilib ichgan) oriqqina koreys, jinoyat kodeksining turli sahifa va moddalariga koʻrsatgich barmogʻini noʻqib, aybnomaning nomlanishga qarshi chiqdi.
— Bular Yaponiyadan keltirilgan yangi apparatni sinab koʻrish uchun, shunchaki qiziqish sabab boʻlib, ana shu ishga qoʻl urishgan,- dedi u. - Puldan foydalanishmagan. Shuning uchun ishning nomlanishi va moddalarini oʻzgartirishni taklif etaman!
— Qoʻlimizda shu qalbaki pullardan foydalanganlik haqida hujjat va asoslar bor,- dedi javoban prokuror oʻrinbosari, davomli mubohasalardan keyin, zalda guvoh sifatida oʻtirgan Basirxon bilan dallol tomon ishora qilib.

Ertasi, indini ham shu tariqa mayda-chuyda tafsilotlargacha soʻroqlar berildi, turli holatlarga ravshanlik kiritildi. Buzrukxon aybini qisman boʻyniga olgan holda, pulni yangi moslamani sinash uchun yasab koʻrganini, dadasining nogahoniy noxushliklardan xalos etish uchun haligi yoʻlni tutganini aytdi. Otasida gunoh yoʻqligini ta’kidlab, uni ozod etishlarini talab ( ha, talab) qildi.

Otaxon uchun esa koʻproq advokat gapirdi. Uning begunohligini talay hujjatlar, asoslar bilan isbotladi ham. Shundan keyin hay’atdagilardan biri:
— Porsoev Yodgorxon, pulning qalbakiligini bilmagan boʻlsangiz, nega uni sheluxa ichiga yashirdingiz?- deb soʻradi.

Yodgorxon akaning javobi uzuq-yuluq, dudmal boʻldi.
— Men mayli-yu, oʻgʻlimga jabr qilmanglar,- dedi, zorlanib.

Hayot insonga in’om etadigan arzimas shodlik, farovonlik evaziga juda koʻp haq talab qilishini oʻylashning oʻzi alamli boʻladi bunday daqiqalarda.

Nihoyat, hukm oʻqildi. Garchand prokuror Buzrukxonga oʻn yil, Yodgorxon akaga besh yil va ikki yigitchaga uch yildan soʻragan boʻlsa-da, talay yengillashtiruvchi holatlar hisobga olindi. Bosh aybdorga yetti yil, qolganlarga ikki-uch yildan tegdi. Soʻnggi soʻz berishganda, Buzrukxon oʻzini anchayin beparvo tutib, avvalgi talabini takrorladi.
— Menga farqi yoʻq - yetti yil umrimni bu yerda oʻtkazdim nima-yu, u yerda oʻtkazdim nima? Busiz ham ozodlikdan mahrum edim! Ma’naviy jihatdan. Lekin dadam bilan shogirdlarimga nisbatan fashistlik qildilaring!

Shogirdlardan biri esa Buzrukxonni roʻyi-rost haqoratladi.
— Shu yaramas koʻkkoʻzni deb hayotim barbod boʻladimi?! U aytdi - men qildim! Bu pulga loaqal, bitta sigaret ham olganim yoʻq! Men prezidentga yozaman!

* * *

Koʻp oʻtmay, Asaloy qamoqxonadagi ma’murlarning ham yaqin kishisiga aylanib qoldi. U qorovul, kichik komandirlarga asal tashib, ularning e’tiborlarini qozongandi. Asaloy kelganda, ularning aksari quvonib ketardi. Unga bir necha bor qaynotasi bilan uchrashish imkonini ham yaratishdi.

Oila esa nuqul kun sanar - olti oyning tezroq oʻtishini zoriqib kutardi. Amnistiya haqida farmon chiqqandan keyin ham otaxonga bir oygacha javob berishmadi. Boshqalar pul choʻzishayotganini anglab, Asaloy bunisiga ham rozi boʻldi. Chunki dunyodagi eng mehribon kishisini tezroq uyga olib borishdan koʻra muhim va ezgu ish yoʻq edi uning uchun. Ammo undan pul ta’ma qilmay, qamoqxona boshligʻi uchun «mayskiy» asal olib kelishni buyurishdi. U boshini xiyol egib, ehtirom bilan: «Xoʻp boʻladi, xoʻp boʻladi», dedi va aytishganidan ham qoʻproq asal olib bordi. Oradan tagʻin biror hafta oʻtgach, Yodgorxon akaga javob tegadigan boʻldi. Asaloy bu gal Tangriberdini izlab bordi.
— Aka, sizdan iltimos,- dedi, bilinar-bilinmas ta’zim qilib,- ertaga dadajonimga javob berishyabdi. Moshinni haydaydigan odam topolmayabman.
— Gap yoʻq!- qisqa qildi u.

Asaloy shosha-pisha koʻz yoshlarini artib oldi. Oʻsha kuni bolalarini yuvib-taradi, ertalab ularga yangi liboslar kiygizdi. Ayamullosini ham yasantirdi va ular ezgu umidlar ila oila sarkorini olib kelishga joʻnadilar.
— Bobojoning eshikdan chiqishlari bilan yugurib borib quchoqlanglar, «biz - sizning toychogʻingiz», denglar, uqdirdi ularga. Ammo turli rasmiyatchiliklar sababli, u kishining chiqishi ancha hayalladi. Nihoyat, qadrdon qiyofa paydo boʻldi va bolakaylar shiddat bilan yugurib ketishdi. Keyin Asaloy bilan Istodaxon ham koʻz yoshlarini tiyolmay, qadrdonlarini quchoqlab olishdi.

* * *

Yodgorxon asalchi endi batamom boshqacha odam boʻlib qolgandi: kamgaplikdan tashqari, allaqanday hurkak, xayolchan, odamovi ham edi. Biror gapni soʻrasangiz, javob qaytarar, boshqa vaqt sukut saqlab oʻtirishni afzal bilardi. U hovlidan tashqariga deyarli chiqmas, chiqqanda ham biror kishining qorasini koʻrsa, oʻzini ichkariga urardi. Asalari, bogʻ, ot haqida soʻz ketganda toʻlib-toshib gapiradigan odam, endilikda gapni shu oʻzanga burishganda ham loqaydgina tabassum qilib qoʻyardi. Otaxon aksar vaqtni yotogʻida oʻtkazar, ovqatini ham oʻsha yerga olib borishardi. Bularning bari, bechoraning ruhiyati falaj boʻlib qolganidan dalolat berardi.
— Bu hol tezda oʻtib ketadi,- deyishdi tanishlar,- milisalar urgan boʻlishi mumkin…

Uydagilar ham allamahalgacha shu umidda yurishdi. Oʻzgarish boʻlavermagach, Asaloyning xavotiri oshib eriga dedi:
— Toʻram, yuring, bolalarni dadajonimning oldilariga olib boraylik, zora shularni koʻrib ochilib ketsalar.
— Siz nima desangiz shu,- dedi va Hasanxon bilan Husanxonni olib kirishdi. Chol nabiralarini koʻrib, sovuqqina bosh silkib qoʻyaqoldi. Bu holni kuzatib turgan Asaloyning tagʻin oʻpkasi toʻlib ketdi.
— Dadajon, nega: «Siz kimning toychogʻi, deb soʻramayabsiz? Nega? Nega? Sizni pajmurda qilib tashlaganlarning ogʻzi-burnidan qon kelsin, uyiga oʻt tushsin! Oʻt tushsin, iloyim!- dedi va uning yelkasiga bosh qoʻyib, tagʻin yigʻlashga tushdi. Soʻng koʻz yoshlarini chala-chulpa artib, qoʻshib qoʻydi. - Mayli, mayli, sogʻ boʻlsangiz - bas! Uyda togʻday boʻlib turganingizning oʻzi ham - bizning baxtimiz! Hali tuzalib ketasiz. Ayamullojonim bilan razvedkaga borasizlar, bolalarimga ot boʻlasiz! Shunday-a, shunday-a?- tasdiqlatib oldi u.

* * *

Asaloy hamon tin olmaydi: ertalab dasturxon tuzatadi, hammani choyga taklif etadi. Keyin sigir sogʻadi, mollarga ozuqa beradi; xizmatkor-u mardikorlar ishini nazorat qiladi. Kalitlar shodasini sharaqlatib, yertoʻlaga, omborxonaga shoshiladi. Asalari qutilari qopqogʻini sekin ochib, ulardan xabar oladi, bekorchixoʻja erkak arilar koʻpaygan boʻlsa, ularni oʻldiradi. Kechki payt xuddi Yodgorxon akaday, shoshmay otni egarlaydi, bogʻni aylanib keladi. Gohida tunlari uygʻonib, mulloamakisi, ayamullosi yotoqlaridan xabar oladi, ular tinchgina uxlashayotganiga ishonch hosil qilgach, pichirlab shukronalar aytadi.

Ayrim paytlar yonbagʻirdagi bogʻ tomondan miltiq gumburlaganini eshitgan jagʻalvoyliklar yengilgina seskanib qoʻyishadi.