OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiQavmlar yoki Vadim falsafasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm58KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/01/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qavmlar yoki Vadim falsafasi (hikoya)
Nusrat Rahmat

Bu koʻngilsizliklarning bari Togʻosharning burnidan qon kelgan oʻsha noxush shanbadan boshlandi. Dastlab oʻzi ham, boshqalar ham bunga jiddiy e’tibor berishmagandi. Ammo, qon toʻxtamadi. Burniga paxta tiqdi, boshini koʻtarib yotdi - qon esa halqumiga oʻtdi va ogʻzidan keldi. Ishboshi «tez yordam» chaqirdi. Doktor oʻz ishining ustasi ekan - uning boshini yanada baland qilib yotqizdi, burniga vodorod peroksid shimdirilgan paxta suqdi, qanshariga hoʻl latta bosdi - qon toʻxtadi. Keyin shoshmay qon bosimini oʻlchadi.
- Joyida,- dedi yengil tortib. - Burningizni biror narsaga urib olganingiz yoʻqmi? Ichmaysizmi, chekmaysizmi?

U inkor ma’nosida bosh tebratib turdi. - Issiqda yurmang, burningizni qattiq qoqmang,- dedi doktor ketaturib. Tagʻin qon ketsa, yotishga toʻgʻri keladi. Jigar kasallanganda ham shunday boʻlishi mumkin.

Anchagina qon yoʻqotganidan boʻlsa kerak, u andak holsizlandi va birinchi bor oʻlim haqida oʻylab qoldi. Kayfiyati andak buzildi.

Hafta oʻtmay, dilni xufton qiladigan hol tagʻin takrorlandi: bu gal doktorni ovora qilishmadi - burniga dorilangan paxta tiqib, peshonasiga muzday latta bosishgandi, qon toʻxtadi. Bora-bora, jigarida bilinar-bilinmas, rutubatli ogʻriq paydo boʻldi. U: «vatanga qaytish kerak», degan xulosaga keldi.

Bu yerdagi shifoxonalarda davolanish juda qimmatga tushishini u eshitgan edi, shuning uchun ham yurtga qaytish, oʻsha yerda davolanish fikri tagʻin kuchaydi. «Har holda, oʻz yurtim, qavmlar holimdan xabardor boʻlishadi. Tuzalib ketsam, tagʻin qaytib kelarman», degan, unchalik qat’iy boʻlmagan, mavhumroq muddaosi ham yoʻq emasdi uning. Buning ustiga qizi Shabnam boʻy yetib qolgandi: xotini uning bu musofir yurtda, begonaga turmushga chiqishini tasavvur qilolmasdi.

* * *

Togʻosharning taqdir taqozosi bilan, aniqrogʻi, rizq-u nasiba izlab, Sochi shahridan bir necha chaqirim yuqoridagi Mamayka posyolkasiga kelib qolganiga oʻn yildan oshgandi. Toʻqsoninchi yillarning (XX asr) oʻrtalarida ustma-ust kelgan qurgʻoqchiliklar boshqa joylardagi singari uning qishloqdoshlarini ham talay qiyinchiliklar, mushkulotlarga roʻbaroʻ qildi. Daryo suvi quridi, (muysafidlarning aytishlaricha, bundan yetmish yil ilgari ham shunday hol roʻy bergan ekan) yuzga yaqin xoʻjalik birgina buloqqa koʻz tikib qoldi. Yozning oxirlariga kelib, undan chiqadigan suv juda kamayib: paqir koʻtargan qiz-juvonlar, flyaga ortgan mototsikllar, aravalar navbatda turadigan boʻlib qolishdi. Togʻda oʻt-oʻlan oʻsmagani sabab, mollarni arzon-garovga sotishdi. Bolalar maktabga kelmay qoʻyishdi: muallimlar mardikorlikka joʻnab ketishdi. Ommaviy-axborot vositalari toʻkinlik, farovonlik haqida shaldiroq gaplarni vaysayotganda, odamlar non topish vahimasiga tushgandilar. Tabiiyki, Toshtemir ham bundan mustasno emasdi. Uning tugʻilgan kuni, aniqrogʻi qirq yoshga toʻlishi ham najot haqida bosh qotirib yurgan kunlarga toʻgʻri kelib qoldi. Oʻsha kuni pochtachi tutqazib ketgan telegramma hayot yoʻlini batamom oʻzgartirib yuborishini esa xayoliga ham keltirmagandi.

Telegramma Sochi shahridan kelgan boʻlib, uni doʻsti Odina yuborgan, aniqrogʻi, tugʻilgan kuni bilan muborakbod etgandi.

Odina deganimiz, asli panjakentlik. U bilan universitetga birga oʻqishga kirishgandi. (Mustaqillik e’lon qilinishidan oldin, albatta) Keyin yotoqda ham hamxona boʻlib qolishdi. Faqat fe’l-atvorlarigina emas, qiyofalari ham oʻxshash boʻlganligi sabab, koʻpchilik ularni aka-uka deb bilardi. Hayot yoʻllarida, imkoniyatlar orasidan munosibini tanlaybilish qobiliyatiga ega edilar ular. Ikkovlari ham oʻrtaboʻy, qirraburun; mushohadali, qanoatli, sokin, xullas, «shahar koʻrgan»lardan edilar.

Oʻqishdan keyin Odina yurtiga qaytib, muallimlik qilayotganda ham bordi-keldilar uzilmadi. Bayramlar, tugʻilgan kunlarda bir-birlarini tabriklab turishdi. Mustaqillik e’lon qilingach, robitalar murakkablashdi, dastlab, hatto maktub ham egasini topmaydigan boʻlib qoldi. Bu ham tabiiy hol edi: yangi tartib va tuzumga moslashish uchun vaqt talab qilinardi. Odina maktabni tashlab, Rossiyaga ishga ketganini u eshitgandi, ammo bu gapni kim aytganini sira eslolmasdi.

«Doʻstim u yoqda nima ish qilayotgan ekan? Borsam menga ham yumush topilarmikan», deb oʻyladi oʻzicha va oʻsha tabriknomani qayta qulga olib, manzilgohga sinchkov nazar soldi. Keyin maktub yoʻlladi. Oʻn kunlardan keyin kelgan javob xati anchayin umidbaxsh boʻlib, jumladan quyidagi gaplar bor edi.

«Bunday noilojlik mening ham boshimga tushgandi. Bundan oʻksimaslik kerak. Doʻstim, jomadoningizni (ular bir umr siz-sizlab gaplashishgandi)koʻtarib kelavering: ishboshi bilan gaplashib qoʻydim. Yotib-turadigan joy ham aniq. Yumushimiz qiyin emas: bu yerda bir ozarbayjonning kattagina yeri bor - shu yerda gul yetishtiramiz…»

U soʻnggi qoʻy-echkilarni sotib, bir qismiga roʻzgʻoriga un bilan yogʻ xarid qildi, qolganiga chipta oldi. Akasi bilan ukasiga ( hammalari bir hovlida yashashardi) oilasidan boxabar boʻlib turishni tayinladi, ishi oʻngidan kelsa, pul yuborishga soʻz berdi.

Bu yogʻi ham qiyin boʻlmadi: Odina, va’da berganidek, uni aeroportda kutib oldi. Tamaddi qilishgach, avval Qora dengizni, uning sohillaridagi muhtasham binolarni, soʻlim xiyobonlarni koʻrsatdi. Togʻosharning dili allaqanday shukuhga toʻldi; sarhadsiz dengiz, yam-yashil bogʻlar, mamnun qiyofalar dilidagi orzu-umidlarni olovlantirdi; inson bu dunyoga baxt uchun kelishini bot-bot xayolidan oʻtkazdi. Taksi bilan Mamaykaga joʻnash oldidan, Odina uning bu jozibalardan toʻymay qolganini his etdi va: « Har yakshanba shaharga tushib turamiz - hali toʻyib tomosha qilasiz», dedi.

Yoʻl-yoʻlakay pishiq gʻisht yoki shunga oʻxshash oq bloklardan tiklangan uylar va ularning derazalariga tortilgan harir pardalar toʻqlik, farovonlikdan dalolat berardi. Mamayka deganlari ham kattaroq qishloq ekan. Bu yerda ja’mi binolar pishiq gʻishtdan tiklangan, hovlilar yam-yashil, ular devor bilan oʻralmagan, gullar, butalar bilan toʻsilgandi.
- Biz darhol uch paxsa devor uramiz, uyimizning oʻzi ham paxsa,- dardini toʻkmoqchi boʻldi doʻstiga.
- Shunday qilmasak ham boʻlmaydi - mol kiradi,- e’tiroz bildirgan boʻldi Odina.
- Bular mol boqishmaydimi?
- Fermalarda boqishadi, ammo sut, qaymoq arzon,- dedi u.

Atrofi anvoyi gullar, butalarga burkangan ikki qavatli bino qarshisida toʻxtadilar. Doʻsti izoh berishga tushdi.
- Uyning egasi Sank-Peterburgda yashaydi, bu yerda Vadim degan oʻgʻli turadi; Odamxudo, deyishadi uni - xayolparastroq bola. Shu yigitning bir gapi bor: «Inson qaerda yaxshi yashasa, oʻsha maskan - uning vatani». Bugundan boshlab, shu uy sizning ham vataningiz boʻladi.

Yuklarni krovatining ostiga joylashtirgach, doʻsti choy olib keldi, begona muhit, notanish kishilar diliga rutubat solmasligi uchun bu yerga kelib toʻgʻri qilganini, ishi oʻngdan kelishi muqarrarligini qayta-qayta takrorladi. Bir ozdan keyin yoʻlakka olib chiqib, oʻsha xushfe’llik, umidbaxshlik bilan muhit, sharoitlar, odamlar bilan tanishtirishda davom etdi.
- Chap tomonimizdagi xonada mening ikki jiyanim turadi: uch yil ilgari birga kelganmiz. Avval bizga ham qiyin boʻlgandi, hozir haqimizni qoldirmaymiz! Mana bu xonada ikki ozarbayjon bola yashaydi. Ishyoqmas, erkaroq - katta xoʻjayinning qavmlaridan boʻlsa ajab emas. Bunisida chechenlar yashashadi. Bu tomonda ikkita xona bor - oʻsha Odamxudo deganimiz xizmatkori, tansoqchisi bilan turadi.
- Tansoqchisi ham bormi?- ishonqiramay soʻradi Togʻoshar.
- Ha, bir chechen yigit kuzatib yuradi. Negadir yolgʻizlikdan xavotir tortadi, bu Vadim deganimiz. Falsafa fakultetini bitirib, oʻsha yerda dars berayotganda, andak kasallanib qolgan: nazarimda, miyani charchatib qoʻygan. Shuning uchun ota-onasi bu yoqqa yuborgan - dam olishga. Pastki qavatda turli joylardan kelgan ayollar yashashadi. Istasangiz, birortasi bilan tanishtirib qoʻyishim ham mumkin.

Ular begʻubor kulishdi.

Odina xotini, qizi bilan burchakdagi ikki xonani ijaraga olgan ekan: tushlikni oʻsha yerda qilishdi. Keyin doʻsti uni ishboshi - Jabrail bilan tanishtirdi. Ruschalab tez gapiradigan, (ovozi burnidan chiqadigan) chuvak, pakana bu odam Togʻosharning diliga unchalik oʻtirishmadi. Xuddi ot xarid qilayotgandek, suhbatdoshiga sinchkov nazar tashlab chiqishi, gapirayotganda nuqul koʻzini olib qochishi gʻalatiroq edi. Shunga qaramay, Togʻoshar unga ehtirom koʻrsatib turdi. Chunki bunday fe’l va raftor koʻpgina ishboshilarning tabiatiga xos ekanligini bilardi. Jabrailni esa Xudoning oʻzi ishboshi qilib yaratgani mana-man, deb turardi: boshliqning ishonchini qozonish, unga sadoqatini namoyon qilib turish, kam xarajat qilib, koʻproq foyda olish hayotining mazmuniga aylanib qolgandi bu odamning.
- Bu ham bizning brigadada ishlayversinmi?-soʻradi Odina.

U rozilik bergach, savolda davom etdi: - Shartnoma tuzish kerak emasmi?
- Dastlab uch yuz oladi.
- Juda oz-ku, loaqal biznikiga tenglashtirish kerak: bola-chaqasi bor.

Jabrail ijirgʻanday boʻldi va javob qaytarmay, zarda bilan joʻnab ketdi. Odina gʻazabini yashirmadi.
- Oʻsha Odamxudo buni Azroil deb ataganicha bor. Qarang: bir oyda uch yuz beraman, deyabdi. Anovilar ming dollardan olishayabdi…
- Odina, uch yuz dollarmi? Mayli, indamang, men roziman - axir u yerda oladigan maoshimni dollarga chaqsa, oltmishga ham yetmasdi.

* * *

Bu yerda bir necha gektar maydonda turli navdagi gullarni yetishtirisharkan va peshma-pesh Sochiga eltib sotisharkan. Ochiq maydonlar bilan birga usti plenka bilan yopiladigan issiqxonalar ham koʻzga tashlanib turardi. Ana shu mulk sohibining Moskvada, Bokuda uyi; allaqaerda korxonalari borligini, har oyda bir bor kelib, xabar olishini aytishdi.

Togʻoshar oshxonada jam boʻlgan kishilardan andak qimtinib turgan boʻlsa hamki, ularni tanib olish; qiyofalari, nomlarini xotirada saqlashga harakat qildi. Sipo kiyingan xushfe’l, chiroyli qiz-juvonlar; hayotning achchiq-chuchugini tatib koʻrmagan, hazilkash yigitchalarni mehr, havas bilan kuzatdi.

Nonushta qilib olgach, (tuxum, sariyogʻ, shirgurach, kofe berishdi) atirgul yetishtiriladigan kattagina maydonga borishdi. Har bir qatorda alohida navdagi gul oʻsar, ular kamalakdek jilolanishi ustiga atrofga xushboʻy iforlar taratar, bularning bari dilga iliq hissiyotlar solar, hayot munavvar, umidbaxsh koʻrinar; yer bilan osmon orasi boʻshlik emas, insonning orzu-umidlarini, hayotga boʻlgan havasini olovlantiradigan goʻzalliklar maskani ekanligini yodga solardi.

Unga tokqaychi berishdi: ular gul tayyorlashga kirishishdi. Togʻoshar qora atirgul (guli siyoh) qatoriga tushib qoldi. Bunday gulni birinchi bor koʻrayotgani uchun qiziqishi oshib, doʻstidan soʻradi.
- Bu gulning ham xaridori bormi?
- Juda koʻp,- javob berdi Odina,- motam marosimlarida, marhumlar qabrini ziyorat qilishda… Gohida boshqalaridan koʻp ketadi, narxi ham balandroq.

Ochilay-ochilay deb turgan gʻunchalarni taxminan ikki qarich uzunlikdagi poyasi bilan qirqib olib, qutiga solishar, ayollar ularni rangi, shakliga qarab yaltiroq qogʻozlarga oʻrashardi. U tezroq, koʻproq ishlagisi keldi-yu, sheriklaridan andisha qildi. Buning ustiga haligi yigitchalar atrofda bir-birini quvib yurishar, ish boshlashmagandi. Bunday paytda judayam ishga berilgan kishi «ola qargʻa»ga aylanib qolishini u yaxshi bilardi. Tushgacha aksar hamkorlar bilan tanishib, doʻst boʻlib oldi. Undan keyin Jabrail ularni boshqa yumushlarga taqsimlab yubordi. Odina ikkovlari ancha keksayib qolgan atirgul tublarini tagdan arralashga kirishishdi. Shunday qilinganda, ular yosh, baquvvat novdalar berishi Togʻosharga ham ayon edi.

Kechqurun Odinaning xonasida choy ichib, dam olib oʻtirishganda, eshik taqilladi. Ruxsat boʻlgach, xonaga yigirma besh yoshlardagi, yaxshi kiyingan yigitcha kirib keldi.
- Bu - Odamxudoning tan soqchisi,- tanishtirdi Odina.
- Seni xoʻjayin koʻrmoqchi boʻlayabdi,- dedi u Togʻosharga qovogʻini ochmay.

U nima deyishini bilmay, sherigiga yuzlandi
- Birga boramiz, har xil savollar berib, boshingizni qotiradi,- dedi doʻsti va yoʻl-yulakay Vadim haqida uzuq-yuluq ma’lumotlar berdi. - Bu odam gʻalati: har bir insonda Xudo siymosini koʻrmoqchi boʻladi. Insonni shu darajada ulugʻlash kerak, deydi. Shunda yangi - odamxudo jamiyati vujudga keladi, degan falsafani yaratgan va unga qattiq ishonadi; shubhalanganlarni johilikka ayblaydi. Shuning uchun gapini ma’qullab turishingiz kerak. Maoshingizni soʻrasa, andak oshirib ayting…Uch yuzni eshitsa, juda asabiylashib ketadi.

Togʻoshar nogahoniy uchrashuvdan, negadir xavotir tortib borayotgandi, ammo Vadim deganlarini koʻrdi-yu, dili huzurbaxsh va zohiriy bir halovatga toʻldi. Boisi: bu yigitcha Sergey Yeseninning aynan oʻziday edi. Togʻoshar yoshligidanoq Yesenin she’rlarini xush koʻrar, shoirning suvrat va siyrati shuuriga singib ketgandi. Sevimli kishisining quyib qoʻygan nusxasini koʻraman, deb oʻylamagani uchun jilmayib qoʻydi. Sargʻishdan kelgan sochi qizlarnikiday oʻrtadan farq olingan va keng peshonalari uzra parishon, tabassum qilib turishi, chehrasidagi xushfe’llik alomatlari, tiniq va oʻtkir koʻzlari kishini sehrlab qoʻyadigan darajada maftunkor edi. U qoʻl telefonida allakimga dashnom berardi.
- Kim aytadi, sani faylasuf deb, Rossiya - mening vatanim emas - davlatim! Vatanim - Mamayka: shu yerda tugʻilib oʻsganman, uni sevaman. Rossiyaning esa koʻpgina gubernyalariga bormaganman. Oʻzim koʻrmagan joylarni qanday qilib vatan deyman. Yoʻq, yoʻq, bu masalada Marksga ham, Nitsshega ham qoʻshilmayman - oʻz fikrim bor: kitobimni oʻqi! Yoʻq, davlatdorlar «vatan» va «davlat» tushunchasini farqlamasligimizdan manfaatdor. Bir paytlar Afgʻonistonda halok boʻlganlarni ham «vatan uchun jon berdi» deyishardi. Hozir ham «ona vatan uchun jon berish kerak», degan chuchmal gapni takrorlab turishlarida insonni manqurtga aylantirishdan oʻzga maqsad yoʻq! Aslida, buning teskarisi boʻladi - haqiqiy onalar farzand uchun jon nisor qilishga tayyor turadilar. Mayli, qolganini keyin gaplashamiz,- dedi u, mehmonlarni kuttirib qoʻyganidan hijolat chekib.
- Sigaret cheksam, maylimi,- soʻradi salom-alikdan keyin, ularni oʻtirishga taklif etar ekan. Doktor man etgan, ammo, tan olaman - irodam boʻsh. Tanishib olsak boʻladimi? - nogahonda ovozini oʻzgartirib, Togʻosharga murojaat qildi u. Odina bilan birga universitetda oʻqiganingizni aytishdi. Oʻzingiz haqingizda picha gapiringchi.

Odamxudo ya’ni Vadim deganlari bu gapni shunday beixtiyor, dilkash ohangda aytdiki, har qanday kishi evrilib ketib, eng nozik tuygʻulari, hatto ayrim asrorlarini ham aytib qoʻyishi hech gap emasdi. Oʻzi, oilasi, qishlogʻi haqida (albatta, rus tilida) shoshmay, mufassalroq gapiraboshladi. Vadim bor diqqatini jamlab, bir maromda bosh tebratib turishi, gohida tabassumini kuzatgan kishi, birovning gapini tinglaybilish ham san’at ekanligiga ishonch hosil qilishi hech gam emasdi.
- Siz ruschani yaxshi gapirarkansiz, - e’tirof etdi suhbatdoshi,- aytingchi, qishloqdoshlaringizning real daromadi qancha? Hisoblab koʻrganmisiz? Masalan, har bir kishi oyida…
- Afsuski, bunday ma’lumot yoʻq. Mening maoshim aniq edi, ammo koʻpchilik ishsiz-ku. Ular mol boqishadi, uzum sotishadi. Aniq daromad nafaqaxoʻrlar bilan, muallimlarda. Koʻp oilalarni nafaqaxoʻrlar boqishadi; dollarga chaqadigan boʻlsak, ular oyida qirq- ellik olishadi.
- Xoʻsh, umumiy qilib oladigan boʻlsak, qishloqdoshlarning daromadi oyida oʻttiz dollarga yetib qoladimi?
- Yetsa kerak,- mavhumroq javob berdi Togʻoshar.
- Sizlardagi uy-joylarning Odinaning qishlogʻidan farqi nimada? -savolda davom etdi u.
- Farqi deyarli yoʻq…
- Imoratlar loydanmi?
- Ha, paxsa.
- Yuz xoʻjalikning barimi?
- Maktab, idora, magazin pishiq gʻishtdan.
- Demak aholining toʻqson foizi loydan qilingan uylarda yashaydi. Shundaymi?
- Shunday.
- Insonni yer osti yoki yer usti boyliklari farovon qilolmaydi! Intellektual qudrat kerak! Hovuchida bir siqim oltini bor dovdirdan, kallasida bilimi, qoʻlida hunari boʻlgan kishi baxtiyorroqdir…

Oraga mavhum sukunat choʻkdi. Bu odamning mustaqillik, aniqrogʻi Rossiya istiqloli haqidagi fikrlari ham tomdan tarasha tushganday edi.
- Mustaqilligimiz abadiy boʻlmaydi,- dedi Odinaning soʻzini kesib,- zero, dunyoda hech nimarsa boqiy emas. Bu - dialektikaning qonuni. Bora-bora davlatlar birlashadi va yoʻqoladi. Chunki davlatchilik ham insoniyat uchun kerak boʻlmay qoladi.

Soʻng oʻrnidan xavotirona turib, atrofdagilarga anchayin nopisandlik bilan dedi: - Men balandga chiqib olganman, bu yerdan odamlarni tomosha qilish maroqli.

Togʻoshar uning nima demoqchi ekanligini yaxshi anglolmay qolgan boʻlsada, suhbatdoshining andak kiborroq raftori, zohiriy gʻururidan ranjimadi: iste’dodli kishilar qusursiz boʻlmasligini u yaxshi bilardi.
- Jabrail sizga qancha maosh beradigan boʻldi?
- Toʻrt yuz,- uning uchun javob qaytardi Odina.

Bu javobni eshitib, haqiqatan ham Vadimning vajohati oʻzgardi. Mushtini tiydi:
- Yoʻq, bu - inson huquqlarini oyogʻosti qilish! Bu - oʻrta asrlarga qarab chekinish! Insonni shunchalik kamsitish mumkinmi, axir?! Bular odam zotini oddiy mashinaga aylantirishmoqchi! Men shaxsan prezidentga maktub yoʻllayman! Agar e’tibor berishmasa, ketaman. Tolstoy, Pushkin yurtining jabraillar, azroillar maskaniga aylanganiga toqat qilolmayman! Yevropaga ketaman! Zamon senga boqmasa, boqma sen ham zamonga!- degandi bir shoir. Insonni sevmagan yurtni sevish nojoiz, Undan qochish kerak!
- Menga qarang,- tagʻin Togʻosharga yuzlandi u andak sukutdan soʻng,- uyimiz loydan degandingiz, hammomchi?
- Hammom yoʻq,- hijolatomuz javob qaytardi u,- pishiq gʻisht izladim – topolmadim.
- Umuman, qishloqda bormi, hammom?
-Yoʻq.
- Nima odamlar yuvinishmaydimi,- jilla qahrga minib soʻradi Vadim.
- Shaharga tushganda hammomga kirishadi, koʻpincha uyda suv isitishadi.

Kutilmaganda suhbatdoshi asabiylashdi, barmoqlari, lablari qaltirayboshladi.
- Ablahlar!- dedi ovozini koʻtarib,- bari amaldorlaringni chiqarib otish kerak! Oʻzlaringni ham...
- Togʻoshar allanechuk boʻlib ketdi, hijolat tortdi.

Avzoyi oʻzgargan chechen yigit unga oʻzbekchalab buyurdi.
- Ket! Ket! Ket!
- Togʻoshar tashqari chiqayotganda, dori-darmon koʻtarib kelayotgan hamshira bilan toʻqnashib ketdi va battar mulzam boʻldi.
- Bu odam gʻalatiroq, chamamda?- soʻradi Togʻoshar tashqariga chiqishgach Odinadan. Men nima xatoga yoʻl qoʻyganimni tushunolmayabman.
- Boʻlib turadi,- dudmal javob qaytardi doʻsti.

* * *

U tez moslashib ketdi. Ish ogʻir emasdi: atirgul uzishdan tashqari uni sugʻorish, bachki novdalarini chilpish, oqpashsha, shira kabi zararkunandalar; oqshudring, zang kasalliklariga qarshi muntazam zaharli modda sepishga toʻgʻri kelardi. Shuningdek, keksayib qolgan atirgul tublarini chiqarish, yoshlarini oʻgʻitlash, payvandlash ham koʻp vaqtni olardi.

Biror oydan keyin Odina unga Vadim yozgan kitobni berdi. Rus tilida yozilgan bu asarning nomini Togʻoshar oʻzicha: «Odamxudo falsafasiga kirish» deb tarjima qildi. Bosh qismi mavzu bayoni va aforizmlardan iborat boʻlib, insoniyat bosib oʻtgan yoʻl tahlil qilingan, yangi e’tiqod sohibi boʻladigan kelajak avlodga ta’rif berilgan edi. «Odamlarning eng katta xatolari - oʻz xatolarini takrorlab turishlari» deb boshlangandi bu bob. Yaqin kelajak haqida gap ketganda, odamxudo davrining boshlanishi, deb karomat qilingandi; uning fuqarolari avlodlar yoʻl qoʻygan qusurlardan xoliligi bilan ajralib turishi aytilgandi. Odamxudolar oʻzlarini jafo va uqubatga urishni xush koʻrishlari, imtiyoz va mukofotlardan bot-bot voz kechishlari alohida ta’kidlangandi.

Togʻoshar kitobni avval «choʻqilab», keyin esa sinchiklab oʻqidi va muallifning koʻpgina fikrlari unga tomdan tarasha tushganday boʻlib tuyuldi, ularning bir qismiga qoʻshilish, qoʻshilmaslikni ham bilmay qoldi. «Davlat» degan bobda davlatchilik qattiq qoralangandi. Dastlab davlat boʻlmagan va hudud, hamda boylik uchun qon toʻkishmagan. Bu tuzilmaning oʻrniga jahon miqyosida qonunlar ishlab chiqaradigan, moslashtiradigan jamoa tashkilotlari boʻlsa bas. Chunki, aynan davlat sabab boʻlib, inson vujudga keltiradigan juda katta boyliklar, kishilik jamiyatini qirgʻin qiladigan qurol ishlab chiqarishga, bir hovuch dohiy va dohiychalarni boqishga sarflanaverishi mantiqqa zidligi uqtirilgandi. «Xalqning eng daho farzandlarini otadigan, osadigan, qamoqxonalarga tashlaydigan, surgun qiladigan ham aynan davlatdir! Davlatlararo chegaralar, harbiy qurilmalar, bazalar insoniyat uchun zarardan boshqa narsa emas! Bu borada tarixda misollar koʻp», degan xulosaga kelgandi u.

Muallif din haqida ham ana shunday betakalluf gapirgandi. «Bolsheviklarga oʻxshab, dinga qarshi kurashish kerak emas, chunki prujinani siqqaning sayin uning qarshiligi oshaveradi. Ishlatmay qoʻysang, zanglab, ishdan chiqadi. Odamxudo dinning afyun ekanligini biladi: dinlar davlatlarga oʻxshab, odamlarni aldashdan boshqasiga yaramaydi», deyilgandi.

Bu odamning milat, milliy gʻurur borasidagi fikrlari ham oʻta nigilistik edi. Millatlar yoʻqolib, yagona til vujudga kelishini karomat qilgandi. «Milliy gʻurur emish. Xoʻsh, u nimaga kerak? Oʻz millatini oʻzgalardan ustun qoʻyish uchunmi?!»- deb zaharxanda qilgandi muallif. Shu bilan birga bozor iqtisodi, ya’ni kapitalistik tuzumni ham, kommunizm gʻoyalarini ham qattiq qoralagandi. Faqat rad etib qolmay, barining oʻrniga odamxudo jamiyatni tiklashni taklif etgan, boʻlajak tuzumga ta’rif bergan edi. Bu kitobdagi talay aforizmlarning bir qismi Togʻosharning miyasida mixlanib qoldi.

«Ey Odamxudo, vaqt deganlari qoʻlingda soʻnayotgan sham emas, tobora alanglanayotgan mash’alga aylansin!»

«Bogʻ tinch boʻlsa, bulbul koʻp boʻladi. Buning uchun esa ona planetani qurol-yaroqdan xoli qilishga toʻgʻri keladi. Armiya bilan yaroq hamisha urushlarga huquq bergan.»

«Tarixda gʻalabaga erishgan partiyalar, guruhlar darhol ikkiga boʻlinishgan. Odamxudo jamiyati esa bu qusurdan xolidir».

«Odamxudo nigilizmdan batamom voz kechmaydi. Chunki turgʻunlikka barham berish; ideallar, qadriyatlarni yakunlab olish, yangi ufqlar izlash uchun nigilizm qoʻl kelib turadi.»

«Gʻoya bilan yashaydigan odamlarni izlaylik, ularning koʻngliga qoʻl solaylik!»

«Kelajak kishisini tasodiflar bilan emas, kashfiyotlar bilan tarbiyalash kerak.»

« Odamxudoga aylanish uchun oʻz davrining kamchiliklaridan iztirob chekadigan boʻlishga toʻgʻri keladi»

* * *

Shu orada: «Kimdir prezidentga norozilik xati yozgan emish. Katta xoʻjayinning oʻzi kelib, majlis oʻtkazarmish», degan shov-shuvlar tarqalib qoldi.

Oʻsha kuni tushlikda oshxona, stol-stullar oʻzgacha bezatilganini anglash qiyin emasdi. Jabrail va ikki notanish kishi qurshovida kirib kelgan bu odamga ta’rif beradigan boʻlsak, uning andak pakanaligi, baqaloqligi, qoʻngʻiz moʻylovchasi oppoq yuziga yarashib tushganligi, harakatchanligini ta’kidlab oʻtishga toʻgʻri keladi. Hech qanaqa rasmiyatchilik boʻlmadi. Katta xoʻjayin birayoʻla maqsadga oʻtdi: «Bilasizlar, hukumatning oylik maoshlarni oshirish haqida farmoyishi bor. Ammo ishboshimizning loqaydligi sabab boʻlib, bunga e’tibor berilmabdi. Vedomostlarga qarasam, sakkiz ming rubl oladiganlar ham bor ekan. Bu - uch yuz dollar degani. Aytinglarchi, shuncha maosh bilan tirikchilik qilib boʻladimi? Bugundan e’tiboran hammaning maoshi oshadi.» Odamlar qarsak chalishdi. «Savollar, takliflar bormi?» Ayollardan biri oilalilarga uy-joy berish masalasini oʻrtaga tashladi. Ammo boshliq dudmal va’dadan nariga oʻtmadi.
- Xoʻjayin adolatpeshaga oʻxshaydi,- Odinaning fikrini bilmoqchi boʻldi Togʻoshar.
- Xoʻjayinlarning bari aldam-qaldam boʻladi. «Ishboshimizning loqaydligi sabab» degani koʻtara nosamimiylikdan boshqa narsa emas: oʻzi bari gapni biladi, nazorat qiladi. Jabrail uning ruxsatisiz yoʻtalmaydi ham.

Ertasi ishboshi uni daraklab keldi.
- Maoshingni ikki hissa oshiraman, ammo yumushing ham qiyinlashadi,- dedi. - Dori sepishni sendan boshqasi uddalolmas ekan, shu ishni buyningga olasan. Bu gapni hammaga aytib yurma. Tagʻin mukofot ham beraman.

Ayniqsa, issiqxonalarda oqpashsha degan zararkunanda bilan oqshudring kasalligi koʻp edi. Ularga qarshi «Topas» degan zaharni suvga qoʻshib sepishga va unsimon badboʻy poroshokni changlatishga toʻgʻri kelardi. Bu ishning sogʻlikka zarari borligini doʻstlari aytgan, oʻzi obdon his qilgan boʻlsada, Jabrail tilga olgan tuzukkina maoshdan voz kechgisi kelmasdi. U oʻz oilasigagina emas, qishlogʻidagi qavmlariga muntazam pul yuborib turar, gohida nochor kishilarga madad koʻrsatishni ham ta’kidlab qoʻyardi.

* * *

Togʻosharning oʻzi Mamaykada boʻlsa ham, koʻngli nuqul qishlogʻida edi. Bola-chaqalarning ahvoli ne kechdi, qavmlarning tirikchiligi qanaqa boʻldi, qishloqda nima gap? Dastlabki yillar pul yuborish, hatto telefon qilishning ham iloji yoʻq edi. Harqalay, bora-bora bu muammolar hal boʻldi.

Bir kuni uni tagʻin Vadim yoʻqlab qoldi.
- Menga qarang,- dedi oʻsha ehtirom ila,- siz menga yoqib qoldingiz. Siz tappa-tayyor odamxudosiz. Chunki koʻp uqubatlar chekkansiz, vijdonlisiz. Imkoningiz boʻlsa, menga ikki kun tansoqchilik qilsangiz. Azroilga oʻzim aytib qoʻyaman. Bu uyiga borib-kelmoqchi,- dedi chechen yigit tomon imlab.
- Tan soqchilik buning qoʻlidan kelmaydi,- dedi u ancha nopisandlik bilan.

Togʻoshar uning gapini ma’qullamoqchi boʻlib turganda, Vadim keskinroq rad etdi.
- Keladi! Uning saviyasi senikiday cheklangan emas!

Chechen yigit indamay Togʻosharga yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi. Kechasi shu yerga kelib yotishi, ammo uxlab qolmasligini, atrofni qanday kuzatish zururligini, mashinaga birov portlovchi modda qoʻymasligi uchun undan uzoqlashmaslikni uqdirdi. Togʻoshar rozi boʻldi.

Kechqurun esa Vadim ikkovlari yolgʻiz qolib, ancha suhbatlashishdi. Odamxudo deganlari nurli kelajak haqida toʻlib-toshib soʻzlashni xush koʻrardi.
- Biz kelajak haqida nima bilamiz? Hech nimarsa bilmasligimizni bilamiz, xolos. Avvallari: «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun» degan shior boʻlardi. Lekin aslini olganda, barcha boyliklar amaldorlar, ularning baxt saodati uchun xizmat qilardi. Odamxudo jamiyatida asosiy vazifa, ezgu burch inson qalbini ardoqlash boʻlib qoladi va u jamiyatni yoʻldan ozdiruvchi gʻoyalar uchramaydi. Harqancha harakat qilishmasin, odamxudoning bu boradagi fikrini oʻzgartirisholmaydi. Olamni faqat gumanizm qutqarishi uning bosh shioriga aylanadi!

Togʻoshar ham jim turmay, suhbatga qoʻshildi. - Kitobingizda « Xudo odamni yaratdi. Bu − uning xatosi edi. Balki aksinchadir: odamlar xudoni yaratib, xatoga yoʻl qoʻyishgandir» degan jumlani oʻqib qoldim. Vadimning yuzida mamnunlik paydo boʻldi va tagʻin ochilib ketdi.
- Bu mushohada tariqasida aytilgan edi. Falsafada sallogizm degan ibora bor. Bu - ikki fikrdan mantiqiy uchinchi fikr chiqarish degani. Shu yoʻlni qoʻllaganman: davomida boshqalarning ham mushohadasi bor. Umuman xudo boʻlmaganda ham odamlar uni yaratishardi. Chunki hayhotday bu planetada inson kimgadir suyanishi, madad soʻrashi kerak.
- Odamxudo ham diniy kitoblarni oʻqiydigan boʻladi, ammo hamma gap uni jiddiy qabul qilmaslikdadir.
- Lekin sen xalqingni, xalqing esa seni tushunmay oʻtsa−chi?

Vadim Togʻoshardan bunday jiddiy mushohada kutmagandi. Bir lahza oʻyga tolgach, javob berishga kirishdi:

Hayot erkin, shod boʻlsin, desang,

Unga joʻshqin yurak bilan kir!

deydi Nekrasov. Olomondan ajralib chiqqan odamxudolar ana shunday joʻshqin yurakli boʻladilar. Ular meni tushunishlariga imonim komil! Va mening uchun eng muhimi shudir! Har qanday sharoitda ham voqelikka munosabatimiz voqelikning oʻziga toʻgʻri kelishi kerak! Shuning uchun bugungi voqelik bilan emas, kelajak umidi va uning oʻlkan maqsadlari bilan yashashga toʻgʻri keladi. Tan olaman: biz - odamxudolar materialistlarmiz! Ammo materializmga sodiq yuraklar ham yuksak ideallarga tashna boʻladi. Bu ideal mavjud: u odamxudolar jamiyatini vujudga keltirishdir! Oʻshanda butun dunyo odamxudolari, birlashingiz, degan shior yuzaga keladi, u amal qiladi. Butun planeta katta, ahil qishloqqa aylanadi. Siz buni tasavvur qilayabsizmi? Oʻsha Ayriqiya degan qishlogʻingizdan aksar kishilar hayot farovon, dilkash boʻlgan joylarga koʻchib ketishadi. U yerda qolganlar ham paxsa uylarda yashamaydilar. Kompyuter texnikasi shu darajada taraqqiy etib ketadiki, insonning jismoniy mehnatiga zarracha ehtiyoj qolmaydi. Odamlar juda uzoq va baxtiyor yashaydilar! Axir, shunday boʻlishi shart-da. Inson baxt uchun dunyoga kelar ekan, unga sazavor boʻlmogʻi zarur!

U chinakamiga zavq-u shavq bilan monolog aytishga kirishib ketdi. Odamxudolarning ajoyib xislatlarini uzoq ta’rifladi, allaqanday deklaratsiya, ustavlar haqida gapirdi. Keyin birdan tin olib, Togʻosharga savol berdi.
- Agar qoʻshningiz imoratini siznikidan balandroq qilib qursa nima qilasiz?
- Bunga e’tibor bermayman.
- Agar pastroq qilsachi?
- Bunda uylab koʻrishga toʻgʻri keladi. Balki men ham imoratimni pastroq qilarman…

Odamxudo, negadir quvonib ketdi.
-Siz odamxudosiz, tom ma’nodagi odamxudo! Qaysi kuni sizni nooʻrin ranjitdim. Aytingchi, maktabingizda kompyuter bormi?
- Bor,- suhbatdoshi jahlga minmasligi uchun yolgʻon gapirdi Togʻoshar.
- Kompyuterni bilmagan bola gastrabayterdan boshqasiga yaramaydi. Atigi bitta gastrabayteri boʻlsa ham, u millat qoloq hisoblanadi.

Ertasi ular Sochiga boradigan boʻldilar. Togʻoshar andak xavotirlandi, mashina yoʻlga tushdi.

Vadim noutbukini olib, kutubxonaga kirdi, Togʻoshar soyadek unga ergashdi. U oʻquv zaliga kirib, mutolaaga kirishganda ham ziyrak boʻlib turdi, shubhali odamlarni kuzatdi. Togʻoshar Vadimni yaxshi koʻrib qolgandi: agar biror kishi unga tashlansa, dushman bilan kurashishga tayyor edi. Xayriyatki, hammasi joyida boʻldi.

Qaytishda Vadim Togʻosharga maslahat berdi:

Oilangizni olib keling! Ikki xonalini beraman - pul olmayman!

U nima deyishini bilmay qoldi.

* * *

Togʻoshar qishlogʻiga qariyb uch yildan keyin, kuzda keldi. U oilasi, qishlogʻi, qavmlarini sogʻingani sabab entikib ketdi. Garchand ozroq boʻlsada oʻzgarishlar bor edi: shahardan «Damas» qatnaydigan boʻlibdi.
- Shaharga tushib kelish osonlashdi,- deyishdi,- mardikorlarimiz ham «Damas» bilan borib-keladigan boʻlishdi.

Qishloqdan faqat erkaklar emas, ayollar ham mardikorlikka chiqayotganligi unga noxush boʻlib tuyuldi.

Oʻzgarishlar faqat shu emas: togʻ teppasiga antenna oʻrnatishibdi, televidenieni koʻrish, telefonda gaplashish imkoni yuzaga kelibdi. Tepalikdagi oʻzgarish oʻz yoʻli bilan ammo, pastlikda jimjitlik edi. Akasi avvalgidan ham koʻproq ichadigan boʻlibdi, ahvoli, tabiiyki, aftodahol edi, shu sabab boʻlsa kerak, yangasi mardikor bozorga chiqishga majbur boʻlibdi. Ukasi esa machitga qatnayotgan ekan: soqol qoʻygan, oq ishton kiyib olgan, buning ustiga xudojoʻyligini namoyon qilishni xush kuradigan, odamlarni namozu, roʻzaga da’vat etadigan boʻlibdi. Qishloq yoshlaridan toʻrt-besh kishi Qozogʻistonga ishga borgan ekan, ammo bir necha oy ishlatib, bir tiyin bermay haydab yuborishibdi. Togʻoshar Mamayka va Sochi atrofidagi qurilishlarda ishchi yetishmasligini bilardi, shuning uchun ham bir nechta oʻsmirlarga borishini tayinlab, yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi.

Qishloqda iqtisodiy nochor ahvolga tushgan oilalar anchagina edi, ammo shunisi gʻalatiki, yillar davomida yoʻqchilikka koʻnikib qolgan kishilar hech nimarsadan nolishmas, yaxshi hayot uchun kurashishmas, goʻyoki bu yerdagilarning baxti ana shu koʻnikmada edi.

* * *

Togʻoshar xayrlashishdan oldin akalariga biroz pul berdi va xotini bilan qizini olib, Mamaykaga qaytdi.

Xotini Odinaning ayoli bilan avvaldan tanish edi. u bilan gladiolus va doim gullab turadigan siren maydonlarida ishlaydigan boʻldilar. Shabnamni esa maktabga joylashtirishdi. Yil oʻtmay, oʻgʻil ham koʻrishdi. Xullas, maqsadli, shukuhli yillar bir-birini quvib oʻtardi.

Ammo ana shu hayot deganlari arzimas shodliklar uchun gohida katta haq talab qilishini unutmaslik kerak.

Bari shirin orzular, zohiriy umidlar beliga shu yaramas kasallik tepdi, hayot tizginini qoʻldan chiqarishga sabab boʻldi. Jigarining zirqirab ogʻrishi asabini buzar, ishtahasini bugʻar, holsizlantirardi. Doktorlar yozib bergan dorilar vaqtinchalik tinchlantirsa hamki, tish ogʻrigʻiga oʻxshash azob tagʻin dilini xufton etar, bot-bot: bemorlik - eng katta baxtsizlik, degan xulosaga kelardi.

Qishlogʻida sharoit dildagiday emasligini, doktorlarning chalasavodligini bilardi. Ammo allaqanday noma’lum da’vat ( tuzalish umidimi, oʻlim xavfimi - oʻzi ham bilmasdi) yurtiga chorlar, borsa darddan forigʻ boʻlishi aniqroqday boʻlib tuyulardi.

Shunday kunlardan birida uni tagʻin Vadim yoʻqlab qoldi, va bor gapdan voqif boʻlgach, qahrga mindi.
- Sizni kasal qilgan - oʻsha Azroil! Yaramas! Faqat u emas, insonning qadriga yetmaydigan hukumat, tuzum ham aybdor! Men sizni Germaniyaga yuboraman - davolanib kelasiz. Xarajatlarni oʻylamang! Siz odamxudosiz - qadringizga yetmasak, manifestimizga dogʻ tushiramiz, vijdonimiz oldida azob chekamiz!

Chet elga - mutlaqo begona, til bilmas kishilar orasiga borib davolanishni u tasavvur ham qilolmasdi. Buning ustiga xayolparast bir kishining gapiga laqqa tushish lakalovlik-ku, degan gumon uni ikkilantirardi.

Togʻoshar qishlogʻi, qavmlari bilan aloqani uzmagandi. Bu gal esa koʻproq pul joʻnatdi: tobi qochganligi bois bir-ikki oy orasida qaytib borishini bildirdi, u yashaydigan uyning polini yangilashlari, devorlarini boʻyab qoʻyishlarini iltimos qildi.

* * *

Mana oradan, bir necha oʻtgach, xotini, oʻn olti yoshli qizi, hali bogʻchaga qatnaydigan oʻgʻli, bir nechta jomadonga joylashtirilgan koʻch-koʻloni va albatta toʻrt-besh sum deganday, pul bilan qaytib keldi.

Taksichining savollariga uzuq-yuluq javob berar ekan, bu yerdagi oʻzgarishlarni ilgʻashga zoʻr berardi. Yoʻllar juda oʻnqir-choʻnqir edi, shoʻrolar davrida yotqizilgan asfalt har yer-har yerda quroqqa oʻxshab qolgandi.

Kuz boʻlganligi sabab, odamlar yoppasiga uzum uzish, xashak jamgʻarishga chiqib ketgan; koʻcha-koʻylar sokin edi.

U tugʻilib oʻsgan hovlisiga yurakni hapriqtiradigan hayajon bilan qadam qoʻydi, ammo hamma dalada ekan, shekilli istiqbollariga biror kishi chiqmadi. Yuklarni tushirib boʻlgandan keyin, ukasining katta qizi Sharqiya paydo boʻldi. Uning yuzi nozik, nafis, chehrasi ma’yus, yoqimli, sogʻlom edi; hijob oʻragan, yengi va etaklari uzun, koʻylak kiygandi. Bir qarashda, ana shu hijob ham, uzun koʻylak ham bu iboli qizga yarashganday boʻlib tuyuldi, uni da’fatan ma’suma qilib koʻrsatdi. Togʻoshar sogʻinch, mehr bilan uni bagʻriga bosmoqchi boʻlganda, Sharqiya oʻzini ilkis orqaga oldi. Keyin esa boshqalar bilan ham koʻrishmay va hech narsa demay ketib qoldi. Togʻoshar uning bu harakatini tushunolmay, garangsib turganida, xotini izoh berdi.
- Uni machitda otinoyi oʻqitadi, deb eshitgandim: erkak zoti bilan koʻrishma, deb ta’lim bergandir…
- Unday boʻlsa, sizlar bilanchi…
- Boshyalangligimiz, kiyinishimiz diliga oʻtirishmagandir.

Xonalariga kirib, dillari battar xufton boʻldi: dahliz ham, uy ham tozalanmagan, devorlarni boʻyash oʻrniga chala-chulpa ohak suykalgan va paqirda uning qotib ketgan qoldiqlari turardi. Pollar boʻyalmagan, ayrim joylari koʻchgan. Xullas, Mamaykada shinam xonalarda roʻzgurzonlik qilgan oila uchun nomus qiladigan darajada xarob edi bu joylar.
- Yuborgan pullarimning ozginasini sarflashganda ham ancha epaqaga kelardi,- dedi xotini yigʻidan beri boʻlib.

Togʻoshar ranjiganini sirtiga chiqarmay, xotini bilan qiziga dalda berdi.
- Hech qisi yoʻq, tozalaymiz, polni ham yangilaymiz, yaxshi pardalar ilamiz. Pulimiz boʻlsa bor.

U oilasini ovutar ekan, dilining allaqaerida: «Vadim haq ekan: behuda kelibman» degan fikr yilt etganday boʻldi.
- Jigarim keldimi?- akasining ovozini tanidi Togʻoshar. - Ukam keldimi? Qani u?

Kayfi taroq akaning ahvoli anchayin aftodahol edi: kiyimlari urinib ketgan, gʻijimlangan ana shu liboslar ichida oʻzi ham gʻijimlanganday taassurot qoldirardi. Akasi uni quchoqlab, tupuklarini sachratgancha rosa oʻpdi, keyin yigʻladi.
- Bir qoshiq qonimizdan kech, uka - yuborgan pullaringni xarjlab qoʻydik; uyingni boshqacha qilmoqchi edik…Men durak… Qarzlar koʻpayib ketdi. Lekin yilning oxirigacha barini qaytaramiz. Balki keyinroq qaytararmiz…

U shangʻi ovozda mastlarga xos koʻp va mantiqsiz gapirar, kishining ensasini qotiradigan yasama harakatlar qilardi.

Koʻp oʻtmay, ukasi ham paydo boʻldi. U yuziga unchalik yarashmagan darajada kattagina soqol qoʻygan, salla oʻragandi. Aka-uka quchoqlab koʻrishishdi. Keyin ukasi uzundan-uzoq duo qildi.

Jigarida ogʻriq paydo boʻlganini telefonda aytgan edi: shuning uchun ham salomatligini qayta-qayta, xavotirona soʻrashardi. Akasi jigar xastaligiga davo boʻladigan giyohlarni sanagan, ularni topib kelishini ta’kidlayotgan boʻlsa, ukasi nafasi oʻtkir mullalar, duoxonlarni tilga oldi va ikkovlashib, uni darddan forigʻ qilishga bel bogʻlaganlarini namoyon qilgan boʻlishdi.

Hademay qoʻni-qoʻshnilar, qavmlar, muallimlar toʻplanishdi. Yoshlikdagi zavqovar xotiralarni eslab kulishdi. Oshni juda kech suzishdi. Kechki ovqat jigari uchun ogʻirlik qilishini bilsa hamki, Togʻoshar qoʻl tortishga istihola qildi.

Koʻrpa-yostiqlar ham kirlangan, ulardan sichqon hidi anqirdi. Shuning uchun ertagayoq yangi koʻrpa-toʻshak, roʻzgʻor ashyolari xarid qilishga kelishib, noxushliklarning barini hazilga yoʻyib uxlashdi.

Oila tong saharda muazzinning gʻayritabiiy ovozidan uygʻonib ketdi. Mikrofon avval xirilladi, keyin baland ovozda azon aytildi. Shundan soʻng hech kimning uyqusi kelmadi.

Ertalab bular dasturxon tuzatishayotganda, akasi norozi ohangda gilalagan boʻldi.
- Bu yerga kelinglar, bir joyda choy ichamiz. Uyat boʻladi!

Mamaykada stol-stulda oʻtirib, anchayin toʻkin dasturxondan choy ichgan oila uchun bu yerda nooʻngʻaylik, kamchiliklar koʻp edi. Chorpoya odamga toʻlib ketgan, bola-chaqa, kir-chir. Koʻrpachalarning paxtasi chiqqan va oʻrtada choy, non, uzumdan boʻlak hech vaqo yoʻq edi. Ammo shunga qaramay, hech kim dasturxonga qoʻl choʻzmay oʻtirgandi. Togʻoshar savol nazari bilan akasiga qaradi. - Qobil namozini oʻqib kelsin,- dedi u ayvon tomon imlab.

Garchand namoz besh vaqt farz qilingan boʻlsa-da, ukasi bir kunda olti-etti bor sajdaga bosh qoʻyarkan, imom-xatib, vaqtida oʻqilmagan qarzlarni ( ular qazo, deyishadi) uzishni maslahat bergan emish. Nihoyat, Qobil ham keldi, hamma unga odob bilan salom berib, joy koʻrsatdi.

Dasturxon boshida asosan, uzumni quritish, mollarga yem-xashak jamgʻarish haqida gap ketdi va bularning bari Togʻoshar, uning oilasi uchun begona, zerikarli edi. Akasi eshakning temir qozigʻi yoʻqolganini uch bor nadomat bilan gapirdi; Qobil: dasturxon atrofida boshyalang oʻtirish, qoʻlni yuvgandan keyin silkib tashlashning uvolligini ta’kidladi. Chamasi oʻn besh kishiga oltitagina piyolani koʻrib, Togʻoshar qiziga buyurdi.
- Shabnam, yugur, uydan oʻnta piyola olib kel!

Ertasi xotini qizi bilan shaharga tushadigan boʻldi.
- Oʻsha, ma’suma, deb maqtagan jiyanchangiz Shabnamga zugʻum oʻtkazayotgan ekan: «Agar uzun kuylak bilan lozimi kiyib yurmasang, boʻgʻib oʻldiraman», debdi. Bu yerlarda esa tikuvchi yoʻq.

Koʻziga musichaday beozor, sanamday bokira boʻlib koʻringan Sharqiyaning bu harakati unga qattiq botgan boʻlsada, xotin bilan qiziga dalda berdi.
- Ha, endi hech gap emas: sharoitga ham qarash kerakdir. Vadim: «vaziyatni oʻzgartirolmasang, unga moslashishga harakat qil,» derdi. Shaharga tushsalaring, menga dori olinglar, bozorga tushib sabzavot, baliq xarid qilinglar: negadir ishtaham ham, madorim ham yoʻq. Qaytib kelsalaring, shu yerdagi doʻkonga chiqib, roʻzgʻorga zarur ashyolarni olamiz. Oʻzim ham boraman.

Tushga yaqin akasi sut, qatiq bilan togʻ giyohlarini olib keldi.
- Bu dorilarni togʻdan oʻzim terib keldim, echki suti, qatigʻini ham. Shularni aralashtirib ichib yubor, koʻrmaganday boʻlib ketasan.

Ertasi, indini ham bu hol takrorlandi. Oradan oʻn kunlar oʻtar-oʻtmas mu’jiza roʻy berdi: ogʻriq oʻz-oʻzidan yoʻqoldi. Bu holdan bemorning oʻzigina emas, oila, qavmlar ham da’fatan yengil tortishdi.
- Men bir gapni aytdimmi - albatta qilaman,- garillardi akasi,- tuzataman, dedim - tuzatdim!

Shu orada vujudiga kuch kirib, ukasi bilan tevarak-atroflarni aylanadigan boʻldi.

Choyxonada karta chiyib oʻtirgan hamqishloqlar uni koʻrib, xursandchiliklarini yashirolmadilar: ehtirom bilan choyga taklif etishdi, yoshlikdagi hangomalarni eslagan boʻlishdi.

Maktab yangidan qurilganini eshitgan edi: uni koʻrib, behad quvondi. Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida qurilgan eski bino toʻkilay-toʻkilay, deb qolgandi. Pishiq gʻishtdan tiklangan va hali boʻyoq hidi anqib turgan yangi binoning sport zali, kompyuter xonalarini aylanar ekan, hukumatning bu boradagi gʻamxoʻrligini ich-ichdan his etdi, tasannolar aytdi. Garchand sport zalida bolalar mashgʻulot oʻtkazayotgan boʻlishsada, kompyuterni oʻrgatadigan muallim yoʻqligi sabab, xonani qulflab qoʻyishgandi. Erkak muallimlar uch-toʻrt kishi qolganini, ayni paytda ular yuqori sinf bolalarini paxta terimiga olib ketishganini aytishdi.
- Hali ham paxtaga olib chiqisharkan-da,- oʻsmoqchilab, norozi ohangda dedi Toshtemir.

Muallimalarga jon kirdi: bolalardan pul yigʻib, paxta sotib olishayotganidan, nooʻngʻay sharoitlardan shikoyat qilgan boʻlishdi

Ertasi ukasi uni buloq boʻyida qad koʻtargan «Xonai shifo»ga olib boradigan boʻldi.

Togʻoshar universitetda oʻqib yurgan paytlari ukasini texnikumning veterinariya fakultetiga oʻqishga qoʻygandi. Ismu-jismiga monand qobilgina bola edi oʻshanda. Kolxoz paytida fermada vettexnik boʻlib ishladi. Xoʻjalik tugatilgandan keyin odamlarning mollarini davolab yurdi. Kolxoz sharoitiga koʻnikkan hamqishloqlar uning xizmatiga pul bergilari kelmasdi. Zero pulning oʻzi ham anqoning urugʻi boʻlib qolgandi. Shu orada buloq boʻyida yangi machit qurilib, shahardan Hoji aka imom-xatib boʻlib keladi; boshqalar qatori Qobilni ham toat-ibodatga da’vat etadi. Koʻp oʻtmay, bolalar ham jalb etiladi: oʻgʻil bolalar alohida, qizlar alohida oʻqitiladigan boʻladi.

Garchand Qobil akasini va tabiiyki Togʻoshar ukasini yaxshi koʻrishsada, dunyoqarashdagi farqlar, saviyalar, e’tiqodlar allanimalarga monelik qilib qolgandi. Mamaykadan kelganlaridan koʻp oʻtmay Qobil akasini machitga da’vat etaboshladi.
- Siz sajda degan hikmatning halovati, rohatini his qiladigan boʻlasiz! Axir, yoshingiz ham bir joyga borib qoldi: bosh egadigan paytingiz keldi. Mana men oʻsha paytlarda oʻqilmay qolgan qazo qarzlarni uzolmay halakman. Bosh qoʻyaylik - u dunyoda tilimiz burro boʻladi: munkar-nakirlarga javob berishimiz oson kechadi!

Togʻoshar dastlab indamay qoʻyaqoldi, ammo uka ham tinchib ketadiganlardan emas ekan. Bu gal oʻsha gaplarni takrorlash bilan qanoatlanmay, achchiq-tizik soʻzlar ham qildi. Islomiy farzlarni ijro etmaydigan muslimni doʻzax olovi kuydirishini, hozir hatto xristianlar, habashlar ham oʻz e’tiqodlaridan voz kechib, muqaddas dinimizni qabul qilishayotganini takrorlaydigan, asoslaydigan boʻldi.
- Uka, qoʻy,- dedi shundan keyin Togʻoshar,- mendan namozxon chiqmaydi. Ovora boʻlib nima qilasan?

Qobilning jahli chiqdi:
- Xudoni tanimaganingiz uchun ana shunday dardlarga mubtalo boʻlib yuribsiz!
- Yoʻq, men Xudoni taniyman, ammo senga oʻxshab koʻr-koʻrona emas,- dedi u gʻazabga erk bermay, ancha muloyim ohangda.

Qobil ikki haftagacha undan arazlab yurdi. Oxirida, Togʻoshar vaziyatni yumshatish uchunmi yoki zaruratdanmi unga qizini yubordi, sayrga olib chiqishini soʻradi.

Buloq boʻyidagi oʻzgarishlar haqida Togʻoshar uzuq-yuluq eshitgan boʻlsada, unchalik e’tibor bermagandi. -
- Esingizdami: shu doʻlananing tagida bir mozor bor edi,- tushuntirishda davom etardi ukasi,- gohida rahmatli oyim bilan kelib, sham yoqardik. Koʻrimsiz joy edi. Viloyatning katta mullasi kelib: «Bu yerda Hazrati Alining kichik oʻgʻillari dafn etilgan ekanlar, hujjatlarini topdik», dedilar. Keyin televizordan ham chiqib, shu gapni aytdilar. Aytishlaricha, bu kishi katta avliyo boʻlgan ekanlar. Duo bilan mana shu suvni teskari oqizganlar.

Yangi machitning yonida bir nechta xonalar ham qurilibdi. Doʻlana shoxlari esa latta-puttalarga toʻlib ketgandi.
- Endi bu yoqqa keling,- dedi Qobil, sirli shivirlab va odamning boʻyi arang yetadigan shoxdagi oq lattani koʻrsatdi: - Bunisini oʻzim ataganman: siz uchun! Ishonasizmi - shunday bogʻladim-u, darddan forigʻ boʻldingiz. Ana karomat!

Togʻoshar, bir lahza ikkilandi: ayniqsa ilohiyotga nopisandligini mushohada qilib koʻrdi. Lekin koʻp oʻtmay, baribir: «Bular bari xurofot, xurofot, xurofot» degan xulosaga keldi. Ammo ukasining ehtiroslariga sovuq suv sepmadi: bosh silkib, ma’qullab qoʻyaqoldi.

Keling, ichkari kiraylik - Hoji aka bilan tanishtirib qoʻyaman. Lokinda tillo odam, nafaslari oʻtkir mulla. Bu kishi bosh imom-xatibimizning jiyanlari. Hozir namozni ham shu yerda, Hoji akaning orqalarida turib oʻqiyabmiz. Oʻgʻillarimizga oʻzlari, qizlarimizga ayollari ta’lim berayabdilar.

Machit maktabga nisbatan gavjumroqday edi. Sobiq muallim boʻlgani sababmi, bu hol diliga oʻtirishmadi.

Boshqa vaqt kirarmiz,- istamadi Togʻoshar.

Bu yerdagi bekatda bir nechta «Damas»lar turganligi ham yangilik edi.
- Boshqa qishloqlardan ham shifo izlab kelishadi,- izoh berdi ukasi,- ixlos-u - xolos, deb qoʻyibdi. Qanchadan-qancha dardmanlar shifo topib ketayabdi! Basir boʻlmaslik kerak!

Oxirgi kalom akasiga tegib ketishidan xavotir tortgan Qobil gap oʻzanini boshqa tomonga burdi. - «Damas»larning koʻpaygani oʻzimizga ham soz boʻldi - zip etib shaharga tushib kelamiz. Odamlarimiz ertalab mardikorchilikka joʻnab, kechqurun pul topib kelishadi.
- Ayollarimiz ham chiqqan,- deb eshitdim.
- Ha, oʻttiz ikki qoʻymagandan keyin chiqadi-da. Yangamiz ham borib-keladi, chunki akamning ahvolini koʻrib turibsiz - topganini ichadi. Ulfatlari bor.
- Lekin sening ulfatlaringdan uniki ozroqqa oʻxshaydi? Qobil savolning mohiyatini yaxshi tushunmadi, shekilli, indamay qoʻyaqoldi.

Qishloqdagi oʻzgarishlar faqat shulardan iborat emasdi. Aldam-qaldamchilik koʻpayganini har qadamda sezish mumkin edi. Shoʻrolar davrida tortilgan gaz quvurlaridan bora-bora gaz kelmaydigan boʻlibdi. Oqibatda, yonbagʻirlardagi yongʻoqzor, archazorlarni kesib, oʻtin qilishibdi. Shu orada gazlashtirish idorasidan bir hannot kelib: «falon soʻmdan yigʻib bersalaring, bosh magistralga ulab beramiz, gaz qishin-yozin keladigan boʻladi», debdi. Bor-butlarini sotib, qarz koʻtarib, haligi shaytonga tutqazishibdi. Odamlar hasharga chiqishibdi, haqiqatan katta quvurga ulashibdi va gaz gurillab yonadigan boʻlibdi. Ammo andak salqin tushishi bilan tagʻin avvalgi holiga kelibdi. Hozir ( havo issiq boʻlsa hamki) quvurlarda gazning hidi ham yoʻq ekan. Yugurishibdi, yuqori tashkilotlarga yozishibdi, ammo naf boʻlmabdi.

Oʻzgarishlar haqida gap ketganda, turli olib-sotarlar paydo boʻlganligini ta’kidlab oʻtishga toʻgʻri keladi: Xitoyning arzon matolarini uyma-uy koʻtarib kiradigan, shu bilan birga jun, mol va qoʻy terisi, qadimiy buyumlar, yodgorliklar, nodir kitoblarni arzon-garovga sotib oladigan korchallonlar; loʻlilar, a’zayimxonlar, ekstrasenslar koʻpaygandi.

Togʻoshar darddan forigʻ boʻlganidan quvonib yurgan, aka bilan uka bunga oʻzlarini sabab qilib koʻrsatayotgan bir paytda, nadomatlar boʻlgʻaykim, la’nati ogʻriq tagʻin oʻzini eslatib qoldi. Jigarning zirqirashi kundan-kun avj olar, dori-darmon; akasi topib keladigan echki suti, giyohlar umuman yordam bermasdi. Bora-bora Togʻoshar qavmlardan ham bezdi: uni yolgʻiz, tinch qoldirishlarini soʻraydigan boʻldi.

Ammo uni tinch qoʻyishmasdi: oʻzlarining gʻamxoʻrliklarini namoyish qilish uchun boʻlar-boʻlmasga oldiga kirishar, turli yeguliklar, dorilarni koʻtarib kelishar va eng yomoni, ezmalik qilishardi.

Xonani araq hidiga toʻldirib, akasi koʻproq kelar va har gal Togʻoshar uning nigohlari, bolalarcha qiliqlariga qarab, zohiriy muddaosini fahmlab olardi. Agar u kimnidir yomonlay boshlasa, gʻiybat qilsa, va keyin jigarga davo boʻladigan malhamlarni qatorlashtirsa, araqqa pul soʻrashga kelgani ma’lum boʻlardi.
- Sen Qobilga ham, uning oʻsha Hoji akasiga ham ishonma,- odatdagi kirish soʻz bilan boshladi akasi bu gal,- esingdami: kolxoz paytida rais meni olti oyga qamatib yuborgandi. Giribonidan olgan edimda. Ayb oʻzida: «Hey alkash, kabinetdan chiq!» deb tepib yuborgandi. Men ham koʻchada qolgan emasman: javobini berdim. Mayli, bu - oʻtgan gap. Lekin, bariga araq sabab.

Togʻoshar esa uning koʻzi va soʻzidan: «Akangni jagʻini qizdirib nima qilasan, bir shisha araqqa pul beraqol» degan oʻtinchni uqib olayotgan boʻlsada, toʻgʻridan-toʻgʻri pul uzatishga nooʻngʻay boʻlar, buning uchun biror bahona yoki qulay vaziyatni kutar, undan tezroq qutulishni moʻljallardi. Akasi bu gal Togʻosharni allaqanday sirdan voqif qiladiganday unga yaqinlashdi va qulogʻiga shipshiyboshladi: « Hoji bor-ku - ukangni ustozi...» U koʻrsatgich barmogʻini labiga bosib, «jim» ishorasini qildi. Togʻoshar hushyor tortdi, nimadandir nadomat chekdi. Akasi davom etardi: «Hoji meni koʻrsa rangi uchib ketadi. Qaysi kun bir shisha araqqa pul berdi.»
- Aka,- uning gapini boʻldi vaziyatdan foydalangan Togʻoshar,- bundan keyin duch kelgan kishidan pul olmang - oʻzimga kelavering. U shunday dedi-yu, chaqqonlik bilan akasining choʻntagiga pul suqdi. Akasi birdan gapini toʻxtatdi, ajabtovur qilib tirjaydi va (harqalay) shoshilinch chiqib ketdi.

Bunisiga chidasa boʻladi. Oradan hafta oʻtmay araq koʻtarib keldi. Uning kayfi taroq edi.
- Togʻoshar, jigarim, bilasanmi, luboy kasallikning davosi - araq. Bir qultum ich: otday boʻlib ketmasang, yuzimga tupur!
- Tushunsangizchi, duxtur buni, ogʻzinga olma, degan.
- Duxtur baloni ham bilmaydi! Bundan hech kim yomonlik koʻrmagan.
- U gal majburladingiz: tuni bilan uxlolmadim: ogʻriq zoʻraydi.
- Qoʻlimni qaytarma, bir qultum ichaqol! Bilaman, sendan ancha qarzim bor,- gapni chuvalashtiraboshladi u.
- Bu gapning keragi yoʻq! Ichmayman, dedimmi ichmayman!- iddao aralash, keskin javob qaytardi Togʻoshar.

Akasining lunji osildi, gandiraklaginicha, jahl va iddao aralash chiqib ketdi. Dilsiyohlik esa hamisha oʻzga bir noxushlikni olib keladi. Koʻp oʻtmay akaning uyidan shovqun-suron, qiy-chuv eshitildi. Ovozlar tobora koʻtarilar, yangasi kimnidir qargʻardi. Idish-tovoq yoki derazaning chil-chil boʻlgani eshitildi. Soʻng yangasi dod solguncha, uyidan chiqib, bularnikiga qochib kirdi. Qoʻlidagi xalachoʻp bilan dagʻdagʻa qilganicha akasi ham quvib keldi.
- Oʻldiraman! Oʻldirmasam qoʻymayman!- derdi u, xotiniga hamla qilar ekan.

Togʻoshar oʻrnidan turib, ularni tinchlantirmoqchi boʻldi. Koʻylagi yirtilgan, dagʻ-dagʻ titrayotgan yangasining esa dardu-hasratlari sarhadsiz edi:

− Ukajon, Togʻosharjon, bu alkash qaybir kun meni oʻldiradi! Rahmingiz kelsin! Ey Xudo nima uchun dunyoga keldim? Nima uchun?
- Eshitdingmi? Eshitdingmi, nima deyabdi,- ukasiga murojaat qilganicha xalachoʻpni koʻtarardi akasi.

U er-xotinni murosaga chaqirgan boʻldi. Ammo har ikkala tomonning qahr-u-gʻazablari, alam-u sitamlari behudud edi.
- Meni xarob qilgan - ana shu manjalaqi!
- Bu goʻrsoʻxtani xarob qilgan - araq!- bir gapdan qolmasdi yangasi. Odam boʻlmadi, bu piyanista! Men birovlarning kirini yuvib, uyini tozalab, pul topib kelaman - bu jigʻildoning teshilgur barini olib, zahru margiga ichadi. Oʻzimga bitta kalish ololmayman, bolalarimning daftari yoʻq! Siz bilmaysiz, ukajon, erkaklarimizning barini hudo urib ketgan? Or-nomusi yoʻq bularning! Biri qarz olib araq ichadi, boshqasi topganini machitga tashiydi. Bular roʻzgʻorni, xotin, bola-chaqani uylamaydi! Qoni qaynamaydi, bu hezalaklarning! Bular erkak emas! Xotinini mardikorlikka joʻnatib, oʻzi karta oʻynaydigan, machitdan chiqmaydigan, mast boʻlib yuradiganni erkak deb boʻladimi?! Bari koʻrgiliklarga shular aybdor! Ey xudo! Ey xudo! Qanday kunlarga qoldik?! Bundan koʻra jonimni olsang boʻlmaydimi?!

Togʻoshar yangasiga achinib ketdi. Bu jafokash ayolni opichib, bisotidagi eng shirin kalomlar bilan ovutgisi keldi, ammo vaziyat buni taqozo etmasdi. Hayot deganlari koʻziga, negadir zerikarli, boʻm-boʻsh va arzimas boʻlib koʻrindi.

Ular uchun bu odatiy hol boʻlsa kerak, birdan jimishdi va uylariga joʻnab ketishdi.

Oradan koʻp oʻtmay, tagʻin bir dilsiyohlik roʻy berdiki, shunday ogʻir-vazmin Togʻoshar ham oʻzini idora etolmay, soʻkinib yubordi. Oʻz dardi bilan ovora boʻlib yotgandi oʻshanda. Kutilmaganda, Shabnam uvillaganicha yigʻlab kirdi. U tizzasi, bilaklarini koʻrsatar, oʻpkasi toʻlib ketganidan gapirolmasdi. Togʻoshar qizining yengi, poychasini koʻtarib, uning badani xivich izlaridan qavarganini koʻrdi; bunday berahmlik faqat Sharqiyaning qoʻlidan kelishini taxminlab, xunobi oshib ketdi. Shunday boʻlsada soʻradi.

Kim urdi seni?

Qizi baribir javob berolmadi. Togʻoshar jiyaniga ta’lim berayotganlarni boloxonador qilib soʻkdi.
- Qoʻlimga tushsin, hijobini yirtib otaman!, dedi gʻazab bilan.

Ammo jahldan tushgach, andishalarga borib, barini bosdi-bosdi qilib qoʻyaqoldi. Doʻsti ,Odina bot-bot takrorlab turadigan «Shahri yak chashma rav - yak chashma shav», ya’ni bir koʻzlilar shahriga borsang, bir koʻzli boʻl, degan naqlni eslab, mushohadaga bordi. « Ehtimol, qaerdadir xatoga yoʻl qoʻyayotgandirman - moslashib olishim zaruratdir…»

* * *

Kunlar shu tariqa oʻtardi. Togʻoshar bot-bot Mamaykani; Vadim, Odina, doʻstlarini ichki bir entikish bilan qumsar, sogʻligi jilla tiklanishi bilan qaytib ketishni, atrofdagi jaholat va qashshoqlikdan shu tariqa qochib qolishni oʻylardi.

Biror oydan keyin ukasi unga yotigʻi bilan maslahat berdi.
- Aka, men sizni machitga olib boraman! Kasalingiz tuzalib ketishiga oʻzim kafil. Tushuning: ibodat beradigan tasalli, shifo oʻrnini hech nima bosolmaydi! Faqat e’tiqodingiz mustahkam boʻlsa bas!

Meni qoʻy…
- Siz xato qilayabsiz,- dedi, akasining oddiy haqiqatni idrok etaolmayotganidan xunobi oshib,- Hadisi shariflarda yoʻldan adashgan muslimlarni ilohiy qudratdan voqif qilish zarurligi yozilgan. Dinidan voz kechgan xudobexabarlarning ahvoli zabun boʻladi. Dilingizga shayton oralamasin! Hozircha haftada bir bor - begohi juma borsangiz bas, qolganini uyda oʻqiyverasiz.

Madorim yoʻq, ukajon, madorim.- imkon qadar vazminlik bilan rad etar ekan, «Bu badbaxt mutaassibga qanday qilib tushuntirsam ekan», deb bosh qotirar, uning e’tiqodi, izzat-nafsiga tegib qoʻyishdan xavotir tortardi.

Ammo Qobil shu bilan tinchib ketmadi. Machitdan Hojini ergashtirib keldi. Mehmon xushtakalluflik bilan hol-ahvol soʻragan boʻldi va bemorning yonida choʻkalab, hech nima demasdanoq, duo oʻqishga kirishdi. Togʻoshar Hojining qop-qora soqoli, noxush baqbaqasiga termulib: «Bunga koʻzim uchmagan edi-ku! Yaramas, qachon tugatarkan, qachon joʻnab ketarkan» deb oʻylardi. Nihoyat u yuziga fotiha tortdi.
- Yanga,- dedi ukasi, besh ming chiqaring. Erta tagʻin keladilar.

Darhaqiqat u ertasi tagʻin keldi. Ogʻriq esa qoʻyib yubormas, mullaning noxush basharasiga qarab oʻtirish esa ana shu darddan ham ogʻirday edi. Uchinchi kun ukasiga dedi:
- Ayt kelmasin, kerak emas!

Bu gap Qobilga botib tushdi.
- Sizga aytgan edim: «Xudoni tanimaganingiz uchun shu kuyga tushgansiz», deb. Alloh esa kechiruvchidir, magʻfirat qiluvchidir! Buni unutmaslik kerak!

Bu gaplar Togʻosharga qattiq botgan boʻlsada, sukut saqladi; zero keksalar va bemorlar: «hamma narsaga fahmi yetadigan kishi - hamma narsani kechiradi», degan naqlning mohiyatini teranroq idrok etadigan boʻlishadi. Yodiga esa Vadimning kitobidagi: «Araqxoʻrlik - bema’nilik, ammo fanatiklik undan besh battar yomon» degan aforizm tushdi.

* * *

Kuzning rutubatli kunlaridan biri edi. Ovqatdan, gapdan deyarli qolgan Togʻosharning ahvoli kechga borib tagʻin ogʻirlashdi: ustma-ust, laxtak-laxtak qon qusdi. Qavm-qarindoshlar uning atrofiga xavotirona toʻplandilar. Ukasi turli oyatlarni tinimsiz takrorlab, yuziga fotiha tortardi. Bemor ertalabgacha koʻzini gohida ochib, gohida yumib turdi.

Ertasi, nogahonda koʻz oʻngida oppoq bulutlar ustida yugurib yurgan yarim yalangʻoch kishilar namoyon boʻldilar.
- Ana ular bulut ustida yurishibdi,- dedi, bor kuchini toʻplab

Bemorning tilga kirishi atrofdagilarning diliga zohiriy umid soldi.
- Koʻziga farishtalar koʻrinayabdi,- dedi ukasi kalima qaytarishdan bir lahza tin olib.
- Yoʻq, ular farishtalar emas, odamxudolar!, dedi pichirlab Togʻoshar.

Soʻng koʻzlari yumildi.

Abadiyatga yumildi.