OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiSanatoriyada (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm52KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sanatoriyada (hikoya)
Nusrat Rahmat

Turkiston tizma togʻlariga tutash Obigarm qishlogʻidan ikki chaqirimcha balandlikdagi oromgohga baho beradigan boʻlsak, uning moʻ‘jazligi, oddiy, hatto joʻnligini tan olishimiz kerak boʻladi. Boshqa shahar, yurtlardagi dam olish uylari, kurort, sanatoriyalarda boʻlganlar bu yerga kelib, burunlarini jiyirishlari hech gap emas.

Odam boʻyichalik devor kalladay-kalladay keladigan toshlardan loysiz, tsementsiz tiklangan va omonatday, hademay qulab tushadiganday taassurot qoldiradi. Darvoza xivichdan yasalgan, aniqrogʻi, uning ichki qismi savatday qilib toʻqilgan. Atrofi tut xivichidan doiralar, oʻrtada qahvarang novdadan (ehtimol, gilos yoki olxoʻrinikidir) yurakning beoʻxshov shakli aks ettirilgan. Bu kimlar uchundir qadimiy hunarmandchilikni yodga solsa, boshqa birovlar uchun borib turgan odmilik yoki nochorlik boʻlib tuyulishi tabiiy.

Xonalar ham pastak, tartibsiz. Yozlik ayvonlarning tomlari, devorlari boʻyradan.

Ammo bu yerlarning tabiatiga tan bermay ilojingiz yoʻq. Yonboshda issiq buloqdan chiqayotgan bugʻ koʻp hollarda doimiy tumanga oʻxshab turadi va ertalab, kechqurunlari quyuqlashadi. Yuqorida archalar; har-er, har-erda qor parchasi koʻzga tashlanadi. Garchand darvoza tepasiga: «Obigarm» oromgohi», deb yozilgan boʻlsa ham, koʻpchilik «Shomilning sanatoriyasi», deb ataydi bu maskanni.

Bundan bir necha yillar muqaddam erkin kurash boʻyicha Osiyo chempionatining mutlaq gʻolibi boʻlgan va jahon birinchiligiga oʻtkaziladigan musobaqaga tayyorgarlik koʻrayotgan Shomil polvon…

Shu oʻrinda unga andak ta’rif bermasak, koʻnglimiz toʻlmay qoladiganga oʻxshaydi.

Bu atroflarda uni Tayson ham deyishadi. Azimjussaligi, gavdasining beoʻxshovligi keng oʻmrovlari, boʻrtib turgan muskullari kurash tushadigan polvondan koʻra, ogʻir vaznli bokschini koʻproq yodga soladi. Faqat gavdasi boʻlsa mayli-ya, muomala ham dagʻalroq: iltifotsiz, tavozesiz. Biz esa oddiy haqiqatni ham yaltiroq qogʻozga oʻrab berishlariga koʻnikib qolganmiz. Shomil polvonning millati - chechen, ammo bu haqda gapirishni xushlamaydi, «Oʻzbekiston fuqarosiman» deb qoʻyaqoladi; oʻzbekchani yoyib, sekin-sekin, ruscha iboralarni aralashtirib gapiradi.

Xullas, kunlardan birida Shomil shu qishloqlik Arabboy amakinikiga mehmon boʻlib keladi. Buning boisi shundaki, amaki uning otasi (marhum) bilan Afgʻonistonda xizmat qilgan ekan. Shomil chempion boʻlganda, amaki uni izlab borgan, toʻn kiygizib, otasi bilan tushgan suratlarni koʻrsatgan va qaytishida qishlogʻiga taklif qilgan, albatta. Bu yerda pahlavonni yaxshi kutib olishadi, qoʻy soʻyishadi, toʻnlar kiygizishadi.

Ertasi u togʻ sayriga chiqib, yonbagʻirdagi issiq buloqni koʻrib qoladi. Qarasa, atrofda talay dardmanlar qoʻl, oyoqlarini suvga solib oʻtirishibdi choʻmilishayabdi. Buloq suvi tarkibi oʻrganilgani, u Kavkazdagi Narzan suvidan boy ekanligini gapirishadi mezbonlar.

Shundan keyin Shomil hamma ishini yigʻishtirib qoʻyib, (sport mutasaddilari, trenerlari diltang boʻlib, undan qanchalik ranjishganini aytmay qoʻyaqolaylik) shu yerda xususiy sanatoriya qurishga kirishadi. Qishloqdagilar ham chetda turmaydilar: birinchi yili buldozer topib, yoʻl, maydoncha ochiladi, simyogʻochlar oʻrnatiladi. Ikkinchi yili qurilish boshlanadi. Polvon eski «Moskvich»i bilan tsement, gʻisht tashiydi, ustalar bilan bab-baravar beton qoradi. Bu mashaqqatlar haqida gapirib oʻtirish, ehtimol ortiqchadir - qurilishdan andak xabardor odam barini his etaoladi. Buning ustiga, qiyalikda bino tiklash chandon mashaqqatligini tasavvur qilish qiyin emas. Oʻsha yil toʻrtta xona tiklanib, suvoqdan chiqariladi, boʻyaladi, krovatlar qoʻyiladi; vannaxona, muolaja kabineti tayyor boʻladi. Ammo sanatoriyani roʻyxatdan oʻtkazish oson kechmaydi: birinchi bor kelgan komissiya ozmas-koʻpmas - oʻttiz ikkita kamchilik topadi. Garchand qarzga botib qolgan boʻlsa hamki, Shomilning ruhi tushmaydi - komissiya xulosalariga qoʻshiladi.

Kechqurun Arabboy amakinikida hisob-kitob qilib koʻrishsa, tagʻin falon million soʻm kerak ekan.
— Oʻttiz ikki tishning oʻttiz ikki ishi bor,- deydi amaki haligi xulosalarni nazarda tutibmi yoki ayolmandligidan zorlanibmi,- yordam beray desam, oʻzim ham kamxarjroqman. Ammo bir-ikkita qoʻy-echkilarni sotib, atrofini oʻrab qoʻymasam boʻlmas. Bitta xonacha qurib, oʻsha yoqqa borib yotaman: har xil odamlar bor, mol-pol deganday….
— Komissiya talabnomasi shundan boshlangan,- deydi Shomil,- men ham «Moskvich»ni sotaman - quvur olamiz - vannaning chiqindi suvi qayta daryoga tushmasligi kerak ekan.

Ertasi Arabboy amaki Shomilni qoʻshni qishloqqa toʻyga taklif qilib qoladi.
— Koʻpkarisi bor - tomosha qilasan,- deydi, boyaqishning koʻnglini koʻtarish ilinjida.

Borishsa, koʻpkarimas - kurash ekan. Bular ham, koʻp qatori bir chekkada tomosha qilib oʻtirishadi. Oxirida bir moʻylov kurash boʻyicha viloyat chempionini ergashtirib chiqadi. Hakam oʻrtaga tana qoʻyilganini e’lon qiladi. Polvonni ikki bor aylantirishsa ham, da’vogar topilmaydi.
— Mana, bir ot qoʻyildi,- deydi hakamlik qiluvchi. Shomil shunda amakini noʻqiydi.
— Meni yetaklab chiqing, uni yiqitaman - otni sotib, devorni tiklaysiz!

Arabboy amaki andak ikkilanib, xavotir tortib turadi.
— Kurashdan ketganingga ancha boʻlgan, tagʻin yiqilib…
— Xotirjam boʻling,- deydi,- meni yiqitish oson emas!
— Oxirgi marta soʻrayapman, da’vogar bormi?- ovozini koʻtaradi davraboshi.
— Bor! Mana, bizning obigarmlik polvonimiz kuchini sinab koʻrmoqchi,- deydi, Shomilni ergashtirib chiqqan amaki ovozi qaltirab.

Davrada gʻala-gʻovur boshlanadi. Polvonlarni yuzma-yuz qilganda, kutilmagan hol roʻy beradi: haligi chempion Shomilni tanib qoladimi yoki haybat-u vajohatidan choʻchiydimi, haytovur, qoʻl koʻtarib qoʻyaqoladi.

Ot oʻsha yerning oʻzidayoq sotiladi. Arabboy amaki devor, darvoza, qorovulxonani shuning hisobiga tiklaydi. Bu orada Shomilning oʻzi Kavkaz, Tojikiston tomonlarga borib, kurash tushadi, topganini amakiga joʻnatadi. Xullas, toʻrt yil deganda, sanatoriya roʻyxatdan oʻtkazilib, ishga tushadi.

Dastlabki yillari keladigan kishilarning unchalik tayini boʻlmagan, deyishadi. Hozir bu yerga joylashish - anchayin muammo. Yoʻllanma topolmagan talay dardmanlar qishloqda ijarada turishadi; kunduzi kelib davolanishadi.

* * *

Oshxonaga kirganlarning dimogʻiga togʻrayhon ( bu yerdagilar kiyik oʻti, deb atashadi) hidi gup etib urildi. Bu giyohni gʻaramlab qoʻyishlarini; choyga, ovqatga solish taomilga aylanganini koʻpchilik bilmasdi.
— Yangi kelganlar, mana bu yerga oʻtiringlar,- dedi oshxona mudiri, olti kishilik stolga imlab.

Qimmatbaho xalatining belini zichlab bogʻlagan, sochini hafsala bilan taragan, oʻttiz yoshlardagi xushbichim, koʻrinishidan ancha ziyoli kishi, boʻy-basti, raftori oʻziga munosib yoshgina juvon bilan toʻrdan joy olishdi. Atrofdagilarga xayrixohlik, moyillik chehralarida manaman, deb turar, ikkovlaridan ham dilni entiktiruvchi xushbuy hid taralardi; ayolning yengilgina pardozi ham, tabassumi ham me’yorida edi.

Xullas, munosib juftlik!

Ulardan keyin sakson yoshning nari-berisidagi muysafid, oʻsmir nabirasi bilan joylashishdi. Toʻrtinchi boʻlib, boshiga oq doʻppi, egniga yaktak kiygan, boʻliq moshguruch soqoli oʻziga yarashiq, xudojoʻyligi bilinib turgan otaxon va oxirida ellik yoshlardagi oʻrtaboʻy, qorni katta, semiz, koʻrinishidan jiddiy, sinchkov kishi joy olishdi.

Ular bir-birlari bilan yengilgina salomlashib qoʻyishdi, garchand notanish boʻlishsada, iltifot va ehtiromlarini darigʻ tutishmadi.

Aslida odamlar dam olish uylari, oromgoh, kurortlarda xushsuxan, hazilga moyil, hatto soʻzamol boʻlishadi. Ammo shunga qaramay, sinalmagan otning sirtidan oʻtma, deganday, bular oʻzlarini tanishtirishni keyinga qoldirishdi.

Mayli, bu kemtikni oʻzimiz toʻldirib qoʻyaqolamiz.

Birinchi boʻlib tilga olganimiz - silliq, sipo kishi - gazeta muharriri - Bobodoʻstov. Uning ma’naviyat, ma’rifatni targʻib etuvchi gazetasi oʻziga xos mavqega ega. Unga «munosib ayol» deb ta’riflaganimiz - shoira - Hurriyat; yupqaroq boʻlsa ham kitobchalari chiqqan. «Hurriyat» uning nomimi, taxallusimi - soʻrash nooʻngʻay va buning ahamiyati yoʻq hisobi.

Otaxon professor - Otabek Otaqoʻzievich. U kishi oʻttiz yil davomida universitetda entomologiya fanidan lektsiya oʻqigan, umurtqasiz jonivorlar kafedrasiga mudirlik qilgan. Hasharotlar haqida gap ketsa, zavq-shavqqa toʻlib, ehtiros bilan soʻzlashni xush koʻradi. Zarafshon vodiysi hasharotlarini oʻrgangan, sistematikasini tuzgan; bir necha oliy oʻquv yurtlarining faxriy professori. Domlani bu yerga uch yildan beri uyqusizlik dardi yetaklab keladi.

Oʻzini Hoji amak deb tanishtirgan buxorolik otaxon anchayin keksa koʻrinsada, aslida domladan yosh. Nasihatomoʻz gapirish, qiroat qilish, mumtoz she’rlardan satrlar oʻqishni xush koʻradi.

Qorni katta, semiz, deganimiz esa – tuman militsiya boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Azlarov. Kasb-kori taqozosi boʻlsa kerak, dangal gapirish, jilla maqtanish, gohida soʻkinib yuborish odatlari bor.

Ular stol atrofidan joy olgach, Otabek Otaqoʻzievich xushsuxanlik bilan, mazkur sanatoriyaga avval ham kelganini yodga soldi va:
— Bu yerda hamma oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatadi,- deb ogohlantirgan boʻldi.

Garchand kutilmagan hol boʻlsa-da, bundan ranjishmadi - har kim oʻziga tegishli ne’matni olib keldi.
— Keyin idish, tovoqlarni obborib qoʻyish ham oʻzimizning boʻynimizda,- bunga goʻyo oʻzi aybdorday, hijolatomuz qoʻshib qoʻydi domla.
— Ishqilib, yuvib ham bermaymizmi?- hazil aralash soʻradi Bobodoʻstov, kunjkovlik, iddao ohangida.

Javoban davradagilar kulib koʻyaqolishdi. Shu bilan oradagi begonasirash pardasi koʻtarilganday boʻldi, ular eski tanishlardek gapga kirishib ketdilar.
— Bularda shtatlar oz,- yangi tanishlarning koʻnglini ilitishga harakat qilardi professor,- Shomil ham xoʻjayin, ham ma’mur; shunga qaramay, gohida massaj qiladi. Arabboy amaki degan qorovul bor; xoʻjalik mudiri ham - oʻzi.

Tushlik tugashi bilan idishlarni joyiga eltib qoʻyishdi, buxorolik otaxon peshin namoziga shoshildi, qolganlar mamnun kayfiyatda hovliga chiqishdi. Shoira bu yerdagi yovvoyi tabiatdan: shaffof havo, notanish ammo dilkash hidlar, ohanglardan hayrat, hayajonini yashirolmas; toʻlib-toshib she’r oʻqigisi kelar, ammo buning uchun andak vaqt borligini his etib, oʻzini tiyardi.
— Qizim olti oy oldin ariza berib qoʻyadi,- soddadillik bilan davom etardi Otabek Otaqoʻzievich,- faqat shu yerga kelsam, darddan forigʻ boʻlaman. Buning xoʻjayini kurash boʻyicha jahon chempioni boʻlgan.( Aslida Osiyo chempioni boʻlganligini eslatgan edik va bu chalkashlik uchun muysafidni ayblashning hojati yoʻqdir.) Oʻzbekiston bayrogʻini boshiga koʻtarib turganini televizordap koʻrganman. Quvonib, koʻzidan yosh chiqib ketgandi, lekin oʻshanda ham qovogʻini ochmagandi…

Keyin Shomilni sifatlashda davom etdi: garchand andak qoʻrs boʻlsa hamki, bagʻrikengligi, odamgarchiligiga urgʻu berdi, shu kimsasiz qiyaliklarni obod qilishi tafsilotlarini eslatdi.
— Toʻgʻri qilgan,- qoʻshildi podpolkovnik Azlarov,- chempionlikdan nima naf? Bir-ikki yilda undan zoʻri chiqib, yiqitadi-yu, bari tugaydi. Bu yerda pul bor! Shuni his etgan u.
— Polvon iymonli, yaxshi odam: pulga oʻch emas,- e’tiroz bildirmoqchi boʻldi professor.
— Uni yomon deyayotganim yoʻq, aqli joyida ekanki, shu ishga qoʻl uribdidi. Pul jamiyatni harakatga keltiruvchi lokomativ, saodat sarchashmasi, ozodlik qanoti ekanligini vaqtida tushunganlarning sadagʻasi ketsang arziydi. Eng muhimi, bu yerdan topiladigan pul ona sutidan halol! «Bugun Oʻzbekistonda kim yaxshi yashaydi?» deb soʻrasa, «Ana shunaqa ishbilarmonlarni koʻrsatardim va «haloli boʻlsin!», derdim.

Militsiya sardorining pul haqidagi falsafasi muharrirga ma’qul tushmadi. Odob bilan e’tiroz bildirmoqchi boʻldi.
— Jamiyatni harakatga keltiruvchi, insonni saodatmand qiladigan boshqa kuchlar ham bordir,- dedi, negadir podpolkovnikning koʻziga emas, qorniga qarab.

Suhbatdoshi esa uning nigohlaridan «Sen pulning quliga oʻxshaysan, maishatparastlikdan choʻchqaday semirib ketgansan», degan fikrni uqib oldi. Yotigʻi bilan izoh berdi.
— Tugʻishgan ukam shu yerdan oʻn besh kiloga oriqlab ketdi. Shuning uchun keldim. Mening semizligimni maishatdan deb uylashadi. Aslida bu - irsiyatdan. Rahmatli onam shunaqa… toʻla edilar. Ellikka kirmay, olamdan oʻtdilar - yuraklarini yogʻ bosdi. Gohida ikki kunlab och yuraman: qon bosimim tushib ketadi, ammo jillagina oriqlasamchi...Quruq non bilan roʻzguzaronlik qilsam ham, vaznim oshib ketaveradi. Endi pul masalasiga keladigan boʻlsak, ma’naviyatimiz arboblari «Pul harom» deb, ongimizni zaharlab qoʻyishgandi. Lekin oʻshanda ham pulni koʻrishsa, koʻplari oʻzlarini tomdan tashlashardi. Pul - non, shodlik, ozodlik boʻlsa, nimasi harom?
— Agar hamma gap pulda boʻlsa, uning stanogini ishga tushirib, olamni jannatga aylantirish mumkin boʻlardi,- dedi Bobodoʻstov. - Eng ogʻir zanjir - oltin zanjir, degan gap bor. Bir zamonlar jadid bobolarimiz mustaqillikning, farovonlikning kalidi ma’rifat va ma’naviyat, deb bildilar, qon kechib kurashdilar. Aslida yangicha axloqiy tushunchalarni shakllantiradigan kuch ham - ma’rifat va ma’naviyat boʻlsa kerak.
— Oʻsha ikki omilni taraqqiy ettirish uchun ham pul kerak,- betakalluf davom ettirdi podpolkovnik. - Insoniyat ming yillar davomida axloq qoidalarini yaratdi, shakllantirdi; endi yangi axloq yaratishning oʻzi - axloqsizlik.

Joʻyali gaplarga, qizgʻin mubohazaga diqqat bilan quloq solib oʻtirgan domla batamom boshqacha fikrda edi. Otabek Otaqoʻzievich jamiyatning yetakchi kuchi, insoniyatni saodatmand qiladigan omil - fan, deb hisoblar, bu boradagi oqsoqlikdan xunob boʻlardi. Ayniqsa, biologiya sohasida qadimgi yunonlar darajasidan koʻtarilmaganmiz, deb hisoblardi. U entomologiya fanidan lektsiya oʻqiganda, olti oyoqli mitti jonivorlar haqida afsona-yu, haqiqatlarni ehtiros bilan gapirganda, insoniyat hasharotlardan meditsina, veterinariya, oʻsimliklarni himoya qilish, maishiy sohalarda foydalanmayotganini jonsoʻzlik bilan sanaganda, talabalarning biri qoʻyib, ikkinchisi savol berishi koʻz oʻngiga keldi. Shu xususda andak gapirmoqchi boʻldi-yu, fikridan qaytdi: «Busiz ham koʻp gapirdim, xayolidan oʻtkazdi u, serjagʻ chol ekan, deb oʻylashmasin». Buning ustiga qizining: «Sinalmagan odamlar bilan kamroq gaplashing, zinhor va zinhor bahslashmang - qon bosimingiz oshib ketmasin», deb tayinlagani yodiga tushdi. Lekin shoira oʻz fikrini aytmay qolmadi: u insoniyatni saodatmand qiladigan ilohiy kuch - she’riyat ekanligini ta’kidlab, Alisher Navoiy, Hofiz, Lermontov singari buyuklarning ruhlarini bezovta qildi.

* * *

Kechki ovqatdan keyin davraga Hoji amak ham qoʻshildi. Ungacha esa Bobodoʻstov yangi sheriklarga gazetasining bir necha sonlarini tarqatgan, shoira «Iffat» deb nomlangan she’riy kitobchasiga dastxat yozib bergandi. Undagi: «Siz otamga oʻxshar ekansiz» degan ta’rif, ijod ahlini ilohiy qudrat deb hisoblaydigan professorni juda quvontirdi.
— Siz ham qizimga oʻxsharkansiz,- dedi javoban,- unga Pokiza deb nom qoʻyganman. Shukurki, nomiga munosib boʻldi. U - mening farishtam! Xoʻjayiningiz ham kuyovimni eslatdi. Ikkovlaringni birinchi koʻrishimda asal oyini oʻtkazayotgan yosh kelin-kuyovlar yodimga tushdi.
— Kelin-kuyovmiz, asal oyini oʻtkazgani kelganmiz,- yasama kulgi qildi shoira. Qadimiy shoirlar buni, «shakarmoh» deyishgan.

Keyin davradagilar yoshliklarini eslashdi - kuyov boʻlgan shirin damlar, birinchi farzand yodga olindi. Qizlar haqida gap ketganda, Hoji amak davom ettirdi:
— Televizorda surxandaryolik bir qiz ashula aytadigan boʻlgan.

«Sizdan duo tilagan, qizingizman, otajon», deb xonish qiladi. Aslida ota duosini olgan farzand, u dunyo-yu bu dunyo kam boʻlmaydi.

Otaxon shundan keyin Ibrohim Ahtam va Malikai Xubon haqida batafsilroq hikoya qilgani sabab, boshqalarga gap navbati tegmay qoldi.

Ertasi farzandlarini qoʻmsab qolishdi, shekilli, soʻzamollik bilan bolalari, nabiralari haqida gapirishdi. Otabek Otaqoʻzievich ham jim turolmadi.
-Xudo menga bir qiz, bir oʻgʻil berdi. Oʻgʻil harbiy boʻlib ketdi, Moskvada uylanib, oʻsha yoqda qoldi.
— Nachora, non-u namak,- aralashdi Hoji amak, xushmulozamatlik bilan. - Nasibasi oʻsha tomonlarga sochilgan ekan, qoʻying, terib yesin.
-Qizim har kuni ishga borishda ham, qaytishda ham mendan xabar oladi. Xotinim oʻlgandan keyin endi men ham yasholmayman, degandim. Chunki rahmatli meni erkalatib qoʻygan ekan: hatto choyimni tuzukroq damlab icholmasligim ayon boʻlib qoldi. Qizim kirlarimni beminnat yuvadi, ovqatimni tayyorlab beradi. Shu yerga yoʻllanma topib, mana bu oʻgʻlini ham qoʻshib yubordi, - dedi, oʻsmir tomon ishora qilib.
– Ayol dunyoni tebratadi, deganlari shuda, - ma’qulladi shoira.

Undan keyin dardmandliklari va shu bois chekayotgan aziyatlarini ham yashirishmadi. Podpolkovnik semizlikni la’natladi.
— Bir yaramas, ekstrasensga ishonib, boshqa kasallik orttirib olganman. U dori deb, bir xil gijja tuxumini pullarkan. Haligi tekinxoʻrlar oshqozoningda koʻpayib, yutganingni oʻzlashtiraverarkan. Koʻp ovqat yeydigan boʻldim, ammo oriqlab ham ketdim. Chunki ochofat zararkunandalar qonimni ham zaharlagan ekan. Sillam qurib, bemador boʻlib qoldim. Oʻlishimga bir bahya qolganda, shifoxonaga yotqizishdi. Tuzalganimdan keyin haligi hamshiragʻarni tutib, onasini koʻziga koʻrsatdim!
— Volidam qon bosimidan ketdilar,- davom etdi professor, naq mening yoshimda edilar. Bir opam ham shunday boʻldi. Oʻzim uyqusizlikdan aziyat chekaman. Uyqu uchdimi - xar xil bemanikliklarni uylayman-u, bosim ikki yuzga chiqib ketadi. Gohida tuni bilan toʻlgʻanib chiqaman, zerikkanimdan deng, bir necha minglargacha sanayman - foyda boʻlmaydi. Ne-ne dorilarni tavsiya etishmadi - naf koʻrmadim. Faqat shu yerga kelsam, ona qornida yotganday mazza qilib uxlaydigan boʻlaman. Sharoitlari uncha zoʻr emas, ammo…

«Kelin-kuyov» kasallikdan shikoyat qilmaganlariga qarab, shunchalik dam olgani kelishganini fahmlash qiyin emasdi. Hoji amak ham, negadir bu haqda gapirgisi kelmadi.
— Bularning yoʻlak devoriga ilib qoʻyilgan «Ichki tartib-qoidalar»ini oʻqidim,- dedi, boyadan beri suhbatdoshlarini diqqat bilan tinglayotgan Bobodoʻstov. «Oromgoh hududida spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish qat’iyan man etiladi, axloqqa zid harakatlarga yoʻl qoʻyganlar chetlashtiriladi» deb yozishibdi. Oʻzim ichmayman, chekmayman, axloq kodekslarini hurmat qilaman-u, ammo, bunday deb yozish «Inson huquqlari deklaratsiyasi»ga, qonunlarimizga zid.
— Bultur kelganimda bir ishbilarmon boyvachchani chiqarib haydashdi,- dedi javoban Otabek Otaqoʻzievich,- har kun maishat, araqxoʻrlik… Dagʻdagʻa qilmoqchi boʻlgandi, Shomilning vajohatidan choʻchib, jomadonini koʻtardi.

Keyin birgalashib, oʻsha boyvachchani qoralashdi, inson har qanday vaziyatda ham odobli boʻlishi zarurligiga urgʻu berishdi.
— Jomiy hazratlari: «Odob boshingdagi ilohiy tojdir, uni kiyib istagan joyingga borishing mumkin» deydilar, davom ettirdi Hoji amak.

Atrofdagilar unga ehtirom ila quloq tutishayotganligiga ishonch hosil qilgach, Qur’oni Karimdan arabchalab oyat oʻqidi va tarjima qildi. - «Ya’ni ular – beodoblar - Allohni, iymonli kishilarni aldamoqchi boʻladilar va oʻzlari sezmagan holda, faqat oʻzlarini aldaydilar.»

Pastlikka qaralganda, qishloq tomlaridagi shiferlar, yakkam-dukkam oq tunukalar sarhadsizday boʻlib koʻrinar, mashinalar oʻyinchoqlarni eslatardi. Muharrir allaqanday nemis faylasufining: «Sizlar yuqoriga qaraysizlar, men esa pastga, chunki balandga chiqib olganman», deganini esladi; uni aytib, mazmunini sharhlamoqchi boʻlayotganda, Hoji amak domlaning tortinchoq nabirasini gapga tutib qoldi.
— Boʻtalogim, nechanchida oʻqiysan?

Kutilmagan savoldan oʻsmir xijolat chekib kollejda oʻqishini aytdi.
— Oʻqi, chirogʻim oʻqi! Oʻqisang, hamma joyidan turib, ta’zim qiladigan katta odam boʻlasan. Hadisi shariflarda oʻqimagan odam botqoqqa botgan benavoga taqqoslanadi. Keyin, odatdagidek, she’r oʻqidi:

    Jahon bastu kushodi - ilm birla,
    Nadir dilning murodi - ilm birla!
    Koʻngullarning sururi, ilmdandur,
    Koʻrar koʻzlarning nuri ilmdandur!

Nabirasini tagʻin savolga tutishi va u mulzam boʻlishidan xavotirga tushgan domla Hoji amakka yuzlandi.
— Taqsir, oʻzlari nima kasal boʻlganlar?

Xoji amak andak nooʻngʻay holatga tushdi, professorga yaqinlashib, uning qulogʻiga:
— Peshobni tutolmayman!- deb pichirladi va tagʻin orqaga tisarilib, avvalgi ohangda davom ettirdi: - Makkatulloga borganda, sovuq suv ichib qoʻydik. Bir sherigimiz oʻpkasini oldirib keldi, biz buyrakni ishdan chiqardik. Buning ustiga deng, oyoq qaqshab ogʻriydi.

Domla koʻpchilik orasida hojining dardini surishtirib, betakalluflik qilganidan nadomat chekdi.
— Uzr, uzr,- dedi,- buyrakni bilmadim-u, oyoqni davolashadi. Vannaga yotqizib, suvning ichida rosa uqalashadi. Hassa bilan kelganlar, uni tashlab ketishganini koʻrganman.

Shundan keyin tarqalishdi. Professor Hoji amak, Azlarov bilan qaytar ekan, tagʻin «kelin-kuyov»ning odobi, bilimi, oʻzini tutishiga tasannolar oʻqidi.
– Kabutar bo kabutar, gʻoz bo gʻoz kunad parvoz,- ma’qullab qoʻydi suhbatdoshi - Bu - Bobodoʻstov deganingiz odamni tinglashning kiftini keltirarkan. Bundaylarga dilingni ochasan, siringni ham aytib yuborasan.
— Bunday toifalar ana shunisi bilan xavfli,- yoqinqiramay qoʻshib qoʻydi, andak oldinda ketayotgan mirshablar sardori, ammo suhbatdoshlarining intiqliklariga qaramay, fikrini sharhlash, isbotlashni istamadi.

Oraga jimlik choʻkdi.
— Kishi keksayganda, oʻlim haqida bot-bot oʻylab qolarkan,- sukunatni buzdi Otabek Otaqoʻzievich.

U fikrini yakunlamasdanoq, Hoji amak she’r oʻqidi:

San aziz etgan qulingni hech kishi xor aylamas,

San agar xor aylasang, har yerga borsa xordur.

Soʻng qoʻshib qoʻydi:
— Alloh maxfirat qiluvchi, kechiruvchidir…

* * *

Ertalabki gimnastik mashgʻulotlarni Shomilning oʻzi oʻtkazishi ayon boʻlgach, shosha-pisha badantarbiya xonasiga toʻplanishdi. Sport formasidagi qiz kirib, safni toʻgʻriladi. Hademay, toʻrdagi eshikdan jiddiy qiyofali, azimjussa kishi kirib keldi. Bu - oʻsha polvon ekanligini hamma fahmladi. U boshini bilinar-bilinmas silkitib salomlashdi, safga nopisandroq nazar tashlaganday boʻldi. U bemorlar qarshisidagi doktordan koʻra, askarlar roʻparasidagi generalga koʻproq oʻxshardi. Shomil birinchi boʻlib yoshroq, ammo qoqsuyak, arabbashara kishiga murojaat qildi.
— Qaerga joylashdingiz?
— Qishloqqa…
— Ertaga joy boʻshaydi, tak-chto, kelasiz, - uning soʻzini kesdi.

Soʻng podpolkovnik tomon yuzlandi.
-Qaerda ishlaysiz?
— Militsiyada.
— Bu qorin bilan jinoyatchini qanday qilib quvasiz?
— Jinoyachini quvish - militsionerning problemasi, men boshliqman,- burro va dadil javob berdi u.
— Harholda, primer boʻlishingiz kerak-ku…
— Bu - mening problemam.
— Mayli,- dedi Shomil,- qorningizni kichraytirib yuborish - bizning problemamiz.

Ular begʻubor kulishdi. Keyin polvon mushtini qattiq qisgan, tishini tishiga bosgan holda, podpolkovnikka yuzlanib, hazil-chin aralash davom ettirdi:
— Oʻzim etingizni shunday ezamanki, yogʻlaringiz tirqirab ketsin! Chidasangiz boʻlgani.

Javoban Azlarov ham kulib yubordi.
— Moskvalik tergovchi qoʻl oyogʻimni bogʻlab, dubinkasi bilan rosa savalaganda ham «gʻing» demaganman.
— Gunohingiz boʻlgandir-da?
— Beayb - Parvardigor!

Shunday dedi-yu, koʻp oʻtmay qoʻshib qoʻydi:
— Insonga, uning bolasiga quloq tutilmaydigan, quloq tutishni istamaydigan yillar edi!

Shomilning nigohlari bu gal hassaga suyangan, oʻrta yoshlardagi kishiga qadaldi.
— Revmatizmmi?
— Ham revmatizm, ham osteoxandroz, ham poleortrit.
— Hassani qaerdan olgansiz?

U tushunmay zarrin naqshlar bilan zeb berilgan, «Padari buzrukvorimga Kavkazdan sovgʻa» deb, oʻyib yozilgan hassasiga qarab oldi.
— Oʻgʻlim Sochidan olib kelgan.
— Biz hassalar muzeyi tashkil etganmiz, buni tashlab ketasiz!

Amaki eshitmadimi, tushunmadimi - haytovur angrayib turaverdi. Safda yengil kulgilar eshitildi. Mashqlar boshlandi.
— Eng avvalo, enkayasiz, tikka turasiz. Bir ikki uch. Takrorlang! Endi enkayib, oʻng qoʻl barmoqlarini chap oyoqning bosh barmogʻiga tegizasiz. Bir, ikki, uch…

Mashgʻulotdan keyin u buyruq ohangida davom etdi:
— Zavtrakdan keyin, yangi kelganlar bilan toqqa chiqamiz. Tak-chto, tayyor boʻlinglar!

Ular nonushtaga joʻnashdi.
— Siz unga munosib zarba berdingiz,- dedi muharir qaytishda podpolkovnikka, salomga yarasha alik boʻlishi shart. Aks holda, amal yoki pul sabab tuppa-tuzuk odamlar koʻz oʻngimizda qoʻrs, badgap boʻlib qolishadi va buni sal kam fazilat deb bilishadi.
— Ha, osmon gumbirlamasa, mujik choʻqinmaydi, deydi ruslar. Savolga yarasha javob berish kerak. Aynan xushfe’lligimiz gohida bizni xarob qiladi,- dedi u va andak maqtanish bilan davom etdi: Boʻyin boʻlsa, buyinturuq topilarkan.
— «Boʻyin egma, kishan kiyma, ki sen ham hur tugʻilgʻonsan», deydi-ku shoir,- suhbatdoshini olovlantirib qoʻydi Bobodoʻstov.
— Bunaqalarning koʻpini koʻrganman, sindirganman! - balandroq pardada davom ettirdi podpolkovnik. - Bizga yangi hokim kelgandi. Aytganini bajarmagan, ishkal chiqargan rahbarning basharasiga tushirardi. Tumanda boshliq oʻrinbosari edim; kattamiz majlisga meni joʻnatdi. Oʻylab qarasam, choʻchiganidan shunday qilgan ekan. Aksiga olib, jinoyatchilik foizi ancha oshgan edi. Hokim menga oʻxshaganlarni qatorlashtirib qoʻyib, avval rosa dagʻ-dagʻa qildi. Keyin paxta zavodi direktorining basharasiga tarsaki tortib yubordi. Belida dardi borning oyogʻi qaltiraydi, deganlaridek, boshini xam qilib turaverdi u hezalak ham. Navbat menga keldi. Jinoyat koʻpayganining boisini soʻradi-yu, javobimni ham tinglamay, gardanimga moʻljalga oldi. Chap qoʻlim bilan bilagidan shappa ushladim-u, «He, hamshirangni…» deb boʻyni, yelkasi aralash tushirdim. Gandiraklab ketdi. Ishonasizmi, kelib qoʻlimni qisdi. «Bor ekansiz-ku,- dedi noilojlikdan,- siz bilan birga ishlaymiz!» Aslida. bu ham suvdan quruq chiqishning bir yoʻli edi. Lekin, haqiqatan ham, oradan bir oy oʻtmay, meni boshliq qilib qoʻyishdi. Hozirgacha shu vazifadaman. Shundan keyin haligi hokim hech kimga qoʻl koʻtarmaydigan boʻlib qoldi. Bu Tayson deganingiz, kurash tushib yurgan bir ayiqda. Xudo kuch-quvvatdan berdimi - bilingki, aql farosatdan qisgan boʻladi. Koʻrasiz, uni ham sindirib ketaman!

* * *

Ular - oʻn besh kishilar chamasi edi. Shomil oldinga tushib, asta-sekin yuqoriga oʻrlar, orqadagilar bilan atayin yigirma-oʻttiz qadam oraliq masofa saqlardi. Ayrim ayollar, kasalvandlar keyinda qolib ketganda, toʻxtab, ularni kutar va tagʻin yuqoriga intilardi. «Kelin-kuyov», domla yonma-yon borishar, «yuki» ogʻir - Azlarov orqaroqda qolgan, terlab-pishgandi. Muharir vaziyatdan foydalanib, Shomilga yaqinlashgisi, u bilan gaplashgisi keldi va jilla ildamlashdi. Yetib borgach, avval tabiat manzaralariga tasanno oʻqidi va:
— Juda koʻp, savob ishlar qilibsiz,- dedi.

Odatda bunday e’tirofdan keyin: «Hali qilinadigan ishlarimiz juda koʻp», qabilida javob boʻlishi kerak edi. Ammo u: «A-ey», dedi-yu, betakalluf yuqoriga qarab ildamlab ketdi. Bobodoʻstov qadamini sustlashtirdi - sheriklariga qoʻshildi. Avval Shomildan qitday ranjidi, ammo podpolkovnikning uni ayiqqa oʻxshatganini eslab, hamfikrlik tuygʻusi bilan kulib qoʻyaqoldi.

Odamlar yuqoriga chiqqan sari manzaralar oʻzgarib borar, yangidan-yangi, jozibalar namoyon boʻlardi. Domla hansirayotgan boʻlsa-da, xuddi talabalar orasida yurgandek, ehtiros bilan tabiatni madh etardi.
— Mana shu sayrayotgan jonivorni turkman chigirtkasi, deyishadi. Ovoziga quloq solinglar - bulbulga mengzaydi. Odamlar sayroqi qushlarni qoʻlga oʻrgatishdi, ammo hasharotlarni… Kelajak avlod ularni ham xonakilashtirishiga ishonaman! Tabiatda maromiga yetkazib xonish qiladigan oʻnlab hasharotlar bor: qora chigirtka, saraton, qoʻngʻiz turlari… Ularni qoʻlga oʻrgatish endi boshlanadi. Yevropaliklar bir zamonlar asalarini, xitoyliklar - pilla qurtini xonakilashtirib, insoniyatga mislsiz naf keltirdilar.

Soʻqmoq katta, yassi toshga kelib taqaldi. Uning ustida toʻplandilar. Bu yerdan pastlik oʻzgacha manzara kasb etgandi - irmoqlar qoʻshilgan joydagi yam-yashil orolchada bolalar sigir boqib yurishibdi; pastroqda xaroba, pastak tegirmon.

Nafaslarini rostlab olgach, tagʻin yulga tushishdi. Yovvoyi bodomchalar gʻuj boʻlib oʻsgan joyga yaqinlashganda, havoda katta koptokday boʻlib uchayotgan kapalaklar toʻdasi diqqatlarini tortdi. Jonivorlar yuqoriga koʻtarilgan sari ranglari oʻzgarganday boʻlar: gohida kamalakday, gohida bir tutam qirmizi, sargʻish gulday tovlanardi: bunday paytda endigina chiqib kelayotgan yoki botayotgan quyoshni, aniqrogʻi, shafaqni eslatardi.
— Bu - tangachaqanotlilar turkumiga mansub, shafaqrang kapalak,- tushuntirishda davom etdi professor. - Faqat bizning togʻli hududlarimizda yashaydi, nasl qoldirgach, gʻuj boʻlib, osmon-u falakka koʻtarilishadi; u yerda qushlarga, ayniqsa jalqaldirgʻoch bilan karkunakka yem boʻlishadi - vaqt yetgach, oʻlimga shunday tik borishadi.

Bu kapalaklarni birinchi boʻlib oʻzi topgani, nom bergani, tur sifatida sictemaga kiritganini qay tariqa aytishni oʻylab turganda, boyagi yovvoyi bodomchalar ostidan bir kaklik «qa-qa»laganicha yugurib chiqdi va yonbagʻir boʻylab qochdi. Tikanlar orasidan uning oʻnga yaqin joʻjalari ham otilib chiqishdi, ona ortidan juda ildam pildirab yugurishdi. Koʻplar uchun bu bagʻoyat hayajonli, zavqovar tomosha edi. Domlaning nabirasi, beixtiyor ularning ortidan chopdi. Boshqalar ham oʻzlarini tutolmay, oʻsha tomonga yugurishdi. Shu payt Shomilning guldiragan ovozi yangrab qoldi:
— Orqaga!!!

Hamma choʻchib tushdi va oʻrnida qotib qoldi. Soʻng kimdir xijolat boʻlib, kimdir ranjib, soʻqmoqqa qaytdi. Shomil boʻlsa, qizim senga aytaman, kelinim eshit, kobilida oʻsmirga zahrini sochardi.
— Nima qilasan uni ushlab? Yeysanmi? Ochmisan?

Soʻng hammani ogohlantirdi: - Birortang dorojkadan tashqariga chiqma!

Odamlar bu mulozimatsizlikdan bir-birlariga ma’noli qarab olishdi va har kim oʻzicha xulosa yasadi. Kaklikning «Qizil kitob»ga kirganini, uni himoya qilish zarurligini yozgan muharrir ham, jonivorni oʻqqa tutganlarni qoʻlga tushirgan militsiya sarkori ham, «togʻ bulbuli»ning qip-qizil oyoqlarini she’rga solgan shoira ham, daf’atan uni nechun ta’qib qilishganini tushunolmay qolishgandi. Hoji amak esa oʻsmirni koyidi, bobosini nooʻngʻaylikka solganini aytib, tanbehlar berdi va odatdagidek she’r xirgoyi qildi:

Bolosi mayda erdi - yigʻlardi Ya’qub,

Bolosi katta boʻldi - yigʻlaydi Ya’qub…

Tagʻin ancha yoʻl bosgach, Shomil bir maydonchada tin oldi. Odamlar birin-ketin hansirab yetib kelishdi. Muharir professorga Shomilning qoʻrsligini aytmoqchi, uning nabirasini nojoʻya ranjitganini ta’kidlamoqchi boʻldi, ammo domla hamon hasharotlar haqida hikoya qilardi.
— Mana bu chumoliga qaranglar: faytun, deyishadi uni. Ajoyib tur. Yer ostida juda murakkab in quradi. Oʻzim qazib koʻrganman: yoʻlagi, ombori, bolalar boʻlmasi alohida. U umri davomida uxlamaydi. Bular asalaridan ham dono: bemorlariga gʻamxoʻrlik qilishadi, nobud boʻlganlarini chiqarib koʻmishadi. Inlariga begonani yoʻlatishmaydi.
– Shu jonivorlar ham haligi ish bilan shugʻullanishadimi,- davradagilar kayfiyatini koʻtarish uchun boʻlsa kerak, hazil-chin aralash savol berdi Bobodoʻstov.

Boshqalar qatori badqovoq Shomilning labida ham dagʻalroq kulgi paydo buldi.
— Bular bari mehnatdan boshqasini bilishmaydi, ammo oilada naslni koʻpaytirish bilan shugʻullanadigan maxsus ona, ota chumolilar boʻladi. Siz qanot chiqarib, uchadigan chumolini koʻrganmisiz? Oʻsha urugʻlangan ona chumoli . U boshqa manzilga borib, tuxum qoʻyadi va shu tariqa avlod davom etadi.

Domla tin olishi bilan shoira she’r oʻqishga ijozat soʻradi. Lola, ayol sadoqati haqida ehtiros-u hayajonlarga toʻlib qiroat qilishi yarashiq edi uning. Nogahoniy hissiyotlarga tashna qalblar halovatbaxsh tuygʻularga esh boʻldilar. Domla oʻzini yasharganday his etdi. Chunki she’riyatdan zavqlanishning ayni mavrudi edi.

Ular yoʻlda davom etadigan boʻlishdi. Shomil kutilmaganda, hassali amakiga buyruq ohangida dedi:.
— Siz charchab qoldingiz, orqaga qayting!

Nafasi qisiladigan bir ayolga ham ijozat boʻldi. Soʻng Otabek Otaqoʻzievichga yuzlandi.
— Sizni olib chiqsak, yaxshi ekskursovod boʻlardingiz, ammo iloji yoʻq. Tak-chto…
— Oʻzimni yigitchalarday his qilayabman,- dedi, domla iltijo ohangida.
— Nabirangiz biz bilan boradi - sizga qor olib keladi,- unamadi sardor.
— Men ham qaytmasam, boʻlmaydi.- dedi Hoji amak.

Aslida u charchamagandi, ammo Shomilning yoʻlkadan chiqmaslik haqidagi buyrugʻi boyaqishni tashvishga solgandi: peshob tang qilsa netaman, degan xavotirda edi. Unga ruxsat boʻlgach, sobiq tergovchi ham qoʻl koʻtardi.
— Men ham charchab qoldim, Hoji amak bilan qaytsam…
— Yoʻq, siz chiqasiz!- uning gapini lablaridan yulib olganday, uzib javob berdi Shomil.

Bobodoʻstov hozir podpolkovnik ham keskin, dagʻal javob qaytaradi, jiddiy toʻqnashuv boʻladi, Azlarov uni «sindiradi», deb kutgandi, ammo unday boʻlmadi: mirshablar sardori javob qaytarmadi. Sukut esa, alomati rizodir.

* * *

Shu tariqa ular apoq-chapoq boʻlib ketishdi. Har kuni, muolajalar olingach, turfa mavzularda suhbatlar qurishar, zavqlanishar va bir-birlariga mehrlari oshib borardi.

Domla bu gal davradagilarning iltimosi bilan shafaqrang kapalaklarni topgani va oʻsha (toʻqson birinchi) yiliyoq sistemaga kiritganini hikoya qildi.
— Bir nechtasini tutib olardim-u, populyatsiyasi (koʻpayish, tarqalish jarayoni)ni oʻrganardim. Bu kapalakning rangi vaqt oʻtgan sari muhitga qarab oʻzgaradi, umrining oxirida oʻlimga tik boradi.

Gap aylanib kelib, tagʻin Shomilga qadaldi.
— Bu, Tayson deganingiz hamma xodimlarni Obigarmdan olgan ekan-da- savol nazari bilan professorga qaradi Azlarov.
— Avallari ruslar ham anchagina edi, ketib qolishdi. Bitta ayol qolgan.
— Shomilni maqtaysizlar, ammo men uni tushunolmayman,- suhbatga aralashdi muharir,- intervyu olmoqchi boʻlgandim - unamadi. Nazarimda matbuotning mohiyatini tushunmaydi.
— Tushunadi,- ilib ketdi Azlarov, allaqanday zaharxandalik bilan,- shuning uchun jurnalistlardan uzoqroq yuradi. Chunki gazetachilarimiz hamdu-sano oʻqishdan nariga oʻtmasligini biladi. Xoʻsh, ana shu silab-siypashdan unga yoki xalqqa nima naf? Maqolani oʻqib, bu yerga keladiganlar soni oshadi, xolos. Joy esa yetishmaydi. Bundan Shomilning ham, haligi dardmanning ham asabi buziladi. Siz sogʻliqni saqlash vaziri bilan hokimning familiyasini yozib, tanqid qiling. Ular kelishsin, mablagʻ topib berishsin, qoʻshimcha qurilishlar qilishga koʻmaklashishsin. Ana buning foydasini koʻring keyin. Ammo ularni tanqid qilishga amalingizdan xavotir tortasiz! Jurnalistlarimizda jur’at sust.

Muharir indamadi. Ammo uning qiyofasidan: «Tiling buncha zahar - san boʻrdoqiga boqilgan choʻchqaning» degan nafratni uqib olish qiyin emasdi. Javob uchun lab juftladi-yu, suhbatdoshining betgachoparligini xayolidan oʻtkazib, andisha qildi.
— Da…,- dedi ma’noli qilib.

Domla vaziyatni yumshatmoqchi boʻldimi yoki jim oʻtirishni ep koʻrmadimi, oraga kirdi:
— Gazetalarimiz zoʻr emas, jurnalistlarimiz ham, ammo…

Boya oʻjar raqibiga zahrini socholmay turgan muharir domlani ayamay, uning soʻzini kesdi.
— Siz qaerdan bilasiz? Hasharotning ortidan yurgan odamsiz-da. Xalq mustaqillik uchun jon berib, jon olayotgan yilda ham kapalak tutgansiz,- dedi.

Domla ijod ahlini yuksak idealli kishilar deb hisoblar, ularning gapini hech bir gumonsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilardi. Bu gal ham shunday boʻldi. Ammo Azlarov Bobodoʻstovga zarba berib, professorning qarashlarini, xayollarini ostin-ustun qilib yubordi.
— Bu kishi hasharotlar, odamlarday munofiq emasligini bilgan-da,- dedi.

Dilozorlikdan xavotir tortib, jimib qolishdi.

Noxush mashmashaga imkon bermaslik uchun boʻlsa kerak, Hoji amak Sa’diydan she’r oʻqidi:

May binoʻsh, mazhab bisoʻz-u,

Otash-an dar Ka’ba zan.

Sokini butxona bosh-u,

Mardumozori makun!

Soʻng mazmunini gapirib berdi.
— May ichsang, mazhabingni yoqsang, Ka’baga oʻt qoʻysang, butxonada choʻqinsang ham (mayli, ammo) insonga ozor yetkazma!

Hoji amak bu she’rni nima uchun oʻqigani, kimni nazarda tutganini anglash qiyin boʻldi. Soʻng vafo, oilaviy sadoqatni ulugʻlab she’r xirgoyi qildi. Boshqalar uni ma’qullab, gapga kirishib ketdilar.
— Bir ming sakkiz yuz-u yigirma beshinchi yilning dekabrida Rossiyada bir guruh dvoryanlar qoʻzgʻolon koʻtarganda, podsho ularni Sibirga surgun qiladi,- bu haqdagi mavzuni tarixdan boshladi Bobodoʻstov,- shunda ularning sadoqatli xotinlari ortlaridan izlab borishadi va koʻplari oʻsha sovuqlarda jon berishadi.

Bu bilan qanoatlanmay, rus shoiri Nekrasovning ana shunday ayollardan biri - grafinya Yekaterina Trubetskayaga bagʻishlangan dostonidan parchalarni yod aytib berdi.

Ayol chekkan aziyatlarni gapirayotganda, iztirobdan qiyofasi oʻzgarib ketishi ishonarli, jozibali edi, nimasi bilandir iste’dodli aktyorlarni eslatardi u. Bu odam gapirayotganda, har bir tinglovchi «u faqat tinglashni emas, gapirishni ham kiftini keltirarkan», deb oʻylashi tabiiy edi.

Davradagilarning diqqatini tortish, ularni xayollar osmoniga olib chiqish uchun ayolning muhabbat, oila uchun kurashlarini aytib tugatgandan keyin ham atrofdagilar allamahalgacha taassurotlar ogʻushida qoldilar.

Bobodoʻstov davom etdi:
— Oʻzim ham matbuotimiz, adabiyotimizda ana shunday sadoqatli, kurashchan, oila uchun borligini baxshida etgan ayollar haqida oʻqigim keladi. Bizning «sariq matbuot» esa muqim er koʻrmagan satang ashulachilarning uchinchi, toʻrtinchi erga tekkanini dasturxon qilib yozadi. Har bir kishi - u erkakmi, ayolmi - keksayganda yolgʻiz, qarovsiz qolib ketish vahimasidan xavotir tortib yashamogʻi kerak!

Spartak oʻz xoʻjasiga: «Mayli, meni ur, ammo gapimga quloq sol», degan ekan. Men esa oilasiga sovuqlik tushganlarga qarata: «Mayli, meni ur, ammo oilangdan ajralma derdim,- dedi, oʻta kuyinish bilan.

Suhbatni davom ettirgan shoiraning hikoyasi negadir boshqacha ohangda edi.
— Sizlar Chingiz Aytmatovning «Jamila» degan qissasini oʻqigan boʻlsalaring kerak. Tuppa-tuzuk eri boʻlaturib, ayol boshqasi bilan qochib ketadi. Hamma uni la’natlaydi. Bizning qishloqda shunga oʻxshash gap boʻldi. Tasodifni qarangki, bu ayolning ham nomi Jamila edi. Qoʻlida qizchasi bor edi. Qishlogʻimizga praktikaga kelgan student bilan… Bolasini shunday qaynonasiga beribdi-yu... Koʻp gap boʻldi. Toshboʻron qilmoqchi ham boʻlishdi, ammo daraklarini topisholmadi. Oʻzim ham ularni avval qoraladim, keyin fikrimdan qaytdim. Yoʻq, Jamilani muhabbat qurboni, deb oqlamoqchi emasman. Ammo oʻzlaring oʻylab koʻringlar: qishloqlardan yigitlar chiqib ketayapti. Birovi Rossiyaga - ishga, boshqasi Toshkent, Samarqandga oʻqishga va koʻp hollarda, oʻsha yoqdagi qizlarga uylanishayabdi. Qishloqdagi oyday qizlar esa allaqanday johil, araqxoʻrlarga tegishga majbur boʻlayaptilar yoki oʻsha ham nasib etmayabdi. Bir umr sevmaydigan er bilan yashagandan koʻra qochib ketgani yaxshi emasmi? Yoki: ishdan boshqasini oʻylamaydigan erkaklarni oling. Ayolning dili esa nozik - u shakarguftorliklar, xushomadlarni yaxshi koʻradi; teatrlarga, sanatoriyalarga, bazmlarga borgisi keladi.
— «Ey odam, siz juftingiz bilan jannatda maskan tuting», deyiladi Qur’oni Karimda, shoira gapini tugatmasdanoq aralashdi Hoji amak shoshib.

Mirshablar sardori ham jim turmadi.
— Buyuk Rafael chizgan rasmlarni koʻrib, oʻylab qolaman gohida. Sogʻlom bolasini koʻtarib turgan sogʻlom ayollarni chizadi u. Aslida ham, bola koʻtarib turgan ayoldan koʻra baxtli inson bormi oʻzi?! Bogʻ tinch boʻlsa, bulbul koʻp boʻladi deyishadi. Oila tinch boʻlsa, zavqu shavq oshadi. Shuning uchun unga xiyonat qilish - gunohi azim. Agar vaziyatni oʻzgartirolmasang oilang uchun vaziyatga munosabatingni oʻzgartirishing shart! Boshqa yoʻl yoʻq! Chunki oila kechirmaydi. Yer yuzida har bir odamga atalgan, uni kutayotgan oʻz xazinasi bor, deydi bir donishmand. Aslida xushchaqchaq va baxtli oiladan koʻra boy xazina boʻlishi mumkinmi?

«Kelin-kuyov» ertaroq ruxsat olib, joʻnab ketishdi, Qolganlar suhbatni davom ettirdilar.
— Shoiraning hikoyasi menga oʻtirishmadi,- dedi Azlarov. Aniqrogʻi, bu gapni nega aytganini fahmlolmayapman.

Birozdan keyin qoʻshib qoʻydi: - Mayli, tushunib qolarmiz… Jurnalist-u shoirlar orasida mulloga oʻxshagani koʻp boʻladi; ularning aytganini qilish kerak, qilganini emas.
— Machitimizning imom-xatibi bor edi,- davom ettirdi Hoji amak,- arabini suv qilib ichgandi. Qur’oni Karimni yod bilardi. Amri ma’ruf qilganda, vujudingga titroq kirardi. Boshqa machitlardagi namozxonlar amri ma’ruf eshitgani biznikiga kelishardi. Bir kuni farzand tarbiyasi haqida gapirsa, ertasi toʻy-maraka oʻtkazish odobu tartibi xususida va’z aytar; odamlar nafas chiqarmay tinglashardi. Oʻsha kuni zino haqida amri ma’ruf qildi, begona zaifaga koʻz olaytirgan doʻzax azobini tortishini uqdirdi. «Alloh odamni hayvondan, aynan shunisi bilan farqladi», dedi u. Munofiqlikni qarangki, oʻsha kuni kechasi, falokat bosib, shoʻring qurgʻurni milisa bir fohishaning uyidan tutibdi. Yarim yalangoch, mast ekan oʻziyam. Biz juda oʻsal boʻldik: oʻzingiz oʻylab koʻring: e’tiqod qoʻygan, ishongan odaming ikkiyuzlamachi boʻlib chiqsa…Shu iflosning ortida turib namoz oʻqiganimni esladim-u, davleniyam oshib ketdi. Keyin biz - namozxonlar toʻplanib, oʻsha dayus machitga kelsa, toshboʻron qilamiz, deb kelishdik. Hukumat bizni chiqarib otsa ham mayli, dedik. Bizning Buxoroda: « Boʻtqani yedingmi, kosani sindirma» , degan naql bor. Yaramasni shunchalik boshga koʻtarsag-u, kosani sindirsa, alam qilarkan-da. Lekin qaytib kelmadi - Buxorodan chiqib ketdi.
— Biz pinhoniy fohishaxonalarda reyd oʻtkazganimizda,- davom etdi podpolkovnik,- raykomning ma’naviyat buyicha kotibini qoʻlga tushirgandik. Tergovchi edim oʻshanda. Boʻyniga qoʻyish uchun fohisha bilan oʻpishayotganini suratga olganman. Avval rosa poʻpisa qildi, keyin yalinib-yolvordi - koʻnmadim. Oraga odam qoʻydi, kattagina pul va’da qildi. Keyin meni obkomning sarkotibi chaqirdi. «Iltimos, bu gapni chiqarma - kompartiyaning obruyi toʻkilmasin, dedi. Yaramasni bir oy ichida ishdan olaman», Keyin, haqiqatan, shunday qilishdi.

Professor ana shu gaplarga odob yuzasidan quloq tutib turgan boʻlsada, bular choʻpchak aytishayabdi, degan fikrda edi - kishilarning, ayniqsa machitning imom-xatibi, ma’naviyat kotibi bunchalik tuban ketishini shuuriga sigʻdirolmas, hazm qilolmasdi. Sobiq tergovchi buni darhol fahmladi.
— Nazarimda, siz unchalik ishonmayabsiz,- oʻgirildi u domla tomon. - Bular hech gapmas, bizning yetmish beshga kirgan qariyamiz boʻlardi. Militsiyada ishlab, istefoga chiqqandi. «Shu sohada ishlaydigan boʻlsang, ikki nasfingni tiy!- deyardi. Ya’ni birovning haqini yema, begona ayolga koʻz olaytirma! Shunday yoʻl tutmasang, u dunyoda emas, shu yerning oʻzida jazongni olasan!» Ayollar haqida latifa aytguday boʻlsak, urishib berardi. Ishonasizlarmi-yoʻqmi - shu odam, mikrorayonda bir fohishaning quchogʻida oʻlib qoldi. Hamshiragʻar haligi ishni boshlaganda, miyasiga qon urib… Ehtimol, oʻsha ish boʻlavermagani sabab oshib ketgandir qon bosimi ham. Biz bu gapni yashirish uchun turfa bahonalar toʻqidik, ammo baribir, oshkor boʻlib ketdi. Shundan beri bolalarga: qon bosiming boʻlsa, mikrorayonga yoʻlama, deb tayinlayman.

* * *

Hurriyatning soch turmaklari, liboslari bugun oʻzgacha edi; u parishon kokillarini oppoq, yalangʻoch yelkalari uzra sochib tashlagandi, suluv chehrasidan qimmatbaho farang atrlarining hidi ufurardi.

Shoira nogahonda Shomilning xonasi tomon yoʻl oldi. Polvonga yuzma-yuz boʻlgach, tantiqlik va zohiriy karashma bilan iltimos qilaboshladi.
— Ana u oʻris duxturingizga: har kun vanna yozib ber, desam, koʻnmayabdi. Menga darsenval ham, parafin ham zarur emas…Oʻzingiz kunlik qilib bering!
— Bunday qilolmayman,- dedi Shomil oʻsha sovuqqonlik bilan. - Vannani cherez den ( kunora) qilib belgilaganmiz: navbat katta. Boshqalar…
— Men qaysi sanatoriyaga borsam, oʻzbek glavvrachlar gapimni ikki qilmagan,- dedi u iddao bilan.

Shomil sukut saqladi va oʻzgacha ohangda:
— Mayli, bering, daftarchangizni,- dedi.

Shoira qoʻlini shoshilinch xalatining choʻntagiga suqdi: u yerdan sanatoriya daftarchasi bilan pasporti ham qoʻshilib chiqdi.
— Pasportingizni ham bering, uni bizda qoldirish kerak edi, nega olib yuribsiz?

U daftarchaning «Vanna» deb yozilgan sahifasiga «Yejednevno»,(har kuni) deb qayd qildi, soʻng, beixtiyor pasportni varaqladi. Oʻsha xotirjamlik bilan tortmasidan Bobodoʻstovnikini ham olib ochdi va nogahonda bezovtalikka tushgan shoiraga yuzlandi:
— Siz boshqa kishi bilan zagsdan oʻtgansiz: bu odam bilan bir xonada yotishlaring mumkin emas!

Shoiraning rangi-quti uchib ketdi. Tutila-tutila, pala-partish gapiraketdi. Bu gaplarda iltijo-yu, poʻpisa, sha’ma-yu, shaddodlik aralash-quralash boʻlib ketgandi.
— Shomiljon, meni sharmanda qilmang! Oʻtinaman. Chechen xalqini yaxshi koʻraman. Tolstoy bilan Pushkin ham ularni ulugʻlagan. Barimiz musulmonmiz… Indamay qoʻyaqoling!
— Musulmon boʻlganimiz uchun ham mumkin emas!
— Meni oʻzingiz massaj qilasiz, deb oʻylagandim…-
— Xotinimdan boshqa ayolga qoʻl tegizmayman, deb qasam ichganman - gunoh qilishdan qoʻrqaman. -
— Mening uchun bir bor gunoh qilsangiz - qilibsizda.
— Gunoh - kelajakda pistirmada turib, yuragingni nishonga oladigan ovchiga aylanishini bilaman! Tak-chto…
— Shomiljon, oilamni buzmang…
— Oilangiz?- u suhbatdoshiga savol nazari bilan boqdi.
— Bolam bor, axir! Erim…
— Xoʻsh?
— U - xirurg, ammo oʻlgur, ishdan boshqasini oʻylamaydi.
— Sizni, bolani deb ishlasa kerakda…
— Ichadi ham…

«Jarrohlar bilan boʻyoqchilarni qon va boʻyoq hidi ichishga undaydi», demoqchi boʻldi-yu, ammo lozim topmadi.

Hurriyat suhbatdoshining yuzida qilt etgan shafqat ifodasini koʻrmagach, poʻpisaga oʻtdi.
— Bobodoʻstov sizni fel’eton qilsa yaxshi boʻlmaydi-ku.
-Unday qilolmaydi - eringiz xabardor boʻlishidan qoʻrqadi. Siz boshqa xonaga oʻtishingiz yoki nomus qilayotgan boʻlsangiz, ketishingiz kerak! Tak-chto…
— Bobodoʻstovchi?
— U mantiqni madadga chaqirsin!

Kechki ovqatga «kelin» bilan «kuyov» chiqmadi. El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi, deganlaridek, sheriklar ham tezda tafsilotlardan xabardor boʻlishdi va gʻalati holga tushishdi.

Professor karaxtlanib qolgandi - tasavvuriga sigʻdirolmasdi bu holni. Ammo ularning xayri-xushni nasiya qilib, juftakni rostlashi, sanatoriya boʻylab kezayotgan shov-shuvlar bor haqiqatni tasdiqlab turardi. Hoji amak ham nadomat chekar, ularni la’natlardi:
— Hay, nopok! Jufti halolingni ishdan kelishini kut, qoʻliga suv quy, yelkangda sochiq tut! Nainki shunday qilsang? Endi jabrini tortasan.

Bilmayin bosdim tikonni,

Tortadurman dardini.

Bilsam erdim, bosmas erdim,

Tortmas erdim jabrini…

Ammo Azlarov dangalligi, andak havoyiligidan qolmasdi:
— Men bularning oʻynash ekanligini birinchi kuniyoq fahmlagandim, shuning uchun yoqtirmasdim. Koʻpchiligimizning voqe’lik haqidagi tasavvurimiz voqe’likning oʻziga toʻgʻri kelmaydi. Ammo bu holdan fojea yasashimiz chikora? Xoʻsh, nima qilibdi? Machitning imom-xatibi, raykomning ma’naviyat boʻyicha kotibi, hatto yetmish besh yoshli nasihatgoʻy chol shugʻullanganda, gazetachi nima, bichilgan qulmi? Buni Tayson ham bilgan. Agar oʻsha buzuq shoira millatchilik, bezbetlik qilmaganda, bunaqa sharmanda qilib haydamasdi hamshiragʻarlarni. Oʻzingdan chandon kuchli shaxsning jigʻiga tegish, botirlik emas, telbalikdir! Bu Shomil deganimiz, hazilakam odamga oʻxshamaydi! Uni yengish osonmas…

«Nega men uni qizimga, shunday pokdomon, pokiza farishtamga tenglashtirdim», deb oʻkinardi Otabek Otaqoʻzievich va oʻzining goʻlligidan nadomatlar chekardi. Bobodoʻstovning «Hasharotning ortidan yurgan odamsizda. Xalq jon berib, jon olayotganda ham kapalak tutgansiz», degan ta’nasi endilikda kamsitish, haqorat boʻlib tuyulaboshladi.

Hafta davomida miriqib uxlayotgan domla toʻshakda tagʻin toʻlgʻanaboshladi. Dilni siyo qiladigan oʻylarni haydashga harchand harakat qilsa ham, koʻz oʻngiga bot-bot ishshayib turgan «kelin-kuyov» kelaverdi va negadir ular aynan uning ustidan kulayotganday boʻlib tuyulaverdi. Hoji amakning «…e’tiqod qoʻygan, ishongan odaming ikkiyuzlamachi boʻlib chiqsa…», degan nadomati bot-bot yodiga tushar, afsuslanardi.

Noxush xayollarni quvish uchun, bir vaqtlar katta auditoriyalarga lektsiya oʻqigani, yuzlab nigohlar unga tashna tikilib turgani, hasharotlar haqida afsona-yu haqiqatlarni monolog qilib aytganini esladi. Hayoti shu tariqa davom etdi: avval qiz, keyin oʻgʻil koʻrishdi; qozoqlar aytganday, ularni itga qopdirmay, tuyaga tepdirmay, katta qilishdi. Qiz ota-onaga bagʻoyat mehribon boʻlib voyaga yetdi. Xoʻsh, nega uni axloqsiz bir juvonga oʻxshatish kerak? Bu nima? Lakalovlikmi, hardamxayollikmi? Yoki haqiqatan, hasharotlar bilan boʻlib, odamlardan, hayotdan uzoqlashishmi? U dilgir xayollardan chekinish niyatida togʻma-togʻ yurib, shafaqrang kapalakni topganini yodga oldi… «Xalq jon berib, jon olayotganda…», dedi-ya. «Nimani nazarda tutdi ekan», fikri tagʻin chalgʻidi.

Saharga borib, badani qaltirayboshladi, qusgisi keldi; soʻng tomogʻigacha botqoqqa botganday noxushlik, qoʻrquv iskanjasida qoldi; ensasida ogʻriq paydo boʻldi. U nabirasini uygʻotish uchun oʻrnidan qoʻzgʻaldi, keyin hamshira yodiga tushdi: uni chaqirmoqchi boʻldi-yu, negadir:
— Qizim! Pokizam! Farishtam!- dedi va qattiq tirishdi.

Domlaning miyasiga qon quyilgandi.

Sanatoriyadagilar tong bilan oʻsmirning oʻkirib yigʻlashidan uygʻonib ketishdi. Ayvonda doʻppi kiygan Shomil, yigitchani quchoqlab olganicha, shoʻrlikni ovutar, shakarguftorliklar qilar, koʻz yoshlarini artib qoʻyardi.

Bu hol Hoji amak Qur’ondan oyat boshlaguncha davom etdi.

Sanatoriya mung bilan otaxonning qizi, kuyovini kuta boshladi.