OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nusrat Rahmat. Ta’qib (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiTa’qib (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ta’qib (hikoya)
Nusrat Rahmat

Qodir aka shifoxonada yotgan paytlarida uyda toʻplanib qolgan gazeta-jurnallarni koʻzdan kechirayotganda nabiralaridan biri qoʻshnilari – Moʻmin amaki tobut yasayotganini xabar qilib qoldi. Buni eshitib, negadir uning eti jimirlab ketdi, vujudiga noxushgina titroq kirdi, ruhi tushdi. Sababiki, bundan biror soat oldin Usta Moʻmin koʻchada uning boʻyini oʻlchab olgandi-da. Mana, nima uchun andoza olgan ekan?! «Nahotki juda aftodahol boʻlsam», oʻylardi u oʻzicha.

Shundan keyin parishon xayollarini yigʻishtirolmay qoldi. Oʻzini ovutish uchun qaysi ishga urinmasin, koʻz oʻngida lop etib uning qaddini xafsala bilan, erinmay oʻlchab olgan, ayni paytda esa berilib tobut yasayotgan ustaning qiyofasi gavdalanaverdi. Demak, u tuzalmagan: doktorlar noxush oqibatni sezib, unga javob berishgan. Qoʻshni palatadan ham bir bemorga javob berishgandi, keyin...
–Nahotki nasibam uzilgan boʻlsa? – gʻamgin shivirladi u.

Haqishloqlar ta’biri bilan aytganda, Qodir qalamning (novchaligi uchun shunday deyishardi) ham hayoti koʻp erkaklarga oʻxshash, ish, bola-chaqa tashvishi, xotin bilan gʻidi-bidi, boshliqqa itoat, choyxonada ulfatchilik va hokazo. Orzularining deyarli bariga erishdi: uy qurdi, bola-chaqa koʻrdi, ularni toʻy qildi. Armiyada boʻlganidabir qizga ishqi tushgandi, ammo olib kelishga badjahl otasidan choʻchidi. Bu voqeaga oʻttiz yildan oshdi, ammo uni eslaganda entikib ketadi. Xullas, shirin xotiralar oz emas! Ammo bu xushchaqchaq dunyoni tashlab ketgisi kelarmidi kishining?!.

Balki oʻsha la’nati tobutni boshqa kishi uchun yasayotgandir? Shunday boʻlishi kerak. Uydagilar xotirjam-ku. Lekin xotinining shaharga tushib kelgani-chi...

U uyda ivirsib yurgan xotinining xatti-harakatlariga razm soldi. Unda hech qanaqa sarosimalikka oʻxshash hol yoʻq edi.
–Qoʻshninikiga oʻtmadingmi? – usta nima yasayotganini aniqroq bilish ilinjida soʻradi u xotinidan.
–Ustanikigami? Ertalab oʻtgandim.
–Nima yasayotgandi?
–Sandiq-da, - beixtiyor javob qaytardi xotini.

U daf’atan yengil tortdi. «Demak, nabirai sandiqni tobut deb oʻylagan, - xayolidan kechirdi Qodir aka, aslida u sandiq yasaydi. Koʻr Sodiq moliyaga yozib bergandi. Zoʻrgʻa qutulib, qayta yasamaslikka soʻz beruvchi-ku. Ajabo. Nega boʻlmasa uning boʻyini oʻlchadiykin?!»

Birdan uning uzoq-uzoqlarga ketgisi, yolgʻiz sanqib yurgisi keldi. Lekin iloji yoʻq edi. Shuning uchun yotib uxlamoqchi boʻldi. Ammo uyqusi ham kelmadi.

Nihoyat, qoʻshnisinikiga oʻtishga ahd qildi. Usta Moʻmin haqiqatan ham berilib tobut randalardi. Qodir qalamni tagʻin oʻsha ta’qibkor tuygʻu qopladi. «Nahotki shuning ichiga kirishga toʻgʻri kelsa?» Lekin sir bermaslikka, oʻzini tetik tutishga harakat qilardi.

Usta qoʻshnisining nogahonda tashrif buyurganidan qanchalik ajablangan boʻlsa, uning oqarib ketgan lablari, qaltirayotgan barmoqlariga qarab, shunchalik sarosimalanib qoldi.
–Qoʻshni, nimalar yasayapsiz? – oʻzini bardam koʻrsatishga harakat qilib soʻradi Qodir qalam.
–Tobut.

Garchand u tobutligini bilsa-da, bu sovuq javob zarba boʻlib tushdi. Lekin koʻnglining allaqaerida: «Balki bu la’nati boshqa biror kishigadir», degan umid bor edi.
–Haytovur, buni oʻsha Koʻr Sodiqqa yasayotgan boʻlsangiz kerak?

Usta qoʻshnisining darveshona holatidan qanchalik ajablangan boʻlsa favqulodda bergan savolidan ham shunchalik taajjubga tushdi. Ozgina sukutdan keyin javob berdi:
–Koʻr Sodiqqa deyosizmi?! Unga sadqai bunaqa tobut ketsin! Yaxshiligimni bilmadi. Xalq behudaga uni Koʻr Sodiq demaydi.
–Demak, unga emas ekan-da? – boʻshashib savol berdi Qodir qalam.
–Yoʻq, unga emas!

Qodir akaning boshiga nogahoniy ogʻriq kirdi. «Uyimgacha yetib ololarmikanman», degan fikrdan oʻzi choʻchib tushdi.

U bir amallab uyiga yetib keldi-yu, xotiniga shivirladi.
–Bolalarimni top, vasiyatim bor...

Xotini izillab yigʻlashga kirishdi, hamma sarosimaga tushdi. Ayol tashqari chiqishi bilan qoʻshnisining boyagi holatidan xavotirlangan usta Moʻmin kirib keldi.
–Qoʻshni, kechirasiz, tuzuk gaplasholmadik ham. Ish koʻpayib ketdi. Ertalab sandiq yasamoqchi boʻlgandim. Naymandan bir kishi kelib tobut yasab bering, deb qoldi.
–Naymandan?
–Ha, haligi brigadirning otasi ogʻir ekan. Oʻzi gʻam sizga oʻxshab novsa odam. Shuning uchun... Tobutlari eskirib qolgan ekan.

Qodir qalam chuqur nafas oldi. Oʻgʻillari doktor olib kelganda u ustaga yordam berayotgandi.

1974