OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nusrat Rahmat. Zarpechak (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNusrat Rahmat
Asar nomiZarpechak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nusrat Rahmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zarpechak (hikoya)
Nusrat Rahmat

Ikki yonida pishiq gʻishtdan jimjimador qilib ustun tiklangan, ustidan esa hashamdor boloxona qurilgan, oʻng tabaqasiga ovcharka rasmi chizilib, «Ostorojno, zlaya sobaka!» deb yozilgan tunuka qoqilgan tanish darvoza qarshisida bir zum toʻxtab qoldim: dilimda noxush, rutubatli tuygʻu paydo boʻldi. Bundan yetti yilcha muqaddam surishtira-surishtira mana shu darvozani topib kelgani va signal tugmachasini quvonch bilan bosganim beixtiyor yodimga tushdi.

Oʻninchi sinfni bitirib, endigina attestatimni qoʻlga olgan paytlarim edi oʻshanda. Universitetning biologiya fakultetiga kirish, oʻsimliklarning gʻaroyibotlariga toʻla dunyosini oʻrganish ishtiyoqi bilan yurgan paytlarim edi.

Oʻsha – birinchi bor bu yerga kelishimga ham oyim sabab boʻlgandi. Oʻqishga kirishga ahd qilganimdan quvonib, shaharda togʻavachchamiz yashashini, u katta odam – tergovchi ekanligini, menga madadi tegishini qayta-qayta ta’kidlagandi.
–Samarqandga borib, duch kelgan odamdan Otaqul Qulievichning uyi qaerda, deb soʻrasang koʻrsatadi, - degandi.

Oʻshanda yillar oʻtib togʻavachchamiz bilan bordi-keldi qilmaganimiz, bir-birimizni bilmasligimiz sabablarini oʻylab ajablanmagandim. Shu mahallaga kelib, hayratim yana oshganli: oʻnlab kishilar Otaqul Qulievich degan kimsani bilmasliklarini afsus bilan tan olgandilar. Faqatgina mahalla choyxonachisi jonimga ora kirgandi.
–Tergovchi boʻlsa, mana shu Maxsumchadir. Huv, oʻsha darvozani taqillatib koʻring-chi.

Bu hashamdor darvoza qarshisida meni salobat bosib turgandi, uning taxtasiga kimdir boʻr bilan shoshib, «xasiz» deb yozganini oʻqib kulgim kelgandi. Kulgimni qistatgan aslida bu soʻz emas, balki bundagi xato boʻlgandi oʻshanda. Menga peshvoz chiqqan ayolga oʻzimni tanishtirganimdan keyin quvonib ichkariga taklif qilgandi: oyimning sogʻligini qayta-qayta surishtirgandi. Qopongʻich itdan xavotirlanayotganimni sezib, kulgandi.
–Qurqmay kiravering, it yoʻq!

Ayolning shirinsuxanligi, jonsoʻzligi; nimadandir aziyat chekkan qiyofasi menga ma’qul tushgan boʻlsa-da, togʻavachchamiz Otaqul Qulievich birinchi koʻrishdayoq noxush taassurot uygʻotgandi. Uning rangi zahil, qiyofasi tund edi. Meni boʻsh xona izlab yurgan student deb oʻyladi, shekilli, xotiniga tojikchalab ijaragirdan bezorligini aytdi. Ayol meni tanishtirganidan keyin ham uning qiyofasi va muomalasida jiddiy oʻzgarish boʻlmadi: barmogʻining uchi bilan koʻrishib, hol-ahvol soʻragan boʻldi.
–Mol nechta? – uning dabdurustdan berilgan birinchi savoli kechagiday yodimda.

Men allamahalgacha ikkilanib, bir oz mulohazadan keyingina u uyimizdagi mollarni soʻrayotganini fahmlagandim.
–Sigir bor buzogʻi bilan...
–Qoʻy-chi?
–Yoʻq...
–Sizlarning sharoitlaring menda boʻlsa, qoʻyni koʻpaytirib tashlardim.

U bir sovliq bir yilda ikkita bola bersa, ikki-uch yilda nechta boʻlishini hisoblab berdi: goʻshtning kamchilligini gapirdi. Men esa tezda zerikib, bu yerdan ketgim kelaverdi. Har qalay, togʻavachchamning xotini oʻgʻli bilan tanishtirib qoʻydi-yu, suhbatimiz ancha qovushdi. Akbar ham menga oʻxshab shu yil oʻrta maktabni bitirgan ekan.
–Arxitektura institutiga kirmoqchi edim, ammo dadam rozi boʻlmayapti,- dedi u tashqariga chiqqanimizdan keyin. – «Myasomolochniy» texnikumiga kirishni talab qilyapti. Unga oyim ham tushuntirolmayapti.

Kuni bilan shahar aylandik. Kechqurun u mendan iltimos qilib qoldi.
–Har holda, siz qarindoshsiz, dadamga bir aytib koʻring-chi, institutga kirishimga zora ruxsat berib qolsa...

Ammo men bu gapni aytolmadim. Gapni boshlab, oʻqishga kirish niyatim borligini aytishim bilanoq, u qoʻl siltadi.
–Oʻqishning oʻzi boʻlmaydi, jiyan! Universitetga kirish uchun kamida falon pul kerak. Oʻqish paytida ham shu. Sening oʻrningda boʻlsam, bir-ikki yil qishloqda ishlardim. Oying boʻlsa busiz ham koʻp aziyat chekkan ayol.

Men oʻqishga kirish uchun pul kerakligini ayrim odamlardan eshitgan boʻlsam-da, ishonmay yurardim. Bu gapdan keyin shubham oshdi, ikkilanib qoldim. Qolaversa, togʻavachchamizning gapida ham jon bor edi. Dadamning vafotidan keyin bechora oyim oʻzi yemay menga yegizdi, oʻzi kiymay menga kiygizdi. Tagʻin uni qiynab qoʻysam insofdan boʻlmas.

Qishloqqa qaytib, qarorimni oyimga aytgandim, u sira rozi boʻlmadi: har nima qilib boʻlsa ham oʻqishni zarurligini ta’kidladi.
–Mayli, pul kerak boʻlsa, sigirni sotamiz. Oʻqish payti ham bir gap boʻlar, zoʻr boʻlsa, fermaga ishga oʻtaman, u yerda yaxshi haq toʻlashadi.

Lekin oʻsha yili qabul imtihonlaridan hech qiynalmay oʻtdim, hech qanday tamasiz qabul qilishdi. Birinchi semestrdan keyin a’lochilar stipendiyasi olib, oyimga ham koʻmaklashadigan boʻldim. Ammo yillar oʻtib bu dargohga kirolmadim. Oyim har gal kirishimni tayinlar, ammo oyogʻim tortmasdi. Bugun esa noilojman: ularni nikoh toʻyimga xabar qilishim kerak.

Signal tugmachasiga barmogʻimni qoʻyishim bilan ichkaridan qadam tovushlari eshitildi.
–Kim u? – soʻradi ayol kishi.
–Men...
–Kimsiz?
–Hamroqulman... Urgutdan...

Eshikni Otaqul Qulievichning xotini ochdi. Men bilan quyuq salomlashib, oyimning salomatligini surishtirdi, kelmay ketganim uchungina qildi. Oʻtgan yetti yil mobaynida u oriqlagan, zaiflashgan, keksaygan edi.

Oʻng tomonda baland ayvon qurilibdi. Sahnada hamrang gilamlar, divan kreslo. Uning ostidagi garajda yap-yangi «Volga». Hovli yuzi shundaygina tokzor. Toʻrda yana allaqanday hashamdor imoratlar.

Chap tomonda esa buning aksi – qachonlardir guvaladan pastakkina qilib qurilgan ayvon, uning oldida zarpechak oʻralgan tok oʻsgan. Ayvondagi eskigina karavotda oʻtirgan togʻavachcham meni darhol tanib oʻrnidan turdi. Oʻtgan yillar mobaynida u ancha kichraygan va yanada zahillashganday. Kiyimlari uringan, gʻijimlangan va bu liboslar ichida uning oʻzi ham gʻijimlab tashlanganday edi.
–Xoʻsh, mulla Hamroqul, - soʻz boshladi togʻavachcham, - doʻstdanmi, dushmandanmi – bedarak boʻlib ketdingiz?!
–Oʻqishdan qoʻl boʻshamadi, - bahona qildim.

U qishloqdagilarni uzoqdan-uzoq surishtirganidan keyin universitetni bitirganimni, botanika va oʻsimliklar fiziologiyasi kafedrasida ishga qolganimni, zarpechak oʻsimligining ayrim xususiyatlari toʻgʻrisida ilmiy ish olganimni gapirib berdim.
–Malades, malades, - mamnun jilmaydi u, - zarpechak deng-a. Toʻgʻri qilibsiz. Mana shu tokka bittasi chirmashgandi, hech ham yoʻqotolmayman. Tokni xarob qildi.
–Buni bahorda yulib tashlash kerak edi. Endi qiyin, - fikrimni aytdim. – Atrofdagi giyohlarga chirmashib olib, ularni harob qiladi.
–Buning ildizi boʻlmasakanda-a? – oʻsmoqchilab soʻradi togʻavachcham.
–Boʻlmaydi. Tekinxoʻr. Urugʻidan chiqasolib, yonidagi oʻsimlikka chirmashib oladi.

U dissertatsiyani qachon yoqlashimni, keyin qancha maosh olishimni, banket uchun qancha mablagʻ sarflashimni surishtirdi. Javoblarim dudmal, uzuq-yuluq chiqqani uchun boʻlsa, kerak, gapni boshqa tomonga burdi:
–Tomorqaga nima ekkansizlar?
–Kartoshka, sabzi, molga yemish.
–Necha sotix?
–Oʻntalar bor, chamasi...
–Oʻn sotixdan har yili besh ming soʻm daromad qilish mumkin. Ertaga kartoshka ekilib, yoniga rediska qadalsa, kartoshka pishguncha qadar rediskani sotish mumkin boʻladi. Yer ekindan boʻshagandan keyin tagʻin kartoshka, sholgʻom, sarimsoq piyoz ekish mumkin. Biror sotixiga kuzda koʻkat ekib, plenka bilan yopsa, qishda bogʻlamchasini ellik tiyindan sotish mumkin boʻladi. Men mana shu hovlidan bir yilda toʻrt-besh hosil olardim. Keyin barini tok qilib tashladim. Kuzda uzumini uzib, yertoʻlaga ilaman. Kilosi uch soʻmlik paytda oʻzi kelib olib ketadi. Har bir aqlli kishi kech boʻlmasdanoq hayotini tuzatib olish haqida brsh qotirish shart.

Togʻavachchamiz oʻz gapini dalil va isbotlar bilan ma’qkllar, isbotlardi.
–Mana siz, bir yilda nari borsa, ikki ming soʻm daromad qilishingiz mumkin. Toʻgʻrimi? Lekin atigi bir sotix yerni teplitsa qilsa, kamida uch ming soʻz olish mumkin boʻladi. Yoki ikkita novvos boqsangiz, bir yilda uch ming foyda beradi.

Darvoza oldida mashina toʻxtadi, soʻng eshik shaxt bilan ochilib, ichkariga shalogʻi chiqqan «Zaporojets» kirdi. Uning motori ajabtovur guldirar, orqasidan quyuq tutun chiqardi. Mashinadan sochlari toʻzgʻigan, men tengi kishi tushib, biz tomonga noxush nazar tashlab qoʻydi, keyin indamay uyga kirib ketdi. Uni koʻrib Otaqul Qulievning ham kayfiyati buzildi, ravon falsafasi qovushmay qoldi. Ancha tanaffusdan keyin qishloqda goʻsht bilan tuxumning narxini surishtirdi. Bir tanishi bahorda besh yuzta joʻja xarid qilib, kuzgacha boqqanini, keyin necha soʻmdandir sotganini gapirdi.

Oradan biror soat chamasi vaqt oʻtgach, haligi sochlari toʻzgʻigan kishi chiqib keldi. U togʻavachchamizning oʻgʻli- Akbar ekanligini yaqinimizga kelgandan keyin tanidim. Uning kayfi bor edi: meni tanimadi ham, dadasiga qarab toʻnglik bilan gap boshladi:
–Doktorlar oyimga sanatoriyaga boring, deyishibdi. Kecha ham ikki marta pristup tutdi.

Oraga choʻkkan noxush sukutni dadasi buzdi:
–Sanatoriyaning oʻzi boʻlmaydi: uning putyovkasi falon pul!
–Oyimning sogʻligʻi falon puldan ham qimmat.
–Qimmat boʻlsa, pul top-u, olib bor! Lekin menga puldan gapirma! Sening yoshingda odamlar uyli, joyli, mashinali boʻlib olishgan. Mana shu bola ham, - u nogahonda meni imlab koʻrsatdi – oʻz kuchi bilan oʻqib aspirant boʻldi. Hademay dissertatsiya yoqlaydi. Zarpechakdan!
–Menga zarpechakdan gapirmang! Oʻqidingizmi, kecha darvozaga nima deb yozib ketishibdi? «Qori ishkambaning uyi», deb yozishibdi. «Maxsumcha qurumsoqning oʻgʻli», degan gapdan nomus qilaman. Mana bundan gapiring!

Otaqul Qulievich ham jahlga mindi. Ota-bola aytishib qolishibdi. Men oʻrnimdan turib, tokzor oralagan kishi boʻlib nari ketdim. Dastlab uchrashganimizda juda moʻmin, kamtarin boʻlgan Akbarning bunchalik yuzgachopar, badjahl boʻlib qolganligi kishini ajablantirardi.

Darvoza oldida togʻavachchamiz xotini jon hovuchlab oʻtirardi. Uning iltijo toʻla nigohlari, butun diqqati oʻgʻli bilan eri tomonga qaratilgandi. Meni dastlab sezmadi ham. Keyin xavotirlanib soʻradi.
–Urishishmayaptimi?
–Yoʻq, shunchaki...

Oraga jimlik choʻkdi. Ayol davom etdi:
–Ey, xudo, janjallashib qolishmasa edi.
–...
–Doktorlarning gapini bekor aytibman Akbarga. Oʻtib ketardi.

Men nima deyishimni bilmadim. Ancha sukutdan keyin ayol menga iltimos qilishga tushdi:
–Aylanay, Hamroqul, togʻangizga yotigʻi bilan tushuntiring: Akbarni uylantirib Qoʻysin: U tengilarning ikkitalan bolasi bor. Uylansa, oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketadi, ichmaydi ham, janjallashmaydi ham.
–Yaxshi, aytib koʻraman!

Ayol quvonib men tomon oʻgirildi: umid, iltijo bilan davom etdi:
–Bir aytib koʻring, aylanay, zora rozi boʻlsa. Hamma seplarini oʻzim olib qoʻyibman. Jiyak, qalpoq tikardim avvallari, endi yuragim sanchadi.

Janjal avjiga chiqqani uchun boʻlsa kerak, ayol gapni chala qoldirib oʻsha tomonga joʻnadi. Men darvozadan sirgʻalib tashqariga chiqdim. Koʻchada bir oz ikkilanib turgach, choyxonaga qarab yoʻl oldim.

Xushchaqchaq, xushfe’l otaxonni darhol tanidim. Tavoze va iltifot bilan oldimga qand-qurs, choy keltirib qoʻydi. Bir ozdan keyin shaxmat oʻynashni taklif qilib qoldi. Donalarni surish bilan beixtiyor gapga kirishib ketdik.
–Mehmonjon, soʻraganning aybi yoʻq, bu oʻzlari qaerdanlar?
–Urgutdan.
–Ha, yaxshi! Urgut – koʻp soʻlim joy. Odamlari ham xushfe’l, boy. Bizning mahallada ham Maxsumcha degan odam bor, asli urgutlik...
–Bilaman. Shu odamnikiga kelganman.
–Qarindoshingizmi? – sergaklandi u.
–Yoʻq, - tan olgim kelmadi, - bir qarindoshimizning ishi tushgan ekan.
–Lekin, qarindoshingizning ishi nobobroq odamga tushibdi. U yili ukamiz xotini bilan janjallashib qolib, ishi shu odamga tushgan ekan, pulini rosa shilib, oʻzini qamatib yubordi.

Men mot boʻldim va shu bilan oʻyinni tugatdik. Chryxonachiga minnatdorchilik bildirib, orqaga qaytdim. Darvoza oldida u yoqdan-bu yoqqa asabiy yurayotgan Otaqul Qulievning meni koʻrib toʻxtadi va darhol oʻgʻlidan shikoyat qila ketdi.

U oʻgʻlini oʻqitganini, lekin shularga qaramay, bola oʻziga oʻxshamaganini afsus bilan gapirardi.
–Balki uylantirib qoʻysangiz, bosilib qolarmidi, - aylning iltimosi yodimga tushdi.
–Meni hech kim uylantirgan emas. Bunday paytimda kassada eski pul bilan yuz ming soʻm pulim bor edi. Buning bir tiyini yoʻq!

U oʻgʻli bilan xotininingnoshudligidan uzoq shikoyat qildi.

Biz yana bir oz koʻcha aylangach, uyga qaytdik. Men aslida bir kecha mehmon boʻlish niyatida edim, ammo shooʻngʻaylikdan tezroq qochish ilinjida yoʻlga otlandim. Avval yangamni, soʻng togʻavachchamni toʻyga borishlarini tayinlab, koʻchaga chiqdim va yengil tortdim.

«Shu odam toʻyga bormasa ma’qul ediku-ya», oʻylardim oʻzimcha yoʻl-yoʻlakay.