OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻktam Mirzayor
Asar nomiAmakimning kasali (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻktam Mirzayor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Amakimning kasali (hajviya)
Oʻktam Mirzayor

Qoʻl telefoni chiqdiyu, baloga qoldik. Ketma-ket jiringlagani jiringlagan. Ana, yana boshladi. Iya, amakim qoʻngʻiroq qilayapti-ku?!

Telefonni shartta quloqqa tutdim.

– O’zingmisan? – dedi amakim, – tez yetib kel.

– Qaerga? – soʻradim hovliqib.

– Avtovokzaldaman. Tez kel, ahvol chatoq.

«Nima boʻldi, nima qoʻydi», deb soʻrashga ham ulgurmadim.

Amakim – buvamiz Amir davang avlodining soʻnggisi. Otam rahmatlining ukasi. Shuning uchun boʻlsa kerak, erkaligini koʻtaramiz. Koʻtarmasak, koʻtartiradi. Injiqligi tutsa hammani boshiga yigʻib, toʻs-toʻpolon qilib yuboradi. Bunga koʻnikib qolganmiz. Bir ogʻiz soʻzi – qonunday gap.

Amakimning oʻgʻli – amakivachcham Togʻayboy bilan boʻyinsamiz. U goh-goh qoʻngʻiroq qilib, dardlashib qoladi. Aytishicha amakim, yoshi oʻtgan sari oʻzini qoʻyarga joy topolmayotganmish. Hayajonlansa, yigʻlab yuboradigan odat chiqaribdi. Tengdoshi Alimqul naynov olamdan oʻtgan kuni «Endi menga navbat», deb hovlini boshiga koʻtarib uvvos solibdi. Tozayam gap koʻtarmas boʻlib qolgan deyishadi.

– Muncha hayallading, – dedi u istehzo aralash borishim bilan.

Soʻrashib ham ulgurmadim. Egnida olacha yaktak. Boshida eski qorakoʻli telpak, qoʻlida oʻgʻli Togʻayboy muallimning talabalik yillarida tutib yurgan, menga tanish sariq diplomati. Amakim dastroʻmoli bilan keng peshonasini tez-tez, qayta-qayta artarkan soʻradi:

– Qaerda yaxshi doʻxtir bor?!

– Amaki, biror joyda oʻtirib gaplashib olaylik, nima gap, tinchlikmi? – dedim ehtiyotkorlik va ayni paytda mehribonlik bilan. – Hozir yaxshi doʻxtirlar koʻp.

Qoʻlidan olish uchun diplomatiga intildim. Unamadi.

– Menga qara, joʻrang odam boʻlmadi. Undan umid yoʻq, ishdan bosh koʻtarmaydi. «Ota, holing qanday», degan bola emas. Menga puli kerakmas, mana pul. – U qoʻlidagi diplomatga ishora qildi.

Uni nimaga bermaganini endi angladim.

– Sen – jonday akamning oʻgʻlisan, oʻzimnikisan, – dedi amakim oʻkinib. – Harakatingni qil, boʻlmasa yaqinda buvangdan qolgan yolgʻiz yodgorliklaringdan ham ajralib qolasan.

Uning xoʻlqasi toʻlib, koʻzida yosh aylandi.

– Dardmandim yoʻq, – dedi choʻzib.

– Qoʻying amakijon, xafa boʻlmang, men borman-ku!

– Shuning uchun seni qora tortib keldim-da!

Hoziroq gapni chalgʻitmasam, shu yerning oʻzidayoq diydiyo kattalashib ketishini anglab, tashxis markazlaridan birini maqtay-maqtay mashinam tomon yoʻl boshladim.

– Doʻxtirlarning zoʻri, texnikaning a’losi Uchtepada, tanishlarim ham bor.

– Menga qara, – dedi amakim. – Shunday doʻxtir top. Taksi ushlaysanmi, nima qilsang qil! Pul bisyor. Menga sogʻliq avlo, sigirni sotdim-u, yoʻlga chiqib kelaverdim, tezlashtir.

– Yaxshi qilibsiz. Sizning yoshingizda doʻxtirlarga tez-tez koʻrinib turgan ma’qul.

– Ey, mashinayam oldingmi? Odam boʻp qopsan.

– Xohlagan joyingizga olib boraman amakijon, duo qiling, sizga xizmat qilmasam, kim degan odam boʻlaman.

Amakim meni iydiradigan duolardan oʻqidi.

– Odam boʻlishingni boshidayoq bilardim, – dedi oxirida.

Bir zumda Uchtepadagi tashxis markaziga yetib keldik. Shuhratjon degan tanishimni topib, dardimizni aytdik. Amakim doʻxtirlarni koʻrishi bilan yosh boladay lab-lunjini osiltirib oldi. Ha, deganda chiroyi ochilmaydi. Biri-biridan chaqqon doʻxtir qizlar hash-pash deguncha u eshikdan bu eshikka yetaklab, bir dasta qogʻozni qoʻlimizga tutqazdi. Shuhratjonning maslahati bilan eshigiga «prof. S.S.Samadov» deb yozilgan kabinet yonidagi yumshoq kreslolarga choʻkib, navbatimizni kuta boshladik. Odam judayam koʻp edi. Amakim ich-etini yer, kasalining otini bilgisi kelib, meni savolga tutardi.

– Nima ekan? – dedi qoʻlimdagi qogʻozlarga engagi bilan ishora qilab. – Saxirmasmi?

– Bilmasam, – dedim yelka qisib, – hozir aytishadi.

– Bu yerda davolashadiyammi? – soʻradi amakim oʻsmoqchilab.

– Bu yerda faqat maslahat berishadi. Dori-darmon buyurishsa, qishloqda davolansangiz ham boʻladi. Shunday deyishim bilan amakimning rangi-quti oʻzgarib ketdi.

– Ogʻirliq qilayapmanmi?! Biroz sabr qil, oz qoldi, qutulasanlar!

– Amakijon, kechiring, unday demoqchimasdim, nega ogʻirlik qilar ekan, qancha desangiz shuncha qarataman. «G’ing», degan nomard.

– «G’ing», deb koʻr-chi?!

U yer ostidan olayib qaradi. Soʻng atrofdagilar eshitmayaptimikan, degandek tevarakka bir-bir nazar tashlab oldi. Boʻynimni qisib yerga tikildim.

– Menga qara, – dedi amakim birozdan soʻng yelkamga qoʻlini tashlar ekan. – Sening odam boʻlishingni avvaldan bilardim. Esingdami, hali talaba edinglar, ta’tildan Toshkentga qaytayotganlaringda Togʻayga qoʻshib sengayam besh soʻmga poezdga bilet olib bergandim. Shunda nima deganding-a?! O’shanda otliqqayam bilet yoʻq edi. Bilasan. Jabbor kassirga yarimta qoʻyganman. Uncha-muncha odam bu ishni qilolmasdi. O’shanda sen: «Rahmat, amaki, siz togʻimizsiz» degansan. Togʻay rahmat ham demagan. Hozir ham demaydi. Sen boshqachasan. Mana, endi sen togʻ boʻlding, men senga suyanayapman. Ogʻir olma yana.

Suhbatlashib oʻtirib, navbatimiz kelganini ham bilmay qolibmiz. Sayidahror Sayidgʻanievich degan professor tepakal boʻlib tepakal emas, xuddi pati chala yulinib, qozonga bosilgan tovuqning chala yulingan tuklariga oʻxshagan tolalar boshining u yer, bu yerlarida dikkayib turgan, qalin koʻzoynagini burnining uchiga qoʻndirib olgan odam ekan. Salom- alikdan soʻng suzishni endi oʻrgangan buzoqchaga oʻxshab boshini engashtirib, xuddi peshonasi bilan koʻ-rayotgandek amakimga bir olaqarash qilib olgach, qogʻozlarimizning u yoq-bu yogʻini agʻdardi-da:

– Nechevo, otdaysiz, xavatirlanishga arzigulik hech narsa yoʻq, koʻngilni toʻq qiling, hali miltiqning oʻqidaysiz, – dedi qoʻlidagilarni qaytarib berar ekan.

Men xayriyat-ey, degandek, amakimning qovogʻiga qaradim. Javobni eshitgach, u kishining chiroyi ochilar deb oʻylagandim. Aksincha, bir siqim mosh-guruch soqolini tutamlab, hafsalasi pir holatda, labi gezarib qabuldan chiqdi. Darhol Shuhratjonni topdim.

– Yaxshi-ku, – dedi u quvonib. – Juda soz.

Shuhratjon yana nimalardir demoqchi edi, amakim «Yur, ketdik» degandek boshini irgʻadi. U bilan xayrlashib markazdan chiqdik.

– Bekor kelibmiz, – dedi amakim mashinaga oʻtirar ekan. – Bularning kissasidayam koʻzi bor. Choʻntagi biror narsani koʻrmasa, aqli ham ishlamaydi. «Yaxshisiz», deydi, tomom. Kun oʻtayapti-da. Yoʻqmi, qurib ketganmi birorta biladigani. Shuncha pul hayf ketdi-ya. Aytdim-ku, choʻntagiga uch toʻrt soʻm solib qoʻy, deb, qilmading. Senlarga keragim boʻlsa choparding. Endi kerakmasman, bir qop goʻshtman. Ha, essiz yoshligim-a!

Amakimning jahli chiqqanida baralla, jahl bilan gapirishlariga koʻnikib qolganim uchun biror joʻyali soʻz topa olmay mashinani yoʻlga oʻngladim.

– Doʻxtirning zoʻrini Yaltada koʻrganman. Afti-angorimga bir qarashda toʻqqizta bolam borliginiyam bilgan Palina degan ayol. Stolovoyga yetaklab borib, 9-stolga oʻzi oʻtqazib qoʻygan. Toʻqqizta bolasi borlar, 9-stolda ovqatlanar ekan. Ana obroʻ. Har kuni ertan-oqshom suyuq kartoshkali ovqat bilan parvarishlagan. Rangi-roʻyim birdan oʻzimga kelgan. Menga shunday doʻxtir topasan. Bu yerlardayam shunaqa ovqatlar bormikan-a, ta’mi haliyam ogʻzimda? Koʻrsam taniyman.

Amakimning qorni ochganini sezdim. 9-stol nimaligidan xabarim bor. Diet stol. Egam rais aytib bergan. Bir paytlar amakim bilan Yaltaga birga borishgan. Shunda qabulxona shifokori sizga diet belgilandi, ma’qulmi, deb soʻraganda amakim bechora uyida qolgan toʻqqiz farzandini oʻylab oʻtirgan chogʻi, doʻxtir bolalaring nechta deb soʻrayapti, degan xayolga borib, «da, da, devit, devit», deb yuborgan ekan.

– Meni mehmonxonaga olib bor, – deb qoldi amakim bir payt buyrugʻomuz.

– Amaki, – dedim yalingannamo.

– Amaki-pamaki dema, hayda mehmonxonaga.

– Ovqatlanib olaylik, qorin ochdi. Farhod bozorining yonida bitta restoran ochilgan. 9-stoli ham bor. Biz ham suyuq kartoshkali ovqatdan tatib koʻraylik, – dedim erkinsib, gapni boshqa yoqqa burish maqsadida

– Ey, senlar nimani koʻribsan? Yur, oʻzim bir ovqatlantiray seni...

Mashinani bir chetga toʻxtatdim.

Xullas 9-stol hangomasini yana bir bor tinglab boʻlgach, nihoyat amakimni uyimga olib borishga koʻndirdim.

– Xafa boʻlaman, amaki, – dedim uni iydiradigan ohangda, – keliningiz eshitsa, tozayam sharmanda boʻlaman. Bir ishingiz tushib kelganingizda, mehmonxonada tunaysizmi?

– Men xafa boʻlsam maylimi?

– Bugun dam oling, ertaga hammasi koʻngilingizdagidek boʻladi, – dedim qoʻlimdan hech ish kelmasligini bilsam-da, tavakkaliga.

Nihoyat... xonadondamiz. Amakim naridan-beri ovqatlanib boʻlishi bilan «Yotar joyni koʻrsat»deb qoldilar. Koʻrsatdim. Zum oʻtmay xurrak ovozi eshitildi.

Uzoq vaqt shiftga tikilib yotdim. Koshki kallaga biror joʻyali fikr kelsa. O’ylab-oʻylab topdim. Doʻstim Shuhratjonni yana bir marta bezovta qilishdan boshqa ilojim qolmagandi. Ertalab nonushtagacha «gʻiz» etib doʻkonga borib kelish bahonasida koʻchaga chiqib, unga qoʻngʻiroq qildim. Vaziyatni darhol tushundi. Kasalxonamisan kasalxona. Telefonda «tanish» doʻxtir bilan ham kelishib oldim. Bordik. «Tanishim» meni tanimasa-da quchoq ochib kutib oldi. «Tanish ekansiz, oʻzimning palatamga yotqizaman, – dedi doʻxtir, nihoyat amakimning qon bosimini oʻlchab boʻlgach, – oʻn kun davolaymiz, natijasi boʻlmasa operatsiya qilamiz.»

Toʻsatdan aytilgan gapdan oʻzimning ham kapalagim uchib ketdi. Ajablanganimizni koʻrib «tanishim»:

– Ahvol chatoq, dardni oʻtkizib yuboribsiz, otaxon, siydik yoʻlingizning bosimi baland, – dedi men tomonga qarab «xotirjam boʻling», degandek koʻzini qisinqirab.

– Ana, men senga nima devdim, – dedi amakim tarvuzi qoʻltigʻidan tushib. – Biladigani darrov kasalni topadi... Keyingi paytda qovugʻim shishganday, boʻlib yuruvdi-ya! Rahmatli Boltaboyning kasalidan ekan-da-a?! Umrining oxirigacha, yoniga oq yelim qopchiqcha osib oʻtdi, bechora. Doʻxtirjon,– dedi amakim yalingannamo unga qarab, – yana qancha qopti? Biror yil yashaymanmi?

– Avvalo, bu yogʻi Xudodan, biz ham qarab turmaymiz, iloji boricha yordam beramiz, otaxon. Hali yana tekshiriladi.

– Asliddin, – dedi amakim boladay moʻltirab, bulkillab yigʻlarkan. – Ado boʻlibman, chaqir Togʻayni, koʻrib qolay...

«Tanish» doʻxtirim bexosdan kulib yubormaslik uchun oʻzini tiyib, xonasidan chiqib ketdi.

– Amaki, tinchlaning, hali yana tekshiramiz, deyapti-ku, balki diagnozi notoʻgʻri chiqar.

– Toʻgʻri, hammasi toʻgʻri. Aytdim-ku, qovugʻim shishganday boʻlib turadi, deb.

Shu kuni amakimni bir amallab shifoxonaga yotqizib chiqdim. Togʻayga ham xabar berdim. Bir-ikki kunni oʻtkazib u keldi. Eshitadiganini eshitdi.

– O’zing qarat, – dedi amakim oʻtirgan joyida bir qoʻli bilan bilagimdan tutib. – Bu goʻrsuxta nimani ham tushunadi. Qarshisida nima qilarini bilmay oʻtirgan oʻgʻlidan nolidi u. – Qaratinglar, oʻlib qolaman, bolam... doʻxtirning choʻntagiga manovini tiq, – dedi u da’fatan jahl bilan bir oʻram pulni qoʻlimga tutqazar ekan. Shuni olmasa qaramaydi bularing. Men kerak boʻlsam shu ishni qilasan.

Noqulay ahvolda qoldim. Pulni qoʻltigʻimga qisganimcha tashqariga chiqdim. «Tanish» doʻxtirimni topib vaziyatni tushuntirdim.

– Tomom, – dedi u, – yana bir marta rol oʻynasak oʻynabmiz-da artistlardan qaerimiz kam? Gonorari ham naqd ekan.

Doʻxtirni boshlab xonaga qaytib kirdim. Amakim oʻgʻliga oʻlimidan soʻng nima ishlar qilishini uqtirardi chamamda. Koʻzida duv-duv yosh.

– Assalomu alaykum, otaxon, tuzalib qoldingizmi?

– Qayda, – dedi amakim majolsiz. – Kun sanab oʻtiribmiz-da.

– Xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻlib ketadi.

– Qaydam, – dedi yana amakim xirxirab.

– Doʻxtir, – dedim dadillashib, – amakimizning atagani bor. Dori-darmonlarni kuchaytirmasak boʻlmaydi. Osma ukol-posma ukol, deganday. Bir ilojini qiling aka, boshqa professorlarniyam chaqirtiring, iltimos, manovini olib qoʻying, dedim-da haligi pulni u kishining choʻntagiga solib qoʻydim.

– Ovora boʻlmang, ey, ey, ovora boʻlibsiz-da, – dedi «tanishim» yoʻliga. Soʻng xushchaqchaqlik bilan amakimning yoniga oʻtib oʻtirdi. U yoq, bu yogʻini koʻrgan boʻldi. – Otaxon, Xudo xohlasa otday boʻlib ketasiz. Ertagayoq oyoqqa qoʻyaman, – dedi u dadillashib. Bugun navbatchiman, ertalabgacha, muolajani kuchaytiramiz. Sizlar xotirjam boʻlinglar, – dedi-da, xonadan chiqib ketdi.

– Ana, men senga nima devdim-a? – dedi amakim dadillanib. – Bularing olmasa qaramaydi, demaganmidim. Mana, koʻrding-a, muomalasi ham birdan oʻzgardi. Sen boʻlsa tanish, tanish, deysan. Otam rahmatli «Mening tanishim – choʻntagim», deb bekorga aytmagan. Toʻgʻri ekan.

Shoʻrlik doʻxtirni gunohga botirganimiz qoldi. Xudoning oʻzi kechirsin.

Zum oʻtmay xushroʻygina noʻgʻay kampir xonaga kirib keldi-da:

– Sizlar chiqargʻa kerak, biz muolajani boshlaymiz, – deb amakimni oʻrniga yotqizib qoʻydi. – Shish qoya?!

– Kechirasiz, ismingiz nima? – soʻradim undan.

– Tanzila, Tanzila Israilovna deb chaqiringʻiz, – dedi hamshira beparvo.

Osmonga qarab yotib olgan amakim, kuylagining barini koʻtarishga istihola qilardi.

– Iltimos, otamga yaxshilab qarang, Tanzila opay, – dedi Togʻay ham jonlanib.

– Sizlargʻa shu chalning nisi kerak? Bersangiz tuzatirga tuzatib, er qilib jatam, – dedi Tanzila Israilovna.

Amakim hiqqillab kula boshladi.

– Uyda kampirim bor, toʻqqizta bolasiyam bor. Nevaralar bir suruv.

– Menda esa joʻq. Er-da joʻq. Birsi yaramiy.

– Ketdik, – dedim ishshayib Togʻayga.

Tashqarida «tanish» doʻxtirim kutib turardi.

– Qalay, – dedi sigaretasini ezgʻilab, – oʻxshadimi?

– O’xshaganda qanday?

– Bir-ikki kun muolajani kuchaytirgan boʻlamiz. Pullaringga quvvatga indiruvchi dorilarning zoʻrlaridan topib kelaman. Xohlasalaring oʻzlaring topinglar. – U mana, deb choʻgʻi biroz uchgan pul oʻramini uzatdi.

– Yoʻq-yoʻq. – dedik baravariga. – O’zingiz bilib-bilib topib kelavering. Bizga otamiz tuzalib ketsa boʻldi...

– Yaxshi. Ammo, quvvatga indiruvchi dori-darmonlar ziyon qilmaydi. Kelishdikmi?

Kelishmaslikning iloji ham yoʻq edi.