OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻktam Mirzayor. Sovgʻa (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻktam Mirzayor
Asar nomiSovgʻa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻktam Mirzayor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sovgʻa (hikoya)
Oʻktam Mirzayor

1

Ikki buklangan loʻlabolishga yonboshlagan koʻyi bir lahza xayolga berilgan Bardamqulning ma’nisiz nigohi xotinining sharbati soʻrilgan husaynidek burishgan barmoqlariga tushib, toʻxtab qoldi. Har ikki kunning birida bolalarning kirini changallayverib oqem boʻlgan barmoqlar piyolani qimtinibgina tutib turardi.

«Oʻl-a, xotinni abgor qipsan-ku» degan ichki nido quloqlari ostida jaranglaganday boʻldi. Qaddini chaqqon rostlab, darhol piyolani oldi.

Bardamqul yoshi ellikdan oshgan, gʻoʻlabirday, oq-sariqdan kelgan past boʻyli, savodi el qatori, orzu- havasli odam. Katta idoraning kichkinagina boʻlimi boshligʻi. Yoshi oʻtib, toʻlishgani bois chaqqon harakatlari kulgili tuyuladi.
— Ishlaring yaxshimi? — dedi Bardamqul mehri iyib.
— Tinchlikmi, hol soʻrab qopsiz? — dedi xotini ham oʻsmoqchilab.
— Yoʻq, oʻzim, — dedi er choyini bir hoʻplab, piyolani xontaxta ustiga qoʻyarkan,—shunchaki oʻzim. Nima, hol soʻrab ham boʻlmaydimi? Soʻramasam, soʻramadi, deysan, soʻrasam yana bir balo... Endi shu kir-pirlaringni kelinga yuvdirsang ham boʻlaverardi. Oʻrgansin. Oʻzingni charchatib qoʻyma, deyman-da, xotin.
— Xayriyat-e, bunchayam mehribon boʻlmasangiz, nima gap, aytavering?

Bardamqul yuragiga tugib yurgan orzu-havasini shu dam xotiniga aytmoqchi boʻldiyu, hali oʻzi biror qarorga kelmagani uchun gapni aylantirdi.
— Yoʻq-yoʻq, oʻzim shunday...
— Oʻlarsiz, niyati buzuq.
— Nima, oʻzingni charchatma, sogʻligʻingni asra, desam yomonmi? Ikki kunning birida kir, xamir... yarim kechagacha ivirsib yurasan. Toʻshakka kirishing bilan charchadim, deb gum-gurs yotganing-yotgan. Bunday, oʻzingni ham asra, deyman-da. Mana, kelining ham baloday yoningga kirib qoldi.
— Bilasiz, roʻzgʻor katta, adasi, quda-andali boʻlganimizda toʻzib oʻtirsak yaxshimi?
— Orastalikka-ku nima yetsin, xotin, mayli, joningga toʻzim bersin, yaxshi boʻlib qolar.... Shuncha boʻldi, xoʻja boʻldi.

2

Oqshom dasturxon boʻyida oʻgʻli bilan yolgʻiz qolgan Bardamqul koʻnglini ochdi:
— Latifboy, onang bilan kelinimga bitta zoʻr kirmoshin obersam, nima deysan? Sabil, roʻzgʻorning toʻrva xaltasi ham koʻpayib boryapti.

Latifboy Bardamqulning toʻngʻichi. Uylanganidan beri uyim-joyim, deydigan boʻlib qolgan. Uddaburon yigit. Oila xoʻjaligini butunlay qoʻlga olishga harakat qiladi. Farmonbardorlikka moyil. Uning harakatlaridan ota ich-ichidan mamnun boʻlsa-da, jilovni butunlay berib qoʻygisi yoʻq. Hali erta.
— Yoʻgʻ-ey, sizga shunday koʻrinayotgandir-da ota, hech ortiqcha harakat qilishayotgani yoʻq. Menga qolsa, ayol kishining ishi koʻp boʻlgani yaxshi. Boʻsh qolsa yo gʻiybat, yo gʻurbat koʻpayadi.
— Oʻgʻlim, shu fikrlar oʻzingdan chiqyaptimi? Onangni avaylasak nimasi yomon? Bechoraning qoʻliga qara, naq kosov-a! Hademay kelinning ham ahvoli shu boʻladi. Imkoniyat borida sharoit yaratib beraylik-da! Sendan pul soʻrayotganim yoʻq-ku!
— Juda oqkoʻngil odamsiz-da, ota! Mana meni aytdi, dersiz, hali shu aybingiz sizga koʻp pand beradi! Bilaman, onamga achinyapsiz. Lekin ayollarning roʻzgʻorda qiladigan oʻz yumushlari bor. Qilsin, tikish tiksin, kir yuvsin, xamir qorib, non yopsin, qozon-tovoq, deganday... Ayol ayolligini qilsin. Bekordan Xudo bezor. Koʻp erk berib yuborsangiz boshga chiqib oladi.
— Obbo! — dedi ota oʻgʻilning keskin gaplaridan ogʻrinib, — menga qara, oqkoʻngillik qachondan beri ayb sanalib qoldi? Kimdan ta’lim olyapsan oʻzi? Hamma balo senlarning kitob oʻqimayotganlaringda. Oʻzing ham shu palagʻda farosating bilan hali koʻp pand yeysan. Odam otasiga ham shunday deydimi? Gap deganni bunday oʻylab gapiradi-da, oʻgʻlim, men farzandim boʻy tortib, qanotimga kirdi, deb quvonib yursam....

Latif otasini xafa qilib qoʻyganini anglab, yana qovun tushurib qoʻymaslik uchun gapni kalta qildi.
— Kechirasiz, — dedi yuvvosh tortib, — ortiqcha mablagʻingiz boʻlsa, menga bering, demoqchi edim-da! Oborotga qoʻshardim. Foydasidan uy xarajatlarini toʻlab boraman. Pulingiz ham bus-butun turadi.

Bardamqul endigina hayot izmiga tushib borayotgan oʻgʻlidan shunday qarimsiq fikrlarni eshitaman, deb oʻylamagandi. Azbaroyi ranjiganidan mum tishlab oldi.

3

Mehnat ta’tilining hisob-kitobi tufayli Bardamqulning hamyonida anchagina mablagʻ yigʻilib qoldi. Kartoshka puli, moddiy yordam, mukofot pullari qoʻshilib uning belini kuydira boshladi. Salkam bir million soʻm-a! Nima qilsa ekan? Xudoga shukr, toʻyning xarajatlaridan qutilganiga ancha boʻldi. Roʻzgʻor xarajatlarining oʻz oʻrni bor. Oʻgʻlining topgani yarim roʻzgʻorni koʻtaryapti. Buyogʻi mol-hol, deganday.... Xullas, shunday bir ish qilish kerakki, roʻzgʻor but, xotin ham xursand boʻlsin. Oshiqcha urinmasin. Bu oʻlar dunyoda odamga oʻxshab yashasin-da! Tamom, televizorda tinimsiz koʻz-koʻz qilinayotgan oʻzi yuvib, oʻzi quritadigan kirmoshinaning zoʻridan xotini bilan keliniga bitta olib beradi...

4

Bardamqul savdo markazidagi doʻkonlarni kechgacha aylandi. Oxiri qaddi xivichday, qoshiga alam bilan qalam tortilgan sotuvchi qizning da’vatiga yon berdi. Kafolati uch yil, olib borib berishi, oʻrnatishi tekin boʻlgan bundan boshqa joyni topolmasligiga amin boʻldi. Olti yuzi ellik ming soʻmni sanab, kassaga topshirdiyu bir parcha pattani yon choʻntagiga solib, uyiga ravona boʻldi. Mana buni suyuntirish, desa arziydi. Uzogʻi bilan ertaga kechgacha oʻzi yuvib, oʻzi quritadigan «VYeKO» rusumli kir yuvish mashinasi Bardamqulning suyukli xotini Marhamatoyning hukmiga qoyim boʻlib turadi.

Marhamat ancha qiyinchilik koʻrib voyaga yetganiga qaramay qilichday ayol. Turmush qurib, suyagi tinchidi. Mehnatkash. Ammosi shuki, kalta oʻy. Keyingi paytda roʻmolini dakana oʻrab, sal narsaga jizgʻanagi chiqadigan boʻlib qolgan...

Bardamqul uyiga qaytgach, sir boy bermay televizor tomosha qilib oʻtiraverdi. Kuymanib yurgan xotinining ertaga kiryuvar mashinani olib kelishganida qanchalik xursand boʻlishini tasavvur qilib, har zamonda iljayib qoʻyadi.

Xotini bilan kelini bir suyunsin.

Kir-pirlarini shunday yuvgʻidonga tashlaydi-da, murvatni buraydi, tamom. Mashinaning oʻzi quvurdan suv oladi, oʻzi kerakli darajada isitadi, oʻzi maxsus qutichadan kirsodani olib, kiyim-kechakni ivitadi va bir soat mobaynida ezgʻilab yuvib, uch marta sovuq suvga chayib, quritib beradi. Ana — taraqqiyot! Bardamqulning xotini ham yayrasin-da! Bechoraning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Sochi—supurgi, qoʻli—kasov. Bu turishda ellikka bormay kampir boʻladi-qoʻyadi.

Nasib boʻlsa, Bardamqul xokisor, mehnatkash xotinini mehnatning ostida qaritmaydi. Hurmatini joyiga qoʻyadi. Toʻgʻri-da, imkoniyating bormi, sharoit yarat. Roʻzgʻorni obod qil. Farovonlik xonadondan boshlanadi.

5

Sotuvchi qiz tanti chiqdi. Va’da qilinganidek, ertasi kuni soat oʻn birlarda kir mashinani koʻtarib ikki nafar barvasta yigit kirib keldi.
— Bardamqul akaning uylari shumi?

Javobni ham kutmay qutini hovliga olib kirishdi. Marhamat ularning istiqboliga peshvoz chiqdi.
— Kimsizlar?.. Bu nima? Ebiy, kirmoshinami?— u orqasida eshik qulochkashlab taltayib turgan eriga savolomuz yuzlandi.
— Ha, kirmoshina oyisi, sen bilan kelinimga sovgʻa.

Bardamqul egniga toʻnini ilib, unga ergashdi.

Bardamqulning hovlisi uncha katta boʻlmasa ham hamma narsa badastir. Hovlining aylanasiga — ikki xoʻjalikka moʻljallab solingan oltita xonaning hammasi band. Koʻzdan panalatib solingan hammomning bor-yoʻqligini daf’atan kirgan odam bilmaydi.

Er-xotinning savol-javobi tugamasidan yigitlar «VYeKO»ning ustidagi yelim gʻilofni chaqqonlik bilan yirtib, oʻrnatiladigan joyni soʻrashdi.
— Voy, ishingiz qursin, — dedi xotin norizogina bosh chayqab, bir ogʻiz soʻramabsiz-da. Qimmatga oʻxshaydi?
— Puliga ishing boʻlmasin, xotin, joyini koʻrsat. Hammomning dahlizi kengroq, shu joy ma’qulmi, deyman. Suvga yaqinroq boʻlsin...

Marhamat yigitlarni ortidan ergashtirib, ham¬mom tomon boshladi.

Usta—usta-da! Hash-pash deguncha allambalo uskuna¬lari bilan quvurni teshib, mashinaning shlangini uladi, bir zumda chiqindi suv shlangini ham hammom¬ning quvuriga tirkashdi.
— Kenayi, kir-pirlaringizni olib keling, vaqtimiz ziq. Qanday foydalanishni koʻrsatamizu ketamiz. Yana boradigan joylarimiz koʻp, boʻlaqoling, — deb shoshirdi ulardan biri.

Marhamat bolalarining bir quchoq kir kiyimini olib chiqdi. Yigitlar ularni turiga qarab saraladi. Paxtadan toʻqilganlarni bir taraf, sun’iy toladan toʻqilganini bir tomonga toʻplab, tushuntirdi. Ulardan biri kiyimlarni yuvgʻidonga tashlab, murvatlarni burab turdi. Ikkinchisi uning harakatlarini sharhladi.
— Kenayi, yaxshilab bilib oling, paxtadan toʻqilgan kiyimlar uchun mana bu murvatni mana bu joyga keltirasiz. Mana bu 90 soni haroratni bildiradi. Istagingizga qarab 40-60-90 gradusgacha qoʻyishingiz mumkin. Mana bu qutichaga kir sodasini solasiz. Iloji boricha sifatlirogʻidan foydalaning. Mana bu oynacha ostidagi murvatni bossangiz kirni quritish uchun buyurtma bergan boʻlasiz. Istagingizga qarab, kirni chala, butunlay quritish mumkin. Chala quritilsa dazmollashga oson boʻladi. Xullas, ixtiyor sizda. Mana bu murvat esa, kirni yarim soat, bir soat va hatto vaqtingizga qarab buyurtma bersangiz ishdan qaytib kelguningizcha oʻzi yuvib, oʻzi quritib qoʻyadi. Xullas, ixtiyor oʻzingizda. Qilgan xaridingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Savollaringiz boʻlsa marhamat. Ha, darvoqe, suv-puv quymaysiz. Oʻzi keragicha suv oladi, keragicha isitadi. Chiqindi suvni oʻzi chiqazib tashlaydi. Savollar bormi?

Qarshisidagi yigitlarning toʻtiday sayrashi Marhamatni gangitdi. Roʻmolini yechib yana qaytadan oʻradi. Oʻzini begona joyda turgandek his qilib, nima deyishini ham, nima qilarini ham bilmay atrofga hangu mang termuldi. Boʻsagʻada irshayib turgan eri gap qoʻshdi:
— Moʻ’jiza-a? Haqiqiy moʻ’jiza! Mana, endi kir yuvaverib barmoqlaring ham charchamaydi. Beling ham tolmaydi. Qolganini oʻzim tushuntiraman, rahmat yigitlar, baraka topinglar.

Yigitlar lash-lushini yigʻishtirib joʻnashdi.
— Mana buni taraqqiyot desa boʻladi. Bugundan boshlab oilamizda farovonlik sari bir qadam qoʻyildi. Endi olgʻa!—dedi Bardamqul mashinaning oldida hamon lol turgan xotinining belidan chimchilab.
— Oʻlarsiz, shunaqa buzuq xayolga borib, meni ayayotganmidingiz? Nariroq turing-ey! Bolalar koʻrib qoladi! Ishchilarga xizmat haqini bermadingiz-ku!
— Puli toʻlangan, oyisi, hammasining puli toʻlangan, — dedi Bardamqul quvonchdan boladay tantigʻlanib, chimchilash uchun xotini tomonga yana qoʻlini choʻzib....
— Basharangiz qurmasin, ha aytganday, necha pulga oldingiz bu matohni...

Ular kiryuvar mashina atrofida uymalashib bir soat deganda toʻrtta kiyimni yuvishdi. Aniqrogʻi, mashina¬ning oʻzi yuvdi. Haqiqatan ham oʻzi suv oldi, isitdi, kir sodani qutisidan soʻrib olib, kirni ivitdi, yuvdi, chaydi, quritdi. Ular esa faqat tomosha qilib oʻtirishdi.
— Voy, ordona qolsin, oʻzi allambalo narsa ekanu, bir soatdan beri yuvgan kiri shu boʻldimi? Odam buningizning atrofida ivirsib, kir yuvganday ham boʻlmas ekan, — dedi xotini toza kiyimlarning birini olib, koʻzdan kechirar ekan, — terlab-pishib, gʻarssa-gʻarssa kir yuvganimga nima yetsin. Bir soat ichida dunyoning kirini yuvardim... Aytgancha, necha pulga oldingiz?

Xotinining tushkun kayfiyatini koʻrib Bardamqul ham talmovsiray boshladi. Haqiqatan ham xotini haq. Bir soatdan beri toʻrtta kiyim yuvildi. Qoʻllanmasida yuvgʻidonga solinadigan kirning ogʻirligi besh kilodan oshmasin, deyilgan-da.
— Nima balo, karmisiz hoy kishi, necha pulga oldingiz bu matohni deyapman?

Xotinining ovozi yoʻgʻonlashayotganini koʻrgan Bardamqul janjal boshlanishini sezib, sarosimaga tushdi. Endi oqshomgacha bobillab yuradi. Uni tinchit¬moqchi boʻldi.
— Xotinjon, senga yordam boʻlar, devdim-da, bar¬moq¬laringga qara...
— Barmogʻimga nima qipti? Nima, tirnogʻimni boʻyab, labimga lolop surtib, yuzimga upa urib, biqi¬ningizda qilpillab turishimni xohlagan¬midingiz? Hademay nevarali boʻladigan cholning ahvolini qarang. Niyatingiz buzilib yurganini sezuvdim-a! Ayting, necha pulga oldin¬giz?!
— Olti yuzga oldim. Olib kelib berishi, oʻrnatishi tekin...
— Voy oʻlmasam, — xotin boshini changallab, shangʻillaganicha hovliga deyarli otilib chiqdi.

Shu paytda Latifboy xotini bilan xushchaqchaq, turtishib darvozadan kirib kelayotuvdi. Onasining ahvolini koʻrib, qoʻrqib ketishdi. Marhamat ularga qarab havolandi:
— Voy oʻlay, otang jinni boʻlib qolibdi. Qilgan ishiga qara!

Latifboy onasi ishora qilgan hammom eshigini qiya ochib, botinolmay moʻraladi. Ichkarida kir mashina¬ga majolsiz suyanib turgan otasining ahvolini koʻrib gap nimadaligini angladi va qah-qah otib kulib yubordi.
— Hormang ota, men nima degandim? Rahmati nasiya boʻldimi?

Shu dam Bardamqul qoʻliga tushgan narsani olib, oʻgʻli tomonga otishga chogʻlandi, ammo olgan narsasi ayollarning buyumiligini koʻrib, teskari oʻgirildi.
— Menga qara, oʻgʻlim, haliyam boʻlsa qaytarib beringlar, — dedi onasi rostakamiga behalovat boʻlib, yolvorgansimon, — Oʻlib qolaman. Olti yuz ming soʻm-a! Voy, odam boʻlmay keting! Shuncha pulga olgan matohingiz qursin! Bir soatda toʻrtta kir yuvdi-ya! Pulingiz bor ekan, bir ogʻiz soʻramaysizmi? Kechagina qayningiz toʻyga qarz soʻrab keluvdi. Pochchangda pul yoʻq, soʻrama, deb qaytaripman! Ukam shoʻrlik eshitsa, nima degan odam boʻlaman? Jilla qursa jonday singlingizga uch yuz-toʻrt yuz mingini berib tursangiz boʻlmasmidi, shoʻrlik, qizini chiqarolmay oʻtiribdi. Bu mashinada oqbilak xonimchalar kirini yuvaversin.... Yolingiz oqarsayam odam boʻlmapsiz-a!..

Tishini tishiga qoʻyib oʻzini bazoʻr bosib turgan Bardamqulga suyukli xotinining soʻnggi iborasi qattiq botib, bezovta boʻla boshladi. Ammo yana oʻzini bosdi.
— Voy, oyijon, nimasi yomon? Mening orzuyim-ku bu, — dedi kelini Barnoxon Latifning qoʻltigʻidan chiqib, qip-qizil, badaniga yopishib turgan tor shimining poychasini koʻtarib, hayajon va qiziqish bilan kiryuvar mashina yoniga borib tiz choʻkarkan. Tiz choʻkkanida kastyumi kaltaligidan uning orqa beli ochilib qoldi.
— Hoy, hoy, nimalar deyapsiz kelinposhsha? Turing oʻrningizdan, yoqib qolgan boʻlsa, ana oyingiz olib bersin. Charlarda bir quchoq gul koʻtarib, salanglab kirib kelmasdan shunaqa narsalarni olib kelsin edi... «Orzuyim» emish, »orzuyim» emish...—labini burib kelinini masxara qildi Marhamat kesatib, — Oʻrgildim, koʻngilning koʻchasidan...

Shu payt uning koʻzi kelinining beliga tushdi.
— Menga qara, hoy yashshamagur, dumi yulingan tovuqqa oʻxshab qaqaqlamasdan uyatingni yop, — soʻng ilkis oʻgʻliga qaradi, — bunaqa yarim yalongʻoch kiyinma, desang tiling kesiladimi? ,,,— Uyat bormi oʻzi senlarda? Buyraging shamollab, pushting sovib ketadi, yaramas! Yurasan, keyin ramaqijon boʻlib.
— Hoy, hoy..., — himoyaga oʻtdi Bardamqul, — bularda nima ayb?
— Oyi, nima boʻldi sizga, xafa boʻladiyam, demay¬siz... — Latifning gapi boʻgʻzida qoldi.

Barno kalta kastyumining etaklarini tortqilab erining ortiga oʻtib piqqillay boshladi.
— Ha, jinni boʻldim, jinni boʻldim, shunday desam koʻngillaring toʻladimi? Meni aqldan ozdirgan mana shu otang boʻldi, — dedi onasi tabora zorillab.
— Nega unday deysan, xotin?
— Boʻldi, bas qiling piqqillashni, yoqmasa ana katta koʻcha...Bundan keyin mening oldimda gapga suqil¬mang, bildingizmi oyimcha?! — dedi Marhamat hamon hovridan tushmay kelini tomon qoʻlini paxsa qilib.

Izzat-nafsi poymol boʻlgan kelin kaftlari bilan yuzini bekitib, oʻkrab, uyiga kirib ketdi. Uning ortidan Latif ergashdi.

Bardamqul mashmashaning yanada gazak olishidan, boʻlib oʻtayotgan hangomadan qoʻni-qoʻshnilar xabar topib qolsa, sharmanda boʻlishidan choʻchib, xotinining hov¬rini tushi¬rish uchun qoʻltigʻidan olib yogʻoch karavot tomon sudradi:
— Menga qara, oyisi, haddingdan oshma, kelin bechorada nima ayb?!
— Nima ayb?! Koʻrmayapsizmi? Kuvichasini liqqillatib, yarimyalongʻoch yurishini, men gapirganda siz ji-i-m oʻtirsin, men qora degan narsani oq, deb turmasin. Ertaga yana bir nima deydi, indinga qarabsizki, hisoblashmay qoʻyadi. Siz jim oʻtiring, xoʻpmi! Shu bahonada keliningizni bosib olaman.
— Shuncha odamni bosganing yetmaydimi, xotin? Qoʻni-qoʻshnilar eshitsa sharmanda boʻlamiz-ku! Uyalmay¬sanmi?!

Shu payt darvozaxona tomondan ayol kishining «ixi, ixi«, degan tovushi eshitildi. Uning kimligi ma’lum boʻlmasdan haligina ichkariga yigʻlab kirib ketgan kelin kattagina sumkasini yelkasiga osib, orqasidan ergashib kelayotgan eri Latifboyga oʻzicha bir nimalar deb poʻngʻillab, darvoza tomonga intildi. Uning faqat "orqamdan borib ovora boʻlmang, yelkamning chuquri koʻrsin bu hovlini", degani quloqqa chalindi, xolos. Bardamqul »Avval sharmanda boʻlmasam ham, endi sharmanda boʻldim», deb boshini changallaganicha qaytib hammomga qochib kirdi. Kelin darvozaxonada turgan qoʻshni ayolga urilib toʻxtadi.

Marhamat uning yonida kim turganiga ham ahamiyat bermay dam keliniga, dam oʻgʻliga oʻshqirishda davom etdi:
— Hoy, hoy, yoʻl boʻlsin, biratoʻla koʻrpa- toʻshagingni ham olib ket. Yelkangning chuquri toʻladi. Qaytib kelmas emish-a, kelasan, kelmay koʻr-chi?! Soʻng yana oʻgʻliga yuzlandi: — ha, sizga yoʻl boʻlsin, kuyovtoʻra?! Qorasoch¬moʻllang asal yalatganmi, deyman, oʻt bu yoqqa-ey, buncha... — u endi ikki qoʻlini biqiniga tirab darvoza yonida kelinining bilagidan ushlab nima qilarini bilmay turgan qoʻshnisiga tashlandi: — Ha, Ququbonu, gap tergani keldingizmi? Keling, keling, mana sizga qancha gap kerak boʻlsa yetib ortadi, terib oling, «tu-tu-tu-tu»....

Ququbonu basharang qursin, degandek qoʻlini siltab qaytib chiqib ketmoqchi boʻlganida ortidan kirib kelayotgan mahalla xotin-qizlari raisi Ma’mura opaga urilib ketdi.
— Ha, Marhamatxon, sizni jin chaldimi? Butun mahallaga tomosha koʻrsatyapsiz. Buncha boʻgʻilasiz?

Shu payt hammom tomondan «gurs« etib nimaningdir agʻanagani eshitildi. Xotiniga yetib olib halidan beri uni yupatishga urinayotgan Latifboyning qulogʻi ding boʻldi. U hammomga deyarli chopib kirdi. Hammaning e’tibori shu tomonga qaradi. Ichkaridan Latifning "Ota, otajon, hozir, hozir", degan xavotirli tovushi eshitildi. Kelin sumkasini tashlab yordamga shoshildi. Hammom eshigi ochilib otasining qoʻltigʻidan sudrab chiqayotgan Latifning orqa tarafi koʻrindi. Marhamat, kelini, Ququbonu uning yoniga chopib borib, Bardamqulning oyogʻidan koʻtarib, uyga olib kira boshlashdi. Mahalla xotin-qizlari raisasi esa darhol qoʻynidan qoʻl telefonini chiqarib, "Tez yordam»ga shoshib qoʻngʻiroq qila boshladi. Shoshganidan gaplari adashib ketdi shoʻrlikning: »Alo, alo, tez yordam qiling, xotin-qizlardanman, ha, ha, ogʻir, kasal. Ogʻir, yurak... hushidan ketgan... adresmi? Itolmas koʻchasi, 98, familiyasi Esanov Bardamqul, 50 yoshda...»

Erini koʻtarishib borayotgan Marhamat ortiga boshini burib:
— «49«da, »49»da, — dedi.
— «49«dami, »50» dami, endi bari bir, shunday erni rasvo qilding, tiling kesulgur, — dedi Ququbonu yonida erining bir oyogʻidan koʻtarib borayotgan Marhamatga zarda qilib.

Ular Bardamqulni ichkariga olib kirib toʻshakka yotqizishdi.

Bardamqul koʻksini changallagan koʻyi tinimsiz ixrardi. Marhamat uning yuziga suv sepdi. Kelin qutichadan validol topib, bemorning ogʻziga tiqdi.
— Meni tinch qoʻyinglar, — dedi Bardamqul norizo qoʻl siltab, zoʻrgʻa.

Bardamqulning ahvolini koʻrgan xotini qoʻrqa-pisa uning boshiga engashdi.
— Adajonisi, meni qoʻrqitmang, oʻzingizni qoʻlga oling. Mayli, boʻlar ish boʻldi, men roziman, — dedi Marhamat dagʻal barmoqlari bilan erining boshi aralash yuzini silarkan.

Bardamqul ich-ichidan toʻlqinlanib-toʻlqinlanib kelayotgan dardni yutdi. Koʻziga quyilgan yoshni koʻrsatmaslik uchun devor tomonga bosh burib, «ket» degandek yana qoʻlini siltadi.

«Tez yordam» mashinasi zum oʻtmay yetib keldi. Doʻxtirning aytishicha, asab buzilishi oqibatida qon tomir keskin qisqarib yurakda sanchiq paydo boʻlibdi. Haliyam Xudo, degan odam ekan, kalta qaytibdi. Boʻlmasa naqd infarkt holati sodir boʻlgan ekan.

Tinchlantiruvchi muolajadan soʻng, zum oʻtmay Bardamqulni uyqu tortdi. Latifboy xonadagilarga «chiqinglar» degandek imo qildi.

Xotin-qizlar raisasi, Ququbonu, qaynona bilan kelin oyoq uchida chiqib ketishdi.

Ququbonu supada sochilib yotgan kir mashinaning qutisi va yelim qoplamalarning yonidan hayron boʻlib aylanib oʻtib, Marhamatga savolomuz yuzlandi. Uning ketidan borayotgan raisa ham yoniga «VYeKO» deb yozilgan qutiga sinchiklab qaradi.

Hamma balo shuni deb boshlandi, — dedi yigʻlamsirab Marhamat yengi bilan koʻz yoshini artarkan, — qizishib, shuncha pullik narsani bekor olibsiz, — debman-da. Gapga gap ulanib, boshimga shuncha baloni orttirib oldim....
— Ey, ha, — dedi raisa, — bechora er xotinini ayab shunday kirmoshina olib bersayu siz noz qildingizmi? Shoʻrlikni ado qildingiz-ku! Sharmanda, sharmanda! Odamlar erga yolchimay yuribdi...

Bu bilan u Ququbonuga sha’ma qildimi, yo oʻzini nazarda tutdimi, har holda shu gapini chin dildan aytdi.
— Qaydan bilay, opajon, — dedi hamon piqillab Marhamat.
— Odamning zahri ilonnikidan yomon, deyishadi, — dedi raisa jiddiy, — yana shunday toʻpolon qiladigan boʻlsangiz masalangizni mahalla muhokamsiga qoʻyaman. Men bilan hazillashmang, xoʻpmi? Nima yeb, nima ichayotganingizgacha bilaman, ha... Hammaniki ikkita boʻlsa mening koʻzim toʻrtta, bildingizmi? Rahbarman-a?!
— Chaqib olgan-da! Bir chaqsa yomon chaqadi bu... bu..! — davomini ayta olmadi Ququbonu ham himoyachi topilganidan ruhlanib, Marhamatdan alamini olish uchun.
— Tovba qildim opa, manovingizga aytib qoʻying koʻcha-kuyda vaysab yurmasin...

Latif otasi yotgan uy derazasidan boshini chiqarib nariroq ketinglar, degandek onasiga imo qildi. Marhamat qoʻshnilarini kir mashina tomonga boshladi.
— Mana qarang, qanday gʻamxoʻrlar-a, — dedi oʻuqubonu guyo bir narsani tushunadigandek pildirab borib, mashina murvatlaridagi yozuvlarga koʻzini qisib bir-bir tikilarkan.

Hol soʻrab chiqqan uch-toʻrt ayol ham ularga kelib qoʻshildi. Bardamqul qolib mashinaning tarifi qizidi. Marhamat ularga mashinaning kir yuvishini tushuntira boshladi...

Elakka chiqqan xotinning ellik ogʻiz gapi bor, deganlari rost ekan. Ular tarqalishganda shom tusha boshlagan edi. Bu orada Bardamqul uyqudan ancha tetiklanib turdi. Har xil xayollarga borib oʻtirgan Latifboy oʻzicha otasiga mehribonlik qildi. Endi xonaki kiyimlarni kiyib olib, zippillab uy ishlarini qilib yurgan xotiniga hoziroq qaynoq choy, kechki taomga tuzukroq dasturxon tuzab, tugunoshi qilishni tayinladi. Bardamqul hammadan xafa boʻlgandek qovogʻini solib, xomush ahvolda, hech kimga e’tibor qilmay, yonboshlagan koʻyi yonidagi ovozkoʻtargichni olib televizorning ovozini balandlatdi...

Boʻlib oʻtgan voqeaning hammasi ertalab unut boʻldi. Bardamqul ishga otlanayotgandi. Ichkaridan Marhamatoy kecha kir mashinada yuvib, dazmollagan oppoq kuylakni olib eriga uzatdi.

Marhamatning yuzidagi sirli tabassum Bardam¬qulga ham koʻchdi...