OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻktam Mirzayor
Asar nomiTuproq hidi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻktam Mirzayor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuproq hidi (hikoya)
Oʻktam Mirzayor

— Istam, ho, Istam,— degan ovoz eshitildi.

Qornini yerga berib kitob oʻqiyotgan Istam «Obbo, yana kim keldi», degandek, boshini bir zum koʻtarib, ovoz kelgan tomonga quloq solib turdi.
— Istamboy!

Otasining xirillagan ovozi. Dik etib oʻrnidan turdi. Qoʻlidagi kitobini oʻngiri sal osilgan eshik yonidagi eski gʻaladon ustida turgan «Rekord» televizorining yoniga qoʻyib, tashqariga chiqdi. Ammo xayoli hali kitobdan uzilmagandi.

Istam darvozaxonaning yonidagi oʻrik ostida nogironlik aravasida bir burda boʻlib oʻtirgan otasining yoniga keldi. Koʻnglini koʻtarmoqchi boʻlib, qiltillab turgan boʻyniga osildi. Yuziga yuzini ishqab, erkalandi.
— Otajon, isingizga bir toʻyay...
— Nari tur-e, poʻrim! Is qoptimi, — dedi otasi xirillab, soʻng tomogʻiga bir narsa tiqilgandek qiynalib yutindi. Uzun barmoqlarini bir-biriga kiyishtirib, chuqur xoʻrsindi.

Istam otasining shu ogʻir xoʻrsinishidan «kunlarim sanoqli boʻlib qoldi», degan ma’noni angladi. Onasining vafotidan keyin otasining birdan munkillab choʻkishi Istamni tashvishga sola boshlagandi. Ukalari «Ishingizdan qolmang, otamga oʻzimiz qaraymiz», deyishsa ham gʻanimat dunyoda ota mehriga toʻyib qolay, keyin oʻqirman, deb oʻz hisobidan muddatsiz ta’til olib, otasining oldiga koʻch-koʻronini orqalab keldi. Kimdir: «Yaxshi qilibdi», desa, yana kimdir: «Shuncha yil oʻqib, goʻr ham boʻlmabdi-da, mana, qaytib kelib otasining kulbasiga tiqilyapti», dedi.

Istam miq etmadi. Poʻrim kiyimlarini kelgan kuniyoq yigʻishtirib, gʻilofiga tiqdi, oʻzini astoydil otasining xizmatiga shayladi. Choy, desa choy, non desa nonni muhayyo qildi. Oyogʻini yuvdi, tirnogʻini oldi. Soch-soqolini tarashladi. Nima qilsa ham otamning koʻnglini olay, dedi. Oʻtgan yili onasi toʻsatdan vafot etganida yuragini armon oʻrtab yuborgandi. Eslasa onaizorini biron marta yumshoq koʻrpachalarga oʻtqazib, bir piyola choy uzatmagan ekan. Shu sabab akasiyu ukalari, opasiyu singlisiga «Ishlaringdan qolmanglar, uy-uylaringga joʻnanglar, endi navbat meniki», deb otaning xizmatiga qattiq bel bogʻlab turgan joyi edi.
— Otajon, hammomga oʻtin qalaganman, choʻmiltirib qoʻyaymi?
— Oʻtgan kuni choʻmildik-ku, bolam! Ey, ey, anavi Qosimboymi? — dedi chol asfalt yoʻlga xavotirli ishora qilib. Istam koʻchadan velosipedini gʻizillatib oʻtib ketgan odamni orqadan tanimadi. Lekin uning gʻalati harakatlarini ajablanib kuzatib qoldi. Yoshi oltmishni qoralasa-da, qiligʻi bolalarnikiday bu echkisoqol chol boshida eski qalpoq, oyogʻida yirtiq kalish, rangi oftobda unniqib ketgan keng, uzun koʻk kuylak-ishtonini shamolda hilpiratgancha velosipedini haydab borardi. Nafas bobo:
— Qosim, oʻzimizning Qosimboy. Biror korihol boʻldi-yov, tajangligi tutib qopti, — dedi chol biroz ma’yuslanib.
— Ota, menda nima ishingiz bor edi?
— Kel, oʻtir bolam, kursichani bundayroq sur, — dedi ota yoniga bir dam kelib, chaqchaqlashib oʻtadigan hamqishloqlari uchun aravacha qarshisiga qoʻydirgan kursichaga imo qilib, — yegan-ichganing oʻzingniki, koʻrgan-boqqaningdan gapir.
— Kitob oʻqiyotuvdim, yaxshi yozuvchi akamiz bor. «Pakananing oshiq koʻngli» degan kitob yozibdi. Endi boshlovdim...
— Oʻzing qachon yozasan? — dedi otasi dabdurustdan.

Gap ohangidan Istam shuni aniq bildiki, otasi uning yozuvchi boʻlishini juda-juda istagan. Ammo Xudoyim iste’dod bermagan boʻlsa, nima qilsin...
— Ey, ey, jinni boʻlganmi, anaviga qara, qara! — dedi bir payt Nafas buva choʻpday qurib qolgan uzun barmoqlarini yana asfalt tomon choʻzib. — Qaytar, qaytar badbaxtni! Hozir bir baloni boshlaydi. Yana kampiri bilan janjallashganmi, deyman-da...

Qosim amaki uzun ishton-kuylagini shalviratib, hovliqqanicha velosipedini zuvillatib oʻtib ketdi. Istam toʻxtatishga ulgurmadi. Yoʻlga chiqib, ortidan kuzatib qoldi, xolos.
— Shokirlarnikiga burildi, ota.

Nafas buva birdan soʻlishdi, soʻng: «Yana kimdir qaytish qilibdi-da», dedi qadoq qoʻllarini juftlab, yuziga fotiha tortarkan.

Istam otasining nafasi ichiga tushib ketganini aniq sezdi. Nima ham qilsin, bechora. Yoshi toʻqsonni qoraladi, qishloqda biron-bir tengdoshi qolmadi. Har safar kimdir qazo qilsa shu ahvol. Soatlab bir nuqtaga tikilib oʻtiradi.
— Biz tomonga kelyapti, — dedi Istam koʻchadan koʻz uzmay.
— A?! — dedi ota.

Istam yoʻlga chiqib, qoʻli bilan «toʻxtang», degandek ishora qildi. Qosim amaki koʻprik yoniga kelib toʻxtadi. Tashvishli nigohi buvaga tushib, xoʻrligi kelgan boladek oʻpkasi toʻlib, obi-diyda qildi:
— Nafas buva, endi nima qilaman?
— Ha, ha, Qosimboy, tinchlikmi? Nima gʻalva?
— Toshturdi togʻaning xotini bandalikni bajo keltirdi. Nasim Karmanaga ketgan. Padarla’nati Shokir oʻlguday mast. Endi nima qilaman, buva? Goʻrkov yoʻq.
— Boshqa birovni yoningga ol, boʻlmasa.
— Hech kim yoʻq-da, hozir kimam goʻrkovlik qilardi, bir oʻzim eplay olmayman, — dedi Qosim amaki tajangligi tutib. — Mayit mahtal boʻlib qoladi. Ey, Xudoyim-ey, bu qishloqning erkagi oʻlgan, qirilgan.
— Menga qara, Qosimboy, — dedi Nafas buva xotirjam, — kap-katta odamsan, oʻzingni bos. Iloji topilar, ana Istamni yoningga ol boʻlmasa, bir amalla, uka. Katta bir qishloqda goʻrkov topilmasa, uyat-a!
— Yoʻq-da, yoʻq... Yoshlar boʻyin bermaydi, bundayrogʻi oʻziga ep koʻrmaydi. Ikki-uchta alkashga kunimiz qolgan...

Biroz sukutdan soʻng:
— Ukam qarashib tursa, bir amallardim, — dedi sal oʻzini bosib.

Istam turgan joyida taxtaday qotib qoldi. Bir ahvolda:
— Ota-a, — deyoldi xolos.
— Qishloqchilik bolam, boraqol, savob boʻladi, — dedi Nafas buva sovuqqina, «gap tamom» degandek, yana panjalarini bir-biriga kiyishtirib, yutindi. Istam otasining gap ohangidan «Yozuvchi boʻla olmaganingdan keyin goʻrkov boʻlasan-da», degan istehzoni aniq uqdi. Qaydam, ota bechora shu koʻngilda gapirmagandir. Ammo Istamning xayolidan naq shunday fikr oʻtdi.

* * *

Qosim amakining tajangligi rost ekan. U bilan oʻrlashib boʻlmasligi koʻrinib turibdi. Istam yoʻl-yoʻlakay bir-ikki ogʻiz gapirib, pand yedi. Gapni qisqa qilish kerak. Iloji boʻlsa, indamagani ma’qul. Tajang oʻziga-oʻzi gʻoʻldirab, velosipedini biltanglatib, qabriston tomonga burildi. Istamning inon-ixtiyori unda. Qabristonga yetgunicha achigan ter hidiga bir amallab toqat qilib bordi.

Amaki qabristonning temir darvozasini ochgach:
— Assalomu alaykum, mayitlar! Oxirat yaqin, oxirat yaqin, oxirat yaqin, — dedi salmoqlab. Avval ham bu yerga kelib ketgan chogʻi, darvozaning orqasiga yotqizib qoʻyilgan sopi kalta lopatka, ketmon va teshani qoʻliga olib lahad qazish uchun joy izlay boshladi, u yer-bu yerga ketmon urib koʻrardi.

Sherigining ovozidan hali-beri oʻziga kela olmagan Istam «poʻkillab» turgan yuragini hovuchlab, mungʻayib yotgan qabrlarni oralab, unga ergashdi.

Bu yerda bemalol yurib boʻlmas ekan. Oyoq ostidagi har bir doʻnglikning tagida qaysidir hamqishlogʻining loshi yotganini xayolan tasavvur qilgan Istam nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qabr oralab, bazoʻr oʻziga yoʻl topib yurdi. Oxirgi marta bu yerga onasi olamdan oʻtganda aka-ukalari bilan kelgandi.

Qosim amaki joy topgunicha Istam onasining qabriga borib, tilovat qilib qaytdi. Tajang ungacha joy topib, eni-boʻyi bir quloch keladigan yerni xashak, oʻt-oʻlandan tozalab qoʻygan ekan. Istamni «bu yoqqa kel» degandek imladi va yulingan xashaklar ustiga oʻtirib, pichirlab oyat oʻqidi. Soʻng birgalashib ishga tushib ketdilar.
— Gʻayrat qil, ukajon, tuprogʻini bu yoqqa tashlaysan, — deb oʻng tomonni koʻrsatdi va oʻzi gursillatib chuqur qaziy boshladi Qosim amaki.

Ikkalasi galma-gal, miq etmay, terlab-pishib ishladilar. Hash-pash deguncha toʻrt burchakli chuqur hosil boʻldi. Istam oxirgi hovuch tuproqni tashqariga chiqarganida peshonasidan reza-reza ter oqar, ust-boshi namiqib ketgandi. Tuproqning xushbuy hidi biram yoqimli ediki, agar bu yer qabriston boʻlmaganida Istam uzoq vaqt bu boʻyni toʻyib hidlashga tayyor edi. Ammo chuqurdan chiqiboq, kayfiyati buzildi. Atrofdagi qabrlarga koʻzi tushishi bilan eti seskandi. Endi Qosim amaki chuqurga tushib pastki chap burchakning qoq oʻrtasidan tuynuk ochdi. Tuynuk bora-bora ichkariga qarab kengaya boshladi. Ha demay goʻrkov koʻrinmay qoldi. Har zamon-har zamonda ichkaridan uning inqillab tesha chopayotgani eshitilardi, xolos. Chuqurlik lahaddan chiqqan tuproqqa toʻldi.
— Ukajon, — dedi amaki teshikdan tuproqqa belangan boshini yumronqoziqday chiqazib, — ha de, ha de, oz qoldi.

Istam chuqurga tushib, jon holatda tuproqni tashqariga ota boshladi. U qora terga botgan edi. Lahaddan bir maromda teshaning «toʻq-toʻqi» eshitiladi. Istam uning ovozini daraxt tanasidan qurt-qumursqalarni terayotgan qizilishtonning ovoziga oʻxshatdi. Bir payt tepada kimdir:
— Biz ham sherik, — dedi choʻzib.

Istamning yuragi «shigʻ» etib ketdi. Choʻchib qaradi. Ukasi Rustam ekan.
— Savobga bizni ham sherik qilinglar, — dedi Rustam tizzalariga qoʻl tirab, pastga engashgan koʻyi.
— Otam yubordilarmi? Eplayolmaydi, degan-da, a?
— Urinib qolmasin, dedilar, qani bu yoqqa chiqing, — dedi ukasi akasini chuqurdan chiqazib olish uchun qoʻl choʻzar ekan.

Istam «Shunday deyishlarini bilardim», degandek indamay ishida davom etaverdi.

Rustam chuqurga tushib, akasini qistadi:

– Chiqing, oʻzim oxiriga yetkazib qoʻyaman, siz ust-boshingizni qoqib oling, odamlar koʻrsa uyat boʻladi, aka, chiqing!
— Hozir, — dedi Istam, soʻng lahadning ichiga qoʻrqibgina bosh suqdi. Keng-kovul yertoʻlada Qosim amaki tiz tushib, yon devorlarni tesha bilan taroshlardi.
— Qosim aka, yordamchi keldi, —dedi Istam.
— Baraka topsin, — dedi Qosim amaki pishillab. — Yana bir ha, desak tugallaymiz, pardozi qoldi.

Teshikning ogʻzi tor boʻlishiga qaramay, ichkarisi yarim oy shaklida, odam boʻyi uzunlikda kovak qilingandi. Qosim aka hovuchlab-hovuchlab tuproqni tashqariga chiqarib tashladi. Istam ukasi bilan oʻrin almashdi. Rustam kalta dastali lopatka bilan uyulgan tuproqni peshma-pesh tepaga ota boshladi. Tuproqning rangi ikki xil edi. Chuqurdan chiqqan tuproq oddiy — qoʻngʻirtop, lahaddan chiqqani esa sap-sariq oltinday, buning ustiga mayin edi. Bir payt Qosim aka lahadning ichiga uzala tushib, yotib oldi. Tepada yumshoqqina tuproqqa yastanib oʻtirib olgan Istam «Bunisi nimasi?» degandek, ichkariga ajablanib qaradi. Amaki yotgan joyida lahadni koʻzdan kechirdi. U shu topda ajabtovur mehribon va muloyim boʻlib qolgandi. Oʻz ishidan mamnunligi yuz-koʻzidan bilinib turipti. Tajang yotgan joyida iljayib:
— Tuproqning hidiga qara, jonivor-ey, xudo degan ayol ekan, – dedi chap qoʻli bilan tuproqni uqalab, — soz chiqdi, hidi biram shirin!

Qosim amaki oʻziga oʻzi gapirib, yana tirjaydi. Uning oʻraday ogʻzida qolgan yakkam-dukkam tishlari koʻrinib ketdi.
— Qosim aka, boʻb qoldimi? Men nima qilay? — dedi Istam, «Menga ish qolmadi-ku» degandek.

Amaki, yotgan joyidan turib, tizzaladi. Tanasidan oqqan jiqqa ter bilan qorishib, loy boʻlgan bilagini qoqib, endi bilganingni qil, degandek, Istamga orqasini oʻgirib oldi va lahadning u yer-bu yerini taroshlay boshladi. Rustam esa miq etmay, chuqurdagi tuproqni tepaga otardi.

Istam oʻrnidan turib, ust-boshini qoqdi va onasining qabri tomon ketdi. U yerda ancha oʻtirib qoldi. Mayitni olib kelishganida borib olomonga qoʻshildi. Bir chekkada turib, boshqalar qatori dafn marosimini kuzatdi. Odam koʻp edi. «Qishloqda shuncha odam bor ekanu bitta goʻrkov topilmasa-ya» degan fikr oʻtdi dilidan. Qosim amaki esa dadillashib qolibdi. Goʻr ogʻzida yumshoqqina tuproqqa choʻkkallab, odamlarga aql boʻlib oʻtiribdi. Haligina vahima bosib, nima qilarini bilmay, shalvirab turgan odamdan asar ham qolmagandi. Hamma uning izmiga boʻyin ekkan. Hassakashlar mayitni chaqqonlik bilan qoʻlma-qoʻl qilib lahadga uzatishdi. Tajang endi mayit egalariga gap uqdira boshladi:
— Gʻishtni unday emas, bunday qala, eplayolmasang, chiq bu yoqqa.
— Qosimboy, oʻzingiz qalang, nurab ketmasin.
— Nuramaydi, — u chuqurga tushib, butini kerib, lahadning teshigi ogʻziga choʻnqaydi, — Gʻishtni bunday qoʻyadi. Ber bu yoqqa, — u bilagʻonlik qilib, chaqqonlik bilan lahadning ogʻziga gʻisht qalay ketdi. — Sen uzatib tur....

Bir pasda lahadning ogʻzi yopildi. Bundan bir-ikki soat burun ne mashaqqat bilan qazilgan goʻr, zum oʻtmay toʻldi, hatto haligina tep-tekis boʻlib yotgan yerda bir uyum doʻnglik paydo boʻldi. Qabr boshida avval mayitning haqqiga duo qilindi. Odamlar tarqaldi. Qosim amaki ham asbob-uskunalarini qoʻltiqlab, qabristondan chiqdi. U mamnun edi.

Istam ukasi bilan hovliga qaytganida Nafas buvani kimdir oʻrikning quyuq soyasiga koʻchirib qoʻygan ekan. Ota munkayib, pinakka ketibdi. Istam kafti bilan ogʻzini toʻsib, ukasiga «sekinroq» degan ishorani qildi. Oʻzi esa ehtiyotkorlik bilan aravacha qarshisidagi kursichaga choʻkdi, boladay pishillab uxlayotgan otasiga tikildi. «Xudoga shukur!» — dedi huzurlanib.