OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻktoy Oqbol
Asar nomiZangi buzilgan soat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻktoy Oqbol
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zangi buzilgan soat (hikoya)
Oʻktoy Oqbol

Manavi yerda, oynaning oldida men oʻtirardim. Barcha oʻtkinchilar meni tanishardi. Shu yerdan bola-baqralarga baqirib qoʻyardim. Kechqurunlari qizim xabar olgani kelardi. Nabiram esa tugʻilganidan buyon doim men bilan birga edi. Agar men boʻlmaganimda, uning tirik qolishi dargumon edi. Koʻz ochib yumguncha katta boʻlib qolganini qara-ya! Ovqat pishirib, uning maktabdan kelishini kutib oʻtirardim. Bu mening kvartalim. Bolalarim shu yerda dunyo yuzini koʻrishdi, erim narigi dunyoga ravona boʻldi. Bizga dam-badam turar joyimizni oʻzgartirib turishga toʻgʻri kelardi. Bizga yashash nasib qilgan kulbalar hali-hanuz qilt etmay turibdi. Faqat ularda endi boshqa baxti qarolar istiqomat qilishadi. Mazkur uy-kulbalarda mening ham nomi nishonim yoʻq. U yerda hech kim meni kutmaydi ham. Darvoqe, men u yerda ham hoziru nozirman. Oʻsha xonalarda, xohlasam hammasida birdan boʻlishim mumkin. Oshxonada ovqat tayyorlayman. Mana, bir oz orom olgani yonboshladim. Charchab, oyna qarshisiga dam olgani oʻtirdim.

Yana oyna oldidaman. Tepalikka qarab oʻtiribman; ulkan yuk mashinalari yuqoriga oʻrmalab chiqishadi-da, sirgʻalgancha qiyalikka tushib ketishadi. Yomgʻir shivalayapti. Bolakay toyib ketib, nonini tushirib yubordi.

Men yolgʻizman. Uy yumushlari tugab, gazetalardagi suratlarni ham tomosha qilib boʻldim. Eh, oʻqishni bilmayman-da — qizim qancha yalinib-yolbordi, oʻzi oʻrgatmoqchi boʻldi, bari bir oʻrganishni xohlamovdim. Rasmlarning oʻzi ham yetib ortadi — naq butun olamni kezib chiqqandek boʻlasan! Ularga qarab turib oʻzing ham beixtiyor hamma, hamma narsa toʻgʻrisida toʻqib tashlaging keladi. Gazetani nabiram, koʻpincha esa kuyovim ovoz chiqarib oʻqib berishadi. Qizim bilan kuyovim endi shu yerda yashashadi. Yaqin orada oʻgʻlim uylanadi, uyimizga kelin keladi. Unda men qayoqqa boraman? Boshqa joy topishga toʻgʻri keladi. Narsalarim ham unchalik koʻp emas: karavot, sandiq, ikkita kreslo hamda devor soati. Soatni albatta oʻzim bilan olib ketaman. Bisotimda faqat shugina qolgan. U ham xuddi oʻzimga oʻxshab sharti ketib parti qolgan, faqat u men eslagan narsalarni yodida saqlarmidi? Aftidan, qarshimizdagi uydagi qoʻshnilarimiz meni koʻrib qolishdi shekilli! Qoʻllarini silkitib, chaqirishyapti. Bu yoqqa kel, oʻtgan-ketgandan otamlashib oʻtiramiz, deyishyapti. Oʻtmish haqida, bolalar-nabiralar toʻgʻrisida. Yoʻq, negadir borgim kelmayapti. Toʻr parda ortida yakka oʻzim oʻtirgim kelyapti. Ohista oqshom choʻkyapti. Ming-minglab oqshomlarimdan biri. Devordagi soat chiqillab yurib turibdi. Vaqtni oʻlchayapti. Soat olti boʻlganda olti marta jom uradi. Ba’zida esa yanglishib ham ketadi: soat oʻn boʻlganda atigi uch marta jom uradiqoʻyadi. Soatim buzilib qolganga oʻxshaydi, balki yogʻlash kerakmikin? Darvoqe, uning kimga ham keragi bor? Yanglishsa, yanglishib oʻlmaydimi. Qaytanga shunisi, ya’ni vaqtni butunlay algʻov-dalgʻov qilib yuborishi ming marta yaxshi. Uchni besh qilib, oʻnni esa olti.

* * *

Stolga dasturxon solingan. Radioda «Hoy qiz, sen Cherkeshdan keldingmi», deb kuylashyapti. Yolgʻiz oʻzim kresloda oʻtiribman. Hatto divanga yonboshlab mizgʻib olsam ham boʻlardi. Qachon eshikni taqillatisharkin, deb kutib oʻtiribman. Ana hozir birin-ketin oʻgʻlim, kuyovim, qizim, nabiram kelib qolishadi. Yoʻq, avval kuyovim, keyin qizim bilan nabiram, ulardan kechroq oʻgʻlim keladi. Uy birpasda gavjum boʻladi-qoladi. Ular kun boʻyi boʻlgan voqea-hodisalar, dilsiyohligu xursandchiliklar haqida toʻlib-toshib gapirishadi. Stol atrofiga oʻtirib, soatning buzuq bongi ostida gurunglashishadi. Ularning turmushlari ana shunday bir me’yorda oʻtib borardi.

* * *

Ba’zida xuddi havoga chogʻishib ketgandek, juda yengil boʻlib qolganga oʻxshayman. Uzoqlarda qolib ketgan qishloqda, uzoq oʻtmishda shunday edim. Yoʻqlikka yuz tutgan bolaligim keyinchalik kelinchaklik bilan almashindi. Yolgʻizlikda yolgʻiz edim — turmush qurib abadiy yolgʻizlikka duchor boʻldim. Dilsiyohlik, aldov, koʻz yoshlar boshlandi. Bora-bora hammasiga koʻnikib ketdim. Vaqt esa oqar daryodek gap.

Yoʻq, olis oʻlkalarda emas, mana shu yerda, oyna oldida oʻtiribman. Mana hozir oʻrnimdan turib deraza pardasini kengroq ochib qoʻyaman. Hamma — xonani va u yerda oʻtirgan meni koʻrishsin. Yana bolakaylar deraza oldida uymalashishyapti. Qandaydir mashinani sudrashyapti. Ana toʻpolonu mana toʻpolon! Derazani ochib, poʻpisa qilib qoʻysammikin! Shu vaqt katta avtobus oʻtib qolgani uchun hech kim gapimni eshitmadi. Vaqt nega imillayaptiykin-a? Nega u qimirlamay bir joyda turibdi? Daqiqalar cheksizday choʻzilyapti. Men soatimning chiqillashini eshitmayapman — deraza oldida qimir etmay turibman, hech kim men tomonga qaramaydi, hech kim meni koʻrmaydi va hech kim oldimga kelmaydi ham. Tiq etgan — ovoz yoʻq.

* * *

Koʻchamizda qanchadan-qancha yangi uylar qad koʻtaribdi. Notanish odamlarniku qoʻyaverasiz. Ana qoʻshnimiz sudralib kelyapgi. Qanchalik qarib qopti-ya! U bilan gaplashsammikin. Lekin shu vaqt kalit shiriqladi. Eshikka otildim. Oʻgʻlim. Qoʻlida tugunchalar. «Menga bera qol, oʻgʻlim». U boʻlsa toʻgʻri oshxonaga kirib, hamma narsasini tashlab chiqdi. Charchabdi. Xuddi ichak-chovogʻi agʻdarilgandek rangi oppoq. Erkaklar ishdan mana shunday rang koʻr, hol soʻr, boʻlib kelishadi. Nega men uning nigohini koʻrmayapman? Uning avzoyi buzuq koʻrinadi. Soʻrashmasdanoq, indamay kresloga oʻzini tashladi. Nahotki, men undan ranjisam? Axir, bu mening oʻgʻlimku. U gazetani olib, kecha yechishga ulgurmagan krossvordni yechishga kirishdi. Hozir uning uchun shundan muhimroq hech bir narsa mavjud emas, Men uni kichkintoyligidan bilaman. U daraxtlarga, tepalikning tik yonbagʻriga tarmashgani-tarmashgan edi. Keyin harbiy xizmat. Balki, u uyda hech kim yoʻqligi uchun mana shunday qovoq uyub oʻtirgandir? Ularning hammasi qayoqqa yoʻqolishdiykin? Deraza ortida zulmat quyuqlashib borardi. Hozir fonuslarni yoqishadi. Qoʻngʻiroq jiringladi. Oʻgʻlim sakrab oʻrnidan turib, eshikni ochdi, hammalari—qizim, nabiram, kuyovim kelishibdi. Qizimning koʻrinishi namuncha horgʻin boʻlmasa. Nabiram ancha-muncha oʻsib qopti-ya. Kutyapman. Hozir menga yaqinlashadi-da, quchadi. Yoʻq meni hech kim koʻrmayotganga oʻxshaydi. Balki ular mendan ranjishganmikin? Eh-ha, axir ularning oʻz dunyoqarashlari bor-ku. Balki, hech boʻlmasa oʻsha muhitlarida. meni koʻrib, men bilan gaplashishga vaqt topishar. Axir men shundoqqina yonginalaridaman-ku. Mana, men. Nabiram koptok oʻynayapti. Kuyovim divanga yonboshlab yotibdi. Qizim kechki ovqatga stol tuzayapti. Men oʻz kreslomga chekindim. Shu bugunchalik hech qachon yolgʻiz boʻlmagan boʻlsam kerak. Ha, har doimgidan ham ortiqcha. Nimadir roʻy berganga oʻxshaydi. Hech kim kulmayapti. Toʻngʻillashadi. Qizimga yaqinlashib: «Nega ma’yussan?»—deb soʻradim. U xuddi boʻshliqqa qaragandek qarab turdi-turdida, ogʻiz ochib javob berishga ham arzitmadi. Oh, hammanglar biram tegmanozik boʻlib ketibsizlarki. Yuragim pora-pora boʻlib ketdi. Nahotki, mening shu yerdaligimni bilmasangizlar?! Men mana shu yerda, kresloda oʻtiribman. Zangi buzilgan soatning ovozini eshitib oʻtiribman. Xudoning bergan kuni har kech shu ahvol.

* * *

Ba’zida ulardan jahlim chiqib, oʻpkalab baqirardimda, shol roʻmolga oʻrangancha koʻchaga chopib chiqib ketardim. Ular ortimdan soyadek ergashib chiqishardi. Agar mabodo hozir: «Sizlardan qochib ketaman»,— deychi, qiyo ham boqishmaydi. Balki, rostdanam ketsammikin. Uy oldida bir oz tursam, keyin bozorga borib koʻkfurush, qassobga uchrashsam. Yoki daryo boʻyidagi xiyobonga borsammikin? Yoki qoʻshnimiz Xadichanikiga chiqsammikin. Aftidan, men oʻz uyimga begona boʻlib qolibman. Hattoki oʻz buyumlarim orasida ham. Faqatgina soatimning zangigina oʻzgarmabdi, xolos, Mening oʻzim qayerdadir tashqarida qolib ketganga oʻxshayman. Hech kimning men bilan ishi yoʻq. Xonaga kirsammikin-a? Buyumlarim, kiyim-kechaklarim, sandigʻim, karavot ustidagi yopqichim, chamadonim, koʻhna suratlarim. Xonaning ichidan qulflab olardim. Kalit qayerda ekan?

* * *

Odatdagi oqshomlardan biri. Men har doimgidek oʻzimning kreslomda oʻtirgandim. Boshim aylandi. Kreslo suyanchigʻiga yonboshladim, Ichimda bir nima uzilib ketganini his qildim. Mashina ishlab turuvdi-yu, uning nimasidir darz ketganday boʻldi. Shunday qilib, kreslodan qimirlolmay qoldim. Bu yorugʻ dunyoda qancha yashadim ekan? Oltmish yil?

Men yashashga ulgurgan har bir yilimni oyma-oy, kunma-kun koʻz oldimdan oʻtkazdim. Bolalar tugʻilyb, voyaga yetishdi. Nabiram paydo boʻldi. Men yashagan xonalar, uylar. Xuddi menga kino koʻrsatishayotganday edi. Balki, tush koʻrayotgandirman? Birin-ketin koʻrgan tushlarim bir-biriga qoʻshilib, hayotim mazmunini tashkil etgandir. Mana endi kresloda oʻtiribman. Mana endi divanga yotdim. Qandaydir yetti yot begona odamlar tepamga yigʻilib ketishibdi. Dorilaru koʻz yoshi. Qizim oyogʻimga yopishib olgancha, uni mahkam ushlab turardi. Meni ketkizmaslik uchun shunday qilyaptimikin? Hammalari jonlarini jabborga bergudek yigʻlashgan edi-ya. Hattoki kuyovim ham. Shunday boʻlishi yetti uxlab tushimga ham kirmovdi. Keyin hamma tarqab ketdi, meni esa qayoqqadir olib ketishdi. Ular oʻzlaricha shunday oʻylashgandi. Men boʻlsam shu yerdaman. Deraza oldidagi kresloda oʻtiribman. Oshxonamda kuymalashyapman. Balki, bu oʻlimdir? Men undan shunday qoʻrqardimki. Qabristonning oldidan oʻtish u yoqda tursin, hatto koʻz tashlashga ham yuragim dov bermasdi. Ehtimol, men oʻlgandirman. Ehtimol, men endi yoʻqlikka yuz tutgandirman. Ehtimol, men koʻrinmayotgandirman. Uncha-muncha bilgan duolarim ham yodimdan koʻtarilib ketibdi. Butunlay esimdan chiqibdi. Oʻlim, bu hamma narsani unutish demakdir.

* * *

Qizimning koʻzlari kreslomga qadalgancha baqrayib qoldi. Hech kim unga oʻtirishga jur’at qilmaydi. Mening bu yerdaligimni ular bilisharmikin? Nihoyat, oʻgʻlim; krossvordini bir chekkaga yigʻishtirdi. Nabiram radio eshitgisi keldi shekilli, priyomnikka intilyapti. Radioni qoʻya qol, bolajonim, birga eshitamiz. Balki mening sevimli «Sen Cherkeshdan keldingmi, qizgina», degan ashulani eshittirishayotgandir. Negadir etim uvushyapti. Uzala tushib yotib oldim. Qoʻchaning narigi betidagi uylarda chiroq yoqildi. Derazadan soyalar yaqqol koʻrina boshladi. Biznikida esa qop-qorongʻi. Bolalarim undan-bundan ohista suhbatlashib oʻtirishibdi. Mana shu taxlit yana bir kun oʻtib, yana bir tun oʻz hukmiga kirdi.
— Men uchun esa na kunning va na tunning farqi bor. Men har doim shu kreslomga mixlanib oʻtiraman. Ular meni boshqa joylardan qidirib ovora boʻlib yurishmasin deyman-da.

* * *
Men barhayotman! Chiroqni yoqinglar! Radioni qoʻyinglar! Jilmayinglar! Men sizlarning shoʻx-shodon kulgilaringizni, ovozingizni eshitishni xohlayman. Men yashayman. Sizlar ham uzoq umr koʻringlar. Yoʻq, tushunishmayapti. Axir, bir kun kelib, ular ham mening holimga tushishlari aniq, ular oʻshanda kresloda, stolda, kitobda, devor soatida yashay boshlaydilar. Chunki har bir mavjudotning oʻz boshpanasi, mangulikka yuz tutguncha yashaydigan oʻz makoni boʻladi. Mening boshpanam. mana shu koʻk kreslo. Yana buzilgan soatim uch marta bong urdi — demak, kechki yetti boʻlibdi. Oʻgʻlim shivirlagancha: «Soatimiz rosayam aldaydi-da.»— dedi. Hammalari devorga uzoq tikilib qolishdi. Hech kimdan sado chiqmasdi.