OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiAbdulla qovunchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Abdulla qovunchi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Sevgining koʻzi koʻr deyishadi. Toʻgʻri ekan. Koʻr boʻlmasa, menga Abdulla qovunchi yoqib qolarmidi? Ba’zida xoʻrligim kelganidan yigʻlayman. Ba’zida, bor-e, xudo olsin oʻshani, boshqa yigit qurib qoldimi deymanu, klubga chiqaman, qizlar bilan oʻyin-kulgi qilib, oʻzimni ovutaman. Ammo uyga qaytib chiroqni oʻchiramanu, yuragim orqamga tortib ketadi, bir nima tomogʻimga kelib tiqilganday boʻladi. U yonimga agʻdarilaman, bu yonimga agʻdarilaman, boʻlmaydi, koʻz oldimdan kulib turgan basharasi oʻtaveradi. Shunchalik yoqimtoy boʻladimi odam dunyoda? Qalin qora qoshlari ostidagi qoʻy koʻzlari doim kulib turadi, gapirganida xuddi ashula aytyapti, deysan kishi! Faqat bitta aybi bor: har oʻn kunda sochini ustarada oldirib turadi. Buning ustiga uch tiyinlik odekolondan septirib keladi deng, odamning koʻngillari aynib ketadi. Boshqa yigitlarga oʻxshab soch oʻstirsa, chiroyli qilib yonigami, orqasigami yotqizib tarab qoʻysa, qanday yaxshi. Yoʻq, bunday qilmaydi. Balki, shunday qilmagani tuzukdir. Agar soch qoʻysa, oʻrtoqlariga oʻxshab uqa tutgan koʻylak kiysa bormi, qizlarning boshini aylantirib qoʻyishi hech gap emas. Aylantirganda ham mayli edi, tinchroq yurardim. Qishloqqa kelgan kunimoq oʻziga sehrladi-qoʻydi. Mashinadan toʻgʻri idoraning oldida tushdim, chamadonimning ustida birpas oʻtirdim. «Mana, yaxshi qiz, shu bugundan boshlab oyingizning qaramogʻidan chiqdingiz, holingiz nima kechar ekan?» — dedim oʻzimcha. Keyin ichkariga kirdim. Raisning xonasidan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovush eshitilardi. Kirishimni ham, kirmasimni ham bilmay, beixtiyor quloq sola boshladim.
— Uka, senga ming marta aytdim, — derdi zarda bilan yoʻgʻon ovoz. — Menga qovun kerak emas, ha, paxta kerak. Kolxozning obroʻyini oshiradigan ham, uning yuzini yerga qaratadigan ham — paxta. Buni etagini tugib yurgan bola ham biladi-yu, sen bilmaysan. Boshqa bir qarich ham yer bermayman.
— Atigi besh gektar, Sulayman aka, xoʻp deng, — yalinganomuz ingichka ovoz eshitildi. — Uchtepaning pasti bekor yotibdi, juda boʻlmasa shuni bering, qovun ham kerak-ku, axir!
— Bermayman, dedim, bermayman. Tushingni suvga ayt.

Xonaga jimlik choʻqtsi. Eshikni taqillatib ichkariga kirdim. Roʻparamda noppa-nozanday yigit turardi. Keng yelka, baland boʻy... Meni koʻrib uyaldi shekilli, qip-qizarib ketdi. Salom berdim. Rais kelib qoʻlimdan ushladi, keyin ensasi qotib yigitga ishora qildi.
— Tanishing: brigadir — Abdulla qovunchi. Qovundan boshqa dardi yoʻq.

Abdulla qovunchiga qaradim. Yuragim jiz etib ketdi. Nega? Oʻzim ham bilmayman. Sulaymon aka menga bir olayib qoʻydi-da, shosha-pisha Abdulla qovunchini chiqarib yubordi. Jahl bilan nimalarnidir tushuntirdi.

Tavba, nega shu kolxozga keldim? Boshqa kolxozlar ham agronom soʻrashgan edi-ku!

Qizlar kechqurunlari yotoqxonada yotganimizda sevgi haqida koʻp gapirishardi. Ammo men bir koʻrishdayoq koʻngil qoʻyishimga sira aqlim yetmas edi. Nahotki, sevib qolgan boʻlsam?! Oʻzimni oʻzim aldab, uni oʻylamaslikka harakat qilardimu, ammo bu qoʻlimdan kelmasdi. Kunduzi ham uni oʻylayman, kechasi ham. Dalaga chiqsam, beixtiyor otni uning brigadasiga buraman. Oʻzini koʻrmasam, qizlarni gapga solaman, uning kimligini bilib olishga harakat qilaman. Kelganimga bir hafta boʻldimi-boʻlmadimi, bilmadim, uning toʻgʻrisidagi hamma gaplarni bilib oldim.

Abdullajon oʻn uch yasharligida otasi frontga ketibdi, onasi bilan yolgʻiz qolibdi. Oʻqishdan kelar ekanu, dalaga, onasining yoniga chopar ekan. Oʻyin nimaligini bilmas ekan. Hali pomidorning tagini chopgan, hali piyoz oʻtoq qilgan, kechalari onasining yoʻq, deyishiga qaramasdan, chaylada qovun polizni qoʻriqlab chiqar, ertalab oʻrtoqlari bilan pochtaga yugurar ekan. Oradan bir yil oʻtibdi. Shu bir yil ichida otasidan atigi ikkita xat kelibdi. Bittasida: «Oʻgʻlim, arzanda, yakkayu yagona oʻgʻlim, hali urushning oxiri koʻrinmaydi. Men albatta dushmanni yoʻq qilmaguncha qaytmayman. Onangizga ehtiyot boʻling, uni sizga topshirdim. Uchtepaning orqasidagi qovunlardan xabar olib turing. Ogʻilxonaning boʻgʻotidagi eski telpakda gʻalati qovun urugʻ bor. Fargʻonadan olib kelganman. Kuchingiz yetsa, shuni koʻpaytiring. Sizni sogʻingan otangiz — Hamidulla qovunchi» — deb yozibdi otasi. Ikkinchisini... ikkinchisini oʻzi yozmabdi, rota komandiri yozibdi. Bu xat butun qishloqning toʻs-toʻpolonini chiqarib yuboribdi. Bu — qoraxat ekan.

Abdullajon shu xat kelgandan keyin uch kun koʻrinmai ketibdi. Toʻrtinchi kuni saharda uyga qaytib, otasining ketmonini olibdi-da, Uchtepaga qarab joʻnabdi. Shu-shu, butun respublikaga dongʻi ketgan qovunchi Hamidulla akaning oʻrnini uning oʻgʻli Abdullajon egallabdi. Otasi yetishtirolmagan qovunlarni yetishtiribdi. Haqiqatan ham qovun polizga borsangiz, ogʻzingiz ochilib koladi. Sap-sariq oltinday choʻgirlar, koʻk beqasam toʻn kiyib, qator chuzilishib yotgan ananaslarni yegani koʻzingiz qiymaydi. Oʻtgan yili Moskvaga koʻrgazmaga bizning xoʻjalik nomidan Abdullajon oʻz qovunlari bilan qatnashdi. Juda qiziq boʻldi. Kechqurun rais bilan omborda qaysi brigada qancha narsa topshirganini tekshirib oʻtiruvdik, darvozadan Ab-dullajon eshak arava xaydab kelib qoldi. Aravaning usti brezent bilan yopilgan.
— Ha, qovunchi, bu nima qiliq? — dedi rais hayron boʻlib.
— Qovun olib keldim, — Abdullajon nimagadir iljayib qoʻydi.
— Mashina qurib qoldimi?
— Zaxa yeydi.
— Zaxa yesa, bittasi yeydi, ikkitasi yeydi, tezroq yigʻishtirishni oʻylash kerak, uka!
— Oʻzi bitta-da.
— Bitta? Nima bitta?
— Qovun bitta.

Abdullajon jilmayib qoʻydi. Brezentni olgan edi, ogʻzimiz ochilib qoldi. Umrim bino boʻlib bunaqa katta qovunni koʻrmaganman. Aravani bitta oʻzi egallabdi-qoʻyibdi, desam lof boʻlmas. Sulaymon akaning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.
— Yasha, oʻgʻlim! — dedi Abdullajonni peshonasidan oʻpib. — Seni bilmagan ekanman. Rahmatli otangdan ham oʻtib ketding.
— Endi yer berarsiz-a, rais? — dedim qulay paytdan foydalanib.
— Yer? Ha, aytganday... yer... — Sulaymon aka oʻylanib qoldi, keyin qoʻlini bir siltadi-da. — Mayli, qancha kerak? — deb soʻradi.
— Ellik gektar.
— Ellik gektar?! Hay, mayli olgin! Rais shu zahotiyoq rayonga telefon qilgani ketdi. Abdullajon yonimga kelib:
— Rahmat, — dedi va qoʻlimni shunday siqdiki, «dod» deb yuboray dedim.
— Sizga... sizga rahmat, — dedim zoʻrgʻa qoʻlimni ishqalab turib. — Shunday qovun yetishtirish hazil ish emas.

Shu payt Sulaymon aka kelib qoldi.
— Boʻldi, — dedi u Abdullajonning yelkasiga qoqib. — Ertaga rayondan odamlar kelishadi. Moskvaga joʻnaysan.

Haqiqatan ham rais aytganday boʻldi. Bir hafta oʻtar-oʻtmas Abdullajon koʻrgazmaga joʻnadi. U yoʻgʻida oʻtkazgan oʻn besh kunim oʻn besh yil boʻlib ketdi. Shu kunlari uni sevib qolganimga chippa-chin ishondim. Biroq nima qilish kerak? Miq etmaydi. Faqat ishdan gaplashadi. Boshqa yigitlarga oʻxshab klubga chiqmaydi, chiqsa ham bir burchakda oʻtirib olib, iljaygani-iljaygan. Mayli, qaytsin-chi, oʻzim bilaman nima qilishni! Institutda yigitlar: «Sening tiling yomon!» — deyishardi hazillashib. Shu tilimni ishga solaman. Ammo u qaytdi ham, ishga tushdi ham, lom-mim deb ogʻiz ocholmadim. Qaytaga ilgarilari bemalol gaplashadigan odam, endi u bilan yolgʻiz qolsam, tilim tanglayimga yopishadi-qoladi. Moskvadan qaytgan kuni idorada ancha oʻtirdik. Butun koʻrgan-bilganlarini gapirib berdi. Xuddi sehrlab qoʻyilgan odamday, undan koʻzimni uzolmayman. Ozarbayjondagi qaysi bir kolxoz choʻgirining urugʻidan soʻrabdi. Xullas, «Oʻzbekiston paviloni» kunda gʻuj-gʻuj odam emish. Hamma tarqalgach, u meni kuzatib qoʻymoqchi boʻldi. Biram sevinib ketdim!
— Ovora boʻlmang, — dedim joʻrttaga beparvolik bilan.
— Ovorasi bor ekanmi? Yuring!

Yoʻlga tushdik. Menga qishloqning chekkasidan uy berishgan. Katta koʻchani qoʻyib, chapga burildim. Shu yoq sal uzoqroq.
— Charchamayapsizmi? — soʻradi Abdullajon yonma-yon borar ekanmiz.
— Charchash qayoqda! — dedim kulib. — Charchashga qoʻl ham tegmaydi.
— Rost aytasiz. Men ham ishni juda sogʻinib qoldim. Oʻn besh kun ikkala qoʻl choʻntaqda yursa-ya! Aytganday, bizning brigadaga ham borib turibsizmi? Ishlar qalay?

Ustimdan birov bir chelak suv quyganday boʻlib ketdi. Boshim aylandi, toʻxtab qoldim.
— Ishlar yaxshi! — dedim xoʻrligim kelib. — Brigadangizning ishlari yaxshi! Piyoz oʻtoq qilindi... kechki... kechki qovun chopib qoʻyildi... garmdori sugʻorildi... Yana nimani gapirib beray?
— Mavjudaxon, nima boʻldi? — Abdullajon oʻzini yoʻqotib qoʻydi. — Mendan xafa emasmisiz?
— Yoʻq, sizdan xafa emasman, — dedim labimni tishlab. — Tishim ogʻrib qoldi. Bu yogʻiga oʻzim ketaman, rahmat.
— Kuzatib qoʻyay? Yolgʻiz oʻzingiz...
— Rahmat.
— Mavjudaxon, axir...
— Yoʻq, yoʻq, — dedim zarda bilan. — Siz ishingizdan qolmang.

Shunday dedimu kuchim boricha uyga yugurdim. Kelib yechinmasdan oʻzimni karavotga tashladim-da, toʻyib-toʻyib yigʻladim. Tavba, qanday odamlarki, ishdan boshqa narsani bilmaydi?!

Shu alfozda mana bir yil oʻtdi. Oʻzimni undan olib qochganim sari unga intilaman. Ammo, Abdullajondan hech qanday sado yoʻq. Gaplashsak, bir-birimizga qaramay gaplashamiz. Abdullajon ham mendan oʻzini olib qochadigan boʻlib qoldi. Saharda dalaga ketadi, qorongʻi tushganda qaytadi. Idoraga ham chaqirtirilganda keladi.

Alamimni ishdan oladigan boʻldim. Kunning issigʻiga, sovugʻiga qaramay, dalama-dala yuraman. Hatto, kechalari oʻsha yoqlarda qolib ketaman. Toʻrt yuz gektar yangi yer ochdik. Shuning yarmisiga paxta ekdik. Qolganiga meva koʻchatlari oʻtqazib chiqdik. Abdulla qovunchiga oʻsha va’da qilingan ellik gektar yer berildi. Shu paytgacha uni bunday deb atamas edim. Endi aytaveraman. Bir kuni, hatto majlisda ham shunday deb yubordim.

Eh, nega oʻgʻil bola emasman-a! Shartta oldiga borardim-da: «Yaxshi yigit, rostini ayting, anavi qiz sargʻayib ketdi-ku, koʻnglingiz bormi-yoʻqmi?» — deb soʻrardim. Yoʻq desa-chi? Oʻzimning bu bema’ni xayolimdan oʻzim seskanib ketdim. Yoʻq, Abdullajonsiz hayot-hayot boʻlarmidi? Qirdan juda charchab kelgan boʻlsam ham, oʻrnimdan turdim, kostyumimni yelkamga tashlab, koʻchaga chiqdim. Qorongʻi tun. Klubdan qandaydir muzika eshitilyapti. Daryo tomonga yurdim. Hech zogʻ yoʻq. Bitta-bitta qadam tashlab, olmazordan oʻtdim. Oyogʻim ostida xazon yoqimli shitirlaydi. Bulut orasidan oy suzib chiqdi. Toʻlqinlanib oqayotgan daryo kumushdek yaltirab ketdi. Yaqinroq borib tomosha qila boshladim. Shu payt, shu payt...
— Mavjuda! — deb qoldi tanish ovoz.

Yalt etib orqamga oʻgirildim: Abdullajon!
— Salom!— dedim hovliqib, ertalab koʻrishgan boʻlsak ham.
— Salom. Nima, uyqingiz kelmayaptimi?
— Ha, — dedim jilmayib. — Siz-chi?
— Menmi? Men... — Abdullajon ham jilmaydi.
— Kechasi sayr qiladigan odatim bor. Shunday bir aylanib kelmasam, uyqu kelmaydi.
— Qachondan beri?
— Bir yildan oshib qoldi.
— Uxlatadigan dori iching.
— Ichib koʻrdim, foyda bermayapti.
— Boʻlmasa...
— Mavjudaxon!
— Labbay?
— Bilasizmi?
— Nimani? Abdullajon yutindi.
— Yuring, hov anavi yoqqa borib kelamiz. Maylimi?
— Mayli, — dedim joʻrttaga eringanday boʻlib, ammo ichimda «bor ekansiz-ku, yaxshi yigit», deb qoʻydim.

Biz ancha sayr qildik. Osma koʻprikdan oʻtib, bedazor boʻylab ketdik. Bir mahal qovun polizga kelib qolibmiz. Abdullajon bitta qirqmani uzib chiqdi. Etigining qoʻnjidan pichogʻini olib, shunday tegizgan edi, jonivor «tars» yorilib ketdi. Sovuqdan tishim-tishimga tegmay tursa ham, bir tilim oldim. Biram shirin.
— Dunyoda bundan ham shirin narsalar bor, — dedi Abdullajon.

Hayron qoldim. Gapiga emas, uning jur'atiga hayron qoldim. Ammo oʻzimni eshitmaganga solib, indamadim. Buni payqadi shekilli:
— Yanagi yilga shu urugʻdan koʻprok ekaylik, — dedi qovun polizga suq bilan qarab.
— Avval tajriba qilib koʻraylik, — dedim unga qoʻshilib. — Keyin mayli.
— Yordam berasiz-a?
— Albatta.
— Yaxshi chiqsa, qishi bilan buzilmay turadigan qovun boʻladi-da.
— Turing, ketdik. Kech boʻlib qoldi.

Yoʻlda Abdullajon churq etmadi. Men ham jim bordim. Gapning nima keragi bor? Ikkalamiz ham oʻz xayolimiz bilan bandmiz. U nimalarni oʻylayotganikin? Balki qovunlarini oʻylayotgandir? Mayli, oʻylasa, oʻylayversin! Oʻyi bor odamning yuragi bor. Balki shuning uchun ham uni yaxshi koʻrgandirman. Men-chi, men uni oʻylayapman. Oʻylasam arziydi.
— Mavjuda, — dedi Abdullajon olmazorga yetganimizda.
— Labbay?
— Ertaga... ertaga ham chiqasizmi?

U shu topda yosh bolaga oʻxshab ketdi: koʻzlari javdir-javdir qilardi.
— Chiqaymi? — dedim jilmayib.
— Ha, albatta chiqing.

Uyga qushdek uchib keldim. Keldimu, yechinmasdan oʻzimni karavotga tashladim va anchadan beri birinchi marta tinch, orom olib uxladim.