OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Bahor (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiBahor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bahor (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Lola sayli juda gashtli boʻldi. Quyosh tepamizga kelguncha ikki quchoq-ikki quchoqdan lola terib qoʻydik. Sobirjonning sevinchi ichiga sigʻmasdi. Kasaldan yaqinda turgan boʻlsa ham, xuddi yosh boladek u yoqdan-bu yoqqa sakrab chopar, koʻm-koʻk maysalar ustiga dumalardi.
— Urinib qolasan, — dedim oxir, peshonasidagi terni koʻrib.
— Kasal boʻlmagandekman, — dedi u choʻkkalab. — Faqat belim sal ogʻridi.
— Oʻtir, choy ichib olamiz.

Lolazor chetida turgan mashinamizdan adyol bilan termos olib keldim. Sharqirab oqayotgan jilgʻa yoiiga oʻtirdik.
— Bahorda, albatta u yoq-bu yoqqa chiqish kerak ekan, — dedi Sobirjon peshonasidagi terni artar ekan. Uning charchaganligi sezilib turardi. — Chiroyli joylar koʻp, qarab toʻymaysan kishi.

Biz borgan joy haqiqatan ham goʻzal edi. Bir tomoni togʻ, bir tomoni koʻm-koʻk dala. Olisda kumushdek tovlanib daryo oqmoqda. Lolazor esa, xuddi mohir toʻquvchi qoʻlida toʻqilgan chorsi qizil gilamga oʻxshardi.
— Anavi choʻqqiga qara, — dedi Sobirjon zavq bilan. — Xuddi oq yaktak kiyib ot surib ketayotgan chavandozga oʻxshaydi. Shu yoqqa bu chiqsam!
— Hozir emas, — dedim men. Uning buyragini operatsiya qilishgan edi. — Keyinchalik. Yanagi yilga.
— Sen ham vrachlardan battarsan.

Sobirjonning ensasi qotdi. e’tibor bermadim. Aslida uning zavqiga men ham sherik edim. Ertalab lolazorga kelganimizdayoq, shu choʻqqiga bir chiqsam, deb qoʻygan edim.
— Vrachlarni menga pesh qilma, — dedim. — Mening ham chiqqim bor. Lekin uzilib qolishing mumkin.
— Shu gapni kechadan beri eshitaman. Dadam tinishi bilan oyim boshlaydi. Meni hali ham kasal deb oʻylashadi shekilli.

Kuldim.
— Nega kulasan? — soʻradi Sobirjon.
— Oʻzim, shunday. Hali ham bolaliging qolmabdi. Oʻzingdan boshqaga ishonmaysan. Kel, yaxshisi yonboshla.

Sobirjon indamay yonimga chuzildi. Boshidagi adyol tagiga termosni qoʻydim. Shu payt qarsillagan miltiq ovozi eshitildi.
— Nima? — dedi Sobirjon sakrab oʻrnidan turib.

Biqinidagi chandiq tortilib ketdi shekilli, ingrab yubordi. — Birov miltiq otdi, — u biqinini ushlab yana yotdi.
— Ha, birov miltiq otdi, — dedim unga qoʻshilib.

Birdan lolazorning oʻrtasi chayqalib ketdi. U yerdan koʻzimni uzib ulgurmagan edim, lolazorning etagi chayqaldi, qalpokdek oppoq bir narsa sakragan boʻldi, erta ochilgan lolalar uning zarbidanmi, yo togʻdan esib kelayotgan shabadadanmi tanga-tanga boʻlib toʻkildi. Olisda halloslab chopib ketayotgan bir odam koʻrindi. Qoʻlidagi miltiq tasmasi yerga tegay-tegay deb turardi. Mashina yoniga yetgach, shartta lolazor tomonga yugurdi. Tasma lolalarni bir tekisda sindirib kela boshladi. Bu, chopishiga xalaqit bersa ham, u parvo qilmasdi, aksincha, miltiqni siltab-siltab qoʻyardi. Bizning roʻparamizga kelgach, u toʻxtadi. Qoʻnji bukib qoʻyilgan rezinka etigi bilan lolalarni toptay boshladi. Ba’zan miltiq uchi bilan u yer-bu yerni turtib ham qoʻyardi. U shu qadar berilib nimanidir qidirardiki, hatto bizni koʻrmas, jigarrang qorakoʻl telpagi ostidan tirishib turgan peshonasidan yuzlariga oqib tushayotgan terni ham sezmasdi.
— Bu nima qiliq? — soʻradi Sobirjon boshini koʻtarib.
— Kim biladi, — dedim, — bir narsa qidirayotganga oʻxshaydi.
— Shunaqa qidiradimi?!

Sobirjonning gʻazabdan lablari koʻkarib ketdi.

Mening ham jahlim chiqa boshladi. Boyagina biz sayr qilgan, yashnab turgan joyning toptalib rasvosi chiqqan edi.
— Ho, aka, nima qilyapsiz? — qichkirdi Sobirjon. Lekin kuchi yetmadi, boʻgʻilib qoldi. Keyin yoʻtal tutdi, biqinini changallaganicha menga suyandi.

Men uni sekin yotqizmoqchi boʻldim, lekin u yotmadi. Lolazor tomonga oʻgirildi. Biroq boyagi odam yoʻq edi. Atrofga qaradim. Hech qaerda yoʻk, goʻyo yer yorilganu, tagiga kirib ketganday.

Ichimda sevindim, lekin kayfiyatim buzilgan edi. Boyagina butun vujudimni qoplab turgan xushchaqchaklikdan asar ham qolmadi. Toptalgan lolazorga qadalib qoldim. U xuddi bemahal qoʻzgʻalgan dovuldan keyin yer bilan bitta boʻlib yotgan qulupnay donalarini eslatardi.
— Nima qilib ketdi-a? — dedi titrab Sobirjon.

Indamadim. Shu mahal meni ham titroq bosdi. Lolazor etagida haligi odam turardi! U telpagini yechdi. Qora namatdek boshidan gup etib bugʻ koʻtarildi. Pidjagining yengi bilan yuz-koʻzlarini, peshonasini artdi. Keyin telpagini ikki qoʻli bilan bostirib kiydi. Bir qoʻliga miltigʻini, bir qoʻliga oppoq bir narsani olib biz tomonga yurdi. Miltiq tasmasi lolalarni yana chirt-chirt uzib kela boshladi.

Qoʻllarim oʻz-oʻzidan musht boʻlib tugildi. Sobirjon ham unga qarab turgan ekan:
— Bir boplaymizmi? — dedi.
— Boʻldi, — dedim qat'iy. — Lekin sen aralashmaysan.
— Nega? — Sobirjon hayron boʻldi.
— Sen yotaver. Bir huzur qilay. Menga qoʻyib ber. Maqsadimni unga aytmadim. Xafa boʻladi. Operatsiyasi hali bitmagan, innaykeyin oʻzi inqillab turibdi. Biqiniga tushirib qolsa, tamom. Yana kasalxonaga joʻnaydi.
— Menga qoʻyib ber. Bir huzur qilay, anchadan-beri oʻzi qoʻlim qichib turibdi.
— Nima qilasan? — soʻradi u.
— Odatdagidek. Chap qoʻl bilan.

Sobirjon tushundi, indamadi. U ham bu usulni bilardi. Institutda birga oʻrgangan edik.
— Sen yotaver. Ma, choy ich.

Sobirjon yonboshladi. Adyol tagidan termosni olib choy quyib berdim.

Ovchi roʻparamizga kelib toʻxtadi. U menga ikkita kelardi. Qoʻlidagi narsa esa, tumshugʻi qonga boʻyalgan oppoq quyon edi.
— Chekishdan bormi? — soʻradi u beparvolik bilan.
— Chekkingiz keldimi? — dedim men va sekin oʻrnimdan turdim. — Chektiramiz hozir...

Sobirjonni yoʻtal tutdi. Orqamga oʻgirildim. Nimadir tufligimga sachradi. Sobirjonning koʻngli agʻdarilayotgan edi. U ikki bukchayganicha ariqqa intilardi. Belidan quchoqladim. U oʻziga kelganida ovchimiz royib boʻlgan edi.
— Quyonni... quyonni koʻrdingmi? — dedi Sobirjon koʻz yoshlarini artar ekan.
— Koʻrdim, — dedim. — Juda katta ekan.
— Koʻnglim agʻdarilib ketdi, — dedi u. — Tumshugʻini koʻrdimu shunaqa boʻldi, meni kechir.
— Hechqisi yoʻq, boʻladi, — dedim men.
— Kel, choy ichamiz, — dedi Sobirjon.

Termos qopqogʻini toʻlatib uzatdim. Keyin oʻzim ichdim.
— Ketamizmi? — soʻradi Sobirjon bir ozdan soʻng.
— Ketamiz, — dedim men.

Narsalarimizni yigʻishtirdik. Mashinaga oʻtirganimiz-da:
— Har holda bu yoqqa chiqqanimiz yaxshi boʻldi, — dedi

Sobirjon kulishga harakat qilib.
— Yaxshi boʻldi, — dedim men ham.

Yoʻlga tushdik.

Kun ogʻa boshlagan edi. Mashina isib ketdi. Dala joyda shunday boʻladi, Sobirjonning peshonasini hatto ter qoplay boshladi. Oynani tushirdim. Gup etib muzdek havo yuzga urildi. Tez ketayotgan ekanman, Sobirjon entikib ketdi.
— Oʻpkam yoriladi, — dedi kulib.
— Havo yaxshi. Toʻyib ol. Yana bu yerlarga kelamizmi, yoʻqmi!
— Kelamiz, — dedi Sobirjon. — Kelgusi yakshanba yana kelamiz. Toʻyib-toʻyib shimamiz bu havolarni.

Qishloqqa kirdik. Ikki tomonimizdan bargak yozgan tollar lipillab oʻta boshladi. Peshayvonli sariq bino oldidan oʻtayotganimizda bir bogʻlam siren koʻtargan kichkina bir qizcha bizga qoʻl silkib qoʻydi.
— Tugʻruqxona, — dedi Sobirjon. — Oyisini koʻrgani kelganga oʻxshaydi. Bahorda tugʻilish ham kayf-a?
— Kayf, — dedim unga qoʻshilib.

Tabiat bilan baravar koʻz ochasan. Goʻzallikdan boshqa narsani koʻrmaysan.

Uning nima demoqchi ekanligiga tushundim.
— Odamlar har xil boʻladi.
— Bu masalada bir xil boʻlgani yaxshi edi, — dedi Sobirjon. — Goʻzallikning foydadan boshka nimasi bor?!
— Sezyapsanmi? — soʻradim undan.
— Nimani?
— Birov kabob pishiryapti.
— Ha, — dedi Sobirjon men tomonga suqilib. Uning oynasi berk edi. — Choyxonada boʻlsa kerak.
— Choyxonada boʻlsa bittadan yeb ketamiz.
— Menga toʻgʻri kelmaydi, — dedi Sobirjon biqiniga ishora qilib.

Yeqimli hid borgan sari yaqinlashib, dimoqni qitiqlay boshladi.
— Pista koʻmirga oʻxshaydi, — dedi Sobirjon oʻzi tomondagi oynani tushirib. — Ha, pista koʻmir.

Mashina soy boʻyidagi tolzorga yaqinlashdi. Choyxona shu yerda edi.
— Toʻxta, — dedi Sobirjon. — Bittadan yeb ketamiz.
— Ixtiyoring.

Mashinani qishdan nurab chiqqan supa yonida toʻxtatdim. Kabob qoʻra shu supa ustida edi.
— Jigar kabob! — Sobirjon ishtaha bilan lablarini yalab qoʻydi.

Choyxonaga kirdik. U boʻm-boʻsh edi. Faqat toʻrdagi soʻrida tizzasi ustidagi toʻrt buklogʻlik choponiga tirsaklarini tirab bir chol choy ichib oʻtirardi. U bir choydan hoʻplab, soʻlib qolgan yalpiz hidlardi.

Soʻrashdik.
— Teshavoy, ha, Teshavoy! — qichqirdi chol choyxonaning burchagidagi eshikka qarab. — Mehmonlar keldi!

Koʻp oʻtmay, eshik ochilib, kalta, oq xalat kiygan yigit chiqdi. U bir patnis goʻsht koʻtarib olgan edi.
— Avval mehmonlarga qarasang-chi! — dedi chol.
— Chiqdim-ku, — dedi choyxonachi. — Bu kishi ham tiqilinch qilib qoldi.
— Labbay? — ichkaridan kimdir chiqdi.

Bu boyagi ovchi edi. Oʻrnimdan turib ketdim. Sobirjon shoshib yengimdan tortdi.
— Qoʻy, kayfiyatini buzma, — dedi yalingansimon.
— Labbay, — dedi yana ovchi choyxonachiga.
— Bir soatlarda tayyor boʻladi deyapman, — dedi choyxonachi cholga koʻz qisib qoʻyib. — Bir aylanib keling.

Ovchi bizga nazar tashlab, tashqariga chiqib ketdi. Orqasidan choyxonachi ham chiqdi va shu zahotiyoq bir choynak choy bilan ikkita piyola koʻtarib qaytib keldi.
— Koʻk choy olib keldim-a? — dedi oldimizga ularni qoʻyarkan. — Choʻllagan boʻlsalaring kerak.

Biz, mayli deganday, boshimizni qimirlatdik.
— Nima deydi ovchi? — soʻradi chol yalpizni moʻyloviga surkab.
— Jarkop, — dedi choyxonachi. — Boya quyon otibdi. Xoʻsh, nima beray? Kabob bor, — u bizga oʻgirildi.
— Rahmat, hech narsa, — dedi Sobirjon shoshib.
— Hech narsa, — dedim men ham. — Yana bitta choy bering.

Koʻz oldimga ogʻzi qonga boʻyalgan oppoq kuyon, toptalgan lolazor kelib ketdi.
— Mehmonlari bor ekan-da, — dedi chol.
— Mehmonlar nima qiladi! — choyxonachi yonimizga oʻtirdi. — Doim ahvoli shu. Xotini ketib qolib, battar boʻldi.
— Kim oʻzi u odam? — soʻradi Sobirjon.
— Shu yerlik, — dedi choyxonachi ensasi qotib. — Bizda hosilot bor edi. Uzoq yili qirda otdan yiqilib oʻtgan. Oʻshaning oʻgʻli.
— Men ham eshituvdim xotini ketib qolganini, — dedi chol. — Qirda allanima qidirib yurgan givolog bilan ketib qolibdimi?

Choyxonachi boshini qimirlatdi.
— Obbo zangʻar-ey! Epchil ekan-da?
— E, gap epchillikdami? — choyxonachi tashqariga chiqib, yana bir choynak choy olib keldi. — Yaxshi dam yedi, manavidan ichinglar.

Choy chindan ham yaxshi boʻlibdi. Eskisini toʻkib tashlab, yangisini piyolalarga quydim.
— Kayf, — dedi Sobirjon bir hoʻplab.
— Gap epchillikda emas, — choyxonachi gapida davom etdi. — Yaxshi odamdan kim ketadi? Necha yildan beri taniyman, ogʻzidan bir marta ham shirin gap eshitmabman-a! Tagʻin ham xotini fil ekan. Biznikilar shunaqa boʻlsak, bir kun ham turmaydi. Qoʻlingizga chiptangizni berib, «fisht-t», deydi. Tagʻin ham xotini fil ekan.

Choyxonachi boshini sarak-sarak qilib qoʻydi.
— Nima, givolog bilan anchadan beri don olishib yurar ekanmi? — soʻradi chol.
— Bunisini bilmadim, poylaydigan odatim yoʻq. — Choyxonachi qoshlarini chimirib, biz tomonga qarab qoʻydi. Keyin sirli ohangda dedi: — Godovoydan keyin «akamlar» bir oycha yoʻq boʻlib ketdilar. Ekspeditsiya endi ish boshlagan payt edi. Oʻshanda oʻsha novcha geolog uylariga kirib yuruvdi. Ilgaridan tanish ekan-da.
— E-e... — dedi chol.
— Suvonqul akaning kenjasi ham soy boʻyida bir kuni kechqurun koʻrgan ekan. U uch kundan beri yoʻq. Geolog ham yoʻq.
— Yaxshi boʻlmapti, — dedi chol. — Yaxshi boʻlmapti.
— Oʻzidan koʻrsin! — dedi qat'iy qilib choyxonachi va toʻgʻrimi, deganday, bizga qarab qoʻydi.

Hech kim javob qilmadi.
— Oʻzidan koʻrsin, — dedi oʻrnidan turib choyxonachi yana.
— Soat necha boʻldi, mehmon?
— Olti.
— Chiqay, ovqatini qilib beray. Toʻpoloniga toqatim yoʻq. — U chiqib ketdi. Biz ham turdik.
— Oʻtiribsizlar-da, — dedi chol.
— Rahmat, boraylik, — dedi Sobirjon. — Xayr.
— Kelib turinglar.
— Rahmat, — dedim men.

Choynak yoniga bitta tanga tashlab tashqariga chiqdik. Kun soviy boshlagan edi.
— Negadir juda yengil tortib ketdim, — dedi Sobirjon mashinaga oʻtirganimizda.
— Bahor-da, bahor! — dedim men.

Mashina yeldek uchib ketdi. Oynalarni koʻtarmadik. Oqshom tusha boshlagan edi. Muzdek shabada oʻt-oʻlan hidini dimoqqa urib, yuzimizni silab borardi.

1964