OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiBahor nafasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bahor nafasi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Tungi smenadan qaytardim. Kun hali erta. Endigina rang olib kelayotgan barkashdek quyosh togʻlar ortidan koʻtarilmoqda edi. Koʻcha jimjit. Onda-sonda pishqirib yuk mashinalari oʻtib qoladi. «Gurr» etib chumchuqlar galasi yerga qoʻnadi-yu, chirqillab yana koʻzdan gʻoyib boʻladi. Qaerdadir, tepada erta koʻchib kelib, yolgʻizlikda qorongʻi tunni oʻtkazgan bulbulning oʻqtin-oʻqtin nolishi eshitiladi. Dam achinasan, dam uning mungli nolasiga quloq berib, yangi faslning qanot yozayotganiga quvonasan kishi. Quvonasanu beixtiyor koʻzlaringni begʻubor moviy osmonga tikasan, tong havosini oʻpkang toʻlguncha shimirasan. Ariq boʻylaridagi endigina barg yozayotgan tollarga, baland-past devorlar or-qasidagi mevalarning oq, pushti, qizil gullariga tabassum bilan qaraysan, charchoqlaring unutiladi.

Har bahor shunday. Har bahor shu manzara takrorlanadi. Har bahor don talashgan shu chumchuqlar galasini, xuddi shu pishqirib oʻtgan yuk mashinasini koʻrganday, adashgan bulbulning aynan shunday nolasini eshitganday boʻlasan, shulardan nimadir senga kuchliroq ta’sir qiladi-yu, yana bir yosh ulgʻayganingga gumon qilib qolasan. Yoshliging esingga tushadi, allaqachonlar unut boʻlib ketgan voqealar, yuragingning qaeridadir bir umrga qulflab tashlangan, boshqalargina emas, hatto oʻzing eslasang qizaradigan yoshlikning shoʻxliklari esingga tushib, xayol surib ketasan.

Har bahor shunday, har bahor shu xayollar qalbingni qitiqlaydi. Lekin... lekin oʻsha kuni shunday boʻlmadi. Toʻqimachilar xiyoboniga qadam qoʻyganimda nima uchundir buzilmay qolgan paxsa devorning tagida ochilgan lolaqizgʻaldoqni koʻrib qoldim. U quyosh nurida choʻgʻdek lovillab turardi. Yuragim hapriqib ketdi. Bordimu shartta uzib oldim. Nega uzdim — uning goʻzalligiga havasim kelganidanmi, yo qoʻlim bilan ushlab, lablarimga tekkizib, bahor nafasini his qilgim keldimi, bilmayman. Uzganimdan keyin rahmim kelib ketdi. Rangpar bandi moʻrt, birpasda uzilgan yeridan suv tomib, qoraydi. Changi toʻkilib, barmoqlarim oltin suvi yugurtirilgandek sargʻaydi. Ammo yaproqlari tarang, shabadaga parvo qilmay, kulib turardi. Aftidan, ildizlar bor kuchlarini toʻplab, yaproklarga bergan... Nima qilishimni bilmay, unga tikilib qoldim. Bir mahal:
— Amaki, nima qilyapsiz? — degan ovoz eshitildi.

Yonimga qarasam, semiz portfel koʻtarib olgan bir qizcha oftobdan yuzini burishtirib, menga qarab turibdi.
— Nima qilyapsiz-a, amaki? — soʻradi u yana.
— Tomosha qilyapman, — dedim.
— Nimani, lolaqizgʻaldoqnimi? — soʻradi qizcha.
— Lolaqizgʻaldoqni.
— Yaxshiyakanmi?
— Judayam.
— Men ham koʻray?
— Ma.

Qizcha portfelini oyoklari orasiga qistirib, hovuchini tutdi. Berdim.
— Vuy, judayam kichkina-ya! — dedi qizcha uni avaylab puflarkan.—Qaerdan oldingiz? Shu yerdan uzib oldingizmi?
— Ha, — dedim.
— Nima qilardingiz uzib? — dedi qizcha lolaqizgʻaldoqdan koʻzini uzmay. — Hali katta boʻlardi...
— Qurib qolmasin, deb uzdim. Senga beraymi?
— Mayli, bering, — dedi qizcha. — Men uni quritmayman. Suvga solib qoʻyaman. Berasizmi?
— Olaqol.
— Rahmat, amaki.

Qizcha chap qoʻlini sekin boʻshatdi-yu, portfelini oldi. Keyin oʻng kaftida bandi qoraygan lolaqizgʻaldoqni ushlaganicha ketdi. Uning orqasidan qarab qoldim. Galina ham xuddi shunday, kichkina, oppoq qoʻllarini choʻzib turgan edi... Bunga ancha boʻldi. Biz ikkita razvedkachi — Vladimir Kazakov va men Kursk yonida qurshovda qoldik. Tun edi. Yurakni ezadigan jimjitlik... Dushman ham, biz ham hal qiluvchi jangga tayyorgarlik koʻrmoqda edik. Tong otishi bilan jang boshlanar edi. Urmondamiz. Na shamol bor, na tun qushlarining chinqirigʻi. Ba’zan goh chapdan, goh oʻng tomondan nemischa gaplar eshitilib qoladi, boshqa hech narsa quloqqa chalinmaydi. Tongga yaqin bir amallab oʻrmondan chiqib oldik. Tanish yogʻoch chayla koʻrindi. Shundan ikki yuz metr narida biznikilar. Olisdan istehkomlarning devorlari bilinib turibdi. Chaylaning orqasiga eson-omon oʻtib olsak, marra bizniki. Vaqtni boy bermay emaklab ketdik. Bir mahal sherigim:
— Oʻrtoq serjant! Qarang! — deb qoldi jonholatda.

Chayla tomonga qaradim. Kichkina bir qiz chaylaning oldida oʻtirardi. Gʻira-shirada uning basharasi yaxshi koʻrinmasa ham, juda yoshligi bilinib toʻrardi.

— Nima qilamiz? — soʻradi Kazakov shoshib.
— Boraylik-chi, — dedim hayajonimni yashirishga harakat qilib.

Sherigimning hovliqib qolganini tushunardim. Agar qizcha bizni koʻrib qolib, baqirib yuborsa bormi, ish tamom, qoʻlga tushardik.

Undan oʻzimizni yashirib, emaklab ketdik. Chaylaga yetganimizni ham u sezmay qoldi. Sekin chaqirdim:
— Hoy qiz, kimsan?

Qizcha bizga boshini oʻgirdi, lekin joyidan qimirlamadi.
— Galina, — dedi bamaylixotir.
— Qayoqdan kelding? U oʻrmonni koʻrsatdi.
— Nima qilib oʻtiribsan?
— Dadamning oldiga ketyapman.
— Dadang qaerda?
— Urushda...
— Oying-chi?
— Fashistlar otib tashlashdi.

Yuragimni bir narsa timdalab ketdi. Yonimga chaqirdim.
— Dadangning oldiga olib boraylikmi?
— Ha.
— Yur, boʻlmasa. Emaklashni bilasanmi?
— Bilaman.
— Qani, yur.
— Amaki, toʻxtang.
— Ha, nima boʻldi?
— Lolam qolib ketdi.
— Qanaqa lola?
— Huv ana.

Galina chayladan sal narini koʻrsatdi. Mina qoʻporib tashlagan tuproq ustida bittagina lola ochilay-ochilay deb turardi.
— Men olib kelaman, — dedi Kazakov va emaklab ketdi. Birpasda qaytib ham keldi. — Mana, yur endi tezroq.

Galina ikki qoʻlini hovuch qilib uzatdi. Shu payt bir narsa «viz-z-z» etdi-yu, Kazakov ingrab yubordi.
— Nima qildi? — soʻradim shoshib.
— Uq tegdi shekilli, la’nati! — soʻkindi u biqinini ushlab.

Haqiqatan ham oʻq tekkan edi. Gimnastyorkasi birpasda qonga boʻyaldi.
— Sizlar ketaveringlar, — dedi u ingrab. — Men yurolmayman.
— Bema’nilik qilma, — dedim jerkib. — Kel, opich.
— Qoʻying, oʻrtoq serjant. Foydasiz.
— Opich deyapman!

Koʻp oʻtmay orqaga qaytdik. Ustimda Volodya, yonimda lolasini ushlab olgan Galina. Qirq metrcha yurdim. Qizcha xam charchadi, men ham. Ter quyib ketdi. Ustim qondan jikka hoʻl.
— Qoʻying, oʻrtoq serjant. Ogʻirman. Innaykeyin, foydasiz, — dedi kuchini toʻplab Volodya.
— Nima deyapsan oʻzi? — dedim. — Ozgina qoldi. Yetib olamiz.
— Yetib olamiz, — dedi Galina. Uning juda shirin ovozi bor edi. — Siz, oʻlaman demang, erkaklar bunaqa demaydi.

Volodya zoʻrgʻa iljaydi.
— Qaerdan bilasan sen?
— Dadam aytganlar.
— Dadang botir odam ekan, — dedim.
— Dadamlar qahramonlar! — dedi Galina.

Yana emaklay boshladik. Koʻp oʻtmay toʻplar gumburlab ketdi. Biznikilar hujumga oʻtishdi.

Volodyani gospitalga yotqizdik. Galina ham oʻsha yerda qoldi. Qaytar ekanman, u orqamdan yugurib kelib, yengimdan tortdi:
— Oʻrtoq serjant, manavi sizga! — dedi bandi chaynalgan lolani uzatib. — Dadam lolani juda yaxshi koʻrardilar.
— Rahmat, — dedim uning uzatilgan oppoq qoʻlchalarini ushlab. — Olib qoʻy, dadangni topganingda berasan.
— Dadamlarni topolamanmi?
— Topasan, — dedim. — Dadang axir qahramon-ku!
— Rahmat, amaki.

Shu-shu uni koʻrmadim. Urushning soʻnggi yili Volodyadan xat oldim. Konvertni ochsam, ichida qotirilgan lola. «Galina berib yubordi, — deb yozibdi u. — Dadasini topsa, yangisini hadya qilarmish».

Bilmadim, dadasini topdimi-yoʻqmi? Lekin har vaqt albomni varaqlab, lolani koʻrar ekanman, Galinani eslayman. Uning xayrlashayotganimizdagi chuzilgan oriq qoʻllari, ishonch bilan boqqan yirik zangori koʻzlari koʻz oldimda gavdalanadi.

Oʻshanda ham shunday boʻldi. Xiyobondan ketyapmanu, xayolim unda. Qaerda ekan hozir? Nima qilayotgan ekan? Otasini topdimikin? Balki topgandir. Shunday nimjon narsa Hayotga intilib, yerni yorib chiqibdi-ku, u topmaganmikin?!

1963