OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiBoʻribosar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm85KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Boʻribosar (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

1

Uni amakisining parkentlik qoʻychivon amakisi tashlab ketdi. U kichkina ayiq bolasiga oʻxshardi. Kulrang, qalin junlari orasidan yapaloq tumshugʻini ham, yaqindagina ochilgan munchoqdek qora koʻzlarini ham koʻrib boʻlmasdi. Dumaloq koptokdek boshi tanasidan katta boʻlganidan toʻgʻri yurolmas, tumshugʻi bilan yerni sidirib, yoʻlida uchragan narsani bosib, agʻdarib, oʻzi ham yumalab yurardi. Keksa choʻponning gapiga qaraganda, u juda zotli boʻribosarlar avlodidan ekan. Onasi, yettita boʻrini oʻldirgan, butun Parkentga dongʻi ketgan Olapar bu yil atigi ikkita tugʻibdi. Bittasi shu ekan. Ikkinchisini keksa choʻpon, talabgorlar nihoyatda koʻp boʻlsa ham, hech kimga bermay, oʻziga qoldiribdi. Otasi ham mashhur itlardan boʻlib, jambullik qahramon koʻychivon Sarsonboy Sakenovning otarini qoʻriqlar ekan. Amakining shu itga havasi kelib, uch yildan beri har bahor Olaparni Jambulga hamkasb doʻstining otariga olib borar ekan. Ikki yil burun Olapar uchta tugʻibdi. Har bittasi hozir gʻunajindek-gʻunajindek boʻlib ketgan emish, Parkentda ham, uning atroflarida ham bunday itlarni havas qilmagan choʻpon yoʻq emish...

Kozim kuchuk bolani yaxshi koʻrib qoldi. Xilma-xil oʻyinchoqlarni unutdi. Velosipedini ham minmay qoʻydi. Oʻyini — kuchuk bola. It ham unga oʻrganib qoldi, unga ergashadigan boʻldi. «Koʻktoy!» — desa, pildirab oldiga keladi, nam tumshugʻini oyoqlariga, qoʻllariga surkab, erkalanadi, atrofida dumalaydi. Kozim bogʻchaga ketganida kuchukcha uzoq angillaydi, eshikka yopishib timdalaydi, kelganida esa, xursandlikdan sakrab uyni boshiga koʻtaradi.

Kozimning onasi uzoq qarindoshlarining sovgʻasiga avval parvo qilmadi. Ammo kuchuk bola oʻsgan sayin, u esa kun emas, soat sayin oʻsardi, uning kayfiyati buzilib, ensasi qotadigan boʻlib qoldi. Idish-tovoq singani, kitob-daftarlar yirtilgani mayli, uydan it hidi keladigan boʻlib qolganini u birinchi sezdi. Ilgari u kun ora pol yuvadigan boʻlsa, endi har kuni yuvib, eshik derazalarni ochib, uyni shamollatadi, ovqat stolini bir necha martadan artadi, Koʻktoy oyogʻining tagida oʻralashadigan boʻlsa, zarda-bilan tepib yuboradi. Kuchuk bola akillab, oʻzini krovatning tagiga oladi yo Kozimning stuli tagiga kelib, yotadi-da oldingi oyoqlari bilan tumshugʻini berkitadi.

Bir kuni Kozimning onasi ishdan kelganida, eshik tagida tungi koʻylagi yotganini koʻrdi. Hayron boʻlib koʻtardi va zarb bilan silkitgan edi, yuz-koʻziga qandaydir tomchilar sachradi. Nima boʻlganini tushunib, zardasi qaynab ketdi, nam koʻylakni polga uloqtirib, kuchuk bolani qidira boshladi. Ammo uzoq qidirmadi. Koʻktoyning oʻzi yugurib oldiga keldi. Kozimning onasi: «Ha, yer yutkur!» — deb qargʻadi-da, uni tepdi. Ammo Koʻktoy joyidan qimirlamadi. Yoʻgʻon orqa oyoqlari bilan polga tiralib, boshini koʻtardi va oppoq arradek tishlarini koʻrsatib irilladi. Kozimning onasi hang-mang boʻlib qoldi, aftidan, qoʻrqib ham ketdi. Qoʻlini musht qilib urgani koʻtargan edi, Koʻktoy battar irilladi va birinchi marta vovullab yubordi. Uning chiroyli, qoʻngʻiroqdek ovozi bor edi. Kozimning onasi buni payqamadi, payqasa ham parvo qilmadi. Ammo urgani botinmadi, mushtini yozib, ters burdi-da, oʻz xonasiga kirib ketdi.

Kechqurun Kozimning dadasiga shikoyat qildi:
— Sovgʻa opkemay ketsin amakingiz! Ikkita qurt ham boʻlardi bolaga. Boya menga bir tashlandi, yuragim chiqib ketay dedi. Hozir shundoq. Meni aytdi, dersiz. Kattaroq boʻlsa bitta-yarimtaning boshini yeydi, baloga qolamiz.
— Oʻrgatish kerak, — dedi Kozimning dadasi. — Innaykeyin katta boʻlganda quyilib qoladi. Bu ham hali bola-da!..
— Bolamas, balo! Tishlari arraning oʻzi! — e’tiroz bildirdi Kozimning onasi. — Yaxshisi, amakingizga qaytarib berib keling. Oʻgʻlimizga yoʻqolib qoldi, deb qoʻya qolamiz. Boʻlmasa, oʻzim it yashikka berib yuboraman.
— Oʻrgatib koʻraylik-chi, avval, — dedi Kozimning dadasi.

Kozimning krovati ostida yotgan Koʻktoy ularning gaplarini tushunganday gʻinshib qoʻydi.

U shu tuni tush koʻrdi. Koʻm-koʻk adr. Qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurganmish. U yangi oʻrilgan xushboʻy pichan ustida xuddi oʻzidek, ammo ola-bula kuchuk bola bilan onasini emib yotganmish...

2

Kozimning dadasi aytganini qildi. Ovchilar magaziniga borib, yaxshi charmbogʻ, zanjir olib keldi. Kimningdir, itni bir qoʻlida kaltak, bir qoʻlda qand bilan oʻrgatish kerak, degan maslahatiga kirib, tutdan xivich yoʻndi. Ammo qancha urinmasin, barcha harakatlari zoe ketdi. Koʻktoy tiniq qora koʻzlarini unga tikib, quloq osar, lekin bironta gapiga kirmasdi. Ikki oy deganda zoʻrgʻa oʻtirib, oldingi oyoqlarini koʻtarishnigina oʻrgandi xolos.
— It boʻlmay oʻlsin, — dedi Kozimning oyisi. — Hamma aqli gavdasiga, qorniga ketgan buni! Hali ham gapimga kiring, bu odam boʻlmaydi, oborib bering amakingizga!

Chindan ham yarim yil ichida Koʻktoy buzokdek boʻlib ketdi. Sakramasdan, chuzilmasdan stol ustidagi narsalarga boʻyi yetadigan boʻldi. Buni koʻrib, Kozimning onasi battar xunob boʻlib ketdi. Stol ustida endi hech narsa qoldirmay, shkaflarga yashiradi, dasturxonni yigʻishtirib qoʻyadi. Koʻktoy xivichni chaynab, zanjirni uzib yuborganidan keyin Kozimning dadasining ham hafsalasi pir boʻldi. Noiloj yangi zanjir olib kelib, oʻgʻlining oldiga tashladi:
— Ma, oʻzing oʻrgat.

U shunday dedi-yu, it qoʻldan chiqib ketayotganiga koʻnglida achindi. Xotinining, katta boʻlsa birontaning boshiga yetadi, degan gaplari xayolidan oʻtdi. Koʻktoyning yana katta boʻlishi, oʻsishi esa shunday turqiga yozib qoʻyilgandek edi. Oʻqlogʻidek-oʻklogʻidek oyoqlari hali yumshoq, qalin junlari mayin, nazari shoʻx edi. Qishgacha turib-tursin-chi, oʻziga qaror qildi Kozimning dadasi, keyin bir gap boʻlar...

Ammo u oʻylagancha boʻlib chiqmadi.

Kuz kelib, oyoq ostida xazon shitirlab qolgan kunlarning birida u ishdan kelsa, Kozim yigʻlab oʻtiribdi, xotini yotoqxonada yotibdi. Chap qoʻli tirsagigacha bint bilan bogʻlangan.
— Nima boʻldi? — xavotirlanib soʻradi Kozimning dadasi.
— Koʻktoy... Koʻktoy oyimlarni tishlab oldi, — koʻzlarini mushti bilan artib javob qildi Kozim.
— Qattiq tishladimi? — Kozimning dadasi xotinining oyogʻiga oʻtirdi.
— Suyakkacha bordi shekilli... — istar-istamas dedi Kozimning oyisi. — Yer yutkur tishlashga-tishladi, qoʻyvor desam ham qoʻyvormaydi! Qisqichday, tishlarini botirgancha, koʻzlarini loʻq qilib baqrayib turibdi!.. Kozim kelib qolmaganida, qoʻlsiz qolarmidim?! Sovgʻasi boshida qolsin amakizzi. Tishlaydigan narsaniyam sovgʻa qiladimi?! Man sizga aytdim birovning boshiga yetadi, deb, quloq solmadingiz. Mana, mandan boshladi!..
— Nima qiluvdingiz? — soʻradi Kozimning dadasi.
— Voy man nima qilardim?! — tutoqib ketdi xotini. — Non toʻgʻrab bir kosa shoʻrva berdim. Ochopat oʻsha zahoti yutib boʻldi. Idishni agʻdarib, uyni boshiga koʻtardi. Ikkinchi kosani solayotganimda chidamay kosaga yopishdi. Qoch, deb sekin kosa bilan boshiga turtganimni bilaman, yashshamagur «gʻap-p!» — deb yopishdi qoʻlimga! Dod soldim, qani qoʻyib yuborsa! Kozim kelib qoldi-yu, qoʻyib yubordi. Poliklinikada itga spravka olib keling, deyishdi. Spravka boʻlmasa qirqta ukol qilamiz, deyishdi. Shu yetmay turuvdi manga.
— Oʻzi qani! — soʻradi Kozimning dadasi.

Xotini indamadi. Kozim krovatning tagiga ishora qildi. Kozimning dadasi egilib qaradi. Koʻktoy aybini sezgandek, boshini oyoqlari orasiga berkitib yotardi.
— It qutirmagan, sogʻ, — dedi Kozimning dadasi.
— Spravka kerakmas demoqchimisiz? — kinoya qildi xotini. — Mayli, men oʻlib ketavuray. Sizlarga it boʻlsa boʻldi!..

Kozim yigʻlab yubordi. Dadasi ensasi qotib, oʻrnidan turdi. Oʻgʻlining oldiga kelib, boshini siladi. Itning sogʻligiga shubhasi boʻlmasa ham, ertasiga veterinariya doktorini olib keldi. Koʻktoy oʻz joyida, Kozimning krovati tagida yotardi.

Kozimning dadasi uni chaqirdi. It chiqmadi. Boʻyinbogʻidan tortmoqchi boʻlib, qoʻlini uzatgan edi u tishlarining oqini koʻrsatib irilladi.
— Krovatni surishga toʻgʻri keladi, — dedi Kozimning dadasi.
— Qani, nari turingchi, — doktor shunday deb, oʻzi krovatning tagiga egilib qaradi. — Itingiz sogʻ. Baribir tekshirish kerak. Soʻlagidan bir amallab olmasak boʻlmaydi.

Koʻktoy koʻzlarini unga qadab, shalpang quloqlarini koʻtarganicha joyidan qimirlamay yotardi.

Doktor uzun yoʻnilgan choʻpga paxta oʻrab, yana egildi.
— Koʻktoy! Koʻktoy! Polvon it, aqlli it... Hozir oʻzi chiqadi, soʻlagidan beradi... — doktor mayin ohangda gapirib qoʻllarini it tomon choʻzdi. — Seni xafa qilishdimi? Keyin tishlab oldingmi? Bunday itni xafa qilib boʻlar ekanmi? Bunday itga doim bir xil gapirish kerak. Bir vaqtda ovqat, bir vaqtda suv berish kerak. Bu vistavkaga qoʻyiladigan it ekan-ku? Polvon it! Zotli it!.. Koʻktoy, Koʻktoy! Chiqaqol buyoqqa. Ha, barakalla, barakalla!..

Koʻktoy krovat ostidan ingrab, inqillab chiqdi-da, doktor oldida oʻrnidan turdi. Tumshugʻini choʻzib, qoʻllarini yalayboshladi. Doktor bilintirmasdan paxtalik choʻpini namlab oldi:
— Barakalla! Barakalla! Seni qutirgan deyishdimi? Boʻlmagan gap. Soppa-sogʻsan. Esing ham joyida. Bekordan bekorga hech kimni tishlamaysan. Oʻzingni ham xafa qildirib qoʻymaysan. Bor, joyingga bor endi.

Koʻktoy shu gapni eshitib turgandek, bukilib yana krovat tagiga kirib ketdi.
— Kelin qiynalmasinlar ukolga borib, — dedi doktor. — Hoziroq spravka yozib beraman. Zoʻr itingiz bor ekan. Odamlar bunaqasini qidirib topolmaydi.

U ketgach, Kozimning dadasi krovat oldida choʻkkaladi.
— Koʻktoy, Koʻktoyjon! Buyoqqa chiq, chiqaqol, jonivor.

Ammo Koʻktoy joyidan qimirlamadi. Kozimning dadasi bir burda nonning ustiga goʻsht qoʻyib uzatdi. Ikkinchi qoʻli bilan boʻyinbogʻidan tortdi.

— Chiq, Koʻktoy! It boʻlmay ketgur, chiq!

Koʻktoy irillay boshladi. Kozimning dadasi nonni uning oldiga zarda bilan tashladi. It vovulladi. Kozimning dadasi achchiqlandi. Oʻrnidan turib, itning biqinini moʻljallab tepdi-da, boshqa xonaga chiqib ketdi. Nimadir esiga tushib, yotoqxonaga qaytib kirdi. Xonaning oʻrtasida oyoqlarini kerib, dumini tayoqdek tik qilgancha, Koʻktoy unga tikilib turardi. Kozimning dadasi beixtiyor toʻxtab qoldi. It xuddi shuni kutib turgandek unga tashlandi.

Kozimning dadasi: «Koʻktoy! Koʻktoy, yoʻqol!» — deganini biladi, nimadir «shar» etib yirtildi. Koʻktoy shimining tizzasidan pochasigacha katta bir boʻlagini uzib olgan edi. Kozimning dadasi oʻzini yoʻqotib qoʻydi, ammo koʻnglida it tasodifan oyogʻini tishlab olmaganidan, shim xalaqit berib qolganidan xursand boʻldi. Shunday boʻlsa ham, «Haromi!» — dedi-yu, it tomon chopdi. Koʻktoy qoʻrqdimi yo xafsalasi pir boʻldimi, ogʻzidagi shim parchasini tishlaganicha yana egilib krovat tagiga kirib ketdi. Uning uchun krovatning tagi eng bexavotir joy boʻlib qolgan edi.

Kozimning dadasi badjahl odam emas edi. Hayvonlarni yomon koʻradi, deb ham boʻlmas edi uni. Ammo shu yoshga kirib, biron marta mahalladagi koʻpchilik bolalar qatori it bilan oʻynamagan, qoʻlida chumchuqmi, kaptarmi ushlamagan edi. Shuning uchun Koʻktoy singari odamlarning koʻzidan ularning munosabatini bilib oladigan itlar boʻlishini u bilmas edi. Koʻktoy uni allaqachon bilib olgan va xush koʻrmay qolgan edi.

Kechqurun Kozimning oyisi spravkani koʻrib tinchidi. Dadasi boʻlgan voqea haqida hech narsa demadi. Faqat oyisi bilan birga bogʻchadan kelib, iti bilan oʻynay boshlagan oʻgʻliga:
— Yotayotganingda zanjirini taqib, krovatga bogʻlab qoʻy, tagʻin biron narsani sindirib qoʻymasin, — dedi va koʻchaga chiqib ketdi.

Yarim kechada, hamma uxlagani yotgan payti u oʻrnidan turdi. Eski kiyimlarini topib kiydi. Qoʻliga charm qoʻlqopini taqdi, oyoq uchida yurib oʻgʻlining krovatiga yaqinlashdi. Kozim dadasi aytgandek qilib qoʻygan ekan. Zanjirni krovatning oyogʻidan yechib, sekin ammo kuch bilan torta boshladi. Hech narsaga tushunmagan va shirin uyquda yotgan Koʻktoy gʻinshiganicha sudralib krovat ostidan chiqdi.
— Yur, jonivor, yur, Koʻktoy. Aylanib kelamiz, — dedi shivirlab Kozimning dadasi. Koʻktoy surgalib uning ketidan koʻchaga chiqdi. Muzdek havo dimogʻiga urildi. Oyogʻi ostida toʻkilgan barglar shitirladi. Chuqur nafas olib «vov!» demoqchi edi, Kozimning dadasi zanjirni silkitib qoʻydi, ovozi ogʻzida qoldi.
— Yur, jonivor, yur!..

Kechasi hech sayrga chiqmagan Koʻktoy egasining ortidan bitta-bitta yurib ketdi.

Ular koʻp oʻtmay zarqogʻozdek yaltirab oqayotgan daryo labiga chiqishdi. Bu daryo shaharning oʻrtasidan oʻtgan boʻlib, qishin-yozin muzlamas edi. Shahardan chiqaverishda temir yoʻl koʻprigiga yetganda ikkiga boʻlinib bir qismi shaharga burilar, ikkinchi qismi esa ellik metrlik jarlikka otilib tushardi. Uzoq-uzoq joylardan odamlar vishillab koʻpirib tushadigan shu sharsharani koʻpincha tamosha qilgani, muzdek shabbodasida dam olgani kelishardi.

Kozim katta bolalarga qoʻshilib bir-ikki marta daryo labiga kelgan edi Koʻktoy bilan. Bolalar qancha urinishmasin, uni suvga tushirisholmagan edi.

Koʻktoy shu joylarni taniydi. Salqin havo, suvning bir maromdagi shovqini yokdi, erkalanib egasining oyogʻiga suykandi.

Kozimning dadasi olazarak boʻlib nimanidir axtarardi. Nihoyat topdi shekilli, daryo yoqalab yuraboshladi. It unga ergashdi. Baland bir chinorga yetishganida toʻxtashdi. Kozimning dadasi engashib doʻng boʻlib turgan bir narsa ustiga oʻtirdi. Koʻktoy hidladi. Doʻng katta xarsang tosh solingan qop edi. Koʻktoy ham egasining yoniga oʻtirdi. Kozimning dadasi epchillik bilan zanjir qisqichini qop bogʻlangan arqonga ildi. Shu top xursand boʻlganidan koʻzlari chaqnab ketdi, beixtiyor Koʻktoyning boshini silab qoʻydi.

Uzun tilini dam osiltirib, dam tamshanib, oʻqtin-oʻqtin nafas olayotgan itning yoqimli iliq hidi dimogʻini qitiqladi, oʻgʻlining yigʻidan burushgan basharasi koʻz oldiga keldi, ammo niyatidan qaytmadi.

Shu alpozda bir pas oʻtirib oʻrnidan turadi. It ham turdi.
— Ma, ol,

Kozimning dadasi ehtiyot shart choʻntagiga solib qoʻygan bir chaqmoq qandni tashladi uning oldiga. It egilib, qandni hidlay boshladi. Shu payt Kozimning dadasi bor kuchini toʻplab, qopni baland koʻtardi, zarb bilan daryoga otdi. Boshini yerdan koʻtarmagan Koʻktoy siltanib ketdi. Endi ogʻziga olmoqchi boʻlgan qantni yutarkan boʻgʻilib bir «vang!» — dedi-yu, qop ortidan oyoqlari chalishib dumalab ketdi va koʻp oʻtmay «shalop» etib suvga agʻdarildi.

Toshning zarbidan chayqalib, shovqini koʻtarilgan, choʻkayotgan itning tanasi, oyoqlari urilib shaloplagan daryo bir zumda tinchib yana avvalgidek bir maromda oqa boshladi.

3

Ertasi kuni ertalab, Kozim itini topolmay, rosa yigʻladi, bogʻchaga bormayman, deb uydagilarni qoʻrqitdi. Dadasining, bilmay qolibmiz, kechasi eshik ochiq qolib, chiqib ketibdi, deganiga ham quloq solmadi, hech qanday oʻyinchoqqa rozi boʻlmadi. Nihoyat oyisi, yangi koptokdek kichkina kuchukning bolasini olib kelib berishni va’da qildi. Shundagina Kozim yigʻidan tindi.

4

Koʻktoy suv tagida boʻkib, battar ogʻirlashgan qopdagi tosh bilan oldinma-ketin dumalab borardi. Goh tosh oldin ketib qolib, uni boʻynidan tortar, daryoning notekis tubiga ilinib qolganda, goh Koʻktoy uni sudrardi. Quloqlari suvga toʻlganiga qaramay, boshini sarak-sarak qilib, oyoqlarini shapillatib oʻzi sezmagan holda tepaga, suv betiga chiqishga talpinar, ammo toshning ogʻirligi, daryoning chu-qurligi bunga yoʻl qoʻymas, u horib yana suv tagiga ardarilardi. Buning ustiga u nima boʻlganini, nima uun issiq uydan chiqib, badanini qaqshata boshlagan, nafas oldirmay, koʻz ochirmay qoʻygan suvga tushib qolganini, nima uchun. Kozimning dadasi uning boshini silab, yumshoq gapirib turib, suvga otganligini bilmasdi. Agar uyda koʻpincha boʻlib turganidek, egasining nima demoqchi ekanini oldindan sezganda, oʻzini bu ahvolga solib qoʻymas edi, gʻaflatda qolmas edi, zanjirni uzib, qochib ketardi.

...Uning oʻpkasi toʻlib, yoʻtal tutdi. Ammo ogʻzini ocholmadi. Ichida nimadir gʻivirlab, qornini, koʻkragini, toshdek ogʻir va karaxt boʻlib qolgan boshini yorib yuborgudek boʻlib ketdi. U chidolmay jon-jahdi bilan oyoqlarini choʻzib suvni shapillata boshladi. Bir mahal iliq havo burniga urildi. U qalqib ketdi. Ogʻzi burnidan suv tushib, nafas ola boshladi. Koʻzlari nam boʻlsa ham ochildi. Birinchi koʻrgan narsasi: shunday daryoning tepasida unga tikilib turgan nursiz oy edi. Keyin daryo qirgʻogʻidagi yalangʻoch daraxtlar; qorayib koʻrindi.

Koʻktoy suvdan boshi chiqib tursa, koʻzi ochiq boʻlsa, nafas olish mumkinligini tushundi, boʻynini toshga bo langan zanjiri uzib yuborayotgan boʻlsa ham, endi egilmas, egilsa, oyoqlari suvni shapillatishdan toʻxtasa, choʻkib ketishini, shundan keyin balki mutlaqo qalqib chiqolmasligini bilib qoldi va tumshugʻini suv yuzida tik tutib oqim ixtiyorida yumronqoziqdek oqa boshladi. Ba’zi-ba’zida oldingi oyoqlari suvda chiqib qolar, u choʻchib zarb bilan suvni urardi, suv shaloplab, yuz-koʻzlariga sachrar, entikib ketib qalqir, muvozanatni yoʻqotib qoʻyardi. Ammo koʻp oʻtmay, u boshini silkitsa, tomchilar tushib ketishini, yana erkin nafas olish mumkinligini bilib oldi. Oyoqlari suv tagida qancha koʻp qimirlasa, u shuncha koʻproq suv betiga chiqaboshlayotganini ham payqadi. Ilgari quloqlarigacha suv ustida boʻlsa, endi boʻynigacha koʻtariladigan boʻldi. Yana u qaysi oyogʻini suvga ursa, shu tomonga siljishini ham sezdi va toʻgʻri, daryoning oʻrtasida oqim bilan baravar suzadigan boʻldi. Koʻp oʻtmay hatto dam olishni ham oʻrganib oldi. Charchaganda u bir pas oyoqlarini choʻzardi, shunda suv oʻzi uni choʻktirmay koʻtarib borardi. Faqat tosh, boʻynida osilib yotgan zildek tosh uni oʻz holiga qoʻymas, nimalargadir urilib, oʻxtin-oʻxtin uni oʻz yoniga, suv tubiga tortardi. Ammo Koʻktoy bunga ham koʻnikib koldi. Tosh uni pastga tortganda, toʻrtala oyogʻi bilan suvga yopishadi. Uning harakatlarini tushungandek, daryo toshni koʻtarib, oldinga itaradi, u yana goh oldinda, goh orqada yumalay boshlaydi.

Shu alpozda bir-biriga bogʻlangan Koʻktoy bilan xarsang tosh ancha oqishdi. Tong yorisha boshladi.

Yulduzlar soʻndi. Daryoning ikkala qirgʻogʻidagi daraxtlarning egri-bugri shoxlarida qushlar koʻrindi. Koʻktoy ularning chugʻurini, koʻchalarda paydo boʻlgan mashinalarning ovozlarini eshita boshladi va beixtiyor qirgʻoq tomon suzib ketdi. Tosh uncha xalaqit bermadi, u bilan oldinma-keyin yumalay boshladi. Ammo qirgʻoqqa yaqinlashganda toʻxtab qoldi. Koʻktoy qancha urinmasin, tosh joyidan siljimadi. Bir-ikki siltanib ham koʻrdi, foydasi boʻlmadi. Bir pas dam olib, yana qirgʻoq tomon talpindi, lekin joyidan qimirlay olmadi, alamidan ingrab yubordi-da, oyoqlarini choʻzdi. Oqim uni ham, toshni ham yana oldinga surib ketdi.

Oftob chiqib, suv beti koʻkarganda, temir yoʻl koʻprigining gʻisht ustunlari koʻrindi. Suv oqimi sekinlashdi. Koʻktoy toshning ogʻirligini sezmay qoldi. Oyoqlarini choʻzib ogʻir xoʻrsindi-da, atrofiga qaradi. Qushlar ham u shoxdan bu shoxga oʻtib chugʻurlashar, mashinalarning ovozi koʻpaygan sari odamlarning baqiriq-chaqiriqlari paydo boʻlib, kun oʻz hukmiga kirgan, shaharda hayot boshlangan edi.

Koʻktoy chuqur nafas oldi-da, oyoqlarini bir-ikki shapillatib qoʻydi. Shu tob birdan suv ostidagi tosh uni siltab tortdi. Koʻktoy beixtiyor tisarilmoqchi boʻldi, oyoqlari bilan suvni tepdi. Ammo tosh bu gal zoʻrlik qilib, uni pastga tortdi.

U ayrilishga kelganini, koʻprik oldida daryo ikkiga boʻlinib, bir qismi keskin burilib shaharga qaytib kirishini, ikkinchi qismi esa jarlikka tushib, shahardan chiqib ketishini bilmas edi. Tosh uni suv tagidan jarlik, sharshara tomon tortgan edi.

Koʻp oʻtmay toshgina emas, daryoning oqimi ham uni sharshara tomon tortdi. Koʻktoy qancha urinmasin, oʻzini oʻnglolmay jarlikka shoʻngʻidi. Sharsharadan tosh bilan yonma-yon oyoklari osmonga koʻtarilib qushdek pastga tusharkan, gumburlagan sharshara shovqini orasida kimningdir: «Koʻktoy! Koʻktoy!» degan qichqirigʻi qulogʻiga kirgandek boʻldi. Koʻktoy koʻprik yonida sharsharani tomosha qilib turgan bir toʻda odamlarga qarab ulgurdi, ammo kim qichqirganini bilmadi. Tosh bilan barobar «shalop» etib suvga tushdi. Sharshara osti ularning zarbidan toʻlqinlanib ketdi va birozdan soʻng yana eski holiga qaytdi.

Koʻktoy qanchagacha suv ostida dumaladi, bilmaydi, xushiga kelib, tumshugʻi daryoni yorib chiqqanda, toshning boʻynidan tortmayotganini, zanjir ilingan charm boʻyinbogʻi ham yoʻqligini payqadi, namdan xiralashgan koʻzlarini pirpiratib, sharsharadan chetroqqa, suv oqimi tomon suzib ketdi. Uning har bir harakati endi sezilarli edi, hech narsa uni suv tubiga tortmasdi. Xursand boʻlganidan bir-ikki marta suv ostida boʻlsa ham dumini likillatib qoʻydi. Hamma a’zosi endi unga quloq solar, yaqindagina uni qoʻrqitgan suv ham uning izmiga tushadigan boʻlib qolgan edi.

5

Shahar ancha ortda qolib ketdi. Suvning beti gʻadir-budirlashib oqish tezlashdi, ikkala qirgʻoq pasaydi. Koʻktoy bir-ikki marta orqa oyoqlari bilan suv tubiga tegib ketdi. Avval nima boʻlganini tushunmadi. Toʻrttala oyogʻini uzatganda, daryo bu yerlarda chuqurmasligini angladi va suvni shaloplatib qirgʻoq tomon yurib ketdi. Uni qiynayotgan narsa endi bitta, u ham boʻlsa suvning sovuqligi edi. Tishi-tishiga tegmay qaltirar, qalin tuklari yopishib qolgan badani hech narsa sezmay qolgan, oyoqlarining tomirlari tortishib, zoʻrgʻa-zoʻrgʻa koʻtarilar edi.

Bu gal qirgʻokda u sirgʻanmadi, suvga oʻxshab tebranib yotgan oʻtlarning patak ildizlariga mahkam yopishib daryodan chiqdi. Hamma yogʻidan sharillab suv oqa boshladi. U silkingan edi, gandiraklab ketib, yumshoq oʻt ustiga yiqildi. Turmadi. Turishga majoli yoʻq edi. Yonboshiga agʻdarilib, oyoqlarini choʻzdi-da, boshini ham chim ustiga qoʻyib koʻzlarini yumdi. Shu zahoti uxlab qoldi. Tikkaga kelgan quyosh anchagacha uni isitib, uni quritganini ham, shunday qirgʻoq yonidan oʻtgan yolgʻizoyoq yoʻlda bir otliq uni koʻrib qolib, yarimta kulcha tashlab ketganini ham bilmadi.

Quyosh ham u singari yonboshlab, daraxtlar panasiga oʻzini olganda, tumshugʻi ustida notanish hid sezib, koʻzini ochdi.

Oldida baxaybat, moʻylovlari tikandek qattiq bir qora it koʻzlarini baqraytirib unga qarab turardi. Koʻktoy uning sovuq ikkita koʻzlariga, yoʻgʻon oyoqlari, keng, serjun koʻkragiga qarab, oʻzicha hushyor tortib koʻydi, ammo boshini koʻtarmadi.

Qora it u koʻzini ochganini koʻrib, bir qadam tisarildi-da, osmonga karab bir-ikki vovullab qoʻydi. Shu payt uning yonida yana besh-oltita it paydo boʻldi. Ular ham qora itdek baxaybat, tumshuklari uzun, junlari qalin edi.

Koʻktoy yotaverishini ham, turishini ham bilmasdi. Qochish xayoliga ham kelgani yoʻq, lekin ular koʻpchilik edi. Buning ustiga u hali oʻziga kelmagan, boshi ogʻir, oyoqlari ancha madorsiz edi. Kozim uni koʻchaga olib chiqqanda, mahallaning itlari — laychasidan tortib, besoʻnaqay dogigacha tegajogʻlik qilishardi. Ayniqsa Kozim bolalarga qoʻshilib futbol oʻynayotgan payti, u ariq labida koʻkragini oftobga solib yotganda, bildirmasdan kelib oyogʻidan, dumidan tishlashardi. U parvo qilmasdi. Laychaning tishlagani nima boʻlardi, burga chaqqandek gap. Gʻashi kelib oʻrnidan turganda hammasi tiraqaylab qochardi. Bir marta qarimsiq qora laycha dumidan tishlaganda, u tutib oldi. Ikki oyogʻi bilan biqinlarini ezib, ogʻziga yaqin olib keldi. Tishlash niyati yoʻq edi, shunday boʻlsa ham ogʻzini ochganda, laycha ovozi boricha chinqirib yubordi. Koʻktoy hayron boʻlib, oyoqlarini oldi. Laycha xuddi oʻldirib qoʻyishayotgandek akkillaganicha uyiga qochib ketdi.

Shularni eslab, Koʻktoy ohista boshini koʻtardi. Qora it irilladi. Buni koʻrib, olisrokda turgan bitta it vovullab yubordi. Koʻktoyning ular bilan urishishga sira xohishi yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham oʻzicha bir reja tuzib qoʻydi. Agar itlar unga tashlansa, birinchi boʻlib qora itga yopishadi. Uni bossa qolganlari oʻzi tarqalib ketadi. Qora it sezib koldi, shekilli, hurpaydi, irillaganicha bir qadam oldinga yurdi. Koʻktoy shuni kutib turgandek, sapchib oʻrnidan turdi. Atrofini yarim halqa qilib oʻrab olgan itlar tiraqaylab qochishdi. Qora it ham irillashdan toʻxtab, yoni bilan uch-toʻrt qadam chekindi. Uning boshi egilib, boʻyniga kirib ketgan edi. Dumini qisib, bir-ikki vovullab qoʻydi-da, sekin sheriklari ketgan tomonga yura boshladi. Uning ham, sheriklarining ham bunday katta itni birinchi koʻrishlari edi.

Koʻktoy ularni quvlamadi. Ammo orqalaridan qarab turdi. Itlar paxtasi terib olingan gʻoʻzapoya ichida gʻoyib boʻlishdi. U tinchib yana yotmoqchi boʻlgan edi, nonga koʻzi tushdi. Ikki tishlashdayoq uni yeb, soʻlaklari oqib ketgan ogʻzini oyoqlariga artdi va yonboshladi. Qorni nihoyatda ochganligini shunda sezdi. Yarimta kulcha unga urvoq ham boʻlmadi. Beixtiyor itlar kirib ketgan gʻoʻzapoya tomon qaradi. Oʻsha yoqdan sigirlarning ma’rashi, tovuqlarning qaqagʻi qulogʻiga chalindi. Ularning ovozlariga itlarning vovullashlari qoʻshilib ketdi. Ba’zilarini tanidi. Hozirgina uni talamoqchi boʻlgan edi ular. Odamlarning tovushlari ham eshitildi. Koʻktoy quloqlarini dikkaytirdi. Yoʻq, tovushlar yaqinlashmadi, oʻsha yoqlarning oʻzida dam paydo boʻlib, dam yoʻqolardi. U yer, bu yerdan tutun koʻtarila boshladi. Shu tutun hidi bilan bir mahal dimogʻiga piyoz-dogʻ, qovurilgan goʻsht hidi kelib urildi. Koʻktoy oʻrnidan turib ketdi. Yana kuchga kirib, ogʻriklari qaytgan oyoqlari bilan depsinib, ingrab yubordi, soʻlaklari oqib ketdi. Boshini koʻtarib itlar ketgan tomonga qaradi. Gʻoʻzapoya ortida bir qatordagi baland-past uylarning tomlari qorayib koʻrindi.

Koʻktoy bir pas nima qilishini bilmay turdi, yoqimli hid yana dimogʻini qitiqladi. U chidolmay, gʻoʻzapoya tomon yurdi.

Uylarga yaqinlashganida ekinzor tugadi. Koʻktoy toʻxtadi. Qandaydir xavf roʻparasidagi, ochiq vodoprovodidan sharillab suv oqib yotgan uyning hovlisiga oʻtishga yoʻl qoʻymadi. U egildi-da chiroq yongan derazaga qaradi.

Shu yorugʻ xonadan lagan koʻtargan bir ayol chiqib, hovlida bir pas turdi-da, oʻchoq boshiga oʻtdi. U yerda nimalardir taraqladi, gup etib, Koʻktoyning dimogʻiga Kozimlarning uyidan tanish boʻlib qolgan hid, dam yeb yetilgan palovning hidi urildi. U entikib ketib, lablarini yaladi, ogʻzi soʻlakka toʻlib ketganidan bir-ikki yutinib, tilini osiltirdi.

Ayol lagan toʻla oshni koʻtarib chiqdi, Koʻktoy tamshanib lablarini koʻkragiga artdi. Ayol ayvonga koʻtarilguncha qarab turdi. U koʻzdan yoʻqolgach, oʻchoqboshi tomon yurdi. Hovlining oʻrtasida bir toʻxtab, joyiga qaytdi, gʻinshib oʻtirdi. Shu alpozda anchagina vaqt oʻtdi. Koʻktoy ayolningmi, ishqilib uydan ovqatdan keyin kimningdir chiqishini kutdi. Kozimlarning uyida Kozimning oyisi uni koʻp urishsa ham, oʻzlari ovqatga oʻtirishlaridan oldin unga ovqat berishardi. Ovqatlanib boʻlib, divanga oʻtganlarida yana bir narsa, oʻzlaridan nima qolsa shuni berishardi. Deyarlik doim Kozimning onasi uni boqardi. Oʻshanda u uni tishlamoqchi emas edi, rostini aytganda tishlagani ham yoʻq, shunday, tishlari bilan semiz bilagini bir pas ezib turdi. Tishlagisi kelsa Kozimning dadasini tishlar edi. Bir marta ham u toʻgʻri qaragani yoʻq, gapirmasa ham, xotiniga oʻxshab vaysamasa ham, ichida uni xotinidan koʻproq yomon koʻrardi, undan jirkanardi. Koʻktoy buni juda tez payqab oldi. Kozim bilan, Kozimning oyisi bilan oʻynagisi, erkalangisi kelsa, undan iloji boricha oʻzini olib qochardi, undan qoʻrqardi. Muloyim gaplari, yumshoq harakatlari, eng muhimi, saxiy koʻzlari bilan uni koʻrgani kelgan doktor egasiga munosabatini oʻzgartirib yubordi. Koʻktoy doktor kelib ketganidan keyingi egasining gaplariga ishonmasa ham unga quloq solishga endi harakat qila boshlagan edi. Oʻshanda egasi biroz chidaganda, ogʻirroq boʻlib uni nafrat bilan tepmaganda Koʻktoy unga koʻnikib ketardi. Tishlamoqchi boʻlib shimini tortganda ham u rostakam tishlamoqchi emas edi, jahlini bir oz bosmoqchi edi, xolos. Hech kimga oʻzini urdirib, teptirib qoʻymasligini koʻrsatmoqchi edi. Shuning uchun kechasi egasi chaqirishi bilan xafagarchilikni unutib, darhol krovat ostidan chiqqan edi. Oʻsha kuni Kozimning oyisi palov qilgan edi. Ovqatdan oldin unga bir togʻoracha non toʻgʻralgan yogʻliq shoʻrvani berishdi. Ovqatdan keyin esa Kozim uni alaxsitib turdi, oyisi laganni sidirib, idishiga soldi. Katta-katta yumshoq suyaklar ham bor edi oshning ichida...

... Bir mahal ayol hovliga tushdi, ammo uning qoʻllari boʻsh edi. Vodoprovod oldiga kelib suvni toʻxtatdi va yana uyga kirib ketdi.

Koʻktoy ortiq chidolmadi. Bitta-bitta yurib hovlining oʻrtasiga bordi, u yoq-bu yogʻiga qarab qoʻydi-da, oʻchoqboshi tomon yurdi. Qorongʻida hech narsa koʻrinmadi. Bir pas turgach, hid qayoqdan chiqayotganini aniqladi. Taxta tuvogʻining ustiga gʻisht bostirilgan qozonda bir narsa bor edi. Koʻktoy oʻchoqqa yaqin borib, tuvoqni hidlay boshladi. Ammo uni qanday ochishni bilmadi. Oldingi oyoqlarini qozon zixiga qoʻyib, tumshugʻi bilan gʻishtga tiraldi. Tuvoq qozonga qattiqroq yopishdi. Koʻktoy alam qilganidan boshini burib yeyishga boshqa biron narsa qidirmoqchi edi, tumshugʻi gʻishtga tegib ketdi. Gʻisht surilib qozon ichiga agʻdarildi, tuvokning bir tomoni koʻtarildi. Qozon tagida tunuka togʻoracha toʻla ustiga katta suyak koʻyilgan osh turardi. Koʻktoy tumshugʻini togʻarachaga botirgancha suyak aralash shopillatib yeyishga tushib ketdi. Shu paytgacha u bunday shirin ovqat yemagan edi.

Togʻoracha bir pastda boʻshadi. Bir dona guruch ham qolmadi. Koʻktoy idishni itarib, qozonga tushgan mayda suyaklarni olmoqchi boʻlganida, u gʻishtga tegib taraqlab ketdi. Koʻktoy bir sakrab hovliga tushdi-da, oʻzini gʻoʻzapoya ichiga oldi.

Uydan ayol chiqdi. Atrofiga alanglab karab, oʻchoqboshiga kirdi.
— Yer yutkur nima taraqladi? — dedi oʻzicha va chirogʻini yoqdi, qozon tepasiga kelib, tikilib qoldi. — Halima! Hoy Halima! — Qichqirdi u. — Bu yoqqa kel!

Ayvondan bir qiz tushdi.
— Nima, oyi?
— Qozonga sen tegmovdingmi? — soʻradi ayol.
— Yoʻq, nima edi? — Qiz oyisining oldiga bordi.
— Dadangning ovkati yoʻq! Qozon ochilib qolibdi. Togʻorachaga solib qozonning ichiga qoʻyib qoʻyuvdim.
— Berkitganmidingiz tuvogʻini?
— Voy, ustidan gʻisht ham bostirib qoʻyyuvdim. Qara, gʻisht qozonning ichida yotibdi. Togʻoracha boʻm-boʻsh!..

Ayol togʻorachani olib negadir hidlab koʻrdi.
— Balki boshqa idishga solib uyga olib kirib ketgandirsiz?
— Yoʻq, — dedi ishonqiramay oʻz javobiga ayol. — Shu togʻorachaga soluvdim. Shundoq koʻz oldimda turibdi. Toʻlatib osh soldim. Bilasan, dadang oshigʻlik suyakni yaxshi koʻradi. Ustiga bostirib, ketdim, Qaydam tagʻin? Qarab kel-chi!

Qizcha chopib uyga kirib ketdi. Zum oʻtmay qaytib keldi.
— Yoʻq, ayvonda faqat boʻsh idishlar... Nima qilamiz endi? — Xavotirlanib soʻradi qiz. — Oʻgʻri boʻlsa-ya?
— Biz tomonda oʻgʻri nima qilardi? — Uni tinchitdi ayol. — Osh yeb oʻtirganimizda devdek bir narsa lip etib oʻtuvdi-ya, e’tibor qilmadim.
— Itmi? — soʻradi qiz.
— Esing joyidami? — jerkib berdi ayol? — It qozonni ocholadimi? Qoʻli boʻlmasa!.. Anavi quruvchilardan birontasi boʻlsa kerak. Yaqin yoʻl qidirib oʻtib turishadi-ku hovlimizdan. Ishdan keyin oʻlgudek ichishadi. Keyin hovlima-hovli zakuska qidirib yurishadi. Oʻshalardan bittasi tayyor oshni koʻrib olgan-ketgan.

Qiz tusmoliga ishonsa ham oyisiga e’tiroz bildirmadi.
— Dadamlar nima yeydilar endi?
— Shunga boshim qotib turibdi, — dedi ayol. — Ertalab osh qilgin deb ketuvdilar
— Qilaqolaylik, — taklif qildi qiz.
— Pishguncha sabri chidamaydi. Yaxshisi jaz-juz qilib goʻsht bilan kartoshka qovurib beraqolaman. Bor, toʻrtta kartoshka olib tozala! — ayol shunday deb, boʻsh togʻorachani koʻtarganicha vodoprovod oldiga keldi, va suvni ochib yuva boshladi. — Ha juvonmarg boʻlgurlar ichmay! Ertalabdan kechgacha laqillab oʻtirishadi, kechqurun birovning qozonini titkilashadi. Teshib chiqsin hammangni. Uylaringga yetolmay arikda dumalab qollaring!..

Koʻktoy qimir etmay joʻyak ichida yotardi. Ba’zan ayolning gaplariga quloq solib, tamshanib qoʻyardi.

Koʻp oʻtmay oʻchoqboshida nimadir chars-churs qildi. Koʻktoy dimogʻiga qovurilgan goʻsht hidi urildi. U yana ikki uch togʻoracha ovqat boʻlsa ham tap tortmay yeb tashlardi. Shuning uchun koʻzini oʻchoqboshidan uzmadi.

Uyning orqa tomonida mashina ovozi eshitildi. Uning chiroqlari hovlini yoritib, gʻoʻzapoyaga oʻtdi. Koʻktoy koʻzlarini oldi.

Mashina hovlining beligacha kelib, toʻxtadi. Chiroqlari oʻchdi. Kozimning dadasiga ikkita keladigan erkak kishi undan chiqib, vodoprovod oldida yuvina boshladi. Ayol sochiq olib keldi.
— Kutdik sizni, — dedi ayol. — Kelavermaganingizdan keyin oʻzimiz ovqatlanib qoʻyaqoldik.
— Ish koʻpayib ketdi, — erkak kishi sochiqni olib artina boshladi, — Qirga borib keldim. Sovuq erta tusha-diganga oʻxshaydi. Nima ovqat?
— Aytganingizdek osh qiluvdim... Bir togʻoracha bosib olib qoʻyuvdim, yoʻq, qovurdoq qilib qoʻydim.
— Kim oladi? — Xayron boʻldi erkak kishi.
— Bilmasam... — dedi ayol. — Anavi piyanista quruvchilarmi deyman? Tagʻin tuvoqning ustiga gʻisht bostirib qoʻyuvdim. Yer yutkurlar gʻishtni bir chekkaga ham olib qoʻymabdi, boʻsh togʻoracha bilan qozonning ichida yotibdi.
— Halima! Hoy, Halima! — baqirib yubordi birdan erkak kishi. — Miltiqni olib chiq! Qoʻshotarni!
— Voy, nima deyapsiz! Miltigʻingiz yoʻq-ku? — soʻradi ayol.
— Ovozingni oʻchir. Oʻgʻri boʻlsa xayiqadi-da, miltiqdan, — dedi shivirlab erkak kishi va yana yana ayvonga qarab qichqirdi. — Olib kel tezroq!

Er-xotin bir pas turishdi hovlining oʻrtasida. Hammayoq suv quygandek jimjit edi. Halima ham ichkaridan chiqmadi.

Ular ayvonga kirib ketishganda, yerga yopishib yotgan Koʻktoy boshini koʻtardi. Uning xayoli yana oʻchoqboshida edi. Ammo darrov borishga botinmadi. Uyning hamma chiroqlari oʻchgandan keyin oʻrnidan turib, hovliga chiqdi va bitta-bitta qadam bosib oʻchoqboshiga koʻtarildi. Ammo qozon boʻm-boʻsh edi. Tumshuri bilan tuvoqni itarib, qozonning ichini iskab chiqdi. Keyin tokchalardagi har xil idishlarni bir-bir qaradi, hech narsa yoʻq edi yeyishga. Koʻktoy hafsalasi pir boʻlib, oʻchoqboshidan chiqdi. Tumshugʻini osmonga koʻtarib hid qidirdi. Lekin hech qayoqdan hech narsaning hidi kelmadi. Ilgari u deyarlik ovqat gʻamini yemasdi. Uch maxal ovqat har doim idishida boʻlardi. Endi esa oʻzi ovqat izlashi, hid olishi kerak edi. Har kuni, har soat xayoli endi qorin toʻydirish bilan band edi. U gʻoʻzapoya orasiga kirib oʻz joyiga yotdi. Bundan yaxshi joy uning uchun endi yoʻq edi.

Ertalab — Gʻira-shirada uni kimdir iskayotganini sezib koʻzlarini ochdi. Yonida kechagi itlardan biri, chap koʻziga ot qashqasidek tamgʻa tushgan oq it dumini gajak qilib unga tikilib turardi.

Koʻktoy boshini koʻtarib, tumshugʻini choʻzdi. Oq it jilpanglab oldingi oyoqlariga choʻkkaladi va erkalanib, dumini likillata boshladi.

Koʻktoyga kechagi osh bu itning jilpanglashidan ma’qulroq edi. Bir bonka achigan sut boʻlsa ham yomon boʻlmas edi, lekin kim beradi unga sutni? Kim osh olib keladi?

Hovliga kechagi qiz tushdi. Qoʻlidagi sopol tovoqni u baland koʻtarib: «Ma! Ma! Toʻrtkoʻz! Barbos!» — deb qichqirdi. Ammo hech kim uning oldiga bormadi. Qiz bir pas kutib turdi-da, gʻoʻzapoyaga yaqinlashib, tovoqni agʻdardi. Koʻktoy agʻdarilgan narsa non toʻgʻralgan sutligini koʻrdi. Dumini bir-ikki yerga urib qoʻyib, tamshandi, ammo borib yegani botinmadi. Oq it ham bormadi. Uning koʻzlari Koʻktoyda edi.

Qiz yana hovliga tushdi. Vodoprovod oldida turgan ketmonni olib, uy orqasiga oʻtib ketdi. Hovlida hech kim qolmadi. Kechagi mashina ham yoʻq edi.

Koʻktoy oʻrnidan turib, hovliga yaqinlashdi. Sutga boʻkkan nonni sidirib yedi. Oq it orqasidan kelib dumidan tishladi. Koʻktoy uning oʻyinga taklif qilayotganini tushundi.

Nega ham oʻynamasin? Qorni toʻq, yaxshi dam oldi. Bir pas oʻynasa boʻladi. U loy yopishgan tumshugʻini oyoqlariga artdi-da, oq it tomon oʻgirildi. Oq it shoʻx irillab yerga yotdi. Oyoqlarini osmonga koʻtarib tilini osiltirdi. Koʻktoy ustiga kelib, iskay boshladi. Oq it bir pas qimirlamay yotdi-da, sapchib oʻrnidan turib, gʻoʻzapoya ichiga kirib ketdi. Koʻktoy orqasidan yugurdi.

Ular qorongʻi tushguncha bir-birlarini quvlab, dumalatib oʻynashdi. Suv yoqalarida boʻlishdi, qishloq orqasidagi tepaliklarga chiqishdi. Qishloqqa qaytishganda qora itga duch kelishdi. U qishloqqa kiraverishdagi birinchi uyning darvozasi oldida yotardi. Ularni koʻrib oʻrnidan turdi, Koʻktoyga oʻqrayib qarab qoʻydi.

Oq it unga parvo qilmay, jilpanglab Koʻktoyni qishloq ichiga boshladi. Ammo Koʻktoy bormadi. Uni odamlar bilan uchrashishga xohishi yoʻq edi. Oq it qancha erkalansa ham, u yurmadi, orqasiga kaytdi. Daryoga yetganda toʻxtadi va tumshugʻini choʻzdi. Ovqat hidi dimogʻiga urildi.

Bu gal tanish oʻchoqboshida hech narsa yoʻq edi. Kechagi osh turgan qozon toʻnkarigʻlik edi.

Koʻktoy oʻchoqboshini ancha titkiladi. Joyiga borib yotib, u uzoq kutdi. Ammo uyda chiroq yonmadi. Mashina ham kelmadi. Yarim kechada u chidolmay gʻoʻzapoya yoqalab qoʻshni hovliga oʻtdi. Oʻtdi-yu, shoshib oʻzini ekinzor ichiga oldi. Bir laycha it uni sezib qolib, hovlini boshiga koʻtarib yubordi.

Koʻktoy yana ikkita hovlini aylandi. Ammo oʻchoqboshiga oʻtolmadi. Itlar vovullab egalarini uygʻotib yuborishdi.

Gʻira-shirada uygʻondi. Toʻgʻrisi u uxlagani yoʻq. U yogʻidan bu yogʻiga agʻdarilib, nimaligini bilmasa ham shunday tepasida barkashdek sargʻayib turgan oyga, son-sanoqsiz yulduzlarga tikildi. Tiq etsa boshini koʻtarib, hovlilarga qaradi. Ammo hech qaerdan ovqatning isi kelmadi. Mudroq bosib koʻzlari yumilganda, Kozimlarning uyi koʻz oldidan oʻtdi. Issiq xonalar...Istasa-istamasa oldiga tashlab ketilgan ovqatlar... Oʻchoq boshidan ertalabdan kechgacha kelib turadigan turli tuman hidlar... U shularni eslashi bilan majbur qilib koʻzlarini ochardi, serjun oyoklari yoki biqiniga tumshugʻini tiqib, hech narsani xayoliga keltirmaslikka intilardi. Ba’zan ingrab koʻz oldida paydo boʻlayotgan narsalarni haydash uchun oyogʻi bilan yotgan joyida shapillatib koʻzlarini urib qoʻyardi.

Tong yorisha boshlaganda, uylardan odamlar chiqib, qayoqqadir ketaboshlashdi. U osh yegan hovlidagi mashina ham guvillab, uyning orqasiga oʻtib ketdi.

Oʻrtadagi hovliga allanarsa koʻtarib bir kampir tushdi. Qoʻlidagi narsani tap etib yerga tashladi-da, ichkari xonadan tayoq olib chiqdi. Yerga tashlagan narsasidan teri hidi keldi. Bu supra edi. Kampir suprani yozib, oʻrtasida koʻppayib turgan oppoq bir qubbani mushtlari bilan yoyib kengaytirdi. Tayoqni uning ustiga qoʻydi-da, yana ichkariga kirib ketdi.

Koʻktoy boshini koʻtarib yoyilgan qubbaga qaradi. Yeydigan narsa emas edi. Yana oldingi oyoqlarini joʻyak ichiga uzatib, kampirning chiqishini poyladi.

Koʻp oʻtmay kampir chiqdi. U bir torora qoʻy qovurgʻasini koʻtarib olgan edi. Shu koʻtarganicha oʻchoqboshiga oʻtib ketdi. Zum oʻtmay, oʻsha tomondan chars-churs yongan oʻtin ovozlari eshitildi. «Shar» etib nimadir agʻdarildi. Koʻktoy oʻrnidan turdi. Gʻoʻzapoyalarni shitirlatmaslikka harakat qilib, oʻchoqboshining roʻparasiga bordi. Kampir togʻoradagi uzun-uzun eti shilingan qovurgʻalarni qozonga solardi. Olov koʻtarilib, qozonning atroflaridan qizil yallugʻ otilib chiqar, kampir esa etagini lippasiga tortganicha hech narsaga e’ti-bor bermay, togʻorani boʻshata boshladi. Togʻoraning tagida uch-toʻrtta boʻlak yogʻlik goʻsht ham boʻlsa kerak, shularni ham qozonga soldi-da, togʻorani koʻtarib hovliga tushdi.

Koʻktoyning soʻlaklari oqib.koʻzlari oʻynab ketdi.

Lekin darhol oʻchoqboshiga yugurishdan oʻzini tiydi. Qani, kampir nima qilar ekan? U vodoprovod oldiga kelib, togʻorani bir-ikki chaydi, keyin supra yoniga borib, uni qoʻydi-da, oʻqlogʻi bilan xamir yoyishga tushib ketdi. «Meni sezib qoldimikin», deb biroz choʻchigan Koʻktoy, tayoqning nimaga kerakligini tushunib, tinchidi.

Oʻchoq tomondan yoqimli goʻsht hidi kelaboshladi. Qozon Koʻktoyga shunday koʻrinib turardi. Uzun-uzun qovurgʻa suyaklar biqir-biqir qaynayotgan suvda bir koʻrinib, bir koʻrinmay qaynar, qozon devorlari boʻylab aylanardi.

Koʻktoy sabrsizlik bilan kampirga qaradi. Kampir oftobga orqasini oʻgirib nimalarnidir xirgoyi qilib xamir yoyardi. Xamiri ham oʻqlogʻi bilan ishqalayverganidan supradek boʻlib ketdi, ba’zi tomonlari yerga ham tushib ketdi. U shu tomonni tortib kafti bilan sidirar, supraga yetmay qolgan tomonini aylantirib, yana ustiga oʻqlogʻi solardi.

Koʻktoy ohista gʻoʻzapoya ichidan chiqdi va xatlab-xatlab oʻchoqboshiga kirdi. Bir sakrab qozonning orqa tomoniga

Oʻtib oldi. Bu tomonda olov yoʻq edi. Gʻoʻzapoya ichidan moʻljallagan suyak koʻtarilib qozonning chetiga chiqdi. Koʻktoy beixtiyor oldingi bir oyogʻi bilan unga tekkan edi, suyak ichiga choʻkib ketdi. Uning ikkinchi tomoni yoʻgʻon umurtqa suyagi edi. Ammo u bir koʻtarildiyu, yana suv ichida gʻoyib boʻldi. Koʻp oʻtmay ikkinchi yakka qovurgʻa tomoni koʻtarildi.

Koʻktoy tishlab tortishni moʻljal qilib qoʻydi. Oyoqlarini aralashtirishning foydasi yoʻq edi. Suyak qozonning cheti bilan sekin aylanib, uning roʻparasiga kelganda, Koʻktoy oldingi tishlari bilan uni iskanjaga olgandek tishlab oldi. Suyunganidan butun badaniga issiq yugurdi. U tumshugʻini koʻtardi. Suyak qozondagi suvni bir shaloplatib, mayda suyaklar orasidan katta umurtqa suyagi bilan koʻtarilib chiqdi. Umurtqaning iliklaridan suv aralash ilik yogʻi silqib tushaboshladi.

Avvalgi kunlaridagidek suyakni qozon tepasida yeyish mumkin emas edi. Kampir koʻrib qolishi mumkin edi. Koʻktoy ehtiyotlik bilan tumshugʻini baland koʻtarganicha oʻchoqboshidan tushdi. Yon tomoni bilan eshikka yaqinlashib, kampirga qaradi. Keksa ayol xamon oʻz ishi bilan band edi.

Koʻktoy oʻchoqboshiga qanday kirgan boʻlsa, shunday yengil xatlab xovlidan oʻtdi-da, gʻoʻzapoya ichiga oʻzini urdi.
— Hoy, kisht! — dedi kampir.

Itni u koʻrdimi, yo gʻoʻzapoya shitirlaganiga shunday dedimi, ma’lum emas edi.

6

Koʻktoy suyakni mahkam tishlaganicha qartaning oxiriga chiqdi. Suv boʻyidagi majnuntolning sapsariq toʻshakdek boʻlib yotgan tagiga kelib, omonatgina qoʻydi. Gir aylanib, qayogʻidan gʻajishni aniqladi-da, choʻkkaladi. Odam uchun hali pishib yetilmagan, qirqib olingan yoki taram-taram boʻlib yopishib yotgan suyak uning uchun eng koʻngilli ovqat edi. Uyoq-buyoqqa bir qarab olib, hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, shoshmasdan gʻajiy boshladi. Ogʻziga har tushgan suyak bir pasda uning arradek oʻtkir tishlari orasida kukundek boʻlib ketar, Koʻktoy shu kukunni miriqib yutardi. Qorni juda ham och boʻlmagani va suyakning kattaligidan bir soatcha chamasi oʻtgach, u oʻyin qilib yeyaboshladi. Katta-katta suyakni sindiradi. Kichkina boʻlagini olib osmonga otadi, va shu zahoti ogʻzini katta ochib tutib oladi, gʻarchillatib yeydi, yo boʻlmasa suyak boʻlagini tepaga otadi-da, agʻdarilib, oldingi oyoqlari bilan suyakni tutadi va ogʻziga soladi. Tushga yaqin kimdir tepasida turgandek tuyuldi. Qornini oftobga tutib, chalqancha yotganicha, sekin yoniga koʻz tashladi.

Ikki-uch qadam narida bir laycha it tilini osiltirib, unga zavq bilan qarab turardi. Koʻktoy erinibgina agʻdarildi. Oʻzidan sal yirokdagi kichkina bir umurtqa halqasini oldingi chap oyogʻi bilan yaqinroq surdi va irillab qoʻydi. Laycha vangillaganicha tiraqaylab qochdi. Shu qochganicha u qishloqqa yetib bordi va barcha itlarni oyoqqa turgazdi. Baland-past, qoʻrquv va doʻq aralash ovozlar, akillab vovullashlar butun qishloqni, ariqqacha chuzilib kelgan gʻoʻzapoyani tutib ketdi. Lekin na bir odam, na bir it Koʻktoyning oldiga keldi.

Yarim kechaga yaqin Koʻktoy tanish boʻlib qolgan gʻoʻzapoya ichidagi joʻyakdan qishloqqa bitta-bitta yurib bordi. Uning qorni toʻq edi. Olib kelgan suyagidan hatto bitta ushoq ham qolgani yoʻq.

Qator chuzilgan, oralari devorsiz hovlilardan uch-toʻrt ariq berida toʻxtab qayoqqa borishini, nima qilishini oʻylay boshladi. Tun uzoq, ertalabki yegan ovqati bilan yurish mumkin. Keyin nima qiladi?

U shu xayol bilan tumshugʻini osmonga choʻzib chuqur iskandi. Hech narsa yoʻq. Goʻyo bugun hech kim qozon osmagandek edi.

Shu payt roʻparadagi hovlining namat bilan berkitilgan eshigidan toʻrt-beshta erkak, uch-toʻrtta ayol chiqishdi. Namat eshik tagida besh-oltita tanish itlar yotganini koʻrdi. Ular egalari chiqishi bilan oʻrinlaridan turishdi. Ular orasida qora qiyshiq oyoq it ham, boyagi laycha ham, taqa koʻz oq it ham bor edi.
— Albatta bu endi oʻgʻri emas, opa, — dedi novcha, shopmoʻylov bir kishi. — Quruvchilarni bilaman, aragʻin-giz boʻlsa oʻgʻirlashi mumkin, lekin... ovqatingizga tegmaydi. Nazarimda qishlogʻimizda katta yovvoyi mushuk, siyom mushugi deyishadi. Ana oʻsha oʻralashib qolgan. Kimdir aytuvdi hayvonot bogʻidan uch-toʻrtta hayvon qochibdi, deb. Ajab emas bittasi shu boʻlsa. Bitta koʻzoynakli ilon, kattasimas, bolasi.
— Vahima gaplarni topib yurasiz-da Hakim polvon! — zarda qildi «Moskvich» mashinasining egasi. — Hayvonot bogʻi qayoqda-yu, bizning Oʻrtaovul qayoqda?
— Iya! Nima deyapsiz oʻzi? — gap qaytardi Hakim polvon, — Rosa yuraman desa, ilon bir soatda toʻrt chaqirim yoʻl bosar ekan. Mushuk undan sekin yuradi deysizmi? Shu gapni men uch kun burun eshitgan boʻlsam, yetmish ikki soat.

Olti chaqirimdan mushuk yoʻl yursa, yetmish ikki soatda ellik ikki chakirim yoʻl bosar ekan. Bizning qishloqqa Toshkentdan qancha — yigirma ikki chaqirim. Hoynahoy ikkalovining tili bir boʻlsa, ilon ham yetib keladi-yov!
— Muncha sovuq gaplarni gapirasan, Hakim! — Gapga aralashdi xamir yoygan kampir. — Bu ilonmas, haligi sen aytgan siyom mushuk hammas. Rasmana adashib qolgan qoʻlbola it. Har baloni biladi, odamga chap berib, qornini toʻygʻizib yuribdi. Hech narsani ochiq-sochiq qoʻymasak oʻzi ketib koladi.
— Yoʻq, xola, bu it emas, — rozi boʻlmadi chekkada turgan oʻrta boʻy semiz bir odam. — It boʻlsa bizzi itlar tinch qoʻyib qoʻyarmidi. Mana, bitta Qoratoyning oʻzi. Tumshugʻidan tishlab yirib tashlar. Nechta urishqoq itni gumdon qilgan! Qoratoy Qayoqdasan? Buyoqqa kel!

Qora, egasiga oʻxshagan semiz, qiyshiq oyoq it egasining oldiga borib erkalandi.
— Meni aytti, deysizlar, bu tulki! — dedi semiz odam. Birinchidan, kuz. Yigʻim-terim tugadi. Chorva koʻchyapti. Tulki in qidirib, bu yoqqa kelib qolgan adashib. Poylaylik bir-ikki kecha. Oʻzim qoʻshotarim bilan otib beraman. Kelishdikmi shunga?

Koʻpchilikka uning gapi ma’qul boʻlgandek edi. Lekin hech kim dadillik bilan rozilik bermadi.
— Nima desalaring delaring-u, bu itning ishi. Qachondan beri tulki osh yeydigan boʻlib qoldi. Hech eshitmaganman. Suyak oʻgʻirlasa mayli, tushunardi. Lekin osh yesa, moshxoʻrda ichsa. Shu ham tulki boʻldimi? Uch kecha uxlamay, poylab chiqishga roziman. Lekin bu tulki emas! Tulki boʻlsa Qoratoy uni omon qoʻymasdi.
— Be! — gapga aralashdi kulib Hoshim aka, — sizning oʻzingizga oʻxshab semirib ketgan Qoratoyingiz boshqa yoqda hozir.
— Qayoqda? — soʻradi kampir.
— Anavi oq qanjikda. Ertayu kech ketida tilini osiltirib yurgani yurgan.
— Hoy, ayollar bor demaysizlar-a! — dedi ayollardan biri. Aftidan oʻsha taqakoʻz oq itning egasi boʻlsa kerak qoʻshib qoʻydi: — Biznikiga hali oʻgʻri tushgani yoʻq. Hamma narsamiz joyida.
— Katta ketmang, singlim, — dedi Hakim polvon. — Itingizni yaxshi bilaman, oʻsha hayvonot bogʻidan qochgan mushukni koʻrsa ham, tulkini koʻrsa ham uy-puyingizni tashlab qochadi. It kerak boʻlsa bitta boʻribosarmi, nemis ovcharkasidanmi olish kerak. Xamidullaga ayting, itingizning bolalarini tarqatadigan bizning uyda ahmoq yoʻq. Qaysi oʻgʻlim shu ishga aralasharkan, qoʻlini sindiraman.
— Boʻldi! Talashmanglar! — xulosa qildi Hoshim aka. — Uch kun poylaymiz. Qoʻshotarimni moylab olib chiqaman. Zumrat opoy! Qozonni bir chayib tashlab, yangitdan shilpildoq qilib berasiz-da bugun. Siznikida yotamiz bugun. Ertaga Halimaning onasi osh qiladi. Nima dedingiz, usta?

«Moskvich» mashinasining egasi roziman, degandek bosh irgʻadi.
— Keyiniga xudo poshsho! Balki Nortoji opam yangi qazi solib norin qilib berarlar indinga.
— Norin sizlardan aylansin, — dedi Taqakoʻz itning egasi. Lekin aytdim-qoʻydim. Oqboʻriga ishonaman. Biznikiga oʻgʻri tushadigan boʻlsa butun qishloqni oyoqqa turgʻazadi.
— Aytganingiz kelsin, — dedi kimdir.
— Har holda meni aytdi deysizlar, bu hayvonot bogʻidan qochgan mushuk!.. — Uloq birovda ketmasligi uchun qoʻshib qoʻydi Hoshim polvon.

Odamlar yana nimalarnidir gaplashib, tarqala boshladi.

Hoshim aka yonida qora iti bilan negadir hovlining etagi tomon yurdi.

Koʻktoy gʻoʻzapoya ichida oldingi oyoqlarini choʻzib, orqa oyoqlarini qorni tagiga bukdi-da, hamlaga tayyor holda Hoshim akaga tikildi. Qora itdan uning sira choʻchiydigan yeri yoʻq edi. Yelkasi bilan bir turtsa, dumalab oʻrnidan turolmay qolishi aniq.
— Gʻoʻzapoya qavjirab ketdi. Traktor yuborsam agʻdarib berar ekanda yeringizni!..
— Koshkiydi, bolam, — minnatdorchilik bildirdi xamir yoygan kampir.

Xoshim aka boshqa hech narsa demay, orqasiga qaytdi.

Turish xavfli edi. Koʻktoy oyoqlarini boʻshashtirib yonboshladi, lekin koʻzini odamlar sharpasi koʻringan tomondan uzmadi.

Kech kuz boʻlishiga qaramay Havo ancha iliq edi. Iliq shamol esardi. Koʻktoy oldingi chap oyogʻini uzatib unga chuzilgancha boshini qoʻydi-da, koʻzlarini yumdi. Aftidan uni endi hech kim tonggacha bezovta qilmas edi.

Koʻzi ilindi. Koʻm-koʻk qir paydo boʻldi koʻz oldida. Keyin sariq oʻtov. Oʻtov yonida pichan gʻarami. Kimdir uni issiq yumshoq tili bilan belini yalardi. Koʻktoy bu yalashning yoqib qolganidan erkalanib gʻingshib qoʻydi. Keyin nimadandir xavotirlanib, boshini koʻtardi. Yonida Taqakoʻz. Belini, dumi aralash biqinini yalayotgan u edi.

Koʻktoy orqasiga agʻdarilib, Taqakoʻzning tumshugʻiga oppoq qornini tutdi. Taqakoʻz boʻynigacha uni hidlab, bir-ikki yalagan boʻldi-da, orqasiga tisarilib boshini koʻtardi.

Koʻktoy uni tushundi. Oʻrnidan turib, uning tumshugʻini hidladi. Ular shunday bir pas bir-birlarining hidlariga toʻyib turishdi. Keyin Taqakoʻz ariq tomon yugurib ketdi. Koʻktoy uning ketidan loʻkillab yura boshladi.

Oʻsha tun ular shaldirab oqayotgan ariq labida uzoq oʻynashdi. Bir-birlarini qurigan yumshoq oʻt ustida dumalatishdi, oyoqlari, dumlaridan tishlashdi. Taqakoʻz koʻpincha uning yumshoq, yoʻgʻon dumini tishlab buraydi, ogʻritmasdan yerga tortadi, agʻdaradi-da, biqinlarini, kindigini yalaydi. Koʻktoy uning uzun quloqlarini tishlaydi...

Taqakoʻz birdan oʻrnidan turib, katta koʻcha tomon yugurib ketadi. Koʻktoy ham ikkilanmasdan uning ketidan yuguradi.

Katta koʻchaga chiqishganda, u boʻm-boʻsh edi. Koʻktoy ehtiyotkorlikni unutib, Taqakoʻzning ortidan ketaverdi. Shu oʻyin ichida ular qishloqning markaziy tomoniga yetib borishdi. Bu yer ham jimjit edi. U yer bu yerdagi magazinlar tepasidagi yonib turgan chiroqlarning tagida ham hechkim yoʻq, na odam, na it...

Taqakoʻz Koʻktoyni oʻz hovlisiga boshladi. Hovlini tanishi bilan Koʻktoy hushyor tortib, bir oyogʻini koʻtarganicha turgan joyida qotib qoldi. Buni Taqakoʻz sezib, devor tagida turgan togʻoracha oldiga bordi-da, shopillatib, yuvindi yeyaboshladi. Bu uning oʻzicha taklifi edi. Koʻktoy unga yaqinlashdi va qoʻshilishib non toʻgʻralgan quyuq, seryogʻ yuvindini yeyaboshladi. Ogʻziga goʻsht parchasi ham chiqdi. Bu goʻsht shu kungacha yegan goʻshtlarga oʻxshamasdi, shoʻrtang, xushboʻy. Ogʻzingga solsang erib ketadi. Koʻktoy beixtiyor shu goʻshtning hidi boshqa yoqdan ham kelayotganini sezdi. Boshini koʻtardi. Uy bilan devor orasiga terilgan temir simga qator qilib, besh juft qazi osib qoʻyilgan edi. Xushboʻy, hid shu qaziniki edi.

Koʻktoy qorni och boʻlmasa ham ishtaha bilan qazilarga tikildi. Keyin koʻp oʻylab oʻtirmay bir sakradi-da, ikkita qazini tishlab tortdi. Sim uzilib hamma qazilar sim bilan birga yerga «toʻp» etib tushdi. Xamir yoygan xotinnikidan qars-qurs etgan oʻq ovozlari eshitildi. Itlar vovullab ketdi.
— Voydod! Oʻgʻri tushdi!
— Kim bor?! Chiqinglar! Kasofatlarni tutinglar! — degan ovozlar qishloqni, ayniqsa Taqakoʻzning hovlisini tutib ketdi.

Taqakoʻz Koʻktoyga qarab birinchi vovulladi. Hovlida bir-ikkita it koʻrinishi bilan, qora qiyshiq oyoq it ikkalovi qishloqdan chiqib ketishdi.

Koʻktoy ikkita qazini tishlab olganicha, Taqakoʻz boshlagan yoʻldan qocha boshladi.

Koʻcha odamga, bir pasda qayoqdandir paydo boʻlib qolgan katta-kichik itlarga toʻlib ketgan edi. Hamma nimalardir, deb qichqirar, itlar baravariga vovullardi. Koʻktoy qay koʻz bilan koʻrsinki, Taqakoʻz ham biroz unda orqada qolib, boshqa itlar singar unga qarab vovullardi. Qazilar yumshoq va uzun boʻlganidan Koʻktoy boshini qanchalik baland koʻtarmasin, koʻkragiga, ikki oyori orasiga urilib, yaxshi chopishga xalaqit berardi. Semiz boʻlishiga qaramay, Qora qiyshiq oyoq it unga ancha yaqinlashib qolgan edi. Uning yonida uzun tayoq koʻtargan novcha kishi — Hakimpolvon yugurib kelardi.

Bir mahal Taqakoʻz Koʻktoyning yonida kelaturib, birdan unda orkada qoldi va jon jahdi bilan uning dumgʻazasiga yopishdi. Koʻktoyning gʻazabdan koʻzlari yonib ketdi. Taqakoʻz sagʻrini kengligidan dumgʻazani tishlolmasligini koʻrib, bor kuchini toʻpladi-da, Koʻktoyning dumiga yopishdi.
— Ol! Bos! — qichqirdi Hakimpolvon.

Shu zahoti Koʻktoy boshi aralash umurtqalarigacha qarsillab ketganini sezdi, ogʻzidagi qazini tashlab yubordi, gandiraklab oyogʻi tagida ivirsib kelayotgan itlarga turtilib ketdi. Hamma itlar yiqildi. Ammo orqadan quvib kelayotganlar koʻp edi.

Koʻktoy ulardan qochib qutilolmasligini sezdi va zarb bilan oldingi oyoqlarini yerga tiradi-da, taqqa toʻxtadi. Tanasi boshi ustidan aylanib tushdi. Bir nechta it unga turtilib, angillaganicha dumalab ketdi. Ularning orasida u Taqakoʻzni ham koʻrdi. Oʻrnidan turib boshini koʻtarganida, roʻparasida Qora it turardi. Koʻktoyning vajohatidan Hakimpolvon ham toʻxtab qoldi.
— Qoravoy! Ol! Ol, Qoravoy! — dedi u qoʻrquv aralash va qoʻlidagi tayoqni sekin boshi uzra koʻtara boshladi.

Koʻktoy buni oʻzicha tushunib, yaqinida turgan qora besoʻnaqay it qolib ketdi-da, dahshat bilan irillaganicha oʻzini shu tayoqqa otdi. It ham, uning zarbi aralash Hakimpolvon ham yiqilishdi. Koʻktoy bir koʻcha boʻlib kelayotgan odamlarni koʻrdi. Hali ularning yetib kelishiga besh-olti qadam bor edi. U chalqancha yotgan Hakimpolvonning ustidan xatlab oʻtdi-da, oʻzini chap tomonda koʻringan tor koʻcha tomon urdi. Endi uni hech kim quvmayotgan edi. Bir-ikki marta oldida, orqasida tosh dumalab tushdi xolos. U toʻxtamay, loʻkillab tor koʻchaning boshiga chiqdi, roʻpara yangi haydalgan yer yoqasi bir mashinalik asfalt yoʻl edi. Shu asfalt yoʻl boʻylab u avval loʻkillab, keyin bitta-bitta yurib ketdi.

Hech umrida koʻrmagan boyagi shovqun-suron, badburush qiyshiq it, tayoq koʻtargan novcha odam, Taqakoʻz ortda qoldi.

Katta yongʻoqning tagiga kelganida u toʻxtadi. Hechqaerida, tayoq tushgan boshida ham, umurtqa suyaklarida ham ogʻriq sezmadi. Taqakoʻz bir parcha yungini uzib olgan dumida ogʻriq bor edi va yuragi gupillab urardi. U bir pas chuzilib olishga qaror qildi.

7

Koʻktoy oʻsha yili Sirdaryoga yaqin boʻlgan Olmazor, Yallama qishloqlari atrofida yurib qishni oʻtkazdi. Qish oʻzi oʻsha yili deyarlik boʻlmadi. Mavsumning yarmigacha qor yoqqani yoʻq. Togʻ tomondan doim iliq shamol esib turdi. Kunduzlari beixtiyor ba’zi tepaliklarga chiqib qolsa togʻni u koʻrardi. U yer-bu yergina oqargan koʻk togʻ tizmalari uning nafa-sini qitiqlar, bilsa-bilmasa tugʻilgan joylariga uni tor-tardi. Lekin tugʻilgan joyi qaerda — buni u bilmasdi. Bundan qattiq ezilmasdi ham. Lekin qon uni togʻli joylarga tortadi.

U shu payt ichida ancha oʻsdi, suyaklari kengayib, qotdi. Tanasi kengaygani uchun boshi endi avvalgidek besoʻnaqay koʻrinmas, sal choʻziqroq boʻlib, juda yengil engashar, biror xavfni sezsa, darxol, yashin tezligida uzun boʻyni aralash koʻtarib olardi.

Taqakoʻz xiyonat qilganidan keyin u qayoqqa bormasin, bironta itga, odamga duch kelib qolishdan oʻzini ehtiyot qilardi.

Oʻshanda yaxshigina dam olib, Taqakoʻz tishlari botib qonagan dumini yalab, ogʻrigʻi bosilganidan soʻng, ingichka asfalt yoʻl bilan katta yalanglikka chiqib qoldi. Yalanglikning oʻrtasidan hozirgina kelgan asfalt yoʻliga toʻrtta keladigan keng, tekis ikki yoʻl oʻtgan edi. Bir yoʻldan yurgan mashinalar ikkinchisidan yurishmasdi.

Koʻktoy shu keng yoʻllarning yoqasida turib, qayoqqa borishini ma’qulroq ekanini darhol payqab oldi. Oʻng tomon — odamlar, itlar koʻp tomon, chap tomon — toqqa olib boradigan, qir-adirlar koʻp tomon edi. Sezgi, kichik bir xohish bilan u shu tomonga yurdi.

Qish deyarlik qishligini qilmagani uchunmi, bahor erta kelgani uchunmi Koʻktoy tez tulladi. Toʻshak qaviganda boʻlak-boʻlak boʻlib tushadigan bir-biriga patakdek yopishib ketgan yunglari avval orqa sonlaridan boshlab tusha boshladi. Keyin sagʻriniga oʻtdi. Quruq yerlarga duch kelib qolganda Koʻktoy dumalab oʻzi tullashini, eski burda-burda boʻlib yotgan koʻkimtir yunglarini tushishini tezlatdi. Aprelning oʻrtalariga kelib, tullab boʻlib qoraydi-yu, biroz, lekin kumushdek yaltirab ketdi. Agar uning qovurgʻalari, kuraklari ozgʻinlikdan turtinib chiqib turganini e’tiborga olinmasa juda chiroyli it boʻlib yetilgan edi.

Shu paytga kelib, aniqrogʻi, katta ikki yoqlama yoʻlga chiqib olganidan beri qishloqlarga kirib oʻgʻirlik qilmasdan qorin toʻydirish yoʻllarini ham oʻrganib oldi.

Yoʻl ustida tez-tez kabobxona, somsaxona, palovxonalar uchrab turadi.

Koʻktoy ularning yaqiniga bormasdi. Kabobxonani yoki somsaxonani bir-ikki olisroqdan, lekin odamlar koʻradigan masofada aylanib chiqardi-da, sabr-toqat bilan ariq labidami, yo uzun togʻdek keladigan mashina soyasidami oʻltirardi.

Odamlar, u shunday aylanmasa ham, uni darrov koʻrishardi. Ba’zilarning havasi kelardi, ba’zilar undan qoʻrqishardi. Lekin koʻpchilik albatta unga biron narsa tashlab ketardi. Stolni yigʻishtiradiganlar ham qoʻrqa-pisa uni chaqirishar, ammo joyidan qimirlamagach, yaqinrogʻiga kelib, dasturxonni qoqib ketishardi. Bu qoqilgan dasturxonda eh-ha, nimalar boʻlmasdi. Chala chaynalgan goʻsht parchasi, ustixon, ba’zan iligi bilan, ancha-muncha non, keyin shoʻrbaliq. Shoʻrbaliqning poʻstidan koʻra Koʻktoyga kallasi yoqardi. Ikki oldingi oyoqlari bilan ogʻzining yarmiga tiqib avval shimardi, keyin gʻarchillatib bitta ham qulogʻining pufaklari, koʻzlarining halqalarigacha, qoldirmay yerdi.

Shunday choyxonalar oldida u ba’zan haftalab, oylab qolib ketardi. Ammo yaxshi choyxonalardan ketib qolib, adashgan vaqtlari ham boʻlardi. Bir kabobxonada kabobpazlar er-xotin ekan. Koʻmirxonaning oldiga itlarini ham olib kelib bogʻlab qoʻyishgan edi. Koʻktoy yaqinlashishi bilan uni, oʻzidek katta, qora ola itni koʻrdi, ammo parvo qilmadi. Juda hafsalasini pir qilsa, bitta beliga urib haydab yubormoqchi boʻldi. Zanjirga bogʻliq ekanini keyin bilib qoldi. Kabobpazning xotini qolgan-qutgan kabob nonlarni unga tashlaganda bildi.

Zanjirband it yuvindi chelakni bir-ikki hidladi-da, nariroqqa borib yotdi.

Koʻktoy shuni kutib turgai edi. Bitta-bitta yurib itning oldiga bordi. Uni hidladi, it bogʻloqliq turaverib zerikkanidan gʻingshidi, yosh boladek ingillab oʻrnidan turdi, oʻz navbatida Koʻktoyni hidlay boshladi. Koʻktoy uni allaqachon unutgan, nima qilayotganidan beparvo boʻlib, tumshugʻini chelakdan koʻtarmay, apil-tapil ovqat yeyish bilan ovora edi. Shu payt togʻorachada suv koʻtarib, kabobpazning xotini kelib qoldi.
— Voy! Voy! Shotursun aka! Bu yoqqa qarang, itingizning ovqatini yeb qoʻyyabdi.

Zanjirband it bir-ikki nomiga vovullab qoʻydi.
— Kim yeb qoʻyayabdi? — ichkaridan erkak kishining ovozi keldi.
— Chiqing? Devdek bir narsa! — qichqirdi xotini.

Kabobpaz keldi. Bir pas qarab turib, qoshlari chimirildi.

— Zab it ekan-da! Oyogʻlarini, yelkalarini qara! Togʻangga olib borib bersam naq ming soʻm beradi. Bitta otga yengilmaydi. Chop, arqon olib chiq!

Xotin ichkariga yugurdi.

Koʻktoy birpasda chelakni chip-chinniday qildi. Labla-rini, tumshugʻini yalab, boshini koʻtarganda, kabobpaz uni erkalab chaqirdi.
— Kel, jonivor, kel. Ketma, bir amallab bogʻlab olsam boʻldi seni. Zap kelishgan it ekansan-da!

Xotini kelib qoʻrqa-pisa yon tomonidan eriga arqonni uzatdi.
— Jonivor, jonivor, ketma.

Kabobpaz yana nimalar deb turib, arqonni katta sirtmoq qildi-da, poylab turib, Koʻktoyning boʻyniga tashladi. Shundan keyin nima boʻlganini u ham, xotini ham bilmaydi. Koʻktoy koʻzining qiri bilan kabobpazning qoʻlidagi arqonni koʻrib turgan edi. Tashlashi bilan oʻzini chap oldi-da, bir «gʻapp!» deganicha kabobpazning koʻkragini ikkala oldingi oyoqlari bilan urdi. Kabobpaz xotiniga oʻzini tashladi, xotini yerga agʻdarildi va dod solib yubordi. Kabobxonadagilar nima boʻlganini chiqib aniqlagunlaricha Koʻktoy katta yoʻlga oʻtib olib, loʻkillaganicha togʻ tomon ketdi.

Kabobpaz belini ushlab oʻrnidan turar ekan, dumini likillatib atrofida jilpanglayotgan itining boshiga alam bilan qoʻlidagi arqonni otdi.
— It boʻlmay oʻl! Ahmoq... Tayyor ovqatini yedirib oʻtirgan it ham it boʻldimi?! — Keyin u kiyimlarini qoqib, inqillab oʻrnidan turayotgan xotiniga oʻshqirdi. — Togʻangning ham padariga la’nat! Shu itni it deb olib berib oʻtiribdi-ya, uch yuz soʻmga. Qoʻy bu, it emas. Allaqachon sovunga berib yuborish kerak!

8

Yetti soyga yetguncha bunday choyxonalar oz emas edi. Ammo kunlar sovib, yogʻingarchilik boshlanishi bilan ularga qulf solina boshlandi. Kamdan-kam kabobxona ochiq boʻlar, ular ham ikki-uch soatgina kun isigan tushlik payti ishlar va tezda yopilardi.

Shunday boʻlsa ham Koʻktoy och qolgani yoʻq. Albatta avvallargidek endi toʻyib ovqatlana olmas, qogʻozlarga chala-chulpa oʻrab ketilgan narsalar bilan amal-taqal qiladi.

Bir kuni u Yettisoyga kiraverishdagi choyxonaga yetay deb qolganda ikkita pritsepli mashina turganini koʻrdi. Qadamini sekinlatib, tumshugʻini choyxona tomiga tutdi. Hech qanday is kelmadi. Koʻp oʻtmay mashinalar joʻnadi.

Koʻktoy hovuz yonidagi temir krovat ustida ochiq-sochiq yotgan non qoldiqlari, besh-oltita shoʻrbaliq kallasi va qiltanoqlarni koʻrdi. Atrofda hech kim yoʻq edi. Choyxona berk. Koʻktoy haligi qoldiqlarni ushogʻini ham qoldirmay yedi. Keyin suv ichkisi keldi. Hovuzga engashib tumshugʻini tutgan edi, suv tagidan tumshugʻini unga tutib turgan oyogʻidek yoʻgʻon qora baliq koʻrindi.

Koʻktoy birpas tomosha qilib turdi. Keyin sekin oʻng oyogʻini koʻtarib, baliqning tumshugʻiga tepdi. Oyogʻi tizzasigacha suvga tushib, hovuzni chayqatib yubordi. Baliq koʻrinmay ketdi. Koʻktoy uni axtarib anchagacha hovuzga qarab qoldi. Bir mahal baliq suzib chiqdi. U suv ustida oppoq qorniga agʻdarilib yotardi, bilinar-bilinmas dumi likillar, ammo avvalgi xoliga qaytolmasdi.

Koʻktoy osonlikcha oyogʻini uzatib, baliqni oʻziga tortdi. Baliq qarshilik bildirmadi. Tumshugʻi tagiga kelganida «gʻap» etib qoq belidan tishlab oldi-da boshini koʻtardi. Uning tutib olgan baligʻi hozirgina yegan shoʻr baliqlarning kallasidek kelardi.

Shu yoʻsinda Koʻktoy qorin toʻydirishning yangi bir usulini topdi va birinchi qor yogʻguncha shu yerda qolib ketdi. Hovuzdagi baliqlar uning uchun hozircha yetarli edi.

Baliqlar kunduz payti, ayniqsa oftob chiqqanda koʻproq suv betida koʻrinishardi. Koʻktoy ovini koʻpincha shu paytida qilardi. Buning ustiga kunda boʻlmasa ham, ikki uch kun deganda yoʻlovchi mashinalar shu yerda toʻxtar, odamlar temir krovat ustiga qogʻoz yozib shosha-pisha ovqatlanishar va yana mashinalariga oʻtirib ketishardi.

Koʻktoy iloji boricha ularga koʻrinmaslikka harakat qilardi. Koʻrinsa, albatta bironta toʻpolon boʻlishi turgan gap edi.

Kechalariga ham u chidasa boʻladigan joy topgan edi. Choyxonachining esidan chiqqanmi, yo joʻrttaga ochiq qoldirib ketganmi, choyxona ortidagi ingichka, fanerdan ishlangan koʻmirxona ochiq edi.

Koʻktoy shu yerga kirib yotardi. Albatta issiq emas, lekin shamol yoʻq, koʻzini bemalol yopib, boshini biqiniga, yo oyoqlari orasiga olib tinch uxlashi mumkin edi.

Qorni ham u birinchi marta shu yerda koʻrdi. Hammayoqni oq bulut bosib, uchqunlayotganda temir krovat ostida yotib, yoʻlni, oʻtgan-ketgan mashinalarni tomosha qilayotuvdi, tumshugʻiga oppoq bir narsa qoʻndi. Keyin ikkinchisi kelib qoʻndi. Koʻktoy epchillik bilan uni yalab ulgurdi. Muzdek bir narsa, suv desa suv emas, tuz desa tuz emas. Bir pasda burnining uchi oppoq boʻlib qoldi, krovatning atrofi ham oq choyshab yopgandek, bir pastda oq boʻldi-qoldi. Qeyin tez qorongʻi tushdi. Yettisoyga burilishdagi simyogʻoch ustidagi chiroqning yorugʻida osmondan betinim tushayotgan bu oq yulduzchalar, kapalakdek simyogʻoch atrofida aylanib, goh qizil, goh sariq rangda tovlanar va ohista yerga choʻkardi. Ular behisob edi. Yerga qoʻngandan keyin hammasi bir rangda oppoq boʻlib kumushdek yaltirardi.

Koʻktoy mudroq bosganda kirovat ostidan chiqdi-da, koʻmirxona tomon yurdi. Gʻarch-gʻurch qilgan yirik panjalarining izi qor ustida qoldi. U koʻmirxonaga kirib olib, izlariga biroz qarab turdi, lekin izlar qor koʻp yogʻaboshlaganidan tezda yoʻqoldi.

Yarim kechaga borib, qor tindi. Sovuq boshlandi. Taxta devorlar orasidan kiraboshlagan izgʻirin shamol Koʻktoyning etini junjitdi. Ammo u e’tibor bermadi. Boshini koʻproq uzun tanasi orasiga olib kulcha boʻlib oldi-da, yana uyquga ketdi.

Qorni ochib uygʻonganda, tong yorishgan edi. U shoshib Oʻrnidan turdi-da, hovuz tomon yoʻrgʻalab ketdi. Ammo qalin qor uni bosganini, suv muzlaganini u xayoliga ham keltirmagan edi.

Qalin, oʻtkir tirnoqlari bilan xovuz burchagidagi qorni surib, suvni ochgandek boʻldi. Ammo bu suv emas, qalin, qopqora muz edi. U sekin ikkala oldingi oyoqlarini muz ustiga koʻydi. Muz yorilmadi. Butunlay xovuzga tushdi. Oʻzgarish boʻlgani yoʻq, qaerdadir, muz boʻlsa kerak, uning ogʻirligidan qirsilladi. Lekin boshqa hech qanday oʻzgarish boʻlgani yoʻq.

Koʻktoy tizzalarigacha oppoq qorga botib, nima qilishini bilmay, hovuz oʻrtasida qaqqayib turib qoldi. U bugun och qolganini, bu yerdan ketishi lozimligini bildi.

Katta yoʻlga chiqqanda mashinalar qatnovi endi boshlangan edi. Mashinalarning koʻpi shahar tomonga yurishardi. Biri kechki karom ortgan, biri baland simtoʻr yashik. ichida paxta, buzilgan traktor. Onda-sonda ichi gʻij-gʻij odamga toʻlgan besoʻnaqay avtobuslar oʻtib qolardi. Shunday avtobus oʻtganda, koʻpincha uning derazalaridan qiyqirishib bolalar Koʻktoyga biron narsa tashlashar, «Ma! Ma!» deb chaqirishardi.

Koʻktoy ularga oʻrganib qolgan edi. Juda ochiqqan paytlari oʻzi katta koʻchaning chetiga chiqib oʻtirar va shunday avtobuslarni kutardi.

Hozir endi qattiq sovuq. Deyarlik hamma mashinalarning shu jumladan odam tashiydigan avtobuslarning ham derazalari berk edi.

Koʻktoy yoʻl yoqasidagi qor ustida yurib charchadi. Yoʻlning oʻrtasiga tushib oldi. Bu yerda ham yurish oson emas edi. Tirnoqlari oʻtkir boʻlsa ham, son-sanoqsiz mashinalar oʻtaverib qotib yaxmalak boʻlib ketgan qorga botmas, sirgʻalar, dumalab ketay-ketay derdi.

Baland koʻprikdan oʻtayotganida bir yengil qora mashina uni turtib yuborishiga oz qoldi. Shofer signal ham berdi, eshikni ochib soʻkindi ham. Koʻktoy yoʻl chetiga chiqqach, qogʻozga oʻralgan allanarsani oldiga tashladi.

Koʻktoy shosha-pisha qogʻozni titkilab ochdi. Yarim kilocha keladigan yaxna goʻsht bilan bitta katta tandir non edi. Hech kim bunday yeyilmagan narsani unga hech mahal tashlamagan edi. Koʻktoy xirillab, ovozlarini chiqarib shu narsalarni yeb qoʻydi. Ruhi ancha tetiklashdi, badani qizidi.

Uch-toʻrt kilometr yurib pastlikka tushganda boyagi qora «Volga» yoʻl chetida toʻxtab turardi. Sportchilar kiyimidagi ikki kishi mashinadan chiqib uni poylab turishardi.

Koʻktoy ulardan beriroqda toʻxtadi.
— Kelaver, jonivor! Kelaver! Biz seni urmaymiz! — dedi yigitlardan biri. — Boqamiz. Oʻrgatamiz. Ma!

U Koʻktoyning oldiga bir narsa tashladi. Bu yarim buxanka non edi. Koʻktoy hididan bildi. Nima qilish kerak? Borsinmi? U oyoklarini bitta-bitta koʻtarib, nonga yaqinlashdi. Lekin egalari qarab turishgani uchun hidladi-yu, boshini koʻtardi.
— Senga! Yeyaver, senga! — qichqirdi non otgan yigit. — Ol! Yoʻlbars! Polkan! Ol!
— Oti boshqachadir? — e’tiroz bildirdi ikkinchi yigit.
— Mayli-da, oʻrgansa boʻldi. Rosa uy poylaydigan it ekanda! — dedi non tashlagan yigit. — Ozgina semirsa bormi, harqanday oʻgʻri koʻrishi bilan qochadi. Darvozadan uygacha garajning oldi bilan sim tortib bogʻlab qoʻyardim. Ana undan keyin bir oyga boʻlsa ketaver. Uy qimirlamaydi joyidan. Boʻriboy! Ol! Uka! Qoraboy! Ol!

U shu gapni aytganini biladi. Koʻktoy «Qoratoy!» degan soʻzni eshitishi bilan bir irilladi. Yigitlarning unga Hakimpolvondek tikilib turganini koʻrdi-da, non esidan chiqib, vovullaganicha ularga tashlandi, ikkala yigit epchillik qilib mashinaga kirib olishdi. Koʻktoy tumshugʻini mashina derazasiga tiqib vovullashdan tinmadi. Mashina bir silkinib yurib ketdi. Koʻktoy bir-ikki qadam chopdi orqasidan, keyin orqasiga qaytdi. Nonning oldiga kelib, yana hidladi, mashina ketgan tomonga qarab bir-ikki endi shunday nomiga, ichki bir dard bilib vovullab qoʻydi-da, ikki tishlashda nonni tamom qildi.

Kechga yaqin oldinda yana bir koʻprik koʻrindi. Undan yoʻl ikki tomonga —chapga va toʻgʻriga, tepaliklarning ichiga kirib ketgan edi.

Koʻprikning tepasiga chiqqanda, Koʻktoy oʻng tomonning olis-olis etaklarida, botayotgan quyoshning qizgʻish nurlari oldida imoratlarni koʻrdi. Chap tomon qir, qirning teppasida, besh kilometrcha keladigan masofada bir narsa qorayib koʻrindi. Uning orqasi toqqa tutashib ketgan. Buni Koʻktoy quyosh nurlarida yilt-yilt qilayotgan baland-past choʻqqilardan bildi. Hech ikkilanmasdan qir tomonga oyoq bosdi.

Ikki tepaliqdan oshib uchinchisiga, qorayib turgan narsaga yetgunicha suv boʻlib ketdi. Quloqlarining uchlari, tumshugʻidagi uzun qalin junlar sumalakdek qotib qoldi.

Tepalik tepasida qorayib turgan narsa qabr edi. Koʻktoy muzdek qabrga yopishib yotdi-da, oyoqlarini choʻzdi. Panjalaridagi qayrilma yoʻgʻon tirnoqlari muz parchalari ichida qolib ketib, ingichka ipdek qorayib turardi.

Shu yerda yotgancha oʻziga kelgach, boshini koʻtarib, tepalikning narigi tomoniga qaradi. Pastda, ikki-uch kilometrlik joyda ilondek yaltirab jilgʻa oqardi. Shu payt qay koʻz bilan koʻrsinki, shu jilgʻa yoniga besh-oʻnta qoʻy kelib suv ichaboshladi. Bir-ikkitalari ichib boʻlib boshlarini koʻtardi, «be-be-e! deb ma’radi. Jilgʻa boʻyini bir pasda ola-bula qoʻylar podasi bosib ketdi. Bir-ikki marta itlarning boʻgʻiq vovullagan tovushlari ham eshitildi.

Koʻktoy tizzalariga koʻtarilib, pastlikka tikilib qoldi.

Bir ozdan soʻng jilgʻaning narigi betida eshak mingan bir odam koʻrindi. Aftidan qoʻychivon boʻlsa kerak, bir pas qoʻylarning suv ichishiga qarab turib, «qurre-kurre!» — deb qichqirdi va boshi ustida uzun tayogʻini aylantira boshladi. Suv ichib boʻlgan koʻylar orqaga qayta boshlashdi. Bir-ikkitasi suvning ustidan bu tomonga sakrab oʻtgan edi, Koʻktoydek bir sariq it vovullab orqaga qaytardi.

Koʻktoy bu manzarani koʻrib entikib ketdi, bir-ikki qalqib yoʻtaldi va oʻzini pastga tashladi.

Poda ketayotgan tomonga ma’lum masofa saqlab, itlarga ham (ular katta edi, bittasi haligi sariq it, ikkinchi ola edi. Uning ham boʻyi sariq itdan qolishmasdi). Qoʻylarga ham koʻrinmay orqama orqa boraverdi.

Poda yana bir tepalikka chiqib, gʻoyib boʻldi.

Koʻktoy ohista shu tepalikka koʻtarilganda koʻziga tanish manzara koʻrindi. Keng yalanglik narirokdagi tepalikka yo togʻning etagiga borib taqalgan edi. Yalanglikning oʻrtasida baland pichan gʻarami turardi, gʻaramning yonida oʻtov. Pastroqda esa uch yogʻochlik butun poda sigʻadigan koʻra koʻtarilgan edi.

Qoʻy-qoʻzi ma’rab-ma’rab itlarning hurishi, choʻpon «qur-r, qur-e»si bilan qoʻraga kira boshladi.

Koʻktoy yana pastroq tushdi. Qoʻrani choʻpon berkitgach, itlarni ergashtirib oʻtovga kirib ketdi. Koʻktoy qoʻraning burchagiga borib, yogʻoch qoziqlarga koʻndalang bogʻlangan xodalar panasida pichan gʻaramiga oʻtib oldi va yer bilan bitta boʻlib yotgan pichan ustiga oʻzini madorsiz tashladi.

Ancha vaqt oʻtdy. Qoʻra ichidan itlar bilan choʻpon chiqdi. Uning agʻdarma poʻstini hididan Koʻktoy tanish, es-es anglab oladigan bolaligidagi yoqimli hidni sezdi.

Choʻpon itlarni qoʻra darvozasi yaqiniga chaqirib, etagidan bir narsa toʻkdi. Ikkala it qirqilgan kalta dumlarini likillatib, va shunday kalta qirqilgan quloqlarini tushirib ovqat yeyishga tushib ketishdi.

Choʻpon qaytib yana oʻtovga kirib ketdi.

Koʻktoyning soʻlagi oqib ketdi, tamshandi, lekin itlar yoniga borishga botinmadi. Ular toʻyib, oʻsha joydan ketganlaridan soʻng, har doimgidek qolgan-qutgan narsalarni yeyishni kuta boshladi.

Shu payt oʻtovdan choʻpon chiqdi, itlari tomon bir qarab qoʻyib, gʻaramga, Koʻktoy yotgan tomonga kela boshladi. Koʻktoy nima qilishini bilmay, boʻynini choʻzib, boshini yerga qoʻydi.
— Shattamiding? — soʻradi yaqinroq kelib choʻpon. — Shattasan deb oʻylovdim oʻzim ham. Tepalikda turganingni koʻruvdim. Tushmaganingdan eslik ekansan, deb quyuvdim. Koʻktoy! Azamat it! Ma! Manavi senga.

Kimdir uni shunday deb chaqirgan edi. Hozir eslolmaydi. Onasining bagʻridan olib, shaharlik jiyaniga sovgʻa qilgan keksa choʻponmi, yo Kozimning onasimi? Choʻponning shunday deb chaqirgani yoqdi.

Choʻpon ikki-uch qadamcha narida choʻkkalab Koʻktoyning oldiga yaxni goʻsht dumalatdi.

Koʻktoy hidladi, qorongʻi tushgan boʻlsa ham, choʻponning muloyim koʻzlarini koʻrdi va apil-tapil goʻshtni yeyaboshladi.
— Barakalla! Manavi nonni ham ye!

Choʻpon it oldiga uch-toʻrt burda non tashladi.
— Senlarni endi qanday oʻrgataman bir-biringga? Boʻrikalla ham oʻjar, Olabuqa ham undan qolishmaydi. Hay, mayli, sen shu yerda yotaver. Ertaga bir gap boʻlar. Balki kechasi topishib ketarsanlar, a? Lekin, ayt-chi, jonivor qaysi nonkoʻr seni sarson qilib koʻydi? Choʻpon boʻlmasa kerak, choʻpon sendaqalarni kaftida olib yuradi.

Choʻpon ketdi.

Koʻktoy u oldiga tashlagan narsalarning uvogʻini ham qoldirmadi va issiq pichan orasida uyquga ketdi.

Choʻponning itlari qoʻra atrofida tunni oʻtkazib, begona itning yaqinlarida uxlab yotganini sezmadilar.

Koʻktoy gʻira-shirada uygʻondi. U endi oʻziga kelgan, charchoqlari unutilgan, qorni ham uncha och emas edi, kechgacha chidasa boʻlardi. Koʻzlarini uqalab, toʻyib esnadi, boʻynini choʻzib, choʻpon itlarining qaerdaligini iskab koʻrdi. Qoʻraning orqasida boʻlishsa kerak hidlari kelmadi. Oʻrnidan turib bir silkindi-da, gʻaramning orqasiga oʻtib gʻoyib boʻldi.

Choʻpon ertalab, ayri bilan gʻaram yoqasiga kelganda Koʻktoy yoʻq edi.
— Ha ayyor it!.. Qochdingmi? — dedi u kulib. — Yoʻq, qochganing yoʻq. Bizdan qoʻrqding. Qoʻrqib nima qilasan tentak it? Bizdan qoʻrkma. Bizning dushmanimiz bitta — boʻri. La’nati keyingi paytda koʻpayib qoldi biz tomonda. Menga — sir, hali kelib, tishining oqini koʻrsatgani yoʻq, itlar ham sezmadi. Lekin koʻpayib qoldi. Ehtiyot boʻlmasak, besh-oʻnta qoʻydan bir kunda ayrilib qolamiz. Voybayov! Lekin itmisan it ekansan. Oyogʻing bilagimga ikkita keladi-ya! Hay, mayli, bilaman, hali aylanib kelasan, qoning tortadi. Qorning ham tortadi. Bu atrofda boshqa qoʻra yoʻq... Choʻpon chol yana allanarsalarni oʻzicha gapirib qoʻradagi qoʻylarga pichan tashiy boshladi. Keyin oʻtov ichidan qop orqalab chiqib yem berdi. Shu bilan kun peshindan ogʻdi. Otda kimdir kelib unga nimalarnidir ukdirib ketdi. Aftidan obi-havoni aytgan boʻlsa kerak, u ketishi bilan qor uchqunlay boshladi. Keyin oppoq qordan boʻlak hech narsani koʻrib boʻlmay qoldi. Choʻpon bugun podani pastga sugʻorgani olib bormadi. Motorni qoʻyib, qudukdan sugʻardi.

Qorongʻi tushib, qoʻradagi qoʻy-quzilar tinchigach, itlar ovqatlarini yeb, qoʻraning orqa tomoniga ketishgach, Koʻktoy gʻaram ichidagi joyiga qaytdi. Shunday pichan ustida kechagicha goʻsht, ikkita shoʻr suyak yotardi.

Mirikib yedi. Suyaklarni ham ovoz chiqarmay avval shimdi, keyin ohista sindirib maydalab-maydalab ogʻzi toʻla koʻpik aralash yutdi.

Bu gal kechagidek uyqusi kelmadi. Qoʻra atrofida yurgan qoʻychivon itlarining oʻyinlari, sharpalarini eshitdi. Bir oldilariga bormoqchi, ular bilan oʻynamoqchi boʻldi, lekin oʻzini tiydi. Nojoʻya ish qilib qoʻysa, yana quvishsa! Yoʻq, endi u bunday yashagisi kelmasdi.

Bir mahal koʻra chetidan bitta qoʻyning hurkib, gʻoʻldiragani eshitildi. Boʻrikalla osmonga qarab bir uvladi-da, qayoqqadir chopib ketdi. Shu payt uning «vagʻ-gʻ» degani va ingragani eshitildi.

Koʻktoy oʻsha yoqqa bor kuchini toʻplab yugurdi. Qoʻraning orqasida beshtami, oltita boʻri Olabuqani oʻrab olishgan va sekin-sekin unga yaqinlashmoqda edi. Ola-buqa irillab tisarila boshladi. Tisarilib, beixtiyor orqasidan bosib kelayotgan boʻrini koʻrmay qoldi. Hammasini yaxshi koʻrib borayotgan Koʻktoy bir sakradi-da, Olabuqaning orqasidagi boʻrining ustiga tushdi, uning ustidan oʻzini oʻrtaga otdi. Boʻrilar Olabuqani tashlab, oʻzlarini Koʻktoyga otdilar. Jang uzoq davom etmadi, Koʻktoy birin-ketin uchta boʻrini qulogʻi aralash jagʻidan tishlab yiqitdi. Soʻng, gir aylandi-da, Olabuqaga yopishayotgan boʻrining boʻgʻzidan oldi.

Beliga tishlarini botirgan boʻri qochdi. Koʻktoy uni quvmoqchi boʻlganida, miltiq ovozi eshitildi. Umrida u ikkinchi marta oʻk ovozini eshitishi edi. Nima qilishini bilmay, toʻxtab qoldi. Shu tob teppasidan bir boʻri otilib tushdi-da, ikkala koʻzi aralash boshini gʻajiy boshladi. Koʻktoy qancha tirishmasin boʻri uni qoʻyib yubormas, oʻtkir tishlari battar koʻzlariga botar edi. Koʻktoy ogʻrigʻiga chi-dolmay, boshini bir silkitdi-da, ustidagi boʻrini agʻdarib tashladi. Shu payt boʻrining boʻgʻziga Olabuqa tashlanganini koʻrdi.

Koʻp oʻtmay hamma narsa tinchidi. Faqat ba’zi koʻylar hamon qoʻrquv aralash ma’rashar, olisdan choʻponning soʻkingan ovozlari kelardi.

Koʻktoy gandiraklabgandiraklab gʻarb tomonga yoʻl oldi. Bitta-bitta yurib borar ekan, qornidan nimadir tushib sudralib kelayotganini, koʻzlari hech narsani koʻrmay loʻqillab ogʻriyotganini sezdi.

Gʻaramga yetganda oʻz joyini topib yotdi.

Qoʻra tomonda, esa choʻpon cholning boʻgʻilib:
— Boʻrikalla! Koʻktoy! — deb qichqirganini eshitdi.

U koʻzini ochib, boshini koʻtarmoqchi boʻlgan edi, zimziyo qorongʻilikdan boshqa hech narsani koʻrmadi, allaqanday shoʻr suyuqlik ogʻziga oqib tushdi. Sekin egilib qornini yaladi, qorniga ham nima boʻlganini bilmadi.

U ohista boshini koʻtarib, oldingi oyoqlarini uzatdi-da, ikkala lovullab yonayotgan koʻzlarini shu oyoqlari orasiga oldi.
— Koʻktoy! Boʻrikalla! — yana choʻponning ovozi eshitildi.

Koʻktoyning qimirlashga majoli yoʻq edi.

Ertalab gʻira-shirada Choʻpon qoʻraning orqa tomonida beshta boʻrining oʻligini koʻrdi. Ulardan narirokda qorni boʻgʻizigacha yorib tashlangan Boʻrikalla yotardi. Koʻktoy hech qaerda yoʻq edi. Boʻrilarni choʻpon bitta-bitta qarar ekan, Boʻrikalla birinchi boʻlib halok boʻlganini bildi. Toʻrtta boʻri bir xil, quloqlari, boʻgʻzi aralash tishlab oʻldirilgan edi. Choʻpon hech shubhasiz bu Qoʻktoyning ishi ekanini tushundi. Ustiga sakrab Koʻktoy chala oʻlik qilib qoʻygan beshinchi boʻrini Olabuqa tugatgan edi.

«Esiz it! — xayolidan oʻtkazdi choʻpon. — Jang bilmaganda hali. Lekin oʻzi qani?»
— Koʻktoy! Polvon it! Azamat it! Ma! Buyoqqa kel!

Koʻktoy hech qayoqda yoʻq edi. Shu payt choʻponning oldiga dumgʻazasi qonga belangan Olabuqa ingrab keldi.

— Senga ham qoyilman. Yarang tuzalib ketadi, — dedi choʻpon uning boshini silab. — Lekin yangi oshnang qani, Koʻktoy qani? Bola paqir qani?

U shunday deb, qorga tomgan va qoʻra yonidan ipdek chizilib ketgan qon tomchilarini koʻrdi. U shu tomonga yurdi. Tomchilar uni pichan gʻaramiga olib keldi.

Koʻktoy kechagi yotgan joyida, yer bilan bitta boʻlib yoyilib ketgan pichan ustida yotardi.
— Voy azamat! Shatta ekansan-ku! Indamaysan-a?

Koʻktoy sal qimirlagandek boʻldi.
— Hozir men dori olib chiqaman, seni davolaymiz. Attang, attang!

Choʻpon oʻtovga yugurib ketdi.

Koʻktoy deyarlik uni eshitgani yoʻq. Boshi gʻuvillar, kimdir uni, kichkina kuchukchani boʻynidan koʻtarib, qopga solmoqchi boʻlar, u esa bir kuchini toʻplab kichkina yapaloq oyokchalari bilan qopni itarardi.

Choʻpon doka, bint, dorilar koʻtarib, keldi-da yana chaqirdi.
— Koʻktoy! Azamatim, Koʻktoy!

Koʻktoy ingrab ham javob qilmadi.

Choʻpon koʻkragiga qoʻlini qoʻyib, sekin qimirlatdi. Ammo buzoqdek chuzilib yotgan it qimirlamadi.
— Attang, attang! Uvol ketding, jonivor! Hali qanaqa it boʻlarding?! Choʻponlarning havosi, boʻrilarning kushandasi boʻlarding! Oʻzim urgatardim. Eh-ha, biz boʻlgan joyda boʻrining soyasi ham boʻlmasdi!..

Oʻsha kuni keksa noma’lum choʻpon Koʻktoyni qoʻraning yoniga chuqur qazib koʻmdi. Yoniga Boʻrikallani qoʻydi. Qabrlar ustiga katta tosh topib kelib bostirdi-da, uzun tayoq qoqib qoʻydi.

Etaklarini qoqib oʻrnidan turar ekan, yana alam bilan dedi:
— Attang! Yosh ketdi! Bola ekan-a, bola!.. Olabuqa! Bu yerni hech tita koʻrma. Na yozda, na qishda...

9

Ikki yarim yil ichida Kozim juda oʻzgarib ketdi. Ilgarigi oʻyinqaroqligi yoʻq. Ota-onasi bilan ham muomalasi sovuq.

Bir kuni onasi ishdan qaytayotganda bozorning oldida bir laycha it unga ergashdi. Suyunib oʻzi bilan birga uyga olib keldi. Kozim xursand boʻldi.

Ona-bola unga temir togʻorachada ovqat berishar ekan, it bir-ikki timirskilandi-da, yemadi.
— Koʻktoy boshqacha it, edi, — deb yubordi beixtiyor Kozimning onasi. — Nima bersang, hammasini yerdi, hech qayoqni iflos ham qilmas edi!..
— Hali ham olib kelib beraqolsaylar nima qiladi? — zarda bilan xunob boʻlib soʻradi Kozim.

Onasi javob bermadi.

1986