OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiBoboyongʻoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boboyongʻoq (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Gʻulomqodir ota ayvonning burchagidagi ustunga suyanib oʻtirardi. Uch kundan beri u shunday, oqshom boʻldimi, tamom, oʻzi birinchi gʻishtini qoʻygan boloxonali uyning oldidagi ochiq ayvonga oʻtirib olib xayol suradi. Ilgarilari bunday emas edi, qorongʻi tushdimi, boʻldi, eshikni orqasidan zanjirlab choyxonaga chiqib ketardi. U yerda oshna-ogʻaynilari, oʻrtoqlari bilan gurunglashib yarim kechada qaytardi. Faqat yakshanba kunlari hech qayoqqa bormay, uyda boʻlardi. Internatda oʻqiyotgan nevarasi, oʻn toʻrt yoshga endi qadam qoʻygan Mamadalini kutib osh damlab oʻtirardi. Mamadali ham buvasiga oʻxshab palovni yaxshi koʻradi. Ayniqsa, poʻstdumba solinganini. Gʻulomqodir ota buni bilib, har shanbada bozor qilib keladi. Ba’zida Mamadali bundan xafa boʻlib qoʻyadi.
— Nima qilardingiz ovora boʻlib? — deydi lablarini osiltirib. — Koshki bozor yaqin boʻlsa!
— E, bolam-a, qari odamga ovorasi bor ekanmi, — javob qiladi Gʻulomqodir ota beparvogina, lekin ichida nevarasining mehribonligidan xursand boʻlib qoʻyadi. — Bizning avlod oʻzi oshxoʻr avlod. Dadang rahmatli iloji boʻlsa kunda osh qildirardi. Oying ham. Balnisada ham oshdan boshqa narsa yemasdi.

Gʻulomqodir ota shunday deydi-yu, oʻylab ketadi. Qovoqlari bujmayib osilib tushgan yirik koʻzlari ustidagi uzun, lekin siyrak kul rang qoshlari chimiriladi. Lablari bir-ikki tortilib, gapga tushib ketadi. Gʻulomqodir ota oʻtmishni eslab ancha oʻzini ranjitishini bilsa ham oʻgʻli, kelini va kampirini gapirishni yaxshi koʻrardi. Mamadali ular haqida juda koʻp eshitgan boʻlsa ham, buvasining gapini boʻlmaydi. Diqqat bilan quloq soladi. Oyisini u es-es biladi. Uch yoshligida kasalxonada vafot etgan. Oppoq, toʻladan kelgan xotin edi oyisi. Doim kulib turardi. Bir marta u buvasi bilan kasalxonaga borganda — bahormidi oʻshanda — ikkala qulogʻiga qoʻshaloq gilos taqib qoʻygan. Dadasini esa koʻrmagan, faqat uyning toʻrida osigʻlik turgan suratidan biladi. Innaykeyin, Germaniyaning qaysi bir shahrida, nomini aytishga tili kelmaydi, mina portlab halok boʻlganini eshitgan. Bunga ancha boʻldi. Shu-shu katta hovlida buvasi ikkalovi turishadi. Kolxozda internat ochilganda Hakim aka uni olib ketdi. Keyin bilsa, Hakim aka dadasining oʻrtogʻi ekan, birga frontda boʻlishgan ekan, internatda ona tili va adabiyotdan dars beradi. Buvasi uni yaxshi koʻradi. Hakim akangning aytganini qil, boʻlmasa shartta qulogʻingni kesib tashlayman, deydi koʻpincha hazillashib. Toʻgʻrisi, ilgari shunday derdi. Hozir Mamadali katta boʻlib qolgan, buvasidan endi bunaqa gap eshitmaydi. Endi buva bilan nevara teng odamday gaplashishadi. Buvasi gapiradi, Mamadali tinglaydi. Shuning uchun ham u koʻp narsani biladi.

Gʻulomqodir otaning gapi qorongʻi tushganda ham tamom boʻlmaydi, shunda Mamadali sekingina:
— Buva... — deb, yulduzlarga ishora qiladi.

Gʻulomqodir ota miltillab birin-ketin yonayotgan sargʻish yulduzlarga qarab, avval hech narsani tushunmaydi, keyin nevarasiga koʻzi tushib, internat esiga keladi. Gap uziladi. Katta qizil piyoladagi sovib qolgan koʻk choyni yigitlarga xos shaxd bilan simiradi-da, nevarasiga tikilib jilmayib qoʻyadi. Mamadali buvasining shu jilmayishiga ishqiboz. Jilmayganda koʻzlari kichrayib, ikki chakkasida yirik-yirik uchta chiziq paydo boʻladi. Yoʻgʻon dahanini qoplab turgan koʻkimtir soqoli yoyilib, sersavlat boʻlib ketadi.

Gʻulomqodir ota shu jilmayganicha, bir-ikki yoʻtalib:
— Qani, doʻxtir, daptarizni koʻrsating-chi, — deydi.

Nega «doʻxtir» deydi, Mamadali bilmaydi. Darrov papkasidan kundalik daftarini olib koʻrsatadi. Gʻulomqodir ota undagi qator beshlarni koʻrib, jiddiylashadi, chakkasidagi chiziqlar yoʻqoladi, soqoli joyiga tushadi. Ehtiyotlik bilan daftarni xontaxtaga qoʻyib, shoshmasdan arabchalab qoʻl qoʻyadi. Oʻzining ismiga uzoq tikilib, daftarni yopadi-da, nevarasiga qaytaradi.
— Barakalla, — deydi vazminlik bilan, — barakalla.

Bobo bilan nevara shundan keyin internatga yoʻl olishadi. U yerdan qaytib, vaqt hali erta boʻlsa ham, Gʻulomqodir ota choyxonaga bormaydi, toʻgʻri uyga kiradi-da, hozirgina nevarasi oʻtirgan joyga oʻtirib, miriqib choy ichadi, ertasiga qiladigan ishlarning rejasini tuzadi. Xoʻjalikning oʻn gektarlik yongʻoqzori uning qaramogʻida. Ertadan kechgacha oʻsha yoqda boʻladi. Kechqurunlari oʻrtoqlari olib ketishadi yo choyxonaga chiqadi. Uch kundan beri esa hech qayoqqa bormaydi, faqat uyda. Qishloq kengashining raisi kelib ketgandan beri shunday boʻlib qoldi.

Gap shundaki, Gʻulomqodir otaning uyi buziladigan boʻldi. Qumariq bilan Qorasuv qishloqlari birlashib oʻrtadan katta koʻcha oʻtar ekan. Koʻcha shunday Gʻulomqodir otaning uyini kesib chiqar ekan. Ota uyning buzilishiga qarshi emasdi. Qishloq obod boʻlsa, katta-katta koʻchalar tushsa, kim qarshilik qiladi. Buning ustiga hukumat yoʻlning ustiga, qishloq markaziga uy qurib bersa! Gʻulomqodir ota qishloq kengashining raisiga hech narsa demadi. Faqat ma’qul deganday boshini engashtirib soqolini tutamlab qoʻydi. Lekin yolgʻiz qoldi-yu, bir narsa yuragini chimchilab ketdi. Mevalarni nima qiladi? Shunday tashlab ketaveradimi? Oʻn tup olma, oʻn tup gulos, oʻrik, shaftolilar nima boʻladi? Yongʻoq-chi, yongʻoqni nima qiladi? Kun qizib ketgan saraton paytlari terak boʻyi keladigan shu boboyongʻoqning ostidagi supada u dam olardi. Kuzda esa uchiga yapaloq tunuka qoqilgan xoda bilan qoqib, nevarasining oʻrtoqlariga bir etak-bir etak ulashib chiqardi. Qishloqda shu yongʻoqqa suq bilan qaramagan odam yoʻq edi. Qulochga sigʻmaydigan tanasi, boʻyi, hosilining ta’rifi yon-atrofdagi qishloqlarda ham doston boʻlib ketgan edi. Hammadan ham uning tarixi qiziq edi.

Gʻulomqodir ota kurash yillari eskadronga komandirlik qilgan. Hovlisidagi boboyongʻoqni shu yillari oʻtqazgan.

Bir kuni u gʻanim odamlarini quvib oʻz qishlogʻidan oʻtib ketayotganda, koʻcha labida qonga boʻyalib yotgan cholni koʻrib qoladi. Shartta otini toʻxtatib tushadi-da, uning yoniga boradi. Cholning aft-basharasini tanib boʻlmasdi. Hamma yogʻi qon, loy. Bir koʻzi oqib tushgan, Aftidan, otning dumiga bogʻlab sudrashganga oʻxshaydi. Qoʻlida esa ingichka bir tayoqcha bor edi. Xuddi bir qimmatbaho buyumday mahkam changallab olibdi.

Gʻulomqodir ota uzoq tikilib turib uni taniydi. Bu odam qishloq mutavallisi Saidazim dehqon edi. Qoʻlidagi tayoqcha esa endigina nish urgan yongʻoq koʻchati edi.

Gʻulomqodir ota ikki yigitga dehqonning jonsiz murdasini topshirib, uning qoʻlidan koʻchatni sekingina boʻshatib oladi-da, oʻzi bilan olib ketadi. Jangdan keyin, gʻanimlar oʻt qoʻyib ketgan uyiga tushib, hovlining oʻrtasiga oʻtqazib qoʻyadi.

Boboyongʻoqning tarixi ana shunday. Xoʻjalikning yongʻoqzori ham asosan shu yongʻoqning urugʻidan.

Mana shunday gaplarning sababchisi boboyongʻoq endi qirqib tashlanadi. Oʻrniga koʻcha tushadi.

Gʻulomqodir ota yer ostidan unga qarab qoʻydi. Yongʻoqning butun hovliga soya tashlab turgan yapaloq barglari kechki shamoldan xuddi quroqning qoʻshpirpiragiday yoqimli shitirlardi. Gʻulomqodir ota anchagacha shu ovozga mahliyo boʻlib oʻtirdi. U bu ovozni kunda eshitsa ham, quloq solib toʻymasdi. Koʻm-koʻk, nimrang, sargʻish barglar kunda ingichka ohang kashf etib shitirlardi. Ba’zida ular otaga yoshligini, koʻcha changitib ot chopgan, qilich oʻynatib yurgan navqiron yigitlik yillarini eslatib yuborardi. Ba’zida esa uning hozirgi tinch, sokin hayotini koʻz oldiga keltirib, mayin shabadada ohanrabo «sayqal»dek tebranardi. Bunday paytlarda Gʻulomqodir ota oʻzining ancha keksayib qolganini ham, ilgarigi quvvati yoʻqligini ham unutardi. Yirik qoramtir qoʻllaridagi hisobsiz chiziqlarga tikilib, koʻngli toʻlishardi-da, «ha, hali koʻp ishga yaraysan, chol», deb qoʻyardi.

Qosh qoraya boshladi. Shabada sovidi. Gʻulomqodir ota hamon joyidan qimirlamasdi. Yongʻoqning ayvon tarnoviga chuzilib kelgan ingichka shoxidan ikkita chumchuq «pir» etib yerga tushdi. Chiq-chiriqlab oʻchoq yonidagi qum uyumiga yaqinlashdi. U yoq-bu yoqqa bir-ikki qarab olib, hafsala bilan choʻmila boshladi.

«Yomgʻir yogʻadi, — dedi ichida ota buni koʻrib. — Choʻmilishini qara, suv koʻrmagan odamga oʻxshaydi-ya!»

Bitta chumchuq qanotlarini yozib sakray boshladi. Ikkinchisi uzala tushib yotib oldi.

«Bozorga borish kerak, — xayolidan oʻtkazdi Gʻulomqodir ota. — Aytganday, bugun kun nima oʻzi? Jumami, shanbami?»

U qishloq kengashining raisi kelgan kunni esladi. Seshanbada kelgan edi. Demak, bugun juma. Ertaga bozorga tushsa boʻlar ekan.
— Kelmasa boʻlardi shu hafta, — dedi ovozini chiqarib.

Shunday dedi-yu, oʻzining ovozidan oʻzi choʻchib ketdi. Atrofga alanglab qarab chiqdi. Hovli jimjit. Faqat ariqda bir baqa zavq bilan qurillardi.
— Tavba, oʻzimdan oʻzim choʻchiydigan boʻb qopmanmi? — ota ranjib gapirdi. Ilgari bunaqa odatim yoʻq edi, shekilli. Ha... kelmasa boʻlardi. Mamadali tushmagur juda ziyrak. Meni koʻrib ancha oʻksinadi. Yaxshisi oʻzim borib kela qolay. Hali kun uzoq.

Gʻulomqodir ota shunday deb oʻrnidan turdi, hovliga bir-ikki razm solib, yongʻoqning tagiga bordi, birpas tikilib turdi-da, oʻzining boʻynidek toʻr bogʻlab ketgan tanasiga shapillatib urib qoʻydi.
— Ha, jonivor, qarimaysan-a, qarimaysan, iliging baquvvat. Mayli, yashab qol. Necha kunliging bor ekan hali.

Allaqaerda chigirtka chirilladi, qurbaqaning qurquri avjiga chiqdi. Quyosh boʻzarib, paxsa devorning orqasiga berkindi. Shamol yongʻoqqa birdan yopirilib, allaqaerdan piyozdogʻning hidini olib kelib dimoqqa urdi.
— Shunaqa, oshna. Necha kunliging qoldi, bilmaysan.

Gʻulomqodir ota ogʻir xoʻrsinib, eshik tomon yurdi. Internatga yetganda oʻzidan oʻzi toʻxtab qoldi.

«Nima qilaman kirib, bezovta qilib? — dedi ichida. — Nahotki tushunmasa, xabari bor-ku!»

Shu fikr oʻziga ma’qul tushdi shekilli, orqasiga qaytdi. Qishloq markaziga yetganda choyxonada chiroq koʻrindi. Ota bunga e’tibor bermadi, bitta-bitta qadam tashlab, uyi tomonga yoʻl oldi...

Ertalab, hali xoʻroz qichqirmasdan oʻrnidan turganda, koʻk betini bulut qoplagan, hatto yomgʻir bir-ikki tomchilagan ham edi. Ota hovliga tushib ariq labida yuvindi-da, samovarga oʻt tashlab yubordi.
— Mayli, yogʻsin, mevalarning tanasi yayraydi. Yo toʻgʻrimasmi?

U endi oʻzi bilan oʻzi ovoz chiqarib gaplashishga koʻnikib qolgan edi.
— Toʻgʻri. Suv boʻladi-yu, ziyon qiladimi? Hali saratonga erta. Endi oʻrik dumbul boʻldi. Yongʻoq-chi, yongʻoq hali shundoq sut.

Gʻulomqodir ota shunday dedi-yu, ichini allanarsa timdalab ketganday boʻldi. Samovarning yonida turib, oʻylab ketdi.
— Chakki boʻldi, chakki. Uvol ketadi.

U oppoq yaktagi yomgʻirdan ivib ketayotganiga ham, kar-nayi agʻdarilib, samovar oʻchib qolganiga ham parvo qilmasdi. Koʻzlari olmadan oʻrikka, olchadan shaftoliga oʻtib, beixtiyor yongʻoqqa tushardi. Nazarida yongʻoq kushxonaning hidini sezib, boʻgʻilib-boʻgʻilib ma’ragan sigirday yigʻlardi. Yomgʻirning yongʻoq barglarini tebratib, bir ohangda shitirlatishi yana nimani eslatishi mumkin?

Gʻulomqodir ota seskanib ketdi.
— Yo tavba, bu nima koʻrgilik oʻzi? Bunchalik boʻsh emasdim-ku!..

Shu payt kimdir uni chaqirib qoldi. Ota oʻziga kelib eshik tomon yurdi. Abdujalil aka bilan qishloq kengashining raisi ekan.
— Tuzukmisiz? Kecha choyxonada koʻrinmadingiz? — dedi Abdujalil aka unga qoʻl uzatib. — Yangiyoʻldan Sayfi qiziq kelgan ekan, yarim kechagacha hangamalashib oʻtirdik. Yo tob yoʻqmi?
— Yoʻq, otdayman. — Gʻulomqodir ota bazoʻr jilmayib gapirdi. — Qani, ichkariga.
— Xoʻsh, bu yangi uyga qachon koʻchasiz? — soʻradi qishloq kengashining raisi, ayvonga koʻtarilishganda. — Yo uy yoqmadimi?
— Nega? Uy yaxshi. Qachon desangiz oʻtaveramiz. Ikki kishiga bundan ortik yana nima kerak?

Gʻulomqodir ota kulib qoʻydi.
— Unday boʻlsa, hali odam yuboraylik. Kerakli narsalarni koʻchirishsin.
— Daraxtlarni nima qilamiz? — gapga aralashdi Abdujalil aka. — ularni koʻchirib boʻlmaydi-ku!
— Qirqiladi-da, — cholning oʻrniga javob qildi rais. — Bu axir problemamas-ku.
— Nima?! — soʻradi Gʻulomqodir ota uning soʻnggi soʻziga tushunmasdan.
— Bu qiyin masala emas, deyapman. Bahona bilan qishga oʻtinli boʻlib qolasiz.

Gʻulomqodir ota seskanib ketdi. Endigina yozmoqchi boʻlib turgan dasturxoni qoʻlida taxlogʻligicha qoldi. U nima deyishini bilmasdi. Rangi oʻchib, lablari titrardi.
— Yomgʻir ham tindi, — dedi Abdujalil aka oʻrnidan qoʻzgʻalib. — Bu yil meva yili boʻldi-da, oʻziyam.

Ota indamadi.
— Hay, biz turdik. Hali koʻrisharmiz-a, bogʻda ota?

Abdujalil aka shunday dedi-da, oʻrnidan turib eshikka yurdi. Ketidan qishloq kengashining raisi turdi.

— Odamlar kelishganda ishni daraxtlardan boshlay qolishsin. Bu yongʻoqni agʻdarish ham hazil emas.
— Yoʻq.
— Labbay?
— Yoʻq, odam kerakmas. — Gʻulomqodir ota qishloq kengashining raisiga eshikni koʻrsatib gapirdi. — Marhamat. Oʻzim qirqib beraman.
— Yoʻgʻ-e, qoʻying...
— Qoʻyingi bor ekanmi, oʻzim qirqaman. Vassalom. Oʻtinni toʻgʻri siznikiga olib borib tashlayman!
— Yoʻgʻ-e, toʻxtang. Nima deyapsiz oʻzi? Abdujalil aka, bu yoqqa qarang! — Biroq Abdujalil aka qaramadi. U allaqachon ketib qolgan edi. — Axir men sizning foydangizni oʻylab gapiryapman. Tushuning.
— Tushundim, tushundim. Xayr.

Gʻulomqodir ota eshikni shartta yopib orqasiga qaytdi. Uning butun vujudi titrardi.
— Oʻtin emish! Oʻzingni oʻtin qilish kerak!

U yanada achchiqroq bir gapni aytmoqchi boʻlib, ogʻiz juftlagandi-yu, lekin tiliga hech narsa kelmadi.
— Tavba! — dedi alam bilan, biroq bu soʻz qishloq kengashining raisiga qaratilganmidi, oʻzigami, bilib boʻlmasdi.

Ayvonga kelib, ustunning yonida turgan bir kosa yaxna choyni oxirigacha simirdi-da, moʻylovini yengi bilan artib yongʻoqqa qarab qoʻydi. Keyin tez-tez yurib koʻchaga chiqdi. Koʻcha jimjit. Hech zogʻ yoʻq. Faqat ishtonchan bir bola yoʻl chetiga oʻtirib olib «hammopish» oʻynardi. Gʻulomqodir otani koʻrib, bola ogʻzini katta ochib iljaydi. Uzoqdan, yongʻoqzor tomonidan tom baravar beda ortgan hoʻkiz arava koʻrindi. Ota shu tomonga yurdi. Bugun shanbaligi, bozorga borishi kerakligi xayolidan koʻtarilgan edi.

Kechqurun u uyga qaytganda chehrasi ancha ochiq edi. «Bogʻ aro qoʻysam qadam»ni yarim ovozda xirgoyi qilib, goʻsht toʻgʻradi. Oʻchoqqa olov yoqa turib, nimadir esiga tushib ketdi-da, ovozini baralla qoʻyib kuldi.
— Obbo Abdujalil tushmagur-ey!! Yongʻoq jinnisisiz, deydi-ya. Oʻzing-chi, xoʻsh, oʻzing nima jinnisisan? Uloq chopaman deb, ikkita toʻriqni uch yildan beri boqtirib yotganingni bilmaymanmi? Har bir kishi bir narsaga ixlosmand boʻladi. Men yongʻoqni yaxshi koʻraman. Bunga rahmatli Saidazim aka, mana shu yongʻoq sababchi boʻlgan.

Gʻulomqodir ota devdek qulochini yozib turgan boboyongʻoqqa qaradi-yu, darrov koʻzini oldi. Nimagadir ikki qulogʻining uchi qizarib ketganini sezdi.
— Ha, mana shu yongʻoq sababchi boʻlgan...

U shundan keyin qanday qilib ovqat pishirganini bil-madi. Pishganda esa tomogʻidan oʻtmadi.
— Mamadali boʻlganda hozir yaxshi boʻlardi, — dedi xoʻrsinib karavotga chuzilar ekan. — Ikkalamiz gaplashib yotardik. Nega endi mening hovlimdan koʻcha oʻtarkan? Juda hozir zarurmidi, shu?! Oʻtinmish-a, oʻtin!

Ota hovliga nazar tashladi. Qop-qorongʻi tun, hovlida hech narsa koʻrinmasdi. Devorda qandaydir choʻzinchoq sharpalar suzib yurardi. Bu barglarning soyasi, yongʻoq barglarining soyasi. Ota ularga tikilib-tikilib, koʻzi ilinganini sezmay qoldi.

Ertalab nimadandir choʻchib barvaqt uygʻondi. Boshi gʻuvillardi. Anchagacha karavotda oyoqlarini osiltirib oʻtirdi. Allanarsalarni oʻzicha shivirladi. Keyin, odaticha, ariq labida yuvinib, hujraga kirdi. Bu yerda uning duradgorlik asboblari turardi. Asboblar hujra devorlariga qator qilib, bir tekisda qoqilgan mixlarga osigʻliq edi.

Gʻulomqodir ota qoʻlarra bilan teshani olib yongʻoqning tagiga keldi. Yuragi duk-duk ura boshladi. Havo salqin, shabada esib turgan boʻlsa ham, peshonasida ter yiltiradi.
— Mamadali kelguncha bir yoqlik qilib qoʻyay. Tagʻin buvam bitta daraxtniyam kesolmadi, boʻsh ekan, demasin.

U shunday dedi-yu, arrani yongʻoqning metin boʻlib ketgan tanasiga soldi, biroq tortolmadi, qoʻli titrab arra tushib ketdi.

Gʻulomqodir ota ichida sevinib qoʻyganini payqadi.
— Yoʻq, lozim boʻlgandan keyin kesish kerak. Bu nima degan gap oʻzi? Har kim oʻzi ekkan narsani oʻzi kesolmasa, qaerga koʻcha tushadi-yu, qaerga imorat quriladi. Qorasuvgayam hozir yongʻoq zarurmi, koʻcha zarurmi? Albatta, koʻcha. Kesish kerak.

U qoʻliga yana arrani oldi.
— Obbo chol-ey, muncha ivirsiysan? Solsang-chi, sol. Nega qoʻling titraydi? Sol!

Shu payt qanday kuch bilan arrani uloqtirib yuborganini oʻzi sezmay qoldi. Gʻulomqodir ota hansirab u yoq-bu yoqqa alanglab qaradi-da, uydan chiqib ketdi. Toʻgʻri idoraga bordi. Abdujalil aka qishloq kengashining raisi bilan qandaydir qogʻozni koʻrib oʻtirardi.

Gʻulomqodir otaga koʻzi tushib, qishloq kengashining raisi sekingina:
— Keling, — dedi-yu, qoʻl uzatishini ham, uzatmasligini ham bilmay, qizarib ketdi.
— Abdujalil! — dedi ota salomlashishni unutib. — Mashina ber, koʻchaman.

Oradan yarim soat oʻtar-oʻtmas, besh-olti kishi otaning yuklarini mashinaga joylab, yangi uyga olib ketishdi. Huvillagan hovlida otaning oʻzi yolgʻiz qoldi. U qandaydir gunohkor nazar bilan boboyongʻoqqa tikilib, ayvonning burchagida oʻtirardi. Shu alpozda u qancha oʻtirdi, bilmaydi. Bir mahal oldida jilmayib turgan nevarasini koʻrdi-yu, sevinchdanmi, yo xoʻrligi kelganidanmi, koʻzlarida yosh yiltirab ketdi.
— Keldingizmi, oʻgʻlim, — dedi u yuzini yaktagi ichiga yashirib. — Sizni kutib oʻtiribman. Oshni endi yangi uyda qilamiz-da, a? Koʻrganmisiz?
— Ancha boʻlgan, — dedi Mamadali goʻyo siri ochilganday uyalinqirab. — Abdujalil aka koʻrsatganlar. Shunaqa ham chiroyliki!..
— Qani, boshlang boʻlmasa.

Mamadalining gapi toʻgʻri chiqdi. Yangi uy haqiqatan ham chiroyli edi. Katta hovli, toʻrt xonali uyning oldida baland ayvon.

Gʻulomqodir ota yangi oʻchokda osh damlar ekan, eski uy tomondan buldozerning ovozini eshitib, koʻngli yana buzildi, ruhi tushib ketdi. Ammo darrov oʻzini tutib, nevarasiga sezdirmaslik uchun oʻzi sevgan «Bogʻ aro qoʻysam qadam»ni xirgoyi qila boshladi. Buldozerning ovozi esa tun boʻyi tinmadi.

Oradan bir hafta oʻtgach, Mamadali buvasini yangi koʻchaga boshlab bordi. Gʻulomqodir ota oʻsha tomonga bormaslikni qanchalik istamasin, nevarasining ra’yini qaytarolmadi. Koʻchani birpasda oʻtkazishibdi, hatto tosh ham yotqizishibdi.

Uyga yaqinlashar ekan, yuragi uvusha boshladi. Ana, hov anavi joyda ayvon bor edi. Endi yoʻq, tep-tekis boʻlib ketibdi. Ariqdan ham asar qolmabdi. Iy-e, yangi ariq qazilibdimi?

Gʻulomqodir ota ariq ketgan tomonga razm soldi. Shu payt... Shu payt qay koʻz bilan koʻrsinki, koʻchaning labida bir daraxt, oʻziga tanish bahaybat daraxt savlat toʻkib turardi. Tagida havo rang skameyka. Nega ilgari koʻrmadi. Bu axir yongʻoq-ku! Oʻsha oʻzi oʻtqazgan boboyongʻoq!

Gʻulomqodir ota nima qilishini, nima deyishini bilmasdi. Koʻzlarida yosh yiltirardi. U endi buni yashirmasdi. Mamadalini mahkam bagʻriga bosib:
— Rahmat, rahmat, — derdi.

Mamadali bu soʻzlar kimlarga qaratilganini yaxshi bilardi.

1961