OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Charos (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiCharos (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Charos (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Erta tong edi. Endigina koʻtarilgan oftobning iliq nurlari derazalarga tushib, uylarni yorita boshlagan edi. Ishga vaqtliroq borish, toʻgʻrirogʻi, oltin kuz havosidan toʻyib nafas olish ishtiyoqida uydan chiqdim. Bir oz etni junjitadigan shabada esardi. Kechasi yomgʻir yogʻib oʻtibdi shekilli, asfalt yoʻlka nam.

Muyulishdan oʻtib katta koʻchaga chiqqanimda koʻk darvoza oldida turgan bir bolaga koʻzim tushib qoldi. Oyogʻida, dadasiniki boʻlsa kerak: katta kalish. Bir tomonga qiyshayib koʻzlariga tushib turgan qalpoq ham oʻziniki emas edi. Yaqinroq bordim. Bola koʻzlarini koʻchaga tikkancha, ishtaha bilan qars-qurs qilib allanarsa yerdi. Havasim kelib ketdi.
— Nima yeyapsan, oshna! — dedim yoniga yaqinlashib.
— Uzum, — dedi bola qalpoq ostidan koʻzlarini menga tikib. Keyin qoʻynidan bir nima oldi. Bu — yetilib turgan katta bir bosh qora charos edi. — Oling.

U shunday dedi-da, ogʻzini katta ochib iljaydi. Sovuqdanmi yo uzumning rangidanmi lablari koʻm-koʻk koʻkarib ketgan edi.
— Oling, — dedi bola yana. Lekin oʻzi javobimni kutmasdan bir gʻujum uzumni ogʻziga tashladi-yu, bir-ikki karsillatib yutib yubordi. Tamshanib qoʻydim. Yoʻlga tushdim. Ammo, yoʻlning yarmiga yetganimda bolaning qoʻlidagi charosdan, shunaqa yetilgan timqora charosdan biram yegib kelib ketdi! Qani endi bir boshi boʻlsa-yu, xuddi shu boladek kars-kurs suvini sachratib yesang?!

Bolaligimizda koʻpincha shunday qilardik. Bizning qishloq bogʻ qishloq edi. Kattabogʻ deb bekorga atashmagan. Qishloqning orqa tomonida, es-es bilaman, katta uzumzor bor edi. Atrofi pastak paxsa devor bilan oʻralgan bu uzumzorning yuz xil rangdagi uzumlari hammaning havasini keltirar, oʻtgan ham, ketgan ham suq bilan qaramay iloji yoʻq edi. Biz, bolalar uchun esa, uzumzor sirli bir dunyo edi. Hammamizning uyimizda husaynimi, buvakimi yo boshqa xil uzum istalgancha boʻlsa ham, shu bogʻdagi uzumlardan koʻzimizni uzolmasdik. Hammanikida uzumdan koʻp barg boʻlsa, bu bogʻning ishkomlarida barg deyarli yoʻq edi. Poʻsti shilingan oppoq tol poyalariga oq, qizil, sariq, qora marjonlar goʻyo gʻuj-gʻuj qilib osib qoʻyilgandek edi.

Bir kuni oʻqishdan qaytayotib, bolalardan besh-oltita shoʻxrogʻimiz bir joyga yigʻildik-da, oʻgʻirlik qilishga qaror qildik. Ikki kishi soqchilik qiladigan, qolganlarimiz boqqa tushadigan boʻldik.

Kitob-daftarlarni kichik bolalardan berib yuborib, poylay boladik. Koʻchada hech kim qolmadi. Hamma yoq jim-jit. Sekin devorga yaqinlashdik-da, bitta-bitta boqqa tushdik. Uzum! Ogʻzimiz ochilib koldi. Bir chekkadan uzib ketaverdik. Bir qoʻl bilan yulib qoʻynimizga solamiz, bir koʻl bilan ogʻzimizga. Birpasda qoʻynimiz toʻlib ketdi. Kimdir choʻntaklariga, doʻppisiga ham solib oldi. Endi ketamiz deb turgan edik, uzokdan:
— Hoʻ-hoʻ-hoʻy! Kim bor? — degan ovoz eshitib qoldik-ku!

Sheriklarim tapira-tupuriga olib qochib qolishdi. Men boʻlsam uzumni koʻp yeb qoʻyganimdanmi, yo qattiq qoʻrqib ketganimdanmi, qimirlolmay qoldim. Nima qilishimni bilmay koʻzimni chirt yumdim-da, joyimda turaverdim. Qancha turdim, bilmayman. Koʻzimni ochsam, roʻparamda qizil etik, oq yaktak kiyib, ustidan koʻk qiyiqni bogʻlab olgan baland boʻyli bir chol jilmayib turibdi. Qaltirab ketdim.
— Qoʻrqma, qoʻrqma, bolam, — dedi u mayin tovush bilan. — Uzum kerak ekan, aytmaysanmi, oʻzim uzib berardim.

Bunday muomalani men sira kutmagandim, yigʻlab yubordim. Koʻzimdan oqqan yoshni artish uchun qoʻlimni koʻtargan edim, koʻylagim ishtonbogʻimdan chiqib ketib, qoʻynimdagi uzum yer bilan bitta boʻldi. Ammo, chol e’tibor bermadi. Koʻrgan boʻlsa ham oʻzini koʻrmaganlikka solib meni yupata boshladi.
— Yigʻlama, nega yigʻlaysan, tentak, — dedi u boshimni silab. — Bir bosh olibsanlar, ikki bosh olibsanlar, nima boʻpti? Kamayib qoladimi? Qara, bu uzumlarni! Qancha axir. Hammaga yetadi. Qani, bu yoqqa yur!

Chol qoʻlimdan ushlab yetaklab ketdi. Bogʻning oʻrtasidagi ishkomga kirdim. Ishkom toʻla yongʻoqdan-yongʻoqdek keladigan qora charos edi.
— Tuzukmi? — dedi chol menga qarab va kulib qoʻydi. Koʻkragiga tushib turgan qalin oppoq soqoli silkinib ketdi. — Tuzuk boʻlsa, shundan uzib beraman.

U qiyigʻiga osib qoʻygan pichogʻini qinidan sugʻurib uzum uza boshladi. Birpasda yaktagining ikkala bari toʻlib ketdi.
— Mana, bolam, ol. Oʻrtoqlaringga ham olib bor.

Men apil-tapil uzumni qoʻynimga solib, koʻchaga yugurdim. Rahmat aytish ham esimdan chiqibdi. Eshik tagiga yetganimda orqamga bir qarab qoʻydim. Chol menga tikilganicha jilmayib turardi.

Shu-shu, deyarli har kuni boqqa charos yegani kirib turadigan boʻlib qoldim. Ammo bu uzoqqa bormadi. Shaharga koʻchib ketdik.

Mana, shundanberi qancha yil oʻtib ketdi. Hozir qishloq qalay ekan? Oʻsha mashhur uzumzor-chi? Bormikan hali ham? Bogʻbon chol-chi? Bu xayollar menga tinchlik bermay qoldi.

Oradan ikki-uch kun oʻtmay, Kattaboqqa qarab yoʻl oldim. Eski qishloq oʻz oʻrnida edi. Ammo oʻzgarib ketibdi. Chiroyli uylar, yangi koʻchalar tushibdi. Anhor yoqalab, qishloqning orqa tomoniga oʻtdimu sevinib ketdim. Uzumzor, oʻsha qadim uzumzor, avvalgiday yashnab turardi. Devor ham oʻsha devor, faqat tekis qilib suvab qoʻyilibdi. Tagida uch-toʻrtta bola yongʻoq oʻynab oʻtiribdi. Boqqa qaradim. Yuz xil rangdagi uzumlar oppoq tol poyalariga atayin terib qoʻyilgandek gʻuj-gʻuj edi.
— Oshna, — dedim, bolalardan bittasini chaqirib. — Menga qara, bu uzumchi ota shu yerdamikanlar hozir, bilmaysanmi?

Bola gʻalati nazar bilan qaradi-da, doʻq aralash soʻradi:
— Siz kimlari boʻlasiz?
— Hech kimlari. Oʻzim shunday koʻray deb keldim.
— Uzumchi buvam yoʻqlar. Bultur oʻlganlar. Seskanib ketdim. Butun vujudimni titroq bosdi. Menga hayron boʻlib tikilib qolgan bolalarga e’tibor bermay, sekin orqamga qayta boshladim. Lekin yurolmadim, toʻxtab koldim. Qancha turdim, bilmayman, bir mahal orqamdan:
— Qani, hoy bolalar! Bolalar-ov! — degan ovoz eshitildi.

Shartta uzumzor tomonga oʻgirildim. Devorning orqasida oppoq yaktagining etagiga toʻlatib uzum solib olgan bir yigit jilmayib turardi. Men to oʻzimni oʻnglab olgunimcha bolalar etakni boʻshatishdi, yigit uzumzor ichida gʻoyib boʻldi.
— Kim bu? — soʻradim haligi boladan boqqa ishora qilib.
— Uzumchi buvamning oʻgʻillari.

Yuragim oʻynab ketdi. Bogʻ tomonga yugurdim. Devorga yetganimda chaqirmoqchi boʻlib ogʻiz juftladimu, lekin darrov aynadim. Oyogʻiga qizil etik, yaktak ustidan koʻk qiyiq bogʻlab olgan baland boʻy yigit ishkomlar orasidan bitta-bitta qadam tashlab borardi. Unga tikilar ekanman, yoshli-gimning shirin xotirasi — uzumchi boboni koʻrgandek boʻlib ketdim.