OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Garov (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiGarov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Garov (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Obidjon akaning oltmish yilligiga atab berilgan ziyofat kutilgandan ham yaxshi oʻtdi. Avvalo aytilgan odamlarning hammasi keldi. Buyurilgan ovqatlar hammaga manzur boʻldi. Mashshoqlarning ikkala toʻpi ham kecha oxirigacha xizmat qildi. Maqtovlar-chi! Obidjon akaning oʻzi sha’niga aytilgan gaplardan quvonib, gʻururlanib oʻtirdi. Ziyofatga ajoyib joy tanlanganini aytmaysizmi? Anhor labiga tushgan peshayvonli choyxona oromijon joy ekan. Buning ustiga sovgʻa-salomlar ham ziyofatga yarasha boʻldi. Koʻpchilik konvert tutqazdi. Soʻng Obidjon aka xotini Zaynabxon jlan yarim kechagacha shu konvertlarni ochib, koʻrishdi. Oʻn ming soʻmlik konvert chiqmadi, hisob. Koʻpchilik qirq-ellik mingdan solibdi. Hammasi tagʻin tahi buzilmagan besh ming, oʻn minglik qogʻozlar.

Zaynabxon olishning bermogʻi ham bor, degan mulohaza bilan erinmasdan bir daftar tutib, hammasini yozib chiqdi. Ikki yarim millionga yaqin pul yigʻilibdi. Gap pulda emas, sovgʻalarda emas, odamlarning ularga boʻlgan munosabati, hurmatida edi. Er-xotin boshlari togʻdek koʻtarildi, turli oʻylarga borib, ikkilanib bergan ziyofatlaridan xursand boʻlishdi. Obidjon aka kuyovlarini ham maqtadi!
— Baraka topishsin kuyovlarim! Hammasi chopib-chopib xizmat qilishdi, — dedi u gap orasida yirik qoʻllari bilan koʻkragini silab, — Sodiqjon ham, Hafiz ham tinim bilishmadi.
— Ilgaridan ular shunaqa, — Zaynabxon eriga boshqacha mehr bilan qarab qoʻydi. — Innaykeyin siz har kuni oltmishga qirarmidingiz?
— Baribir baraka topishsin. Oʻzimga kelib olay, bir ikkalovini qizlaring bilan chaqiraman, oʻtirishamiz. Nima deding?
— Nima desangiz shu.

Zaynabxon pullarni qiyiqqa oʻrab, erining yostigʻi tagiga qoʻydi.
— Nima qilyapsan?
— Menda tursa, ishlatib qoʻyaman, — kuldi Zaynabxon.
— Ishlataver. Seniki shu pul, — Obidjon aka tugunni qaytarib, xotinini yuzidan oʻpib qoʻydi. — Aytganday, oʻgʻling, Sanjar koʻrinmay qoldimi?
— Voy uyam rosa xizmat qildi. e’tibor bermagansiz-da. — Zaynabxon shunday dedi-yu, xavotirga tushib oʻrnidan turdi.
— Qayoqqa?
— Qarab qoʻyay. Yotgan boʻlsa kerak, hoynahoy!
— Uygʻotib yuborma tagʻin!

Zaynabxon yotoqxonadan chiqib, zalga oʻtdi, undan oʻgʻlining xonasiga kirdi. Qorongʻu boʻlganidan oʻgʻlining bor-yoʻgʻligini bilolmadi. Timirsikilab yurishga botinmay, chiroqni yoqdi. Krovat boʻm-boʻsh edi. Zaynabxon ezilib ketdi. Avvalo eriga hozir u yolgʻon gapirdi. Qolaversa, shunday muborak kunda Sanjar nomigagina xizmat qilib, keyin gʻoyib boʻlib qoldi. Nega bu bola bunaqa chiqdi? Undan qoʻrqmaydi, va’dasida turmaydi. Aytsammikan ota-siga? Yoʻgʻ-e, shunday kunda-ya?

Obidjon aka uygʻoq edi.
— Yotibdi ekanmi? — soʻradi u.

Nima desin?
— Yotibdi. Siz ham uxlang, — Zaynabxon eri tomonga qarashga uyalib, oʻrniga choʻzila qoldi.
— Endi uyqu kelarmidi? Hali zamon tong ham otib qoladi. Kunduzi uxlarman. Ertaga ishga bormasam ham boʻlar? Harholda yubilyarman-ku.

Obidjon aka kuldi. Zaynabxon ham jilmaydi. Ammo xayoli yana oʻgʻliga qochdi: «Qayoqda yurganiykin?» U ham eriga oʻxshab endi uxlolmasligini bilardi. Hozirgina undan baxtli, undan tinch odam yoʻq edi. Oʻgʻlining qaytmaganini koʻrib, halovati yoʻqoldi. «Yolgʻiz oʻgʻil — erka oʻgʻil». Zaynabxon kim shunday deganligini eslashga urindi, ammo topolmadi. Kim aytgan boʻlsa ham toʻgʻri aytgan ekan. Zaynabxon oʻttiz besh yoshida Sanjarni koʻrdi. Shunga oʻn toʻqqiz yil boʻpti. Ikkala qiz institutni bitirishdi, turmush qurib, ota-ona qanotlari ostidan uchib chiqib ketishdi. Zaynabxon ikkalovidan koʻngli toʻq. Ikkalovining yaxshi uyi, ikkitadan bo-lasi bor. Katta kuyovining tagida mashina. Kichigi ham undan qolishmaydi. Buning ustiga ikkalovi ham Obidjon aka aytgandek, mehr-oqibatli chiqishdi. Tez-tez xabar olib turishadi. Shundan boʻlsa kerak, oʻgʻilni arzanda qila boshlashdi. Ayb oʻzlarida. Nima yeyman, nima kiyaman desa, muhayyo. Yolgʻondan yoʻtalsa ham doktor chaqirishadi, kechasi bilan tepasida mijja qoqmay oʻtirib chiqishadi. Aftidan, Sanjar uyda kimligini juda tez anglab oldi. Zaynabxon u otasi bilan gaplashayotganida, oʻgʻlining koʻzlarida kinoya, aniqroq qilib aytganda, behurmatlik paydo boʻlganini sezib qoldi. Birinchi marta payqaganida yuragi bir «shuv» etib ketdi. Keyin yaxshiroq qaradi. Kuzatishlari toʻgʻri chiqdi. Ota-ona orzusi, niyatlari uni mutlaqo qiziqtirmay qoʻygan, zarurat, odob nuqtai-nazaridangina bularga quloq solar edi shekilli.

Eri ranjimasligi uchun Zaynabxon bu kuzatishlarini unga aytmadi, ichiga soldi. Keyin oʻzini ovutdi, oʻgʻlidagi oʻzgarishni yoshlikning oʻtkinchi alomatlari, deb hisobladi. Ammo kech kelib birovlarnikida yotib qola boshlagach, qattiq tergashga oʻtdi. Sanjar va’da berdi-yu, ammo va’dasining ustidan chiqmadi. Endi jiddiyroq gaplashish kerak shekilli. U shularni diliga tugib, koʻzlarini yumdi. Ammo qani uyku kelsa. Shunday boʻlsa ham oʻzini zoʻrlab, anchagacha koʻzlarini ochmadi. Boshini koʻtarganda, tong ota boshlagan, yonida eri shirin uxlab yotardi.

Zaynabxon oyoq uchida zalga oʻtib, yana oʻgʻlining xonasiga kirdi. Oʻgʻlining koʻrpa-yostigʻi kecha kanday taxlangan boʻlsa, shunday turardi. Zaynabxon tutoqib ketdi. «Shundogʻ kunda koʻchada yuradimi odam?» Hozir agar Sanjar oldida boʻlgani-da, yuz-koʻzi aralash shapaloq tortib yuborardi. «Yo opalarinikidamikan?» Zaynabxon zalga chiqib, osma soatga qaradi. Endi olti boʻlayotgan edi. Qizlari hali yotishgan boʻlishsa kerak, hozir bezovta qilmagani ma’qul. «Tentak bola! Erka boʻlmay ketgur! Qayoqlarda yuradi?» Zaynabxon erini uygʻotib yubormaslik uchun yotoqxonaga qaytib kirmadi. Hovliga tushib, oʻchoqboshiga bordi. Gaz plita ustiga tunuka choynakni qoʻyib olov yoqdi. Ziyofatdan ortgan narsalar ikkita togʻorada turardi. Ochib koʻrdi. Kichik kuyovi qaerdandir yoptirib kelgan tandir somsaga kecha dili ketgan, lekin yeyolmagan edi. Shundan bittasini olib tishladi, ammo chaynolmadi. Sanjar esiga tushib, ishtahasi ham boʻgʻildi. Zalga koʻtarilib, qizlariga telefon qila boshladi.
— Sharifa? — Bu kichkina qizi edi. — Uygʻotvordimmi? Yaxshi yetib bordinglarmi? Bolalar tinch ekanmi? Sodiqjon rosa charchagandir? Tinchlik. Ha, adang yotiptila. — Zaynabxon qizining savoliga javob berarkan, beixtiyor, yotoqxonaga qarab qoʻydi. — Ukang mabodo senikidamasmi? Yoʻq? Zaripanikidadir-da? Mayli, yot. Kelganda tilpon qilarman.

Katta qizi Zarifa ham onasini eshitib, yupatishga oʻtdi:
— Koʻp ezilavermang. Sanjar katta yigit. Oʻrtoqlari birin-ketin uylanishvotti, bitta-yarimtasinikida yotib qolgandir? Hafiz akamlarga aytaman, hali turganlarida surishtirib beradilar.

Zaynabxon e’tiroz bildirdi.
— Qoʻy, hozircha keraymas. Kechgacha kelmasa, unda tilpon qilarman.

U yana oʻchoqboshiga oʻtdi. Kunduzi mahalladagi erkaklar chiqib qolishi, institutdan bitta-yarimta kelib qolishi mumkin. Hamma narsa boʻlsa ham issiq ovqat qilib qoʻygani yaxshi. Zaynabxon shunday oʻy bilan muzxonadan uch-toʻrt boʻlak sersuyak goʻsht ajratib olib, qozonga soldi. Toʻldirib suv quydi-da, qaynab chiqishini kuta boshladi. Beixtiyor hayoli yana oʻgʻliga qochdi. Oʻzini chalgʻitish niyatida kechagi ziyofatni, sovgʻa-salomlarni eslashga urindi, ammo dilidan baribir oʻgʻli koʻtarilmadi. Biron mashina urib yuborib, zim-ziyo koʻchada qonga belanib yotgan, bir yomon odamlar bilan yoqalashib, militsiyaga tushgan boʻlsa-chi? Militsiyaga tushsayam ishqilib omon boʻlsin. Suv biqirlab qaynab, qozondan toshib chiqdi. Zaynabxon olovni pasaytirib, tuxumdek ikkita piyozni toʻgʻrab qozonga soldi-da, tuvoqni yopdi. Oshxonadan chiqqanda, kimdir koʻcha eshikni qoqqandek boʻldi. Zaynabxon beixtiyor «hozir!» deb yubordi va yugurib borib eshikni ochdi. Tavba, hech kim yoʻq edi. Eshikni qiya yopdi-da, uyga koʻtarildi. Zalga kirganida, yotoqxonadan erining xurragi eshitilib, koʻngli biroz yozildi. Yaxshi ham eri bor. Boʻlmasa yuragi tars yorilib ketmarmidi. Ishqilib umri uzoq boʻlsin, togʻdek boʻlib uni suyab, hech narsada qiyinchilik sezdirmay kelyapti. Ba’zi-ba’zida yuragim deb qolsa, Zaynabxon oʻzining yuragini hovuchlaydi, xavotirga tushib ketadi. Koshkiydi eri turguncha Sanjar ham kelib qolsa! Kechqurun uyda, yotibdi, deb aldadi. Endi soʻrasa nima deydi? Oʻqishga ketdi, deydimi? Yosh bola yigʻlaydi, katta bola tigʻlaydi, deb bekorga aytishmagan ekan. Yigʻlasa, yupatasan, mana bunday yuragingni tigʻlab tursa, nima qilasan? Zaynabxon oyoq uchida yotoqxona oldiga borib, ichkariga qaradi, eri chalqancha yotib tinch uxlardi. Eshikni ohista yopdi-da, nima qilishini oʻylab, yana hovliga tushdi. Ozgina savzi toʻgʻraydi. Hech qanday suyuq ovqat oshning oʻrnini bosmaydi.

Zayiabxon oshxona oldidagi oʻradan bir togʻoracha savzi oldi, keyin shoshmasdan archib, toʻgʻray boshladi. Yaxshi ham shunday qilgan ekan, erining mahalladagi oshnalari birin-ketin kirib kelishdi. Hammalari uy kiyimida, birov kalish sudragan, birov turklarning latta kovushini ilgan... Birrovga chiqqan odamlar kechgacha oʻtirishdi. Zaynabxon ularning chiqqanidan xursand boʻldi. Eri ular ketguncha oʻgʻlini soʻramadi. Hamma tarqaganda oʻzi oʻgʻlining xonasiga borib keldi-yu, ammo gap ochmadi. Zaynabxon yuragi gʻurmishlab, katta qiziga telefon qila boshladi. Zarifaning eri hali ham qaytmabdi.

Zaynabxon uyning ichida qiladigan ishi yoʻq edi, noiloj hovliga tushdi. Erining oʻzi uni tinchita boshladi.
— Xunob boʻlaverma. Kap-katta yigit. Oʻrtoqlari bilan yurgandir!

Zaynabxon xavotir olayotganini endi yashirmadi:
— Keyingi paytlar sal oʻyinqaroqboʻb ketdi.
— Hechqisi yoʻq, yoshlik-shoʻxlik. Oʻzini tiyib oladi. Faqat hadeb tergayverish kerak emas, uydan bezdirib qoʻyamiz.

Zaynabxon bugun oʻgʻlining uyda tunamaganini aytmoqchi boʻldi-yu, oʻzini tiyib qoldi. Boʻlar ish boʻldi, yuraklarini qisib nima qildim, dedi.

Salqin tushdi. Er-xotin koʻtarilib, televizor qoʻyishdi. «Tvin Piks» amerika filmining navbatdagi seriyasini koʻra boshlashdi. Film yarmiga borganda, erini uyqu bosa boshladi. Zaynabxon qistadi:
— Kep qolar... siz yota qoling.

Ammo Sanjar kelmadi. Yarim kechada telefon jiringladi. Erini ayab, uxlayotgandek boʻlib yotgan Zaynabxon shoshib oʻrnidan turdi. Obidjon aka ham uygʻoq ekan, boshini koʻtardi.
— Man olaman! — Zaynabxon yugurib zalga chiqdi.

U katta kuyovi Hafiz boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Kechqurun telefon qilmadi, balki hozir biron gap topgandir? Zaynabxonning yuragi birdan oʻynab ketdi. Yaxshi xabar boʻlsa, yarim kechada telefon qilmasdi. Zaynabxon beixtiyor osma soatga qaradi. Ikkidan qirq minut oʻtibdi. Ishqilib tinchlik boʻlsin. Telefonda begona odam ovozi eshitildi:
— Bemahalda telpon qilganim uchun uzr...
— Kim bu?! Qayoqqa tilpon qilyapsiz? — shoshib soʻradi Zaynabxon.
— Obid akani chaqirvoring.
— Nima ishingiz bor edi? Kimsiz? — yana soʻradi boʻshashib Zaynabxon.
— Kimligimni ahamiyati yoʻq. Eringizni chaqiring!

Bu gal notanish odam dagʻalroq gapirdi. Zaynabxon noxush voqea yuz berganini va bu voqea oʻgʻliga taalluqli ekanini darrov payqadi. «Oʻzi omon boʻlsin ishqilib!» dilidan oʻtkazdi va erini chaqirdi.

— Obid aka! Sizni soʻrashyapti!

Eri allaqachon uning yoniga kelgan, nima gapligini sabrsizlik bilan kutib turgan edi. Shoshib trubkani oldi.
— Eshitaman! Kim?
— Bizni tanimaysiz. Biz oʻgʻlingizni tanishlarimiz, — boʻgʻiq ovoz bilan gapirayotgan odam xirillab kulgandek tuyuldi. — Moʻltirab eshikka tikilib oʻtiribsizlarmi er-xotin?..

Obidjon aka boʻshashib ketdi.
— Sanjar?! Nima boʻldi unga?!
— Oʻgʻlingiz otday. Mana, roʻparamda oʻtiribdi. — U yana xirillab kulgandek boʻldi. Obidjon aka trubkani qulogʻiga mahkamroq bosdi. — Faqat... Bir oyogʻiga zanjir solib, stolga bogʻlab qoʻyibmiz. Qochib ketmasin deb.
— Nega? Nega bogʻlab qoʻyibsizlar? Nima qildi u? Telefonni unga bering. Talab qilaman!
— Oʻzingizni bosing, aka. Talab qiladigan hozir biz! Ovoz birdan tinib qoldi.
— Gapiring! Nega jimib qoldingiz? Sanjar! Oʻgʻlim!
— Nima gap oʻzi, Obid aka? — erining qoʻliga yopishib soʻradi Zaynabxon.

Eri javob bermadi.
— Gapiring! Nega jimsiz? — qichqirdi u trubkaga va butun vujudi quloq boʻlib unga yopishdi. Bir necha daqiqa oʻtgach, nimadir taraqladi-da, xirildoq ovoz paydo boʻldi.
— Kechirasiz. Gapirasanmi, desam, oʻgʻlingizni gaplashgisi yoʻq sizlar bilan.
— Nega? — hayron boʻldi Obidjon aka.
— Gap bundogʻ, aka! — xirildoq ovoz chuqur nafas oldi. — Oʻgʻlingiz yutqazib qoʻydi. Agar u sizga kerak boʻlsa, sakkiz milyon opkelib berasiz. Boʻlmasa oʻligini Boʻzdan topasiz.
— Nima?! — Obidjon aka beixtiyor shunday deb yubordi. Aslida hirildoq ovoz egasining nima deganini yaxshi

eshitdi, tushundi. Ammo ogʻzidan shu savoldan boʻlak hech narsa chiqmadi.
— Tushundingizmi? — qaytardi xirildoq ovoz. — Qaytaraymi?
— Yoʻq, yoʻq, tushundim, — dedi Obidjon aka, oʻgʻlini nima qilishlari mumkinligini yana bir bor eshitishdan qoʻrqib. Ovoz egasining qanday odamligini bilmasa ham gap ohangidan dangalchiligiga ishondi. — Qachon?
— Kechasi oʻnda.
— Bugunmi?
— Shundogʻ. Bugun kechasi oʻnda.
— Buncha pulni shu vaqtda...

Hirildoq ovoz uni boʻldi.
— Oka! Boshqa shaharlardan kelgan birodarlar bor, shoshib turishibdi. Shuyam pul boʻldimi hozir? Yoʻq boʻlsa, qarz-qurz qiling. Qaerga kelishingizni eshitvoling. Eshitvotsizmi?
— Eshitaman.

Obidjon aka telefon yonida turgan qalamni qoʻliga olib, xotiniga ishora qildi. Zaynabxon darrov daftar olib kelib uzatdi.
— Mirobod bozorini bilasiz, — tushuntira boshladi xirildoq ovoz. — Vokzalga qaragan darvozani yonida suvratxona bor. Shuni orqasi yalanglik. Shoʻtta turasiz. Ropa-rosa oʻnda. Oʻzimiz oldiyizga kelamiz. Okajon, tagʻin melisa-pelisa qilib oʻtirmang. Organga aytadigan boʻlsangiz, yo bironta odamni boshlab kelsangiz, puldanam ajriysiz, oʻgʻlizdanam. Kelishdikmi?

Obidjon aka boshini qimirlatdi.
— Yaxshi.
— Yashang!

Obidjon aka bir narsa demoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan edi, ulgurmadi, xirildoq ovoz egasi trubkani qoʻyib qoʻydi.

Zaynabxon devorga suyanib dagʻ-dagʻ titrardi. U chala-chulpa boʻlsa ham qanday falokat yuz berganini anglagan edi.
— Eshitding-a? — dedi Obidjon aka.

Zaynabxon boʻshashganicha boshini egdi. Shuncha pul albatta ularda yoʻq edi. Nari borsa uch million chiqishi mumkin. Qolganini qaerdan topishadi. Obidjon akaning esiga mashinalari keldi. Bir-ikki joyi urilgan boʻlsa ham besh yil burun olgan «Moskvich»lari bor. Motori soatdek ishlaydi, ballonlari ham oʻziniki, hech qaeridan yogʻ, suv oqmaydi. Bozordagi pattachi oʻrtogʻi bir-ikki ogʻiz solgan edi. Oʻshandan qarz olsinmikin? Mashinani, mayli, istagan payti olib ketsin. Erining xayoli nimalarga ketganini sezib, Zaynabxon taklif qildi:
— Qizlarni chaqiraymi?
— Aytamizmi?
— Voy aytmay boʻladimi? Hafiz, Sodiqjonlar qidirib yurishibdi-ku Sanjarni. Keyin ikkalovlaridan shuncha pul chiqib qolar?
— Mayli.

Zaynabxon telefonga yopishdi.
— Yoʻq, toʻxta, — Obidjon aka uning qoʻlidan ushladi. — Tong otsin. Oʻgʻling tirik. Shundan xursand boʻlishimiz kerak. Bu bir. Ikkilamchi, ketini oʻylab ish qilishimiz kerak. Pul masalasiga kelsak... kechagi konvertlarikki yarim millionmidi? Demak, choʻntaklarni qoqishtirsak, uch million oʻzimizdan chiqadi. Yana besh milyaion topish kerak. Buncha kuyovlarda yoʻkdir, soʻrab uyaltirmaylik. Raufxoʻjaga mashinani sotamiz. Nima deding?
— Oʻzingiz bilasiz. Ishqilib, aldashmasmikin?

Obidjon aka gapni tushundi.
— Ularga pul kerak. Oʻgʻlingni nima qilishadi? Ziyofat payti koʻrinmay qoluvdi, qimor oʻynagani ketgan ekan-da kasofat... Qimor ham koʻknoridek gap. Vaqtida oʻynamasa xumori tutadi.

Zaynabxon kecha erini aldaganidan, bugun esa oʻgʻli emas, oʻzi garov tushgandek uyalib, boshini egganicha oʻtirardi. Tong yorishguncha u shunday oʻtirdi. Eri ham oʻrnidan turmadi. Ikkalasini-da noxush oʻylar oʻz girdobiga tortib ketgan edi.

...Peshingacha pulning hammasi jamlandi. Oʻzlarida bori taxmin qilganlaridek, uch million chiqdi. Qolganini ikkala kuyov kechgacha topib kelamiz, desa ham Obidjon aka koʻnmadi. Raufxoʻjaniki nakd, dedi. Chindan ham oʻylagandek chiqdi. Raufxoʻja u ogʻiz ochishi bilan ichkari uyga kirib ketib, birpasda qiyiqqa besh million oʻrab chiqdi. Faqat, hammasi mayda, yogʻ bosgan, gʻijim pul edi. Uyda qizlari militsiyaga xabar berish haqida bir-ikki ogʻiz ochib koʻrishdi, lekin Obidjon aka rozilik bermadi. Gap oʻgʻlining hayoti ustida ketyapti, qimorbozlardan har narsa kutsa boʻladi. Militsiya borligini bilib qolishsa, Sanjarni sogʻ qoʻyishmaydi! Kichkina kuyovi birga borishni, yo borib bir chekkada turishni taklif qildi. Obidjon aka bunga ham koʻnmadi. U ancha tinchigan, ertalabkiga qaraganda xotirjam koʻrinardi. Katta qizi osh qildi. Obidjon aka hech narsa boʻlmagandek, ishtaha bilan yedi.
— Harholda, ada, birga boray? — yana iltimos qildi ovqatdan soʻng Sodiqjon.
— Sizga dalda boʻlardi, — qoʻshiddi kuyoviga Zaynabxon.
— Tushunsalaring-chi. Ular bilan oʻynashib boʻlmaydi. Yonimda bironta odam borligini sezishsa, Xudo koʻrsatmasin, oʻldirib qoʻyishlari mumkin uni.

Hech kim boshqa bu hakda ogʻiz ochmadi.

Soat toʻqqizdan chorak oʻtganda, Obidjon aka hammani yigʻdi, xotiniga tilovat qildirib, oʻrnidan turdi. Toʻgʻri kabinetiga borib, yozuv stoli tortmasida yotgan chust pichogʻini qini bilan olib, shimining choʻntagiga solib qoʻydi. Harholda yaxshi odamlar oldiga ketayotgani yoʻq. Keyin hovliga tushdi.

Katta kuyovi «Moskvich»ni koʻchaga olib chiqdi.
— Mashinani darvoza oldiga koʻying, koʻrinib turadi, — maslaxat berdi Zaynabxon.

Obidjon aka indamay rulga oʻtirdi. Sumkani orqa oʻrindiqqa tashladi. Har ehtimolga qarshi Zaynabxon erining toʻnini sumka ustiga yopdi, shu bilan goʻyo pulni berkitgan boʻldi.

...Bozor oddi qorongʻu, jimjit edi. Obidjon aka katta yoʻldan tushib, suvratxona eshigi ogʻzida mashinasini toʻxtatdi. Bu yer ham qorongʻu, faqat yuz qadamcha naridagi oziq-ovqat doʻkoni ichida chiroq miltillab turardi.

Obidjon aka mashina soatiga qaradi. Oʻn minut kam oʻn boʻlibdi. Tushsa, belgilangan joyga borsa boʻladi. Eshikni ochib, bir oyogʻini yerga qoʻyganda, oʻylanib qoldi. Pulni olib boradimi, yo koʻrishganlaridan keyin mashinada beradimi? Avval koʻrishish kerak, Sanjarni surishtirish kerak, keyin nima deyishsa, shunday qiladi.

Shu qaror bilan mashinadan tushib, eshikni qulfladi. Suvratxonani aylanib oʻtib, yalanglikka chiqdi. Roʻparada, eski uylar oʻrnida qad koʻtarayotgan koʻp qavatli bino qorayib turardi. Atrof jim-jit. «Sanaymiz, deyishsa-ya?» — xayolidan oʻtkazdi u yon-veriga bir-bir qarab chiqib... Unda mashinaga borishadi, chirogʻi bor, sanash oson. Yoʻq, sanashmaydi, shunday sumkani olishadi-yu, juftakni rostlashadi. Qoʻrqishadi bu yerda sanashga...

Obidjon aka soatyga qaradi, ammo qancha tikilmasin, necha boʻlganini koʻrolmadi. Koʻrganda nima foyda edi? Vaqtida keldi. Buyogʻi endi tonggacha boʻlsa ham kutadi. Boshqa iloji yoʻq: «Sanjar, Sanjar. Nima qilib qoʻyding, oʻgʻlim?»

Obidjon aka bugungacha oʻgʻlidan oʻpkalamagan edi. Uning oʻyinqaroq, koʻcha odami boʻlib ketayotganini payqagan, ammo bunday qaltis ishlar bilan shugʻullanadi, deb oʻylamagan edi. Qachon yoʻldan toydi ekan? Nega ota boʻlib u bilolmay qoldi?

Kimdir orqasida yengil yoʻtaldi.
— Keldingizmi?

Oʻgirildi. Oʻzidan kichikroq, qotmadan kelgan odam bir qadam narida qorayib turardi. Yuz-koʻzi koʻrinmadi.
— Obkeldingizmi? — soʻradi u. Telefonda boshqa odam gaplashgan edi.
— Mashinada, — dedi Obidjon aka.
— Obkeling!
— Sanjar qani?
— Uyga qaytishingiz bilan izingizdan kirib boradi. Obidjon akaga javob yoqmadi. U shu yerning oʻzida oʻgʻlini berishlarini kutgan edi. Demak, undan choʻchishdi, poʻlni olib kelmaydi, deb oʻylashdi. Nima qilish kerak? Beraveradimi? Aldashsa-chi? Sanjar omonmikan oʻzi? Oʻldirib yuborgan boʻlishsa-chi?
— Sanjarni olib kelasizlar. Qani u? — dedi u.

Yigit boshini oʻgirib mashina tomonga qaradi. Obidjon aka shunda payqadi, u yuziga xotinlarning paypogʻini tortib olgan edi.

— Mashinada kim bor? — javob bermay soʻradi yigit.

Ovozi tanishdek tuyuldi. Obidjon aka uni qaerdadir eshitgandek boʻldi. Balki studentdir? Hozir hech narsaga ajablanmasa boʻladi.
— Mashinada hech kim yoʻq. Yolgʻiz kelganman. Sizlar ham va’dalaringda turinglar-da!
— Pulni obkeling. Sanjar ketingizdan boradi.

Obidjon aka pulni olib kelishdan boshqa iloji yoʻq edi. Shunday qildi.
— Mana. Sakkiz million.

Yigit sumkani olib, indamay yangi tushayotgan imorat tomon yura boshladi.

Shu tob uning kallasida sanchiq turdi.
— Toʻxtang! — u yigitning qoʻlidagi sumkaga mahkam yopishib oldi.

Yigit toʻxtadi.
— Nima?
— Ishonmayman sizlarga! Men bilan borasan! Shu pul sizlarniki! Lekin oʻgʻlim uyga kelgandan keyin beraman!

Bilak ingichka, tesha sopidek edi. Obidjon aka hayron qolib, qattiqroq qisdi. Sumka yerga toʻp etib tushdi. Yigit kuch bilan siltanib qoʻlini boʻshatdi. Engashib sumkani koʻtardi-da, bir sakrab oʻzini chetga oldi. Obidjon aka uning qochmoqchi ekanini tushundi. Qochsa, yetib ololmaydi. Shu fikr xayolidan oʻtib, «Toʻxta!» — deb qichqirdi, ammo yigit quloq solmadi, yangi tushayotgan imorat tomon qocha boshladi. Obidjon aka shundan choʻchigan edi. Qochib ketsa, Sanjarni sogʻ qoʻyishmaydi. U yigitning ketidan yugurdi, yigirma qadamcha bosib, yetgandek boʻldi, yelkasiga yopishib, toʻxtatishga urindi. Yigit unga qaraganda ancha epchil edi, faqat tez chopishga sumka xalaqit berardi. U siltanib yelkasini boʻshatmoqchi boʻlganida, nimadir chap biqiniga sanchildi, nafasi tiqilib boʻshashganicha, choʻkkalay boshladi.

Obidjon aka qoʻlida paydo boʻlib qolgan pichoqni oyogʻi ostiga tashlab, yigitga yopishdi. Uning pichoq urish xayolida yoʻq edi, yigitning qochayotgani sabab boʻldimi, tutolmayman, deb choʻchidimi, qanday pichoqni olib, biqiniga bigizdek sanchdi — bilmaydi.
— Toʻxta! — beixtiyor qichqirdi u yana, shundagina yigitning choʻkkalayotganini koʻrdi, shoshib qoʻltigʻidan oldi.
— Ada! — dedi kutilmaganda yigit. — Ular oʻzimni yuborishgan edi, yolgʻiz kelmaysiz, deb...
— Sanjar?! Senmisan, Sanjar?! — qichqirib yubordi Obidjon aka uni bagʻriga bosgancha.
— Ada... Kechiring...
— Sanjar! Oʻgʻlim! Nima qilib qoʻydim oʻzi?! — Obidjon aka ehtiyotlik bilan oʻgʻlini yotqizib, yoniga choʻkkaladi. — Sanjar!..
— Ada! Kechiring.

Uning oxirgi iltijosi shu boʻldi.

Fonarlarni yoqib, bir guruh militsiya xodimlari bilan Sodiqjon yetib kelganda, u oʻgʻlining qonga belangan jasadi ustida oʻtirardi.
— Sanjardan ajrab qoldiq, — dedi u sekin ovozda... Oʻzim, oʻz qoʻlim bilan oʻldirib qoʻydim!..

Shunday dedi-yu, yuz bergan fojiani endi tushunib yetdi shekilli dodlab yubordi:
— Sanjar! Oʻgʻlim! Oʻgʻilginam!

Uning faryodidan tun larzaga keldi.

1994