OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiGayduk qizi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gayduk qizi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

1
Kuprivshitsa voqeasi qoʻshiq boʻlsa arziydi, ruxsat eting, kuylab beray, qoyil qoling eshitib...

2
Besh bor qoʻldan-qoʻlga oʻtdi uzoq yili bu qishloq, yuzlab bolgar halok boʻldi, qancha-qancha uy yondi, dalalarda kishnar edi egasiz qolgan otlar, buruqsagan oʻt ichida yetimlar yigʻlar edi.

3
Oltinchi bor hujum qildi dushman yana kuch toʻplab, togʻ ichiga yashirindi — chorasiz isyonkorlar. Soʻnggi marta nazar soldi qishloq tomon Bay Krum, beixtiyor koʻz yoshlandi, lablar nedir soʻzladi. Kim biladi ne dedi u? Reja tuzdi nelarga?! Balki qasam ichgandir u, yana qaytib kelishga, qonxoʻr dushman kallasini nayzasiga ilishga! Balki oʻylar uyda qolgan ikki arzandasini. Uyda qolgan Liliana, Xristoni ezilib!
— Ataman, — der allakim. — Boʻldi, endi ketaylik.
— Boʻldi, — dedi koʻkrak kerib bizning jasur Bay Krum. — Ketsak ketdik, ammo bilki, qaytishimiz muqarrar!

4
Yoʻlga tushdi Bay Krumning gʻazabnok yigitlari, yoʻlga tushdi qasam ichib yana qaytib kelishga, qonxoʻr yovlar kallasini nayzalarga ilishga!

5
Uyda yolgʻiz atamanning ikki baxtsiz farzandi — yetim qolgan Liliana, yetim qolgan Xristo. Koʻzlari toʻrt ikkovining ota ketgan tomonga, ikkovining koʻzlarida yaltirardi yoshlari. Liliana oʻsha yozi toʻlgan edi oʻn toʻrtga, Xristo-chi, endigina oʻnga qadam qoʻygandi.

6
Gayduklarim, koʻryapsiz, ular hali yosh edi, ular hali hayot nima, oʻlim nima — bilmasdi, ular hali bola edi, zulm nima bilmasdi, ular hali bola edi, qullik nima — bilmasdi!

7
Kechga yaqin Liliana tanbaladi eshikni, zanjir soldi ichkaridan darchalarning bariga. Yaxshi tushlar orzusida oʻrin toʻshab ertaroq, ukasini quchoqladi, majbur qilib uxlashga... Shu top birdan gumburladi nedir eshik yonida, derazalar chil-chil boʻldi, gʻala-gʻovur boshlandi.

8
Nima boʻldi, ne falokat yana keldi bu uyga?

9
Liliana choʻchib tushdi va yugurdi eshikka, qay koʻz bilan koʻrsin shoʻrlik — eshik toʻla yov edi. Eshik toʻla qon deb kelgan, mol deb kelgan odamlar!

10
— Toʻxta, opa, ocha koʻrma! — dedi shunda Xristo. — Toʻxta, opa, seni avval yashirayin bir yerga...

Xayoliga nelar kelib, rozi boʻldi shoʻrlik qiz, yashirindi taxmonga u, ukasiga moʻltirab.

11
Oʻn nafardan ortiq edi bostirib kirgan dushman, har bittasi Xristoga toʻrtta kelardi lofsiz.

12
— Qani soʻyla, kofir oʻgʻli, otang ketdi qayoqqa? — dedi biri Xristoning yelkasiga musht urib. — Xristodan sado chiqmas, koʻzida oʻt chaqnardi. — Soʻyla, deyman, kofirvachcha, otang ketdi qayoqqa? — Xristo jim, tishi tishda, qoʻllar mushtga tugilgan...

13
— Soʻyla, — dedi yana biri. — Aytsang omon qolasan, qishloqning eng goʻzalini xotin qilib olasan...

Dushman bari qah-qah urdi. Xristodan sado yoʻq. Shunda kimdir qulochkashlab urdi yuzi aralash, gandiraklab yiqildi u, ammo ovoz bermadi. Shundan keyin nima boʻldi, bilolmadi Xristo.

14
Momataloq boʻldi badan, biron sogʻ joy qolmadi, suyaklari zirqirardi tepkilarning zarbidan, oxir chidash berolmadi, hushdan ketdi Xristo.

15
Koʻz ochganda shoʻrlik bola, Liliana boshida — Oʻltirardi yum-yum yigʻlab, oʻltirardi qon yutib.

16
Tashqarida esa, dushman oʻt qalardi gulxanga.

17
— Opa, koʻrding, — der Xristo, — sotqinlik qilganim yoʻk, jasur otam makonini aytganim yoʻq dushmanga, lekin, opa... chidolmayman yana shunday qilishsa, — shunday dedi shoʻrlik bola, daryo boʻldi yoshlari.

18
— Qoʻy, yigʻlama, oʻzingni bos, — yupatdi Liliana. — Otang kabi mardligingni oʻzim koʻrib turibman. Qoʻy yigʻlama, oʻzingni bos, sen haqiqiy gayduksan!

19
Dushman yana uyga kirdi Xristoni ezish-chun. Uyga kirdi va lol boʻldi Lilianani koʻrib.

20
— Sen qaerdan paydo boʻlding? — dushman soʻradi undan. Qiz qaddini rostlab dedi:
— Men shu yerlik boʻlaman, Bay Krumning qiziman men, ataman Bay Krumning...

21
— Soʻyla yoʻqsa, ey, goʻzal qiz, otang ketdi qayoqqa?

22
Liliana boshin egdi, nelarnidir oʻyladi, hushsiz yotgan ukasiga termildi mehr bilan. Keyin dedi:
— Mayli, aytay, faqat bitta shartim bor: sotqinligim bilinmasin, ukam buni bilmasin!

23
Shu zahoti qilich uzdi Xristoning boshini, bu dahshatni koʻrib turdi Liliana darchadan. Yurak-bagʻri zardob boʻldi, yosh qopladi yuzini, ammo, nima qilsin shoʻrlik, oʻzi shuni istadi.

24
Dushman dedi:
— Endi gapir, goʻzallarning goʻzali, xizmatlaring evaziga oltinga gʻarq boʻlursan.

25
Liliana indamadi, birdan koʻzi chaqnadi, birdan yovni hayron qilib, qah-qah urdi va dedi:

— Men ukamdan choʻchigandim, hali goʻdak degandim, nima qilsang qilgin endi, sotqin yoʻkdir bu uyda!