OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiGul vodiysi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gul vodiysi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

1
Men tugʻildim goʻzal voha — Gul vodiysi qoʻynida, quloq soling, soʻzlab beray bu vodiy qissasini. Soʻzlab beray, nega bu yurt Gul vodiysi atalmish.

2
Botir Demir yoʻlga tushdi tengqurlari qatori. Yoʻlga tushdi jang qilish-chun Rodopi togʻlarida. Uyda qoldi oʻn toʻrt kunlik oydek goʻzal qayligʻi, uyda qoldi chimildikdan kecha chiqqan Lyudmila.

3
Kunlar oʻtdi, oʻn kun oʻtdi, oy ham oʻtdi pildirab, Lyudmilaning koʻzi yoʻlda, eri ketgan tomonda. Xayolida ming xil fikr, ming xil reja, orzular... Lekin, doʻstlar, kuchli ekan ayriliqning alami — Oʻzi sezmay Lyudmilaning rangi boʻldi za’faron, kulib turgan koʻzlarini gʻam pardasi qop-ladi. Yana qancha kunlar oʻtdi, yil ham oʻtdi pildirab, botir Demir otryadidan xabar boʻlmadi sira. Gʻamga toʻldi butun qishloq, gʻamga toʻldi Lyudmila. Erta tongdan koʻzi yoʻlda, eri ketgan tomonda, oʻzi sezmay, gohi-gohi koʻziga yosh keladi. Xayoliga endi kirmas ming xil reja, orzular... Xayolida bitta fikr, omonmi yostiqdoshi? Omonmi pahlavoni, sevgiga intizori?

4
Javob qayda bu savolga? Hamma jim, boshlar egik. Hamma ma’yus, lekin koʻzlar gʻazab bilan yonadi, qoni qochgan lablar tun-kun la’nat oʻqiydi yovga!

5
Tong mahali yoʻlga tushdi Lyudmilamiz bir kuni, yoʻlga tushdi, ammo qayga borsin bechora yolgʻiz? Qayda uning botir eri, qayda uning tulpori, shu yoʻl bilan yursa agar yetarmi visoliga?

Oqshom tushdi dalalarga, daryo boshi qizardi, chigirtkalar chirillashi soldi yurakka tashvish. Olislarda it huridi, ot kishnadi depsinib, pagʻa-pagʻa bulut ichra nim rang oy sochdi shu'la. Lyudmilani vahm bosdi, qaytsinmi orqasiga? Lyudmilani vahm bosdi, nima qilsin bechora? Xayol surib turib qoldi keng dalada parishon, shu top otlar dupuridan choʻchib tushdi u birdan...

6
Dushman keldi Lyudmilaning eri ketgan tomondan, u bir emas, oʻn ham emas, balki ming nafar bordir? Beglar begi uni koʻrdi va toʻxtatdi otini.
— Kim boʻldi bu huriliqo? — soʻradi u navkaridan.
— Gʻolibona yoʻlingizga poyandoz boʻlgan goʻzal! — javob berdi sodiq navkar boshin egib yergacha.
— Olib keting, yoʻqsa uni, birga orom olurmiz. — Shunday dedi beglar begi, qamchi bosdi otiga.

7
Lyudmilaning rangi soʻlgʻin, lek tomirda qon oʻynar, Lyudmilaning rangi soʻlgʻin, yertoʻlada u yolgʻiz. Xayol surar gʻamga botib, koʻzlarida yosh marjon. Qaygʻu toʻla yuragiga endi kirmas yurzular. Miyasida bitta fikr, nima qilsin endi u? Boʻysunsinmi gʻolib bekning buyrugʻiga shu topda? Yo qochsinmi bu dargohdan rozi boʻlib oʻlimga?

8
— Begim, — dedi beglar begi yotogʻiga kirganda, — Mening bitta orzum bordir, rozi boʻlsang, qulingman.

Rozi boʻlsang, bir umrga choʻring boʻlib qolaman. Istaging ne, hammasini bajaraman begumon. Orzum shuki, yorim yotur sen kelgan yoʻl ustida, bir ziyorat etib kelay, xursand boʻlsin arvohi, istaging ne, barchasiga rozi boʻlurman shunda.

Beglar begi maftun edi yosh juvonning husniga, rozi boʻldi va:
— Tonggacha, mayli borib kel, — dedi.

9
Yoʻlga tushdi Lyudmilamiz, zardob boʻlib yuragi, yoʻlga tushdi qancha tashvish, xayol bilan bechora. Va bir mahal yetib keldi Maritsa qirgʻogʻiga. Shunda yashin kabi koʻnglin tilib oʻtdi bir fikr, boʻysunsinmi qonxoʻr bekka, yo oʻlsinmi shu yerda? «Yostiqdoshim, meni kechir, rohatim koʻrolmading, pahlavonim, meni kechir, sodiqligim koʻrmading!» — shunday deya, xanjar urdi koʻkragiga Lyudmila va yiqildi behol-behush Maritsa qirgʻogʻiga. Qoni daryo boʻlib oqdi, qoni suvga qoʻshildi... Shundan beri Maritsaning suvi qizil rang olmish, shundan beri bu vodiyda qizil gullar oʻsarmish, shundan beri bu vodiyni Gul vodiysi demishlar...

10

Shu vodiyni kim sayr qilsa, shu gullardan kim uzsa, vafo unga yor boʻlarmish, baxt kularmish umrbod. Har gʻunchada Lyudmilaning sof qoni saqlanarmish, har bir gulda barqarormish Lyudmilaning sevgisi!..