OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Haykal (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiHaykal (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haykal (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Qrim yoʻllarida boʻlganmisiz? Qator tizma togʻlar orasidan oʻtgan past-baland bu yoʻllar kishining bahri dilini ochadi. Yoʻlning ikki betidagi qoramtir, oq, qizil daraxtlarning tanga-tanga barglari iliq quyosh nuridan marvariddek tovlanadi. Olisda esa, ufqqa tutashgan zangori dengiz...

Oʻtgan yili shu tomonga yoʻlim tushib qoldi. Tumshugʻini dengizga choʻzib turgan Ayiqtoqqa yetganimizda shofyor, shu yerlik yigit, menga togʻning choʻqqisini koʻrsatdi. Choʻqqida qaqqayib turgan bir daraxtdan boshqa hech narsa koʻrmadim.
— Yaxshilab qarang, — dedi shofyor beparvolik bilan. — Daraxtning pastida hech narsa koʻrmayapsizmi?

Men yana choʻqqiga tikildim. Daraxtning tagida bir nima gʻivilladi. Keyin bir ohangda «taq-tuq, taq-tuq», degan ovoz eshitildi.
— Toʻxtating! — dedim shofyorga mashina pastlikka tushayotganda.

Shofyor toʻxtatdi. Mashinadan tushib tepaga qaradim. Hamon oʻsha ovoz eshitilardi. Ammo, hech kimni koʻrolmadim. Shofyor yengimdan tortib, yoʻlning muyulishiga olib chiqdi.
— Ana, endi qarang, — dedi u qoʻllarini koʻziga soyabon qilib.

Qaradim. Choʻqqida bir odam hafsala bilan tosh yoʻnardi. Lekin olisdan uning aft-basharasini bilib boʻlmasdi.

Men, bu kim, nima qilyapti, degan ma’noda shofyorga qaradim.

U indamadi. Qora baroq qoshlarini chimirib, bir zum dengizda suzib borayotgan teploxodga qarab turdi-da:
— Yuring! — dedi va mashina tomon tez-tez yurib ketdi.

Biz anchagacha jim bordik. Koʻzim shofyorda.

Tekis yoʻlga chiqqanimizda, u papiros tutatdi-yu, chuqur tortib, dedi:
— Bu yigit — yetim. Fashistlar Qrimga bostirib kirganda u yetti-sakkiz yashar bola edi. Otasi bor edi, onasi, opasi ham bor edi. Lekin bir kechada hammasidan ajradi... Oʻzini esa, oʻzini oʻlib yotgan bir soldatning tagidan topishgan. Qorachadan kelgan, kulcha yuz yigit edi soldat. Lekin tojikmi, oʻzbekmi yo turkmanmi, hech kimts bilmaydi. Rostini aytsam, buning ahamiyati yoʻq hozir. Iigit choʻqqida oʻsha soldatning haykalini ishlayapti...

Shofyor jimib qoldi. Men ham oʻyga toldim. Gurzufga kelganimizda:
— Har kuni ertalab shu Ayiqtogʻdan uning «taq-tuq»i eshitiladi, — dedi u va yana xayol surib ketdi.

Oradan bir oy oʻtdi. Uyga qaytayotganimda Ayiqtogʻning etagida shu voqea esimga tushib, mashinani toʻxtatdim. Mu-yulishga chiqib, choʻqqiga qaradim. Kimdir hafsala bilan «taq-tuq» qilib tosh yoʻnardi. Bu oʻsha, shofyor aytgan yigit edi. Lekin qancha tikilmay, u ishlayotgan haykalni koʻra olmadim. Choʻqqiga ancha tikilib turdim-da, yoʻlga tushdim. Ayiqtogʻ ortda qolib ketdi. Ammo qulogʻim tagida haykalta-rosh yigitning bir ohangdagi «taq-tuq»i hamon jaranglardi.

1961