OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiHayot qoʻshigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hayot qoʻshigʻi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Markaziy xirurgiya klinikasining bosh vrachi Mirsidiq Jalilov bir haftadan beri Namanganda dam olardi. Shu yerlik hamkasbi, urush yillari bir qismda xizmat qilgan qadrdon oshnasi: «otpuskangni bir gal bizning shaharda oʻtkaz, Namangan ham kurort joylardan qolishmay-di», deb chaqirtirib kelgan edi.

Mirsidiq doʻstining taklifiga rozi boʻlib, yaxshi qilgan ekan, Abduqodir uni qayoqlarga olib bormadi, nimalarni koʻrsatmadi! Kuni-kecha besh-olti kishi boʻlib, istirohat bogʻidagi orolchada oshxoʻrlik qilishdi. Oʻyin-kulgi, askiya bilan oʻtirish yarim kechagacha choʻzilib ketdi. Kimdir ashula qildi. Shirin ovozi bor ekan, deb Mirsidiq berilib eshitdi.
— Yaxshi aytar ekan, — dedi qaytishayotganida. — Ertaga uyga chaqirib, oʻzimiz oʻtirishsak!

Abduqodir javob bermadi.
— Ha, indamaysan? Senga yoqmadimi?
— Yoʻq, yoqdi, lekin, ashula eshitmoqchi boʻlsang, ertaga seni Yangibozorga olib boraman. Ma’qulmi?
— Ixtiyor senda, — dedi Mirsidiq yelkasini qisib. — Qayoqda surgasang, ketaveraman.

Ertasiga ikki oshna Yangibozor qishlogʻiga qarab yoʻl olishdi. Mirsidiq bu qishloq qaerda oʻzi, uzoqmi, yaqinmi — surishtirmadi. Injiq, choʻrtkesar doʻstining odatini yaxshi bilardi. Soʻragani bilan baribir aytmaydi, yuraversang-chi, seni yomon joyga boshlamayman-ku, deydi, ensa-si qotib. Soʻrab ham nima qiladi. Otpuskada, baribir emasmi, qayoqqa borsa?

Yangibozorga kechga yaqin kirib borishdi. Qishloqning qoq oʻrtasidan kesib oʻtgan asfalt koʻcha gavjum. Dalada qovun-tarvuz ortib kelayotgan arava, mashinalar gʻiz-gʻiz oʻtib turibdi. Odamlar qayoqqadir shoshilishadi.

Abduqodir katta koʻk darvoza oldida toʻxtaganda, bir toʻp yosh-yalang, qah-qah urib oʻtib ketdi.
— Keldik, — dedi u oshnasiga. — Ashulaning sarasini shu yerda eshitasan.

Ular ichkariga kirishdi. Keng hovlining oʻrtasidagi baland shiypon yonida oq yaktak kiygan bir moʻysafid gul qirqib yurardi.
— Hormang, Doʻsimboy ota! — dedi Abduqodir oʻsha tomonga yurib. — Salomat bormisiz?
— Ie, ie, keling, Abduqodir oʻgʻlim, — moʻysafid gullarni shiyponga qoʻyib, mehmonlar bilan koʻrisha ketdi. — Bu nima degan gap oʻzi? Juda jim boʻlib ketdingiz? Qani, marhamat.

Mehmonlar shiyponga koʻtarilishdi.
— Obbo, oʻgʻlim-ey, juda sogʻintirib qoʻydingiz-ku, a?
— Xizmatchilik, qoʻl tegmaydi, — dedi Abduqodir kulib. — Mana, otpuskaga chiqib, boboyni bir ziyorat qilib kelaylik, degan edik.
— Ha, barakalla, kam boʻlmang, oʻgʻlim.
— Xatamjon qanilar?
— Klubda. Qoʻshni rayondan musobaqadoshlar kelgan ekan. Rais qoʻymay olib ketdi. Kontsert berishar emish. Oʻzi kechagina qirdan qaytuvdi.
— Ha, qirda nima bor ekan?
— Shu kasbni orttirdi-yu ishqibozlari koʻpayib qoldi. Qirda ham kontsert berib keldi.

Doʻsimboy ota boshidagi yangi Margʻilon doʻppisini olib, tizzasiga urib, changni qoqqan boʻldi, koʻkragiga tushib turgan moshkichiri soqolini tutamlab, ogʻir xoʻrsindi.
— Qayoqqa borsa ham mayli, koʻnglini tinchitib yursa boʻlgani.
— Ishqilib, kayfiyati tuzukmi? — soʻradi Abduqodir.
— Shukur. Ilgarigi xafagarchiligi yoʻq desa boʻladi. Ammo yolgʻiz qolsa eziladi. Kechalari bilan uxlamay chiqadi. Qoʻliga tanburni olib, ashula qilgani-qilgan. Koʻngillarni oʻrtab yuboradi. Onasi shoʻrlik choʻp boʻlib ketdi. Oʻrtoqlari omon boʻlsin, yolgʻizlatishmaydi. Klub mudiri qilib qoʻyishdi. Kun boʻyi oʻsha yerda. Toʻgarak tuzib, nimalarnidir oʻrgatib yuribdi yoshlarga. Men hozir...

Doʻsimboy ota oʻrnidan turdi. Abduqodirning e’tiroziga qaramay, dasturxon yoza boshladi. Nimagadir ichkari uyga kirib ketganida hech narsaga tushunolmay oʻtirgan Mirsidiq soʻradi:
— Xatamjonga nima qilgan?

Abduqodir «tss» deb barmogʻini labiga qoʻydi.
— Keyin aytib beraman. Buning tarixi uzun. Boboyning oldida hech narsani soʻrama. Yarasiga tuz sepgan boʻlasan. Xatamjon shu kishining yolgʻiz oʻgʻli.
— Zerikib qolmadilaringmi? Kampir tushmagur qiyom qiluvdi, chumolidan berkitib qoʻygan ekan, zoʻrgʻa topdim. Qani, nonga qaranglar.

Doʻsimboy ota mehmonlarning roʻparasida chordana qurib oʻtirdi. Shu payt uzoqdan chirmandaning ovozi eshitildi.
— Boshlanganga oʻxshaydi, — dedi Doʻsimboy ota Mirsidiqqa choy uzatar ekan. — Oling, oʻgʻlim. Qiyomdan soling.
— Biz xam klubga chiqsak, — dedi Abduqodir bir piyoladan choy ichilgach. — Anchadan beri Xatamjonni koʻrganim yoʻq. Bu oshnamiz ham oʻgʻlingizning ashulasini eshitmoqchi edi.
— Shundaymi? — Doʻsimboy ota mehmonlarga qarab chiqdi. — Mayli boʻlmasa. Xolangiz ham oʻsha yoqda. Birga qaytinglar, qoʻlbola osh qilib turaman.

Mehmonlar qoʻzgʻalishdi. Ota ularni eshikkacha kuzatib chiqdi.
— Kutaman-a, Abduqodir? Xatamjon bilan albatta birga qaytinglar.
— Rahmat, rahmat.

Mirsidiq muyulishga yetganda, sherigiga oʻgirildi.
— Qani, endi gapir, Xatamjonga nima qilgan, kim oʻzi? Abduqodir oʻylanib qoldi. Baroq, qoshlari chimirildi.

Anchagacha indamay bordi-da, keyin dedi:
— Xatamjon xam vrach edi. Shu qishloqning vrachi edi. Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam falokat yuz berib, ikki oyogʻidan ajragan...

Mirsidiq bir sapchib tushdi. Abduqodirning ham tomogʻiga bir narsa kelib tiqildi shekilli, gapirolmadi. Ikki oʻrtoq boshlarini egganlaricha jim borishar ekan, kolxoz klubiga yetib kelishganini payqashmadi. Eshikni ochishlari bilan gulduros qarsak sadolari eshitildi. Keyin kimdir ashula boshladi. Klub suv quygandek, jim boʻlib qoldi.
— Xatamjon! — dedi Abduqodir shivirlab. — Yur.

Oʻildirakli kichkina aravachada bir yigit oʻtirib kuylardi. Mirsidiq avval qanday ashula ekanligini aniqlay olmadi. Sahnaga koʻzi tushdi-yu yuragi orqasiga tortib ketdi. Uni shu topda qoʻshiq emas, yoʻq, aravachada oʻtirgan yarimta tana sehrlab qoʻygan edi. Umrida yigʻlamagan odam, koʻzlaridan yosh chiqib ketganini sezmay qoldi. Shoʻrtang bir narsa labiga oqib tushganda, oʻziga keldi. Yoshini artib, ashulaga quloq sola boshladi. Xatamjon «Oʻn sakkiz yoshimdadir»ni aytardi. Ha, Abduqodir aytganicha bor ekan. Bu yigit goʻyo ashula aytish uchun yaratilganday edi...

Birdan qarsak koʻtarildi. Abduqodir doʻstini tirsagidan ushlab, oldinga boshladi. Kimdir mehmonlarni koʻrib, ikkita stul olib kelib qoʻydi. Yoshgina bir qiz keng atlas koʻylagini hilpiratib, sahnaning oʻrtasiga keldi-da, nimanidir e’lon qildi. «Gur» etib koʻtarilgan qarsakdan nimaligini anglab boʻlmadi. Xatamjon aravachaning gʻildiraklarini itarib, oldinroqqa chiqdi, zalga qandaydir iliq bir nazar bilan jilmayib boqdi-da, yangi qoʻshiq boshladi.

Zalga jimlik choʻkdi. Xatamjonning nihoyatda shirali, tiniq ovozi qoʻshiq soʻzlarini kishi yuragiga quyib, hayajonga solardi:

Kuyla, sozim, kuyla, tinma,
Kuyla, kuy bu — shodligim.
Bogʻlaru qirlar, adirlar
Senga joʻrdir shodligim.

Mirsidiq qoʻshiqni tinglar ekan, allanechuk boʻlib ketdi. Soʻzlari tanishdek tuyuldi. Qachon, kimdan eshitgan ekan bu qoʻshiqni? U diqqat bilan Xatamjonga qaradi. Qirra burni yonidagi moshdek xolga koʻzi tushdi-yu, hang-mang boʻlib qoldi. Nahotki... nahotki oʻsha, bundan olti-etti yil ilgari oʻzi operatsiya qilgan yigit shu boʻlsa?! Mirsidiq, zarb bilan sherigini turtdi.
— Menga qara, Xatamjon Toshkentda davolanganmidi?
— Ha, — dedi Abdukodir sahnadan koʻzini uzmay. — Professor Vlasov ham koʻrgan.
— Professor Vlasov?
— Ha.

Mirsidiq yanglishmabdi. Bu oʻsha, uning oʻzi operatsiya qilgan yigit. Xatam... Xatamjon Doʻsimboev... Ha, bu yigit unga tanish. Mirsidiq oʻyga toldi. Uning koʻz oldida operatsiya stoli ustida yotgan yigirma uch-yigirma toʻrt yoshlardagi nimjon yigit paydo boʻldi. Oʻshanda moskvalik mashhur professor Vlasov klinika ishlari bilan tanishayotgan edi.

Kunlarning birida kechga yaqin navbatchi vrach yangi kasal qabul qilingani, ahvoli ogʻirligini aytib qoldi. Birgalashib kasal yotgan palataga kirishdi. Xatamjon ikkala oyogʻini qimirlatolmay yotardi. Mirsidiq ochib koʻrib, qoʻrqib ketdi, ammo sezdirmadi.
— Nima boʻldi? — soʻradi u oʻzini bosib. Xatamjon soʻzlab berdi.

Bundan bir yil oldin qirda choʻponlardan biri ogʻir betob boʻlib qolibdi. U bu xabarni eshitib, yarim kechasi otda yoʻlga tushibdi. Qishloqdan chiqqanida ot nimadandir hurkib, olib qochibdi. Xatamjon toʻxtataman deb jilovidan mahkam tortgan ekan, ot qoqilib yiqilibdi-yu yigit uning tagida qolibdi. Hushiga kelib qarasa, oʻtovda yotgan emish. Vrachning kelmaganidan xavotir olib, yoʻlga chiqqan choʻponlar uni olib ketishgan ekan. Xatamjon belida bir oz ogʻriq sezibdi, ammo e’tibor bermay kasalni koʻribdi, dori-darmon qilib uyiga qaytibdi. Otdan yiqilganini hech kimga aytmabdi ham. Lekin ertalab ogʻriq zarbidan turolmay qolibdi. Ogʻriq shu-shu qolmas ekan.

Mirsidiq palatadan chiqib, professor Vlasov bilan maslahatlashdi. Bemorning umurtqa suyagini rentgenga solib, operatsiyaga tayyorgarlik koʻra boshlashdi. Biroq bu operatsiyaning foyda berishiga Mirsidiqning oʻzi ham ishonmas edi. Bemor juda kech murojaat qilgan ekan. Shunday boʻlsa ham operatsiya qilindi. Professor Vlasov oʻzi bosh boʻlib turdi, ammo shundan keyin bir oy oʻtdi, ikki oy oʻtdi, bemor tuzalmadi. Uning ikkala oyogʻi allaqachon palaj boʻlib qolgan edi. Buni bemorning oʻzi ham tushundi, kulcha yuzidagi kulgi yoʻqoldi, ertalabdan kechgacha shiftga tikilib yotadigan odat chiqardi.

Bir kuni Mirsidiq uni klinika bogʻiga olib chiqishni buyurdi. Oʻzi ham chiqdi. U yoq-bu yoqdan gapga soldi, ovutmoq-chi boʻldi, ammo bemor ogʻiz ochmadi. Uning uchun endi hamma narsa tugagandek, butun orzu-umidlari puchga chiqqandek, hayot bu — faqat qiynoq, azobdan iboratdek tuyulardi. Shu alfozda bir necha hafta oʻtdi. Mirsidiq bemor yotgan palataga reproduktor oʻrnattirib qoʻydi. Yaxshi kontsert berilayotgan boʻlsa, oʻzi kelib burab ketadi. Avval bu ham ta’sir qilmadi, biroq, borib-borib u bemorning qoʻshiqlarni diqqat bilan eshitadigan boʻlib qolganini koʻrdi. Yana gapga soldi. Ammo javob ololmadi. Shundan bir necha kun oʻtgach, dahlizdan oʻtib ketayotib, kimningdir xirgoyi qilayotganini eshitib qoldi. Quloq soldi. Ovoz Xatamjonning palatasidan kelar edi. Mirsidiq eshikni sekin ochdi-yu sevinib ketdi. Xatamjon yarim ovozda kuylardi. Devorga suyanib eshita boshladi:

Kuyla, sozim, kuyla, tinma,

Endi sensan shodligim.

Bogʻlaru qirlar, adirlar

Senga joʻrdir, shodligim...
— E, kechirasiz doktor, — Xatamjon Mirsidiqni koʻrib qolib, dokadek yuziga qon yugurdi. — Xayol bilan boʻlib koʻrmabman.
— Hechqisi yoʻq, — Mirsidiq uning yoniga oʻtirdi... Yaxshi qoʻshiq ekan. Qanday qoʻshiq bu?

Xatamjon jiddiylashdi, ingichka lablari yengil titradi.
— Hayot qoʻshigʻi.
— Hayot qoʻshigʻi? Yaxshi nom.
— Sizga yoqdimi?
— Juda ham. «Kuyla, sozim, kuyla, kuyla, tinma... Endi sensan shodligim...» Yaxshi qoʻshiq. Kim yozgan ekan?

Xatamjon jilmaydi.
— Biz tomonlarda deyarli hamma qoʻshiq toʻqiydi. Oʻzim toʻqidim.
— Juda yaxshi. Bu qoʻshiq haqiqatan ham sizning hayot qoʻshigʻingiz boʻlsin!

Mana, hozir Mirsidiq shu qoʻshiqni ikkinchi marta eshitib oʻtiribdi. Tagʻin oʻsha nimjon yigitning oʻzi aytyapti. Mirsidiq diqqat bilan unga tikildi. Yoʻq, uning oldida bundan besh-olti yil ilgarigi yarimta tana emas, katta qalb, katta hayot egasi goʻzal hayot qoʻshigʻini kuylardi. Bu qoʻshiqda na nolish bor, na azob, unda yashash ishtiyoqi, pok muhabbat, bitmas-tuganmas orzu va qudrat bor edi!

Kontsert tugashi bilan Abduqodir doʻstini sahnaning orqasiga boshladi. Ichkaridan ikkita yigit aravachadagi Xatamjonni olib chiqmoqda edi. Xatamjon sochida bitta ham qorasi qolmagan jikkakkina bir kampirning qoʻlidan ushlab olgan.
— Oyi, qarang, Abduqodir akam! — dedi u shu topda.
— Voy, boʻyidan oʻrgilay, qani? — Kampir shunday deb, gapini tugatgani ham yoʻq ediki, oʻgʻli bilan quchoqlashib koʻrishayotgan Abduqodirni koʻrdi: — Sizning ham keladigan kuningiz bor ekan-ku, bolam, esonmisiz-omonmisiz?
— Mirsidiq aka!.. Doktor!..

Mirsidiq ichidan toʻlqinlanib kelayotgan hayajon bilan Xatamjonning qoʻlini siqdi.

Ular klubdan chiqishganda, vaqt allamahal boʻlib qolgan, koʻk betini son-sanoqsiz yulduzlar qoplab olgan edi. Baland qayragʻoch tepasidagi oy xuddi bolalarini qoʻriqlab yurgan ona oʻrdakdek, sekin-sekin suzib borardi.
— Xoʻsh, ishlar yaxshimi, Xatamjon? — soʻradi Mirsidiq aravacha yonida bitta-bitta odim bosib borishar ekan.
— Mana shu klubdaman. Muzika toʻgaragi ochganmiz. Yaxshi bolalar. Ular bilan ishlab zerikmaysan, kishi.
— Anchadan beri ishlayapsizmi?
— Ha, ikki yil boʻlib koldi.
— Juda yaxshi, juda yaxshi.

Shu payt uzoqdan Doʻsimboy ota koʻrindi.
— Hayallab qoldilaring? — Doʻsimboy ota mehmonlarni oldinga oʻtkazib, oʻgʻliga yuzlandi.
— Charchamadingizmi, oʻgʻlim?
— Oʻgʻlingiz charchashni biladimi? — gapga aralashdi kampir. — Qoʻyib bersangiz, ertlabgacha klubda qolib ketsa! Yaxshiyam mehmonlar bor ekan.
— Charchamadim, dada, — dedi Xatamjon jilmayib.
— Unday boʻlsa, uyda ham xizmat qilasiz. Mehmonlar ataylab sizni deb kelishgan.

Mehmondorchilik anchagacha choʻzildi. Tong yorishguncha qoʻshiq yangradi. Ertasiga kechqurungina Xatamjon mehmonlarga ruxsat berdi. Ikki oshna kechki salqin bilan piyoda yoʻlga tushishdi. Ikkovining ham fikrini allanarsalar chulgʻab olgan edi. Yoʻlning yarmini bosib oʻtishganda, Abduqodir:
— Shu yoʻldan ikki yilcha qatnadim, — dedi. — Dori ta’sir qilmadi, lekin borib-kelishim ta’sir qildi.
— Toʻgʻri gapirding. Yaxshi gap, diqqat-e’tibor har qanday doridan kuchli ekan.

Mirsidiq doʻstini qoʻltiqlab yoʻl boshladi. Koʻp oʻtmay, azim chinorlar ichida gʻapq boʻlgan shaharga kirib kelishdi. Yoqimli yoz shabadasi endigina qad koʻtarib kelayotgan yosh nihollarni tebratar edi. Hamma yoqda gul: oq, pushti, qizil, sariq, qoʻying-chi, ming xil tusdagi gullar ochilib-sochilib yotibdi.

Mirsidiq koʻchaning ikki betidagi turnaqator fonarlar nurida Eron gilamidek tovlanib yotgan bu gullarga suq bilan tikilib borar ekan, bir shoxi singan na’matakka koʻzi tushib qoldi. Qaysi bagʻri tosh sindirdi ekan? U yaqinroq kelib qaradi, yoʻq, sinibdi-yu uzilmabdi. Quyoshga tomon boʻy choʻzib qaddini rostlab boryapti. Mirsidiq jilmayib qoʻydi. U, albatta oʻsadi, ulgʻayadi. U ochgan gulning muattar hidi kishilar chehrasiga tabassum, shodlik baxsh etadi, qalblarini ravshan qiladi. Hayot qonuni shunday!

Ikki doʻst shahar koʻchalaridan oʻtib borishar ekan, yuraklari qandaydir oʻzlariga noma’lum quvonch, gʻurur bilan limmo-lim edi.

1960