OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiHotamtoy (Ertaknamo hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hotamtoy (Ertaknamo hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Xolposhshaning dadasi oʻgay onasi bilan bozordan yangi palto, etik olib kelib berishdi. Etik baland qoʻnjlik, ichi jun, issiq edi. Rangi ham chiroylik, paltosiga oʻxshagan och qizil. Ammo palto allambalo edi. Yoqalari keng, tikkatik, qaytarma choʻntaklari katta. Qizini yangi kiyimda koʻrib, dadasining koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.
— Ona qizim!.. — dedi u va quchoqlab peshonasidan oʻpdi.
— Umringiz uzoq boʻlsin, katta qiz boʻlib shunaqa paltolardan qoʻsha-qoʻsha kiying! — dedi oʻgay onasi uning yelkasiga qoqib. — Shunday koʻrdim-u, mahkam yopishdim! Dadangiz ham savdolashib oʻtirmadilar, soʻraganini berdilar-qoʻydilar. Boʻlmasam boshqalar ilib ketardi!...
— Rahmat, —dedi uyalib Xolposhsha va eshik yonidagi tosh oyna oldiga borib oʻziga qaradi.

Hech kim uni oltinchi sinf oʻquvchisi demasdi yangi kiyimda. Kamida toʻqqizinchi sinf oʻquvchisi, kap-katta qiz der edi.
— Koʻchaga chiqib kelsam maylimi? — soʻradi u oynadan koʻz uzmay.
— Boring, tasaddiq, aylanib keling, — dedi oʻgay onasi.

Holposhsha ehtiyotlik bilan oyoq bosib koʻchaga chiqdi. Qishning oʻrtasi boʻlishiga qaramay, kunlar uncha sovuq emas edi. Ammo har kuni boʻlmasa ham, kun ora, ikki kunda bir qor uchqunlab qolar, yerni yupqa muz qoplar edi. Hozir ham havo bulut, quyosh tafti sezilmas, ammo yer quruq edi. Xolposhsha eshikni yopib, katta koʻcha tomon yurdi. Dam olish kuni boʻlganidanmi, koʻchada hech kim koʻrinmas, har kuni ularning derazalari tagida oʻynab, gaplashib turadigan mahalla qizlari bugun koʻrinmasdi. «Balki ular katta koʻchadadir?» — Oʻyladi oʻzicha Xolposhsha. Ammo katta koʻchada ham oʻrtoqlari koʻrinmadi. Uylariga kirgani esa uyaldi. Yangi kiyimlarini koʻrsatgani kelibdi, deb oʻylashlari mumkin. Hozir yangi kiyim kiygan odam birovga yoqadi, birovga yoqmaydi.

Xolposhsha orqasiga qaytdi. Etik kattaroq, lopillab turardi. Lekin baribir yangi, issiq. Qishning yarmini u yupqa yozgi tuflida, kalishda oʻtqazdi. Endi etikni maza qilib kiyadi, uchiga ozgina paxta tiqib qoʻysa boʻldi, lopillamaydi. Palto boʻlsa, xuddi quyib qoʻygandek. Buning ustiga qalin ham emas, yupqa ham emas. Ayni Toshkent qishlarida kiyadigan palto.

Uyiga ikki hovlicha qolganda, oʻrtogʻi Zulayhoning singlisi temir darvozalaridan moʻralab qichqirdi:
— Holposhshapa! Moro boʻsin!
— Rahmat! — dedi ogʻzi qulogʻiga yetib Xolposhsha. Ertasiga maktabga yangi kiyimlarini kiyib bordi. Ammo sinfida uni hech kim tabriklamadi, e’tibor ham bermadi. Faqat ona tili oʻqituvchisi yozuv taxtasi yonida osigʻliq turgan kiyimlar orasida uning paltosini koʻrib maqtadi:
— Kimniki bu? Chiroyli ekan! Shunda uch-toʻrtta qiz baravariga:
— Xolposhshaniki! — deyishdi.
— Buyursin. Eskitib-eskitib kiy, qizim! — dedi oʻqituvchi.

Bir hisobda oʻrtoqlarining uni yangi kiyimlar bilan tabriklashmagani ham yaxshi boʻldi. Uyalib ketardi, oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmay qolardi.

Tanaffus paytlary qizlar paltolarini xuddi kattalardek yelkalariga tashlab dahlizga chiqib ketishardi. Xolposhsha bunday qilmadi. Lekin har gal sinfga qaytganida, beixtiyor paltosiga qarab qoʻyardi. Palto chiroqning yorugʻida turli rangda tovlanib, koʻzini qamashtirardi.

Katta tanaffusdan keyin sinfga kirib, paltosiga qaradi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Kimdir hafsala bilan yenglari, ikkala choʻntagi, yoqalarini oq boʻr bilan chizib chiqqan edi. Xolposhsha shoshib paltoni ilgakdan oldi, ammo nima qilishini bilmay joyida turib qoldi. Hechkimga qaramasa ham, koʻpchilik, butun sinf unga tikilib turganini sezdi. Tomogʻiga kelib tiqilgan yigʻini zoʻrgʻa ushlab, partasi tomon yuraboshlagan edi, oʻqituvchi kirib uni toʻxtatdi.
— Dars payti palto bilan qayoqqa ketayapsan? Ilib qoʻy joyiga!

Xolposhsha shunday qildi. Ammo dars tugaguncha koʻzlarini oqqa boʻyab tashlangan paltosidan ololmadi.

Qoʻngʻiroq chalinganda, u yugurib borib paltosini oldi-da, partasi ustiga yozib roʻmolchasi bilan arta boshladi. Qizlar uni oʻrab olishdi, dahlizga chiqishmadi.
— Hafa boʻlma, dogʻ boʻlmaydi, — dedi kimdir.

Kimdir Xolposhshani yoniga oʻtib, paltoning ikkinchi tomonidan arta boshladi.

Nihoyat darslar tugadi. Ammo Xolposhsha ketishga shoshilmadi. Paltosini sinchiklab qarab chiqdi. Oqarib turgan joylarini yana artdi. Hech qaerda dogʻ qolmaganini koʻrganidan keyin sinfidan chiqdi.

Oʻrtoqlari allaqachon ketib boʻlishgan edi. U katta koʻchani kesib oʻtib, oʻz koʻchalariga burilganda, oldidan ikkita yigit chiqdi. Ikkalovi kalta palto kiygan olifta yigitlar edi. Xolposhsha ularni koʻrib beixtiyor toʻxtab qoldi. Yuragi dukullab urib ketdi. Yigitlar unga yaqinlashib, iljayishdi. Bittasi uning yelkasiga bir qoʻlini qoʻydi-da, ikkinchi qoʻli bilan paltosining tugmalarini yecha boshladi.
— Nima qilayapsiz? — koʻrquv aralash soʻradi Xolposhsha.
— Ovozingni oʻchir! — ilonga oʻxshab vishilladi ikkinchi yigit. Shu payt nimadir chirq etdi. Uning qoʻlida pichoq yaraqlay boshladi. — Baqirsang, biqiningdan darcha ochib qoʻyaman.

U gapini tugatguncha birinchi yigit Xolposhshaning ustidan paltosini yechib boʻlgan edi.
— Etigi ham yangiga oʻxshaydi, qara! — dedi ikkinchi yigit.
— Yech! — doʻq qildi birinchi yigit. — Yo oʻzim yechib olaymi?

Xolposhsha qoʻllari qaltirab etigini yecha boshladi.
— Jon akalar! Rahm qilinglar. Boshqa kiyadigan hech narsam yoʻq. Dadam zoʻrgʻa olib berganlar kecha.
— Ovozingni oʻchir! Omon qolganingga sevin.

Qayoqdandir «Jiguli» mashinasi paydo boʻlib yonlarida toʻxtadi. Ikkala yigit palto bilan etikni qoʻltiqlab, oʻzlarini mashina ichiga otdilar. Mashina chiyillab, siltandi-da, uchib ketdi.

Xolposhsha yupqa paypoqda, jigarrang koʻylagi, qora fartugida qoldi. Dahshatli voqea sodir boʻlganini u endi tushundi, ammo koʻziga yosh kelmadi. Mashina ketgan tomonga qaraganicha joyidan qimirlamadi.

Ikkinchi smenadagi bolalar gur etib oldidan oʻtishganida, oʻziga keldi. Uyiga oyogʻi tortmadi, choʻchidi. Ogʻir kasallikdan soʻng, besh yil oldin qazo qilib ketgan onasi tirik boʻlganida balki choʻchimasdi. Oʻgay onasidan ham choʻchigani yoʻq, koʻproq uyaldi. U dadasidan ham koʻra shu oʻgay onasi xarxashasi bilan yangi etik, palto olib kelishganini bilardi. Oʻgay onasi uni yaxshi koʻrardi. Shunday boʻlsa ham u maktabiga qaytdi. Dars boshlangan, hovlida hech kim yoʻq edi. U dahlizga koʻtarilib, oʻz sinfi tomon yurdi. Baxtiga sinf boʻsh edi. Ichkariga kirib, eshikni yopishi bilan xoʻrligi kelib ketdi, oʻzini toʻxtata olmay yigʻlab yubordi. Ancha yigʻladi. Roʻmolchasi jiqqa hoʻl boʻldi. Keyin oʻz joyiga oʻtirib, loʻqillab ogʻriy boshlagan boshini qoʻllari ustiga qoʻydi.

Oʻgay onasi, ona tili oʻqituvchisi, yana allakimlar uni qidirib topishganda, qorongʻi tushgan, yuz-koʻzlari, butun badani olovdek yonardi.
— Bosh-koʻzingizdan sadaqa, bolam! Shunga kuyasizmi? Bitta palto ekan-ku, men sizga oʻntasini olib beraman. Faqat qoʻrqitmang, koʻzlaringizni oching, bolajonim!

Alaxsirab yotgan boʻlsa ham Xolposhsha oʻgay onasini tanidi.
— Kechiring, oyi...
— Qizginam, bolajonim!

Oʻgay onasi uni quchoqlab, issiq peshonasi, yonib turgan lablaridan oʻpdi.

Xolposhsha ikki hafta isitmalab yotdi. Keyin sekin oʻziga kela boshladi. Koʻzlari tinikdashganini, issigʻi bosilganini koʻrib oʻgay ona oʻzida yoʻq sevinib ketdi.
— Juda qoʻrqitib yubordingizu, qizim, — dedi u jilmayib. — Kasalxonaga olib ketishmoqchi edi, bermadim. Uyda oʻnglanib ketasiz.

U Xolposhshaning yoniga oʻtirib, muzdek peshonasiga qoʻlini qoʻydi.

Xolposhsha minnatdorlik bilan koʻzlarini unga qadadi.

Yuradigan boʻlganida militsiyadan, prokuraturadan kelishib, oʻsha oʻgʻri yigitlarni soʻrashdi. Xolposhsha ularni tanimasligini, ikkalovi jinsi shim — kalta paltoda ekanlari, boshlarida qunduz telpak, oyoqlariga toʻtirang kedi kiyib olishganini, bittasining pichoq oʻqtalganini, ingichka qora moʻylovi borligini aytib berdi.
— Koʻrsangiz taniysizmi? — soʻrashdi undan.
— Tanisam kerak. Taniyman, — dedi Xolposhsha.

Hovliga tushib, koʻchaga chiqadigan boʻlganida birdan sovuq tushdi. Chilla chiqishiga oz qolgan boʻlsa ham bu kutilmagan sovuq qalin qor olib keldi. Surunkasiga ikki kun yogʻdi.

Oʻsha kunlari undan xabar olgani kelgan tuman shifokori bilan oʻgay onasining gaplarini eshitib, kayfiyati buzilib ketdi.
— Iltimos, opoʻsi. Spravkasini choʻzib bering. Oyogʻida hech narsa yoʻq bu qorda kiyadigan. Yakshanbada bozorga borib oyogʻiga, eniga u bu olib beraman. Ozgina pul yigʻib qoʻydim.
— Boʻpti, opa. Xafa boʻlmang, — dedi vrach. — Eng muhimi, qizingiz oyoqqa turdi.

Oʻsha kuni Xolposhsha deyarli uxlolmay chiqdi.

Dadasi, oʻgay onasiga u juda achinib ketgan edi. Xayolidami, tushidami oʻsha olifta yigitlarni koʻrdi. Qidirib topdi. Ikkalovi bilan mushtlashib, kiyimlarini qaytarib olib keldi. Oʻgʻri yigitlar yigʻlab, undan kechirim soʻrashdi, ikkinchi bunday ahmoqlik qilmaslikka va’da berishdi. Shu tushi yo xayoli ta’siridami, u tongga yaqin uxlab qoldi. Uygʻonganida uyda hech kim yoʻq edi. Oldida bir tovoq qovoq somsa bilan choy turardi. Choynakning tagiga xat qistirib qoʻyilgan edi.

«Xolposhsha, ishga bormasam boʻlmaydi. Dadangiz ham ketdilar. Tushlik ovqat qozonda. Isitib iching».

Xolposhsha oʻrnidan turdi. Yuvinib endi choy ichgani oʻtirgan edi, koʻcha eshik taqilladi.

Xolposhsha oyisining roʻmoliga oʻranib, hovliga tushdi.
— Kim? — soʻradi u.

Hech kim javob bermadi. Toʻpigʻigacha qorga botib Xolposhsha eshikka bordi.
— Kim?

Yana hech kim javob bermadi.

U eshikning zanjirini olib, koʻchaga qaradi.

Hech kim yoʻq edi.

Xolposhsha hayron boʻlib eshikni zanjirladi. Orqasiga oʻgirilganda eshikning yonida turgan tugunga koʻzi tushdi. Tugunning ustida xat bor edi.

Konvertni yirtib, oʻqiy boshladi:

«Hurmatli Xolposhsha! Boshingga tushgan tashvishdan, anchagina betob boʻlib yotganingdan xabarimiz bor. Qaygʻurma. Endi senga hech kim tegmaydi, hech kim xafa qilmaydi. Lekin bilib qoʻy, hali bu hayotda kuchi ojizlargagina yetadigan noinsoflar, haromxoʻrlar oz emas. Ming afsus, ularning bir guruhiga sen duch kelib qolding. Endi xavotir olma. Yaxshi oʻqi. Sarpolaring muborak boʻlsin. Hotamtoy».

Xolposhsha qattiq hayajon bilan uyga koʻtarilib tugunni yechdi. Oʻgʻri yigitlar yechib olgan paltodek yumshoq, issiq qizil palto chiqdi undan. Paltoning tagida tasmalik, xuddi shunday qizil rang etik turardi. Uning tagida esa tsellofanga oʻralgan bir nechta koʻylak bor edi. Tugunning eng tagida qogʻoz quti koʻrindi. Darrov ochdi. Bu yelkaga tashlab yuradigan, xuddi etigining rangidagi yarimoy nusxa sumka edi.

Xolposhsha negadir choʻchib, narsalarni qoʻydi-da, xatni yangidan oʻqib chiqdi. Xat unga yozilganiga, narsalar unga olib kelinganiga shubhasi qolmadi.

Avval uyalinqirab etikni kiydi. Loyiq keldi. Keyin paltoni kiydi. Palto ham xuddi unga atab tikilgandek edi.

Toshoyna oldiga borib, oʻziga qaradi.

Anchagacha koʻzlarini uzolmay turdi. Keyin shu turishida boshiga oyisining roʻmolini tashlab hovliga tushdi. Oyoqlari ostidagi qalin qor gʻarchillab ketdi.

Koʻchaga chiqdi. Hech kim koʻchada koʻrinmadi. Katta koʻchaga — borgani qoʻrqdi. Bir pas u yoq-bu yoqqa qarab turdi-da, ohista uyiga kirmoqchi boʻlganda, kimdir uni chaqirdi.
— Xolposhshapa!

Ikki hovli narida turadigan oʻrtogʻi, darvozalari oldi-da unga qarab turardi.
— Moro boʻsin!
— Rahmat, — dedi Xolposhsha va shuncha kundan beri birinchi marta jilmaydi... — Rahmat!...

Xayolidai notanish mehribon odam Hotamtoy oʻtdi. U bunday odamni ertaklarda eshitgan edi. Haqiqiy hayotda ham bor ekan. Uning chin yurakdan aytgan ikkinchi rahmatini shu haqiqiy hayotdagi Hotamtoyga bagʻishlagan edi.

1993