OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Husn (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiHusn (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Husn (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

— Mana, siz rayonda yangi odamsiz. Hali qishlogʻimizdagilarning hammasi bilan tanishib chiqqaningiz yoʻq. Ammo lekin, Ma’piratimni tanib olgan boʻlsangiz kerak. Uni, men sizga aytsam, tanimagan odam yoʻq, oblastda. Oblast qayoqda? Butun, Oʻzbekistonda deyavering. Gazetalardan nomi tushmaydi. Radioda ham ikki gapning birida uni tilga olib turishadi. Kolxoz planni bu yil ham qoyillatib bajaruvdi, muxbirlarning, vakillarning keti uzilmay qoldi. Qani ayting, shunday qiz bilan faxrlanmay boʻladimi? Kechqurunlari horib-charchab ishdan keladi, topgan-tutganimni oldiga qoʻyaman. Bir piyola choyni chala-chulpa ichib, shunday stolning yoniga chuziladi-yu, dong qotadi. Yumuq koʻzlariga, chimirilgan qoshlariga, allanimalarni eslab pichirlagan lablariga qarab dam quvonaman, dam duv etib koʻzimdan yosh keladi. Roʻmolimning uchi bilan yuzimni bekitib, yigʻlab olaman. Nega yirlayman? Nega boʻlardi, shu bolam bilan tortgan azob-uqubatlarimni eslab yigʻlayman. Urushga qirgʻin kelsin, urushga! Qancha odamning yostigʻini quritib yubordi. Men ham kuyovimdan ajraganman. Nevara koʻrmay ajraganman. Oʻrtoqlariga endi chaqiruv kelganda undan qoraxat oldik. Ne hasratda oʻzi kuyovli boʻluvdim. Koʻzingiz tushdimi, tushmadimi — bilmadim, Ma’piratimning chap oyogʻi kaltaroq, shunday tuqqanman. Bola bechora shuning ustida qancha azob tortmadi? Yoshligida e’tibor qilmagan boʻlsa ham, es-hushi toʻlishganda odamovi boʻlib qoldi. Oʻqishdan keladi-yu, xonasiga kirib ketadi. Ba’zida oʻpkasi toʻlib, yigʻlab ham oladi.

Koʻpincha, oʻrtoqlari kelib-ketganda shunaqa boʻladi. Yoshlik emasmi, hali kinoga chaqirishadi, hali klubga olib chiqmoqchi boʻlishadi. Ma’pirat boʻlsa jim. Juda qoʻyishmasa, boshim ogʻriyapti, deydi. Ishqilib, bahona topib uyda qoladi-da. Buni koʻrib yuragim eziladi, tomogʻimdan hech narsa oʻtmaydi. Kechalari uyqim qochib, xudodan noliyman.
— E, xudo! — deyman zardam qaynab. — Uni shundoq yaratgandan koʻra, koʻzimni koʻr qilsang boʻlmasmidi?!

Oʻninchini bitirib, institutga kirdi. Quvonchi ichiga sigʻmay ketdi, meni boʻlsa tashvish bosdi. Gunoh boʻlsa ham aytay, kim kelin qiladi, deyman-da. Bir yilning ichida besh-oltita oʻrtogʻi erga tegib ketdi. Mahfuza degani bor edi, biram koʻhlik, biram kelishgan. Koʻpincha dars tayyorlab, biznikida qolib ketardi. Shu ham erga tegdi. Raisning oʻgʻliga tegdi. Ona-bola boshlashib toʻyiga bordik. Tumonat odam. Hovliga sigʻmaydi. Qizning oʻrtoqlari qoʻshayvonli dangʻillama uyni egallagan. Dasturxonga yoʻq narsani toʻkib tashlashibdi. Bir mahal shahardan chiqqan gajaqdor ashulachi ayol dutorni chertib «Tanovor»ni boshlab yubordi. Tort-tort boʻlib ketdi, oʻynamagan odam qolmadi. Derazadan qarab turibman. Ma’piratim ham ochilib-sochilib oʻtiribdi. «E, xudo, ishqilib, bitta-yarimta esi past oʻyinga tortmasin-da» — deyman ichimda labimni tishlab. Yoʻq, qoʻrqqanim bejiz emas ekan. Mahfuzaning oʻzi likillab kelib qoʻlidan tortsa boʻladimi? a’zoyi badanim jimirlab ketdi.
— Qoʻy, bilmayman, bilmayman, — deydi qizim shoʻrlik.

Qani endi Mahfuza kuloq solsa?!
— Mening toʻyimda oʻynamasang, kimnikida oʻynaysan? Yoʻq dema! — deydi oʻrtaga tortib.

Odamlar ham uning tarafida.
— Boʻla qoling, yoʻq demang, kuttirib qoʻydingiz, — deyishadi har chekkadan.

Ma’piratning boʻlsa yuzi olov boʻlib ketibdi. Sezib turibman, jahli chiqib ketyapti. Agar yana bittasi bir gap qilsa, shartta chiqib ketadi-qoʻyadi. Shu gapni qilishdi. Kim qildi deng? Yetti yasharidan birga qoʻgʻirchoq oʻynab oʻsgan oʻrtogʻi Mahfuza qildi.
— Muncha noz qilmasang? — dedi qoshlarini chimirib.— Senga kim orzumanda edi, oyogʻingga qaraydi?!

Tarasha boʻlib qotib qoldim. Oʻzimga kelib, bunday qarasam, hovlida besh-oltita qiz Ma’piratni ovutishyapti. Bittasi «xafa boʻlmang», deydi. Bittasi «qoling» deydi. Bir mahal roʻmol yopinib, Mahfuzaning oʻzi chiqdi. Meni kechir, ahmoqman, dedi. Ahmoq ham gapmi, pastsan, deb betiga tupurmoqchi edimu, qizimdan uyaldim.

Shu kuni ona-bola mijja qoqmay chiqdik. Jonidan ham aziz koʻrgan oʻrtogʻi shunday degandan keyin uyqu keladimi, oʻgʻlim? Derazaning oldiga choʻkka tushib allanimalarni shivirlaydi. Men boʻlsam oldiga borgani qoʻrqaman. Oʻzingiz ayting, shu topda uni qanday ovuta olardim? Shunday kun oʻzimning boshimdan ham oʻtgan. Rahmatli Boqijon akangiz toʻy kuni goʻshangada yuzimga bir tarsaki tushirgan edi.
— Nega urasiz? — desam, dagʻ-dagʻ titrab:
— Yuzingda xoling yoʻq ekan-ku, nega aldashadi? — desa boʻladimi?!

Hali-hali esimda, u kishiga yaxshi koʻrinaman deb, bir-ikki yil oʻsmadan xol qoʻyib yurganman. Shunaqa johil odamlar ham boʻlar ekan. Xolim boʻldi, nima-yu boʻlmadi nima? Keyinchalik koʻnikib ketdi, yaxshigina yashadik. Bechoraning umri qisqa ekan. Ma’pirim yetti yoshligida u qazo qilib ketdi. Dadasiga oʻxshagan shunaqa johil odamlar endi yoʻq deysizmi? Bitta-ikkita boʻlsa ham bor. Shunaqaning qoʻliga tushib qolsa bormi, odam osh oʻrniga har kuni zahar yutadi-da. Lekin qizim, aylanay, unaqa boʻlmadi, doʻst-dushmanning oldida qaddim bukilmadi. Mahfuzaning toʻyidan bir yil oʻtar-oʻtmas raisimiz Hakimjon uyga kirib qoldi.
— Qani, xola, bitta koʻk choy damlang, — dedi ayvonga oʻtib.
— Choy sizdan aylansin, hozir-da, bolam, — dedim-u, oʻchoq boshiga yugurdim. Hakimjon ham biladi-da, uyimda samovar doim shaqillab qaynab turmasa, koʻnglim joyiga tushmaydi. Darrov chinni choynaqda choy damlab kelib, raisning oldiga dasturxon yozdim. Non sindiryapmanu, xayolim boshqa yoqda. «Hech bunaqa odati yoʻq edi Hakimjonning, doim tipirchilab turardi. Nima gap topib kelgan ekan?» — deyman ichimda.
— Xola, maslahat bilan keldim oldingizga, — dedi anchadan keyin. — Qizingizning boshini ikkita qilib qoʻysak, nima deysiz?

Nima derdim? Suyunishimni ham, suyunmasimni ham bilmayman.
— Ha, oʻylanib qoldingiz?

Rais jilmayib qoʻydi.
— Koshkiydi, — dedim oxiri oʻzimni bosib olib. — Ma’piratning oʻzi nima derkin?
— Nima derdi, xoʻp deydi. Menga qarang, bunaqa yigit yetti uxlab tushingizga kirmagan.

Hakimjon hamma gapni aytib berdi. Institutda Ma’piratning oʻzi bilan oʻqiydigan bir yigit bor ekan. Shu bola oshiq boʻlib qolibdi qizimga. Men sizga aytsam, oʻrtalarida muhabbat paydo boʻlibdi. Yigit oxiri dadasiga aytibdi. Dadasi Hakimjonni oʻrtaga qoʻyibdi. Biram sevindim, biram sevindim. «Yaxshi odamlar ham bor ekan-ku, dunyoda» deyman ichimda.
— Xoʻsh, toʻyni qachon qilamiz? — soʻrab qoldi Hakimjon.

Oʻylanib qoldim. Oʻylanmay boʻladimi?! Hammaning ham oʻziga yarasha orzu-havasi bor. Toʻy qilsam, otasi yoʻqligini bildirmay qilishim kerak. Oʻrtoqlarining toʻyidan yaxshi boʻlsa boʻlsinki, yomon boʻlmasin.
— Qovun pishigʻiga qilamiz, — dedim qat'iy qilib.

Javobim raisga yoqmadi.
— Nima qilasiz choʻzib? Men borman-ku, yoningizda, — dedi zarda bilan. — Kelasi yakshanbaga qilamiz. Gap tamom. Yoshlarni qiynamang-da.

Nima ham derdim? Hakimjon rahmatli Boqijon akan-gizdan ham injiq. Xoʻp, dedim.

Endi men sizga aytsam, shunaqangi toʻy boʻldi, bu karnay-surnaylar, bu sarupolar... Hakimjon baraka topkur, oʻzi bosh-qosh boʻlib turdi.

Ammo lekin, toʻydan keyin bir hafta oʻtar-oʻtmas, urush degan kasofat boshlanib, kuyovimni, Sherzodimni oʻz qa’riga tortib ketdi. Ona-bola boʻtadek boʻzlab qoldik. Koʻp oʻtmay, Hakimjon bilan oʻgʻli Azimjonga ham baravar chaqiruv keldi. Mahfuza ham emizikli bolasi bilan yolgʻiz qoldi. Hakimjon urushga ketdi-yu, kolxozdan ham putur ketdi. Rayondan bittasini yuborishuvdi, olti oymi, yetti oymi ishlab, kolxozni qarz qilib ketdi. Oʻrniga Xudoyqulovmi, Obloqulovmi degani keldi. Uning ham dardi qornidan nari oʻtmadi. Fermadan oʻnta qoʻyni bozorga yuborib, ketidan oʻzi ham ketdi. Shu ketganicha hali ham bedarak. E, bolam, ne kunlar boshimizga tushmadi! Ma’pirat institutni tashlab, dalaga chiqdi. Xotin kishining boshiga biron falokat tushsa, darrov gangib qoladi. Oʻzini oʻnglab olguncha ancha azob chekadi. Bizda ham xuddi shunday boʻldi. Erkak zoti qishloqda qolmadi, desam boʻladi oʻshanda. Bor, yoʻq emas, lekin hammasi yarim jon, xotindan besh battar nimjon. Xudoyqulov daraksiz ketgandan keyin ferma mudiri bor edi, barzangiday yigit, bilmadim, nima balo qilib, urushga bormay qolgan, shuni rais qilib qoʻyishdi. Oti qurgʻur tilimning uchida turibdi. Nima edi? Ha, Sotiboldi.

Sotiboldi ham oldingilarday uchar chiqib qoldi. Soʻlaqmonday yigit idoradan chiqmay oʻtirsa, xunuk koʻrinar ekan. Ertayu kech pul sanash bilan ovora. Ziyofat, oshxoʻrlik, norinxoʻrlik. Buning ustiga, buzuq ekan. Buni qaerdan bilding deng? Ahvol oʻzingizga ma’lum — ogʻir. Arpa non, zogʻora nondan boshqa narsani xalq bilmaydi. Haftada bir qozon qaynasa qaynaydi, boʻlmasa yoʻq. Lekin bunga chiday olmaganlar ham boʻldi. Shularning bittasi Mahfuza edi. Eridan qoraxat keldi-yu, Sotiboldining tuzogʻiga ilindi-qoʻydi. Ma’piratning jigʻibiyroni chiqqanini koʻrsangiz oʻshanda. Koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. «Past-pastligini qildi» — deydi nuqul. Bir kuni chidolmay:
— Rais bilan aloqangni yo qonunlashtir, yo qishloqdan chiqib ket! — debdi.

Bu gap Mahfuzaga ta’sir qilganmi yo qoʻrqqanmi, is chiqarib, toʻy qilishdi. Ma’pirat bormadi. Qizim bormagandan keyin menga balo bormi? Toʻydan uch kun oʻtdi chamam-da, rayondan milisa kelib, Sotiboldining uyini bosdi. Ochofat oʻlgur kolxozning nechchi ming pulini yoʻq qilib yuborgan ekan. Kesilib ketdi. Shunday husniga bino qoʻygan Mahfuza nima boʻldi? Eski tos, eski hammom, itning ke-yingi oyogʻi boʻlib qolaverdi. Hozir non zavodda istorij emish. Sotiboldi qamalgandan keyin Ma’piratni rais qilib koʻtarishdi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, raislik oson ishmi? Dastlabki yillar, ayniqsa, qiyin boʻldi. Bechora qiz ishni nimadan boshlashni bilmaydi deng.
— Rayonga borgin, maslahat berishsin, — dedim.

Bordi, maslahat berishdi. Avvalo odamlardan hol-ahvol soʻrab chiqing, deyishibdi.

Shunday qildi. Molining xashagi tamom boʻlganga xashak berdi, tomidan chakka oʻtganning tomini suvatdi. Toʻgʻrisi ham oʻzi shu-da! Odamning dastlab uyidan koʻngli toʻq boʻlishi kerak. Uyi tinchmi, qancha ish desangiz qilaveradi. Bizda ham shunday boʻldi. Bir-ikki yilda oyoqqa turib oldik. Hozir boʻlsa, oʻzingizning xabaringiz bor, rayonda bizning kolxozning oldiga tushadigan kolxoz yoʻq. Ammo lekin, men sizga bir sirni aytay. Qizim bilan rais boʻlmasdan oldin sira urishmasdik. Endi ancha-muncha janjallashib turamiz. Qoʻlimda bitta sigir bor. Jonivor juda sersut, suzsangiz qaymogʻi bir enlik keladi. Bir kuni fermaga qirdan pichan tashishayotgan ekan, biram havasim keldi, bir arava tashlab ketinglar, dedim. Ma’piratning oʻzi rayonda edi. Bolalar ham soʻzimni ikkita qilmay tashlab ketishdi. Esim boʻlsa shunday qilamanmi? Kechqurun Ma’pir keldi. Eshikdan kirishi bilan koʻzi bir gʻaram qilib uyib qoʻyilgan pichanga tushdi-yu, lablari choʻchchayib ketdi:

— Pichan qaerdan keldi? — dedi oʻqrayib.
— Qirdan keldi. Nima edi? — dedim pinagimni buzmay.
— Uyalmaysizmi, oyi? Bu axir kolxozning pichani-ku?

Indamadim. U ham indamadi. Indamay ovqatni yedik.

Ertalab hali xoʻroz qichqirmasdan kimdir yelkamni turtadi. Turib qarasam, Ma’pir.
— Ha, — dedim. — Tinchlikmi?
— Tinchlik, manavi pulni oling. Xashak kerak boʻlsa bozorga tushing. Yo pravleniega ariza bering.

Shunday dedi-yu, tasir-tusir qilib chiqib ketdi. Yarim soat oʻtar-oʻtmas kechagi bolalar qovogʻidan qor yogʻilib, pichanni tashib olib ketishdi. Biram alam qildi. Shunday qilgani ham bir hisobda yaxshi. Xalqning mulki boʻlgandan keyin, xalkdan soʻrab olish kerak-da.

Xullas, men sizga aytsam, men qizimni bilmas ekanman, yo u ishga shoʻngʻib ketdi-yu, oʻzgardi-qoʻydi. Mayli, qaysi toʻgʻri boʻlsa, shunga roziman. Chunki bolamni endi, choʻloqman, degan gap qiynamaydi. Uzzukun odamlarning orasida. Tunov kuni qiziq boʻldi. a’lobush degan qoʻshnim bor. Qizim boʻyga yetganda, choʻloq, uni kim olardi deb, ustidan kulganini oʻzim eshitganman. Shu sovchi yuboribdi. Men sizga aytsam, biram jahlim chiqdi, biram jahlim chiqdi...
— Ha, — dedim, — qizim ilgari kerakmasdi, endi, rais boʻlgandan keyin kerak boʻpti-da? a’lobushga borib ayting, koʻchada qolgan qizim yoʻq.

Shunday dedimu, dasturxonning ustini yopdim-qoʻydim.

Kechqurun Ma’pir kelganda aytib beruvdim, rosa kuldi, unga qoʻshilib men ham kuldim. Kuladigan gap-da oʻzi, aylanay.

Lekin, men sizga aytsam, Ma’pirim, ba’zida ishi kamroq boʻlsa, yo biron narsadan dimiqib kelsa rahmatli Sherzodining suratiga qarab oʻtiradi-da, yigʻlab oladi. Shunday paytlarda men ham oʻzimni tutib turolmayman.
— Qani endi, kuyovim boʻlsa-yu, ikkalovining rohatini koʻrib oʻtirsam. Shunchalik ham berahm boʻlasanmi, xudo? — deyman oʻpkam toʻlib.

Ba’zida, bu tashvish bir mening boshimdamas-ku deb, oʻzimni ovutaman.

Yaqinda chiday olmadim. Idoradan ertaroq qaytuvdi, yuragimga anchadan beri tugib qoʻygan gapimni toʻkib tashladim:
— Bolam, — dedim sekin, — qachongacha yolgʻiz yurasan? Sherzod akangning hurmatini qilib, shuncha yurding, yetar. Meni ham oʻyla. Bir oyogʻim yerda boʻlsa, bir oyogʻim goʻrda, nevara koʻrsam degan niyatim bor.

Bilasizmi, nima dedi? Avval boshimdan oyogʻimgacha bir razm solib chiqdi. Keyin lablari titrab:
— Oyi, bu gapni bir gapirdingiz, — dedi, — ikkinchi gapirmang. Sherzod aka yuragimda. Uni olib tashlay olmayman. Innaykeyin, nega yolgʻiz boʻlar ekanman?! Mana, Mahfuzani yolgʻiz desa boʻladi. Yana erga tegibdi. Oʻgʻli nomusiga chidolmay ketib qolibdi. Ana unga achining.
— Nima derdim? Hech narsa demadim. Oʻzi xursandmi, baxtlimi, shunisiga mingdan-ming roziman. Ammo lekin, bugun yana bir janjallashib oldik. Aslida, shu janjal bahonasi bilan oldingizga kelganman.

Besh-olti kundan beri, biqinim sanchadi, deydi. Bugun ham idoraga chiqib oʻtirolmabdi, uyga kelib yotib oldi. Ovqatni vaqtida yemagandan keyin, uyqusida halovat boʻlmagandan keyin har qanday temir biqin ham sanchadi-da!
— Doʻxtirga qaratgin, — dedim.
— Vaqt yoʻq, oyi. Raykomga borishim kerak. Ellikta yangi uy qurmoqchimiz, shuning planini koʻrsatib kelaman, — dedi.

Jahlim chiqib ketdi.
— Ertaga koʻrsatsang osmon uzilib yerga tushadimi?
— Tushadi. Va’da berganman. Raykomda hozir yangi odam. Bormasam, uyat boʻladi, — dedi.

Yoʻq, bir amallab koʻndirdim.
— Planingni menga ber, tashlab kelaman. Oʻzi oʻsha yoqda ishim bor. Sen doʻxtirni chaqir! — dedimu, bu yoqqa yugurdim.

Endi men sizga aytsam, bolam, yangisiz. Biz tomonlarga ham borarsiz. Shunda esingizda boʻlsin. Ma’pirimni bir urishib qoʻying. Sagʻal oʻziga qarasin. Qaramasa, mana bugungiday yotib qoladi. Yetib qolsa, quvonchi yoʻqoladi.

Otda qamchin oʻynatib, dalama-dala yurganini koʻrganmisiz? Qiz bola boʻlsayam shunday oʻziga husn boʻlib tushgan. Ana shu husni yoʻqolmasin deyman-da, bolam.

1961