OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiKimning tashvishi yoʻq (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm92KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kimning tashvishi yoʻq (qissa)
Oʻlmas Umarbekov

Nazir ota gʻalati tush koʻrib uygʻondi. Tushiga xotini kiribdi. Katta togʻ emish. Bir yogʻi olmazor, bir yogʻi shaftolizor. Orqada daryo. Xotini shu daryo labida turib uni imlayotganmish. Boribdi. Endi qoʻlini choʻzgan ekan, xaxolab oʻzini suvga tashlabdi-yu, suzib ketibdi. Nazir ota ham tushibdi. Ammo qancha harakat qilmasin, unga yetolmabdi. Chaqiraman desa, ovozi chiqmasmish. Xotini esa: «Yetolmaysiz! Yetolmaysiz!» — deb, hiring-xiring kularmish. «Zaynab mazax qilmasdi meni. Bu nimasi?!» — Oʻylabdi Nazir ota. Oxiri madori qurib, qirgʻoqqa chiqibdi. Chiqib asta boshini koʻtarsa, oldida yana xotini turgan emish. Ustida noʻxat gulli koʻylagi, oyogʻida paygʻambar yoshiga kirganda oʻzi olib bergan amirkon mahsi-kavushi. Ammo bosh yalang. Sochlari toʻzgʻib ketgan... U nuqul:
— Charchab ketdingiz-a, dadasi? Charchab ketdingiz. Mening kiyimlarim qani, mening kiyimlarim? Xudo urib, tagʻin Tursin kiyib yurmasin! — dermish...

Nazir ota bu tushning ma’nosiga yetolmay anchagacha oʻylanib yotdi. U juda kamdan-kam tush koʻrardi. Koʻrsa ham bema’ni, xayolida yoʻq narsalarni koʻrardi, xotinini koʻrmasdi. Nima boʻldiykin? Nega u kiyimlarini axtarib qoldi? Oʻgʻlini nega tilga oldi?

U, qancha oʻylamasin, hech narsa tushunolmadi. Oxiri qovoqlari ogʻrib, koʻzlarini yumdi, uxlashga harakat qildi. Ammo uyqu kelmadi. U biqiniga agʻdarildi, bu biqiniga agʻdarildi, foydasi boʻlmadi, qulogʻi tagida xotinining gaplari jaranglab turaverdi.

«Nega bunday dedi? — Oʻyladi yana Nazir ota koʻzlarini ochib. — Bunda bir hikmat bor. Hikmat boʻlmasa, nega endi tushimga kiradi, bunday deydi? Yilini oʻtkazganimga besh hafta boʻldi. Ha, bugun dushanba boʻlsa, roppa-rosa besh hafta boʻladi. Nega shu bir yilu besh haftada kirmadi-yu, endi kirdi? Bunda bir hikmat bor».

Nazir ota shu fikr bilan oʻrnidan turdi. Choponini yelkasiga tashlab, hovliga chiqdi. Hali erta edi. Quyoshning nimrang gardishi hovliga tutashib ketgan kolxoz bogʻining ortidan endi koʻrina boshlagan edi. Havo salqin. Qaerdandir kechki bodring hidini keltirib shabada esardi.

Nazir ota hovlining oʻrtasidan oʻtgan ariq labiga kelib oʻtirdi. Muzdek suvdan hovuchini toʻldirib ichdi. U ariq suvini yaxshi koʻrardi. Har kuni ertalab yuvinayotib, bir hovuch-bir hovuch ichmasa koʻngli joyiga tushmasdi. Bu yoshligidan qolgan odat edi. Kampiri buni bilardi, indamasdi. Nevarasi ham indamaydi. Toʻgʻrirogʻi, koʻrmaydi. Chol undan ancha erta turadi.

Nazir ota yuvinib boʻlib, olma tagida osigʻliq turgan bedana tagiga keldi. Uni yaqinda toʻrqovogʻi bilan oʻrtogʻi, choyxonachi Saksonboy ota bergan. Oʻlgudek sayroqi. Na kechasi tinim bor, na kunduzi.

Nazir ota oyoq uchida turib, uning don-suviga qaradi.
— Ha, jonivor, bugun jimsan? — dedi toʻrqovoqni chertib. — Aynadingmi?

Bedana shuni kutib turgan ekanmi, tumshugʻini ochib, u yoq-bu yoqqa alangladi-da, birdan takillab yubordi. Uning ovozi juda tiniq va baland edi.
— Bormisan?! — dedi Nazir ota jilmayib. — Sayrash bunday boʻlibdi-da!

Uning chehrasi yorishib ketdi. Koʻnglini gʻash qilib turgan tushni unutganday boʻldi. Oʻchoq boshiga borib samovarga oʻt tashladi. Bedana esa qulogʻi tarang buralgan patefonday tinmasdan bir ohangda «tak-tarak», «tak-tarak» qilib sayrardi.

Ichkaridan nevarasi chiqdi.
— Tuzuk-ku! — dedi u bedanaga ishora qilib.
— Uygʻotib yubordim seni, Zulay? — soʻradi Nazir ota.
— Yoʻq, oʻzim uygʻonuvdim, — dedi Zulayho. — Sayrashini qarang, tinim bilmaydi-ya!
— Saksonboy menga yomonini beradimi? — dedi Nazir ota gʻurur bilan. — Sayroqisini beradi-da. Oʻzinikini eshitganmisan?
— Yoʻq. Choyxonadami?
— Yoʻq, uyida. Ovozi ham qurgʻur juda baland. Bundan baland.
— Bu ham yomon emas, — dedi Zulayho. — Sayrashini qarang! Quloqni teshaman deydi.

Nazir ota kuldi.
— Bedana degan shunaqa baland sayrasa-da. Kurk tovuqqa oʻxshab kurillagani boʻlmaydi.
— Ovozi oʻtkir ekan, — dedi Zulayho. — Choy ichamizmi, dada?
— Ha. Samovarga oʻt tashlab yuborganman.
— Oʻzim qilardim, — dedi Zulayho. — Nima qilardingiz?
— Nima qilibdi? Dasturxon yoz.
— Hozir, — dedi Zulayho va uyga kirib ketdi.

Nazir ota ariq ustidagi taxta soʻriga chordana qurdi. Bedana tindi. Birdan yana hammayoq jimjit boʻlib qoldi. Qulogʻi tagida yana xotinining gaplari jaranglay boshladi. Choyni churq etmay ichdi.
— Maktabga borasanmi bugun?— soʻradi Nazir ota nevarasidan fotiha oʻqib boʻlib.
— Tushdan keyin, — dedi Zulayho. — Nima edi? Zulayho maktab kutubxonasida ishlardi. Buvisi vafot etgandan soʻng buvasini yolgʻiz tashlab ketgisi kelmadi. Qishloqda qoldi. Institutga sirtdan oʻqishga kirdi.
— Ishingiz bormidi menda?— soʻradi u yana buvasining oʻylanib qolganini koʻrib.
— Oyingning uyini koʻtarsak, — dedi Nazir ota.
— Nega? — Zulayho hayron boʻlib soʻradi.

Nazir ota nima deyishini bilmay qoldi. Tushini aytgisi kelmadi. Oʻziga oʻxshab nevarasining ham tushga ishonmasligini bilardi.
— Namiqib ketibdi, — dedi nihoyat tuzuk bahona topganday ishonch bilan. — Bir shamollataylik. Innay-keyin, kerak boʻladi.

Nega kerak boʻladi? Zulayho tushunmadi. Lekin e’tiroz bildirmadi.
— Mayli, — dedi dasturxonni yigʻishtirarkan. — Nima ham bor edi u uyda? Birpasda yigʻishtirib chiqaman.
— Men qarashib yuboraman, — dedi Nazir ota. — Bir oʻzing kirma.
— Nega? — hayron boʻldi Zulayho.

Nazir ota indamadi. Koʻz oldidan xotinining imlagani oʻtdi. «Choʻchiysan» deyishiga tili bormadi, ammo boshqa bahona ham topolmadi.

Zulayho ichkaridan boshiga doka tangʻib chiqqanda, Nazir ota xonani ochayotgan edi. Ular ichkariga kirishdi.

Bu — derazasi poldan shipgacha koʻtarilgan, hovliga qaragan, yorugʻ, chorsi xona edi. Zaynab xola umrining soʻnggi yillarini shu xonaga koʻchib chiqib oʻtkazdi. Uni er-xotin oʻgʻillariga institutga kirganda ajratib berishgan edi. Uning ashqol-dashqollari, boʻyradek-boʻyradek chizma qogʻozlari koʻp edi, alohida xona boʻlmasa boʻlmasdi. Ammo u bu xonada koʻp yashamadi, toʻrt yilcha yashadi, keyin urushga ketdi. Oʻsha yili xotini tugʻdi. Lekin kelin bechoraning umri qisqa ekan, tugʻdi-yu oʻldi. Nevarasini Zaynab xolaning oʻzi katta qildi. Oʻtgan yili bahorda qulupnay terib turib, birdan oʻzidan ketib qoldi. Nazir ota soʻriga yotqizdi. Oʻziga kelgach, bitta-bitta yurib, oʻgʻlining xonasiga kirib ketdi. Shu-shu umrining oxirigacha shu xonadan chiqmadi. Nega u shu yerni tanladi, oʻz xonasiga bormadi oʻshanda — Nazir ota haligacha tushunolmaydi. Kim biladi, balki oʻlishini sezib, oʻgʻlimga yaqinroq boʻlay, deganmi? Tuzuk boʻlgan kunlari u qurib, terisi suyagiga yopishib ketgan qoʻllarini derazaga tirab, hovliga qarab oʻtirishni yaxshi koʻrardi. Hovli esa, qarasa arzirdi. Uyning oldi ketgancha gulzor. Yozda oq, sariq, pushti gullar ochilib, chamandek boʻlib yotardi. Uning orqasidan shildirab ariq oqardi. Ariqning narigi beti kolxoz bogʻiga tutashib ketgan qulupnay. Devor tomonda toʻrt tup qora olxoʻri bor. Zaynab xola olxoʻriga oʻch edi. Dumbul boʻlganidan tortib yerdi to pishib yetilguncha. Qolganini murabbo qilardi.
— Nimadan boshlaymiz? — soʻradi Zulayho alanglab. Nazir ota javob bermadi. Anchadan beri kirmagani uchunmi, xonadagi narsalar unga yangidek tuyuldi. Bir boshdan qarab chiqdi. Yoʻq, hammasi tanish narsalar. Nega tanish boʻlmasin ham?! Tokchada kampiri Tursunni koʻrganda Toshkentdan olib chiqqan ikki kalitli quti. Burchakda oʻgʻlining qiyshiq stoli. Ikkinchi tokchada esa, uning har qayoqdan yigʻib kelgan har xil toshlari. Taxmonda, poʻlat sandiqning ustida kampirning koʻrpa yostigʻi. Yana nima bor? Ha, gilam. Xonaning yarmiga ham yetmagan eski gilam. Boshqa deyarli hech narsa yoʻq.
— Koʻrpani olib chiqib yoyaymi? — soʻradi Zulayho bobosining oʻylanib qolganini koʻrib.
— Mayli, shunday qila qol, — dedi Nazir ota. — Kel, men koʻtara qolay.
— Yoʻq, ogʻirmas.

Zulayho koʻrpani koʻtarib olib chiqib ketdi. Nazir ota sandiqni ochdi. Mogʻor hidi gup etib dimogʻiga urildi, aksirib yubordi. Sandikda burchakka surib qoʻyilgan tugundan boshqa hech narsa yoʻq edi.
— Nima ekan? — soʻradi Zulayho kirib.
— Tugun. Qani, olchi.

Zulayho tugunni olib yechdi. Bu — erkaklarning kostyum-shimi edi.
— Siznikimi? — soʻradi Zulayho.
— Yoʻq, — dedi hayron boʻlib Nazir ota. — Mening bunaqa kiyimim yoʻq.
— Yap-yangi-ya! — Zulayho kostyumni qokdi. — Narxi yozilgan qogʻozi ham bor.

«Oʻgʻliga olgan ekan-da, — xayolidan oʻtkazdi Nazir ota. — Lekin qachon olgan ekan? Menga aytmabdi...».
— Yey, mogʻorlaganga oʻxshaydi, — dedi u nevarasiga. — Kuya yemaptimi?
— Yoʻq, tuppa-tuzuk turibdi.
— Mayli, yoy.

Nazir ota sandiqni yopdi. Keyin gilamni oʻrab, hovliga olib chiqdi. Qaytib kelganda Zulayho tokchaning oldida turib nimanidir tomosha qilardi.
— Nima qilyapsan? — soʻradi Nazir ota.
— Qarang, — dedi Zulayho. — Bilaguzuk!
— Qani?

Nazir ota nevarasining qoʻlidan bilaguzukni olib koʻrdi.
— Qaerda ekan?
— Qutida, — dedi Zulayho. — Xuddi shunaqa zirak ham bor. Kumush boʻlsa kerak-a, dada? Yaltirashini qarang!
— Ha, kumush, — dedi Nazir ota taqinchoqlarni koʻrarkan. — Toza kumush.
— Kimniki? — soʻradi Zulayho. — Oyimlarnikimi, opamlarnikimi?
— Oyingniki, — dedi Nazir ota eslab. — Yoʻqolib ketgan, deb yuruvdim men. Sen tugʻilgandan beri taqmasdi, — u «onang vafot etgandan beri» deb aytolmadi, tili bormadi. — Toshkentning eng yaxshi zargari — Xolparang zargardan buyurtirib olib bergan edim. Tuzukmi?
— Tuzuk ham gapmi! — dedi Zulayho bilaguzukni bobosidan olib qoʻliga taqarkan. — Yarashdimi, dada?
— Juda ham, —dedi Nazir ota nevarasiga havas bilan tikilib. — Taqaqol. Oyingdan meros.

Zulayho ziraklarni changallaganicha chiqib ketdi.

«Xuddi buvisiga oʻxshaydi, — Oʻyladi Nazir ota uning orqasidan qarab qolib, — Rahmatli ham yoshligida shunaqa narsalarga oʻch edi. Shularni olib kelganimda boshi osmonga yetgan edi. Zulay xuddi uning oʻzi. Ishqilib, umri oʻxshamasin».

Nazir ota yuzlarida qandaydir tabassum bilan qutini tita boshladi. Lekin taqinchoqlardan boshqa chiqmadi. Ikkita munchoqli kichkina qizil duxobadan tikilgan tumor chiqdi. Bu — nevarasiniki. Bolaligida u semiz, doʻmboq edi. Kampir, koʻz tegmasin, deb shu tumorni boʻyniga osib qoʻygan edi. Qandaydir kitoblar bor edi yana qutida. Keyin, naycha qilingan qalin qogʻoz. Nazir ota qogʻozni ochdi. Tepasida allaqanday yozuvlar, tagida har xil chiziqlar. Yozuvga koʻzi oʻtmadi. Ayvondan koʻzoynagini olib kelib koʻrdi. Boʻlmadi, koʻzi jimirlashib ketdi.
— Zulay! Qayoqda qolding? — chaqirdi u nevarasini.
— Hozir, — dedi Zulayho ichkaridan va koʻp oʻtmay keldi. — Qarang?!

Nazir ota unga oʻgirildi. Oʻgirildi-yu, hang-mang boʻlib qoldi. U nevarasining bunchalik chiroyliligini bilmagan edi. Egnida oq krepdeshin koʻylak, oyogʻida oq tufli, bir oʻrim qalin, zulukdek qora sochi oldiga tushib turibdi, qoʻlidagi bilaguzuk, kichkina quloqlaridagi oppoq zirak-lar yaraqlardi.
— Voy-boʻ! Juda koʻhlik ekansan-ku?! — dedi Nazir ota oʻzini tutolmay. — Xuddi oyingning yoshligiga oʻxshaysan!
— Opamlarga-chi? — soʻradi Zulayho.

Nazir otaning ichini bir narsa timdalab ketganday boʻldi.
— Opang... opangga ham oʻxshaysan, — dedi oʻzini darrov bosib olib. — Opang ham koʻhlik edi. — «Rostdan ham oʻxshaydi opasiga, — koʻnglidan oʻtkazdi Nazir ota. — Koʻz-qoshlari opasining oʻzi. Faqat burni oʻgʻlimga oʻxshaydi. Bizning avlodda hammaning burni goʻshtdor. Buniki ham shunaqa. Dahani ham bir oz Tursunga oʻxshab ketadi, yapaloqroq» — bu fikr koʻnglini ancha tinchitdi shekilli, chehrasi yorishib, qoʻshib qoʻydi: — Opangga butun qishloqning havasi kelardi. Juda kelishgan edi opang. Qosh-koʻzi qop-qora. Sochlari taqimiga tushardi. Innaykeyin, nima kiysa yarashardi. Oying qoʻrqardi yolgʻiz u yoq-bu yoqqa yuborgani. Juda koʻhlik edi. Aytganday, manavini koʻr. Nima ekan bu?

Nazir ota qoʻlidagi qogʻozni nevarasiga uzatdi.
— Bilmadim, — dedi Zulayho qogʻozga tikilib. — Qandaydir chiziklar. Xuddi xaritaga oʻxshaydi. Togʻning belgilari bor.
— Togʻning belgilari bor? - Ha.
— Yozuvida nima deyilgan?
— Yozuvidami? — Zulayho oʻqishga harakat qildi. — Harflari oʻchib ketibdi. Oʻqib boʻlmayapti. Qaerdan topdingiz?
— Qutida ekan, — dedi Nazir ota. — Yaxshilab koʻrchi.
— Menimcha, bu nimanidir planiga oʻxshaydi, dada. Ha, plan deyilgan yozuvda. Keyin qandaydir harflar: «X», «3». Plan X. 3.
— Plan X. 3.?
— Ha, — dedi Zulayho. — Iya, bu adamlarning yozuvlari-ku?! Tagida familiyalari bor. Tursun... Tursun Nazirov. Nima boʻldiykin, dada, bu?
— Bilmadim, — dedi hayron boʻlib Nazir ota.
— Biron narsaning planidir-da. Ekspeditsiyaga borganlarida chizganlar. Qoʻyib qoʻyaymi joyiga?
— Mayli, — dedi Nazir ota unga qoʻshilib, — qoʻyib qoʻy. Uyni yigʻishtirib boʻlishdi. Zulayho kostyumni olib kirib qoziqqa ilib qoʻydi. Koʻrpa-yostiqqa tegishmadi. Dasturxonchiga berib yuborishga qaror qilishdi. Lekin Nazir ota gilamni, uy huvillab qolmasin, deb yana solib qoʻydi.
— Men endi maktabga boraman, — dedi Zulayho. — Boyagidek borsam maylimi?
— Mayli, oʻsha taqinchoqlar endi seniki, — dedi Nazir ota.

Zulayho ketdi. Nazir ota hovliga tushib, gullarga suv quya boshladi. Ammo xayoli boshqa narsalar bilan band edi.

«Mana, uyingni ham koʻtardik, — dedi ichida. — Endi tinchmisan, Zaynab? Tinch boʻl. Nevarang xuddi oʻzingga oʻxshaydi. U bor, men bor. Charchaganim ham yoʻq. Nega endi charcharkanman? Umridan norozi odam charchaydi. Men charchaganim yoʻq. Men umrimdan roziman. Ikkalamiz yaxshi yashadik. Koʻpni koʻrdik. Lekin oʻgʻlimizning rohatini koʻrolmadik. Tursun yosh ketdi. Mozori qaerdaligini ham bilmaymiz. Yosh ketdi bola bechora...»

Shu top bir narsa esiga tushdi. Ketmonni ariqqa botirib, koʻtarilgan xonaga kirdi. Qutini ochib, naycha qogʻozni oldi.

«Tursunning yozuvi, — dedi u xatga tikilib. — Shunaqa yozardi u. Harflari dumaloq. Sal chapga yonboshlagan. Nima boʻldiykin bu? Nimaning plani ekan? Bironta zarur narsa boʻlsa kerak har holda. Lekin yigirma yil oʻtib ketdi. Nima kerakligi qoldi ekan?» Nazir ota shunday oʻyladi-yu, «kerak narsa boʻlsa kerak» degan gap miyasiga mahkam oʻtirishib qoldi. «Bironta bilan maslahatlashish kerak, koʻrsatish kerak», — dedi oʻzicha va qogʻozni yana naycha qilib, yaktagi ichiga soldi-da, koʻchaga chiqdi. Qayoqqa borishni birpas oʻylab turdi, keyin toʻgʻri choyxonaga yoʻl oldi.

* * *

Choyxonada, peshin boʻlib qolganiga qaramay, hech kim yoʻq edi. Saksonboy ota oʻrtogʻini toʻrga oʻtqazdi-da, choy olib keldi.
— Mana bu ishing joyida, oʻrtoq, — dedi u oʻzi ham oʻtirib. — Sen bilan bizga endi ishni kim qoʻyibdi? Yoshlar ishlasin. Shunday katta bogʻ qilib berding, boʻldi. Endi dam ol. — Hali ham dam olib yuribman, — dedi Nazir ota jilmayib.
— Yoʻq, sen kulma, — dedi Saksonboy ota. — Endi boʻldi. Ilgari ham aytmoqchi edim-ku bu gapni, har holda ovunarsan, deb indamovdim. Mana, yil ham oʻtdi. Endi boʻldi.
— Ha, endi boʻlganga oʻxshaydi, — dedi Nazir ota keyingi kunlarda oftob yoqmay qolganini eslab. — Oʻzing qalaysan?
— Qalay boʻlardim, — dedi Saksonboy ota xoʻrsinib. — Bel la’nati tinchlik bermayapti. Na kechasi halovat bor, na kunduzi. Qaqshab ogʻriydi.
— Shamollatgandirsan-da? — dedi Nazir ota.
— Kim biladi deysan? Hov birda uloqda yiqildim-ku, oʻshaning oqibatimikan, deyman.
— Bunga ancha boʻldi-ku? — dedi Nazir ota. — Yigirma yildan oshdi shekilli?
— Ha, oshdi, —dedi Saksonboy ota, keyin kuldi. — Oʻzi ham zap uloq boʻluvdimi oʻshanda?!
— E, nimasini aytasan, — dedi Nazir ota choy qaytarib. — Bedazorni odam bosib ketuvdi, tumonat odam!.. Qoʻshni qishloqlardan ham kelishuvdi-da. Sen oʻshanda kimning otini mingan eding?
— Oʻzimning otim turganda birovnikini nima qilaman? Samanimni minib tushgan edim. Sen, adashmasam, raisning otini mingan eding.
— Ha, toʻgʻri. Toʻriq bor edi-da, raisda. Oʻzi minmasdi, qoʻrqardi. Melini boplaganmanmi oʻshanda?!
— Nimasini aytasan!

Ikkalovi kulib yuborishdi. Saksonboy ota ogʻrikdan belini mahkam ushlaganicha qiqirlardi.
— Shoshma, — dedi u kulgidan toʻxtab bir mahal, — sen qaysi Melini aytayapsan?
— Meli choʻtirni-da. Qumariqlik, — dedi Nazir ota.
— Qumariqlik? — soʻradi eslolmay Saksonboy ota.
— Ha-da. Oʻgʻli Moskopda oʻqigan Meli choʻtir-chi?! Bilasan, uzoq yili janazasiga birga borganmiz.
— E, boʻldi, boʻldi, — dedi Saksonboy ota. — Boplagansan!

Aftidan, uloqdagi voqea koʻz oldiga keldi shekilli, bel ogʻrigʻini ham unutib, baralla kula boshladi. Nazir ota ham unga qoʻshildi. Ikkalovi miriqib kulishdi.
— Men tagimga bosib olganmanu oyogʻini qoʻyib yubormaydi-da uloqni, — derdi kulgi aralash Nazir ota. — Qoʻyib yubor, deyman baqirib. Yoʻq, parvoyi falak. Keyin bir siltadim otimni, bechora egar-pegari bilan agʻdarilib tushdi.
— Men kelib qolmaganimda otning tagida boʻlsa ham yopishib yotaverardi choʻtir.
— Yaxshiyam kelib qolding, oshirib yubordim. Qanday qilib yiqilding oʻshanda sen? Orqangda hech kim yoʻq edi-ku?
— Hech kim yoʻq edi, — dedi Saksonboy ota. — Ayil boʻshab ketdimi yo oʻzi notoʻgʻri oʻtirib qoldimmi, ishqilib, orqam bilan gurs etib yiqilganimni bilaman. — Saksonboy ota yana kuldi. — Yiqilib yotibmanu uloq esimdan chiqmaydi. Seni chaqiraman nuqul.
— Men oʻshanda senga qarolmadim, — dedi Nazir ota. — Uloqni oldimu shunday kavobpazning oldiga olib borib tashladim. Senga qarolmadim.
— Yoʻq, kenjam — Turobim koʻrib turgan ekan, darrov kelib qoʻltiqlab oldi.
— Endi oʻzingga qara sen ham, — dedi Nazir ota jidsiy ohangda.
— Qarayman, bir Chortoqqa borib, balchiqqa yotsam deyman, — dedi Saksonboy ota. — Kuz kelsin. Birga boraylik? Sen ham dam olib kelasan.
— Koʻrarmiz, — dedi Nazir ota qoʻynidan naycha qogʻozni olib. — Saksonboy!
— Labbay?
— Boya kampirning uyini koʻtargan edik Zulayho bilan. Qutidan manavi qogʻoz chiqib qoldi. Tursunniki. Yana joyiga tashlab qoʻygani koʻnglim bormayapti. Keraklikka oʻxshaydi nazarimda. Nima qilsam ekan?
— Nima ekan oʻzi?
— Mana, koʻr.

Saksonboy ota qogʻozni ochdi. Lekin hech narsa tushunmadi.
— Nima boʻldi ekan?
— Bilsam soʻrarmidim? — dedi Nazir ota. —Urushga ketayotganda hamma keraksiz qogʻozlarini oyisiga «yoqib yuboring», deb olib chiqib tashlagan edi. Boshqa hech nima yoʻq. Faqat shu qogʻoz qolibdi. Tagʻin qutida. Kerak boʻlmasa buni ham tashlab yuborardi.
— Nima qilsak ekan? — dedi Saksonboy ota. — Turob ham yoʻq. Afgʻonda. Haliveri kelmaydi. Bunaqa chiziqlarni injenerlar biladi-da.
— Yettiqoyaning rasmi ham bor emish. Zulayho aytdi.
— Oʻzimizning togʻni-ya?
— Ha, — dedi Nazir ota. — Innaykeyin, tepasiga «Plan» deb yozilgan.
— Tekshirtirish kerak boʻlmasa, — dedi Saksonboy ota qat'iy qilib. — Zarur narsa boʻlib qolsa ajab emas. Toʻxta, — dedi u nimadir xayolidan oʻtib. — Ertalab qovunni yozgani bir muxbir kelgan. Shunga koʻrsatmaymizmi?

Bu fikr Nazir otaga ma’qul tushdi.
— Mayli, — dedi u qogʻozni yana naycha qilib oʻrarkan. — Qaerda u?
— Qaerda boʻlsa ham shu yerdan oʻtadi. Oʻtir poylab. Yo ishing bormi?

Nazir ota «Bundan ham zarur ish bormi?» demoqchi edi-yu demadi.
— Ishim yoʻq, — deb qoʻya qoldi.

Muxbir oqshom tushib, bir-ikkita choyxoʻr chopiqchilar daladan qaytganda keldi.
— Poliz qalay, uka? — soʻradi Saksonboy ota uning oldiga bir choynak pamil choy olib kelib. — Yoqdimi?
— Yoqdi, juda ham yoqdi, — dedi muxbir qornini silab. — Qornim shishib ketdi qovun yeyaverib.
— Durust-durust, — dedi Saksonboy ota. — Yaxshilab gazetga yozar ekansiz-da, endi?
— Ha, ocherk yozaman, — dedi muxbir. — Ocherkka arziydi!
— Durust-durust, — dedi yana Saksonboy ota. — Endi sizdan bir iltimos bor, uka. Yoʻq, demaysiz.
— Xoʻsh? — soʻraydi muxbir.
— Manavi hujjatni bir koʻrib bering. Aqlimiz yetmay turibdi. Nima ekan. Nazir! Qogʻozni koʻrsat.

Nazir ota qogʻozni qoʻynidan ehtiyotlik bilan olib muxbirga uzatdi.

Muxbir yosh edi, endi yigirma uch-yigirma toʻrtlarga kirgan boʻlsa kerak. Qogʻozni u yoq-bu yoqqa agʻdarib koʻra boshladi.
— Geologik planga oʻxshaydi.
— Labbay? — soʻradi Saksonboy ota tushunmay.
— Qandaydir qazilmaning plani, — dedi muxbir. — Konning plani. Qaerdan topdingiz buni?
— Topganim yoʻq, oʻgʻlimniki, — dedi Nazir ota.
— Boʻlmasa, oʻgʻlingizning oʻzi bilsa kerak nimaligini?
— Oʻgʻlim urushda... bedarak ketdi, — dedi Nazir ota. «Oʻlgan» deb aytolmadi.

Muxbir oʻylanib qoldi.
— Nima qilish kerak buni? — soʻradi Nazir ota. — Kerak narsami?
— Bilmadim, ota, — dedi muxbir qogʻozni qaytarib. — Buni geologiya boshqarmasida bilishmasa, boshqa yoqda bilishmaydi.
— Qaerda boʻladi bu idora? — soʻradi Saksonboy ota.
— Toshkentda.

Muxbir boshqarmaning adresini yaxshilab tushuntirdi. U ketgach
— Nima qilamiz? — soʻradi Saksonboy ota oʻrtogʻidan.
— Boraman, — dedi Nazir ota. — Idorani topib koʻrsataman. Menga ozroq pul berib tur. Pensamdan uzaman.
— Mayli, bor, — dedi Saksonboy ota unga ikkita oʻn soʻmlikni uzatarkan. — Ishqilib, ishing oʻngidan kelsin.
— Rahmat.

Nazir ota qandaydir, shu paytgacha oʻzida sezmagan hayajon va quvonch bilan uyga qaytdi. Zulayho osh damlab oʻtirgan ekan. Suzib keldi. Nazir ota ishtaha bilan yedi.
— Ertaga Toshkentga tushaman, — dedi qoʻlini artarkan va nevarasiga niyatini aytib berdi. Zoʻlayho bobosining bu ishidan bironta foyda chiqishiga ishonmasa ham, indamadi, ra’yini qaytargisi kelmadi.
— Mayli, oʻynab ham kelasiz, — dedi.

«Hikmat shundamikin? — Oʻyladi Nazir ota yotarkan tushini eslab. — Shunda boʻlsa, xursand qilaman seni, Zaynab. Charchaganim yoʻq hali. Hali belimda quvvatim koʻp. Oʻgʻlingni izsiz qoldirib ketmayman. Biron nishona qoldiraman undan. Albatta qoldiraman». Ertalab u azonda, hali xoʻroz qichqirmasdan qovun ortgan mashinaga oʻtirib, shaharga joʻnadi.

* * *

Shaharda u boshqarmani darrov topdi. Koʻp qidirmadi. Lekin boshqarma berk edi. Hali ish boshlanmagan edi. Shunday boʻlsa ham Nazir ota oʻzini niyatiga yetganday his qildi. «Halizamon kelishadi, — Oʻyladi oʻzicha u. — Koʻrishadi. Lekin nima ekan oʻzi bu? Qanday konning plani ekan? Nima boʻlsa ham har holda oʻgʻlim qoʻyib ketgan narsa keraksiz boʻlmaydi. Keraksiz boʻlsa qoʻyib ketarmidi?» U shu fikr bilan koʻchaning narigi betidagi xiyobonga oʻtdi. Quyosh endi ikki terak boʻyi koʻtarilgan edi. Xiyobonda odam siyrak. Bir kampir aravachada bolasini aylantirib yuribdi. Kimdir — erkakmi, ayolmi, kiyimidan ajrata olmadi, gul doʻkonining oldini supuryapti.

Nazir ota yoʻlka yonidagi kamalak tus skameykalarning biriga oʻtirdi.

«Keraksiz boʻlsa qoʻyib ketmasdi, — dedi yana qogʻozni oʻylab. — Shoshganda, shoshgan. Shoshmasa oʻzi bir yoqlik qilib ketardi».

Nazir ota shunday dedi-yu, koʻz oldiga oʻsha, oʻgʻlini frontga joʻnatgan kun keldi. U bu kunni sira eslagisi kelmas, lekin unutib ham yubora olmas edi. Shu kuni u umrida birinchi marta kampiriga qoʻlini koʻtargan, shu kuni birinchi marta oʻgʻlidan ta’na eshitgan edi.

Qirq ikkinchi yilning avgusti edi oʻshanda. Xuddi mana shu kungiday havo ochiq, oftob nurini ayamay yeru suvni qizdirib turardi.

Nazir ota bogʻda tok chopiq qilayotgan edi. Olisdan poyalarga suyanib-suyanib kelayotgan bir odam koʻrindi. Bu — Nazir ota tanidi — kelini edi. Tanidi-yu, jahli chiqdi. «Ovqat olib kelayotgan boʻlsa kerak, — Oʻyladi xunob boʻlib. — Oʻzi olib kela qolsa nima qilar ekan Zaynabning ogʻiroyoqli odamni yubormay?!».

Kelini roʻparasiga kelganda ishdan boshini koʻtarmay soʻradi
— Nega sen kelding? Oyingning oʻzi kelsa uzilib qolarmidi?

U keliniga yer ostidan qaradi-yu choʻchib ketdi. Kelinining rangida rang qolmagan, koʻkarib ketgan lablari titrardi.
— Tinchlikmi? — soʻradi hovliqib.
— Oʻgʻlingizga... Oʻgʻlingizga povestka keldi, — dedi nafasi qisilib kelin va yigʻlab yubordi.

Nazir ota turgan joyida qotib qoldi. U har qanday shum xabarni kutgandi, lekin buni kutmagan edi. «Oʻgʻlim hali yosh», deb oʻylab yurardi.
— Oʻzi qani? — soʻradi Nazir ota oʻziga kelib.
— Otlanyaptilar...
— Qoʻy, yigʻlama, — dedi Nazir ota kelinini qoʻltiqlarkan. — Qani, yurchi!

Ular uyga kelishganda Zaynab xola oʻchoq boshida nimadir pishirayotgan edi. Erini koʻrdi-yu, piqirlab yigʻlab yubordi.
— Qani? — soʻradi Nazir ota.

Zaynab xola uyga ishora kildi. Uning gapirishga majoli qolmagan edi.

Uyda Tursun qogʻozlarni yigʻishtirardi. Otasini koʻrib jilmaydi.
— Otlanyapsanmi? — dedi Nazir ota roʻparasidagi stulga oʻtirib. U oʻzini dadil tutishga harakat qilardi.
— Otlanyapman, — dedi Tursun. — Otlanish kerak.
— Bugunmi?
— Hozir. Selʼsovetda yigʻilamiz.
— Keyin qayoqka?
— Toshkentga boʻlsa kerak. Toshkentdan joʻnaymiz.
— Yigirma uchga ham navbat kelibdi-da? Tursun indamadi.
— Koʻpchilikmisizlar? — soʻradi yana Nazir ota.
— Ha, oʻzimizdan oʻttiz kishi. Qumarikdagilar ham shu yerga kelishadi. Ular qancha — bilmadim.

Gap yana uzildi. Nazir ota endi nimani soʻrashni bilmasdi. Ammo soʻragisi kelardi, toʻgʻrirogʻi, oʻgʻlini gapirtirgisi, uning xuddi oʻzinikiga oʻxshagan yoʻgʻon, lekin shirali ovozini eshitgisi kelardi. Oʻgʻli esa oʻzicha biron narsa demas, fikri-zikri otlanish bilan band edi. Buni koʻrgan sari Nazir otaning koʻngli ezilar, koʻzlarini chetga olib qochar, yo boʻlmasa yuragiga erk berib, oʻgʻlini bagʻriga bosgisi kelardi. Ammo nimadir uni ushlab turardi, nimaligini oʻzi bilmasdi.
— Bu yil uzum yaxshi boʻladiganga oʻxshaydi, — dedi oxiri oʻzini chalgʻitib. — Har boshi savatdek keladi jonivorning.
— Ha, koʻrdim, — dedi minnatdor ohangda Tursun. — Oʻzingiz ham bogʻdan beri kelmadingiz-da. Qachon boʻlmasin, oʻsha yoqdasiz.
— Shunday qilmasang boʻladimi? Hamma narsaga ham qarov kerak. Yaxshi qarasang yaxshi boʻlaveradi.

Kelin kirdi.
— Ovqat tayyor, — dedi u eriga koʻzlarini moʻltiratib.

Tursun otasiga qarab qoʻydi. Nazir ota buni oʻzicha tushunib, oʻrnidan turdi.
— Men oyingga qarashvoray. Keyin chaqiraman. U chiqib ketdi. Ayvonda xotiniga duch keldi.
— Qayoqqa? — soʻradi u xotinining uyga kirayotganini koʻrib. — Birpas xoli qoʻy ikkovini. Gaplashib olishsin.

Zaynab xola orqasiga qaytdi.

Ovqatni ariq ustida supada yeyishdi. Tursundan boshqa hamma chaynalib oʻtirdi, yemadi. U qoʻlini artgach, Zaynab xola yana piqirlab yigʻlab yubordi, kelin unga qoʻshildi.
— Boʻldi-da endi! — dedi Nazir ota jahl bilan. — Yurtga kelgan toʻy. Bitta bu ketayotgani yoʻq. Muncha yigʻi qilasanlar! Undan koʻra qoʻllaringni och. Omin. Oy borib, omon kel, oʻgʻlim. Qani, turdik.

Nazir ota oʻgʻlining qayish tortilgan qopini koʻtarib oldi. Birpasda ichkaridan qaynana-kelin kiyinib chiqishdi.
— Senlar qayoqqa? — soʻradi Nazir ota xunobi chiqib.
— Qoʻyinglar, oyi, shu yerda qolinglar, — dedi Tursun. — Hojati yoʻq. Yaxshisi, keliningizga qarang. Sen qayoqqa? — soʻradi u xotiniga oʻgirilib.
— Men ham boraman, — dedi kelin.
— Zoʻrgʻa turibsan-ku, qayoqqa borasan? — dedi Tursun. — Urintirma oʻzingni. Oyi, qoling, keliningizga qarang.
— Qol, — dedi Nazir ota. — Men oʻzim kuzatib kelaman.

Qishloq soveti inidan koʻchgan aridek gʻuvillardi. Yosh ham, qari ham shu yerda. Binoning oldi birpasda ot-aravaga toʻlib ketgandi. Kimdir xirildoq ovoz bilan boloxonador qilib soʻkinardi. Qandaydir ayol ovozi esa: «Voy bola-e-m, voy bola-e-m! Yolgʻizim bola-e-m, yolgʻizim bola-e-m!»— deb choʻzib-choʻzib yigʻlardi. Nazir otaning tomogʻiga nimadir kelib tiqildi. Beixtiyor boʻsh qoʻlini orqasiga choʻzdi.
— Ha, ha, men shu yerdaman, — dedi Zaynab xola qoʻlini siqib. — Yigʻlayotganim yoʻq. Xavotir olmang.
— Yigʻlama, — dedi Nazir ota yutinib. — Hozir yigʻlama, uyat boʻladi.

Tursun qopni uning yelkasidan olib, «hozir chiqaman» dedi-da, odamlar ichiga shoʻngʻidi.

Er-xotin ariq labiga oʻtirishdi.

Odam borgan sari koʻpaya boshladi. Qiy-chuv, bolalar, xotinlarning yigʻisi, kulgi, otlarning kishnashi — hammasi qoʻshilib quloqni kar qila boshladi. Nazir ota olomonga tikilib, hech kimni ajrata olmadi. Koʻziga Saksonboy ota koʻringanday boʻldi, lekin darrov uni ham yoʻqotdi. Aftidan, bu gal atrofdagi besh-olti qishloqning yigitlari shu yerga yigʻilishgan edi...

Bir mahal
— Yoʻlni boʻshatinglar! Yoʻlni! Chiqishyapti! — deb qichqirdi kimdir.

Odamlar koʻchaning ikki tomoniga tizilishdi. Qishloq sovetidan birin-ketin yigitlar chiqa boshlashdi. Qiy-chuv avjiga mindi. Boyagi ayol ovozi yana: «Voy bola-e-em, yolgʻizim bola-em!» deb yigʻlay boshladi. Kimdir boloxonador qilib soʻkdi uni. Lekin xotin tinmadi, yurakni timdalaydigan boʻgʻiq ovozi bilan battar qichqirib yigʻlay boshladi.

Nazir otaning ham jahli chiqib ketdi.
— Tirik bolasini koʻmyaptimi, bu ahmoq nima qilyapti oʻzi?! — dedi xotiniga.

Zaynab xola javob bermadi. Tursun chiqdi.
— Shaharga ketyapmiz, — dedi u qopini yelkasiga olib. — Endi boʻldi. Sizlar qolinglar. Darrov xat yozaman.
— Men boraman, — dedi Nazir ota.
— Men ham boraman, — dedi Zaynab xola. Nazir ota xotiniga qaradi.
— Sen endi qol. Boʻldi. Xayrlashding.
— Dadamlar mayli, — dedi Tursun. — Siz qoling. Keliningiz yolgʻiz. Urinmasin. Darrov xat yozaman. Xoʻpmi?
— Bolam! Bolaginam! — Zaynab xola oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi.
— Boʻldi endi, uyatga qoʻyma odamni! — dedi Nazir ota choʻntagidan dastroʻmolini olib. — Ma, koʻzingni artib ol. Iya, yigʻlama desa, battar yigʻlaysan-a?!
— Yigʻlayotganim yoʻq, oʻzi shunday... — Zaynab xola erining qoʻlidan dastroʻmolini olib koʻziga tutdi.
— Xoʻp, oyi. Xayr. Yaxshi qoling, — dedi Tursun jilmayib.

Shu jilmayish ta’sir qildimi, yo erining soʻzlarimi, Zaynab xola yigʻidan toʻxtadi, yuzlariga tabassum yugurdi va har doimgidek tiniq, qoʻy koʻzlarini oʻgʻliga tikib
— Bor, bolam. Xudoyo umring uzoq boʻlsin, — dedi. Ota-bola yoʻlga tushishdi.

Quyosh botib, kechki salqin turganda ular shaharga kirib borishdi. Rakatga yetishganda Nazir ota, Tuproqqoʻrgʻonga borishsa kerak, deb oʻylagan edi, yoʻq, borishmadi. Otryad toʻgʻriga, shaharning markazidagi sapyorlar kazarmasiga qarab yoʻl oldi. Koʻp oʻtmay u yerga borishdi. Kazarma oldidagi behisob odamlarni koʻrib, Nazir otaning kayfi uchib ketdi. Lekin nima uchundir bu yerda qiy-chuv yoʻq edi. Hamma jim edi. Faqat katta tunuka choynak koʻtargan bir bola ovozining boricha baqirib yurardi:
— Kimga suv! Muzdek suv! Mana suv-v-v!

Yigitlar ikki tavaqali temir darvoza oldida toʻxtashdi.
— Mana, keldik, — dedi Tursun. — Endi qaytsangiz ham boʻladi.
— Yoʻq, men birpas turaman, — dedi Nazir ota. — Qayoqqa ketishlaringni bilib, keyin ketaman.

Tursun indamadi. Darvoza ochildi. Yigitlar ichkariga kirishlari bilan yana yopildi.
— Qaerdansiz? — soʻradi kimdir Nazir otadan. Nazir ota aytdi.
— Uzinglar-chi?
— Yakkabogʻdan.

Nazir ota Yakkabogʻning qaerdaligini eslolmadi. Surishtirib ham oʻtirmadi. Uning nazarida, urush dunyoning hamma burchagidagi odamlarni shu yerga yigʻishtirib kelgan edi. Buning ustiga ming xil fikr bilan xayoli band edi, yoʻl ham charchatgan edi. Chekkaga chiqib, devor tagiga oʻtirdi.

Bir mahal darvoza ochildi. Saf-saf boʻlib yigitlar chiqa boshlashdi. Dunyoni larzaga soluvchi qiy-chuv ana shunda boshlandi. Odamlar xuddi bolasini yoʻqotgan qarchigʻaydek oʻzlarini yigitlar safiga urishar va biri oʻgʻlining, biri eri yoqi ukasining otini aytib chaqirishadi. Topgani tinchib u bilan yonma-yon ketar, topmagani uvvos solib oʻzini ikkinchi safga tashlardi. Saflar oqimi esa tugamas, bu oqimdan darrov oʻz odamingni topib olish amrimahol edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, ba’zan yigitlarning oʻzlari saf orqasidan: «Oyi! Men bu yerdaman!» «Men Xudoyberdiman!» «Qayoqdasiz, dada? Chap tarafga oʻting!» deb qichqirishardi. Bu hayajon, tashvish, yigʻi aralash baqiriq-chaqiriqlar orasida suvchi bolaning sokinlik bilan: «Kimga suv-v-v! Muzdek suv! Mana suv-v-v!» deb qichqirishi xuddi tonggi nay sadosidek yoqimli eshitilardi.
— Hoy bola! Suvingdan olib kel! — qichqirdi Nazir ota olomondan koʻzini olib qochib.

«Men ham shunaqa qidirib yursam-a, — xayolidan oʻtdi uning. — Bu qanday dahshat boʻldi, bu qanday dahshat».
— Choʻmichi qanchadan? — soʻradi oldiga kelgach.
— Tekin, — dedi bola. — Suvni ham sotadimi, amaki? Mang, muzdek. Hozir kelibsizda-a?
— Ha. Qaerdan bilding? — soʻradi Nazir ota choʻmichni uning qoʻlidan olarkan.
— Narxini soʻraganingizdan, — dedi bola. — Bular hammasi kecha kelishgan, — bola olomonga ishora qildi. — Ba’zilari oʻtgan kuni.
— Rahmat, oʻgʻlim, — Nazir ota suvdan bir-ikki hoʻpladi, ortiq icholmadi. Lekin ancha oʻziga keldi. Bolaga biror narsa berish uchun choʻntaklarini titkiladi. Bitta tuyaqurt chiqdi — keliniga olib kelganida qolib ketgan ekan — shuni uzatdi. — Ma, manavi senga. Kimning oʻgʻlisan?
— Rahimbek akani. Tanimaysiz, —dedi bola qurtni ikkiga boʻlib, yarmini ogʻziga soldi, yarmini ishtonbogʻiga qistirdi. — Ular ham urushdalar. Moskvada. Yaxshi qurt ekan. Ilgari oyimlar ham qurt solar edilar.
— Endi-chi? — soʻradi Nazir ota.
— Endi sigirimiz yoʻq. Sotib yuborganmiz. Yem yoʻq.
— Qiyin boʻlibdi, — dedi Nazir ota achinib.
— Hammaga ham qiyin boʻldi, — dedi bola xoʻrsinib. — Lekin nima qilamiz? Chidaymiz. Bu kunlar unut boʻlib ketadi, oz qoldi.

Nazir ota bu kattani kesib kichik qilgandek bolaning gaplariga hayron boʻlib qoldi. Oʻzi tirnoqcha-yu gaplari katta odamniki. Urush oʻlsin, bolalar yoshligidayoq katta boʻlib qolyapti. Bolaligini bilmay qolyapti...
— Oʻzingiz oʻylang axir, — dedi bola yana salmoqlanib, — Moskva ostonasidan quvdikmi? Quvdik. Bu yogʻi endi tez ketadi. Ishtonchang qochishadi endi fritslar!
— Ishqilib, aytganing kelsin.
— Xoʻp, endi men boray, — dedi bola choynakni koʻtarib. — Yangilar kelishdi. Choʻllagandir. Siz joyingizda oʻtiravering. Oʻgʻlingizni ertaga ertalab koʻrasiz. Hozir ularni choʻmiltirishadi, soch-soqolini oldirishadi. Shu bilan oʻzi ertalab boʻladi. Hov anavi hovli bizniki. — Bola koʻchaning narigi betidagi qizil eshikni koʻrsatdi. — Kuzatuvchilarga atab joy qilib qoʻyganmiz. Lekin baribir bugun koʻrolmaysiz oʻgʻlingizni.
— Rahmat, oʻgʻlim. Umring uzoq boʻlsin, — dedi Nazir ota unga mehr bilan boqib.

Bola ketdi. Koʻp oʻtmay uning qoʻngʻiroq ovozi kuzatuvchilar ichida yana jaranglay boshladi.
— Kimga suv-v-v! Mana suv! Muzdek suv-v-v!

Nazir ota tramvay toʻxtaguncha oʻtirdi. Tursun chiqmadi. «Ertalab koʻrar ekanman-da», — Oʻyladi Nazir ota va bola koʻrsatgan hovliga kirdi. Har yer-har yerda biri paranjisini, biri choponini ostiga solib yotgan odamlarga turtina-turtina butun hovlini bagʻriga olgan katta nokning tagiga borib kimningdir yoniga choʻzildi. Ammo uxlolmadi, baqiriq-chaqiriqlardan, yigʻi, soʻkinishlardan boshi gʻuvillar, koʻz oldidan esa oʻgʻlining kulib turgan siymosi ketmasdi. Gʻira-shirada koʻchaga chiqdi.
— Ha, amaki, uxlolmadingizmi? — soʻradi kimdir. Bu kechagi bola edi.
— Uyqu kelmayapti, — dedi Nazir ota. — Oʻzingchi? Muncha erta turmasang?
— Hozir erta turmasa boʻladimi?! — dedi ozgina kinoya bilan bola, keyin jiddiy ohangda qoʻshib qoʻydi — Nonga ketyapman. Vohli bormasam yetmay qoladi.

Bola ketdi. Derazalarigacha odam osilgan birinchi tramvay shovqin bilan oʻtdi. Tong otdi. Kazarma tomondan ashula eshitildi. U borgan sari yaqinlashib keldi-da, yuzlab oyoq tovushlariga qoʻshilib ketdi. Nazir otaning tagidagi yer titray boshladi. Darvoza ochildi. Yigitlar, soldatlar chiqishdi. Yana qiy-chuv bilan yangi kun boshlandi. Lekin bu safda Tursun chiqmadi. Nazir ota shunday darvoza yoniga oʻtib olib, chiqayotganlarning hammasini kuzatib turdi. Tursun chiqmadi. Saf tugab, darvoza yopilganda kimdir Nazir otaning yengidan tortdi. Nazir ota oʻgirilib, roʻparasida turgan Saksonboy aka bilan xotinini koʻrdi.
— Xavotir olmang, — dedi Zaynab xola erining oʻzgarib ketganini koʻrib. — Moʻljalimda yana ikki oy bor.
— Bu ham koʻrsin-da, — dedi Saksonboy aka. Nazir ota kelinidan ancha xavotirda boʻlsa ham indamadi.
— Bu yoqqa oʻt, — dedi faqat joyini boʻshatib. — Shu yerdan yaxshi koʻrasan.

Tursunlarning safi tushga yaqin chiqdi. Nazir otaning choʻchiganicha bor edi. Na xotini, na Saksonboy aka, na oʻzi oʻgʻlini taniy olishdi. Chakkalariga buralib-buralib tushib turadigan qop-qora jingalak sochini oldirgan Tursunning oʻzi safning oʻrtasidan qichqirmaganda, ular koʻrisholmay qolisharmidi balki?

Qoqilib-suqilib safning yoniga oʻtib olishdi. Nazir ota xotinining qoʻlidan yetaklab olgan edi.
— Saratovga! Saratovga! — qichqirdi Tursun va yana nimalardir dedi, toʻpolondan Nazir ota eshitolmadi.

Bir mahal Tursun oyisini koʻrib qoldi va ovozining boricha qichqirdi:
— Uyga joʻnanglar! Yolgʻiz-ku axir! Uyga joʻnanglar!.. Kimdir ashula boshladi. Butun saf unga qoʻshildi. Safning soʻngidagi toʻpponcha taqqan komandir kuzatuvchilarga «Boʻldi endi, qolinglar!» deganday qoʻlini silkidi. Nazir ota toʻxtadi. U soʻnggi xayrlashuvning bunchalik qisqa boʻlishini kutmagan edi. Qulogʻi tagida esa oʻgʻlining oxirgi soʻzlari ta’nadek jaranglardi.
— Qaytdik, — dedi u xotiniga. Zaynab xola e’tiroz bildirmadi.

Qishloqqa yetishganda olisdan yugurib kelayotgan bir ayolni koʻrishdi. Nazir otaning yuragi «shuv» etib ketdi. Ayol — dasturxonchi edi.
— Tezroq yuring, Zaynabxon! — dedi u qichqirib. — Keliningiz ogʻirlashib qoldi!..
— Aytmovdimmi, ablah!

Nazir ota qulochkashlab xotinining boʻyniga tushirdi. Zaynab xola gandiraklab ketdi. Lekin oʻzini darrov ushlab olib, uyga yugurdi.

Namozshomda kelin tugʻdi. Tugʻdi-yu, ammo oʻzi koʻz yumdi... Uning qirqi kuni Tursundan xat keldi. Saratovda ekan. «Ikki kundan soʻng joʻnab ketamiz. Qayoqqaligini bilmayman. Borgandan keyin yozaman», degan edi u xatda. Lekin yozmadi, bedarak ketdi. ...Kurant oʻnga bong urdi. Nazir ota asta oʻrnidan turdi.

* * *

Geologiya boshqarmasida ish endi boshlangan edi, eshik yonida stul qoʻyib oʻtirgan qorovul ayol uning nima uchun kelganini batafsil surishtirib, oʻrnidan turdi-da, kimga murojaat qilishni tushuntirib berdi. — Ikkinchi qavatga koʻtarilib, chap tomonga buriling. Keyin, koridorning oxiridagi xonaga kiring. Vohid Saidovichning — boshqarma boshligʻining kabineti oʻsha yerda. Sekretarʼ qizga aytsangiz olib kiradi. Tushundingizmi?

Nazir ota «ha» deb boshini qimirlatdi.
— Boring boʻlmasa, — dedi ayol joyiga oʻtirib. — Toʻgʻridagi zinadan chiqavering. Tezroq boring, tagʻin Vohidjon ketib qolmasinlar!..

Nazir ota zangori gilam toʻshalgan zinadan koʻtarilar ekan, ayol orqasidan qichqirdi
— Ishqilib, ishingiz rivoj topsin!
— Rahmat, — dedi Nazir ota koʻngli koʻtarilib.

U ikkinchi qavatga chiqib, ayol tushuntirgandek chap tomonga burildi. Koridor juda uzun ekan. Ikki yogʻi ketgancha oynavon eshikli xonalar... Bittasiga shunday koʻzi tushib qoluvdi, yuragi boʻshashib ketdi. Xonada xuddi oʻgʻlinikidek qiya stollar turardi. Xuddi oʻgʻlidek-oʻgʻlidek yigitlar nimalarnidir chizishardi.

Nazir ota beixtiyor toʻxtab qoldi. Koʻzlari yigitlarga qadaldi. Lablari oʻzidan-oʻzi titray boshladi. Biroq shu top qorovul ayolning «tezroq boring, tagʻin ketib qolmasinlar» degan gapi esiga tushib, koridorning toʻriga qarab yurib ketdi.

Toʻrdagi eshik ham oynavonli edi. Nazir ota ichkariga kirdi. Deraza yonida bir qiz nimanidir yozib oʻtirardi.
— Mumkinmi? — dedi chol eshikni qiya ochib.
— Keling, — qiz oʻrnidan turdi. Nazir ota ichkariga kirdi.
— Vohid... Vohid... — u boshqarma boshligʻining fami-liyasini eslolmadi.
— Vohid Saidovich Saidov, — dedi qiz jilmayib.
— Ha. Vohid Saidovichda ishim bor edi...
— Nima ish?

Nazir ota aytib berdi va qoʻynidan qogʻozni olib koʻrsatdi.

Qiz uni sinchiklab koʻrdi-da
— Men soʻraychi, — dedi va yon tomondagi xonaga kirib ketdi. Koʻp oʻtmay chiqdi.
— Kiring, soʻrayaptilar.

Nazir otaning yuragi oʻynab ketganday boʻldi. Lekin darrov oʻzini tutib olib, ichkariga qadam qoʻydi.

Toʻrda, ixchamgina stolning orqasida qorachadan kelgan yosh bir yigit nimagadir tikilib oʻtirardi. Nazir ota tanidi. Bu — uning qogʻozi edi. Yigit cholni koʻrib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Keling, ota, keling, — dedi va stolni aylanib oʻtib, unga qoʻlini uzatdi. — Assalomu alaykum. Qani, oʻtiring.

U stol yonidagi kresloni koʻrsatdi. Oʻzi ham Nazir otaning roʻparasiga oʻtirdi. —- Keling, ota, xizmat?
— Xizmat shuki, bolam, — dedi Nazir ota nafasini rostlab. — Kecha nevaram bilan uyni koʻtarayotib, mana shu qogʻozni topib oldim. Oʻgʻlimniki. Oʻgʻlim ham sizga oʻxshab givolog edi. Urushda bedarak ketdi. Toʻrtinchi kursni endi tamomlovdi. Bir-ikkitaga koʻrsatuvdim, konning plani deyishdi... Konning plani boʻlsa, kerak narsa ekan deb, bu yoqqa keldim. Bir koʻring, bolam. Har holda oʻgʻlimdan xotira-da.
— Juda yaxshi, ota. Juda yaxshi. Albatta koʻramiz. Saidov yana qogʻozga tikildi.
— Yettiqoyaga yaqin turasizmi?
— Ha, Shirinsoyda hovli. Togʻ bizdan olti chaqirimcha keladi.
— Bu qogʻoz haqida oʻgʻlingiz hech narsa demaganmidi?
— Eslolmayman. Nazarimda, hech narsa demagan edi.
— Toqqa tez-tez chiqib turarmidi?
— Nima desam ekan! Ha, tez-tez chiqib turardi. Kanikul paytlari nuqul togʻda boʻlardi.

Saidov oʻylanib qoldi. Keyin stol tagidagi knopkani bosdi. Boyagi qiz kirdi.
— Oʻrtoq Qodirovni chaqirib yuboring, — dedi Saidov unga va Nazir otaga oʻgirildi. — Ota, student chizganligi bilinib turibdi.
— Ha, oʻgʻlim student edi, — dedi Nazir ota. — Toʻrtinchi kursda oʻqiyotgan edi.
— Mumkinmi?

Eshik ochilib, chakkalariga oq oralagan oʻrta yashar bir kishi kirdi.
— Bu yoqqa keling, Mahmud aka, — dedi Saidov. Qodirov uning oldiga kelgach, qogʻozni uzatdi.
— Bir narsa tushundingizmi?
— Yettiqoya-ku! — dedi Qodirov qogʻozdan koʻzini uzmay. — Nimaningdir plani...
— Ha, — dedi Saidov. — Otamlar olib keldilar. Urushda bedarak ketgan oʻgʻillariniki ekan. Siz koʻp shugʻullangansiz Yettiqoya bilan, yaxshilab koʻring-chi.
— Geologmidi oʻgʻlingiz? — soʻradi Qodirov.
— Ha, givolog edi, — dedi hozirjavoblik bilan Nazir ota. — Toʻrtinchi kursda oʻqiyotgan edi. Qirq ikkinchi yili...
— Oʻh-hoʻ, — Qodirov hushtak chalib yubordi. — Yigirma yillik qogʻozmi hali bu?
— Eskimi? — soʻradi xavotirlanib Nazir ota.
— Eskilikka-ku eski, juda ham eski, — gapga aralashdi Saidov. — Lekin... Yettiqoya kam tekshirilgan. Shuning uchun...
— U yerda nima ham boʻlishi mumkin, — dedi Qodirov uning gapini boʻlib. — Qiziq... bir narsa boʻlsa yigirma yil ichida topilmasmidi?
— Bu endi taxmin. Tekshirish kerak, — dedi Saidov oʻrnidan turib. — Ota, siz qishlogʻingizga qayting. Albatta tekshiramiz.
— Rahmat, — dedi Nazir ota va oʻrnidan turdi. — Qachon xabar olay?
— Xabarmi? Xabar... Xabar olmang, — dedi Saidov unga qoʻl uzatib. — Oʻzimiz xabar beramiz. Mahmud aka, siz nima deysiz?
— Ha, albatta xabar beramiz. Yo men oʻzim boraman. — Qodirov Nazir otaga oʻgirildi. — Ammo ota, bir narsa deyish qiyin. Oʻgʻlingiz student ekan. Adashgan boʻlishi mumkin. Studentlikda nimalar boʻlmaydi. Lekin tekshiramiz. Yettiqoyaga boramiz.
— Rahmat, bolam, — dedi Nazir ota koʻngli koʻtarilib. — Rahmat.
— Xayr! — dedi Saidov uni eshikkacha kuzatib qoʻyib.
— Ha, ota, ishingiz bitdimi? — soʻradi qorovul ayol Nazir ota pastga tushganda.
— Bitdi hisob, — dedi Nazir ota jilmayib.
— Aytmadimmi, — dedi zavq bilan ayol. — Vohidjon bilan bitmaydigan ish yoʻq. — Rahmat, opa, rahmat! — Nazir ota koʻchaga chiqib ancha yengil tortganini sezdi.

* * *

Qishloqqa qaytib, u toʻgʻri choyxonaga kirdi. Hammasini oʻrtogʻiga oqizmay-tomizmay soʻzlab berdi. — Menga qara, Nazir, — dedi Saksonboy ota unga diqqat bilan tikilib. — Kon-pon chiqib, toza boyib ketsang-a!
— Qoʻy bu gapingni, — Nazir otaning jahli chiqdi. — Kon-pon chiqib qolsa, Tursunni koʻrganday boʻlaman. Shuning oʻzi katta davlat. Lekin men senga aytsam, oʻrtoq, biror narsa chiqadiganday, yuragim sezib turibdi.
— Ishqilib, aytganing kelsin, — dedi Saksonboy ota. Nazir ota uyga keldi. Uning kayfi chogʻ edi. Shahardagi geologlar bilan suhbat unga qanot bagʻishlagan va u oʻzini xotinining vafotidan soʻng bunchalik tetik sezmagan edi.

Ariq labiga borib, hovuchlab suv ichdi. Muzdek suv a’zoyi badaniga yoyilib, dili ravshan tortdi. Oʻrnidan turib bedana tagiga keldi.
— Ha, jonivor, — dedi toʻrqovoqni chertib. — Nega jimsan? Nega sayramaysan? Sayra. Endi bemalol sayrayver...

Bedana boʻynini choʻzib patilladiyu, sayramadi. Nazir ota uyga kirdi. Zulayho yoʻq edi. «Maktabda boʻlsa kerak», oʻyladi chol va choponini yechib, ayvon toʻridagi koʻrpachaga choʻzildi. Ammo nimadir esiga kelib, darrov oʻrnidan turdi. Apil-tapil choponini kiyib, koʻchaga chiqdi.

«Borib kelaman. Kechgacha borib kelaman. Oʻzim ham ancha boʻldi oʻsha tomonlarga oʻtmaganimga».

Nazir ota shunday deb, togʻ tomon yoʻlga tushdi. U yoʻlning olisligini bilardi. Kamida ikki soat yurishi kerak edi. Lekin hozir unga buning ahamiyati yoʻq edi. Dunyoning narigi chetiga boʻlsa ham u hozir borishga tayyor edi. Shuning uchun borgan sari qadamini tezlatardi, yoʻlda uchraganlarga ham parvo qilmasdi, koʻzlarini olisda qorayib turgan qoyaga tikkancha, yoʻlida davom etardi.

Qishlokdan chiqib birpas toʻxtab qoldi. Keyin toʻgʻri olmazorga qarab yurdi. Bu yer unga tanish edi. Bundan tashqari, olmazordan kesib oʻtsa, yoʻli ancha qisqarardi. Hozir unga shu kerak edi. Olmazorga kirganda ruhi yana tetiklashdi. Bir yogʻi qishloqning etagidagi kanalga, bir yogʻi qirga tutashib ketgan bu bogʻ uning peshona teri bilan yaralgan, dastlabki ikki mingta koʻchatni bundan roppa-rosa yigirma yil burun Yunusobodning Shreder nomidagi mevachilik sovxozidan oʻzi keltirib oʻtqazgan edi. Hozir esa olmazorning keti koʻrinmaydi, kolxozning deyarli yarmi daromadi shu bogʻdan. Nazir ota shoxlarini sindiray-sindiray deb turgan kechki olmalarga gʻurur bilan qarab qoʻydi. Kolxoz tuzilibdiki, bogʻdorchilik uning sevinchi va tashvishi boʻlib keldi. Yaqinda bu sevinch, tashvishiga yana tashvish kelib qoʻshildi. Bu — hov oldinda, qirning ortida sovut taqqan pahlavonday qorayib turgan Yettiqoya, oʻgʻlining orzu-umidlari...

Nazir ota olmazordan chiqib, isib ketdi. Ajin bosgan peshonasini, yuz-koʻzlarini ter qoplay boshladi. Lekin u parvo qilmadi. Faqat choponini yechib, yelkasiga tashlab oldi.

Yarim yoʻlga yetganda oʻtov koʻrindi. Oftobda oltindek sargʻayib ketgan tep-tekis adirda u xuddi bahaybat yumron-qozikday qaqqayib turardi.

Nazir ota shu yoqqa yurdi. Oʻtovga yaqinlashganda it huridi. Ichkaridan kimdir chiqdi. «Safarboy!» Tanidi Nazir ota.
— Yoʻlbars, yot! — dedi Safar ota itga qoʻlini musht qilib. — Nazirku bu, tanimadingmi! Yot. Assalomu alaykum.

Nazir ota kelib, unga qoʻl berdi.
— Qaynanang suygan ekan, oʻrtoq. Oshning ustidan chiqding. Qani ichkariga. Koʻrishmaganimizga ham yil boʻldi-a?
— Boʻlib qoldi. Tinchmisan? — dedi Nazir ota oʻtovga kirarkan.
— Xudoga shukur, tinchman. Yuqoriga oʻt, yuqoriga. Ha, durust. Oʻzingchi, oʻzing tinchmisan? Kampirning yiliga borolmadim. Aybga buyurmaysan endi.
— Aybi bor ekanmi, — dedi Nazir ota. — Hammaning ham oʻziga yarasha tashvishi bor, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora.
— Bu gaping ham toʻrri. Qani, choyga qara.

Safar ota qumgʻondan choy quyib, oʻrtogʻiga uzatdi. Goʻsht kesib qoʻydi. Nazir ota bosib ikki-uch piyola choy ichgach, soʻradi
— Xoʻsh, bu yoqqa qaysi shamol uchirdi?
— Bekorchilik, — dedi Nazir ota kulib. Keyin bor gapni aytib berdi.
— Yaxshi, — dedi Safar ota. — Yaxshi qilibsan. Hech narsa chiqmasa ham, mayli. Koʻngling tinchiydi. Armon qilib yurmaysan.
— Shunday, — Nazir ota oʻrtogʻining gapini ma’qullab bosh silkidi. — Armondan yomoni yoʻq.
— Oʻzim olib boraman, — dedi Safar ota. — Hozir Oʻtanboy kelsin.
— Oʻgʻling ham shu yerdami?
— Ha. Kampir ham. Qirning etagida hammasi. Ertaga podani bu yoqqa haydaymiz. Shunga joy hozirladim. Bir haftagacha shu yerda boʻlamiz. Oʻtni koʻrdingmi, oʻtni? Juda yaxshi.
— Suv qalay?
— Ana shu suv masalasi chatoq. Lekin bu yerda eski bir quduq bor. Shuni bir amallaymiz. Togʻning etagida suv quridi.
— Chatoq ekan, — dedi Nazir ota.
— Chatoq. Lekin nima ham qila olarding, — dedi Safar ota qoʻlini silkitib. — Suvsizlik choʻponning peshanasiga yozilgan.

Koʻp oʻtmay Oʻtan keldi. Bu — Oʻn toʻqqiz-yigirma yoshdagi, xuddi otasiga oʻxshagan, gavdali yigit edi.
— Katta boʻlib ketibsan-ku, — dedi Nazir ota unga havas bilan tikilib.
— Katta boʻlmay ketsin, — Safar ota kinoya bilan kuldi. — Oʻqimayman, deydi endi. Poda boqarmish.
— Zulayho yuribdimi? — soʻradi Oʻtan gapni burib.
— Yuribdi. U ham institutga bormadi. Uyda oʻqiyapti.
— Domlasiz oʻqish — Oʻqishmi, — dedi Safar ota. — Tepangda bittasi nixtalab turmasa, oʻqib qayoqqa borarding?!
— Hozir koʻpchilik shunday oʻqiyapti, — dedi Oʻtan. — Men ham bu yil kiraman.
— Senga ishonish qiyin, — dedi Safar ota. — Shuncha yil kirmagan endi kirarmiding?

Oʻtan kuldi.
— Senga kulish boʻlsa, — dedi Safar ota jahl bilan. — Kuydirgan kalladay irshayib yuraversang! Kim tegadi bunaqada senga?!
— Topilib qolar, — dedi Oʻtan jilmayib va Nazir otaga yer ostidan qarab qoʻydi.

U chiroyli jilmayardi. Shamol yalagan qalin lablari qizarib, qoramtir yuzlarida kichkina, xuddi chaqaloq bolanikidek kulgichlar paydo boʻlardi. «Yaxshi yigit boʻlib-di, — Oʻylab qoʻydi Nazir ota, undan koʻzini uzolmay, — Zulaydan ikki yosh katta edi chamamda».
— Nechaga kirding? — soʻradi undan Nazir ota.
— Yigirmaga, — dedi jilmayganicha Oʻtan.
— Uylantirsa boʻladigan, — dedi Safar ota. — Lekin kim biladi, kim tegar ekan unga?
— Topilib qoladi, — dedi Nazir ota Oʻtanga koʻzini qisib. — Hali shunday oʻqimishligi kelib boʻyniga osilsinki, hayron qolgin.
— Qoʻyinglar shunaqa gaplarni, — dedi qizarib Oʻtan. — Boʻsh qoldingiz, shundan gapirasiz-a, dada?
— Sen bilan boshqa nimani gaplashib boʻlardi, — dedi kulgi aralash Safar ota. — Ilmli gaplarni bilmaysan. Qoʻy-qoʻzi me’daga tekkan.
— Boʻldi, men ketdim! — Oʻtan zarda bilan oʻrnidan turdi.
— Toʻxta, — dedi Safar ota. — Hazilni ham tushunmaydi. Nazir otang toqqa bormoqchi. Birga borib kelaman. Oyingga ayt, ovqat qilib tursin bu yoqqa kelib.
— Keragi yoʻq, — dedi Nazir ota. — Kech boʻlib ketadi. Nevaramga aytmay kelganman.
— Hech narsa qilmaydi. Oyingga ayt.

Ikki oʻrtoq Oʻtanning otiga mingashib yoʻlga tushishdi.
— Zulayga salom ayting! — deb qichqirdi orqadan Oʻtan. Nazir ota bosh silkidi.

* * *

Ular Yettiqoyaga yetib kelishganda kun ogʻa boshlagan, ammo hamon tafti baland edi. Kunning issigʻiga otning bir maromda yelishi qoʻshilib, Nazir ota suv boʻlib ketgan edi. — Bu yil yoz issiq keldi, — dedi u qiyiqchasi bilan boʻynini artib.
— Terlab ketdingmi? — soʻradi Safar ota. — Ha, yoz issiq keldi. Molga qiyin boʻldi. Biz-ku, bir amallaymiz. Qirdagilar qiynaladi. Daryo olis. Shamol turdimi?
— Shunaqaga oʻxshaydi, — dedi Nazir ota koʻkragiga iliq shabada urilganini sezib.
— Nima boʻlsa ham togʻda. Lekin ancha nurab qoldi. Qoyalarga razm sol, — dedi Safar ota, otning jilovini tortib. — Ilgari xuddi nayzaga oʻxshardi. Choʻchirdi odam qarab. Endi nurab qoldi. «Choʻpongʻor»ga olib boraymi?
— Mayli, oz qoldi shekilli?
— Yetdik, mana.

Ular qurib yotgan jilgʻadan oʻtib, odam boʻyi keladigan gʻor oldida toʻxtashdi.
— Bitta shu gʻor ilgarigidek, — dedi Safar ota gʻorning ichiga kirib. Gʻor toʻrt-besh qadamcha ichkariga choʻzilib kirgan edi.

Nazir ota uni eshitmadi. U oʻz xayoli bilan band edi. Koʻzini yoshligidan oʻziga tanish boʻlgan toshlardan, qishloqqa qaragan qoyaning labidagi bir shoxi qurib, tangadek kichkina-kichkina barglari qovjirab turgan bukri chinordan, ilgari shovqin solib oqqan, hozir esa qurib, toshlari sargʻayib yotgan jilgʻadan uzolmasdi, suq bilan atrofga qarardi. Yoshligida u bu yerlarda koʻp boʻlgan, Safar otadek poda boqqan, qoyalarning ustiga chiqib, olis-olislarga tikilgan, tong paytlari muzdek togʻ suvidan ichib, dilini yozgan. Oʻsha paytlari Yettiqoya bunaqa emas edi, bahaybat edi. Ba’zan oʻzining salobati bilan odamni qoʻrqitardi, ba’zan hayratga solardi.

«Odamga oʻxshaydi u ham, — xayolidan oʻtkazdi Nazir ota. — Qarib, qaddi bukilibdi... Tursun buning qaerlarini tekshirgan ekan? Nimalar qilgan ekan bu yerda? Balki shu xarsang ustida oʻtirgandir!»

Nazir ota otdan tushdi, xuddi toshlarning ustida oʻgʻlining izi qolgandek ularga tikildi. Lekin hech narsa koʻrinmadi. Chinorga qaradi. Qovjiragan barglar oftobda sargʻayib turardi.

«Odamga oʻxshaydi u ham, — dedi Nazir ota yana oʻzicha. — Xuddi odamning oʻzi. Ozgina qoldi, sabr qil. Yaqinda kelaman. Oʻzim qarayman, toʻygʻazib suv beraman. Hirotdan boʻlsa ham olib kelib beraman. Tursun senga qaragandir. U albatta qaragan. Endi men qarayman. Sabr qil».
— Oʻylanib qolding? — soʻradi Safar ota oʻrtogʻi yoniga kelib. Nazir ota chinorni koʻrsatdi.
— Quriyapti, — dedi Safar ota achinib. — Oʻzi ham qachongi chinor. Bolaligimda ham boʻyi shundogʻ edi. Innay-keyin, topib oʻsgan joyini qara.
— Joyi yaxshi, — dedi Nazir ota. — Har qanday daraxt ham shunaqa joy topsin-chi! Qara, xuddi odamga oʻxshaydi. Odam esa, koʻpincha qiyin joyda yashaydi.
— Odamning yaxshisi, de! — dedi Safar ota. — Xoʻsh, qaytamizmi? Kun ham botdi. Bu givologlaring qachon keladi endi?
— Bilmadim, — dedi Nazir ota aniq soʻrab olmaganiga achinib. — Kelib qolishsa kerak yaqinda.
— Bir hafta shu yerda boʻlaman. Shunda kelishsa, oʻtov seniki. Uch-toʻrt kun boʻlishar axir!
— Rahmat, — dedi Nazir ota.

Ular qaytishdi. Nazir ota oʻrtogʻining qistoviga qaramay oʻtovga tushmadi. Otni ham olmadi. Piyoda uyga qaytdi.

* * *

— Qayoqda qolib ketdingiz? — soʻradi xavotirlanib Zulayho ovqat olib kelarkan. — Saksonboy otam ham ay-tib berolmadilar qaerdaligingizni. — Togʻda edim, — dedi Nazir ota. — Toqqa chiqib keldim. Kelib qolishsa oʻzim olib boraman.
— Kelisharmikan?
— Kelishadi, — dedi ishonch bilan Nazir ota. — Albatta kelishadi. Aytganday, senga Oʻtanboy salom deb yubordi. Zulayho qizarib yerga qaradi.

* * *

Oradan toʻrt kun oʻtgach, tushga yaqin, geologlar kelishdi. Bular Oʻtan tengi ikkita yigit edi. — Bizni oʻrtoq Qodirov yubordilar, — deyishdi yigitlar oʻzlarini tanitib.

Nazir ota xursand boʻlib ketdi. Darrov choy qoʻydi. Lekin yigitlar oʻtirishmadi. Oʻsha zahotiyoq yoʻlga tushishdi.
— Biz uzoq boʻlmaymiz, — dedi ulardan biri toqqa yetishganda. — Siz olib borgan plan boʻyicha Yettiqoyani magnitometr bilan tekshiramiz. Har xil toshlardan olib ketamiz. Tekshirish natijasiga qarab boshqalar kelishadi. Lekin natija qanday boʻladi — aytish qiyin.
— Juda ham qiyin, — gapga qoʻshildi ikkinchi yigit. — Xrizokolla boʻladiyu, shuncha vaqt hech kim bilmay yotadimi!
— Bu nima deganingiz, oʻgʻlim? — soʻradi Nazir ota.
— Xrizokollami? -Ha.
— Metall. Metalning bir turi.
— Yoʻgʻ-e! — dedi Nazir ota vahmi uchib.
— Biz ham shuning uchun ishonmayapmizda, — dedi birinchi geolog. — Metalla, metall. Hazil gapmi bu?
— Xoʻp, boshlaymizmi? — soʻradi ikkinchi geolog.
— Biz ketdik, ota. Ishqilib, niyatingizga yetingda!
— Rahmat, — dedi Nazir ota minnatdor ohangda. Geologlar kompasdan kattaroq qandaydir bir asbobni qoʻllariga olib, «Choʻpongʻor»ning ustiga chiqib ketishdi.

Nazir ota gʻorning ogʻziga oʻtirdi. Hayajondan u nima qilishini bilmas, yuragi gupillab urardi. Tepadan geologlarning kulgisi eshitildi, toshlar gulduradi. Koʻp oʻtmay hamma narsa jim boʻlib qoldi. Na kulgi eshitildi qulogʻiga, na toshlarning guldurashi. Qancha harakat qilmasin, hech narsa eshitolmadi. Goʻyo birdan hammayoqda hayot tingandek boʻlib qoldi. Nazir ota buni nimaga yoʻyishini bilmadi, atrofga alanglab qaradi. Hech narsa koʻrinmadi koʻziga. Sap-sariq dala. Qovjiragan yer. Bukri chinorning barglari ham tinch. Xuddi oftob qotirib qoʻyganday. Lekin bu manzara unga kechagidek ta’sir qilmasdi. «Chiqsinda ishqilib, —dedi u ichida. — Nima boʻlsa ham chiqsin». Uning xayoliga boshqa narsa kelmasdi, fikri shu bilan band edi. Oxiri charchadi. Ikki chakkasi qisa boshladi. Oʻzini chalgʻitishga intilib osmonga qaradi. Baland, juda balandda nimadir uchardi.

«Nima boʻldiykin? Kalxatmikin? — Oʻyladi u. — Yoʻq, kalxat bunaqa sekin uchmaydi. Innaykeyin, uning qanoti kaltaroq boʻladi. Burgutga oʻxshaydi. Burgut shunaqa baland uchadi. Uch, jonivor, uch. Uchaver!..»

Burgut uni tushunganday pastlamadi. Togʻni bir-ikki aylanib, qayoqqadir gʻoyib boʻldi.

U bu gapni oʻziga nisbatan birinchi marta aytishi edi. Pensiyaga chiqarishganda ham buni oʻylamagan edi. Oʻtirsa charchardi. Oʻtirganlarni uncha xush koʻrmasdi. Shuning uchun choyxonaga kam chiqardi. Chiqsa faqat kechqurun chiqardi. Oʻshanda ham koʻp oʻtirmasdi, nevarasini bahona qilib, tez qaytardi uyiga. Mana endi koʻnikib qoldi. Zerikmaydi. Charchamaydi ham. Boqqa chiqqanda ham shu. Ozgina u-buga qarab salqin joy qidirib qoladi. Ilgari bunaqa emas edi. Oftob ham ta’sir qilmasdi, charchoq ham sezmasdi. Zulayho chaqirib ketmaguncha gʻimillab yuraverardi.

«Hozir ham shunday, — dedi ota oʻzini ovutib. — Ozgina charchadim, xolos. Zaynabsiz charchadim. Oʻzimni oʻnglab olaman. Hali baquvvatman. Kuch koʻp hali qoʻllarimda».

U tomirlari boʻrtib chiqqan uzun, qoramtir qoʻllariga qaradi. Qadoq boʻlib ketgan kaftini tizzasiga qoʻyib, jilmaydi.

«Hali baquvvatman. Faqat ba’zida biqin sanchib qoʻyadi. Saksonboynikiga oʻxshab. Shu xolos. Boshqa dardim yoʻq. Hayallab ketishdiku ular?»

Nazir ota oʻrnidan turib tepaga qaradi. Kulgi eshitildi, bitta tosh sakrab-sakrab oyogʻi tagiga tushdi.

«Tushishyapti», Nazir otaning yuragi yana gupillab ura boshladi. Gʻira-shirada geologlar tushishdi.
— Hech narsa yoʻq, ota, — dedi birinchi geolog xoʻrsinib.
— Labbay? — Nazir otaning oyoqlarigacha muzlab ketdi. Boʻshashganicha gʻorning zihiga suyanib qoldi.
— Hech narsa yoʻq, — qaytardi birinchi geolog. — Bekorga ovora boʻldik. Siz ham, biz ham.
— Men oʻzi ishonmagan edim, — dedi ikkinchi geolog. — Shunday narsa yotadi-yu, shu paytgacha hech kim bilmaydimi? Innaykeyin, Mahmud aka bilan bir-ikki marta kelganman bu yoqqa. Biron narsa boʻlsa izi chiqardi shu paytgacha. Ota, endi bu ishni yigʻishtiring. Foydasi yoʻq.
— Nima? — soʻradi Nazir ota tushunmay.
— Bu tashvishni qoʻying endi, bundan sizga foyda yoʻq deyapman, — dedi yana ikkinchi geolog.

Nazir otaning yuziga qon quyilib ketdi. Bir siltanib oʻrnidan turdi.
— Men foyda uchun yurganim yoʻq, uka! — dedi boʻgʻiq ovoz bilan. — Men... Oʻgʻlim...
— Oʻgʻlingiz adashibdi, ota, — dedi birinchi geolog. — Xafa boʻlmang. Adashmasa, kon topadi-yu, indamay ketaveradimi? Tagʻin urush mahali boʻlsa! Metalldan ham qimmat narsa bormidi u paytda?

Nazir ota oʻzini bosib oldi. Alamini yutib, soʻradi
— Balki... balki u asboblaring adashgandir?
— E, ota, — dedi ikkinchi geolog. — Bu asbobni chiqargan odamga Davlat mukofoti berishgan. Nima deyapsiz oʻzi?! Xafa boʻlmang, oʻgʻlingiz adashgan. Qani ketdikmi, Sobir? Boyagi toshlar qani?
— Ryukzakda. Ketdik, — dedi birinchi geolog. — Ota, ketasizmi?

Nazir ota javob bermadi.
— Xafa boʻlmang. Bu faqat bizning taxmin, — dedi birinchi geolog Nazir otani yupatgan boʻlib va orqasidagi ryukzakka ishora qildi. — Mana bu toshlarni yana tekshiramiz boshqarmada.

Nazir ota turgan joyida qotib qolgan edi, bu gaplarni eshitmadi ham hatto. Bir mahal u boyagi oyogʻi tagiga tushgan yongʻoqdek toshni qoʻliga oldi va unga sehrli bir narsaday tikildi.
— Oʻgʻlim! Oʻgʻlim!.. — u bir narsa demoqchi boʻlib geologlar ketgan tomonga oʻgirildi, lekin ular ancha olislab ketishgan edi, gapi chala qoldi.

Toshni puflab-puflab changini qoqdi, qiyiqchasining uchiga tugdi, keyin nima qilishini bilmay turib qoldi. U endi ancha tinch edi, yuragi ham boyagidek gupillab urmasdi, qoʻllari ham titramasdi, lekin qulogʻi tagida geologlarning gaplari hamon jaranglab turardi.

«Mana, oʻgʻlingni ham koʻrding, — dedi oʻziga istehzo bilan. — Endi nima qilasan?».

U savoliga javob topolmadi, bitta-bitta qadam tashlab, boyagi oʻtirgan joyiga keldi, choponining etaklarini yigʻdi-da, ustiga chordana qurdi.

Qorongʻi tusha boshladi. Dam sargʻayib, dam qizarib turgan chinor barglari qoraydi. Allaqaerda chigirtka chirillab qoldi. Qayoqdandir paydo boʻlgan zaxcha Nazir otaning boshi ustidan silkinib oʻtib, chinorning qurigan shoxiga qoʻndi, bir-ikki qanot qoqib yana gʻoyib boʻldi. Dala tomondan boʻgʻilib ma’ragan qoʻy ovozi eshitildi.

Nazir ota qosh qorayishini uncha xushlamasdi, shunday paytda yoʻlda yoqi begona joyda boʻlishni yomon koʻrardi. Lekin hozir u bunga e’tibor bermadi, hatto qorongʻi tushganini sezmadi ham. U oʻylardi, ammo nimalarni oʻylayotganini oʻzi bilmasdi. Koʻzlari hech narsani koʻrmas, bir nuqtaga qadalgan, boʻshashgan qoʻllarni tizzalariga tashlab beparvo oʻtirardi. Endi uning uchun hech narsaning qizigʻi qolmaganday edi.

Oradan ancha vaqt oʻtdi. Nazir ota qoʻzgʻalmadi, turgisi kelmadi. Bir mahal dala tomondan ot dupuri eshitildi. U borgan sari yaqinlashib kelib, Nazir otaning oldidan oʻtib ketdi. Chol parvo qilmadi. Keyin kimdir qichqirdi
— Nazir hoy, hoy Nazir!!!

Safar ota edi uni qidirayotgan. Sekin oʻrnidan turdi, choponini qokdi. Shu payt oʻrtogʻining oʻzi ham kelib qoldi.
— Qayoqda qolding, Nazir! — dedi u zarda bilan otdan tushib. — Qidirmagan joyimiz qolmadi. Oʻtan qishloqqa ketdi. Nima qilib oʻtiribsan?

Nazir ota indamadi.
— Qani, min otga.
— Eshitdingmi? — dedi Nazir ota eshitilar-eshitilmas.
— Givologlaring aytdi, — javob qildi Safar ota.
— Ishongan edim juda. Juda ishongan edim. Metall deyishdi-ya, eshitdingmi?
— Eshitdim, — dedi Safar ota.
— Hazil gap emas bu. Tursun metallning planini chizgan ekan. Eshitdingmi?
— Eshitdim, eshitdim, — dedi Safar ota. — Qani yur endi, uyga ketdik.

Safar ota oʻrtogʻini egarga oʻtqazib, oʻzi orqasiga mingashdi-da, yoʻlga tushdi.
— Topildilarmi? Odamni qoʻrqitib yubordingiz-a, aylanay, — dedi Safar otaning xotini ular oʻtovga yetib kelishganda. — Qani, kira qolinglar ichkariga! Ovqatim ham tagiga olib ketdi.

Koʻp oʻtmay Oʻtan keldi. U bilan Zulayho mingashib kelgan ekan.

Bobosini koʻrib bagʻriga oʻzini tashladi va yigʻlab yubordi.
— Yigʻlama, bolam, yigʻlama, — dedi nevarasining yigʻisini oʻzicha tushunib Nazir ota. — Adang bekorga chizmakashlik qilib ketmagan. Shu gal topilmadi, keyingi gal albatta topiladi. Nima deysan, Safar?

Safar ota, oʻrtogʻining bu qat'iy gapi ta’sir qildimi o Zulayhoni ovutgisi keldimi, dedi — Boʻlmasa-chi! Topilmay qayoqqa boradi, topiladi!

* * *

Shundan keyin ancha kun oʻtdi. Bu vaqt ichida Nazir ota ikki marta Toshkentga tushib chiqdi. Lekin foydasi boʻlma-di. Na boshqarma boshligʻi Saidovni, na Qodirovni koʻroldi. Sekretarʼ qiz ikki borganida ham ularni komandirovkada, dedi. Tekshirishga borgan geologlar bilan esa uchrashgisi kelmadi. — Sirasini aytganda, — dedi Saksonboy ota, — sen aql bovar qilmaydigan ishga qoʻl urding. Toʻgʻri, sen oʻzingcha haqsan. Kim farzandiga qayishmaydi? Sening oʻrningda men boʻlganimda, men ham shunday qilardim. Hamma ham shunday qilardi. Lekin geologlaringga ham ishonish kerak. Topilsa ularga ham foyda-ku! Hammaga foyda. Yoʻqni yoʻq, deyishdi. Endi oʻzingni qiynama.

Zulayho ham yotigʻi bilan xuddi shu fikrni aytdi.

Nazir ota koʻnganday boʻldi. Lekin boshqarma boshligʻi bilan Qodirov komandirovkadan qaytganda yana bir shaharga tushib chiqishni koʻngliga tugib qoʻydi. Oradan yana toʻrt kun oʻtdi. Beshinchi kuni ertalab Nazir ota shaharga borishga ahd qilib oʻrnidan turdi. Ammo borishga toʻgʻri kelmadi. Nazir ota nevarasini maktabga joʻnatib, soʻrida erinibgina nonushta qilib oʻtirgan edi, Oʻtan toʻrt kishini boshlab kelib qoldi. Bular orasida Qodirov bilan birinchi geolog ham bor edi. Nazir ota oʻzini yoʻqotib qoʻydi, koʻzlari pirpirab, nima deyishini bilmay qoldi.
— Mana, ota, keldik, — dedi Qodirov unga qoʻlini uzatib. — Bu jiyaningiz hol-jonimga qoʻymadi. Oʻzimiz ham kelmoqchi edik-ku, lekin mahkam yopishib oldi, tez borasizlar deb.

Nazir ota quvonch bilan Oʻtanga qaradi.
— Men... men endi boray... Maktabda ishim bor edi, — dedi Oʻtan uyalib va tez koʻchaga chiqib ketdi.

Nazir otaning sevinchi shu qadar katta ediki, uni toʻxtatish esiga ham kelmadi.
— Sobirjon olib borgan toshlarda bir gap borga oʻxshaydi, — dedi Qodirov karavotga omonatgina oʻtirib. — Yana bir tekshiramiz. Oʻzingiz yordam berasiz-da, bizga.
— Boʻlmasa-chi! Boʻlmasa-chi! — dedi shoshib Nazir ota.
— Boʻlmasa ketdik. Bu gal uzoqroq boʻlamiz. Kovlashga toʻgʻri keladi.
— Hammasiga tayyorman. Ketmon olib olaymi? Qodirov kuldi.
— Yoʻq, kerak emas. Hamma asboblar oʻzimizda bor. Omadimiz kelsa ajab emas, ota.
— Koshkiydi.
— Qani, yuring boʻlmasa.

Nazir ota darrov kiyindi. Geologlar kelgan mashina shu zahotiyoq toqqa tomon yoʻl oldi.

Toqqa yetib kelib, bukri chinorning roʻparasiga palatka qurishdi. Mashina orqasiga qaytdi.
— Mana, endi ishni boshlaymiz, — dedi Qodirov chinorga tikilib.
— Baribir men oʻz fikrimda qolaman, — dedi Sobir. — Bekorga ovora boʻlamiz.
— Sen chinorga qaragin, Sobir, — dedi Qodirov. — Kuygan poyaga oʻxshaydi. Ota, bu chinor anchadan beri bormi?
— Biz bolaligimizda ham shunday edi, — dedi Nazir ota. — Lekin nazarimda, bargi ilgari bunchalik emas edi. Qovjirab ketibdi bechora.
— Bor deb oʻylaysizmi? — soʻradi Sobir.
— Boʻlishi mumkin, — dedi Qodirov. — Toshlarni qaerdan olding?
— Anavi tomondan, — Sobir Choʻpongʻor tarafga ishora qildi. — Menimcha, bu toshlar nurash natijasida paydo boʻlgan. Aytgan edim sizga. Ostki qavat sostavida har narsa boʻlishi mumkin. Lekin bu shu yerda biron narsa bor, degan gap emas-ku?!
— Negadir men qiziqib qoldim. Tekshiramiz.
— Ixtiyoringiz, — Sobir yelkasini qisdi. — Lekin men oʻz fikrimni aytdim.

Nazir ota ularning gaplarini eshitib, indamay turardi. Toʻgʻrirogʻi, nima deyishni bilmasdi. Balki Sobir hakdir? Balki... u shu «balki»ni oʻylab, yuragi hapriqib tushdi. «Xudo oʻzing qoʻlla!» — deb yubordi ichida. Bu iltijoning kuchiga aslida beparvo boʻlsa ham, boshqa soʻz topolmadi oʻzini tinchitishga.
— Biz endi ketdik, ota, — dedi Qodirov.
— Men nima qilay? — soʻradi shoshib Nazir ota.
— Sizmi? Siz endi dam olib oʻtiring. Hali bir osh qilib berasiz.
— Choy qoʻyib tursinlar, — dedi Sobir.
— Xoʻp, oʻgʻlim, xoʻp, — dedi Nazir ota.

Uning uyga ketgisi kelmasdi, shularning oldida boʻlgisi kelardi.
— Chelak bor, choynak bor, — dedi kimdir. — Faqat suv yoʻq. Suvni koʻproq olib keling, yuvinishga ham kerak boʻladi.

Geologlar Choʻpongʻor tomonga ketishdi. Nazir ota palatka oldida qoldi.

«Endi nima deysan, Zaynab? — dedi u tabassum bilan xayol surib. — Aytganingni qildim. Lekin sen aytmasang ham qilardim. Oʻgʻling katta odam ekan, bilmas ekanmiz. U yozib ketgan kichkina qogʻozga shuncha odam qiziqib qoldi. Maqtansang arziydi oʻgʻling bilan. Ishqilib, biron narsa chiqsinda. Chiqsa butun qishloqqa osh beraman. Tursunning hamma oʻrtoqlarini chaqiraman. Keksalarni ham chaqiraman. Nazir bogʻbonning oʻgʻli kanaqaligini bilib qoʻyishsin».
— Suv qaerda ekan? — dedi ovozini chiqarib Nazir ota. — Togʻ etagida doim suv boʻlardi. Bu yerda yoʻq. Qurib yotibdi. Qaerda boʻldiykin?

U oʻylab-oʻylab, Safar otaning oʻtovini esladi.
— Shu yoqqa boraman, quduqni ochgandir? Innaykeyin, bilib qoʻysin u ham. Oʻtan omon boʻlgur, zap yigit boʻlibdi-da. Qaeridir Tursunga oʻxshaydi. Koʻzimi yo kulishimi?

Nazir ota qaeri oʻxshashini aniqlay olmadi. Qandaydir shirin xayol miyasiga kelib kulib qoʻydi. Keyin palatkadan chelakni oldida, oʻtovga qarab ketdi.

«Yaxshi boʻlardi, — Oʻyladi u yoʻl-yoʻlakay. — Eshushi joyida. Ogʻir. Zulayho ham tuzuk. Xuddi oyisiga oʻxshaydi. Qaqildoq emas. Mehnatkash. Safar bilan bir gaplashish kerak. Lekin oldin u gap boshlasa boʻlardi. Men gapirsam, nevaramning sha’niga yaxshi emas. U gapirsa tuzuk boʻlar-di...».

Oʻtovga kelganda kun tikkaga koʻtarilgan edi. Lekin u issiqni sezmadi. Faqat ozgina choʻlladi. «Suv chatoq jan, — xayolidan oʻtkazdi u. — Safarga qiyin. Yil — Oʻn ikki oy qirda. Bu joylar ham holva, bir amallab topsa boʻladi suvni. Qirda yomon».

It huridi. Oʻtovning ichidan Safar ota chiqdi.
— Yot, Yoʻlbars. Tanimadingmi? Kelaver, kelaver. Mashina oʻtganini koʻruvdim boya. Sen ekansan-da?
— Yana kelishdi! — dedi Nazir ota. — Endi turadigan boʻlib kelishdi. Bilasanmi, Oʻtaning olib kelibdi!
— Yopiray-a? — Safar ota sevinib ketdi. — Shaharga shuning uchun tushgan ekan-da?
— Ha, — dedi Nazir ota. — Omon boʻlsin. Yaxshi yigit boʻlibdi. Suving qaerda? Choy qilib beray ularga.
— Suv bu yoqda, — Safar ota oʻrtogʻini quduqqa boshladi. — Ishqilib niyatingga yet, oʻrtoq!
— Yetadiganga oʻxshayman.
— Toʻxta, menga qara, — dedi Safar ota qudukdan suv tortar ekan, — shu yerdan oʻsha yoqqa shu chelakda olib bormoqchimisan?
— Ha, nima edi?
— Esingni yepsan! Ma’pir, ho Ma’pir! Ichkaridan Safar otaning xotini chiqdi.
— Meshni olib chiq! Ha, mana bu joyida, chelakda suv olib borib boʻladimi?!
— Yaxshimisiz, yanga? — soʻradi Nazir ota.
— Rahmat. Ishingiz yurishib ketibdida.
— Shunaqaga oʻxshaydi.
— Ishqilib oʻgʻlingizning arvohi yor boʻlsin!..
— Suvni men olib borib beraman, — dedi xotinining gapini boʻlib Safar ota.
— Yoʻq, — dedi Nazir ota. — Men oʻzim. Shunga ham ovoragarchilikmi? Ishingdan qolma.
— Hech narsa qilmaydi, — dedi Safar ota otga egar urib.
— Men oʻzim, — dedi Nazir ota. — Otni qoʻy. Hali koʻp kelaman. Boshqa safar. Hozir oʻzim olib bormasam, koʻnglim joyiga tushmaydi.
— Oʻzing bilasan, — Safar ota ortiqcha qistamadi. — Qani endi yur, bir-ikki piyola choy ichib ol.

Nazir ota palatkaga qaytib kelganda geologlar hali tushishmagan edi. Darrov shox-shabba yigʻib, choy qaynata boshladi. U hozir har qanday ishga tayyor edi. Ishqilib ular oldingi safargidek ketib qolishmasa boʻldi. Sobirning oʻshandagi qoʻpol gaplari ham xayolidan koʻtarilgan edi. Hafsala bilan choynak tagiga shox tashlar ekan, uning chirsillab yonishidan, oʻt-oʻlan, qoʻy-qoʻzi hidini keltirib dimogʻiga urilayotgan tutundan zavqlanardi.

«Nimadir qilmoqchi edim shu yerda yana, — esladi u peshanasidagi terni sidirib. — Nimadir qilmoqchi edim. Nima edi? E, boʻldi...»

U oʻrnidan turib, chinorga qaradi. Uning nimrang barglari oftobda oltin tangalarday yaraqlab turardi.

Nazir ota meshdan chelakni yarim qilib suv soldida, qayoqdan qoyaga chiqishni bilmay, Choʻpongʻor tomonga yurdi. Gʻorga yetganda tepadan Qodirov bilan Sobirjon tushib kelishdi.
— Qayoqqa ketyapsiz? — soʻradi Qodirov. Nazir ota chinorni koʻrsatdi.
— Suvsab qolibdi.
— Qani, men ichib olay, — Sobir cholning qoʻlidan chelakni oldi. — Oʻh-hoʻ! Muncha muzdek?
— Quduqning suvida, — dedi Nazir ota gʻurur bilan. — Tagʻin meshda olib keldim. Koʻp ichmang, oʻgʻlim, tomoq ogʻrigʻi boʻlib qolasiz. Choy tayyor.
— Bu suv unga nima boʻlardi, ota, — dedi Sobir chelakni qaytararkan. — Baribir qurib qoladi. Qayting, uzimizga kerak boʻladi.
— Mayli, sugʻorsinlar, — dedi Qodirov. — Lekin bu suv urvoq ham boʻlmaydi.
— Harnada, olib boraychi. Xoʻsh, nima gap?
— Hozircha hech gap yoʻq, — dedi Qodirov. — Toshlardap olib tushyapmiz. Koʻraylikchi maydalab.

Chinor birpasda suvni shimib oldi.

«Bunga ham qiyin boʻpti yoz issiq kelib, — xayolidan oʻtkazdi Nazir ota, keyin qurigan shoxni sindirib koʻrdi. — Yoʻq, bu yogʻi hoʻl. Hali koʻp yashaydi. Hali mendaqadan oʻntasini koʻradi».

Nazir ota shu gapni aytdi-yu, choʻchib ketdi, lekin darrov oʻzini oʻnglab oldi.

«Men ham koʻp yashayman hali, — dedi shivirlab. Bu gapni oʻziga yo chinorga aytdimi — bilish qiyin edi. — Hali qiladigan ishlarim koʻp. Oʻzim boʻlmasam, hech kim qilmaydi. Ikkalamiz ham koʻp yashaymiz hali».

U pastga tushdi. Sobir palatkaning ichida koʻylakchan choʻzilib yotardi. Qodirov qandaydir asbobni tekshirib oʻtirardi.
— Qani, keling, ota, — dedi u. — Choydan iching. Suv chatoq ekan bu yerda.
— Ha, chatoq. Togʻlik joyda suv boʻlardi, hayronman bu yer nega bunaqa.
— Baland emasda togʻ, yemirilib ketgan. Qor kam turadi. Qani, choydan iching. Qand bilan iching. Ota, oʻgʻlingiz hech narsa demaganmidi-a, bu qogʻoz haqida?
— Hech narsa demagan, — javob qildi oʻylanib Nazir ota. — Degan boʻlsa, eslab qolmasmidim. U oʻzi juda kamgap edi. Oʻnta gapingizga zoʻrgʻa bitta javob olardingiz.
— Balki bitta-yarimta odamga gapirgandir?
— Oyisiga gapirganmikin?..
— Bir soʻrab koʻring, — dedi Qodirov.
— Oyisidanmi? -Ha.
— Oyisini... oyisining yilini oʻtkazdim yaqinda.
— Kechirasiz, ota, — dedi xijolat tortib Qodirov. — Bilganim yoʻq. Bir oʻzingiz turasizmi?
— Nevaram bilan turaman. Endi nima qilmoqchisizlar?

Nazir ota gapni boshqa yoqqa burdi. Oilaviy hayotdan gapirishni u yoqtirmasdi. Qanday gap boʻlishidan qat'i nazar koʻngli buzilardi.
— Endi birpas uxlaymiz, — dedi esnab Sobir. Qodirov kuldi. Nazir otaga bu gap ma’qul tushmagan boʻlsa ham, indamadi. Nima ham deya olardi u? Ular nima desa shunga koʻnishga majbur edi. Nima boʻlsa ham, u niyatiga yetsa boʻldi.

Kechki payt geologlar ham togʻdan tushib yuvinib turishganda Oʻtan bilan otga mingashib Zulayho keldi. Ikkalovi ikkita katta tugun koʻtarib olishgan edi.
— Hormanglar, — dedi Oʻtan.
— Salomat boʻl, oʻgʻlim, — dedi Nazir ota sevinib. Qodirov yugurib borib, Zulayhoni otdan tushirdi.
— Nevarangizmi? — soʻradi keyin Nazir otadan.
— Nevaram, — dedi jilmayib Nazir ota va Zulayhoga oʻgirildi. — Mening bu yerdaligimni qaerdan bilding?
— Oʻtan kitobga boruvdi, aytdi, — dedi Zulayho negadir qizarib. — Osh qilib keldim. Issiq hali.
— Yaxshi qilibsan, — dedi sevinib Nazir ota. — Rahmat, Oʻtan bolam. — Oʻtan jilmaydi. — Yigitlar, qani yeb olamizmi?
— Osh boʻladi-yu, yemaymizmi?! — dedi Sobir.

Hamma kulib yubordi. Palatkaga kirishdi. Osh chindan ham hali issiq edi.
— Oʻzingiz qildingizmi? — soʻradi Qodirov. — Juda shirin-ku?
— Zoʻr! — dedi Sobir ogʻzini toʻlatib.
— Nevaram pazanda, — dedi gʻurur bilan Nazir ota. — Hali shunday ovqatlar qilib beradiki sizlarga! Oʻtan, sen nega yemayapsan?
— Men yedim, — dedi Oʻtan.
— Yedim? Qaerda? Oʻtan shoshib qoldi.
— Uyda, uyda, — dedi keyin oʻzini bosib olib va Zulayhoga qarab qoʻydi. — Oyim ham osh qilgan ekanlar.
— Shunday degin... Ha... Oyingniki boshqa, bu boshqa, — dedi Nazir ota. — Qani, yaqinroq oʻtir. Oshing yaxshi boʻpti, Zulay.
— Zoʻr! Zoʻr! Choyxonapalov! — dedi yana ogʻzini toʻldirib Sobir.

Zulayho jilmaydi. Uning ikki koʻzi bobosida, ba’zida soch ostidan Oʻtanga qarab qoʻyardi. Oshni birpasda yeb boʻlishdi.
— Rahmat, — dedi Qodirov ishtaha bilan papiros tutatarkan. — Yaxshi boʻldi ovqat.
— Ketamizmi? — soʻradi Zulayho idishlarni yigʻishtirib boʻlgach.
— Ketamiz, — dedi Nazir ota. — Ertalab kelaman.
— Juda shoshmang, — dedi Qodirov. — Bafurja kelavering.
— Ertaga nima qilib kelay? — soʻradi Zulayho dam bobosiga, dam geologlarga qarab.
— Palovda! — dedi Sobir Oʻtanga koʻzini qisib. Gurr etib yana kulgi koʻtarildi.
— Hech narsa kerakmas, rahmat, — dedi Qodirov. — Ovora boʻlmang. Sobir hech kimga bilintirmasdan uni turtib qoʻydi, Keyin
— Ixtiyoringiz, nima qilsangiz shuni olib keling, — dedi.
— Men olib kelaman, — dedi Oʻtan.

Koʻp oʻtmay Nazir ota bilan Zulayho otda, Oʻtan piyoda yoʻlga tushishdi.
— Biznikida qolasiz, Nazir ota, — dedi Oʻtan yoʻl-yoʻlakay. — Joy yetadi. Dadam ham tayinlab yuborganlar.
— Yoʻq, qololmayman, — javob berdi Nazir ota oʻylanib. — Zulayho, uyda boʻlganingda ham mayli edi. Bedana och qoladi.
— Don berganman, — dedi Zulayho.
— Dadam juda xafa boʻladilar, — qoʻshib qoʻydi Oʻtan. Nazir ota rozi boʻldi. Oʻtovga yetib kelishganda, Safar ota ularning yoʻliga qarab oʻtirgan ekan.
— Yaxshi kelding, — dedi u otning jilovini ushlab. — Bemahalda qishloqqa qaytib nima qilasan? Oʻtov katta. Chaqchaqlashib yotamiz. Xoʻsh, ishlar qalay?

Nazir ota qilgan ishlarining hammasini soʻzlab berdi.
— Senga havasim keladi, — dedi Safar ota. — Kichkina qogʻozdan shuncha tashvish chiqarding-a!
— Odamda tashvish boʻlgani yaxshida, — dedi Nazir ota kulib. — Xuddi yoshargandayman. Tagimda zoʻr ot boʻlsayu, yana uloqqa tushib ketsam...
— Uloqlar ham yoʻq endi.
— Nega shunday-a? Yaxshi narsaku uloq, poyga...
— Kim biladi deysan, — dedi Safar ota. — Vaqt qolmayapti odamlarda nazarimda. Shungamikin? Qani, ichkariga kiringlar. Ma’pir, qani, olib kel narsalaringni!

Ular allamahalgacha gaplashib oʻtirishdi. Oxiri Safar ota nimadir deb turib uxlab qoldi. Toʻrda ayollar yotishdi. Nazir ota oʻrtogʻining yoniga choʻzildi. Ammo uyqusi kelmadi. Qancha yotdi shu alpozda bilmaydi, bir mahal Oʻtanning shivirlagan ovozini eshitib qoldi.
— Zulay, uxladingmi?
— Yoʻq, — dedi Zulayho ham shivirlab. — Uyqum kelmayapti.
— Mening ham. Nimalarni oʻylayapsan?
— Bilmayman. Lekin koʻp narsalarni oʻylayapman. Senchi?
— Men ham, — dedi Oʻtan xoʻrsinib. — Hozir negadir geolog boʻlgim kelib ketdi.
— Nega?
— Oʻzim ham bilmayman.
— Nima deysan, topisharmikin?
— Bilmadim.
— Topishsa yaxshi boʻlardi. Dadamning fikri-zikri shunda boʻlib qoldi. Topishmasa juda eziladi.
— Dadang juda yaxshi odam.
— Bilaman.
— Yur, eshikda gaplashib oʻtiramiz. Uygʻotib yubormaylik tagʻin.
— Sening dadangni toʻp bilan ham uygʻotib boʻlmasa kerak, — dedi Zulayho. — Xurrak otishini qara!

Ikkovlari piqillab kulib yuborishdi. Nazir ota ham jilmayib qoʻydi.
— Chiqamizmi? — soʻradi Oʻtan.
— Mayli, yur.

Ular eshikka chiqishdi.
— Shu yerda oʻtiramiz, — dedi Zulayho. — Qoʻrqaman,
— Mayli. Sovuqmasmi?
— Yoʻq. Oyni qara, judayam yorugʻ-a? Oʻtan, sen nima deysan, undagi dogʻ nimaga oʻxshaydi?
— Bilmadim. Nimaga oʻxshaydi?
— Menimcha, yer shariga oʻxshaydi. Qara, huv anavi osilib tushgani. — Afrika, uning tepasi — Amerika, bu yoqdagi yapalogʻi biz, tagida Hindiston. Yo notoʻgʻrimi?
— Hech oʻylamabman shuni.
— Men doim oʻylayman. Nuqul kechasi uygʻonib ketib oyga qarasam, shuni oʻylayman. Qiziq-a, tepadan turib bu yer yuzini koʻrsang, tomosha qilsang?..
— Kosmonavtlar koʻrishgan.
— Biz ham koʻrarmikanmiz-a?..
— Nega koʻrmas ekanmiz? Bir kun kelib koʻramiz. Buning uchun koʻp sayohat qilish kerak.
— Men sayohatni yaxshi koʻraman.
— Yaxshi koʻraman? — Oʻtan kuldi.
— Nega kulasan?
— Sen hali Yettiqoyani ham tuzukroq koʻrganing yoʻq-ku!
— Koʻrganman! Hammasini bilaman!
— Bilsang, Choʻpongʻorni nega Choʻpongʻor qoʻyishgan? Qani, aytchi?
— Aytaymi?
— Ayt.
— Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda bir choʻpon bor ekan. Kunlarning birida poda boqib oʻtirsa, juda koʻp otliq paydo boʻlib qolibdi. Ular ov qilib yurishgan ekan, toqqa yaqinlashishganida birdan shamol turib, bir otliqning yuzidagi parda uchib ketibdi. Choʻponning ogʻzi ochilib qolibdi. Otliq — oy desa oydek, kun desi kundek qiz ekan.

Nazir ota nevarasining ertagini eshitar ekan, ich-ichidan zavqlanardi — uning quyuq ovozi, soʻzlarini choʻzib-choʻzib aytishi kampirini eslatardi. Shuning uchun yonboshlab, yaxshiroq quloq soldi.
— Koʻribdi-yu, oshiq boʻlib qolibdi, — davom etdi Zulayho. — Yugurib borib yerdan pardani olibdida, qizga eltib beribdi. Qiz ham uni koʻrib, xushtor boʻlib qolibdi. Shu-shu ikkalovi bir-birini koʻrolmas ekan. Yigit ham oʻzi kelishgan, qora koʻz, qora qosh, alpdek yigit ekanda. Lekin kun oʻtgan sayin ularning uchrashishlari qiyinlasha boribdi. Qiz podshoning qizi ekan. Shunday boʻlsa ham, ota-onasini aldab, bir amallab, choʻpon bilan uchrashib yurar ekan. Shunda choʻpon oʻylab-oʻylab mana shu gʻorni qazibdi. Shu yerda uchrashadigan boʻlishibdi. Ammo bu ham uzoqqa choʻzilmabdi. Podshoning aygʻoqchilari ularni tutib olishibdi. Keyin, podshoning qiziga osiladigan senmisan, deb choʻponning ikkala oyogʻini chopib tashlashibdi. Shundan keyin choʻpon nima qilishini bilmay, shu gʻorda temirchilik qila boshlabdi. Shu yerda oʻlibdi. U yasagan qilichlar sinmas, pichoqlar esa toshni ham kesar ekan. Lekin hech kim uning otini bilmas ekan. Podshoning qizi ham. Shu tomonlarda boʻlgan odamlardan u nuqul — «Choʻpon tirikmi?» — deb soʻrarkan. Shu-shu bu gʻor «Choʻpongʻor» boʻlib ketibdi.
— Yaxshi ertak-a, — dedi Oʻtan.
— Odamlar yomon ertak toʻqiydimi? — dedi Zulayho. — Choʻponni aytmaysanmi? Hozir bunaqa odamlar yoʻq.
— Qaerdan bilasan, balki bordir? Zulayho kuldi.
— Bittasi senmi?
— Balki mendirman. Menga qara, Zulay, temirchilik qilgan, dedingmi choʻponni?
-Ha.
— Temirni qaerdan olgan ekan?
— Bilmadim.
— Geologlarga aytish kerak buni. Temir boʻlsa, demak, Tursun akam adashmaganlar... Nega shu ertak ilgariroq esingga kelmadi?
— Qaydam... Sira ham xayolimda yoʻq. Buvim aytib bergan edilar.
— Geologlarga aytish kerak. Ertaga albatta aytaman. Oʻtan oʻylanib qoldi. Keyin, sekin dedi:
— Bilasanmi, Zulay, men albatta geolog boʻlaman.
— Geolog? — hayron boʻlib soʻradi Zulayho.
— Ha, geolog. Ishonmaysanmi?
— Nega? Ishonaman. Senga doim ishonaman. Toshkentga tushib, yaxshi ish qilding. Senga ishonaman.
— Anavi... anavi kungi gaplarimga ham-a?
— Ha, ularga ham...
— Rostdanmi?
— Rost. Oʻtan. Faqat, faqat dadam tinchib olsinlar, xoʻpmi?
— Xoʻp. Dadang tinchiydilar. Kon albatta topiladi. Yuragim sezib turibdi. Topiladi. Ana oʻshanda...
— Boʻldi, Oʻtan, qoʻy...
— Xoʻp, qancha desang ham poylayman.

«Tuzuk-ku bular, — dedi ichida kulib Nazir ota. — Tagʻin sen bularni qovushtirmoqchi boʻlib yuribsan, xom kalla. Darvoqe, endi boʻldi, qolgan gapni toʻydan keyin gaplashamiz».

U joʻrttaga yoʻtaldi va oʻrnidan turib, oʻtovdan chiqdi. Utan qayoqqadir qochdi.
— Ie, shu yerdamiding? — dedi Nazir ota nevarasining pitirlab qolganini koʻrib.
— Eshikka, eshikka chiquvdim, — dedi Zulayho tutilib.
— Endi kir, yot, — Nazir otaning jahli chiqqanday boʻldi. — Qiz bola erta turishi kerak. Uxla.

Zulayho lip etib oʻtovga shoʻngʻidi.

«Anavisi qayoqqa qochdi? — dedi oʻzicha atrofga alanglab Nazir ota. - Ha, mayli, uning eshiqda boʻlgani ham yaxshi. Demak, ertak ham bor ekan kon haqida. Qiziq, nega men eshitmaganman?». U joyiga kirib yotdi va darrov uyquga ketdi. Zulayho Syushini koʻtarib unga moʻraladi. Eshikdan tushayotgan oy shu'lasi shunday uning yuzini yoritib turardi. Ammo u uxlardi. Yuzlarida, moʻylovining uchlari tegib turgan lablarida tabassum oʻynardi.

* * *

Ertalab Nazir ota geologlar yoniga qaytdi. Ertasiga ham kunni shu yerda kech qildi. Indiniga ham. Uning qiladigan ishlari murakkab emasdi. Suv tashirdi, choy qaynatardi. Ba’zan geologlar togʻdan olib tushgan toshlarni rangiga qarab ajratardi. Lekin nima qilmasin, xayoli bir narsa bilan band edi «Chiqarmikin!» — Oʻylardi u nuqul. Geologlarning ham xayolida shu fikr edi. Ertalab tongda chiqib ketishadi, tushda qaytishadi. Yuvinib, choy-poy ichib, yana ketishadi. Ba’zan tushlikka ham tushishmaydi. Uch-toʻrt kun ichida toʻrt-besh joyni portlatib koʻrishdi, natija bermadi. Keyin olisroq joylarni tekshira boshlashdi. Togʻning orqa tomoniga oʻtishdi. Oʻtan boshlab bordi. U yerdan gʻalati toshlar olib ketishdi. Ancha-munchasi shaharga analiz uchun joʻnatildi.

Ammo analiz razvedka qilingan plastlarda xrizokolla elementlari juda oz protsentni tashkil etganini koʻrsatdi. Qodirov yangi joylarni tekshirishga qaror qildi. Shu maqsadda Yettiqoyaning geologik kartasini tuzib chiqishdi, ammo natija hamon qoniqarsiz edi. Sobirning borgan sari xunobi osha boshladi.
— Sizga hayronman, — derdi u ikki gapning birida. — Ota-ku, ma’lum. Biz qancha koʻp boʻlsak, unga shuncha yaxshi. Har holda umidi bor. Shuning uchun atrofimizda parvona. Anavi Oʻtan ham. Tagʻin ertak toʻqishganini aytmaysizmi?! Temirni shu yerdan topmagandir har holda, oʻsha choʻpon. Shuncha tekshirdik, boʻldida. Hech balo yoʻq. Yana ketgingiz kelmaydi-ya.

Qodirov koʻpincha indamasdi. Miyigʻida kulib qoʻya qolardi. Boshqalar ham gapga aralashishmasdi. Nazir ota esa biror narsani bahona qilib palatkadan chiqib ketardi. Gapirsa, Sobirning jigʻiga battar tegishini bilardi, usiz ham oʻzi ahvol chatoq edi. Palatkadan chiqib, u-buga unnardi. Iloji boricha tezroq kunni kech qilishga, miyasini chulgʻab kelayotgan tashvishli fikrlardan oʻzini chalgʻitishga harakat qilardi. Tezroq erta boʻlishini kutardi. Nazarida, goʻyo tong bilan xushxabar kelayotgandek boʻlardi. Bukri chinor barglari unga tongni eslatardi, yoniga koʻtarilardi. Kun chiqishdan kun botishgacha yaraqlab turgan barglarga tikilib, koʻngli bir oz tinchirdi.
— Oz qoldi, juda oz qoldi, — derdi u chinorning bukri tanasiga suyanib. — Yaqinda chiqib qoladi. Ana oʻshanda koʻrasan. Toʻy qilamiz. Butun qishloqqa osh berib, toʻy qilamiz. Kuyovni otga mindirib, shu yerdan aylantirib oʻtaman. Halkka uloq berarman shu yerda. Bitta qoʻy nima boʻlib-di? Oʻnta qoʻyga ham kuchim yetadi. Marrani sening tagingga belgilayman. Odamlar koʻrsin seni ham. Ranging kirib qoldi, olataroq barglaringga qon yugurdi. Odamlar koʻrsin seni ham. Koʻkarib turgan narsa koʻzni quvontiradi. Qani endi hamma narsa koʻkarib tursa! Odam ham bamisoli daraxt. Oʻsadi, ulgʻayadi, keyin... keyin soʻliydi. Yoshi yetib soʻlisa mayli — alam qilmaydi unda. Yoshi yetmasa — ogʻir. Judayam ogʻir. Nima qilishingni bilmaysan. Dunyo koʻzingga qorongʻi koʻrinadi, yashaging kelmaydi. Oʻz pushtingdan boʻlgani soʻlisa bundan ham dahshat. Iloji boʻlsa-yu, uning dard-hasrati senga oʻtsa, yo bor kuchingni yigʻib uni yana koʻkartirsang... Men shunday qilmoqchiydim, shuning uchun bu yoqqa keluvdim. Sen koʻkarding. Qani endi u ham koʻkarsa! Yuzlariga yuzimni qoʻysam, koʻzlaridan, peshonasidan oʻpsam! Bagʻrimga bosib, toʻyib yigʻlasam! Yoʻq, yigʻlab nima qilaman? Yoningga koʻtarilib qichqirsam, butun qishloqqa jar solsam. «Ogʻaynilar!» desam. «Mana mening oʻgʻlim, u tirik», desam.

Bir kuni u odaticha bukri chinor tagida turganda olisdan portlash ovozi eshitildi. Togʻ guldurab ketdi. Nazir ota quloq soldi. Portlash ertalab Oʻtan geologlarni boshlab ketgan tomondan — togʻning etagidan eshitildi.
— Boshlandi, — dedi u faxr bilan. — Boshlandi! Oʻgʻlim, xursandmisan?

Uning savoliga javobday, bir gala qush gur-r-r etib havoga koʻtarildi. Yettiqoya ustida uch-toʻrt aylanib, gʻoyib boʻldi.
— Bularni ham tashvishga solib qoʻydim, — dedi Nazir ota achinib. — Lekin na chora? Odamda bironta tashvish boʻlishi kerak. Tashvishsiz odam — qanotsiz qush!

U xursand edi. Hayajon va umid toʻla bunday tashvishli damlar qancha davom etadi — haftalarmi, oylarmi yo umrining soʻngigachami — Oʻylamasdi. U shu damlarga yetishganidan xursand edi va koʻzlarini geologlar ketgan tomondan uzmasdi. Ammo keksa togʻning qoyalaridan boshqa hech narsa koʻrinmasdi. Qoyalar esa xuddi shu chol kabi nurab borayotganiga qaramay, hamon viqor va salobat bilan koʻkka boʻy choʻzib turardi.

1965