OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiKoʻk daftarning siri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻk daftarning siri (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Bu daftarni men toʻqimachilarning madaniyat saroyi oldidagi xiyobondan topib oldim. Bolalarning qishqi ta’tili boshlangan payt edi. Shaharning barcha maydonlaridagi kabi toʻqimachilar xiyobonida ham katta archa oʻrnatilib, xilma-xil oʻyinchoqlar bilan bezatilgan. Ertadan-kechgacha atrofidan bolalar arimaydi. Hatto, kechqurun ishdan qaytayotganimda ham odam boʻyi keladigan Qorboboning koʻm-koʻk koʻzlariga, rango-rang chiroklarga mahliyo boʻlib turgan bolalarni koʻraman.

Daftarni topib olgan kunim ham xiyobon gavjum edi. Bolalar bir-birlarini quvlashgan, osmonni boshlariga koʻtarguday qichqirishgan... Faqat toʻrt-besh yoshlar chamasidagi qizil qalpoq kiygan bir bolagina Qorboboning dam yonib, dam oʻchib turgan koʻzlaridan koʻzini uzmasdi. Nega u mening diqqatimni oʻziga tortdi? Dum-dumaloq loʻppi yuzimi, yo kichkina burni yonida yaltirab turgan yosh tomchisimi, bilmadim, hozir eslolmayman. Ammo unga ancha tikilib koldim. Bola xuddi ertaklardagi Qorbobo muzlatib ketgan goʻdaqdek, turgan joyidan jilmasdi. Tim qora koʻzlari Qorboboda, ammo nazarimda, u Qorboboni koʻrmas, nimalarnidir oʻylardi. Bir mahal qalin lablari titrab ketdi va ovozi boricha:
— Opa! — deb qichqirib yubordi. — Qattasiz, opa?
— Shoʻttaman, nima qildi, nima?

Kimdir yugurib kelib, bolaning yuzidan «choʻlp» etib oʻpdi. — Nima qildi, nima?!

Bu oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlar chamasidagi qizcha edi. Egnida koʻk palto, boshida oyisining roʻmoli boʻlsa kerak, ikki uchini qoʻltigʻidan oʻtkazib orqasiga bogʻlab qoʻyibdi.
— Sovqotdingmi? — soʻradi qiz bolaning qoʻllarini ishqalab.
— Oyimla qachon kelalla? — bola unga qaramasdi. — Sizdan soʻravotman, oyimla qachon kelalla?
— Boya koʻrib keldik-ku? Darrov sogʻindingmi?
— Oyimla qachon. kelalla devobman, oyimla?!

Bola hoʻngrab yigʻlab yubordi. U yigʻi aralash nimalarnidir gapirar, ammo nimaligini tushunib boʻlmasdi. Opasi ovutaman, deb qancha urinmasin, bola yigʻidan tinmasdi. Qizchaga rahmim kelib ketdi. U nima qilishini bilmasdi. Sezib turibman, agar ukasining yigʻisi yana bir-ikki minut chuzilsa, oʻzi ham qoʻshilib yigʻlaydigan. Oʻzimni tutib turolmadim. Archani aylanib, ularning oldiga oʻtdim.
— Ha-ha, akasi, nega yigʻlayapsan? — dedim bolaning boshiga qoʻlimni qoʻyib. — Birov urdimi?
— Hech kim urgani yoʻq, oʻzi yigʻlavotdi, — javob berdi qizcha menga bir qarab qoʻyib.
— Oʻgʻil bola ham yigʻlaydimi? Sen oʻgʻil bolamisan, yo qiz bolamisan?
— Oʻgʻil bolaman... — dedi bola entikib.
— Oting nima?
— Ahmad...
— Oʻ-hoʻ... shunaqa chiroyli oting bor ekan-ku, yigʻlaysanmi? Ahadlar yigʻlamaydi.

Bola menga koʻzini bir olaytirib qoʻydi, keyin tili bilan lablarini artib, opasiga oʻgirildi.
— Ketovuzami?
— Ketovuz, ketovuz, hozir ketovuz, yur.

Opa-uka qoʻl ushlashib, xiyobonning chap tarafidagi toʻrt qavatli bino tomon ketishdi. Anchagacha ularning orqasidan qarab, xayol surib qoldim. Koʻzlarim oldidan urush yillari ota-onasiz yetim qolgan bolalar, qahraton qishda oyoq yalang maktabga, oʻzlaridan ham katta sumka koʻtarib bozorga yugurgan qizchalar oʻtdi. Hozir yaxshi esimda yoʻq. Ammo Qorboboga xomush tikilib turgan bolaning qiyofasi hali-hali koʻz oldimdan ketmaydi. Nega u soʻlgʻin edi? Onasi qaerda? Nima uchun tengqurlarining chehrasidan kulgi arimaydi-ku, qizning ovozi dardli? Ming xil xayollarga borib, archa atrofidagi kumush rang skameykalardan biriga oʻtirdim-da, endi papiros chekmoqchi boʻlgan edim, yonimda yotgan koʻk muqovali daftarga koʻzim tushib qoldi. Darrov uni olib atrofimga qaradim: hech kim yoʻq. Kim unutib qoldirdi ekan? Hayron boʻlib varaqlay boshladim. Eskirib, uchlari titilib ketgan daftarning muqovasiga chiroyli harflar bilan «Xolida» deb yozilgan. Ichi ham qandaydir yozuvlar bilan toʻla. Soʻnggi bir varagʻi boʻsh qolgan, xolos. Yuragimdagi yaashlikni yoʻqotish oʻyi bilan sekin oʻqiy boshladim:

«Yettinchi sentyabr.

Kecha Ruqiya opamlar dars paytida: «Hammanglar kunda-lik daftar tutsanglar, yaxshi boʻlardi. Koʻrgan-bilganlaringizni, qilgan ishlaringizni yozib borardinglar dedilar. Hamma «Ura» deb chapak chalib yubordi, men ham chaldim. Uyga kelganimda darrov oyimlarga aytdim.
— Oyi-chi, oyi! Biz endi kundalik daftar tutamiz.

Oyimlar ham xursand boʻlib ketdilar.
— Kundalik tutadigan boʻlsang, katta boʻlib qolibsan. Mayli, tuta qol, — dedilar.

Choy ham ichmasdan shkafdan yangi daftar oldim, muqovasiga chiroyli qilib «Xolida» deb yozib qoʻydim. Keyin birinchi betini ochdim. Yuragim duk-duk ura boshladi. Nimani yozsam ekan? Ruqiya opamlar kun boʻyi nima qilsanglar, shuni yozinglar, degan edilar. Bugun nima qildim? Ertalab turib choy qoʻydim. Ahadni uygʻotib yuvintirdim, oyimlar har kuni dadamlarga goʻsht qovurib beradilar. Bugun ham turishlari bilan ovqatga unnayotuvdilar, qarashib yubordim. Jahllari chiqdi. Meni deb oʻqishdan kechga qolasan, choyingni ich, dedilar. Keyin peshonamdan oʻpib qoʻydilar.

Maktabga ketayotganimda, dadamlar bilan xayrlasha olmadim, uxlab yotgan edilar. Ichib kelsalar doim shunaqa, hammadan kech turadilar. Nega ichadilar-a? Aftilariga qarab boʻlmaydi, hamma yoqlari chang-tuproq. Hamma narsa koʻzlariga boshqacha koʻrinadi. Kecha kechqurun kelganlarida Ahadni oʻpaman, deb qaynab tungan samovarga peshonasini bosib oldilar, lablari qip-qizarib pishib ketdi. Ahad yigʻlab xum boʻldi.

Maktabda ona tilidan yana «besh» oldim. Ruqiya opamlar yelkamga qoqib qoʻydilar. Yaxshi qizim, oppoq qizim, dedilar. Ular meni judayam yaxshi koʻradilar. Faqat menimas, yaxshi oʻqiydiganlarning hammasini yaxshi koʻradilar.

Ha, eng zaruri esimdan chiqibdi. Ra’noning tobi yoʻq. Uch kundan beri maktabga kelmaydi. Bugun oʻqishdan chiqqanimizdan keyin Munira bilan borib koʻrib keldik. Qattiq isitmalabdi.

Shularni yozib oʻtirgan edim, eshikdan dadamlarning tovushlari eshitilib qoldi. Nega baqiryaptilar?..»

Oʻqishga berilib ketib, kun allamahal boʻlib qolganini unutibman. Boyagina koʻk betini qoplab turgan son-sanoqsiz yulduzlar endi yoʻq edi. Hamma yoqni quyuq tuman oʻrab olgan, ikki qadam naridagi narsani ham koʻrib boʻlmaydi. Qorboboning faqat koʻzlarigina miltillab turibdi.

Oʻqishning iloji boʻlmadi. Daftarni mahkam ushlaga-nimcha uyga qaytdim. Oyim, bolalar mehmonxonada televizor koʻrib oʻtirishgan ekan, sezdirmay xonamga oʻtdimu, eshikni ichidan qulflab, gʻijimlangan daftarni oʻqishga tushdim.

«Sakkizinchi sentyabr.

Maktabdan kelsam, oyim ayvonda yigʻlab oʻtiribdilar. Boshlarida pushti roʻmollari. Shu roʻmolni judayam yaxshi koʻradilar. Yaxshi koʻradilaru, yolgʻiz qolganlarida oʻraydilar.

Meni koʻrib darrov oʻrinlaridan turdilar, apil-tapil yoshlarini artib jilmaydilar, keyin qoʻlimdan portfelimni oldilar.
— Kechga qolding? Qachondan beri choy qoʻyib, poylab oʻtiribman.
— Munira bilan gaplashib qoldik, — dedim joʻrttaga. Boʻlmasa oʻzim oʻqish tugashi bilan uyga chopganman.
— Ukang uxlab yotibdi, taqir-tuqur qilma tagʻin!
— Xoʻp, — dedimu, uyga kirdim.

Bechora oyim. Choy qoʻydim devdilar, qoʻymagan ekanlar, elektr choynak stol ustida turibdi. Oʻzim qoʻyib yubordim.
— Voy, qaynamabdimi?! — dedilar yechinayotganimda kirib, keyin nimagadir qip-qizarib ketdilar.
— Hozir qaynab qoladi. Qornim ham uncha och emas, — dedim.

Nega oyim xafalar-a? Dadamlar kecha qattiq xafa qilganga oʻxshaydilar. Rost-da, odam ham shunaqa qoʻpol boʻladimi?! Ilgari bunaqa emas edilar. Oyim kasal boʻlib, ikki oy kasalxonada yotib chiqdilaru, dadamlar oʻzgardilar-qoʻydilar. Kecha boʻlsa ogʻizlaridan bodi kirib, shodi chiqdi, yozishga uyalaman.

Eshikdan kirishlari bilan:
— Men bu uyda kimman? Xoʻjayinmanmi yo xizmatkormanmi? — dedilar oyimlarga oʻdagʻaylab.
— Nima boʻldi? Nega bunday deyapsiz? — soʻradilar oyim.
— «Nega bunday deyapsiz?..» Shu ham gap boʻldimi? — dadamlar xuddi Ahadga oʻxshab lablarini choʻchchaytirdilar, derazadan koʻrib turibman. — Xotin degan er kelganda bunday kutib olmaydi. Men kelganda joʻrttaga oʻzingni oʻchoqboshiga olib qochasan.
— Ovqatingizdan xabar olay devdim.
— Ovqatmish... Ahad qani? Ahadiy! Ahadichka!

Dadamlar oyimlarni itarib tashlab, uyga kirdilar. Meni koʻrib, toʻxtab qoldilar.
— Salom, — dedim sekin.
— Ha, shu yerdamiding? — Nimanidir oʻylab jim qoldilar. Keyin oʻqrayib tikildilar.
— Oyingga oʻxshaysan. Nari tur. Ahad! Ahadidze! Qayoqdasiz, oʻgʻlim?

Ahad kelavermagach, divanga yonboshladilar.
— Ovqatingizini yeb oling, — oyim kirib stolga bir kosa lagʻmon qoʻydilar.

Dadam indamadilar. Oyimlar, sen gapir, deganday, meni turtib qoʻydilar.
— Dada, oshingiz sovib qoldi, — dedim men.
— Yemayman, oying tayyorlagan ovqatni yemayman.

Shunday deb koʻrsatkich barmoqlarini peshonalariga bir-ikki marta urib qoʻydilar. Oyimlarning tishlari gʻijirlab ketdi. Xoʻrsindilar, keyin sekin kosani koʻtarib chiqib ketdilar. Men ham orqalaridan chiqdim. Koʻzlarida yosh yiltirardi.

— Qoʻying, oyi, yigʻlamang, — dedim yenglaridan tortib.

Indamadilar.
— Bor, darsingni qil, — dedilar anchadan keyin va idish-tovoqlarni yuva boshladilar.
— Yigʻlamaysizmi?
— Yoʻq, yigʻlamayman. Bor, xonangga kir.

Shu payt dadam chaqirib qoldilar. Oyim kosalarni shunday togʻoraga tashladilaru, ichkariga otildilar. Eshik ochiq koldi.
— Menga qara, senda gapim bor...

Bu — dadamlarning ovozlari edi. Biroq shundan keyin hech narsa demadilar. Oyimlarning ham ovozlari eshitilmadi. Qoʻllarini koʻkraklariga qoʻyib stol yonida turgan boʻlsalar kerak. Dadamlarning jahllari chiqsa, doim shunaqa turadilar. Gapirolmay qoladilar. Tavba, muncha qoʻrqadilar-a? Nima, axir, odam emasmilar? Mana, ikki oy boʻlibdiki, yurish-turishlari gʻalati. Birov eshikni qattiqroq taqillatsa ham choʻchib tushadilar. Dadamlar bilan iloji boricha gaplashmaslikka harakat qiladilar. Oralaridan nima gap oʻtgan, bilmayman. Lekin gaplashsalar ham xuddi Ahadga oʻxshab gaplashadilar, lablari titraydi, koʻzlari olazarak boʻlib turadi. Ilgari bunaqa emas edilar. Doim kulib turardilar. Dadam bilan ikkovlari meni yetaklashib kinolarga, teatrlarga borishganda hammaning havasi kelardi. Qanchadan beri kinoga birga bormaymiz. Nuqul uydalar. Kechqurun boʻlsa, dadam kelganlaridan keyin ikkovlari xuddi mushuk-sichqonga oʻxshab qolishadi. Shumshayib oʻtirishgani-oʻtirishgan.

Mana, hozir dadamlar bir narsa demoqchilaru, lekin aytolmayaptilar. Bu faqat bugun emas, bir necha kundan beri, toʻgʻrirogʻi, oyim kasalxonadan chiqqanlaridan beri shunday boʻlyapti. Nima demoqchi ekanlar? Nahotki aytish shunchalik qiyin boʻlsa? Zavodda ishlari chatoqmi? Unday desa, yaqinda yaxshi ishlaganlari uchun mukofot oldilar-ku!
— Menga qara... — dedilar xoʻrsinib. — Men... men... Oʻrnimni solib ber.

Oyim yelkalarini qisib, ichkari uyga kirib ketdilar. Bechora oyim! Xuddi yosh bolaga oʻxshab qoldilar. Rayon doktori kelganda, siz koʻp koyinmang, ogʻir boʻling. Qancha quvnoq boʻlsangiz, shuncha tez tuzalib ketasiz, degan edi. Quvnoq boʻlish qayoqda, koʻzlaridan nuqul yosh tomib turadi. Bugun ham shunday. Choy ichib boʻlganimizdan keyin, ancha oʻzlariga keldilar. Uy vazifalarimni soʻradilar. Uqish darsida oʻrgangan «Ona» she’rini oʻqib berdim. Jilmayib qoʻydilar. Jilmaysalar biram chiroyli boʻlib ketadilar. Lip etib borib yuzlaridagi chuqurchalaridan oʻpib oldim.
— Oyi, nega doim xafasiz? — dedim tizzalariga oʻtirib. — Kasal boʻlganizgami?
— Ha, kasalni kim yaxshi koʻradi?
— Dadamlar-chi? Nega ular ham xafalar?
— Dadang ham kasal boʻlganimga xafa-da. Aytyapman-ku, kasalni kim yaxshi koʻradi.
— Nega boʻlmasa sizga jahl qiladilar?
— Xafa boʻlganidan jahl qiladi-da. Bunga sen e’tibor berma. Kattalarning ishiga aralashish yaxshi emas. Xoʻpmi?

Men indamadim. Faqat:
— Oyi, bilasizmi, — dedim, — men sizni kasal boʻlsangiz ham yaxshi koʻraman, judayam yaxshi koʻraman.
— Menam!

Bu Ahad edi. Uygʻonib, eshikning tagida koʻzlarini ishqalab turardi. Oyim uning ovozini eshitib, kulib yubordilar. Keyin ikkalamizni mahkam quchoqladilar...»

Men hayajondan oʻrnimdan turolmay qoldim. Oʻn uch-oʻn toʻrt yoshdagi qizning soʻzlari meni butkul sehrlab qoʻygan edi. Oʻzimni oʻzga bir dunyoda his qila boshladim. Koʻz oldimda onasining qaygʻu-hasratiga sherik boʻlgan nimjon qizcha, sochiga bevaqt oq oralagan soʻlgʻin bir ayol paydo boʻldi. Kimlar ular? Kaerda yashaydi? Toshbagʻir ota kim? Bularning hammasi hali menga sir. Lekin, shubha yoʻqki, ular qandaydir katta bir kulfatni oʻz boshlaridan kechirmoqdalar. Shu kulfatdan ularning qanday qutulishlarini oʻzimcha mulohaza qilib, koʻngilni tinchitadigan bir xulosaga keldim-da, daftarni yana varaqlay boshladim. Lekin sahifadan sahifaga oʻtar ekanman, vujudimni titroq bosa boshladi.

«oʻttizinchi sentyabr.

Dadamdan uch kundan beri darak yoʻq. Oyimlar bizni uxlatadilaru, oʻzlari mijja qoqmay chiqadilar. Dadam qayoqda qolishlari mumkin-a? Safarga ketganmikinlar? Ketgan boʻlsalar, nega bizga aytmadilar? Ahad yigʻlagani-yigʻlagan. Yarim kechada turib olib «dada, dada», deydi. Oyim ikkalamiz uni ovutguncha oʻlib boʻldik. Biram dadasini yaxshi koʻradiki... Men ham yaxshi koʻraman, lekin ular meni yaxshi koʻrmaydilar. Nuqul, sen oyingning qizisan, deyave-radilar. Anavi kuni Ahadga tufli olib kelib berdilar. Ahad qoʻllaridan olishi bilan:
— Menga-chi? — deb yuboribman.

Bir oʻqrayib berdilar. Indamay ichkari uyga kirib ketdim.
— Koʻzi yomon qizingni, — dedilar ketishim bilan oyimlarga.
— Mening qizim boʻlsa, sizning ham qizingiz, — oyim jahl bilan gapirdilar. Ularning dadamlar bilan birinchi marta shunday gaplashishlari edi. — Koʻchadan olib kelganim yoʻq. Qancha urishsangiz meni urishing, bolada nima gunoh? Qovogʻingizdan qor yogʻilib kelganda, koʻzlarini javdiratib pinjimga kirishimi? Bilmadim, shu bola boʻlmasa, holim nima kechardi.

Men, hozir dadam oyimlarni uradilar, deb qoʻrqib turuvdim, yoʻq urmadilar. Qoʻrqqan boʻlsalar kerakda. Oyimlar juda qattiq gapirdilar. Mana, uch kundan beri dadam yoʻqlar. Shu uch kunning ichida oyim choʻp boʻlib qoldilar».

«Ikkinchi oktyabr.

Kecha oyim zavodga borib keldilar. U yerda ham yoʻqmishlar. Ishxonasidagilar, kasal boʻlib qolgan boʻlsa kerak, deb oʻylashgan ekan. Uyda yoʻqliklarini bilib, hayron boʻlib qolishibdi.

Oyim bilan anchagacha bir-birimizga qarab oʻtirdik. Ov-qat qilish ham esimizdan chiqib ketibdi. Choy qoʻyib yubordim. Toʻrtta tuxumni samovar ichiga solib qoʻydim. Doktor oyimlarga yaxshi ovqatlanishni buyurgan. Men zoʻrlamasam, oʻzlariga qaramaydilar.

Uyga berilgan masalani yecholmadim. Vaqt boʻlmadi. Ahad bilan qolsam, hech narsa qilolmayman. Ertaga Ruqiya opamlarga nima deyman?» «Uchinchi oktyabr.

Mendan soʻramadilar. Oldimga kelib, negadir peshonamdan oʻpib qoʻydilar. Uyga kelsam, oyim yoʻqlar. Hovlining oʻrtasida Ahad yigʻlab oʻtiribdi. Ovutib, uyga olib kirdim. Divanda bir xat yotibdi. Oyim qayoqqa ketdiykinlar? Xatni oʻqiy boshladim. Bu — dadamdan edi.

«Meni qidirmanglar. Qaytib bormayman. Mavjuda, meni tushun. Ogʻir kasallikka umrbod mubtalo boʻlgan kishi bilan hayot qurish uchun senga uylanganim yoʻq. Bolalar boʻlsa, bolalarga munosabatimni oʻzing bilasan, oʻrnashib olganimdan keyin Ahadni olib ketishim mumkin».

Yigʻlab yubordim. Meni koʻrib, Ahad ham yigʻladi. Ikkalamiz baravar yigʻladik. Keyin nima boʻlganini bilmayman. Bir mahal qarasam karavotda yotibman. Tepamda Ruqiya opam bilan qoʻshnimiz Xayri opalar oʻtirishibdi. Ahad xurrak otib uxlab yotibdi.
— Oyimlar qanilar? — deb soʻradim.
— Shu yerda, hozir keladi, — javob berdilar Xayri opam Ruqiya opamlarga qarab turib. — Poliklinikaga ketgan.
— Bu yoqqa chiqaylik, sen ham oʻrningdan tur, — dedilar shunda Ruqiya opamlar.

Hammamiz ayvonga chiqdik. Ruqiya opamlar meni imladilar.
— Oʻtir, gap bor.

Yuragim uvushib qoldi. Nima gap ekan? Ishqilib, oyim tuzuk boʻlsinlar-da!
— Xavotir olma. Oying tuzuk, — dedilar Ruqiya opam, keyin oʻylanib qoldilar. — Menga qara, — dedilar anchadan soʻng. — Sen katta qizsan. Hammaga narsaga aqling yetadi. Gaplarimni yaxshilab tushunib ol. Oying... Oying kasalxonada... Bir oycha yotsa kerak. Uy boshligʻi endi oʻzingsan. Ogʻir boʻl. Men kelib turaman, mana Xayri opang ham shu yerdalar, xabar olib turadilar. Yigʻlamaysanmi?

Men «yoʻq» dedimu, uydan chopib chiqib ketdim. Hujraga bekinib olib rosa yigʻladim. Ruqiya opamlar ham, Xayri opamlar ham meni qidirishmadi. Anchadan keyin uyga kirsam, ikkovlari Ahad bilan oʻynab oʻtirishibdi. Ruqiya opam meni koʻrib jilmaydilar. Men ham...»

Kundalik shu yerda tugagan edi. Daftarning soʻnggi betlariga hech narsa yozilmagan. Faqat oxirida qalam bilan ilova qilingan kichkina jumla bor edi, xolos.

«Sakkizinchi yanvar.

Oyim ancha tuzuklar. Ruqiya opamlar bugun ham bizni oldilariga olib bordilar. Bizlarni koʻrib, oyimning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. Yaqinda chiqaman, dedilar. Ancha gaplashib oʻtirdik. Dadamlarni soʻramadim. Nima qilaman soʻrab? oʻzlari qiynalib yotibdilar-ku. Ahad lunjini toʻldirib «dada» demoqchi boʻlib turuvdi, chimchilab oldim. Lekin unga qiyin boʻldi. Nuqul yigʻlaydi. Dadam boʻlganlarida yigʻlamasdi. Qaerda ekanlar-a, hozir?»

Kundalikni yopib qoʻyib ancha oʻylanib qoldim. Miyamda ming xil fikr. Sahifalardagi qaygʻuli satrlar vujudimni hayajonga soldi. Darchani qiya ochib, cheka boshladim. Tashqarida yomgʻir shivalamoqda. Chiroq nurida bir-ikki qor uchqunlari xuddi koʻzmunchoqday yaltirab koʻrindi. Bu uchqunlar archa yonida boya men koʻrgan qizcha va uning ukasini eslatib yubordi. Ha, oʻsha qiz shu kundalik muallifi Xolida edi. Bunga hech shubha yoʻq. Nima qilish kerak? Ularga qanday qilib yordam bersa boʻladi. Bemehr otani topish kerakmi, yoʻqmi?

Ertalab ham shu xayollardan boʻshay olmadim. Nari-beri nonushta qilib, toʻgʻri rayon maorif boʻlimiga bordim-da, Ruqiya opaning qaysi maktabda ishlashini surishtirdim. U oʻzimizning rayondagi qirqinchi maktabda ishlar ekan. Oʻsha yoqqa yugurdim. Ruqiya opa oʻrta yoshlardagi xushtabiat ayol ekan. Daftarni uzatdim.
— Kechirasiz, — dedim uning oʻzgarib ketganini koʻrib. — Oʻqib chiqdim. Oʻquvchingiz juda jiddiy qiz ekan.
— Ha, Xolida tez katta boʻldi, — dedi Ruqiya opa jiddiy ohangda. — Otasi...
— Hozir qaerda u odam?
— Hech kim bilmaydi, — Ruqiya opa bir oz jim qoldi. Keyin qoʻlini bir siltadi-da, gapida davom etdi. — Toʻgʻrisini aytsam, hech kim bilishni istamaydi ham. Bunday odamning boʻlganidan boʻlmagani ma’qul. Shunday emasmi?

Men bosh silkib qoʻydim.
— Xotinining kasalligi uchun ketib qolishi, oʻzining tinchligi deb bolalaridan, oilasidan yuz oʻgirishi — Oʻtaketgan tubanlik.
— Mavjudaxon hozir tuzukmilar?
— Ha, kecha borib keldik. Yaqinda chiqib qoladi.

* * *

Oradan bir haftacha oʻtgan boʻlsa kerak, shanba kuni edi. Ishdan qaytayotib, toʻqimachilar xiyobonida ayol kishining:
— Ahadjon! — degan ovozini eshitib qoldim.

Yalt etib fontan tomonga qaradim. Ikki kishi Qorboboni olib tashlashayotgan ekan. Katta-kichik bolalar qiy-chuv qilib turishibdi. Oldingi qatorda oʻsha men koʻrgan Ahad ham bor edi. U ikki koʻzini qiyshayib turgan Qorbobodan uzmasdi. Bir mahal kimdir kelib qoʻlidan tortdi. Bu Xolida edi. Opa-uka yetaklashib bolalar orasidan chiqishdi-da, katta sada tagidagi skameykada oʻtirgan ikkita ayol oldiga borishdi. Ularning bittasi Ruqiya opa, ikkinchisi esa, Mavjudaxon edi. Uni pushti roʻmolidan tanidim. Yuragimni tasvirlab boʻlmadigan quvonch tuygʻusi qoplab oldi. Bitta-bitta qadam tashlab borar ekanman, rangi soʻlgʻin, lekin lablarida, yuzida tabassum porlab turgan ayoldan — Mavjudaxondan koʻzimni uzolmasdim.

1961