OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiKoʻprik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - [[:Turkum:{{{a_cat_0}}}| {{{a_cat_0}}}]]
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png






Koʻprik (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Qishloqqa hali olis edi. Ular ancha yurib qoʻyishganiga qaramay, uning qorasi koʻrinmasdi. Atrof biydek dala. Odam zoti yoʻq. Iliq bahor nafasi ufurib turgan boʻlsa ham, na yerda biror jonivor koʻrinadi, na osmonda. Butun borliq hamon qish uyqusida. Faqat u yer-bu yerda shudgor qilingan kartalar chetida yosh yigitning soqolidek yakkam-dukkam turtib chiqib turgan mayin oʻt-oʻlan oʻlik choʻlda hayot endi kurtak ota boshlaganidan darak berib turardi. Ammo bu oʻt-oʻlan ham olataroq, pastqam joylarda unayotganidan, koʻzga tezda ilgʻanmas rangpar, dilchoʻkar choʻl manzarasiga hali aytarlik quvonch keltirmagan, chumchuq bolasidek hali jish, qanot yozmagan edi.

Koʻpi bilan bir-ikki haftadan soʻng bu yerlar butunlay oʻzgarib ketishi, choʻl beti kelinchak uyidek ming gullik turkman gilamlari, choʻgʻdek qip-qizil palaklar bilan yasanib oli-shini yoʻlovchilar bilishardi. Lekin bilish boshqa, koʻrish boshqa. Shuning uchun hozir ketma-ket ogʻir qadam tashlab borishar ekan, ikkalovi ham oʻz xayollari bilan band edi.
— Qorongʻiga qolib ketsak-a? — dedi bir mahal orqaroqda kelayotgan yosh yigit nimadandir xavotirlanib.
— Qoʻrqyapsanmi?! — soʻradi kinoya bilan sherigi.
— Yoʻgʻ-e! — kulishga harakat qildi yigit va uyalinqirab sherigining ter yaltirab turgan yoʻgʻon, taram-taram gardaniga koʻz qirini tashlab qoʻydi.
— Oz qoldi, — dedi sherigi va oldinda tuyaning oʻrkachidek sargʻayib turgan tepalikka ishora qildi. — Shu tepalikdan oʻtsak boʻldi, u yogʻi bir chaqirimcha...

Yigit indamadi. Koʻnglida u sherigidan norozi edi. Ertalab shahardan chiqishayotganda hamma kam-koʻstini toʻgʻrilab olmaydimi? Qanday shofyorki, olis yoʻl oldidan mashinasini bir koʻzdan kechirmasa? Mashina ham aksiga olib biron gavjumroq joyda buzilmay, qoq choʻlning oʻrtasida takqa toʻxtadi. Prokladka topishsa-ku, mayli, topishmasa nima boʻladi? Iigit shularni oʻylar ekan, battar xunob boʻlardi.
— Xunob boʻlma!

Yigit choʻchib tushdi. Sherigi goʻyo uning xayollarini uqib olganday gapirdi.
— Xunob boʻlma, — dedi u yana. — Uyingga albatta bugun yetasan. Juda boʻlmasa, bironta mashinaga oʻtqazib yuboraman.

Iigit qizarib ketdi va iljaydi.
— Xunob boʻlayotganim yoʻq.
— Foydasi yoʻq, — dedi sherigi. — Buning ustiga meni bilasan. Men bilan hech shunaqa boʻlmasdi. Bilmadim, nima boʻldi? Qaridimmi, hayronman. Radiator toʻladek koʻringan edi.
— Qishloqda prokladka topilarmikin? — soʻradi yigit iloji boricha muloyimlik bilan.
— Ha. Kolxoz garajida boʻlishi kerak.
— Kelganmisiz?
— Uzoq yili qishda bir kun tunab ketganman shu qishloqda.

Yigit «Nega?» deb soʻramadi, sherigining oʻzi ham aytmadi. U yigitni tinchitgan boʻlsa ham, oʻzi tinch emas edi. U rostini gapirdi. Shu mahalgacha u bilan bunday xunuk voqea sodir boʻlmagan edi. Urushdan qaytgandan beri shofyorlik qiladi, mashinasi doim egarlangan otdek har qanday olis yoʻlga shay turardi. Nima balo boʻldi bugun? Yo chindan ham qarib, esi kirdi-chikdi boʻlib qoldimi? Agar shunday boʻlsa ish chatoq, boshqa bir yengilroq ishga oʻtish kerak boʻladi. Anchadan beri garajning oʻzida ishlashni taklif qilib kelishyapti, shunga oʻtadimi?.. Oʻtsa, yaxshi emas, koʻchaga oʻrgangan odam, bir joyda diqqinafas boʻlib ketadi. U xoʻrsindi, keyin noxush fikrlarni haydash maqsadida, qoshigacha tushib turgan quloqchinini koʻtarib, oldinga tikildi. Muzdek shabada gup etib ter bosgan peshonasiga urildi. U kafti bilan peshonasini sidirar ekan, yoʻlni moʻljalladi. Tepalikka oz qolibdi. Demak, yetishdi, degan gap. Bir soatlarda qaytishsa, qorongʻigacha trestga kirib borishadi.
— Kelib qoldik, — dedi u ovozini chiqarib.
— Yoʻlni yaxshi bilar ekansiz-a, Samad aka! — dedi yigit. — Adashmayapsiz. Boʻlmasa, bir marta kelgansiz. Men topolmasdim.

Yigitning bu gapi uni quvontirdi.
— Ha, endi shofyor boʻlgandan keyin yoʻl bilish kerak-da. Yoʻl bilmagan shofyor — shofyormi! Men shu paytgacha hech adashmaganman. Bir marta koʻrdimmi, tamom, har qanday yoʻl miyamga press boʻladi-qoladi.
— Faqat shu prokladka chatoq boʻldi-da, — dedi yigit miyigʻida kulib.
— Labbay?
— Zoʻr ekansiz, — dedi yigit baland ovoz bilan.
— Ha, endi tuzuk.

Ular tepalikka koʻtarilishdi. Oldinda daraxtzor qorayib koʻrindi.
— Aytmadimmi! — dedi Samad aka. — Mana shu oʻrikzorning orqasi qishloq. Endi tinchidingmi?

Yigit iljaydi. Yana yoʻlga tushishdi. Koʻp oʻtmay tepalik orqada qolib ketdi. Oʻrikzorga yetay deb qolishganda, birdan oldilarida katta ariq koʻrindi.
— Iy-e! — hayron boʻldi Samad aka. — Ariq yoʻq edi-ku?! Yigit kiftlarini uchirdi.
— Ariq yoʻq edi ilgari, — dedi yana Samad aka.
— Yangi qazishgandir-da, — dedi yigit parvosizlik bilan. — Bir yilda hozir shahar qurib yuborishyapti-ku!

Ular ariqqa yetib kelishdi. Bu — hatlab oʻtib boʻlmaydigan, hayqirib suv oqayotgan rasmana kanal edi.
— Ha, durust, — dedi Samad aka loyqa suvga tikilib.— Endi bu yerlarni tanib boʻlmay qoladi.

Yigit uning gapini eshitmadi. U atrofga olazarak boʻlib qarardi.
— Samad aka dedi bir mahal. — Bundan qanday oʻtamiz?
— Labbay?
— Qanday oʻtamiz, deyapman, koʻprik yoʻq-ku?! — dedi yigit.
— Darvoqe, — Samad aka kanalga yangitdan razm solib chiqdi. — Koʻprik yoʻq. Yaqinda qazishibdi-da.
— Yaqinda qazishsa ham koʻprik boʻlishi kerak edi-ku, — dedi tashvishlanib yigit. — Oʻzlik-oʻzi qanday oʻtishadi?
— Oʻtishmaydi bu yerdan narigi yoqda yoʻl bor.
— Endi nima qilamiz?
— Xunob boʻlma, — dedi Samad aka — Ilojini toparmiz. Sen oʻngga yur, men chapga yuray. Oʻtadigan joy chiqib qolar...
— Koʻrinib turibdi-ku, koʻprik yoʻq, — dedi qizishib yigit.
— Koʻraylik avval.

Yigit nimalarnidir gʻoʻldiraganicha kanal yoqalab oʻng tomonga ketdi. Samad aka ham yoʻlga tushdi. Yuz qadamcha yurdi. Koʻprikdan asar yoʻq. Kechib oʻtishga toʻgʻri keladi, Qaror qildi u. Shu top yigitning ovozi eshitildi:
— Bu yoqqa keling! Bu yerdan oʻtamiz!..

Samad aka orqasiga qayrildi. Yigitning oldiga kelganda kanal ustiga koʻndalang tushib yotgan daraxtni koʻrdi. Kanalning bir yogʻi oʻpirilib, daraxtning qip-qizil ildizlari qovjirab yotardi. Samad aka uning qora tanasidan oʻrikligini bildi.
— Mana shuning ustidan oʻtsak boʻladi, — dedi yigit quvonch bilan.

U sherigining javobini kutmay, oʻrikning ustiga oyogʻini qoʻydi va dorbozdek qoʻllarini yozib, kanaldan oʻta boshladi. Oʻrtaga yetganda, bir tomonga ogʻib, yiqilay dedi-yu, oʻzini ushlab oldi, keyin siltanib, kanalning narigi betiga sakradi.
— Qoyilmi? — yigit oʻzida yoʻq shod edi. — Samad aka!

Iigit sherigiga qaradi-yu, hayron boʻlib qoldi. Samad aka, yoʻgʻonligi qoʻqon arava shotisidek oʻrikka koʻzlarini tikkanicha, qimir etmas, moshkichiri moʻylovi, qalin, ajin bosgan lablari titrardi.
— Samad aka! — dedi yigit uning jim turganini oʻzicha tushunib. — Qoʻrqyapsizmi? Nega nidamaysiz?

Samad aka boshini koʻtardi.
— Labbay, — dedi boʻgʻiq ovozda.
— Oʻtmaysizmi?
— Hozir.

U shunday deb oʻrikka oyoq qoʻydi. Lekin qoʻllarini yozmadi. Bitta-bitta qadam bosib, kanalning oʻrtasiga yetib keldi. Yigit uni kuzatar ekan, hozirgina undan kulganidan ichida achindi.
— Tuzuk ekansiz-ku! — dedi havas bilan.

Lekin shu payt kutilmagan hodisa yuz berdi. Samad aka toʻxtab qoldi. Koʻzi tindi shekilli, boshini koʻtardi, ammo bu foyda bermadi, tebrana boshladi. Qoʻllarini yozgan edi, muvozanatni yoʻqotdi va shalop etib suvga agʻdarildi.
— Samad aka! — qichqirib yubodi yigit va yugurib borib lapanglab qirgʻoqqa intilayotgan sherigining qoʻlidan torta boshladi.

Samad aka uning yordamida bir amallab qirgʻoqqa chiqqanida, hamma yogʻi jiqqa hoʻl, qoʻllari va tizzalari loy edi, plashining yenglari, etaklaridan sharillab loyqa suv oqardi. U oʻziga boshdan-oyoq bir qarab chiqdi-da, ensasi qotib kulib qoʻydi.
— Yechining! — buyurdi uning qimir etmay turganini koʻrgan yigit.

Samad aka bosh qimirlatib, kanal labiga bordi, qoʻllarini yuvib, yechina boshladi. Uning baxtiga kun iliq, quyoshning botishiga hali ancha bor edi. U bitta ishtonda qolib, yigit bilan kiyimlarini siqib, yerga yoydi, keyin yigit yozib bergan yengil palto ustiga oʻtirib, ogʻir xoʻrsindi. Yana moʻylovi, lablari titray boshladi. Yigit uning bu avzoyini koʻrib, qoʻrqib ketdi.
— Samad aka! Sizga nima boʻldi? — soʻradi u sherigining oldiga choʻkkalab.
— Eslab ketdim... — dedi Samad aka.
— Nimani?
— Xuddi shunaqa koʻprikni...

Samad aka jimib qoldi. Yigit hech narsaga tushunolmay, angrayib turardi.
— Papirosingdan ol, — dedi bir mahal Samad aka. Yigit hozirjavoblik bilan unga «Belomor» uzatdi, shoshib gugurt chaqdi. Samad aka papirosni ustma-ust qattiq tortib, ogʻiz-burni aralash quyuq tutun chiqardi-da, dedi:
— Qirq ikkinchi yil edi. Qish. Bizni Ukrainaning Martovaya qishlogʻiga olib borishdi. Mudofaa chizigʻi shu yerdan oʻtardi. Sovuq qattiq. Tuplasang, tupuging qotadi, qor tizzaga chiqadi. Qishloqning yonidan Shimoliy Donetskning bir irmogʻi oʻtgan edi. Katta emas, shu kanaldek keladi, balki bundan kichikroq hamdir. Polkning xoʻjalik qismi shu irmoqning berigi tomonida, biz esa narigi tomonida joylashgan edik. Irmoq muzlab qolgan, beti qalin qor edi. Shuning uchun bemalol, istagan joyimizdan oʻtib yuraverardik. Fevralning oxirlarida kun, kutilmaganda, isib ketdi. Qor eriy boshladi. Lekin erigani qanday deysan, yer ustida bilinmaydi, shakarga oʻxshab yaltirardi. Faqat irmoqda bilinardi. Uch-toʻrt kun ichida uning oʻrtasida qora ipdek ingichka chiziq paydo boʻldi. Keyin kengayib, jildiragan suv koʻrindi. Oʻtish xavfli boʻlib qoldi. Xuddi boyagidek bironta koʻprik-poʻprik bormikin, deb u yoq-bu yoqni tekshirdik. Biz turgan joyda yuz qadamcha narida kimdir irmoq ustiga koʻndalang tushib yotgan bir narsani koʻrib qoldi. Bu xodami, taxtami, qor tagida boʻlganidan bilib boʻlmadi. Lekin baquvvat, ustiga chiqib bir-ikki tepdik. Ikki kishilab u yoqdan-bu yoqqa oʻtib koʻrdik. Yoʻq, baquvvat, sinmadi. Shu yerdan oʻtib turadigan boʻldik. Shu yerdan ovqat tashiy boshladik, shu yerdan muzni yorib, suv oladigan boʻldik. Lekin polkning otliq otryadi bor edi, shu otryadning otlaridan bittasi ham uning ustidan oʻtmadi. Qadam qoʻyadi-yu, oʻtmaydi. Ursang ham, soʻksang ham oʻtmaydi. Bir qadam bosib toʻxtaydi, keyin tisarilib, yonidan sakrab oʻtadi. Albatta, bunga hech kim e’tibor bermadi, sababini keyin bildik...
— Nima ekan? — sabrsizlik bilan soʻradi yigit.
— Hozir, — dedi Samad aka va shoshmasdan zihigacha chekilgan papirosini yerga ezgʻilib botirdi-da, gapida davom etdi:
— Bir kuni ovqat kechikib qoldi. Komandir meni chaqirib, xabar olib kelishni buyurdi. Yoʻlga tushdim. Irmoqqa yetib kelganimda, suv ichgim kelib qoldi. Chanqaganimdan emas, suvning tiniqligidan ichgim kelib ketdi. Koʻprikchamizning oʻrtasiga kelib engashganimni bilaman, shalop etib, koʻprik-poʻprik bilan suvga tushib ketdim. Belimgacha jiqqa hoʻl boʻldi. Lekin meni bu choʻchitmadi, men koʻpriksiz qolishimizdan qoʻrkdim. Haqiqatan ham u oqib ketayotgan edi. Shaloplab ketidan chopdim, bir uchidan ushlab olib qirroqqa suraman, qani endi surilsa?! Muz-da, sirpanadi. Hay, bir amallab olib chiqdim. Shu payt yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Biz koʻprik qilib yurgan narsa — odamning murdasi edi.
—Odamning murdasi?! — hayrat ichida soʻradi yigit.

Yigit seskanib ketdi.
— Odamning murdasi edi, — davom etdi Samad aka. — Dodlab yubordim. Darrov besh-olti soldat yugurib keldi. Nima boʻldi, deb soʻrashadi, javob berolmayman. Tishim-tishimga tegmay, dagʻ-dagʻ titrayman. Nihoyat, oʻzimni tutib olib oʻlikka ishora qildim. Hech kim avval hech narsa payqamadi, chunki murdaning hamma yogʻini muz qoplagan, faqat oldinga chuzilgan qoʻllarining koʻrsatkich barmoqlari muz ichidan chiqib turardi.
— Odam!.. Koʻprik!.. — dedim zoʻrgʻa tilim tanglayimga yopishib.
— Qanaqa koʻprik? Qanaqa odam? — hamon tushunmay soʻrashdi soldatlar.
— Anavi koʻprik... odam ekan! — dedim men, keyin engashib oʻlikning barmoqlarini koʻrsatdim.

Shunda ularga hamma narsa ayon boʻldi.
— Olovga olib borish kerak, — maslahat kildi kimdir.
— Nima qilamiz hamma yoqni sasitib? — dedi yana kimdir.
— Sasisa ham odam-ku! — jerkib berdi boshqa bir soldat. — Qani, koʻtarlaring!

Soldatlar murdani koʻtarib ovqat pishiradigan arava yoniga olib borishdi. Darrov meni yertoʻlaga tushirib yangitdan kiyintirishdi. Chiqqanimda, murdaning atrofi odamga toʻlib ketgan edi. Turtinib-surtinib oʻrtaga oʻtib oldim. Muzni eritishibdi. Murda yoshgina yigit ekan. Novcha, qirra burun, qora soch. U xuddi qattiq charchab yaqindagina uyquga ketgan odamni eslatardi. Oʻpkam toʻlib ketdi. Beixtiyor koʻzimda paydo boʻlgan yoshni yengim bilan berkitib artar ekanman, yigʻlab yubormaslik uchun, yonimdagilardan soʻradim:
— Biznikimi?
— Yoqasini koʻrmayapsanmi?

Shundagina uning shineli yoqasidan serjantlik belgisini payqadim.
— Kim ekan?
— Bilib boʻlmadi. Qogʻozlari ivib ketibdi, — dedi yonimdagi soldatlardan biri.

Oʻsha kuni uning soqollarini qirib, beligacha qorayib ketgan yarador oyoqlarini yaxshilab oʻrab, qishloq chetidagi tepalikka koʻmdik. Qabri yonida oʻttiz kishi oʻn martadan oʻq uzdik. Unga bu ham kamlik qilardi. U faqat tirikligida emas, oʻlgandan keyin ham xizmat qildi, bizga koʻprik boʻldi... Papirosdan ol!

Samad aka yana ustma-ust papiros tortib, jimib qoldi. Yigit ham jim edi. Uning yuzida qon qolmagan edi. Shu alfozda ular ancha oʻtirishdi.
— Unga nima boʻlgan ekan? — nihoyat soʻradi yigit.
— Kim biladi, — dedi Samad aka oʻylanib. — Urushda nimalar boʻlmaydi?! Nazarimda, yarador boʻlgan, ancha joygacha sudralib kelgan, holdan toyib, irmoqdan oʻtolmagan. Shunday qoʻllari qirgʻoqqa yetganu, joni uzilgan, muzlab qotib qolgan... Hay, ketdikmi?

Yigit javob bermadi. Samad aka oʻrnidan turib hali nam kiyimlarini kiydi. Yana papiros chekdi-da:
— Qani yur, — dedi va yigitning turishini kutmay, yoʻlga tushdi.

Yigit zoʻrgʻa qoʻzgʻaldi.

Ular ketma-ket ogʻir qadam tashlab borishar ekan, qosh qorayib, oʻrikzor orqasida miltillab chiroqlar koʻrina boshlaganini ham, orqada, yoʻl ustida yuk ortilgan mashinalari qolib ketganini ham oʻylashmas, ikkovining xayoli bir narsa bilan, noma’lum soldat bilan band edi.

1967