OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiKuz havosi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuz havosi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Savri xola xiyobondan bitta-bitta yurib borardi, shoshmasdi. Shoshib nima qiladi? Uyda bolalari yigʻlayaptimi yo bironta ishi chala qolyaptimi? Hamma ishi joyida, bolalar yoʻq. Bolalarni Xudo unga koʻp koʻrgan. Nima qiladi shoshib? Innaykeyin, hali kun erta. Oftob endi ikki terak boʻyi koʻtarildi. Ertalabki muzdek shabada hali iligani yoʻq, lekin tafti bosilgan, etni junjitmaydi. Shudring tushgan yaproqlarning uchlarida munchoqdek-munchoqdek kumush isirgʻalar paydo boʻlibdi. Oftob koʻp qiziq narsa-da. U boʻlmaganda shu isirgʻalar boʻlarmidi?! Qushlar ham gala-gala boʻlib oftobda daraxtlarga yopishib olibdi. Ilgari yoʻlning ustida kam koʻrinardi, chugʻur-chugʻurlar xiyobonning pastki tomonlaridan eshitilardi. Mana endi bu yoqda, ochikda. Odamlar ham shunday. Daraxt soyasidan qochib yurishibdi. Xiyobonda odam kam. Hamma ishda. Borlari bozor-oʻchar qilib yurganlar, yo boʻlmasa unga oʻxshab ishdan qaytayotganlar. Lekin u oʻzining ishlaganligini sezmasdi. Ishlagan odam charchaydi, madori quriydi. Uning sira madori qurimaydi. Tagʻin kampir narsa. Uch kam yetmishga kirdi. Ha, bu yil tovuq yili boʻlsa shu yoshga kirgan boʻladi. Nahotki, ish shunaqa boʻlsa?! Yo Sotiboldi tushmagur uni shunaqa ishga qoʻyib qoʻydimi? Ertalab keladi, supuradi-sidiradi. Ba’zan xonalarning polini yuvadi. Derazalarni artadi. Xizmatchilar kelganda hamma yoq chinnidek toza, sarishta. Boʻldi, shu bilan ish tamom. Mana, ikki oy boʻpti ishlayotganiga, ahvol doim shunaqa. Lekin surishtirgani uyaladi. Surishtirishi unga norozi boʻlayotganday tuyuladi. Shuning uchun ishxonasining aniq nomini ham bilmaydi. Hamma xonalar baland-baland qiyshiq stollar bilan toʻlib ketgan. Xizmatchilar tippa-tik turib shu stollardagi katta-katta qogʻozlarga nimalarnidir chizishadi, nimaligini u bilmaydi. Sotiboldining xonasi alohida, eshigining tagida doim bitta juvon oʻtiradi. Lekin juvonni u kam koʻradi. Ertalab kelganida ishni avval shu xonadan boshlaydi-da. U paytda hech kim boʻlmaydi. Sotiboldi ham boʻlmaydi. Bu yerni supurib-sidirib, boshqa yoqqa oʻtganidagina keladi. Birin-chi kuni Sotiboldi anchagacha tepasida qarab turdi. Keyin:
— Hormang. Charchamadingizmi? — deb soʻradi. Savri xola kuldi.
— Nega charcharkanman, bolam! Shu ham ish boʻptimi?
— Bilganga ish boʻlmasayam, bilmaganga ish, — dedi shunda Sotiboldi. — Sizdan oldin nechtasi kelib ketdi.

Savri xola indamadi. Lekin bu gapdan keyin biron narsa qilgisi keldi, hozirgina artgan joylariga yangitdan latta urib chiqdi. Ish tamom boʻlgach, Sotiboldining oʻzi eshikkacha kuzatib qoʻydi.
— Adashmaysizmi? — deb soʻradi xayrlasha turib, — Nega adasharkanman, bolam? Xiyobondan oʻtsam boʻldi. Katta koʻcha bilan toʻgʻri uyimga boraman, — dedi kampir va koʻchani kesib oʻtib, xiyobonga kirdi.

Xiyobon yozda yaxshi edi, gavjum boʻlardi. Qayoqqa qarama odam, boʻsh joy yoʻq oʻtirishga. Ertalab ham shunaqa, kunduzi ham, kechqurun ham. Endi bunaqa emas. Hamma yoq huvillab yotibdi. Skameykalar boʻm-boʻsh. Tagʻin qanaqangi skameykalar!.. Oʻtirsang, oʻtirganing bilinmaydi, yotgandaysan. Boʻyoqlari ham turli-turli: oq, sariq, qizil, koʻk... Bamisoli Hazrat Alining yoylari deysan. Kampir shu skameykalarda birpas-birpas oʻtgan-ketganga qarab oʻtirardi. Keyin xiyobonni aylanardi. Nima yoʻq unda. Dunyoda bor daraxtlar, gullar tag-tugi bilan koʻchirilganu shu yoqqa olib kelingan.

Ayniqsa, qoʻgʻirchoq uydek kichkina, jimjimador uyning atrofi chiroylik. Goʻyo shu uyga kelin tushadiganu yerga palakdan poyandoz yasab qoʻyishgan. Kampir shu tomonda koʻproq yuradi, keyin katta koʻchaga chiqib, piyoda uyiga ketadi. U piyoda yurishni yaxshi koʻradi, innaykeyin koʻnikib ham qolgan. Shu yoshga kirib, hali biron marta mashina yoki tramvayga tushgan emas. Rahmatli eri Usmon aka agar biron joyga birga borishadigan boʻlsa rosa xunob boʻlardi. Joningga jabr qilib nima qilasan, deb soʻkardi. Bu ham kor qilmagach, hukumatda qasding bormi, nega u chiqarib qoʻygan tramvayga chiqmaysan, deb qoʻrqitardi. Lekin foyda bermasdi. Savri xola uning gaplariga parvo qilmay, sababini bilmasa ham, piyoda ketaverardi. Mana, joniga jabr qilmay ellik yoshida Usmon aka olamdan oʻtib ketdi. Kasal boʻlgani yoʻq. Mayib boʻlgani yoʻq. Kechqurun shavla yeb oʻtirib — rahmatli shavlani yaxshi koʻrardi, — mudroq bosyapti, birpas mizgʻib olay, deb shunday tanchaning yoniga yonboshladi. Shu yotganicha turmay qoʻya qoldi. Rahmatli past boʻyli — Savri xolaning yelkasidan kelardi — jikkakkina, moʻmin-qobil odam edi. Shunchalik moʻmin ediki, koʻpincha uyda bor-yoʻqligi ham bilinmasdi. Bechoraning oʻlimi ham oʻziga oʻxshab bilinmay oʻtib ketdi. Savri xola koʻp qaygʻurmadi. Yurakda izi qolmaganidan keyin qiyin ekan. U hatto erining yuz-koʻzi qanday boʻlganini ham eslolmaydi. Lekin har hayitda mozorboshiga borib, qabrini ziyorat qilib keladi. Uyidan Minor anchagina olis, aylanma boʻlsa ham, piyoda boradi. Piyoda yurishga nima yetsin?! Koʻrmaganingni koʻrasan, bilmaganingni bilasan. Sotiboldi ishga kiritib qoʻyib, koʻchaga chiqadigan boʻldi-yu, dardi yengillashdi. Urushda bedarak ketganlar koʻp ekan, bitta uning oʻgʻli emas ekan. Aza ochib bekor qilibdi. Buni Sotiboldi ham aytdi. Qoʻying, boshi omon boʻlib kirib kelib qolsa, nima degan odam boʻlasiz, dedi. Quloq solmadi. Tilab olgan oʻgʻlining dardi boshqacha boʻlar ekan. Omon boʻlsa keladi, umri tugagan boʻlsa janozasiz yotmasin, dedi. Lekin oʻshanda toʻgʻri qilibdimi, yo notoʻgʻri qildimi, hali ham bilolmaydi. Koʻchaga chiqib, bittasi yigirma bir yil deganda kelganini eshitdi. Berdialining ketganiga qancha boʻpti? Endi oʻn yetti yil! Ajab emas kelib qolsa. Koʻpincha kechqurunlari bir kapgir osh qilib, chimchilab yeb oʻtirganda xayol qurgʻur ming yoqqa olib ketadi-yu, Berdiali ikkita qovunni qoʻltiqlab kirib kelayotganday boʻladi. Nega albatta qovun qoʻltiqlab keladi — Savri xola bilmaydi. Lekin bir narsa doim esida. Berdiali qayoqdan kelmasin, oʻqishidanmi, boshqa yoqdanmi, baribir, ishqilib bir narsa koʻtarib kelardi. Joʻnashidan bir kun oldin ham shunday qilgan edi. Xayoli urushda-yu, bir sumka shaftoli olib kelibdi. Shuning uchunmi, xayolidan Berdiali oʻtsa, qoʻlida qovun bilan oʻtadi. Qovun miyasiga oʻrnashib qolgan. Oʻtadi-yu, kulib turgan qiyofasi bir necha kun koʻz oldidan ketmay qoladi. U chiroyli kulardi. Bolaligidan shunday. Kulganda chap yuzida kulgich paydo boʻlardi. Hamma shu kulgichga ishqiboz edi. Birpas koʻchaga chiqdimi, chap yuzi qizarib qaytib kelardi. Qoʻni-qoʻshnilar oʻpaverishardi. Savri xolaning oʻzi ham uni holjoniga qoʻymasdi. Boʻlar-boʻlmasga kuldirib, oʻpaverardi. Joʻnayotgan kuni ham vok-zalda Savri xola uni shu kulgichidan oʻpgan edi.

Bu soʻnggi oʻpich uning xotirasidan sira chiqmaydi. Uni eslaganda, beixtiyor koʻzlari yoshlanadi. Buning ustiga yolgʻizligi qoʻshilib, bir dardi oʻn boʻladi.

Yaxshiyam Sotiboldi bor ekan. Aza tutgandan beri tinch qoʻymay, oxiri, ishxonasiga kiritib qoʻydi. Birinchi kuni oʻzi mashinada olib ketdi. Xiyobonni oʻshanda koʻrdi. Koʻrdi-yu, piyoda yurgisi, shu xiyobondan oʻtgisi, umrida koʻrmagan tanasi bir quloch-bir quloch keladigan daraxtlarni, husnini koʻz-koʻz qilib turgan xilma-xil gullarni tomosha qilgisi kelib qoldi. Qaytishda shunday qildi, xiyobonga yoʻl soldi. Mana, ikki oydan beri shu yoʻldan yuradi. Borishdayam, kelishdayam. Bunga piyoda yurishni yaxshi koʻrishidan tashqari, boshqa sabab ham bor. U shu yoʻldan yurib Sobirjon bilan tanishib qoldi. Sobirjon katta koʻchada yamoqchilik qiladi. Doʻkoni bor. Nop-nozanday yigitsan, nega yamoqchilik qilasan, boʻy-bastingga yarasha ish qilsang boʻlmaydimi, deb koʻpincha soʻramoqchi boʻladi Savri xola, lekin soʻray olmaydi, uyaladi. Innaykeyin, uning nima ishi bor? Har kimning oʻz ixtiyori, koʻngli tusagan ishni qilaveradi. Sirasini aytganda, Sobirjon qoʻli gul yigit. Kosiblik goʻyo uning uchun yaratilgan deysiz. Qorayib taram-taram boʻlib ketgan baquvvat qoʻllarida bigiz, igna oʻynab turadi. Uning xushmuomalaligini aytmaysizmi?! Har koʻrganida qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom beradi, hol-ahvol soʻraydi.
— Assalomu alaykum, xolajon, — deydi. — Yoʻl boʻlsin?
— Uyga bolam, uyga, — deydi Savri xola qadamini sekinlatib, keyin magʻrurlik bilan qoʻshib qoʻyadi. — Ishdan kelyapman.
— Charchagandirsiz boʻlmasa, — deydi Sobirjon ishini qoʻyib. — Birpas oʻtirib choy ichib keting. Selon choy. Yangi damlaganman.

Savri xola uydan koʻngli toʻq boʻlsa, rozi boʻladi. Uydan esa koʻpincha koʻngli toʻq. Ovqatga ancha bor. Hovli shipshiy-dam. Oʻtiradi. Sobirjon kichkina kursicha qoʻyib beradi. Ana shunda, ishda ozgina charchagani bilinadi. Lekin bir-ikki piyola achchiq tseylon choyidan ichib, tanasi yayraydi. Buni butun badaniga issiq tarqab, peshonasidagi uch-toʻrtta kalin chiziqlarning ostida, qirra burni uchida ter tomchilari paydo boʻlganidan biladi-da, turgisi kelmay qoladi. Shunaqa paytlari ba’zan oqshomgacha shu yerda qolib ketadi. Sobirjonning ishiga mahliyo boʻlib, gaplariga quloq solib oʻtiraveradi. Sobirjonda gap koʻp, tagʻin biram ma’nili. Dunyoda nima gap, podsholar nima qilishyapti, nima deyish-yapti. Amerika yana qanaqa nayrang qilmoqchi — hammasidan xabardor. Hammasini erinmasdan gapirib beradi. Juda gap topolmay qolsa, qoʻlidagi yamayotgan narsasidan ma’no chiqarib gapiradi.
— Manavi botinkaga qarang, — deydi. — koʻryapsizmi, tagi tuyaning koʻziday teshilib ketibdi. Poshnasi ham qolmagan. Egasi qanaqa odam, bilasizmi?

Savri xola boshini sarak-sarak qilib, yoʻq, deydi. Sobirjon gapida davom etadi:
— Bu odam oʻlgudek mehnatkash. Ish boʻlsa boʻldi unga. Yelib-yuguraveradi, oʻzini oʻylamaydi. Oyogʻiga tosh-posh botganda qarab qoʻyadi. Usti butun. Yana parvo qilmay ketaveradi. Yechib, tagini qarashga vaqti yoʻq.

Sobirjon unga tagdoʻzi qoqib, yon-verini yaxshilab tekislaydi-da, boshqa bir tuflini qoʻliga oladi.
— Bunga nima deysiz? — soʻraydi kampirdan, koʻzlarini ayyorona suzib.

Savri xola tuflining yamoq-yamoq boʻlib ketganini koʻrib:
— Bechora, juda kambagʻal boʻlsa kerak, — deydi.

Sobirjon jilmayadi. Anchagacha javob bermay tufliga qarab turadi-da:
— Yoʻq, xola, topmadingiz, — deydi. — Bunga qarang. Butun joyi qolmabdi, hammasi yamoq boʻlib ketibdi. Shundoq boʻlsayam yana yamatgani olib kelibdi. Endi, tozaligiga qarang. Gard yuqmagan-a! Kim shunaqa kiyadi? oʻlgudek ziqna, xasis odam shunaqa kiyadi. Oʻziniyam oʻn yil kiygan boʻlsa kerak. Kambagʻal shunaqa kiyadimi?! Uniki yozgayam, qishgayam, loygayam, suvgayam bitta. Xudo poshsho, deb kiyaveradi. Sob boʻlguncha kiyadi. Yamatmaydi. Yamatgani orsa yoq yalang Qoladi. Shuning uchun kiyaveradi. Sob boʻlganda, tashlab, yangisini oladi. Toʻgʻri emasmi?

Savri xola toʻgʻri, deganday bosh qimirlatadi. «Shuncha aqling bilan bitta katta idorani tebratishing mumkin, bu yerdanima qilib oʻtiribsan», demoqchi ham boʻladi-yu, demaydi. Oʻgʻlini eslab ketadi. «Shundoq oʻtirsa ham katta davlat edi», deydi ichida va tomogʻiga nimadir kelib tiqiladi. Yana birpas oʻtirsa koʻzi yoshga toʻlishini bilib:
— Umring uzoq boʻlsin, bolam, — deb fotiha oʻqiydi-da, oʻrnidan turadi. — Qoʻling dard koʻrmasin!
— Rahmat, xola, — deydi Sobirjon. — Yaxshi boring.

Savri xola yoʻl-yoʻlakay oʻzini tutib oladi. Juda xayolga berilib ketsa, uyga kelib, darrov ovqatga unnaydi. Ba’zan bu ham foyda bermaydi, yosh quyilib kelaveradi. Shunda quruq choyni qult-qult yutib, tong otishini kutadi. Xoʻroz qichqirganda koʻngli ancha joyiga tushadi. Ishxonada, keyin Sobirjonning oldida ovunishini biladi. Lekin uch kundan beri doʻkon berk. Sobirjon yoʻq. Birinchi kuni uncha parvo qilmadi. Shunday boʻlsa ham doʻkon berkligini koʻrib yuragi uvushib ketdi. Birpas, kelib qolar, degan xayol bilan kutdi. Yoʻq, kelmadi. Ikkinchi kuni ham shunday boʻldi. Sobirjonga juda oʻrganib qolgan ekan. Zarur narsasini yoʻqotib qoʻygan odamdek karaxt boʻlib uyiga qaytdi. Ovqat tatimadi. Kechasi bilan ham uxlolmay chiqdi. Nima boʻldiy-kin? U yoq-bu yoqqa ketib qoldimikin? Unday boʻlsa aytardi. Innaykeyin, qayoqqa boradi? Hech kimi yoʻq. Nima boʻldiykin?

Savri xola bitta-bitta yurib borardi, shoshmasdi. Shoshib nima qiladi? Uyda bolalari kutyaptimi yo bironta ishi chala qolganmi? Hamma ishi joyida. Innaykeyin, hali kun erta. Oftob endi tikkaga kelibdi. Univermagga ham kirib chiqsa boʻladi. Bugun oylik oldi. Arzimagan ishgayam ancha pul berisharkan. Ilgari pensiyaning tiyini ham hisoblik edi. Endi bunaqa emas. Univermagga kirib chiqsa boʻladi. Bitta mahsi olish kerak. Qish ham kelib qoldi.

Savri xola shu xayollar bilan oʻzini chalgʻitishga urindi. Lekin, baribir, fikr-zikri Sobirjonda edi. Oxiri charchadi shekilli, oʻziga ixtiyor berib yubordi. Qadamlari birdan tezlashdi. Univermag qolib ketdi. Katta koʻchaga chiqib, teatrga yetganda esa qadamlari battar tezlashdi. U endi butun vujudi bilan oldinga intilardi. Koʻzlari yoʻlda edi, lekin hech narsani koʻrmasdi. Lablari nimalarnidir shivirlar, lekin nimaligini oʻzi bilmasdi.

Yoʻlovchilar ham hayron edi. Qora duxoba nimchasining tugmachalarini yechib, qoʻllarini qattiq-qattiq siltaganicha, yoʻlkaning oʻrtasidan hech kimga parvo qilmay ketayotgan bu kumush soch kampirni koʻrib, ba’zilar toʻxtab orqasidan qarab qolishardi. Oldindagilar esa xuddi askar etigining temir nagʻalidek asfaltga tapillab tushayotgan ovozni eshitib orqalariga oʻgirilishar va keksa ayolning zarb bilan kelayotganini koʻrib, shoshganlaricha yoʻl berishardi.

Koʻp oʻtmay olisdan Sobirjonning doʻkoni koʻrindi. Savri xola toʻxtadi. U hansirardi. Nimchasini yechib qoʻliga oldi. Shu bilan dam olgan boʻldi-da, yana jadal yurib ketdi. Shuncha harakat qilsa ham doʻkonning ochiq-yopiqligini bilolmadi, qadamini yana tezlashtirdi. Bir chaqirimcha yurib, doʻkonga yetdi. U ochiq edi. Kampir ovozining boricha:
— Sobirjon! — deb yubordi. Derazadan kimdir moʻraladi.
— Labbay, xola?!

Savri xola uni koʻrdi-yu boʻshashib ketdi. Bu — Sobirjon emas edi:
— Sobirjon qani? — soʻradi u bor kuchini yigʻib. Lekin ovozi chiqmadi.
— Labbay? — doʻkon eshigi ochildi, ichkarida shop moʻylov bir kishi oʻtirardi.
— Keling, kampir, — dedi u va kursiga ishora qildi. — Oʻtiring.

Savri xola xuddi shuni kutib turganday shilq etib kursiga oʻtirdi. Uning butun madori qurigan, rangida rang qolmagan edi.
— Sobirjon qani? — soʻradi u bir oz oʻzini bosib olgach.
— Sobirjonmi? — dedi shop moʻylov kishi. U kampirga parvo qilmasdan, qoʻlidagi etikka nagʻal qoqish bilan band edi. — Sobirjonning tobi yoʻq. Yotibdi.
— Nima qildi? — shoshib soʻradi Savri xola. — Qaerda?
— Uyda, — etiqtsan koʻzini uzmay javob berdi shop moʻylov kishi. — Uyida yotibdi. Nima qilganini bilmayman. Oʻrniga borib tur, deyishdi, keldim.

Savri xola sekin turdi. Butun badani qaqshardi. Oyoqlari zoʻrgʻa qimirlardi.
— Ha, kampir, oʻtiribsiz-da, — dedi yamoqchi. — Sobirjonda nima ishingiz bor edi? Men qilib beray?!

Savri xola indamadi. Bitta-bitta qadam bosib uyi tomon yurib ketdi. U shoshmasdi. Qoʻlida nimchasi sudralib borardi. Nima qiladi shoshib? Uyida nima, bolalari bormi yigʻlaydigan? Yoʻq. Bolalarni Xudo unga koʻp koʻrgan. Shoshib nima qiladi? Kun ham hali kech emas. Endi qiyom boʻlibdi. Ana, muzdek shabada esa boshladi. Havo sovidi. Terlagani uchunmi, Savri xola buni darrov sezdi. Nimchasini kiyib oldi. Oftob koʻp yaxshi narsada. Qurt-qumursqayam, jonivor ham, odam ham oftobga intiladi. Usiz nima boʻlardi?

Savri xola uyiga kelib, ayvonga choʻkkaladi. Ancha oʻtirdi. Keyin samovarga ozgina suv solib, oʻt yokdi. Seylon choy ichgisi keldi. Sobirjon bir pachkasini qoʻyarda-qoʻymay berib yuborgan edi. Tahorat olib, yuz-qoʻlini yuvguncha samovar qaynab chiqdi. Achchiq qilib damladi. Shu tob bir narsa esiga tushib qoldi. Nimchasi ustidan apil-tapil kamzul kiydi-da, eshikka otildi. Toʻgʻri doʻkonga keldi. Doʻkon berk edi. Kampir oʻylanib qoldi. U nima qilishini bilmasdi. Keyin nimadir esiga tushib, doʻkon orqasidagi uch qavatli binoning hovlisiga kirdi. Hovlida yoʻl-yoʻl kamzul-shim kiygan, qoʻqon doʻppili bir kishi gʻildirak simini toʻgʻrilayotgan bolaning tepasida tomosha qilib turardi.
— Aylanay, — dedi Savri xola unga roʻpara kelib. — Sobirjonning uyini bilmaysizmi?
— Sobirjon? — soʻradi qoʻqon doʻppili kishi. — Qaysi Sobirjon?
— Yamoqchi yigit.
— Tanimayman, — dedi u, gap tamom, deganday yana bolaga qarab. — Yamoqchiga ishim tushmagan.
— Men bilaman, — dedi bola shu payt oʻrnidan turib. — Bir marta xaltalarini koʻtarishib olib borganman. Koʻrsatib qoʻyaymi?
— Boʻyingga qoqay! — Savri xola sevinib ketdi.
— Mayli, — dedi bola burnini shoʻlq etib tortib. — Faqat mashinada boramiz.
— Mashinada? Qanaqa mashinada?
— Mana koʻrmayapsizmi! — dedi bola gʻildirak bilan simini koʻrsatib. — Men oldinda ketaman. Orqamdan siz yurasiz. Qoʻrqmang, oldinga ketib qolsam, qaytib kelaman. Maylimi?
— Mayli, bolam, mayli, — dedi Savri xola.

Shunday qilib, u umrida ikkinchi marta mashinaga «tushdi». Lekin bu gal e’tiroz bildirmay tushdi. Bola gʻildiragini gʻildiratib hovlidan chiqdi.

— Bip, bip, ketdik! Yuring!

Sobirjonning uyi olis emas ekan. Birpasda yetishdi.
— Mana, — dedi bola kichkina qizil eshikni koʻrsatib, — shu yerda turadilar. Kiravering. Men ketdim. Bip, bip!
— Boʻyingga qoqay, oying rohatingni koʻrsin!

Savri xola ichkariga kirdi. Torgina hovlida hech kim yoʻq edi. Toʻrda eshik koʻrindi. Shu yoqqa yurdi. Yuragi dukillab ura boshladi. Eshikka yaqinlashib, sekin taqillatdi.
— Kim? Kiravering!

Bu Sobirjon edi. Kampir ovozidan darrov tanidi. Tanidi-yu, entikib ketdi. Eshikni ochib, ichkariga kirdi.

Sobirjon eshikka qaraganicha, karavotda yonboshlab yotardi.
— Ie! Xola! Keling! — dedi qaddini rostlab, lekin turmadi.
— Keldim, — dedi Savri xola. U oʻzini endi ancha bosib olgan edi. — Nima qildi, bolam? Tuzukmisan?
— Eski yaram qoʻzidi, — dedi Sobirjon.
— Qanaqa yara?
— Oyogʻim...
— Oyogʻingga nima qilgan, bolam? — xavotirlanib soʻradi Savri xola karavotga yaqinlashib.
— Oyogʻimgami? — dedi Sobirjon oʻylanib. — Oyogʻim... oyogʻim yoʻq.
— A?! — Savri xola qotib qoldi.

Sobirjon ham jim edi. U nimadandir uyalib, koʻzlarini yumib olgan edi. Bir mahal u jilmaydi, koʻzlarini ochib, Savri xolaga qaradi. Kampirning yuz-koʻzi yosh edi.
— Qoʻying, yigʻlamang, foydasi yoʻq. Urushning oqibati bu. Yigʻlamang. Yaxshisi, ishingizdan gapiring, Qalay, xursandmisiz.

Savri xola javob bermadi. U Sobirjonning oyoq tomonidagi yupqa koʻrpani changallaganicha qotib qolgan edi. Birdan u qattiq yutindi, serajin yuzi tortilib, yosh boladek hoʻngrab yigʻlab yubordi.
— Bolam, bolajonim! Oti qursin urushning, oti qursin! — derdi yigʻi aralash.

Shu kuni Savri xola allamahalgacha Sobirjonnikida qolib ketdi. Koʻchaga chiqqanida qosh qorayib qolgan edi. Uyi tomon borar ekan, u shoshilardi. Nega shoshilmasin? Butun ishlari chala. Sobirjonga issiq ovqat qilmasa boʻladimi? oʻziga oʻxshab u ham oshni yaxshi koʻrar ekan. Yoʻl-yoʻlakay Sotiboldinikiga kirishi kerak hali. Koʻrpa-yostigʻini, kampir narsa, olib kela olarmidi? Innaykeyin, kuni biram yaxshi! Ertalabki yuzni achitadigan muzdek shabada yoʻq.

Jonning rohati, kuz havosi koʻp qiziq-da. Aynab qolmasin tagʻin? Shoshish kerak.

1962