OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiMening oʻgʻilbola jiyanim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm46KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mening oʻgʻilbola jiyanim (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Uni birinchi marta sakkiz yilcha burun koʻrdim. Hali chilla kirmagan yoz kunlarining biri edi. Nonushtadan soʻng odatim boʻyicha oʻz xonamga oʻtib, yozuv stoli yoniga endi oʻtiray, deb turganimda, temir darvozamizni kimdir taqillatib qoldi.
— Hozir! — hovliga tushib ovoz berdim.

Ammo taqillatayotgan odam eshitmadi shekilli, darvoza momoqaldiroqdek gumburlab ketdi.
— Hozir, hozir! — qichqirdim yana ovozim boricha va shoshib koʻcha tomon yurdim.

Darvoza eshigini ochgunimcha ming xil xayol miyamni gʻalvir qilib yubordi. Ammo Xudoga shukurki, tinchlik edi. Roʻparamda qargʻa nusxa atlas koʻylak kiygan, qalin qora sochlari ikkita qilib oʻrilgan, qip-qizil kulcha yuz bir qiz iljayib turardi. Uning oppoq, tekis tishlari, dumaloq qora koʻzlari — kimnidir eslatdi, ammo bilolmadim. Qiz bir qoʻliga semiz brezent chemodan, ikkinchi qoʻliga usti sargʻish doka bilan tangʻib qoʻyilgan katta oq chelak koʻtarib olgandi.
— Mani tanimadingiz-a, togʻa? — Qiz ogʻzini katta ochib jilmaydi. Oppoq tishlari yaraqlab ketdi. Kim boʻldi ekan? Qaysi jiyanim boʻldi u? Ammo u oʻylagani qoʻymadi, oʻzi javob berib qoʻyaqoldi. — Man Parkatli Muqaddam opayizzi qizi boʻlaman. Oʻgʻiloy. Assalomu alaykum!

Uni tanib, alik olib ulgurmasimdan qoʻlidagi yuklarini qoʻyib yelkalarimni quchoqladi, ikkala yuzimdan choʻlpillatib oʻpdi. Shunda uni tanidim. Toʻgʻrirogʻi, onasini tanidim. Muqaddam opa mendan besh-olti yosh katta edi, bolaligimizda yonma-yon hovlida oʻsgan edik. U oyimning tugʻishgan akasi, rahmatli Gʻani togʻamning qizi edi. Oʻzidan kichiklarni, shu jumladan meni uzoq koʻrmasa, yo mehri qoʻzib ketsa, shunday quchoqlab, choʻlpillatib oʻpardi. Dilim yorishib, xursand boʻlib ketdim.
— Uydagilar, oying qalay? — mehr bilan unga yangidan tikildim.
— Salom deb yubordilar! — Oʻgʻiloy birdan engashib, oyogʻidagi baland poshna qora tuflisini yecha boshladi va pastdan koʻzlarini menga tikib jilmaydi.
— Ezvordi oyogʻimni!.. Uyga kirovuzmi?
— Aytgandek... yur, yur! — yoʻlni boʻshatib oʻzimni chetga oldim. — Yordamlashavoraymi?
— Oʻzim!..

Oʻgʻiloy tuflisini qoʻltigʻiga qistirib, chemodan bilan chelakni koʻllariga oldida, ichkariga kirdi.

Ayvonga koʻtarilganimizda, u chemodanni qoldirib, chelakni oshxonaga olib borib qoʻydi.
— Qatiq, — dedi qaytib chiqqanida. — Atayin sizga atab solganman kecha. Shu yerda oʻtiravuzmi?

U ayvondagi stol, stullarga razm solib chiqdi-da, bitta stulni surib oʻtirdi. Men ham roʻparasiga oʻtirdim.
— Qani omin! — u qoʻllarini yozib baland koʻtardi. — Qadam yetdi balo yetmasin! Ollohu akbar!

Beixtiyor unga qoʻshilib, qoʻllarimni yuzimga tortdim. Choy qoʻymoqchi boʻlib oʻrnimdan turmoqchi edim, u toʻxtatdi.
— Man oʻzim!

U chemodanini ochib, ichidan toʻrtta qip-qizil barkashdek-barkashdek non oldi.
— Ertalab yopganmiz. Shunaqa nonni yaxshi koʻrarkansiz. Oyim aytdilar.

U nonlarni stolga qoʻyib oshxonaga oʻtdi. Choy qoʻyib chiqib yana chemodaniga engashdi.
— Qurt ham olib kelganman. Yogʻlik. Qoʻyning sutidan.

U bir tsellofan xalta kurt olib oshxonaga oʻtdi-da, taqsimchaga toʻldirib solib chiqdi.
— Oling.

Men unga mahliyo boʻlib qolgan edim. Uning harakatlari, ovozi onasining yoshligini koʻz oldimga keltirdi. «Muqatopa»ni bolaligimdan yaxshi koʻrardim, qarindoshlarim ichida faqat u bilan koʻproq oʻynagim, uning yonida koʻproq boʻlgim kelardi. Qizlar tez oʻsadi. U ham bir pasda katta boʻlib qoldi. Uzatishib, Parkentga joʻnatishayotganida uydan qochib ketganim esimda. Yarim kechagacha jimjit koʻchalarda aylanib yigʻlaganman.

Uning eri Oʻrozbek pochchamiz moʻmin, qobil, mehnatkash, buning ustiga mehr-oqibatli odam chiqdi. Hozirgi men turgan uyni koʻtarishda uning ancha mehnati singgan. Er-xotinning bir-birlaridan, umuman turmushlaridan koʻngillari toʻq boʻlsa ham bitta orzulari ushalmay qoldi. Oʻgʻil koʻrishmadi. Muqaddam opa ketma-ket ikkita qiz koʻrdi. Ikkalovi ham bola-chaqali boʻlib ketishgan. Parkentda turishadi. Uchinchi farzandlarini folbin oʻgʻil boʻladi deb ishontirgan. Ammo u ham qiz tugʻildi. Oʻgʻil boʻlmasa ham oʻgʻildek boʻlsin deb otini Oʻgʻiloy qoʻyishdi. Uni koʻrmagan edim, koʻrgan boʻlsam ham e’tibor bermagan edim. U tengi bolalar urugʻimizda koʻp edi. Xushbichim, baland boʻy, katta qiz boʻlib ketibdi.

... Oʻgʻiloy baquvvat qoʻllari bilan non sindirar ekan, qarab turganimni oʻzicha tushundi.
— Oyim juda yaxshi non yopadilar!..
— Oyingning qoʻli gul, — qoʻshildim unga bir burda nonni ogʻzimga solar ekanman. Ammo koʻzim uning chaqqon harakatlarida xuddi shu non rangidek yuzida, tiniq, toza nigohida edi.
— Men endi sizlarnikida turaman, — dedi u oʻziga ham choy quyib oʻtirar ekan.

Uyda joy yetarli boʻlsa ham hayron boʻlib unga qaradim.
— Oʻqishga kiraman. Oyim ja boʻlmasa san oʻqi, devottila.
— Toʻgʻri aytibdi oying. Qayoqqa kirmoqchisan?
— Qayoqqa olib kirib qoʻysangiz, shuyoqqa!

Choy xoʻplab turgan edim, qalqib ketdim.
— Qayoqqa olib kirib qoʻyasiz, togʻa? — soʻradi oʻylatgani qoʻymay. Haqiqatan uni qayoqqa joylayman endi? Joylay olarmikanman oʻzi? Hech bunday ishlar bilan shugʻullanmagan edim. Qayoqdan kelaqoldi bu tashvish?
— Kennoying kelsin, maslahat qilarmiz...

Mujmal javob qilganimni, ruhim tushib ketganini koʻrib, u kulib qoʻydi. Sezdim. Keyin meni ayadi shekilli, jiddiylashib institut masalasiga oʻzi chek qoʻydi.
— Hisob-kitobga tuzukman, matematikadan bitiruv imtihonini hammadan oldin yozib chiqdim. Besh oldim. Narxozga kirsam deb turibman. Tanishlaringiz boʻlsa yordam berarsiz. Kirolmasam, qaytib ketaman, ishlayman.

Yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi.
— Yotoqni oʻylama. Uyda joy koʻp. Turaverasan. Kennoying ham xursand boʻladi, — dedim anchagina oʻzimga kelib. — Tanishlarni boʻlsa... qidiramiz. Birorta tanishning tanishi chiqib qolar.

Institutga joylab qoʻyishdek murakkab javobgarlikdan meni xalos qilgani uchun gʻoyibdan paydo boʻlgan va birpasda uyni oʻziniki qilib olgan jiyanimdan oʻzimda yoʻq xursand boʻlib ketdim va iloji boricha unga yordam berishga ahd qildim.

Peshinga yaqin xotinim ishdan qaytdi. Oʻgʻiloy sodda, bagʻri keng kelinoyisining ichiga kirib ketdi. Qatiq suzib olib keldi, choy qoʻydi. Koʻp oʻtmay hovlidagi oʻchoq boshidan piyoz dogʻining hidi kela boshladi.

Kechqurun yotayotganimizda xotinim mendan ham ziyod quvonib, uni maqtadi.
— Jiyaningiz xoʻp ajoyib qiz ekan. Men ham unnay, kiritib qoʻyaylik institutga. Keyin yotoqxona qilib nima qiladi? Biznikida turaversin.

Oʻgʻiloy uyimizda tugʻilib oʻsgan odamdek boʻlib ketdi. Ertalab hammadan oldin turib, hovliga qaraydi. Choy qoʻyadi. Oʻchoq boshida gʻimirlab, qatlamami, quymoqmi, uyda nima boʻlsa, shundan biror narsa pishirib keladi. Keyin shaharga ketadi. Tushga yaqin qaytib, bir-ikki soat uyda boʻladi. Unga kutubxonani ajratib bergan edik. Sezdim, kitobga uncha xushi yoʻq, lekin menga yaxshi koʻrinish uchun bironta kitobni koʻtarib, mening xonamga kirardi. Bir pas xonaga, mening moshinkada ishlashimga razm solib oʻtirardi. Keyin yana shaharga ketardi. Shomga yaqin qaytardi. Katta qiz, qayoqlarda yurganini men ham, kelinoyisi ham surishtirmadik. Men bilan koʻproq erkinlik, xotin-qizlar ozodligi, muhabbat, vafo haqida gaplashishni, shu mavzularda meni gapirtirishni yaxshi koʻrardi. Qanday siri, maqsadi borligini bilmay, men uning savollariga toʻgʻri, oʻzim oʻylagandek, bilgandek javob berardim, u xursand boʻlib ba’zida peshonamdan choʻlpillatib oʻpib chiqib ketardi. Keyinchalik, oradan chamasi ikki oy oʻtgach, bu suhbatlarni, savollarning asl sababini bildim. Shayton qizning ichida qurt bor ekan, sezmagan ekanman.
— Togʻa, kennoyimga qanday uylangansiz? — deb soʻrab qoldi bir kuni.

Bor gapni aytib berdim. Birga oʻqiganmiz universitetda, bitta fakultetda, bitta boʻlimda. Birinchi kursdayoq bir-birimizga yoqib qolganmiz. Oʻqishni bitirgach, toʻy qilganmiz, dedim.

Oʻgʻiloy jim, gapimni boʻlmay eshitdi. Tamom qilganimdan keyin soʻradi:
— Shundoq koʻrgansiz-u, birinchi marta, yaxshi koʻrib qolganmisiz? Yo sekin-sekin, oʻrganib yaxshi koʻrganmisiz?
— Buni bilmadim, — rostini aytdim. — Har holda Sharifa boshqa qizlarga qaraganda koʻproq yoqardi. Birinchi koʻrganimdayoq unga mehrim tushgan edi.
— Kennoyim-chi?
— Buni oʻzidan soʻra. Toʻxta, senga buning nima keragi bor? Nega qiziqib qolding?

U oppoq tishlarini tizib jilmaydi.
— Kitoblarda boshizdan oʻtgan narsalarni yozganmisiz, yo ichizdan chiqarib yozganmisiz, shuni bilmoqchiydim.
— Kitobda hammasidan bor. Rosti ham, yolgʻoni ham. Boʻlgani ham, toʻqigani ham. Sen bu gaplarni qoʻyib, imtihonlaringga tayyorlan. Dars qilganingni koʻrmayman.

Kap-katta odam, tagʻin qarindosh boʻlgan qiz bola bilan sevgi haqida gaplashib oʻtirganimdan andishaga borib, uni oʻzimcha urishgan boʻldim. Oʻgʻiloy e’tibor bermadi, jilmayganicha oʻtirdi. Ammo anglab qoldim, u menga qarab turgan boʻlsa ham meni koʻrmasdi, gaplarimni eshitmasdi. Xayoli qandaydir oʻzigagina ma’lum boʻlgan boshqa bir olamda edi. Oʻshanda agar u nimalarni oʻylayotganini, meni nega sevgi mavzularida imtihon qilayotganini bilganimda, qaerlarda kimlar bilan yurganini hech boʻlmasa faraz qilganimda, kim biladi, uning hayoti hozirgidek emas, boshqacha, tinchroq, quvonchliroq boʻlarmidi?! Nima deyish mumkin? Taqdir, xalq ta’biri bilan aytganda, peshonaga yozilgani boʻladi.

Oʻgʻiloy tanish-bilish topilgani, ularning bergan va’dalariga qaramay, oʻqishga kirolmadi. Ammo xunob boʻlganini sezmadim. Shundan keyin ikki kun ham oʻtgani yoʻq, nima ish bilandir koʻchaga chiqib qaytsam ayvondagi televizor ustida toʻrt buklorlik bir xat turibdi. Ochib oʻqidim. Xat Oʻgʻiloydan edi.

«Togʻa! Bugun kechqurun, umuman bundan keyin kelmasam, xavotirlanmang. Oʻqishga kirolmaganimdan uncha xafa emasman. Bitta men emas, meni sevgan yigit, Botirali ham kirolmadi. Uni atayin yiqitishdi. Chunki uning hech kimi yoʻq. Yokim berishga puli ham yoʻq. Men u bilan uning yurtiga ketayapman. Men ham uni sevaman. Birinchi koʻrganimdayoq sevib qolganman. U ham shunday ikkalamiz uning shahridagi institutga harakat qilib koʻramiz. Hali vaqt bor ekan. Ularnikida turaman. Toʻgʻrirogʻi, kelin boʻlib tushaman. Ota-onasi rozi, bizni kutishyapti. Qarang, shunday odamlar bor ekan! Men oyimdan xafa emasman. Dadamlardan ham. Chunki oyim nima desalar, shu boʻladi. Uyning kattasi oyim. Hayronman, nega Botiralini chiqishtirmadilar? Uch-toʻrt marta uyga olib borganman, turli bahonalar bilan.

Bu albatta shunchaki, yoʻliga. Aslida ammamning kichik oʻgʻli u kishiga yoqadi. Doʻkonchi. Men boʻlsam undan jirkanaman. Ingichka moʻylovi, yashil shalvari, kalta charm kamzulini koʻrishim bilan koʻnglim ayniydi. Unda ket, dedilar oyim. Hamma gap alamda. Eshitganman, dadamlarga oʻz xohishlari bilan tegmaganlar. Meni ham oʻzlaridek qilmoqchilar. Yoʻq, qilolmaydilar. Siznikida turganimni bilardilar. Bir marta ham kelmadilar. Dadamlarni ham yubormadilar. Kelinoyimdan uyalib ketdim. Togʻa, ajoyib xotiningiz bor ekan. Men ham Botiralini kaftimda koʻtarib yuraman. Meni qidirmanglar. Ozgina vaqt oʻtsin, yilmi, ikki yilmi, oʻzim chaqalogʻimni koʻtarib, Botiralini oldimga solib uyingizga kirib boraman. Sizga, kelinoyimga yoqqan qatlamalardan qilib beraman. Uyimdagilar kelib qolishsa mabodo, hammasini aytib beravering. Xatimni koʻrsatsangiz ham mayli. Nahotki oyim u kishining farzandi ekanimni tushunmasalar? Bir ogʻiz gaplari. Ket, dedilar. Indamay ketdim. Lekin qaytaman. Ulardan hech qachon voz kechmayman. Faqat oʻz niyatimga yetib qaytaman. Botirali bilan ikkalamiz bir-birimizni bir koʻrishdayoq sevib qoldik, dedim. Gapim rost. Kurashdan oblastlararo musobaqa ketayotgan edi. Botirali bizning maktabdan chiqqanlarning hammasini yiqitdi. Toʻrtta yigit chiqishuvdi. Oʻshanda koʻzimga olovday koʻrinib ketdi. Kim bor yana? — deb soʻraganda, men oʻrtaga chiqdim. Uncha-muncha kurash tushib yuraman. Shim, toʻn kiyib borgan edim. Belimni qiyiq bilan mahkam bogʻladim. Maktabdagilar meni yaxshi bilishadi. Aytganimni qilaman. Qaytarishmadi. Fizkultura oʻqituvchimiz ham indamadi, faqat yonimga kelib, sekin, oʻzingni urintirma, har holda qiz bolasan, dedi. Botirali boʻlsa bir chekkada iljayib, menga qarab turibdi. Ikki qoʻli belida. Shu qarashini bir koʻrsangiz edi! Goʻyo u kishi sher-u, bizlar oyoqlari ostida oʻrmalab yurgan qumursqa! Kurash tushayotganda boʻsh joyini bilib olganman. Yerdan dast koʻtarib olish kerak uni. Raqibi koʻtarib olaman deganda, butun ogʻirligini tizzalariga solib, choʻkkalaydi. Shu bilan qutilib qoladi. Jussasiga qarab koʻtarib olishimga koʻzim yetdi. Maydonga tushganimda anchagacha u mendan tisarilib yurdi. Belimdan olgani uyaldi. Tirsaklarimdan ushlashga intiladi, qiyiqqa tegmaydi. Maydonni ikki-uch aylanib chiqdik. Uning lanjlik qilayotganini koʻrib, odamlar mazax qilaboshlashdi. Ayniqsa bizning maktabdagilar «Ol, Oʻgʻilpolvon! Belidan ol!» — deb meni gij-gijlatisha boshlashdi. Gij-gijlatishmasa ham qarorim qat'iy edi. Ammo Botirali tutqich bermay, tirsaklarimdan itaradi, oʻziga yaqinlashtirmaydi. Maydonni yangitdan aylanayotganimizda hiyla ishlatdim. Kulib turgan koʻzlariga kulib qaradim-da:
— Burningizni artib oling, yaxshi yigit! — dedim.

U shoshib qoʻllarimni koʻyib yubordi. Shu tobda mahkam unga yopishdim, dast koʻtarib, yerga tashladim. Qiyqiriq boʻlib ketdi.

Men esa qipqizarib oʻrnidan turayotgan Botiraliga engashib shivirladim:
— Kechiring, polvon!

Oʻsha kuni kechqurun bir qiz kelib meni koʻchaga chiqishimni soʻradi. Chiqdim. Eshik oldida Botirali turardi. Allaqanday boʻlib ketdim. Uning ham meni yaxshi koʻrib qolgani shunday koʻzlariga yozikliq edi.

Ana, togʻa, endi hamma narsani bilasiz. Buguk kechqurun poezdda joʻnaymiz. Koʻrishguncha xayr...

Hurmat bilan jiyaningiz Oʻgʻiloy».

Uning bir qaynovi ichida boʻlgan odamligini bilib qolganimga qaramay, hayratga tushdim. Qilib qoʻygan ishiga bir tomondan qoyil qoldim, jasoratiga tahsin oʻqidim. Ikkinchi tomondan ota-onasiga rahmim keldi. Har holda oʻzbekchilik, qizi qochib ketibdi, degan gap tarqaydi. Oʻgʻiloyning oʻziga ham achindim. Bechora qiz oʻz baxtini shunday qiyinchilik, sargardonchilik bilan koʻryapti. Kuyov bolaning ota-onasi ming yaxshi odam boʻlsin, unga tepadan, mensimayroq qarashi mumkin. Har holda rozi-rizolik bilan savlat bilan kelgan kelinning oʻrni boshqa boʻladi.

Shu xayollar bilan qorongʻiga qolmay Parkentga qarab yoʻl oldim.

Muqaddam opam xatni oʻqib boʻlib, undan koʻzini uzmay oʻtirgan pochchamga uloqtirdi-da, oʻrnidan turib mushtini mushtiga urib ketdi:
— U-u yashshamagur!! U-u chayon! U-u oʻliging lahatta chirigur! Nima qilib qoʻyding?! Nima qilib qoʻyding?! Endi qanday bosh koʻtarib yuraman? Odamlarga endi nima deyman?!

Indamay oʻtiraverdim. Xatni oʻqitmasdan ilojim yoʻq edi. Haqiqatni bilsin, oʻzi haqidagi gaplarni eshitsin, oʻjarlik, qattiqqoʻllik nimaga olib kelishini koʻrsin.
— Muncha ezmalanasiz? — Oʻshqirdi birdan Muqaddam opa eriga. — Yo oʻgʻil bola qizizzi xatiga koʻz oʻtmayaptimi?

Beixtiyor pochchamga qaradim. Uning parvoyi falak edi. Aftidan xotinining gaplarini u eshitmasdi. Koʻzlari xatda yoʻrgʻalar, xuddi Oʻgʻiloyning lablaridek semiz lablari dam ochilib, dam yopilardi.

Nihoyat u oʻqib boʻldi. Menga qarab boshini bir qimirlatib qoʻydi. Sezdim, qizining qilmishidan u xafa emas edi.
— Ayb oʻzingda, Muqat, — u xatni ehtiyotlik bilan taxlab xontaxta ustiga qoʻydi. — Oʻziga ixtiyor ber, dedim... Quloq osmading. Axir u oʻzing-ku, nahot tushunmasang...

Muqaddam opa burnini jiyirdi.
— Melisaga aytaman, oyogʻini yerga tegizmay olib kelib beradi.
— Melisani boshqa qiladigan ishi yoʻq, sani poylab oʻtiribdi.
— Nima, butun boshli odam yoʻqoladi-yu, melisa indamay oʻtiraveradimi?
— Qizing yoʻqolgani yoʻq. Oʻzi oʻz ixtiyori bilan er qilib ketdi.
— Er qilmay oʻlsin! Endi oʻz sakkizga kirdiyu, erga balo bormi?!
— Oʻzing necha yoshda eding, menga tekkanda?
— Boʻldi! Ensamni qotirmang!

Muqaddam opa erini jerkib bergan boʻlsa ham biroz hovridan tushdi.

Men pochchamni quvvatladim. Hech qayoqqa borishga, umuman, toʻpolon qilishga hojat yoʻqligini aytdim. Eng muhimi, oʻsha yigit, Botirali bilan Oʻgʻiloy baxtlarini topib ketishsin, bola-chaqali boʻlishsin.

Muqaddam opaning ichini it timdalayotgan boʻlsa ham rozi boʻlishdan, alamini ichiga yutishdan boshqa iloji yoʻq edi...

Oʻgʻiloy aytganini qildi. Oradan chamasi ikki yilcha oʻtganda chaqalogʻini koʻtarib eri bilan biznikiga kirib keldi.
— Toʻgʻri shu yoqqa kelyapmiz. Parkatga oʻzingiz olib borasiz, — dedi choʻpillatib yuzimdan oʻpar ekan.

Uning quvnoq chehrasini, ochilib ketgan rangi-roʻyini koʻrib, xursand boʻldim. Kuyov. bolani oʻz oʻgʻlimdek bagʻrimga bosib koʻrishdim. Oʻxshatmaguncha uchratmas, deydi xalq. Botirali Oʻgʻiloydek baland boʻy, yelkador yigit edi. Qosh-koʻzining qoraligi bilan ham oʻxshab ketardi.

Ertasiga er-xotinni oʻgʻilchalari bilan Parkentga olib ketdim. Yetib borishimiz bilan toʻy boʻlib ketdi. Ketma-ket qozonlar osildi. Muqaddam opa qizini urishish qayoqda, oʻtqazgani joy topolmay qoldi. Botiralining ham xurmatini keltirib, yelkasiga bosh-oyoq sarpo tashladi. Zar toʻn, koverkot kostyum-shim, qora xirom tufli... Chaqaloq boʻlsa qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi.

Xullas ginalar unutildi, hamma narsa joy-joyiga tushdi.

Botirali Namanganda ham oʻqishga kirmabdi. Kechikdingiz, deyishibdi. Oʻgʻiloy boʻlsa harakat ham qilmabdi. Ammo ikkovi ham turmushlaridan xursand edi. Botirali duradgor otasining yoʻlini olibdi. Topishi yaxshi. Endigi niyati moshina olish emish. Uning ham yarim puli yigʻib qoʻyilganmish. Botirali shu gaplarni kattalardek salmoqlanib gapirayotganida Oʻgʻiloy mehr toʻla koʻzlarini undan uzmasdi. Qizining rangi-boshi, kiyimidan, qudalari joʻnatgan sovgʻa-salomlardan Muqaddam opa ham bir qop semirib ketgan, boshi osmonda edi. Onaga yana nima kerak?

Shu voqeadan keyin bir yilcha men ularni koʻrmadim. Qishning oʻrtalarida nevarasini koʻtarib, Muqaddam opa kirib keldi. U sovuqdan titrardi.
— Isingani keldim, —dedi u ichkariga kirarkan.
— Nima qilib yuribsiz bola bilan sovuqda? — soʻradim u ancha oʻziga kelganda.
— Botiraliga posilka joʻnatayapmiz. Oʻgʻiloy oʻshatda haliyam. Bolani shamollatib qoʻymay, deb men ketvordim.
— Botiraliga nima boʻlgan? Qayoqda u? — hayron boʻldim.

Muqaddam opa aytib berdi. Yarim yildan oshibdi, Botiralini armiyaga chaqirishibdi. Saratovda uch-toʻrt oycha ushlab, Afgʻonistonga olib ketishibdi. Ikki oydan beri shu yoqda ekan. Muqaddam opam birdan yigʻlab yubordi.
— Afgʻonga olib ketishini bilganimda yoʻlini topardim, joʻnatmasdim armiyaga. Gʻaflatda qoldim. Bir pasda otlanib joʻnab ketdi. Tanish-bilish qilib Oʻgʻiloy posilkaga ruxsat oldi. Kobuldan, elchixonadan qismlariga joʻnatisharmish.

Qorongʻu tushib, xavotir ola boshlaganimizda, Oʻgʻiloy oʻzi kirib keldi. Tishi-tishiga tegmay qaltirardi. Men hech mahal uni bunday gʻamgin ahvolda koʻrmagan edim. Buning ustiga anchagina ozibdi, chekkalari chiqib, dahani chuzilibdi. Qoʻlimdan kelganicha unga tasalli berdim.

Oʻsha kuni er-xotin ularni qoʻyarda-qoʻymay uyda olib qoldik.

Yarim kechagacha gaplashib oʻtirdik. Afgʻonistondagi ahvolni muhokama qildik. Hamma soldatlarning, ular qatori Botiralining ham eson-omon qaytishini Xudodan soʻradik.

Kulfat kelsa, qoʻsha-qoʻsha keladi, deyishadi. Oyda bir xat yozib turgan Botiralidan yozga chiqilganda hech qanday xabar kelmay qoʻydi. Oʻgʻiloyning qatnamagan idorasi qolmadi. Oxiri uning bedarak yoʻqolgani haqida rasmiy telegramma keldi. Kobuldan oʻttiz kilometr ichkarilikda boʻlgan jangda u bilan yana uch soldat yoʻqolibdi. Qoʻmondonlik qidiruvni davom ettirishga, ularni iloji boricha topishga va’da qilgan edi. Oʻgʻiloy va’daga ishonib yurdi. Ammo Botiralidan hech qanday darak chiqmadi. Bir yil oʻtganda Moskvaga xat yozdi.

«Hozircha hech qanday ma’lumot yoʻq. Qidiruv davom etyapti», degan javob keldi. Oʻgʻlining dardi ezib yubordimi, yo kutilmagan kasalga chalinib, shu kasal olib ketdimi, Oʻgʻiloy Toshkentga kelib harbiy idoralarga qatnab yurganda, qaynotasi olamdan oʻtdi. Hech qaerda ishlamaydigan qaynonasi, boʻyi yetmagan bir qiz, ikki oʻgʻil bilan chirqirab qoldi. Hamma ma’rakalarni Oʻgʻiloy oʻzi bosh-qosh boʻlib oʻtqazdi. Oʻsha kezlari Afgʻonistondan sovet qoʻshinlari olib chiqila boshlandi. Kimdir Oʻgʻiloyga Termizga borishni, qaytayotgan harbiylardan Botiralini surishtirishni maslahat beribdi. Oʻgʻiloy shu maslahatga mahkam yopishib oʻsha kuniyoq Termizga joʻnadi.

Uning gapi boʻyicha, shahar yasatilgan, hammayoqda qizil bayroqlar, shiorlar osigʻliqmish. «Doʻstlik» koʻprigi oldidagi maydonda tumonat odam, goʻyo butun mamlakat shu yerga koʻchib kelgandek... Oʻgʻiloy Termizga borishni maslahat berganlar gapi bilan Botiralining katta qildirib qoʻygan suratini olib ketgan ekan. Oʻsha yerda tepasiga «Botirali Qodirov. Uni bilgan bormi?» — deb yozdiribdi katta-katta harflar bilan. Shu suratni koʻtarib koʻprikka oʻtib olibdi. Tushga yaqin narigi tomondan tanklar koʻrinibdi. Oyoq ostidagi yer gumburlab ketibdi. Qiyqiriq, yigʻi, toʻpolonning cheki yoʻq emish. Maydon bir pasda qiyomat qoyim boʻlib ketibdi. Kechgacha oʻtibdi tanklar, bronemashinalar. Ammo ularni ustida oʻtirgan soldatlardan birontasi Botiralini bilaman, demabdi.

Oʻgʻiloy shom kirib mehmonxonaga qaytayotganida, bir ofitser uni toʻxtatibdi.
— Singlim, Botirali Qodirov tirik, asirda, — debdi suratga yana bir diqqat bilan qarab. — Lekin qaerdaligini bilmayman. Kuting, oʻzi darak berib qoladi.

Oʻgʻiloy qanot paydo qilib, biznikiga uchib keldi. Bir pasda u ilgarigi, shoʻx, oʻynoqi koʻz Oʻgʻiloy boʻlib ketgan edi. Botiralining tirikligidan biz ham oʻzimizda yoʻq sevindik. Keyin oʻylab qarasam, Botiralining hayotligini oʻzimiz ham bilardik, faqat e’tibor qilmagan edik, bironta odamning yo idoraning tasdigʻiga muhtoj edik. Jasadi topilmaganidan keyin, halok boʻlganini hech kim koʻrmaganidan keyin, qaerda boʻladi, asirda boʻlmay?
— Asirlarni albatta qaytarishadi. Sabr qil, kut endi, — yupatdim oʻzimcha Oʻgʻiloyni.
— Voy kutmay-chi!? Omon ekan, shuning oʻzi katta baxt menga! — Uning koʻzlari yana oʻynab ketdi, qalin lablari nimalarnidir shivirlab titradi.

Uzoq vaqt uni yana koʻrmadim. Ammo Afgʻonistonga aloqador nima oʻqisam u esimga keladi, koʻz oldimda Botirali paydo boʻladi. Asir tushishga majbur boʻlganlar oz emas ekan, Ittifoqda ularni qaytarib olish jamiyati tuzilib, Toshkentda ham boʻlimi ochildi. Borib Botiralini aytib berdim. Roʻyxatlarda u ham bor ekan. «Qidiryapmiz, daragi chiqishi kerak» deyishdi. Aytib qoʻyay deb, Namanganga telefon qildim. Ammo Oʻgʻiloy ishda ekan. Oʻzi telefon qilishini kutdim. Qilmadi. Ammo bir haftadan keyin oʻzi oʻyga kirib keldi. Uning yana quvonchi ichiga sigʻmasdi.
— Suyunchi bering, togʻa! — qichqirdi u yoʻlakdan. — Botirali topildi. Pokistonda ekan!

Menga ish qildirmay, dasturxon yozib choy qoʻyarkan, bor gapni aytib berdi. Bir oycha burun toqati toq boʻlib oʻtirib, oʻzicha mahkamaga xat yozibdi. Bor dardini toʻkib solibdi. Nahotki odam choʻpdek narsa boʻlsa, uning qaerdaligini toʻrt yildan beri hech kim bilmasa? — degan achchiq gaplar ham bor ekan xatda. Kuni kecha mahkamadagilar telefon qilib Botiralining topilganini aytishibdi. Keling, deyishibdi.
— Shunga keldim. Ertaga saroyga boraman, — dedi koʻzlari chaqnab Oʻgʻiloy. — Bafurja gapirib berisharmish hammasini! Shuncha paytdan beri yozsam boʻlmasmidi a? Bir oyga qolmay aniqlab berishdi-ya!

Men uni tabrikladim. Botirali qaytib yana baxtli boʻlib ketishlarini tiladim.

Ertasiga mahkamaga birga bordik. Oʻgʻiloy bir soat deganda chiqdi. Xomush edi. Nima boʻldiykin? Hayron boʻldim. Soʻramoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan edim, Oʻgʻiloy qoʻlidagi xatni uzatdi. Shoshib oʻqiy boshladim.

«Murojaatingizga muvofiq ma’lum qilamiz: Sovet armiyasi sobiq soldati Botirali Qodirov, haqiqatan ham, 1987 yilning mayida Qobuldan 30 kilometr ichkarilikdagi Meton temir yoʻl stantsiyasi uchun boʻlgan jangda asir tushgan. Hozir Qorachi shahridagi xonadonda yashaydi. B. Qodirov Afgʻon mujohidlari asirligi va nazoratida boʻlgani sababli Pokiston, Sovet Ittifoqi davlatlari hozircha uning ishlariga aralasha olmaydi».

Pokistondagi sovet elchixonasidan kelgan bu xatda boshqa hech narsa deyilmagan edi. Oʻgʻiloy nimadan xafa boʻldi, anglamadim. Soʻradim.
— Nega shu paytgacha indamaydi? Togʻa, buning tagida bir gap bor. Yuragim sezib turibdi.
— Xat yozdirishmagan boʻlishsa-chi? Nazoratda deyishibdi-ku xatda. — Oʻzimcha taxmin qildim.
— Bilmadim. — Oʻgʻiloy yelkalarini qisdi.
— Nima qilasan endi?
— Borib kelaman.

Koʻz oldimda yana avvalgi Oʻgʻiloy paydo boʻlib ketdi.
— Qayoqqa?
— Qorachiga.
— Qanday qilib? — hayron boʻldim.
— Bilmadim. yoʻlini topaman. Bormasam tinchimayman. U bilan davlatlar gaplasholmasa, oʻzim gaplashaman.

Uni ahdidan qaytarish, yana kut, oʻzi qaytadi, deyish befoyda edi. Shu uchrashuvimizdan keyin Oʻgʻiloy uzoq vaqt koʻrinmay ketdi. Xavotir olib Namanganga telefon qildim. Parkentga borib keldim. Ammo koʻrolganim, gaplasholganim yoʻq. Bir Moskvaga ketgan, deb eshitdim. Pochcham bilan Muqaddam opam shunga qattiq ishonishibdi. Bir vodiyda toʻplangan san'atkorlar, sport odamlariga qoʻshilib, Mozori Sharifga joʻnabdi, degan gapni aytishdi.

...Oxirgi safardan qaytganda, uning uxlamay hovlida oʻtirganini sezib qoldim, notinchligi aniq edi. Holidan xabar olishga qaror qilib, ayvonga chiqdim. Qop-qora osmonda yulduzlar miltillar, yarimta oy shunday tepada sargʻayib turardi. Ohista hovliga tushdim. Soʻri zixida oʻtirgan Oʻgʻiloy boshini koʻtardi. Uning yirik dumaloq koʻzlari «yalt-yalt» qilardi.
— Uyqungiz oʻchdimi, togʻa?
— Oʻzing nimaga uxlamayapsan? Charchadingmi? — savoliga javob bermay soʻradim, yoniga oʻtirarkanman. — Xalaqit bermaymanmi?
— Yoʻq. Oʻtiring, — u joyidan qoʻzgʻolib qoʻydi. — Charchadim. Lekin uyqum kelmadi. Oʻylab ketdim.
— Nimalarni? Bilsam boʻladimi?
— Boʻladi, — u jilmaydi. — Masalan, kuyovingizni.
— Botiralinimi?
— Ha. Oʻshani.

U jimib qoldi. Men esa savolga tutmadim. Anchadan beri yoningda boʻlmagan suyukli odaming haqida gapirish, uni eslash har doim ogʻir. Oʻgʻiloy shu ahvolda edi. Nima qilaman azob berib?

Birdan u qaddini rostlab, menga oʻgirildi.
— Nega «Pokistonga bordingmi?» — deb soʻramaysiz?
— Borolmagan boʻlsang, yarangga tuz sepib nima qilaman? — rostini aytib qoʻyaqoldim.
— Bordim. Bir oy boʻldi borib kelganimga!

Hang-mang boʻlib qoldim. U rost gapirayotgan edi. Aldab nima qiladi? Faqat men uning tutgan yerini kesadigan, aytganini qiladigan odamligini unutgan edim xolos.

— Qoyilman! Xoʻsh, qalay Botirali? Koʻrdingmi? Gapir...
— Koʻrdim. Xuddi mana shundogʻ, siz minan oʻtirishganday oʻtirishib gaplashdim...
— Bir oʻzing bordingmi? Qanday qilib bording?
— E, togʻa, pul boʻlsa changalda shoʻrva, deyishgani rost ekan. Pul minan borib keldim. Ikki yil burun dadamga sovxoz bergan «Moskvich» mashinamiz bor edi. Qip-qizil loladek mashina. Oyim minan nima qilishimizni bilmay, xunob boʻlib oʻtirsak, dadam qiyiqlariga oʻrogʻlik bir dasta pulni oldimizga olib kelib qoʻydilar. «Xotin, umrimda birinchi marta sendan besoʻroq ish qildim. Lekin qizimizning baxti uchun hamma narsaga tayyorman. Mashinani sotib keldim. Borsin oʻsha Pokistonga. Erini koʻrsin. Iloji boʻlsa yetaklab olib kelsin!» — dedilar. Oyim urishish qayoqda, sevindilar. Mani boʻlsa-ku, boshim osmonga yetdi. Biletga, u yoqda bir hafta turishga pul topilganidan keyin qolgan narsa oson koʻchdi. Afgʻon nogironlari uyushmasidan yordam berishdi. Qorachi uzoqmasakan. Toshkandan toʻrt soatcha uchib bordik. Yoʻlda bir toʻxtab oldik, xolos.
— Kuala-Lumpurda.
— Ha, oʻshatda toʻxtadik. Qaytishda toʻxtamadik. Toʻppa-toʻgʻri Toshkentga kelib tushdik. Mani konsulxonaning odamlari kutib oldi. Katta shahar endi Qorachi. Hammayoq odam, xuddi chumoli inidan qoʻzgʻolganday... Yoʻqolib qolish hech gapmas. Allambalo moshinada, hozir shunaqa moshinalar Toshkentdayam yuribdi, jajji bir mehmonxonaga bordik. Televizorli bir xonaga joylashdim. Pul toʻlay, desam, keyin deyishdi. Konsulxona odami Afgʻon nogironlari uyushmasining telegrammasini olishgan ekan, kechqurungacha Islomobodga telefon qilib, haligi xat yozgan elchixona maslahatchisidan Botiralining adresini surishtiradigan, keyin meni olib boradigan boʻldi. Faqat Botirali bilan oʻzim gaplashishimni, u chetda turishini aytdi. Xoʻp, dedim. Kechqurungacha ancha bor edi, hali peshin ham boʻlmagan edi. Koʻchaga chiqdim, «gup» etib issiq havo, ovqat hidi dimogʻimga urildi. Lekin tez koʻnikib ketdim. Mehmonxona atrofini uch-toʻrt aylanib keldim. Uzoqroq borishga choʻchidim. Adashib ketib, mehmonxonani yoʻqotib qoʻyishim mumkin. Keyin nomerimga koʻtarilib, televizor qoʻydim. Kino ketayotgan ekan. Maza qilib tomosha qildim. Ularning televizori gʻalati. Ertadan kechgacha kino koʻrsatadi. Kechasiyam uch-toʻrtlargacha tinmaydi. Burasangiz boʻldi qulogʻini, kino ketidan kino koʻrsataveradi. Bir vagon kino koʻrib keldim. Me’damgayam tegib ketdi. Bir mahal hammayoq jimjit boʻlib qoldi. Televizor ham oʻzidan-oʻzi toʻxtadi. Keyin tashqaridan soʻfining ovozi keldi. Derazani ochib quloq soldim. «Ollohu Akbar! Ollohu Akbar!» Ajoyib ashula eshitganday boʻlib ketdim. Shu zahoti ikkinchi tomondan boshqa soʻfining ovozi keldi: «Ashhadu anna Muhammadan rasululloh!» Uning ovozi ham shirali, yoqimli edi. Keyin tushunib qoldim. Ular peshin namozga chaqirishayotgan edi. Namoz tugagandan keyin yana hayot qaynab ketdi. Moshinalarning ovozi, izvosh aravaga qoʻshilgan otlarning doʻpiri quloqni kar qilgudek edi. Bunaqa tomoshani umrimda koʻrmaganman. Xullas, qanday qilib kech kirganini bilmay qoldim. Dilim ravshan, kayfim chogʻ edi. Shundoq joygaki keldimmi, niyatimga yetishimga, Botiralini koʻrishimga imonim komil edi. Konsulxona odami aytgan vaqtida keldi. Piyoda boramiz, dedi. Eringiz yaqin joyda turar ekan. Keyin yoʻlni bilib olib oʻzingiz boraverasiz, dedi. Yuragim bir hapriqib ketdi. Xoʻp, dedim. Toshkentdan anchagina tansiq narsalar olib ketgan edim. Ikkita tsellofan paket qilib tayyorlab qoʻyuvdim. Bittasini konsulxona odamiga berdim. Bittasini oʻzim koʻtarib oldim. Har holda quruq bormagan yaxshi. Yoʻl-yoʻlakay sezdim, konsulxona odami bir narsa demoqchi boʻladi-yu, aytolmayapti. Chidolmay, «tinchlikmi?» — deb soʻradim. «Tinchlik, — dedi. — Koʻrasiz, hozir. U doʻkonchi boʻlib ketgan. «Nima qilsa qilmaydimi, omon ekan, shu katta baxt», — dedim. Konsulxona odami indamadi. Birdan rastalar boshlanib ketdi. Hammayoq meva. Olma deysizmi, apelsin deysizmi, banan, uzum... Shu yerning oʻzida sharbatam qilib turishibdi, apparatga solib... Jannat deysiz, togʻa, jannat!.. Keyin birdan rasta qatori tamom boʻlib, gazlama qatori boshlanib ketdi. Voy, ana gazlama, mana gazlama! Umrimda bunaqa moʻl-koʻl bozorni koʻrmaganman. Bir paytlar shoyi, chit, duxoba bizdayam koʻp edi. Ammo bunaqasi boʻlmagan!.. Ogʻzim ochilib qoldi. Konsulxona odami sal yurganimizdan keyin tirsagimdan ushlab toʻxtatdi. «Endi buyogʻiga oʻzingiz borasiz. Men borolmayman», — dedi. — Istasangiz kutib turaman. Lekin mehmonxonangiz olis emas. Shu koʻchadan qaytsangiz boʻldi. Shunday mehmonxona oldidan chiqasiz», — dedi. Ketavering, dedim. Botirali Qodirov chap tomondagi doʻkonlardan birida oʻtiribdi. Doʻkon tepasiga isiriq osib qoʻyibdi, sekin borsangiz oʻtib ketmaysiz, tushuntirdi ketayotib konsulxona xodimi. U aytgandek qilib chap tomonga oʻtib oldim. Bitta-bitta yurib borvotman. Rang-barang matolardan, shoyi, duxoba, tovorlardan koʻzim qamashib ketvotgan boʻlsayam, doʻkonchilar afti-basharasiga razm solaman. U yerda faqat erkaklar. Ayollar deyarli ishlamasakan. Yosh-yosh yigitlar koʻpi. Hammasi uzun oq koʻylak kiyib olgan, hammasi soqol-moʻylab qoʻygan. Boshlarida yupqa oq doʻppi. Koʻziga koʻziz tushishi minam darrov ichkariga taklif qiladi, mollarini maqtab oldingizga taxlab tashlaydi... Yurganim sari yuragim dukullab urib ketyapti. «Hozir koʻraman uni» deyman oʻzimcha. Hozir u mani koʻradi. Nima derkin? Man nima deyman unga? Qandoq koʻrishamiz? Ancha yurdim. Hatto, xavotirgayam tushdim, oʻtib ketdimmi yo yoʻqmi, deb. Yoʻq oʻtib ketmagan ekanman. Bir mahal oldinda bir isiriq osib qoʻyilgan doʻkon koʻrindi. Beixtiyor toʻxtab qoldim. Iliklarimgacha boʻshashib ketdi. Doʻkon ichidan bosh-koʻzi oʻralgan ikkita xotin chiqishdi. Ular ketidan doʻkonchi koʻrindi. Uniyam egnida uzun oq koʻylak. Boshida toʻrtoʻppi. Qopqora soqoli koʻkragiga tegib turibdi. U ayollarga nimadir dedi. Ayollar bosh irgʻashdi. U birpas ular ketidan qarab turdi, keyin ichkariga kirib ketdi. Tanidim. Soqol-moʻylov qoʻygan, uzun koʻylak kiyib olgan boʻlsa ham, ovozini eshitmagan boʻlsam ham tanidim. Gavdasidanmi, yoʻgʻon boʻynidanmi, lapanglab yurishidanmi, bilmadim, ishqilib tanidim. Botirali. Yigʻi zanjir boʻlib kelib ogʻzimga tiqildi. Mahkam ogʻzimni ushladim. Doʻkonga yaqinroq bordim. Botirali yoʻq edi. Uni endi yoʻqotmasligimni bilsamam, ozgina xavotirga tushdim. Ichkarida eshik bor ekan. Bir mahal oʻshayoqdan bir toʻp gazmol koʻtarib chiqdi. Mani koʻrdi. Manam unga qarab turibman. Gazmolni devorga tirab koʻydi-da, roʻparamga keldi. «Oʻgʻiloy!?» — soʻradi koʻzlarini tikib. «Manman, Botiralaka!». Shundoq dedimu, bagʻriga otilib toʻyib yigʻlagim kelib ketdi. Ammo oʻzimni ushlab qoldim. Begona yurtda, gʻirt musulmonlar ichida boʻlsam-da, erkak odamga oʻzimni tashlab oʻtirsam?! Kuyovingizam oʻzi quchogʻini ochmadi. Hatto joyidan qimirlamadi. Ichimda oʻksindim. Yutinib, oʻzimga kelvoldim-de, qoʻlimni uzatdim. «Sizni topganimdan xursandman!» — dedim. «Rahmat» dedi. Seni kutgan edim, dedi. Hayron boʻlib qoldim. Tushuntirdi. Seni yaxshi bilaman, dedi. Tirikligimni, qaerdaligimni eshitishing bilan yoʻlini topib kelishingga ishonardim, dedi. Bu bilan u mani maqtadimi, yo norizo boʻlib gapirdimi, anglamadim. «Qani, oʻtiraylik», — u doʻkonning qamish pardasini tushirib yopdi. Oldimga kursi qoʻydi. Oʻzi kigiz ustiga chordona qurib, qoʻllarini fotihaga yozdi. «Qani omin, qadam yetdi, balo yetmasin. Xudoga ming qatla shukur, diydor koʻrishdik!» U yana nimalarnidir shivirlab qoʻllarini yuziga surtdi, moʻmdek qora qalin soqoli, moʻylovini siladi, keyin menga qaramasdan oʻrnidan turdi. Indamay ichkaridagi eshiqdan qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Anchagacha yolgʻiz qoldim. Doʻkonga boshqatdan razm soldim. Mol koʻp edi. Toʻrttala tomonga taxlab tashlagan. Faqat kiraverishdagi bir quloch yergina ochiq. Koʻpi ipak mol. Hayron boʻlib oʻylab ketdim. Bu qanaqa asirlik boʻldi? Shuncha molni, shundoq doʻkonni asir odamga kim topshirib qoʻydi? Asirmi oʻzi Botirali? Man sizga aytsam, togʻa, uni soppa-sogʻ, hatto anchagina toʻlishib ketganini koʻrib xursand boʻlgan boʻlsam, nimadandir koʻnglimning bir chekkasi gʻash edi. Asir odamni qamoqxonada oʻtiradi, ishga olib chiqsa yon-verida soqchilar turadi, deb oʻylagan edim. Botirali bemalol yuribdi. Kiyim-boshi yaxshi, rangi-roʻyini aytsangiz, hozirgina hammomdan chiqqan odamday oqi-oq, qizili-qizil. Ha, aytganday, bir qoʻlida tagʻin allambalo tasbeh. Qopqora, xuddi qoʻyning koʻzidek har bir toshi. Xullas, asir odamga oʻxshamasdi...

Katta patnis koʻtarib oyoq yalang bir bola ichkaridan chiqdi. Patnisni oldimga qoʻyib, menga qaradi-da, jilmayib nimadir, dedi. Nima deganini bilmasamam tushundim. Dasturxonga taklif qildi. Qand-qurs, qatlamaga oʻxshagan non, temir choynakda choy, qaynoq sut olib kelgan edi u. Boshimni qimirlatib rahmat, dedim. U jilmayganicha chiqib ketdi. Anchadan keyin Botirali qaytib keldi. Roʻparamga oʻtirib non sindirdi, dam yegan boʻlsa ham choyni ikki-uch marta qaytardi. Boshini koʻtarmay kichkina-kichkina taqsimchalardagi shirinliklarni manga yaqinroq surib qoʻydi. Sezyapman, nimadandir xijolatda. Qahraboday achchiq boʻb ketgan choydan quyib uzatar ekan, qoʻliyam qaltirab ketayotganini koʻrdim. Indamay men unga, u menga tikilganimizcha qancha oʻtirdik, bilmayman, bir mahal u xoʻrsinib boshini koʻtardi. Jiqqa yoshga toʻlgan koʻzlarini manga tikdi. «Meni kechir, Oʻgʻiloy, — dedi. — Men ilgarigi Botiralimasman». «Ha, oʻzgarib ketibsiz, — dedim hazilga olib. — Soqol-moʻylov yarasharkan sizga». Shundoq dedimu, u boshqa narsani nazarda tutayotganini tushundim, togʻa! U u yoqda uylanvolgan ekan. Ikkita bolasi bor ekan. Doʻkon — xotinining doʻkoni ekan!..

Oʻgʻiloy birdan jimib qoldi. U yigʻlardi. Ammo ovutmadim, toʻxtatmadim. Nima deb ovutaman? Yigʻlasin, oʻziga erk berib dilini boʻshatsin. Tavba, urush odam boshiga qanday kulfat, tashvishlarni solmaydi? Lekin Oʻgʻiloyning boshiga tushgan tashvishlarni men sira xayolimga ham keltirmagan edim...
— Qiziq-a, togʻa? — xuddi dilimdagini bilgandek soʻradi bir mahal Oʻgʻiloy anchagina oʻzini tinchitib olib. — Mani yaxshi koʻrib, olib qochib ketgan yigit qoʻsh xotinli boʻlib oʻtirsa? Suyumli xotinini kundoshli qilib oʻtirsa?!
— Nega bunday qilibdi? Soʻramadingmi?

Oʻgʻiloy entikib jilmaydi.
— Soʻramadim. Oʻzi aytib berdi.

Qobul yaqinida ularning boʻlimi qurshovda qolibdi. Koʻpchilik qutilib chiqib ketibdi. Toʻrt kishi chekinish haqidagi buyruqni eshitmay asir tushib qolishibdi. Togʻ oralab ketishayotganda biznikilar hujumga oʻtibdi. Samolyot dushmanni oʻqqa tutibdi, bomba tashlabdi. Shu jangda asir tushganlarning uchtasi halok boʻlibdi. Tasodifan Botirali omon qolibdi. Jang tugaganidan keyin oʻrtoqlarini oʻzi koʻmibdi. Uni Hasan-Husan afgʻonlar asir olgan ekan. Kattalari, Yoqubbek degan general Botiralini butunlay ularga berib yuboribdi. Hasan-Husanlar avval uni Pokiston chegarasiga olib borishibdi. Shu yerda, bir qishloqda uy-joylari bor ekan. Ekin ektirishibdi. Buzilgan uylarini tuzattirishibdi. Botiralining qoʻli gulligini koʻrib, keyin musulmonligini e’tiborga olib, singillarini unga nikohlab berishibdi. «Uylanmasang, oʻldirib yuboramiz» deyishibdi. Botiralining rozi boʻlishdan boshqa chorasi qolmabdi. U uylanib, ozgina koʻnikishgandan keyin, erkin yura boshlagandan keyin qochmoqchi ekan. Ammo iloji boʻlmabdi. Hasan-Husanlar unga mahkam yopishib olishibdi. Keyin Qorachiga olib ketishibdi. Otalaridan qolgan uch-toʻrtta doʻkonlari bor ekan, bittasini unga berishibdi.

Ketma-ket bolalar paydo boʻlibdi. Botiralining oʻzi ham shu turmushga koʻnikib qolibdi.
— Bolalariniyam, xotininiyam koʻrdim, — dedi Oʻgʻiloy yana jilmayib. — Botirali hikoyasini tugatib, ichkariga ishora qildi. Qarasam, eshik oldida yuziga qora roʻmol tutgan bitta ayol turibdi. Ikkala koʻzi choʻgʻning oʻzi. Manga yovdek qarab turibdi. Qoʻlida bola. Kattasiyam shoʻttayakan. Onasining koʻynagiga bekinib olgan. «Xondamir!» deb chaqirdi Botirali. Bola onasining koʻylagini qoʻyib yuborib, Botiralining oldiga uyalib, bitta-bitta qadam tashlab keldi. Botirali uni bagʻriga bosib, oʻz tilida nimadir dedi, peshonasidan oʻpdi. Xoʻrligim kelib ketdi. Baxtiyorni kim endi bagʻriga bosadi? Kim peshonasidan oʻpadi? Ammo ezilganimni koʻrsatmadim. Qaytanga kulib, bolani men ham quchogʻimga oldim. Oʻrnimdan turib, xotinga salom berdim. Munir ekan nomi. Keyin olib kelgan sovgʻalarimni ochdim. «Oyimlarning patirlari-ku!» sevinib ketdi Botirali. Xotinini chaqirdi. Qoʻlidagi bolayam oʻgʻil ekan. Bobur qoʻyishibdi, otini. Sakkiz oylik boʻlibdi. Qoʻlimga oldim. Polvon bola. Qosh-koʻzlari xuddi otasining oʻzi. Faqat qop-qora. Peshanasidan oʻpdim. Botirali patirdan ushatib hammaga bir burda, bir burdadan ulashdi, chaqaloqning qoʻligayam tutqazib qoʻydi. Ayol bir tishlam ogʻziga soldi, ammo baribir yov qarashini qoʻymadi. Shu orada doʻkon pardasini koʻtarib ikki kishi kirdi. Hasan-Husanlar ekan. Dushmanlar deganda man oʻzimizni kinolarda koʻrsatgan bosmachilarni koʻz oldimga keltirardim. Tuppa-tuzuk odamlar ekan, faqat ular ham menga gʻalati qarashdi. Aftidan hadiksirashdi. Botirali uzoq yoʻq boʻlib ketganda mening kimligimni aytgan ekan xotiniga. Xotini darrov akalariga xabar bergan. Bechoralar mani erini olib ketgani kelgan deb oʻylashgan boʻlsa kerak. Shuning uchun ham uchchalovi bezovta edi. Ular-ku mayli, Botiraliyam notinch edi. Rostini aytsam, meni oʻzimam gʻalati ahvolda edim. Kimman oʻzi? Kimlarning orasida oʻtiribman? Nima qilishim kerak? Hasan-Husanlar kelgandan keyin gapimiz butunlay qovushmay qoldi. Men Botiraliga otasining olamdan oʻtganini aytdim. Yashirib nima qilaman? Uchchala erkak qur'on oʻqishdi. Gap yana uzildi. Ketishim kerakligini sezib, oʻrnimdan turdim. Shunda butunlay ketayotganimni bildim. «Meni kechir. Kechiringlar hammang» — dedi yana doʻkondan chiqqanimda Botirali. Indamadim. Adresimni soʻrovdi, berdim. Doʻkondan oʻn qadamcha uzoqlashganimdan keyin oʻzimni tutolmadim, yigʻlab yubordim. Mehmonxonaga kelib yana yum-yum yigʻladim. Ertalab konsulxona odami telefon qiluvdi, imkoni boʻlsa tezroq joʻnatib yuborishni soʻradim. Toshkentda qoʻnib oʻtadigan samolyot bor ekan, shunga biletimni toʻgʻrilab berdi. Mehmonxonada Botiraliga atab kichkina xat qoldirdim. Mabodo kelsa berib qoʻyishadi. «Botirali! Xayr, — deb yozdim. — Mendan xavotir olmang. Sizni hech qachon bezovta qilmayman. Munirbonu bilan qoʻshaqaringlar. Bolalaringizning rohatini koʻring. Sobiq umr yoʻldoshingiz Oʻgʻiloy». Oʻsha kuni kechqurun yoʻlga chiqdim. Botiralidan xafamasman. Kim biladi, shundogʻ qilmasa omon qolmasmidi? Qancha odam oʻsha Afgʻonda nobud boʻlib ketdi! Faqat Baxtiyorga achinaman ba’zan. Otasi boʻlaturib otasiz oʻsvotti. Mayli, katta boʻlganda oʻzi hamma narsani, tirikchilik, hayot nimaligini tushunib olar. Balki, otasi minam diydor koʻrishar? Oʻsha endi pokistonlik, ota bir ona boshqa ukalari minam bordi-keldi qilib ketar? Qarshimasman, qaytanga xursand boʻlaman. Negaki, bolaligida otasining diydoriga toʻymagan oʻgʻlim bechora, katta boʻlganda toʻysin... Munirbonu, kundoshimgayam, Hasan-Husan akalarigayam tariqchalik ginam yoʻq. Faqat, togʻa, ikkinchi xotin boʻlolmayman, kattasi boʻlsamam. Erning qosh-qovogʻiga qarab yasholmagan odam, qandogʻ qilib kundoshga chidaydi? Fe’limam, qonimam isyon qilib yuboradi. Botirali uyoqda nikohlab olgan xotini, ikkita qoʻgʻirchoqday bolasi, hovli-joy, doʻkoni borligini, qaytish niyati yoʻqligini oʻzimmi oyim minam dadamga aytib berdim. Oyim figʻon boʻlib uni qargʻadila, urishdila, unga qoʻshib maniyam urishdila. Etganimni qilganingda boyvuchcha boʻlib yurarding, dedila. Ammammi oʻgʻli, haligi, chayqovchi, «Mersedes» oganmish, ikki qavatli dangʻillama uy qurvotganmish. Kuldim. Manga Botiralidan boʻlak hech kim, hech narsa kerakmasligini haliyam tushunmabtila. Qaynonamga, umuman, boshqa hech kimga rostini aytmadim. Rostini bilishsa, ketib qoladi, deb mendan xavotir olishadi. Qandogʻ ketaman? Qaynonam kasalvon odam, uydan chiqmaydi. Ikkala qaynim hali, usta qoʻlida. Ota kasbini tanlashgan. Shundogʻ kursila, xontaxta qilishadiki, xuddi muzey deysiz! Ikki-uch yildan keyin katta boʻlib, oʻzlik-oʻzi shovut olishadi. Ana oʻshanda akalari nima qilib yurganini bilishsa-bilishar. Qaynisiynimam institutni bitirsin. Ungacha kim qaraydi ularga, man qaramasam? Hammalariga sogʻ-salomat yuribdi, dedim. Ammo asir, dedim. Hech qayoqqa shahardan chiqib borolmaydi, hech kimga xat yozolmaydi. Yaqinda muzokara boʻlarmish. Asirlarni qaytadan masalasi oʻshanda koʻrilarmish. Hammalaringizga koʻpdan-koʻp salom, deb yubordi, dedim. Ishonishdi... Lekin, togʻa, bir narsaga hech tushunolmayman. Pokistonga borib kelganimam, Botiralini koʻrganim, oʻsha yoqda u boshqa turmush qurib ketganiyam xuddi tushga oʻxshaydi. Odamni ezadigan, yigʻlatadigan tush... Hech ishongim kelmaydi. Hamma koʻrganlarim yolgʻonga oʻxshaydi. Namangandayam, Parkatdayam eshik lang ochilib, Botirali kirib kelayotganday boʻlaveradi. Kelib Baxtiyorni koʻtaradi, boʻyniga oʻtqazadi. Mani bagʻriga bosib, boshimdan oʻpadi... Oʻyib-oʻyib bilagimni chimchilasamam koʻz oldimda paydo boʻlaveradi... Bilaman, Pokistonga borib kelganim tush emas, haqiqat. Baribir ishongim kelmaydi. Tush deyman. Tush-a, togʻa?

Oʻgʻiloy koʻzlari yaltirab menga qaradi, keyin boshini koʻkragimga qoʻydi. Javobning unga keragi yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham oʻzimcha uni yupatmoqchi boʻldim.
— Yoshsan. Turmushing hali yaxshi boʻlib ketadi. Ajab emas, yaxshi bir odamni uchratasan hali...
— Botirali bitta, togʻa, — dedi u boshini koʻtarib.

Bahslashgim, gapini ikkita qilgim kelmadi. Anchagacha asta-sekin soʻnayotgan yulduzlar, oqarayotgan tun sukunatiga quloq solib oʻtirdik.

Tonggi gʻira-shirada Oʻgʻiloy Namanganga joʻnadi. Katta koʻchagacha kuzatib chiqdim. U taq-tuq qilib, shaxdam-shaxdam qadam tashlab borar ekan, orqasidan uzoq qarab turdim. Mening oʻgʻilbola jiyanim, jigarim, bu oʻzgaruvchan, notinch hayotda shu yurishing yoʻqolmasin, omon boʻl!