OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiMoʻjiza (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm56KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Moʻjiza (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Boks boʻyicha jahon chempioni Poʻlat Roʻziev navbatdagi uchrashuvdan hargalgidek quvnoq qaytdi. Kuzatib kelgan ikki mashina ishqibozlari, qancha xohlashmasin, uyga kirishmadi.
— Turaversin, biratoʻla toʻyda ochamiz! — dedi kimdir hazil qilib.

Poʻlat ular katta koʻchaga chiqqunlaricha orqalariga qarab turdi, keyin eshik qoʻngʻirogʻini bosdi.

Qoʻngʻiroq chalinishi bilan darvoza oldiga yugurib keladigan, egasini tanib jilpanglaydigan kichkina laycha itlari bu gal kelmadi. Poʻlat bir-ikki chaqirdi:
— Barlos! Barlos!

It ovoz bermadi. Poʻlat hayron boʻlib, darvoza tagiga qaradi, shunda eshik ochiqligini koʻrdi.

Ichkariga kirganida, itlari oʻzining katta sim katagi ichidan quloqlarini dikkaytirib unga qarab turganini koʻrdi. Ayvon zinasidan esa adasi hassasiga tayanib ohista tushib kelardi.

«Itni nega qamab qoʻyishdi?» — xayolidan oʻtkazdi Poʻlat.
— Ada, tushmang! Eshik ochiq ekan! — qichqirdi u va yugurib borib adasining qoʻltigʻidan oldi.
— Qalay, yaxshi oʻtdimi uchrashuv? — soʻradi ayvonga koʻtarilar ekan adasi.
— Juda! Odam koʻp boʻldi. Zal toʻlib ketdi. Rektorning oʻzi olib bordi uchrashuvni.
— Ha, yaxshi. Oying moshkichiri qilib ketgan. Toʻliq turibdi qozonda.
— Ovqat yemayman, — javob qildi Poʻlat uni koʻrpachaga oʻtqizar ekan.
— Rektor qoʻymay bir piyola choyga taklif qildi. Bir piyola choy ziyofatga aylanib ketdi.

Poʻlat ichkariga, oʻz xonasiga kirib, yechindi, yuvinib, uy kiyimlarini kiydi va adasi yoniga chiqdi. Shunda u televizordan koʻz uzmay oʻtiradigan odam, bu gal qoʻymaganini payqadi.
— Tuzukmisiz, ada? — soʻradi tashvishlanib.
— Yaxshiman, — fotihaga qoʻlarini yozdi adasi, — Qani, omin! Umring uzoq, martabang baland boʻlsin. Har qanday balo-qazodan xudoni oʻzi asrasin. Oblohu akbar!

Poʻlat qoʻllarini yuziga surtib, soʻradi:
— Oyim qanilar?
— Oying kasalxonaga ketdi... — adasi yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, aytishga qiynalib yoʻtaldi.
— Nega? — soʻrashga majbur boʻldi Poʻlat sabri chidamay. U bir narsa yuz berganini itning qamab qoʻyilganidan sezgan edi. Keldi-ketdi koʻpaysa uni qamab qoʻyishardi. Nima boʻldiykin? Soʻnggi yillarda uni xavotirga soladigan narsa adasining yurak kasali edi. Lekin... Lekin adasi roʻparasida oʻtiribdi. «Kim kasalxonaga tushdi?»
— Nega kasalxonaga ketdilar?
— Oydin... Oydinxoning uylarining oldida mashina urib ketibdi.
— Nima?! — Poʻlat oʻrnidan turib ketdi.
— Bezovta boʻlma, — yupatgan boʻldi adasi.
— Qattiq urmabdi. Oyogʻi, beli ozgina lat yebdi.
— Qachon?
— Peshinda.

Poʻlat ichkariga kirib, bir zumda kiyinib chiqdi.
— Qaysi kasalxonada?
— Eski ToshMIda. Oyingni kutmaysanmi? — soʻradi adasi.
— Balki biron narsa olib borish kerak boʻlar?
— Boray-chi!

Poʻlat shoshib uydan chiqdi. Mashinalari yoʻqligiga shunda achindi. Boʻlganida uch yuz metrcha yurib katta koʻchaga chiqmas, qoʻl koʻtarib hech kimga yalinmasdi. Mashinalari bor edi. «Volga». Olishganiga oʻn yil boʻlsa ham kam minilgan, yaxshi saqlangan edi. Kuzda Venadan, chempionatdan qaytganida kattalar oʻzlari yangi «Volga» taklif qilishdi. Adasi ham, oʻzi ham taklifga ishonib, koʻpdan beri hiqillab yurgan benzinchi togʻavachchalariga sotib yuboruvdi. Yangi mashina ana keladi, mana keladi bilan yarim yil oʻtdi. Shu vaqt ichida narx-navo Toshkent havosidek oʻzgarib ketdi. Bir oycha burun xabar qilishdi «yangi «Volga»lar keldi» deb. Bazadan ota-bola xomush qaytishdi. Uyga kelganda esa oʻzlarini tutolmay rosa kulishdi. Eski «Volga»larining puliga mototsikl ham endi olib boʻlmasdi. Togʻavachchalari ularning qanday ahvolga tushib qolganlarini yaxshi bilsa kerak, ilgariga oyda bir koʻrinib qoʻyishini tark qilib, mutlaqo kelmay ketdi.

Uzoqdan uchib kelayotgan qizil «Jiguli» roʻparasida chiyillab toʻxtadi. Poʻlat shoshib oʻtirdi-da, adresni aytdi.
— Iya, men boshqa tomonga ketayotuvdim-ku! — dedi shofyor, ola-bula «Adidas» sport-kostyumini kiyib olgan ingichka moʻylovli yigit. Ammo Poʻlatning avzoyini koʻrib oʻzgardi.
— Mayli, shoshib turganga oʻxshaysiz...

Poʻlat ToshMIning temir panjarali darvozasi oldida tushib, bitta ming soʻmlik pulni uzatdi. Shofyor yigit ogʻzi toʻla tilla tishlarini yarqiratib iljaydi va uchta barmogʻini koʻrsatdi. Poʻlat ichidan tutoqib ketdi, ammo darov oʻzini bosib oldi, hechnarsa demay, yana ikkita ming soʻmlik qogʻozni chiqarib uzatdi-da, bemorlar qabulxonasiga yugurdi.

Yosh vrach Oydin Kamolovaning qachon keltirishganini, qaerda yotganini aytib, oʻzi yetaklab ketdi. Aftidan uni tanidi shekilli, otini aytib, birmuncha yupatgan boʻldi. Ammo Poʻlat uning gaplarini eshitmasdi. Xayoli, fikri-zikri Oydinda, toʻsatdan boshlariga tushgan falokatda edi. Qanday qilib u mashinaga duch keldi ekan? Mast-pasmikan haydovchi? Yo hamma narsaning xudosi pul hisoblaydigan boyvachchamikan? Yoki Oydinnning oʻzi parishonxollik qildimikan? Nima boʻlsa ham omon boʻlsin, tuzalib ketsin!

Oydin bilan ular «Paxtakor» stadionining orqasidagi «Egarchi» mahalla atalmish ilon izi, tor koʻchalarda oyoqyalang tuproq bosib katta boʻlishgan edi. Poʻlatlarning koʻchalari hali ham turibdi. Ammo undan na odam oʻtadi, na mashina. Egalari koʻchib ketgan, tomlari, eshigi, romlari buzib olingan uylarning devorlari nurab yotibdi.

Oydin adasi, oyisi bilan Samarqand darvozaning boshidagi «dom»lardan birida turadi hozir. Poʻlatning adasi esa uylari buziladigan xabar chiqishi bilan yer olib imorat koʻtarishga tushib ketgan edi. Yaxshi ham shunday qilgan ekan, mana chol-kampir oʻzlari ham, oʻgʻillari Poʻlat ham uy-joylik. Besh xona, oldi ravon uy ikkita oilaga bemalol yetadi.

Poʻlat Universitetga kirolmay fizkultura institutiga joylashganda, Oydinni koʻzdan yoʻqotdi. Ammo yil oʻtmay, Oydin oʻzi uni topdi. O’tgan yili chempionatga ketishidan oldin ularni unashtirib qoʻyishdi. Chempionat, keyin Oydinning bitiruv imtihonlari, diplom ishi sabab boʻlib toʻy surildi. O’tgan hafta esa qarindosh-urugʻ, mahalla kattalari yigʻilishib bayramning uchinchi kuni, toʻrtinchi sentyabrga toʻy qilishga uzil-kesil kelishishdi. Quda tomondagilar, Oydinning oʻzi ham shunga rozi boʻldi. Uning kayfi chogʻ edi. O’tgan kuni uchrashganlarida aspirantura masalasi hal boʻlganini, fakultetda kichik oʻqituvchi qilib tayinlashganlarini xursand boʻlib aytib bergan edi. Ularning uchrashib turishlarini, ayniqsa unashtirib qoʻyilganlaridan keyin, ikkala tomon ham gap-soʻz qilmay qabul qilishdi. Xufya yurishdan, ochiq, ota-onalarining koʻz oldida javobgarlik, majburiyat his qilib yurish hammalariga ma’qul edi. Koʻz oldilarida katta boʻlgan qizni kelin qilishayotganidan Poʻlatning adasi, oyisi nihoyatda xursand edilar. Oydin eski mahalladagi odati boʻyicha Poʻlat yoʻq paytlari kelib, uylarni yigʻishtirar, hatto hovlini supurib-sidirib ham ketardi. .

Yaqindagina burni oqib yurgan qoʻshni bolaning jahonga dongʻi ketib, unga kuyov boʻlayotganidan Oydinning onasi Rahbar opa ham, opasi Qunduzxonlar ham boshlari osmonda edi. Nima boʻldi? Qaerdan chiqib qoldi bu falokat?

Jarrohlik boʻlimiga yotishganda yosh vrach yugurib ichkariga kirib ketdi.

Binoning oldidagi serdaraxt bogʻchada koʻzlarini artayotgan Qunduzxon koʻrindi. Poʻlat toʻgʻri uning oldiga bordi.
— Poʻlatjon! Bu qanday koʻrgulik boʻldi?! Kunduzxon yana qip-qizil koʻzlarini artib, u bilan koʻrishdi.
— Ahvoli qalay?
— O’zini bilmay yotibdi. Boʻlim boshligʻining oʻzi operatsiya qildi. Ana! O’zlari kelayaptilar!...

Poʻlat bino tomonga qaradi. Yosh vrach yelkador, baland boʻyli, xuddi oʻzi kabi oq xalat kiygan odam bilan ular qarshisiga kelayotgan edi. Poʻlat yuragi gupillab urib, shu tomonga yurdi.
— Poʻlat aka, tanishing, — dedi yosh vrach. — Professor Moʻminov Ilhom Azizovich. Kamolovani oʻzlari operatsiya qildilar!

Professor yirik, ogʻir qoʻlini uzatdi.
— Salomalaykum, Ilhom aka. — Poʻlat uning qoʻlni mahkam qisdi. — Qalay ahvoli? Nima boʻlibdi oʻzi?
— Ikkita qovurgʻasi singan. Umurtqa suyagi ikki joydan, boʻynidan, belidan darz ketgan, balki singan hamdir, hozir bir narsa deyish qiyin. Yana chap oyogʻi toʻpigʻidan singan. Mashina chap tomondan kelib urgan boʻlishi kerak, — Professornning ovozi ham gavdasi kabi yoʻgʻon edi. — Gipsga solib qoʻydik toʻrt joydan. Albatta, bularni yengil jarohat deb boʻlmaydi. Ammo oyoqqa turib, hech narsa koʻrmagandek boʻlib ketadi. Hozir narkozning ta’sirida uxlab yotibdi. Istasangiz uygʻonganda oldiga kirishingiz mumkin.
— Rahmat, — dedi ohista ruhi tushib Poʻlat. U bunchalik deb oʻylamagan edi.
— Ezilmang buncha, oʻrtoq chempion! — qoʻlini uning yelkasiga tashlab jilmaydi professor. — Otdek boʻlib ketadilar. Toʻyga chaqirishni unutmang! Kechirasiz!...

U ketdi. Yosh vrach ham xayrlasha boshladi. Poʻlat minnatdorchilik bildirdi.
— Yordamim kerak boʻlsa, tortinmang, doim tayyorman, — yosh vrach shimining choʻptatidan qoʻlda qora siyohda dona-dona qilib yozilgan ismi, familiyasi, adresi va telefoni yozilgan qalin adres qogʻoz chiqarib uzatdi. O’zi yozgan boʻlsa kerak. — Har ehtimolga qarshi.

Poʻlat mahkam uning qoʻlini qisdi.
— Oyimlarning ham mazalari yoʻq, — dedi yolgʻiz qolishganda Qunduzxon.
— Nima qildi?
— Boya shu yerda hushlaridan ketib qoldilar. Uyga joʻnatdik. Hudaoyim... — Qunduzxon shunday deb, birdan toʻxtab qoldi. Bugungi fojeadan soʻng, «hudaoyim» deyish oʻrinli boʻlarmikan? Yuragining bir chetida shunday tahlika oʻzi sezmagan holda paydo boʻlgan edi. Shu oʻy bilan oʻzi gapini tuzatdi. — Oyingiz... Sanobar opam birga ketdilar.
— Oydining uygʻonishiga hali bor. Yuring, telefon qilamiz, — hech narsa sezmay taklif qildi Poʻlat.

Qunduzxon ToshMI darvozasi tomon yurishar ekan, yoʻl-yoʻlakay Oydin bilan nima boʻlganini gapirib berdi. Tramvaydan tushib, koʻchani kesib oʻtayotgan ekan. Mashinalarga yoʻl berk boʻlsa ham tramvayning oldidan bir yengil mashina vizillab chiqib qolibdi. Oydin qochib ulgurolmabdi. Mashina zarb bilan urib, toʻxtatmay ketib qolibdi. Moshrang «Jiguli» ekan. Oydin yiqilibdi-yu, koʻngli ketib qolibdi. Hech kim uni tanimabdi. Taniganda, uyi shu bekatning roʻparasidaligini bilardi. Xabar berardi. «Tez yordam» kelgunicha taxminan yarim soat oʻzini bilmay, ogʻzidan qon ketib yotibdi. «Tez yordam» kelib, ToshMIga olib borgandagina uning kimligini bilishibdi. Telefon qilishlari bilan hammalari kasalxonaga yugurishibdi. Yaxshi ham Qunduzxonning eri uyda ekan. Mashinasida olib boribdi. Kelishganda operatsiya endi boshlangan ekan.
— Urgan kim ekan?
— Hech kim bilmaydi. Bironta yangi chiqqan boyvachchalardan boʻlsa kerak-da, — dedi ensasi qotib Qunduzxon. — Boʻlmasa ruxsat yoʻq koʻchaga kiradimi?! Odam uradi-yu, toʻxtamaydimi?! Oldin shofyor boʻlganda toʻxtardi, tushib yordam berardi. Topgani teshib chiqsin, yer yutkurning umri qamoqda oʻtsin!

Poʻlat indamadi. Dilida unga qoʻshildi. Odamgarchilikni yoʻqotgan, oʻzi yarador qilgan odamga yordam qoʻlini choʻzmagan bir mahluqqa bu qargʻishlar oz edi. Lekin qancha qargʻashmasin, soʻkishmasin, foydasi yoʻq. Falokat yuz berib boʻldi.

Darvozaning yonida ikkita telefon-avtomatlardan haytovur bittasi ishlaydigan chiqib qoldi. Qunduzxon uzoq gaplashmadi. Onasi tuzukmish. Lekin jahlidan oʻzini tiyolmay oʻtirganmish. Sanobar opa oʻsha yerda ekanlar. «Tangangiz bormi?» — soʻradi Qunduzxon Poʻlatdan. U qoʻliii siltadi. Qunduzxon eri bilan gaplashdi chogʻi, darrov kelishini buyurdi.
— Ovqat qilib kelay, — dedi trubkani ilib Poʻlatga. — Oydin yeyolmasa ham vrachlar, hamshiralari yer. Yaxshiroq qarashadi.

Oradan besh soatcha oʻtganda navbatchi vrach ularni Oydinning oldiga taklif qildi. Oydin maxsus karovatda yotardi. Boshidan beligacha u qolipga solingan, chap oyogʻi taxtakach ustiga osib qoʻyilgan edi.
— Oydinxon! — dedi sekin navbatchi vrach. Oydinning bitta qora chiziqdek boʻlib turgan uzun kipriklari yoyilib, koʻzlari ohista ochildi. Bir-biriga yopishib turgan qonsiz lablari qaltirab ketdi. Aftidan u bir narsa dedi, ammo ovozi chiqmadi, lablari ochilmadi.

Qunduzxon oʻzini tutolmay hoʻngrab yubordi-da, eshikka otildi.

Poʻlat karovatga yaqinlashdi.
— Xafa boʻlmang, Oydin. Shu koʻrgulik bor ekan. Professor operatsiya yaxshi oʻtdi, yaqin orada otdek boʻlib ketadilar, dedi. Eshityapsizmi, Oydin?

Oydin sekin koʻzlarini yumdi va boshqa ocholmadi. Oppoq peshonasida ter tomchilari koʻrindi.
— Charchadilar, — dedi navbatchi vrach Poʻlatjonning tirsagidan olib. — Dam olsinlar endi.
— Men shu yerdaman, doim yoningizda boʻlaman, — dedi Poʻlat va oʻz-oʻzidan koʻzlariga yosh quyilib ketdi.
— Qancha yotadilar qolipda? — soʻradi eshikka chiqishganda navbatchi vrachdan.
— Kamida ikki oy. Professor nima dedilar, bilmayman. Ahvolari ogʻir. Ammo omon boʻlishlariga shubha yoʻq.
— Rahmat, — Poʻlat koʻzlarini artdi.
— Havotir olmang! Nima lozim bulsa, qilamiz. Navbatchi vrach xayrlashib, palataga kirib ketdi. O’sha kuni Poʻlat yarim kechada uyga qaytdi. Ertasiga ham, indiniga ham. Umuman, shu kundan boshlab uning hayoti, fikri-zikri Oydin yotgan kasalxonaga bogʻlanib qoldi. Bir kun kelmasa, bir kun shipga tikilib yotgan Oydinni koʻrmasa, koʻngli joyiga tushmaydigan boʻlib ketdi. Navbatchi vrach va’da qilganidek, professor ham, boshqa shifokorlar ham, hamma-hamma nima lozim boʻlsa aqllari, tajribalari yetganicha shuni qilishdi. Ikki oy oʻtib, Oydin boshini qimirlatadigan, hatto oz boʻlsa ham koʻtaradigan boʻldi. Ammo joyidan qimirlay olmadi. Professor ovutdi:
— Birdanmas-da, qizim! Sekin-sekin! Oz-oz!

Poʻlatga ham shu gapni aytdi.

Nima boʻlmasin Poʻlat ancha xursand edi, eng muhimi shifokorlarning gaplariga qattiq ishonardi. Professor, palata vrachi ikki oyda ancha tuzuk boʻlib ketadi deyishdi. Aytganlari harholda boʻldi, boʻyindagi qolip olindi. Boshini koʻtaradi, qoʻllari ishlaydi. Oyoqlari ham, beli ham, tuzalib ketadi. Yana bir oy. Boring, ikki oy oʻtsin!

Poʻlat shunday deb, oʻziga ham, uydagilarga, Oydinga ham dalda berdi. Oydin ba’zi-ba’zida koʻzlari charaqlab, lablarida tabassum bilan kutib oladagan boʻlib qoldi. Bu albatta, yaxshilikka edi. Demak, turib ketishiga ishonadi.

Poʻlat vaqtincha sport qoʻmitasining bokschilar sektsiyasidagi ishini tashladi. Idorachilik, har kuni ish bormi, yoʻqmi, orib oʻtirish kerak kechgacha. Uyoq-buyoqqa boradigan boʻlsa, sektsiya boshligʻiga aytib ketishi kerak. Yakkayu-yagona jahon chempioni boʻlsa ham qoʻmita raisidan tortib oddiy apparat xodimigacha unga hurmat bilan qarashsa ham, oʻrnatilgan intizomni buzgisi kelmadi, ammo bu intizomga, ayniqsa, Oydin kasalxonaga tushib qolganidan keyin koʻnikolmadi. Shuning uchun ariza yozib, boʻshadi. Institutda esa harholda erkin edi. Keyin ustozlari, birga oʻqigan oʻrtoqlari shu yerda edi. Ular hech narsada uni chegaralashmasdi. Shunday dongdor odamning institutda ishlashi institut obroʻsi edi. Buni ular ochiq-oydin aytishdi. U nimani lozim topsa, shuni qilishi mumkin edi. Faqat ba’zi-ba’zida maslahatlarini ayamasa, oyda bir-ikki talabalar, oʻqituvchilar bilan uchrashib tursa boʻldi edi. Poʻlat ulardan juda minnatdor boʻldi. Har kuni ertalab kasalxonaga kelar, bir soat-yarim soat shu yerda boʻlib, nima kerakligini bilib olardi. Chunki Oydinning onasiga kunda ikki mahal qatnash ogʻirlik qilardn, Qunduzxon bilan eri ishlik odamlar, faqat kechqurun va dam olish kunlarigina kelishlari mumkin edi.

Oydin ba’zi kunlari, koʻproq professor kirib uni koʻrib ketgan kunlari, ochilib, Poʻlatning shu yerdaligidan xursand boʻlib uzoq gaplashar, uni hatto ketgizgisi kelmasdi. Shunday kunlarning birida u Poʻlatning singan, keyin bitib ketgan qiyshiq panjalarini silab, dedi:
— Poʻlat aka... — u unashilgunlaricha uni Poʻlat derdi, ular teng edilar. Kimdir maslahat berdi shekilli, yo oʻzi lozim topdimi, aka deydigan va sizlaydigan boʻldi. Poʻlat ham uni sizlashga oʻtdi.
— Poʻlat aka... Koʻp kelayapsiz. Rahmat. Men buni hech unutmayman. Faqat iltimos, meni deb ishingizdan qolmang.
— Kolayotganim yoʻq, hammasi joyida!— uni tinchitgan boʻldi Poʻlat.

Ammo Oydin quloq solmadi.
— Gapimni eshiting, Poʻlat aka. Sezayapman, tez oyoqqa turib ketaman. Lekin iltimos, ishingizdan qolmang, Qoʻmitadan ketibsiz. Mayli, bu ixtiyoringiz. Qohiraga borishingiz kerak edi. Hamma musulmon mamlakatlari qatnashar ekan. Sizga maxsus taklif kelgan ekan. Nega bormadingiz? Nahotki ahvolim shunchalik chatoq boʻlsa?
— Unday demang, — Poʻlat uning peshonasiga qoʻlini qoʻyib, jilmaydi.
— Ahvolingiz yaxshi. Kundan-kunga yaxshi boʻlib ketayapsiz. Qohiraga... Oʻzimning borgim kelmadi. Musobaqaga qatnashmaganimdan keyin borishim shart emas.
— Koʻrib kelardingiz... Misrda boʻlmagansiz-ku? Yo boʻlganmisiz?
— Boʻlmaganman. Birga boramiz. Xudo xohlasa borib piramidalarni tamosho qilamiz. Port-Said, Aleksandriyalarga boramiz. Sfinks borku... Oʻshaning ostida spektakllar koʻramiz...
— Rahmat. Aytganingiz kelsin, — Oydin Poʻlatning peshonasi ustidagi qoʻliga qoʻlini qoʻydi. — Lekin bari-bir borishingiz kerak edi. Agar meni yaxshi koʻrsangiz, ikkinchi bunday qilmaysiz. Xoʻpmi?
— Xoʻp, — yana jilmaydi Poʻlat va qayligʻining qalin qora qoshlariga, yirik koʻzlari, uzun, qayrilma kipriklariga mehr bilan tikildi.
— Tuzalib ketaman-a? — Uning uzoq tikilib qolganini oʻzicha tushunib soʻradi Oydin.
— Albatta! Oz qoldi. Sabr qiling.

Oydin oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi, muzdek oriq qoʻllari bilan Poʻlatniig boʻynidan quchoqlab, peshonasidan oʻpdi.
— Tuzalib ketaman. Siz aytgandek boʻlsin, birga boramiz Qohiraga. Butun Misrni aylanib chiqamiz. Keyin Hindistonga boramiz. Agrani koʻramiz. Kunduzi shaharni aylanamiz. Kechqurun, Toj-Mahalni tomosha qilamiz. Toj-Mahal juda boshqacha koʻrinarmish!... Xuddi dengizda suzib ketayotgan kemaga oʻxsharmish.
— Boʻpti! Boʻpti, Oydin. Boʻpti, jonim! Yigʻlamang faqat!

Poʻlat uning qalin sochlarini, qoshlarini siladi.
— Yigʻlamayman, — va’da berdi Oydin. — Endi sira, sira yiglamayman!..

Poʻlat xursand boʻlib uyiga qaytdi. Qaerdan kelayotganini adasi bilsa ham, ovqat mahali soʻradi:
— Kasalxonaga bordingmi?
— Ha.
— Qalay?
— Yaxshi. Juda yaxshi. Yaqin-orada turib ketadi.
— Inshollo, aytganing kelsin!...

Shunday der ekan, adasi yer ostidan choy quyayotgan xotiniga qaradi. Sanobar opa hech narsa demadi.

O’sha yili kuz erta keldi. Oktyabrning oʻrtalarida birdan qora sovuq tushib, qor uchqunladi. Sovuqning tafti bir haftadan ziyod tarqamadi. Ochiq joylardagi uzum, anor, xurmo qorayib toʻkildi.

Poʻlat oʻrtoqlaridan birining mashinasida Oloy bozoriga borib yaxshi mevalardai oz-ozgina oldi, ustiga ikkita issiq patir qoʻyib turganda, kimdir tirsagidan ushladi.
— Ha, ha?! Nima harakat?

Poʻlat boshini koʻtardi. Oldida keng jigarrang charm kamzul, xuddi shunday rangda qunduz telpak kiygan sazlatli bir yigit unga ogʻzi toʻla tilla tishlarini koʻrsatib kulib turardi.

Pulat tanidi. Uch yil burun respublika chempionatida ochkolar boʻyicha ikkinchi oʻrinni olgan bokschi, toshkentli Ismat Haydarov degan yigit edi u. Keyin, Olma-otada chorak finalda qolib ketdi. Shundan beri uni koʻrmagan edi.
— Salomalaykum!
— Koʻrishganimizdan xursandman, — dedi Ismat.
— Chempionlnk bilan tabriklayman. Bunaqasi boʻlganmas! Qoyilman! Boshingga tashvish tushdi, deb eshitdim. Tinchlikmi?

Ismat qoʻymay Poʻlatning qoʻlidagi paketni koʻtarib oldi.
— Tinchlik. Hozir ancha tuzuk. Oldiga ketayapman hozir.
— Omon boʻl! — maqtadi uni Ismat va yoniga oʻgirilib kimgadir imo qilib qoʻydi.

Ular mashinagacha birga kelishdi.
— Senikimi?— soʻradi Ismat eski «Jiguli»ni koʻrib.
— Yoʻq. Menda hozir mashina yoʻq. Egasi rulda oʻtiribdi. O’rtogʻim. Tanish, fizkultura instituti oʻqituvchisi.

Poʻlat shunday deb, mashinadan chiqayotgan oʻrtogʻini koʻrsatdi.

Ismat u bilan istar-istamas koʻrishdi. Ikkita notanish yigit ikkita tarvuz bilan ikkita qovun koʻtarib kelib, mashina yukdoniga solishdi.
— Nima qilayapsizlar? — Hayron boʻlib soʻradi Poʻlat.
— Xotirjam boʻl, uni tinchitdi Ismat.
— Koʻp oʻrnida koʻr. Seni koʻrganimdan xursandman. Uying eski joydami? Koʻkchada? Boraman. Bir oʻtirishamiz.
— Kel, kel, — taklif qildi Poʻlat. — Men ham xursandman. Xizmat qaerda?
— Borganda aytib beraman. Ishim yaxshi. Xoʻp, sogʻ boʻl.

Ismat Poʻlatning yelkalaridan quchoqlab xayrlashdi. O’rtogʻiga qoʻlining uchini uzatib, boshini bilinar-bilinmas egib qoʻydi.
— Boyvachcha boʻlib ketibdi-ku! — dedi Poʻlatga oʻrtogʻi yoʻlga tushishganda.
— Shunaqaga oʻxshaydi, — qoʻshildi uning gapiga Poʻlat. — Boʻlsin! O’ziga toʻq odam qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi.
— Albatta, albatta... Faqat uyidan neft yo tilla chiqqan odamga oʻxshaydi. Osmonda, mayli, qandini ursin!...

Poʻlat kulib qoʻydi. Musobaqalarga qatnashmay qoʻygandan beri, buning ustiga sport qoʻmitasidan ketganidan keyin uning daromadi sezilarli darajada kamaygan edi. Chempionlikka olgan mukofoti tugab boʻlgan, aqlli odamlarning maslahati va toʻy munosabati bilan yarmini oʻz vaqtida kerakli uy-jihozlari, kiyim-kechagu, don-dunga sarf qilingan, qolgani oʻz qadrini yoʻqotib, adasining omonat kitobchasida yotardi. Ota-onasi, hushyor odamlar, uning qisilib qolganini sezishib, uy harajatlarini qirqishdi, xuddi studentlik yillaridek unga choʻntak puli chiqarishdi. «Choʻntak puli»ga zarurat borligini u Qunduzxon pay-suyakni qotiradigan bir noyob dori qidirib qolganida juda aniq his qildi. Professor Oydinga shu doridan ukol qilishni maslahat beribdi. Poʻlatning bir tanishi dorini olis bir qishloqdan topib keldi va uyalinqirab qoʻldan olganini, yigirma ming berganini aytdi. Poʻlat yuz ming desa ham olardi. Indamay berdi. «Qaerda ishlayotgan ekan?» — qiziqib xayolidan oʻtkazdi boyvachcha tanishini Poʻlat.
— Qovun-tarvuzni nima qilasan? — soʻradi oʻrtogʻi ToshMIga yetib borishganida.
— Olib ketaver, — taklif qildi Poʻlat. — Kafedradagilarga soʻyib berarsan.

O’sha kuni Oydinni koʻra olmadi. Palataga ichkaridan hamshira qiz chiqib qoldi. Poʻlatni koʻrib u boshini sarak-sarak qildi.
— Havo ayniganigami, kechasi bilan mijja qoqmay chiqdilar. Bel, oyoqlari ogʻridi. Domla buni yaxshilikka deyaptilar. Ishqilib shunday boʻlsin. Ammo, Oydinxon charchadilar. Hozir uxlatib chiqayapman.

Poʻlat kasalxona tunga bekilguncha kutdi. Oydin uygʻonmadi. Navbatchi vrachning gapiga qaraganda, u ancha tinchigan, ogʻriqlari ham bosilganadek edi.

Uyga qaytayotganda darvoza yonida boyvachcha tanishi solib qoʻygan qovun-tarvuzlarni koʻrdi. O’rtogʻi uyga tashlab ketibdi. Boyvachchaning oʻzi esa ayvonda adasi bilan gaplashib oʻtirardi. Koʻchada, derazalari ostida bir yengil mashina qorayib turganiga koʻzi tushgan edi. Demak, oʻ, birdan uning yoʻlida paydo boʻlib qolgan boyvachcha kelgan ekan-da. Yaxshilikkamikan kelgani, yo? Poʻlat noxush xayolni darhol haydab, ayvonga koʻtarildi.
— Salomalaykum!.. Ie, ie!..

Qora kostyum-shim kiyib, oppoq koʻylagi yoqasivi qora galstuk bilan keyingan Ismat Haydarov oʻrnidan turib uning qarshisiga yurdi.
— Kechirasan, doʻstim! Kunduzi koʻrishmaganimizdan keyin shu paytgacha kelmaganimizdan afsuslanib kelaverdim!
— Yaxshi qilibsan! Kani oʻtir!..

Ular oʻtirishdi. Fotihadan soʻng, Poʻlat beixtiyor dasturxonga etibor berdi. Bozorning oldi mevalari katta sopol laganga aralash qilib solib qoʻiilgan edi. Ikkita taqsimchada xamiri yogʻliq uchburchak somsa turardi. Xontaxtaning bir chetida sochiq bilan uch-toʻrtta barkashdek-barkashdek patir yopib qoʻyilgan edi, U Ismat Haydarov olib kelganini tushundi.
— Oyim qanilar? — soʻradi negadir koʻngli gʻash boʻlib.
— Xolam oʻchoqboshidalar! — dedi Ismat Haydarov.
— O’rtogʻining oshning xarajatini koʻtarib kelibdi, — jilmaydi dadasi.
— Nima qeragi bor edi?! — achchigʻlanib soʻradi Poʻlat.
— Qiziqmisan? Har kuni koʻrishib yuribmizmi? Bugundan boshlab endi man sani yolgʻizlatib qoʻymayman. Hali bir joyga olib boraman. Maylimi, amaki? Yaxshi odamlar yigʻiladi. Bir yozilib kelsin! Choydan ich!

Ismat Haydarov oldida turgan choynakdan oʻzi choy quyib unga uzatdi.

Poʻlat choyni olib, xoʻplar ekan, koʻnglining bir chetidagi gʻashlik qattiqroq tugun boʻlib, kayfiyatini buza boshladi. Nega keldi ekan? Unda nima ishi boʻlishi mumkin?
— Oydin qalay? — soʻradi adasi.
— Yomonmas. Professor ogʻriq sezayotgani yaxshilikka debdi, — xayoli boʻlinib javob qildi Poʻlat.
— Iloyim yaxshi boʻlsin.
— Ha... Ancha jabr boʻpti sizlarga, — gapga qoʻshildi Ismat Haydarov. — Kelib-kelib mashina uni uradimi-a?

Poʻlat birpas boshini egib oʻtirdi, keyin unga qarab, e’tiroz bildirmaydigan qilib gapirdi:
— Respublika bosh xirurgi qarayapti. Ahvoli yaxshi. Yaqinda yurib ketadi.
— Unda yaxshi. Juda yaxshi.

Ismat Haydarov oʻzini uning gapidagi zardani sezmaganga soldi.

Sanobar opa hargalgidek guruchi yakka-yakka boʻlib yaltirab turgan palov qilib olib keldi.

Poʻlat yemadi, chimchilab oʻtirdi.

Dasturxonga fotiha oʻqiltach, Ismat Haydarov oʻrnidan turdi.
— Qani ketdik!

Ota-onasi aralashmaganda, Poʻlat bormas edi.
— Bor, yozilib kelasan, bolam, — dedi Sanobar opa.
— Shunday oʻrtogʻing bor ekan, gapini yerda qoldirma, — qoʻshimcha qildi adasi.

Derazalari ostida turgan yengil mashina hali boʻyoq hidi tarqamagan yangi «Jiguli» edi. Ismat Haydarov epchillik bilan rulga oʻtirib, oʻng tomondagi eshikni ochdi.
— O’tir, doʻstim!

Yarim soat chamasi shahar aylanib, Oloy bozorining orqasidagi serdaraxt, kamqatnov koʻchalardan biriga kirib borishdi. Karnizida ikkita fonar yonib turgan uzun imorat oldida Ismat Haydarov mashinasini toʻxtatib, oʻrtogʻiga qaradi.
— Keldik.

Poʻlat mashinadan tushib, atrofiga qaradi. Koʻchaning ikki beti turli markadagi chet el mashiialariga toʻlib ketgan edi.

Ismat Haydarov mashinasini yopmadi, yugurib kelgan bir yigit uning oʻrniga oʻtirdi-da qayoqqadir haydab ketdi.
— «Boychechak» degan klub buyi baland, uymakor yogʻoch darvozaning qoʻngʻirogʻini bosar ekan, tushuntirdi Ismat Haydarov. — Koʻrasan, manimcha sangayam ma’qul buladi. Keyin bu yerda topganingni hech qayoqdan topolmaysan.

Darvoza eshigi qiya ochildi. Kimdir moʻraladi.
— Manman, — ovoz berdi Ismat Haydarov.

Eshik keng ochilganda Poʻlatning dimogʻiga turli ovqatlar hidi urildi.
— Biz orqadan kirdik. Xoʻjayinga aytib qoʻyay.

Poʻlat hovlida yolgʻiz oʻzi qoldi. Keng, chorsi hovli, juda katta, oldi peshayvonli uyga razm solar ekan, birvaqtlar xususiy uy boʻlganligini tushundi. Balki, hozir ham shundaydir, kim biladi? Ammo klub odatda bir odamga qarashli boʻlmaydi, koʻpchilikniki, yo boʻlmasa davlatniki boʻladi. «Boychechak»... Qiziq, bu klub kimga qarar ekan? Keyin nega «Boychechak»?.. Bunday koʻp bolalar tashkilotlarga berilardi, koʻproq. Bu ham bolalar klubimikan?
— Zerikmadingmi? — oldida Ismat Haydarov paydo boʻldi va javob kutmasdan bino ichiga boshladi.

Yarim soat oʻtar-oʻtmas Poʻlat undan bu did bilan qurilgan uyda sovet yillari nima boʻlganini, hozir nima joylashganini bilib oldi.

O’ttizinchi yillarda uy egasi yirik toshkentlik savdogar qamalib, mol-mulki musodara qilinadi. Bola-chaqa haryoqqa tarqab ketadi. Uyga ijroqoʻm kiradi. Urushdan keyin ijroqoʻm yangi binoga koʻchib uyni pochtaga beradi. Pochta eplolmay, ikki yil burun sotadi. Sotib olganlar «Salomatlik — tuman boylik» jamiyatining firmasini tashkil etishadi. Bolalarga turli sport, fizkultura toʻgaraklari ochishadi. O’tgan yil filial mustaqil «Boychechak» klubiga aylanadi. Klub kunduzi bolalarga xizmat qilar ekan. Qorongʻi tushishi bilan milliy taomlar, ayniqsa, uygʻurcha-xitoycha ovqatlar restorani sifatida ishlar ekan. Mashhur xonanda, sozandalar kelib kontsert berishar ekan. Klub xoʻjayinlari podvalni remont qilib, yaxshi zalga aylantirishibdi. Zalda frantsuzcha, milliy kurash, shaxmat-shashka, boks musobaqalari oʻtkazilar ekan. Ismat Haydarovniig bugun shoshib Poʻlatni olib kelgani ikkita mashhur bokschi nokautga oʻynar ekan.
— Bittasini taniysan, oʻzimizning yigitlardan, — dedi u. Ikkinchisi mehmon. Yutgan yuz ming, yutqizgan yetmish ming oladi. Shunchadan trenerlari ham olishadi. Qoyilmi? Faqat bir kuniga! Ertaga tushsa, yana shuncha oladi…

Poʻlat hayron boʻlib shuncha pulni klub qaerdan oladi deb soʻramoqchi edi, Ismat Haydarovning oʻzi aytib berdi:
— Kirish har bir odamga yigirma ming. Ovqat, ichimlik hisobmas. Ular alohida. Har kuni kamida yuz ellik, ikki yuz odam yigʻiladi. Hisoblayver shundan!...
— Sen iima qilasan?
— O’yinchilarni, mashshoqlarning chiqishini man tashkil qilaman. Odamlarim bor. Zakaz bersam boʻldi, olib kelaverishadi. Hali hech kim yoʻq degani yoʻq. Xalq artistlari ham gʻiq etmay kelishadi. E, doʻstim, shuncha pul koʻchada yotibdimi? Keyin tekin ovqat. Bir six kabob bozorda palon pul. Boʻtta toʻyguningcha yeysan tekinga.

Ismat Haydarov bularning hammasini ogʻzi toʻlib gapirib berdi.
— Xoʻjayin kelganingdan xursand. Shoʻtta ishlasin devotti. Klubgayam yaxshi-da. Jahon chempioni ishlavotti degan gap klubni koʻtarib yuboradi. Obroʻsiniyam, bahosiniyam...

Poʻlat klubdan kechasi ikkilarda qaytdi. Ismat Haydarovning oʻzi olib kelib qoʻydi, xayrlashayotib qalin konvert uzatdi.
— Ikki yuz ming. Mukofot bu. Ertadan maoshga oʻtasan.
— Xoʻp deganim yoʻq-ku, hali?— soʻradi Poʻlat.
— Jinnilik qilma. Bunaqa ishni topishing qiyin. Poʻlat indamadi. Ammo konvertni oldi. Oydinning kasalxonadaligi masalani hal qilgan edi. Bundan tashqari klubda qiladigan ishi — kunduzgi mashgʻulotlargʻa ikki soatdan vaqt ajratib kelib ketsa boʻldi ekan. Kechqurun yigitlarning chiqishlarini koʻrish, kuzatish shart emas ekan. Padvaldagi zal birpasda arqon tutilib ringga aylantirilganda Ismat Haydarov shunday dedi. Nihoyat, bokschilar chiqishdi. Baravar, yonma-yon yurib kelishdi. Bittasini Ismat Haydarov aytganidek, tanidi. Institutniig uchinchi kursidan ketib qolgan namanganlik jikkak, qorachadan kelgan yigit edi. Ismni eslolmadi. U respublika, keyin O’rta Osiyo chempionatlarida qatnashgan, hatto mukofotli oʻrinlarni ham egallagan edi. Treneri, keyin institut rektori bilan urishib qolib, iistitutni ham tashlagan, musobaqalarga ham qatnashmay ketib qolgan edi. Poʻlat urishib qolish sababini ham esladi. Unga Meksikaga yuborishni va’da qilib, oxiri komanda joʻnayotganda oʻrniga rektorning jiyanini roʻyxatta qoʻyishgan edi. O’shandan beri bu iste’dodli yigitni Poʻlat koʻrmagan edi.
— Nima ish qiladi u? Oti nima edi? — suradi Ismat Haydarovdan.
— Ikrom. Ikrom Aliev. Klub ochilganidan beri bizda. Klub chempioni desa boʻladi. Hali yengilgani yoʻq. Faqat mendan choʻchiydi.

Ismat Haydarov tilla tishlarini ochib kuldi.
— Ikkinchi yigit kim?
— Bokudan. O’zlarida respublika gʻolibi. Tez qaytishi kerak ekan. Ertagayam chiqadi shuning uchun. Qoplonni oʻzi!..

O’rtaga sudya chiqib bokschilarni tanishtirdi. Mukofotlari, chempionatlardagi oʻyinlarini aytib berdi.

Yeb, ichib oʻtirib boks tomosha qilishni Poʻlat birinchi marta koʻrishi edi. Shuning uchun sudyaning ba’zi gaplarini yaxshi eshitmadi. Yuqorida restoranda oʻtirganlarning deyarli hammasi podvalga tushishgach, zalning gir atrofiga bir qator qilib qoʻyilgan stollar orqasidagi kreslolardan joy olishgan edi. Poʻlat ayollar ham borligini koʻrdi. Yana shishalarning ochilishi, ryumkalarning jaranglashi quloqqa chalinib, uning diqqatini boʻldi. Ammo koʻp oʻtmay koʻnikdi. Jang shiddat bilan boshlandi. Mehmon chindan ham qoplondek saqrab, raqibini butun ring boʻylab aylantirib chiqdi. Ikrom kuchini ayab, ohista-ohista hujumni qaytarib, oʻzini ehtiyot qilib olishdi. Tomoshabinlarning gij-gijlagashiga e’tibor bermadi. Uchnnchi raund boshlanganda, mehmonni ter bosa boshladi.
— Chegara qancha? — soʻradi Poʻlat. Shoʻrmagʻiz chaynab oʻtirgan Ismat Haydarov kulib qoʻydi:

— Chegara yoʻq. Marra toʻliq nokaut, boʻlmasa odamlarga qizigʻi yoʻq. Kelishmaydi.

Yettinchi raundda hamon chekinib-chekinib olishayotgan Ikrom yoʻlbarsdek oʻkirib yubordi. Mehmon ikki bukilib yiqildi. Rahbari toʻqqiztacha sanab, Ikromniig qoʻlini koʻtardi.

Jang Poʻlatga yoqmadi. Avvalo ikkala bokschi hech qanday qonun-qoidaga rioya qilmadi. Bu oddiy, qoʻpol mushtlashish edi. Keyin Ikrom tutgan yoʻlni, u qoʻrqoqlar yoʻli hisoblardi. Bunday bokschilar koʻproq ochko bilan yutadilar. Mehmon haqiqiy bokschi edi. Ammo Poʻlatning nazarida u shoshdi, ehtiyotsizlik qildi. Boʻlmasa gʻalaba qilishi mumkin edi.

Kalta, tor koʻylak kiygan qiz katta mis barkash koʻtarib, oʻtirganlarni aylanib chiqdi. Birpasda barkash pulga toʻldi.
— Bu boksyorlarning oʻziga. Ikkalovi boʻlib oladi, — tushuntirdi Ismat Haydarov.

Poʻlat ketmoqchi boʻlib oʻrnidan turgan edi, oʻrtogʻi qoʻymadi.
— Kontsertni koʻr. Keyin oʻzim olib borib qoʻyaman. Poʻlat noiloj oʻtirdi.

Ring olinib, oʻrtaga uch-toʻrtta stul qoʻyildi. Televizor, radioda koʻp chiqib turadigan xonanda sozandalar bilan paydo boʻldi. Ikkita ashula qilib kirib ketdi. Sozandalar qolishdi. G’ijjakchi «Tanovar»ni boshladi. Zal jimjit boʻlib qoldi. O’rtaga paranjiga oʻralgan raqqosa chiqdi. U paranji ichida bir-ikki daqiqa oʻyin qilib choʻkkaladi va muzika ohangida ohista tebranib, paranjini yechdi. Avval uzun, qora sochlari koʻzga tashlandi, keyin oppoq, yupqa koʻylagi koʻrindi. Uni koʻylak deyish qiyin edi, nozik ipak, iplardan toʻqilgan parda, toʻgʻrirogʻi tanparda desa boʻlardi.

Raqqosa ariq labida noz bilan yuvingan qizni tasvirlab, oʻrnidan turdi.
— Voy-dod! O’zim aylanay Iqbol! — qichqirib yubordi kimdir.

Raqqosa oʻynab turib sozandalar yoniga bordi-da, qiyiqcha oldi, oʻynab turib belini bogʻladi. Yupqa koʻylagi badaniga yopishib yoʻq boʻlib ketdi. Kimdir oʻzinn tutolmasdan oʻrtaga tushdi. Bir-ikki oʻyin qilib soat choʻntagidan ming soʻmlik bitta qogʻoz pulni oldi-da, raqqosaga koʻrsatdi. Raqqosa tebranib qoʻlini uzatgan edi, bermadi, ogʻziga tutqazib orqasiga tisariddi. Raqqosa arazlagan boʻlib burilib ketdi. Bir aylanib yigitning oldiga keldi. Yigit sigaret tutatib, qoʻlidagi pulni silkitib turardi.

«Nahotki tishlasa?» — xayolidan oʻtkazdi Poʻlat. Uning raqqosaga negadir rahmi kelib ketdi.

Raqqosa yigit atrofida yana bir aylandi-da, tizzalarini egib, bir qoʻli bilan uning pul ushlagan qoʻlini ushladi va ohista boshini sarak-sarak qilib lablari bilan pulni tishladi. Shunda yigit uning boshini egib oʻpdi. Zalda qarsak koʻtarildi. Yigit ketishi bilan oʻrtaga semiz bir odam tushdi.

Uning qorni oʻziga ikkita kelardi. U raqqosaga qarab, jilmaydi-da, semiz, kalta qoʻllarini koʻtarib oʻynay boshladi. Besoʻnaqay jussasiga qaramay, u juda epchil, muzika ohangiga mos harakat qilardi. Birdan uning qoʻllarida ikkita besh ming soʻmlik pul paydo boʻldi. U qogʻozlarni shildiratib, raqqosaning boshi ustida aylantirdi, keyin qoʻllarnni tushirdi. Aftidan u charchagan edi. Raqqosa uning oldida tizzalariga choʻkdi va onasini emmoqchi boʻlgan buzoqdek qorni tagiga kirib ketdi. O’rnidan turganida ikkala qogʻoz pul ogʻzida hilpirab turardi. Yana qarsaklar chalindi. G’ijimlangan besh yuz soʻm, ming soʻmlik pullar raqqosaning boshiga, oyoqlari ostiga otila boshladi.
— Dod! — zavq bilan qichqirdi semiz odam va lapanglab oʻrtadan chiqaboshladi.

Poʻlat boya ham qichqirgan u ekanligini bildi. O’yin tugadi. Raqqosa egilib ta’zim qildi-da, oyoqlari ostida yotgan gʻijim pullarni yigʻishtira boshladi.

Poʻlat uyalib ketdi. Lekin nima qilaolardi? Yashash kerak. Ammo yashash oson emas. Raqqosaning boshqa chorasi yoʻq. Ajab emas, yillar oʻtib u bu kunlarini unutib yuborar. Sozandalardan bittasi u qaddini rostlaganda, ustiga paranjisini tashladi. O’rtada yana xonanda paydo boʻldi.
— Ketdik, — Oʻrnidan turdi Poʻlat.

Bu gal Ismat Haydarov qarshilik bildirmadi.

Yoʻlda hech narsadan-hech narsa yoʻq, kim biladi balki oʻzini yaqii olganidanmi, yo achinganidanmi, Ismat Haydarov bir qarindoshi haqida gapirdi. Ikkita oʻgʻli bor ekan. Kattasi endi oʻnga kiribdi. Shu odamning xotini yotib qolibdi. Yil oʻtgandan qeyin qarindosh-urugʻlari uni yangitdan uylantirib qoʻyishibdi. Erkak odam mehmon-izmoni, kiyim-kechagi bor, yana issiq-sovugʻi. Koʻrpa-yostiq qilib olgan xotin xotinlik qila olarmidi.

Soʻrashganda, uni qara, uyam yoʻq demabdi. O’zlari biladilar, nima desalar, shu, debdi. Xoʻp fe’li keng, odamgoʻy ayollarimiz bor-a?

Poʻlat uning nima uchun bu gapni qilganini tushundi, lekin javob bermadi.

U darvoza eshigini ochib hovliga kirgandi, adasining hali yotmaganini koʻrdi.
— Negadir xavotir oldim, — dedi oʻgʻlining savolini kutmay u, — Gʻoyibdan paydo boʻlib qolgan boyvachcha oʻrtogʻing uncha yoqmadi menga.

Poʻlat kulib qoʻydi. Ammo oʻzi ham shu fikrdaligini aytmadi. G’oyibdan paydo boʻlgan boyvachcha tanish gʻoyibdan daromadli ish taklif qildi. Shunday ish unga hozir juda kerak edi. Shuning uchun javob qilmay, semiz qonvertni adasining oldiga qoʻydi.
— Nima? — hayron boʻlib soʻradi adasi.
— Ishga kirib kelayapman. Bu kirish haqqi ekan.
— Yaxshi, — adasi konvertni kaftiga olib koʻrdi, — Yaxshn, lekin, oʻgʻlim, tekin pulning barakasi boʻlmaydi.
— Qani, ishlab koʻray-chi...

Poʻlat Oydin tuzalib ketsa, oʻz ishimni qilaman, hozir shu kerak, demoqchi boʻldi-yu, hojat sezmadi. Adasi aftidan uni tushungan edi.

Ertasiga Eski shaharda yaxshi bozor qilib Oydinlarning uyiga bordi. Rahbar opa uni duo qildi. Oydin uning kayfiyati chogʻligini sezib ancha ruhi koʻtarildi. Poʻlat ketganidan soʻng u olib kelgan frantsuzcha duxini dimogʻiga tutib yigʻladi, tezroq shifo berishni tilab, xudoga yolvordi. Ammo yana ikki oy oʻtdi, qish kirib yarimladi, oyoqlari, belida hech qanday oʻzgarish yuz bermadi. Goʻyo tekis taxta karovat uning oyoqlari, beli boʻlib ketgan edi. Qancha tegmasin, qattiq-qattiq chimchilab koʻrmasin, oyoqlarida ham, belida ham jon yoʻq edi.

Poʻlat kun oʻtgan sari Oydinning nngohida siniqlik kuchayib borayotganini koʻrib, koʻproq oldida oʻtiradigan boʻldi. Oydin buni oʻzicha tushundi va nihoyati bir kuni yorildi:
— Poʻlat aka, yarim yildan beri men bilan ovorasiz. Qancha oʻyinlardan, musobaqalardan qolib ketdingiz. Men tuzalmaydiganga oʻxshayman. Qoʻying endi. Meni deb hayotingizni buzmang. Uylaning. Bola-chaqa qiling.
— Otinoyilardek gapirayapsiz-a?— ichini it timdalab ketgan boʻlsa ham hazil qildi Poʻlat. — Uylanaman, mayli. Sizdaqa qiz uchrasin. Hali uchragani yoʻq.

Oydin jilmaydi. Taqdir uni shunday yigitga duch keltirganidan, hozir u roʻparasida oʻzining yirik mehr toʻla koʻzlarini unta tikib oʻtirganidan xursand edi. Koshkiydi turib ketsa! Undan baxtli odam boʻlmasdi dunyoda. Dilida uning javobidan mamnun boʻlgan boʻlsa ham e’tiroz bildirdi:
— Yaxshi qizlar koʻp. Ketingizdan yurganlarning oʻzi son mingta.
— Xabar kelib turadimi?
— Har bir qadamingiz hisobda.
— Unda uylanishim aniq ekan. Ayting odamlaringizga, oʻzlari topib berishsin. Faqat oti ham Oydin boʻlsin. Kelishdikmi?
— Kelishdik.

Oydin uning qoʻllarinn hovuchiga oldi, gʻadir-gʻudur barmoqlarini bitta-bitta silay boshladi. Poʻlat ancha oʻtirdi oldida. Tungi dorilar bilan shprits koʻtarib hamshira kirgandagina xayrlashib oʻrnidan turdi.

Yoʻq, unga Oydindan boshqa hech kim kerak emas. U oʻz hayotini boshqa qiz bilan tasavvur qilolmaydi. Oydin unga achinayapti, hazilning tagi zil, u uning uylanishini astoydil istayapti. Uni yaxshi koʻradi. Yaxshi koʻrmasa bunday demasdi. Poʻlat ham uni yaxshi koʻradi. Ayniqsa, fojeadan soʻng Oydinga bogʻlanib qoldi. Rahmdillikmi bu, muhabbatmi, bilmasdi. Buni farqi ham yoʻq edi. U albatta, kutadi. Oydinning sogʻayib ketishiga ishonadi. Nahotki shunday qiz turib ketmasa?! Ammo ertasiga kasalxonaga kelganida professorning oʻzi uni chaqirdi.
— Biz konsilium qildik, — deda u oʻtirishga taklif qilar ekan, — Oydinxonga javob bermoqchimiz. Bilganimizni, imkoniyatimizda borini qildik. Buyogʻiga biz ojizmiz. Yashaydi, uzoq umr koʻradi. Ammo yurmaydi. Ajab zmas turib ketsa. Hozir bir narsa deyish qiyin.

Bu gaplarni Poʻlat butun vujudi muz boʻlib eshitdi. Ancha vaqt ikkovlari nima deyishlarini bilmay oʻtirishdi. Oxiri Poʻlat oʻzini tutib olib soʻradi.
— O’zi biladimi?
— Ha. Boya aytdik. Lekin qarab turishimizni, umidni uzmaslikni ham aytdik. Ba’zan iroda, umid dori-darmondan kuchli. Siz ham umidvor boʻling, Poʻlatjon!...

Poʻlat uning soʻnggi gaplarini eshitmay, kabinetdan chiqdi. Nima qilish kerak? Birinchi galda Oydinni koʻrishi, uni yupatishi kerak!

U shu niyat bilan palataga otilib kirdi.
— Eshitdingizmi? — uning avzoyini koʻrib soʻradi Oydin. — Ertaga olib ketishadi uyga. Bilasizmi, yaxshi boʻldi. Uyni juda sogʻingan edim... O’tiring.

U yonidagi stulga ishora qildi. Poʻlat oʻtirgach, jilmaydi.
— Kecha gapimizga farishtalar omin degan ekan. Endi shunday qilishingiz kerak. Men sizdan roziman. Taqdir ekan, yoʻlimiz boʻlindi. O’zingizga qarang endi. Men sizga baxt keltirmadim. Endi buyogʻiga baxtli boʻling... Sizga toʻsiq boʻlishni istamayman!
— Nimalar deyapsiz, Oydin!— Poʻlat jahl bilan oʻrnidan turib ketdi. — Tuzalib ketasiz! Menga sizdan boshqa hech kim kerak emas!
— Rahmat! Shu gapingiz bilan men baxtliman. Lekin buyogʻiga endi meni, nogiron odamning gapini eshiting. Meni qoʻying. O’zingizni oʻylang! Shunday qilmasangiz, rozi boʻlmayman. Endi keting. Iltimos. Iltimos...

Oydin boshini bir koʻtarib orqaga tashladi-da, qoʻllari bilan yuzini berkitdi.

Poʻlat bunday boʻlishini kutmagan edi. Nima qilishini bilmay, beixtiyor eshik tomonga yurdi. Hovliga chiqib, oʻzi sezmagan holda koʻziga yosh oldi, Oydin bilan munosabatlarining bunday tugashini u xayoliga ham keltirmagan, vrachlarning, ayniqsa savlatli professorning gaplariga qattiq ishongan, uch-toʻrt oy deganda Oydin mutlaqo tuzalib ketadi deb oʻylagan edi. Bechora qiz! Professorning gapini qanday eshitdi ekan? Tagʻin ham fil ekap. Shuncha azob, tashvish, umrbod shipga qarab yotishdek kelajak boshida tursa ham uni oʻylayapti.

Poʻlat serdaraxt, qorlari hali erimagan ola-bula hovlipiig chetida turgan zah skameykaga borib oʻtirdi. U oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Buyogʻiga endi nima qilish, qanday yashash kerak? Bir narsa harholda unga aniq edi. Nima boʻlmasin, yana qanday kutilmagan kulfatlar boshiga tushmasin, u Oydindan voz kechmaydi. Bu qarorga u qachon keldi? Fojeadan, Oydin kasalxonaga tushmasidan oldinmi, yo tushganidan keyin rahmi kelibmi? Bu savolga javob yoʻq edi. Bilmasdi bu qarorga kelganini. Keyin ahamiyati yoʻq edi. Eng muhimi, Oydinsiz hayotning unga qizigʻi yoʻq. Oydin uni haydamadi, dard uni haydayapti... Kim biladi, balki chorasi bordir? O’zga shaharlarda, oʻzga mamlakatlarda bunday kasalliklarga shifo balki topishgandir?

Olisdan Qunduzxon koʻrindi. Poʻlatning bu yerda oʻtirishi endi befoyda edi.

Darvozaga yetay deganda oldidan Ismat Haydarov chiqdi.
— Shu yerdaligingni bilib kelaverdim!
— Tinchlikmi? — hayron boʻldi Poʻlat.
— Tinchlik. Xoʻjayinni bir joyga olib borib kelamiz.
— Men hammi?— tushunmadi uni Poʻlat.
— Ha. Ikkalamiz. Xoʻjayinning joni hammamizga qimmat.

Poʻlat endi angladi. Undan soqchi sifatida ham foydalanishmoqchi. Yangi chiqqan boylar bir tiyinni bekorga sarf qilmaydi. Uning chempionlik obroʻyidan bu ishda ham, soqchilikda ham foydalanishmoqchi. Zardasi tutib ketib qolmoqchi boʻldi, ammo oʻzini bosdi. Klubda ishlayotganiga atigi ikki oy boʻldi. Ishlayotganini faqat har oʻn kunda olayotgan pulda sezdi. Dastlabki kunlari hatto uyalib ham yurdi. Adasining gapini xayolidan koʻtarib tashlayolmadi. Tekin pulning barakasi boʻlmaydi degandi u. Zararini Poʻlat sezgani yoʻq, foydasini boʻlsa har kuni, har qadamida koʻrib turdi. Bozorga tushganida oʻzini cheklagani yoʻq, nima koʻziga yaxshi koʻrinsa, oldi. Bitta oʻzining uyiga emas Oydinlarnikiga ham olib bordi, kasalxonaga qatnovlarining keti uzilgani yoʻq. Shuning uchun hozircha chidash kerak. Bir kun kechga xizmat qilsa qilibdi-da! Tagʻin hali xizmat qandayligi ham ma’lum emas. Kunduz kunlaridagidek boʻlsa, xizmat emas, pashsha qoʻrish. O’n bitta yigit bilan Ismat Haydarov boshliq ikkita trener shugʻullanadi. Ularni Poʻlat ilgari, qandaydir musobaqalarda koʻrgan ammo tanishligi yoʻq. Mashgʻulotlarni ular olib borishadi. Poʻlat faqat kuzatadi, lozim topganidagina aralashib, maslahat beradi. Uning omadi kelganidanmi, yo yigitlarning oʻzlari kuchli boʻlganlaridanmi, ikki oy ichida toʻrt marta jang boʻldi. Hammasida klub yigitlari gʻolib chiqishdi. Ular qatori Poʻlat ham mukofot oldi.
— Yoqmadi-a? — Ismat Haydarov yaljaydi, — Na iloj? Yemoqning qusmogʻi bor. Yaxshi olayapmiz. Ozgina xoʻjayinning koʻaglini olsak olibmiz-da! Jahon chempioni yuribdi orqamda, degan gap kerak ekan bugun. Qizlarinikiga ketayaptilar. Quda chaqiriq. Zoʻr ziyofat boʻladi.

Poʻlat yarim kechada uyga qaytdi. Yana Ismat Haydarov olib kelib qoʻydi. Soqchi sifatida uning hechqanday xizmati boʻlmadi. Hechkim uni surishtirmadi. Ichkaridan, xoʻjayinning qizi tushgan hashamatli uydan turli ovqatlarning hidi kelib tursa ham hechkim ularga bir piyola choy olib chiqqani yoʻq. Uchta «Tayota»ning shoferi, u, Ismat Haydarov hech kimning esiga kelishgani yoʻq.

Shunday munosabat boʻlganidan bir hisobda u quvondi. Tili qisiq boʻlmaydi, istagan paytda tortinmasdan boʻshab ketadi. Boʻshab ketishiga esa uning ishonchi komil edi. Bunday daromadni koʻrmagan boʻlsa ham, turmushida muhtojlik sezmasa ham dilining bir chetida oʻzidan, qilayotgan ishidan norizo edi.

Eshikni qulflab, hovliga oʻgirilganda, adasi bilan onasining uygʻoq oʻtirishganini koʻrdi. Xayoli darhol Oydinga ketdi. U bilan bir narsa boʻlgandek tuyildi. Ayvonga koʻtarilishi bilan soʻradi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik. Xavotir boʻlma. Er-xotin gaplashib oʻtiribmiz, — dedi adasi.
— Juda qornim och, oyi! Nimangiz bor?

Poʻlat tinchib ichkariga kirib ketdi. Onasi oʻchoqboshiga borib ovqat olib kelguncha yuvinib, uy kiyimlarini kiyib chiqdi. Er-xotin oʻgʻlining ishtaha bilan ovqatlanishiga havas, gʻurur bilan qarab oʻtirishdi. Poʻlat apil-tapil ovqatlanib, oʻzi qoʻlini fotihaga yozdi. Opasi shoshib bir narsalar shivirlashi bilan yuziga tortdi. O’rnidan turmoqchi boʻlganida, adasi toʻxtatdi.
— Poʻlat... — u xotiniga qarab qoʻyib, boshini egdi. — Kunduzi Rahbarxon... Oydinning onasi kelgan edi...
— Xoʻsh? — Poʻlatning yuragn orqasiga tortib boʻshashdi.
— Oydin bilan fotihalaringni bekor qilib ketdi
— Nega? — hayron boʻldi Poʻlat.
— Yashiradigan joyi yoʻq endi, oʻgʻlim, salmoqlab gapirdi adasi. — Oydinxon... Oydinxonni uyga olib kelishibdi. Bechora qiz... Koʻrpa-yostiqqa bogʻlanib qoldi endi. Turmush qurib, bola-chaqa qilishi qiyin. Noumid shayton oʻgʻlim ajab emas, bir kunmas bir kun oʻrnidai turib ketsa!.. Lekin bu kun qachon keladi, xudoga ayon, bandasi bilmaydi. Shularni oʻylab sening yoʻlingni ochib qoʻyishdi, Bu gapdan Oydinnnng oʻzi ham xabardor ekan. Kim bilsin, balki oʻzi boshlagandir?

Poʻlat Oydinning gaplarini esladi. Albatta, gapni Oydinning oʻzi boshlagan.
— Sizlar nima dedinglar? — Poʻlat oyisi, adasiga bir-bir qarab chiqdi.
— O’gʻlim!.. Bu toʻgʻri fikrga qoʻshilmay ilojimiz yoʻq. Rozimiz. Faqat ich-ichimizdan achinib, ezilib oʻtiribmiz. Oydin yaxshi kelin, Rahbarxon yaxshi quda boʻlardi. Lekin nima derdik. Xudo shifosini bersin. Tuzalib ketsa, Oydindek qiz uyda oʻtirib qolmaydi. Baxtini topib ketadi.
— Nega meni kutmadinglar? — soʻradi zarda bilan Poʻlat oʻzini tutolmay.
— Oydin uzil-kesil gap qilibdi, — shu paytgacha dasturxonning bir chetini gʻijimlab oʻtirgan Sanobar opa oʻgʻliga qarab boshini koʻtardi. — Rozi boʻlmasdan ilojimiz yoʻq edi. O’gʻlim, adang aytganlaridek bechoraga xudo umr bersin, shifo topib ketsin. Unga hozir bundan boshqa hech narsa kerakmas, yuragiga ham sigʻmaydi. Bizlarning ham umidlarimiz bor. Bittayu-bitta oʻgʻlimiz oila qursa, toʻy qilsak, nevara koʻrsak, deymiz.

Yana adasi gapga qoʻshildi.
— Hammamiz oʻgʻlim, bu dunyoda mehmonmiz. Koʻrib turibsan, mening ham ahvolim koʻngildagidek emas. Xudo biladi, peshonaga nima yozilgan. Koʻzim ochiqligida sendan tinchisam deyman. Lekin bilib qoʻy, oyingga ham menga ham rozilik berish oson boʻlgani yoʻq.

Allaqaerda xoʻroz qichqirdi. Allamahal boʻlgan edi. Shuni bahona qilib, Poʻlat oʻrindan turdi. Xonasiga kirib yechinmay oʻrniga choʻzildi. Ammo tong otguncha mijja qoqqani yoʻq.

Dimogʻini tandirdan yangi uzilgan non hidi qitiqlab oʻrnidan turdi. Uxlamay chiqqanini sezmadi, kechasi bilan koʻkragini bosib turgan ogʻir xayollar, ota-onasining gaplari birdan qayoqqadir yoʻqoldi. Koʻz oldida Oydin paydo boʻldi. U onasi yopgan, bugʻi buralib, xamirturush, achchiq piyoz hidi anqib turgan bir savat non koʻtarib uni oldida turardi. U beixtiyor qoʻlini uzatdi, eshik tomon yurdi. Tasavvuri tarqaldi. Ammo baribir u xursand edi. Non hidi niyati, rejalarini oydinlashtirdi.

Nonushta payti issiq, piyozli nondan ushatib ogʻziga solar ekan:
— Qachon ulgurdingiz? — soʻradi onasiga mehr bilan boqib.
— Kechqurun pishrib qoʻyuvdim xamirini, — nondek qizargan yuzlarini artib jilmaydi Sanobar opa. — Xudo xohlasa, kelin tushirganimizdan keyin har kuni tandir yoqaman.

Poʻlatning boyagi tasavvuri yana koʻz oldidan oʻtdi. Oydin bir savat non bilan ayvonga koʻtarildi. Mana, u savatni xontaxta burchagiga qoʻyib, nonlarni olayapti. Non issiq, savatdan olib qoʻygunicha qoʻllari kuyib ketay deyapti. Leknn kasalligini unutolmay lablarini tishlab bitta-bitta olayapti.

Poʻlat yordam bermoqchi boʻlib qoʻlini uzatdi. Qoʻli yangi kulcha ushlab turgan onasining qoʻliga tegdi. Tasavvuri yana tarqab ketdi. Oydin yoʻq edi. Dasturxon atrofida oyisi, adasi, oʻzi oʻtirishardi.
— Oyi! — Poʻlat yutindi, joyida bir qoʻzgʻolib oldi. — Albatta, kelin tushirasiz. Men uylanaman. Faqat Oydinga uylanaman. U tuzalib ketadi. Uni hozirgi ahvolida qoldirib, boshqaga uylanolmayman. Gapim shu.

Adasi piyolani koʻtarganicha qotib qoldi. Sanobar opa ham nima deyishini bilmay chaynala boshladi. Poʻlat suv sepgandek shoshib qoʻllarini yuziga surtdi-da, oʻrnidan turdi.

Koʻchaga chiqib, avval institutga bordi. Rektor oʻzida ekan, kirdi.
— Institut qoshida mayda bolalar uchun boks maktabi ochsak, nima deysiz? — dedi dabdurustdan.
— Juda yaxshi boʻladi! Qachondan?
— Bugundan.

Rektor oʻrnidan turib unga qoʻlini uzatdi.

Poʻlat kafedraga kirib klubning telefonini tera boshladi.
— Ismat Haydarovni mumkinmi? O’zingmisan? Salom ogʻayni. Ha, Poʻlatman. Yoʻq, bormayman. Mutlaqo bormayman. Soqchilik, mushtlashish qoʻlimdan kelmas ekan. Boksimga qaytdim. Maktab ochayapman institut qoshida. Hohlasang kel, iste’dodli bokschi eding. Mayli. Ixtiyor oʻzingda. Istagan payting kel. Eshik ochiq. Yoʻq. Qaytmayman. Hamma narsani pul bilan oʻlchab boʻlmaydi. Xayr.

Trubkani qoʻyib, seqretar ayolga murojaat qildi:
— Bir soatga eski ToshMIga borib kelaman. Xoʻpmi?

Ayol boshini qimirlatdi. Nega ToshMIga borishini u yaxshi bilardi.

* * *

Davon orqali Fargʻona vodiysiga borayotganimda albatta Pungonda toʻxtayman. Shu yerda, Namangan yoʻliga burilishda jajjigina choyxona bor. Birpas oyoq-qoʻllarimning chigalini yozib, achchiq koʻk choy ichib, dam olaman. Choyxonachi men tenggi, oltmishlarga borgan dehqon odam. Sobiq agronom. Choyxona qarilikni tan olganidan beri, toʻgʻrirogʻi rahbarlari tan oldirishgandan beri qilayotgan ermagi. Choyxonaning orqasi bogʻ. Anjir, shaftoli, nok ekib qoʻyibdi. Kim kirsa, shulardan albatta, oldiga qoʻyadi. Rayhon, atirgullarni hidi dimogʻni qitigʻlab turadi. Bu gal ham mashinamni koʻrinadigan joyga qoʻyib, choyxonaga kirdim.

Boʻsh taqsimcha bilan choynak koʻtargan Obidjon aka ochiq deraza oldida katta yoʻlga tikilib turardi. Beixtiyor shu tomonga qaradim. Choyxonadan katta yoʻlga tushaverishda qoʻliga termos koʻtarib olgan yigit uzun atlas kuylak kiygan qizni tirsagidan ushlab borardi. Ular ohista-ohista yurib, yangi «Moskvich» yonida toʻxtashdi. Yigit qizni qoʻyib yuborib, mashina eshigini ochdi. Qiz orqa oʻrnndiqqa oʻtirgach, yigit eshikni ohista yopdi. Keyin mashinani aylanib oʻtib, rulga oʻtirdi. Ularni tanidim, ammo koʻrishishga ulgurmadim. Mashina yurib ketdi. Yigit Poʻlat, qiz Oydin edi. Biroz boʻlsa ham Oydin tuzalganini, Poʻlat uni Moskva, Kievdagi taniqli jarrohlarga olib borganini, bir yildan beri esa namanganlik Muhiddin tabibga qatnashayotganini eshitgan edim. Ammo Oydinni oyoqqa turgani, yuradigan boʻlgani mening uchun moʻ‘jiza edi.
— Ularni taniysizmi? — soʻradim Obidjon akadan.
— Ikkalovi ikki farishta! — dedi u. — Biri Tohir, biri Zuhra, Biri Shirin, biri Farhod. Farhod-Shirinlar choʻpchak deyishadi. Yolgʻon! Mana, ular choʻpchak.

U qoʻlini uzatib mashina ketgan tomonni koʻrsatdi, keyin shaqillab qaynab turgan samovar yoniga borib, choy damladi. Guldor patnisga bitta yopgan non, bir bosh uzum, bir siqim qand solib oldimga keldi.
— Astoydil yigʻlasa soʻqir koʻzdan ham yosh chiqar ekan, — Obidjon aka choy quyib uzatdi. — Poʻlatjon faqat boksda chempion emas, mehr-oqibatda ham chempion ekan. Muhiddin tabib bechora qizni oyoqqa turgʻazgani moʻ‘jiza, toʻgʻri. Ammo-lekin shu qizga Poʻlatjonning duch kelgani ikkinchi moʻ‘jiza. Uning astoydil harakati, sadoqati bilan Oydin yurib ketdi. Hamma narsa pulga chaqiladigan davrda Poʻlatjondek yigitlarning borligi yana bir moʻ‘jiza. Toshkentda maktab ochibdi. Hukumat qoʻling oʻrgulsin bir bino beribdi. Bu maktabni bitirganlardan chempionlar chiqadimi, yoʻqmi, bilmadim. Chiqar. Ammo yaxshi odamlar albatta, chiqadi! Nima dedingiz?

Unga qoʻshildim. Poʻlatga oʻxshagan sadoqatli, vafodor yigitlar faqat qizlarning emas, butun el, yurtning baxti. Ular bor yashasa, ertangi kunga umid, ishonch bilan qarasa boʻladi...