OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Nomus (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiNomus (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nomus (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Zumrad tungi smenadan qaytganiga qaramay, erta turdi va beixtiyor yoniga qaradi. Muniraning oʻrni boʻsh edi. Hozirgina turgan boʻlsa kerak, yostiq, choyshabi gʻijim.

U xalatni kiyib, uzun, yelkalari bilan bitta boʻlib turgan qoʻngʻir sochlarini oʻrganicha, hovliga tushdi. Soʻri tagida yuziga koʻrpa tortib onasi Risolat xola uxlardi.

U taxta zinani lopillatib ariq labiga tushdi. Ichki koʻylagini lipasiga qistirib olgan Munira oppoq, kelishgan oyoqlarini yuvardi.
— Ha, muncha erta? — Munira yuziga tushib turgan nam sochlari orasidan oʻrtoriga qaradi. — Kecha seni rosa kutdim!
— Ha? — Zumrad ariq labidagi xarsang ustiga engashdi.
— Kecha anavi... Karim yana keldi. Gulistonga olib ketaman, deydi. Uch xonali kvartira berishibdi.
— Nima, biznikiga sigʻmay qoldingmi? Munira «uh» tortdi.
— Tushunmaysan-da, tushunmaysan. Gap uyda emas.
— Nimada boʻlmasa? Yaxshi koʻrmayman, deyatuvding-ku?
— Qaydam... Kecha koʻzimga yana boshqacha koʻrinib ketdi. — Munira yuvinayotgan oʻrtogʻining yoniga oʻtdi.
— Bilasanmi, sizdan boshqa hech kimim yoʻq, sizdan boshqa hech kimga uylanmayman, deydi. Keyin aylandik...
— Oʻpishgan hamdirsan? Munira kuldi.
— Ozgina... Bechora nuqul titraydi.
— Anavi, Zokir nima boʻladi?
— Injenermi? Voy, unga nima boʻlardi? Bir-ikki marta kinoga bordik, xolos. Ketaveraymi? Nima deysan?
— Qayoqqa?
— Qayoqqa boʻlardi, Gulistonga-da?!
— Ehtiyot boʻl, qiz! — dedi Zumrad. — Tagʻin kuyib qolma!
— Sen faqat shuni bilasan. Ehtiyot boʻl, ehtiyot boʻl! — Munira burnini qiyshaytirib, oʻrnidan turdi. — Qari qiz boʻlib oʻtib ketaymi! Qari qiz, qari qiz, yigitlardan nari qiz!..

Koʻp oʻtmay tepadan, hovli tomondan uning shoʻx kulgisi va Risolat xolaning boʻgʻilib jerkigani eshitildi.

Zumrad Munirani oʻz uyiga olib kelganiga yil boʻlib qoldi. Ikkalovi bitta parkda ishlardi, ikkalovi ham haydovchi edi, lekin bir-birini yaxshi bilishmasdi. Yangi yilni bir joyda kutishdi-yu, oralaridan qil oʻtmaydigan boʻlib qoldi.

Muniraning hech kimi yoʻq, otasi yoshligida oʻlib ketgan, onasi ham uch-toʻrt yil burun qazo qilgan edi. Quvnoq, dilidagi tilida turadigan, sap-sariq, yuz-koʻzini qalin sepkil bosgan qiz Risolat xolaga ham yoqib qoldi.
— Qiz bola narsa kap-katta hovlida yolgʻiz turasanmi? Biznikida yashayver, — dedi bir gal qizi bilan kelganida.

Munira koʻndi.

Zumrad koʻp jihatdan unga havas qilardi. Kelishgan, oppoq, yirik koʻzlari xuddi tiniq osmonga oʻxshaydi. Ochiq koʻngil. Jahli burnining uchida tursa ham kek saklamaydi. Keyin u bilan sira zerikmasdi. Ychi toʻla gap. Qanchadan-qancha kechalarni u bilan mijja qoqmay oʻtkazgan. Kecha ham ertaroq kelganida, azongacha uxlatmasmidi, oʻsha Karimini gapirib chiqarmidi?

Zumrad yuvinib boʻluvdi hamki, tepadan oʻrtogʻi qichqirdi:
— Bugun Karaklaichga boramiz. Boʻptimi?
— Bilet bormi?
— Karim uchta bilet bilan poylab turadi.
— Yana Karim? — jahl bilan dedi zinadan koʻtarilarkan Zumrad. — Bechoraning boshini aylantirib nima qilasan?

Munira oʻshshaydi.
— Ayb oʻzida. Kelmasin boʻlmasa!

Zumrad oʻrtogʻini jerkib bermoqchi edi, gapi ogʻzida qoldi. Yoʻlakda oʻrta boʻyli bir kishi turardi.
— Qara!

Zumrad oʻrtogʻiga shunday dedi-yu, shoshib uyga kirib ketdi va darrov yuz-qoʻlini artib, sochini taray boshladi. Munira kirdi.
— Seni soʻrayapti.
— Kim ekan?
— Bilmadim. Senda zarur ishi bor emish, taniysanmi?
— Birinchi koʻrishim, — dedi Zumrad.
— Shunday de? — Munira ayyorona jilmaydi. — Tanimagan odamning zarur ishi boʻlarmidi? Oʻzi yomon emas, qariroq demasang...
— Ovozingni oʻchir! — urishdi Zumrad. Urishdi-yu, negadir koʻngli gʻash boʻlib ketdi. — Oyim qani?
— Nonga chiqib ketdilar. Yur, kutib qoldi.

Ular hovliga tushishdi. Begona odam soʻri tagidagi kursida oʻtirardi. Qizlarni koʻrib, oʻrnidan turdi.
— Salom, keling, — dedi Zumrad unga yaqinlashib.
— Sizda ishim bor edi...
— Marhamat, — Zumrad kursiga ishora qildi.
— Kechirasiz, — begona kishi iymanib gapirdi, — agar mumkin boʻlsa, yolgʻiz gaplashsak...
— Mening hech qanday sirim yoʻq, — Zumrad oʻrtogʻiga qaradi. — Bemalol...
— Tushunaman, lekin iltimos.
— Uyga kira qolinglar boʻlmasa, — taklif qildi Munira.
— Xohishingiz, — yelkalarini qisdi Zumrad va mehmonni uyga boshladi.
— Yana, kechirishingizni soʻrayman, — dedi begona kishi ular mehmonxonaga kirib oʻtirishgach, — mening aytadigan gapim faqat sizga tegishli.
— Qulogʻim sizda, — dedi Zumrad hamon hech narsaga tushunmay, lekin negadir yuragini vahm bosib. — Tinchlikmi oʻzi?
— Tinchlik, — dedi begona kishi. — Men advokatman. — U familiyasini aytdi va epchillik bilan choʻntagidan hujjatini olib koʻrsatdi. — Komil Mirzaev degan odamni tanisangiz kerak? Aspirant, fizik.
— Ha, taniyman... tanir edim, — dedi tutilib Zumrad va qizarib ketdi.
— Bilaman, hozir u bilan hech qanday aloqangiz yoʻq, — gapida davom etdi advokat. — Lekin bir vaqtlar yaxshi doʻst edinglar. Shunday emasmi?
— Ha, bir vaqtlar shunday edi, — dedi Zumrad, hamon yuragini hovuchlab. — Nima gap oʻzi?
— Gap shundaki, singlim, — advokat fikrini ifodalash uchun soʻz qidirgandek, bir oz oʻylanib qoldi, keyin dedi: — Gap shundaki, Komil qamoqda yotibdi.
— Qamoqda? — hayron boʻldi Zumrad.
— Ha, qamoqda. Bugun roppa-rosa bir oy boʻladi.
— Nega? Nima qildi? — xavotirlanib soʻradi Zumrad.
— Uni bezorilikda ayblashyapti.
— Bezorilikda? — hayratga tushdi Zumrad.
— Ha, bezorilikda, — dedi advokat va qora portfelidan qandaydir qogʻozlarni olib stolga qoʻydi. — Uch kishi boʻlib bir moʻysafidni urishibdi. Moʻysafid ogʻir ahvolda yotibdi.
— Bunday boʻlishi mumkin emas, — dedi Zumrad qat'iy ohangda. — Komil bunaqa odam emas. U juda yovvosh, keyin...
— Bilaman, Komil bunaqa odam emas, — tasdiqladi advokat. — Lekin bir kampir shu yigit ham bor edi, deb guvohlik beryapti.
— Ishonmayman! — Zumrad oʻrnidan turib ketdi, — Komil bezori? Yoʻq, bu anglashilmovchilik.
— Toʻgʻri, — dedi advokat. — Men ham shu fikrdaman. Ammo buni isbotlash kerak. Isbot uchun esa qoʻlimizda asos yoʻq.
— Mendan nima istaysiz? — soʻradi Zumrad.
— Sizdanmi?.. — advokat unga tikildi. — Sizdan yordam. Uni faqat siz qutqara olishingiz mumkin.
— Men?! — qoshlarini chimirdi Zumrad. — Qanday qilib?

Advokat xonaga shoshib koʻz yugurtirdi, eshikka qaradi. Hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, Zumradga oʻgirildi:
— Oʻsha kuni, shu xunuk voqea yuz bergan kuni, u ... ya’ni Komil siz bilan boʻlgan...

Zumradning ichida bir narsa uzilgandek boʻldi.
— Qaysi kuni? — boʻgʻilib soʻradi u.
— Shu yil 18 may kuni. Komil shunday dedi. Mana oʻz qoʻli bilan yozgan qogʻoz.

Zumrad beixtiyor advokat uzatgan qogʻozni oldi, lekin oʻqimadi, boʻshashib stul suyanchigʻiga oʻzini tashladi. Uning peshanasi, labining ustini ter qoplagan, koʻz oldi qorongʻilashgan edi.
— Sizga nima boʻldi? — shoshib soʻradi advokat.
— Hech nima, — dedi sekin Zumrad va koʻzlarini yumdi. ... Mana, bir kunlik quvonch, bir kunlik baxtning oqibati... u, negadir, shunday boʻlishini, xunuk bir voqea yuz berishini sezgan edi, lekin bu voqea shunchalik tez va shunday xunuk namoyon boʻlishini kutmagan edi.

U Komilni yaxshi koʻrardi, bir koʻrishdayoq yaxshi koʻrib qolgan edi. Qish edi oʻshanda. Qor gupillab yogʻar, avtomat choʻtka trolleybus oynasini tozalab ulgurolmas edi. Peshinda boshlangan qor kechgacha tinmadi, qaytanga zoʻraydi. Oldinda hech narsani chiroq yoqib ham koʻrib boʻlmay qoldi. Beshyogʻochdan oʻtganda, duga chiqib ketdi. Zumrad dugani solib, trolleybusga chiqqanida antiqa kubanka kiygan bir yigitdan boshqa hech kim yoʻq edi.

Yigit unga qarab jilmaydi.
— Sizdan qoʻrqishdi, — dedi u.
— Siz-chi? — kinoya bilan soʻradi Zumrad. — Qoʻrqmaysizmi?
— Sizni yolgʻiz tashlab ketishdan qoʻrqaman.

Zumradning ensasi qotdi. Bunday suyuq gaplarni u kun boʻyi juda koʻp eshitardi. Lekin hozir yokdi, yigitning gapida bachkanalik sezmadimi, yelkasini qoqib, kabinaga oʻtdi. Tormozni boʻshata turib, boʻyogʻi koʻchgan oyna devordan orqasiga qaradi. Yigit unga koʻzini qisib koʻydi. Zumrad pedalni bosdi. Oldinda Boʻzsuvning qiya koʻprigi koʻrindi. «Qiziq, — xayolidan oʻtkazdi Zumrad. — Qayoqqa ketayotgan ekan? Uyigami yo qizi bilan uchrashganimi? Qizi boʻlsa kerak. Ha, bunaqa kelishgan yigitlarning qizi boʻlmay iloji yoʻq».

Zumrad beixtiyor yon oynaga qaradi. Dumaloq yuzi telpak ostida battar dumaloq boʻlib ketgan, juda semiz, qip-qizil shirmoy nonga oʻxshardi. «Albatta uning qizi shuba kiysa kerak, — Oʻyladi yana Zumrad. Innaykeyin etik kiysa kerak, anavinaqa, yaltiroq etiklardan, piyma emas. Qani yetti soat shu sovukda piymasiz oʻtirib koʻr-chi! — u xoʻrsindi-da, yana orqasiga koʻz qirini tashladi. Yigit joyida oʻtirardi. — Qaerda tushar ekan? Hoynahoy, Toʻqimachilar kombinatida. Kinoteatr oldida uchrashishadi. Yangi kino ketyapti. Frantsuzcha. «Erkak va ayol». Yaxshi deyishyapti. Koʻrish kerak».

Zumrad Shota Rustaveli koʻchasiga burilib, non doʻkoni oldida toʻxtadi.
— Sotsgorodok. Keyingi ostanovka «Toʻqimachilar kombinati», — u mikrofonga shunday deb, qoʻshib qoʻydi: — «Oʻzbekiston» kinoteatri.
— Rahmat! — salondan yigitning shoʻx ovozi eshitildi.

Zumrad jilmaydi va alam bilan oʻzicha dedi: — «Toʻgʻri topibman. Kinoga kelibdi. Qizi, albatta, kutayotgandir?»

Qor birdan tindi. Nam asfalt sovukdan qotib, gʻadir-budir boʻlib qoldi. Zumrad soatiga qaradi. Smena tugabdi. Eski Joʻvaga yetib olsa, boʻldi. Samad aka oʻtiradi rulga. Har holda erkak, yaxmalakdan qoʻrqmaydi.

U shu xayol bilan boʻlib yigitni unutdi. Toʻqimachilar kombinati oldida uch minutcha turib, yana yoʻlga tushganda, beixtiyor orqasiga qaradi. Qay koʻz bilan koʻrsinki, yigit hamon oʻsha joyda, oʻrtadagi deraza yonida oʻtirardi. Yoʻlovchilar oz, besh-oltitagina odam chiqqandi, xolos. Zumrad sevinib ketdi.
— Oʻrtoq passajirlar! Trolleybus Eski Joʻvaga boradi. Bilet olishni unutmang! Yaxshi yigit! — dedi u joʻrttaga ovozini baland qilib mikrofonga. Salonning oxirida

Oʻtirgan yosh bir yigit alanglab oʻrnidan turdi. — Yoʻq-yoʻq, siz emas, — Zumrad uni tinchitdi. — Uchinchi qatorda, deraza yonida oʻtirgan yoʻlovchi! — yigit qoʻlini koʻkragiga bigiz qilib qadadi. — Ha, siz! Boyagi biletingiz eskirdi. Yangi bilet oling. Maydangiz boʻlmasa, abonement olishingiz mumkin.

Yigit oʻrnidan turib choʻntaklarini kovladi, keyin uning oldiga kelib, kabinaga boshini suqdi.
— e’tiboringiz uchun rahmat, — dedi u oppoq tishlarini koʻrsatib. — Unutib yubordingiz deb oʻylovdim.
— Uchrashmadingizmi? — soʻradi Zumrad.
— Kim bilan?

Zumrad «qizingiz bilan» demoqchi edi, oʻzini tiydi.
— Uchrashadigan odamingiz bilan.
— Uchrashadigan odamim siz.

Zumrad unga yalt etib qaradi. Yigit jilmayganicha eshikka suyanib turaverdi.
— Hazilingizni qoʻying. Men ishdaman.
— Yigirma minutdan keyin ishingiz tugaydi. Ungacha kutaman. — Yigit shunday deb, uch soʻmlik pul uzatdi.
— Hammasigami? — soʻradi Zumrad pulni olar ekan.
— Ixtiyoringiz, — dedi yigit. — Faqat unutmang, hali studentman.

Zumrad bitta abonementni yirtib, qolganini pul bilan qaytardi.
— Kelishdik-a? — soʻradi yigit. — Kutaman.
— Xalaqit beryapsiz? — jerkib berdi Zumrad. Yigit joyiga borib oʻtirdi.

Zumradning butun vujudini quvonch, gʻulgʻula qopladi. Shu quvonch, gʻulgʻula bilan Eski Joʻvaga yetib kelganini ham payqamadi.
— Sovqotdingmi, qizim? — soʻradi Samad aka kabinaga koʻtarilib.
— Unchalik emas, — dedi Zumrad shoshib unga kalitni berarkan.
— Ha, endi sovuq tushdi. Yaxmalak otadiganga oʻxshaymiz.
— Xayr, ehtiyot boʻling!

Zumrad trolleybusdan sakrab tushdi. Shu zahoti oldida oʻsha yigit boyagidek jilmayib, paydo boʻldi.

Oʻsha kuni yigit uni uyigacha kuzatib qoʻydi. Ismi Komil ekan. Universitetning beshinchi kursida oʻqir ekan. Anchadan beri Zumrad bilan tanishmoqchi ekan. Nihoyat, bugun axd qilibdi.

Ular ertasiga uchrashishdi. Komil uni «Oʻzbekiston» kinoteatriga, «Erkak va ayol» filmiga olib tushdi. Zumrad tsigeyka shubasini, qizil etigini kiydi. Filmning oʻrtasida, qahramonlar sevgisi eng oliy nuqtaga chiqqanda, Komil qizning tizzasiga qoʻlini ohista qoʻydi. Qoʻli yonardi. Qorongʻi boʻlsa ham, Zumrad, qizarib ketdi. Filmdan soʻng, gʻarch-gʻurch qor bosib, piyoda uyga ketishdi.

Komil indiniga ham keldi, undan keyin ham. Ular har kuni biron yoqqa borishar yoki piyoda tinch, odam siyrak koʻchalarni aylanishardi.

Zumrad baxtli edi. Qizidagi oʻzgarishni koʻrib Risolat xola oʻzida yoʻq shod edi. Har kuni Zumrad ishga ketishi bilan, sandiqlarini ochib yiqqan bisotini koʻzdan kechirar, xuddi toʻy ertaga boʻladiganday, qoʻni-qoʻshnilari bilan koʻrpa-yostiq, asbob-anjomlar haqida maslahatlashardi. U oʻzicha, toʻyni gilos pishigʻiga moʻljalladi. Zumrad kuldi, lekin indamadi.

Hovlining burchagidagi terak boʻyi koʻtarilib chiqqan ertangi gilos qizarganda, Risolat xola: «Gaplash endi» — dedi. Zumrad odatdagiday qizarib ketdi, lekin kechgacha toʻyning xayoli bilan yurdi. Qulogʻi ostida Muhabbatning «Yor-yor»i yangradi. Ma’murjon akaning «Toʻylar muborak»i... Tabriklar, qadahlarning jarangi. Keyin, ikkalovi yolgʻiz qolishganini tasavvur qildi. Egnida oppoq koʻylak, boshida oppoq shohi roʻmol, oldida esa Komil, Mana, u yaqinlashdi, sekin roʻmolini koʻtardi...

Zumrad yana qizarib ketdi. Shunday xayollar bilan smenasi qanday tugaganini bilmadi. Eski Joʻvada trolleybusdan tushib, dispetcher xonasiga ketayotganda toʻsatdan Komil paydo boʻlib qoldi. Bugun ular uchrashmoqchi emas edi, Zumrad mashinachinikiga borishi kerak edi. Avval sevindi, keyin hayron boʻldi.
— Tinchlikmi?
— Sizni kutayotgan edim, — dedi Komil uni chetga tortib. — Gap bor.

Ular bozor oldidagi xiyobonga oʻtib boʻsh skameykalardan biriga oʻtirishdi.
— Bilasizmi, — dedi zoʻrgʻa Komil tili gapga kelmay. — Meni... meni uylantirishmoqchi. Kelayotgan shanbaga toʻy...

Zumrad boʻshashib ketdi. Astagina:
— Tabriklayman, — dedi.

Shundan keyin nima boʻldi, qanday uyiga keldi, bilmaydi. Koʻzini ochsa, tepasida onasi oʻtiribdi.
— Qoʻy, bolam, oʻzingni qiynama. Sening tirnogʻingga ham arzimaydi u yaramas. Student emish tagʻin. Manavini hoʻpla.

Risolat xola unga qatiq tutdi. Zumrad piyolaga labini tekkizdi-yu, ichmadi.

Shu kuni u ishga bormadi. Kechgacha shiftga termilib yotdi. Na uxladi, na gapirdi. Kechga borib koʻzi ilindi, tush koʻrdi. Keng lolazor emish. Oʻrtasida u bir toʻda qizlar bilan lola terib yurganmish. Toʻsatdan roʻparasida bir yigit paydo boʻlibdi. Quchogʻi toʻla lola. Komilga oʻxshar emishu, lekin Komil emas emish. U Zumradga yaqinlashib:
— Manavi sizga! Siz uchun terdim! — debdi va quchogʻidagi lolalarni unga uzatibdi. Keyin, uni bagʻriga bosibdi. Bagʻri keng, issiq emish...

Zumrad choʻchib uygʻonib ketdi.
— Hech nima qilmaydi, bolam — dedi yonida yotgan Risolat xola. — Ozgina alahsirading. Dunyoning besh kuni qorongʻi boʻlsa, besh kuni yorugʻ — hech nima qilmaydi. Qaytanga pishiq boʻlasan.

Zumrad ovundi. Ishga chiqdi. Lekin Komilning toʻyi kuni yana kechasi bilan yigʻlab chiqdi.

Oradan yil oʻtdi. Bir kuni Zumrad ishdan kelayotib, koʻcha ogʻzida antika shlyapa kiygan bir odamni koʻrdi-yu, yuragi shuv etib ketdi. Bu Komil edi. Olisdan Zumradni koʻrib, qarshisiga yurdi. Keyin, aybdorlarcha, qoʻl uzatdi.
— Keling, — dedi Zumrad yuragi dukillab.
— Shunday, — dedi Komil va ilgarigidek tekis tishlarini koʻrsatib, iljaydi. — Oʻtib ketayotgan edim, sizni koʻray dedim.
— Qani, uyga kiring, — dedi Zumrad hayajon ichida boshqa gap topolmay.
— Zumrad, tabriklayman, — Komil unga mehr bilan tikildi. — Bugun tugʻilgan kuningiz, aslida shunga keluvdim...

U boshini quyi soldi.

Zumrad uning ozgʻin, ajin tusha boshlagan qoramtir yuziga, bitta-ikkita oq oralagan qop-qora duxobadek sochiga qarab xoʻrligi kelib ketdi. Komil uning uchun avvalgidek yaqin va aziz ekanini hamda uni yaxshi koʻrishini, shu topda aniq his qildi.
— Rahmat, — dedi oʻpkasi toʻlib. — Qani, uyga yuring.
— Mumkinmi?
— Marhamat.
— Men hozir!

Komil orqasiga yugurib ketdi.
— Qayoqqa?
— Hozir! Hozir kelaman!..

Zumrad uyga kirdi. Nima qilib qoʻydi? Nega uyga taklif qildi? Nahotki shuni istasa... Qancha oʻylamasin, qanday xayollarga bormasin, endi kech edi. U shoshib oshxonaga oʻtdi, choy qoʻydi. Oynaga qarab, apil-tapil oʻziga oro bergan boʻldi. Soʻri tagidagi stol ustida dasturxon oʻrogʻliq turardi. Ochdi. Taxsimchalarda qulupnay, Zumrad yaxshi koʻradigan yongʻokli tort, tortning yonida konvert turardi. Ochib oʻqidi: «Umrbod baxt tilaymiz! — Oying, dugonang Munira. Yostiq tagini ham qarab qoʻy» — deb yozilgan edi unda.

Zumrad sevinch bilan xatni oʻpdi. Albatta bu Muniraning ishi. Onasi bunday yozmaydi. Keyin u, sanatoriyda. Uch kun boʻldi ketganiga. Qizining tugʻilgan kuni uning xayolida ham boʻlmasa kerak. Zumrad xatni yana bir oʻqib chiqdi. Shu payt eshikda shampanskoe koʻtargan Komil paydo boʻldi, Zumrad nima boʻlsa ham oʻtmishni eslamaslikka, hozirgina yuragini qamrab olgan shodlikni yoʻqotmaslikka qaror qilib, Komilga yuzlandi.

Uning xayolidan oʻsha kun sira koʻtarilmaydi. Ancha oʻtirishdi. Zumrad ozgina vino ham ichdi. Kuldi ham, ammo Komilning nega kelganini surishtirmadi. Komilning oʻzi xam aytmadi. Faqat ketayotganida uning yuzidan oʻpar ekan: «Men baxtsizman, kechiring», dedi. Komilning kelishi bilan uning yuragida qandaydir umid uchqunlagan va kecha davomida u nimagadir ishongan, nimanidir kutgan edi. Bu gapdan soʻng umidi soʻndi. Koʻcha ogʻzida xayrlashish uchun Komil qoʻl uzatganda:
— Boshqa kelmang, — dedi. — Uyat boʻladi.

Komil koʻzdan gʻoyib boʻlguncha ortidan xomush qarab turdi. Keyin otilib uyga kirdi-da, oʻzidan, takdiridan oʻkinib, oʻksinib-oʻksinib yigʻladi...
— Sizni xafa qilib qoʻydim shekilli?

Advokatning bu gapi uning xayolini boʻldi. Koʻzlarini ochdi.
— Kechirasiz, — xoʻrsindi Zumrad. — Xoʻsh, men nima kilishim kerak?
— Ertaga sud, — dedi advokat, — borib Komilning oʻtgan oyda xuddi shu kuni siz bilan boʻlganini tasdiqlasangiz, bas. Albatta, hech kim sizni majbur qilolmaydi. Keyin... tushunaman, bu ogʻir sizga. Lekin boshqa ilojimiz yoʻq.
— Komil... Komil nima dedi? — soʻradi zoʻrgʻa Zumrad.
— Mening bu yerga kelganimni u bilmaydi. Umuman, Komil sizni hurmat qiladi. Oʻsha kuni siz bilan boʻlganini kechagacha aytmagan edi. Faqat kecha...Ahvolining jiddiyligini tushunib, aytdi. Bilasiz-ku, hozir bezorilarga karshi qattiq kurash ketyapti. Besh-olti yillik umri xazon boʻlib ketishi mumkin.

Advokat yana nimalarnidir gapirdi. Zumrad eshitmadi. «Hurmat qiladi...» — Oʻylardi u. — «Hurmatning nimaligini, hozir bu hurmat qanchalik qimmat tushayotganini u bilarmikan?»
— Menga hech narsa demaysizmi? — soʻradi advokat ancha vaqt jim oʻtirishgach.

Zumrad boshini quyi soldi. Advokat oʻrnidan turdi.
— Sud ertaga, soat oʻnda.

Zumrad unga qaramadi ham. Boshini eggancha, oʻyga toldi. Munira kirdi.

Shu kuni kechgacha u churq etmadi. Na onasi bilan, na Munira bilan gaplashdi. Shiftga termilgancha yotdi. Kontsertga Muniraning oʻzi ketdi. U kelganda, oʻzini uxlaganga soldi. Ertalab hovliga tushdi.
— Hammasini eshitdim, — dedi Munira. — Bormaysan sudga. Menga qolsa, otib yuborishmaydimi?! Qaysi yuz bilan borasan, oʻzing ayt? Odamlar nima deydi?

Zumrad, toʻgʻri, degandek bosh irgʻadi...

Anhor tomondan muzdek shabada yuziga urildi, u seskanib ketdi. Soʻri tagida Risolat xola xurrak otib uxlardi.

Zumrad pastga tushdi. Boʻzsuv shovqin solib, hayqirib oqardi. «Uyimiz yaxshi joyda, — negadir koʻnglidan oʻtkazdi Zumrad. — Shunday markazda. Bir yogʻi suv, bir yogʻi bogʻ... Buzilsa, qaerda turarkanmiz?»

U kechagidek xarsang ustida engashib panjalarini suvga soldi. Badaniga yoqimli muzdek harorat tarqadi. Anchagacha shunday qoʻllarini suvga solib oʻtirdi. «Nahotki, boshqa dalili boʻlmasa? — xayolidan oʻtdi uning. — Qanchalik uyatligini oʻylamadimikan?»

U zinani gʻirchillatmaslik uchun bitta-bitta oyoq uchida yurib hovliga koʻtarildi.
— Zumrad? — uyqu aralash chaqirdi Risolat xola.
— Men, oyi, uygʻotib yubordimmi?
— Erta turding-da, bolam, — Risolat xola yoniga agʻdarildi. — Hali kun chiqmabdi, ozgina mizgʻib ol.
— Hozir yotaman.

Zumrad xonasiga kirdi, Munira lablarini choʻchchaytirib uxlardi. Zumrad havas bilan unga bir oz tikilib turdi-da, kiyina boshladi. Toshoyna yoniga oʻtib, taroqni olmoqchi boʻlgan edi, qoʻli atir shishaga tegib ketdi. Shisha «doʻp» etib yerga tushdi.

Munira choʻchib uygʻondi.
— Uf! Qoʻrqib ketdim, — dedi koʻzlarini ishqalab. — Endi uchrashib turuvdik-a!.. Qoʻpol!
— Ishim bor.
— Bilaman qayoqqa ketayotganingni! — Munira karavoti ustida chordana qurdi. — Esing joyidami, devona?! Bormaysan!
— Uxla, — dedi qat'iy ohangda Zumrad. — Hali erta.
— Borma. Nomusga qoldirma oʻzingni!
— Uxla deyapman senga! Eshitdingmi, uxla!

Zumrad hovliga tushdi. Munira nimalardir deb vaysadi. Ammo u eshitmadi. Yostiqqa boshini omonatgina qoʻyib yotgan onasiga bir qaradi-da, koʻchaga chiqdi.

Tong yorishgan edi. Kechasi suv sepilgan asfalt yoʻlka qurigan, faqat u yer-bu yerda usti qotgan tuproq qorayib turardi.

Zumrad piyoda yoʻlga tushdi. Shahar sudiga yetib kelganda baland binoning kulrang ustunlariga qarab, boʻshashib ketdi. Muniraning yigʻlamoqdan beri boʻlib yolvorgandagi basharasi koʻz oldiga keldi. Orqasiga qaytdi. Muyulishdan oʻtib, xiyobonga olib boradigan bogʻ koʻchaga burildi. Oldinda sersoya chinor va boʻsh skameyka koʻrindi. Shu yoqqa yurdi. Anchagacha shu skameykada hech narsani oʻylamay beparvo oʻtirdi.

Soat bong urdi. Zumrad bir seskanib tushdi. Keyin sanadi. Oʻn. «Borish kerak, — dedi koʻnglida. — Endi borish kerak».

U yoʻlga tushdi. Oʻzini qancha zoʻrlamasin, oyoqlari sudralar, yuragi dukillab urardi. Bir amallab yetib keldi. Hammayoq odam, gʻuj-gʻuj odam... U qoʻrqib ketdi. Bir zum hamma qoʻlini bigiz qilib uni koʻrsatayotgandek, masxara kilayotgandek tuyulib ketdi. Lekin hech kim unga qaramasdi, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora edi.

Zalga kirganda, sud boshlangan edi. Odam bu yerda ham koʻp. Zumrad deraza tagidagi boʻsh stulga borib oʻtirdi va beixtiyor sud tomonga qaradi. Keyin koʻzi Komilga tushdi. U ikkita militsioner oʻrtasida oʻtirardi. Boshi egik, sochi olingan. Rangi — dokaning oʻzi. Zumradning rahmi kelib ketdi.
— Ishonuvdim, singlim, ishonuvdim! — Zumrad yonida advokatni koʻrdi va negadir qizarib ketdi. — Butun umidimiz sizdan.

Zumrad beixtiyor Komilga qaradi, koʻzlari toʻqnashdi. Komil minnatdor ohangda labining bir uchi bilan jilmaydi. Zumrad negadir jirkanib ketdi. Hatto soʻrashmay, koʻzini chetga oldi. Sud raisi chaqirmaguncha u tomonga qaramadi, qaray olmadi.

Nihoyat, uni chaqirishdi. Tizzalari qaltirab oʻrnidan turarkan, hamma tikilib turganini koʻrdi. Koʻrdi-yu, kelganiga pushaymon boʻldi. Oʻzi sezmagan holda Komil tomonga qaradi. Komil ham unga tikilib turardi. Faqat uning qarashida qiziqish, hayronlik emas, iltijo, cheksiz iltijo bor edi.

Zumrad uning gaplarini tasdiqladi. Ha, oʻsha kuni ayblanuvchi unikida edi. Yarim kechagacha u bilan boʻldi. Yana nimani tasdiqlashi kerak?

Zal toʻlqinlanib ketdi.
— Mana, shunaqalar oilani buzadi-da, — dedi kimdir. Yana kimdir qichqirdi:
— Uyatsiz! Benomus!

Sud raisi odamlarni tartibga chaqirib, koʻngʻiroq chaldi. Zumrad yuzini berkitganicha, tashqariga otildi.

Ostonada kimdir tirsagidan ushladi. Bu hansiragan advokat edi.
— Rahmat, singlim! Komil bu yaxshiligingizni unutmaydi. Xotiniga bir amallab tushuntiramiz. Kechirar... Rahmat sizga!
— Meni tinch qoʻying, — dedi lablari titrab Zum-rad. — Eshityapsizmi, meni tinch qoʻying!

U xuddi birov quvlayotganday katta, sershovqin koʻcha boʻylab chopib ketdi.

Qayoqlarga bordi, qaysi koʻchalarga kirib-chiqdi, bilmaydi. Kimdir uni yupatdi, kimdir suv ichirdi. Xiyobonga ham qanday qilib kelib qolgani noma’lum...

U argʻuvon tagida oʻtirardi. Qachon keldi bu yerga, bu yerni nega tanladi — bilmasdi. Shunday oldida tinch va tekis oqayotgan sargʻish Boʻzsuv uyining oldidan hayqirib oqadi, bu yerda tinch, tekis, oqayotgani bilinmaydi. Qaerdadir choʻmilishyapti shekilli, ba’zan suv shaloplab qoladi, keyin yana tinchiydi, faqat koʻzni oladigan darajada jimirlaydi. Lekin u sezmasdi, tikkaga kelgan quyosh nurlari serbarg shoxlar orasida sinib, boshi, yelkalarida oʻynayotga-nini ham yengil shabada suv salqinini yuziga urib, peshonasiga tushib turgan bir tutam sochini tortqilayotganini ham sezmasdi. Skameyka zihiga kaftlarini tiraganicha oʻtirardi.
— Opa! Sov... sovqotib ketdim! — degan ingichka ovoz eshitildi bir mahal.

Zumrad alanglab atrofga qaradi. Qirgʻoqdagi chimga yopishib suv ichida bir bola turardi. Uning rangi koʻkarib ketgan, tishlari takillardi.
— Chiqmaysanmi? — soʻradi Zumrad.
— Qa... qanaqa qilib chiqaman? — dedi bola zarda bilan. — Ishtonim orqayizda-ku?!

Zumradning kulgisi qistadi. Skameyka suyanchigʻidagi ishtonni bolaga uzatdi-yu, oʻrnidan turdi.

Birdan quyosh betini allaqayoqdan paydo boʻlgan tuya oʻrkachidek bulut qopladi. Dav-daraxt qoraydi. Zumrad junjikib osmonga qaradi, havo chang bosgandek sap-sariq edi. Bulut chuzilib, shaklini yoʻqotdi. «Hozir tarqaydi», — deb oʻyladi Zumrad. Uning tashvishlari, shu kungacha chekkan azobi ham tarqarmikan?..

1971