OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiOdam boʻlish qiyin (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent - 2007
Hajm357KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odam boʻlish qiyin (roman)
Oʻlmas Umarbekov

Muqaddima

«
Osmondagi boʻztoʻrgʻay
Boʻzlamasang na boʻlgʻay?
Gulchehraning holini
Soʻzlamasang na boʻlgʻay?

Alyor
»


   Shoh Muslim dunyodagi eng dono, eng odil podsholardan edi. Uning mamlakati goʻzal, shaharlari obod, xalqi tinch, farovon turmush kechirardi. Ammo podshoning farzandi yoʻq edi. Bu faqatgina uning oʻzini emas, butun xalqni tashvishga solib qoʻygan edi. Oradan koʻp yillar oʻtdi. Podsho qarib, bir oyogʻi yerda, bir oyogʻi goʻrda turgan paytda farzand koʻrdi. Sevinchi ichiga sigʻmay qirq kechayu qirq kunduz xalqqa osh berdi. Qirq birinchi kuni esa yetti iqlimdagi barcha dongʻi ketgan odamlar, fozilu fuzalo, olimu ulamolarni yigʻib oʻgʻlini koʻrsatdi va oʻz xalqining odaticha uning kelajagini aytib berishni soʻradi.

Hamma jim. Hammaning boshi quyi solingan... Podsho hayron boʻldi.
— Bu jimlikning boisi nima?

Yana hech kimdan sado chiqmadi. Oradan ancha vaqt oʻtdi. Ogʻir sukunatni Suqrotdek keksa bir olim buzdi.
— Shohim, roʻparangizda bosh egib turganlar mendan yosh. Men esa dunyoga qachon kelganimni unutganman, dunyoning barcha achchiq-chuchugini totgan odamman. Shularning qonidan kechsangiz, men aytay?
— Ayt!

Shunda keksa olim dedi:
— Oʻgʻlingizning dunyoda tengi boʻlmaydi. Na kuchda, na aqlda. Ikki oyligida ikki yoshlik bolaning ishini qiladi, ikki yoshida esa yigirma yoshlik yigitday boʻladi. Oʻn yoshida oʻzini fir'avn e’lon qiladi. Uning dastidan vayron boʻlmagan uy, mamlakat qolmaydi. Shuning uchun ham umrining ikkinchi yarmi pushaymonda, azobda oʻtadi.
— Jallod! — qichqirdi shunda shoh va tizzasida oʻynab oʻtirgan oʻgʻlini bagʻriga bosdi. Qirq kunlik bola birdan otasining soqoliga chang solib, yarmini yulib oldi.
— Gapimning birinchi isboti bu! — dedi keksa olim.

Shoh quloq solmadi. Olimni olib chiqib ketishdi.

Oradan koʻp yillar oʻtdi. Shoh Muslim keksa olimning gaplarini ham, oʻzini ham unutdi. Shahzoda olim karomat qilgandek kun sayin, soat sayin oʻsib, oʻn yoshga toʻlganda ajoyib yigit boʻldi. Shoh ham, xalq ham uning husniga qarab, gaplarini eshitib toʻyishmasdi. Ammo shahzoda hech kimga parvo qilmas, oʻz aqliga, oʻz kuchiga mahliyo edi, koʻp vaqtni otasining taxtida oʻgkazardi.

Bir kuni osmoni falakni qora bulut qopladi. Qattiq shamol turdi. Boʻron boshlandi. Sel na odamni ayadi, na dov-daraxtni! Birpasda gullab turgan mamlakat vayron boʻldi. Shaharlar, dalalar, togʻlar suv ostida qoldi. Boʻron tingach, shoh va shahzoda oʻzlarini suvda qalqib turgan yogʻoch ustida koʻrdilar. Yogʻoch shunday ingichka ediki, kimdir ozgina qimirlasa, ikkalovi ham agʻdarilib halok boʻlardi. Shahzoda otasiga dedi:
— Ota, bu yogʻoch ustida ikkalamiz jon saqlolmaymiz. Sen mening tugʻilishimni istagan eding. Endi qoʻyib ber, men yashashim kerak.

Shunday deb shahzoda otasini suvga itarib yubordi. Shoh gʻarq boʻldi.

Shahzoda oʻzga bir mamlakatga suzib kelib, oʻzini fir'avn e’lon qildi. Uning zulmidan, uning qahridan yarim xalq qochib qutildi, yarim xalq oʻldi. Mamlakatda fir'avnning oʻzidan boshqa hech kim qolmadi. U uzoq yashadi, ammo na tushida, na oʻngida hayot lazzatini surdi. Butun umri yolgʻizlikda, azob-uqubatda oʻtdi.

Aytishlaricha, bunday odamlar yuz yilda bir tugʻilar emish...

I

196... yilning jazirama yoz kunlaridan birida Mingbuloqqa kiraverishdagi oq tunuka tomli uyning eshigini yosh bir yigit taqillatdi. Olis yoʻl yurganidanmi, yo issiq qattiq ta’sir qilganidanmi uning oq batis koʻylagi kuraklariga yopishib qolgan, yoqasi ichidan boʻyniga tashlab olgan roʻmolchasi jiqqa hoʻl edi.

Dam oʻtmay u kaftlari bilan yassi peshanasini, baroq qoshlari aralash yuz-koʻzlarini artardi. Ichkaridan hadeganda hech kim chiqavermadi, yigit besoʻnaqay karton chamadonini qoʻliga olib, eshikni oyogʻi bilan itardi. Yangi boʻyalgan jimjimador zangori eshik «gʻiyq» etib ochildi. Yigit ichkariga kirdi. Uy tomoni baland soʻridan iborat boʻlgan chorsi hovlida hech kim koʻrinmasdi. Hovlining oʻng biqinidan oʻtgan gʻisht yoʻlka yonidagi gulzorga jildirab suv oqib turardi, yigit shu tomonga qarab, tok tagiga keldi. Shunda u rovonda xontaxtaga tirsaklarini tirab tasbeh oʻgirib oʻtirgan kampirga koʻzi tushdi. Kampirning koʻzlari yumuq, ajin tortib ketgan ingichka lablari nimalarnidir shivirlardi.
— Buvi, — dedi sekin yigit uni choʻchitib yubormaslik uchun.

Kampir koʻzlarini ochdi va roʻparasida jilmayib turgan yigitga tikildi. Keyin birdan oʻzini orqaga tashladi-da, dedi:
— Voy, oʻla qolay! Abdullamisan?
— Men...

Abdulla chamadonini yerga qoʻyib, rovonga koʻtarildi.
— Voy, boʻyingga qoqiy! Voy, sadagʻang ketay! Sen keladigan kun ham bor ekan-ku!

Kampir yoshiga munosib kelmagan epchillik bilan oʻrnidan turib, Abdullani quchoqlay ketdi.
— Voy, men oʻlay seni tanimay! Indamay termilib oʻtiribman-a. Esonmisan, omonmisan? Nechuk, bolam, nechuk? Oʻzing keldingmi? Oying, dadang eson-omonmi?

Kampir yangi koʻrpacha solib, Abdullani oʻtqazar ekan, sevinchi ichita sigʻmay, shangʻillab gapirar, Abdudla esa javob berishga ulgurolmay jilmayardi. U Mingbuloqqa bu gal oʻzi kelgan edi. Maktabni oltin medalʼ bilan bitirib, ozod qushdek boʻlgani uchun onasi yolgʻiz oʻzini yuborishga qarshilik qilmadi. Bir chamadon sovgʻa-salom qilib berib, joʻnatdi. Abdulla buvisinikiga, umuman, shu qishloqqa kelishni yaxshi koʻrardi.

Qachonlardir Mingbuloq Qoʻqonning, qolaversa, butun Fargʻonaning eng goʻzal sayilgohlaridan biri boʻlgan. Mingbuloqning markazidayoq tolzor takya vodiyning mashhur qiziqchilari, shoir va polvonlarini toʻplagan, Qulochga sigʻmaydigan tollar tagidagi supalarda oshxoʻrlar kunni kech qilishgan, shuhrati butun respublikaga tarqalgan ashulachi, cholgʻuvchilarning ashula, mashqlarini eshitishgan.

Olis yoʻlga otlangan sayyoxlar ham Mingbuloqda toʻxtab, devziradan bir siqim osh qilib yeb ketishma-sa, koʻngillari joyiga tushmasdi. Mashhur Yusufjon qiziqning oʻz shogirdi Oxunjon qiziqqa yutqazgan joyi ham shu Mingbuloq boʻlgan. Tumonat odam oʻshanda taraf-taraf boʻlib askiyani toʻpolonga aylantirgan ekan. Bularni Abdulla koʻrmagan, dadasidan eshitgan. Urush sabab boʻlib Mingbuloqning fayzi ketib qoldi. Buzilgan oʻchoqlar, chirib, namdan mogʻor tortgan soʻrilar sershovqin tolzor takyaning oʻlimini eslatadi. Lekin hali ham bu joylarning koʻrki, hisobsiz katta-kichik buloqlar, shoxlari bir-biriga chirmashib ketgan bahaybat tollarning shovur-shuvuri, muzdek havo dilni ravshan qiladi. Abdulla deyarli har yoz ikki-uch hafta oyisi bilan kelib turardi. Ammo ikki yildan beri, otasi kasalga chalinib yotib qolganidan beri kelmagan va buvisini juda sogʻingan edi. Qarib munkillab qolgan, qop-qora bu kampirni u yaxshi koʻrardi, soatlab uning gaplarini eshitardi, zerikmasdi va koʻpincha uning yonida yotib, hikoyalarini tinglab, tong ottirardi.

Hojar buvi ham nevarasini yaxshi koʻrardi. U kelganda oʻtqazgani joy topolmay qolardi, agar koʻcha-koʻyda bolalar bilan oʻynab, u yer-bu yeri chaqa boʻlib qaytsa, jigʻibiyroni chiqardi. Abdulla uning yakkayu yagona nevarasi edi. U oʻzi ikkita farzand koʻrgan edi. Bittasi, Abdullaning onasi Shahodat, ikkinchisi, kenjasi Obid boʻlib, u shu oʻgʻli bilan turardi. Shaharga, qizinikiga borganda, ikki kundan ortiq turolmas, shahar shovqini boshini ogʻritardi, siqilardi. Buning ustiga u anchagina qari boʻlsa ham, mustaqil hayot kechirishni istardi. Oʻgʻli bilan turishiga qaramay, oʻz roʻzgʻorini oʻzi tebratardi va koʻpincha oʻgʻli unga yordam berishi oʻrniga, oʻgʻlining kam-koʻstlarini u toʻgʻrilab yurardi. Shundan boʻlsa kerak, kim bilan gaplashmasin, oʻzini magʻrur tutar va dasturxon atrofidagi eng yaxshi duosi: «Xudo birovni birovga zor qilmasin!» edi.

Qishloqdagilar uni «Otinbibi» yo boʻlmasa «Zavod aya» deb atashardi. Abdulla otinbibi deyishlarining sababini bilardi. Hojar buvi anchagina oʻqimishli ayol boʻlib, bir qancha kitoblarni, dostonlarni yod bilardi, yoshligida Anbarotinga ergashib, bir qancha gʻazallar ham bitgan edi. Lekin u, nima uchun «Zavod aya» deyishlariga tushunolmasdi. Qachonlardir paxta tozalash zavodiga yangi kelganlardan biri uni «Zavod aya!» deb chaqirgan, shu-shu «Zavod aya» boʻlib ketgan.

... Fotihadan soʻng, Hojar buvi darrov dasturxon yozdi, birpasda choy damlab keldi-da, nevarasining yoniga oʻtirdi.
— Voy, Abdulla-ey, voy, bolam-ey! Shunday qilib, oʻzim keldim degin? Katta yigit boʻlib qolibsan, katta yigit! Dadang qalay?
— Rahmat, tuzuklar, — dedi Abdulla. — Qon bosimlari ancha tushgan. Salom deb yubordilar.
— Salomat boʻlsin. Bu kasal unga qayoqdan yuqa qoldi ekan? Xudo shifo bersa, tuzalib ketar. Oʻqishing bittimi endi?
— Ha. Oltin medalʼ bilan tamomladim.
— Boʻyingga qoqiy!

Ular anchagina gaplashib oʻtirishdi. Abdulla sovgʻalarni topshirdi. Hojar buvi koʻziga yosh olib duo qildi.
— Togʻamgilar qani?
— Togʻang balnisaga ketgan, — dedi Hojar buvi qandaydir tashvish bilan. — Kelin oyingning koʻzi yoriydigan. Bilmadim bu gal nima boʻlar ekan, — kampir ogʻir xoʻrsindi. — Har bandaning boshida bir tashvish bor ekan-da, bolam. Toʻrtta tugʻdi, toʻrttovi ham uyga kelmay qazo qildi. Bunisi endi nima boʻlar ekan? Mayli, ishqilib, togʻangning baxtiga oʻzi omon boʻlsin.

Oraga jimlik choʻkdi. Hojar buvi oʻz Hayollariga berilib, nevarasini bir daqiqa unutdi. Keyin seskanib, oʻrnidan turdi.
— Esim qursin, ovqatga unnamay oʻtirishimni qara.
— Ovora boʻlmang, buvi, qornim toʻq,
— Ovorasi bor ekanmi? Hozir togʻang ham kelib qoladi. Sen birpas choʻzilgin. Men darrov osh qilib kelaman. Bor, mening uyimga kir.

Hojar buvi pildirab oʻchoq boshi tomonga ketdi. Abdulla qishloqqa kelganidan hursand boʻlib, oʻrnidan turdi. Ancha vaqt hovlining oʻrtasidagi nashvati shoxida kukulab turgan musichani, oʻchoq boshida gʻimirlab yurgan buvisi, moʻridan gʻoʻzapoyaning achchiq hidini keltirib, burqsib chiqayotgan koʻkimtir tutunni tomosha qildi, keyin esnab ichkarigi xonaga, buvisining uyiga kirdi. Bu uyni u juda yaxshi bilar va yaxshi koʻrardi.

Uy keng va chorsi boʻlib, hamma devori tokchalardan iborat edi. Tokchalarga har xil tusdagi katta-kichik qutichalar, hisobsiz kosa, choynak-piyolalar terib qoʻyilgan edi. Tokchalar oʻrtasidagi ustunlarning gʻaltak oʻtqazilgan qoziqlarida har doim dazmollangan va atir sepilgan sochiqlar osigʻliq turardi. Odam kam kirgani uchunmi, yo hovlining oftob tushmaydigan joyida boʻlgani uchunmi, uy yoz boʻyi salqin turardi.

Abdulla muzdek beqasam koʻrpacha ustiga choʻzildi. Yumshoq par yostiqning rayhon hidini eslatuvchi yengil, yoqimli hidi gup etib dimogʻiga urildi. Qoʻllarini yoyib, koʻzlarini yumdi. Hovlida esa musicha hamon kukular, chars-chars yonayotgan gʻoʻzapoya ovozi unga qoʻshilib gʻalati, orombaxsh ohang kasb etardi. Imtihon tashvishlaridan qutulgan, yuragi ming xil orzular, noma’lum, ammo porloq kelajak lazzatlari bilan toʻlgan Abdulla oʻzini nihoyatda baxtli his qilar va mudrar ekan, yuzlarida tabassum oʻynar edi.

Shu ahvolda u qancha yotdi, uxladimi, yo faqat mudradimi, bilmaydi, bir mahal quvnoq, yoʻgʻon erkak ovozini eshitib, turib ketdi. Deraza yoniga borib, hovliga qaradi.

Oʻchoq boshi oldida togʻasi onasini quchoqlab, baqirardi:
— Oʻgʻil, oyi! Oʻgʻil! Tirik! Tirik!.. Abdulla otilib hovliga tushdi.
— Assalomu alaykum, togʻa.

Obid aka uni koʻrib, onasini qoʻyib yubordi va qarshisiga yurdi.
— O jiyan-e! Bormisan?! Juda yaxshi keldingda. Mana sen ham endi jiyanlik boʻlib qolding!
— Tabriklayman. — Abdulla togʻasining qoʻlini siqdi.
— Hoy, menga qara, oʻzini koʻrdingmi? — qichqirdi oshga sabzi bosayotgan Hojar buvi.
— Koʻrdim. Qop-qora bir jish, — dedi Obid aka kulib.
— Nafasingni sovuq qilma! Qora boʻlsa, oʻzimizga oʻxshar ekan-da.
— Kimga oʻxshasa ham boshi omon boʻlsin, oyi!
— Xudoyo aytganing kelsin. Hoy, Obid, samovarni yangila, hali zamon oshim tayyor boʻladi.

Obid aka sevinchidan nimanidir xirgoyi qilib, samovar qoʻya boshladi. Birdan u qaddini rostladi va oʻchoq boshiga qarab baqirdi:
— Oyi! Otini nima qoʻyamiz?
— Qaydam? Oʻzlaring bilasanlar.

Hojar buvining shunday deyishida jon bor edi. Bu uyda hamma narsa uning izmida boʻlib, uning aytgani-aytgan, degani-degan edi. Oldingi nevaralarining hammasiga ham tugʻilmasdan ism qoʻygan, uydagilar rozi boʻlishgan edi. Lekin ularning bittasi ham turmadi. Kampir koʻnglida bunisiga oʻgʻil boʻlsa Toʻxtasin, yo Tursun, qiz boʻlsa Umrinisa qoʻyishni niyat qilib qoʻygan edi. Ammo hozir koʻnglini ochgisi kelmadi. Chaqaloqlarning turmasligiga oʻzini aybdor his qilganidan oʻzini bu gal chetga tortdi.
— Qaydam? Oʻzlaring bilasanlar, — dedi u yana ancha jiddiy tusda.
— Boʻlmasa... — dedi Obid aka Abdullaga koʻz qisib qoʻyib. — Tursun boʻlsin.

Hojar buvi oʻchoq boshidan chiqdi. Uning koʻzlari jiqqa yosh edi.
— Aytganing boʻlsin... — dedi oʻpkasi toʻlib. — Omin! Nevaramning umri uzoq boʻlsin. Boshi toshdan boʻlsin!..

Hojar buvi yogʻliq qoʻllarini yuziga surtdi-da, yengining uchi bilan nam koʻzlarini artdi. Abdulla koʻz oddida yuz bergan bu voqeadan sevinishini ham, sevinmasini ham bilmay, qaqqayib turib qolgan edi. Obid aka buni sezdi shekilli, yelkasini bir-ikki qoqib qoʻyib:
— Mana, jiyanlik ham boʻlib qolding, — dedi. Abdulla jilmaydi.

Koʻp oʻtmay hovli qoʻni-qoʻshniga toʻlib ketdi. Hamma shangʻillab yangi mehmon bilan tabriklar, hazillashar, biri olib, biri qoʻyib, qandaydir maslahatlar berardi.
— Zavod aya! Endi poʻlat sandiqni shamollatadigan boʻldingiz-da? Beshik toʻyi oʻzi boʻlmaydi.
— Nima deyapsiz oʻzi! Zavod ayaning poʻlat sandiqlaridagi bisot oʻnta beshik toʻyiga yetadi.
— Bahona bilan sarpolik boʻlib qolarkanmiz-da, Otinoyi..
— Senlarga gap boʻlsa! — dedi oʻchoq boshidan kapgir koʻtarib chiqqan Hojar buvi. — Mening poʻlat sandigʻim bilan nima ishlaring bor?
— Oʻzingiz bilan olib ketmang deyaptilarda, — dedi yosh bir juvon.
— Tiling kesilsin, Buvinisa! — dedi jahli chiqqan boʻlib Hojar buvi — Senga kimxob kamzulimni atab qoʻyuvdim. Endi berib boʻpman! Nevaramni uylantiraman deb yuribmanu hali?!
— Ishqilib aytganingiz kelsin, Zavod aya! Nevarangizning boshi toshdan boʻlsin.

Yana ancha shangʻillab gaplashib, tarqalishdi. Gap bilan boʻlib osh tagiga olib ketganini hech kim sezmabdi.
— Mayli, ertaga boshqa qilib berarsiz, — dedi Obid aka. — Biz jiyan bilan bedana otib kelamiz. Nima deysan, jiyan?
— Zoʻr boʻlardi, — dedi Abdulla sevinib. — Hech bedana oviga bormaganman.
— Boʻpti. Azonda uygʻotaman boʻlmasa.

Shu tun Abdulla allamahalgacha Hayol surib yotdi. U Mingbuloqqa kelganidan hursand, shuning uchun Hayollari ham Mingbuloqdek toza, shoʻh va tiniq edi.

II

Obid aka va’dasiga muvofiq, gʻira-shirada Abdullani uygʻotdi.
— Borasanmi?
— Boʻlmasam-chi! — dedi Abdulla koʻzlarini ishqalab.

Shunday dedi-yu, lekin erinchokdik bilan oʻrnidan turdi. Hovliga tushganda, Obid aka eski shim-koʻylak, rezinka etik kiyib olib, beliga oʻqdon bogʻlab turardi.
— Anovilar senga, — dedi u rovonga ishora qilib. — Bedazor hozir nam, kiyimingni rasvo qilasan.

Abdulla apil-tapil yuvinib, togʻasi tayyorlab qoʻygan eski bir kombinezonni kiydi. Kombinezon katta kelib, pochalari osilib tursa ham unga yarashdi. Bir poyining tagi koʻchgan etikni kiyganda esa, togʻasi kulib dedi:
— Traktorchi boʻlding qoʻyding.
— Tuzzukmi?
— Tuzzuk boʻlganda qandoq!..

Hojar buvi kechagi oshning goʻshtlarini ikkita nonga bosib, toʻrvaga solib berdi.
— Shu yerda yeb ola qolaylik? — soʻradi Abdulla qorni ochligini sezib.
— U yokda yeymiz. Buning ham oʻziga yarasha gashti boʻladi, — dedi Obid aka. — Nima deding?
— Mayli.
— Hayallab qolmanglar, Obid, — dsdi Hojar buvi. — Zahroga ovqat olib borasan-a. Shirguruch qilib qoʻyaman.
— Xoʻp.

Ular yoʻlga tushishdi. Eshikka yetganda Obid aka:
— Teshavoy! — deb chaqirdi.

Qaerdandir kichkina olachipor, shalpangquloq it paydo boʻlib, ularning oldiga tushdi.
— Qaerdan oldingiz buni, togʻa? — soʻradi Abdulla itga odamning ismi berilganiga hayron boʻlib.
— Bir ovchi oʻrtogʻimdan oldim. Uning ham oti Teshavoy. It desa, ov desa oʻzini tomdan tashlaydi. Zoʻrgʻa oldim. Bir oy yalinib yurdim. Oxiri berdi.

Obid aka, oʻsha yalinib yurgan kunlari esiga tushdi shekilli, kulib qoʻydi.
— Bir kuni uyiga borsam, hovlida oʻynatib oʻtiribdi. Oʻzida bir emas — toʻrtta. Tagʻin shundogʻ itlar-ki, sherni tutib kel desang, tutib keladi. Koʻp boʻlsa koʻz toʻymas ekan-da. Buni poylab yurib, yangi tugʻilganda oshnasinikidan oʻgʻirlab kelgan. Koʻrdimu mahkam yopishib oldim. Oʻsha kuni endi koʻzini ochgan ekan. Men ham unga koʻp yaxshilik qilganman-da, oxiri yoʻq deyolmadi. Qoʻliga olib, tumshugʻidan oʻpdi. It gʻingshib qoʻllarini yalay boshladi. Yana aynib qolmasin, deb sekin gap boshladim. «Teshavoy...» deganimni bilaman, it tumshugʻini menga oʻgirdi. Ikkalamiz kulib yubordik. «Mayli, ola qol», dedi itni menga uzatib. «Otini nima qoʻyding?» deb soʻradim, shoshib itni olar ekanman. «Hozir oʻzing qoʻyding-ku, Teshavoy-da», dedi. Shu-shu Teshavoy boʻlib ketdi.

It oʻzining nomini eshitib, toʻxtadi-da, buyruq kutgandek Obid akaga ingichka qora tumshugʻini choʻzdi.
— Bor, bor, seni chaqirganim yoʻq, — dedi Obid aka qoʻli bilan yoʻlga ishora qilib.

Teshavoy kichkina oppoq dumini likillatib, oldinga chopib ketdi.
— Yaxshi it chiqdi, haromi, — dedi Obid aka havas bilan unga qarab. — Hali yana oʻzing koʻrasan.

Ular olmazor etagidagi soʻqmoq yoʻlga burilishganda, quyosh togʻ ortidan endigina moʻralay boshlagan edi. Olma shoxlaridagi sargʻaya boshlagan yaproqlar oltin tangalardek yaraqlardi.

Ular ikki kilometrcha yurib, kanal boʻyiga chiqishdi. Shu yerda qishloq tugab, keng ekinzor boshlanardi. Popuklari qizarib, yetilib turgan joʻhorizor, uning orqasi ketgancha paxtazor edi. Obid aka joʻhorizorni aylanib oʻtishganda:
— Keldik, — dedi va miltigʻini yelkasidan oldi. Abdulla oldida bedasi oʻrilgan yaxlit karta yastanib turardi.
— Qani, birpas oʻtiraylikchi, hozir boshlanadi, — dedi Obid aka sirli ohangda.

Ular ariq labiga omonatgina oʻtirishdi. Abdulla togʻasi nimani boshlanadi, dedi, tushunmadi. Soʻrashga esa uyalib, bedazorga tikildi. Jimjit. Hech qanday qushning ovozi eshitilmasdi. Yengil shabada bedaning chuchmal hidini dimoqqa urib esardi. Ular ancha oʻtirishdi. Obid aka oyoqlari orasida tilini osiltirib yotgan Teshavoyning boshini silab, xuddi Abdulladek bedazorga tikilardi. Ammo bedazor hamon tinch, unda biron jonivor borligidan asar yoʻq edi. Bir-ikki marta chumchuq galasi «gur» etib koʻtarilib, joʻhorizor ichida gʻoyib boʻldi, xolos. Abdulla zerikdi va togʻasiga oʻgirilib:
— Hech narsa yoʻq-ku? — dedi.
— Tiss! — dedi Obid aka nimagadir quloq solib. Shu top qishloq tomonda sigir ma’radi, keyin qaerdadir yaqin bir joyda nimadir «tiq» etdi. Yana nimadir taqilladi. Baqami, allanarsa bir-ikki marta «gʻuvak-gʻuvak» degan tovush chiqardi. Obid aka Abdullani turtib, «eshit», dedi. Abdulla shu soʻzni eshitishi bilan bir bedanining «pidpildiq»lab ketganini payqadi. Ovoz juda baland va tiniq edi. Koʻp oʻtmay bedazorning har chekkasida bedanalar sayray boshladi. Abdulla qaysi biriga quloq solishini bilmay qoddi. U yosh boladek sevinib, ariq boʻylab u yoqdan bu yoqqa yugurar, qayoqda bedana balandroq sayrasa shu yoqqa oʻzini otardi.
— Boshlaymizmi? — soʻradi Obid aka.
— Birpas turing.

Abdulla, oʻlim xavfini sezmay, oʻz ovozidan zavqlanib sayrayotgan bedanalarga quloq solish bilan band edi, u bu daqiqaning iloji boricha choʻzilishini istardi.
— Kech boʻlib ketadi. Orqadan odam oʻtib qolishi mumkin, — dedi Obid aka, lekin joyidan qoʻzgʻalmadi.

Bedanalarning xori tinganday boʻldi. U yer-bu yerdagina siyrak eshitilib qolardi.
— Endi boshlaymiz!

Obid aka oʻrnidan turdi. It bir sakrab ariq ichidan chiqdi-da, tizzasigacha botib, bedazor ichiga shoʻngʻidi. Besh metrcha doira chizib aylangach, egasining oldiga kelib, tumshugʻini choʻzdi.
— Ol, — dedi Obid aka qoʻlini oldinga bigiz qilib.

It yugurib ketdi. Obid aka belidagi ancha-muncha ilgak osilgan kamarini tuzatar ekan, Abdullani ogohlantirdi:
— Faqat orqamdan yurasan. Yonimga ham, oldimga ham oʻtma.
— Xoʻp, — dedi Abdulla hoʻl bedazorga qadam qoʻyib. — Ancha otamizmi?
— Qancha kerak?
— Besh-oltita otolarsiz? Obid aka kuldi.
— Besh-oltita otish mumkin. Juda boʻlmasa...

U gapini tutatmadi, «paq» etgan oʻq tovushi eshitildi. Abdulla nima boʻlganini anglab yetguncha, Teshavoyning ogʻzida bir qanotini silkitib turgan bedanani koʻrdi. It qoyil ish qilgandek, oʻzidan mamnun boʻlib, dumini likillatgancha Obid akaga tikilib turardi.
— Opkel! — dedi Obid aka tizzasiga urib.

It yugurib egasining oldiga keldi. Bedana hamon tirik edi. Qanotini silkitib, qon tumshugʻi bilan itning yuziga urilardi. Obid aka uni itning ogʻzidan oldi-da, kamaridagi ilgaklardan biriga boʻynidan ildi. Osilib qolgan bedana bir-ikki silkinib, tinchidi.
— Semiz ekan, — dedi Obid aka miltiqni oʻqlar ekan. — Bu ham sening omading.

Abdulla indamadi. Birinchi marta ovga chiqqani uchunmi, ovning bunday boʻlishini Hayoliga keltirmagan, otilgan narsa oʻsha zahoti oʻlar, deb oʻylagan edi. U koʻzini togʻasining belida likillab turgan bedanadan uzolmas, oʻq teshib majaq boʻlgan tumshugʻi koʻnglini aynatardi. «Hozirgina sayrab turuvdi, — Oʻyladi u bir-ikki tupurib... — Endi sayramaydi. Endi pati yulinadi, yuvilib, tozalanib oshga bosiladi. Kim yer ekan? Men yemayman..»
— Qayoqda qolding? Yurmaysanmi? — qichqirdi Obid aka.

Abdulla oʻziga kelib, togʻasining ancha ilgarilab ketganini, uning oldida it dumini choʻzib, nimanidir iskab turganini koʻrdi. Ovning zavqi baland kelib, Abdulla hozirgina ezilib Hayolidan oʻtkazgan gaplarni unutdi-da, itga tikildi, Teshavoy birpas tumshugʻini choʻzib turdi, keyin sakradi. Nimadir uning oldida pir etib koʻtarildi. Shu zahoti oʻq uziddi. Qush bir-ikki qanot qoqib yiqildi. It u tushgan joyga qarab yugurdi.
— Opkel! — dedi Obid aka yana tizzasiga urib. Teshavoy nimanidir tishlab, egasining qarshisiga yugurdi. Bu ham bedana edi. Lekin bunisi oʻq tegishi bilan oʻlgan, shuning uchunmi, yo ikkinchi marta koʻrib koʻnikdimi, Abdulla jirkanmadi.

Quyosh toshloq ustida odam boʻyi koʻtarilib, choʻgʻdek qizgʻish nurlarini socha boshladi. Kimningdir qichqirgani, keyin motor gurillagani eshitildi. Oddiy, har damgidek mehnat va zavq bilan toʻla yangi kun oʻz hayotini boshladi. Allaqaerda qoʻshiq yangray boshladi. Radiodanmi, yo qishloqning oʻzidanmi — Abdulla ajrata olmadi. Qoʻshiq bedanalarning sayrashiga qoʻshilib, gʻalati, shu paytgacha u eshitmagan, goʻzal ohang kasb etdi. Ovni unutib, u shu atrofini toʻldirib turgan ohanglarga zavq bilan quloq sola boshladi. Koʻp oʻtmay qoʻshiq tindi, ammo bedazor esa hamon qandaydir sirli, ammo shoʻx, oʻynoqi ohanglar bilan toʻla edi.

Yana oʻq uzildi. Abdulla choʻchib ketdi.
— Sanayapsanmi, nechta boʻldi? — qichqirdi Obid aka.

Abdulla uning yoniga keldi. Obid aka Teshavoyning ogʻzidan yangi oʻljani olar ekan, jiyaniga gʻurur bilan qarab qoʻydi.
— Besh-oltita devdingmi, boya?
— Ha, — dedi Abdulla ilgaklardagi bir tekisda osilib turgan bedanalarga tikilib. — Lekin koʻp otganga oʻxshaysiz...
— Ma, sana.

Obid aka kamarini yechib, kichkina bir tasmani oldida, ilgaklarni shunga oʻtkazdi va tugun qilib, jiyaniga uzatdi.
— Bugun bedana koʻp. Yana shuncha otsak boʻladi. Qani, ol, Teshavoy!

U shunday deb oldinga yugurgan itning ketidan yoʻlga tushdi. Abdulla oʻljalarni sanadi. Oʻn bitta boʻlibdi! «Birpasda-ya!» — hayron boʻldi u va faxr bilan togʻasiga tikildi.

Bedazorni ikkinchi marta aylanib chiqishganda, oʻljaning soni oʻn beshtaga yetdi. Obid akaning kayfi chogʻ edi.
— Qalay, ov tuzukmi? — dedi nonushta qilgani oʻtirishganda,
— Zoʻr, — jilmaydi Abdulla.
— Aslida ishimni tashlab ovchilikka oʻtib qoʻya qolsam ham boʻlar ekan.
— Hali ham traktor haydaysizmi?
— Sal balandrokdan kel. Hamma traktorchilarning boshligʻiman hozir.
— Oʻsibsiz-da, — dedi Abdulla ishtaha bilan goʻsht yer ekan.
— Oʻsganda qandoq! Oʻn yilda brigadir boʻldim, yana yigirma yildan keyin rais boʻlsam ajab emas.

Ikkovi kulishdi.
— Ishim yaxshi, — dedi Obid aka bir ozdan soʻng Teshavoyga suyak tashlar ekan, jiddiy ohangda: — Jamoada oʻttizta traktor bor. Qishin-yozin tinmaydi. Topish ham shunga qarab. Yaqinda mashina olaman. Kelinoying tugʻsa, bola oʻlmasa, mashinada butun respublikani aylanib chiqaman, deb niyat qilib qoʻygan edim. Bir yogʻi Arslonbob, bir yogʻi Chimyon... Niyatimizga yetadiganga oʻxshaymiz. Ishim yaxshi-yu, oʻqimadim-da, jiyan... — Obid aka xoʻrsinib qoʻydi... — Urushdan qaytib kelganimda oʻqimoqchi edim. Lekin bu fikrdan qaytdim. Qimmatchilik, jamoa xarob, qishlokda deyarli erkak qolmabdi. Oʻshanda rahmatlik Mannop ota rais edi. Sen uni koʻrganmiding?

Abdulla «yoʻq» deya boshini qimirlatdi.
— Ajoyib odam edi. Yoshligida otdan yiqilib, oyogʻi singan va umrbod choʻloq boʻlib qolgan. Shu ham qoʻymadi. Oʻqish qochib ketmaydi. Oʻqirsan ham, olim ham boʻlarsan. Lekin uka, — dedi. — Qishloqqa qara, bitta ham butun uy yoʻq. Jamoa bundan beshbattar. Dehqon odam buni tushunadi. Qol uka, — dedi, qoldim. Keyin ishga berilib ketib oʻqish Hayolimdan koʻtarildi. Endi kech. Endi oʻqib qayoqqa borardim? Sen nima qilmoqchisan? Ishlaysanmi, oʻqiysanmi?
— Oʻqiyman, — dedi Abdulla negadir uyalib. — ToshDUning fizmatiga kirmoqchiman.
— Durust, — dedi Obid aka. — Matematikani yaxshi koʻrasanmi?
— Ha.
— Durust. Oʻqi, jiyan, oʻqi. Oyingning sendan umidi katta. Bor ishongani sen. Dadang mana yotib qoldi. Hozir qalay, durustmi?
— Tuzzukday.
— Ishqilib tuzalib ketsin. Yomon kasalga chalinib qoldi. Giper... gim... Nima edi nomi?
— Gipertoniya.
— Gipertoniya, — qaytardi Obid aka. — Oti qursin. Uzoq yili kelganda ancha yaxshi edi. Bir hafta turdi chamamda oʻshanda, a?
-Ha.
— U bilan ham ovga chiqqan edik. Hu anavi yoqqa. — Obid aka paxtazorning etak tomoniga ishora qildi. — Dadang, Teshavoy mergan, men. Dadang yaxshi otadi. Adashmasam oʻttiz-qirqta bedana otuvdik oʻshanda. Kechqurun Buloqboshida osh qildik. Yarmini oshga bosdik. Yarmini kabob qildik. Ancha tuzuk edi dadang oʻshanda.

Obid aka oʻylanib qoldi. Keyin choʻntagidan gʻijimlanib ketgan papiros olib, shoshmasdan tekisladida, tutatdi.
— Dadangni yaxshi koʻraman. U menga juda koʻp yaxshilik qilgan, uylantirgan, toʻyga oʻzi bosh boʻlib turgan.
— Bormaysizmi? — soʻradi Abdulla.
— Boraman. Kennoying qaytsin. Bir oʻttiz-qirqta bedana otib olib boraman.
— Mumkin emas.
— Mayli, yemasa ham koʻngli koʻtariladi. Qani, turdikmi?
— Mayli, — dedi Abdulla qoʻzgʻalib.
— Yana ikki marta aylanib chiqamiz. Shu bilan boʻldi. Teshavoy, yur!

It xuddi shu gapni kutib turgandek, bedazorga tashlandi.

Endi Abdulla ovga koʻnikkan, hatto unga qiziqib ham qolgandi. U zavq bilan Teshavoyning harakatlarini kuzatar, har oʻq otilganda «Ura!» deb qichqirardi. Bedazorning orqasidagi arava yoʻlda tarvuz ortilgan avtokachka koʻringanda Obid aka ovni toʻxtatdi. Abdulla qarshilik koʻrsatmadi.

Aravadagi yigit Obid akani tanidi shekilli, salom berib:
— Qalay, ov tuzukmi? — deb soʻradi.

Obid akaning oʻrniga Abdulla javob berdi:
— Yigirma beshta otdik, mana.

U gʻurur bilan qoʻlidagi tasmaga tizilgan bedanalarni koʻrsatdi. Aravakash kallasini liqillatib:
— Qoyil! — deb qoʻydi.

Keyin uni chaqirib bitta tarvuz uzatdi.
— Aytgandek, Obid aka, — qichqirdi yigit, — Oʻgʻil muborak boʻlsin!
— Rahmat.
— Buloqboshida bitta osh qilib berasizda endi devziradan! Bedana bosib!
— Osh sendan aylansin, Homid. Qilib beraman. Aravakash yoʻlga tushdi. Abdulla tarvuzni koʻtarib, togʻasining orqasidan yurdi. Ariq labiga yetishganda:
— Choʻlladik-ku, tarvuzni shu yerda yeb qoʻya qolaylik, — dedi Obid aka. — Koʻtarib yurasanmi?

Ular eski joyga chordona qurishdi. Obid aka buklama pichogʻini tarvuzning dumiga shunday tekkizishi bilan yorilib ketdi. Qip-qizil chinni tarvuz buloq suvidek muzdek va shirin edi. Obid aka bitta tilimni itning oldiga qoʻydi. Abdulla itning tarvuz yeyishini shunda koʻrdi. Teshavoy dumini likillatib yer ekan, xuddi odamga oʻxshab danagini ajratib tashlardi.
— Zoʻr-ku, — dedi Abdulla hayron boʻlib.
— Nima deyapsan! Uyda biz nima yesak, bu ham shuni yeydi...

Obid aka yana nimalarnidir deb, itni maqtamoqchi edi, joʻhorizor etagidan bitta bedananing juda baland sayragan ovozi eshitilib qoldi. Abdulla haligacha bunchalik oʻtkir va tiniq ovozni eshitmagan edi. U-ku mayli, Obid aka ham yeb turgan tarvuzi ogʻzida qolib, quloq sola boshladi. Bedana bir ohangda «tak-tarak, tak-tarak» qilib, ozgina dam olar, keyin bir yoʻla sakkiz-toʻqqiz marta taraklardi. Bir necha marta shu qaytarilgach, Obid aka oʻrnidan turdi.
— Qayoqqa? — soʻradi Abdulla togʻasining nima qilmoqchi ekanligini sezgan boʻlsa ham.

U shu bedanining otilishini istamas edi. Lekin Obid aka unga javob bermadi. Egasining harakatlarini tushungan it joʻhorizor tomon yugurib ketdi.
— Togʻa, shuni otmang! — dedi Abdulla uning orqasidan boʻgʻilib.

Obid aka eshitmadi. Abdulla ularga birpas qarab turdi-da, keyin oʻsha yoqqa yugurdi. Lekin u kech qolgan edi. Teshavoy qiyinchiliksiz bedanani topgan, tumshugʻi bilan pishillab uni choʻchitgan edi. Abdulla bedananing sakrab koʻtarilganini koʻrdi. Oʻq ovozi jarangladi. Bedana patirlab havoda bir-ikki aylandi-da, joʻhori ichiga shoʻngʻidi. It uning orqasidan yugurdi. Shu payt Abdulla jon holatda qichqirdi:
— Togʻa, itni chaqiring! Oʻzim tutaman, Teshavoy! Obid aka uni tushundi va tizzasiga urib, itni chaqirdi. Teshavoy istar-istamas toʻxtab, orqasiga qaytganda, Abdulla ularga yetib keldi.
— Shuni otmasangiz boʻlardi, — dedi u zarda bilan.
— Ha, chakki boʻldi, — achinib gapirdi Obid aka. — Qanotiga tekkanga oʻxshaydi oʻq, balki tuzatarmiz.

Abdulla joʻhorizor ichiga kirib, bedanani qidira boshladi. U ariqdan bu ariqqa oʻtdi, lekin bedana koʻrinmasdi. Joʻhorizorning oʻrtasiga kelib, poyalarni qayirdi-da, oldinga tikilib qayoqqa borishini bilmay turib qoldi. Oldinda bir odam koʻringanday boʻldi. Abdulla birikki ariqdan oʻtib, yaxshilab qaradi. Undan oʻn ariqcha narida oq koʻylakli, oq durra tangʻib olgan bir ayol choʻkka tushib hovuchidagi yaralangan bedanaga tikilib turardi. Abdulla uning yuzini koʻrmadi. Bedana tutilganidan va uning tirikligidan hursand boʻlib, ayolning yoniga bordi.
— Oʻlmabdimi?
— Oʻlsa sizga ogʻirligi tusharmidi?

Ayol jahl bilan shunday dedi-da, Abdullaga qaramay hansirayotgan bedanani ogʻziga olib borib tili bilan hoʻlladi. Abdulla qoʻngʻiroq ovozidan ayolning yosh qiz ekanligini sezdi. Ammo uning qoʻpol javobidan ranjigan boʻldi.
— Shuncha otganlaring yetmasmidi?! — dedi qiz yana boshini koʻtarmay.
— Men ham shunday devdim, — Abdulla qizning yoniga engashdi. Engashdi-yu, unga bir qarashi bilan oʻtirib qoldi. — Gulchehra?
— Voy, sizmidingiz? — qiz ham uni tanib, beixtiyor boʻsh qoʻli bilan etagini pastroq tortib qoʻydi.

Ikkalovi bir daqiqa jim qolishdi. Qiz negadir uyalib boshini eggan, Abdulla esa ogʻzi ochilib, unga tikilib qolgan edi. Qizning bir-biriga tutash qalin qoshlarigacha tushgan joʻhori popuklari jamalak boʻlib yopishib qolgan oppoq durrasi, qiyiq koʻzi va kichkina burni ustida osilib turgan bir tutam jingalak sochi, bir qanoti singan bedanaga achinganidanmi, yo kutilmagan uchrashuvdan uyalganidanmi titrab turgan dumaloq lablari uni lol qilib qoʻygan edi. Ikkalovining nazarida shu sukut ichida oʻtgan bir daqiqa uzoq bir soatdek koʻrina boshlagan boʻlsa ham, nima deyishlarini bilmay, jim oʻtirishardi. Nihoyat Abdulla biron narsa deyishga qaror qilib, yoʻtaldi. Keyin:
— Tuzalib ketarmikin? — dedi.

Qiz birdan yuziga qizillik yugurib, Abdullaga koʻz qirini tashladi.
— Tuzaladi, bir qanoti sinibdi, xolos. Koʻring. Qiz shunday deb, kaftida yonboshlab yotgan bedanani unga uzatdi. Bedana halloslar va kichkina koʻzlarini pirpiratib, ularga yalinganomuz tikilardi.
— Yaxshi sayrayotgandi, — dedi Abdulla.
— Ha, — qiz jonlanib ketdi. — Men ham ishimni tashlab quloq solib oʻtiruvdim. Yaxshi sayrayotuvdi.
— Nima qilayotgan edingiz?
— Joʻhori qayirayotgandim, — qiz yonidagi joʻhori solingan savatni koʻrsatdi. — Dadamlarga. Yaxshi koʻrasizmi?

Qiz uyalinqirab boshini egdi va yana yuziga qizillik yugurdi.
— Dadamlar yaxshi koʻradilar.
— Men ham yaxshi koʻraman. Joʻhori kavob shirin boʻladi.
— Abdulla! Abdulla, hoy! — chaqirdi Obid aka kanal tomondan.

Abdulla javob bermadi, u jilmayganicha Gulchehraga tikilib, «yana nima desam ekan?» deb oʻtirar, bu yerdan ketishni istamasdi.
— Togʻangiz chaqiryaptilar, — dedi Gulchehra qoʻzgʻalib va bedanani uzatdi. — Oling.
— Sizniki bu endi.
— Nega? — sevingandek boʻlib soʻradi qiz.
— Siz topdingiz, sizniki bu.
— Boʻlmasa tuzalganida qaytarib beraman. Abdulla kuldi.
— Ketdikmi? — soʻradi qiz.
— Mayli.

Abdulla savatni koʻtarib, qizning orqasidan yurdi. U nihoyatda shod edi.

Joʻhorizordan chiqishganda, Obid aka kanal boʻyida miltigʻiga yuzini tirab oʻtirardi. Ularni koʻrib, boshini koʻtardi.
— Muncha hayallading?
— Tutish qiyin boʻldi, — dedi Abdulla Gulchehraga koʻz qirini tashlab.
— Tirikmi ishqilib? — xavotirlanib soʻradi Obid aka.
— Bir qanoti sinibdi, — dedi Gulchehra.
— Tuzatmoqchi, — dedi Abdulla unga ishora qilib.
— Ha, durust.

Ular yoʻlga tushishdi. Obid aka oldinda, Abdulla bilan Gulchehra orqada. Anchagacha jim borishdi. Qishloqqa yaqinlashganda Gulchehra sirli ohangda dedi:
— Aytganday, tabriklayman.
— Nima bilan! — hayron boʻlib soʻradi Abdulla.
— Medalʼ bilan. Abdulla jilmaydi.
— Rahmat. Qaerdan bildingiz?
— Butun qishloq biladi, — dedi qiz ham jilmayib. U juda chiroyli jilmayardi. Abdulla oʻzi sezmay, beixtiyor unga tikilib qoldi.
— Men keldim, — dedi Gulchehra koʻprikka yetishganda.

Abdulla qoʻlidagi savatni unga uzatdi.
— Sizni qachon tabriklayman?
— Tabriklashingiz mumkin. Men ham bitirdim.
— Nahotki? — Abdulla uyalib ketdi. — Kechirasiz, esimdan chiqibdi. Ancha boʻldi koʻrishmaganimizga.
— Ikki yil, — dedi Gulchehra unga gʻalati qarab. — Unutishingiz tabiiy.
— Kechirasiz.
— Hechqisi yoʻq. Ertaga ziyofatimiz bor. Keling.
— Rahmat.

Gulchehra koʻprik yonidagi darvoza tomon yoʻl oldi. U bir qoʻlida ingichka beliga tiralgan savat, bir qoʻlida bedana koʻtarganicha yengil chuvagini shapillatib ketar ekan, Abdulla uzoq vaqt ketidan qarab qoldi.

Bir kuni uning loy tomida bir burgut paydo boʻlib qoldi. Abdulla oʻshanda yozgi kanikulga kelgan edi. Gulchehra uni yetaklab, Dadavoy amakining uyiga olib bordi.
— Koʻryapsanmi? — dedi loy tomga ishora qilib.

Abdulla avval hech narsani payqamadi. Keyin moʻrining yonida bukchayib turgan bir narsaga koʻzi tushdi.
— Nima?
— Burgut! — dedi Gulchehra ovozini pasaytirib. — Kecha koʻrib qoldim. Bilmadim, amaki qayoqdan olib keldiykin? Hozir yaxshilab koʻrsataman.

Gulchehra koʻchaning narigi betiga oʻtib, burgutga kesak otdi. Burgut seskanib tumshugʻini choʻzdi. Keyin alanglab atrofga qaradi-da, bitta-bitta qadam tashlab moʻrining orqasiga oʻtdi. Uning bir oyogʻiga zanjir bogʻlangan edi.
— Amaki buni nima qilar ekan?
— Qaydam? — dedi Gulchehra. — Balki uyiga poyloqchi qilib qoʻygandir.
— Burgut uy poylaydimi? — hayron boʻldi Abdulla.
— Nega poylamas ekan? It poylaydi-ku?!
— It boshqa gap.
— Bilsang, burgut itdan ham zoʻr.

Ular anchagacha koʻchaning chetida tomga tikilib oʻtirishdi. Ammo burgut joyidan qimirlamadi.
— Bilasanmi, — dedi Gulchehra bir mahal. — Bechoraga rahmim kelib ketyapti.
— Nega?
— Och boʻlsa kerak. Amaki kun boʻyi uyida boʻlmaydi.
— Kel, ul-bul beramiz, — taklif qildi Abdulla.
— Nima beramiz? — Gulchehra xoʻrsindi. — Burgut xom goʻsht yeydi-ku!
— Nima qilibdi? Biz ham xom goʻsht beramiz.
— Qaerdan olamiz? Bizda boʻlganda oyim allaqachon ovqat qilardilar.

Ikkalovi oʻylanib qolishdi. Lekin qancha oʻylashmasin, goʻsht topishning evini qilisholmadi.
— Non yemasmikin? — soʻradi bir mahal Gulchehra umid bilan. — Bizda zogʻora non bor, bir xalta!
— Bilmadim. Kel, berib koʻramiz.

Koʻp oʻtmay ikkalovi Gulchehra uyidan oʻgʻirlab kelgan bitta zogʻora nonni Dadavoy amakining tomiga otishdi. Ammo burgut ularning mehribonchiligiga parvo qilmadi, hatto joyidan ham qimirlamadi.
— Zogʻora yemas ekan, — dedi Abdulla.

Gulchehra indamadi. Uning ikkala koʻzi jiqqa yosh edi.
— Nega yigʻlaysan? — soʻradi Abdulla.
— Nega yemaydi?! Och qolsa maylimi?! — Gulchehra oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi.
— Toʻxta, — dedi Abdulla. — Yigʻlamagin. Bir ish qilamiz...
— Qanaqa ish? — koʻzlarini ishqalab soʻradi Gulchehra.
— Amaki kelishini poylaymiz. Qani u nima berarkin?
— Boʻpti! — dedi Gulchehra sevinib.

Ular oʻsha kuni allamahalgacha Dadavoy amakining yoʻlini poylab oʻtirishdi. Nihoyat u keldi. Bolalar uning qoʻlida katta sumka koʻrishdi. Ichkariga kirganda esa, koʻcha eshikdan uni kuzatishdi.

Dadavoy amaki jinchiroq yoqib, tomga koʻtarildi. Nimalardir deb gapirdi, bolalar anglashmadi. Keyin burgutni oyogʻidan tortib, qoʻltiqladi-da, pastga tushdi. Jinchiroqni hovlining oʻrtasiga qoʻyib, sumkasini yerga agʻdardi va burgutni qoʻyib yubordi. Burgut yerda toʻkilib yotgan qora narsalar atrofida bir-ikki aylanib, choʻqilay boshladi. Dadavoy amaki zanjirni uzun qoʻyib yuborgancha uning harakatlariga tikilib oʻtirdi-da, shivirlab:
— Javr boʻldi senga, jonivor, javr boʻldi, — dedi.
— Goʻsht beryapti, — dedi sekin Abdulla Gulchehraning qulogʻiga.

Gulchehra boshini qimirlatdi.

Dadavoy amaki burgutni tomga olib chiqib qoʻyganda ular ketishdi. Lekin ikkalasi ham tun boʻyi burgutni oʻylab chiqishdi. Ertalab esa yana shu yerga kelishdi. Burgut kechagidek moʻrining yonida bukchayib turardi.
— Nega javr boʻldi, dedi? Bildingmi? — soʻradi Gulchehra.
— Yoʻq.
—Unda ham goʻsht yoʻq. Shuning uchun javr boʻldi dedi, — tushuntirdi Gulchehra.
— Bilmadim.
— Bilmadim emas, aniq, — dedi Gulchehra, keyin Abdullani turtdi. — Qoʻyib yubormaymizmi uni?

Abdulla bu gapdan choʻchib tushdi.
— Amaki dod deb yuboradi.
— Bilib oʻtiribdimi? — dedi Gulchehra. — Bechora bunaqada oʻlib qoladi. Boʻshatib yuboramiz.
— Hozirmi? — ikkilanib soʻradi Abdulla.
— Qorongʻi tushganda.
— Mayli.

Kechqurun ular devordan oshib, Dadavoy amakining hovlisiga tushishdi. Ayvonning burchagidagi ustun qozigʻida uzun zanjir osilib turardi. Uning yarmi qoziqqa oʻralgan boʻlib, yarmi tomda burgutning oyogʻiga bogʻlangan edi. Abdulla zanjirni yechdi va bir-ikki siltab tortdi. Burgut tomning zihiga yaqinlashdi, lekin uchishni Hayoliga ham keltirmadi.
— Oyogʻidan boʻshatish kerak, — dedi Gulchehra.
— Qanday qilib? Choʻqib olsachi?
— Ustiga qop tashlaymiz.

Ular tomga chiqishdi. Zanjir burgutning oyogʻiga omonatgina ilib qoʻyilgan ekan, yechish qiyin boʻlmadi. Yechib boʻlib, zanjirni hovliga tashlashganda esa, ku-tilmagan voqea yuz berdi. Burgut uchmadi. Aksincha, tomdan tushishayotganda ularning ketidan yurib, narvonga yaqinlashganda toʻxtadi-da, yana hurpayib, boshini qanotlari orasiga yashirdi.
— Uchmayapti-ku? — hayron boʻldi Abdulla.
— Haydash kerak, — dedi Gulchehra.

U shunday deb devor orqali tomga koʻtarildi va uzun bir tayoq bilan burgutni hayday boshladi. Ammo burgut joyidan qimirlamasdi. Bir gal Gulchehra uni qattiq itarib yubordi shekilli, burgut gandiraklab qanotlarini yoydi va oʻzini tutolmay hovliga sekin uchib tushdi. Shunda bolalar uning qanotlari qirqilganini koʻrishdi va qilgan ishlaridan qoʻrqib ketishdi. Burgut esa ayvon oldida savlat bilan bir-ikki aylanib, kecha ovqat yegan joyiga bordi-da, yana buk-chayib tumshugʻini qanoti ichiga yashirdi.
— Nima qilamiz endi? — soʻradi Gulchehra. Abdulla birinchi marta uning choʻchiganini sezdi.

Lekin nima deb javob berishi mumkin? U ham Gulchehradek nima qilishini bilmasdi. Shuning uchun yelkalarini qisdi. Bolalar ancha vaqt burgutga termilib, oʻylashdi. Lekin ikkalovining Hayoliga hech qanday fikr kelmadi. Nihoyat boʻshashib ostonaga oʻtirishdi.
— Yaxshi ham boshqa bolalar bilishmadi, — dedi Gulchehra xoʻrsinib. — Bilishganda, bittasi emas, bittasi aytib qoʻyardi.
— Ha, — rozi boʻldi Abdulla, — rosa toʻpolon boʻlardi.
— Men amakidan qoʻrqaman. Koʻzi yomon. Gulchehra Dadavoy amakining koʻzlarini koʻrsatmoqchi boʻlib, olaydi, oʻhshata olmadi. Abdulla kulib yubordi.
— Nega kulasan?
— Amaki koʻzlarini hech shunaqa olaytirmaydi, — dedi Abdulla. — Uning koʻzlari doim bir xil — sovuq.
— Olayadi! — dedi Gulchehra oʻzinikini ma’qullab.
— Olaymaydi.
— Olayadi!
— Xoʻp, seniki ma’qul. Menga qara, — dedi Abdulla u bilan tortishish foydasizligini tushunib, — yaxshisi ketaylik. Amaki kelib qolsa ikkalamizni ham sogʻ qoʻymaydi. Nima deding?

Bu gap Gulchehraga ma’qul tushdi. Ular oʻrinlaridan turib eshik tomon yoʻl olishdi. Lekin hali besh qadam ham yurmagan edilarki, burgut ularning ketidan yurdi. Abdulla eshikni ochish oʻrniga hovlining orqa tomoniga qochdi. Gulchehra ham uning ketidan yugurdi. Burgut ulardan bir qadam orqada qolmasdi, ular toʻxtasa toʻxtar, chopsa chopardi. Yana ayvonga qaytib kelishganda Gulchehra oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi.
— Endi nima qilamiz?

Abdulla indamadi. Uni ham qoʻrquv bosgan edi. Shu alfozda ular qancha turishdi, bilishmaydi, bir mahal koʻcha eshik gʻirchillab ochilib, Dadavoy amaki kirib keldi. Qoʻlida har doimgidek katta sumka, boshida uchi nayza qalpogʻi. U ayvonga yaqinlashganda bolalarni koʻrib qoldi.
— Kimsanlar?

Bolalar indashmadi. Ikkalovi ham sovuq yegan odamdek qalt-qalt qilardi.

Ulardan sado chiqmagach, Dadavoy amaki ayvonga koʻtarilib jinchiroqni yokdi.
— Ha, — dedi u Gulchehraga chiroqni tutib. — Yusufning qizimisan? Bu bola kim?

Gulchehra javob berish oʻrniga yigʻlay boshladi.
— Nega yigʻlaysan? Qanday kirib qoldilaring bu yerga?

Yana ikkalovidan sado chiqmadi.
— Mayli, gapirmasalaring gapirmalaring, — dedi Dadavoy amaki sumkasini koʻtarib. — Men ham yoshligimda shoʻx edim. Qoʻshnilarning na devori, na tomi qolgan mendan.

U shunday deb, hovliga tushdi-yu, shumshayib turgan burgutni koʻrib qoldi.
— Mana bu ishlaring chakki boʻpti, — dedi u hamma narsaga tushunib. — Koʻr odam hassasiz yurolmaydi. Bu burgut ham koʻr, ham qari. Na ucha oladi, na koʻra oladi. Bir choʻpon oʻrtogʻim urushga ketayotganda menga topshirdi: senda tursin, menga koʻp yaxshilik qildi, qariganida xor boʻlmasin, dedi. Ikki yildan beri men boqib yuribman. Bu ishlaring chakki boʻlibdi.
— Endi tegmaymiz, amaki, — dedi yigʻi aralash Gulchehra.
— Ishonaman, qizim, ishonaman, — dedi amaki. Bizni urishadi deb qoʻrqqan bolalar, oʻsha kuni juda ezilib uylariga qaytishdi. «Yaxshi odam ekan-ku, amaki?!» oʻylardi ichida Abdulla. Lekin bir hafta oʻtar-oʻtmas u yoʻq boʻlib qoldi. U ham, burgut ham. Uning qayoqqa ketganligini uzoq vaqtgacha hech kim bilmadi. Urush tugagandan soʻng esa uning Ukrainada qahramonlarcha halok boʻlgani haqida xabar keldi. Oʻshanda ham yoz boʻlib, Abdulla kanikulga kelgan edi. Bu xabarni eshitib, Gulchehra ikkalovi ancha qaygʻurishdi. Mana shu voqea, kim biladi, nima uchundir Abdullaiing Hayolidan sira koʻtarilmasdi.

Hozir ham u sekin kanal boʻylab uy tomon borar ekan, shu voqea barcha ikirchikirlari bilan uning koʻz oldida namoyon boʻlgan edi. Oʻsha paytlari Gulchehra oʻgʻil bolalardan farq qilmasdi. Endi-chi? Endi u butunlay boshqacha boʻlib ketibdi. Ilgarigi shoʻxliklari, yugurib-elishlari qani? Shunday oʻylar ekan, Abdulla qaysi bir yili (oʻshanda yettinchi sinfda boʻlishsa kerak) jamoa rejani bajarib, toʻy qilib berganda, birga ot minishganini esladi. Ha, Gulchehra oʻshandayoq boshqacha boʻlib qolgan edi. Oʻlar kanal boʻylab borishar ekan, Abdulla uning yelkasiga qoʻllarini qoʻyganda oʻzini tortgan va shu bilan katta boʻlib qolishganini bildirgan edi.

Ancha sayr qilishdi. Keyin qaysi bir brigadaning hovuz boʻyiga qurilgan shiyponida Hayol surishdi. Shiyponda ulardan boshqa hech kim yoʻq, hamma xoʻjalik bogʻidagi toʻyda, dala jimjit edi. Gulchehra tirsaklarini shiypon panjarasiga tirab, hovuzga termilgancha oʻtirardi.
— Oʻylayapsanmi? — soʻradi Abdulla.
— Ha, — dedi sekingina Gulchehra. — Kim boʻlishimizni oʻylayapman.

Abdulla kuldi.
— Kim boʻlar ekanmiz?
— Sen olim boʻlasan.
— Olim? — hayron boʻldi Abdulla.
— Ha, sen olim boʻlasan. Katta papka tutib, koʻzoynak taqib yurasan.
— Qoʻysang-chi! — ichida sevinsa ham, zarda qildi Abdulla.
— Yoʻq, rost, koʻrib turibman.
— Oʻzing-chi? Oʻzing kim boʻlasan?
— Menmi? — Gulchehra oʻylanib qoldi. — Men... men me’mor boʻlaman.
— Oʻh-hoʻ, — dedi Abdulla, — juda baland ketding-ku!
— Nimasi baland? Sen olim boʻlganingda, men me’mor boʻlolmaymanmi? Harholda shunga oʻqiyman. Chiroyli uylar quraman, shahar quraman. Balki Mingbuloq me’mori boʻlarman...
— Qishloqning ham me’mori boʻlar ekanmi?
— Nega boʻlmas ekan? Hozir boʻlmasa, keyin boʻlar. Oʻshanda baland-baland, chiroyli uylar quraman. Keyinchi... Keyin...

Gulchehra keyin nima qilishini aytolmadi.
— Men kim boʻlishimni hali bilmayman, — dedi Abdulla. — Dadam, hozir oʻqishdan boshqa narsani oʻylama, deydilar.
— Men boʻlsam, koʻp oʻylayman. Bir — shifokor boʻlgim keladi, bir — muhandis. Hozir endi me’mor boʻlgim kelyapti. Nima deysan, qaysi biri yaxshi ekan-a?
— Hammasi ham yaxshi boʻlsa kerak, — dedi Abdulla ikkilanib. — Yaxshi boʻlmasa odamlarning hammasi yo shifokor, yo muhandis boʻlardi, Boshqa ishni tanlamasdi. — Bu fikr oʻziga ma’qul keldi shekilli, qat'iy qilib qoʻshib qoʻydi: — Hammasi ham yaxshi.

Gulchehra indamadi, yoki yana oʻz Hayollariga beri-lib, uni eshitmadi.

«Hozir u kim boʻlmoqchi ekan?» — Oʻyladi Abdulla. Shu payt kimdir uni turtdi.
— Salom!

Abdulla boshini koʻtardi. Roʻparasida oʻzi tengi ikkita yigit turardi. Abdulla ularni tanidi. Biri — Qosimjon, ikkinchisi — Samad edi.
— Hayol surib qolibsan? — dedi Qosimjon qoʻlini uzatib.
— Ovga chiquvdik, — dedi Abdulla yigitlar bilan koʻrishar ekan. — Yaxshimisizlar?
— Rahmat, — Qosimjon qoʻlidagi tanburga ishora qilib, dedi: — Maktabni tugatdik. Kechqurun ziyofat. Repetitsiyaga ketyapmiz.
— Sen ham bitirding shekilli? — soʻradi ikkinchi yigit.
— Ha, — dedi Abdulla.
— Yaxshi bitirdingmi?
— Yomon emas, — Abdulla oltin medalʼ olganini aytishga uyaldi. — Oʻzlaring-chi?
— Biz ham shu, — dedi Qosimjon. — Qachon kelding?
— Kecha.
— Hali shu yerdamisan?

— Ҳа.

— Boʻlmasa kechqurun maktabga kel. Bir yayraymiz, xoʻpmi?
— Mayli, — dedi Abdulla Gulchehraning ham taklif qilganini eslab.
— Ziyofat zoʻr boʻladi, — gapga aralashdi ikkinchi yigit. — Raisning oʻzi qilib beryapti.
— Zoʻr-ku, — dedi jilmayib Abdulla.
— Zoʻr boʻlganda qandoq! Xoʻjalikka kadrlar kerak. Biz tayyor kadr. Ziyofat shunga qarabda.

Uchalovi kulishdi.
— Kelgin-a, albatta! — dedi Qosimjon oʻrtogʻini qoʻltiqlab. — Hayrlashmaymiz.

Yigitlar ketishdi. Abdulla uyga kirganda Hojar buvi vodoprovod tagida chordona qurib, bedana toza-lab oʻtirardi.
— Qayoqda qolib ketding, bolam! — dedi u nevara-sini koʻrib.
— Oʻrtoqlarimni koʻrib qoldim.
— Togʻang kelinoyingning oldiga ketdi. Tushlikka keladi. Yaxshilab osh qilib beraman. Bolam-ey, bo-lam-ey, qadami qutlugʻ bolam-ey! Qorning ham ochgandir?

Kampir yana nimalardir deb, oʻchoq boshiga ketdi, Abdulla u olib kelgan shirguruchni ezmalanib yer :>kan, koʻz oldidan savat koʻtargan Gulchehra ketmas :>di. «Yaxshi qiz boʻlibdi, — Oʻylardi u, — judayam yaxshi qiz. Besh-olti kun qolaman qishlokda». U shu fikrga kelib jilmaydi-da, yumshoq par yostiqqa yonboshladi. Shu payt u bir bolaning «Buvi!» deb chaqirganini eshitdi.
— Kela qol, nima deysan? — dedi kampir. Bola nimadir dedi.
— Ana, ayvonga bora qol, ayvonda oʻtiribdi, — dedi.
— «Kim ekan?» — Oʻyladi Abdulla va hovliga qaradi.

Yuziga joʻhori donalari yopishgan besh-olti yashar qop-qora bola sochiqqa oʻralgan bir narsa koʻtarib kelardi. Narsa issiq boʻlsa kerak, hu-hulab dam u qoʻliga, dam bu qoʻliga olardi. Ostonaga yetganda u dedi:
— Abdulla aka sizmisiz?
— Ha, nima edi? — soʻradi Abdulla.
— Mavini opay berdila.
— Nima bu?
— Joʻxoyi. Issiq.

Bola shunday deb sochiqni yozib yubordi. Uch-toʻrtta qip-qizil qilib pishirilgan joʻhori kigiz ustiga dumalab ketdi.

Abdulla «rahmat» deb ulgurmay, bola xuddi birov quvgandek, qochib ketdi. «Gulchehra!» — Oʻyladi Abdulla yuziga tabassum yugurib va qoʻlini kuydiradigan darajada issiq joʻhoridan olib tishladi. Unga shu paytgacha qoʻrda pishgan joʻhori bunchalik shirin tuyulmagan edi.

IV

Kechqurun u maktabga kelganda, kechaning tantana-li qismi tugab, oʻyin-kulgi avjiga chiqqan edi. Qosimjon hovlining oʻrtasida turib olib, va’zxonlik qilar, lekin hech kim unga quloq solmas edi. Hammaning koʻzi uzun stolning burchagida dutorga joʻr boʻlib qoʻshiq aytayotgan qizda edi. Abdulla ham beixtiyor toʻxtab quloq sola boshladi. Qiz har toʻrtlikni aytib boʻlganda shoʻx kulgi koʻtarilar, lekin Abdulla uning nima aytayotganini anglay olmadi. Qiz besh-oltita toʻrtlikni aytib boʻlgach, gulduros qarsak koʻtarildi. Qosimjon, menga chalishyapti, deb oʻyladi shekilli, tantanali vaziyatda qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, minnatdorchilik bildirdi va shu top Abdullani koʻrib qoldi.
— E, kelardingiz-da, oʻrtoq medalist? — dedi u baland ovoz bilan.

U hazillashdimi, yo kinoya qildimi, Abdulla anglamadi, uning ikki koʻzi hovliga gir aylantirib qoʻyilgan stol atrofidagi odamlarda edi. U Gulchehrani axtarardi.
— Oʻrtoqlar! Bir daqiqa diqqat! — qichqirdi Qosimjon. — Bizning kechamizga Parijdan, e kechira-sizlar, Toshkentdan oʻrtoq Abdulla Sharipov tashrif buyurdilar.

Besh-olti joydan qarsak koʻtarildi. Qosimjon ga-pida davom etdi:
— Oʻrtoq Sharipov siz-bizga oʻxshagan oddiy odam emas. U kishi maktabni oltin medalʼ bilan tamomladilar. Ura, oʻrtoqlar!

Abdulla bu gapdan ensasi qotib, oʻzini chetga ol-moqchi boʻldi, lekin Qosimjon uni qoʻlidan mahkam ushlaganicha, dasturxonning toʻriga tortdi. Abdulla uning kayfi borligini payqab, qarshilik qilmadi va u koʻrsatgan joyga borib oʻgirdi. Negadir hech qaerda Gulchehra koʻrinmasdi. «Kelmadimikan? — Oʻyladi xa-votirlanib Abdulla. — Agar kelmagan boʻlsa, birpas oʻtirib ketaman».
— Hafa boʻlma, — dedi qayoqdandir uning yonida paydo boʻlib qolgan Samad. — Birinchi ichishi...
— Zarari yoʻq, — dedi jilmayishga harakat qilib

Abdulla,
— Kechani oʻzimizga qoʻyib berishdi. Attestat topshirilgandan keyin hamma kattalar ketdi, — dedi Samad. — Direktorimiz yaxshi odam, shuni talab qildi.
— Kosagul! — qichqirdi shu tob yana Qosimjon uch

marta qars urib. — May!

Kimdir Abdullaning oldiga ochilmagan «Shampans-koe» keltirib qoʻydi.
— Ozgina ich, — dedi Samad. — Harholda musta-qil boʻldik endi.
— Mayli. Och.
— Paqillatamizmi? Abdulla yelkalarini qisdi.
— Ixtiyoring.

Samad shisha qopqogʻini yarmiga koʻtargan edi, sha-rob otilib, dasturxonga toʻkilib ketdi.
— Mayli, — dedi Samad.— Hayotimiz shunday tosh-qin boʻlsin. Kel, shunga ichamiz.

Fujerlar jarangladi. Abdulla bir qultum yutib, stolga qoʻydi.
— Nega ichmading? Bu Qosimjon edi.
— Yo biz bilan ichmaysanmi?
— Nega? Faqat hozir ichgim kelmayapti.
— Boʻlmasa men ichaman.

Qosim piyolani toʻlatdi. Endi ogʻziga olib borgan edi, Samad uning qoʻlini tutdi.
— Boʻldi. Koʻp ichib yubording.
— Qoʻyib yubor! — Qosimjon siltanib qoʻlini boʻshatgan edi, vino koʻylagiga toʻkilib ketdi. Lekin u parvo qilmay, qolganini qalqib-qalqib ichdi. Keyin gandiraklab stolga yaqinlashdi-da, piyolani qoʻydi va birdan yigʻlab yubordi.
— Abdulla, doʻstim! Men sevinchimdan emas, ala-mimdan ichaman, alamimdan. Gʻalamislar meni yoʻldan urdi. Bu yerda qolishni istamayman! Tushunasanmi, Abdulla?! Shaharga ketishni istayman, shaharda oʻqigim keladi. Bu yerda nima bor? Paxta, paxta va yana paxta!..
— Aljirama, Qosim! — dedi Samad.
— Aljirayotganim yoʻq. Rostmi gapim, yo yolgʻonmi?
— Yolgʻon!
— Oʻzingni aldama! Bilaman, sen ham qishloqni yomon koʻrasan. Xuddi menga oʻxshab yomon koʻrasan. Lekin qoʻrqasan aytishga! Men qoʻrqmayman! Men rostini aytaman. Qishloq mana bu yerimga keldi, mana bu yerimga!..

Qosimjon hiqildogʻiga qoʻlining zihi bilan urib yigʻlardi.
— Olib ketsalaring-chi! — dedi qizlardan kimdir. — Aynib qoldi-ku!

Ikkita yigit Qosimjonni qoʻltiqlab olib, nimadir deyishdi. Qosimjon yigʻi aralash qiqirlab kuldi-da, qarshilik koʻrsatmay, ular bilan ketdi.
— Nima boʻldi? — soʻradi Abdulla.
— Hech narsa, — dedi Samad kulib. — Jinnilik qilyapti, xolos. Ikki kun burun hammamiz qishlokda qolishga qaror qildik.
— Qishlokda qolishga? — hayron boʻldi Abdulla.
— Ha, Qosimjon ham rozi boʻlgan edi. Bilasan, qishloqda doim odam yetishmaydi. Shuning uchunmi, xoʻjaligimiz ancha qoloq, kambagʻal. Bizning foydamiz tegishi mumkin. Kattalar juda hursand boʻlishdi qarorimizni eshitib. Ziyofat shuning uchun ham quyuq.
— Oʻqimaysizlarmi?
— Nega oʻqimas ekanmiz? — dedi Samad hafa boʻlganday. — Oʻqiymiz. Hammamiz oʻqiymiz. Faqat sirtdan oʻqiymiz. Men, masalan, qishloq xoʻjalik institutiga kiraman. Qosimjon pedagogika institutining til va adabiyot fakulʼtetiga kiradi. Sezgandirsiz, uning kim boʻlishini gaplari ham aytib turibdi. Ana shunaqa, ham ishlaymiz, ham oʻqiymiz. Bilmadim, nega Qosim birdan aynib qoldi?.. Endi nima boʻladi?
— Nima boʻlardi, — dedi Samad oʻylanib. — Nima istasa shu. Ketmoqchi boʻlsa qarshilik qiladigan odam yoʻq. Qishloqda qolish majburiy emas. Bu har kimning koʻngil ishi.
— Sening hammi?
— Mening ham.
— Nega boʻlmasa Qosimjon senga, qishloqni yomon koʻrasan, dedi? — soʻradi jilmayib Abdulla.
— U toʻgʻri aytdi, — dedi Samad vazminlik bilan. — Lekin qishloqni emas, qishlogʻimizni yomon koʻraman. Qanday tushuntirsam ekan? Bilasanmi, Mingbuloq oʻzi yaxnsh, suv serob. Lekin u qarovsiz. Koʻchalari tor, qingʻir-qiyshiq. Buning ustiga yozda chang boʻladi, qishda doim loy. Uylarni aytmaysanmi? Oʻn-oʻn besh uyni hisobga olmaganda, oʻzimizning eski qamish tomli uylar. Yana koʻi iarsa yoqmaydi. Foydasi yoʻq hozir gapirishni.

Biz bu haqda Gulchehra bilan koʻp oʻylaymiz...
— Gulchehra bilan?
— Ha, unga ham qishlogʻimiz yoqmaydi. Ana shunaqa, Abdulla. Lekin besh-oʻn yil oʻtsin, Mingbuloq juda boshqacha boʻlib ketadi. Taniy olmay qolasan.
— Aytganing kelsin, — dedi Abdulla atrofga alsshglab.

U Gulchehraning nomini eshitishi bilan qulogʻiga gap kirmay qolgan, lekin uning qaerdaligini soʻrashga negadir botinolmay oʻtirardi. Gulchehra koʻrinmadi, u sekin oʻrnidan turdi.
— Qayoqqa? — soʻradi Samad.
— Boray, kech boʻlib qoldi, — dedi iymanib Abdulla.
— Toʻxta, hozir osh keladi. Gulchehra qozon boshida. Kechaning boshligʻi u. Uning ruxsatisiz ketmaysan.

Abdulla sevinib ketdi. Ammo buni sezdirmaslikka harakat qilib:
— Ancha oʻtirib qoldim, — dedi.
— Hech nima qilmaydi. Bu kecha hech kim bizni urishmaydi.

Abdulla «ilojim qancha» degandek, sekin joyiga oʻtirdi.

Kimdir radiola qoʻyib yubordi. Valʼs yangray boshladi.
— Tur, — dedi Samad. — Harholda shaxdrliksan, boshlab ber.
— Ikkalamiz.

Ular oʻrtaga tushishdi. Abdulla Samadni qoʻltiqladi. Hovlini bir aylanib chiqishgach, ikkita qizni oʻrtaga tortishdi. Boshqalar ham birin-ketin oʻrinlaridan turishdi. Abdulla olib yurgan sariqqina, nimjon qiz uning koʻkragiga qoʻllarini omonatgina qoʻyib aylanar ekan, uyalganidanmi, yomon tushishidanmi, bo-shini yerdan koʻtarmasdi. Abdulla bunga parvo qilmas, har aylanganida: «Qani endi shu qizning oʻrnida hozir Gulchehra boʻlsa? — deya oʻylardi. — Tonggacha u bilan tushardim, zerikmasdim».

Valʼs yarmiga yetganda oʻrtada uch-toʻrt juft odam qoddi. Hamma toʻxtab, Abdullaga tikilardi. Abdulla chindan ham valʼsga yaxshi tushardi. Maktabda undan oʻtadigani yoʻq edi. Kechalarda qizlar koʻpincha u bilan raqs tushishni, uning olib yurishini orzu qilishar edi. Hozir ham Abdulla hammani oʻziga mahliyo qilib qoʻygan edi.

Nihoyat valʼs tindi. Qarsak koʻtarildi. Shundagina Abdulla hamma qarab turganini sezdi. Uyalib jilmaydi-da, qizni joyiga oʻtqazib, toʻrga yoʻl oldi. Endi oʻtirayotgan edi, tanish qoʻngʻiroq ovoz quloqlari tagida jarangladi.
— Yaxshi tushar ekansiz!..

Abdulla oʻgirildi. Roʻparasida oppoq guruch tishlari marvariddek yarqirab Gulchehra turardi. Abdulla lol boʻlib qoldi. U Gulchehraning bunchalik chiroyli ekanligini Hayoliga keltirmagan edi. Egnida keng qizil atlas koʻylak, baland poshna oq tuflisi kichkina oyoqlariga chippa yopishgan, ikkita qilib oʻrilgan sochlarining bir oʻrimi koʻkragi ustidan tushib, jingalak uchi zulukdek titrab turardi. Shodligidanmi, olov tepasida turganidanmi ikki yuzi anordek qip-qizargan, chimirilgan qoshlari ostida yirik, shoʻx koʻzlari choʻgʻdek yonardi. Abdulla bu koʻzlarning taftiga chidash berolmay, yerga qaradi.
— Koʻrinmaysiz? Gulchehra kuldi.
— Bugun men ham izzatdaman, ham hizmatda. Lekin kelganingizni koʻrdim. Faqat oddingizga kelolmadim. Kechiring.
— Hechqisi yoʻq. Samad bilan gaplashib oʻtirdik. Lokin shu yerdaligingizni u aytmaganda, ketib qolardim.
— Nahotki?
— Rost.
— Unday boʻlsa, ketmaganingiz yaxshi boʻlibdi. Endi boʻshadim.
— Boʻlmasa oʻtiring, — Abdulla yonidan joy koʻrsatdi.

Ammo Gulchehra oʻtirishga ulgurmadi. Radioladan yana valʼs jaranglay boshladi.
— Tushasizmi? — soʻradi Abdulla.
— Siz bilan tushishga uyalaman, — dedi Gulchehra ooshini quyi solib.
— Nega?
— Yaxshi bilmayman. Keyin mendan kulishingiz mumkin.
— Hammadan kulsam ham, sizdan kulmayman. Gulchehra yalt etib unga qaradi. Abdulla uni issiq qoʻlidan ushlab oʻrtaga olib chiqdi va ehtiyotlik bilan bslidan quchoqladi. Muzikaning yangi pardasi boshlanishi bilan, kutilmaganda, Gulchehra boshini koʻtardi, ikkala qoʻlini Abdullaning yelkalariga tashladi-da, tovusdek suzib ketdi. Birinchi aylanishdayoq Abdulla upi olib yurish juda oson va juda yoqimli ekanini tushungan va ichida, boyagina Hayolidan oʻtkazgan orzu-eiga yetishganidan cheksiz shod edi.
— Aldoqchi ekansiz? — dedi kulib Abdulla.
— Nega? — Gulchehra qoshlarini chimirdi.
— Juda yaxshi bilar ekansiz-ku?!
— Unchalik emas, — dedi Gulchehra va xoʻrsindi... — Mingbuloqda tansa tushishmaydi. Mingbuloq shahar emas. Vaqt ham yoʻq, imkoniyat ham yoʻq.
— Nega? — hayron boʻldi Abdulla. — Axir bugun...
— Bugun boshqa gap. Bugunni biz koʻpdan beri kutgan edik.

Abdulla Gulchehraning nima demoqchi ekanligiga tushunmadi. U hozir bu haqda oʻylashni, surishtirishni istamasdi ham. U Gulchehraning chehrasiga mahliyo edi... «Yoʻq, — Oʻylardi u, — bunaqa qizni shaharda uchratmaganman. Yoʻq. Ochiq, kibor emas. Innaykeyin, juda chiroyli. Ikki yil ichida u butunlay oʻzgarib ketibdi. Qani endi u bilan shahar koʻchalarida yursang! Xdmmaning havasi kelardi, havasi kelishi turgan gap!» U shunday oʻylardi va Gulchehraning jiddiy gaplarini eshitishni istamasdi. Valʼs tugamasa, tonggacha davom etsa! U shuni istardi. Lekin Gulchehra oʻzining soʻnggi gapi bilan paydo qilib qoʻygan kayfiyatdan uning qutulishi oson boʻlmadi. Harakatlaridagi ilgarigi hayajon susaydi, qizning birdaniga jiddiylashgani u bilan barobar oyoq tashlasa ham, musiqani boyagidek his qilmayotgan, uning yengil gaplarga boʻlgan jur'atini toʻxtatgan, boyagina butun vujudida joʻsh urib turgan erkini qisib qoʻygan edi. Biroq nimadir deyishi kerak. Bir valʼs ikkinchisiga ulanib ketdi. Ular boʻlsa jim. Gulchehraning koʻzlari chetda, Hayoli parishon. Nega shunday boʻlib qoldi? Nega birdan oʻzgardi?
— Boshingiz ogʻriyaptimi? — soʻradi nihoyat Abdulla. Gulchehra jilmayishga harakat qildi.
— Yoʻq, Hayol surib ketdim. Kechiring.
— Hechqisi yoʻq. Men hafa qilib qoʻydimmi, deb qoʻrqdim. Hafa qilmadimmi?

Gulchehra unga jilmayib boqdi-da, boshini qimir-latib qoʻydi. Shu boqishi Abdullaning yana chehrasini ochib yubordi. «Koʻzlari muncha yaxshi? — Hayolidan oʻtkazdi u. — Yoʻq, bunaqa qiz shaharda yoʻq».
— Gulchehra, — dedi u sevinchi joʻsh urib. — Yuring, bir aylanib kelamiz.

Abdulla bu fikr miyasiga qanday kelib qolganini oʻzi sezmadi.
— Yuring, kanal boʻyiga boramiz. Hozir juda chiroyli boʻlsa kerak. Boramizmi?

Abdulla toʻxtab, Gulchehraning tirsaklaridan ushladi.
— Yoʻq demang. Yuring.

Gulchehra javob bermadi. Uning koʻzlari oʻrtoqlarida edi. Lekin hech kim ularga parvo qilmasdi, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora edi.
— Yuring!

Abdulla sevinganidan sakrab yuboray dedi.

Maktab tomondan eshitilayotgan musiqa, kulgi sadolarini hisobga olmaganda, oʻsha kuni Mingbuloq osuda tun qoʻynida orom olardi. Osmon toʻla yulduz. Yangi yetilgan kungaboqardek sargʻayib turgan oyning nim rang shu'lalaridan olmazor hisobsiz kumush isirgʻa taqqan edi.

Abdulla katta koʻchaga chiqquncha Gulchehraning soyasiga qarab bordi. Uning soyasi ham oʻziga oʻxshagan chiroyli edi. Har qadam qoʻyganida beliga tushib turgan soch oʻrimlari uning soyasiga tegar va yana shunday tezlik bilan gʻoyib boʻlardi. Abdulla soyani, xuddi joni bordek, bosib olmaslik uchun ehtiyotlik bilan oyoq qoʻyar edi. Muyulishga kelganda iloji boʻlmadi, shunday sochining ustiga chap oyogʻini qoʻydi va xuddi tok urgandek choʻchib oʻzini chetga oldi-da, Gulchehraga qaradi. Gulchehra ham soyalarga qarab kelayotgan ekan, k,oshlarini chimirib unga tikildi.
— Baribir bosib oldingiz!
— Ogʻridimi? — qizning gapiga mos ohangda soʻradi Abdulla.
— Juda ham, — dedi Gulchehra lablarini choʻchchaytirib va birdan xoxolab kulib yubordi.

Abdulla ham unga qoʻshildi. Kulgi sabab boʻlib, maktabdan chiqishlari bilan oʻrtaga tushgan uyatchanlik, yotsirash yoʻqoldi.

Abdulla qizning qoʻlini ushladi.
— Yaxshi-a?
— Juda ham! — dedi Gulchehra. — Kechasi men bu yeqqa hech kelmagan edim. Juda yaxshi. Suvni qarang, xuddi zar qogʻozga oʻxshaydi. Yaxshi boʻldi kelganimiz. Sizchi, siz hursandmisiz?

U Abdullaga oʻgirildi. Uning koʻzlari yonardi.
— Ha, — dedi Abdulla va uning qoʻlini qisib koʻydi.

Gulchehra indamadi. U birinchi marta oydin kechada sayr qilishidan chuqur hayajonda, har kuni, har soat koʻrib turadigan narsalari — kanal ustidagi bir yoq panjarasi singan koʻprik ham, yaproqlari kumush isir-gʻalardek yaraqlab turgan olmazor ham, qoʻying-chi, koʻzga koʻrinib turgan hamma narsa unga hozir boshqacha tus olgandek sirli va qandaydir yoqimli tuyulardi.

Jimirlab oqayotgan suvga tikilar ekan, suv tagida oy bir qalqidi-yu, jilmayib uni imlaganday boʻldi. Gulchehra beixtiyor:
— Yuring, nariroq boramiz, — dedi.

Abdulla uning yonida yoʻlga tushdi. Tunning sehrli manzarasi Gulchehrani elitgan, uni qandaydir ilgari Hayolida ham paydo boʻlmagan oʻzga bir dunyoga olib kirgan boʻlsa, Abdulla ham oʻzini haligacha bilmagan gʻalati shirin bir kayfiyatda his etardi.
— Sezyapsizmi? — dedi bir mahal Gulchehra.
— Nimani? — soʻradi Abdulla unga tikilib. Ammo Gulchehra unga qaramasdi. Uning koʻzlari pastda, kanal boʻyida edi.
— Yalpiz...
— Yalpiz?
— Ha, Bechora shu paytda ham chiqibdi. Sezyapsizmi hidini?

Abdulla toʻyib havo simirdi.
— Ha, yalpiz. Uzib beraymi?
— Qorongʻi-ku, — dedi Gulchehra.

Lekin Abdulla unga quloq solmadi, qirgʻoqqa yaqinlashib, oʻtlarni titkilay ketdi. Gulchehra haq edi. Oydin kecha boʻlsa ham, oy shu'lasida ming xil oʻtlar orasidan kichkina yalpiz shoxini topib boʻlarmidi? Abdulla buni oʻylamasdi. Uning uchun hozir Gulchehraning chehrasini ochgan shu oʻtni topishdan katta baxt yoʻq edi. Bir qoʻli bilan chimga yopishib, bir qoʻli bilan kanalning shunday labini timirskilar ekan, «topaman, albatta topaman», derdi ichida. Uning bu shashtidan shu tob hech kim, hech narsa qaytara olmasdi. Gulchehra buni sezdi, indamadi. Aksincha, tepadan turib, u bilan birgalikda dimogʻini qitiqlagan yalpizni axtara boshladi. U nihoyatda shod edi. Shu paytgacha hech kim uning istagini anglab, koʻnglini olmagan edi. Bugun ikki marta u orzusiga yetdi. Bu orzular kichkina boʻlsa ham, uni bax-tiyor qilgan edi. Ikkala orzusiga ham u bolalik oʻrtogʻi, gʻoyibdan bugun tongda paydo boʻlib qolib, uning shodligiga shodlik qoʻshgan Abdulla orqali yetishdi. «Qanday ajoyib yigit boʻlibdi u! — Oʻyladi u. — Qanday odobli, istarasi issiq. Nahotki odam ikki yilda shun-chalik oʻzgarib ketsa? Yurarmikin?» Shu savol Hayolidan oʻtishi bilan u seskanib ketdi. «Uning nima ishi bor? Rashk qilyaptimi? Shaharlik boʻlsa, keyin ittifoqo uchrashib qolishgan boʻlsa? Yursa yuraversin. Uning nima ishi bor?» Gulchehra shunday deb yuragini tirnab oʻtgan xavfni qaytarishga harakat qildi. «Yursa yuraversin». Lekin u hozir Abdulladan minnatdor. Valʼsga tushmoqchi edi, Abdulla sezib taklif qildi. Yalpizni topmoqchi edi. Ana, qidiryapti. Topmasa ham mayli, uning istagini anglab, qidirganing oʻzi katta gap. Har qanday yigit ham shunday qilavermaydi.

Abdulla qancha oʻylamasin, eslolmadi.
— Bahorda, deysizmi?
— Ha. Kechqurun edi. Men sizlarnikida edim. Zavod ayam, yalpiz yulib kelinglar, moshxoʻrda qilyapman, dedilar, Keyin, ikkalamiz ketdik. Hoʻ, toʻgʻon boshiga bordik. Chaman boʻlib yotuvdi oʻshanda yalpiz. Endi teramiz deganimizda bir yomgʻir quydi, keyin doʻl yogʻdi. — Gulchehra kulib yubordi.
— Nega kulyapsiz?

Gulchehra kulgidan oʻzini toʻxtata olmay, zoʻrgʻa gapida davom etdi:
— Bitta doʻl... bitta yongʻokdek doʻl...— Gulchehra gapirolmadi.
— Ha, nima boʻldi? — soʻradi negadir uyalib Abdulla.
— Bitta yongʻoqdek... doʻl, — dedi Gulchehra, — boshingizga tushdi. Birpasda boshingiz gʻurra boʻldi. — Gulchehra yana kulib yubordi. — Ikkalamiz gʻurrani ushlab, rosa yigʻladik.
— Esimda yoʻq, — dedi beixtiyor boshini ushlab Abdulla. — Yigʻloqi emasdim shekilli?..
— Oʻshanda rosa yigʻlagansiz!

Gulchehra yana nimadir eslab, «piq» etdi-yu, Abdullaning uyalganini koʻrib, oʻzini tutib qoldi.
— Lekin, yalpiz terganmiz. Bir etak yalpiz tergan-miz.
— Uning hidi ham shunaqa edimi?
— Yoʻq, — dedi Gulchehra birdan jiddiylashib. — Buning hidi yaxshi.

U shunday deb boshini egdi.
— Gulchehra...
— Hm...
— Nega qishlokda qolmoqchisiz?

Gulchehra javob bermadi. Ular anchagacha jim borishdi. Oldinda toʻgʻon boshidagi fonarʼ koʻrindi. Koʻrshapalakmi, allaqanday katta bir narsa atrofida gir aylanib uchardi.
— Nahotki Mingbuloq Toshkentdan yaxshi boʻlsa?
— Mingbuloqni yaxshi koʻraman, — dedi nihoyat Gulchehra. — Uni Toshkentga solishtirib boʻlmaydi. Lekin bir kunmas-bir kun Mingbuloq ham chiroyli qishloq boʻladi. Gap bunda emas.
— Nimada boʻlmasa?
— Men ketolmayman, — Gulchehra xoʻrsindi. — Ayam kasal, dadamga kim qaraydi?
— Ikkalamizning ahvolimiz bir ekan, — dedi Abdulla. — Mening dadam kasal. Lekin bu sabab boʻlolmaydi. Siz oʻqishingiz kerak.
— Oʻqiyman.
— Sirtdanmi?
— Ha.
— Sirtdan oʻqish ogʻir. Agar borganingizda... birga ooʻlardik.
— Borolmayman. Innaykeyin, butun sinf kelishganmiz.
— Buning ahamiyati yoʻq. Mana, Qosimjon voz kechdi shekilli.
— Kim biladi, bu hali noma’lum.
— Toshkentga borishingizni juda istardim.
— Rahmat, Abdulla. Lekin qishlokdan ketolmayman.

Bu gaplar ikkalovini ham oʻylantirib qoʻydi. Abdulla shunday yaxshi qizning qishlokda qolayotganini, uii endi buvisinikiga kelgandagina koʻrishi mumkinligini oʻylab, achinardi. Oʻshanda ham koʻra olarmikan? Gulchehra endi katta qiz. Qishloqda esa yigitlar koʻp. Samad boya nima dedi? «Biz qishloqning kelajagini koʻp oʻylaymiz Gulchehra bilan», dedi. Demak, Gulchehraga uning mayli bor. Tagʻin kim biladi?.. Lekin Gulchehra Toshkentda oʻqisa qanday yaxshi boʻlardi. Har kupi u bilan uchrashardi. Har kuni sayr qilishardi. Balki ularning aloqasi oʻshanda bundan ham jiddiyroq boʻlarmidi?!

Abdulla shunday oʻylar ekan, fonarga soʻlgʻin koʻzlarini tikib Hayol surib qolgan Gulchehradan nazarini ololmasdi. Oʻsha paytda Gulchehraning Hayollari gʻamgin, kelajagi qorongʻi Hayollar edi. U avval shuncha yildan beri koʻrishmagan tengdoshi bilan uchrashuv bunchalik jiddiy tus olishini kutmagan edi. Nima boʻlibdi? Samad, Qosimjonlar qatori bir yigit. Ertalab koʻrdi. Soʻrashdi. Keyin, kechaga taklif qildi. Lekin shu birinchi uchrashuv uning yuragiga gʻulgʻula solib qoʻygandi.

Abdullaning nimasidir birinchi koʻrishidayoq uni oʻziga tortgan va kun boʻyi tezroq kech kirishini orziqib kutgan edi. Kechaga ham u oʻzining eng sevimli koʻylagini kiydi. Avval ham shu koʻylakni kiyishni oʻylab qoʻygan edi. Lekin Abdullani koʻrganidan keyin bu fikr qat'iylandi, koʻylakni qandaydir yoqimli hayajon bilan kiyib, ancha vaqt oʻzini oynaga soldi. Puning ustiga u hech qachon bunchalik diqqat va quvonch bilan pardoz qilmagan edi. Abdulla shularni sezdimikan? Aftidan, sezdi. Kechada koʻrishganda mahliyo boʻlib qoldi. Mana hozir ham koʻzlarini uzolmay tu-ribdi. Chindan ham u bilan bir joyda oʻqish, bir joyda boʻlish yaxshi emasmi? Lekin nega borolmayman, sirtdan oʻqiyman, dedi? Koʻngil uchun boʻlsa ham oʻylab koʻraman, hali bir yarim oy vaqt bor, desa boʻlmasmidi? Nahotki ayasining betobligi katta shaharga borib oʻqishga yoʻl qoʻymasa! Abdulla ham bu sabab emas, de-yapti-ku! Shunday emasmikan? Yoʻq, yoʻq, borolmaydi. Axir qishloqda qolishni taklif qilgan oʻzi edi-ku?
— Hali kech emas, Gulchehra, — dedi Abdulla jimlikni buzib.

Gulchehraning Hayollari boʻlindi.
— Ha, — dedi negadir u va gʻamgin jilmaydi. Abdulla xuddi shu javobni kutib turgandek, sevinib ketdi.
— Albatta kech emas, — dedi u qizishib. — Har kim oʻz ixtiyori bilan ish qilishi mumkin. Innaykeyin, bu masalada birovning maslahati bilan ish tutib boʻladimi?
— Yuring, qaytamiz, — dedi Gulchehra gapni boʻlib. Uning hozir bir narsa degisi kelmadi. — Kech boʻlib qoldi, tarqalishayotgandir.

Abdulla qarshilik qilmadi. U hozir oʻzini katta gʻalabaga erishgan odamdek his qilardi. Gulchehraning «ha» deyishi unga rozi boʻlgandek tuyulgan edi va ichida qaytishni istamasa ham, pgu bittagina «ha» tufayli Gulchehra nima desa, shunga tayyor edi.
— Bedana qalay? — soʻradi u Gulchehrani koʻp oʻylatmaslikka intilib.

Gulchehra ham bu savoldan hursand boʻldi. Uning shu ajoyib kechani gʻamgin, murakkab Hayollar bilan buzgisi kelmasdi.
— Yaxshi! — dedi chehrasi ochilib. — Qanotini taxtakachlab qoʻydim. Ayam, tuzalib ketadi, deyaptilar. Tuzalganda qaytarib beraman. Lekin bitta sharti bi-lan...
— Qanday shart?
— Toshkentga olib ketasiz. Obid akamni yaxshi koʻraman, lekin qahrlari qattiq. Oʻldirib qoʻyishlari mumkin. Olib ketasizmi?
— Xoʻp. Lekin men ham oʻldirib qoʻyishim mumkin. Abdulla sinovchan nazar bilan Gulchehraga tikildi.
— Ioʻq, siz oʻldirmaysiz. Joʻhorizordayoq buni bilgan edim.
— Aytganday, joʻhori juda shirin ekan, rahmat. Hali ham ogʻzimda mazasi turibdi. Hozir boʻlganda — yoʻq demasdim.

Gulchehra jilmaydi.
— Bugun endi kech, ertaga pishirib beraman, may-lmmi?
— Boʻlmasa-chi!

Ular koʻprikka yetib kelishdi. Gulchehra toʻxtadi. Maktab tomondan hali ham musiqa ohanglari eshitidib turardi.
— Ketishmabdi...
— Birpas aylanamizmi? :— soʻradi Abdulla.
— Yoʻq. Ayam xavotir oladilar.
— Gulchehra!
— Labbay?
— Ertaga boʻshmisiz?
— Nimaydi?
— Agar... boʻsh boʻlsangiz, kechqurun joʻhorini oʻzin-giz olib chiqing, men shu yerda kutib turaman. Xoʻpmi?

Gulchehra indamadi.
— Iltimos qilaman.
— Qaydam?

Gulchehra qoʻlini choʻzdi. Gulchehra uning issiq kaftiga kaftini bosdi.

Gulchehra «yaxshi emas» deganday boshini qimirlatdi va sekin qoʻlini tortib boʻshatdi.
— Kelasiz-a?

Ammo Abdulla qizning javobini eshitmadi. Gulchehra «xayr!» dedi-da, oʻkdek otilib uyiga kirib ketdi.

V

Gulchehra ham, Abdulla ham tunni boʻlajak uchrashuv orzusida oʻtkazishdi. Ikkalovi ham quvonchli tasodifdan cheksiz shod edi.

Gulchehra tong otishini sabrsizlik bilan kutar :jan, ikki oʻt orasiga tushib qolayotganini bilardi. Lekin baribir shirin daqiqalarni tabassum va hursandlik bilan eslashdan oʻzini tiyolmasdi, u yonboshidan-bu yonboshiga agʻdarilib, soʻlib qolgan yalpizni yuziga bosardi.

Abdulla ertasiga ertalabdan boshlab Gulchehra bilan uchrashish yoʻllarini axtara boshladi. Ular kechqurun uchrashishadi, Gulchehra joʻhori olib chiqadi, lekin ungacha yana bir marta boʻlsada koʻrish kerak. Abdulla xilma-xil rejalar tuzib koʻrdi. Bolalardan bittasini kiritmoqchi boʻldi, lekin darrov bu fikridan qaytdi. Kim chaqiryapti deb ayasi soʻrab qolsa, aytib qoʻyishi mumkin. Gulchehralarnikida hech kim uning chaqirayotganini bilmasligi kerak. Bir marta boʻlsa mayli, boshqa kunlari nima qiladi? Keyin gumonsiray boshlashadi, balki Gulchehrani butunlay uydan chiqarmay qoʻyishadi. Yusuf aka badjahl, innaykeyin, eski toifadagi kishilardan. Bola kiritish toʻgʻri kelmaganidan soʻng, Abdulla, bogʻ tomondan ularning tashqarisiga oʻtib poylamoqchi boʻldi. Koʻrinib qolar axir hovlida? Koʻrishi bilan imlab chaqiradi. Lekin bu ham ma’qul tushmadi. Gulchehra istamasa-chi? Unda rosa uyatga qoladi-ku.

Shu xayollar bilan boʻlib, Hojar buvining dasturxon yozganini, oldiga bir tovoq qaymoq qoʻyib, non sindirganini payqamadi ham. Kampir uni parishon koʻrib, havotirlandi.
— Yosh bola, nimalarni oʻylab qolding? Choyingni ichsangchi?
— Hozir! — dedi Abdulla va oʻgʻridek boqqa tushmoqchi boʻlganini eslab, kuldi.
— Ha, kecha oʻtirishinglar yaxshi boʻldimi? Ancha kech qolding?
— Juda ham yaxshi boʻldi, buvi.
— Togʻangni bir-ikki koʻchaga chiqardim xavotir boʻlib.

Abdulla togʻasining nomini eshitishi bilan kelinoyisining ahvolini surishtirmaganini oʻylab, uyalib ketdi. Nega bir ogʻiz soʻrash Hayoliga kelmadi?
— Aytganday, buvi, kelinoyim tuzukmilar? Hojar buvi nevarasining bu savolidan hursand boʻlib ketdi.
— Xudoga shukur, yaxshi! Ertaga togʻang olib keladi. Chaqaloq ham biram yaxshi, biram koʻhlik... Qosh-koʻzlari xuddi senga oʻxshaydi. Ishqilib, umri uzoq boʻlsin!
— Buvi! — dedi Abdulla xatosini tuzatishni oʻylab. — Borib kelaymi men ham?
— Balnisagami?
— Ha!
— Qanday boʻlarkin? — Hojar buvi oʻylanib qoldi, keyin dedi: — Yaxshisi, ertaga bor togʻang bilan. Jiyaningni oʻzing koʻtarib kel. Bugun nima deb ham borarding?

Abdulla yelkasidan ogʻir yuk olingandek, oʻzini yengil his qildi.
— Mayli, ertaga boʻlsa, ertaga.

U apil-tapil qoʻlini artib, oʻrnidan turdi.
— Ish-pish bormi menga, buvi!
— Choyingni ichmaysanmi?
— Boʻldi.
— Voy, ovqat yeganing tushsin sening. Nima ish boʻlardi, ish yoʻq. Beshik toʻyida hizmat qilasan. Hozir oʻyna.

Hojar buvi yana nimalarnidir dedi, lekin Abdulla eshitmadi. Uning xayoli koʻchada edi. Uchratarmikin? Kun boʻyi uyda oʻtirmas-ku.

Abdulla koʻchaga chiqdi. Qishloq jim-jit edi. Hojar buvining koʻchaga qaragan boloxonasi tagida uch-toʻrtta bola oshiq oʻynardi. Abdulla ularning tepasiga kelib, birpas qarab turdi. Hayoli boshqa yoqda boʻlgani uchun, oʻyin uni qiziqtirmadi. Koʻchani kesib oʻtib, koʻprik tomon yoʻl oldi. Balki joʻhorizordadir? Yalt etib kelgan bu fikrdan u sevinib, qadamini tezlatdi. Koʻprikka yetganda, beixtiyor Gulchehralarning qizil darvozasiga qaradi. Eshik ochiq edi. Lekin hovlida hech kim koʻrinmadi. Oʻsha yoqdamikin? Koshki edi! Abdulla kanal yoqalab yura boshladi. Negadir bu gal yoʻl juda olis koʻrindi. Ancha yurdi-yu, ammo hali ham qishloq tugamasdi. Nihoyat yetib keldi. Atrofga alanglab quloq soldi.

Na bironta odamning sharpasi koʻrindi, na bir shitirlagan tovush eshitildi. Hammayoq jim-jit. Abdulla joʻhorizor ichiga kirib, barglar ostidan atrofni kuzatdi, hech kim yoʻq. Shunday boʻlsa ham, poyalar orasida engashib bir oz yurdi. Gulchehra koʻrinmadi. Dimiqib, terladi, joʻhori changi yuz-koʻzini achita boshladi. Shundan keyin joʻhorizordan chiqib, orqasiga qaytdi. Nahotki kechgacha endi uni uchratmasa?! Boqqa kiradi, ana oʻsha yerda koʻradi uni.

Abdulla koʻprikka yetganda, Gulchehraning eshigidan ikki kishining hovliqib chiqqanini koʻrdi: bittasi Samad, bittasi esa Gulchehra edi. Samad qoʻllarini yoyib nimadir dedi, Gulchehra yuzini berkitdi. Keyin ikkalovi qishloq yuqorisi tomon tez-tez yurib ketishdi.
— Samad! — qichqirdi Abdulla ularning orqasidan.

Samad toʻxtamay, orqasiga oʻgirildi va Abdullani koʻrib, imladi. Abdulla xuddi shuni kutib turgandek, yugurib ularga yetib oldi.
— Tinchlikmi? — soʻradi u dam Samadga, dam Gulchehraga qarab.

Gulchehra uyaldimi yo Hayoli boshqa yoqdamidi, indamadi.
— Qosimjonlarning uyida toʻpolon, — dedi Samad.
— Nega?
— Bilmadim. Ayasi bilan qattiq urishib qolibdi. Ular Qosimjonlarning uyiga yetib kelishganda, ichkaridan ayol kishining boʻgʻiq ovozi eshitilardi:
— Kiraveramizmi? — soʻradi Gulchehra.
— Ha, — dedi Samad va birinchi boʻlib ichkariga qadam qoʻydi.

Hovlining oʻrtasidagi supada Qosimjonning ayasi — Zumrad xola oʻtirardi. Uning koʻzlari nam, bir oyogʻi shippaksiz edi. Shippak ostona tagida yotardi. Zumrad xola yoshlarning kirib kelganini yo koʻrmadi, yo oʻzini koʻrmaganga soldi.
— Men seni shu niyat bilan katta qiluvdimmi?! Yurak-bagʻrimni qon qilding!
— Boʻldi-boʻldi! Muncha choʻzilasiz... — ichkari xonadan Qosimjonning ovozi eshitildi.
— Nega boʻlar ekan? Endi boshlayman! Ha, endi boshlayman! Shoshmay tur!

Zumrad xola epchillik bilan oʻrnidan turib, deraza oldiga keldi-da, mushtlarini bir-biriga ura boshladi.
— Bola oʻstiribmai deb yuribman hali! Ha, yashshamagur! Bolamas, balo oʻstiribman! Bir balo ekansan! Na otaning gapi kor qiladi senga, na onaning! Nima qilmoqchisan oʻzing, yer yutkur?! Ukalaringni oʻylasangchi!

Supaning orqasidan yuz-koʻzi qorakuya, oyoq yalang bir bola koʻtarilib, lapanglab keldi-da, ayasining etagiga yopishdi.
— Nari tur, zumrasha! — Zumrad xola shunday deb koʻylagini tortgan edi, bola gurs etib yiqildi va bigʻillab yigʻlay boshladi.

Gulchehra yugurib borib uni koʻtardi-da, bagʻriga bosdi.
— Oppoq aya, boʻldi, qoʻying!
— Nega qoʻyar ekanman? Oʻqishing bilan qoʻshmazor boʻlgurni nega qoʻyar ekanman? Ikki kundan beri uyimning toʻs-toʻpolonini chiqardi-ku, nega qoʻyar ekanman?

Zumrad xola Gulchehraning qoʻlidan bolani yulib olib supaning labiga borib oʻtirdi-da, ogʻziga emchak soldi.

Samad uning bir oz tinchiganidan foydalanib, Qosimjonniig oldiga kirib ketdi. Abdulla nima qilishini bilmay, eshik tagida turib qoldi.
— Tinchlikmi oʻzi, oppoq aya? — soʻradi Gulchehra.
— Aylanay, Gulchehra, tinchlik qayoqda? — Zumrad xola piqillab yigʻlab yubordi, — Ikki kundan beri uyda janjal, ketarmish, Toshkentda oʻqirmish. Oʻqimay oʻlgur. Ne-ne umid bilan uni katta qiluvdim. Maktabni bitirib, otasiga suyanchiq boʻlar devdim! Oʻzingiz oʻylang, aylanay, oltita bolani boqish osonmi?
— Qoʻying, yigʻlamang!
— Yigʻlamay boʻladimi, bolam? Yigʻidan boshqa nimam qoldi? Odoyi tamom boʻldim. Odoyi tamom!.. Hammalaring qoldilaring, bu ham qolsa — boʻyni uziladimi? Otasi yaxshi ham gapirib koʻrdi, yomon ham, qani quloq solsa?!
— U yoqda ham ishlayman. Oyligimni yuborib turaman, dedim-ku! — qichqirdi ichkaridan Qosimjon.
— Bu yerda ish yomonmi? Raisning gapini eshitding-ku, yer yutkur!
— Ketaman, baribir ketaman!

Zumrad xola bu gapni eshitib, boʻshashdi. Rangi dovordek oqarib ketdi. Yupqa burushgan lablari nimanidir shivirladi. Keyin birdan oʻrnidan turdi. Qoʻlidagi bolani bir siltab, emchakdan oldi-da, Gulchehraga uzatib, deraza yoniga bordi.
— Ketasanmi?
— Ketaman!
— Tur, joʻna, hoziroq ket, koʻzimga koʻrinma, joʻna!
— Oppoq aya... — nimadir demoqchi boʻldi Gulchehra, ammo gapi ogʻzida qoldi.
— Joʻna deyapman! — qichqirdi Zumrad xola.
— Xoʻp, hozir...

Koʻp oʻtmay ichkaridan Qosimjon, uning ketidan Samad chiqdi.
— Bekorga hafa boʻlyapsiz, aya... Men...
— Yoʻqol!

Qosimjon chiqib ketdi. Samad bilan Abdulla bir-birlariga tikilib qolishdi, keyin ikkovi baravar Qosimjonning ketidan yugurishdi.

Zumrad xola derazaga suyanganicha boʻzarib qolgan, butun vujudi titrardi. Gulchehraning unga rahmi kelib, koʻzlaridan yosh chiqib ketdi, lekin u nima qilishini, nima deyishini bilmasdi.

Oʻsha kuni Qosimjon pulsiz, kiyim-boshsiz, bitta koʻylak-shimda Qoʻqonga joʻnadi.
— Boshqa ilojim yoʻq, — dedi u Samad bilan Abdullaga, — Toshkentda ham sirtdan yo kechqurun oʻqiyman. Kunduzi ishlayman. Qaytaga bu yerda ishlaganimdan koʻp pul topaman. Lekin gap bunda emas. Adabiyotchi kitob koʻp, odam koʻp joyda boʻlishi kerak.
— Oʻzing bilasan, — dedi Samad, — ishqilib, niyatingga yet.

Abdulla unga uyining adresini berdi va bir haftaga qolmay, borishini aytdi.
— Oyimni bir amallab tinchit, — dedi Qosimjon yoʻlovchi mashinaga oʻtirayotib. — Men endi biron ishning uddasidan chiqmagunimcha qaytmayman.
— Xat yoz.
— Albatta. Hammaga salom ayt!

Mashina yoʻlga tushdi, koʻp oʻtmay, chang ichida yoʻqoldi.
— Balki u haqdir, — dedi Samad.

Abdulla indamadi. Hozirgina koʻz oldida yuz bergan voqea uni qattiq hayajonga solgan, Zumrad xolaga achinsa ham, Qosimjonning irodasiga qoyil qolgan edi.

Gulchehrani ham koʻndirish kerak. Agar u Toshkentga ketsa, qanday yaxshi boʻladi! Kecha koʻngandek boʻldi. Abdulla bugun yana shu haqda gapiradi. Qosimjonni misol qilib koʻrsatadi. Gulchehraning oʻzi ham koʻrdi buni, oʻzi janjalning guvohi boʻldi. Aftidan, u Samad bilan Qosimjonni qolishga koʻndirmoqchi edi, lekin bir ogʻiz ham gapirolmadi. Gapirganida ham u quloq solmasdi. Onasining gapiga kirmadi-ku, ularga quloq soladimi? Qosimjon uyidan chiqib ketayotganda Gulchehra juda xomush boʻlib qoldi. Balki unga havasi kelgandir. Nega ham havasi kelmasin? Mingbulokda nima bor? Hammayoq chang-tuproq... Har kuni ish. Tagʻin har kuni bir xil ish — oyda bir kino, oyda bir konsert... Mingbulokda tagʻin nima bor? Abdulla shularni oʻylar ekan, Gulchehraning ketishi aniqday koʻrindi koʻziga va sabrsizlik bilan kech kirishini kuta boshladi. Kech esa, oʻsha kuni juda kech kirdi. Buvisiga nimanidir gʻoʻldirab bahona qilgan boʻldi-da, koʻchaga chiqdi. Soat oʻnga yaqinlashib qolgan edi. Qishloq har doimgidek tinch, koʻchada hech kim koʻrinmasdi. Abdulla koʻpriqdan oʻtib, kallaklangan tol tagiga borib oʻtirdi. Tekis oqayotgan suv ichida yarim kulcha oy moʻralab turardi. Abdulla uni poylab turib, kesak otmoqchi boʻlib k.oʻlini koʻtardi, ammo otmadi. Oyning ichida Gulchehraiipg jilmaygan koʻzlari koʻringanday boʻlib ketdi. Abdulla tikilib qoldi. Oydan u oʻtirgan joygacha uzun soya tushib turardi. Tolmikin? Shu savol Hayoliga keldi-yu, shoshib orqasiga oʻgirildi. Shunday uning tepa-sida koʻzlari lovillab Gulchehra turardi.
— Choʻchib tushdingizmi? — soʻradi u jilmayib. Abdulla sakrab oʻrnidan turdi.
— Ayam uxlashlari bilan chiqdim.
— Rahmat, — dedi sevinib Abdulla, — kelganing juda yaxshi boʻldi. Ancha qoʻrqqan edim.
— Men ham. Hech yolgʻiz chiqmaganman kechqurun. Koʻp kutdingizmi?
— Yoʻq, hozir keldim, — dedi Abdulla uni ranjitmaslik uchun.
— Juda yaxshi.

Ikkalovi jim qolishdi. Kun boʻyi ancha-muncha gapni oʻylab qoʻygan Abdulla hozir nima deyishini bilmasdi. Gulchehra ham uyalganidanmi, yo hayajonlanganidanmi jim edi. Bu jimlik ancha choʻzildi.
— Aytganday, — dedi nihoyat Abdulla, — joʻhori pishirdingizmi ?
— Voy, esimdan chiqibdi, — dedi shoshib Gulchehra. — Mana!

U poʻstiga oʻralgan joʻhorini uzatdi. — «Esidan chiqmabdi», — Oʻyladi sevinib Abdulla joʻhorini olar ekan.
— Joʻhorini juda yaxshi koʻraman.

Abdulla yemoqchi boʻlib ogʻziga olib bordi-yu, lekin darrov bu fikridan qaytdi, uyaldi.
— Aylanamizmi?
— Kech-ku juda ham?
— Birpasgina, maylimi? Gulchehra jilmaydi.
— Mayli.

Abdulla sekin uning tirsagidan ushladi.
— Kerakmas, — dedi Gulchehra va qoʻlini boʻshatib, oldinga tushdi.

Ular xuddi kechagidek kanal yoqalab ketishdi. Ikkalovi ham hursand, ikkalovining ham chehrasida tabassum oʻynardi.
— Gulchehra!..
— Hm-m...— Gulchehra boshini koʻtarib unga qaradi.
— Siz... siz juda chiroylisiz!..
— Qayoqda? Nahotki? — Gulchehra hayron boʻlib qoshlarini chimirdi, keyin oʻz savolidan uyaldi shekilli, boshini egdi.
— Ha, juda chiroylisiz... Birinchi uchrashganimiz esingizdami? Ertalab? Oʻshandayoq hayron qolgan edim. Siz oʻzgarib ketibsiz.
— Siz ham, — dedi sekingina Gulchehra. Abdulla kuldi.
— Yoʻq, men oʻsha-oʻshaman.
— Men ham.

Abdulla uning bu gapini oʻzicha tushundi.
— Nega boʻlmasa, sizsiradingiz?
— Qaydam? — Gulchehra yana boshini koʻtardi-da, Abdullaga jilmayib bokdi.

«Oʻpsam-chi?» — Hayol qildi Abdulla shu topda. «Oʻpsam indamasmikin?» — U Gulchehraning qoʻlidan ushlab toʻxtadi.
— Bilmaysizmi?

Gulchehra ham toʻxtab, unga oʻgirildi.
— Yoʻq.

Uning ovozi qaltirardi.
— Bilasiz. Gulchehra, menga qarang.
— Hm...

Gulchehra unga tikildi. Shu payt Abdulla uning chap yuzidan choʻlp etib oʻpib oldi.
— Nima qilyapsiz? — Gulchehra shunday dedi-da, bir siltanib qoʻlini boʻshatdi va bilagi bilan koʻzlarini yashirdi.

Abdulla uning bu harakatidan qoʻrqib ketdi. «Ketib qolsa-ya?» Lekin Gulchehra ketmadi. Faqat bir-ikki qadam undan uzoqlashib, toʻxtadi.
— Yaxshi emas... Sevmasdan turib shunday qilib boʻladimi?
— Boʻladi! — Abdulla shunday deb yana uning qoʻlini ushladi. Gulchehra tisarildi. — Toʻxtang, Gulchehra, toʻxtang! Gaplarim yolgʻon, hazillashdim. Birinchi marta shunday qilishim. Yaxshi koʻraman sizni. Eshityapsizmi, yaxshi koʻraman!

Gulchehra nima deyishini bilmasdi. U bunchalik tez shu gaplarni eshitishni kutmagan, shunday boʻladi deb oʻylamagandi. Abdulla uning jimgina turganini koʻrib, yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Issiq, yoqimli nafasi dimogʻiga urildi.
— Nega indamaysiz?

Gulchehra jim edi. U boyagidek oʻzini tortmas, qimirlamasdi. Birdan u titray boshladi, keyin, qiynalib yutindi. Abdulla xavotirlanib unga qaradi. Uiing koʻzlari jiqqa yosh edi.
— Nima boʻldi, Gulchehra? Hafa boʻldingizmi? Gulchehra boshini tebratdi.
— Nega yigʻlayapsiz boʻlmasa?
— Oʻzim... shunday... Qachon ketasiz?
— Bilmayman, — dedi Abdulla uning savolidan hayron boʻlib, keyin soʻradi:
— Nimaydi?
— Ketmang.

Abdulla sevinchi ichiga sigʻmay uni bagʻriga bosdi.

VI

Bu uchrashuv va keyingi kunlardagi boshqa qator uchrashuvlar ikkalovining ham hayotini oʻzgartirib yubordi. Ular kun boʻyi tungi sayil, shirin suhbatlar kayfi, rohati bilan yurishar va tezroq qosh qorayishini orziqib kutishardi. Endi ularni nimani gapirish, oʻzini qanday tutish kabi savollar qiynamas edi. Ular qaerda uchrashishni, qachon uchrashishii ham Hayollariga keltirishmasdi. Soat ham, joy ham aniq. Faqat hech kim koʻrmasa, qorongʻi boʻlsa boʻldi. Endi ular uchun tunning ajoyib, sehrli fazilati ochilgan, u endi ikki qalbni uchrashtiruvchi qudratli kuch, cheksiz shodlik, shirin Hayollar, orzu-umidlar bulogʻi edi.

Ular qishloqqa tun choʻkkanda uydan chiqardilar. Ularning uchrashadigan joylari yo toʻgʻon boshi, yo unga yaqin katta-kichik buloqlar yaltillab turgan tolzor, yoki boʻlmasa olmazorning etagi edi. Shu yerlardagi har bir soʻqmoq, har bir tosh endi ularga tanish va qadrdon boʻlib qolgan edi. «Oʻzimizning tosh», «oʻzimizning buloq», bu soʻzlar endi ikkalovi uchun yangi mazmun kashf etgan, har bir joy endi ikkalovi uchun unutilmas tarixdek boʻlib qolgan edi.

Biroq Abdulla ham, Gulchehra ham qanchalik shod, qanchalik baxtli boʻlishmasin, uyga qaytganlarida nimadir yuraklarini gʻash qilayotganini payqashardi. Bu gʻashlik oldingi kunlari uncha sezilmasa ham, Abdullaning joʻnashi yaqinlashganidan keyin ochiq namoyon boʻla boshladi. Bu yogʻi nima boʻladi? Nima qilishadi? Bu savollar borgan sari koʻproq ikkalovini oʻylatadigan boʻlib qoldi... Ammo ular qancha oʻylashmasin, aniq bir fikr yiltillab koʻrinmas, kelajak goʻzal boʻlsa ham, tundek qorongʻi edi.

«Nima qilish kerak?» — Oʻylardi Gulchehra uyga kelishi bilan va koʻpincha savoliga javob topolmas, toʻsatdan kelgan baxt umri qisqa bir tushdek tuyulib, uni qaygʻuga solardi. Uning ahvoli Abdullaga qaraganda ancha qiyin edi. Garchand haligacha Toshkentga borish-bormasligini uzil-kesil aytmagan boʻlsa ham, qishloqda qolishini u aniq bilardi. Shuning uchun qiynalardi. Ochiq aytib, koʻngilni boʻshatishni esa, negadir istamasdi. Uning nazarida shunday deyishi bilan Abdulla oʻzgarib, aloqalari uzilib qoladigandek tuyulardi. Bundan u qoʻrqardi. Ikki-uch kun ichida yuragini butunlay egallab olgan Abdulla unga juda aziz va qadrdon boʻlib qolgan edi. Lekin u qishlokdan chiqib ketolmaydi. Har doim uyga kirib, toʻrda rangi za’faron boʻlib yotgan onasini koʻrar ekan, bu fikrining qat'iyligiga ishonardi. Saodat opaning ahvoli chindan ham ogʻir edi. Oʻtgan yili bahorda u shamollab, besh-olti kun yotib qoldi. Keyin tuzalib ketdi. Ammo oʻqtin-oʻqtin boshi ogʻriydigan, koʻngli ayniydigan boʻlib qoldi. Tuzalib ketar-tuzalib ketar bilan beparvo yurib, kuzga kelganda yana yotib qoldi.

Yusuf aka uni Qoʻqonga olib borgan edi, kasalxonada olib qolishdi. Kuzatish-tekshirishlardan soʻng uning oshqozonida rak borligi anikdandi. Ne-ne shifokorlar koʻrdi, lekin Saodat opa birdek edi. Ishtahasi yoʻqolgan, ozib, terisi suyaklariga yopishib qolgan edi. Yusuf aka doktorlar bilan maslahatlashib, qishda uni Toshkentga olib bordi. Bu yerda ham rakligi aniqlandi. Katta-katta doktorlar Yusuf akaning moʻltiragan koʻzlariga qarolmay, «ojizmiz» degan boshlarini quyi solishdi. Lekin Saodat opadan kasalini yashirishdi. Qishloqda ham hech kimga aytishmadi. Saodat opaning rakka yoʻliqqanini faqat toʻrt kishi — Yusuf aka, rais — Nurmat aka, Gulchehra va Obid akagina bilardi. Toʻrttalovi ham bechora ayolni koʻrishi bilan yuraklari ezilar, koʻpincha tashqariga chiqib, oʻzlarini tutolmay yigʻlashardi. Ayniqsa, Yusuf aka koʻp azob tortardi. Urushdan yangi qaytganda Saodat opa uning kiyimlarini kiyib, traktor haydardi. Gulchehra besh yashar bola edi oʻshanda. Umuman, chapani, janjalkash odam u bilan turmush qurgandan soʻng, butunlay boshqacha boʻlib qolgan, Saodat opa uning uchun ham xotin, ham ona, ham davlat edi. Xullas, hozir nimaga ega boʻlgan boʻlsa, hammasiga Saodat opaning maslahatlari bilan erishgan edi. Buni u yaxshi bilardi va xotinini jonidan ham ortiq sevardi. Shuning uchun deyarli har kuni yarim kechagacha tepasida oʻtirar, kunduz kunlari esa bir necha marta kelib xabar olib ketardi.

Ularning baxtiga Gulchehra bor ekan, ikkaloviga balogardon hozir u edi. Uyning yumushlari ham uning boshida boʻlib, kun boʻyi tinmasdi. Er-xotin ba’zan sahargacha koʻz yummay yotishar ekan, uni oʻylashar, uning borligi bilan faxrlanishar edi.

Bir kuni Gulchehra uyga odatdagidan kech qaytdi. Oʻsha kuni Abdulla ikkalovi bolaliklarini eslab, oldi hovuz shiyponni qidirib ketib qolishgan edi, Gulchehra darrov yuzini chayib, ayasining oldiga kirdi. Deraza tagida ukasi Alisher hurrak otib uxlab yotardi.
— Kech qolib ketding? — dedi Saodat opa soʻlgʻin koʻzlarini unga tikib.

Gulchehra darrov bugun uydan nima bahona bilan chiqib ketganini esladi.

Saodat opa charchadi shekilli, ogʻir xoʻrsinib, koʻzlarini yumdi. Gulchehra uni faqat qoshlarigina qorayib turgan, oppoq, rangsiz yuziga tikilar ekan, nima demoqchi ekanligiga tushunmasdi.
— Nima demoqchisiz, aya?
— Hozir... Guli, dadang bilan gaplashdim. Oʻsha yangi chiqqan doktor koʻrsa, men tuzalib ketaman. Mabodo tuzalmasam, bu yogʻi... bu yogʻi oz qoldi.
— Nima deyapsiz, aya?! — jerkib berdi Gulchehra.
— Eshit. Bu yogʻi oz qoldi. Tashvishdan, azobdan qutulaman. Dadang ham rozi. Sen bor. Oʻqi. Qoʻqonga borasanmi, Toshkentga borasanmi — Oʻzing bilasan. Toshkentga borganing ma’qul. Qosimjon bor... Innaykeyin... Zovut ayaning nabirasi... Yolgʻiz boʻlmaysan...
— Aya!..
— Bor. Biz dadang bilan oʻqimadik. Oʻqiyolmadik. Dadang urushga ketib qoldi. Men ish bilan boʻldim. Lekin oʻqigan qizlarni koʻrsam, havasim kelardi. Dadang yaxshi odam. Urushdan qaytganida, sen oʻqi, dedi.

Besh yil tez oʻtib ketadi, kutaman, dedi. Men, yoʻq, dedim. Uni yolgʻiz tashlab ketgani koʻzim qiymadi... Sen oʻqi.

Gulchehra onasidan bunday gaplarni sira kutmagan edi. U onasini yaxshi bilardi, lekin bunchalik bagʻri kengligini hayoliga keltirmagan, aksincha, ittifoqo ketmoqchi boʻlsam, yubormaydilar, deb oʻylab yurardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, hozir uning chakka suyaklari boʻrtib turgan za’faron chehrasiga tikilar ekan, xoʻrligi kelib, koʻzlariga yosh quyildi.
— Muncha yaxshisiz, aya! — u oʻzini onasining koʻkragiga yashirib muzdek peshanasini, erta oqargan sochlarini silay boshladi. — Muncha yaxshisiz?! Ketmayman hech qayoqqa! Sizni kimga tashlab ketaman? Oʻqish bir gap boʻlar. Sirtdan oʻqiyman. Yilda ikki-uch marta borib kelaman institutga. Keyin, oz qoldi, demang, aya. Odam qoʻrqadi. Siz hali koʻp yashaysiz! Tuzalib ketasiz!..
— Koshki edi, Guli...

Saodat opa qurigan oppoq qoʻllari bilan qizini quchoqladi, yuz-koʻzlarini siladi.
— Shundoq dersan devdim oʻzim ham, Guli... Lekin menga oʻxshashingni istamayman. Sening boshqalardan qaering kam? Aqlli, esli-hushlisan, har qanday oʻqishni eplab ketasan? Yoʻq, dema, bor. Dadang ham rozi.
— Yoʻq, aya. Ketmayman.

Saodat opaning koʻzlarida yosh koʻrindi.
— Yigʻlamang, aya. Hamma aytganlaringiz boʻladi, qammasi boʻladi. Mana koʻrasiz, yigʻlamang.
— Yigʻlayotganim yoʻq.

Saodat opa jilmayishga harakat qilib, koʻzlarini arta boshladi. Gulchehra uning koʻm-koʻk tomirlari boʻrtib turgan qoʻllariga qarab, «Qanday tashlab ketaman? Shu ahvolda tashlab ketib boʻladimi?» deb oʻylardi va yupatishga intilardi.
— Bilasizmi, aya? — dedi u bir mahal. — Bugun juda gʻalati tush koʻrdim. Aytib beraymi?
— Hm, — boshini qimirlatdi Saodat opa.
— Eshiting. Ertalab ekan. Dadam hovlida yuz-qoʻllarini yuvayotgan emishlar. Alisher koʻchada, oftobda oʻtirgan emish. Siz oʻchoq boshida nimadir pishirayotgan emishsiz. Men boʻlsam, men nima qilayotganimni bilmayman. Bir mahal dadamlar chaqiribdilar...

Gulchehra dadasining ovoziga oʻxshatib, yoʻgʻon ovozda qichqirdi.
— Hoy! Ovqatlaringdan darak bormi?

Uning ovozi juda kulgili chiqdi shekilli, Saodat opa kulib yuborgan edi, yoʻtal tutdi. Gulchehra toʻxtab, uning koʻkragini bosdi.
— Gapiraver... — dedi Saodat opa roʻmolchasini silkitib.
— Shunda siz, «hozir!» dedingizu, bir lagan shirguruch olib keldingiz. Keyin dadamlar hammamizni koʻchaga olib chiqdilar. Ammo koʻcha yoʻq edi.
— Shu oʻzimizning koʻcha-ya? — soʻradi koʻzlarini ochib Saodat opa.
— Ha, shu koʻcha yoʻq. Uning oʻrnida katta maydon turgan emish. Maydonning oʻrtasida samolyotga oʻxshagan oppoq bir narsa.
— Bu nima, deb soʻradingiz siz.
— Dirijablʼ, — dedilar dadamlar. — Atayin senga olib keldim. Sayohat qilamiz. Qani, oʻtiringlar.

Hammamiz dirijablga chiqdik. Dadamlar rulga oʻtirdilar. Bir mahal dirijablʼ lopillab osmonga koʻtarildi-da, bulutlarni yorib oʻta boshladi. Juda koʻp uchdik. Siz Alisherni mahkam ushlab olibsiz. Nuqul dadamlarni turtib:
— Hoy boʻldi. Bolalar qoʻrqadi, deysiz. Dadamlar boʻlsa, kuladilar.

Gulchehra bu yogʻiga nima deyishini bilmay, toʻxtab qoldi:
— Keyin nima boʻldi? — soʻradi Saodat opa. Uning xuddi Gulchehraniki singari yirik qora koʻzlari kulardi.
— Keyinmi? — dedi Gulchehra. — Keyin bir joyga qoʻndik. Bunday qarasak, Moskva ekan. Biram katta, biram chiroyli!.. Birdan nimadir gumburlab ketdi. Shu payt uygʻonib qoldim. Alisher radioni burab yuborgan ekan.
— Yaxshi tush koʻribsan, — dedi Saodat opa. U qizi bu tushni hozir toʻqiganini sezgan boʻlsa ham, bildirmadi. — Tuzalib ketsam, yanagi yilga Moskvaga boramiz. Hammamiz boramiz.
— Hoy! Ovqatdan darak bormi?! — qichqirdi kimdir.

Ikkalovi kulib yuborishdi: Yusuf aka qaytgan edi, Gulchehra yugurib hovliga tushdi.
— Ayang qalay? — soʻradi Yusuf aka qizini toʻxtatib.
— Kulib yotibdilar... — kuldi Gulchehra.
— A?!
— Ana, kirib koʻring ishonmasangiz.

Yusuf aka sevinganidan choʻlp etib qizining peshanasidan oʻpdi-da, lapanglab uy tomon yurib ketdi.

«Xuddi yosh bolaga oʻxshashadi, — Oʻylardi Gulchehra oʻchoq boshiga borar ekan. — Ularni tashlab ketib ooʻlarmidi? Mensiz nima qila olishardi ular? Ketmayman».

Shu payt koʻz oddida Abdulla paydo boʻldi. Nima boʻldi oʻzi? Nega birdan uning hayoti oʻzgarib ketdi? U endi nima qilishi kerak? U faqat ikkita narsani aniq biladi: birinchisi — ketmaydi, ikkinchisi esa — sevib qoldi. Lekin bu sevgi unga nima keltiradi? Uni baxtli qiladimi, yo qaygʻuga soladimi — buni u bilmasdi.

Ertasi kuni u Abdullaga onasining gaplarini, oʻzini qiynayotgan savollarni batafsil aytib berdi.

Ular kanal yoqasida bir oz aylanishdi. Ikkalovi ham xomush, ikkalovining ham kayfi buzilgan edi.

Abdulla shunday boʻlishini sira kutmagan edi. Endi nima qiladi? Nahotki bor quvonchini shu yerga tashlab ketadi?
— Balki, — dedi Gulchehra bir mahal, — kelasi yilga borarman.
— Nahotki?! — qichqirib yubordi Abdulla.
— Ayamlarga yana bir doktor topishdi. Tuzalib ketsalar, yanagi yilga boraman.
— Gulchehra, jonim...

Abdulla quvonch bilan uni quchoqladi. Lekin Gulchehra darrov oʻzini boʻshatib oldi.
— Kutasizmi?
— Boʻlmasa-chi!

Ular shu qarorga kelib xayrlashishdi. Bir yil nima degan gap? Koʻz ochib-yumguncha oʻtib ketadi. Bir yildan keyin esa... Abdulla shirin Hayollar ogʻushida uyga qaytdi. U shu paytda Gulchehraning yostiqqa yuzini burkab yigʻlayotganidan xabari yoʻq edi.

Ertasi kuni Hojar buvi qishloqning oʻttiz-qirq xotin-qizini yigʻib, beshik toʻyi qilib berdi. Obid aka bilan Abdulla rosa charchashdi. Lekin ikkalovi ham shod edi. Abdulla Gulchehra bilan qat'iy ahdlashganiga sevinsa, Obid aka uyda chaqaloqning ovozi eshtilayotganidan boshi osmonda edi. Sevinganidan u, xatto osh suzib tarqatilganda, bitta yarimtalikni ochib, Abdullaga ham ichirdi.
— Jiyan! Seni yaxshi koʻraman. Ishqilib oʻgʻlim senga oʻhshasin. Shunga ichmaysanmi?

Abdulla yoʻq deyolmadi. Bir piyolani simirdi.
— Barakalla! — dedi Obid aka. — Dadang xoʻp tortardida ilgari. Ichgin demayman, ichma, lekin jiyan, manavinaqa paytda ozgina ichilsa, ziyon qilmaydi.

Birinchi marta ichgani uchunmi, Abdullaning boshi aylandi, koʻzlari qizarib ketdi.
— Mazang yoʻq-ku! — dedi kulib Obid aka. — Hozir tuzatamiz. Qani achchiq-achchiq choy ich-chi!

Abdulla togʻasi aytgandek qilib, ancha oʻziga keldi. Xotinlar tarqalishganda esa yoʻlga tushmoqchi boʻlib qoʻzgʻaldi. Uning uyga ketgisi yoʻq edi. Lekin uch-toʻrt kunga kelgan odam oʻn kun qolib ketdi.
— Ayam xavotir oladilar, — dedi u buvisining qistoviga qaramay. — Ketaman.

Obid aka bir nechta sur bedana tugib berdi.
— Dadangga olib bor. Yemasa ham, koʻngli.
— Kelib turgin, bolam. Jim boʻlib ketmagin?
— Endi tez-tez kelib turaman. Abdulla shunday deb, jilmaydi.
— Shunday qil, bolam, shunday qil, — Hojar buvi hech narsaga tushunmay nevarasining yelkasiga qokdi.

Bir qoʻlida chamadon, bir qoʻlida tugun koʻtarib, Abdulla yoʻlga chiqqanda qosh qoraya boshlagan edi. Kechki poezdga ikki soatcha bor. Gulchehra kelganmikan? U koʻprikdan oʻtib, olmazor tomon yurdi. Gulchehra uni shu yerda kutmoqchi edi. Olmazorning etagiga yetganda uning qorasi koʻrindi.
— Keldingizmi? — dedi Abdulla unga yaqinlashib. Gulchehra boshini qimirlatdi. Xuddi birinchi uchrashuvdagidek ikkalovi yana ancha vaqt jim qolishdi. — Kelishdik-a?
— Kelishdik, — dedi qiynalib Gulchehra.
— Borishim bilan xat yozaman.
— Kelasizmi?

Gulchehraning ovozida cheksiz iltijo, muhabbat bor edi. Abdulla buni sezdi va toʻlqinlanib:
— Albatta! — dedi.

VII

Har bir oilaning oʻziga xos hayoti, tarixi boʻladi. Abdullalar oilasining ham ana shunday ham yaxshi, ham yomon fazilatlarga ega boʻlgan hayoti, tarixi bor edi. Bu oila uch kishidan iborat boʻlib, Toshkentning markazida Yangiobod mahallasida istiqomat qilardi. Hovlilari katta, koʻchaga orqa oʻgirib tushgan uylari baland qasrni eslatardi.

Abdullaning otasi — Gʻafurjon aka mahallaning obroʻli kishilaridan edi. Bironta toʻy-ma’raka usiz oʻtmas, mahallaning deyarli katta-kichigi koʻpincha uning maslahati bilan ish tutardi. U oʻzi asli parkentlik boʻlib, otasi bilan birga tunukasozlik qilgan, eski maktabda ozgina oʻqigan, otasining vafotidan keyin Toshkentga kelib, Yangiobodda maktab ochgan oʻrtogʻi Husanxon akanikida yashay boshlagan edi. Yangi maktabda ham ozgina oʻqidi, keyin shu maktabda hoʻjalik ishlarini boshqara boshladi. Bu sohada u qisqa vaqt ichida faqatgina maktab direksiyasining emas, tuman rahbarlarining ham hurmatiga sazovor boʻldi. Qandaydir bir yigʻilishda u tumandagi savdo ishlari haaqida juda foydali va kerakli gaplarni aytganda, uning obroʻsi yanada oshib ketdi. Oʻshandan keyin koʻp oʻtmay tunukasozlik arteliga direktor qilishdi. Un yildan ortiq ishladi shu artelda. Soʻng tuman savdo boshqarmasiga mudir qilib tayinlashdi. Shu yil u nima ish bilandir Qoʻqonga borib, Zavod aya bilan tanishib qoldi. Zavod ayaga ogʻir, yetti oʻlchab bir kesadigan Gʻafurjon aka yoqib qoddi. Oʻgʻlini unga qoʻshib Fargʻonani aylantirdi, uyida mehmon qildi. Shahodat xola oʻshanda endigina oʻn sakkizga kirgan qiz edi. Gap orasida Gʻafurjonning hali uylanmaganligi, ish bilan boʻlib roʻzgʻor tutmaganligi ma’lum boʻldi. Zavod aya qizining uzoqqa ketib qolishini uncha istamasa ham, yigitning yaxshiligini koʻrib, uni kuyov qilgisi kelib qoldi. Yoʻlini topib aytdi ham. Gʻafurjon aka Shahodatni koʻrib, rozi boʻldi. Toʻy qilishdi.

Zavod aya oʻzi Toshkentga tushib, kuyovining yor-birodarlari bilan birgalikda, yoshlarga uy-joy qilib berdi. Oʻ kuyovidan, Gʻafurjon akaning doʻstlari esa kelindan, uning koʻpni koʻrgan, aqlli, tajribali onasidan hursand edi.

Shunday toifa odamlar boʻladiki, ular mehnat bilan boʻlib oʻzini oʻylamaydi. Baland boʻy, polvon qomatli Gʻafurjon aka shunday odam edi. Uyida Zavod aya bergan jihoz, asbob-anjomdan boshqa hech narsa boʻlmay, mehmon-izmon kelganda Shahodat opa idish-tovoqni koʻpincha qoʻni-qoʻshnidan olib chiqardi. Eridagi beparvolik unga ham oʻtib, onasining: uni ol, buni ol, degan maslahatlariga:
— Ha, olarman, shusiz ham kun oʻtyapti-ku, — deb qoʻya qolardi.

Er-xotin juda totuv, yaxshi yashashardi. Abdulla tugʻilganidan soʻng, ularning hayoti yanada lazzatli boʻlib ketdi. Bola bahona, uy yangitdan qurildi. Hatto ortiqcha ul-bul ham gʻamlandi. Shunga qaramay, Gʻafurjon aka roʻzgʻor ishlariga butunlay uquvsiz odamligicha qolaverdi. Ammo bu hech kimni — xotinini ham, qaynanasini ham, mahalladagi oshna-ogʻaynilarini ham tashvishga solmadi. Chunki Gʻafurjon aka uyini oʻylamasa ham, mahalladagi deyarli har bir oilaning tashvishi, kam-koʻstidan xabardor edi. U qiynalib qolgan odamga yonidagi bor pulini berib yuborishdan ham toymas, sovgʻa-salomni quyuq qilardi. Bundan u hech narsa ta’ma qilmasdi. Shu qilgan ishi oʻzini hursand qilsa, boʻldi, shuning oʻzi unga kifoya edi.
— Siz asalariga oʻxshaysiz, — derdi uni koyigan boʻlib ba’zan Zavod aya. — Asal qoʻyasizu, oʻzingiz yemaysiz, boshqalar yeydi.
— E, aya, — derdi shunda Gʻafurjon aka. — Yaxshi bisotdan yaxshi ot qolgani yaxshi. Qozon qaynab turibdimi, shuning oʻzi katta davlat.

Biroq Gʻafurjon aka haqida yomon oʻylaydigan odamlar ham yoʻq emasdi. Ular, bunday saxiylikni oshib-toshib ketgan odam qiladi, sandigʻi toʻlaki, shunday qilyapti, deb oʻylashardi. Gʻafurjon aka fisqi-fasod gaplar qulogʻiga yetsa ham, parvo qilmasdi. Gʻiybatlarni eshitib, xomush oʻtirgan xotinini urishardi.
— Chayon yomon chaqadi, — derdi u. — Lekin u hamma uydan chiqavermaydi. Bitta chayon deb oʻzingni koyitma. Topganimiz halol. Qoʻrqadigan joyimiz yoʻq.

Chindan ham shunday edi. Gʻafurjon aka xiyonat qilmay ishladi. Shuning uchun idorada hurmat-e’tibori yaxshi edi. Sermehnat, hunarli odam xor boʻlmaydi, derdi u nuqul. Bu haqda uning oʻzi toʻqiganmi yo eshitganmi — ikkita ibratli ertagi ham bor edi. Bittasi, taxminan, shunday:

Bir fir'avnning qirqta xotini boʻlib, qirqinchisi kambagʻal bir gilam toʻquvchi hunarmandning qizi ekan. Fir'avn uning husniga maftun boʻlib, oʻziga nikohlab olgan ekan. Lekin qiz kambagʻal boʻlgani uchun saroydagilar uni chiqishtirishmas, kundoshlari esa uni juda xor qilishar ekan. Bechora qiz kuyib ketganidan fir'avndan iltimos qilibdi:
— Shohim, yo meni otamnikiga yuboring, yo shu yerga mening toʻquv asboblarimni olib kelishni buyuring. Toki yolgʻizligim bilinmasin.

Fir'avn uni ketkizmabdi. Lekin aytgan narsalarini olib kelishni buyuribdi. Qiz gilam toʻqishga tushibdi. Qirq kechayu qirq kunduz hujrasidan chiqmabdi. Hatto fir'avnni ham yoniga kiritmabdi. Qirq birinchi kuni u fir'avnning oyogʻi tagiga bir gilam tashlabdi. Fir'avn uni koʻrib, mahliyo boʻlib qolibdi. U shu paytgacha bunday nozik did va mehr bilan toʻqilgan gilamni koʻrmagan ekan. Gilamning oʻrtasida qip-qizil atirgul ochilib turgan emishki, uning husni rostdakam guldan ming marta afzal ekan.
— Seni husn bobida tanho desam, hunar bobida ham tanho ekansan. Hunaring siridan meni xabardor qil, — debdi shunda fir'avn.

Qiz rozi boʻlibdi. Qisqa vaqt ichida fir'avnni gilam toʻqishga oʻrgatibdi. Fir'avn oyda bir marta fuqarolarim nima qilayotgan ekan, deb kechasi qalandar kiyimida shahar aylanar ekan. Bir kuni shunday safarga chiqqanida gʻalati voqea yuz beribdi. Shaharning soʻlim bir joyida kabobxona bor ekan. Shu yerdan oʻtayotib, kabob hidi dimogʻiga urilibdi-da, kabobxonaga koʻtarilibdi. Kabobpaz uni ikki bukilib kutib olib, toʻrdagi bir xonadan joy koʻrsatibdi. Fir'avn borib oʻtirishi bilan nimadir taraqlabdi. Shu zahoti fir'avn oʻzini chuqur bir gʻorda koʻribdp. Gʻor juda katta boʻlib, devorlarida zanjirlar osigʻliq turgan emish, har bir zanjirga esa odamlar bogʻlab qoʻyilgan emish. Fir'avn hayron boʻlibdi va yonidagi bir moʻysafiddan soʻrabdi:
— Bu qanday joy?
— Oʻlimxona bu, — debdi moʻysafid.
— Oʻlimxona?
— Ha, oʻlimxona. Har kuni bir odam soʻyilib, kabob qilinadi. Ertaga mening navbatim.

Fir'avnning jahli chiqib ketibdi. Oʻz podsholigida shunday yaramas odamlar borligidan kuyunibdi. Lekin hozir nima qilish kerak? Bu yerdan qanday kutulib chiqish mumkin? Fir'avn uzoq oʻylab, oxiri bir qarorga kelibdi:
— Ota, — debdi, — navbatingizni menga bering. Moʻysafid unga hayron boʻlib tikilibdi. Koʻnglidan: «Jinnimi bu odam oʻzi? Nechun oʻlimga shoshiladi?» degan gapni oʻtkazibdi-yu, lekin yoʻq demabdi.

Ertasiga fir'avnni yuqoriga tortib chiqarishibdi. Endi uni boʻgʻizlamoqchi boʻlishganda, u soʻrabdi:
— Men sizga qancha daromad keltiraman? Kabobxoia egalari, ming dinor, deyishibdi.
— Oʻn ming dinor bersam, sogʻ qolamanmi?
— Ha, — deyishibdi kabobxona egalari. — Lekin buncha pulni qaerdan olasan?

Shunda fir'avn bir kechada gilam toʻqib berishini va bu gilamning oʻn ming dinor turishini aytib, jun va kerakli uskunalar keltirishni soʻrabdi. Kabobxona egalari agar yolgʻon gapirayotgan boʻlsa ertaga oʻldirish sharti bilan uning aytganlarini muhayyo qilishibdi.

Fir'avn tuni bilan mijja qoqmay gilam toʻqibdi. Tayyor boʻlganda saroyga eltishni va fir'avnning kichik xotiniga koʻrsatishni buyuribdi. Kabobxona egalari u aytganidek qilib, fir'avnning kichik xotiniga gilamni koʻrsatishibdi. va oʻn ming dinor soʻrashibdi. Xotin gilamni koʻrib, darrov nima boʻlganiga tushunibdi. Fir'avn gilam chetiga qaerdaligini gulga oʻxshatib toʻqib yozgan ekan. Lekin xotin sir boy bermay, qaroqchilarni hursand qilib qaytaribdi. Keyin oʻsha soatdayoq lashkar toʻplab, kabobxonani bosibdi, fir'avnni va boshqa bandilarni ozod qilibdi.
— Agar, — derdi Gʻafurjon aka ertakni aytib boʻlib, — fir'avnning hunari boʻlmaganda, shu gilamni u bir kechada toʻqimaganda sogʻ qolmasdi. Hunarsiz odamning hassasiz koʻrdan farqi yoʻq.

Uning ikkinchi ertagi ham xuddi shu mazmunda boʻlib, unda qaroqchilar bir choʻponni quduqqa tashlab, qoʻylarini haydab ketishgani hikoya qilinardi. Choʻpon quduqda ajdahoning panjasiga tushadi. Shunda u nay chalib, uni uxlatmoqchi, keyin qochib qutulmoqchi boʻladi. Ajdaho uning ajoyib kuyini eshitib, chindan ham uxlab qoladi, choʻpon eson-omon uyiga qaytadi.

Abdulla shu va shunga oʻxshash ertaklar ta’sirida oʻsdi. Unga hammaning havasi kelardi. Ozoda kiyinar, shoʻxlik qilmas, kattalarning soʻzini qaytarmasdi. Maktabda ham u hamma oʻqituvchilarga yoqib qoldi. a’lo oʻqidi, intizom saqladi. Albatta bola boʻlgandan keyin shoʻxlik ham qiladi. Lekin uning shoʻxligini kattalardan deyarli hech kim koʻrmasdi. Chunki yuz-koʻzi, kitoblari iflos boʻlib qaytsa, ayasiga yoqmasligini bilardi. Buni esa u istamasdi. Har doim, har qaerda u koʻzga tashlanib turishni, kattalar unga e’tibor berishlarini yaxshi koʻrardi va iloji boricha ularga yoqishga harakat qilardi.

. Shuning uchun uyga kirayotganda albatta yuz-qoʻlini tozalab, kiyimlarini qoqib kirardi. Yettinchi sinfgacha u har yili maqtov qogʻozi olib oʻqidi. Faqat yettinchi sinfda unga maqtov qogʻozi berishmadi. Bu voqea uni qattiq qaygʻuga soldi, lekin shu bilan bir vaqtda koʻp narsaga oʻrgatdi. Gap shundaki, u yettinchiga oʻtganida otasi kasalga chalinib, tuman savdosiii boshqarish ogʻirlik qilib qoldi. U boʻshab, yana artelga ishga oʻtdi. Oʻsha yili Abdullalarning sinfiga yangi bola keldi. U Abdulladan ikki-uch yoshga katta boʻlib, juda olifta kiyinar, charm portfelʼ tutardi. Koʻpchilik oʻqituvchilar unga alohida e’tibor bilan qarashardi. Doska yoniga chiqqanda, tutilib qolsa, urishishmas, sekingina: mayli, oʻtir, kelasi safar soʻrayman, deyishardi. Bu narsa Abdullaga yoqmadi, u oʻqituvchilarning oʻziga munosabatlari oʻzgarib qolganini payqay boshladi. Ayniqsa, otasining qadrdon oʻrtogʻi Husanxon aka oʻzini gʻalati tutadigan boʻlib qoldi. Ilgari u bilan soʻrashib yursa, endi salomiga alik ham olmasdi. Ammo yangi bolaga esa juda mehribon edi. Sinfga kirishi bilan goʻyo undan boshqa bola yoʻkday, uning oldida toʻxtab, qoʻl berib koʻrishardi.
— Ha, In'omjon, yaxshimisan? — derdi iljayib. — Uyingdagilar tinchmi? Dadang salomatmilar? Kecha Ergash akamlarni koʻrgan edim, shoshib mashinalariga oʻtirayotgan edilar. Majlis-pajlis boʻlsa kerakda yuqorida.
— Shunday boʻlsa kerak, — derdi gerdayib In'om va koʻryapsanlarmi, degandek, hammaga koʻzini oʻynatib qarab chiqardi.
— Qiyin, qiyin, — derdi Husanxon aka. — Oʻzi sogʻliqlari durustmi?
— Yomon emas. Doktorlari, yana kurortga boring, deyapti.
— Qayoqqa bormoqchilar?
— Kislovodskka.
— Ha, yaxshi. Borishlari kerak. Odamga eng zarur narsa — sogʻliq. Oʻtir, oʻtir, nega turibsan?

Husanxon aka shunday derdi-da, senlar ham oʻtirlaring, degandek boshqa bolalarga qoʻlini erinibgina silkitib qoʻyardi. Abdullaning jahli chiqqanidan tishlari gʻijirlab ketardi. Deyarli har doim ona tili darsida shunga oʻxshagan savol-javob boʻlaverganidan u qattiq azoblanar, ona tili soati uning uchun katta qiynoq soatidek tuyulardi.

Hatto ona tili ham uning koʻnglini aynitadigan boʻlib qoldi. Yoʻqlamada borgan sari baholari pasaya boshladi. Bir diktantdan ikki ham oldi. Nega bunday boʻldi? Nega ilgari uni doim yaxshi koʻradigan oʻqituvchilar endi payqamaydigan boʻlib qolishdi? Buning sababini u tushunmasdi. Bir kuni shu hakda oʻylab, yogʻoch ruchkasining uchini ogʻziga solib oʻtirgan edi, arifmetika oʻqituvchisi kirib, dars boshlaganini sezmay qoldi. Yonidagi bola uni turtdi. Boshini koʻtarganda oʻqituvchi unga qarab, iljayib turardi. U Abdullani urishmadi, sinfdan chiqarib yubormadi ham, lekin bir umrga Abdullaning yuragiga sanchilib qolgan gapni aytdi.
— Uyda, — dedi u Abdullaga tikilib, — mening bir yashar oʻgʻlim bor. Beshikda yotadi. Qarovsiz qolganda sumagini chiqarib soʻradi. Sumakda maza bor, sening bu ruchkangda maza yoʻq.

Qizlardan kimdir piq etib kulib yubordi. Abdulla uyalganidan lavlagi boʻlib, boshini egdi-da, kaftini yuziga tutdi. Dars tugagach, maktabning orqasiga oʻtib achchiq-achchiq yigʻladi. Nega bunday qilishadi? Axir Siddiq aka ham, Husanxon aka ham otasining yaxshi oʻrtoqlari edi-ku? Boshqa bolalarga qaraganda uni yaxshi bilishadi-ku? Innaykeyin, oʻzi yaxshi oʻqiydi-ku? Koʻp oʻtmay hamma narsa ravshan boʻldi. Bir kuni u oʻqishga ketayotganida, supada yonboshlab yotgan dadasi chaqirib:
— Oʻgʻlim, — dedi. — Husanxon akang anchadan beri kelmayapti. Juda sogʻindim. Koʻrsang aytgin, bir kelib ketsin.
— Xoʻp, — dedi Abdulla va maktabga kelishi bilan Husanxon akani qidirdi, lekin topolmadi.

Oʻsha kuni oxirgi dars ona tili edi. «Darsdan oldin eshikda poylab turib aytaman», deb qaror qildi Abdulla.

Oxirgi dars boshlanishiga qoʻngʻiroq chalinganda, Husanxon aka yetib keldi-da, oʻqituvchilar xonasiga ham kirmay, sinfga yoʻl oldi. Eshik tagida Abdulla u bilan koʻrishdi.
— Nima deysan? — soʻradi Husanxon aka chimirilib.

Abdulla uni bu ahvolda koʻrib, gʻalati boʻlib ketdi. Lekin oʻzini tutib olib, dedi:
—Dadam sizni koʻrmoqchi ekanlar. Borarmishsiz...
—Mayli, mayli, — dedi Husanxon aka uni itarib sinfga kiritar ekan. — Borarman, hozir vaqtim yoʻq. Lekin In'omning oldidan oʻtayotib, odatdagidek, toʻxtadi va iljayib qoʻlini uzatdi.
—Yaxshimisan? Ergash akam qalaylar?
—Bugun uydalar, dam olyaptilar, — dedi In'om.
—Shunday degin? Bir borib koʻrmoqchiydim-da... Anchadap beri hech vaqtlarini topib sogʻliqlarini soʻrolmayman...
—Boring bugun, — dedi In'om.
—Qanday boʻlar ekan? Hozir dam olayotgan boʻlsa-chi, kechqurun borsam boʻlarmikan?
—Vaqtli borsangiz ham boʻlaveradi.
—Shunday deysanmi? Boʻlmasam, darsdan chiqib boraman.
—Mayli.
—Aytib qoʻyasan-da, Husanxon akam sizni koʻrmoqchilar, deb? Shunday koʻramanu, qaytaman. Uzoq oʻtirmayman.
—Uzoq oʻtirsangiz ham mayli... — dedi In'om kulib.
—Shundoq deysanmi? Yaxshisi, shunday qilamiz, In'omjon, sen bilan birga boraman. Maylimi?
— Mayli.
— Rahmat. Darsdan keyin ikkalamiz ketamiz.
—Husanxon aka shunday deb, oʻtirlaring, degandek erinibgina qoʻlini silkitdi.

Bu suhbat Abdullaning u yoq-bu yogʻidan oʻtib ketdi. U oʻzini ham, uyda yotgan kasal otasini ham beobroʻ qilishgan, xoʻrlangan his qildi. Shu daqiqadan boshlab, uni tizzalarida olib oʻtirgan, erkalab yuz-koʻzini silagan Husanxon akani oʻzining eng ashaddiy dushmanidek yomon koʻrib qoldi.

Dars tugagach, bir oʻrtogʻidan soʻradi.
— In'omning otasi kim?
— Bilmaysanmi? — dedi oʻrtogʻi. — Tuman ijroqoʻmi raisi-da.

Abdullaga hamma narsa oydinlashdi. In'omning otasi amaldor, uning otasi esa kichik bir artelda ishlaydi! Mana masala qaerda. Uning xoʻrligi kelib ketdi. Lekin yigʻlamadi. Yuragida koʻtarilgan nafrat yigʻidan kuchlilik qildi.

Uyda dadasi, aytdingmi, deb soʻraganda, bir zum ikkilanib turdi, keyin dedi:
— Salom deb yubordilar. Ishlari koʻp ekan, ertaga yo indinga boraman, dedilar. Albatta boraman, dedilar.
— Rahmat, rahmat, — dedi Gʻafurjon aka sevinib. — Husanxon akang tilla odam, tilla. Koʻrdingmi, oʻgʻlim, yaxshilik qilsang yaxshilik qaytadi. Hech kim seni unutmaydi.

Shu joyda Abdulla oʻzini toʻxtatolmadi, hoʻngrab yigʻlab yubordi-da, uyga otildi.
— Nima qildi, oʻgʻlim? Nima qildi? — dedi orqadan Gʻafurjon aka.

Ammo Abdulla javob bermadi, papkasini tokchaga uloqtirib, oʻzini karavotga tashladi. Gʻafurjon aka ham, Shahodat opa ham qancha urinishmasin, u yigʻisining sababini aytmadi. Oradan bir oy oʻtdi. Husanxon aka kelmadi. Kechqurun doktor buyurgan tuzsiz kaptar shoʻrva ichib oʻtirar ekan, Gʻafurjon aka xotiniga dedi:
— Esingdami, oʻgʻling Husanxonni aytib kelib, yigʻladi?! Nega yigʻlaganini endi bildingmi? Husanxon oʻshanda, borolmayman, degan. Shunga yigʻladi oʻgʻling. Agar shunday demaganida haligacha kelardi.
— Endi, aytib kel, demang, — dedi Shahodat opa. — Yana qiynaladi.
— Aytmayman. Men hech qachon Husanxon shunday qiladi, deb oʻylamagan edim. Oʻttiz yillik oʻrtoq-a...
— Qoʻying, oʻylamang, — yupatdi erini Shahodat opa. — Sogʻayib ketganingizda oʻzi uyalib qoladi. Baxtimizga oʻgʻlingizning umri uzoq boʻlsin.
— Oʻshanda bekor qildim aytib kel deb, — xoʻrsindi Gʻafurjon aka. — Oʻshandan beri xomush, serfikr boʻlib qoldi.

Chindan ham shu voqea Abdullani oʻzgartirib yuborgan edi. U endi faqat oʻziga ishonishga, dunyoda yomon odamlar yoʻq emasligiga, yaxshi oʻqib, katta obroʻli odam boʻlib yetishishga astoydil qaror qilgan edi. Bu qarorni amalga oshirishdagi birinchi qadam — Oʻqish, oʻqiganda ham a’lo oʻqish edi. Lekin oʻsha yili u qancha tirishmasin yaxshi oʻqiy olmadi. Toʻsatdan boshiga tushgan tashvishdan qutulolmagan, Husanxon akaga boʻlgan nafrati kuchliligidan ona tilini yaxshi oʻzlashtirolmagan edi. Lekin sakkizinchi sinfdan boshlab hamma narsa oʻzgardi. Birinchidan, Husanxon aka, Siddiq akani oʻriiga boshqa oʻqituvchilar kirdi. Buning ustiga uning oʻzi ham vaqtni bekor oʻtkazmay oʻqishga jon-jahdi bilan berildi. Natija yaxshi boʻldi. Sakkizinchi sinfni ham, toʻqqizinchi sinfni ham a’lo bitirdi. In'om zoʻrgʻa uch-toʻrtga ilindi. Bundan Abdullaning boshi osmonga yetdi. U niyat qilsa, boshqa yutuqlarga ham yetishishi mumkinligini angladi. Faqat mehnat qilish kerak, hamma narsaning asosi mehnat. Otasi haq. Mehnat qilsa bir kunmas, bir kun Husanxon akalar uning oyogʻiga bosh qoʻyishadi. Qachon oʻsha kun kelarkin? Qachon?

Oʻqishning toʻrtinchi choragi tugay deb qolganda, Abdullani direktor huzuriga chaqirishdi.
—Seni medalga moʻljallayapmiz. Bu yogʻini boʻshashtirma, — dedi direktor.

Abdulla sevinchi ichiga sigʻmay direktordan minnatdor boʻlib chikdi va yana mutolaaga berildi. Uning koʻziga oʻqishdan boshqa hech narsa koʻrinmay qoldi. U oʻqidi, mukkasidan tushib oʻqidi va orzusiga yetdi. Maktabni oltin medalʼ bilan tamomladi. In'om esa yiqildi. Hamma achinsa ham, unga faqat Abdulla achinmadi.

U taniydigan va u bilan yurishni istagan qizlar orasida kelishgan, chiroylilari ham bor edi. Abdulla ularga bir jilmayib boqishi bilan atrofida girdikapalak boʻlishardi. Ammo u bunday qilmasdi. Raqs tushardi, lekin hammadan oldin, agar kecha choʻziladigan boʻlsa, gʻoyib boʻlib qolardi.
— Hozir oʻqish kerak, hozir uyda boʻlishim kerak, — derdi u qolishni istasa ham oʻzini majbur qilib. — Oʻyin keyin...

Uning koʻz oldidan hozir osmonda charaklab turgan yulduzlardek oltin medalʼ ketmasdi. Oʻngida ham, tushida ham shuni koʻrardi. Medalʼ uning uchun hayot ramzi, kelajak kaliti edi. Shu kalitsiz uning yashashi ham mumkin boʻlmay qolgan edi. Kalit qoʻliga tushgandan soʻng, nima qilishni u oʻzi biladi. Mayli, oʻrtoqlari hozir undan kulishsin, qizlar uni odamovi, kekkaygan, deyishsin. Uning kimligi keyin ma’lum boʻladi.

Shunday fikrlar bilan oʻzini tinchitib oʻqidi, vaqtini bekorga ketkazmadi. Endi-chi? Endi uni koʻrishsin. Endi oʻrtoqlaridan oʻzib ketdi. Uning hech kimda yoʻq, goʻzal qizi bor — Gulchehra... Uning ismi ham oʻzidek goʻzal. Abdulla ozgʻin, ingichka oyoqli qizlarni hush koʻrmasdi. Bir kuni raqs tushishayotganda shunday ingichka oyoqli bir qizning paypogʻi tushib ketdi. Abdulla uni chetga olib chiqdi. Qiz etagini sonigacha koʻtarib, rezinkasini bogʻlayotganda, Abdulla beixtiyor uning oyogʻiga qaradi-yu, ensasi qotdi.

Shu-shu oʻsha qiz bilan raqs tushmaydigan boʻlib qoldi. Gulchehraning oyoqlari bunaqa emas edi. Toʻlacha, tizzalari kichkina, dumaloq, nima kiymasin — baland poshna tuflimi, shippakmi, chippa yopishib, oʻziga yarashardi. Shunday qiz uni yaxshi koʻradi. Oʻzi aytdi.
— Men ham sizni yaxshi koʻraman, — dedi.

Abdulla muzdek havodan simirib osmonga tikildi. Shamol uning sochlarini toʻzgʻitib oʻynar, koʻzlarini yumdirmoqchi boʻlardi, lekin u parvo qilmasdi. Koʻzlaripi osmonga tikkanicha Hayol surardi. Uning hozir esiga buvisining qachonlardir har bir odamning oʻz yulduzi boʻladi, degan gapi keldi-da, miltillab turgan yulduzlarning har biriga alohida diqqat bilan qaray boshladi. Uning yulduzi qaysi ekan?! Yulduzlar deyarli bir-biridan farq qilmasdi: biri sal katta, biri sal kichik... Yoʻq, bular ichida uning yulduzi yoʻq. Uniki boshqacha boʻlishi kerak. Hammanikiga oʻxshamasligi kerak. Agar yaxshilab qarasa, bu yulduzlarning orqasida boshqa yulduzlar boʻlishi mumkin, lekin ular ancha xira va kichik. Qaysi biri uniki? Abdulla uzoq tikilib, bitta yulduzni tanladi. Bu yulduz olti qirrali boʻlib, bir chekkada ajralib turardi. Uning hajmi ham katta edi. Yogʻdusi ham oʻtkir edi. Shu yulduz uniki boʻladi.

Yoʻqotib qoʻymasa boʻldi, uniki boʻladi. Oydan oʻn ikki qarich narida, Zuhradan balandroqda. Gulchehraga qaysi yulduzni tanlasa ekan?

Abdulla qancha axtarmasin, oʻziga yaqinroq joydan Gulchehraga atab bironta yulduz topolmadi. Zuhra yulduzini tanlashni esa, istamadi. Zuhra katta. Ular teng boʻlishi kerak. Shu fikr miyasiga kelganda, u yana Gulchehrani oʻylab ketdi. U bir yildan soʻng uchrashishlarini, keyin doim birga boʻlishlarini bilardi. Bu hakda koʻp oʻylagan edi. Lekin ota-onasi bunga nima der ekan? Gulchehraning ota-onasichi? Umuman, ular bilishi kerakmi-yoʻqmi? Albatta, oʻyladi Abdulla, ular bilishi kerak, oʻzi aytmasa ham, bir kunmas bir kun ma’lum boʻladi. Lekin institutni bitirishguncha bilishmagani yaxshi. Chunki oʻshangacha Abdullaning uylanishi mumkin emas. U uylanmaydi. Uylanolmaydi. Bu haqda uning fikri qat'iy edi. U otasidek yashashni istamasdi. Birovning yordami bilan uylanmaydi. Keyin, Gulchehrani boʻm-boʻsh uyga olib bormaydi. Uyaladi olib kirgani. Institutni bitiradi, ishga kiradi, roʻzgʻor uchun kerakli narsalarni oladi, ana oʻshanda uylanadi. Lekin u shu kunning tezroq kelishini istardi. Gulchehra bilan yaqinroq boʻlishni orzu qilardi. Qoʻllarini ushlash, sekin tortinib oʻpish endi uni qoniqtirmasdi. U Gulchehra bilan birga boʻlishni istardi. Bir kuni hatto tushiga kirdi. Juda gʻalati boʻldi. Ammo uygʻonib oʻzidan uyalib ketdi. Shunday tush koʻrganidan ranjidi. Kun boʻyi lohas boʻlib yurdi. Gulchehra bilan uchrashganda esa, qorongʻi boʻlishiga qaramay, uning koʻzlariga tik qaray olmadi.
— Xomush koʻrinasiz? — soʻradi Gulchehra uni tirsagidan ushlab.

Abdullani tok urgandek boʻlib ketdi. Sekin qoʻlini boʻshatib, oʻzini chetga oldi.
— Boshim ogʻriyapti, — dedi titrab.
— Boshim ogʻriyapti? Hozir tuzatamiz! — dedi shoshib Gulchehra va buloqqa qoʻlini tiqib uning peshanasiga tutdi. — Endi tuzukmi?
— Tuzzuk, — dedi Abdulla peshanasi aralash uning qoʻlini ushlab, keyin boʻsh qoʻli bilan quchoqlab, lablaridan qattiq oʻpa boshladi, Gulchehra nima boʻlganiga tushunmay, avval jim turdi, keyin siltanib oʻzini tortdi.
— Darrov tuzalib ketdingiz-a? — dedi qoshlarini chimirib.
— Gulchehra... — dedi Abdulla oʻz ovozini oʻzi tanimay.
— Tiss! Eshityapsizmi? Bedanangiz sayrayapti!!! Gulchehra shunday deb qochib ketdi.

Yaxshi boʻldi. Agar oʻshanda ikkalovi oʻzlariga erk berib yuborishganda nima boʻlardi? Ikkalovi ham sharmanda boʻlardi! Yoʻq, Abdulla bunday qilmaydi. Qiynalsa ham mayli, bunday qilmaydi. Hamma narsa irodaga bogʻliq. U oʻz irodasiga ishonadi.
—Yigitcha, tushmaysizmi? — dedi kimdir orqadan. Abdulla choʻchib, oʻgirildi. Eshik oldida vagon kuzatuvchisi turar edi.
—Toshkentga keldikmi? — hayron boʻlib soʻradi Abdulla.
—Ancha boʻldi.

Abdulla tashqariga qaradi. Kun yorishgan, togʻ ortidan oftob bir qarich koʻtarilib, oltin shu'lasini sochib turardi. U nihoyatda katta va seryogʻdu edi, kechagi, oʻziga tanlagan yulduzga oʻxshamasdi. Bu hol uni jindek ranjitdi, u oʻz yulduzi quyoshdek boʻlishini istardi. Afsuski, bunday boʻlmaydi, boʻlishi ham mumkin emas. Shuni oʻylab erinibgina xoʻrsindi-da, poezddan tushdi. Sershovqin shahar hayoti darhol uni quchogʻiga oldi. Yashash qanday yaxshi, tagʻin shunday katta, goʻzal shaharda! Shu daqiqada hamma narsa — shu muhtasham vokzal binosi ham, bir-birini quvib oʻtayotgan turnaqanor mashinalar ham, keng vokzal maydoni oʻrtasiidagi bahaybat koʻsak nusxa fontan ham, hamma-hammasi uni quvontirar, uning borligʻidan va baxtiyorligidan darak berib turardi.

Tramvay qachonlardir otasi ishlagan Mirobod bozorini aylanib oʻtib, ogʻir gʻirchilladi-da, toʻxtadi. Abdulla vagon derazasidan beixtiyor tashqariga qaradi. Beshik osigʻlik turgan qamish tomli boloxonani koʻrib, jilmaydi. U uyiga kelgan edi. Tramvaydan tushib, koʻchani kesib oʻtganda, kimdir chaqirdi:
— Abdulla!

Abdulla chamadonini yerga qoʻyib, toʻxtadi. Uning qarshisiga katta sumka koʻtargan sinfdosh oʻrtogʻi Rustam yugurib kelardi. Abdulla uchrashuvdan hursand boʻldi.
— Bormading-da, — dedi Rustam u bilan soʻrashib.
— Ha?
— Chimyonning bunaqa joyligini endi bilishim. Mazza qildik. Ahrorning dadasi oʻsha yerda ekan. Bitta qoʻy soʻyib berdi. Ikki kun kabob qilib yedik. Choʻmildik, toqqa chiqdik. Lekinchi, men shamollab qolib, ikki kun yotib qoldim. Keyin choʻmilmadim. Borsang, mazza qilarding.

Abdulla jilmaydi.
— Qishlokda yaxshi boʻldimi? — soʻradi Rustam.
— Tuzuk, — dedi Abdulla, — bedana otdik, choʻmildim...
— Bedana? — havas bilan soʻradi Rustam.
— Ha.
— Ancha otdingmi?
— Oʻntacha.
— Obbo sen-ey! Mazza qilibsan-ku?

Abdulla yana jilmaydi. Koʻp narsani gapirishga yuragi toʻlib turgan boʻlsa ham, oʻzini tutdi. U safaridan hursand edi, shuning oʻzi kifoya. Birovlarning bilishiga hojat yoʻq. Koʻrib turibdi, shuning oʻzi yetarli. Shuning uchun u gapni boʻldi.
— Qachon qaytdilaring?
— Oʻtgan kuni. Bilasanmi, odam juda zerikdi. Kechqurun Ahrorlar bilan bir aylanib, koʻlga bormoqchimiz. Orolchada oʻtirib, qittak-qittak qilamiz. Biz bilan yur.
— Mayli.
— Boʻlmasa, kechqurun kiraman.
— Qayoqqa ketyapsan? — soʻradi Abdulla sumkaga ishora qilib.
— E, oyim bozorga ketayotuvdilar, qoʻllaridan yulib oldim. Odam zerikib oʻldi. Xoʻp, kechqurun kiraymi?

Abdulla boshini qimirlatdi. Uyi tomon yurar ekan, u oʻylardi: uning zerikishga vaqti yoʻq. U oʻqiydi, koʻp oʻqiydi va Gulchehrani oʻylaydi.

IX

Gʻafurjon aka oʻgʻlining qaytishini sabrsizlik bilan kutardi. Abdulla Mingbuloqqa ketgandan keyin uch-toʻrt kun oʻtgach, bir odam uni koʻrgani keldi. Oʻrta yashar, yaxshi kiyingan, boshida shlyapa. U Gʻafurjon aka bilan eski qadrdonlarday soʻrashib, uni betob koʻrganiga qaygʻurdi.
— Kecha bilib qoldim, — dedi u. — Ertalab Leningraddan qaytganimni eshitib, ogʻaynilar kelishdi. Shular sizni betob deyishdi. Mehmon-izlom bilan boʻlib kecha kelolmadim. Bugun, nima boʻlsa ham sizni koʻrishga ahd qilib, mana, keldim.
— Rahmat, rahmat, — dedi Gʻafurjon aka istarasi issiq, xushmuomala bu odamning kimligini, qaerda koʻrganligini eslolmay, lekin soʻragani uyaldi.

Ular ancha vaqt u yokdan-bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi. Shahodat opa choy qoʻydi. Mehmon gap orasida ikki yildan beri Leningradda yashayotgani, u yerda yangi bir institut ochilib, uni professor sifatida taklif qilishganini aytdi.

Bir oycha bu yerda boʻlaman-da, keyin qizimni olib ketaman, — dedi u. — Institutni oʻzimning oldimda tamomlasin. Aytganday, Abdullajon qalay? Katta yigit boʻlib qolgandir?
— Ha, — dedi faxr bilan Gʻafurjon aka. — Maktabni oltin medalʼ bilan tamomladi. Hozir Qoʻqonda. Oʻynab kelsin deb joʻnatdik.
— Juda yaxshi, juda yaxshi. Qaysi institutga kirmoqchi?
— SAGUga. FizMatga kiraman, deydi.
— O, juda yaxshi. Matematikani yaxshi koʻrar ekan-da.
— Ha, yozma matematikani yigirma daqiqada topshirib chiqdi.
— Yoʻgʻ-e? — hursand boʻlib soʻradi mehmon.
— Ha, oʻqituvchilari ham hayron.
— Yaxshi, juda yaxshi. Bizning Sayyora ham matematikaga durust. Shuning uchun ham oʻzimning institutimga olib ketmoqchiman. Kelajagi yaxshi institut. Atom bilan, atom energiyasi bilan bogʻliq institut.
— Shunday deng?
— Ha, qiz bolaga ozgina ogʻirlik qiladi-yu, ammo yaxshi.

Mehmon oʻylanib qoldi. Gʻafurjon aka ham unga, shunday ajoyib oʻqishga ketayotgan qiziga havasi kelib Hayolga choʻmgan edi. Qani endi u ham shu mehmonga oʻhshagan boʻlsa-yu, oʻgʻlini shunday oʻqishga yuborsa! Abdulla esli, aqlli bola, katta odam boʻlib qaytardi.
— Stipendiyasi tuzukmi? — soʻradi u nimaningdir ilinjida.
— Boshqa institutdagidan baland, yotogʻi bor. Gʻafurjon aka, nima deysiz, oʻgʻilchani yubormaysizmi? Tagʻin oʻzi matematikaga qiziqar ekan, yaxshi boʻlardi. — Mehmon Gʻafurjon akaning ikkilanib turgaiini oʻzicha tushunib, qoʻshib qoʻydi:
— Moddiy tomondan hech qiynalmaydi. Innaykeyin, men borman. Yolgʻiz tashlab qoʻymayman.
— Qaydam, — dedi Gʻafurjon aka, lekin ichida mehmonning taklifi unga ma’qul tushdi.
— Shunday deyatganimki, — gapida davom etdi mehmon, — institut yangi. Uni bitirgan odam juda qimmatli kasb egasi boʻladi. Bu yogʻi menga ham yaxshi. Qiz bilan ikkalovi bir-biriga dalda boʻlib oʻqirdi.
— Rahmat, — dedi Gʻafurjon aka minnatdor ohangda. — Men rozi, oyisi bilan, keyin oʻzi kelganda oʻzi bilan gaplashib koʻray.
— Shunday qiling. Imtihon topshirmaydi. Hujjatlarini men olib ketaman. Gaplashib koʻring. Men bilan ham uchrashsin.

Mehmon shunday deb, bloknotidan bir varaq yirtib, manzilini yozdi.

U ketgach, Gʻafurjon aka qogʻozni koʻrdi-yu, uning kimligini esladi.
— Shahodat, ho Shahodat! — qichqirdi u sevinchini yashirolmay. — Bilasanmi haligi odam kim?
— Kim ekan? — dedi ayvonda ish tikib oʻtirgan Shahodat opa!
— Arteldaligimda ekspeditor yigit bor edi-ku, Tursunali Qurbonov degan, esingdami? Oʻsha.

Shahodat opa eslolmadi. Lekin Gʻafurjon akaning koʻz oldidan bu odamning oʻqiyman deb Oʻratepadan qochib kelgani, turmushda qiynalib, bozorda hammolchilik qilgani va unga duch kelgani birma-bir oʻtdi. Gʻafurjon aka uni oʻshanda ishga joyladi, oʻqishini bitirganda yaxshi bir ziyofat qilib berdi. Keyin Tursunali qayoqqadir ishga ketdi. Oʻshandan beri koʻrishmas edi. Mana, togʻ togʻ bilan uchrashmas ekan, odam odam bilan uchrashar ekan. Qancha yil oʻtib ketdi, bechora uni unutmabdi, atayin koʻrgani kelibdi. Bu ham mayli, endi yaxshiliklarini qaytarmoqchi. Dunyoda yaxshi odamlar koʻp, oʻylardi chehrasi yorishib Gʻafurjon aka, nega yubormasin Abdullani? Borgani yaxshi, qiynalmaydi, qiynalib qolsa uncha-muncha pul-mul yuborib turishga qurbi yetadi. Innaykeyin, shunday katta odam, professor, yolgʻizlatib qoʻymayman, deyapti. Gʻafurjon aka shularning hammasini xotiniga tushuntirdi. Shahodat xola koʻnglida qarshi boʻlsa ham, erining ra’yini qaytara olmadi.
— Mayli, ixtiyoringiz, — dedi u. — Oʻzi nima derkin? Oʻzi bilan gaplashing.

Uning shunday deyishida jon bor edi. Abdulla es-hushli bola, oʻylardi u, dadasini shu ahvolda tashlab ketmas. Qachon tuzaladi, tuzala oladimi hali, noma’lum. Buni Abdulla ham biladi. Shuning mulohazasiga boradi. Innaykeyin, hammayokda oʻqish bor, yaxshi oʻqisa shu yerda ham katta odam boʻlib ketishi mumkin.

Lekin Gʻafurjon aka tinchimadi.
— Oʻzi nima derdi? — dedi u. — Boraman, deydi. Unday joyda oʻqish har kimga ham nasib boʻlavermaydi. Mabodo ikkilanadigan boʻlsa, sen ham jim turma, gapir.

Shahodat opa indamadi.
— Nega indamaysan? Yo oʻzing qarshimisan? — surishtira boshladi Gʻafurjon aka. — Menga qara, besh yil hech gap emas. Hash-pash deguncha oʻtib ketadi. Oʻzing ham sezmay qolasan. Oʻgʻling yoʻq hunarni egallab kelsa yomonmi?
— Men javobimni aytdim, — dedi Shahodat opa xoʻrsinib. — Ixtiyor oʻzingizda. Nimani lozim topsangiz, shuni qiling. Lekin avvalo, oʻzi hal qilsin. Boraman, deb turib olsa, siz ham, men ham hech narsa deyolmaymiz. Oʻgʻlingiz kichkina emas endi.
— Men ham shuni aytyapman-da, xotin, — dedi Gʻafurjon aka. — Endi kichkina emas. Lekin farzandga maslahat berish — ota-onaning vazifasi. Men gapirganimda indamay turmagin. Kelishdikmi?

Shahodat opa «ha» degandek boshini qimirlatdi.

Abdulla bu yangilikni juda xotirjam eshitdi! Gʻafurjon aka buni sira kutmagan, tezroq u bilan gaplashishga shoshilgan edi. Shuning uchun oʻgʻli kelishi bilan qishloq yangiliklarini apil-tapil eshitib, xushxabarni aytgan edi.
— Ha, yoqmadimi? — soʻradi hayron boʻlib u xomush oʻtirgan oʻgʻlidan.
— Yoʻq, nega? Yaxshi... — dedi Abdulla. Lekin koʻnglida oʻzga yurtga borishni istamadi. Qanday ketadi, bir yildan keyin Gulchehra kelsa... Uni oʻzi zoʻrgʻa shunga koʻndirdi-ku?! Qani endi u bilan birga Gulchehra ham ketsa, juda ajoyib boʻlardi. Lekin bunday boʻlmaydi. Demak, uning borishi kerak emas. Albatta institut yaxshi. Shuning ustiga Leningradda oʻqish — koʻpchilik yetisholmaydigan orzu. Lekin u bormaydi, Gulchehrasiz borolmaydi.

Shahodat opa mehr bilan oʻgʻliga tikilib, ha deganday boshini egib qoʻydi. U hursand edi. Oʻgʻlining ikkilanib turganini u oʻzicha tushungan edi.
— Tursun amaking, oʻzim yordam berib turaman, doim holidan xabar olib turaman, deyapti. Oʻzimiz senga bor desagu, bormaysanmi?! Manavi Tursun amakingning manzili. Men bilan uchrashsin Abdulla, dedi. Ana, oʻzi bilan ham gaplash.
— Oʻylab koʻray, — dedi Abdulla, lekin dadasining qoʻlidan qogʻozni oldi.

Kun boʻyi u kutilmagan taklif ta’sirida yurdi. Rustam chaqirib kelganda ham uning Hayolidan shu taklif koʻtarilmagan edi. U oʻrtogʻi bilan maslahatlashmoqchi boʻlib, ogʻiz ochdi, lekin darrov bu fikridan qaytdi. Ikkilanishga oʻrin yoʻq, oʻyladi u, qolishim kerak.

Ikki oʻrtoq koʻchaga chiqishdi.
— Qayoqqa boramiz?
— Kurantning tagida yigʻilmoqchi edik, — dedi Rustam. — Jindek aylanib, hali aytganim koʻlga boramiz.
— Ketdik.

Ular kurantning tagiga yetib kelishganda, kun botgan, panjaralari zar boʻyoqqa boʻyalgan istirohat bogʻidan duxovoy orkestr sadosi jaranglab turardi. Bogʻ ham, koʻchalar ham, devqomat chinorlar soya tashlab turgan xiyobon ham odamlar bilan toʻla edi. Musiqa sadosiga yigit-qizlarning shoʻx kulgilari, salmoqli gʻovur-gʻuvur gaplar qoʻshilib, tungi orombaxsh hayot boshlangandan darak berardi. «Mingbuloqda nima bor? — Hayolidan oʻtkazdi Abdulla suq bilan atrofiga qarar ekan. — Mana hayot, joʻshqin, goʻzal hayot. Gulchehraning rozi boʻlgani yaxshi boʻldi. U shaharda boʻlishi kerak, chang-tuprokda nima qiladi? Mana shu koʻchalarda ikkalovi kechqurunlari aylanishadi, shu salqin bogʻ ichida sayr qilishadi, raqs tushishadi. Xiyobondagi gullarga koʻmilib yotgan skameykalarda oʻtirib Hayol surishadi. Bunga nima yetsin? Albatta ikkalovi birga ketganida-ku, juda yaxshi boʻlardi. Biroq bu mumkin emas, Gulchehra shu yerning oʻziga kelishga ham zoʻrgʻa rozi boʻldi».

Abdulla yuragini nimadir tirnab ketganini sezdi. Bundan choʻchib, hech narsani oʻylamaslikka qaror qildi va shoshib oʻrtogʻidan soʻradi:
— Bolalar qani?!
— Hov ana, kelishyapti, — dedi Rustam xiyobonni koʻrsatib. — Yur, oʻsha yoqqa. Bu yerda odam koʻp.

Ular koʻchani kesib oʻtishdi. Xiyobon ichidagi yoʻlkadan ular tengi yigitlar nimanidir bahslashib kelishardi.
— Oʻ, keldingmi? — dedi jingalak soch bir yigit Abdullaga qoʻl choʻzib. — Biz, qishloqda qolib ketdingmi deb qoʻrqdik. Chimyonda maza boʻldi.
— Eshitdim, — dedi jilmayib Abdulla u bilan koʻrishar ekan. — Shamollab rosa yotib olibsanlar. — Kulgi koʻtarildi.
— Qayoqda! — e’tiroz bildirdi jingalak soch yigit. — Bitta Rustam shamolladi. Uni oʻzing bilasan-ku, birovning yoʻtaliga ham shamollab qoladi. Yana kulishdi. Aytganday, Abdulla, tanish, — dedi sap-sariq, oriq bir yigit yonidagi sherigini koʻrsatib. — Poʻlat. Leningradga ketyapti. Bu ham medalʼ olgan.
— Salom, — Abdulla uyalib qarab turgan bu jikkak, olifta kiyingan yigitga qoʻlini uzatdi. — Qaysi institutga?
— Yadrofizikaga, — dedi hozirjavoblik bilan Poʻlat. Uning ovozi mayin, xuddi qizlarnikiga oʻxshardi. — Ikki yil boʻldi ochilganiga. Dadam qarshilik qilsalar ham ketyapman.
— Yaxshi, — Abdulla havas bilan unga tikildi.
— Yaxshi boʻlganda qandoq! — gapga aralashdi Rustam. — Nima deding, Ahror? Zoʻr bu, zoʻr!
— Ha, — dedi jingalak soch yigit. — Agar men ham medalga ilinganimda, borar edim.
— Hozir ham boraver, — dedi sariqqina yigit.
— Qoʻrqaman, imtihonlari ogʻir. Yiqilib qolishim mumkin.
— Siz-chi? — soʻradi Poʻlat Abdullaga murojaat qilib. — Siz qaerga kirmoqchisiz?
— Men... — negadir oʻylanib qoldi Abdulla, keyin dedi: — Men ham shu institutga borsam kerak.
— Yoʻgʻ-e?! — deb yubordi Rustam.
— Lekin, lekin hali aniq emas, — dedi shoshib Abdulla. Uning oʻz gapi oʻzini choʻchitib yuborgan edi. — Dadam shunday deyaptilar.
— Borsangiz yaxshi boʻlardi, — dedi Poʻlat.
— Ha, albatta, — bu muloyim yigit Abdullaga yoqib qolgan edi. — Lekin bilmadim. Oʻzim SAGUni, FizMatni moʻljallab turibman.
— Qani, yigitlar! — dedi sariqqina yigit. — Hadeb oʻqishdan gapiravermanglar. Mening hiqildogʻimga keldi oʻqish. Yuringlar.
— Yuringlar, — dedi Ahror yoʻl boshlab. Yigitlar yoʻlkani toʻldirib, Sayilgoh koʻchasi tomon bitta-bitta yurib ketishdi.

«Nega bunday dedim? — Oʻylardi yoʻl-yoʻlakay Abdulla. — Maqtangim keldimi? Yoʻq, mening bunday odatim yoʻq. Yo havasim keldimi? Nahotki borishni shunchalik istasam?» Uning kayfi buzilgan edi. Koʻlda ham u deyarli gapga aralashmadi. Uziga yoqib qolgan Poʻlatning esa bir-ikkita savollarini javobsiz qoldirdi. Bir piyola oq vinoni zoʻrgʻa ichib, hammadan oddin turdi. Uyiga kelib joyiga yotar ekan, «Nima boʻlibdi?! — dedi oʻzini yupatib. — Boraman, deb aniq aytganim yoʻq-ku».

Shu fikr oʻziga ma’qul kelib, koʻngli ancha tinchidi-da, koʻp oʻtmay, uxlab qoldi.

X

Professornikiga borish kerakmi, yoʻqmi? Ertalab uygʻonganda Abdullaning miyasiga kelgan birinchi fikr shu boʻldi. Lekin qanday qarorga kelishni u bilmasdi. Bir tomondan Mingbuloqda Gulchehra bilan oʻtkazgan kunlari koʻz oldidan ketmay, bir yildan soʻng Toshkentda bundan ham yaxshi davr boshlanishini his qilib, hech qayoqqa ketishni istamas, ikkinchi tomondan otasining gaplari, kechagi jikkakkina yigitga boʻlgan havasi uni qiynoqqa solib qoʻygan edi. Lekin kecha u oʻzida bunday ikkilanishni sezmagan, ketishdan koʻra qolishga koʻproq moyil edi. Negadir bugun uning fikri uyqudan turishi bilan oʻzgarib qoldi. Bundan u battar qiynoqqa tushdi. Erinibgina kiyinib, koʻchaga chikdi. Ikki hovli naridagi ariq labida kimdir oʻzini oftobga solib oʻtirardi. Abdulla uni darrov tanidi va oʻsha tomonga yurdi.
— Ha, oʻtiribsanmi? — dedi u uning yoniga borib oʻtirarkan.
— Qariganimda ham shu odatim qolmasa kerak, — dedi Rustam esnab.
— Ertalabki oftob yaxshi.
— Abdulla... — dedi Rustam.
— Hm...
— Rostdan ketmoqchimisan?
— Qaydam?
— Sening oʻrningda boʻlsam, uchardim.
— Xali ham kech emas, uch.

Ahror kecha toʻgʻri aytdi, imtihonlari ogʻir boʻladi. Innaykeyin, dadam yubormaydi. Seni oʻzlari bor deb turishibdi. Imtihonlarni topshirmaysan.
—Lekin...
—Nima lekin? Buning lekini bormi? Joʻnayver. Kirmasang, keyin achinasan. Umr boʻyi achinib oʻtasan.

«Balki toʻgʻridir, — Oʻyladi Abdulla. — Bu yerda qolib, ishim yurishmay qolsa, shunday boʻladi. Keyin, Poʻlatpi koʻrganimda, shunday boʻladi. Mening undan nimam kam?» Bu fikr uning koʻz oldiga otasini keltirdi. Ilgari u qanday edi?! Husanxon akalar uning oldida ikki bukilib yurardi. Endi-chi? Endi ular kelib koʻrishni istamaydilar. Hammasi otasining mansabi pasayib ketganligida. U boshqacha yashaydi Uning hayoti baland-past boʻlishi kerak emas, Toʻgʻri boʻlishi kerak, yil oʻtgan sari pogʻonama-pogʻona koʻtarilib borishi kerak. Leningradda oʻqib kelsa shupday boʻlishi mumkin. U yo Poʻlat bilan teng boʻlishi, yo undan baland boʻlishi kerak. Boshqachasi toʻgʻri kelmaydi. Biroq, biroq... Shu biroq, Gulchehraga bergan va’dasi uni chuqur oʻylatib qoʻygan edi. Professor bilan gaplashib kelsa-chi? Buning nimasi yomon? Gaplashadi, xolos!

Bu fikr unga ma’qul tushib, dik etib Rustamning oldidan turdi.
— Ha, qayoqqa?
— Ishim bor.

Professorning uyini u qiyinchiliksiz topdi. Bu Toshkentning eng sokin, jimjit Xorazm koʻchasidagi yaxlit oynali bejirim uylardan biri edi. Siri koʻchmagan zangori darvozadagi raqamga koʻzi tushishi bilan Abdullani hayajon bosdi. Boʻshashgan qoʻlini choʻzib ehtiyotlik bilan qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Hech kim chiqmadi. Abdulla ichida hursand boʻlib qoʻydi. Lekin ketmadi. Darvoza tirqishidan hovliga qaradi. Shunday darvoza orqasida kungaboqardek katta qizil kartoshka guldan boshqa narsa koʻziga koʻrinmadi. Yana qoʻlini choʻzib qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Shu payt:
— Kto tam? — degan ayol kishining ovozi eshitildi.

Abdulla nima deyishini bilmay, eshikni bir-ikki taqillatib qoʻydi. Yengil tufli poshnalari taq-tuq qilib darvozaga yaqinlashdi-da, keyin gʻirchillab eshik ochildi va Abdullaning oldida chiroyli oyoqlariga yopishib turgan koʻk shim, yengsiz sariq kofta kiygan nozik bir qiz paydo boʻldi. Kichkina bejirim boshida tarang qilib tortilib, ingichka sariq lenta bilan bogʻlangan jigarrang sochlarining uchi chap qulogʻi orqasida joʻhori popugidek osilib turardi. Abdulla uning qirra burni, mayda tuklari bilinar-bilinmas qorayib turgan yuqorigi labi ustida ter tomchilarini va qoʻlidagi hoʻl lattani koʻrib, ish qilayotganligini payqadi. Qiz unga koʻrinishi bilan lattani yashirgan boʻlib, qoʻlini orqasiga berkitdi.
— Salom, — dedi Abdulla uning tutash qoshlari ostidagi qoʻy koʻzlariga tikilib.
— Zdravstvuyte, — qiz savol nazari bilan unga qaradi.

«Chiroyli ekan», — Oʻyladi Abdulla undan koʻz uzolmay, lekin koʻp tikilishga uyaldi.
— Menga Tursun amakim kerak edilar. Uydamilar?
— Ha, — dedi qiz. U bu soʻzni xuddi oʻzbek tilini yangi oʻrgangan odamdek ogʻzini toʻldirib aytdi. — Zaxodite.
— Spasibo, — deb yubordi beixtiyor Abdulla, lekin oʻsha zahotiyoq qoʻpol chiqqanini sezib, uyalib ketdi. — Shu yerda... shu yerda turaman.
— Net, net, zaxodite.

Qiz eshikni kattaroq ochib, uning kirishini kutmay, toʻrdagi baland zinali dahliz tomon yoʻl oldi. Bogʻichi boylanmagan sandali yana yengil taq-tuq, taq-tuq qila boshladi.
— Papa!

Qiz dahlizga koʻtarilib, oyoqlarini silkitib sandalini zinapoyaga tashladi-da, oyoq yalang ichkari xonaga kirib ketdi. Abdulla zina yoniga borib toʻxtadi va hovliga razm soldi. Hovli juda salqin, turli-tuman gullar bilan toʻla edi. Hovlining oʻrtasida, baland olmalar tagida pastak shiypon boʻlib, pechak gullar zangori ustunlarga chirmashib, tomgacha chiqib ketgan edi.
— Chto vi tam stoite? Zaxodite, — dedi qiz chiqib.

Abdulla uning kichkina, oppoq oyoqlariga koʻz qirini tashlab, dahlizga koʻtarildi. Tuflisini yechmoqchi boʻlganda:
— Chto vi, ne nado! — dedi qiz va oyogʻi tagiga qoʻlidagi lattani tashladi. — Vitrite i vsyo.

Abdulla lattaga yaxshilab tuflisini artib, qizning ketidan ichkariga kirdi. Bu kenggina zal boʻlib, toʻrda katta dumaloq stol bor edi. Pastda esa kichkina uzunchoq stolning ikki tomonida ikkita yumshoq, kreslo turardi. Qiz ulardan bittasini surib, Abdullaga ishora qildi.
— Saditesʼ. Papa skoro viydet!

Abdulla kresloga omonatgina oʻtirdi. U gʻalati axvolga tushib qolgan edi. Bunday uyni birinchi koʻrishi, bunday kresloda birinchi oʻtirishi! Qanday yaxshi! Hamma professorlar shunday yasharmikin? Qizi shumi? Juda gʻalati ekan. Abdulla havas va hayajon bilan xonaga bir-ikki qarab chiqib, qizni koʻrib qoldi. U shunday eshikning toʻgʻrisida dahliz tokchasiga chiqib, deraza oynasini artardi. Abdulla beixtiyor unga tikilib qoldi. Qiz lattali qoʻlini har koʻtarganda, koftasi tagidan shimi tarang tortib turgan ingichka oppoq beli silkinardi. Bu hol uzoq davom etdi. Bir mahal qiz Abdullaning qarab turganini sezdi shekilli, qoʻlini tushirib, koftasini shimiga qistirdi.
— Papa! Nu xvatitʼ! Chelovek jdyot! — qichqirdi u nihoyat lablarini choʻchchaytirib.

Abdulla uyalib koʻzini chetga oldi. «Yaxshi qilmadim, — Oʻyladi u. — Demak, qizi shu ekan-da? Nahotki Leningradga borsa?» U xuddi oʻzi ketayotgandek, bunga ishonisi kelmadi, ayni vaqtda uning borishini istardi.

Koʻp oʻtmay ichkari xonadan professor chiqdi. Abdulla oʻrnidan turdi.
— Kuttirib qoʻydimmi? — dedi Tursunali aka unga koʻl uzatib. — Salom.
— Salom, — dedi Abdulla jilmayib.
— Ertalab jindak ishlaydigan odatim bor. Kechiring, Abdullajon.

U xushmuomalaligi bilanmi, nimasi bilandir Abdullaga birpasda yoqib qoldi.
— Hechqisi yoʻq, — dedi shoshib va professordan soʻng kresloga oʻtirdi,
— Aytganday, oltin medalʼ bilan tabriklayman, — dedi professor. — Eshitib, juda hursand boʻldim. Yaxshi, juda yaxshi!
— Rahmat, — Abdulla jilmayib boshini egdi.
— Sayyora, — chaqirdi professor kimnidir. Boyagi qiz kirdi. Endi u xuddi shimining rangida yumshoq chuvak kiyib olgan edi.
— Chto papa?
— Tanish, — dedi professor, — Gʻafurjon akaning oʻgʻli. Aytgan edim senga. Abdulla oʻrnidan turib qizga qoʻlini uzatdi.
— Abdulla.
— Maktabni oltin medalʼ bilan bitirgan! — qoʻshib qoʻydi professor gʻurur bilan.
— Pozdravlyayu, — dedi qiz jilmayib. Uning tishlari guruchdek oppoq edi.
— Oʻzbekcha gapirsang-chi! — dedi professor uni urishgan boʻlib.
— Ti je znaeshʼ, kakoy u menya govor! — dedi qiz lablarini choʻchchaytirib. — Chay postavitʼ?

Abdulla nima deyishini bilmay qoldi. U qishloqdan qaytib kelganidan keyin na dadasi, na onasi bilan bu hakda gaplashgan edi. Mingbuloqqa joʻnayotganida bir professor kelib turganidan xabardor edi. Buni ayasi aytib bergan edi. Shu professorning gapi esiga tushdi.
— Qon bosimi ikki yuzdan tushmayapti. Lekin tuzalib ketasiz, deyishyapti. Goʻsht yemaydilar. Tuzli hech narsa ichmaydilar. Bir-ikki kun ishga chiquvdilar, qiynalib qoldilar.
— Ishga chiqmaganlari ma’qul. Hozir oʻzlariga yaxshi qaramasalar, keyin qiyin boʻladi.
— Men ham xuddi shunday deyman nuqul, — dedi Abdulla va qizarib ketdi. U sira shunday demagan edi. Aksincha, otasi uyda yoʻq boʻlsa, negadir sevinardi. «Nega shunday demaganman?» achinib Hayolidan oʻtkazdi Abdulla. «Shunday odam gapirganida, men ham aytishim mumkin edi...».
— Bizda oʻzi koʻpincha shunday, — dedi Tursunali aka oʻylanib. — Yaxshi odamlar tez kasalga chalinadi. Yomon odamlar, aksincha — ularga balo ham urmaydi.
— Ha, — dedi Abdulla, lekin Tursunali akaning bu gapi bilan nima demoqchi ekaniga tushunmadi.
— Papa! Vsyo gotovo! — dedi Sayyora kulib. Abdulla uning xipcha beliga bogʻlangan noʻxat gulli fartugʻiga havas bilan qarab qoʻydi. Buni Sayyora ham sezdi shekilli, unga jilmayib tikildi-da, fartugʻining etagi bilan un yuqqan qoʻllarini artdi. — Nu, idyomte!
— Qani, yuring, — dedi Tursunali aka oʻrnidan turib. — Bizning qizni choyidan ichaylik. Ja yaxshi damlaydi-da! A, qizim?
— Nu, pryam uj! — dedi Sayyora erkalanib va hammadan oldin hovliga yoʻl oldi.

Ular shiyponga chiqib oʻtirishdi. Oʻrtadagi kichkina dumaloq stol usti noz-ne’matga toʻlib ketgan edi. Katta guldor vazada shaftoli, uzum, oltindek anjir, alohida taqsimchada Samarqand danagi... Sariyogʻ, qazi shunday ustalik bilan parrak qilib toʻgʻralgan ediki, biron joyida pichoq tirnab ketgan gʻadiri koʻrinmasdi. Abdulla nonushtaga qoʻyilgan bu nozu ne’matlarning koʻpligi, xilma-xilligidan ham koʻra, ularning nozik did va tartib bilan qoʻyilganligiga hayron boʻlib qolgan edi.

Sayyora katta xitoyi choynakda choy olib kelib Abdullaning qarshisiga oʻtirdi-da, non ushatdi.
— Ana, aytmadimmi? — dedi Tursunali aka jilmayib.

Abdulla Sayyora uzatgan piyolaga qarab boshini qimirlatdi. Pamil choy qip-qizil rang olib, ajoyib hid taratib turardi.
— Xvastun! — dedi Sayyora koʻz qirini Abdullaga tashlab.
— Rosti-da, nima dedingiz, Abdulla?
— Yaxshi choy boʻlibdi. — Abdulla yer ostidan qizga qarab qoʻydi.
— Papa! — dedi sekin Abdullaga qarab Sayyora. — On da?

Tursunali aka koʻzini qisib qoʻydi-da, kulib soʻradi:
— Yoqdimi?

Sayyora qip-qizarib ketdi. Keyin choy qoshiq bilan dadasining peshanasiga urdi.
— Ya prosto sprashivayu.

Tursunali aka kulgidan oʻzini tiyolmay gapirdi:
— Nega qizarib ketding boʻlmasa?
— Prosto, jarko! I vsyo!
— Bilaman nega jarko.
— Papa!
— Boʻpti-boʻpti.

Hech narsaga tushunmagan Abdulla piyolasiga termilib oʻtirar ekan: «Nahotki birga oʻqisak, yaxshi qiz ekan», deb oʻylardi.
— Dadangiz aytdilarmi? Men siz haqingizda gaplashgan edim, — dedi bir mahal jiddiy tarzda Tursunali aka unga murojaat qilib.

Abdulla boshini koʻtardi.
— Men ishlayotgan institut yaqinda tashkil boʻldi, — gapida davom etdi Tursunali aka. — Bu qiziqarli, juda kerakli institut. Eshitgan boʻlsangiz kerak, hozir yadro fizikasi haqida koʻp gaplar boʻlyapti. Atom reaktorlari qurilyapti. Xullas, bu fan hozir eng zarur va kelajagi porloq fanlardan boʻlib qoldi. Bir-ikki yildan soʻng Oʻzbekistonda ham koʻpgina atom inshootlari quriladi. Matematikaga havasingiz baland ekan, shuning uchun va dadangizni hurmat qilganimdan sizga shu taklifni qilyapman. Agar xohishingiz boʻlsa, borganingiz ma’qul. Mana, Sayyora ketyapti.

Abdulla yalt etib choy qoshiqni oʻynab oʻtirgan Sayyoraga qarab qoʻydi-da:
— Rahmat, — dedi sekin. — Dadamlar aytuvdilar.
— Barakalla. Harholda yomon boʻlmaydi. Bundan tashqari, mustaqil hayotga ham oʻrganish kerak.
— A mojet on ne xochet? — dedi gapga aralashib Sayyora.
— Bilmadim, — dedi Tursunali aka. — Oʻylab koʻring. Uyingizdagilar bilan maslahatlashing. Lekin tez hal qilish kerak, talabgorlar koʻp.
— Xoʻp, — dedi Abdulla boshini irgʻatib.
— Qachon aytasiz? Shu bir-ikki kunda hal qiling. Men hamma boradiganlarning hujjatlarini yigʻib, joʻnatishim kerak.

Abdulla yana boshini qimirlatdi. Tursunali aka, gap tamom degandek, oʻrnidan turdi.

Eshik tagida Sayyora jilmayib Abdullaga qoʻlini uzatdi.
— Xayr.
— Xayr, — dedi shoshib Abdulla va qizning kichkina qoʻlini mahkam qisib qoʻydi.

Eshik gʻichirlab orqasidan yopilganda Abdulla ogʻir xoʻrsindi. U shu uyga kelganidan, shunday samimiy odamlar bilan uchrashganidan hursand edi. «Nahotki endi ular bilan birga boʻlsam, birga oʻqisam?» U yuzlarida tabassum oʻynab, oʻziga bu savollarni berar ekan, ular savolmi yo aniqlashayotgan qarormi, bilolmasdi. Lekin bir narsa, shu uyga kelishi, uning fikrlarini va oldingi rejalarini oʻzgartib turganligi aniq edi. «Xayr!» Nega u birdan shunday dedi. Ruscha hayrlashmadi? Lekin juda shirin chikdi: «Xayr...» Abdulla shuni oʻylar ekan, Sayyora, bu qiyiq koʻz, quvnoq qiz koʻz oldidan ketmasdi.
— Oʻgʻlim, — dedi uyga kelganda Gʻafurjon aka uni chaqirib. — Tursunali akang bilan qachon uchrashasan? Borib kelsang boʻlardi.
— Uchrashdim, — dedi Abdulla dadasining yoniga oʻtirib.
— Uchrashdim? — sevinib ketdi Gʻafurjon aka. — Qachon?
— Hozir oʻsha yerdan kelyapman.
— Tushuntirdimi hammasini?
— Ha, borsangiz yaxshi boʻladi, dedilar.
— Ana, aytmadimmi? Bu odam bizga yomon narsani ravo koʻrmaydi. Nima deding?
— Hali hech narsa deganim yoʻk,. Oʻzlari ham soʻramadilar. Oʻylab keling, uyingizdagilar bilan maslahatlashing, dedilar.
— Juda yaxshi, rahmat. Shunday tanishimiz bor ekan, bilmas ekanmiz-a?! Xoʻsh, nima qarorga kelding? Borasanmi?

Abdulla nima deyishini bilmay, oʻylanib qoldi. Dadasi tagidagi koʻrpacha zihini gʻijimlab birpas jim turdi-da, keyin dedi:
— Borsang yaxshi boʻlar?..

Ularning gapiga quloq solib vodoprovod tagida idish yuvib oʻtirgan Shahodat opa boʻshashib ketdi, qoʻlidagi taqsimcha shalop etib togʻaraga tushdi.

XI

Sayyora Abdullachalik hayajonga tushmagan edi. U hali maktabni tutatmasdanoq Leningradga borishini va otasi huzurida yashab, u dars berayotgan institutda oʻqishini bilardi. Onasi ham bunga rozi edi. Lekin u yolgʻiz qizining toʻrt yil olis shaharda yolgʻiz qolib ketishidan ozgina choʻchirdi. Gap shundaki, Tursunali aka bu institut bilan toʻrt yil ishlashga kelishgan, qizi birinchi kursni tamomlashi bilan u yana oʻzining eski ishiga, Toshkentga qaytishi lozim edi. U ham Sayyoraning bironta tanishroq odam bilan birga ketishini istardi. Shuning uchun Gʻafurjon akanikidan u hursand boʻlib qaytgan edi. «Otasi yaxshi odam, oʻgʻli ham yaxshi boʻlishi kerak», oʻylardi u. Abdullani koʻrib u xotirjam boʻldi. Kamgap, ogʻir tabiatli. U Sayyoraga yaxshi oʻrtoq boʻlib qolishi mumkin. Buning ustiga yaxshi oʻqigan. Institutda ham qiziga koʻmagi tegishi turgan gap. Borsa, yaxshi boʻlardi. Lekin u faqat qizi uchungina Abdullaning u yoqqa borishini istamasdi. Institutning kelajagi va ahamiyatini yaxshi bilgani sababli yoshligida uni qoʻllab-qoʻltiqlagan odamga jindak boʻlsa ham foydasi tegishini oʻylab, u shu taklifni qilgan edi. Qiziga yoʻldosh topish uning uchun ikkinchi darajali masala edi. Shuning uchun ham Abdulla ketishi bilan qizining: «Neujeli iz-za menya xocheshʼ yego zastavitʼ poexatʼ?» — degan savoliga:
— Yoʻq, faqat sen uchun emas, — deb javob berdi. — Faqat sen uchun emas. Kichkina emassan, bemalol yashab ketasan. Unga yaxshilik qilgim keldi. Uning otasi yaxshi odam.
— Mojet bit' on ne xochet?
— Bu boshqa gap. Bormasa bormas, lekin institutning qandayligini bila turib, maslahat bermaslik yaxshi emas. Nima deding?

Sayyora yelkasini qisdi. Unga Abdulla boradimi-yoʻqmi, baribir edi. Uni birinchi marta koʻrishi, birinchi marta u bilan gaplashishi... Bormasa, achinmaydi. Borsa, yomon ham boʻlmaydi. Unga Abdullaning faqat jilmayishi yoqdi. Oʻ taniydigan yigitlarning ichida hech qaysisi shunaqa jilmaymaydi. Tishlari ham yomonmas, oppoq, tekis...

Sayyora Abdullani koʻz oldiga keltirishga harakat qildi. Lekin jilmayishi va ruschalab rahmat deganidan boshqa hech narsani eslay olmadi. Ruscha yaxshi gapirmasa kerak? Bu, albatta, tushunarli, oʻzbek maktabini tamomlagan. Agar qiynalsa, Sayyora yordam berishi mumkin. Tansa tushishga ham oʻrgatadi, hozir raqs tushishni bilmaslik uyat. Koʻpgina oʻzbek yigit-qizlari esa bilishmaydi. Nega bunday? Tansa axir yaxshi-ku? Sayyora oʻz xonasiga kirib radiolani qoʻydi. Mayin musiqa ohangi uyni toʻldira boshladi. Bu Sayyoraning eng yaxshi koʻrgan kuyi — «Dunay toʻlqinlari» edi. Sayyora bir zum tebranib uni tinglab turdi-da, keyin qachonlardir otasi sovgʻa qilgan va hali ham oʻzi bilan birga olib yotadigan katta ayiq qoʻgʻirchoqni quchoqlab, xonani aylana ketdi.
— Tansa tushasizmi?

Ertasi kuni kechqurun Abdulla kelganda uning bergan birinchi savoli shu boʻldi. Abdulla qizarib ketdi.
— Oz-moz. Lekin men... men...
— Keyin, yuring.

Sayyora uni qoʻllaridan sudrab uyga olib kirib ketdi.
— Hech kim yoʻq. Hammalari mehmonga ketishgan. A mne odnoy skuchno.

Sayyora shunday deb uyning oʻrtasida turgan stolni chetga torta boshladi. Lekin kuchi yetmadi va qoshlarini chimirib Abdullaga tikildi. Abdulla kutilmaganda yuz bergan bu yaqinlik va samimiyliqdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Shuning uchun qizning nima demoqchi ekanligiga darhol tushunmay jilmaydi.
— Pomogite-je! — dedi Sayyora.
— Kechirasiz...

Abdulla otilib stolga yopishdi. Sayyora plastinka qoʻydi-da, uning yoniga keldi.
— Tango.

Abdulla buni yaxshi bilardi. Lekin shunday boʻlsa ham, u bilan raqs tushishga choʻchirdi. Butun qiyofasi, oʻzini erkin tutishi, erkin gaplashishi bilan Sayyora shu paytgacha Abdulla koʻrgan, bilgan qizlarga oʻxshamasdi. Buning ustiga hali salomlashmasdan begona yigitni raqsga taklif qilishi uning ancha bilagʻon, raqsga ustaligini koʻrsatib turardi.

Abdulla tortinib uning belidan ushladi va birinchi qadam qoʻyishi bilan Sayyora yigit quchogʻida suzib ketdi.
— Usta ekansiz, — dedi Abdulla hayrat bilan.
— Bu juda oson. Siz ham yaxshisiz, — dedi Sayyora salmoqlab.

Uning oʻzbekcha javob berishi Abdullani hayajonga soldi.
— Yaxshi gapirar ekansiz-ku?!
— Esimga solishmasa, — dedi Sayyora unga boshini koʻtarib qarar ekan. — Papam kuladilar. Shunga ular bilan gaplashgim kelmaydi.
— Oyingiz bilan yaxshi gaplashasizmi?
— Oyim bilan, qoʻshnilar bilan.
— Koʻproq mashq qilsangiz, bundan ham yaxshi gapiradigan boʻlib ketasiz.
— Toʻgʻri, lekin oʻrtoqlarim hammasi ruscha gapirishadi. Siz-chi, siz ruschani yaxshi bilasizmi?
— Yoʻq, deyarli bilmayman.
— Agar men bilan birga borsangiz sizni ruschaga oʻrgataman. Borasizmi?
— Boraman. Dadangizga shuni aytgani keluvdim.
— U yerda yaxshi boʻladi.

Sayyora bu gapni shunday xotirjamlik bilan aytdiki, Abdulla uning hursand boʻlgan-boʻlmaganligini bilolmadi, negadir avji pasayib ketdi. Hatto bir-ikki adashib, uning oyogʻini bosib oldi.
— Kechirasiz, — dedi qizarib.
— Nichego, — dedi Sayyora. — Oʻzbek maktablarida tansani kam oʻrgatishadi. Nega, bilmayman.
— Ha, — Abdulla bu qizning oldida shuncha bilganlari uch pul ekaniga tushundi va shu paytgacha oʻzicha faxrlanib yurganidan uyalib ketdi.
— Lekin siz yaxshisiz.
— Qayoqda? Bilsam, oyogʻingizni bosib olarmidim? —Ogʻriyaptimi?
— Yoʻq, bosilib qoldi. Fokstrotni bilasizmi?
— Yoʻq, eshitganman.
— Moskvada nuqul fokstrot tushishadi. Menda bitta plastinka bor. Qoʻyaymi?

Abdulla mayli degandek boshini qimirlatdi. Sayyora, uning quchogʻidan chiqib, radiolani toʻxtatdi va stol oʻtdida betartib yotgan plastinkalarni tita boshladi.
— Qayoqda edi?

Abdulla eshikka suyanib unga tikilib qoldi. Shubhasiz, Sayyora uni qiziqtirib qoʻygan edi. Uning nozikligi, shu bilan birga epchil harakatlari, ochiqligi, xuddi otasidek xushmuomalaligi uni Abdulla bilan boshqa qizlardan ajratib, har tomonlama ulardan yuqoriligipi koʻrsatib turardi. Faqat Gulchehra bu solishtirmadan mustasno, butunlay boshqacha qiz. U hech kimga oʻhshamaydi. Albatta, u Sayyoraga oʻxshagan ochiq emas, valʼsni yaxshi bilmaydi. Shunga qaramay, Gulchehra boshqa olam. Qanday yaxshi u bilan tanishgani! Ketgunicha albatta u bilan uchrashadi. Mingbuloqqa boradi. Tushuntiradi, oʻsha yoqda oʻqisa yomonmi? Innaykeyin, ikkalovi ham institutni bitirishlari kerak. Ungacha hech qanday jiddiy oʻzgarish boʻlishi mumkin emas. Buning ustiga Gulchehra bir yildan keyin keladimi Toshkentga, kelmaydimi, noma’lum. Gulchehraning oʻzi ham buni bilmaydi. Kelmaganda ham Abdulla u bilan aloqasini uzmasdi. Shunday ekan, ikkaloviga ham baribir. Lekin ta’til paytida ular albatta uchrashib turishadi. Sayyora unga kim boʻlibdi? U yaxshi bir odam. Oʻzi bilan birga ketyapti. Birga oʻqishadi. Tamom, boshqa hech narsa yoʻq oralarida. Boʻlishi ham mumkin emas. Birinchidan, u Gulchehrani yaxshi koʻradi. Ikkinchidan, Sayyoraning yigiti boʻlishi mumkin. Boʻlmaganda ham unga Abdulla yoqmaydi. Yoqsa, uning borish-bormasligiga shunday farqsiz qararmidi?
— Mana! — dedi Sayyora nihoyat bitta plastinkani koʻtarib.

Abdullaning Hayoli boʻlindi.
— Juda yaxshi fokstrot. Eshiting.

Sayyora plastinkani qoʻyib, xonaning oʻrtasiga keldi. Yengil, shoʻx kuy yangray boshladi.
— Yaxshimi?

Abdulla hamon joyidan qoʻzgʻalmay turardi.
— Keling, tushamiz.
— Yoʻq, — dedi jilmayib Abdulla. — Bilmayman.
— Valʼsdan oson bu. Qarang.

Sayyora shunday deb, qoʻllarini ikki yoniga koʻtardi va musiqa ohangiga mos harakat qila boshladi. Uning kichkina oyoklari juda yengil koʻchar, ingichka beli yupqa shohi koftasi tagida chiroyli silkinardi. Abdulla qandaydir kechada fokstrot tushishganini koʻrgan edi. Lekin oʻshanda bu raqs unga yoqmagan edi. Hozir esa u Sayyoraning epchil, yengil harakatlarini kuzatar ekan, fokstrotning ham juda yaxshi kuyligiga ishondi va eshik tagiga stul qoʻyib oʻtirdi-da, beixtiyor qarsak chala boshladi. Sayyora plastinka jim boʻlganda toʻxtadi va ogʻzini toʻldirib uh tortdi.
— Charchadim.

Keyin u valʼs qoʻydi. Yana ikkalovi bir-birini quchoqlab aylana ketishdi. Valʼsdan keyin tango, yana valʼs, fokstrot... Abdulla oʻzida yoʻq hursand edi. Unga bu uydagi hamma narsa va hamma ma’qul tushgan, shu oila bilan, Sayyora bilan tanishib qolganidan mamnun edi.
— Meni yengiltak deb oʻylamayapsizmi? — soʻradi bir mahal Sayyora yangi bir valʼs tugay deb qolganda.
— Yoʻq, mutlaqo, — dedi Abdulla hozirjavoblik bilan. — Siz bilan tanishganimdan juda hursandman.
— Men ham. Tansani yaxshi koʻraman. Biron ish qilayotganimda ham radioni qoʻyib qoʻyaman.

Sayyora Abdullaga qarab jilmaydi.
— Bir vaqti men konservatoriyaga ham kirmoqchi boʻlgan edim. Keyin aynadim. Fizika meni koʻproq qiziqtiradi.
— Sirtdan oʻqisangiz-chi?
— Tiss! — dedi Sayyora barmogʻini labiga qoʻyib. — Boshlandi.

Ular jim boʻlib qolishdi. Tito Gobbi kuylardi. Abdulla tushunmasa ham, xuddi Sayyoradek berilib quloq soldi. Ariya tamom boʻlganda esa, uning hayol surib ketganini koʻrdi. Nimalarni oʻylayotganini soʻramoqchi boʻlib, ogʻiz juftlaganda, Sayyoraning oʻzi unga murojaat qildi.
— Yoqdimi? - Ha.
— Juda yaxshi ariya bu. Keyin, bu ariyani hech kim Tito Gobbidek aytolgan emas. Bizda esa bunaqa ovoz yoʻq, bunaqa opera ham yoʻq. Sayyora xoʻrsindi.
— Achinyapsizmi?
— Siz achinmaysizmi? Katta-katta olimlarimiz bor, vrachlarimiz bor. Yaxshi ashulachilarimiz yoʻq. Bitta Halima opa. Boshqa kim bor?

Abdulla javob bermadi, lekin u havas bilan Sayyoraga tikilib qolgan edi. Kecha uni yengiltak qiz boʻlsa kerak, deb oʻylagan edi. Juda serfikr, aqlli qiz ekan u. Abdulla shunday oʻyladi-yu, beixtiyor oʻzini va oʻzi bilgan odamlarni u bilan solishtirdi. Bu solishtirish Sayyorani yanada balandga koʻtarib yubordi. «Biz hech narsa bilmaymiz. Men-chi, men esa, darslikdan boshqa hech narsani bilmayman», — alam bilan Hayolidan oʻtkazdi u va:
— «Gulsara»-chi? — dedi biron narsa deyish uchun, — menimcha, «Gulsara» yaxshi opera.
— Bitta shu-da. Bizda boshqa opera yoʻq. Abdulla jilmaydi. Sayyoraning gapiga emas, fikri toʻgʻri chiqqaniga va qizning unga qoʻshilganiga mamnun boʻlib jilmaydi. Buni Sayyora oʻzicha tushunib, gapida davom etdi:
— Rost-da. «Gulsara»dan keyin hech narsa paydo boʻlmadi. Yangi ovoz ham kelmadi. Ba’zan odam uyalib ketadi... keyin...

«Qiziq, nimalarni oʻqir ekan?» — Oʻylardi shu topda Abdulla undan koʻz uzmay. «Agar adabiyotdan gap ochilib qolsa, unda nima boʻladi? Axir men juda kam narsa oʻqiganman-ku!».
— Sayyora, kutubxonangiz bormi? — soʻradi u toʻsatdan uning gapini boʻlib.
— Bor. Nima edi?
— Koʻrsam boʻladimi?
— Mayli.

Sayyora uni qoʻshni xonaga olib kirdi. Devorlarning hammasi kitob javonlari edi. Abdulla angrayib qoldi.
— Katta ekan...
— Koʻpi ilmiy kitoblar. Badiiy asarlar kam. Faqat yaxshi koʻradiganlarim.

Abdulla bu gapni eshitib, badiiy kitoblar javoni yoniga bordi. «Koʻp oʻqir ekan, — Hayolidan oʻtdi uning. — Oʻqisang, shunday oʻqisang-da!».

U chiroyli qilib terilgan kitoblarni birma-bir koʻzdan kechira boshladi: Tolstoy, Dostoevskiy, Pushkin, Zolya, Merime... Yana qanchadan-qancha u eshitmagan, bilmagan nomlar.
— Shularning hamasini oʻqiganmisiz? — soʻradi u joʻrttaga oʻzini beparvoroq tutib.
— Ha, hozir Xemingueyni oʻqiyapman. Oʻqiganmisiz?
— Oz-moz, — dedi Abdulla va gapini burdi: — Ba’zi kitoblarni olib tursam, maylimi?
— Mayli, lekin...

Shu payt qoʻngʻiroq chalindi.
— Kelishdi, — dedi Sayyora va yugurib tashqariga chiqib ketdi.

«Yoʻq, men ham shularni oʻqishim kerak. Nega u oʻqiydi-yu, men oʻqimayman?» — Oʻyladi Abdulla. — «U nima bilsa, men ham shuni bilishim kerak. Hatto undan koʻp bilishim kerak».
— Papa! — eshitildi uning qulogʻiga Sayyoraning ovozi. — On zdesʼ!
— Kim?
— Abdulla. On poedet.
— Juda yaxshi, — dedi Tursupali aka.
— Choy qoʻydingmi? — dedi ayol kishi. «Oyisi boʻlsa kerak?» — Oʻyladi Abdulla.
— Oy! Zabila!
— Esing qursin. Senga tansa boʻlsa. Darrov qoʻyib yubor!

Abdulla dahlizga chiqdi.
— Assalomu alaykum.
— O, salom, Abdulla, salom. Keldingizmi? Tursunali aka Abdulla bilan koʻrishib, xotiniga oʻgirildi.
— Shu yigit-da, Gʻafurjon akamning oʻgʻli, Sanobar.
— Yaxshimisiz, ukam? Boradigan boʻldingizmi ishqilib?
— Ha, uydagilar ham shunday deyishdi.
— Juda yaxshi boʻlibdi-da. Sayyora tushmagur sizni och olib oʻtiribdi-da!
— Qornim toʻq. — Abdulla jilmaydi. — Endi ketmoqchi boʻlib turuvdim.
— Qayoqqa ketasiz? — dedi Tursunali aka. — Endi biz bilan birpas oʻtirasiz. Yo xavotir olishadimi?
— Yoʻq, — dedi Abdulla, — aytib kelganman.
— Boʻlmasam, boʻpti. Qani, ichkariga kiring.

Oʻsha kuni Abdulla allamahalda qaytdi. Ular ancha vaqt gaplashib oʻtirishdi. Abdulla kechagidek tortinmadi. Tursunali akalar uyidagi ochiqlik, samimiylik, hazil-mutoyiba gaplar, bir-biriga boʻlgan sodda munosabat uni oʻziga tortib olgan va u oʻzini mehmon emas, shu oilaning yaqin bir kishisidek his qila boshlagan edi. Gap orasida Tursunali aka uning attestatini oldi, institutga ariza yozdirdi. Abdulla bir oydan keyin — yigirmanchi avgustlarda joʻnaydi. U esa vaqtli ketadi, oʻn kundan soʻng Tursunali aka institutda boʻlishi kerak. Sayyora ham ketadi u bilan birga.
— Tagʻin aynab qolmaysizmi? — soʻradi koʻchaga chiqishganda Sayyora.
— Yoʻgʻ-e, — dedi kulib Abdulla. — Aynab endi qayoqqa borardim. Attestatim dadangizda?..

Sayyora ham kuldi va qoʻlini uzatayotib, dedi:
— Ertaga kelasizmi?
— Kelaymi?
— Kelsangiz, kinoga borardik. Yangi filʼm ketyapti.
— Nima ekan?
— «Lyubimie napitki». Djinni Lolobridjida oʻynaydi.
— E!.. — dedi Abdulla. — Boʻpti.

U shod edi, jimjit koʻchadan uyiga qaytar ekan, bir nimalarnidir xirgoyi qilar, Toshkentni soʻnggi marta koʻrayotgandek, hamma narsaga suq bilan qarardi. Hamma narsa unga goʻzal, hamma narsa — mashinalarning seryogʻdoʻ chiroqlari, derazalardagi xilma-xil pardalar, hatto oydan oʻn ikki qarichcha narida charaqlab turgan uning yulduzi ham kulib boqayotgandek, unga oq yoʻl tilayotgandek edi. Faqat Gulchehraning yulduzi koʻrinmasdi. U qaerda edi? Abdullani bir daqiqa tashvish bosdi, lekin Gulchehraga hali yulduz topolmaganini eslab, koʻngli yorishdi. Qaysi birini tanlasam ekan? U yana osmonga tikildi. Miltillab turgan yulduzlarning hammasi juda olisda va juda kichkina edi. Qancha tikilmasin, bironta ma’qulini topolmadi. Uyga kelib esa kayfi buzildi. Eshik tagidagi boloxonadagi beshikka koʻzi tushib qoldi. Beshik ham, boloxona ham unga shu topda juda yomon koʻrinib ketdi. Uylari muncha eski? Nega hech narsa yoʻq. Mabodo Sayyora kelib qolsa, nima qiladi?

Kutubxona haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin emas. Bor kitoblari tokchada yotibdi. Shuni esladi-yu, oʻzi bilan Sayyora oʻrtasidagi farqning nihoyatda kattaligini sezdi. Buning ustiga u koʻp narsalarni biladi. Lolobridjida, Gobbi, Xeminguey... Abdullaning unga yetib olishiga ancha bor. Lekin yetib olishi kerak. Yetib oladi ham! Koʻp oʻqiydi. Institutni bitirib esa, birinchi qiladigan ishi uyini tuzatadi yo yangi uy soladi. Bir xonani alohida kutubxona qiladi, bir xona, katta xona — zal, alohida oshxona... Ha, shunday qiladi.

Abdulla shu Hayollar bilan boʻlib Gulchehraning yulduzini unutdi. Ovqatini ham yemay yotdi. Unga uydagi hamma narsa — u yer-bu yeri chakka oʻtib yorilgan faner shift ham, tokchada turgan eski sariq samovar ham, xuddi boloxonadagi beshigi singari, yomon koʻrinib qolgan edi.

Ertasiga Sayyora bilan u yana uchrashdi. Indiniga ham. Kinoga borishdi. Xullas, oʻn koʻn koʻz ochib yumguncha oʻtib ketdi. Ketishidan bir kun oldin Tursunali aka ularnikiga keldi.
— Abdullajon endi bizniki, — dedi hazillashib Gʻafurjon akaga.
— Jon-dilim bilan berdim, eskicha aytganda: suyagi bizniki, eti sizniki.

Ikkalovi kulishdi. Abdulla ham ularga qoʻshildi.
— Tursunali, uka, rahmat, — dedi shunda Gʻafurjon aka koʻziga yosh olib. — Juda minnatdorman sizdan. Bor umidimiz shu oʻgʻildan. Qariganimizda qorongʻi uyimizga chiroq boʻlsin, deymiz. Ishqilib sizning koʻmagingizda odam boʻlib kelsa, boshimiz osmonda... Yolgʻiz tashlab qoʻymasangiz, boʻldi.
— Yoʻq, to joylashib, u yerda oq-qorani tanishguncha, birga boʻlaman. Keyin oʻzlari nima qilishni bilib qolishadi. Borib xabar olib turaman, — dedi Tursunali aka. — Koʻngilni xotirjam qiling.
— Rahmat, uka, rahmat.

Ertasiga ular joʻnashdi. Abdulla aeroportga kuzatgani chiqdi.
— Vaxliroq boring, — dedi Sayyora. — Shaharni koʻrsataman. «Raketa»da sayohat qilamiz.

Abdulla «xoʻp» deya bosh irgʻadi. Samolyot shahar ustida bir aylanib, bulut ichiga shoʻngʻiganda, Abdullaning yuragini nimadir timdalab ketgandek boʻldi. Lekin nimaligini u tushunmadi.

XII

Uyga qaytib kelganda, supada Gʻafurjon aka bilan Shahodat opa homush oʻtirishardi. Abdulla ularning yoniga kelib, supaning zihiga omonatgina oʻtirdi va tinchlikmi, deganday ayasiga tikildi.
— Kuzatib keldingmi? — soʻradi Shahodat opa.
— Ha.
— Saodat opang qazo qilibdi.
— Kim? — hayron boʻlib soʻradi Abdulla.
— Saodat opang, togʻangning qoʻshnisi, — tushuntirdi Shahodat opa.
— Iye, Gulchehraning ayasimi? — boʻshashib soʻradi Abdulla.
— Ha. Bechora juda yosh ketdi... Qirqqa boruvdimi?
— Bilmadim, — dedi Gʻafurjon aka. — Har holda shunga yaqin. Nima qilmoqchisan?
— Qaydam, — dedi Shahodat xola. — Telegramma berib yuboramizmi?
— Boʻlmagan gapni gapirma! — jerkib berdi Gʻafurjon aka. — Odam oʻlsa-yu, sen telegramma bersang! Borib kel.
— Sizni tashlab-a?
— Menga nima qilibdi? Otdekman. Bir kun ming kun emas. Abdullani ol-da, kechqurungi poezdda joʻna.

Shahodat opa oʻylanib qoldi.
— Boʻldi, boʻldi! Gap shu. Tur, hozirligingni koʻr. Shahodat opa: «Oʻlim qursin-a, oʻlim», — deb oʻrnidan turdi. Abdulla karaxt boʻlib qolgan edi. Uni Saodat opaning oʻlimi emas, boshqa narsa oʻylatib qoʻygan edi. Gulchehra bilan xayrlashayotganda ikkalovi bir-biriga xat yozishga va’dalashishgan, xat pochtaga kelib turishi kerak edi. U hozir shu va’dasining ustidan chiqmaganidan mulzam boʻlib oʻtirardi. Gulchehra yozganmikin? Nega shu paytgacha esiga kelmadi?

Abdulla shoshib oʻrnidan turdi-da, koʻchaga otildi.
— Qayoqqa? — soʻradi orqasidan Gʻafurjon aka. — Olis ketib qolma.
— Hozir kelaman.

Haytovur pochta hali ochiq edi. Abdulla darcha oldida oʻtyrgan yosh bir qizga murojaat qildi:
— Menga Qoʻqondan xat kelishi kerak edi...
— Pasportsiz bermaymiz, — dedi qiz.
— Iltimos, juda zarur xat edi. Hozir oʻzim Qoʻqonga ketaman.
— Oʻzingiz borar ekansiz, xatni nima qilasiz?
— Toʻsatdan boradigan boʻlib qoldim. Bormi oʻzi xat?
— Boʻldi endi. Oʻzingni tut, — dedi kimdir. Abdulla ovozidan togʻasi ekanligini bildi. — Yigʻlaganing bilan qaytib kelmaydi.

Yusuf aka yigʻi aralash xoʻrsinib, jim boʻldi. Lekin koʻp oʻtmay, yana oʻzini tutolmasdan yigʻlab yubordi.

Abdulla darvoza yoniga kelib, qoʻl qovushtirib turgan Samadning yonida toʻxtadi. Ular soʻzsiz, bosh tebratib koʻrishdilar. Bir mahal «Omin!» dedi ichkarida dagʻal bir ovoz.
— Olib chiqishyapti! — shivirladi Samad. Abdulla ichkariga qaradi. Hovlini toʻldirib turgan odamlar ustida qizil duxoba paranji yopilgan tobut bir-ikki tebranib, eshik tomon suza boshladi.
— Voy dod! Ayajon!!! — qichqirdi kimdir. — Meni tashlab ketmang, ayajon!!!

Bu Gulchehra edi. Abdulla uning ovozini eshitishi bilan titrab ketdi va yopirilib kelayotgan odamlar orasidan moʻralab, Gulchehrani qidira boshladi. Ammo uni koʻrolmadi. Odamlar toʻlqini uni surib ketdi. Oʻzini oʻnglab olib, xuddi yelkandek sertoʻlqin daryoda suzib ketayotgan tobut ketidan yugurdi.

Qabriston Mingbulokdan ancha narida edi. Unga yetib borguncha odamlarning hammasi terlab suv boʻlib ketdi. Tobut yerga qoʻyilganda yengil shabada turdi. Quyoshning tafti bosilgandek boʻldi. Abdulla dimogʻiga urilayotgan chuchmal oʻt-oʻlan hidini simirib, atrofga qaradi. Qabriston hali hosili terilmagan bogʻni eslatardi. «Qiziq, — Oʻyladi u mevalarini koʻtarolmay, shoxlari egilib turgan olmalarga qarab. — Hech odam oʻlganga oʻxshamaydi...»

Chindan ham agar qiyiq bogʻlagan yigitlar, salla-choponli sokin chollar boʻlmasa, bu bogʻdan farq qilmaydigan qabristonga oʻlik kelganiga ishonib boʻlmasdi.

Tobutdan jasadni ola boshlashganda esa, qabristonni yigʻi tutib ketdi. Yana Gulchehraning ovozi eshitildi.
— Ayajon! Ayajonginam!! Bizni tashlab ketmang, ayajon!!

Abdulla chiday olmadi. Yuzini oʻgirdi-da, chetroqqa borib choʻkkaladi. Uyga qaytishganda u qancha harakat qilmasin, Gulchehrani xoli uchrata olmadi. Bir-ikki marta koʻrdi. Bechora qiz yigʻlayverib qovoqlari shishib, koʻzlari qizarib ketibdi. Egnida qora shohi atlas, boshida qora durra... Kechga yaqin Abdulla koʻchada oʻtirgan xassakashlarga choy olib kelmoqchi boʻlib tashqari hovliga kirganda, unga toʻqnash kelib qoldi.
— Gulchehra?.. — dedi u sekin.

Gulchehra boshini koʻtardi. Bir muddat uning alamli koʻzlarida sevinch barq urgandek boʻldi, lekin darrov soʻndi. «Koʻryapsizmi?» degandek boshini ogʻir tebratib oʻtib ketdi.

Abdulla shu paytgacha bunchalik ezilib, oʻzini oldirgan, butun qiyofasini cheksiz alam va dard qoplab olgan odamni koʻrmagan edi. Choy eltish ham Hayolidan koʻtarilib, koʻcha tomon bitta-bitta yurib ketdi. Gulchehra bilan birinchi uchrashgan joyi — joʻhorizorga bordi. Ammo joʻhori endi yoʻq edi. Ildizlari qovjiragan poyalar qoziqdek qaqqayib turardi. Birpas shularga termilib orqasiga qaytdi.

Qorongʻi tushdi, olisdan podachi bolaning «qurey-qurey»si eshitildi. Allaqaerda it bir-ikki vovilladida, jim boʻldi. Qishloqda yana tungi osuda hayot boshlandi. Lekin oʻsha kuni bu hayot, ilgarilari quvontirgan, shirin Hayollarga choʻmdirgan sehrli qishloq tuni Abdullani choʻchitdi. Uning koʻz oldida qovoqlari shishgan, soʻlgʻin Goʻlchehra, qizil paranji yopilgan tobut qalqib turardi. «Endi nima boʻladi? Gulchehra endi nima qiladi?» — Oʻylardi u nuqul, lekin oʻylariga javob topolmasdi. U chin koʻngildan Gulchehraning Toshkentga borishini istardi. Bu yerda nima qiladi? Endi unga bu yerda nima bor? Ketgani yaxshi. U ham birga ketsa-chi?! Qanday yaxshi boʻlardi agar shunday boʻlsa! Birga oʻqishardi, yana birga boʻlishardi. Boshqa institutga kirishi ham mumkin yadro-fizikani istamasa. Buning mutlaqo ahamiyati yoʻq. Bir shaharda boʻlishadi, shuning oʻzi kifoya. Lekin keta olarmikin?

Abdulla shu Hayollar bilan qishloq chekkalarini ancha aylandi. Toʻgʻon boshiga yetganda orqasiga oʻgirilib, qishloqqa qaradi. Faqat bitta joyda uch-toʻrtta chiroq miltillab koʻrindi. Boshqa hamma uylar qorongʻi, hamma uyquga ketgan. «Gulchehra hali uygʻoq, — Oʻyladi achinib Abdulla. — Mizgʻib olsa boʻlardi. Nima qilayotgan ekan hozir? Qaerda oʻtirgan ekan?»

Abdulla hoʻrsinib, sement zinaga oʻtirdi. Shu topda Gulchehrani juda ham koʻrgisi kelib ketdi. Agar koʻrganda bisotidagi bor yaxshi gaplarni aytib yupatardi. Hafa boʻlmang, derdi. Oʻlim hammaning boshida bor. Albatta, ayangiz yosh ketdilar. Ular hali koʻp yashashlari mumkin edi. Toʻyingizga... toʻyimizga bosh boʻlib turishlari mumkin edi. Lekin nachora? Oʻlim oʻlimligini qiladi. Yigʻlamang, yigʻi endi foydasiz. Oʻzingizni battar qiynab nima qilasiz?..

Qishloq tomondan kimningdir sharpasi koʻrindi. Abdulla yuragi gupillab oʻrnidan turdi. Nahotki Gulchehra boʻlsa?
— Gulchehra!.. — chaqirdi u sharpa yaqinlashganda. — Gulchehra, sizmisiz?
— Men, — dedi xira ovoz. — Men... Abdulla yugurib uning oldiga bordi.
— Gulchehra...

U gapini yoʻqotib qoʻydi. Nima deyishini, nima qilishini bilmay, Gulchehraning yelkalaridan ushladi. Gulchehra boshini uning koʻkragiga qoʻyib, oʻzini tutolmay, yigʻlab yubordi. Uning butun vujudi titrardi.
— Qoʻying, Gulchehra, qoʻying...

Ammo Gulchehra uni eshitmasdi, hoʻngrab yigʻlardi. Anchadan soʻng u boshini koʻtardi.
— Yigʻlamang, qoʻying, — dedi Abdulla va qoʻllari bilan yuzlaridagi, koʻzlaridagi yoshini sidira boshladi. — Yigʻlamang...

Gulchehra entikib-entikib oʻzini zoʻrgʻa tutib oldi.
— Mana, — dedi u. Uning ovozi boʻgʻilib qolgan edi... — Ayamdan ham ajralib qoldim... Yolgʻiz qoldim.
— Qoʻying, hafa boʻlmang...
— Hafa boʻlmay boʻladimi... Meni juda yaxshi koʻrardilar...

Gulchehra yana titrab, koʻzlarida yosh yiltiray boshladi.
— Qoʻying, Gulchehra...

Abdulla uning peshanasini, sochlarini silay boshladi.
— Men ham yaxshi koʻrardim. Yolgʻiz tashlab ketgim kelmasdi. Endi oʻzim yolgʻizman, ukam yolgʻiz, dadam yolgʻiz... Endi men butunlay shu yerda qolib ketdim. Endi uchrasholmaymiz...
— Hechqisi yoʻq, — dedi Abdulla, — hechqisi yoʻq. Xat yozishib turamiz, kelib turaman.

U shunday dedi-yu, oʻqish haqida gapirish nooʻrinligini, hozir ketayotganligini aytsa, uni juda hafa qilib qoʻyishi mumkinligini tushundi.
— Tez-tez kelib turaman. Maylimi?

U Gulchehraning boshini koʻtarib, oʻziga qaratdi.
— Hm... — dedi sekin Gulchehra.
— Yigʻlamang endi, xoʻpmi? Gulchehra bosh silkidi.

«Shunday qizni yaxshi koʻrmay boʻladimi? — Oʻylardi u ichida. — Hech mahal uni yolgʻiz qoldirmayman. Kelaman, albatta kelaman».

XIII

Uning oʻqishdan yozgan birinchi xati ham shu mazmunda boʻldi.

«Hurmatli Gulchehra, — deb yozdi u. — Bu xatni olib hayron boʻlarsiz. Bu, albatta tabiiy. Soʻnggi uchrashuvimizda sizga koʻp narsani aytmoqchi edim. Afsuski, bunga imkoniyat boʻlmadi. Sizning boshingizga tushgan kulfat siz qatori meni ham qattiq qaygʻuta solgan va aytmoqchi boʻlgan gaplarim ichimda qolib ketgan edi. Gaplarim esa oʻshanda juda koʻp edi. Siz bilan bir qancha masalalar ustida maslahatlashmoqchi edim. Lekin sizni koʻrib, hech narsa deyolmadim. Tashvishingiz boshingizdan oshib yotuvdi. Endi esa, oradan ikki oy oʻtganda shu xatni yozib, oʻshanda aytmoqchi boʻlgan gaplarimni qisman boʻlsa ham sizga yetkazmoqchiman.

Esingizdami, Gulchehra, olmazorda meni kuzatayotganingizda, bir yildan soʻng Toshkentga borishim mumkin, dedingiz. Men juda sevindim. Bir yildan soʻng birga boʻlishimizdan, birga oʻqishimizdan boshim osmonga yetdi. Ammo uyga qaytganimda gʻalati xabarning ustidan chiqdim. Dadamlarning yaxshi bir tanishlari — matematika fanlari doktori — biznikiga kelib, Leningradda yangi institut tashkil etilganini va agar rozi boʻlsam oʻsha yerda oʻqishim mumkinligini aytibdi. Men, albatta, rozi boʻlmadim. Siz Toshkentda boʻlsangizu, men u yoqqa ketamanmi? Keyin, oʻzimcha oʻylab qoldim. Bir yildan soʻng birga boʻlsak, qaerda boʻlishimizning nima farqi bor? Shu fikr miyamga kelib, juda hursand boʻlib ketdim. Shunday boʻlsa ham siz bilan maslahatlashmoqchi boʻlib, Mingbuloqqa borishga otlanib turganimda togʻamlardan shum xabar kelib qoldi. Juda hafa boʻlib ketdim. Oʻsha kuniyoq ayam bilan yoʻlga chikdim. Lekin Mingbuloqda sizni koʻrib, hech narsa aytolmadim. Oʻshanda yuragingizga hech narsa sigʻmasdi. Gulchehra, jonim, oʻshanda sizga juda achindim. Rangingizda rang qolmagan, koʻzlaringiz shishib ketgan edi. Men sizni hech mahal shu ahvolda koʻrishni istamayman. Sizga yigʻi yarashmaydi, siz doim hursand boʻlib yurishingiz kerak. Shunday boʻladi ham... Bilmadim, hozir qanday ekansiz? Tinchiganmikinsiz bir oz? Ishqilib, tinchigan boʻling. Bilasizmi, oʻlim har bir kishining boshida bor. Buning ustiga ayangizning ahvoli ogʻirligini oʻzingiz ham bilardingiz. Qoʻying, Gulchehra, endi koʻp qaygʻurmang. Oʻzingizga azob berganingiz bilan ayangiz qaytib kelmaydilar. Men shu gaplarni toʻgʻon boshiga kelganingizda aytib, iloji boricha, sizni tinchitmoqchi edim. Lekin oʻshanda sizdagi qaygʻu menga ham oʻtdi. Ogʻiz ocholmay qoldim.

Gulchehra, oʻshanda siz:
— Mana, endi yolgʻiz qoldim. Endi hech kimim yoʻq, — dedingiz.

Yoʻq, unday emas. Siz yolgʻiz emassiz. Men borman. Agar meni jindek boʻlsa ham yaxshi koʻrsangiz, gapimga ishoning. Men doim siz bilan birga boʻlaman, sizni hech qachon yolgʻiz tashlab ketmayman.

Mana, bir yarim oydan beri sizdan uzoqda oʻqiyapman. Yadro-fizika instituti eng katta institutlardan ekan. Shu yoqqa kelib xato qilmabman. Oʻqishlarim yaxshi. Yotoqxonamiz shunday Neva daryosining yonida. Toʻrt kishi turamiz. Lekin bilasizmi, Hayolim nuqul sizda. Qachon bir yil oʻtar ekan, qachon uchrashar ekanmiz? Doim shuni oʻylayman. Gulchehra, siz albatta oʻz fikringizdan qaytmagan boʻlsangiz kerak? Men shuni juda istardim. Qaerda boʻlishimning sizga ahamiyati yoʻq. Toʻgʻri emasmi? Biz tez-tez xat yozishib turamiz. Ta’til paytlari ham albatta Mingbuloqqa boraman. Har yili boraman. Ana koʻrdingizmi? Toshkentda qolganimda ham shunday boʻlar edi. Lekin sizga aytmasdan ketib qolganim uchun oʻzimni aybdor hisoblayman. Shuning uchun oʻtinib soʻrayman, meni kechiring, Gulchehra. Sizni ishontirib aytaman: qaerda boʻlmay, doim sizni oʻylayman. Sizni koʻrgim, siz bilan gaplashgim keladi. Siz-chi? Siz ham shundaymi? Qani endi shunday boʻlsa?! Men oʻzimni juda baxtiyor his qilardim.

Gulchehra, azizim, shu bilan xatimni tugataman. Xatolari boʻlsa kechiring. Hayajon ichida yozdim. Javobingizni sogʻinib kutuvchi Abdulla».

Oradan ikki hafta oʻtar-oʻtmas, u javob oldi. Xat juda qisqa boʻlsa ham, uni quvontirdi. «Salom Abdulla, xatingizni olib juda hursand boʻldim. Ketishingizdan hafa emasman. Nega hafa boʻlay? Albatta men ham borganimda yaxshi boʻlardi. Lekin bilasizku, borolmayman. Uyning tashvishi endi butunlay mening boshimda. Shunday boʻlsa ham oʻqishga kirdim. Politexnika institutining sirtqi boʻlimiga hujjatlarimni topshirdim. Ham oʻqib, ham ishlayman. Shunday qilganim ma’qul. Xoʻp, hozircha xayr. Alangali salom bilan Gulchehra».

Birinchi kursni tutatib, qishloqqa borganida esa Gulchehra uni juda yaxshi qarshi oldi. Ammo hamon uning egnida qora kiyim, koʻzlari soʻlgʻin edi. Shunda ham u husnini yoʻqotmagan, qaytanga avvalgidan ham goʻzallashib, ochilib ketgan edi. Ular yarim kechagacha oʻzlariga qadrdon boʻlib qolgan joylarini aylanishdi. Abdulla oʻqishdan hikoya qildi. Gulchehra kutubxonada ishlayotganini, Toshkentga tushib imtihonlarni juda yaxshi topshirib qaytganini aytdi. Uning Abdullaning kelishidan nihoyatda hursandligi bilinib turardi. Oʻzi ham buni yashirmasdi. Olmazorning etagida oʻtirishganda:
— Sizni koʻp kutdim, — dedi sekin. — Kecha ham uydagilar uhlagandan keyin, shu yerlarni bir aylanib chiqdim.
— Men ham sizni sogʻindim, — dedi Abdulla. — Uyda koʻp turganim yoʻq. Bir kun turdim. Keyin, buvimni sogʻindim deb, yoʻlga chikdim.

Ikkalovi kulishdi.
— Bir yil oʻtdi, — dedi Gulchehra. — Ayam boʻlganlarida hozir Toshkentda yurarmidik...
— Men ham ketmas edim.

Abdulla shunday dedi-yu, oʻzining gapiga oʻzi ishonmadi va uyalib ketdi.
— Rostdan ketmasmidingiz?
— Ha. Ishonmaysizmi?

Abdulla unga bir qaradi-da, darrov koʻzlarini chetga oldi.
— Yoʻq. Ishonaman. Siz juda yaxshisiz.

Abdulla battar uyalib ketdi. Lekin darrov oʻzini tutib oldi. Nima yomon ish qilibdi u? Gulchehraga aytmay, ketishga rozilik berganimi? Buning nimasi yomon? Baribir aytardi, ertami-kechmi aytardi, Axir uning oʻzini ham olib ketmoqchi boʻldi-ku. Agar ayasi oʻlmaganda aytardi, balki birga oʻqisharmidi? Endi esa foydasi yoʻq. Shunday boʻlsa ham soʻradi:
— Mendan... ketib qolganimdan hafa emasmisiz?
— Nega hafa boʻlay? — Gulchehra oʻylanib qoldi, keyin dedi: — Odam, nima yaxshi boʻlsa, shuni qilishi kerak. Toshkentga bormayman deganimda, siz mendan hafa boʻlmadingiz-ku? Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri. — Abdulla sevinib ketdi. — Sizdan hech hafa boʻlmayman.
— Men ham.

Ular yana koʻp marta uchrashishdi, Abdulla oʻqishdan qaytishi bilan bir kun-yarim kun uyda boʻlib, Qoʻqonga otlanardi. Shahodat opa uning buvisiga mehribonligidan quvonsa ham, ichida bunga uncha ishonmasdi. U Abdullaning birinchi marta oʻqishga ketayottanida yuz bergan voqeani hech unutolmasdi. Uni kuzatgani vokzalga Gʻafurjon aka ham bir amallab chiqdi. Shahodat opa, chiqmang, urinib qolasiz, desa ham boʻlmadi, lekin Abdulla hech narsa degani yoʻq. Vokzalda esa hammadan oldin vagonga chiqib oddi. Poezd joʻnaganda esa derazadan moʻralab bir marta qoʻl silkidi-yu, gʻoyib boʻldi. Shahodat opa boʻshashib ketdi. U oʻzi Abdullaning ketishga qaror qilganidan hafa edi. Lekin erining ra’yiga qarab indamagan, mayli, yaxshi oʻqish boʻlsa bora qolsin, degan edi. Shunday boʻlsa ham, «bolam bemehr chiqqanga oʻxshaydi» deb, yuragi shigʻ etib ketgan edi. Vokzaldagi voqea bu fikrining toʻgʻriligini isbotladi.
— Oʻgʻling katta boʻlib qolibdi, — dedi Gʻafurjon aka uyga qaytishar ekan.
— Nima edi?
— Quchoqlashmoqchi boʻlsam, oʻzini olib qochdi.
— Olis joyga yolgʻiz ketyapti-yu, kichkina boʻladimi! — dedi Shahodat opa, ammo ichida bir zil ketib qoʻydi.

Abdullaning uyga yozgan xatlari ham juda qisqa boʻlib, koʻproq oʻzi haqida edi. Otasining sogʻligʻini kam surishtirar, uy bilan deyarli qiziqmasdi. «Oʻzimga oʻhshaydi», — derdi xatni oʻqib Gʻafurjon aka. — «Xat yozishni men ham yomon koʻraman». Shahodat opa xomushgina jilmayib qoʻya qolardi. Yolgʻiz qolganda esa, «Yoshda, hali yosh», — deb oʻzini ovutar, navbatdagi xatni orziqib kutardi. Abdullaning kanikulga kelishi uning uchun katta bir toʻy edi. Xuddi Gʻafurjon aka singari u ham ikki kun avval yuvinib-taranib olar, bozorning oldi narsalaridan olib, dasturxon yasatardi. Abdulla esa ular bilan apil-tapil koʻrishib, qishloqqa oshiqardi. Bir kuni Shahodat opa chiday olmadi:
— Abdulla, qishlokda nima bor? Muncha serqatnov boʻlib qolding? — dedi zarda bilan.

Abdulla nima deyishini bilmay, jilmaydi.
— Ilgarilari bormaysan deb urishardingiz. Endi koʻp borasan deb urishasiz-a?!
— Toʻgʻri-da, bizni juda esdan chiqarib qoʻyding. Dadang bechora, oʻgʻlim keladi deb oʻtiradi. Sen boʻlsang kelasanu koʻchaga otilasan. Odam degan shunaqa ham bemehr boʻladimi?
— Unaqa demang, oyi, — dedi kulib Abdulla. — Institutni bitirib olay, ikkalovinglarni toʻrt qavat koʻrpachaga oʻtqazib qoʻyaman. Hech qayoqqa ketmayman. Rozimisiz shunga?
— Rozi boʻlmay nima qilardim? — Shahodat opa oʻgʻlining bu gapiga ishonmasa ham, hursand boʻlib ketdi. — Ishqilib, bizning baxtimizga Xudo omadingni bersin.
— Omad ham gapmi! — dedi Abdulla ishonch bilan. — Bu institutni bitirgan odam yaxshi pul topadi.
— Pulini oʻylama. Pul qoʻlning kiri. Ishing yaxshi boʻlsa, boʻldi.
— Ishim ham yaxshi boʻladi, pul ham koʻp boʻladi. Uyni yaxshilab remont qilamiz. Yasatamiz. Tursunali amakinikida boʻlmagansiz. Eh-he, nima yoʻq ularning uyida!.. Kirsangiz, chiqqingiz kelmaydi. Aya, dadang yaxshi ishda ishlagan, deysiz nuqul. Nega endi bizda qech nima yoʻq, uyimiz qup-quruq?
— Kim biladi deysan. Ish bilan boʻlib shuni oʻylamagan-da.
— Siz-chi? Siz oʻylasangiz boʻlmasmidi?
— Meni ham roʻzgʻorga uquvim yoʻq edi. Shu bor roʻzgʻorni ham buving qilib bergan.
— Bilaman, — dedi Abdulla oʻylanib. — Men bunday qilmayman. Mening uyimda hamma narsa boʻladi. X.amma narsa! Keyin, sizga hech ish qildirmayman.
— Aytganing kelsin. Yaxshi oʻqisang, yaxshi ishlasang, aytganing boʻladi.

Shahodat opa shunday der ekan, uning haqida yomon fikrda boʻlganini eslab, oʻzidan hafa boʻlib ketdi. Dadasi toʻgʻri aytadi. Abdulla katta yigit boʻlibdi. Es-hushi joyida. Bunday bola bilan faxrlansa arziydi. Uyda kam boʻlsa nima qilibdi? Erkak kishi oʻzi shunaqa: bir kun uyda boʻlsa, oʻn kun koʻchada. Gʻafurjon aka oʻzi qanaqa edi? Rosa uni xunob qilardi ilgari. Kechalari mijja qoqmay uning kelishini poylab oʻtirardi. Kasalga chalindi-yu, uydan chiqolmay qoldi. Koʻchadan beri kelmasa ham mayli edi tuzalib! Qanday balo kasal ekan gipertoniya! Tuzalib oʻgʻlining rohatini koʻrsa qanday yaxshi boʻlardi.

Shahodat opa ayvonda Hayol surib oʻtirgan erining yoniga keldi.
— Ha, oʻylanib qolibsiz? — dedi uning xomush chehrasiga qarab.
— Oʻgʻlimni oʻylayapman.
— Ha, oʻgʻlimga nima qilibdi?
— Oʻgʻlingga hech narsa qilgani yoʻq. Oʻgʻling yaxshi...
— Nega oʻylab qoldingiz boʻlmasa?
— Oʻylab qolganimki, hademay oʻqishi bitadi. Uylantirish kerak. Kasal ablahdan qutulsam edi, besh-oʻn tanga yigʻardim. Yaxshi bir toʻy qilgim keladi. Uyning ahvoli bu boʻlsa...
— Voy, shunga oʻylanib oʻtiribsizmi? — Shahodat opa kuldi. — Hozirgina oʻgʻlingiz shuni gapirib turgan edi.
— Ha, nima dedi?
— Oʻgʻlimdan aylanay. Boshi oltin chikdi uning, boshi oltin. Ishim yaxshi boʻladi, deydi. Ishga kirishim bilan birinchi qiladigan ishim — uyni tuzataman, yaxshilab remont qilaman, deydi.
— Yoʻgʻ-e? — sevinib dedi Gʻafurjon aka.
— Ha, Tursunalining uyini rosa maqtadi. Shunaqa uy qilaman, deydi. Keyin sizni ozgina urishdi.
— Nima dedi?
— Aya, dadam yaxshi-yaxshi ishlarda ishlaganlar, deysiz. Nega oʻshanda uyga qaramaganlar, deydi.
— Sen nima deding? — qiziqib soʻradi Gʻafurjon aka.
— Men nima derdim? Pul topib aql topmaganmizda, dedim.

Er-xotin kulishdi.
— Nega endi bunaqa deysan? — dedi keyin jiddiylashib Gʻafurjon aka.
— Qiziqsiz, shunday dermidim? Ish bilan boʻlib roʻzgʻor esimizga kelmagan, dedim.
— Bu gaping durust. Lekin Shahodat, ozgina mol-pol qilib qoʻysak ziyon boʻlmas edi oʻshanda.
— Siz mol qiladigan odammisiz? Sizning molingiz odamlarda. Shuning oʻzi katta davlat.
— Zap ajoyib xotinsan-da, Shahodat, — dedi zavq bilan Gʻafurjon aka. — Baxtingga tuzalib ketsam, osmondan yulduzni olib ber desang, olib beraman.
— Avval tuzaling-chi, keyin bir gap boʻlar. Shoʻrvangizni ichasizmi? Ordona qolsin, tuzsiz shoʻrva ham shoʻrva boʻldimi?!

Shahodat opa oʻchoq boshiga yoʻl oldi.

Shu paytda poezd Abdullani Qoʻqonga eltardi. U har gal yoʻlga chiqar ekan, yuragini allaqanday shirin orzular qoplar, yana ta’til kelganidan, yana bir necha kun ogʻir, ertayu kech oʻqish bilan oʻtgan yildan soʻng dam olishi, Gulchehra bilan uchrashish mumkinligidan cheksiz shod boʻlar edi. U Gulchehra ham uni sabrsizlik bilan kutayotgani, uni koʻrishi bilan koʻzlari chaqnab, yuziga tabassum yugurishini bilardi. Biroq u ularning shuncha vaqtdan beri davom etayotgan aloqalarida nimadir yetishmayotganini his qilar va xayrlashayotganida nimadandir koʻngli toʻlmasligini sezardi. Ayniqsa, soʻnggi bir-ikki yil ichida shunday boʻlib qolgan edi. U, albatta, bu yetishmayotgan narsa nimaligini bilardi va uning yuz berishidan choʻchirdi. Shunday boʻlsa ham qandaydir ichki bir tuygʻu uni shunga undardi. Ammo Gulchehra uning bu istagini sezmas yo oʻzini sezmaslikka solar, Abdulla me’yoridan oshiq harakat qila boshlasa, darrov oʻzini chetga tortardi. U Abdulla bilan sayr qilishni, qoʻl ushlashib olis-olislarni aylanib kelishni istardi. Oʻz ishlaridan toʻlib-toshib gapirishni yaxshi koʻrardi. Uning katta bir siri bor edi. Bu sirni faqat uch kishi: Abdulla, oʻzi va Samad bilardi. Bu sir ikkinchi kursni tamomlagandan soʻng paydo boʻldi. U Mingbuloqning maketini tuza boshladi. Hech kim undan buni talab qilmagan boʻlsa ham, u bu ishga juda jiddiy kirishdi. Abdullaning, nima qilasiz, degan savoliga, u kulib:
— Raisga koʻrsataman, — dedi.

Albatta bunday emas edi. Gulchehra keyin tushuntirdi. U Samad bilan bolaligidan orzusi, yangi Mingbuloqni qurish orzusiga kirishgan edi. U bu niyatiga erishish qiyinligini bilsa ham, erta-kech shuning Hayolida yurar, eski qishloq maketi esa unga ishlash uchun kerak edi. U qishloqning yaxshi, boshqa ba’zi bir yangi qurilayotgan qishloqlar singari goʻzal boʻlishini orzu qilardi. Shuning uchun Samadning yordamida u qishloq arxitekturasiga oid koʻpgina kitoblarni, plakat va loyihalarni yozdirib olgan, uyi ustaxonani eslatardi.

Yusuf aka yarim kechada ham uxlamay nimalarnidir chizib, tiqir-tiqir qilib oʻtirgan Gulchehrani ba’zan koyirdi. U qizining arxitektorlikka oʻqiyotganini bilardi. Shunday boʻlsa ham oʻzini tiyolmasdi:
— Nima qilyapsan sen oʻzi? Dam olsang boʻlmaydimi?

Ba’zan esa uning roʻparasiga oʻtirib, jimjima qogʻozlarga katta faner ustidagi qoʻgʻirchoq uylarga, tepaliklarga uzoq qarab qolardi.
— Nima qilyapsan oʻzi, a? — derdi qizining epchil harakatlarini kuzatib.

Bir kuni Gulchehra Samad bilan u keltirgan telefon simlaridan kichkina daraxtlar yasab oʻtirgandi, Yusuf aka kirib qoldi. U indamay Samadning roʻparasiga keldi-da, maketga tikildi.

Birpasdan soʻng hayratlanib soʻradi:
— Bu bizning toʻgʻon-ku! Gulchehra kulib yubordi.
— Topdingiz. Uyimizni ham toping endi, dada? Yusuf aka yana maketga tikildi. Keyin birdan:
— Yo tavba! — deb yubordi. — Buni nima qilmoqchisizlar? Oʻzimizning Mingbuloq-ku bu?
— Xuddi oʻzi, — dedi Samad. — Qalay, tuzukmi Mingbuloq?

Yusuf aka oʻpirilgan devorlar, qamish tomlar, qingʻir-qiyshiq koʻchalarga yana tikilib qoldi.
— Juda oʻhshatibsanlar, — dedi oxiri oʻylanib. — Oʻxshatibsanlar-ku, lekin boshqa qishloqni yasasalaring boʻlmasmidi? Juda xunuk-ku!
— Shu xunukligi uchun yasayapmiz-da, dada, — dedi Gulchehra. — Idoraga olib borib qoʻyamiz. Hamma koʻrsin. Shunday joyda yashab boʻladimi? Uyat-ku!
— Jamoamiz boy, toʻgʻri emasmi? — gapni davom ettirdi Samad. — Yangi qishloq qurish kerak. Odamlar yangi, chiroyli uylarda yashasin. Katta-katta koʻchalarda yursin. Hozir bitta mashina yursa, butun qishloqni chang qoplaydi. Innaykeyin, jamoaning klubi yoʻq. Majlis boʻlib qolsa, yoshlarning boradigan joyi yoʻq. Toʻgʻri emasmi?

Yusuf aka angrayib qolgan edi.
— Nima, yangi qishloqni shunaqa yasamoqchimisanlar? — soʻradi keyin qiziga termilib.
— Ha, — dedi Samad. — Gulchehra yasaydi. Keyin muhokamaga qoʻyamiz. Ma’qul boʻlsa, sekin qurishga tushamiz.
— Tuzuksan-ku, qizim? — dedi faxr bilan Yusuf aka. — Men buni raisga aytaman.
— Hozir kerak emas, — dedi Samad. — Avval bitsin maket, keyin.
— Obbo, qizim-ey, obbo qizim-ey, tuzuksan-ku! Yusuf aka sevinchini yashirmay, allamahalgacha yoshlarning oldida oʻtirdi.

Gulchehra shu voqeani kula-kula Abdullaga aytib bergandi, uning ham maketni koʻrgisi kelib ketdi. Lekin Gulchehra koʻnmadi.
— Hali tayyor emas, — dedi u. — Innaykeyin, innaykeyin, sizga koʻrsatgani uyalaman.
— Nega? — hayron boʻldi Abdulla.
— Bu mening birinchi mustaqil ishim. Balki juda yomondir. Avval domlalarimga koʻrsatay.
— Samad koʻrsa mayli, — dedi hafa boʻlgan boʻlib Abdulla.
— Samad koʻrmasa boʻladimi? Bu ikkalamizning rejamiz. Hafa boʻldingizmi?

Gulchehra shunday deb, mehr bilan unga tikildi. Abdulla joʻrttaga yuzini oʻgirdi.
— Menga siz yoʻqdan boshqa narsani demaysiz...
— Yolgʻonchi! — dedi kulib Gulchehra. — Men siz bilan hech kim bilan qilmagan ishlarni qilyapman. Eslasam, qoʻrqib ketaman.
— Nima ish?
— Bilmaysizmi?
— Bilmayman, — Oʻzini soddalikka soldi Abdulla.
— Yarim kechada erkak kishi bilan qanday qiz yuradi bilasizmi?
— Yoʻq.
— Yomon qiz. Ba’zan oʻzimdan-oʻzim uyalib ketaman. Dadam bilib qolsalar, nima boʻladi?
— Bilmaydilar, — dedi Abdulla uni qoʻlidan tortib. — Oʻzingiz aytib qoʻymasangiz agar...
— Aytsam-chi?
— Gulchehra imtihon qilganday Abdullaga tikildi.
— Ixtiyoringiz...
— Aytmayman. Qanday aytaman. Siz aytasiz, xoʻpmi? Baribir bir kun aytish kerak boʻladi-ku! Aytasizmi?
— Hm... — dedi Abdulla uni quchoqlab, — Gulchehra...
— Nima?
— Meni yaxshi koʻrishingiz rostmi?
— Oʻzingiz nima deysiz?
— Bilmayman. Bilganimda soʻramas edim.
— Rost, — dedi sirli ohangda Gulchehra.
— Nega boʻlmasa, yoʻq deysiz?
— Hali ham yoʻq deyman...
— Nega?
— Hali yosh bolamiz-ku!

Gulchehra shunday dedi-da, zulukdek buralib uning quchogʻidan chikdi.
— Yomonsiz!..
— Gulchehra...
— Qarang, birov kelyapti!

Gulchehra qoʻrqqan odamdek joʻrttaga atrofga alanglab, Abdullani imladi-da, keyin turib ketdi. Abdulla birpas joyida qimir etmay turdi, aldanganini bilgach, ketidan yugurdi.

Har uchrashuvda deyarli shunday boʻlardi. Biroq uni bu ranjitmas, koʻnglini sovutmas, qaytanga Gulchehraga kuchliroq bogʻlab qoʻyardi. Bundan u hursand edi. Kichkina, koʻrimsiz, chang bir qishlokda uni yaxshi koʻradigan, u bilan oʻzining eng muqaddas fikrlari, sirlarini oʻrtoqlashadigan, uning koʻnglini oladigan soddadil, aqlli bir qiz bor. Bu qizning ham orzulari uniki kabi baland, goʻzal. Xuddi Abdulla kabi u ham orzulariga yetishish uchun astoydil intilmoqda. Bu kun yaqin, u baxtli boʻladi. Bu baxtga Abdulla ham sherik.

Shunday oʻylar ekan, Abdulla keyingi ta’tilning tezroq kelishini, Gulchehra bilan yana tezroq koʻrishishni orzu qilardi. Koʻrishganda esa yana koʻngli toʻlmayotganini his qilardi. Nihoyat bir gal u istagan, hayajon va qoʻrquv bilan kutgan narsa yuz berdi. Oʻshanda u toʻrtinchi kursni tamomlab, yozgi ta’tilga qaytgan edi.

XIV

Tungi poezd bilan yoʻlga chiqqan Abdulla tushga yaqin Mingbuloqqa yetib keldi. Hovlining oʻrtasida togʻoraga suv solib nevarasini choʻmiltirayotgan Hojar buvi uni koʻrishi bilan katta bir sovunni shalop etib togʻoraga tashladida, qarshisiga yoʻrgʻalab ketdi.
— Voy, tasaddugʻing ketay! Voy, qoqindigʻing boʻlay! Abdullajon bolam!

Abdulla jilmayganicha egilib, koʻrishgani yelkasini tutar ekan, Hojar buvi uni yuz-koʻzlaridan oʻpar, ogʻzi tinmas edi.
— Voy, oʻzim oʻrgilay! Voy, boʻyingga qoqay! Odamni xavotirga qoʻyib bu gal muncha hayallading? Esonmisan, omonmisan? Uyidagilaring eson-omonmi? Dadang tuzukmi? Voy, oʻzim aylanay!
— Oʻzingiz tinchmisiz? Togʻam yaxshi yuribdilarmi? Kelinoyim qalaylar?

Abdulla gapni choʻzmaslik uchun oʻzi buvisini savolga tuta boshladi.
— Otdayman, bolam, otdayman. Togʻang ham, kelinoying ham tuzuk, ishlab yurishibdi. Meni bu jiyaning qiynab yubordi. Tursun, hoy Tursun! Togʻang bilan koʻrishmaysanmi, tentak!
— Assalomu alaykum!

Togʻorada choʻkkalab oʻtirgan Tursun shilt etib qoʻllarini nam koʻkragiga urdi. Hojar buvi bilan Abdulla kulib yuborishdi.
— Katta boʻlib qolibdi-ku, a, buvi?
— Kichkina boʻladimi, toʻrt yoshga toʻldi-yu! Lekin senga oʻxshagan moʻmin-qobil chiqmadi bu! Uzzukun koʻchada tentiragani tentiragan. Hozir ham endi tutib olib keluvdim. Aft-angoriga qarab boʻlmaydi.

Abdulla togʻavachchasining oldiga kelib choʻkkaladi-da, yuziga suv sepdi.
— Shunaqa shoʻhmisan-a?
— Aldayaptila, — dedi bola ovozini pasaytirib. — Hecham toʻpolon qilmayman. Buvi! Shundoq oʻtiraveramanmi?
— Tusha qol. Boʻldi endi. Toza boʻlib qayoqqa borarding? — javradi ayvonga joy qilayotgan Hojar buvi.
— Ishtonim qani?

Abdulla soʻriga iligʻliq chang ishtonni qoqib jiyaniga uzatdi.
— Kelaqol, Abdulla! Bolam, — qichqirdi Hojar buvi.

Abdulla jiyanini yetaklab ayvonga koʻtarildi. Fotihadan soʻng, Hojar buvi ovqatga unnay boshladi. Abdulla qarshilik qilsa ham, koʻnmadi.
— Darrov boʻladi, bolam. Yoʻlda ochiqqansan.
— Boʻlmasa bir aylanib kelaman Tursun bilan.
— Hayallab ketma.

Togʻa-jiyan koʻchaga chiqishdi. Tursun uzokda, koʻchani boshlariga koʻtarib koptok tepayotgan bolalarni koʻrib, togʻasini oʻsha yoqqa surgadi. Abdulla bir oz koptok tepib terlab ketdi.
— Boʻldi, ketdik, — dedi jiyaniga.

Lekin u quloq solmadi. Abdulla yolgʻiz oʻzi uyga qaytdi. Eshik tagiga kelganda, toʻxtadi. «Balki uydadir?» — Oʻyladi u va Gulchehralarning darvozasi tomon yoʻl oldi. Darvoza lang ochiq edi. Abdulla ichkariga qaradi. Hovli jimjit, hech kim koʻrinmasdi. U kirishini ham, kirmasini ham bilmay, eshik oldida turib qoldi. Endi qaytaman deganda ikki bogʻ hoʻl beda ortib eshak mingan Alisher kelib qoldi. Abdulla u bilan soʻrashib, Gulchehrani soʻradi.
— Soyga ketganlar, — dedi Alisher. — Maketlariga qandaydir oʻt kerak ekan. Shuni yulgani ketganlar.
— Ancha boʻldimi?
— Ha, ertalab. Chaqirib kelaymi?
— Yoʻq, rahmat. Soy uzoqmi?
— Ancha bor. Hov anavi tolzorni koʻryapsizmi? Oʻshaning orqasida. Kerak boʻlsalar chaqirib kelaman.
— Rahmat. Oʻzi kelib qolar. Koʻrsang, Abdulla akam keldilar deb qoʻygin.
— Xoʻp.

Dumaloq koʻkraklari turtib turgan koʻylagi har nafas olganida koʻtarilib, belini tarang qilib tortar, tushganda esa koʻkraklari oʻrtasida uzun chiziq hosil qilardi. Abdulla unga havas bilan tikilib turdi-da, shu yotishida uning qip-qizil yuzlaridan oʻpib olgisi kelib ketdi... Sekin-sekin, oʻtlarni shitirlatmasdan unga yaqinlashdi. Boshi ustiga kelganda ehtiyotkorlik bilan choʻkkalab, sekin engasha boshladi. Endi lablari otquloqqa yetay deganda, Gulchehra, «voy!» dedi-yu, sapchib oʻrnidan turib ketdi. Abdulla kuldi.
— Yurakdan ham bor ekan-ku!
— Uf! Qoʻrqib ketdim, Abdulla, sizmisiz?
— Xuddi oʻzi!
— Qachon keldingiz? Shunaqa ham boʻladimi odam degan?
— Yomon qoʻrqdingizmi?
— Yuragim oʻynab ketdi.

Gulchehra koʻkragiga «tup-tup»lab, «uh» dedi-da, jilmaydi va Abdullaning roʻparasiga oʻtirdi.
— Qachon keldingiz?
— Bir soatcha boʻldi. Keldimu, sizni qidirishga tushdim.
— Bu joydaligimni qaerdan bildingiz?
— Alisher aytdi.
— Voy, bu yoqqa kelganingizni u biladimi?
— Yoʻq. Koʻrsang kelganimni aytgin, dedimu, u ketgandan keyin bu yoqqa kelaverdim. Ha, bilsa nima qilibdi? Samad bilan yarim kechagacha birga qolib ketasizlar-ku!
— Samad boshqa gap. Samad mening yordamchim. Uydagilar buni bilishadi. Nega bu gal kechikdingiz? Doim oʻn beshinchi avgustda kelar edingiz?
— Ish chiqib qoldi.
— Qizlar bilanmi? — Gulchehra koʻzlarini ayyorona suzib Abdullaga qaradi.

Abdulla kuldi.
— Yoʻq, bir maqola ustida ishladim. Kurs ishim. «Fan va turmush»da bosishmoqchi edi.
— Nahotki? — sevinib soʻradi Gulchehra.
— Ha. Rahbarim aytgan ekan. Shuni qayta ishlab chiqdim.
— Nima temada?
— Yuqori chastotalar haqida. Hozir bu juda kerakli tema.
— Ma’qul boʻldimi?
— Ha, bosishadigan. Agar bosishsa, ancha shov-shuv boʻladi.
— Yaxshi shov-shuvmi?
— Shunday boʻlishi kerak. Professor shu temani dissertatsiya ham qilsangiz boʻladi, deyapti.
— Oʻ, juda yaxshi-ku. Abdulla uyalinqirab jilmaydi.
— Oʻzingizning ishlaringiz qalay? Gulchehra qoʻllarini yozib, xoʻrsindi.
— Maket!..
— Hali ham-a?
— Bu endi yangi maket. Yangi qishloq maketi.
— Yaxshi boʻlyaptimi?
— Qaydam. Institutda loyihani ma’qullashdi. Bu yerda hali koʻrsatganim yoʻq. Lekin eskisini koʻrsatdim. Voy-boʻ-oʻ, shunaqangi toʻpolon boʻlib ketdiki!..
— Yoʻgʻ-e?
— Ha. Samad maket tayyor boʻlishi bilan kechasi Nurmat akaning kabinetiga olib borib qoʻydi. Har kuni ertalab aktiv yigʻiladida u yerga. Ertalab Nurmat aka hammadan kech kelib, kabinetiga kirsa, odamlar piq-piq kulib turishgan emish. Nima gap desa, hech kim indamasmish. Keyin kimdir stol ustida turgan maketni koʻrsatibdi. Nurmat aka hayron boʻlib tikilib qolibdi, — Gulchehra raisning qanday hayron boʻlganini koʻrsatmoqchi boʻlib aftini burushtirdi. Abdulla oʻzini tutolmay, kulib yubordi. Gulchehra davom etdi. — Bu nima? — deb soʻrabdi. Yana hech kim indamabdi. Hamma uning odatini biladi-da. Agar oʻziga ma’qul tushmaydigan javobni eshitib qolsa, yomon soʻkib beradi. «Bu nima? — soʻrabdi u yana. — Nima, hammang mum tishlaganmisanlar, nega javob bermaysanlar?». Shunda Samad: «Maket», debdi. «Koʻrib turibman maketligini. Nimaning maketi?» «Mingbuloqning maketi, — debdi Samad. Rais boshqatdan maketni qaray boshlabdi. «Bu nima?» — debdi bir mahal bir tomonga qiyshayib yotgan binoni koʻrsatib. «Idora». «Bu-chi?» — Nurmat aka qoʻlini bigiz qilib qamish tomli bir uyni koʻrsatibdi. «Sizning uyingiz», — debdi Samad. «Hm», — Nurmat aka oʻylanib qolibdi. Keyin moʻylovi tortila boshlabdi. Jahli chiqsa shunaqa, moʻylovi xuddi sichqonning dumidek likillay boshlaydi. «Buni nima qilmoqchisanlar? — debdi bir mahal koʻzlari olayib. — Vistavkaga yubormoqchimisanlar?». «Vistavkaga nima qilamiz yuborib? — debdi sekin Samad. — Shu yerda turadi. Yo boʻlmasa klubga qoʻyib qoʻyamiz.

Qanday yashayotganimizni odamlar koʻrishsin». «Shundoq degin? — rais oʻylanib qolibdi, keyin soʻrabdi: — Kimning ishi bu?» Samad indamabdi. Dadamlar janjal chiqishidan qoʻrqib: «Shunga ham hafa boʻlasizmi, rais? — debdilar. — Oʻyin qilib qizim ikkalovi yasashgan. Yoʻqotib tashlaymiz hozir...» Qizim, degin? — debdi Nurmat aka va Samadga qarab. — Bor, oʻsha rassomingni chaqirib kel!»— deb buyuribdi. Uyda oʻtiruvdim, bir mahal hovliqib Samad kelib qoldi-ku! «Ha, — desam. — E soʻrama, ish chatoq, rais xunob, seni chaqiryapti», — dedi. Yoʻl-yoʻlakay nima deyishimni oʻylab bordim. Bir tomondan uning jahli chiqqani yaxshi. Demak, qishlogʻimizning yomonligini tushunibdi. Shuning oʻzi ham katta gap. Lekin nima deyman? Har holda buni dadam aytganlaridek, oʻyinchoq deyishga qarshi edim. Samad ham hech qanday maslahat bera olmadi. Oxiri toʻgʻrisini aytishga kelishib, idoraga kirib bordik. Hali soʻrashmasimdan: «Bu sening ishingmi?» — deb soʻradi Nurmat aka moʻylovlarini titratib. «Meniki», — dedim sekin. «Nima qilmoqchisan?» «Nima qilmoqchiman?! — soʻradim men va lop etib miyamga bir fikr kelib qoldi. — Kurs ishi qilib institutga topshiraman», — deb yubordim. «Nima?! — doʻq urdi Nurmat aka. — Hm, Toshkentga olib boraman, degin?» «Ha, — dedim, — olib boraman». Nurmat aka oʻrnidan turib ketdi. Kabinetni bir aylanib chiqib, oldimga keldi-da, yelkamga qoʻlini qoʻydi. «Qizim, nima, bizni sharmanda qilmoqchimisan?» «Nega sharmanda boʻlasiz? — dedim oʻzimni soddalikka solib. — Qaytanga maket qishloqdan chiroyli-ku?» «Shuni yana ozgina chiroyli qilsang boʻlmaydimi?» «Boʻladi, — dedim men, — lekin yolgʻon boʻladi-da. Odamlarni aldab nima qilamiz?» «Nega aldar ekansan? — dedi Nurmat aka. — Besh-olti yildan keyin qishlogʻimiz yaxshi boʻlib ketadi. Yangi, chiroyli binolar quramiz. Shuni oʻylab boshqatdan yasa, jon qizim...» «Yangi qishloqning maketini yasasam-chi? — soʻradim shunda men.

— Yaxshi chiqsa, shunga qarab qurilishni boshlaymiz». «Boʻpti, — dedi Nurmat aka sevinib. — Yasa. Buningni bekit. Biz koʻrdik. Bizdan boshqa hech kim koʻrmasin. Naq sochimni bittalab yulishadi koʻrishsa!» Uch-toʻrt kundan keyin majlis chaqirib, Mingbuloqni qayta qurish rejalari haqida gapirdi. Shunday ajoyib gapirdiki, ogʻzim ochilib qoldi. Keyin meni «qishlogʻimiz arxitektori», dedi.
— Zoʻr-ku! — dedi Abdulla hursand boʻlib.
— Zoʻr ham gapmi? Bunday boʻladi deb sira kutmagan edim.
— Maket bitib qoldimi?
— Qayoqda? — dedi Gulchehra qoshlarini chimirib. — Endi boshladim. Hali ishi koʻp. Bilasizmi, butun qishloqning yangi loyihasini bitta oʻzim ishlolmayman. Men atigi toʻrtta narsani oʻylayapman. Katta koʻcha, klub, xoʻjalik idorasi, mehmonxona. Uning oldi katta bogʻ. Mana shularning maketini ishlamoqchiman.
— Shu ham juda katta ish.
— Bilaman. Lekin qilish kerak. Diplom ishim shu boʻladi, — Gulchehra oʻylanib qoldi. Abdulla uning mana shunday koʻzlarini bir nuqtaga tikib Hayol surishini yaxshi koʻrardi. Hayol surganda lablari tortilib, endi ochilay deb turgan gʻunchaga oʻxshab ketardi. Abdulla uning shu gʻuncha lablariga tikilib, hayolidan oʻtkazdi: «U bilan boʻlganim qanday yaxshi!» Gulchehra nimadir esiga tushib, unga oʻgirildi. — Aytganday, institutimizda «Yoshlik» mehmonxonasi loyihasiga tanlov e’lon qilindi. Mehmonxona Toshkentda quriladi. Tagi restoran, kafe... Men ham qatnashyapman. Bir hafta qattiq ishladim. Yaxshimi?
— Juda ham. Tabriklayman.
— Shunday bir bino boʻlsaki, u xuddi qushga oʻxshasa! Olisdan qaraganda uchishga tayyorlanib, qanotlarini yozib turgandek boʻlsa! Men shunday qildim. Bilmadim, ma’qul boʻlarmikin? Toshkentda shunday katta arxitektorlar borki...
— Sizniki ma’qul boʻlib qolsa-chi?
— Qaydam... — Gulchehra yelkalarini qoqib qoʻydi.
— Agar shunday boʻlsa, bilasizmi, men nima qilardim!
— Nima?
— Mana bunday, mana bunday qilib sizni oʻpib olardim.

Abdulla Gulchehrani quchoqlab, yuz-koʻzlaridan oʻpa boshladi.
— Uyatsiz! Qoʻyib yuboring, birov kelib qoladi!..
— Sogʻinmadingizmi? — dedi Abdulla uni qoʻyib yubormay.
— Yoʻq! — dedi zarda bilan Gulchehra va sakrab oʻrnidan turdi.
— Kuppa-kunduzi nima qilyapsiz oʻzi?

Abdulla kuldi.
— Yaxshisi menga yordam bering.
— Nima qilay?
— Hu, anavi oʻtlarni koʻryapsizmi? — Gulchehra soy labiga kelib tiniq suv tagida tebranib turgan oʻsimliklarni koʻrsatdi. — Shulardan olib chiqib bering.
— Boʻpti. Bir chelak boʻladimi?
— Avval yulib koʻring...

Abdulla yechina boshladi. Gulchehra uyalib yuzini chetga burdi. Suv shaloplagandagina oʻtirildi.
— Muncha muzdek?.. — dedi Abdulla entikib va suzib ketdi. Soy chuqur emas, odam boʻyi kelardi va buloq suvi boʻlgani uchunmi, tagi aniq koʻrinib turardi.
— Choʻmilmaysizmi? — soʻradi Abdulla Gulchehraning roʻparasiga kelib.
— Siz boʻlmaganingizda choʻmilardim...
— Endi-chi?
— Birov kelib qolsa-chi?
— Hech kim kelmaydi. Tushing.
— Yoʻq.
— Ixtiyoringiz, lekin suv mazza!

Abdulla shunday deb shoʻngʻidi va Gulchehra koʻrsatgan oʻtlar oldiga suzib bordi. Lekin oʻtni yulaman deganda sirgʻalib ketib, chalqancha yiqildi. Gulchehra kulib yubordi.
— Bir chelakmish-a? Besh-oltitasini yulib chiqsangiz ham mayli edi.

Abdulla oʻzini oʻnglab, yana oʻtga yopishdi. Qattiq tortgan edi, oʻsimlik mayda toshlarga chirmashib ketgan ildizi bilan sugʻirilib chikdi,
— Qattiq ekan, — dedi Gulchehraga uzatayotib.
— Shuning uchun sizdan soʻradim-da. Menga oʻtni Samad bilan Alisher yulib berishadi.

Abdulla yana shoʻngʻidi. Bu gal oʻsimlik oson koʻchdi.
— Bir chelak yulib bersam-chi? — dedi gʻurur bilan.
— Agar sovuq yemasangiz...
— Suv yaxshi.
— Abdulla besh-olti marta oʻt yulib, charchadi. Lekin suvdan chiqqisi kelmadi, toʻgʻrirogʻi, Gulchehraning ham suvga tushishini istardi. Navbatdagi ildizga yopishganda u hiyla ishlatdi. Xuddi havo yetishmay choʻkkan odamdek oʻsimlik ustiga yiqildi. Uning harakatlarini kuzatib turgan Gulchehra avval tushunmay turdi, keyin qoʻrqib ketib, «Abdulla!» — deb qichqirib yubordi. Abdulla javob bermadi. Uch daqiqacha u suv tagida tura olishini bilardi, shuning uchun «ishqilib shu paytda tushsin-da», deb oʻylardi. Gulchehra oʻrnidan turdi, soy labida bir-ikki tipirchilab, u yoq-bu yoqqa yurdi, yana «Abdulla!» — deb chaqirdi. Javob eshitilmagach, oʻzini suvga otdi va birpasda Abdullaning oldida paydo boʻldi. Abdulla qimir etmadi, lekin Gulchehra uning oldiga kelganini sezdi. Nima qilarkin? Gulchehra shoshib uning belidan quchoqladi-da, boshini suvdan chiqarib, qirgʻoqqa sudradi. Oʻyinga berilib ketib Abdulla indamadi. Gulchehra suvdan chiqishi bilan engashib uning koʻkragiga yuzini qoʻydi. Shunda Abdulla uni mahkam quchoqlab oldi. Oʻzini yoʻqotib qoʻygan Gulchehra shilq etib uning yoniga agʻdarildi.
— Qoʻrqib ketdingizmi?
— Juda ham, — dedi boʻshashganicha Gulchehra.
— Kechiring, — Abdulla qizning kichkina quloqlari aralash yuzlarini siqib, muzdek labidan oʻpa boshladi. Gulchehra indamadi. Aksincha, uni oʻziga tortib, ikkala qoʻli bilan koʻkragiga suvi tomib turgan boʻynidan quchoqladi.
— Sizni yaxshi koʻraman, Gulchehra!..

Gulchehra javob oʻrniga uni qattiqroq quchoqladi.

Ikkalovi orziqib va qandaydir qoʻrquv bilan kutgan voqea sodir boʻldi. Abdulla oʻzida yoʻq shod edi. Tolning panasiga oʻtib koʻylagini siqayotgan Gulchehraga mehr bilan tikilar ekan, oʻzini nihoyatda baxtiyor his qilar va koʻzlarini undan uzolmas edi. Ha, endi Gulchehra tamoman uniki! Endi ular doim birga boʻlishadi. Endi uning hayotini shu yoqimtoy, goʻzal, nozik qizning hayotisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bundan ham ortiq baxt, bundan ham ortiq shodlik bormi dunyoda!

Gulchehra ham shod edi. Lekin u nozik tabiatli odam boʻlganidan sodir boʻlgan voqeadan ayni vaqtda uyalardi. U bir kunmas-bir kun shunday boʻlishini bilardi. Lekin oʻsha toʻy deb atalgan muqaddas birlashishdan soʻng buning yuz berishini istardi. Hamma shunday qiladi. Hayot oʻzi shunday. Ikki kishi muqaddas qasam bilan, muqaddas, bir umrga yoddan koʻtarilmaydigan qadah bilan qovushadi. Hamma shunday qiladi, hamma shunday boʻlishini istaydi. Lekin u nima qilib qoʻydi? Kimning yuziga oyoq qoʻydi? Beor qiz? Nima qilib qoʻyding oʻzi? Endi qanday qilib boshingni koʻtarib yurasan? Nima degan odam boʻlding endi? Qani u sen orzu qilgan kunlar? Qani u sen orzu qilgan hayot? Senga gard yuqtirmay katta qilgan onangning xotirasini poymol qilding! Sen uni xoʻrlading! Otangning nomiga dogʻ tushirding.

U shunday qaygʻuli hayollarga borar ekan, unga mehr va muhabbat bilan tikilib turgan Abdullaga koʻzi tushishi bilan koʻngli yorishardi. «Albatta gunoh ish qilib qoʻydim, — Oʻylardi u. — Katta gunoh qilib qoʻydim, — Oʻylardi u. — Lekin kim bilan? Abdulla bilan-ku. Uni yaxshi koʻraman-ku, axir. Baribir bir kun shunday boʻlar edi-ku! U endi butunlay men bilan! Men u bilan! Bir-birimizdan endi hech ajralmaymiz. Yaqinda institutni bitirib keladi. Toʻy boʻladi. Hozir nima boʻlganini kim bilib oʻtiribdi? Oʻzim ham shuni istadim. Yoʻq, demadim. Hech kim bilmaydi. Hech kimga aytmaymiz. Bu bizning muqaddas sirimiz boʻladi. U bizning faqat yuragimizda saqlanadi. Gulchehra! Qara, u qanday yaxshi yigit! Chiroyli, aqlli! U seni yaxshi koʻradi. U sen bilan boʻladi. Uning koʻzlariga qara! Shu koʻzlar nahotki seni aldasa? Yoʻq, aldamaydi. U doim sen bilan boʻladi. Sen ham xuddi onang kabi baxtli boʻlasan. Lekin sening umring qisqa boʻlmaydi. Sen uzoq yashaysan, Abdulla qancha yashasa, sen ham shuncha yashaysan! U bilan birga, u bilan barobar yashaysan. Shunday boʻladi.

Hozir sodir boʻlgan narsa seni choʻchitmasin. Sen endi kichkina emassan. Oʻz hayotingni oʻzing quradigan davr keldi. Sen endi mustaqilsan. Nima istasang shuni qilasan. Bugun sen uni istading. Nima boʻlibdi? Buning nimasi yomon? U sen bilan boʻlsa, boʻldi. Baxting, kelajaging shunda, bir-biringga boʻlgan mehr-muhabbatingda!

Gulchehra shunday deb, oʻzini ovutishga intilardi, lekin baribir koʻngli notinch edi, yuragining qaeridadir «Gunoh boʻldi, gunoh!» degan fikr mahkam oʻtirishib qolgan edi.

Sochlarini toʻgʻrilab joyiga qaytib kelganda, Abdulla oʻt toʻla chelakka tikilib oʻtirardi... Uni koʻrishi bilan qandaydir boʻgʻiq ovozda:
— Ketamizmi? — dedi sekin.

Gulchehra unga qarayolmay, boshini liqillatdi. Abdulla oʻrnidan turib chelakni qoʻliga oldi.
— Men oʻzim, — dedi Gulchehra chelakni undan olib. Abdulla indamadi. Tolzordan chiqishguncha ikkalovi jim borishdi.
— Siz keyin... — dedi soʻqmoqqa oʻtayotib Gulchehra. Abdulla e’tiroz bildirmay, joyida qoldi. Gulchehraning butun qiyofasi hafa boʻlgan va qattiq qaygʻuga tushgan odamni eslatardi. «Chiqarmikin kechqurun?» Abdullaning yuragini gʻulgʻula bosdi, hatto qoʻrqib ketdi. Gulchehra oʻsha kuni ham chikdi, ertasiga ham, indiniga ham.

Ular endi uchrashishganlarida, kelajak haqida gaplashishmasdi. Kelajak ular uchun endi kaftda turgan olmadek aniq edi. Bir yil kapalak umridek oʻtib ketadi. Abdulla oʻqishni bitirib qaytadi. Ana oʻshanda hamma narsa joyiga tushadi. Ularning birga boʻlishlariga hech kim, hech narsa toʻsqin boʻlolmaydi. Abdulla joʻnayotganda ham deyarli hech narsa haqida gaplashmadi. Gulchehra unga xuddi soʻnggi marta koʻrishishayotgandek mehr bilan uzoq tikilib turdi-da, oyoq uchlariga koʻtarilib, sekin labidan oʻpdi.

Faqat uyda Hojar buvi nevarasidan ranjigan boʻlib koyindi.
— Bolam, Mingbuloqqa nega kelasan, bilmay qoldim. Bizlarni koʻrganimi, yo boshqa biron ishing bormi?..

Abdulla miyigʻida kulib qoʻydi.

XV

Yadro-fizika institutining yotoqxonasi shahar chetida boʻlib, beshinchi qavatdan Neva qora baxmaldek jilvalanib koʻrinardi. Sayyora otasi Toshkentga koʻchib ketganidan keyin shu yotoqxonada yashay boshladi. Avvalgi uch yil toʻrt kishilik xonada turdi. Toʻrtinchi kursga oʻtganda esa, barcha yuqori kursdagilar qatori, unga beshinchi qavatdan alohida xona ajratib berishdi. Bu yerdan shaharning deyarli yarmi yaqqol koʻrinib turardi. Sayyora koʻpincha oʻqishdan qaytgach, derazani lang ochib qoʻyib, daryoning narigi qirgʻogʻida oltin qubbasi yaltirab turgan Petropavlovsk qal'asini, portga kirib-chiqib turgan bahaybat kemalarni tomosha qilishni yaxshi koʻrardi. Bugun ham oʻqishdan qaytib, apil-tapil yechindi. Xona issiq boʻlganidan xala-tini kiymay, shunday ichki koʻylakda, deraza yoniga keldi. Lekin ochmadi. Pardani surib, tokchaga suyanganicha tashqariga tikildi. Tashqari esa tuman ichiga gʻarq boʻlgan, deyarli hech narsa koʻrinmas, ba’zi-ba’zida yo portga kirib kelayotgan, yo chiqib ketayotgan kemalarning boʻgʻiq ovozlari eshitilib qolardi.

Sayyora tuman tarqalguncha hech narsa koʻrinmasligiga ishonch hosil qilib, pardani tushirdi. Divan yonida turgan kichkina taxta yashikdan alohida-alohida qilib yumshoq qogʻozga oʻralgan sap-sariq olmadan bittasini olib, qars etib tishladi-da, divanga yonboshladi. Shunda stol ustida yarmi ichilmagan qatiq shishasi tagidagi xatga koʻzi tushdi. Bu xat uydan boʻlib, dadasi yozgan, kecha kechqurun u kinodan qaytganida oʻqigan edi. Shunday boʻlsa ham xatni yana qoʻliga oldi. Tursunali aka bu xatda ham odatdagidek, uyning tinchligi, onasining uni sogʻingani haqida yozib, bir qancha oʻzining va onasining maslahatlarini bayon qilgan edi. Sayyora xatga koʻz yugurtirar ekan, dadasining «sen juda serxarajat chiqib qolding, yaqinda pul yuborgan edim, yana soʻrabsan», degan joyiga kelganda kulib qoʻydi. Chunki xuddi shu xat bilan ketma-ket onasidan yuz soʻm ham olgan edi. Buni, albatta, Tursunali aka bilmasdi. Agar onasining unga bekitiqcha yuborgan pullarini bilib qolsa bormi, tepa sochi tikka boʻlishi turgan gap edi. Biroq Tursunali akaning oʻzi ham qiziga pulni ayamasdi, koʻp yuborardi. Balki shuning uchun Sayyora kursdosh qizlar ichida eng yaxshi va eng chiroyli kiyinadigan qiz edi. Lekin shu bilan birga ba’zi qizlarga oʻxshab molparast emas edi. U narsa qidirmasdi, biron narsa kerak boʻlsa darrov yaqin oʻrtadagi magazindan topib kelardi. Lekin shu qiyinchiliksiz topib kelgan narsasi oʻziga yarashar va hammaning havasini keltirardi. Diplom ishining rahbari, munkillab qolgan professor uni erkalab «Mening qoʻgʻirchogʻim, agar oʻgʻlim boʻlganida majbur qilib boʻlsa ham oʻzim kelin qilardim, — derdi tamshanib.
— Sharq goʻzallari haqida koʻp oʻqiganman, eshitganman, lekin ularning bunchalik husn egasi boʻlishini birinchi koʻrishim». Sayyora bunday gaplarni koʻp eshitgani uchun, kulib qoʻya qolardi. Buning ustiga u oʻzini chiroyli hisoblamasdi, deyarli pardoz ham qilmasdi. Yigitlarning uni koʻrganda angrayib qolishlari, shoʻxlarining esa gap otishlariga oddiy bir hol, hamma qizlarga ham shunday qilishadi, deb qarardi, lekin uning ketiga tushganlarni yomon hafa qilardi. Kursidagi bir yigitning haddan ziyod shilqimligi uchun bir shapaloq tushirganini hamma bilardi. Qizigʻi shunda-ki, u shu yigit bilan keyin juda apoq-chapoq boʻlib ketdi. Umuman, u odamlar bilan boʻlishni, ular qizmi, yigitmi, baribir, boʻsh vaqtini zavq bilan quvnoq oʻtkazishni yaxshi koʻrardi. Buni bilib qolgan yigitlar uni doim oʻzlari bilan olib yurishar, uni oʻz singillaridek koʻrishardi. Qizlar bilan ham uning aloqasi yaxshi edi. Uning kiyimlari deyarli hammaning kiyimlari edi. Ba’zan nimasi bor-yoʻqligini bilolmay qolardi, hatto oʻzining kiyishiga ham hech narsa qolmagan paytlari boʻlardi. Shuning uchun xatning «onang, endi kichkina emas, sal oʻzini bosib yursin deyapti», deyilgan joyiga koʻzi tushganda, ensasi qotib, yeb turgan olmasini otib yubordi. Oyoq yalang deraza yoniga kelib pardani tortdi. Tuman orasidan qal'a qubbasi bilinar-bilinmas moʻralay boshlagandi. «A-ha!» — dedi Sayyora. — «Kechqurun demak yaxshi boʻladi». U bugun Poʻlat, Abdullalar bilan «Raketa»da Pyotr saroyiga borishmoqchi boʻlganini esladi. Esladi-yu, dadasining xatning orqasiga tirkagan jumlasi hayolidan oʻtdi. Boshqatdan uni oʻqib chikdi. «Abdulla yaxshi yuribdimi? U bilan aloqalaring qalay? Mendan salom aytib qoʻy, yaqinda maqolasi chiqqan jurnalni yuboraman...»

U Abdullaning maqolasidan xabardor edi. Uning ancha dadil va yaxshiligini ham bilardi. Birga oʻqishgan, muhokama qilishgan. Biroq nega otasi ularning aloqalari bilan qiziqib qoldi? Aloqalari har doimdagidek yaxshi. Aksari vaqt ular birga. Qiziq.

Sayyora shunday oʻylab radioni qoʻydi. Yengil kuy yangray boshladi. Bir-ikki «pa»dan soʻng, Sayyora yolgʻiz oʻzi raqs tushishni istamadi, karavotga sakrab chiqdi-da, oyoqlarini quchoqlab hali tanishib chiqmagan «Matematik programmalar» jurnalining soʻnggi sonini varaqlay boshladi. Hech narsa tushunmadi. Hayolidan dadasining savoli va Abdulla koʻtarilmasdi. Birdan unga nimadir oydinlashgandek boʻldi. «Nahotki... — Oʻyladi u, — nahotki ular shuni istasalar? Boʻlishi mumkin. Dadam uni yaxshi koʻradilar. Oyimning ham ogʻzidan tushmaydi, unga ham yoqadi. Menga-chi?» Bu savolga u javob berolmadi. Lekin yangitdan Abdulla haqida oʻylab boshladi. Ha, Abdulla yaxshi yigit. Buning ustiga u juda oʻzgarib ketdi. Yaxshi tomonga oʻzgarib ketdi. Ilgarigidek uyatchan emas, ogʻzidan gapi tushib ketmaydi, fikrlari dadil va ishonchli.

Ilgari qanday edi? Gapirishga qoʻrqardi. Umuman, uning har bir harakatida qandaydir yetishmovchilik, hatto qoloqlik bor edi. Endi-chi? Endi u butunlay boshqa odam. Oʻtgan toʻrt yil uni boshqacha qilib yubordi. Koʻp oʻqiydi, aqlli, tartib bilan kiyinadi. Bolalar hazillashib uni «kelajak Eynshteyni» deyishadi. Lekin bu hazilda qandaydir haqiqat bor. Hech kim uning kurs ishi, juda yengillik bilan tayyorlagan kurs ishi bunchalik muvaffaqiyatli chiqadi, deb oʻylamagan edi. Oʻzi ham bunday boʻlishini kutmagan edi. Vaholanki, shunday boʻlib chikdi. Maqola holida bosilishining oʻzi, katta gap. Buning ustiga dekanatda shu ishingizni diplom qiling, deb maslahat berishdi. Bu kamdan-kam boʻladigan voqea. Innaykeyin, hamma uni hurmat qiladi. Sayyora ham. U Abdulla bilan boʻlishdan uyalmaydi. U bilan boʻlgan odam hech zerikmaydi. Qiziq gaplarni topib gapiradi, yaxshi raqs tushadi. Umuman, Abdulla u bilgan yigitlardan ancha ustun. Lekin u hech Abdulla bilan turmush qurishni hayoliga keltirmagan edi. Birga boʻlishdi. Hatto hazillashib Abdulla uni quchoqlardi, oʻpgan paytlari ham boʻlgan. Lekin bularning hammasi shunchaki hazil edi. Sayyora hech mahal u bilan yaqin boʻlishga ehtiyoj sezmagan edi. Abdulla ham balki shundaydir? U odob doirasidan chiqadigan harakatga sira yoʻl qoʻymasdi. Ular yaxshi oʻrtoq. Boʻrttiribroq aytganda, yaxshigina doʻst edilar. Abdulla unga katta hurmat bilan qarar va doim uni oʻzidan baland qoʻyardi. Buni Sayyora bilardi. Shuning uchun ham u boshqa yigitlardan koʻra uni oʻziga yaqin tutar, hatto sirlarini unga aytardi. Ular koʻpincha birga basseynga borishardi, birga choʻmilishardi, Sayyora uning kelishgan, baquvvat qomatiga havas bilan qarar, ba’zan qizishib ketganda, oʻzini uning quchogʻida tasavvur qilib koʻrardi. Lekin bu bir daqiqalik hayol boʻlardi va u darrov buni unutardi. Ba’zan oʻzining nozik, xipcha qomatida Abdullaning ham nazarini sezib qolardi. Lekin bu tabiiy, yigit kishi shunday yonida yaxshigina qizni koʻradi, uning nafasini sezadi-yu, hayajonga tushmay turaveradimi? Bunday yigitlar yoʻq, boʻlishi ham mumkii emae. Ammo boʻlganda ham, ular kimga yoqardi. Hatto qizlarning uning e’tiborsizligidan jahllari chiqishi ham mumkin. Abdulla hamma yigitlarga oʻxshagan yigit. U qarashi mumkin, hayolidan gʻalati fikrlarni oʻtkazishi mumkin, lekin chegaradan chiqmaydi, ortiqcha harakatga yoʻl qoʻymaydi. Sayyoraning oʻzi ham buni istamasdi. U hech mahal Abdulla bilan yaqinlik haqida oʻylamagan edi. Toʻgʻri, bir marta u tushiga kirdi. Oʻshanda kun boʻyi Abdullaga qarolmay yurdi. Lekin bu — tush. Tushda har narsa boʻlishi mumkin. Hayotda-chi? Sayyora shu paytgacha oʻziga bu savolni bermagan edi. Lekin hozir beixtiyor shu savol kelib qoldi, lekin unga javob berolmadi. Ikki-uch yil muqaddam javob berishi mumkin edi, hozir esa aniq javob berishga qiynalib qoldi. U endi kichkina emas. Onasi haq. Kapalakdek u guldan-bu gulga sakraydigan davri tugadi. Endi uning uyi, roʻzgʻori, sevimli kishisi boʻlishi kerak. Lekin shunday odam bormi?

Sayyora koʻp qizlarning oh-voh solib, sevib qoldim, usiz turolmayman, deganlarini eshitgan edi, bilardi ham. Dugonalarining koʻpchiligi qandaydir yigitlar bilan oʻz turmushlarini bogʻlab qoʻyishgan edi va tezroq oʻqishni tugatib toʻy qilish, birga turish orzusida yurishardi. Ammo uning hech kimi yoʻq edi. Toʻgʻri, u hamma bilan yaqin edi, lekin mana shunday birdan bir yigitga muhabbat qoʻyish yo aksincha, uning muhabbatiga sazovor boʻlish uning boshiga tushmagan edi. Bu haqda, hatto oʻylamagan edi.

Dadasining ilmoqli gapi, onasining ogohlantirishi uni bu haqda oʻylashga majbur qilib qoʻygan edi. Chindan ham, nega u boshqa qizlarga oʻxshamaydi? Ba’zilar birinchi kursdanoq bittasining etagini ushlab olishadi. Nega u shunday qilmadi? Xunuk boʻlmasa, ahmoq ham boʻlmasa? Balki muhabbat yosh tanlamasligi rostdir? Birov erta muhabbat qoʻyadi, birov kech... Sayyora shundaydir? Kimga u muhabbat qoʻyishi mumkin? Bundan tashqari, nahotki muhabbat birovni nishonga olganday, tanlab qoʻyilsa? U koʻp yigitlarga yoqishini bilardi. Ular-chi? Ular unga yoqadimi? Sayyora oʻzi bilgan yigitlarni birma-bir koʻz oldiga keltirib chiqdi. Yoʻq, ular unga yoqmasdi. Hammasi yaxshi yigitlar, lekin hech biri yuragini jizillatmaydi. Abdulla-chi? U boshqa gap. Tanish-bilishlarning ichida eng yaxshisi shu. Lekin Sayyora uni sevadimi? Sevib qolishi mumkinmi? Agar sevmasa-chi? U sevgisiz hayotni istamaydi, bunday hayotning boʻlganidan boʻlmagani yaxshi. Balki Abdulla ham uni yaxshi koʻrar!

Bu hayollardan miyasi gʻovlab Sayyora oʻrnidan turdi. Radioni oʻchirmoqchi boʻlganida, koʻzi priyomnik ustidagi budilʼnikka tushib qoldi. «O, lya-lya!» — deb yubordi u boshini qashib. «Yetti boʻlibdi-ku. Rosa xunob boʻlishayotgandir!»

U shoshib kiyina boshladi. Biroq yengi kalta kofta kiyib, endi shimining zanjirini tortay deganda, aynadi. Yechinib, yangitdan kiyindi. Endi egniga yaxshi koʻradigan toʻq zangori koʻylak, oyogʻiga baland poshnali oq tuflisini kiydi. Oynaga bir qarab, oʻzidan va kiyimidan koʻngli toʻldi. Kalta qirqilgan sochini orqasiga bir silkitib tekisladi-da, plashini qoʻltiqlab pastga tushdi. Eshik tagida vaxtyor uni toʻxtatdi.
— Senga telegramma keldi.
— Qani? — Sayyora kampirning qoʻlidan telegrammani olib, shoshib ochdi.

«Izbrali akademikom, tvoy papa», deyilgan edi unda. Sayyora chapak chalib yubordi.
— Tyotya Dusya! Milaya! Ura!!!

U shunday deb kampirning burushgan yuzidan choʻlp etib oʻpdi-da, eshikka yugurdi. Kampir hech narsaga tushunmay hayron boʻlib uning orqasidan qarab qoldi.

Abdulla bilan Poʻlat koʻchaning narigi betida xunob boʻlib turishardi. Sayyora ularni koʻrishi bilan mashinalarga ham parvo qilmay, chopib koʻchani kesib oʻtdi.
— Qirolicha odatdagidek ushlanib qoldilar? — dedi kinoya bilan Poʻlat.

Abdulla jilmaydi.
— Bolla, kechiringlar! — dedi yalingan boʻlib Sayyora. — Ikki marta kiyinib kechga qoldim.
— Oʻh-hoʻ! — dedi shunda uning juda chiroyli kiyinganini payqab Poʻlat. — Qirolichamiz bugun kechirsa arziydigan kiynibdilar.
— Yaxshimi?
— Juda ham! — dedi Abdulla.
— Bunaqasi boʻlmaydi, — qoʻshib qoʻydi Poʻlat. — Qani endi shu kiyimga yarasha karmon ham boʻlsa!
— Karmon katta, — dedi Sayyora. — Kecha oyimlar yuz soʻm yubordilar.
— Yuz soʻm?! — vahmi uchib soʻradi Poʻlat.
— Ha. Hozir borib olamiz. Boramizmi?
— Borish ham gapmi? Uchamiz!

Ular yoʻlga tushishdi. Sayyora oʻrtaga oʻtib ikkalovini qoʻltiqlab oldi.
— Bugun sizlarga konʼyak ham quyishim mumkin...
— Nahotki? — soʻradi Abdulla.
— Bu himmatning boisi nedir? — dedi Poʻlat.
— Mana, — Sayyora toʻxtab plashining choʻntagidan telegrammani olib ularga uzatdi.
— Qiyomat-ku, Sayyora! — dedi Poʻlat.
— Tabriklayman! — Abdulla hayajon bilan Sayyoraga qoʻlini uzatdi. — Bu juda katta voqea.
— Shunga bitta konʼyak qoʻymoqchimisan? — dedi Poʻlat telegrammani qayta oʻqir ekan. — Qizgʻonchiqligingni endi bilishim. Hammamizga bittadan qoʻyasan.

Sayyora kuldi.
— Men hech ishonmasdim.
— Dadang boʻlgani uchun shunday, — dedi Poʻlat, — Tursunali aka katta olim. Toʻgʻrimi, Abu!

Ular hazillashib Abdullani shunday atashardi.
— Toʻgʻri, — dedi Abdulla hamon hayajonini bosolmay. — Akademik... Zoʻr-a? Jaranglashini qara! Akademik...
— Abu! — dedi Sayyora unga oʻgirilib. — Sen ham boʻlasan. Men buni bilaman.
— Men ham, — dedi Poʻlat. — Bahs boylashim mumkin, oʻn yildan keyin Abu akademik boʻladi. Ey akademik, eshityapsanmi? Oʻn yildan keyin.
— Hazilingni qoʻy, — dedi Abdulla, lekin ularning shunday deyishganiga ichida quvondi.

Nega ham boʻlmasin? Axir shunga intilyapti-ku?! Lekin qiyomat, Tursunali aka akademik! Bundan ham katta baxt boʻlishi mumkinmi? Nima qilayotgan ekan hozir? Institutdamikin? Uydamikin? Qaerda boʻlmasin, hamma uning oldiga kelyapti, tabriklayapti... U boʻlsa sekingina jilmayib: «Rahmat, rahmat» deyayotgandir... Abdulla bir daqiqa oʻzini uning oʻrnida qiyos qildi. Mana kresloda oʻtiribdi. Kreslo katta, qizil duxoba qoplangan, oʻtirsang, choʻkib ketasan, yumshoq... Xuddi Sayyoralarnikidek... Birin-ketin odamlar kelishyapti. Hammaning yuzida tabassum, lekin olayib qarayotganlar ham yoʻq emas. Abdulla hamma bilan iliq soʻrashadi, olayganlar bilan ham. Chunki ular endi nima ham qila olardi. U umrbod akademik! Ana, Husanxon aka kelyapti. Ikki qoʻli koʻksida, yuzida kulgi. U oyoq uchida yurib uning oldiga kelib egiladi.
— Abdullajon, tabriklayman, chin koʻngildan tabriklayman. — Uning ovozi xuddi In'om bilan gaplashgandagidek mayin, titroq. — Bir vaqtlar ozgina boʻlsa ham sizni oʻqitganim bilan faxrlanaman. Ergash akam... E, e, Gʻafurjon akam qalaylar? Salomatliklari durustmi? Bir ziyorat qilib kelsam, qanday boʻlar ekan? Vaqtlari boʻlarmikin qabul qilgani?

Abdulla «yoʻq» deganday boshini qimirlatadi.
— Bilaman, bilaman, — deydi shoshib Husanxon aka. — Endi u kishining ishlari koʻp. Mehmon-izlom deganday... Ishqilib omon boʻlsinlar. Aytib qoʻysangiz, oʻzlarini urintirmasalar...

Ha... Agar shunday boʻlsa, ajoyib boʻlardi. Akademik!.. Hayotning, orzuning choʻqqisi bu.
— Nʼyuton yangi formula ixtiro qilyapti! — dedi Poʻlat.

Sayyora kulib yubordi.
—Nima? — anglamay soʻradi Abdulla.
— Hayol surib ketganingga hazil qilyapti, — dedi Sayyora.
— A... Chindan ham hayol surib ketibman, — dedi Abdulla biron narsa deyish uchun.
— Nimani, Abu? — soʻradi Sayyora.
— Konʼyakmi, konʼyak-ku bor... Zakuskasi-chi?
— Bir narsa topilar, — dedi Poʻlat.
— Yoʻq, akademiklikni «bir narsa» bilan yuvib boʻlmaydi.
— Nima taklif qilmoqchisan?
— Nima deysanmi? — Abdulla qoshlarini chimirdi. Uning chehrasi ochilib ketgan edi. Axir shunga intilyapti-ku, albatta shunday boʻladi, hammaning unga havasi keladi. — Baliq! Polyakcha pishirilgan osetra. Limon bilan.
— Vuy! Zoʻr! — deb yubordi Sayyora.
— Zoʻr ham gapmi? — dedi Abdulla oʻz hayoliga berilib. — Qiyomat!
— Qani, chopdik! — Sayyora ularni sudrab ketdi. — Kassasi yopilib qolmasin tagʻin.

Uchalovi yoʻlovchilarni hayron qoldirib, yugurib ketishdi. Oradan yarim soat oʻtar-oʻtmas ular «Raketa»da oʻtirishardi. Sayyora oʻrtada. Poʻlat bilan Abdulla uni qoʻltiqlab olishgan edi.

Saroyda baliq topilmadi. Bor edi, lekin ular istagan baliq emas. Bogʻni aylanib shaharga qaytganda ovqatlanishga qaror qilishdi. Sayyora yigitlarni markaziy fontan tomon boshlab ketdi. Unga bu yer, ayniqsa Samson atrofida jodu koʻzlarini koʻkka tikib hayolga choʻmgan suv parilari juda yoqardi. Qachon saroyga kelmasin, albatta shu ulugʻvor haykallar suv otib turgan fontanni tomosha qilmasdan ketmasdi.

Abdulla Sayyoraning javobini kutmay, uni surgab ketdi.
— Men-chi?
— Yur-yur!
— Sen toʻgʻri aytding, Abu! — dedi Sayyora argʻamchida oʻtirib atrofga tikilar ekan. — Balki soʻnggi marta kelishimizdir. Menga bu yer juda yoqib qolgan edi.
— Achinma. Bizning ishimiz shundayki... — dedi Poʻlat, — har yili kelib turamiz...
— Lekin ish bilan kelamiz...

Sayyoraning bu gapi yigitlarni oʻylatib qoʻydi. Ish... chindan ham yaqinda ish boshlanadi. Sakkiz oy qoldi. Sakkiz oylik yoshlik, sakkiz oylik shoʻxlik. Keyin bu davr hech qaytib kelmaydi.
— Qiziq, — dedi Poʻlat. — Studentlik yaxshimikin, yo ish?
— Menga qolsa, umrbod student boʻlardim, — dedi Sayyora.
— Unda sendan nima foyda?
— Bitta yomon matematik kamayardi. Durustroq ishlashimga koʻzim yetmayapti. Sen bilan Abu boshqa gap.
— Abuni gapirma, — dedi Poʻlat. — U ishlash uchun yaratilgan odam. Rostini aytsam, mening ham uch-toʻrt yil oʻqigim bor. Afsuski, bu mumkin emas.
— Hammamiz ham yaxshi ishlaymiz, — dedi argʻimchoq tebratish bilan ovora boʻlib turgan Abdulla. — Biz hali ishlaganimiz yoʻq. Shuning uchun studentlik yaxshi koʻrinyapti. Ishga tushganda, ish yaxshi koʻrinadi.
—Lekin Sayyora, seni hech reaktor yonida tasavvur qilolmayapman. Sen koʻproq vrachga oʻxshaysan.
— Medinstitutga kiraymi? Abdulla kulib yubordi.
— Yoʻq. Biz birga ishlaymiz. Shunday ishlaymizki...
— Klass boʻladi, klass! — dedi Poʻlat.
— Tagʻin qanday klass!..

Shaharga qaytishganda Abdullaning taklifi bilan «Astoriya»ga kirishdi. Bu qadimiy restoran va uning qimmatbaho menyusi anchadan beri uning dimogʻini qitiqlab yurardi. Podsho Nikolay II ni eslatuvchi shveysar chol ularga chestʼ berib, epchillik bilan Sayyoraning qoʻlidan plashni oldi.
— Qirol qirolichani kutib olyapti! — hazil qildi Poʻlat.

Ular ikkinchi qavatga koʻtarilishdi. Derazalari ogʻir duxoba darpardalar bilan toʻsilgan restoranda tantanavor jimjitlik hukmron edi. Onda-sonda qoʻshni zaldan qadahlarning yengil jarangi eshitilib qolardi. Yoshlar prospektga qaragan deraza tagiga oʻtirishdi.
— Ha... — dedi Poʻlat xoʻrsinib. — Oʻzimizning oshxona bundan tuzuk edi.

Sayyora piq etib kulib yubordi.
— Bir kun baribir kirasan shunaqa restoranga, — dedi Abdulla. — Oʻrganish kerak.

Kapalak nusxa galstuk taqqan ofitsiant menyu uzatdi. Sayyora uni varaqlab, har xil narsalarni buyurar ekan, Poʻlat uning tirsagidan tortib:
— Oʻzingni bos, oʻzingni bos, — derdi.

Ular juda yaxshi oʻtirishdi. Ikki ryumkadan soʻng Poʻlatga bu hashamatli restoran xuddi studentlar oshxonasidek oddiygina boʻlib koʻrina boshladi.
— Qiziq, — derdi ikki gapning birida u. — Nega ilgari hech kirmaganmiz bu yerga? Juda tinch ekan-ku!
— Qani, koʻtardik, — dedi Abdulla yangitdan ryumkalarni toʻldirib.
— Nima uchun? — soʻradi qizarib ketgan Sayyora.
— Hammamizning akademik boʻlishimiz uchun! Abdulla bu gapni chindan aytdimi, yo hazil qildimi, bilib boʻlmasdi, lekin juda kulgili chiqdi.

Ular turishganda, shishada hali anchagina konʼyak bor edi.
— Nima qilamiz? — soʻradi Poʻlat va alanglab atrofga qaradi. Restoran deyarli boʻsh edi. Faqat burchak-burchaklarda, chet elliklar boʻlsa kerak, yarim ovozda gaplashib oʻtirishardi.
— Bitta ham badavlat student koʻrinmaydi. Oh! — dedi Poʻlat barmogʻini bigiz qilib, peshanasiga qadar ekan. — Topdim. Qirolicha! Agar shu, sizning muborak qoʻlingiz tekkan sharobni qirol oliy hazratlariga hadya qilsak, nima deysiz?
— Olarmikan? Turishi juda vahima-ku? — dedi Sayyora.
— Yoʻlini topamiz.

Pastga tushishganda Poʻlat shishani shveysar cholga uzatdi.
— Bobay, agar biz qaytmasak, bizning sogʻligʻimizga ichishingiz mumkin.

Shveysar e’tiborsizlik bilan shishani olib, bir chayqatdi. Koʻngli toʻldi shekilli, prilavka ustiga qoʻyib, poshnalarini zarb bilan taqillatdi-da, chestʼ berdi.
— Tashakkur, — dedi Poʻlat.

Soat oʻn ikkidan oshgan, lekin tun kirganga oʻxshamasdi. Shaharning sutdek oppoq kechasi oʻz hayotini boshlab, bor goʻzalligini koʻz-koʻz qilib turardi.
— Birpas aylanamiz-a? — dedi Sayyora yana sheriklarini qoʻltiqlab.
— Faqat mensiz, — dedi Poʻlat.
— Nega? — hayron boʻldi Abdulla.
— Qirolichani ayab koʻproq tortganga oʻxshayman.
— Aylansak, tarqab ketadi. Keyin uyda choy ichamiz, — dedi Sayyora.

Poʻlat rozi boʻldi. Ular Nevskiy prospekti boʻylab bitta-bitta yurib ketishdi. Odam siyrakligini e’tiborga olmaganda, shaharning tun qoʻynidaligini bilib boʻlmasdi. Tramvay yurardi, mashinalar «gʻiz-gʻiz» oʻtib gurardi. Hech qaerda tun belgisi boʻlgan fonarʼ ham miltillab koʻrinmasdi. Hammayoq yop-yorugʻ, hamma narsa uygʻoq.

Sayyora Poʻlat bilan Abdullaning qoʻllarida osilib borar ekan, koʻzlarini uylarning jimjimador peshtoqlaridan, koʻkoʻpar binolarni yelkalarida koʻtarib turgan pahlavonlardan, baland arklardagi xomush nigoxlarini yerga qadagan farishtalardan uzolmasdi. U shularni koʻrganidan, toʻrt yil shular bilan birga yashaganidan mamnun edi, lekin yaqinda xayrlashadi, oz qoldi, lekin xayrlashadi. U buni istamasdi. U butunlay shu shaharda yashashni istardi, shuning uchun koʻnglining qaeridir gʻash edi.
— Nimang goʻzal sening, shimol goʻzali? — u esiga tushgan bir she’rni oʻqiy boshladi:

Nimang goʻzal sening, shimol goʻzali?
Oydin tunlaringmi, bahmal dengizing?

Abdulla uni davom ettirdi:

Nimang goʻzal sening, shimol goʻzali?
Sening bogʻlaringmi, yokut yulduzing?
Senda ulgaydim men, senda angladim
Inson degan nomni, hayot beshigi...

Keyin nima edi?

Poʻlat «piq», etib kuldi-da, davom ettirdi:
— Senda Eynshteyn boʻlaman dedim,

Senda lang ochildi ilm eshigi...
— Hazil-hazil-u, — dedi Sayyora, — mening kayfim buzilib ketdi. Biz endi yosh emasmiz... Hech miyamga sigʻmayapti.
— Mening miyam yorilib ketay deyapti, — dedi Poʻlat. — Uyga boraylik?..
— Yuringlar.

Ular yotoqxonaga kelishdi. Liftni chaqirishayotganda vaxtyor kampir Sayyoradan soʻradi:
— Boya juda sevinib ketding?
— Otasi akademik boʻldi, — javob berdi Poʻlat.
— Ilgari kim edi? Abdulla kulib yubordi.
— Ilgari doktor edi.
— Doktor? — hayron boʻlib soʻradi kampir. — Nima, akademik doktordan yaxshimi? Men bir doktorni bilaman, juda yaxshi odam, yurakni operatsiya qiladi. Innaykeyin...

Lift koʻtarildi. Beshinchi qavatga chiqishganda Poʻlat toʻxtadi.
— Ha, choy ichmaysanmi? — soʻradi Abdulla.
— Bu odatni ikkalovinglarga havola qilaman. Uyqu bosyapti.

U tushib ketdi. Abdulla bilan yolgʻiz qolib, negadir bu safar Sayyora oʻzini noqulay sezdi.
— Mazang yoʻqmi? — soʻradi Abdulla.
— Yoʻq, yaxshi, — dedi Sayyora. Ovozi ham negadir boʻgʻiq chiqdi.
— Hursandmisan?
— Nimadan? — tushunmadi Sayyora.
— Dadangdan.
— Albatta. Lekin shunday boʻladi deb oʻylamagan edim.
— Men bilardim. Toʻgʻrirogʻi, shunday boʻlishiga ishonardim. Bu juda katta baxt. Kamdan-kam odam bunga yetishadi.
— Sen bundan mustasno.
— Nega?
— Seni yaxshi bilaman, — dedi Sayyora uning qoʻlidan ushlab. — Sen yetishasan.
— Kulma.
— Kulayotganim yoʻq. Sendan kulmayman.
— Rostdanmi?
— Nega yolgʻon boʻlar ekan?

Abdulla minnatdor qiyofada jilmaydi va unga uzoq tikilib qoldi.
— Men hozir! — dedi Sayyora, plashini divanga uloqtirib. — Achchiq boʻlsinmi?
— Oʻzing bilasan.
— Demak, achchiq.

Sayyora chinni choynak bilan choy qutini koʻtarib, chiqib ketdi. Abdulla deraza yoniga bordi. Fortochkani ochdi. Baribir uy sovimadi. Kostyumini yechib, stulga ilayotganda koʻylagining koʻkragidagi tugma shirt etib uzilib ketdi. Abdulla tugmani olib, stolga qoʻydi-da, divanga oʻtirdi. Shu payt Sayyora qaytib kirdi.
— Hozir boʻladi, — dedi u va stolning ustini yigʻishtira boshladi. Shunda koʻzi tugmaga tushib qoddi.
— Bu qaerdan paydo boʻlib qoldi? — dedi u hayron boʻlib.
— Kechirasan, meniki, — dedi Abdulla. — Uzilib ketdi.
— Aytmaysanmi? — hafa boʻldi Sayyora. — Hozir qadab qoʻyaman.
— Qoʻyaver, oʻzim...
— Nega men emas?..

Sayyora shunday deb, shkafning tortmasini titkilay boshladi.

«Yaxshi qiz, — Oʻyladi Abdulla nozik qomatiga koʻz tikib. — Chiroyli, innaykeyin, akademikning qizi. Juda baxtli boʻlsa kerak». U Sayyora bilan birinchi marta uchrashganini esladi. Oʻshanda ham u xuddi shunday chiroyli, chaqqon, xushmuomala edi. Biroq oʻshanda Abdulla undan uyalardi. Endi-chi? Endi ular deyarli teng. Tengmi? Yoʻq, teng emas. Uning hamma narsasi bor. U nima istasa shuni qilishi mumkin. Unga uylangan yigit juda baxtli boʻladi. Uning yana bir yaxshi odati shuki, oʻzining mavqei bilan gʻururlanmaydi, esga ham solmaydi. Ha... Unga uylangan odam baxtli boʻladi. Oilasi ham yaxshi. Tursunali akaning undan boshqa hech kimi yoʻq. Onasi ham uni yeru koʻkka ishonmaydi. Qiziq, nega u hech kim bilan yurmaydi? Nahotki hech kimni yaxshi koʻrmasa.
— Sayyora...
— Nima? Oq ipni qaerga qoʻyibman, topolmayapman.
— Qoʻyaver. Oʻzim tikib olaman. Sayyora...
— Eshityapman.
— Seni... seni erga tegyapti, deb eshitdim. Rostmi? Sayyora kuldi.
— Kim ekan oʻsha men tegadigan er?
— Oʻzing bilsang kerak?
— Oʻsha odam bunisini ham aytmabdi-da... Topdim. Sayyora Abdullaning yoniga oʻtirib, ignaga ip oʻtkaza boshladi.
— Aytmadi, — dedi Abdulla uning ochiq tizzalariga tikilib. — Toʻyga-chi, toʻyga aytasanmi?
— Agar boʻlsa... Qaeri uzildi?
— Albatta boʻladi. Mana, — Abdulla unga yaqinroq surilib, koʻkragini tutdi.
— Ishonasanmi shunga?
— Nega ishonmas ekanman? Bu har bir kishining boshida bor.
— Faqat mening emas.
— Nega?
— Mening hech kimim yoʻq, — Sayyora xomush boʻlib qoʻllarini tushirdi. — Mening hech kimim yoʻq...
— Ishonmayman, — Abdulla shunday deb, uning tizzasiga qoʻlini qoʻydi. — Sen... sen chiroylisan.
— Bu quruq gap.
— Yoʻq, rostdan. Juda chiroylisan,
— Sen-chi? Senga yoqamanmi men?

Sayyora unga sekin koʻz qirini tashladi. Abdulla nima deyishini bilmay qoldi. Yoqadimi Sayyora unga? Bu haqda u oʻylamagan edi. Ha, yoqadi, albatta yoqadi. Shunday qiz nega yoqmasin? Nega shuni ilgari bilmagan edi?
— Ha, — dedi hayajon bilan u. — Men-chi? Men senga yoqamanmi?

Sayyora jilmaydi.
— Kel, qadab qoʻyay.

U shoshib Abdullaning yoqasiii yechdi. Uning yuzi qip-qizarib ketgan, entikib-entikib nafas olardi. Abdulla ham qizarib ketgan edi. Koʻkragini tutib qimir etmay turar ekan, Sayyoraning sochlari engagiga tegib, butun badanini jimirlatardi, yoqimli hidi dimogʻiga urilardi.

Tugmani qadab boʻlib, ipni tishlab uzish uchun Sayyora egildi. Shu tob uning issiq yuzi Abdullaning ochiq koʻkragiga tegdi. Abdulla oʻzini tutib ololmadi. Uni quchoqlab, boʻynidan, qulogʻidan oʻpa boshladi. Sayyora boshini koʻtarmadi, ogʻirligini unga tashlaganicha, bir daqiqa uning quchogʻida yotib qoldi. Koridorda nimadir taraqlab ketdi.
— Voy, choynak! — dedi oʻziga kelib Sayyora va sakrab oʻrnidan turib eshikka otildi.

Abdulla hayajonini bosolmay, joyidan qimirlamadi. Uni yangi hayot, yangi orzular quvonchi qamrab olgan edi. U hech mahal shunday boʻlishiga ishonmagan, xatto hayoliga ham keltirmagan edi. Sayyora uning uchun shu kungacha chiqib boʻlmaydigan qoyaning ustida edi. Bugun esa, bugun u shu qoyaga chiqdi. «Ha, — dedi u ichida oʻzidan mamnun boʻlib. — Men niyatimga yetaman, hammaning menga havasi keladi!».

Ikkiga boʻlingan choynakni koʻtarib, Sayyora kirdi. U aybdor qiyofada jilmaydi.
— Bu yaxshi. Bu baxtdan nishona. Ruslar shunday deydi,

U oʻrnidan turib Sayyoraning oldiga bordi. Choynak boʻlaklarini qoʻlidan olib, stolga qoʻydi-da:
— Ishonasanmi shunga? — dedi. Sayyora boshini qimirlatdi va soʻradi:
— Boshqa damlaymi?
— Yoʻq, — dedi Abdulla va uni qoʻllaridan ushlab oʻziga tortdi.

XVI

«Mingbuloq» jamoasining idorasida majlis ketardi. Bu odatdagi majlislardan boʻlmay, unga qishloqning barcha qiziqqan kishilari chaqirilgan edi. Chamasi ikki yuz kishi sigʻadigan, «klub» deb atalmish shiftining qamishlari chiqib yotgan zal odamlarga toʻlgach, Nurmat aka Samadga imo qilib, «boshla», dedi. Samad sahnaning oʻrtasida turgan stolga yaqinlashdi. Uch xil baland-past binoning maketiga bir qarab qoʻyib, zalga murojaat qildi.
— Oʻrtoqlar, bugun majlisimizda bitta masala koʻriladi. U ham boʻlsa qishlogʻimizning kelajagi.

Mingbuloq yigirma-oʻttiz yil oddin qanday boʻlsa, hozir ham deyarli shunday turibdi. Mana oʻzingiz oʻtirgan xoʻjalik idorasi. Urushdan avval ham shu bino idora edi. Hozir ham. Tashqaridan qaragan odamning koʻngli ozadi. Qishloqdagi boshqa uylar, qingʻir-qiyshiq koʻchalar-chi? Endi shunday loy tomli, pastak uylarda yashash uyat. Agar pulimiz boʻlmaganda boshqa gap edi. Men yana qaytarib aytaman, pulimiz hozir yangi qishloq qurilishini boshlashga yetadi, Mana, koʻz oldinglarda yangi Mingbuloqning taxminiy maketi, — Samad maketni qiyshaytirib zaldagilarga koʻrsatib chikdi. — Bu maketni oʻzimizning yosh me’mor, Yusuf akamizning qizlari Gulchehra yasagan. Qurilishni ham uning oʻzi boshqaradi. Rahbariyat shunga qaror qildi.

Zalda qarsak koʻtarildi.
— Umringdan baraka top! — degan ovozlar eshitildi.
— Hozir, — gapni davom ettirdi Samad, — soʻzni Gulchehraga bersak. Yangi Mingbuloqning qanday boʻlishini yaxshilab tushuntirib bersa, keyin muhokamaga qoʻysak? Qarshilik yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Eshitaylik!
— Boʻlmasa soʻz Gulchehra Saidovaga!

Nurmat aka bilan otasining oʻrtasida oʻtirgan Gulchehra uyalib oʻrnidan turdi va «gapiraveraymi?» degandek, raisga qaradi.
— Bemalol. Koʻnglingdagi borini gapir, — dedi Nurmat aka.

Gulchehra maket yoniga keldi. U uyda majlisga tay-yorlanar ekan, gapni nimadan boshlashni va nima bilan tugatishini ham oʻylab qoʻygan edi. Lekin hozir uiga koʻzlarini tikib turgan odamlarga qarab oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Hatto ichida: «Xudo, oʻzing sharmanda qilmaginda», deb yubordi. Nimadan boshlash kerak? Kunduzi Samad bilan uchrashganda hammasini kelishib olgan, nima deyishini aniq bilardi. Hozir esa hamma gap hayolidan koʻtarilib ketdi.

Zal toʻlqinlana boshladi. Kimdir yoʻtalib ham koʻydi. Gulchehra gapini oʻylab, birma-bir zaldagilarga qarab chiqar ekan, deraza tokchasida oʻtirgan Alisherga koʻzi tushib qoldi. Alisher uning qiynalib turganini koʻrib, «gapiravering, nimadan choʻchiysiz?» degandek koʻzini qisib qoʻydi. Gulchehraga bu dalda boʻldi. Ukasidan koʻz uzmay, sekin gapini boshladi.
— Bu maket mening diplom ishim boʻladi. Oʻrtoqlarim katta-katta binolarning, butun rayonlarning maketlarini chizishyapti. Men oʻz qishlogʻimni tanladim. Koʻpdan beri Mingbuloqning yangi qiyofasini koʻrishni, chang, tor koʻchalar, yertoʻlalarni eslatuvchi uylar oʻrnida keng koʻchalar, chiroyli imoratlarni orzu qilardim. Shu orzumni mana shu maketga tushirdim. Bu maket, albatta, mukammal emas, xato, kamchiliklari koʻp, buning ustiga mening birinchi mustaqil ishim...

Gulchehra toʻxtab qoldi. U hayajonlana boshlaganidan gapini yoʻqotib qoʻygan edi.
— Gapiraver, qizim, qulogʻimiz senda, — dedi bir chol birinchi qatordan.
— Kamchiligi boʻlsa, qoʻrqma. Hasharga chaqirsang, tuzatamiz! — qichqirdi orqada kimdir.
— Kamchiliksiz ish bor ekanmi! Gapiraver! — uni quvvatladi yana kimdir.

Gulchehra ukasiga qaradi. Alisher ikki koʻzini unga tikib, jilmayib turardi.
— Qani boʻla qol, qizim! — dedi Nurmat aka unga dalda berib.
— Yangi Mingbuloq qanday boʻlishi kerak? — davom etdi oʻzini tutib olib Gulchehra. — Mana bu maketda uning bir qismi koʻrsatilgan. Mana bu toʻrt kavatli bino xoʻjalikniki. Biz Nurmat aka bilan kelishib, uni madaniyat saroyi deb atadik. Hozir hech qanday qishloqni shunday madaniyat saroyisiz tasavvur qilib boʻlmaydi, yoshlar koʻp. Kechqurun ular doim dam oladigan, bilimlarini oshiradigan, kino, konsert, teatr koʻradigan bir joy boʻlishi kerak. Maketdagi bino ana shunaqa joy boʻladi.
— Qachon? — qichqirdi kimdir.
— Uch-toʻrt yil ichida, — javob berdi Gulchehra. — Madaniyat saroyi orqasiga kanal tushadi. Keyinchalik borib bu yer qishloq markaziga aylanadi. Uning oldidan katta koʻcha oʻtadi. Bu koʻcha bir tomondan Qoʻqon, ikkinchi tomondan Oltiariq bilan tutashib ketadi. Madaniyat saroyining oʻng tomonida, mana koʻryapsizlar, xoʻjalikning yangi idorasi. Bu ikki qavatli bino qurilishi ham shu yillar ichida ishga tushadi. Chap tomondagi tepasi ayvonlik manavi bino «Mingbuloq» mehmonxonasi. Shunday qilib, qishloq markazida mana shu uchta katta bino boʻlib, ularning oʻrtasi fontanli bogʻ boʻladi. Bu bogʻ kanalgacha choʻzilib keladi.
— Menda savol bor? — dedi zalning oʻrtasidan bir moʻysafid turib.
— Toʻxtang, ota! Gapini tamomlasin!
— Gapini keyin gapiraveradi. Hozir soʻramasam, esimdan chiqib qoladi.
— Mayli, soʻrang, — dedi Gulchehra, — nima deysiz, ota?
— Aytayotganlaringning hammasi yaxshi, bolam. Shu imoratlarning hammasi kerak. Lekin sen menga boshqa narsani ayt. Bizning uylar nima boʻladi? Kecha nevaram gap topib keldi. «Nima deysiz, buva, Mingbuloq buzilarmish, koʻp qavatli uyda turarmishmiz!» «Toʻxta, — dedim, — bu nima degan gap? Tuppa-tuzuk uyimiz boʻlsinda, hamma bir-birining ustiga mingashib yashasin? Bu boʻlmagan gap. Qaysi bir yili Toshkentga tushganimda, meni bir joyga janazaga olib borishdi. Uyga odam sigʻmadi, janazani koʻchada oʻqidik. Bu ham mayli. Tovutni arqon bilan derazadan tushirilganini aytmaysanmi? Men Mingbuloqda ham shunday boʻlishini istamayman. Oʻzbekka bir parcha yer kerak. Oʻzbekka bitta boʻlsa ham daraxt koʻkarib turgan joy kerak. Hojatxonaga chiqsa ham hovliga chiqsin-da, oʻzbek. Nima dedinglar?
— Toʻgʻri, ota, toʻgʻri!
— Bor ekansiz-ku, Qobiljon aka! — degan ovozlar yangradi.
— Qobiljon aka, — dedi Samad, — shuncha gapingiz bor ekan, keyinroq gapirsangiz boʻlar edi.
— E, bolam, esimdan chiqib qoladi, deyapman-ku! Xoʻsh, qizim, qani ayt-chi, nevaram haqmi? Rostdan shunaqa uy qurasanmi?
— Hozir, hozir, ota, — dedi uning gaplarini kulib turib eshitgan Gulchehra. — Men ham siz qanday oʻylasangiz, shunday oʻylayman. Hozir javob beraman. Shunday qilib, shu uchta bino tushadigan joy qishloq markazi boʻladi. Uning atrofida toʻrt tomonga toʻrtta koʻcha tushadi. Koʻchalarning atroflariga turar joy binolari quriladi. Mana bu yerda shu turar joy binolarining ikkita maketi bor. Bu, albatta, taxminiy maket. Koʻryapsizlarmi, koʻchaga qaragan toʻrt oynali uy, uning orqasi hovli. Hovlining jamoa yeriga joylashgan joyi qator hujra... Mingbuloqda koʻp qavatli turar joy binolari qurib boʻlmaydi. Hozircha mana shu uylar kifoya. Qobiljon ota, mana qarang, bu uylar shunday boʻladi: oldi ayvon, uch xona, bir dahliz. Yo boʻlmasa, toʻrt xona, bir dahliz. Koʻchaga esa, xohlang eshik, xoxlang darvoza quring.
— Qobiljon akaga darvoza kerak. Tobut eshikdan chiqmasa, nima qiladi?

Zalda kulgi koʻtarildi.
— Shunday qilib, — gapini yakunladi Gulchehra, — maketda asosan qishloqning markazi koʻrsatilgan. Shuning oʻzi ham ancha yilga choʻziladigan ish.

Gulchehra joyiga borib oʻtirdi. Nurmat aka, ma’qul, degandek unga qarab boshini qimirlatib qoʻydi.
— Yasha, — dedi Yusuf aka. — Gapga ham tuzuk ekansan-ku?

Gulchehra jilmaydi.
— Xoʻsh, qani, kimda savol bor? — Samad stolga qalam urib zalga murojaat qildi.
— Menda bor! — dedi ikkinchi qatordan gavdali bir ayol koʻtarilib. — Yangi qishlokda yasli boʻladimi? Nega bu hakda indamaysizlar? Yo bolani orqamizga tutib ishlayveramizmi?
— Boʻladi! — dedi Nurmat aka joyida turib. — Birinchi navbatda oltmish kishilik yasli quramiz. Bu rejaga kirmagan. Chunki yaslining qurilishi shu yiliyoq boshlanadi.
— Koʻnglingiz toʻldimi, Karomat opa?
— Manavi boshqa gap.
— Yana qanday savol bor?
— Menda!

Alisherning yonida turgan bir bola qoʻlini koʻtardi.
— Nima deysan?
— Madaniyat saroyi bitganda, har kuni kino boʻladimi, yo hozirgidek uch-toʻrt oyda birmi?
— Kuniga ikki mahal. Yaxshimi? Bola iljaydi.
— Yana kimda savol bor?
— Men bir narsaga tushunmayapman, — birinchi qatorda oʻtirgan moʻysafid oʻrnidan turdi. — Unday boʻladi, bunday boʻladi, deyapsizlar! Yaxshi. Boʻlsin. Idorani ham, tomosha binoni ham jamoa xoʻjaligi quradi. Bunga aklim yetib turibdi. Lekin turar joylarni kim quradi? Kimning puliga quradi? Shuni tushuntir.

Samad Nurmat akaga «gapirasizmi?» deganday qarab qoʻydi. Nurmat aka maket yoniga keldi.
— Gapingiz toʻgʻri, Muqim aka. Jamoa xoʻjaligi hammaga tekin imorat qurib berolmaydi. Lekin biz maslahatlashib shunday bir fikrga keldik. Oʻttiz-qirq kishidan iborat qurilish brigadasi tuzsak. Shu brigada faqat uy qurish bilan shugʻullansa.
— Pulni kim beradi, pulni?
— Hozir, — Nurmat aka qoʻlini koʻtardi. — Pulni kuchi yetganning oʻzi beradi. Kuchi yetmaganga xoʻjalik. Uch-toʻrt yilda qarz uzilib ketadi. Daromadidan bosib qolinadi. Mana sizning oʻzingizni olaylik. Oʻzingiz ishlaysiz, oʻgʻlingiz, keliningiz. Ikki kishining daromadi xoʻjalikka sarf boʻlsa, bittangizniki yangi uyga ketadi. Sizniki ketadigan boʻlsa, bir yildayoq uzilasiz. Qalay, ma’qulmi?
— Ma’qul ham gapmi? — dedi moʻysafid. — Birinchi qilib meni xatga tirkab qoʻy. Uyga egilib kiraverish jonimga tegdi.

Kulgi koʻtarildi.
— Qani, kimda yana?
— Mumkinmi?

Savol-javob allamahalgacha davom etdi. Gulchehra kichkina maket shuncha gap-soʻzga sabab boʻlishini kutmagan, hozir dadasi va Samadlar bilan uyiga qaytar ekan, oʻzida yoʻq shod edi. Yarim yoʻlga kelishganda, Yusuf aka nimadir esiga tushib, orqasiga qaytdi. «Ayangga aytib qoʻy, darrov kelaman», — dedi-yu Nurmat akani axtarib ketdi. Gulchehra Samad bilan yolgʻiz qoldi.
— Hursandmisan endi? — soʻradi Samad.
— Juda ham, — dedi Gulchehra. — Bunday boʻladi deb sira oʻylamagan edim.
— Men ham. Odamlar yaxshi yashashni istab qolishdi. Endi, qornim toʻysa boʻldi, degan gap qolib ketdi.
— Loydan yasagan qal'amiz esingdami? — soʻradi Samad, uning tirsagini ushlab. — Toʻrt darvozali, ikki qavatli qal'a... Lekin uni oʻshanda kimdir buzib yuborgan edi. Endi hech kim buzmaydi. Sening uylaring bilan endi odamlarning oʻzi qiziqib qolishdi.
— Ha, — dedi Hayolchan ohangda Gulchehra.

Loy qal'a uning xotiridan sira chiqmaydi. Ancha boʻldi bunga. Ikkinchimi, uchinchi sinfda oʻqirdi oʻshanda. Darsdan keyin mol boqib yurib, bolalar ariq labida «hammompish!» oʻynashdi. Gulchehra ham oʻynadi. Keyin, oʻzi sezmay, loydan nimadir yasay boshladi. Samad ham unga qoʻshildi. Gulchehra devor koʻtardi, Samad uning nima yasayotganini sezganday qator darcha ochdi. Keyin devorning toʻrttala burchagiga minora qurishdi. Minoralarni qamish bilan bir-biriga ulab, tagiga darvoza oʻrnatishdi.
— Bu sening uying, — dedi Gulchehra jiddiy ohangda qal'aga tikilib.

Bizning uyda darvoza yoʻq, — dedi Samad.
— Katta boʻlganingda qurib olasan.

Bolalar qal'a ustiga yana nima kurishni oʻylab, uzoq turib qolishdi. Lekin hech narsa topisholmadi. Kech kirdi. Bolalar tarqalishdi. Gulchehra uyda ham qal'a ustiga nima oʻrnatishni oʻyladi. Nihoyat topdi. Ertalab u hursand boʻlib, Samadlarnikiga yugurdi. Ikkalovi shosha-pisha toʻgʻon boshiga kelishdi. Ammo kechagi tizza boʻyi qad koʻtarib turgan qal'a buzilib yotardi. Kimdir uni tepkilab yer bilan bitta qilgan edi. Hali yaxshi qurimagan loyda etik nagʻallarining izi turardi.

Gulchehra yigʻlab yubordi.
— Yigʻlama, — dedi Samad tishini tishiga qoʻyib. — Oʻzim yangisini yasab beraman.

U shunday ham qildi. Avvalgidan katta qal'a qurdi. Lekin baribir Gulchehraning alami anchagacha bosilmadi.

Gulchehra shuni eslab borar ekan, minnatdorlik bilan Samadga qarab qoʻydi. Haqiqiy doʻst shunday boʻladi. Mana, Samad hozir ham uni quvvatlab kelyapti, undan yordamini ayamayapti.
— Bilasanmi, men hali yangi uy qurmoqchiman. Shiyponlik, darvozalik...
— Oʻ, toʻy yaqinmi?.. — soʻradi Gulchehra.
— Agar rozi boʻlsa yaqin, rozi boʻlmasa...
— Kim ekan oʻsha rozi boʻlmaydigan? Men bilamanmi?
— Ha, — dedi sekingina bosh irgʻatib Samad.
— Oʻzi nima deydi? Gaplashdingmi?
— Yoʻq. Gapiraman deymanu, tilim bormaydi...
— Shunchalik uyatchangmisan? Bilmagan ekanman.
— Gap uyatchanglikda emas.
— Nimada?
— Bilasanmi, u shunaqangi yaxshi odamki, oʻzini shu qadar menga yaqin tutadiki, bu hakda ogʻiz ochgani qoʻrqaman. Balki hafa qilib qoʻyarman, balki yoqmasman...
— Sen yoqmaydigan qiz kim ekan? Mingbulokdanmi?
— Ha. Mingbulokdan. Birga oʻqiganman, birga ishlayapman...

Gulchehra qishlokdagi barcha qizlarni bir-bir koʻz oldiga keltirib chiqdi, lekin birontasini Samadga yaqinlashtira olmadi.
— Kim ekan? — dedi nihoyat uning oʻziga muroja-at qilib.
— Aytaymi?
— Ha.
— Sen.

Gulchehra qizarib ketdi. U bunday javobni hayoliga ham keltirmagan edi. Bechora Samad!
— Hafa qildimmi? — soʻradi Samad xavotirlanib.
— Yoʻq, yoʻq, — Gulchehra toʻxtab qoldi. — Lekin... Lekin men... sen... yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas.
— Bilaman, senga Abdulla yoqadi. Gulchehra yalt etib unga qaradi.
— Qaerdan bilasan? — soʻradi shoshib Gulchehra. «Nahotki koʻrgan boʻlsa?». U shuni oʻyladi-yu, tolzor esiga tushdi va qoʻrqib ketdi.
— U kelganda juda boshqacha boʻlib ketasan.
— Shumi? — Gulchehra yengil nafas oldi.
— Shuning oʻzi ham katta gap.
— Toʻgʻri men uni... men uni yaxshi koʻraman.
— U-chi?
— U ham. Koʻpdan beri.

Gulchehra shunday dedi-yu, sevinib ketdi. Abdullaning boʻlgani va ular bir-birini yaxshi koʻrgani qanday yaxshi! Yaqinda uchrashishadi, oz qoldi, keyin doim birga boʻlishadi. Bundan ham katta baxt bormi! Lekin, lekin bechora Samad... Unga qiyin. Oʻzi juda yaxshi yigit. Balki boshqa birovni sevib qolar? Qishlokda yaxshi qizlar koʻp. Nurmat akaning qizi-chi? Biram chiroyli, biram yoqimtoy!
— Meni kechir, Samad, — dedi Gulchehra uni yupatishga intilib. — Hech narsa deyolmayman.
— Yoʻq, sen kechir. Gapirmasam boʻlar edi. Shunday boʻlishini kutgan edim, kechir... Xoʻp, mana uyingga ham yetib keldik.

Samad darvoza qarshisida toʻxtadi. Gulchehra qoʻlini uzatdi.
— Xayr.
— Xayr, — Samad uning qoʻlini omonatgina siqib, tez orqasiga burildi.
— Samad!
— Nima?
— Toʻxta,— Gulchehra yugurib uning oldiga bordi. — Mendan hafa boʻldingmi?
— Yoʻq, — Samad xomush jilmaydi. — Nega hafa boʻlar ekanman? Yosh bola emasmiz. Xayr.

Lekin Gulchehra uni qoʻyib yubormadi.
— Baribir oʻrtoq boʻlib qolamiz-a? Men seni oʻzimning eng yaqin doʻstim deb bilaman.
— Men ham. Xayr. Oramizda hech qanday gap boʻlgani yoʻq deb hisoblayver.

Bolasiz odam bolaning qadrini biladi. Keyin oʻzining mehribonligini koʻryapsanmi? Senlarni koʻrganda oyoqlaringga yiqilib poyondoz boʻlaman deydi, — degan gaplari ham unga ta’sir qilmasdi. Lekin bir voqea sabab boʻlib, ular bir-birlariga yaqin boʻlib ketdilar. Kelganiga bir yil boʻlganda yigʻim-terim oldidan Zumrad opa bir haftaga Oltiariqqa borib, akasini koʻrib kelmoqchi boʻldi-da, Alisher bilan yoʻlga otlana boshladi. Gulchehra ukasini yuborishni istamasa ham, otasi rozilik bergani uchun, indamadi. Bir hafta bilinmay oʻtib ketdi. Qaytib kelishganda u ukasini tanimadi. Oyogʻida yangi tufli, egnida yoqasiga uqa tutilgan koʻylak, jun matodan shim... Eng muhimi, rangi qip-qizil magʻizdek.

Alisher uni koʻrishi bilan «opa!» deb quchogʻiga otildi.
— Maza boʻldi, opa! Rosa oʻynadim. Ayamlar keyin shaharga olib tushdilar. Kiyimlarimni qarang.
— Muborak boʻlsin. Muncha yaxshi! Kim olib berdi?
— Ayamlar, — dedi gʻurur bilan Alisher.
— Yaxshimi? — soʻradi ularga jilmayib qarab turgan Zumrad opa.
— Judayam yaxshi, aya! — deb yubordi toʻlqinlanib Gulchehra va uni mahkam quchoqladi.

Zumrad opa yigʻlab yubordi. U Gulchehrani bagʻriga bosib sevinar, lekin koʻzidan shashqator oqayotgan yoshlarini toʻxtata olmasdi. Shu-shu ularning orasidan qil oʻtmaydigan boʻlib ketdi.

... Zumrad opa issiq oshni uning oldiga qoʻyar ekan, soʻradi:
— Dadang qanilar?
— Hozir kelib qoladilar. Nimadir eslariga tushib, Nurmat akani qidirib ketdilar.
— Yaxshi boʻldi de-a?
— Juda ham. Nurmat aka, oʻzing bosh boʻlib qurdirasan, deyaptilar. Lekin hali bunga ancha bor. Hali institutda nima deyishadi, bilmayman.
— Aytganday, — dedi oʻrnidan turib Zumrad opa. — Senga telegramma keldi.
— Qani? — shoshib soʻradi Gulchehra Abdulladan deb oʻylab.
— Mana, olib qoʻyibman.

Zumrad opa derazaga qistirilgan qogʻozni olib, unga uzatdi. Gulchehra apil-tapil qoʻllarini artib, telegrammani oʻqiy boshladi. Oʻqib boʻlib, avval hayron boʻldi. Keyin yangitdan oʻqib chiqdi va birdan hoholab kulib yubordi.
— Ha, nima ekan? — soʻradi Zumrad rpa.

Gulchehra oʻzini kulgidan toʻxtata olmay, javob oʻrniga telegrammani uzatdi. Unda shunday yozilgan edi: «Hurmatli oʻrtoq Saidova! «Yoshlik» kompleks binosining jyuri a’zolari sizning loyihangiz bilan tanishib chiqdi. Jyuri sizga shu loyiha uchun birinchi mukofot berilishini loyiq topdi... Konkurs shartiga muvofiq, kelgusi yilda boshlanadigan qurilishda siz ishtirok etishingiz kerak. Sizni qiziqtirgan barcha masalalar bilan quyidagi manzilga murojaat qiling: Shahar loyiha instituti».

Gulchehra quvonchining cheki yoʻq edi. U endi arxitektor! Uning loyihasini qabul qilishdi! Mukofot berishdi.
— Nega gapirmaysan? Menga ham ayt! — dedi Zumrad opa.

Gulchehra uni quchoqlab choʻlpillatib yuzidan oʻpar ekan, telegrammaning mazmunini aytib berdi.
— Nima, endi ketib qolasanmi?
— Hozir emas. Chaqirishganda. Innaykeyin, tez qaytaman. Yarim yilcha-da, aya! Bu juda katta gap! Ishonmaysizmi?
— Ishonaman. Nega ishonmas ekanman. Mayli, omon boʻl ishqilib.

Gulchehra telegrammani yuziga surtib oʻpa boshladi. Orzusiga endi yetdi u! Juda tez yetdi! Samad eshitsa-chi, oʻzi hursand boʻladi. Dadasi-chi? U ham. Hamma hursand boʻladi. Darhol Abdullaga yozishi kerak. Qanday sevinib ketar ekan eshitib?! U shunday hayol bilan ovqati ham chala qolib, oʻz xonasiga yugurib kirib ketdi.

«Abdulla, — deb boshladi u xatni. — Ikki kun boʻlgani yoʻq sizga xat yozganimga. Lekin yana yozgim keldi. Bugun shodligimning chegarasi yoʻq. Mingbuloq maketi qabul qilindi! Shundan boshim osmonga yetib, uyga kelganimda yana bir quvonchli xabarning ustidan chiqdim. «Yoshlik» kompleks mehmonxonasi uchun yuborgan loyiham birinchi mukofot olibdi. Hozir qoʻlimda shu telegramma-ku, sevinchimni ichimga sigʻdirolmay sizga yozayapman. Hursandmisiz? Siz yaxshi koʻrgan qiz aqlli chiqib qoldi. Lekin uning yutuqlardan boshi aylanmaydi. U sizga oʻxshashga, hamma narsaga jiddiy, sokin qarashga harakat qiladi va sizni sogʻinib kutadi. Siz kelganda men Toshkentda boʻlarman. Chunki qurilishda mening ishtirok qilishim shart ekan. Jyuri shunday yozibdi. Shu bilan xatim tamom. Dadam kelyaptilar!..

Xatingizni intizorlik bilan kutuvchi Sizni sogʻingan

Gulchehra».

XVII

Abdulla ikki oʻt orasiga tushib qolgan edi. Lekin shunday boʻlganidan hafa emas edi. Sayyora oddiy qiz emas. U bilan oʻz hayotini bogʻlagan odam koʻp narsaga yetishishi mumkin. Abdulla esa shunday bogʻlanishning boʻsagʻasida turibdi. U oʻzining Sayyora bilan boʻladigan turmushini tasavvur qilar ekan, beixtiyor chehrasiga tabassum yugurardi. Uch yil aspirantura, uch yil doktorlikka tayyorgarlik, keyin bironta yirik ilmiy-tekshirish institutiga rahbarlik... Bu hammasi boʻladigan gaplar. Albatta bu darajaga uning oʻzi ham mustaqil ravishda erishishi mumkin. Lekin qachon? Necha yilda? Buning ustiga hayotda har bir narsa yuz berishi mumkin. Uning e’tibordan chetda qolib ketishi ham ehtimoldan xoli emas. Sayyora bilan boʻlganda-chi? U butunlay boshqa gap. Tursunali aka obroʻli odam, u hech mahal qarab turmaydi. Qoʻlidan kelganicha unga yordam beradi, yoʻl koʻrsatadi. Har holda begona emas, oddiygina shogird emas, kuyov! Yakkayu yagona qizining umr yoʻldoshi! Umr yoʻldoshi... Qiziq, shunday boʻlarmikin? Nega ham boʻlmasin? Sayyora soʻnggi paytlarda unga juda boshqacha qaraydigan boʻlib qoldi. Ilgari ham u oʻzi e’tiborli edi. Lekin Abdulla ikkalovi oʻrtasida bunday yaqinlik yuz berishini kutmagan edi. Albatta, birinchi marta koʻrganidayoq shu fikr hayolidan oʻtgan. Lekin bu faqatgina hayol, shu vajdan ichida qolib ketgan edi. Uni yuzaga chiqarishga botinolmay yurardi. Buning ustiga Gulchehra... Gulchehra... yaxshi qiz, chiroyli, unga yoqadi. Agar Sayyora bilan bunchalik boʻlib ketmaganda, albatta, hech ikkilanmasdi. Hammasi oʻsha kelishganlaridek boʻlardi. Endi-chi? Endi hamma narsa chuvalashib ketdi. Bu yaxshi emas. Odam degan bir soʻzlik boʻladi. Koʻrnamaklik qilmaydi. Lekin nega Gulchehra bunchalik boʻshlik qildi? Qizlar oʻzi shunaqa boʻlarmikan? Juda ham boʻshlik qildi. Agar rozi boʻlmaganda Abdullaning jahli chiqmasdi. Albatta ozgina hafa boʻlardi, lekin ozgina, xolos. Hozir buni oʻylab oʻtirmasdi. Uning oʻziga ham, Abdullaga ham yaxshi boʻlardi. Tippa-tinch, xuddi bir-birlarini bilmagandek boʻlib ketishardi. Endi-chi? Endi yomon, harholda shunday yaqinliqdan soʻng, shuncha va’dadan soʻng aldash, xiyonat qilish yaxshi odamning ishi emas. Innaykeyin, Gulchehra uni yaxshi koʻradi. Biroq u bilan turmush qursa nima boʻladi? Uni nima kutadi? Abdulla buni tasavvur qilishga urinib koʻrdi, lekin oʻzining boloxonali uyidan boshqa hech narsani koʻz oldiga keltira olmadi. «Oʻzim ahmoqman, oʻzim! — Oʻylardi u. — Nega shoshildim? Shusiz kunim oʻtmasmidi?» Lekin u Mingbuloqda oʻtkazgan kunlarini eslab, oʻzini oqlardi, bundan boshqa iloji ham yoʻq edi. U chindan ham Gulchehrani sevib qolgan, usiz yashay olmasligiga qattiq ishongan edi. Mingbuloqda, albatta yaxshi boʻlgan edi. Tungi sayillar, shirin orzular, Gulchehraning mayin qoʻllari, qoʻngʻiroqdek ovozi, ajoyib gaplari!.. Uni sevmasdan boʻlarmidi? U bilan oʻsha yerda bir daqiqa birga boʻlgan; uning olov koʻzlariga tikilib, ovozini eshitgan odam bir umrga oʻzini baxtli hisoblasa boʻlardi.

Abdulla shu paytgacha oʻzini shunday hisoblab kelardi. Uning nazarida, shu paytgacha undan shod, undan baxtli odam yoʻq edi. Oʻqishlari yaxshi, kelajagi porloq, uni sevadigan odam bor. Tagʻin qanday odam. Tengi yoʻq goʻzal, tengi yoʻq muloyim odam! U Gulchehraning sevib qolishini juda istagan edi. Agar shunday boʻlmaganda oʻzini juda baxtsiz, ruhan ezilgan his qilardi. U bolaligidan shunga oʻrgangan edi. Agar uni kimdir urishadigan boʻlsa, yomon koʻz bilan qaraydigan boʻlsa, tinchligi buzilardi, oʻzini alamdan qayoqqa qoʻyishini, nima qilishini bilmay qolardi. Axir maktabda oʻqib yurgan paytlari Husanxon akani shuning uchun yomon koʻrib qolmaganmidi?! Bolalikda oyisi... Maktabni tamomlaganda esa Gulchehra. Shularsiz u oʻz hayotini tasavvur qilolmasdi. Albatta Gulchehra boʻlmasa, u baribir boshqa bir odam topardi. Kim boʻlmasin, unga mehr qoʻygan bironta odam boʻlish kerak edi. Afsuski, shunday odam Gulchehra boʻlib chikdi. Endi nima qiladi? Bu mushkul ahvoldan qanday qutuladi? U Gulchehraga ham, Sayyoraga ham, hech kimga yomon koʻrinishni istamasdi. Oʻzi yomon odam boʻlganda boshqa gap edi. Yomon emas. Harholda uni hurmat qilishadi, u bilan hisoblashishadi, institutning eng oldi studentlaridan biri.

Hech kimga u yomonlik qilgani yoʻq, yomonlik qilishni oʻylamaydi ham. Odam oʻz hayotining yaxshi boʻlishini istasa, yaxshi turmush kechirgisi kelsa — buning nimasi yomon? Albatta, Gulchehra bilan oʻsha voqea yuz bermaganda, ish koʻngildagidek boʻlardi. Hech narsani oʻylamasdi. Gulchehra, kechiring, men adashgan ekanman, biz bir-birimizga toʻgʻri kelmaymiz, men bilan boʻlsangiz hayotingiz buzilishi mumkin, deb xat yozardi. Shu bilan tamom. Hozir bunday xat yozib boʻlmaydi, ularning aloqalari juda chuqurlashib ketdi. Tavba, odam ham shunchalik qiyin ahvolga tushib qoladimi?! Biroq nimasi qiyin? Bittasini tanlash kerak. Kimni? Abdulla Gulchehra haqida qanchalik oʻylashga, uning tomoniga ogʻishga harakat qilmasin, koʻz oldidan Sayyora ketmas edi. Kichkinagina, nozik, qiyiq koʻzlari doim shoʻx kulib turadi. Undan voz kechish mumkinmi? Otasining qoʻlida ikkalovi birga ishlashsa, bir xonada oʻtirishsa, bir majlisga qatnashishsa! Voz kechsa, uning koʻziga qanday qaraydi? Tursunali akaga kanday qaraydi. Jahl ustida uning hayotini buzib yuborishi ham mumkin. Akademik!

Bir kuni Sayyora hazillashib unga otasining «Abdulla bilan aloqalaring qalay? Tuzukmi?» degan xatini koʻrsatdi.

— Javob yozdingmi? — soʻradi Abdulla.
— Ha, — Sayyora unga qoshlarini chimirib tikildi.
— Nima deding?
— Urishib qoldik. Yomon yigit ekan, — deb yozdim. Abdulla choʻchib ketdi. Bu qizdan har narsani kutsa boʻladi. Aynib qolgan boʻlsa-ya?
— Hazil qilma.
— Nega hazil qilar ekanman? Rost. Sen yomonsan. Sen bilan yolgʻiz qolib boʻlmaydi.

Abdulla uyalib ketdi. Albatta u Gulchehradan keyin oʻziga erk berishdan qoʻrqardi. Lekin shunday boʻlsa ham ba’zan oʻzini tiyolmasdi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Sayyora keyingi paytlarda juda kamdan-kam, oʻshanda ham kunduz kunlari uni oʻz xonasiga kiritardi. Balki bu yaxshidir, oʻylardi shunda Gulchehrani eslab Abdulla.
— Rostdan shunday yozdingmi?

Abdullaning rangi oqara boshlaganini koʻrgan Sayyora unga rahmi kelib, kulib yubordi.
— Yoʻq. Siz oʻylagandan ham yaxshi, deb yozdim. Ma’qulmi shu javob?
— Juda ham, — Abdulla ochilib ketdi.

Shundan bir hafta oʻtganda u birdaniga ikkita xat oldi. Bittasi Gulchehradan, bittasi uydan edi. Abdulla avval Gulchehraning xatini qoʻliga oldi-yu, keyin aynidi. Xat ochmasa ham ochilib ketadigandek koʻrinib, kayfini buzdi. Sekin stolga qoʻyib, ustiga kitob bostirdi-da, otasining xatini ochdi. Gʻafurjon aka hol-ahvol soʻrab, uning tinchligini, ayasining sogʻ-ligini, oʻzining ham ancha tuzukligini bayon qilgandan soʻng, shunday yozgan edi:

«Kecha kechqurun Tursunali akang keldi. Ancha gaplashib oʻtirdik. U seni soʻradi. Qizidan gapirdi. Bilishimcha, Sayyora juda yaxshi qiz boʻlgan emish. Bir-biring bilan ancha tuzukmishsanlar. Abdulla menga juda yoqadi. Tuzukkina olim boʻlishi mumkin, dedi. Bitirgandan soʻng, Sayyorani ham, uni ham oʻz institutimga olaman, aspiranturaga kiritib qoʻyaman, dedi. Ayang ikkalamiz juda hursand boʻldik. Bechora ayang ozgina koʻz yoshi ham qilib oldi. Abdullajon, oʻgʻlim, koʻpdan beri biz shuni orzu qilardik. Sening katta odam boʻlishingni istardik. Anglashimcha, shu niyatimizga yetayotganga oʻxshaymiz. Ishqilib sogʻ boʻl.

Tursunali akang ketganidan keyin ayang ikkimiz kechasi bilan uxlamay seni oʻylab, gaplashib chiqdik. Agar Sayyora bilan yulduzlaring toʻgʻri kelib qolsa, Tursunali akang bilan quda boʻlish biz uchun katta baxt boʻlardi. Nazarimda Tursunali akangning ham shunga mayli bor. Iltimosim shuki, keyingi xatingda shu haqda ham ikki otz oʻz fikringni yozib yubor.

Salom bilan otang

Abdulla sevinib ketdi. Demak, hamma narsa uning Sayyora bilan boʻlishiga qarab ketyapti. Demak, u Tursunali akaga yoqadi. U oʻz institutiga oladi. Bu endi aniq. Aspiranturada oʻqiydi. Bu ham aniq. Ajoyib qiz, ajoyib oila. Yana nima kerak? Axir uning ham xuddi ota-onasidek orzusi shu emasmi? Abdulla shu zahotiyoq javob yozmoqchi boʻlib qoʻliga ruchka oldi. Shu payt koʻzi kitob tagidan uchi chiqib turgan qizil konvertga tushib qoldi. Nima yozgan ekan? Yana «Sogʻindim, tezroq yil oʻta qolsaydi...» boʻlsa kerak. U erinibgina konvertni yirtdi. Xat juda qisqa edi. Bu oʻsha biz bilgan xat boʻlib, Gulchehra oʻz yutuqlarini yozgan, sevinchini u bilan oʻrtoq-lashgan edi. Abdulla xatni oʻqib boʻlib oʻylanib qoldi. U hech qachon qisqa muddat ichida Gulchehraning bunchalik katta yutuqlarga erishishini kutmagan edi. Albatta, Gulchehra gʻayratli, mehnatsevar, aqlli qiz edi. Lekin bunchalik boʻlish!.. Uning shu topda unga gʻayirligi kelib ketdi va ayni vaqtda u bilan faxrlandi. U yengiltak, oddiy bir qiz bilan yurmagan ekan. Uni yaxshi koʻrgan qiz juda talantli ekan! Gulchehra! Gulchehra!.. Nima qilish kerak? Shunday qizdan voz kechib boʻladimi?!

Abdulla qoʻlidagi ruchkani uloqtirib yubordi. Yoʻq, u yozmaydi, hech narsa yozmaydi. Qanday yozadi, nima deb yozadi? Tavba, bunchalik ham qiynoq boʻladimi odamga? Nima qilish kerak? Bironta odam bilan maslahat qilsinmi? Lekin kim bilan? Keyin, nima deb maslahat soʻraydi? Yoʻq, bu masalada unga hech kim maslahat berolmaydi. Maslahat soʻrashning oʻzi uyat. Undan rosa kulishlari mumkin. Kulishsa ham mayli, uni haqorat qilishlari mumkin. Axir birovning mol-mulki, amaliga qarab muhabbat qoʻyib boʻladimi? Bu sharmandalik-ku! U nima degan odam boʻladi? Obroʻsi qoladimi oʻshanda? Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin. Kim aytuvdi unga bu gapni? Qachon eshitgan edi? Ha, bunga ancha boʻldi. Togʻasi aytgan edi. Maktabni bitirib, Mingbuloqqa borganida shunday degan edi. Nega shunday dedi? Nahotki Abdulla oʻshanda bironta noma’qul gap aytib qoʻydi? Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. U hech mahal dilidagini tiliga chiqarmagan. Ha, boʻldi. Otasi haqida gapira turib, shunday degan edi.

«Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin...» Yoʻq, u Gulchehrani tashlamaydi. Ayniqsa, endi. Endi Gulchehra unga hammadan ham yaqin, aziz boʻlishi kerak. Uni tashlash xiyonat va u — Abdulla bunday xiyonatga qodir emas. Gulchehra bilan ham u niyatlariga yetishi mum kin. Mana, hech kimning koʻmagisiz, shunday katta shaharda, murakkab institutda oʻqidi. Yaxshi oʻqidi. Hatto kurs ishi bosilib chikdi. Diplom ishi ham shunday boʻlishi mumkin. Shunday qiladi, javob yozmaydi, Toshkentga qaytganda esa otasiga yotigʻi bilan tushuntiradi va Gulchehraga uylanadi... U tushunadigan odam. Keyin, Gulchehra bilan u emas, Abdulla turadi. Ayasi ham qarshilik qilmaydi.

Biroq bunday hayollar ham Abdullaning koʻnglini koʻtarmadi. Ozgina tinchitdi, lekin koʻnglini yorishtirmadi. U karavotda choʻzilib, Gulchehraning xatini qaytadan oʻqiy boshladi. «Siz qaytganingizda balki Toshkentda boʻlarman. Qurilishga ishtirok etishingiz kerak, deyishyapti...» «Toshkentda boʻlarman...» — Oʻyladi Abdulla va uning shaharda yurganini koʻz oldiga keltirdi. Mana u Sayilgoh koʻchasida ketyapti. Egnida shohi atlas koʻylak, oyogʻida oppoq tufli. Hammaning koʻzi unda. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas, Gulchehra juda chiroyli. Mana, u univermag yonidan oʻtdi. Shu top... Sayyora bilan uni koʻrib qoldi! Yoʻq, bunday boʻlmaydi. Abdulla hech kimni, na Sayyorani, na uni aldaydi.

Eshik taqilladi.
— Kim?
— Mumkinmi?
— Ha, senmisan, — dedi Abdulla yotgan joyida. — Kel.
— Nima qilib yotibsan? — dedi Poʻlat xonaga kirib.
— Oʻzim shunday... Oʻzing-chi? Bekorga oʻxshaysan?
— Hozir kutubxonadan keldim. Ishim yurishmayapti nazarimda.

Poʻlat Abdullaning yoniga oʻtirib, tizzasiga musht urdi.
— Nega?
— Mana biz yuryapmiz. Har bir qadamimiz qandaydir bir fizik hodisa. Kaptar uchdi, olma shoxidan uzilib tushdi. Bular ham fizik hodisa. Xullas, hamma hodisa va ular asosida paydo boʻlgan nazariyalarning tafakkurga aloqasi bor. Bu tushunarli.

Lekin konkret matematik masalalarni yechishda diamatning roli qanday? Bilaman, masalaning mohiyatini yechishda u soʻzsiz katta yordam beradi. Lekin bu endi matematika emas, fizika olami. Kvantli mexanika va falsafa, Eynshteyn nisbat nazariyasi va falsafa... Sen bu haqda hech oʻylaganmiding?
— Koʻp marta.
— Xoʻsh, fikring qanday?

Abdulla qiynab turgan savollardan qutulish uchun Poʻlatga javob bera boshladi.
— Diamat, albatta matematik masalalarni yechish yoʻllarini koʻrsatib berolmaydi. Lekin ilmiy qidirishlarni usiz tasavvur qilish ham qiyin. Falsafani oʻrganmasdan, ilmiy haqiqatlarga yetib boʻlmaydi... Agar hamma narsa oʻsish, rivojlanishga ega ekanligini Eynshteyn bilmaganda, uning nisbat nazariyasi ham paydo boʻlmasdi.
— Sen akademik Aleksandrov nima degan boʻlsa, shuni qaytaryapsan.
— Agar toʻgʻri boʻlsa, nega qaytarmas ekanman?
— Chunki diplomning kichkina bir bobiga buni sigʻdirib boʻlmaydi. Menga bitta konkret misol kerak. Rahbarim boʻlsa, oʻzingiz toping, deyapti.
— Bir oz bosh qotirsang topasan. Yaxshisi, menga qara, — Abdulla oʻrnidan turdi. — Ozgina ichaylik. Ul-buling bormi?
— Hech narsa. Boy boʻlsang olib kelishing mumkin. Doʻkon shunday tagimizda.
— Mayli.

Abdulla choʻntaklarini titkilab, pul oldi-da, oʻrtogʻiga uzatdi.
— Yoʻq boʻlib ketma tagʻin.
— Raketa boʻlaman, raketa, — Poʻlat chopganicha pastga tushib ketdi.

«Ozgina boshni shamollatish kerak, gʻovlab ketdi, — Oʻyladi Abdulla va kinoya bilan kulib qoʻydi. — Ahvoling ogʻir, azizim, ahvoling ogʻir... Poʻlatning ishi maza. Diplomdan boshqa narsani bilmaydi, shundan boshqa gʻami yoʻq. Diplomi ham oʻzi tayyor boʻlishi kerak. Biroq u yengil-elpi ish qilmaydi. Sekin qilsa ham puxta ish qiladi. Aftidan miyasida bir fikr oʻralashib yuribdi. Hammasini biladi, ayyor. Lekin oʻzini tekshirib koʻrmoqchi. Balki shunday qilgan yaxshidir? U ham sekin oʻzini tilga olmasdan, maslahat qilib koʻrsinmi?»
— Mana, biz ham tayyor! — dedi hansirab Poʻlat xonaga kirar ekan. — Ozgina zakuska ham oldim.
— Poʻlat, — dedi Abdulla bir ryumkadan soʻng.
— Nima?
— Agar seni jarning yoqasiga olib kelib, tanla: yo hayot, yo oʻlim? — deyishsa, nimani tanlar eding?
— Bema’ni savolingni qoʻy.
— Yoʻq, aytgin.
— Albatta hayotni tanlar edim.
— Yolgʻon gapirding. Men hazil qilayotganim yoʻq.
— Nimani tanlar edimmi?
— Ha.
— Qaysi biri yaxshi boʻlsa, shuni.
— Sening uchun nima yaxshi?
— Mening uchun hayot qolib, oʻlikdek yashaganimdan oʻlib hayot boʻlishim yaxshi. Ha, bu falsafiy masalalar seni nega oʻylatib qoʻydi?

Abdulla javob bermadi. Poʻlatning shunday javob berishini u bilardi. Boshqalar ham shunday. Lekin u-chi? U ham shunday javob berarmidi? Albatta. Yoʻq, u Gulchehrani tashlab ketmaydi! Hech qachon! Hech qachon!
— Quy!
— Tinchlikmi?

Lekin Abdulla javob berishga ulgurmadi. Eshik qattiq ochilib, har galgidek shoʻx kulgi bilan Sayyora kirib keldi.
— Bolla, meni tabriklashinglar mumkin!
— Ha?
— Diplomimni mashinkaga berdim.
— Urra! — dedi qarsak chalib Poʻlat. — Yana «Astoriya»ga borar ekanmiz-da?
— Marhamat!
— Boramizmi, Abdulla? — Poʻlat oʻrtogʻini turtdi. Abdullaning borgisi yoʻq edi, lekin unga iltijo bilan tikilib turgan Sayyoraga koʻzi tushdi-yu, yoʻq deyolmadi.
— Mayli, — dedi va shu ondayoq «shundan ajralamanmi? Qanday yaxshi qiz! — degan fikr Hayolidan oʻtdi.
— Avval menga bir narsani aytinglar! — dedi Sayyora mamnun boʻlib. — Nima sababdan ichib oʻtiribsizlar, tagʻin mensiz?
— Manavi boʻlsa sabab topiladi, — dedi Poʻlat shishaga ishora qilib. — Oʻzimiz, shunday. Abdullaning ortiqcha puli bor ekan.
— Yana gonorarmi?
— Yoʻq, qolgani, — dedi Abdulla. — Ozgina ichasanmi?
— Aroqdanmi? Puf! Yoʻq, — Sayyora aftini bujmaytirdi.
— Xoʻp, ketdikmi boʻlmasa? — soʻradi Poʻlat. — Qornim piyozning poʻsti boʻlib ketdi.
— Shoshma, kiyinib olay, — dedi Sayyora.
— Obbo! Yana kutarkanmiz-da!..
— Yoʻq, tez tushaman.

Sayyora shoshib chiqib ketdi va anchagacha Abdullaning qulogʻi ostida uning «taq-tuq, taq-tuq» qilgan yengil oyoq tovushlari jaranglab turdi.
— Tavba! — dedi Poʻlat shishaning ogʻzini berkitar ekan. — Qirolichamiz boʻlmaganda nima qilar edik? Men hammamizning yana bir joyda ishlashimizdan hursandman. Sen-chi, Abu?
— Men ham. Biroq shunday boʻlarmikin?
— Nega boʻlmasin?
— Atom reaktori yaqinda bitadi. Bittamiz oʻsha yoqqa ketib qolishimiz mumkin.
— Faqat men emas. Sayyora ham bormaydi. Nahotki sen?
— Bilmadim. Agar yuborishsa, nima deyishim mumkin?
— Aspirantura nima boʻladi? Niyating shu edi-ku?
— Niyat boshqa, hayot boshqa. Nahotki shuni bilmasang!
— Qiziq... — Poʻlat yelkalarini qisib qoʻydi. Abdullaning darrov oʻzgarib qolgani uni qiziqtirsa ham, hozir bu haqda oʻylagisi va surishtirgisi kelmasdi. U tezroq «Astoriya»ga borishni istardi va koʻzini eshikdan uzmasdi. Nihoyat Sayyoraning koridorda oyoq tovushlari eshitila boshladi.
— Tushyapti. Yur.

Abdulla oʻrnidan turdi. «Shunday boʻlgani yaxshi, — Oʻylardi u. — Reaktorda ishlayman, bulardan chetda».

Ular «Astoriya»da ancha oʻtirishdi. Keyin shahar aylanishdi. Oydin kecha, goʻzal shahar, Sayyora va Poʻlatning hazil-huzul gaplari uning koʻnglini koʻtarib yubordi.

Lekin yotoqxonaga qaytib, xonasiga kirganda yana miyasini ming xil fikr qoplab oldi.

Shu tariqa kunlar oʻta boshladi. Abdulla Sayyora bilan boʻlganda, Poʻlat bilan uchrashganda hamma narsani deyarli unutar, yolgʻiz qolganda esa nima qilishini bilmasdi. U oʻzini toʻqayzor ichida adashib qolgan ovchidek his qilardi, bu toʻqayning na boshi bor, na oxiri, qayoqqa yurishni bilmaysan kishi. Shuning uchun otasining savoliga javob yozmadi. Gulchehraga esa, oʻzini majbur qilib, yarim qogʻozgina xat yozdi-da, yutuqlar bilan tabriklagan boʻldi. Xatida Toshkentga uning nihoyat keladigan boʻlganidan hursandligini ham bildirdi.

Bir kuni u kechqurun yotoqqa qaytganida (u endi koʻp vaqtini kutubxonada oʻtkazardi) vaxtyor kampir unga xat uzatdi. Xat Gulchehradan edi. Yana sogʻinganini yozgan boʻlsa kerak, yo biron ishi yana yaxshi chiqqandir, deb oʻylab, Abdulla shoshmasdan xonasiga koʻtarildi. Yechinib, karavotga yonboshladi-da, xatni ochdi. Ammo uni oʻqib, yuragi orqasiga tortib ketdi. Xatda shunday deyilgan edi:

«Salom, Abdulla!

Yana yozyapman. Lekin bu gal xatim sizni quvontirmaydi, chunki juda katta koʻrkuv va qaygʻu bilan yozyapman. Boshimga katta tashvish tushdi. Bu tashvishni hech kimga aytolmayman. Sizga aytishga ham uyalaman. Shuning uchun ham bir oydan beri sizga xat yozganim yoʻq edi. Endi yozmasdan ilojim yoʻq. Sizdan boshqa mening endi kimim bor? Abdulla, soʻnggi uchrashuvimizdan keyin bir oy oʻtgach, menda oʻzgarish yuz berdi. Tushunyapsizmi? Boshqacha yozolmayman. Avval, hechqisi yoʻq, bir kun avval, bir kun keyin, deb oʻzimni tinchitdim. Ikkinchi oyda ham shunday boʻldi. Mana hozir uchinchi oy ketyapti. Taxminim toʻgʻri chiqqanga oʻxshaydi. Nima qilishimni bilmayman. Agar uchinchi oy ham shunday boʻlsa, bunga esa bir hafta qoldi, unda hech qanday shubha qolmaydi. Tushundingizmi, Abdulla? Biz katta gunoh qilib qoʻyganga oʻxshaymiz. Qishloqda endi boshimni qanday koʻtarib yuraman? Siz yonimda boʻlganingizda ham, boshqa gap edi, bunchalik qiynalmas edim. Biror yoʻlini qidirib topardik. Vrachga murojaat qilgim kelmayapti. Uyalaman. Keyin, bu yerda. Qoʻqonda dadamni bilishadi. Boshim qotdi. Hech narsa dilimga sigʻmay qoldi. Nima qilamiz endi?

Javobingizni kutib

Gulchehra».

Bu xat Abdullani esankiratib qoʻydi. Nahotki, Gulchehra homilador boʻlsa? Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. U yigʻlamoqdan beri boʻlib, xatni yana oʻqib chiqdi. Yo tavba! Endi shu yetishmay turgan edi oʻzi. Nima boʻladi endi? Nima qiladi? Abdulla xonaning u boshidan-bu boshiga yurar ekan, koʻz oldidan bu dahshatning manzaralari birma-bir oʻta boshladi. Mana onasi... U bu xabarni eshitib, koʻzlari gʻazabga toʻldi. Boshini salmoqlab tebratar ekan:
— Oʻgʻlim, sizdan buni kutmagan edim. Yuzimizni yerga qaratdingiz, — dedi.

Mana, otasi. Uning rangi soʻlgʻin, qarib, qovoqlari osilib ketdi. U hech narsa demadi, u demaydi. U kechirishi mumkin. Mana, buvisi... Yoʻq, bu kampir kechirmaydi. Uning qahri qattiq. U kechirmaydi. Obid aka-chi? U ham mayli. Undan bir-ikki gap eshitadi. Lekin Tursunali aka?.. Mana bu dahshat. U Abdullani har narsa qilishi mumkin. Uning bir ogʻiz gapi, tamom, Abdullani yer bilan yakson qiladi. Sayyora-chi? Mana, u bu shum xabarni eshitdi. Abdulla endi u bilan boʻlishi mutlaqo mumkin emas. Keldi, xonaga kirdi. Koʻzlarida yosh... Yoʻq, u yigʻlamaydi. U keladi-da, uning basharasiga tupurib, bir shapaloq tortadi. Shunday qilishi aniq. Keyin nima boʻladi? Yoʻq, yoʻq! Bunday boʻlishi mumkin emas. Balki Gulchehra vahima qilayotgandir? Hech gap yoʻqdir? Koshki endi shunday boʻlsa! Balki shunday boʻlar? Hech mahal uning boshidan bunday voqea oʻtgan emas, bilmasdan taxmin qilayotgandir? Boshqa biron kasalga chalingandir? Ayollarda nima koʻp, kasal koʻp. Shunday boʻlishi kerak. Agar shunday boʻlmasa, tamom, sharmandalik!.. Keyin... keyin u qanday qilib bolalik xotinni uyiga olib kiradi? Yoʻq, yoʻq, Gulchehra vahima qilyapti. U oʻzi shunaqa, tez hursand boʻladi, tez hafa boʻladi. Adashgan, boshqa biror kasalga yoʻliqqanu, shunday deb gumon qilyapti. Innaykeyin, oʻzi ham aniq yozmagan, gumon qilyapman, degan...

Abdulla shunday oʻylab, bir oz tinchidi, lekin bu tinchlik vaqtinchalik tinchlik edi.

XVIII

Gulchehra toshoynadan koʻz uzmay oʻtirardi. Ayasiga «Hozir kiyinib chiqaman», deb oʻz xonasiga kirib ketganicha qaytib chiqmadi. Burchakdagi boʻyi shiftga tegib turgan oynaga tikildi-yu, joyida turib qoddi. Nazarida rangi soʻngan, koʻz ostilari bilinar-bilinmas qoraygan edi. Buning nimadanligini u bilardi, uyqusizlik, yigʻi, turli xil- koʻngilii gʻash qiluvchi oʻylar... Ammo lablari nega muncha qalinlashib ketdi? Bu nimadan? Nahotki homiladorlik belgisi boʻlsa? Gulchehra shuni oʻyladi-yu, choʻchib ketdi. Agar shunday boʻlsa, ayasi ham sezgandir? U beixtiyor qornini ushladi. Ammo hech narsa payqamadi. Koʻylagini sidirib orqasiga tortdi-da, oynaga qaradi. Toʻlishgan koʻkraklari ham, kichkina qorni ham avvalgidek oʻzgarishsiz edi. Bundan koʻngli bir oz taskin topgan boʻlsa ham, gʻashligi tarqamadi. Boʻshashib kursiga oʻtirdi-da, yana oynaga tikildi. Biroq oynada u soʻlgʻin yuzlarini ham, quyuq, chimirilgan qoshlarini ham, hech narsani koʻrmasdi. Hayoli bir narsa bilan band edi. Nima qilish kerak? Nima qilsa, bu falokatdan qutuladi? Oʻz ahvoli faqat oʻzi uchun emas, otasi uchun ham, butun qishloq uchun ham katta falokat boʻlib borayotganiga u allaqachon ishongan edi. Undan qutulish endi faqat oʻziga bogʻliq, oʻzining qoʻlida. Abdulladan darak yoʻq. Yigirma kundan oshdi xat yozganiga, javob kelmadi. Nima boʻldiykin? Yo yoʻqmikin? Yoʻq boʻlsa xati qaytib kelardi. Yigirma kun ichida yigirma marta pochtaga bordi, oxiri uyalib, Alisherni yuboradigan boʻldi. Daragi ioʻq. Endi ortiq kutib boʻlmaydi. Buni Gulchehra yaxshi bilardi. Ammo nima qilish kerakligini, kimga murojaat qilishi kerakligini tasavvur qilolmasdi.
— Opa!

Gulchehra choʻchib tushdi.

Derazadan Alisherning boshi koʻrindi.
— Choyingiz sovub qoldi!
— Hozir, — Gulchehra oʻrnidan turdi. — Dadamlar shu yerdamilar?
— Kettila.
— Hozir chiqaman, — Gulchehra yengil tortib xoʻrsindi.

Alisher ketgach, nima kiyishini bilmay, shifoner oldida turib qoldi. Ilgarilar yaxshi koʻradigan tor koʻylaklaridan kiyishga uyalib, Zumrad opa tikib bergan, lekin hali hech kiymagan xonatlas koʻylagini tanladi. Apil-tapil kiyib, oynaga qaradi. Koʻylak unga juda yarashgan edi. Oynada oʻz aksini koʻrdi-yu, quvonib ketdi. Nazarida koʻzlaridan soʻlgʻinlik yoʻqolgan, rangi ham toza, hech qanday koʻkargan, qoraygan joyi yoʻq edi, «Vahima qilibmanmi?» — Oʻyladi u, keyin tilini chiqarib aksini mazax qilgan boʻldi-da, shoshib hovliga tushdi.
— Muncha hayallading? — soʻradi ayvonda oʻtirgan Zumrad opa.
— Nima kiyishimni bilmadim, keyin shuni kiydim, — dedi koʻylagiga ishora qilib ayvonga koʻtarilar ekan.
— Buyursin, yarashibdi. — Zumrad opa havas bilan unga tikildi. — Toʻlishibsan-da, bir oz kengroq edi, endi yaxshi.

Gulchehra labini tishladi. «Nahotki bilsa?!» — yashin tezligida hayolidan oʻtdi. Hozirgina chehrasini yoritib turgan vaqtinchalik shodlik zumda yoʻqoldi. Boʻshashibgina ayasining roʻparasiga oʻtirdi.
— Qaydam, — dedi koʻylak etaklarini tizzasi ustiga tortar ekan.
— Qiz bolaning husni ham tilida, ham dilida, deyishadi, — dedi Zumrad opa unga choy uzata turib, — Men, etida ham deyman. Quruq suyakka kiyim yarasharmidi?!

Gulchehra yengil tortdi. Oʻzicha minnatdorlik bilan yer ostidan ayasiga qaradi.
— Siz ham tuzuksiz, aya.
— Mening tuzukligim qayoqqa borardi, ayangiz... ayangizni juda koʻhlik ayol edi, deyishadi.

Gulchehra nima deyishini bilmay qodi. U sira bu hakda oʻylamagan, dadasi yangi uylanganida ham dilida noroziligiga qaramay, ayasi bilan Zumrad opani taqqoslashtirmagan edi. Zotan, unga buni keragi ham yoʻq edi. Zumrad opaning yaxshi ayolligi uni hursand qilgan, uni oʻz ayasidek yaxshi koʻrib qolgan edi. Nahotki marhumaga rashk qilayotgan boʻlsa? Yo dadasi biron narsa dedimikin? Qarindoshlar hafa qildimikin? Harholda keyingisi toʻgʻriroq boʻlsa kerak, rashkdan nima foyda? Gulchehra shunday oʻylab, uni yupatmoqchi boʻldi.
— Ayamlar chiroyli edilar. Lekin oʻzlari buni bilmasdilar. Men ham bilmasdim. Men uchun ular aya edilar. Siz ham shunday. Men uchun ham, Alisher uchun ham ayasiz.
— Rahmat.
— Birov bir narsa dedimi, aya?
— Yoʻq, — Zumrad opa yangi choy quyib uzatdi. — Ol. Yoʻq, hech kim hech narsa demadi.
— Boʻlmasa, qoʻying, hafa boʻlmang.
— Hafa boʻlmayman. Endi butun umrim sizlar bilan. Ishqilib omon boʻlinglar.

Gulchehra yana nima deb uni yupatishni bilmay, oʻrnidan turdi.
— Tushlikka kelasanmi? — soʻradi Zumrad opa u hovliga tushganda. — Achchiqqina shoʻrva qilib turaman. Kelgin.
— Kelaman, aya! Hafa boʻlmang, xoʻpmi? Zumrad opa jilmaygan boʻlib, unga qaradi. Gulchehra koʻcha eshikka yetganda, Zumrad opani nima ezganini tushundi. Eshik oldida devorga suyoqliq oʻymakor oq panjara bilan katta qora marmar tosh turardi. Toshga: Saodat Saidova, 1924—1960 deb yozib qoʻyilgan edi. Bu yodgorliklarni koʻrib Gulchehraning oʻzi ezilib ketdi. Unutgan ekanmi, yo oʻylamagan ekanmi, onasi juda yosh ekan. Endigina oʻttiz oltiga kirgan ekan! Nimadir tomogʻini boʻgʻdi. «Aya! Ayajon!» — deb qichqirgisi keldi, ammo tishini tishiga qoʻyib oʻzini bosdi. Oʻzi-ku, mayli, lekin uyda yolgʻiz qolayotgan bechora ayolning dardiga dard qoʻshib nima qiladi? Yuragidan quyilib kelayotgan yigʻisini toʻxtatishga intilib u koʻchaga otildi.

Gulchehra shoshib Abdullaning manzilini yozdi, keyin, oʻylanib qoldi. Xatni olgan boʻlsa-chi? Axir shu paytgacha olib yurardi, hech xato boʻlmasdi. Nega jim boʻlmasa? Nahotki u... nahotki undan voz kechgan boʻlsa?!

Gulchehraning butun vujudi muz boʻlib ketdi. Yoʻq, yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas! Bunday boʻlmaydi! Abdulla uni tashlamaydi, xat keladi, bugun-erta keladi. Shunda butun tashvishlari unut boʻladi!

Gulchehra oʻrnidan turib ketdi, manzil yozilgan blankani gʻijimlaganicha eshikka yoʻl oldi.
— Ha, opa, yozmaysizmi? — soʻradi pochtachi qiz. Gulchehra toʻxtadi.
— Keyin... balki xat kelib qolar...

U shunday deb eshikka chikdi. Ha, keladi, kelishi kerak... Lekin ertasiga ham kelmadi.

Gulchehra endi oʻz kulfati bilan yolgʻiz qolganiga aniq ishondi. Bunday paytlarda odam tinchroq, xoliroq joy qidirib qoladi. Yolgʻiz boʻlgisi keladi. Gulchehra yolgʻizlikka yolgʻiz edi-yu, lekin xoli joyga muhtoj emas edi. Abdulla har kelganida unga shunday joylarni koʻrsatardiki, tugʻilib-oʻsgan oʻz qishlogʻida shunday joylar borligini hayoliga ham keltirmas edi.

Gulchehra idorada ishlari boʻlsa ham tolzor tomon yoʻl oldi.

Koʻprikka yaqinlashganda, roʻparasidan «GAZ-69» mashinasi chiqib qoldi. Rulda Nurmat aka, yonida Samad. Rais Gulchehrani koʻrib, mashinani toʻxtatdi.
— Ha, yoʻl boʻlsin?
— Shu yoqqa oʻtib kelay... — Gulchehra oʻzini qanchalik sokin tutishga intilmasin, ovozi qaltirab ketdi.

Rais buni sezdi shekilli, mashinadan tushib, uning yoniga keldi.
— Tinchlikmi? Xomush koʻrinasan?

Gulchehra bosh qimirlatdi, lekin xoʻrligi kelib yigʻlab yubordi. Nurmat aka uning yigʻisini oʻzicha tushunib, qoʻlini yelkasiga qoʻydi:
— Bilaman. Senlarga qiyin boʻldi. Onang rahmatli yaxshi odam edi. Lekin nima qilardik, oʻlim har kimning boshida bor. Qalay, yangi ayang yaxshimi? Dadang yaxshi deydi. Rostdan yaxshimi? Yo hafa qilyaptimi?
— Yoʻq, — dedi boʻgʻilib Gulchehra, — yaxshi, xuddi ayamlarga oʻxshaydi.
— Ana! — rais oʻzicha hursand boʻlib qoʻydi. — yomon odamni uyingga olib kelarmidik? Erta-indin ayang qabrini tuzatib qoʻyamiz. Rigadan tosh buyurtirib keldik. Koʻrdingmi?

Gulchehra «ha» deya bosh qimirlatdi. Uning hayoli hozir mutlaqo boshqa narsada boʻlsa ham, oʻz dardi bilan ovora boʻlsa ham raisning gaplari unga yoqqan, uni ovutgandek edi.
— Dadang sendan juda hursand. Men ham hursandman, oʻzimizdan ajoyib arxitektor chiqib qoldi. Sen endi ishingni oʻyla. Bahorda qurilishni boshlab yuboramiz. Planing hammasi ma’qul. Shunday ishlarni qilib qoʻyibsan-u, yosh boladek yigʻlaysan-a! Qani, menga qarachi?

Gulchehra zoʻraki jilmayib Nurmat akaga qaradi.
— Barakalla! Yigʻi qaritadi, yigʻlama. Kelishdikmi?

Gulchehra boshini qimirlatdi.
— Gap bunday boʻpti!

Rais mashinaga oʻtirib, Samadga nimadir dedi. Ikkalovi kulishdi. Nima deganini Gulchehra eshitmadi, lekin yaxshi gapligini sezdi. Mashina koʻzdan gʻoyib boʻlguncha joyidan qimirlamadi, keyin bitta-bitta qadam tashlab, kanal yoqalab ketdi.

XIX

Abdullaning ahvoli ham Gulchehranikidan yaxshi emas edi. Ammo ichini it tirnasa ham, sirtdan ancha tinch koʻrinardi. Shu vaqtinchalik tinchlik ta’sirida u diplomini yoqladi. Uning ishini yaxshi qabul qilishdi. Kafedra mudiri — professor Markov, hatto davlat imtihonlarini topshirgandan soʻng institutda kafedra qoshida qolishni taklif etdi. Albatta bular Abdullani cheksiz hursand qilar, orzulari ushalayotganiga ishonchini oshirardi. Lekin kech kirib, oʻz xonasida yolgʻiz qoldimi, u butunlay oʻzgarardi-qoʻyardi. Shu kungacha erishgan yutuqlari tushdek, oʻzi esa dahshatli bir spektaklda rolʼ oʻynayotgandek koʻrinardi. Hayolida allaqachonlar aniq tasavvur qilib qoʻygan kelajak uni hursand qilmas, aksincha, choʻchitardi. Shu choʻchish, hamon davom etib kelayotgan ikkilanish bilan bir oy oʻtib ketdi, Gulchehraning xatiga u hali ham javob qaytarmadi. Javob qaytarish zarurligini, Gulchehra uning har bir soʻziga muntazir boʻlib turganini yaxshi bilardi. Lekin nima deb yozishini bilmaydi. Buning ustiga, vaqt oʻtgan sari, oʻzining Gulchehraga boʻlgan muhabbatini oʻylagan sari Sayyoraga havasi ortib borardi. Qanday ajoyib qiz! U bilan gaplashib, gapiga toʻymaysan. Shoʻx, erkin, chehrasidan kulgi arimaydi. U bilan yonma-yon yurish, u bilan boʻlish qanday baxt! Innaykeyin, ularning birga boʻlishlarini ota-onasi ham istayapti, Tursunali aka ham. Tursunali akaga, shunday katta olimga kuyov boʻlish hazil gap emas!

Lekin Gulchehra bilan boʻlsa nima boʻladi? Axir uni yaxshi koʻrardi-ku? U bilan nima, hayoti buziladimi? Yoʻq, buzilmaydi. Aksincha, Gulchehra undan umrbod minnatdor boʻlib yashaydi. Keyin, u aqlli. Yaxshigina arxitektor boʻlishi mumkin. Lekin, albatta, Toshkentda yashasholmaydi. Sayyora bilan aloqalari buzilgandan keyin Toshkentda u biron narsaga erisha olarmidi?! Tursunali aka shuncha gap-soʻzdan keyin uni tinch qoʻymaydi. Tursunali aka oldida esa u bir xas. Puf desa uchib ketadi. Shu yerda yashashadi. Kafedrada ish taklif qilishyapti-ku unga. Shu yerda ishlaydi, shu yerda dissertatsiyasini yoqlaydi. Gulchehraga ham bironta ish topilib qoladi. Arxitektor hamma yerda kerak.

Ammo ota-onasi bunga nima deydi? Shuncha umid bilan oʻqitib odam qilganda, endi rohatini koʻramiz deganda, ularni tashlab ketadimi? Ular shunga koʻnadimi?

Bir kuni kechqurun u juda qiynalib ketdi, yotogʻida oʻtirolmadi. Sharillab yomgʻir quyayotganiga qaramay, plashini kiyib, pastga tushdi. Koʻchada odam siyrak edi. Qayoqqa borishini bilmay, Moyka tomon yoʻl oldi. Iliq yoz yomgʻiri hash-pash deguncha yuz-koʻzini hoʻl qildi.

Sochlari orasidan sizib boʻyniga tushdi. Abdulla plashining yoqalarini koʻtarib kanal yoqalab yurib ketdi. Doimo qora baxmaldek yaltirab turadigan kanal suvi hozir loyqa edi. Shu yerlarda u Sayyora bilan koʻp sayr qilgan, suvga tikilib oʻz aksini tomosha qilgan... Sira esidan chiqmaydi. Bir kuni yalangʻoch otliqlar haykali yonida panjaraga suyanib turishganda Sayyora qoʻlida oʻynab turgan pomadasini suvga tushirib yubordi. Abdulla suvdagi oʻz akslariga tikilib turgan edi. Ular bir-ikki tebranib ajraldi, keyin anchagacha qoʻshilib turdi-da, suv tingach, oʻz holatiga kirdi.
— Oʻxshar ekanmizmi? — dedi Sayyora unga gʻalati qarab.
— Hamma shunday deyapti.
— Oʻzingchi?
— Men allaqachon buni sezganman, — Abdulla shunday deb uning qoʻllarini ushladi.
— Demak, biz aka-uka ekanmizda?

Sayyora koʻzlarini ayyorona suzib Abdullaning aksiga tikildi.
— Men undan ham qalinroq boʻlishni istardim. Sayyora indamadi. Choʻntagidan bir nechta tanga olib, suvga otdi.
— Ana! — dedi yosh boladek chapak chalib. — Yana qoʻshilib ketishdi.
— Doim shunday boʻlsa-chi? — Abdulla hazillashgan boʻlib dilidagi gapni aytdi.
— Yoqmay ketsin! — Sayyora shunday deb Abdullaning burnini chertdi, lekin uning shoʻx chehrasidan roziligi, shunday boʻlishini istayotganligi sezilib turardi.

Abdulla shuni eslab, dili yorishgandek boʻldi. Ha, ular birga boʻlishlari kerak. Uning kelajagini faqat Sayyora ta’minlaydi. Nima boʻlsa ham shunga intiladi, shunga erishishi lozim.

U Nevskiy prospektiga chiqqanda, birdan qaynoq hayot ichiga kirib qolgandek boʻldi. Yomgʻir hamon chelaklab quyayotganiga qaramay, yoʻlka odamlar bilan toʻla edi. Qayoqqa qarama, zont. Katta, kichik, oq, sariq, qora zont. Kichik yelkanlardek bu zontlar Abdullaning atrofida suzib yurardi. Onda-sonda ular orasidan kimlarningdir shalabbo boshlari koʻrinib qolar va shu ondayoq gʻoyib boʻlardi. Faqat Abdulla shoshmasdi. Qayoqqa ham shoshardi? U hozir vaqt oʻtkazishi kerak, bironta aniq fikrga kelmaguncha shoshmasligi kerak. Shuning uchun ham u sekin qadam tashlardi, qoʻllari choʻntagida, quloqlari esa atrof-dagi ming xil oyoq tovushlarida, zontlarda.

Qiziq, nega zontlar har xil tovush chiqaradi? Yomgʻir hammasiga bir xil urilyapti-ku? Birovniki xuddi entikkan yurak urishidek dukillaydi, birovniki esa qizitilmagan chirmandadek takillaydi... Hammasi har xil. Bu qanday qonunga kirar ekan? Buning qonuni bormikin oʻzi?

Abdullaning tirsagiga tegib, katta qora zont vazmin suzib oʻtdi.
— Natasha! Qaerdasan? — qichqirdi orqadan jarangdor ayol ovozi.
— Shu yerdaman! — javob qildi chinqiroq qora zont va toʻxtadi.
— Shu yering qaer?
— Trotuar!
— Trotuarligini bilaman. Oʻzing qaerdasan? Qora zont koʻtarildi, uning tagidan dumaloqqina qizchaning javdiragan koʻzlari koʻrindi. Qizcha u yoq-bu yoqqa alanglab qarar, ammo qayoqqa yurishini bilmasdi. Abdulla koʻmaklashmoqchi boʻlib yoniga endi keluvdiki, qizcha oldinga qarab yugurib ketdi. Abdulla uning orqasidan qarab qoldi. Zont tagidan qizchaning kichkina oyoqlari chalp-chalp qilib pildirab borardi. Bu tovushning qanday qonuni bor? Hamma qonunlarning asosi bor — hayot. Hayotdan yuksak qonun yoʻq. Kim shunday degan edi? Lomonosov boʻlsa kerak?.. Ha, hayotdan yuksak qonun yoʻq. Hayot esa murakkab, unda hech narsa bir-biriga oʻxshamaydi. Hatto odam ham. Har bir odamning oʻz hayoti bor. Birov hursand, birov hafa. Birov bor istaklariga erishgan, birov endi erishyapti. Birov esa... birov esa hech narsaga yetisholmay oʻtib ketyapti. Shuning uchun ham, balki zontlarning tovushlari har xildir, oyoq tovushlari har xildir? Kiyimiga qarab odamlarni bilish mumkin, deyishadi-ku?

«Neva» kinoteatriga yetganda Abdulla zontlar kamayganini payqadi. Sochini roʻmolchasi bilan sidirib, osmonga qaradi: yomgʻir tingan, nursiz yulduzlar birin-ketin koʻrina boshlagan edi. Shu payt kimdir Abdullani turtdi. Abdulla choʻchib tushdi. Roʻparasida setka koʻtarib olgan kursdoshi Viktor turardi.
— Ha, Abusha, yulduz sanayapsanmi? — soʻradi kulib u.

Abdulla jilmaydi.
— Salom. Oʻzing-chi?
— Xotinimning oldidan kelyapman, — dedi Viktor setkaga ishora qilib. — Kasalxonada yotibdi.
— Tinchlikmi? — xavotirlanib soʻradi Abdulla.
— Ahmoq, bolasini oldirib tashlabdi, — dedi kuyunib Viktor. — Rosa urishdim.
— Nega?
— Svetkaning oʻzi hozir yetarmish. Sveta — qizim, uch yoshga toʻldi. Ajoyib qiz. Menga oʻxshaydi. Yuz-koʻzlari ham, qiliqlari ham. Kechagacha tinch yuruvdi, hech qanday gap-soʻz yoʻq edi. Kechqurun kelsam, uyda yoʻq. Ancha poyladim, yoʻq. Keyin qornim ochib oshxonaga kirdim. Choy qoʻymoqchi boʻlib choynakni olsam, tagida xat. «Kechir, Vitenʼka! Men kasalxonadaman. Uch kunda chiqaman...»
— Uch kunda? — nimadandir jonlanib soʻradi Abdulla.
— Ha! «Uch kunda chiqaman. Agar istasang, kelib ketishing mumkin». Kelib ketishim mumkinmish! — Viktor istehzo bilan kulib qoʻydi. — Yugurdim. Borsam, shu ahvol. Kechikibman.
— Tuzukmi oʻzi? Qachon chiqadi?
— Ikki kundan keyin chiqadi.
— Ikki kundan keyin? — hovliqib soʻradi Abdulla.
— Ha. Nima edi?
— Yoʻq-yoʻq, hech nima! — Abdulla oʻzini bosishga harakat qilib dedi: — Endi nima qilasan?
— Nima qilardim? Boʻlar ish boʻldi, — Viktor xoʻrsindi. — Xoʻp, xayr. Svetik uyda yolgʻiz.
— Hayr.

Viktor shoshib yoʻlga tushdi.

Abdulla oʻzida yoʻq shod edi. Yoʻli topildi! Hoziroq Gulchehraga xat yozadi, yoʻq, telegramma beradi. Qiyin emas ekan-ku, nihoyatda uch kun! Boring, bir hafta boʻlsin. Nahotki Gulchehra shuning uddasidan chiqolmasa?! Kichkina emas axir.

Yon-atrofda pochta koʻrinmadi. Koʻringani ham berk edi. Abdulla mehmonxona tomon jadal yurib ketdi. Shu yerda pochta tun boʻyi ishlardi. Telegrammani u juda qisqa va faqat Gulchehragina tushunadigan qilib yozdi. «Agar kerakli idoraga murojaat qilsangiz, hammasi joyida boʻladi. Salom bilan Abdulla».

U telegrammani topshirdi va ogʻir ishdan qutulgan odamdek ancha yengillashdi, koʻngli joyiga tushdi. «Gulchehra endi mendan hafa boʻlmasa boʻladi, — Hayolidan oʻtkazdi u. — Bundan ortiq nima qilish mumkin? Eng yaxshi yoʻl hozir shu».

Abdulla shunday oʻyladi-yu, birdan Gulchehra unga anchagina begona boʻlib qolganini payqadi. Uylanish haqida gap boʻlipsh mumkin emas endi. Innaykeyin, uylanaman deb va’da bermagan. Yaxshi koʻrish — birga boʻlish degan gap emas-ku?! Birga boʻlamiz deb hamma sevishganlar gapiradi. Lekin har doim birga boʻlavermaydi. Albatta, Gulchehra ozgina qiynaladi. Nachora? Yoshlik — shoʻxlik, yengiltaklik. Adashganlar kammi? Oʻn yil-oʻn bir yil turmush qurganlar ajralib ketishyapti-ku? Ularga hali nima boʻlibdi? Sevgini boʻgʻib boʻlmaydi. Sayyorani sevib qolgan ekan, bunga u aybdor emas, koʻngil...Koʻngilni cheklab boʻlmaydi. Buning ustiga Gulchehraga bir necha bor, birga ketaylik, birga oʻqiylik, dedi. Oʻzi koʻnmadi. Birga oʻqishganda, kim biladi, balki birga boʻlisharmidi?! Bir oz qiynaladi, keyin unutib yuboradi, baxt faqat birinchi sevgida emas.

Abdulla oʻsha kuni oʻz mulohazalaridan oʻzi hursand boʻlib, ikkinchi telegrammani ham yozdi. Bu telegramma uyiga, onasiga edi.

«Men rozi. Ixtiyor oʻzlaringda. Salom bilan oʻgʻlingiz

Abdulla».

XX

Gulchehra bir haftadan beri Toshkentda edi. Abdulladan hech qanday darak boʻlmay, qoʻrquv va iztirob ichida yurganida institutdan xat kelib qoldi. Rektorat uni jyuri mukofotini olish va qurilish ishlari boshlanishi oldidan loyiha haqida quruvchilarning ba’zi mulohazalari bilan tanishish uchun Toshkentga kelib ketishini soʻragan edi. Gulchehra butun tashvishlariga najot topolgandek, darhol yoʻlga otlandi. Vokzalga uni Yusuf aka bilan Samad kuzatib qoʻyishdi. Toshkentda Gulchehra kursdosh oʻrtoqlarining birontasi bilan maslahatlashib, uyda qabul qiladigan vrachga murojaat qilishni moʻljallagan edi. Shuning uchun ham Toshkentga kelishi bilan, Sanobar ismli bir ayol bor edi, shunikiga qarab yoʻl oldi. Sanobar oʻrtogʻi bilan obodonchilik-loyihalash institutida ishlardi. Kamgap, sermulohaza ayol edi u. Gulchehra imtihon topshirgani kelganida, koʻpincha u bilan birga dars tayyorlar edi. Bir qiz, bir oʻgʻli bor edi Sanobarning. Poezdda bor tanishlarini bir-bir sanab chiqar ekan, shu juvon bilan dardlashishni negadir lozim topdi. Sanobar Chilonzorning qaysi bir sektorida turardi. Qaysi sektorligini Gulchehra eslolmadi. Uyining roʻparasida katta bir gastronom borligini bilardi. Taksiga oʻtirib ancha aylangandan soʻng, nihoyat topdi. Ammo uyda hech kim yoʻq edi. Gulchehraning birdan oyoq-qoʻli muz boʻlib, boʻshashib ketdi. Yana qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Javob boʻlmadi. Eshik tagida nima qilishini bilmay, ancha turib qoldi. Bir mahal qoʻshni eshik ochildi. Boʻyniga aeroflot sumkasini osib olgan styuardessa kiyimidagi bir qiz chiqdi.
— Sizga kim kerak edi? — soʻradi u Gulchehraga boshdan-oyoq razm solib.
— Sanobar opa... Sanobar Qodirovna, — dedi shoshib Gulchehra.
— Shunday deng?

    — Ҳа.

— Siz ularning kimi boʻlasiz? — styuardessa qiz yana Gulchehraga tikildi.
— Tanishi boʻlaman, birga oʻqiymiz. Qoʻqondan keldim. Uydami u kishi?
— E, konkursda gʻolib chiqqan me’mor siz boʻlasizmi? — uning savolini eshitmay soʻradi styuardessa qiz.
—Ha.
— Sanobar opam sizni koʻp gapirardilar. Buni qarang, men sizni hech koʻrmagan ekanman. Men ham institutga kirib, me’mor boʻlmoqchiman. Yaxshi uylarni biram yaxshi koʻramanki, sira ketolmay qolaman. Akademik Sagdullaevni taniysizmi?

Gulchehra «yoʻq» deya boshini qimirlatdi.
— Shularning uyida bir-ikki marta boʻlganman, — gapida davom etdi styuardessa qiz. — Biram ajoyib! Ikki etajli. Birinchi etajida zal, kuxnya, stolovaya. Ikkinchi etajda spalʼnya, shunday yonida katta vannaya.., biram yaxshi!.. Kirsang, ketging kelmay qoladi. Tanishaylik, Zara. Hozircha aeroflotda ishlayman. Moskva marshrutida.

Qiz sabrsizlik bilan uni eshitib turgan Gulchehraga samimiy ravishda qoʻlini uzatdi. Gulchehra omonatgina uning qoʻlini ushladi-da, soʻradi:
— Aytmadingiz, Sanobar opa qaerda?
— Ha, ularmi? — hafsalasizlik bilan dedi qiz. — Ular ketishgan. Issiqkoʻlga. Hammalari ketishgan.
— Ancha boʻldimi?
— Ha. Oʻn kunlarda qaytib kelishadi. Ular juda kerakmidi?

Gulchehra javob bermadi, boʻshashganicha egilib, chamadoniga qoʻl uzatdi.
— Voy, turadigan joyingiz yoʻqmi? Biznikida tura qoling? — qiz unga mehribonlik bilan gapirdi. — Men bir oʻzim yashayman. Ular qaytguncha turing.
— Rahmat, — Gulchehra pastga tusha boshladi. Uning birdan oʻzgarib qolganini qiz koʻrib, taklif qildi:
— Mazangiz yoʻqqa oʻxshaydi. Juda boʻlmasa bir oz biznikida dam oling.

Gulchehra uni eshitmadi. Qiz koʻchagacha u bilan birga chikdi.
— Boradigan joyingiz bormi?

Gulchehra «ha» deya boshini qimirlatdi. Shu payt ularning roʻparasiga boʻm-boʻsh avtobus kelib toʻxtadi.
— Mening avtobusim. Olib borib qoʻyaymi?
— Rahmat, oʻzim, — dedi Gulchehra unga minnatdorlik bilan jilmayishga harakat qilib.

Qiz «lip» etib avtobusga chiqdi. Shofyor gaz berdi.
— Joyingiz boʻlmasa, keling! — qichqirdi qiz avtobus derazasidan boshini chiqarib. — Kechqurun qaytaman!

Gulchehra unga qoʻl silkidi-da, avtobus uzoqlashgach, chamadoni ustiga ogʻir oʻtirdi. Qayoqqa boradi endi u? Institutga kech boʻlib qoldi. Bironta oʻrtogʻinikiga chamadon bilan kirib borishi yaxshi emas. Odatdagidek, Abstutaynikiga boradi-da. Toshkentga birinchi yili kelganida sinfdoshi Qosimjon uni shu kampirnikiga joylashtirib qoʻygan edi. Uning nabirasi Qosimjon bilan birga oʻqirdi. «Mehmonxona qilib yurasanmi? — dedi Qosimjon oʻshanda. — Mening oʻrnimda tur, men yotoqqa oʻtdim». Gulchehra ham mehmonxonada yolgʻiz turishni ep koʻrmay, uning taklifini qabul qildi.

Abstutay Labzakda turardi. Kattagina hovli. Bir necha xona. Ilgari oʻgʻli bilan turar ekan. Oʻgʻli xotini bilan Buxoro — Ural gaz magistrali qurilishiga ketib, endilikda kampir nabirasi bilan yolgʻiz qolibdi. U Gulchehrani juda yaxshi qabul qildi. Keyinchalik Gulchehra, institut joy bersa ham bormay, shu quvnoq, mehmondoʻst kampirnikida turadigan boʻldi.

Boʻsh taksi koʻrindi. Gulchehra uni toʻxtatdi. Oqshom tushganda u Abstutaynikiga kirib bordi. Kampir hovlining oʻrtasidan oʻtgan ariq labidagi soʻrida koʻrpa qavib oʻtirardi.

Gulchehrani koʻrdi-yu, xuddi yosh ayoldek sakrab oʻrnidan turdi:
— Voy, aylanayin, voy, oʻrgilayin! Bor ekansiz-ku? Opoq qizim, momiq qizim!

Gulchehra oʻzini uning bagʻriga tashladi.
— Yaxshi yuribsizmi, Abstutay? Tinchmisiz?
— Menga nima qilardi, qizim. Otdekman. Faqat har doimgidek yolgʻizman. Zubayda ham ketdi. Oʻtir, qizim, oʻtir. Men hozir choy damlayman.
— Qayoqqa ketdi Zubayda?
— Praktikaga. Qosimjon ikkalovi ketdi. Oʻtir, qizim. Men hozir.

Abstutay oʻchoq boshiga pildirab ketdi. Gulchehra Qosimjonning Toshkentdamasligidan ichida hursand boʻlib qoʻydi. U hech kimning Toshkentga kelishdan koʻzlagan asl maqsadini sezib qolishlarini istamasdi. Sezishsa, tamom, Mingbuloqqa qaytib borolmaydi, otasining yuziga qarolmaydi.

Kampir darrov choy damlab keldi.
— Anchaga keldingmi?

Gulchehra nima deyishini bilmadi. Chindan ham u qanchaga keldi oʻzi? Buni faqat shifokor bilardi.
— Ishim bitguncha turaman. Bir haftami, ikki hafta.
— Yaxshi, yaxshi. Ungacha Zubayda ham kelib qoladi. Endi bunday. Sen choy ichib oʻtir. Men darrov paramach qilib kelaman. Yangi goʻshtim bor.

Gulchehra qoʻymaganiga qaramay, kampir bir piyola choyni apil-tapil ichdi-da, oʻrnidan turdi.

Oʻsha kuni ular allamahalgacha gaplashib yotishdi. Oʻz dardi bilan yolgʻiz qolganligidanmi, yo Abstutayning onasi kabi unga koʻrsatgan mehribonligidanmi, Gulchehra boʻshashib, yorildi, dilidagi borini aytib berdi. Abstutay uni bagʻriga bosib yupatdi, koʻnglini koʻtardi. Keyin bunday voqealarni koʻrgan-bilgan ayol sifatida yaxshi maslahat berdi.
— Sofiya degan shifokor tugʻishganim bor. Ertaga shunga borib kelaman. Sen tinch boʻl. Dunyoda chorasiz ish yoʻq. Chorasi topiladi. Boʻldi, yigʻlama. Sen oʻz ishingni bitir. Bu ishni menga qoʻyib ber.

Abstutayning bu ishonch bilan aytgan gaplari Gulchehrani ancha ovutdi. Bir necha kungi uyqusizlikdan soʻng birinchi marta tinch uxladi.

Ertalab nonushtadan soʻng Abstutay vrachga, Gulchehra esa institutga ketdi.
— U yaramas yigitni endi oʻylama, — dedi kampir uni kuzatayotib. — Odam emas u. Odam boʻlsa seni tashlab qoʻymasdi. Oʻylama.

Gulchehra va’da berdi. Lekin oʻylamay tura olarmidi? «Abdulla, Abdulla... Nahotki shunchalik toshbagʻir boʻlsang?! Senga ishongan edim, senga hayotimni bagʻishlamoqchi edim!.. Javob ber! Nega jimsan!»

Gulchehra ichdan qalqib kelayotgan yigʻini toʻxtatishga qancha urinmasin, yosh baribir koʻzlaridan quyulib borardi, lekin buni oʻzi sezmasdi. Tramvay toʻxtash joyida kimdir tirsagidan ushladi.
— Nima boʻldi, qizim? Nega yigʻlayapsiz? Gulchehra boshini koʻtardi. Roʻparasida nuroniy bir moʻysafid unga dardli tikilib turardi. — Birov hafa qildimi?
— Yoʻq, — dedi Gulchehra va uyalganidan qizarib ketdi.
— Dadil boʻling, — dedi moʻysafid. — Yigʻi hech mahal odamga yordam bergan emas. Qancha sovuqqonlik qilsangiz, shuncha yutasiz. Asab, yigʻi ojizlarning udumi.

Tramvay keldi. Gulchehra moʻysafidga nima deb javob qilishini bilmay, oʻzini tramvayga otdi. Institutda uni rektorning oʻzi qabul qildi.
— Keling, keling! — dedi u Gulchehraning qarshisiga yurib. — Biz esa telegrammangizni kutib yotibmiz! Qaerga joylashdingiz?
— Tanishimiznikiga, — Gulchehra rektor koʻrsatgan kresloga oʻtirdi.
— Olis emasmi?
— Yoʻq, shunday Labzakda.
— Ha, yaxshi ekan. Istasangiz, mehmonxonadan joy olib beramiz!
— Yoʻq, rahmat. Joyim yaxshi. Toshkentga kelganimda doim shu yerga tushaman.
— Unday boʻlsa, yaxshi. Gulchehraxon, avvalo sizni mukofot bilan tabriklayman. Ishingiz hammamizga ma’qul boʻldi. Albatta kamchiliklardan ham xoli emas. Masalan, siz kafening Toshkentda qurilishini yaxshi oʻylamagansiz. Yerni iqtisod qilish, hozir muhim masalalardan biri. Keyin, ichki hashamga doir ba’zi bir juz'iy kamchiliklar bor. Umuman, ishingiz yaxshi. Ixcham, sodda, original. Quruvchilar kafeni mehmonxona bilan birga qurishni taklif qilishyapti. Bu degan soʻz, kafe yilning oxirigacha bitadi. Borib koʻrasizmi?
— Yaxshi boʻlardi.
— Boʻpti. Men oʻzim olib boraman.

Rektor stoli burchagidagi tugmachani bosdi. Xonaga kotiba kirdi.
— Indinga, soat oʻn ikkida majlis. Tanlov gʻolibiga mukofot topshiriladi.

Kotiba «xoʻp» deb chiqib ketdi.
— Turdik boʻlmasa.

Gulchehra bunday boʻladi deb sira kutmagan edi. Rektor bilan yonma-yon oʻtirib mashinada borar ekan, sevinchi ichiga sigʻmas, boyagina yuragini ezib turgan tashvishlarini unutgan edi. Yarim soat oʻtar-oʻtmas ular studentlar shaharchasiga kirib borishdi. Bu yerda qurilish keskin sur'atda olib borilmokda edi. Qayoqqa qaramang, koʻtarma kranlar, yuk mashinalari... Terak boʻyi keladigan imoratlarning ba’zilari bitgan, ba’zilari suvalmokda, ba’zilariga endi poydevor qurilmoqda edi.
— Qarang, — dedi rektor gʻurur bilan. — Ikki-uch yil ichida bu yer katta shaharga aylanadi, yoshlik kabi goʻzal boʻladi! Bunda sizning ham hissangiz bor. Faxrlansangiz arziydi. Koʻp binolarning loyihalarini yoshlarning oʻzi ijod qilishgan. Ana, qarang, anavi bino yoshlarning madaniyat saroyi. Uning proektini bir yigit tuzgan. Yaxshimi?
— Juda ham! — Gulchehra havas bilan rektor koʻrsatgan binoga qaradi.
— Manavi esa «Yoshlik» mehmonxonasi. Keldik. Mashina toʻxtadi. Rektor tushib, Gulchehraga qoʻlini uzatdi.
— Bitib qolibdi-ku? — dedi Gulchehra besh qavatli binoga tikilib.
— Hali ishi koʻp. Lekin yilning oxirigacha bitkazamiz.

Ular binoni aylanib oʻtib, keng qurilish maydoniga chiqishdi. Bir chol rektorning qarshisiga yurdi.
— Salom alaykum, Sulaymon ota! — rektor u bilan quyuq koʻrishdi. — Ahvollar yaxshimi? Mana shu yerga tushadigan imoratning ustasini olib keldim.
— Juda yaxshi, juda yaxshi! — dedi chol Gulchehraga boshdan-oyoq qarab chiqib. — Me’mor deng?
— Xuddi shunday! — dedi rektor kulib. Gulchehra uyalinqirab boshini egdi.
— Qizlardan ham me’mor chiqar ekan-da?
— Chiqqanda qandoq! Qani, ota, koʻrsating xoʻjaligingizni!
— Yuring!

Rektor Gulchehraning tirsagidan ushlab yoʻl boshladi.

Kechqurun Gulchehra hammayogʻi chang, charchab kelganda, Abstutay sevinchiga sevinch qoʻshdi:
— Kelgusi haftaning boshida boramiz. Hammasi joyida boʻladi, qizim. Sofiya va’da berdi. Tinch boʻlsin, dedi.

Gulchehra Abstugayni mahkam quchokdab, yuz-koʻzidan oʻpdi.
— Boʻldi-boʻldi, qizim, belimni sindirasan! Shunday deb Abstutay ham uni bagʻriga bosdi. Mukofot topshiriladigan kuni institutning majlislar zali odamga liq toʻldi. Ancha-muncha gaplar boʻldi. Jyuri raisi uni tabriklab, mukofotni topshirdi. Keyin rektor gapirdi:
— Tanlovda bizning studentimiz gʻolib chiqqanidan men nihoyatda hursandman, — dedi u. — Lekin Gulchehraga aytadigan bir-ikkita gapim bor. Iste’dodsiz ijodkor boʻlish qiyin. Buni hamma biladi. Ammo mehnat, bilim, gʻayrat kabi qator komponentlar borki, bularsiz ijodni tasavvur qilib boʻlmaydi. Shularning hammasi Gulchehrada bor. Unga yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz...

Gulchehra institutdan boshi gangib chikdi. U cheksiz shod edi. Ajab emas, yangi Mingbuloq loyihasi ham shunday muvaffaqiyatli oʻtsa? Albatta ularga koʻrsatadi, ularning maslahatini oladi. Diplom ishim shu deb, yana ikki yil kutib oʻtiradimi?!
— Mukofotni yuvsak boʻlardi! — dedi kimdir orqadan.

Gulchehra toʻxtab oʻgirildi. Bir guruh yigit-qiz uni oʻrab oldi.
— Tabriklaymiz! Tabriklaymiz!
— Rahmat! — Gulchehra hammaga qoʻl berib minnatdorchilik bildirdi. — Men tayyorman. Hozir ham yuvishimiz mumkin.
— Boʻpti! «Bahor»ga ketdik! — qichqirdi kimdir.
— Yoʻq, yoʻq! — uni boʻldi bir qiz: — Kafe bitsin, shunda Gulchehra opam yaxshilab ziyofat beradilar.
— Boʻpti! — dedi Gulchehra kulib. — Albatta shunday qilamiz.

Yoshlar xayrlashib ketishdi. Gulchehra, uyga borishga hali erta deb, Oʻrda tomon yurdi. Darvoqe, mukofotini nima qiladi? U beixtiyor sumkasini ochib, pulli konvertni ushlab koʻrdi. Ancha. Uyga, dadasiga joʻnatsinmi? Yo sovgʻa olsinmi? Shu ikkinchi fikr unga ma’qul tushdi.

Oʻsha kuni ham, ertasiga ham magazinma-magazin yurib, otasi, ayasi, ukasi, hamma tanish-bilishlariga sovgʻa oldi. Hatto Abstutay ham chetda qolmadi. Unga bir kiyimlik havo rang sherstʼ mato oldi. Kampirning boshi osmonga yetdi, koʻz yoshi qildi, duo qildi. Ammo Gulchehra oʻziga hech narsa ololmadi. Uning hamma narsasi bor edi. Shunday boʻlsa ham, ayol kishi molga oʻch boʻladi, nimalarnidir qidirdi. Ba’zilari yoqmadi, ba’zi narsalarni topolmadi. U anchadan beri hind shippagini orzu qilardi, topolmadi. Univermagdagi poyafzal sotuvchi qiz, ikki kundan keyin keling, chex shippaklari savdoga chiqadi, hindchadan qolishmaydi, dedi. Gulchehra albatta kelishini aytdi.

Hamma ishlaridan koʻngli toʻq boʻlganidan ikki kun koʻz ochib yumguncha oʻtib ketdi. Gulchehra ikki-uch marta talabalar shaharchasiga bordi. Qorovul chol uni yaxshi koʻrib qolib, shaharni koʻrsatdi, bogʻiga olib bordi. Bogʻi shunday shaharchaga tutash ekan. Qovun polizga olib kirib, handalak soʻyib berdi. Oxirgi borganida Gulchehra mehmonxonaning beshinchi qavatiga koʻtarildi.
— Ehtiyot boʻl, bolam! — ogohlantirdi pastdan Sulaymon ota. — Bitmagan imoratga chiqish xavfli!

Gulchehra quloq solmadi. Hali panjarasi oʻrnatilmagan boloxonaga chiqib, atrofni tomosha qildi. Bu yerdan shahar koʻm-koʻk oʻrmon ichiga yashiringandek koʻrinardi. Katta-katta daraxtlar ostidan faqat uylarning oq, qizil tomlarigina koʻzga tashlanardi. Olisda togʻ. Koʻkka boʻy choʻzgan, choʻqqilari kumushdek oppoq togʻ... Gʻir-gʻir shabada esadi, sochlarini taraydi, yuz-koʻzini silaydi...

Gulchehra shu yerda turib, yangi bir narsani oʻylab qoldi. Kafening ustini ochiq ayvon qilsa yaxshi boʻlmaydimi? Buning hech qiyinchiligi yoʻq. Tomi baribir betondan qilinadi. Qiyinchiligi yoʻq. Ha, shunday qilish kerak. Ertagayoq taklif qiladi, loyihani oʻzgartiradi. Nega ilgari shu fikr hayoliga kelmadi ekan?

U pastga tushdi.
— Qalay? Yaxshimi? — soʻradi Sulaymon ota.
— Nimasini aytasiz! Havosi juda ham yaxshi.
— E, jannat, bolam, jannat, — dedi gʻurur bilan

Sulaymon ota. — Uyim buzilsa ham, shuning uchun bu yerdan ketmayapmanda. Shahar bitsin, juda allambalo joy boʻlib ketadi...

Gulchehra yoʻlga tushdi. Hadraga kelganda univermagga borish esiga kelib qoldi. Shu tramvayning oʻzidayoq oʻquvchilar saroyigacha keldi.

Sotuvchi qiz aldamagan ekan. Uni koʻrishi bilan chaqirdi.
— Mana, kiyib koʻring.

Gulchehra shippakni olib, peshtaxta yonidagi stulga oʻtirdi. Shippak chiroyli edi. Oppoq, belidan ingichka oltindek zanjir oʻtkazilgan, poshnasi ham baland emas, yurishga oson. Gulchehra kiyib koʻrdi. Yaxshi keldi.
— Rahmat, shuni olaman, — dedi sotuvchiga. Sotuvchi qiz shippakni oʻrab berdi.

Shu payt kimdir Gulchehrani orqasidan quchoqladi.
— Voy, kim? — hayratlanib dedi Gulchehra.

Ayol kishining qah-qah kulgisi eshitildi. Gulchehra oʻgirildi.
— Voy, opoqi, sizmisiz, — Gulchehra shunday dedi-yu butun vujudi boʻshashib ketdi.

Bu ayol Shahodat opa edi.
— Boyatdan beri qarab turibman, Gulchehrami, boshqami deb. Yaxshimisan, omonmisan? Uydagilar tinchmi? Qachon kelding?
— Bir haftacha boʻldi, — dedi zoʻrgʻa ovozi chiqib Gulchehra. — Institutga chaqirishgan edi.
— Voy, qizi tushmagur! Shuncha boʻlibdi-yu, bunday biznikiga kirmaysanmi?
— Kirarman! Oʻzingiz tinchmisiz? — Gulchehra shunday dedi-yu, «Xuddi Abdullaning oʻzi-ya! Qoshi ham, koʻzi ham!» — degan fikr hayolidan yashindek chaqilib oʻtdi. — Amakim qalaylar?
— Xudoga shukur. Ancha yaxshi hozir. Toʻy taraddudidamiz chol-kampir.
— Toʻy?!
— Abdullani uylantiradigan boʻlib qoldik. Gulchehra yalt etib Shahodat opaga qaradi, Qaradi-yu, «Kimga?» degan savol ogʻzidan qanday chiqib ketganini bilmay qoldi.
— Oʻzi bilan oʻqiydi. Juda yaxshi qiz.

Gulchehra gandiraklab ketdi. Bir-ikki qadam tisarilib peshtaxtaga suyanib qoldi.

Shahodat opa buni payqamadi. Atrofga alanglab, gapida davom etdi:
— Biram aqlli, biram aqlli, xuddi otasining oʻzi! Otasi akademik Qurbonovda! Eshitganmisan? Shu yozda toʻy boʻladi.
— Tabrik... tabriklayman, — dedi oʻzini tutib olib sekin Gulchehra. — Baxtli boʻlishsin.

Bor kuchini toʻplab u qaddini rostladi.
— Baxtli boʻlishsin.

Shundan keyin u yana nima deganini, qanday qilib magazindan chiqqanini, qanday qilib uyga yetib kelganini bilmaydi.

Oqshom payti Abstutay uning xonasiga kirganda, Gulchehra hamma narsaga befarq holda koʻzlarini shiftga tikib yotardi.
— Nima boʻldi, qizim? — kampir uning peshanasiga qoʻlini qoʻydi.

Gulchehra indamadi.

Shu alfozda u kechgacha yotdi. Kechqurun esa oʻrindan turdi. Oyna oldiga kelib, sochini taragan boʻldi. Quloqlarining orqasiga, boʻyniga atir sepdi. Keyin boyagina olgan oq tuflisini kiyib, hovliga tushdi.
— Shu topda qayoqqa, qizim? — soʻradi xavotirlanib Abstutay.
— Bir aylanib kelaman, boshim ogʻriyapti, — dedi Gulchehra, keyin eshik tomon yurdi.
— Hayallab qolma bemahalda, — qichqirdi orqasidan Abstutay.

Gulchehra Oʻrdagacha piyoda keldi. «Yaxshi tufli olibman, — dedi muyulishda havas bilan oyoqlariga qarab. — Yumshoq, yengil. Oʻzi ham menga yarashibdi».

Tramvay oʻtdi. U boʻm-boʻsh edi. «Qayoqqa borsam ekan? — Oʻyladi Gulchehra. — Tramvayga oʻtirib shahar aylanaymi? Toshkentga birinchi marta oʻzim kelganimda shunday qilgan edim. Yaxshi boʻladi, koʻrmagan joylarim koʻp hali».

U shunday qildi. Yangi shahar tomon ketayotgan tramvayga oʻtirdi. Vagon boʻsh, hatto konduktor ham yoʻq edi. Gulchehra deraza yoniga oʻtirib, koʻchaga qaradi. Turli-tuman chiroqlar, ming xil reklama chiroqlaridan keng koʻcha xuddi xonatlasdek lov-lov yonib turardi.

Gulchehra ancha aylandi. Tramvay ikki marta shaharning u boshidan-bu boshiga borib keldi. Shahar tinch edi. Faqat Gulchehraning ostidagi gʻildiraklargina bu tinchlikni buzib turardi. Ammo Gulchehra bunga koʻnikib qolgan edi. Uning oʻzi ham tinch edi...

Dzin, dzin!.. Tramvay toʻxtadi. Gulchehra koʻzlarini derazadan uzmay oʻtiraverdi.
— Qizim, qaerda tushasiz?

Gulchehra boshini koʻtardi. Tepasida shop moʻylov vagon haydovchi turardi.
— Adashib qolmadingizmi?
— Qaerga keldik?
— Talabalar shaharchasiga.
— Shu yerda tushaman. Gulchehra shoshib oʻrnidan turdi.
— Tavba, — dedi haydovchi u tushib ketgach. — Gʻalati odamlar boʻladi-ya dunyoda.

Gulchehra toʻppa-toʻgʻri «Yoshlik» mehmonxonasiga bordi. Bir oz unga qarab turdi, keyin maydonga oʻtdi. Shu payt qorovul uychasidan Sulaymon ota chiqdi.
— Assalomu alaykum, ota! — dedi Gulchehra.
— Kimsan? — qorongʻilik ichida uni tanimay soʻradi qorovul chol.
— Men, men — Gulchehraman, — dedi Gulchehra cholga yaqinlashib.
— Bemahalda nima qilib yuribsan, qizim?
— Uyda oʻtirib zerikdim. Birpas koʻchalarni aylandim. Keyin shu yoqqa keldim. Koʻrgim keldi. Qanday boʻlar ekan? Odamlarga yoqarmikan?
— Yoqmay-chi, bolam! Shahardagi eng koʻhlik bino boʻladi bu.
— Rahmat, ota.
— Ha, menga ishonaver, — dedi chol gʻururlanib... — Sulaymon ota yolgʻon gapirmagan. Rohatijon joy boʻladi bu yer. Hammaning savobiga qolasan hali.
— Aytganingiz kelsin, ota, — dedi jilmayib Gulchehra.

U shunday deb oʻylanib qoldi. Uning ikkala koʻzi qorongʻilikni yorib, bahaybat qushdek uchishga hozirlanib qanotlarini yozgan binoda edi. Uniki ham shundan qolishmaydi. Qushdek yengil, goʻzal boʻladi. Qorovul cholga ham shunday tuyuldi shekilli, faxr bilan dedi:
— Uchaman deb turibdi!

Gulchehra indamadi. Keyin bitta-bitta yurib, mehmonxona binosi ichiga kirib ketdi. Yangitdan choy qoʻyish uchun ichkariga kirgan Sulaymon ota uning qayoqqa ketganini koʻrmay qoldi. Bir-ikki «Gulchehra!» deb chaqirdi, javob boʻlmadi.
— Ishqilib, umri uzoq boʻlsin, — dedi Sulaymon ota.

Gulchehra bino devorlarini paypaslab, hali tarashlanmagan zinadan beshinchi qavatga koʻtarildi. Ertalab chiqqan balkoniga ehtiyotlik bilan oʻtdi.

Kecha sutdek oydin edi. Uzoq-yaqinda qorayib turgan teraklar yengil shabadadan ohista tebranib, ogʻir-ligini bir oyogʻidan ikkinchi oyogʻiga olib turgan pahlavon soqchilarga oʻxshardi.

Olisda televizion stansiya minorasining qizil chiroqlari koʻrindi. «Nima ketayotgan ekan hozir? — Oʻyladi Gulchehra. — Botir kuylayotganmikin? «Maro biboʻs»mikan?» U shu qoʻshiqni yaxshi koʻrardi. Ayniqsa, Botir Zokirov aytganida. Qoʻqonda kimdir aytdi, oʻxshata olmadi. Gulchehraga Botirning ovozidan koʻra, shu qoʻshiqni aytayotgandagi kayfiyati yoqardi. Qoʻshiq goʻyo uning uchungina yaratilgandek, u bilan tirikdek tuyulardi.

Gulchehra shunday oʻylar ekan, qulogʻi ostida shu qoʻshiq yangrayotgandek, chiroqlar ichidan esa ashulachi unga qarab turgandek, hozir faqat uning uchun kuylayotgandek boʻldi. Beixtiyor quloq soldi. Tramvay chinqirib burila boshlady. Shu zahoti aspirantlar yotoqxonasi oldida nimadir chirsillab yondi-yu, darhol soʻndi. Gulchehra kaftini yuziga tutdi, ammo anchagacha kamalak tus olov yalligʻi koʻz oldidan ketmadi. Tramvay uzoqlashib, yana hammayoq jimjit boʻlib qoldi. Gulchehra koʻzlarini ochib atrofga qaradi. U hech mahal tungi Toshkentni tomosha qilmagan edi. Toʻgʻri, bir marta samolyot kech uchib, qorongʻi tushganda Toshkentga kelgan edi. Oʻshanda, samolyot pastlayotganda, darchadan shaharga qarab hayron qolgan edi. Hammayoq chiroq... xuddi shaxmat taxtasiga oʻxshaydi. Faqat bu taxta oq-qora emas, ming xil boʻyoqda tovlanadi. Hozir ham tungi Toshkent shunday goʻzal edi, odamning suqi kelardi. Gulchehra simirib nafas oldi, muzdek havo tomogʻini qitiqlab oʻtdi. Yana ancha vaqt baland-past imoratlar orasidagi shoʻx chiroqlarga termilib turdi-da, boshini koʻtardi. Osmon toʻla yulduz. Oyning nim rang gardishi adashib paydo boʻlib qolgan bir quloch bulut pardasi orqasiga oʻtib, tunni qoraytirdi-da, koʻp oʻtmay moʻralab chiqdi. Daraxtlarning barglari kumushdek yaltirab kstdi. Gulchehra oyga termilib, xuddi u bilan suzib ketayotgandek boʻldi. Darhol balkondaligini esladi-da, devorni ushlamoqchi boʻlib qoʻlini orqaga choʻzdi va tisarildi. Ammo orqasida hech narsa yoʻq edi. Gulchehra osmonga tikilib devorga yoni bilan turib qolganini unutgan edi. «Ota!» — dedi u yuragi shuvillab, ammo ovozi tomogʻida qoldi. Qoʻllarini yoyganicha pastga shoʻngʻidi. «Qushga oʻxshayman-a» — Hayolidan oʻtdi uning. Keyin hushini yoʻqotdi.

— Ertalab koʻrdim oʻlikni... Lekin uni kecha koʻrganman. Kecha shu yerga kelgan edi...
— Qay payt?
— Kechqurun. Kechqurun kelgan edi, ancha kech boʻlib qoluvdi. Soat necha boʻldi, deb soʻragan edim undan. Chorak kam oʻn ikki edi, ha, chorak kam oʻn ikki degan edi...
— Ota, oʻzingizni bosing, bir chekkadan gapiring, — dedi militsiya xodimlaridan biri. — Yozib olishimiz kerak.

Sulaymon ota «xoʻp» deya boshini ogʻir silkitdi. Keyin, bilganlarini aytib berdi.

Lekin Gulchehra oʻshandayoq bino tepasiga koʻtarilganmi, yo keyin kelganmi — qorovul chol bilmasdi. Qizning oʻlimiga uni aybdor hisoblashlari mumkinligidan choʻchib va unga achinib: «Nega tepaga chiqmadim? Nega oʻshanda uni qidirmadim? Ahmoq chol!» — deb oʻz-oʻzini soʻkardi.

Oradan bir soat oʻtar-oʻtmas oʻlik ekspertizaga olib borildi. Tekshirildi. Uning beshinchi qavatdan tushib ketgani aniq edi. Hech kim unga suiqasd qilmagan. Marhumning badanida ham, binoda ham buni isbotlaydigan dalil topilmadi. Lekin militsiyaga bir narsa qorongʻi edi: u tasodifan tushib ketganmi yo oʻzini tashlaganmi?! Shuning uchun binoni yana sinchiklab tekshirishdi, oʻlikni ham rentgenga solib koʻrishni lozim topishdi. Oʻsha zahotiyoq marhuma idorasiga — politexnika institutiga xabar qilindi.

Kechga yaqin militsiyada marhuma haqida aniq ma’lumot toʻplandi, tekshirishlar yakunlandi. Lekin marhuma oʻzini tashlaganmi, yo tasodifan tushib ketganmi — bu savol yechilmadi. Kim biladi, balki chindan ham tushib ketgandir? Hammayoq qorongʻi boʻlsa, balkonni panjaralari hali qoqilmagan boʻlsa?! Ortiqcha qadam qoʻyib yuborgan. Militsiya xodimlari shunday qarorga kelib, odamlarga ruxsat berishdi.

XXII

Qosimjon bilan Zubayda praktikadan qaytib kelishganda Gulchehraning oʻlganiga uch kun boʻlgan edi. Abstutay ularni koʻrishi bilan yigʻlab yubordi.
— Qosimjon, oʻgʻlim, Gulchehradan ayrilib qoldik!.. Gulchehra oʻlib qoldi.
— Nima?! — Qosimjon qotib qoldi.
— Onasi chaqirdi uni, onasi!.. Xudo koʻp koʻrdi uni bizga!

Kampir, yigʻi aralash boʻlgan voqeani zoʻrgʻa-zoʻrgʻa gapirib berdi.
— Hammasiga oʻsha yigit aybdor! Oti qurgʻur Abdulla! Oʻtgan kuni samolyotda olib ketishdi. Qarindoshlari, institutdagilar olib ketishdi. Bechora qiz... Onasining yoshiga kirsa ham mayli edi.

Qosimjon shu zahotiyoq yoʻlga tushdi. Qosh qorayganda Mingbuloqqa kirib bordi. Gulchehraning uyi atrofida tumonat odam. Ichkaridan ayollarning yigʻisi eshitilardi. Qosimjon odamlar orasida boshini ham qilib turgan Samadni koʻrib, uning yoniga bordi.
— Qachon koʻmdilaring?
— Kecha.
— Yusuf aka qalay?
— Uni soʻrama, — Samad xoʻrsindi. — Kechadan beri tildan qolgan. Hech narsani bilmaydi. Raisning uyiga yotqizib qoʻydik. Tepasida doktor.
— Ablah! Men uni sogʻ qoʻymayman!
— Oʻzingni bos, — dedi Samad. — Falokat ustiga falokat qoʻshilmasin. U bilan keyin gaplashamiz.
— Xabari bormi?
— Men xabar bermoqchi emasdim. Mamlakat telegramma berib qoʻyibdi.
— Kim u?
— Pochtachi qiz.
— Adresini bilar ekanmi?
— Gulchehra pochtaga borib xat olardi. Bu yoqqa yur.

Ular odamlar orasidan chiqib, kanal labiga oʻtirishdi.
— Manavini Gulchehra koʻrmay ketdi. — Samad Abdullaning soʻnggi telegrammasini oʻrtogʻiga uzatdi.
— Kimdan?
— Kimdan boʻlardi...

Qosimjon telegrammani oʻqib chikdi. Qoʻllari musht boʻlib tugildi.
— Ablah!

Ikki oʻrtoq jim qolishdi. Samad boshini tizzalari orasiga olib, hayolga choʻmdi.
— Qosim, — dedi u bir mahal chidolmay.
— Labbay?
— Men... men uni yaxshi koʻrardim!.. Esimni taniganimdan beri yaxshi koʻrardim!..

Samad titrab yigʻlab yubordi. Qosimjon uning orqasiga qoʻlini qoʻydi, bir narsa deb ovutmoqchi boʻldi, ammo tiliga hech narsa kelmadi.

...Xuddi shu paytda Abdulla samolyotdan tushib Toshkent — Qoʻqon poezdiga oʻtirgan edi. Telegrammani olganida, avval u ishonmadi. Bir necha marta oʻqib chiqdi. Keyin, birdan sodir boʻlgan dahshatga tushunib, dodlab yubordi. U bunday boʻlishini sira kutmagan edi. Shoshib kiyindi. Shkaf ustida chang bosib yotgan chamadonini olib, nimalarnidir soldi, keyin jahl bilan uloqtirib tashladi-da, pastga otildi. «Endi nima boʻladi? Endi nima qilaman?» — derdi u nuqul samolyotda ham, poezdda ham.

Gulchehra nima qilib qoʻyganini u bilmasdi. Lekin nima qilib qoʻygan boʻlsa ham, bunga oʻzi aybdor ekanini bilardi. Nima degan odam boʻldi u endi? Odamlarning yuziga qanday qaraydi? Qanday yashaydi? U shunday oʻylar ekan, koʻz oldidan Gulchehraning siymosi ketmasdi, qayoqqa qaramasin, uning kulib turgan koʻzlariga toʻqnash kelardi. Bu koʻzlar ta’na qilmasdi, yoʻq, ular unga mehr bilan boqardi, ular sevinchga, sevgiga limmo-lim edi. Abdulla Mingbuloqqa kirguncha ularning ta’qibidan qutulolmadi. Mingbuloqqa kirganda esa, hayoli boʻlindi. Olisda bir guruh odamlar koʻrindi. Ular Gulchehralar uyining oldida turishardi. Abdullani qoʻrquv bosdi. Odamlarning hammasi unga yov nazari bilan qarab turgandek tuyulardi. Ularga koʻrinmaslik uchun devor yoqalab yura boshladi. Uningʻ rangida rang qolmagan, tizzalari qaltirardi. Bir amallab buvisining uyiga yetib keldi. Hovligi kirdi-yu, xuddi birov quvlayotgandek, eshikni orqasidan shoshib tanbaladi. Hovlida hech kim yoʻq edi. Abdulla ayvonga koʻtarildi.
— Buvi! — chaqirdi u sekin. Hech kim javob bermadi.
— Togʻa! Yana jimlik.
— Kelinoyi!

Shu payt bogʻ tomondan bedana «tak-tarak»lab yubordi. Abdulla seskanib ketdi. Bu — Oʻsha, Gulchehra avaylab tarbiya qilgan, qanoti siniq bedana edi.
— Gulchehra! — qichqirib yubordi Abdulla oʻzidan-oʻzi.
— Togʻa, — koʻzlarini ishqalab ichkari xonadan jiyani Tursun chiqdi.
— Ha, jiyan, — dedi oʻzini bosishga intilib Abdulla. — Uydagilar qani?

Hammalari Yusuf amakimlarnikida. Eshitmadingizmi, Gulchehra opam oʻlib qoldilar.
— Eshitdim. Nima boʻlibdi?
— Toshkentda imoratdan yiqilib tushibdilar. Togʻa!
— Nima?
— Buvim sizni qargʻadilar, — dedi Tursun sirli ohangda. — Adam ham soʻkdilar. Buvim unaqa nevaram yoʻq, dedilar. Nima qiluvdingiz, togʻa?

Abdulla javob bermadi. U yigʻlardi. Bir tomchi yosh jiyanining boʻyniga tushdi. Tursun boshini koʻtarib togʻasiga qaradi.
— Siz ham yigʻlayapsizmi? Abdulla boshini qimirlatdi.
— Men... men Gulchehra opangni yaxshi koʻrardim. Keyin... keyin ketib qoldim...

Abdulla jiyanining boshini siladi-da, hovliga tushdi. Bitta-bitta yurib koʻchaga chikdi. Odamlar fotihaga kelishardi. Abdulla hech kimga parvo qilmay, kanal yoqalab ketdi. Qulogʻi ostidan esa qanoti singan bedananing bir ohangdagi «tak-taragi» ketmasdi. Koʻp oʻtmay qabristonga yetib keldi. Hammayoq suv quygandek jim-jit, faqat allaqaerda chumchuq chirqillardi. Abdulla atrofiga qaradi. Olisda kimningdir qorasi koʻrindi. Abdulla birpas oʻylanib turdi-da, keyin shu tomonga yurdi. Uzun qora marmar tosh yonidagi yangi qabr tepasida kimdir turardi. Abdulla yaqinlashib, tanidi. Bu Samad edi. Yoniga bordi. Samad unga qaramadi. Ikkalovi anchagacha yonma-yon turishdi. Abdullaning koʻzi qabrda. Hali undan shunday tuproq isi kelib turardi.
— Boʻldi, ket! — dedi bir mahal Samad vazminlik bilan. — Tirigida xoʻrlading, oʻlganida tinch qoʻy. Ket.

Abdulla indamadi. Yana bir oz turdi-da, orqasiga qaytdi. U mast odamdek gandiraklab qadam tashlar ekan, hech kim, hech nima hayoliga kirmasdi. Hech narsani koʻrmasdi. Chumchuq esa hamon tinmasdan chirqillardi.

XXIII

Andijon — Toshkent passajir poezdi oqshom payti poytaxtga kirib keldi. Perron bir damda odamga toʻldi va xuddi shunday bir zumda boʻshadi. Poezddan eng oxiri Abdulla tushdi. U talmovsirab atrofga qaradi, keyin sudralib vokzaldan chiqdi. U nima qilishni, qayoqqa borishini bilmasdi. Shuning uchun shoshmasdi. Ancha vaqt vokzal oldida qaqqayib turdi. Keyin Temiryoʻlchilar saroyi tomon yurdi. Saroyni bir oz aylangach, qandaydir xiyobondan chiqib qoldi. Qosh qorayib, quyoshning nim rang gardishi daraxtlar orqasidan moʻralab turardi. Xiyobonda odam siyrak, faqat hali suv qoʻyilmagan koʻsaksurat fontan yonidagi skameykada ikkita moʻysafid gaplashib oʻtirardi. Abdullaga ularning qiyofasi shu darajada sokin va tantanali koʻrindiki, u ham shu topda hech narsani oʻylamasdan shunday osoyishta oʻtirgisi kelib ketdi. Beixtiyor panaroq joy qidira boshladi. Hiyobonning orqa tomonidagi katta yoʻlga tutash panjara yonida ola-chipor bir skameyka koʻrindi. Abdulla shu tomonga yurdi. Skameyka oldida besh-oltita chumchuq va ikkita musicha non ushoqlarini choʻqilab yurardi. Ular kech kirganiga, inlariga shoshilgan boshqa qushlarning chirqillaganiga parvo qilmas, oʻz ishlari bilan ovora edi. Hatto odam kelganini ham payqashmadi. Abdulla bir depsinib ularni haydadi-da, oʻzini skameykaga tashladi. Nima boʻldi oʻzi? Nega oʻldi? Nega oʻladi? Abdulla qancha oʻylamasin, oʻyining oxiriga yetolmadi. Bu esa uni battar qiynoqqa soldi. Koʻzlari tinib, hamma narsa jimirlab koʻrina boshladi. Shalviragan qoʻllarini zoʻrgʻa koʻtarib, ishqaladi. Baribir foyda bermadi. Sekin yumdi. Endi koʻzlarining ichida nimalardir jimirlay boshladi. «Hozir ketadi, hozir yoʻqoladi», oʻyladi oʻzicha Abdulla va boshini skameyka suyanchigʻiga qoʻydi. Ammo jimirlash yoʻqolmadi. Aksincha, koʻpaydi, keyin ingichka halqachalarga aylandi. Halqalar birining ichidan ikkinchisi chiqib, patefon plastinkasidek chirillab aylanib, qorachiqqa yaqinlashganda yoyilib ketdi. Shu zahoti ikkita halqacha paydo boʻlib, avvalgisidan ham tez aylana boshladi. Uning oʻrnini uchinchisi, keyin toʻrtinchisi egalladi. Lekin eng yomoni halqachalarning plastinkadek aylanishi edi. Qorachiqqa yaqinlashganda plastinka gʻadir-budur chiziqlar hosil qilib, shunday tez chirillab aylanardiki, goʻyo badaniga igna sanchilayotgandek boʻlardi.

Abdulla shu alfozda qancha oʻtirdi, bilmaydi, nihoyat chiday olmay boshini koʻtardi. Lekin boshi tegirmon toshi yuritgandek ogʻrirdi. Yana koʻzlarini ishqalab, yumdi. Bu gal halqachalar koʻrinmadi. Abdulla xoʻrsinib, boshini yana suyanchiqqa qoʻydi. Shu mahal olisda soqqadek kichkina qora bir narsa paydo boʻldi. Koʻzlarining toʻgʻrisiga kelib toʻxtab turdi-da, keyin Abdulla tomon yumalay boshladi. Birpasdan soʻng u ikkita boʻldi. Keyin toʻrttaga aylandi. Abdulla «nima boʻlarkin?» deb koʻzlarini yumganicha oʻtiraverdi. Toʻgʻrirogʻi, ochishga majoli yoʻq edi. Toʻrtta soqqa bu paytda oʻn oltitaga aylanib yumalab kelardi. Lekin yaqinlashmasdi. Soqqalar hisoblab boʻlmaydigan darajaga yetganda, Abdulla koʻzlarini bir-ikki qisib qoʻydi. Shunda hamma soqqalar birlashib, katta bir temir sharga aylandi. Shar ovoz chiqarib dumalay boshladi. «Hozir meni bosib ketadi, — hayolidan oʻtkazdi Abdulla. — Qochish kerak». Lekin joyidan qoʻzgʻalolmadi. Sharning unga yetib kelishiga besh-olti qadamcha qoldi. «Hozir keladi, hozir!..» Abdulla yuragi qinidan chiqay deb hansiray boshladi. Shar kengaydi, koʻz davrasidan chiqib ketdi. Ammo hamon dumalardi. «Yetdi! Yetdi!» — dedi Abdulla va birdan ingrab yubordi.
— Nima boʻldi, yigit? — soʻradi kimdir mehribonlik bilan.

Abdulla yoniga oʻgirilib, boyagi moʻysafidlardan biri tepasida turganini koʻrdi.
— Uxlayotgan ekansiz, tush koʻrib, choʻchidingiz shekilli?
— Ha, — dedi Abdulla uyalib, keyin sekin oʻrnidan turdi.
— Muzdek suv ichib oling, yaxshi boʻladi, — maslahat berdi moʻysafid.
— Rahmat.

Abdulla roʻmolchasi bilan ter qoplagan boʻynini artib, yoʻlga tushdi. U gandiraklardi, oyoqlari omonatgina ilib qoʻyilgan tayoqchalardek sudralar, tizzalari zoʻrgʻa bukilardi.

Shu ahvolda u xiyobondan chiqib, markaziy koʻchaga oʻtdi. Bu koʻcha kech kirishi bilan gavjum boʻlardi. Mashina qatnovi toʻxtab, butun koʻcha piyodalar ixtiyoriga oʻtardi. Piyodalar esa turli kiyimda, turli yoshda boʻlib, shu koʻchaga kelganda oʻzlarini beixtiyor, hech qanday gʻami, tashvishi yoʻqdek his qilishardi. Bu yerda umrida birinchi marta anchagina urish-toʻpolon bilan sayilga chiqqan, hali baland poshnali tufliga oʻrganmagan qizlarni, yarim kechagacha oʻyin-kulgi qilib, butun shahar oʻziniki boʻlib qolgan talaba-yoshlarni, bir-biridan hali boʻsa olib ulgurmagan, bor mehrlarini qoʻl ushlash bilangina ifodalab yurgan sevishganlarni, umri tugab borayotganini sezib, hammaga, hamma narsaga suq va havas bilan qarovchi munkillagan kampir, chollarni, qoʻying-chi, shaharning deyarli hamma toifa kishilarini koʻrish mumkin edi. Bir soat chamasi shoshilmasdan shu koʻchani aylangan kishi, uzoq uchratmagan tanish-bilishlarini koʻpincha shu yerdan topishi ehtimoldan xoli emas. Koʻpchilik, ayniqsa, yoshlar shunday qilishardi ham. Bu koʻcha umuman, dam olish, uchrashuvlar, kelgusi rejalar joyi edi.

Abdulla bitta-bitta qadam tashlab trotuar chetidan borar ekan, odamlarga qaramaslikka intilardi. Uning hech kim bilan uchrashgisi, hatto salomlashgisi ham kelmasdi.

Universal magazin roʻparasiga yetganda u toʻxtadi. Shu yerda sayilgohni tor bir koʻcha kesib oʻtgan edi. Shu yoqqa yurdi.

Koʻcha jimjit, na bironta mashina, na bironta odam koʻrinardi. Abdullaning kayfi battar buzilib ketdi. Oʻzini iflos, katta bir gunoh qilib qoʻygandek his qilardi. «Rasvo boʻldim, — Oʻyladi u. — Hamma narsa rasvo boʻldi». Shunday oʻyladi-da, yana yoʻlga tushdi. Trolleybus toʻxtaydigan joyga kelganda, kimningdir simyogʻochga suyanib turganini koʻrdi. Uning shu odam bilan gaplashgisi, ozgina boʻlsa ham koʻnglini boʻshatgisi kelib ketdi. Simyogʻochga yaqinlashib yoʻtaldi. Lekin begona kishi unga qaramadi. Simyogʻochga suyanganicha turaverdi.
— Kechirasiz, soat necha boʻldi? — soʻradi Abdulla uning qarshisiga oʻtib.
— Soatim yoʻq, — dedi begona kishi. — Ammo taxminan aytishim mumkin. Oʻn ikkidan oshdi.
— Nahotki? — hayron boʻldi Abdulla.
— Ha, trolleybus endi yurmaydi. Chekishingiz bormi?
— Bor.

Abdulla shoshib sigareta olib begona kishiga uzatdi, oʻzi ham tutatdi. Begona kishi ogʻir xoʻrsinib tutun chiqarar ekan, dedi:
— Xotinimni kutib turibman.
— Shunaqa kech keladilarmi?
— Endi kelmasa kerak, — dedi begona kishi yoʻlga qarab.
— Nega?
— Urishib qoluvdik, ketib qoldi. Ancha boʻldi ketganiga, hali qorongʻi tushmagan edi.
— Hafa boʻlmang, kelib qolarlar, — yupatdi Abdulla.
— Yoʻq, kelmaydi. Ketib qolsa qaerda boʻlishini bilardim. Yo anhorning labida oʻtirardi, yo boʻlmasa katta koʻchada yurardi. Darrov topib kelardim. Bugun topolmadim. — Begona kishining koʻzlari yaltirab ketdi. — Endi kelmaydi...
— Hafa boʻlmang, er-xotinning urishi qayoqqa borardi? — dedi Abdulla yana uni ovutmoqchi boʻlib. — Qaytib keladilar.
— Ayb oʻzimda, — dedi begona kishi koʻzlarini artib. — Uni koʻp hafa qilardim. Bugun ham qattiq hafa qildim. Bilmadim, nimadan janjal chiqardim. Tuppa-tuzuk ovqatlanib oʻtirgan edik boʻlmasa. Bir gapga ikkinchisi ulandi, uchinchisi... Keyin u ham chiday olmadi, shekilli: olim boʻlish oson ekanu, odam boʻlish qiyin ekan, dedi. Bu gap u yoq-bu yogʻimdan oʻtib ketdi. Yomon soʻkib berdim. Chiqib ketdi, yigʻlab-yigʻlab chiqib ketdi. Bunaqa odamni topish qiyin. Yomon boʻlsa, ikkita bolamni oʻz bolasidek koʻrmas edi. Men ham uni yaxshi koʻraman. Ertaga tugʻilgan kuni edi. Sovgʻa ham olib qoʻyuvdim... — Begona kishi xoʻrsindi. — Mana, koʻring.

U qoʻyin choʻntagidan kichkina qutichani olib Abdullaga uzatdi. Bu — kichkina brilliant koʻzli uzuk edi.
— Yaxshimi?
— Juda ham, — dedi Abdulla qutichani yopib, qaytarar ekan.
— Zoʻrgʻa topuvdim. Endi keragi yoʻq... Nima qiladi endi buni?..

Begona kishi birdan oʻzini oʻngladi. Sigaretini oyogʻi tagiga tashlab ezdi, keyin yosh boladek katta koʻcha tomon yugurib ketdi.
— Saida! Saida!!!

Abdulla uning orqasidan hayron boʻlib qarab qoldi. Bir ozdan soʻng trolleybus kelmasligiga ishonch hosil qilib, oʻsha tomonga yurdi. Muyulishga yetganda begona kishi koʻchani boshiga koʻtarib kulganicha, bir narsani opichlab kelar edi. Abdullani koʻrib, u se-vinch bilan qichqirdi:
— Topdim! Topdim!..

Abdulla shunda uni boʻynidan quchoqlab olgan nimjon ayolni koʻrdi. Uning oy nuri yoritib turgan koʻzlari namdanmi, yo sevinchdanmi xuddi boyagi uzukning brilliant koʻzlaridek yaltirardi.

Shu payt:
— Yigit! — dedi begona kishi toʻxtab. — Ertaga biznikiga keling. Otamlashamiz. Simyogʻoch qarshisidagi uy. Albatta keling!
— Rahmat, — dedi Abdulla.

Bu tasodifiy uchrashuv uni battar ezib yubordi va u yoshi anchaga borib qolgan, ammo qonida yigitlik zavqi, muhabbati joʻsh urib turgan, osoyishta tun qoʻynidagi boʻm-boʻsh koʻchani toʻldirib borayotgan bu odamga cheksiz havas, ayni vaqtda hali uzoq yillar, balki umrbod qalbini timdalaydigan gunoh azobi bilan qarab qoldi.

1969