OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiOlamushuk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm47KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olamushuk (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Zaynobiddin Omonov yangi ishga oʻtganidan beri haftaning uch kuni uyda boʻlsa, toʻrt kuni safarda. Institutni tamomlab qariyb oʻn yil ishlagan. Ilgari shahardan chiqmasdi. Chiqishni oʻzi ham istamasdi. Har kuni soqol qirtishlab, vanna qabul qilishga oʻrgangan odam begona joyda yotib qolishni yoqtirmasdi. Ammo na iloj? Zamon oʻzgarib ketdi. Xoʻjayinning aytganini qilmasang, ishdan ajralib qolish hech gap emas. Shu xoʻjayinining gapini ikki qilmay mana, uch yilki, Olmaliqmi, Baliqchimi, Shahrisabz yo Vobkentmi, qayoqqa desa, ketaveradi. Uning safarlari koʻproq haftaning ikkinchi yarmiga toʻgʻri keladi, shan-ba, yakshanba ham shunga kirib ketadi. Bir. tomondan bu yaxshi. Shanba kuni qaerda boʻlmasin, mezbonlar; oʻzbekchilik, uni olib qolishadi. Ertasiga kechga yaqin joʻnatishadi. Ilgarigi raykomlarning borlaridami yo oʻzlari apil-tapil koʻtargan bahavo, koʻpchilik bilmaydigan xufiya mehmonxonalardami, bahonada bir dam olishadi. Zaynobiddin Omonov shunday joylarda yayraydi, yangi ishda ishlayotganidan xursand boʻladi.

. Yomon tomoni shuki, har kuni taxi buzilmagan roʻmolcha tutib, galstuk taqolmaydi, xotini uyda yolgʻiz qoladi. Tasavvur qiling, uch xonalik kvartirada (raykomda ishlaganining eng katta foydasi) yosh ayol narsa necha kun bir oʻzi qolib ketadi. Tagʻin ham Xursandxon tushunadigan, eriga hurmati baland ayol. Boʻlmasa toʻpolon qilib yuborardi. Toʻgʻri, ba’zida gʻinshib qoʻyadi. Lekin Zaynobiddin Omonov uning lovullab yonib ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Gʻinshigan paytidayoq darhol qoʻliga biron narsa tutadi. Shaharda topilmaydigan narsa chetda albatta topiladi. Shuning uchun qaerga bormasin, doim choʻntagida olib yuradigan, xotinining oʻzi tuzib bergan buyurtmalar roʻyxatidan biron narsa olib keladi. Bechora Xursandxon. Birpasda hovridan tushadi. Erini quchoqlab oʻpgan boʻladi-da, narsani koʻtarganicha oʻz xonasiga kirib ketadi. Narsa loyiq kelsa, yoqsa, undan baxtli odam yoʻq. Zaynobiddin Omonov hech tashvishlanmay yana safarga tayyorlanaversa boʻladi. Xursandxon yoʻlini toʻsmaydi. Aldagani bola yaxshi, deb toʻgʻri aytishgan. Bozor munosabatlariga oʻtilayotgan hozirgi davrda xotinlar ham boladek aldanadigan boʻlib qolishdi. Xoʻrozqand tutqazsang ham olishaveradi. Biron narsa boʻlsa boʻldi. Zaynobidin Omonov albatta bu gapni hech kimga aytmaydi. Ichidagi, faqat oʻzigayu xotini Xursandxonga aloqador gap bu. Xotinning koʻnglini olib, anchagina tinchib, ertasiga ishxonaga boradi.

Xoʻp gʻalati ishga duch kelib qolgan u. Komsomolda, keyin sovet partiya idoralarida ishlab yurgan paytlari, bir kun kelib, «Taqsim» degan qoʻshma firma paydo boʻladi, oʻshanda ishlaysan, turshakmayiz, bodom, pista, bolalar, xotinlarning koʻylak-ishtonlari bilan shugʻullanasan, deb qolsa birov, qattiq ranjirdi, xafa boʻlardi. Hammayoqni, hammani qoʻlida ushlab, titratib turgan kom-partiya endi yoʻq, sovet idoralari ham yoʻq. Shu idoralarda ishlashni u kasb, deb oʻylagan edi, shu kasbga otasining, tanish-bilishlarning harakati bilan intilgan edi. Rayon ijroiya komitetidan raykomga instruktor boʻlib oʻtganda uylandi. Xursandxonning ota-onasi uch-toʻrtta odamni rad qilib, Zaynobiddin Omonov tomonidan borgan sovchilarga rozilik berishdi. «Bugun instruktorsiz, koʻp oʻtmay boʻlim boshliri, keyin kotib boʻlasiz, buni qudalarimiz yaxshi bilishadi» degan edi oʻshanda dadasi. Rad qilishganlardan bittasi hozir allaqanday shirkat boshligʻi. «Mersedes»da yuradi. Ikkinchisi chet eldan beri kelmaydi. Yana bittasi hali yoshiga toʻlmagan oʻgʻliga atab pishiq rishtdan qoʻshqavatli uy qurdirib qoʻyibdi. Buxoro amirining qasri deysiz.

Ahyon-ahyon Xursandxon gʻinshib, shularni Zaynobiddin Omonovga eslatib qoʻyadi. «Siz ham oʻshalarga oʻxshasangiz-chi!» deydi. Aslida «Taqsim»da ishlayotganiga ham xotin sababchi. Bir kunda raykom yoʻq boʻlib, u «Bilim» jamiyatiga oʻtganida rosa qiynalishdi. Ancha vaqt Zaynobiddin Omonov yuz bergan voqeaga, yangi ishga koʻnikolmay yurdi. Ba’zan kechalari uyqusi qochib koʻchaga chiqadigan, huvillab yotgan qop-qorongʻi qadrdon raykom binosini koʻrib keladigan odat chiqardi. Bu binoda hech qachon chiroq oʻchmasdi, juda boʻlmaganda uchinchi qavatdagi birinchi kotibning kabinetida tun boʻyi charaklab yonib turardi.

«Raykom ishlayapti!» — derdi odamlar yorugʻ derazalarga gʻurur bilan qarab. Zaynobiddin Omonov ham shunday derdi. Hatto oʻzi ham, ayniqsa, boʻlim mudiri qilib tayinlanganidan keyin ba’zi kunlari tong sahargacha raykomda qolib ketardi. Raykomda, undan andoza olgan ijroqoʻmda ham hech kim oʻrnatmagan, lekin qonun darajasiga chiqib ketgan tartib bor edi. Birinchi kotib ketmaguncha ikkinchi kotib joyida oʻtirardi. U joyida boʻlgani sababli birinchi bilan birga uchinchi kotib ham ketmasdi. Unga qarab hamma boʻlim boshliqlari joy-joylarida oʻtirishardi. Koʻpincha birinchi kotibning oʻzi kimlar qolishi kerakligini aytardi. Ketadiganlar qoladiganlarga hasad bilan qarashardi. Birinchi kimni olib qolsa, yaqin vaqtda oʻsha odam koʻtarilib ketar yo mustaqil ishga oʻtkazilardi.

Zaynobiddin Omonov partiyaviy ishda koʻtarilishga ham, mustaqil ishga oʻtishga ham ulgurmadi. Raykomlar tarqalib ketdi. Shundan ikki oycha muqaddam bir yigit uning huzuriga kirdi. Koʻzlarida yosh, koʻllari titraydi.
— Tinchlikmi? Keling? — soʻradi Zaynobiddin Omonov hayron boʻlib.

Yigit «Toshkent» mehmonxonasi restoranida milliy taomlar oshpazi ekan. Kimningdir chaquvi bilan uning partiya vznoslari tekshirilibdi va goʻyo daromadining yarmidan koʻpini yashirgani ma’lum boʻlibdi. Boshlangʻich partiya tashkilotida uni partiyadan oʻchirishga qaror qilishibdi. Ishi hozir raykomda ekan. Yigit yoshlik qilibdi, vznos toʻlashning siyosiy, muqaddas vazifa ekanligini tushunmay, shunday ahmoqlik qilib qoʻyibdi.
— Sinab koʻrishsin, kechirishsin! — dedi koʻziga yosh olib yigit. — Yana xato qilib qoʻysam keyin mayli, oʻchirishsin. Partiyasiz hayot men uchun hayot emas. Oʻzimni osib qoʻyishim mumkin, Zaynobiddin aka! Yordam qiling! Jon aka! Mening kimligimni umr yoʻldoshingiz Xursandxon biladilar. Bir maktabda oʻqiganmiz. Men yettini bitirib, savdo texnikumiga ketib qolganman. Jon Zaynobiddin aka! Martabangiz bundan ham baland boʻlsin. Meni bu sharmandalikdan qutqarib qoling.
— Boʻldi, boʻldi. Oʻzingizni bosing. Partiyani aldabsiz, yaxshi boʻlmabdi, — urishgan boʻldi Zaynobiddin Omonov, ammo xotinining ismini tilga olganidan unga yordam qilgisi keldi. — Ikki kundan keyin keling. Gaplashib koʻrarmiz.

Iigit koʻzlarini ishqalab, minnatdorchilik bildirdi, yergacha bukilib xonadan chiqdi. Zaynobiddan Omonov uning ishini sektorda qayta koʻrib chiqishga olib, vaqtincha seyfiga solib qoʻydi. Hech kim undan hujjatlarni qayta soʻramadi. Oʻzidan-oʻzi bu ish yoʻq boʻlib ketdi. Oʻshanda yigit ikki kun oʻtgandan keyin Zaynobiddin Omonov ishdalik payti uyga keldi. Xursandxonga minnatdorchilik bildirib, ikki kassetalik magnitofon tashlab ketdi. Zaynobiddin Omonovning jahli chiqdi. Xotinidan adresni surishtirib magnitofonni qaytarib berishga axd qildi.
— Esingizni yebsiz, — dedi oʻshanda Xursandxon. — Bu odamga bitta magnitofon pista poʻchogʻiday gap. Oʻzingizni uyaltirmang. Bilmagandek boʻlib yuravering. Manitofonni keyin menga berib ketdi, sizgamas.

Zaynobiddin Omonov bir-ikki gʻijinib yursa ham xotiniga quloq soldi. Toʻgʻri-da, katta boshini kichkina qilib, magnitofoningizni mana, olib keldim, deydimi? Indamay olib qolsa ham mayli, ustidan kuladi. Erkak odamning bunga chidashi qiyin. Zaynobiddin Omonov hech kimga oʻzini mazax qilishga yoʻl qoʻygan emas, yoʻl qoʻymaydi.

Ana shu partiyadan oʻchib ketishiga bir qadam qolgan, ikki kassetalik yapon magnitofoni tashlab ketgan odam uning hozirgi xoʻjayini, «Taqsim» qoʻshma firmasining prezidenti Valijon Sadirovich Sadirov edi. Avvalo u bilan tanishishiga, shu firmaga ishga kirib ketishiga xotini sababchi boʻldi. Kunlarning birida Xursandxon ishdan kechroq qaytdi. Kela solib ovqatga unnaydigan odam bu gal erining oldiga quruq non-choy qoʻydi. Daromadining mazasi ketganligidan ichida ezilib yurgan Zaynobiddin Omonov indamadi. Xotini oʻychan va nimadandir qattiq hayajonga tushgan edi. U bolalar poliklinikasida ishlardi. Bosh vrach, oʻzi tengi Qoʻqondan erining ketidan kelgan juvon bilan oralari chatoq edi. Xursandxon uning koʻp ishlaridan norizo edi, qattiq jahli chiqqan paytlari: «kelgindi!» deb qargʻardi. Yana ikkovi urishgan boʻlsalar kerak, deb oʻyladi Zaynobiddin Omonov.
— Tinchlikmi?
— Ertaga ertaroq keling. Mehmonga boramiz. Oʻzlari olib ketishadi.

Xursandxon eriga qaramay gapirdi. Suvi qochgan nonni lablarini burishtirib sindirdi-da, choyda ivitgan boʻlib ogʻziga soldi.
— Kim chaqiryapti?
— Valixon Sadirovich.

Zaynobiddin Omonovga bu ism-sharif tanishdek tuyuldi, lekin kimligini eslolmadi.
— Magnitofon bergan odam-chi, maktabdoshim, — tushuntirdi Xursandxon. — Oʻgʻlini olib keldi. Qulogʻiga suv kirgan ekan. Sizni soʻradi. Salom aytdi. Ertaga Qibraydagi bogʻlariga nozik mehmonlarni chaqirayotgan ekan. Siz ham xoʻjayin bilan albatta borarsiz, dedi. Oʻzim mashina yuborib oldirib ketaman, dedi. Boraylik, yangi chiqqan boylarning qanday yashayotganini koʻrasiz.

Xursandxon «qurs» etkazib qotgan nonni tishladi. Zaynobiddin Omonovga xotinining gaplari emas, ana shu, suvi qochgan nonni zarda bilan tishlashi ta’sir qildi, e’tirozi ichida qoldi. Boʻlmasa borgisi, xotini aytayotgan yangi chiqqan boylarning hayotini koʻrishga mutlaqo xohishi yoʻq edi. Albatta ilgarigi ishi boʻlganida oʻnta Valixon Sadirovich chaqirmaydimi, bormasdi. Xotinining qosh-qovogʻiga qarab oʻtirmasdi. Zaynobiddin Omonov ichidan bir zil ketdi. Ammo bildirmadi.

Ertasiga xotini aytganini qilib, uyga ertaroq qaytdi. Xursandxon kiyinib boʻlib, yuz-koʻziga pardoz berayotgan edi.
— Kiyinaqoling darrov! — buyurdi oynadan koʻz uzmay.

Zaynobiddin Omonov beixtiyor egniga razm soldi.
— Yangi kostyumizni, qora tuflingizni kiying! — dedi xotini.

Zaynobiddin Omonov yelkasini qisib qoʻydi-da, oʻrnidan turdi. «Avval bir piyola choy bersa boʻlardi» — xayolidan oʻtkazdi u, ammo gapni choy oʻrnida yutib, xotini aytgandek qildi.

Eshik koʻngʻirori chalinib, ular asta tushishganda, koʻchaning labida kumushrang «Volvo» turardi. Ularni koʻrishi bilan shofyor mashinadan chiqib, aylanib oʻtdi-da, orqa eshikni ochdi.
— Marhamat!

Xursandxon mashina ohista, ovozsiz joyidan qoʻzgʻalgan-da, eriga qarab, boshini sarak-sarak qilib qoʻydi.

Valixon Sadirovichning Qibraydagi bogʻiga yarim soatda yetib borishdi. Bogʻ kimniki — Zaynobiddin Omonov anglamadi. Kattaligidan, toʻrt-besh joyga alohida-alohida pishiq gʻishtdan imoratlar qoʻndirilganidan uning nazarida bitta odamning xususiy bogʻi emas edi. Tagʻin kim biladi, hech narsaga hozir ajablanib boʻlmaydi.

Gup etib dimoqqa urilgan muzdek havo, rayhon hidi, har yer-har yerda otilib turgan fontanchalar Zaynobiddin Omonovning biroz chehrasini ochdi, uzokdan ularni koʻrib, qarshilariga qoʻllarini yozib kelayotgan tanish odam, partiyadan oʻchib ketishiga bir bahya qolgan, ikki kassetalik yapon magnitofoni tashlab ketgan, xotinining maktabdoshi Valixon Sadirovichni koʻrib, kelganiga hatto xursand boʻlib ketdi.

Valixon Sadirovich Xursandxon bilan bosh qimirlatib koʻrishdi-da, eski qadrdonlardek Zaynobiddin Omonovni quchogʻiga oldi.
— Mana, nihoyat koʻrishdik, haloskorim!.. — Uning ozgina kayfi bor edi. Ammo nima ichganini Zaynobiddin Omonov bilolmadi.
— Xursandxon! Doʻstimizni olib kelganingiz juda yaxshi boʻlibdi. Bir kun albatta uchrashishimiz kerak edi. Rahmat.

Valixon Sadirovich ikkovini qoʻltiqlab, roʻparadagi ikki qavatli uyning orqasiga olib oʻtdi. Mehmonlar shu tomonda, dasturxon shu tomonda yozugʻlik edi. Zaynobiddin Omonov bogʻning etagida baland temir oʻchoq ustida xuddi quduqning gʻaltagidek sekin aylanib turgan butun qoʻyga koʻzi tushib, birdan qizarib ketdi. Arabcha pishirilayotgan qoʻyni koʻrganidanmi, yo dimogʻini kabob hidi qitiqlay boshlaganidanmi, u bilolmadi, ammo oʻzini noqulay sezib, yurishini sekinlatdi. Xursandxon hayron boʻlib unga qarab qoʻydi. U aksincha, oʻzini juda erkin his qilaboshlagan edi. Hatto uning kulishida, qarashlarida Zaynobiddin Omonov hech mahal koʻrmagan, eshitmagan dadillik, shoʻxlik paydo boʻlgan edi.

Valixon Sadirov ularni uzun, atrofiga stullar qoʻyilmagan, turli noz-ne’matlarga toʻla stol yonigacha olib bordi. Mehmonlar oʻzlari bilan oʻzlari ovora, ularga qarashmadi.

Uy egasi ham ularni hech kim bilan tanishtirmadi. Zaynobidtsin Omonov stoldan koʻzini uzib xotiniga qaraguncha, mezbon gʻoyib boʻlgan, uning oʻrnida esa katta patnisda turli ichimliklar koʻtarib, ofitsiant yigit turardi.
— Nima ichasiz? — soʻradi Zaynobiddin Omonov xotinidan.
— Shampan! — Xursandxonning koʻzlari oʻynab ketdi.

Zaynobiddin Omonov bunday hozirjavoblikni kutmagan edi, turli rangdagi ichimliklarga jovdirab qarab qoldi. Shampan vinosi solingan fujer hadeganda koʻrinavermadi. Ofitsiant yigit esa haykaldek qotib turardi. Shampan boʻlmasligi mumkin emas. Patnisda oʻndan ortiq fujer, rumkalar turardi. Zaynobiddin Omonovning burni ustida ter tomchilari paydo boʻldi. Xursandxonning oʻzi yordamga keldi.

— Qoʻlingizni ostida, patnis chetida, — tushuntirdi u. Shundagina Zaynobiddin Omonov koʻpirib turgan fujerni koʻrdi, olib xotiniga uzatdi. Xursandxon beparvolik bilan shivirladi.
— Oʻzingizga ham bir narsa olsangiz-chi!

Zaynobiddin Omonov uyalinqirab jilmaydi. Tanlab, bir fujerni qoʻliga oldi.
— Chanqadingizmi? — yana shivirladi Xursandxon.
— Yoʻq, — dedi Zaynobiddin Omonov va shundagina fujerga qaradi. U shuncha ichimlik qolib, Toshkent suvi olgan edi. Beixtiyor yoniga oʻgirildi. Patnis koʻtargan ofitsiant allaqachon stolning narigi boshiga ketib qolgan edi. Shu tob ikkinchi bir ofitsiant tugmadek-tugmadek tandir somsa koʻtarib keldi. Xursandxon taqsimchani eriga uzatdi.
— Ikkita boʻladi.

Zaynobiddin Omonov suvni stol ustiga qoʻyib, xotini aytganini qildi. Oʻziga ham ikkita oldi. Ogʻziga solishi bilan erib ketadigan dumbalik somsa edi. Shundan keyin ovkat ustiga ovqat ulanib ketdi. Ikkitadan xamirida kun koʻrinadigan manti tortildi. Ketidan kosaning tagida noʻxatlik palov. Arabcha kabob pishirayotgan ikkita yigit, qizarib jigarrang tus olgan qoʻyni oʻchoq yonidagi stol ustiga olib qoʻyishdi. Mehmonlardan bittasi taqsimcha koʻtarib, ularning oldiga bordi. Kabobpaz qoʻyning sonidan bir boʻlak kesib, uning taqsimchasiga soldi. Yangicha kabobdan totib koʻrmoqchi boʻlganlar bitta-bitta oʻsha tomonga yurishdi.
— Yuring, — buyurdi Xursandxon.

Zaynobiddin Omonov ikkita taqsimcha olib, xotinining orqasiga oʻtdi. Unga kabob oʻtirishmadi. Goʻsht yumshoq, yogʻliq boʻlsa ham, oʻzimizning six kabob unga ma’qulroq edi. Hursandxon ham yemadi. Yo oʻzini ayadi, yo yoqmadi. Zaynobiddin soʻramoqchi boʻlganida notanish odam uning tirsagidan ushladi.
— Zerikmayapsizmi, Zaynobiddin aka?

Zaynobiddin Omonov novcha, ingichka moʻylov qoʻygan bu odamni qaerdadir koʻrganday boʻldi-yu, lekin eslolmadi. Yigit oʻzini tanitdi.

— Valixon akaning muovinlariman. Alisher Nurmatov. Alisher deyavering. Opa, akamlarga bir bogʻni koʻrsatib chiqaman, maylimi?
— Bemalol, — dedi jilmayib Xursandxon va nigohida birdan paydo boʻlgan mehr bilan eriga qarab koʻydi.
— Xavotir olmang, — dedi Alisher Nurmatov Zaynobiddin Omonovning xotiniga qaraganini oʻzicha tushunib. — Opamlar yolgʻiz qolmaydilar.

Zaynobiddin Omonov shu zahoti xotinining yoniga bir ayol kelayotganini koʻrdi. Alisher Nurmatov uni bogʻning ichkarisiga boshladi.
— Valixon akamiz ajoyib odam, ajoyib rahbar, — u Zaynobidin Omonovning tirsagidan ushlaganicha borardi. — Turgan-bitganlari aql desam, xato boʻlmaydi. Firmamizning asoschisi shu kishi boʻladilar. Yigirmaga yaqin mamlakat bilan aloqamiz bor. Valixon akaning tashabbuslari bilan firmamiz oʻz ishini marmartosh chiqindisidan boshlagan edi, jumhuriyatimiz xoʻjaligining zarur bir boʻlagi boʻlib ketdi. Firma qilmagan ish yoʻq. Bitta misol. Valixon akaning takliflari bilan Polsha orqali Frantsiyaga oʻzimizning choʻl toshbaqasini sotayapmiz. Bilasizmi, bitta toshbaqa necha pul? Oʻn dollar! Biz yigʻib qoʻyamiz, oʻzlari olib ketishadi. Muzeylar ekspeditsiya uyushtirib, xalkdan qoʻlda tikilgan palak, dorpech, atlas, shularga oʻxshash narsalarni arzon-garovga sotib olib ketarkan. Valixon aka shuni bilib qolib, narxni ikki baravar koʻtarib yubordilar. Xalqning oʻzi bizga olib kelib beradi tikkan narsasini. Chet elga nima qiziq? Kim tikkani, kim toʻqigani qiziq! Chiroyli poʻlat plastinkalarga mualliflarining nomini yozib, Olmoniyaga olib bordik. Talash boʻlib ketdi. Toʻrtta palak olib borgan edik, yuzta zakaz tushdi. Xullas, koʻz tegmasin, «Taqsim» Valixon aka rahbarligida gurkirab ketayapti. Zerikmayapsizmi?

Alisher toʻxtab, Zaynobiddin Omonovning koʻzlariga tikilib qaradi. Zaynobiddin Omonovga u aytayotgan gaplar ma’lumdek tuyulsa ham qiziqish bilan quloq soldi. Palak, dorpechlarga chetda qiziqish kattaligini, Yevropada toshbaqalarimizning narxi baland ekanligini eshitgan edi, ammo hech kim bu ishlar bilan shugʻullanmas edi. Shugʻullansa ham shunday qoʻl uchida shugʻullanardi. Valixon Sadirov firma tashkil qilib yuboribdi. Yoʻkdan bor qilish, pulni pulga chaqish deb, shuni aytsalar kerak. Shunday firma tashkil etish, shunday ishlar bilan shugʻullanishga uning ham aqli yetuvdi-ku, nega shunday qilmadi? Shunday qilganida Valixon Sadirovich emas, Zaynobiddin Omonov shu bogʻda, balki undan ham goʻzalroq joyda ziyofat berardi, bittamas ikkita butun qoʻyni kabob qildirardi. Uning Valixon Sadirovga, yonida tinim bilmay gapirib kelayotgan, Valixon Sadirovning soyasiga ham salom berishga tayyor muovini Alisher Nurmatovga rashki keldi.

Kimlar oʻzi ular? Qaerdan paydo boʻlib qolishdi? Nima uchun birdan ularning ishi yurishib ketdi, bularga boylik qoʻndi? Zaynobiddin Omonov shunday oʻylar ekan, bir narsani fahmladi. Beish qolib, boshiga ogʻir kunlar tushganda ham oyoqlari ostidagi toshbaqalar, muzeylarda, xonadonlarda kuya yeb yotgan palak, dorpechlar xayoliga kelgani yoʻq. Xususiy firma, doʻkon ochishni matbuot jar solib yotgan boʻlsa ham oʻylamadi. Valixon Sadirovlarga esa jon kirdi, birdan ochilib ketishdi.

Ular bir soatdan ziyod bogʻni aylanishdi. Alisher Nurmatovning turgan-bitgani gap edi. Bir daqiqa tinmadi. Zaynobiddin Omonovga ogʻiz ochtirmadi. Qaytishayotganda Zaynobiddin Omonov har qayoqdan, toʻgʻridagi qoʻshqavatli uydan ham ikkita-ikkita — bir ayol, bir erkak boʻlib, chiqib kelayotgan shirakayf mehmonlarni koʻrdi. Yana dasturxon yozilgan uzun stol yoniga yaqinlashayotganda odamlar ichidan xotinini qidirdi, ammo koʻrinmadi. Toʻgʻridagi uyda birin-ketin chiroqlar oʻchib, hozirgina yorishib turgan gulpardalik derazalar qoraya boshladi. Zaynobiddin Omonov birdan joyida toʻxtab qoldi. Ikkinchi qavatdagi yorugʻ deraza oldida xotinining boshi paydo boʻldi. Qalin va qora sochlari orqasiga tugun qilib bogʻlanganidan, boʻynidagi bir qatrr tilla zanjir yaraqlab ketganidan tanidi. Xursandxon uni koʻrgandek va negadir oʻzini chetga olgandek boʻldi. Zayyobiddin Omonov boʻshashib ketdi.
— Nima boʻldi? — soʻradi Alisher Nurmatov yana diqqat bilan unga koʻz tikib.
— Yoʻq, hech narsa.
— Yuring, oʻzimizni six kabobdan yeymiz endi. Alisher Nurmatov uni dasturxon toʻriga boshladi. Ichimliklar tortilib, bitta-bitta kabobdan yeb boʻlishganda uy egasi Valixon Sadirovich paydo boʻldi. U qoʻlidagi viski solingan muzli stakanni sezilar-sezilmas koʻtarib, hamma bilan hoʻshlashib chiqdi va Zaynobiddin Omonov yoniga keldi.
— Kamchilik yoʻqmi?
— Rahmat. Hammasi joyida. — Zaynobiddin Omonov beixtiyor qoʻliga fujer oldi, ogʻziga olib borib xoʻpladi. Oq vino edi ichayotgani. Ichimliklarga u befarq boʻlganidan, vinoligini ham sezmadi. — Uyingizda boʻlganimdan xursandman.

Valixon Sadirovich boshini egdi.
— Bu uy hali qarovsiz. Yangi olganman. Bugungi yigʻi-lishimizni hovli toʻyi desak boʻladi. Faqat yaqin odamlarnigina aytdim.
— Rahmat, — dedi Zaynobiddin Omonov minnatdor ohangda. Uy egasining uni oʻz yaqinlariga qoʻshganidan xursand boʻlib ketgan edi.

Valixon Sadirovich choʻntagidan vizit qogʻozini chiqarib uzatdi.
— Ishingizni oʻzgartiring. Birga ishlaymiz. Kutaman.

Valixon Sadirovich stakanni ohista koʻtarib urishtirgan boʻldi, javob kutmay, hatto unga qaramay boshqa mehmonlar tomon yoʻl oldi.

Zaynobiddin Omonov xotini yonida qayoqdan paydo boʻlib qolganini sezmadi. Xursandxon butun ogʻirligini unga tashlab suyandi va oʻzining juda nozik, hayajonli daqiqalarda qiladigan qarashidan qilib unga qaradi:
— Qayoqqa ketib qoldingiz, Zaynobiddin aka? Xotiningiz borligini unutib yubordingiz-ku?

Uning noz bilan aytgan gaplaridan Zaynobiddin Omonovning dili yorishdi, qoʻlini issiq beliga yuborib, oʻziga tortdi.
— Valixon Sadirovich birga ishlashni taklif qilyaptilar, — dedi boshqalar eshitmaydigan qilib va xotinining qoʻliga shampan solingan fujer tutdi.
— Nima dedingiz? — beparvo soʻradi xotini.
— Oʻylab koʻrish kerak.

Oʻzini taroziga solgandek salmoq bilan gapirdi Zaynobiddin Omonov.

Erining fe’lini yaxshi bilgan Xursandxon choʻrt kesdi-qoʻydi:
— Oʻylashga balo bormi? Koʻchaga kiyadigan bitta shu koʻylagim qolgan xolos. Ertaga yalangʻoch chiqamanmi?!

U gap tamom degandek shampandan bir xoʻpladi-da, fujerni stol chetiga qoʻydi. Shu tob Zaynobiddin Omonov uning ingichka, uzun boʻynining ikki joyida uzunchoq-uzunchoq qizil dogʻ koʻrdi. Bunday dogʻ nimadan keyin qolishini u yaxshi bilardi. Boya deraza ortida uni koʻrgan paytidagidek oyoqlarigacha boʻshashib ketdi. Bu nima, qaerda eding, deb soʻrashga esa botinmadi. Xotini koʻpchilikni ichida uni izza qilib qoʻyishi mumkin edi. Ammo diliga shubha tushdi. Yana boya olib kelgan «Volvo» olib borib qoʻydi. Shu shubha bilan uyga qaytdi. Faqat oʻrindagina shubhasi tarqadi. Xotinining oʻzi tarqatdi. Yoniga keldi, erkalandi, yaxshi koʻrishini, boshqa odam unga kerakmasligini ta’kidladi. Xotinini u yaxshi koʻrar edi. Shubhasini haydadi, dogʻlarini chivin chaqqaniga yoʻyib, oʻzi ham erkalanib ketdi...

Valixon Sadirovichga «Bilim» jamiyatidagidan uch baravar yuqori maosh tayinladi, oʻsha zahotiyoq kassir ayol uni tabriklab, konvert uzatdi. Hali ish boshlamay avans oldi.

Kechqurun er-xotin ancha vaqt gaplashib oʻtirishdi. Zaynobiddin Omonovning hozirgi topishi bir oyning betash-vish yemoq-ichmogʻi u yoqda tursin, kiyim-kechagiga ham bemalol yetardi. Xursandxon nimalar olishni, albatta, avvalo eriga uzoq gapirdi. Zaynobiddin Omonov yoʻq, avval sizga, desa ham quloq solmadi.
— Siz endi hech narsaga zorligi boʻlmagan ishbilarmonlar orasida boʻlasiz, yaraqlaydigan, gʻichirlaydigan emas, koʻzga tashlanmaydigan, ammo-lekin qimmatbaho, asl narsalar kiyishingiz kerak. Charm kurtka, boʻlsa jigarrang, boʻlmasa qora, keyin yumshoq, ipsiz tufli, sidirgʻa oq koʻylak, pochasi bilinar-bilinmas toraygan kulrang qora shim. Yaxshi kamar. Yaxshi kamarda gap koʻp...

Xotiniga quloq solib oʻtirib, Zaynobiddin Omonov toʻqchilik odamni oʻzgartirishiga, mehr-oqibatli qilishiga yana bir bor ishondi va yangi ishga oʻtganiga suyundi.

Firmada uning qiladigan ishi asosan filiallardan xabar olib turish edi. Qaysi filialga borib kelishni Valixon Sadirovga koʻproq bevosita boshligʻi Alisher Nurmatov aytardi. Safarga joʻnash chorshanba yo payshanbaga toʻgʻri kelardi. Chunki dushanbada ishlar rejalab olinardi, kim qayoqqa qanday topshiriq bilan borishi belgilanardi. Zaynobiddin Omonov shu tartibga koʻnikib ketdi. Safardan qaytib, dushanba kuni shoshmasdan hisobot tayyorlaydi. Koʻchirtirib rahbarlarga topshiradi. Seshanba kuni rahbarlar koʻrib chiqishadi. Asosan ma’qullashadi. Chorshanbada qayoqqa ketishi ma’lum boʻladi. Yo oʻsha kuni joʻnaydi, yo ertasi ertalab. Xotini ham shunga koʻnikib qolgan. Lekin baribir xotin — xotin-da. Yolgʻiz qolgisi kelmaydi. Birpas gʻinshiydi, meni ham olib keting, deb xarxasha qiladi. Zaynobiddin Omonov ichida sevinadi. Ammo bildirmaydi, oʻzicha urushgan boʻladi, ism-sharifi muhrlangan jigarrang diplomatiga kerakli narsalarni solib, uydan chiqadi. Kuzatgani qoʻymaydi.

Safarda filiallarning xodimlari uni deyarlik urin-tirishmaydi. Avvalo uning kelishini bilib tayyorgarlik koʻrib qoʻyishadi. Qilgan ishlari, navbatdagi rejalarni bitta papka qilib, kelishi bilan qoʻliga tutqazishadi. Zaynobiddin Omonov shoshmasdan tanishadi. Keyin filial boshligʻi yo uning oʻrinbosari bilan joylarga boradi. Hujjatlar bilan amaldagi ishlarni solishtiradi. Joylarga borish, suhbat, ovqatlanishlar bilan kunlar tez oʻtib ketadi. Qaytadigan vaqt ham kelib qoladi. Qaerga bormasin, Zaynobiddin Omonovning qiladigan bitta ishi bor. Xoti-niga biron narsa olish kerakligini u odamlarga aytadi. Ammo oʻzi borib, oʻz puliga oladi. Firmaga oʻtganidan beri pul masalasida u qiynalmaydigan boʻlib ketdi. Safar puli shunday ishlatilmay qoladi. Bundan tashqari unga xuddi boshliqlarga qilingandek yaxshigina choʻntak puli ham berishadi. Qaytganida esa mukofot oladi. Shuncha vaqtdan beri u bir oy ham mukofotsiz qolgani yoʻq. Mukofot bilan maoshini xotiniga beradi. Safar va choʻntak pullardan ba’zan oʻziga bir narsa oladi. Koʻpincha esa odamlar oldirishmaydi. Uyat, deb oʻzlari istagan narsasini olib berishadi. Ammo Xursandxonga u oʻzi oladi. Filiallardagilar uning bu odatini bilishadi. Bu narsa xotinimga deyishi bilan oʻzlarini chetga olishadi.

Zaynobiddin Omonov qaytishdan oldin bevosita boshligʻi Alisher Nurmatovga telefon qiladi, qaytayotganini aytadi. Alisher Nurmatov oʻta madaniyatli odam. Qaytishga ruxsat bergandan keyin oʻzi Xursandxonga telefon qilib, Zaynobiddin Omonovning qaytayotganini, xavotir olmasligini aytib qoʻyadi. Xursandxon erini xursandlik bilan kutib oladi. Safardan och qaytmasligini bilsa ham oshning sabzi-piyozini bostirib kutib oladi. U yaxshi koʻradigan issiq patir non olib kelib qoʻyadi. Xursandxon oʻsha kuni kechasi ham undan oʻz mehrini ayamaydi.

Zaynobiddin Omonovga yangi ishining qanchalik daromadli boʻlmasin, bitta oʻtirishmaydigan joyi bor, u ham boʻlsa rakamlar, hisob-kitob. Yaxshi hamki, safarlarda hujjatlarni — molning hajmi, narxi, foydasi, xarajatlari, qoʻyingki, nima topshiriq bilan ketayotgan boʻlsa, shu topshiriqqa hamma javobni filiallardagi odamlarning oʻzlari tayyorlab qoʻyishadi. Ammo qaytgandan keyin safar, yoʻl xarajatlari hujjatlarini oʻzi buxgalteriyaga topshirishi kerak. Zaynobiddin Omonovning shunga toqati yoʻq edi. Ammo buning ham yoʻli topildi. Shahardalik paytida ya’ni dushanba, seshanba kunlari firmada u ikkita juvon bilan bir xonada oʻtirardi. Bittasi Rayhon, ikkinchisi Gulbahor. Firma AQShga koʻchib ketgan badavlat yahudiy doktorning uyiga joylashgan edi. Katta hovli, ikki qavatli uy. Ikkinchi qavatda Valixon Sadirovich oʻz yordamchisi va bosh buxgalter bilan oʻtirishardi. Deyarli hech kim u yoqqa koʻtarilmasdi. Zaynobiddin Omonov ham atigi bir marta ishga kirish uchun kelganida koʻtarilgan edi, xolos. Hamma boʻlimlar birinchi qavatda edi. Chaqiriladigan majlislar, mehmondorchiliklar birinchi qavatda, katta zalda oʻtar edi. Zaynobiddin Omonovga Alisher Nurmatovning yonidagi de-razasi koʻchaga qaragan xonadan joy ajratib berishdi. Ilgari qizlarning oʻzlari oʻtirishar ekan. Endi oralariga u kirdi. Avval byrmuncha siqilib oʻtirishdi. Pardoz-andozga boshqa xonalarga chiqishdi, hatto choyni ham tortinib ichishdi. Ammo Zaynobiddin Omonovning kamtar, tortinchoqligini koʻrib, undan asta-sekin uyalmaydigan boʻlib ketishdi. Oldida choy ichishadi, bemalol sumkalariga oynalarini tirab, qosh-koʻzlarini, lablarini boʻyashadi. Hatto achchiq-chuchuk latifalar aytishadi.

Birinchi gal «Gulichka» uning avans hisobini koʻrib berdi. Koʻra turib qoshlari chimirilib ketdi:
— Nega yoʻl xarajatlarini, mehmonxona, sutochniylarni yozmaysiz?
— Ishlatmadim-da, oʻzlari toʻlashdi. — Rostini aytdi Zaynobiddin Omonov. — Faqat borishga bilet oldim, xolos.
— Voy, sodda odam! Bergan pulni qaytarasizmi?! Bunaqada hammamizni qaytarib beradigan qilib qoʻyasiz-ku? Kim sizdan shuni talab qilyapti? Oshib-toshib ketganmisiz?

Zaynobiddin Omonov qizarib ketdi.
— Hammasini yozamiz. Ikkinchi bunaqa qilmang!

Gulbahor birpasda mashinkada chiqillatib tashladi. U tayyorlagan hisobot boʻyicha safarga berilgan pullarning hammasi ishlatilgan, hatto mehmonxonaga jinday yetmay ham qolgan edi.

Zaynobiddin Omonov qarshilik bildirmadi. Ilgarigi ishi boʻlganda, shaddod ayolni urishib berardi. Insofli-diyonatli boʻlishga, davlatni aldamaslikka chaqirardi, lekin firma davlat emas, bu qizlar ham ilgarigi u bilan ishlagan odamlar emas edi. Buning ustiga u koʻpchilikka qarshi chiqib boʻlmasligini yaxshi bilardi. Qaysi bir yili pok, bir soʻzli, xalq, davlat, partiya ishiga sadoqatli bir direktor kollektivning talabi bilan raykom byurosida ishdan olib tashlangan edi. Uning nohaq ishdan olinayotganini hamma byuro a’zolari bilishardi. U zavoddan kerakli, qimmatbaho narsalarni lipalariga qistirib olib ketayotgan odamlardan toʻrtta-beshtasini tutib olib, sudga bergan edi. Kollektiv uning ustidan xat yozib, qobiliyatsizlikda, qoʻpollik, shafqatsizlikda aybladi. Byuro koʻpchilikka qarshi chiqolmadi. Shu voqea Zaynobiddin Omonovning esida edi. «Gulichka» aytgandek qilmasa, koʻpchilikni oʻziga qarshi qaratib qoʻyardi. Qaytarilmagan safar pullariga olingan ovqatlari bir necha kun tomogʻidan oʻtmay, kiygan kiyimlari badanini kuydirgandek boʻlib yurdi. Lekin odam nimalarga koʻnikmaydi? Zaynobiddin Omonov ham koʻnikib ketdi.

Xullas, u oʻz turmushidan rizo, xotini Xursandxon undan xursand edi. Lekin oyning oʻn beshi yorugʻ boʻlsa, oʻn beshi qorongʻu degan gap bor. Zaynobiddin Omonovning boshiga ham hech kutilmaganda tashvish tushdi. Seshanbalarning birida, oʻshanda Andijondanmi, Qoʻqondanmi qaytgan edi, adashmasa, Qoʻqondan qaytgan edi. Alisher Nurmatovning huzuridan koʻngli toʻlib chiqayotib, xonasiga kirmoqchi boʻlganda birdan toʻxtab qoldi. Ichkarida Rayhon bilan Gulbahor uning gʻiybatini qilishayotgan edi. Eshikni ochishi bilan qulogʻiga ularning gaplari chalinib qoldi.
— Zaynab qoʻshmachiga yana mukofotni oshirib yozishibdi! — Bu Rayhonning ovozi edi. — Maniki oʻtgan oydanam kamayib ketibdi.
— Shuni ham tushunmaysanmi? — dedi Gulbahor. — Xursandxon borgan sari ochilib ketyaptilar. Egnilarida hozir faqat frantsuzcha kiyim. Bu oʻzi boʻladimi?
— Er boʻlmay oʻl! — Rayhon nimadir deb oʻrtogʻining qulogʻiga shivirladi. Zaynobiddin Omonov eshitmadi, ikkalovi kulishdi, keyin ovoz chiqarib qargʻadi. — Bilmay oʻlsin! Biladi! Oʻzi qoʻshib qoʻygan! Shunday yashagandan koʻra, men oʻzimni osardim!

Zaynobiddin Omonov muz boʻlib ketdi. Keyin quloqlarigacha qizarib yona boshladi, peshonasi, burnini ter qopladi. Ichkariga kirish-kirmasligini bilmay joyida ancha turib qoldi. Ayollar boshqa gapga koʻchishdi. U boʻlsa orqaga qaytishni, hozir ular bilan uchrashmaslikni lozim topib, hovliga tushdi. Hovlining etagiga, baland oʻrikning ostiga dam oladigan joy qilib qoʻyilgan edi. Shu yerga borib oʻtirdi. «Nahotki, nahotki, ularning gapi rost boʻlsa?» Zaynobiddin Omonov oʻylanib ketdi. Yangi ishga oʻtganidan beri xotini anchagina oʻziga oro beradigan boʻlganini esladi. Ba’zan kech qaytadi ishdan. Boʻsh qoldi deguncha vositachi magazinlarga yuguradi. Lekin bularning hammasi toʻqlik alomati. Uning egri yurishiga kelganda, Zaynobiddin Omonov buni payqamagan. Qizlar xotinini kimga taqashdi? Buni ular ogʻizlariga olishmadi. Demak, ikkalovi ham biladi. Uning xayoliga Valixon Sadirovich keldi. Qibraydagi bogʻ uyga mehmon boʻlib borishganini esladi. Oʻshanda Alisher Nurmatov uni bogʻ ichiga yetaklab, uzoq aylantirdi, tinmay gapirdi. Aslida u bunchalik sergap odam emas ekan. Oʻshanda uni chalgʻitgan boʻlsa-chi? Bogʻdan qaytganda xotini biroz kayf bilan paydo boʻldi. Koʻzlari yalt-yalt yondi. Boʻynidagi ingichka qizil dogʻchi? Chivin bunday chaqmasligini, nimadan soʻng bunday iz qolishini Zaynobiddin Omonov albatta bilardi. Ammo bilib oʻzini bilmaganga soldi. Hozir shuni eslab, u yana qizarib ketdi. Nahotki, Valixon Sadirov bilan xotini... aloqada boʻlsa?.. Shuncha vaqtdan beri uni aldab kelayotgan boʻlsa? Nima dedi? «Egnida hozir faqat frantsuzcha kiyim». Darhaqiat, bu oʻzi boʻladimi?

Zaynobiddin Omonov oʻsha kuni uyiga ertaroq qaytdi. Xotini hali kelmagan edi. Keyin shkaflarini ochib, xotinining kiyimlarini titkilay boshladi. Tanish, yoqimli hid, xotinining hidi dimogʻiga urildi. «Tuhmat, bu tuhmat», — deb yuborgisi keldi shunda u va qilayotgan ishidan uyalib ketdi. U hech mahal xotinining ishlariga aralashmagan, narsalariga tegmagan, hozirgidek titkilamagan edi. Bitta koftani ola turib qayta joyiga ilib ham qoʻydi. Ammo oʻzini toʻxtata olmadi. Beixtiyor ikkinchi bir narsaga qoʻlini uzatdi. Bu gulli qora koʻylak edi. Zaynobiddin Omonov zarhal yoqasini ilgagidan chiqarib qaradi. Shoshib yana bir koʻylakni oldi. Unda ham shunday yozuv bor edi. Atir-upa ustidagi xilma-xil shishalar ham shu firmaning shishalari edi. Demak, ayollarning gapi tuhmat emas, rost...

Zaynobiddin Omonov xotiniga hech narsa demadi. Nima ham derdi? Qanday isbot bor uning qoʻlida? Faqat gap. Vositachi doʻkonlarda mol tiqilib yotibdi. Pul boʻlsa boʻldi. Oʻzining topgani, unga berayotgani bu narsalarning hammasiga yetadi. Xursandxon albatta shunday deydi.

Balki urushadi, toʻpolon solib yuboradi. Shubhalarga chek qoʻyadigan, agar rost boʻlsa, aniqlaydigan boshqa yoʻl topish kerak. Qanday yoʻl? Zaynobiddin Omonov kechasi uyqusi qochib ketib oʻyladi. Ammo biron fikr xayoliga kelmadi. Ertalab ishga borganida, yana safar ustidan chiqdi. Sevinib ketdi. Uch-toʻrt kun xotinini koʻrmaydi, koʻzlariga boqmaydi, ilgari eshitib toʻymaydigan, endi esa birdan tok urgandek boʻlib ketadigan chiyildoq ovozini eshitmaydi. Nahotki ilgari ovozi ingichkaligini u payqamagan? Zaynobiddin Omonov hayron boʻldi, shu sabab xotinining fe’lidan, gaplari, odatlaridan kamchiliklar qidira bosh-ladi. Ammo qidirgani sari unga mehri orta bordi. Topgan kamchiliklari ijobiy fazilatlariga aylanib keta boshladi. Ingichka ovozi yana ilgarigi holiga qaytib holvaytardek mayin, shirin tuyulib ketdi. Uyga oshiqdi. Safardan qaytib kelib xotiniga boshqacha, sinovchan koʻz bilan qaradi. Ammo hech qanday oʻzgarish sezmadi.

Xursandxon avvalgidek quvnoq, mehribon, erini sogʻingan suyukli xotin edi. Toʻrt kunni safarda qanday oʻtkazganini bilmagan Zaynobiddin Omonov ancha oʻziga keldi. Xotinlar oʻzi kimning gʻiybatini qilishmaydi? Xursand-xon, uning xotini kelishgan, oqi-oq qizili-qizil juvon, bilib kiyinadi, bilib gaplashadi. Gulichkalarning unga havaslari kelgan boʻlishi kerak. Qaerdadir koʻrishgandir? Eshitishgandir? Oʻshanda Qibraydagi mehmondorchilikda Zaynobiddin Omonov hamma ayollar ichida yosh, chiroylisi, eng yoqimlisi xotini ekanini koʻrgan, qaytadan unga muhabbat izhor qilgisi kelib ketgan edi. Anchagacha gaplashib oʻtirib, hech narsa sezmadi. Zaynobiddin Omonov yarim kechada baribir yuragi dukurlab urib, uygʻonib ketdi. Uning tinchligi, huzur-halovati yoʻqolgan edi. Pastga tushdi, baland-baland qayragʻochlar soqchilardek uygʻoq turgan hovlini aylandi, koʻchaga chiqdi. Undan boshqa hech kim hovlida ham, koʻchada ham koʻrinmadi. Hamma uyquda edi. Faqat uyga qaytayotganda chiroqlarini dam u, dam bu tomonga tashlab bitta «Jiguli» oʻtib ketdi. «Mast», xulosa qildi Zaynobiddin Omonov va oʻzining ham mast boʻlgisi, ogʻir oʻylarini unutgisi kelib ketdi.

Ertalab Xursandxon oldiga shakar sepilgan shirguruch olib kelib qoʻydi, boshidan oʻpganda, dili yana ravshan tortib ketdi. Tungi azoblari xayolidan koʻtarildi.

Ishxonasiga yaqin qolganda firma darvozasi oldiga tanish «Volvo» kelib toʻxtaganini, Valixon Sadirovich undan tushganini koʻrib qadamini sekinlatdi. Ammo Valixon Sadirovich uni kutib turdi. Quyuq soʻrashib ayvondagi jimjimador yogʻoch zinadan oʻz kabinetiga koʻtarildi. Zaynobiddin Omonov unda ham gʻayritabiiy hech narsa sezmadi. Oʻsha-oʻsha ilgarigi nazar, ilgarigi samimiy munosabat. Ayollarning gʻiybatiga parvo qilish kerak emas, gapirishdi-qoʻyishdi-da. Alam-alam ularda. Xursandxonning kiyimlaridan yoʻqligi alam! Boshqa hech narsa emas.

Bundan tashqari u ishbilarmon odamlar bunday qilmasliklariga ich-ichidan ishongisi kelardi. Ishbilarmon toʻgʻri, toza qoʻl bilan ishlaydi. Oʻgʻrilik, xiyonat, aldamchilik bilan emas, aql-idrok bilan pul topadi, davlat orttiradi, oʻz nomiga DOR tushirmaydi. Shuning uchun hukumat ularga hamma yoʻllarni ochib qoʻyayapti. Ishla, insof bilan, aql bilan ishla, top, topganing oʻzingga ham, xalqqa ham buyursin, dasturxonini moʻl, uyini obod qilsin, deyapti. Valixon Sadirovich nahotki necha asrlardan beri avloddan-avlodga oʻtib kelgan ishbilarmonlik qoidalarini bilmasa?! Biladi, bilmasa, firmaning ishlari bunchalik yuri-shib ketmasdi. Aldamchi, qalloblar bilan kim munosabat qilgisi, ish yuritgisi keladi? Keyin, ishbilarmon boshliq hech mahal oʻz xodimini aldamaydi, haqqiga xiyonat qilmaydi. Bitta xodimini aldagan boshliq, hammani aldaydi. Unda kim u bilan ishlaydi?

Zaynobiddin Omonov oʻziga taskin beradigan yana koʻp narsalarni topdi, xonasidagi juvonlarga hech narsa bildirmadi.

Lekin na chora? Oʻzi sezmagan holda parishonxotir boʻlib qoldi, uyqusini yoʻqotdi. Tunlarni bedor oʻtkazish, xotiniga bildirmay pastga tushib, hovlini, koʻchani aylanish odatga aylandi.

Bir kuni uyning shunday tagidagi qariyalarning domino stoli yonida oʻtirganda, bir-birlari bilan shoshmasdan gap-lashayotgan ikkita ayolning ovozi shunday qulogʻi tagida yangrasa?!. Ovozlar tanishdek tuyuldi. Beixtiyor quloq soldi. Ayollar uni gapirishayotgan edi.
— Bunaqada jinni boʻlib qoladi, ana, oʻtirishini qara. Rangiboshi xuddi oʻlikning oʻzi, — dedi bitta ayol.

Ovoz tepadan keldi. Zaynobiddin Omonov boshini koʻtardi. Bironta derazada chiroq yonib turganini koʻrmadi. Ovozning tepadan, shunday boshi ustidan, birinchi yoki ikkinchi qavatdan kelayotgani aniq edi.
— Jinni boʻlmay ketsin. Ayb oʻzida, — dedi ikkinchi ayol. — Hammani oʻziga oʻxshagan toʻgʻri, sodda, deb bilmasligi kerak. Shunaqa yengil xotining boʻlgandan keyin orqa-oʻngingga qarab yurishing kerak. Birov bola-chaqa qilgisi keladi, birovning ishlagisi. Bu kishiga yurish boʻlsa, kiyinish boʻlsa. Er shoʻring qurgʻur, har gal safarga joʻnashi bilan uyning chirogʻi oʻchib, eshigiga qulf tushishini bilmaydi!
— Hozir ham hech narsaning tagiga yetolmay oʻtiribdi. Qara, qoradori yegan odamga oʻxshaydi, lanj.
— Tagiga yetish juda oson, — birinchi gap boshlagan ayol, aftidan, savol kutib gapidan toʻxtadi.
— Qanday qilib? — soʻradi ikkinchi ayol.
— Bir gal safarga ketdim, deb ketadi-yu, kechqurun qaytib keladi. Panada turib kutadi. Qorongʻu tushishi bilan tanish mashina keladi. Xotini unga oʻtirib joʻnaganini koʻradi.
— Bu unga yetarli emas. Xotinining xiyonatini oʻz koʻzi bilan koʻrishi kerak.
— Ikkalamiz uning koʻzini astoydil ochmoqchi boʻlsak, yoʻlini topsak boʻladi. Rozimisan?
— Roziman, — dedi ikkinchi ayol.

Zaynobiddin Omonov shunda uni tanidi. Gulbahor edi. Birinchi ayol esa Rayhon, shubhasiz, Rayhon. Bular qanday qilib kelib qolishdi bu yerga? Qaerdan gapirishayapti?

Zaynobiddin Omonov atrofiga qaradi. Hammayoq hamon qorongʻulik ogʻushida. Bironta odam koʻrinmasdi.
— Rozi boʻlsang, bunday qilamiz. Oldiga bir siqim yungimizdan tashlab ketamiz. Istagan payti bir qismini ikki qoʻli orasiga olib ishqalasa, bizga oʻxshagan mushuk boʻlib qoladi. Ana shundan keyin mashinaning bir chetida xotini borgan joyga boradi, hammasini oʻz koʻzi bilan koʻradi. Ikkinchi qismini asl holiga qaytmoqchi boʻlganda ishlatadi. Yerga yoyib uch marta ustida dumalaydi.

Zaynobiddin Omonov shu gapni eshitishi bilan boshini koʻtardi. Oldidagi qandaydir shifer tomda ikkita olamushuk unga qarab oʻtirardi. Bittasi hatto unga koʻzini qisib ham qoʻydi...

Allaqaerda xoʻroz qichqirdi. Katta bir it tinmay vovullay ketdi. Zaynobiddin Omonov tong yorisha boshlaganini sezmay qoldi. Beixtiyor oldidagi stol ustiga qaradi. Bir siqim qoramtir mayin mushuk yungi shunday oldida oq qogʻoz ustida turardi. Hovuchiga oldi-da, hozirgina mushuklar oʻtirgan tomga qaradi. Ammo ular yoʻq edi.

Zaynobiddin Omonov mushuklar aytganidek qildi. Navbatdagi safarni xursandchilik bilan qabul qilib, yoʻl taraddudini koʻra boshladi. Avvalo idoradagilarning hammasi bilan negadir xayrlashib chiqdi. Albatta Valixon Sadirovichning oldiga kirmadi. Alisher Nurmatovga. uchradi. Topshiriqlarni hijjalab surishtirdi. Xonasiga qaytib:
— Mana, aytganlaringdek qilaman bugun. Ammo gaplaring yolgʻon chiqsa, koʻrasizlar! — demoqchi edi, oʻzini tutib qoldi. Ikkala juvon xuddi hech narsa boʻlmagandek, hech narsa bilmagandek boshlarini qogʻozdan koʻtarmay oʻtirishardi.
— Xoʻp, xayr, — dedi Zaynobiddin Omonov diplomatini yopib, oʻrnidan turar ekan.
— Yaxshi borib keling, — dedi Gulbahor.
— Yaxshi dam olib keling, — dedi Rayhon.

Zaynobiddin Omonov jilmaydi...

Xuddi mushuklar aytgandek, qorongʻi tushishi bilan tanish «Volvo» ularning uylari oldiga kelib toʻxtadi. Shofyor oʻng tomondagi ikkala eshikni ochib qoʻyib, oynalarni arta boshladi. «Zaynobiddin Omonov» lip etib, mashinaga chiqdi-da, orqa oʻrindiq bilan shofer suyanchigʻi orasidagi boʻsh joyga joylashib oldi. Xursandxon uni koʻrmadi.

«Zaynobiddin Omonov» xotinining shuncha yildan beri qadrdon, aziz boʻlib qolgan hididan mast boʻlib borar ekan, mashinani toʻxtatgisi, qaltis, iflos yoʻldan qaytargisi keldi, ammo oʻz qiyofasida emasligi esiga tushib, niyatidan qaytdi.

Mashina firma darvozasi oldida toʻxtadi. Xursandxon turib, ichkariga kirdi-da, dadil qadam tashlab ayvondagi burama zinadan ikkinchi qavatga koʻtarildi.. «Zaynobiddin Omonov» Valixon Sadirovich kabinetiga kiradi, - deb oʻylagan edi. U yoqqa kirmadi. Roʻparadagi eshikni sumkaspdan kalit olib ochdi. Bu tor yoʻlak edi. Xursandxon chap tomondagi eshikni itarib ichkariga kirdi. Uning ketidan «Zaynobiddin Omonov» ham kirdi. Oʻrtada dumaloq stol. Devorlarga suyab yumshoq kreslo-divanlar qoʻyilgan. Hammasi bir rangda, sargʻish duxoba bilan qoplangan.

Xursandxon mehmonxonaning etagidagi eshikni ochib, orqasiga oʻtdi. «Zaynobiddin Omonov» yugurib borib qaradi va uyalib ketdi. Xursandxon yechinib, uzun shohi xalat kiyib oldi. Bu xalatda hech mahal uyda yurmagan edi. Demak, faqat shu yerda kiyadi. Bitta odam uchun kiyadi...

Xursandxon mehmonxonaga qaytib, birpasda stolni yasatib tashladi. Nima qaerda turganini u yaxshi bilardi. Sumkalar, qogʻoz paketlardan stolning ustiga issiq tandir noni, patir, somsa, hoʻl meva, tovuq olib qoʻydi. Servantdan taqsimchalar, pichoq, vilkalar oldi. Katta muz qutini ochib, nima borligini tekshirdi. Bir shisha Toshkent suvini olib ochdi-da, shoshmasdan, xoʻplab-xoʻplab ichdi.

Shu payt toʻrdagi eshik ochildi. Valixon Sadirovich kirib keldi. Xursandxon yugurib borib, uni quchoqladi.

Servant ustiga chiqib olgan «Zaynobiddin Omonov» chidolmadi. Shunday Valixon Sadirovning boshiga oʻzini tashladi, sochlarini yulib, yuzlarini timdalay boshladi. Xursandxon dod solib, qochib ketdi. Valixon Sadirovich «Pisht! Pisht!» deb qoʻllarini silkitdi, boshini, yelkalari ichiga olib ingray boshladi. Zaynobiddin Omonov uning koʻzlariga chang solmoqchi boʻlib orqaga tisarildi. Ammo qonga belangan basharasini koʻrib, jirkanib ketdi. Stol ustiga sakrab oʻtdi-da, shu yerdan derazaga otildi. Oyna chil-chil boʻlib sindi. Koʻp oʻtmay u oʻzini koʻchaning oʻrtasida koʻrdi. Qulogʻiga xotinining chinqirgan ovozi eshitildi. Ammo unga ta’sir qilmadi. Na achindi, na gʻazablandi.

Uyga derazaning ochiq koʻzidan tushib, krovatga choʻzildi. U tinch, xotirjam edi. Shiftga qarab anchagina yotdi. Oʻz qiyofasiga oʻtib olishi esiga kelib, oʻrnidan turdi. Olamushuklar yungining qolgan qismini oq qogʻozga oʻrab, koʻk shimining choʻntagiga solib qoʻygan edi. Shimi stul suyanchigʻiga osigʻliq edi. Ikkala choʻntakni qaradi, hatto agʻdarib koʻrdi, yung yoʻq edi. Shkafni ochib, hamma shimlarini titkilab chiqdi, topilmadi. Yuragi orqasiga tortib ketdi. Endi nima qiladi? Shunday oʻylab turib, birdan kulib yubordi. U yangi bir qarorga kelgan edi. Derazaning ochiq koʻziga sakrab chiqdi-da, undan tarnovga oʻtdi. Tarnovdan besh qavatli uylarning tomiga koʻtarildi. Olamushuklar shu yerda, yoki narigi uylarning tomlarida yurgan boʻlishsa kerak. Uch-toʻrt uydan oʻtganda katta maydonning oldidan chiqib qoldi. Maydonning narigi tomonida yana shunday, koʻp qavatli uylar boshlanardi. Uylarning juda koʻp derazalarida chiroqlar yoqilgan edi. Odamlar yo hali yotishmagan, yo tong ota boshlaganmi, u anglolmadi. Tarnovdan derazalar tokchalariga, tokchalardan teraklarga sakrab oʻtib pastga tushdi va oldinda yonib turgan chiroqlar tomon yugurib ketdi...

* * *

Xursandxon eri bedarak ketganidan keyin yarim yil oʻtgach, janoza ochdirdi. Barcha qarindosh-urugʻlarni chaqirdi. «Taqsim» firmasining xodimlari ham kelishdi. Uch xonali uy hali qish tugamagan boʻlsa ham birpasda isib ketdi. Osh tortilayotgan mahali, Valixon Sadirovichning taklifi bilan uyning derazalari ochildi. Osh kelib, Valixon Sadirovich qoʻliga qoshiq olay deganida, ochiq derazalarning birida katta olamushuk paydo boʻlib, uning ustiga sakradi. Boshiga oʻtirib olib, yuzlari, quloqlarini timdalay boshladi. Odamlar oʻzlariga kelib, uni haydash lozimligini anglagunlaricha ochiq derazaga yana sakrab oʻtib, gʻoyib boʻldi.

Bu voqea tez orada shaharga tarqaldi. Birov Valixon Sadirovichni shundan keyin jinni boʻlib qolibdi desa, birov uni qamaldiga chiqardi. Ammo bir narsa aniq edi: Valixon Sadirovich ishdan ketgan, firmaga yangi odamlar kelgan edi.

Xursandxon uydan chiqmaydigan boʻlib qoldi. Ishdan kelib u-bu yegan boʻladi, deraza oldida oʻtirib, koʻchaga tikiladi, yo hovliga tushib, eri aylangan joylarni aylanadi, domino stoli yonida yuziga kaftlarini tirab, uzoq-uzoq xayol surib oʻtiradi. Bahaybat olamushuk esa uni tomning ustidan kuzatadi, ba’zan orqasida yuradi. Ammo oʻzini koʻrsatmaydi. Xursandxon deraza oldida paydo boʻlmagan, pastga tushmagan kunlari olamushuk chaqaloq yigʻlagandek qattiq-qattiq miyovlab yigʻlaydi. Uning ovozini eshitgan tunlari Xursandxon junjikib ketadi, butun vujudi, dilini qoʻrquv bosib mijja qoqmay chiqadi...

1994