OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiOltin yaproqlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oltin yaproqlar (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Dam olish kunlaridan biri edi. Koʻchaga chiqdim. Kech kuz boʻlsa ham havo ochiq, quyosh charaqlab turardi. Hamma yoqda yaproqlar: ok, sariq, yashil yaproqlar... Goʻyo koʻchaga chiqishingizni kimdir bilganu yoʻlingizga gilam toʻshab qoʻygan.

Har yili kuzda, xazonrez paytida menga shunday tuyuladi. Shuning uchun ham koʻchaga chiqaman, serdaraxt xiyobonlarni uzoq-uzoq aylanaman.

Bugun ham shunday boʻldi. Uyimiz roʻparasidagi qayinzorga oʻtdim. Oyogʻingiz ostida yaproqlar, ming xil rangdagi yaproqlar gʻalati ohang kashf etib shitirlaydi. Yoqimli oʻrmon isi dimogʻingizga uriladi. Shimirib toʻymaysan kishi.

Bir oz aylanib, qayinzorni kesib oʻtgan ariqcha labidagi skameykaga oʻtirdim. Birdan qayinzor qorongʻilashdi. Daraxtlar orasidan tushib turgan tanga-tanga shu’lalar soʻndi. Tepaga qaradim. Koʻk betini parcha-parcha qora bulutlar qoplab olgan edi. Koʻp oʻtmay, qayinzorni tasir-tusir tovushlar qoplab, yomgʻir quya boshladi. Panjara devor orqasida allanima dup etib yerga tushdi. Shu topdayoq qoʻrquv aralash ququlagan xoʻroz ovozi eshitildi. Chumchuqlar galasi chirqillaganicha, gur etib bir daraxtdan ikkinchisga oʻtar, u yerda ham tinchimasdan, yana gur etib uchinchisiga uchib qoʻnardi.

Yerda tangadek ochiq joy qolmadi. Hammasini xazon qopladi. Yomgʻir zarbidan barglar duv-duv toʻkilardi.

Men bu manzaradan koʻzimni uzolmay, kostyumimning yoqasini koʻtarib olib turaverdim. Atrofim birpasda xalqob-xalqob suv boʻlib ketdi. Yomgʻir yaproqlarni xuddi varrak pirpiraganday pirillatar, keyin esa, butun kuchi bilan yerga yopishtirib, mutlaqo qimir etmaydigan qilib qoʻyardi. Oʻz novdalaridan uzilib, yer bilan tep-tekis boʻlgan bu yaproqlarni koʻrib, koʻnglim buzilib ketdi. Yomgʻir esa xamon yogʻardi. Ba’zi joylarda loyqa suvdan boshqa hech narsani koʻrib boʻlmasdi.

Bir mahal qayinzor yorishdi. Yomgʻir siyraklashdi. Panjara devor tomondan xoʻroz qichqirdi va bir-ikki ququlab, qanotlarini qoqib qoʻydi.

Yuzimdagi yomgʻir tomchilarini yengim bilan sidirib, tepamga qaradim. Qaradimu, koʻzlarim qamashib ketdi. Roʻparamdagi qayinning eng yuqori shoxida bir narsa xuddi oltindek tovlanib turardi. Qoʻlimni soyabon qilib yaxshilab qaradim. Bu... oddiy yaproq, sap-sariq qayin yaprogʻi edi.

Unga, shu kichkina, yengilgina tebranib turgan yaproqqa tikilar ekanman, bir voqea esimga tushib ketdi.

Erta bahor edi. Daladan kelayotgan edim. Nima uchun borganman u yoqqa, hozir eslolmayman. Anchagina yoʻl bosib, koʻprik tuzatayotgan odamlar oldidan chiqib qoldim. Soʻrashib, boʻsh yotgan zambil ustiga oʻtirdim-da, papiros tutatdim.
— Havo aynayapti, — dedi paxtalik chopon kiygan yoshgina yigit osmonga qarab. — Bulutning avzoyi boshqacha.

Beixtiyor osmonga qaradim. Haqiqatan ham havo aynamoqda edi. Bir papiros chekkulik vaqt oʻtmovdiki, allaqaerda momaqaldiroq gulduradi.
— Ana, aytmadimmi? — dedi oʻsha yigit, qarshisida xoda yoʻnayotgan cholga qarab. — Boʻldi qila qolaylik. Innaykeyin...

U gapini tugatolmadi, sharros yomgʻir quyib ketdi. Yana momaqaldiroq gulduradi. Yigit qoʻlidagi belkuragini tashlab, chopib ketdi. Qolganlar ham uning ketidan yoʻlga tushishdi. Faqat chol parvo qilmadi, bir xodani yoʻnib boʻlib, ikkinchisini qoʻliga oldi. Uning koʻm-koʻk tomirlari boʻrtib chiqqan uzun qoʻllari nihoyatda tez harakat qilardi.
— Qoʻying, keyin qilarsiz, — dedi kimdir jahl bilan. — Qochib ketmaydi-ku.

Chol indamadi. Koʻm-koʻk koʻzlarini odamlarga tikib, jilmaydi-da, yana mukkasidan ishga tushib ketdi. Yomgʻir zoʻrayib jalaga aylandi, ammo u oʻrnidan turmasdi. Uning yonida mendan boshqa hech kim qolmagan edi. Chiday olmadim:
— Ota, yursangiz-chi! — dedim.

Shunday dedimu, oʻzim odamlar ketgan tomonga yugurdim. Ular bekinishgan joy — egasi tashlab ketgan chayla edi. Men ham shu yoqqa kirdim. Hammamiz jim edik. Yomgʻir esa hamon yogʻardi, goʻyo osmon teshilgandek. Bir mahal kimdir oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi. Koʻprik tomonga birpas tikilib turdi-da, qaytib kirdi.
— Ishlayapti, — dedi sekin va hammaga bir-bir qarab, yugurganicha chayladan chiqib ketdi. Koʻp oʻtmay, chaylada men bilan paxtalik kiygan yigitdan boshqa hech kim kolmadi. Yigit koʻzlarini yerdan uzmasdan oʻtirardi. Men ham gʻalati boʻlib ketgan edim. Bir-birimizga qaray olmay, nihoyat oʻrnimizdan turdik. Tashqariga chiqqanimizda yomgʻir hamon yogʻar, ammo bulutlar orasidan quyosh moʻralab turardi. Koʻprikka yaqinlashganimizda hech kim bizga e’tibor bermadi. Yigit belkuragini olib yana ishga tushib ketdi. Men cholga tikilib qoldim. Uning qip-qizil yuzida, peshonasida, qalin kulrang moʻylovi ustida oltin donalari yaltirardi. Bular termi yo yomgʻir tomchilarimi, ajratish qiyin edi.

...Qayin daraxti uchidagi kichkina yaproq menga shu cholni eslatib yuborgan edi. Tepamga yana qaradim. Yaproq quyosh nurida oltindek tovlanib, yengil tebranganicha koʻkka dadil boʻy choʻzib turardi.

1962