OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiOqsoqol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqsoqol (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Ularni soqov oʻtinchi koʻrib qoldi. Koʻrdi-yu, taqqa toʻxtadi. Ular yonma-yon, qoʻllarini bir-birlarining yelkalariga tashlab, buloq boshida oʻtirishardi. O’tinchi yigitni tanidi. Qabila boshligʻining yolgʻiz oʻgʻli Mardon edi. U xuddi oʻljasini poylagan qoplondek ulardan koʻz uzmay bir muddat qotib turdi. Keyin buloq boshiga borishi mumkin emasligini tushungach, tomiri tortisha boshlagan oyoqlarini zoʻrgʻa sudrab, oʻzini pastak togʻolcha panasiga oldi.

Qancha ehtiyot boʻlmasin, oyoqlari ostida nimadir doʻqirlab dumaladi. Uning nazarida momoqaldiroq gumburlagandek boʻldi. Ingichka boʻynini yelkalari orasiga olib, koʻzlarini yumdi. Mushtumdek tosh dumalab-dumalab, koʻm-koʻk archa tanasiga urilib toʻxtadi. O’tinchi koʻzlarini ochib, qaddini rostladi. Yigit bilan qiz hech narsa sezmagan-eshitmagandek, oldilaridagi buloqqa termulganlaricha oʻtirishardi. O’tinchi sevinib ketdi. Koʻpdan beri bunday tomoshani, yigit va qizning bir-birlariga yopishib oʻtirishlarini koʻrmagan edi. Tamshanib, nimalarnidir oʻzicha shivirladi. Yigit qoʻlini qizning yelkasidan olib, ingichka, havorang bogʻich bilan bogʻlangan, beliga tushib turgan qalin qora sochlarini silay boshlaganda, butun vujudi bilan toʻlgʻonib, ingrab yubordi, shoshib qatirma boshmaldogʻini tishladi. Soʻng bu ham yetmay, choʻkkalab oldi, yagʻir kaftlari bilan yoshlangan koʻzlarini ishqaladi. Qabilaning yagona tegirmonchisi kabobga atab buyurgan xushboʻy archa oʻtin xayolidan koʻtarilib ham ketdi. Toʻy boʻlar ekan, oʻzicha xulosa qildi u. Yigitlar bilan qizlar shunday, bir-birlarini silab oʻtirishganidan keyin koʻpincha toʻy boʻladi. Oqsoqolning oʻgʻli Mardon uylanar ekan demak. Rosa oʻtin kerak boʻladi oʻshanda. Archa topib kelishni ham buyurishadi. Archa oʻtinsiz kabob qilib boʻlarmidi?! Mesh-mesh buloq suvi ham tashiladi. Toʻyda u maza qiladi. Issiq non yeydi, qolgan-qutgan ovqatlarni, chala tozalangan ustixonlarni berishadi. Katta gulxan yoqiladi, tong otguncha oʻyin-kulgi boʻladi...

Toʻy yaxshi. Ammo uning uchun toʻydan ham manavi, kutilmagan oyoq ostidan chiqib qolgan tekin tomosha yaxshi edi. «Mazza qilishyapti!..» — tamshandi oʻtinchi ulardan koʻzlarini uzolmay.

Yigit qizning sochlarini gʻijim qilib qoʻliga oʻradi, yuziga olib borib surtdi-da qoʻyib yubordi. Qiz xaxolab kuldi, boshini silkitgan edi, sochlari orqasi bilan bitta boʻlib yoyilib ketdi.

O’tinchi ovoz chiqarmay gʻoʻldiradi, koʻzlari namlandi, qirra dahani osilib ketdi. Uning uchun hozir Mardondan baxtli odam yoʻq edi. Mardonga bolaligidan havasi keladi. Oqsoqolning oʻgʻli. Kiyim-boshi doim but. Qorni toʻq. Biqinida ba’zan tilla, ba’zan kumush xanjar. Tagida qabilaning eng zotli, uchqur oti... Mana endi xotin ham olyapti. Zuluqdek sochlari orqasi bilan bitta boʻlib turgan qizni xotin qilyapti... Unda boʻlsa, hech vaqo yoʻq. Eng yomoni soqov u. Bolaligida nimadandir qattiq qoʻrqib tildan qolgan. Ota-onasi tirikligida koʻp tabiblarga olib borishdi. Bolani qoʻrqitib, baland daraxtning ustidan suvga tashlab koʻrishdi. Yolgʻiz oʻzini bir-ikki kun toqqa tashlab kelishdi. Foyda bermadi, soqovligicha qoldi. Hamma gapni eshitadi, tushunadi, ammo gapirolmaydi, tili ogʻzida yongʻoqdek gʻoʻldirab aylanadi, gapga kelmaydi. O’n yil burun yer joyidan koʻchganda ota-onasidan ajrab qoldi. Ertalab hovlida, tok tagida uchalovi nonushta qilib oʻtirishgan edi, yer bir aylandi-yu, ularni tortib ketdi. O’sha kuni koʻp odam nobud boʻldi, koʻp uylar buzildi. O’tinchi, yetti yoshli bola, nima boʻlganini tushunib ham yetmadi. Hali ham tushungani yoʻq. Faqat bir narsa ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, uning diliga oʻrnashib qoldi. Gunohga botganlarni yer yutar ekan. Lekin ota-onasi qanday gunoh qilishgan — Oʻtinchi bilmaydi. O’shandan beri ulardan qolgan bir uy, bir ayvonda yolgʻiz oʻzi yashaydi. Toʻgʻrirogʻi, uyga tunagani keladi. Qolgan vaqt dalada, togʻda, odamlar xizmatida. Ularning himmati, sadaqasi bilan kuni oʻtadi. Bir necha bor Mardonning qoʻlidan ham suv ichgan, lekin ich-ichidan zil ketgan. Nega tengqur boʻlaturib, ikkalovi ikki xil yashaydi? Nega uning ota-onasini yer yutdi-yu, Mardonning ota-onasi hayot? Tagʻin qabilaning eng badavlat odamlari. Nega u oyoqyalang, Mardonda charm kovush? Nega u uyqudan turishi bilan qornini oʻylaydi, Mardonga boʻlsa yalinib ovqat yedirishadi? Mana, hozir ham u yolgʻiz, Mardon boʻlsa chiroyli bir qizni quchoqlab oʻtiribdi? Qiz kim boʻldi ekan? Qaysi baxtli ota-onaning farzandi?

O’tinchi ularni qancha oʻylamasin, qancha tikilmasin, orqa oʻgirib oʻtirishganidan qizning kimligini bilolmadi. Yovvoyi olma, togʻolchalar panasidan aylanib oʻtib qarashga choʻchidi. Uyoqdan, togʻ tomondan qarab, uning kimligini bilib olish mumkin edi, lekin Mardon koʻrib qolsa, tomoshasi burnidan buloq boʻlib chiqadi. Mushti bilan urib novvosni agʻdarganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan.

Shu tob qizningoʻzi oʻrnidan turib, buloqning narigi betiga oʻtdi. O’tinchining yuragi orqasiga tortib ketdi. Qiz ularning qabilasidan emas edi! Boʻynidagi oynusxa qizil tumordan u oʻgʻiz edi. O’gʻizlar oʻsha, mash’um fojiaga, yer koʻchganiga qadar saklar bilan qoʻshni edi, mol berib mol, qiz berib qiz olar edi. Yer koʻchganda Qurama gumburlab ketdi, tep-tekis joydan yangi togʻ oʻsib chiqdi. Ikkala qabila bir-biridan bir zumda ajraldi-qoldi. Qirda yurgan qoramolning hammasi oʻgʻizlarga oʻtib ketdi, Qoradaryo sugʻorib turgan mevazor, ekinzorlar saklarga buyurdi.

Shu dahshatli fojiadan keyin ikkala qabila bir-biri bilan yuzkoʻrmas boʻlib ketdi. O’gʻizlar sut-qatigʻini qizgʻana boshladi. Saklar don-dunini boʻlishgisi kelmadi. O’zboshimchalik qilganlar, togʻ oshib mol alishganlar ikkala tomonda ham qoralanib, jazolanadigan boʻldi. Uch yil burun sak qizini yetaklab kelgan yigitni oʻgʻizlar qiz bilan birga toshboʻron qilib oʻldirib yubordilar.

O’tinchi shularni bilardi. Hayajon ichida bir narsalar dedi oʻzicha gʻoʻldirab va qiz ketidan yoʻl olgan Mardonni kuzata boshladi. Mardon buloqni aylanib oʻtib, qizning qoʻlidan oldi. Ikkalovlari bir-birlarini kuchib, toqqa koʻtarila boshlashdi. O’tinchi butun vujudi bilan titrab ketdi. Ular xuddi oʻynoqlab ketayotgan ikkita jayronga oʻxshardilar. Buloqdan ikki terak boʻyi balandliqda ajdahodek ogʻiz ochib turgan gʻor bor edi. Yigit bilan qiz shu tomonga yurishdi. O’tinchi ichini timdalay boshlagan qarama-qarshi hislar qurshovida ularga birpas qarab turdi, keyin birdan qoʻllarini musht qilib, bir-biriga urdi-da, pastga otildi. Yoʻlni qisqartish maqsadida daryo ustidagi ingichka osma koʻprikdan oʻtdi-yu, olmazor ichiga shoʻngʻidi, undan oʻtib qovunpoliz yoqalab ketdi. Yoʻl-yoʻlakay tekin tomosha ishqibozlari chiqib unga ergashishdi. Nima boʻlganini bilishmasa ham oʻtinchining avzoyidan jiddiy bir narsa sodir boʻlganini sezishgan edi.

O’tinchi qoʻrgʻonga kirib borganda, oqsoqollar qarorgohi oldidagi maydon odamga toʻlib ketgan edi. Koʻp oʻtmay qarorgoh ichidan Oqsoqol, qabila ulugʻlari chiqishdi.
— Tinchlikmi? — soʻradi Oqsoqol.

O’tinchi bor aqli, hayajonini jamlab, choʻzib ingradi, kaftlari bilan chekkalarini qisib, boshyni sarak-sarak qildi.
— Noxush hodisa yuz berganga oʻxshaydi. Shundaymi, oʻgʻlim?

Oqsoqol oʻtinchiga yaqinlashdi. O’tinchi yana ingrab yubordi, yonida turgan oʻspirinni tirsagidan tortib, Oqsoqolning oldiga olib bordi.
— Togʻda bir xotin bilan bir erkakni koʻribdi. Buloq boshida quchoqlashib oʻtirishganmish, — tushuntirdi oʻspirin.

Soqov oʻtinchi boshini qimirlatdi.

Hamma kulib yubordi. Oqsoqol ham jilmaydi.
— Shumi?
— Yoʻq. Ayol oʻgʻiz emish.

O’tinchi oʻspirinning gaplarini eshitishi bilan chapak chalib yubordi. Qarorgoh oldida turganlar birdan jimib qolishdi.
— Yana nima demoqchi? — soʻradi Oqsoqol jiddiylashib.

O’tinchi boshini oʻynatib, qoʻllari bilan havoda doira chizdi.
— G’orga kirib ketishibdi...

O’tinchi tilmochning gapini tasdiqlab, bosh irgʻadi.
— Nima deysizlar? — soʻradi Oqsoqol.

Roʻparasida turgan choʻqqi soqol moʻysafid, javob qildi:
— Nima derdik? Ularni olib kelish kerak. Soqov haq gapni aytayotgan boʻlsa, ikkalovi jazoga mahkum...

O’tinchi yonida turganlar orasida: «Toʻgʻri! Ularni tutib kelish kerak!» degan ovozlar yangradi. Oqsoqol koʻkragiga tushib turgan qalin moshkichiri soqolini silab, qabila ulugʻlariga yana bir qarab chiqdi. Hech kim boshqa gap aytmadi.
— Boʻpti. Olib kelinglar!

Oqsoqolning xotirjamlik bilan bergan qaroridan oʻtinchi sevinib ketib, chapak chalib yubordi. Shu zahoti oʻn chogʻliq odam uni oldiga solib yoʻlga tushdi.

Yigit va qiz oʻtinchining qilmishlariday bexabar salqin gʻor ichida oʻzlarining koʻpdan beri azob berib kelayotgan noxush oʻylariga gʻarq boʻlib oʻtirishardi. Albatta ikkalovi ham uchrashganlaridan, diydor koʻrishganlaridan shod edilar, ammo xufyona uchrashuvlar bir kun emas, bir kun tugab, uning oʻrnini cheksiz, oʻlim damlarigacha chuzilib beradigan ayriliq egallashini ham bilishardi. Birdan-bir chora oʻz yurtlaridan bosh olib ketish edi. Ammo qaerda ularni ochiq chehra bilan kutib olishlari mumkin? Qaerda ular tinch boʻlishadi? Buni ikkalovi ham bilmas edi. Ularga birovlarning himmati kerak emas, tegishmasa, oʻz ixtiyorlariga qoʻyib berishsa boʻldi edi, ammo qaerda, qaysi xalq shunday qiladi? Mardon ularni tutib, oʻz qabilalariga qaytarib berishlaridan qoʻrqadi. Shunday qilishsa, ikkalovi ham omon qolmaydi. O’ oʻlimdan, ayniqsa, sevgilisi, Parvina uchun jon berishdan choʻchimasdi, faqat Parvinaga achinardi. Uni omon qoldirishsin-u, oʻzini nima qilishsa qilaverishsin — rozi. Ammo undan soʻrab oʻtirisharmidi...

Parvina yana onasi bilan gaplashib koʻrmoqchi boʻldi. Onasi aqlli xotin, tushunar axir. Nahotki yolgʻiz qizining baxtiga befarq qarasa? Mardon qochib ketishdan boʻlak chora yoʻqligini aytdi. Besh panja barobar emas, tinch, bir-birlari bilan ahil, izzat-hurmatda yashab kelayotgan ellar ham bordir bu dunyoda? Parvina rozi boʻldi, faqat keyingi uchrashuvgacha sabr qilishni soʻradi. U onasi bilan gaplashib koʻradi. Mardon minnatdorlik bilan uni quchib, oʻziga tortdi.

Shu payt gʻorning ogʻzida shovqin boʻlib ketdi. Odamlarning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushlari, toshlarning gumburlab dumalagani eshitildi. Parvina titrab, Mardonga yaqinroq surildi. Mardon uni bagʻriga bosar ekan, nayza nur tushib turgan gʻor ogʻziga tikildi.
— Hoy, oshiq-ma’shuqlar! Qani, darrov chiqinglar! Boʻlmasa oʻzimiz olib chiqamiz!

Har bir soʻz gʻor ichida aks-sado berib, gulduradi. G’or ogʻzida qattiq kulgi koʻtarildi, yana ovozlar yangradi. Kimdir gʻazab bilan boʻkirdi. Mardon tanidi. Soqov oʻtinchi edi. Bu tomonlarga faqat u kelishi mumkin. Hamma narsa ravshan: odamlarni u yetaklab kelgan. Demak, gʻor oldida oʻzining qabiladoshlari.
— Nima, karmisanlar? — Oʻshqirdi yoʻgʻon ovozli odam. — Tezroq, chiqlaring!

Soqov oʻtinchi yana boʻkirdi. Mardon Parvinani qoʻyib, oʻrnidan turdi.
— Qayoqqa? — qoʻrqib soʻradi qiz.
— Qoʻrqma. Bular oʻzimiznikilar. Sen joyingda oʻtiraver.

Parvina boshini silkidi.

G’or orzidagilar toqatsizlik bilan qichqira boshladilar. Kimdir tosh otdi. Tosh shaqirlab Mardonning oyogʻi ostigacha dumalab keldi. Kimdir soʻkinib, gur-r kulgi koʻtarildi.

Mardon gʻordan chiqib bordi-go, ular birdan jimib qolishdi.
— Ie, senmisan, Mardon?! — dedi hayrat ichida yoʻgʻon ovozli odam.

Mardon uni tanidi. Qabila yigitboshilaridan Almonzarda edi. Uning biron marta birovga kulib boqmagani, ogʻzidan yaxshi gap chiqmaganidan ayollar uni ismi bilan atamay «zarda» deb chaqirishardi.
— Nima shovqin, nima toʻpolon? — dedi Mardon Zardaning qarshisiga kelib.
— Soqov bir xotin bilan erkak shu yoqda yurganini aytdi. Otang yubordi bizni, — javob qildi Zarda.

Mardon yer ostidan oʻtinchiga qaradi.
— Ertalabdan beri shu yerdaman, men hechkimni koʻrganim yoʻq-ku. Balki tushida koʻrgandir bu?

Mardon jilmaydi. Kimdir unga xushomad tariqasida hiringlab kulib qoʻydi. Koʻpchilik indamay boshini quyi soldi.
— Qaytaveringlar, ularni koʻrib qolsam, oʻzim olib boraman.

Ba’zilar quloq solib, orqalariga burilishdi. Shu tob oʻtinchi qattiq qichqirib yubordi. Mardon oʻgirilib qaraguncha, qoplondek sakrab, gʻor ichiga shoʻngʻidi. Hamma joy-joyida toʻxtab qoldi. Mardon falokat yuz berganini tushundi. Hozir Parvina chiqadi. Soqov olib chiqadi uni. Biron narsa qilish kerak. Shuni oʻylab, gʻor ogʻziga yaqinlashdi. Ammo Zarda uzun, saksovuldek koʻllari bilan uning tirsagidan ushladi.
— Soqovning vajohati yomon, avval chiqsin, — dedi u sovuqqonlik bilan. Nima boʻlganiga uning aqli yetgan edi. — Birov bormi deyman?

Ammo u javob oʻrniga burni aralash tushgan musht zarbidan koʻzlari chaqnab, gandiraklab ketdi.
— Ushla uni! — baqirdi u oʻzini rostlab olar-olmas.

Mardon shunday boʻlishini bilib yonidan xanjarini sugʻurdi, ammo ishlatib ulgurmadi. Kimdir orqasidan kelib, quchoqlab oldi. Yana kimdir qoʻliga tashlandi. Shu tob boshiga qattiq musht tushdi. Urgan Zarda edi. Mardon bukchayib qoldi. Ammo shu turishida bor kuchini yigʻib, Zardaning koʻkragiga kalla qoʻydi. G’or ogʻzida oʻtinchi koʻrindi, u Parvinani sudrab chiqmoqda edi.

— Mardon! — jon; holatda chaqirardi uni Parvina.

Ammo Mardon u tomonga yugurib ulgurmadi. Kimdir otgan tosh koʻkragiga kelib tegdi-yu, koʻz oldi jimillab ketdi. Shu payt kimdir ustiga toʻr tashladi. Turmoqchi boʻlgan edi gardaniga musht tushdi.

— Bogʻlanglar! — buyurdi Zarda. — Zambarda olib ketamiz.
— Anavi qanjiqni-chi? — soʻradi kimdir.
— Boʻyniga arqon solib, soqovga ber. O’zi sudrab borsin.

Odamlar birpasda u aytgandek qilishdi. Zarda qon tupurib, qoʻl-oyogʻi chandib tashlangan Mardonning tepasiga keldi:
— Olishmaganingda shunday qilmasdik. O’zingdan koʻr.

Mardon indamadi. Atrofga alanglab, Parvinani izladi. Uning koʻzlari jiqqa yosh edi.
— Yigʻlama, — Mardon butun vujudi ogʻriqdan qaqshab turgan boʻlsa ham jilmayishga harakat qildi. — Eshitdingmi, yigʻlama...

Parvina yoshlarini kaftlari bilan artib, boshini qimirlatdi. Boʻynidagi arqon silkinib ketdi. O’tinchi xavotirlanib, bir-ikki tortib qoʻydi.
— Soqov! — chaqirdi gʻazab bilan Mardon. — Ichiqora ekanligingni bilardim. Ammo sotqinlik qilishingni kutmagan edim. Nomard!

O’tinchi gʻijinib gʻoʻldiradi. Qoʻlini paxsa qilib, Zardaga nimalarnidir tushuntirdi, archadan zambar yasab, Mardonni unga yotqizgunlaricha tinmay oʻzicha valdiradi. Ammo hech kim unga e’tibor bermadi.

Quyosh qizarib baland chinorlar ortiga oʻtganda, qoʻrgʻonga yetib borishdi. Oqsoqollar qarorgohi oldidagi maydon odamga toʻla, hamma betoqatlik bilan ularni kutardi. Qabila oqsoqoli zambarni yerga qoʻyishlari bilan yigitni tanidi. Tanidi-yu, boʻshashib ketdi. Ohista qadam bosib, uning yoniga keldi:
— Nima qilib qoʻyding?

Koʻpchilik uning gapini eshitdi va nafasini yutib, nima boʻlishini kuta boshladi.
— Meni kechiring, ota, — dedi eshitilar-eshitilmas Mardon.

Oqsoqol oʻzi sezmagan holda uning boshiga qoʻlini qoʻyib, silay boshladi.
— Qizning oti nima?
— Parvina...

Oqsoqol oʻgʻli bu soʻzga bor mehrini qoʻshib aytganini payqadi.
— Ota!.. — Mardon boshini orqaga tashlab, koʻzlarini unga tikdi.

Oqsoqol oʻgʻlining tipratikan ignalaridek qattiq va qalin sochlari isitib turgan qoʻlini koʻtarib, dimogʻiga tutdi. Chaqaloqligidan tanish boʻlgan bu yoqimli hid vujudini titratib yubordi. Achchiq ter hidini sezib tursa ham uning uchun oʻgʻlining hidi goʻdakligidan beri oʻzgarmagandek edi. Nahotki soʻnggi marta shu hidni tuyayapti u? Shuni oʻylab, choʻkkalagisi, oʻgʻlini bagʻriga bosib quchgisi kelib ketdi. Ammo bunday qnlolmasligini bilardi.
— Labbay? — u boshini egib, oʻgʻlining koʻzlariga qaradi.
— Uni qoʻyib yuboringlar...

Oqsoqol javob bermadi. Demak, oʻgʻli ularni qanday jazo kutishini biladi. Shuning uchun ham oʻziga emas, unga rahm-shafqat qilishlarini soʻrayapti. Sodda bola!.. Nahotki olomon rahm-shafqatni bilsa?

Oqsoqol oʻgʻlining ortida turgan qizga yaqinlashdi. Ohudek ekan. O’gʻli chiroyli qiz tanlabdi. Kimning farzandi ekan? U oʻgʻiz kattalarining koʻpini bilardi. O’zini tutishidan baobroʻ xonadondanga oʻxshaydi.
— Otang kim?
— Farasmon qoʻychi, — boshini koʻtarmay javob kildi qiz.

Oqsoqol esladi. O’gʻizlar qabilasining katta boylaridan edi Farasmon. Yilqisining sanogʻi yoʻq. Agar qabilalar avvalgidek ahil yashashganda, u jonjon deb shu qizni kelin qilardi.
— Otang tirikmi?
— Yoʻq, olamdan oʻtganlar.
— Qachon?
— Yer koʻchgan yili.
— Aka, ukang bormi?
— Akam, ikkita singlim bor.

Oqsoqol tasalli topgandek boʻldi. Yolgʻiz farzand emas ekan haytovur. Uning boʻlsa, Mardondan boʻlak farzandi yoʻq. Bir oʻgʻil, bir qizi yoshiga toʻlmay bu dunyoni tark etib ketishdi. Yolgʻiz merosxoʻri Mardon. Usiz chol-kampir qanday yashashadi endi? Oqsoqol yashindek miyasini yorib oʻtgan savolni darhol boshidan haydadi, oʻzi ters burilib orqasiga qaytdi. Qarorgoh tosh zinasida turgan qabila ulugʻlari oʻrtani ochib, unga joy berishdi.
— Nima qilamiz? — soʻradi qariyalardan biri.

Oqsoqol gap nima haqda ketayotganini tushundi. Hozir oʻgʻli yoki oʻgʻiz qizining himoyasiga aytilgan bir ogʻiz soʻz butun maydonni algʻov-dalgʻov qilib yuborishi va qabilani ikkiga ajratib tashlashi mumkin. Bu ikki yosh, oʻgʻizlar bilan munosabatlarni toʻxtatib qoʻygan axdning qurboni boʻlishi lozim. Ulugʻlar va oldingi marhum oqsoqolning bir ogʻiz gapi bilan koʻpchilik qadimdan qoʻshnichilik odatlari boʻyicha yashaganlari va shunday turmushdan manfaat koʻrib kelganlariga qaramay, yer koʻchib, boshlariga tushgan qiyinchiliklardan soʻng, topgan-tutganlarini faqat oʻzlari, hech kim bilan boʻlishmay baham koʻrishni qoʻshnichiliqdan afzal biladigan boʻlib qolgan edilar. Garchi bunday yashash yengil boʻlmasa ham yil oʻtgan sari bu ahd odat tusiga kira boshladi. O’gʻizlar ularning qizlarini, mayli, garchi oʻgʻiz yigiti bilan qochib ketib gunoh qilgan boʻlsa ham, toshboʻron qilib oʻldirib yuborganlaridan keyin esa, oʻrtaga tushgan sovuqchilik dushmanlikka aylandi, yer tagidan koʻtarilib chiqqan Quramaning yangi qanoti chegara boʻlib qoldi. Kim shu chegarani buzsa, jazoga tortildi. Ikki yosh chegarani buzdigina emas, qabilalarning ahdlarini oyoqosti qildi. Buning ustiga saklar hali oʻz farzandlarining qasoslarini olishgani yoʻq. Oqsoqol dilida xalq bularni ham toshboʻronga hukm qiladi, biroq gunohkorlardan biri uning, qabila boshligʻining farzandi ekanini nazarga olib, hukmni yumshatar, oʻlimgacha bormas deb umid qilardi. Shuning uchun ota emas, oqsoqollik mavqe’dan turib javob berdi:
— Nima qilardik? El nima desa shu.

Bu bilan u men qabilaning xolis xizmatkoriman, oʻgʻlim yolgʻiz farzandligini e’tiborga olib, oʻzlaring insof bilan hal qilinglar, degandek boʻldi. Ulugʻlar uni tushunishdi, ammo oʻzlarini tushunmaganga solishdi. Ulardan biri Almonga imo qildi.
— Oqsoqol haq! — qichqirdi olomonga oʻgirilib Almonzarda. — Qonun hammaga bir! Ikkalovining jazosi oʻlim!
— O’lim! — ikki-uch ovoz olomon ichidan otilib chiqdi.
— Toshboʻron! — qichqirdi yana kimdir Oqsoqolning orqasida.
— Toshboʻron! — quvvatladi olomon orasida kimdir.

Oqsoqol bunday boʻlishini kutmagan edi. Ayashmadi oʻgʻlini ham, uning oʻzini ham! U boʻlsa hammaga faqat yaxshilik qilib kelgan edi. Hech kimning iltimosini hech qachon qaytarmagan edi. Har doim hammaning holidan xabar olib, birini yaxshi soʻz bilan, birini don-dun bilan koʻnglini olib kelgan edi...

Oqsoqol atrofiga qaradi. Majlislarda uning koʻziga tikilib, niyati, qarorini bilishga, uning hurmatini qozonishga intilgan qabila ulugʻlari undan nazarlarini olib qochishdi. Mardon esa jim, hamma uning oxirgi soʻzini kutardi. Odat boʻyicha Oqsoqol hukmni tasdiqlashi kerak edi. Nihoyat, u oʻzini tutib qoʻlini koʻtardi:
— Hukm ertaga ijro etiladi.

U alam va oʻkinchdan past ovozda gapirgʻan boʻlsa ham hamma uni eshitdi.
— Oqsoqolga uzoq umr! Oqsoqolga sharaf boʻlsin! — degan maqtovlar olomon ustida aks-sado berib yangradi.

Odamlar tarqalib, maydon boʻshaganida, Oqsoqol oʻgʻlining tepasiga keldi:
— Boshqa ilojim yoʻq edi...

Mardon javob bermadi.

Oqsoqol uyga kelib, xotinining avzoyidan u fojiadan xabardorligini sezdi. Shuning uchun hech narsa demadi. Rohila qoʻliga suv tutdi, sochiq uzatdi. Oqsoqol artinib, uzun ravon toʻriga yozilgan dasturxon yoniga borib oʻtirdi. Shunda zanapoya yonida turgan tugunga koʻzi tushdi. Xotinining qayoqqa bormoqchiligini darhol bildi.
— O’gʻiz qiz... Parvina... koʻhlikkina ekan. O’gʻlingning didi chakki emas... — Oqsoqol labining miyigʻida jilmaydi. — Otasini tanirdim. Farasmon qoʻychi... Kelin qilganingda qizim derding.

Rohila sezilar-sezilmas bosh qimirlatib qoʻydi. Yuz bergan fojia oldida oʻgʻlining oʻzboshimchalik qilgani uning xayolidan koʻtarilgan edi. Albatta u qiz bilan ham koʻrishadi, bagʻriga bosadi uni.
— Buncha qahrlaring qattiq boʻlmasa? U hali juda yosh-ku?! — Rohila bu savolni faqat eriga emas, butun qabilaga qaratib berdi. Ammo savoli javobsiz qoldi.

Oqsoqol hech narsa totmadi, yumshoq bolishni qoʻltigʻi ostiga olib, yonboshladi-da, koʻzlarini yumdi:
— Uzoq qolib ketma. Men ham boraman.

Rohila tugunni olib, ravondan tushdi. Oqsoqol uning oyoq tovushlari tinguncha quloq solib turdi. Tinishi bilan koʻzlarini ochib, oʻrnidan turdi.

Nima qilish kerak? Qanday qilib ularni qutqarishi mumkin? Nahotki yagona oʻgʻlidan tong otishi bilan ajraydi? O’z oʻgʻlini oʻz hukmi bilan oʻldirgan odam qanday ota boʻldi? Hukmni u chiqargani yoʻq, lekin uning ishtiroki, sukuti bilan shu hukm chiqdi. Kimni oʻylab u shunday qildi? O’zinimi? Yoʻq. U hech qachon oʻzini oʻylamagan. Shuning uchun ham xalq unga ishondi. Bugun u shu ishonchni yoʻqotgisi kelmadi, shu ishonch uchun oʻgʻlining oʻlimiga rozilik berdi. Ammo endi oʻn sakkizga qadam qoʻygan yigit nima uchun bir vaqtlar paydo boʻlgan zarurat sabab oʻldirilishi kerak? Ikki el yuzkoʻrmas boʻlib nima yutdi? Gap elda emas. El dilida qoʻshnichilik tarafdori. Ammo ulugʻlar qabul qilgan qarorga qarshi chiqishni istamaydi. Boshiga qiyinchilik tushib qolsa, qabila ombori uning uchun berkiladi, noni butunlar, oʻziga toʻqlar undan yuz oʻgiradi. Shuning uchun indamaydi, ulugʻlar aytganini kiladi.

Oqsoqol oʻz eli haqida, uning yetti qulf ostidagi fikr-oʻylari haqida shunday mulohazada edi. Hali har bitta odam gʻoz turib, dilidagini aytadigan davr kelmaganini, hali yemoq-ichmoq taqchilligi tufayli, borning soʻzi soʻz edi. Borlar esa nima uchun orttirganini, orttirmoqchi boʻlganini birov bilan boʻlishishi kerak? Oqsoqol bu toifa xalq bilan ham chiqishib yashash kerakligini biladi. Bir kun keladi, el dardi, yurt dardi hamma manfaatlardan oldinga oʻtadi, hamma bir-biriga hurmat bilan qaraydigan boʻladi. Faqat shu davrni sun’iy yaqinlashtirish, xuddi oʻgʻlining topgani, Parvina edi shekilli ismi, oʻsha bechora qizni boʻyniga sirtmoq solib, zoʻrlab keltirishgandek keltirmaslik kerak. Agar shunday qilinsa, oʻgʻli bilan uning qayligʻi emas, juda koʻp odam nobud boʻlib ketadi.

Oqsoqol xotini qaytguncha qorongʻi hovlida yurib, qancha oʻylamasin, oʻgʻlini qutqarib qolish, juda boʻlmaganda iltimosini ado etish — qizini ozod qilish yoʻlini topolmadi, hukm toʻgʻriligiga, hozir boshqa iloj yoʻqligiga ishona boshladi.

Rohila qaytib kelib, qoʻlidagi dasturxonni ravonga uloqtirdi-da, oʻzini erining koʻksiga tashladi.
— Bolam! Yolgʻiz bolamdan ajrab qanday yashayman endi? Undan koʻra meni toshboʻron qilishsin! Qonga toʻymaganlar meni qiynab-qiynab oʻldirishsin, roziman! Ularni qoʻyib yuborishsin, ayting! Qabila kattasimisiz oʻzi, kimsiz? Nahotki, oʻz elingizga soʻzingiz oʻtmasa? Ayting! Bir balo qiling!

U erining koʻkragiga mushtlab, oʻzini toʻxtatolmay yigʻlardi.

Oqsoqol indamay uni eshitdi. Yelkalarini silab ovutgan boʻldi. «Bir balo qiling!» Nima qilishi mumkin? U ohista xotinini oʻzidan nari itarib, koʻchaga yoʻl oldi. U qancha oʻylamasin, bir toʻxtamga kelolmasdi. Faqat bir fikr oʻziga ozgina tasalli berardi. Hozir Mardonni koʻrishi kerak. Tonggacha vaqt koʻp emas, uning diydoriga toʻyib olishi kerak. Keyin nima boʻlsa boʻladi...

O’gʻli bilan qizning soqchilari almashibdi. Lekin uchala soqchi ham uni tanidi. O’rinlaridan turib, oʻzlarini chetga olishdi. Ammo Oqsoqol ular oldiga bordi:
— Yigit — Oʻgʻlim, bilasizlarmi?

Soqchilar boshlarini egishdi.

Oqsoqol belidagi charm hamyonini yechib ularga tutdi.
— Meni birpas xoli qoldiringlar. Xayrlashib olay. O’zim chaqiraman.

Soqchilar bir-birlariga qarab olishdi. Oqsoqolning iltimosini rad etib boʻlmas edi. Hamyonni olib, uchalovi ravonning orqa tomoniga oʻtib ketishdi.

Oqsoqol avval oʻgʻlini yechdi. Keyin qizni boʻshatdi. — Nima qilyapsiz, ota? — hech narsaga tushunmay soʻradi Mardon.
— Otalik burchimni ado etyapman. Uyga kirma. Darhol Qoradaryodan oʻtib, qipchoqlar yurtiga yoʻl ol. Ishonaman, el kechiradi. O’shanda qaytasizlar.

Oqsoqol shoshib shu gaplarni aytdi-da, oʻgʻlini bagʻriga bosdi.
— Qani, ketlaring endi!
— Ota!.. — bir narsa demoqchi boʻldi Mardon.
— Ket! — Oʻshqirdi Oqsoqol...

Tong payti qoʻrgʻonning bosh maydoniga kelganlar kechagi «oshuq-ma’shuqlar» oʻrnida Oqsoqolni koʻrib, nima boʻlganini tushunishdi. Hech kim hech narsa demadi. Hamma narsa soʻzsiz ham ayon edi.

Jimlikni soqov oʻtinchining birdan uvvos solib yigʻlab yuborgani buzdi. U qayoqdandir Oqsoqol oldida paydo boʻlib, oʻzini uning oyoqlari ostiga tashladi. Butun vujudi qaltirab yigʻlar ekan, boshini yerga urib, nimalardir deb gʻoʻldirardi.

Oqsoqol toʻlqinlanib ketdi. Uni tushunishgan edi. Hatto aqli kalta soqov oʻtinchi ham qilmishiga pushaymon edi. Oqsoqol uni turgʻazmoqchi boʻlib engashdi, qoʻllarini oriq yelkalariga qoʻydi. Shu top nimadir zarb bilan chekkasiga kelib urildi. Bosh yorilib bamisoli boʻlak-boʻlak boʻlib ketdi. Kimdir ravon tomondan otdi shekilli? Oqsoqol oʻsha tomonga beixtiyor koʻz tashlab ulgurdi. Almonzarda unga gʻazab bilan tikilib turardi. «Tentak» — dedi ichida Oqsoqol va oʻtinchining ustiga yiqilmaslik uchun turgan joyida ohista choʻkkaladi. Bir necha kishi «gur» etib ravonga otildi. Ular nima qilmoqchi ekanini Oqsoqol sezdi. «Qoʻyinglar!» — demoqchi ham boʻldi, ammo ovozi chiqmadi. Kimdir uning qoʻltigʻidan oldi. Boshqa hech narsa sezmadi. Qulogʻiga chalingan soʻnggi ovoz ayol kishining chinqirigʻi boʻldi. Tanidi. Rohilasi edi. Negadir uning ikki qoʻlida ikkita tosh borday edi.

1994