OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiOta va oʻgʻil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm67KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota va oʻgʻil (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Professor Sabohat Qodirova oʻgʻlining kontsertidan oʻzida yoʻq sevinch bilan chiqdi. Bu gal ham avvalgi kunlardagidek toʻrt ming kishilik tomosha zali odamga liq toʻla, pashsha qoʻnadigan joy yoʻk edi. Bu gal ham avvalgi kunlardagidek odamlar kontsertga toʻyishmadi, gulduros karsaklar chalib, yer tepib uni soʻrashdi, talab qilishdi:
— Baxtiyorjon! Uka! Yana bitta ayt! Jon uka!
— Bitta ayt, otang rohatingni koʻrgur bolam!
— Togʻdan atayin tushganmiz! Toʻymay qoldik! Bitta yana! Bitta ayt! Jon tasadduq!

Sahnaning oltin pardasi ohista yopilaboshlaganda, nihoyat yopilib, charchagan, ogʻir nafas olaboshlagan, boshdan-oyoq oq kiyingan Baxtiyor uning orqasida gʻoyib boʻlganda, Sabohat Qodirova oʻrnidan turdi, qatoridagi joylaridan qimir etmay qarsak chalib, sahnadan koʻz uzmay turgan odamlarni bezovta qilib yoʻlakka chiqdi. Kimdir uni qoʻltigʻidan oldi.
— Orqada eshikdan chiqamiz, opa. Buyoqni militsiya oʻragan.
— Nega?
— Kirolmaganlar turishibdi. Aftidan ertagayam kontsert boʻladi.

Sabohat Qodirova ismini bilmasa ham oʻgʻlining yordamchilaridan boʻlgan bu yigitni tanidi va qoʻlini olmay u yetaklagan tomonga yurdi.
— Oldilariga kirmaysizmi? — soʻradi yigit zinadan pastga tushishayotganda. — Ammo odam koʻp. Sahnadan grimxonagacha odam. Koʻpi qiz! — yigit kuldi, —Tezroq uylantirib qoʻymasak boʻlmaydi. Opqochib ketishadi!
— Uyda koʻraqolaman. Bir soatlarda borar?
— Harakat qilaman oborishga!

Ular xizmatchilar yuradigan baland-past, tor yoʻlkalardan aylanib koʻchaga chiqishdi. Toshkentning tungi muzdek havosi gup etib dimoqqa urildi. Sabohat Qodirova beixtiyor koʻcha eshik tepasidagi soatga qaradi. O’n birdan oshibdi. Demak, kontsert bu gal ham toʻrt soatdan ziyod davom etibdi. Bola bechora! Rosa charchagandir? Boya, oʻninchi qatorda oʻtirgan boʻlsa ham uning charchaganini sezdi. Charchasa, koʻzlari koʻproq bir nuqtaga tikilib qoladi. Boya koʻzlari shunday xorgʻin edi. Ammo, baribir u oʻzini, avvalo oʻgʻlini baxtli hisoblardi. Dunyoga mashhur Xalqlar doʻstligi saroyi rahbariyati oʻgʻlini ilgari qoʻshma kontsertlargagina taklif qilardi. O’tgan oyda birdan uni oʻn kunlik kontsertga chaqirishdi. Direktorning oʻzi kelib taklif qilib ketdi. Iltimoslar koʻp, dedi. Shunday boʻlsa ham Sabohat opa choʻchib, oʻgʻlini qaytarmoqchi boʻldi. Ammo koʻzlari chaqnab, sevinib turganini koʻrib, hech narsa demadi. Yaxshi ham hech narsa demagan ekan. Hamma kontsertlar bugungidek muvaffaqiyat bilan oʻtdi. Biron marta ham uch soatdan kam boʻlgani yoʻq. Sahna gulga toʻlib ketdi. Toʻnlar kiydirishdi.

Sabohat Qodirova hamma kontsertga keldi. San’atga, san’atkorga elda boʻlgan e’tibor, hurmatni u tasavvur qilardi, bilardi. Ammo shu oʻn kun ichidagi oʻgʻliga boʻlgan e’tibor, hurmat uning tasavvurlaridan, koʻrgan-bilganlaridan, umid-orzularidan oʻtib ketdi. Uning sevimli oʻgʻli Baxtiyor el sevgan haqiqiy san’atkor boʻlib yetishgan edi. Faqat haqiqiy san’atkornigina el shunday kutib oladi, boshiga koʻtaradi, hech qanday manfaatsiz uning shaydosi boʻladi.

Sabohat Qodirova buni kontsertning birinchi kuniyoq tushundi, ammo sir tutdi, hech kimga aytmadi, hatto oʻgʻlining oʻziga ham bildirmadi. Dili gʻururga toʻlib ketganiga qaramay, keyingi kunlarning tashvishini qildi, qiziqish susayib, tomoshabin kamayib ketishidan choʻchidi. Shunday boʻlmasligini, biletlar sotilib boʻlganini bilsa ham havo-tirlandi. O’gʻlining hamma san’atkorlarga oʻxshab, tabiati nozik, odam siyraklashib borayotganini koʻrib, ruhi tushib ketishi mumkin edi. Ammo kontsertga qiziqish kundan-kunga zoʻraydi, bilet topolmay saroyning u eshigidan bu eshigiga yugurganlar koʻpaydi. Tartib oʻrnatish, kontsertlarning tinch oʻtishini ta’minlash uchun militsiya chaqirishdi. Uyda telefon keti uzilmay, jiringlaydigan boʻlib qoldi. Bir minutga boʻlsa ham uning ovozini eshitmoqchi boʻlgan uyatchan qizlar telefon qilishardi, hamma narsani, hammani pulga sotib olish mumkin, deb oʻylaydigan yangi chiqqan boyvachchalar, san’atda yangi yulduz paydo boʻlganligi sababli sevinchiga chidolmay tabriklamoqchi boʻlgan ziyolilar, toʻylari, majlislari, tantanali marosimlariga taklif qilgan ministrlar, ming xil birlashma, firmalarning boshliqlari, vakillari... Hammasiga Sabohat Qodirova javob qildi. Hech kimni ranjitmadi, ammo hech kimga va’da ham bermadi. Bir narsa shu oʻn kun ichida unga ravshan boʻlgan edi. Kechagina u oila boshligʻi hisoblangan uyda oʻgʻli birdan yangi, mustaqil, faqat san’atkorgina tushunishi mumkin boʻlgan murakkab, hayotga qadam qoʻygan, birdan u bilan tillashgan, katta qilgunigacha chekkan azob-uqubatlarini birdan koʻtarib tashlagan, dilini kuvonchga toʻldirgan edi.
— Tezroq obkelishga harakat qilaman, — dedi yigit darvozalari oldida mashinasini toʻxtatib.

Sabohat Qodirova xayol bilan boʻlib uyga qanday yetib kelganini ham bilmay qolgan edi.
— Rahmat. Ertaga yana kontsert boʻlsa, vaqtliroq kelib dam olsin!..
— Hoʻp boʻladi!

Mashina siltanib joyidan qoʻzgʻaldi va tun qoʻynida gʻoyib boʻldi.

Sabohat Qodirova ayvonga koʻtarilib, darhol hamma xonalarning, hovlining chiroqlarini yoqib yubordi. Hoynahoy Baxtiyor yolgʻiz kelmaydi, sozandalari, ma’murlari bilan keladi. Saroyning direktori ham kelib qolishi mumkin. Shunday taxmin qilib, ayvonga joy hozirladi. Ovqatga nima qilishini oʻylab, yotoqxonaga kiyimlarini almashtirgani kirganida kontsertga ketayotib, oshning sabzi-piyozini bostirib ketganligi esiga tushdi, sevinib ketdi. Har ehtimolga qarshi uy kiyimlarini apil-tapil kiyib, oshxonaga yugurdi. Esi qursin, adashmasa, kecha kunduz kuni edi, savzi-piyoz bostirgani, bugun emas. Nima qilsa boʻlarkin? Lagʻmonmi? U shoshib tuvoqni koʻtardi. Xayriyat, oshning savzi-piyozini bugun bostirib ketgan ekan. Koʻngli ancha joyiga tushib, oʻn kishiga moʻljallab guruch oldi. Tozalab, yuvib, sovuq suvga solib qoʻydi. Kelishlari bilan damlaydi.

U ayvonga koʻtarilib, achchiq-chuchukka piyoz tozalab qoʻymoqchi boʻlib turganida telefon jiringladi. Sabohat Qodirova ichida kulib qoʻydi. «Kontsert tugaganga oʻxshaydi, endi tinim boʻlmaydi» — Oʻyladi oʻzicha va telefonga borar ekan, uyga olib kelib qoʻygan tanish yigitning gapi esiga tushdi: «Uylantirib qoʻymasak boʻlmaydi. Obqochib ketishadi!»... Chindan ham uylansa boʻlardi endi. Ammo Baxtiyor oʻzi shu paytgacha ogʻiz ochgani yoʻq. O’rtoqlari ham unga hech narsa deyishmaydi. Telefonni olarkan, surishtirishni diliga tugib qoʻydi.
— Eshitaman...

U adashgan edi. O’gʻlining ishqibozlari emas, klinikadan navbatchi doktor telefon kilayotgan edi.
— Nima gap, Karimjon?
— Kechirasiz, bezovta qilishga majbur boʻldim, Sabohat Qodirovna! — dedi xijolat boʻlib navbatchi doktor, — «Tez yordam»da ogʻir bemor olib kelishdi. Nafas yoʻllari bekilgan. Zudlik bilan operatsiya qilinmasa boʻlmaydi.
— Qilavering! — buyurdi Sabohat Qodirova.
— Qilolmayman...
— Nega? — hayron boʻldi Sabohat Qodirova, — Bunday operatsiyalarni qilgansiz-ku?
— Bularga oʻxshamaydi. Nazarimda ovoz yoʻllarini olib tashlash kerak.

Sabohat Qodirova darhol tushundi:
— Nima qildingiz?
— Trubka qoʻyib qoʻydim. Mashina yuboraymi?
— Mayli. Operatsiyaxonani tayyorlang!
— Tayyor! Rahmat, Sabohat Qodirovna. Bezovta kilganim uchun kechiring! Mashina yuborganman. Eshigingiz tagida turgan boʻlsa kerak. Bemorning oʻgʻli ketgan.
— Nega? — Sabohat Qodirovaning jahli chiqib ketdi.
— Boshqa mashina yoʻq edi. «Tez yordam» tashladi-yu, ketdi!
— Bemor necha yoshda ekan?

Navbatchi doktor oʻylanib qoldi, yo yonidagilardan surishtira boshladi shekilli, darhol javob bera olmadi. Keyin trubkadan xansiragan ovozi keldi:
— Ellikdan oshgan ekan.
— Chindan ham yosh emas ekan, — kinoya qildi Sabohat Qodirova, — Hozir, boraman.

U trubkani qoʻyib, ayvonga chiqdi. Hozirgina dasturxon yozib qoʻygan stoli yoniga oʻtirib, xat yozdi.

«Baxtiyor! O’gʻlim! Tabriklayman. Bugun ham kontserting zoʻr boʻldi. O’choqboshida oshning sabzi-piyozini bostirib qoʻyganman. Guruch ham ivitigʻlik turibdi. Klinikaga borishga toʻgʻri kelib qoldi...»

Xatni oʻqib, soatiga qaradi. Chorakam oʻn ikki boʻlgan edi. Har ehtimolga qarshi xatga imzo chekib, vaqtni yozib qoʻydi.

Kiyinib, koʻchaga chiqqanida, baland boʻyli bir odam hovliqib yaqinlashdi:
— Assalomu alaykum! Men sizga kelganman, opa!
— Yaxshi. Ketdik!

Sabohat Qodirova shaxdam mashina tomonga yurdi.
— Nima qildi adangizga? — soʻradi yoʻlda u.
— Tomogʻlari ogʻrib yurardi. Uch-toʻrt oydan beri nafas olishlari qiyinlashib qoldi, — mashinani tez va ustalik bilan xaydar ekan, yigit orqasiga oʻgirilib, Sabohat Qodirovaga qaradi. Lip-lip qilib oʻtayotan fonuslar yorugʻida yigit tanishdek koʻrindi, ovozini ham qaerdadir eshitgandek boʻldi. Ammo eslolmadi. Buning hozir ahamiyati ham yoʻq edi. Uning butun xayoli bemorning qanday kasallikka giriftor boʻlganligida edi.
— Nafaslari chiqdimi?
— Nafas ololmay qoldilar!... Opa!... Tuzalib ketadilarmi?

Yigit yalinganomuz soʻradi. Sabohat Qodirova uning yigʻlab yuborganini sezdi.
— Nima lozim boʻlsa, qilamiz.
— Rahmat, opa. Qoʻlingizni gul deyishadi. Butun umidimiz sizdan. Man — Ahadman. Ahad Komilov.
— Yaxshi, Ahadjon. O’zingizni bosing. Aytdim-ku, nima lozim boʻlsa qilamiz.

«Jiguli» tsirk oldida chiyillab qayildi-da, Chorsu tomonga yoʻl oldi. Bu koʻchalardan Sabohat Qodirova kuniga kamida ikki marta yurardi. Chorak asrdan beri ularsiz oʻz hayotini tasavvur kilaolmasdi. Har gal oʻtib borar ekan, oʻzi uchun birorta yangilik kashf etardi. Mana hozir ham shu tanish, qadrdon koʻchalardan borar ekan, tun qoʻynida, baland yulduzlar, oyning oʻrogʻi va lip-lip etib ortda kolayotgan fonuslar yorugʻida tinch, osoyishtaligidanmi, ular yurakni bezovta qiluvchi sir va sehrga toʻlib turgandek edi. Ular nimalarni, kimlarni koʻrmagan, kimlar ularning chang parda tortgan betlariga sevinch yoki alam, qaygʻu yoshlarini toʻkmagan? Ularning qa’rida qanday sirlar ochilmay qolib ketdi, qanday sirlar ochilishini kutib yotibdi? Ularni kimlar ohista bosib, tuproqlarini yuzlariga surtib niyatlariga yetolmay oʻlib ketdilar? Kimlar bu koʻchalarda yulduz sanab baxtlarini topdilar, qoʻsha qaridilar, kimlarni oʻlim quchogʻiga oldi? Qanchadan-qancha bemorlar shu koʻchalardan yurib, uning oldiga najot soʻrab keldilar, shu koʻchalardan yurib qanchalarning umriga umr qoʻshdi? Bugun qanday sir bor ekan ularda? Qanday sehr koʻrsatishar ekan? Kim bugun bu tungi osoyishta koʻchalardan yurib baxtini topadi, kimning yulduzi uchib, kimlar faryod qiladi? Umid bilan uni kutib oʻtirgan bemorga, u bugun nima beradi? Nima uni kutayapti — Oʻlimmi yo hayot?

Sabohat Qodirova ikki qoʻlini rulga qoʻyib ketayotgan barvasta yigitga qaradi. Uni qaerda koʻrgan? Yo birovga oʻxshatayaptimi? Kimga?

Oldinda tanish maydon koʻrindi. Uni aylanib oʻtishlari bilan shifoxonaning panjara devorlari boshlanadi. Baland chinorlar, kumushbarg teraklar tagida qolib ketgan toʻrt qavatli shifoxona binosini Sabohat Qodiro-va yaxshi biladi, yaxshi koʻradi. Chorak asr burun u institutni bitirib ishga kelganida bino endigina qad koʻtargan edi. Ularning boʻlimi, institut kafedrasi ikkinchi qavatga joylashdi. Kafedra mudirining xonasi eng soʻnggi, kunga teskari tushgan, shu tufayli olti oy yoz salqin boʻlib turadigan xona edi. Mashhur olim, xirurg, uning aspiranturadagi rahbari, professor Mumtoz Ibrohimov vafotidan keyin shu salqin xona uning ishxonasi» kafedraning hamma yigʻilishlari, klinikaning hamma majlislari shu xonada oʻtadi, bemorlarni birinchi marta shu xonada qabul qiladi.

Shifoxonaga yetib kelishganda u odati boʻyicha oʻz kabinetiga koʻtarildi. Zudlik bilan xalatini kiyib, umumiy qabulxonaga yoʻl oldi. Eshik oldida navbatchi doktor bilan anasteziolog kutib turishardi.
— Ahvoli qalay? — ularga yaqinlashganda soʻradi Sabohat Qodirova.
— Ogʻirlashayapti, — navbatchi doktor oʻzini chetga olib, yoʻl berdi.

Sabohat Qodirova ichkariga kirishi bilan bir zum toʻxtab qoldi. Yumshoq kresloda boshini suyanchiqqa tashlab oqarib oʻtirgan, ogʻziga solingan ichak orqali ogʻir nafas olayotgan odam tanish edi. Sabohat Qodirova oʻzini hatto orqaga tashlagandek, oyoklari boʻshashib, yuragi toʻxtab qolgandek boʻldi. Ammo undagi bu oʻzgarishni oʻzidan boshqa hech kim sezmadi. Darhol oʻzini tutib olib, bemor tepasiga keldi-da, qoʻlini ushladi.

Tomir urishi sust, notekis edi. Boʻyni shishib, silliqlashgan, jagʻ suyaklari, kekirdagi koʻrinmasdi. Sabohat Qodirova nima boʻlganini tushunsa-da, har ehtimolga qarshi ushlab koʻrdi. Qekirdak sogʻlom odamlarniki singari hara-katchangligini yoʻqotgan, shish uni har tomondan iskanjaga olgan edi.
— Operatsiyaga hamma narsa tayyormi? — bemorni koʻrishda davom etib soʻradi Sabohat Qodirova. — Operatsiya qilmasak boʻlmaydi!

U shunday deb, bemorning salqigan yirik koʻzlariga qaradi. Bemor uni tanidimi, yoʻqmi, aytish qiyin, qoʻrquv aralash koʻzlarini undan uzmasdi.
— Meni tushundingizmi? — qayta soʻradi Sabohat Qodirova. — Operatsiya kilish kerak. Gap hayotingiz ustida ketayapti.

Bemor ohista koʻzlarini yumib, boshini qimirlatdi.
— Olib boringlar.

Sabohat Qodirova qabulxonadan chiqayotganda Ahad Komilovga duch keldi. Xuddi otasinikiga oʻxshagan yirik qora koʻzlari iltijo bilan unga tikildi.
— Operatsiya qilmasak boʻlmaydi, — Sabohat Qodirova uning savolini kutmay javob berib qoʻyaqoldi. — Ovoz yoʻllarida paydo boʻlgan shish kengayib, nafas olishga halaqit berayapti. Mutlako boʻgʻib qoʻyishi mumkin. Zudlik bilan olib tashlash kerak.
— Omon... omon qoladilarmi ishqilib? Juda qoʻrqitib yubordilar.
— Omon qoladilar. Ammo ovozdan ajraydilar. Ashula aytolmaydilar.

Sabohat Qodirova bilan operatsiyaxonasiga yonma-yon kelayotgan Ahad Komilov birdan toʻxtab qoldi.
— Boshqa iloj yoʻq. Gap hayot ustida ketayapti.

Sabohat Qodirova shunday dedi-da, operatsiyaxonaga kirib ketdi. Uning rostini aytmasdan iloji yoʻq edi. Bir paytlar dongʻi ketgan ashulachi bugun qanchadan-qancha odamlarni oʻziga maftun qilgan, quvonchiga quvonch qoʻshgan, toʻy, ziyofatlarini yayratgan ovozidan ajraydi. Balki mutlaqo gapirolmaydigan boʻlib qoladi, barcha sogʻlom odamlar singari burnidan emas, tomogʻidan nafas oladi... Boshqa iloji yoʻq. Dunyodagi barcha ilgʻor mamlakatlar tibbiyotida shunday. Ovoz yoʻllarining jarohatlangan joylarini olib tashlab, oʻrniga yangi bezlar, matolar qoʻyib asl holiga qaytarish hech qaerda ijobiy natija bergani yoʻq. Donorlardan foydalanish ham muvaffaqiyatsiz chiqdi. Inson hayotini saqlab qolish oldida ovozni yoʻqotish katta bir baxtsizlik emas. Inson har narsaga koʻnikadi, ovozsiz yashash, odamlar bilan muomala qilishning boshqa yoʻllarini topadi. Ovozi asosiy ish va yashash manba’i boʻlganlar kasblarini oʻzgartirishlariga toʻgʻri keladi. Na iloj? Sabohat Qodirova operatsiya kiyimlarini kiyaturib shularni xayolidan oʻtkazdi, koʻz oldiga yana bugungi bemor keldi. Olimjon Komilov — dongʻi ketgan ashulachi. Bir paytlari, rangli televizor qishloqlarda endi-endi paydo boʻla boshlagan, videokasseta nimaligini odamlar hali bilmagan paytlarda Olimjon Komilovning ovozi, u aytgan qoʻshiqlar koʻpchilikni hayajonga solgan, muhabbatini qozongan edi. U qatnashgan toʻyning dovrugʻi tilma-til boʻlib ketar, toʻy egasiga hammaning havasi kelardi. Radioda, televidenieda u paydo boʻlgan dastlabki yillari uning «Fargʻona tong otguncha» ashulasi koʻpchilik oʻzbek xonadonlarining sevimli qoʻshigʻi boʻlib ketdi. Xaziniy gʻazali bilan aytiladigan shu ashulani boshqa ashulachilar ham aytishgan edi. Ammo ovozining hech kimnikiga oʻxshamagan ijrosi bilanmi yo aytish uslubidagi tiniklik, har bitta soʻzning ohangi, dardini aniq yetkazish san’ati bilanmi u koʻpchilikning ogʻziga tushib ketdi. Xalq orasida ertalabki oshga uch ming, kechqurungi bazmga toʻrt ming bilan borarmish, degan gap tarqaldi. Bir xillar qoyil qolishdi, bir xillar tillarini tishlab, yoqalarini ushlashdi. Ammo hech kim oʻni urishgani yoʻq. Harxolda Sabohat Qodirova buni eshitmagan. U paytlari u yosh, endi maktabni tamomlayotgan qiz edi. Yettinchi sinfdan oʻninchi sinfgacha oʻqiyotgan koʻpchilik tengqurlari qatori u ham Olimjon Komilovga xushtor boʻlib qolgan, uning «Oftob kuygay», «Xolingmu bu yoki olucha?», «Xohi ishon; xohi ishonma» va yana bir talay qoʻshiqlarini yodlab olgan edi. Sijjakda oʻsha paytlarda kamdan kam odamda magnitofon bor edi. Adashmasa, toʻrttami, beshta. Shu xonadonlar kechqurun odamga toʻlib ketardi. Navbat bilan, guruh-guruh boʻlib, uning ashulalarini eshitishardi. Sabohat Qodirova ham uyidagilardan birortasi bilan, oyisi yo opasi bilanmi boʻlib eshitib kelardi va kechasi bilan uxlolmay chiqardi...

— Hamma narsa tayyor, — axborot berdi hamshira. — Yaxshi.

... U haqda turli xil mish-mishlar ham yurardi el ogʻzida. Guyo uning har bir shaharda uyi bor emish. Har bir uyida bittadan xotini bor emish. Eng yaxshi koʻrgani qoʻqonlik Kumushxon emish. Kumushxon oʻyinchimish. Toshkentda Mukarrama Turgʻunboeva oʻz shogirdlari bilan qanchalik mashhur boʻlsa, Fargʻonada Kumushxon shunchalik mashhurmish. Mukarrama opa bir necha bor «Bahor»ga kelgin, deb unga odam yuboribdi, hatto oʻzi atayin borib kelibdi, ammo Kumushxon kelmabdi. «Olimjon akamlarning gaplari bilan oʻyinga tushib turibman, undayam oʻzlari bor joyda. U kishining uylarini obod qilib oʻtirish menga baxt», debdi. O’ynaganda ham u toʻylarda emas, tor-tor majlislarda, «gap»larda oʻynar ekan. Odamlar puldan chambar qilib, boʻyniga tashlashar ekan. Toshkentdagi qandaydir bir beva xotin oʻrtoqlariga ziyofat berayotib, Olimjon Komilovga yangi, hali minilmagan «Volga»sini hadya qilib yuboribdi...

Sabohat Qodirova operatsiya stoli yoniga kelib, yana bemorning tomirini ushladi.
— Hozir koʻzi ilinadi, — dedi anasteziolog. — Tanidingizmi, domla?

Uning bu savolini boshi, qovoqlari ogʻirlashib borayotgan bemor ham eshitdi. Sabohat Qodirovaning tasdiqlagan ovozini ham eshitdi. «Men ham uni taniyman» — xayolidan oʻtkazdi u.

Uning operatsiya oldidan oxirgi esida qolgan gapi shu boʻldi. Tomogʻida nimadir «kirt-kirt» qilib, chumoli oʻrmalagandek boʻlib ketdi, keyin hamma narsani unutdi!

Operatsiya bir soatdan ziyod davom etdi, Sabohat Qodirova bemorning ovozdan mahrum boʻlayotganiga qanchalik achinmasin, jarohatlangan ovoz yoʻllari, kekirdagini ochganda, yagona toʻgʻri chora shu ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildi. Ovoz yoʻllaridan tarqala boshlagan shish butun tomoqni, kekirdagini, hatto ovqat yoʻlini qisib, jarohatlay boshlagan edi.
— Hammasini olib tashlaysizmi? O’ng tomon tuzukka oʻxshaydi-ku? — Soʻradi navbatchi doktor.

Sabohat Qodirova skalpelni u aytgan tomonga tiradi.
— Shuni tuzuk deyapsizmi? Rangini koʻrmayapsizmi? Qoldirsak, ikki-uch oy oʻtmay bu yer shishib chiqadi. Ashulachilar necha yoshgacha ashula aytadi, bilmaysizmi?
— Bilmadim, — navbatchi doktor yelkalarini qisdi, — Yunus Rajabiy yetmish yoshidayam ashula aytardi. Har kim har xil boʻlsa kerak.
— Sogʻligiga qarab, — xulosa qildi Sabohat Qodirova. — O’ttizga bormay ovozdan qolganlar ham boʻlgan. Bu kishi ranjimasa ham boʻladi. Ellikdan oshgan dedingizmi boya?
— Oltmish birda ekanlar.
— Yomon emas. Mana, boʻldi. Tikamizmi endi? Sabohat Qodirova bemorning barcha shishlari tagi bilan kesib olingan tomogʻiga tikilib turib, soʻradi. Savolni u oʻziga, hech qanday yara, shish kolib ketmadimikan, deb bergan edi.

Navbatchi doktor uni toʻgʻri tushundi.
— Nazarimda hech narsa qolmadi. Nechanchi trubkani qoʻyamiz? Oltinimi?
— Oltini. Qani, boshladik. Ip!

Sabohat Qodirova bemorni palataga joʻnatib, oʻz kabinetiga kirganida, telefon jiringlab turgan edi.
— Eshitaman?
— Operatsiya yaxshi oʻtdimi?
— Ha, yaxshi oʻtdi. Kim soʻrayapti?

Sabohat Qodirova telefon qilayotgan ayolni bemorning karindoshlaridan boʻlsa kerak, deb gumon qildi. Gumon toʻgʻri chiqdi.
— Men oilalari boʻlaman. Rahmat sizga, doktor. Qachon chiqadilar? Biron haftalarda chiqib qoladilarmi?

Sabohat Qodirovaning ensasi kotdi. Ammo oʻzini bosdi.
— Buni hozir aytish qiyin. Hayotlar, shuning oʻzi hozir katta gap.
— Ha, albatta, albatta. Rahmat, doktor..

Ayol trubkani qoʻyib qoʻydi. Sabohat Qodyrova uning uzoqdan gapirayotganligini, yoshligini ham sezdi. Ammo hayron boʻlmadi. Mish-mishlardagi «xotin»lardan biri boʻlsa kerak, dedi-yu, shu zaxoti uni unutdi. U chin yurakdan bemorga achinib ketgan edi. Bugundan boshlab ashula aytish uyoqda tursin, gapirishi ham uning amri uchun mahol edi.

Olimjon Komilovni u tanirdigina emas, yaxshi bilardi. Tasodif ularni uchrashtirib, birini yomon otliq qilgan, birining hayotini algʻov-dalgʻov qilib yuborgan edi. U sabab, Sabohat Qodirova uyidan chiqib ketdi, ota-onasi deyarlik hamma qarindosh-urugʻlari bilan yuz koʻrmas boʻldi, qornida oʻgʻli bilan yolgʻiz qoldi. Toshkent koʻchalarida sarson-sargardon boʻlib yurdi. U sabab, Sabohat Qodirova oʻgʻlini aldadi, otasini oʻlganga chiqardi, turmush qurmadi, er-xotinlik kuvonchlaridan umrbod mahrum boʻldi...

...Maktabni bitirib, ToshMIga hujjatlarini topshirib kelgan kunlar edi. Devor qoʻshnilarinikida toʻy boʻlib qoldi. O’rmon xoʻjaligi boshqarmasining boshligʻi oʻgʻil uylantirayotgan edi. Toʻy egasi, Mardonbek aka nakd toʻrt ming pul va uloqchi otini beradigan boʻlibdi. Olimjon Komilov mashinani yaxshi koʻrgandek, otni ham yaxshi koʻrar ekan. Shunga ham zoʻrgʻa rozi boʻlibdi. Ertalabga qolmayman, kechasiyoq ketaman, debdi. Mardonbek akaning oʻzi ogʻzi qulogʻiga yetib, shuni odamlarga gapirib beribdi. Qaysi bir oʻtirishda oʻgʻlimning toʻyiga Olimjonni olib kelmasam, otimni boshqa qoʻyaman, deb yuborgan ekan. Shu xabar tarqalganidan keyin Sijjak buzilgan ari uyasiga oʻxshab qoldi. Odamlarning tinchligi yoʻqoldi, deyarlik hamma sabrsizlik bilan toʻy kunini sanashga tushib ketdi. Nihoyat, orziqib kutilgan kun keldi. Odamlar hovliga sigʻmay, koʻchaga ham joy solindi. Sabohat boʻyi yetgan qizlar qatori va qoʻshnichilik huquqi bilan kelinni kutib olish sharafiga muyassar boʻldi. Toʻy kechada xizmat qilib yurib, kuyov yigitlar bilan kelinni olib kelgani joʻnashganida, Sabohat dasturxon yetishmay qolib, uyiga chiqdi. chiqdi-yu, hovlining oʻrtasidagi baland taxta karovatda oʻtirgan mehmonlarni koʻrib hang-mang boʻlib qoldi. Darrov tanidi. Ular Olimjon Komilov va uning sozandalari edi. Sevinganidan boshi aylanib, gandiraklab ketdi.
— Yaxshi kelding, qizim! — suyunib ketdi oʻchoqboshidan choy koʻtarib kelayotgan dadasi uni koʻrishi bilan. — Kuyovlar kelguncha biznikida oʻtirib turishadi. Oyingga qarashib yubor!

Sabohat oʻzini tutib olib, dadasiga yaqinlashdi, qoʻlidan piyolalarni olib, karavot tomon yurdi.
— Assalomu alaykum! — u eshitilar-eshitilmas salom berib, piyolalarni karovat burchagiga qoʻydi-da, uyalganidan qip-qizarib, oʻchoqboshiga yugurdi. Orqasidan dadasining gapini eshidi:
— Saboxat maktabni tugatib, ToshMIga kirib keldi. A’lochi. Oltin medal oldi.
— Juda yaxshi. Tabriklaymiz! — dedi kimdir.

Sabohatning nazarida Olimjon Komilovning oʻzi shunday dedi. Battar uyalib ketdi.
— Oyi, oʻzimi? — soʻradi bir narsa deyish uchun.
— O’zi, bolam, oʻzi, blimjon Komilov! — dedi onasi, — Dadang tushmagur boshlab keldilar! Nima qilishimni bilmay turibman. Yaxna goʻshtim bor. Qovurib beraqolaymi? Nima deysan? Toʻyxonadan chiqqani boshqa, oʻz uyingniki boshqa.
— Yaxshi oyi. Men nima qilay? — oyisidek Sabohat ham tinchini yoʻqotdi.

Shunday odamning ularnikiga kelishi qatta kuvonch, bironta issiq ovqat qoʻymasdan turgʻazish mumkin emas edi.
— O’choqqa oʻt qala. Dadang tushmagur-a, dadang tushmagur! Odamni shunaqa uyaltirib yuradilar! Kimning xayoliga kelibdi, ularning biznikiga kirishi! Bir soat oldin aytib qoʻysalar boʻlmasmidi?

Sabohatning oyisi qozonga yogʻ solib, goʻsht qirqar ekan, erini urishgan boʻldi, ammo yonib turgan koʻzlaridan oʻzining ham xursandligi bilinib turardi.
— Oyi! Kun issiq. Hoynahoy chanqab kelishgan. Dadamga ayting, qovun-tarvuz soʻyib tursinlar! — taklif qildi Sabohat.
— Toʻgʻri aytasan! Chaqir!

Sabohat mehmonlar oldida choʻkka tushib non sindirayotgan, choy quyib uzatayotgan dadasi yoniga borib, sekin tirsagidan turtdi. Ammo u sezmadi. Shunda Sabohatga tabassum bilan tikilib oʻtirgan Olimjon Komilov luqma tashladi:
— Qizingiz bir narsa demoqchilar, Sobir aka, qarang!..

Sabohat yer yorilib, qa’riga kirib ketgandek boʻldi.

Yuzlari, qoʻllari lovullab yona boshladi, dadasini yana bir qattiq siltab tortdida, oʻchoqboshiga yugurib ketdi.
— Aytdingmi?

Sabohat javob bermadi. Eshik oldida dadasi paydo boʻldi.
— Goʻsht qovurayapman, maylimi? — soʻradi oyisi.
— Juda yaxshi. Naryogʻdan chiqqan narsalar koʻp-u, yeydigan hech narsa yoʻq. Nega chaqirdilaring?
— Qizingiz «chanqab kelishgandir, qovun-tarvuz soʻysinlar dadam», deyapti.
— Darvoqe, toʻgʻri. Hozir!

Dadasi ham ularga oʻxshab xursand, xursandligidan birmuncha xovliqib qolgan edi.

Sabohat toʻyxonaga dasturxon olib chiqib berishni unutdi. Kelin-kuyovlar yoʻlga chiqishgani haqidagi xabar kelgun-cha, mehmonlar turguncha uyda onasiga qarashdi.

Karnay-surnay chalinib, koʻchada qiy-chuv boshlanganda, mehmonlar ortidan toʻyxonaga chiqdi.

O’sha toʻy uning xotirasidan chiqmaydi. Umuman, butun vujudi, dili bilan sevinib koʻrgan toʻyi shu boʻldi. Birinchi marta kelin-kuyovning kelishini, bazmni devor orqasidan yo tom ustidan emas, haqiqiy kattalar, mehmonlar qatori dasturxon yonida oʻtirib kutdi. Uni kuyovning singillari yonlariga chaqirishdi. Keyin oʻynadi, ha, raqsga tushdi. Tushmaganga qoʻyishmadi. Dadasining oʻzi kelib soʻradi. «Tanovar»ga oʻynab berdi. Bir-ikki aylanganidan soʻng, Olimjon Komilov uni yoniga kelib, ashulasini aytdi, qochib ketmaguncha oʻrtadan chiqarmadi. Aftidan yaxshi oʻynadi, hamma qarsak chalib turdi.

Toʻy yarim kechasi, soat uchlarda tarqadi. Olimjon Komilov hammaning koʻnglini oldi. U chindan ham el sevgan san’atkorligini koʻrsatdi.

Sabohat oʻrtoqlari bilan xayrlashib uyiga kirganda, hovli toʻla odamlar turganini koʻrdi. Ular Olimjon Komilov va uning sozandalari edi.
— Biznikida yotib qolisharmish, — dedi tashvishdan koʻzlari olazarak bulib ketgan oyisi. — Dadang tushmagur boshlab chiqdilar! Hoy, qiz! — nimadir esiga tushib oyisi unga oʻgirildi. — Qachon bunday oʻyinga tushishni oʻrganib olgan eding? O’yinchi qizlarni uyaltirib qoʻyding-ku! Hammadan koʻp pul sen oʻynaganingda tushdi.

Sabohat indamay kuldi. Qachon oʻrgangan edi? Darsdan keyin-da, maktabda, toʻgaraqda.

Mehmonlar yuvinib choy-poy ichgunlaricha ona-bola katta xonaga oʻrin solib chiqishdi. Yaxshi niyatlar bilan qavilgan yangi koʻrpa, koʻrpachalarni yozishdi. Oyisi yostiqlarga bilinar-bilanmas atir sepib chiqdi. Chivin bezovta qilmasin, dedi. Tokchalarga rayhon ham sochdi.

O’sha kuni ona-bola uxlashmadi. Avvalambor, togʻning uchlari oqara boshlagan edi. Keyin ikkalovining ham koʻziga uyku kelmadi. Oyisi xamir qordi, u qiyma qildi. Nonushtaga tandir yoqib, patir, somsa yopishdi.

Ertalab yana bir xabar Sabohatni xursand qildi. Olimjon Komilov yana bir kun qoladigan boʻlibdi. Dala havosi yoqmabdimi, ozgina shamollabdi, kechasi bilan boshi ogʻrib chiqibdi. Kechgacha yotarmish.

Dadasi shu gapni aytar ekan, shifo boʻlsin deb, mehmonning oyogʻi tagida qoʻy soʻydirdi.

Olimjon Komilovning chindan ham rangi oʻchgan, chiroy-li, yirik, qora koʻzlari atrofida chiziqlar paydo boʻlgan edi. Nonushta payti boshqalar xazil-xuzul qilib oʻtirishdi, latifalar aytishdi. U hech narsaga aralashmadi. Qandaydir dorilar ichdi. Issiq sut bilan gʻargʻara qildi. Sabohat negadir uning kasal boʻlib qolganiga ishonmadi. Choy tashigan, ketma-ket issiq-issiq somsa keltirib turgan mahali unga koʻzlarini ayyorona suzib qarab-qarab qoʻyganidanmi, hamma gap bilan boʻlib turganda sutga qorilgan yumshoq patirdan katta-katta tishlagani, ishtaha bilan somsa yeganidanmi, harxolda nimadir sabab boʻlib, ishonmadi. Ammo ishonmaganini hech kimga bildirmadi. Nonushtadan soʻng sozandalar joʻnab ketishdi. Olimjon Komilov birpas xomush oʻtirdi, bir-ikki choy xoʻpladi, keyin joyiga kirib yotdi. Doktor chaqirishga unamadi.

Sabohat Qodirova hayotidagi juda koʻp tashvishli, ogʻir voqealarni unutib yubordi, ammo oʻsha kungi voqealar, aytilgan gaplarni hamon eslaydi.

Kunduzi, kun tikkaga kelganda uni uyqu elitdi, oʻchoqboshida gʻimirlab yurgan oyisiga birpas mizgʻib olishini aytib, xonasiga kirdi. O’rniga yotishi bilan koʻzi ilindi. Shundan keyingi galda yarim soatlar ichida yuz bergan voqea uning butun hayotini buzib yubordi, boshiga qanchadan-qancha kulfat toshlarini yogʻdirdi. Koʻzi ilingan mahali kimdir uning qoʻlini ushlaganini, yoniga yonboshlaganini payqadi. Avval oyisi deb oʻyladi, keyin otasi xayolidan oʻtdi. Ammo ogʻir, notanish nafas dimogʻiga urilganida, choʻchib koʻzlarini ochdi. Yonidagi odam Olimjon Komilov edi. U shunday boʻlishini, nima uchun mashhur ashulachi yana bir kunga kasal boʻlib qolganini qandaydir ichki bir tuygʻu bilan sezgandi. Ammo aniq shunday boʻlishini, u bilan shunday boʻlishini kutmagan edi. Sabohat qichqirmoqchi boʻlib, boshini koʻtardi. Olimjon Komilov «Tiss!» — deb, ogʻziga qoʻlini qoʻydi. Qancha harakat qilmasin, Sabohat uning iskanjasidan chiqib ketolmadi.
— Hayvon! — qichqirdi bor alami va nafratini shu soʻzga solib Sabohat. — Hayvon!

Boshqa hech narsaga undan qutilganida tili kelishmadi. Eshikka qoʻl choʻzgan Olimjon Komilov ogʻzi toʻlatilla tishlarini yaltiratib iljaydi.
— Dadang bilan gaplashaman. O’zim olaman sani.

Uning shu gapi ham hamma yaramas ishlari, qoʻlansa hidi singari Sabohat Qodirovaning hamon esida.

Kim biladi agar u zoʻravonlik qilmaganda, unga hurmat bilan qaraganda, shu gapi uni kuvontirarmidi? Ammo oʻshanda oʻziga bino qoʻygan, hamma narsani pul bilan, zoʻrlik bilan qoʻlga kiritish mumkin deb oʻylagan, yosh qizning hayotini buzgan odamni gapi uyoqda tursin, oʻzi, tirjaygan basharasi uning koʻnglini agʻdardi, jirkanish paydo qildi, ashulalari, ovoziga boʻlgan hurmat, muhabbatni oʻzi oyoq osti qilib yubordi. Qaerdadir yaxshi san’atkorgina yaxshi odam boʻladi yo aksincha, yaxshi odamgina yaxshi san’atkor boʻladi, deb oʻqigan edi. O’shanda Olimjon Komilov unga hayvon boʻlib, hayvondan ham battar bir mahluq boʻlib koʻrindi va oʻsha zahotiyoq san’atidan ham uning koʻngli qoldi.

Ammo endigina boʻyiga yetgan qizning kimligini, nimaligini tushuna boshlagan Sabohat qanday fojea boshiga tushganini toʻrt oy oʻtgandan soʻng bildi. O’sha kuni esa «mashhur ashulachi»ning beshafqat qilmishinigina oʻyladi, birovga aytgani uyalib, ohista hovliga chiqdi. Negadir hovli jimjit edi. «Aziz» mehmonining soyasiga salom berib yurgan dadasi ham, oʻchoqboshidan boshqa joyni bilmay qolgan oyisi ham yoʻq edi. Sabohat molxonaning orqasidagi devorning nuragan joyi esiga tushib shu tomonga yurdi. Devorning orqasi dala, qarovsiz qolib ketgan uzumzor edi. Uning tagida yongʻoqzor. Sabohat devordan oshib shu yongʻoqzorga yoʻl oldi. Qorongʻu tushib, yulduzlar koʻringuncha, shu yerda choʻkkalab olib yigʻladi, soy suvida yuvindi, yana yigʻladi. Odamlardan oʻzini pana qilib uyga qaytganda «dadasi bilan gaplashadigan», «uni oladigan», yana «bir kunga qoladigan» dongdor ashulachi allaqachon joʻnab ketgan edi.

Hech kim hech narsa sezmadi. Sabohatning oʻzi hech kimga hech nima demadi. Ammo qiz bola oʻzidagi oʻzgarishni yashirolmaydi. Toʻrt oycha oʻtganda Sabohatning boshqacha boʻlib qolganini opasi payqadi. O’sha zahotiyoq oyisiga aytdi. Sabohatning boshiga yangi kulfat tushdi. Endi oʻz yaqinlari uni xor qilishdi. U istamasa ham, toʻpolon qilib yigʻlasa ham quloq solmay, oyisi bilan opasi uy ichiga qamab, koʻylagini yechib tekshirishdi. Nima boʻlganini koʻrgan oyisi sochlaridan tortib urdi, qoʻni-qoʻshni bilib qolmasin, deb ovoz chiqarmay qargʻadi, yigʻladi. Opasi qancha urishmasin, oyisiga oʻhshab qargʻab, poʻpisa qilmasin, kim uni shu koʻyga solganini Sabohat aytmadi. G’ururi yoʻl qoʻymadi. Ikki dunyoda «dadasi bilan gaplashishga» va’da qilgan, uning hurmati, muhabbatini poymol qilgan odamga yalinmaydi. Mayli, oʻldirishsin uni, osishsin, aytmaydi.

Kechqurun dadasi bilan pochchasi bilishdi. Dadasi uni oq qildi. Daf boʻlsin, koʻrmay, dedi. Agar yoʻqotmasang oʻzim toqqa olib chiqib tashlab yuboraman, dedi. Qoʻshni xonada ularni eshitib oʻtirgan Sabohat oʻzi ketishga qaror qildi. Ikkita kengroq koʻylagini oldi. Kitob orasiga uchta yigirma besh soʻmlik pul qoʻyib qoʻygan edi. Shuni oldi. Koʻylaklarini gazetaga oʻrayotganda, ovqat koʻtarib opasi kirdi.
— Ha, nima harakat? Sabohat indamadi.
— Xey, oʻzboshimcha, javob ber, nima qilayapsan? Opasi uning tirsagidan ushlab siltadi.
— Ketayapman! — dedi koʻzlari yoshga toʻlib Sabohat.
— Qayoqqa?
— Bilmadim. Boshim oqqan tomonga.

Opasi yugurib chiqib ketdi. O’zini yoʻqotib qoʻyganidan qoʻlidagi ovqatni ham qoʻymay olib chiqib ketdi.

Sabohat hozir ona-bola boshlashib kirishadi, yana toʻpolon boshlanadi, deb oʻylagan edi. Dadasi oʻshqirib kirishini ham kutgan edi. Ammo hech kim kirmadi. O’zicha biroz kutgan ham boʻldi. Dilida toʻpolon qilishsa ham, urishishsa ham, kirib uni toʻxtatishlarini istadi. Ammo kirishmadi. Uni unutishdi. Sabohat quloq soldi. Uni hatto gapirmay qoʻyishgan, gap bozor-oʻcharga oʻtib ketgan edi.

Hovliga tushdi. Oyoq tovushi albatta ularga eshitilardi. Ammo oʻzlarini eshitmaganga solishdi. Sabohat chiday olmadi, koʻchaga otilib chiqib ketdi.

Koʻcha qop-qorongʻi, bironta odam koʻrinmasdi. Sabohat eshiklari oldida birpas turdi. Butun vujudi titrab, yana koʻzlariga yosh quyilib keldi. O’kirib yubormaslik uchun zarda bilan eshikni taraqlatib yopdi-da, katta yoʻl tomonga yurib ketdi.

Boʻm-boʻsh avtobus uni yarim kechada Toshkentga olib keldi. Yoʻl-yoʻlakay qayoqqa borishini oʻylab olgan boʻlsa ham, mashinadan tushib ancha turib qoldi. U ammasinikiga bormoqchi edi. Ikkita oʻgay bola bilan qolgan quvnoq, Sabohatga boshqacha mehr bilan qaraydigan bu ayolni u yaxshi koʻrardi. Toshkentga tushganida koʻpincha unikiga kirib choy-poy ichib ketardi. U meni tushunadi, oʻyladi oʻzicha Sabohat. Shu ammasi esiga tushishi bilan boshqa tanish-bilishlari, olis qarindoshlarini xayoliga ham keltirmadi. Uning uyi tramvay bekatining roʻparasida edi. Piyoda borishga toʻgʻri keldi. Tramvaylar allaqachon yotgan, trolleybuslar ham koʻrinmasdi. Onda-sonda oʻtib turgan mashinalarni toʻxtatib, tushgani qoʻrqdi. Shahar jimjit, ammo yorugʻ edi. Ammasiga rostini aytishni, u bilan boʻladigan savol-javoblarni oʻylab, tanish-notanish koʻchalardan borar ekan, oyogʻidagi charm tuflisi ostidan chiqayotgan tovush aks-sado berib tinch, osuda shaharni uygʻotib yuborgandek, derazalardan odamlar unga qarab turgandek, uni uyat qilishayotgandek edi...

Sabohat Qodirovaga oʻshanda ammasinikida turish nasib qilmadi. Hayajonlanib uni eshitgan, qosh-koʻzidan oʻpib ovutgan, qalin joy solib yotqizgan odam, tonggi gʻira-shirada uni uygʻotdi.
— Tur! Ketdik!
— Qayoqqa, amma? — charchab, yigʻlab yaqindagina koʻzi ilingan Sabohat hayron boʻlib boshini koʻtardi.
— Uyingga. Sijjakka. Ota-onangning oyogʻiga yiqilasan, kechirim soʻraysan!

Sabohat oʻrnidan turib oʻtirdi.
— Nima deyapsiz? Siz ham meni tushunmadingizmi? Siz ham menga ishonmayapsizmi? Aybim shuki, bilmay qoldim. Aybdormasman!
— Kim u yaramas? Iflos?
— Aytmayman.
— Nega? — hayron boʻldi ammasi.
— Aytsam, battar xor boʻlaman.
— Nima deyapsan? Nega endi?
— Oyim, dadam uni kimligini bilishsa uylanishini talab qilishadi. Men buni istamayman. Uni koʻrgani koʻzim yoʻq.
— Nima qilasan unda? — tushunmay yana soʻradi ammasi. — Undan boʻlgan bola bilan seni kim olardi?
— Menga hechkim kerakmas, — shartta kesdi gapni Sabohat.
— Jinni boʻlma. Kimligini ayt. Uylansin. Bola-chaqali boʻlsayam uylansin. ZAGSdan oʻtmasa ham nikohlab olsin. Keyin orqasiga tepib haydaysan. Sadqai er ket, deysan, adabini berasan!

Sabohat birinchi marta shuncha oydan beri jilmaydi. Ammasi harholda yaxshi odam edi, uni yaxshi koʻrardi.
— Qani boʻl. Bir piyoladan choy ichamiz-de, yoʻlga tushamiz.
— Yoʻq, amma. Men bunday qilolmayman. Yakka oʻtib ketishga roziman, lekin unga yalinmayman.
— Yoshlik qilayapsan, bola. Ota-onangni ezma. Yur. Sabohat uzil-kesil gap qildi.
— Endi u uyga bormayman.
— Unda... unda bu uydayam turmaysan...
— Xoʻp.

Sabohat ammasining yuziga qaramay oʻrnidan turdi. Vodoprovod ostida yuvindi, sochini taradi. Negadir oʻsha tobda u oʻzini juda xotirjam his qildi. Bu uydan ham butunlay, umrbod ketayotganidan choʻchimadi. Gazetaga oʻrogʻlik koʻylaklarini olib, hovliga tushganida, ammasi orqasidan chaqirdi:
— Sabohat, bolam, gapimga kir! Uyingga qayt! O’zim olib boraman!

Sabohat indamadi. Boshini bir-ikki silkitdi-da, koʻchaga chiqib ketdi.

Yaxshi odamlar koʻp dunyoda. Ba’zan yetti yot begona odam qarindoshdan koʻproq tushunadi, yaxshilik qiladi. Sabohat Qodirova ham oʻshanda yaxshi bir odamga duch keldi. O’sha kundan boshlab u odam tuqqan onadek, tugʻishgan onadek aziz, yaqin boʻlib ketdi. O’gʻli Baxtiyorga boʻlsa xaqiqiy buvi boʻldi.
— Mumkinmi?

Sabohat Qodirova xayolga berilib, derazadan hech narsa koʻrmayotgan koʻzlarini uzib eshikka qaradi. Eshik oldida navbatchi doktor turardi.
— Qalay?
— Uxlayapti. Yana bir soatcha uxlaydi. Yurak urishi tekis, nafasi yaxshi. Siz ketsangiz boʻlardi. Dam oling. Mashina bor. Bemorning oʻgʻli shu yerda.
— Aytgandek, chaqiring uni. Onasi telefon qiluvdi.

Uni eshitib turgandek, Ahad Komilov navbatchi doktorning orqasida paydo boʻldi.

— Men shu yerdaman, opa.
— Operatsiya yaxshi oʻtdi.
— Aytdilar, — Ahad Komilov navbatchi doktorga qarab qoʻydi. «Tanish boʻlishsa kerak», — xayolida oʻtkazdi Sabohat Qodirova navbatchi doktorning iltimoslarini eslab.
— Rahmat, opa. — Ahad Komilov koʻzlariga yosh oldi. — Bollaringizning rohatini koʻring. Toʻylaringizda xizmat qilaylik. Bizdan qaytmasa Xudodan qaytsin!

U gʻijim shimining choʻntagidan roʻmolcha olib, koʻzlarini artdi.
— Oyingiz telefon qildilar yaqinda.
— Oyimmas, ayachamiz, — Ahad Komilov shoshib gapga aniqlik kiritdi. — Dadamizning kenja xotinlari. Biz oyimiz bilan chiqib ketganmiz. Domda turamiz biz.

Sabohat Qodirova uning gapida oʻkinch sezdi.
— Kechirasiz...
— Hechqisi yoʻq, opa. Siz qaerdan bilasiz?... Baxtimizga dadamizni saqlab qoldingiz, bizga shu kifoya opa. Ming rahmat. Qoʻlingiz dard koʻrmasin. Ketasizmi uyga? Picha dam olsangiz boʻlardi.

Sabohat Qodirovaning gapi ogʻzida qoldi. Albatta, Ahad Komilovni oʻgay onaning nima degani mutlaqo qiziqtirmas edi.
— Mayli. Boray uyga. Biron oʻzgarish boʻlib qolsa xabar berarsiz. Navbatchi doktor va’da qildi.

Ahad Komilov birpasda uni Qoratoshga olib kelib qoʻydi.
— Men ham dadamning yoʻlini tanlagan edim, boʻlmadi, — dedi u mashinadan tushishganda. — Yoshlar mendan oʻtib ketishdi. «Binafsha» ansamblida doira chalaman, yallalarga qoʻshilab turaman. Siz juda ezilmang, doktor. Dadam ikki yildan beri ashuladan qolganlar. Nafas siqadi. Koʻp doktorlarga koʻrsatdilar. Hamma oʻtib ketadi, dedi. Dori berishdi. Sizni ham aytishgan edi. Ammo sizga kelmadilar. Kechirasiz, ishonmadilar shekilli.

Ahad Komilov jilmaydi. Sabohat Qodirova ham unga qoʻshilib jilmaydi va dilida «xabari yoʻq ekan», — deb qoʻydi.
— U emas, bu emas, peshona, — Oʻzicha yakun qildi Ahad Komilov. — Opa, yana bir bor rahmat sizga.
— Arzimaydi. Uyga kiramiz? — Sabohat Qodirova eshikni ocharkan taklif qildi.
— Yoʻq, yoʻq. Men boray. Oldilarida boʻp turay.
— O’nlarda men ham boraman. Xayr boʻlmasa.
— Xayr. Rahmat.

Sabohat Qodirova hovliga kirib, eshikni yopgandan keyingina mashina qoʻzgʻalganini eshitdi. «Yaxshi yigit ekan», — Oʻzicha xayolidan oʻtkazdi u va beixtiyor oʻgʻli bilan qiyosladi. Qaeridir uning Baxtiyoriga oʻxshab ketardi. Ota birligi uning esiga kelmadi.

Baxtiyor va oʻrtoqlari osh qilishganligi yigʻishtirilmagan dasturxondan bilinib turardi. Baxtiyorning oʻzi esa xonasida yechinmay krovatiga chuzilibdi. Oyisi kirganini u sezdi, koʻzlarini ochib qaradi, ammo charchoq va uyqu zoʻrlik qildi, yoniga agʻdarildi.

Sabohat Qodirova uni peshonasidan ohista oʻpib, oʻz xonasiga oʻtdi. U ham charchagan edi. Xalatini kiyib oʻrniga yonboshladi. Ammo uyqusi kelmadi. Olimjon Komilov bilan bugungi kutilmagan uchrashuv unga qiyinchiliklar, alam toʻla hayotini eslatib yuborgan, dardlari yangilanib ketgan edi...
— Hoy qiz! Hoy bola! Tur! Uyat boʻladi koʻchada qiz bola uxlab oʻtirsa!

Kimdir uning yelkasiga qattiq-qattiq turtdi. Sabohat achishgan koʻzlarini ochib, boshini koʻtardi. Avval qaerda-ligini bilolmay birpas alanglab turdi. Keyin bildi. Chaqardan chiqib, Chorsu orqali shu yerga, bolalar teatri oldiga kelganida, boshi toshdek boʻlib, koʻzlari oʻzidan-oʻzi yumilib ketdi. Teatrning eshigi oldida hech kim yoʻq edi. Sabohat shu yoqqa tushib, qoʻlidagi gazetani yarim yozib ustiga oʻtirdi. Shu zahotiyoq uyqu olib ketdi.
— Rayondan kelganga oʻxshaysan-a? Topdimmi?

Sabohat qora xalat kiygan, uzun erkak supurgi koʻtarib olgan keksa bir ayolning unga jilmayib qarab turganini koʻrdi.

— Shundoqmi? — yana soʻradi ayol.

Sabohat boshini qimirlatdi.
— Faqat uzoqdan kelganlar shunaqa uxlagani joy topolmay yurishadi. Hech kiming yoʻqmi Toshkanda?
— Yoʻq, — aldadi Sabohat va qizarib ketdi.
— Bechora. Qani tur. Yur manminan, — ayol supurgisini sudrab tepaga chiqa boshladi. — Bozorning oldida mehmonxona kerak, deb koʻp yozishdi. Hech kim quloq solgani yoʻq.

Roʻparada teatr boʻsa chet ellardan mehmonlar kelib tursa. O’zbeklar koʻchadayam yotarkan, uy-joy yetishmasakan, demaydimi?!

Sabohat uning gapini chala-chulpa eshitib orqasidan yurdi. Ayol unga birdan yoqib qoldi. Sodda, rahmdil odamga oʻhshaydi. Boshlagan joyiga boradi. Yomonlikni ravo koʻrmasa kerak harholda.

O’n-oʻnbesh minutcha yurishganidan soʻng ayol bir koʻk eshik oldida toʻxtab, uning rahiga qoʻlini sukdi. Zanjir sharaqlab tushdi.
— Kir, bolam. Shoʻtta mizgʻib ol. Nima ishing boʻlsa keyin qilasan.

Ular atirgul, rayhon hidlari ufurib turgan kattagina hovliga kirishdi. Hovlining oldi koʻcha eshikkacha gulzor, ortida mevali daraxtlar soya tashlab turardi.

Sabohat hovliga kirdi-yu, uni ilgari koʻrgandek, undagi har bir gul, har bir daraxt, gilos, olma, shaftoli, hujra yonidagi pastak shohtut unga tanishdek, shu yerda ilgari turgandek boʻlib ketdi. Yo tushiga kirganmidi shu hovli? U eslolmadi, ammo quvonib ketdi. Shu hovlida, shu ayol bilan u tinchini topadigandek boʻldi.

Ayol uni boʻyalmagan taxta pollik ozoda ayvondan ichkari xonalardan biriga olib kirdi. Xonada ortiqcha narsa yoʻq edi. Koʻrpa, yostiq taxlangan taxmon, idish-tovoq terilgan ikkita tokcha. Taxmon tagiga ikki qavat koʻrpacha tashlab qoʻyilgan edi. Ayol taxmondan bitta yostiq olib, koʻrpacha ustiga tashladi.
— Yot, bir uxlab turguningcha man kelaman.

Shahodat opa, ayolning ismi ham Sabohatga yoqib tushdi, bir banka qaymoq, ikkita issiq non koʻtarib kelganda, Sabohat haqiqatan ham bir uxlab turgan, chehrasi yorishib, yuvinib, xonaning burchagidagi boʻyi shipga yetgulik atroflari jimjimador yogʻoch gullar bilan oʻralgan baland tosh-oyna oldida sochini tarab turgan edi.

— Assalomu alaykum! Xush kelibsan, bolam! Yaxshi uxlab turdingmi? — Shahodat opa u bilan quchoqlashib koʻrishdi, — Oyday qiz ekansan. Xudo baxtingni bersin!

Hovlida samovar baqillab qaynab turganini koʻrib, u oʻzida yoʻq xursand boʻlib ketgan edi. Sabohat odati boʻyicha uyqudan turasolib hovliga tushgan, xuddi oʻz uyidagidek oʻchoqboshining oldida samovar turganini koʻrib, suvini almashtirgan, oʻt solib yuborgan edi.
— Baraka top, bolam! Samovar qaynab turmasa, uy egasiz qolganday boʻladi manga. Shoʻtga joy solaqolamiz.

Ona-bola derazani oldida oʻtirib choy ichamiz. Kuz chuzilib turibdi. Bu yaxshilikka. Xudo xohlasa toʻkinchilik boʻladi. Beva-bechora qishdan zoriqmay chiqadi.

Shahodat opa gap orasida epchillik bilan nonushtaga hozirlik koʻraboshladi. Sabohat uning nima qilmoqchiligini ilib olib yordamlashmoqchi boʻldi, ammo nima qaerdaligini hali bilolmay tipirchilab qoldi.
— Qoʻyaver, bolam. San oʻtir. San mehmonsan. Keyin harholda charchagansan. O’tir, oʻtir.

Ammo Sabohat oʻtirmadi. Qoʻlidan kelgancha unga qarashdi. Ikkovlari birpasda koʻp yildan beri tanishdek yaqin boʻlib ketishdi. Shahodat opa hech nima bilan qiziqmadi, hech narsani surishtirmadi. O’zi haqida esa Sabohat soʻramasa ham gapirib berdi:
— Yolgʻizman. Yigirma yil boʻldi. Bitta oʻzim turaman. Amaking ikkalamiz yetim oʻsganmiz. Bitta detdomda katta boʻlganmiz. Man pedinstitutni bitirganman. Amaking qishloq xoʻjaligini. O’qib yuribturmush qurdik. Mana shu hovli tashlandiq joy edi. O’zimiz tuproq tashib, tosh tashib tekisladik. O’zimiz shu imoratni qurdik. Ammo amakingga nasib qilmadi shu uyda turish. Aspiranturada oʻqiyotganda yaxshi niyat bilan uni Yamanga yuborishdi. Qishloq xoʻjaligi boʻyicha «spisalis»la keragakan. Borib, joylashib mani chaqiradigan boʻldi. Yarim yil oʻtdi, bir yil oʻtdi. Jimjit. Hech kim hech narsa bilmaydi. Ikki yil deganda uni oʻshatdagi sahroda yoʻqolganini aytishdi. Yo yoʻqolgan, adashib ketgan, yo hukumat dushmanlari oʻldirib yuborishgan. Man boyagi oʻzing koʻrgan teatrda ishlardim. Adabiy emakdosh edim. She’rlar, kichik-kichik hikoyalar yozib turardim. Shu xabar kelgandan keyin bosh ogʻrigʻi kasaliga giriftor boʻlib qoldim. Birov boshimmi ustidan tegirmon toshi yurgizayotganga oʻxshaydi nuqul. Esim kirdi-chiqdi boʻlib qoldi. Koʻp doʻxtirla qaradi. Yoʻq, bir tuzalganga oʻxshab yuraman uch-toʻrt kun. Keyin ikki chakkamdan birov ombirminam siqadi. Dod degim kebketadi oʻshanda. Tishimmi-tishimga qoʻyaman. Hech narsa miyamga kirmay qoladi, hech narsa esimda turmiydi... Doʻxtirlar ochiq havo kerak, deyishdi. Ochiq havo qidirib qayoqqa boraman? Hech qayoqda hech kimim yoʻq. Pensaga chiqarishdi. Keyin ozgina ishlayman ochiq havoda deb shu ishga kirdim. Koʻcha supuraman. Kulubminam teatrni oldini manga berishgan. Kuniga ikki mahal supurib-sidirib kelaman. Qolgan payt uydaman. Ba’zan bozorga chiqaman. Ba’zan teatrga borib spektakl koʻrib oʻtiraman bollaminam. Manga teatr bepul. Hamma taniydi. Amaking, Akbar akangdan ana darak chiqib qolar, mana darak chiqib qolar, deb kutib, yigirma yil kutibman. Darak chiqmadi. U yoqla notinch. Bir-biriminam it-mushuk. Nima talashishadi, bilmiyman. O’ldirvorgan, oʻligini qum-pummi ichiga koʻmvorgan boʻlishlariyam ajabmas. Lekin bechora mani juda yaxshi koʻrardi, esi ketardi manga. Rostakam gapni aytganda oʻshoqqa mani deb ketdi, yasantiraman, kiyintiraman deb ketdi. Noumid shayton. Choʻpchaylaga oʻxshab mana shundoq derazaga qarab choy ichib oʻtirganimizda keb qolishiyam mumkin. Nima deding?

Shahodatxon undan koʻzini uzmay oʻtirgan Sabohatga qarab qoʻydi javob kutmay gapida davom etdi:
— Umrimmi yarmidan koʻpi oʻtib ketdi. Kutdim. Buyogʻigayam kutaman. Odamla nima deyishsa deyishvursnn, Janoza ochtirmiyman. Maniychun u tirik. Naga hech narsa yemiyopsan? Ol. Qaymoqni bitta odamdan olaman. Choyxonani oldi-da manga oʻxshagan beva ayol bor. O’sha mol boqadi, ozgina qassobchilik ham qiladi. Goʻshniyam oʻshandan olaman. Magazinnikiga yetishomay qolsam. Qaeridan soʻrasam, oʻsha yeridan beradi. Manga bolam, yoqib qolding. Agar boradigan joying boʻlmasa, ishing bitguncha shu yerda turavur. Televizorimmi remontga berganman. Erta-indin tuzatib olib ke-lishadi. Zerikmiy oʻtirasan kechqurunlari.

Shahodat opa javob eshitmadi. Javob ber, deb qistamadi ham. Ammo Sabohat bir kun emas, butunlay unikida qolib ketdi. Unikida tugʻdi. Shahodat opa baxt keltirsin sanga, oʻzi ham baxtli boʻlsin deb ismini Baxtiyor qoʻydi. O’zi uni katta qildi. Shu uyda Sabohat institutni bitirdi, shu uyda nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini yoqladi. Shahodat opa unga haqiqiy ona, oʻgʻliga buvi boʻlib ketdi. Tuqqan ona emas, boqqan ona, deb shuni aytishsa kerak.

Shahodat opa Baxtiyorni san’atga havas qoʻyishiga ham, ashulachi boʻlib ketishiga ham sababchi boʻldi. Bogʻchadan keyin klubga olib bordi, teatrga olib tushdi. O’zi koʻcha supuradi. Baxtiyor spektakl koʻradi, bolalar spektakllarini, repetitsiyalarini tomosha qiladi. Maktabga qatnay boshlaganda, uni bir spektaklda oʻynashga chaqirishdi. Keyin «Gavrosh»ni ovozi tiniq, bir oʻynab koʻrsin, deyishibdi. O’ynadi. Premeraga Shahodat opa Sabohat Qodirovani ham olib bordi. Gavrosh barrikadalar ustiga chiqib, jandarmlarni mazax qilganda, yarador barrikadachining qoʻlidagi bayroqni olib koʻtarganda, oʻzi ham yarador boʻlib, «Marseleza»ni aytganda va koʻkragidan qon oqib yiqilganda, tomoshabinlar oʻrinlaridan turib ketib, qarsak chalishdi. Shahodat opaning yonida Sabohat Qodirova ham toʻlqinlanib ketib, koʻz yosh qildi. Baxtiyorning ovozi tiniq, jarangdor va shirali edi. O’zi ham berilib oʻynadi, Gavroshning oʻzi boʻlib ketdi.

Shu-shu teatr kollektivi bilan rasmiy gastrollarga boradigan, spektakl va kontsertlarda qatnashadigan boʻldi. Uyda dutor, tanburdan tashqari, turli ovoz yozadigan muzika apparatlari, magnitofonlar paydo boʻlib qoldi.

Beshinchi sinfni bitirganida birdan muzika maktabidan odamlar kelib, uni oʻzlariga olib oʻqitishni soʻrashdi. Sabohat Qodirova buni kutmagan edi. O’gʻlini olim, juda boʻlmaganda oʻziga oʻxshagan shifokor boʻlishini istardi. Spektakllarda qatnashishi, kontsertlarda chiqishini shunchaki bolalik qiziqishlari deb oʻylardi va halaqit bermasdi. Avval yoʻq, dedi. Koʻz oldiga Olimjon Komilovning bachkana qiliqlari kelib, qattiq turdi. Shunda Baxtiyor bir gap qildi, Sabohat Qodirovaning uyoq-buyogʻidan oʻtib ketdi.
— Dadam boʻlganlarida yoʻq demasdilar, — dedi u lablarini osiltirib.

Shu gap masalani hal qildi. O’gʻlini bagʻriga bosib Sabohat Qodirova rozilik berdi. Baxtiyor boshqa hech mahal hech narsada dadasini oʻrtaga solmadi. Surishtiradi. Qayta-qayta onasini gapirtiradi, ammo uning nomini aralashtirib masala hal qilmaydi. Sabohat Qodirova otasi haqida bir afsona toʻqigan edi. Bunga ham Shahodat opa, uning eri haqidagi hikoyasi sabab boʻldi. Bahtiyorning otasi, Davron Qodirov, goʻyo geolog boʻlgan, u tugʻiladigan yili ekspeditsiya bilan Tyan-Shanga ketib, qor boʻronida qolib ketadi. Hech qaerdan topilmaydi. Baxtiyor ishondi. Ammo bir kuni otasining suratini soʻradi. Sabohat Qodirova nima qilishini bilmay qoldi. Shahodat opa yana yordamga keldi. Erining suratini berdi. Ana shu begona odam Baxtiyorning sevimli otasi boʻlib qoldi. O’rtoqlari bilan rasmni katta qilib uyining toʻriga osib qoʻydi.

Shahodat opa oʻlimidan bir yil oldin, oʻlimi yaqinligini sezdi shekilli, Sabohat Qodirovani notariusga boshlab bordi. Ijroqoʻmga xat qildirib, uyini uning nomiga oʻtkazdi.
— Sani qizim dedim, oʻgʻling, Baxtiyor nevaram. O’lib qolsam hukumat begona deb yurmasin bizzi.

Takdir Sabohat Qodirovani Shahodat opa bilan uchrashtirib, uni faqat onalik emas, uylik-joylik ham qilib qoʻydi. Baxtiyorga esa baxt yor boʻldi.

Sijjakliklar esa bir marta ham ularni izlab kelishmadi. ToshMIdan Sabohatni topishsa boʻlardi. Studentligida ham kelishmadi. Bitirib, oʻsha yerda ishlay boshlaganida ham. Bir marta opasi bilan koʻchada toʻqnash kelib qolib, oʻzini ushlab turolmadi, koʻrishdi. Opasi Koʻkaldosh madrasasining orqasidagi doʻppi bozorga kelgan ekan. U esa ishga ketayotgan edi. Ammo uchrashuv ularni yaqinlashtirmadi. Opasi begona odamdek koʻrishdi. Ikki yil burun onalari qazo qilib ketganini, dadalari yangi xotin olganini, yaqinda oʻgʻil koʻrganini istar-istamas aytdi.

Sabohat Qodirova onasini qaerga koʻmilganini soʻrab, uyga taklif qildi. Hatto adresini yaxshilab tushuntirdi. Yana qaerda ishlayotganini qayta-qayta ta’kidladi. Opasi shoshib turibman, nasib qilsa bir kun kelarman dedi-yu, kelmadi. Uyga ham kelmadi, ishxonaga ham bormadi.

Baxtiyor bir kun kelib qarindoshlarini surishtirib qolishini oʻylab, Sabohat Qodirova opasi, ota-onasi haqida gapirib berdi. Xushyor oʻgʻil hech narsa surishtirmadi. Aftidan surishtirish onasiga ogʻirlik qilishini tushundi. Faqat bir marta ehtiyotsizlik qilib:
— Oyi, qarindoshlarimiz yoʻqmi bizani? Ertalabki toʻy oshi juda zoʻr boʻladi-da, — deb qoldi.

Sabohat Qodirova ichidan bir zil ketdi-yu, kulib qoʻya qoldi. Ammo oʻgʻlining orzusini unutmadi. Professorlik unvoni berilganini bahona qilib (boshqa oʻshanda sabab topilmadi) mahallaga osh berdi. Ishxonasidagilar, oʻgʻlining domlalari, oʻrtoqlarini chaqirdi. Baxtiyor toʻn kiyib, qiyiq bogʻlab eshikda mehmonlarni kutdi. Shirin, yaxshi bir toʻydek yigʻin boʻldi oʻshanda. Bir narsagina Sabohat Qodirovaning koʻnglini jindek xira qildi. Unda onasi hayot edi. Mashinalik shogirdlaridan birini Sijjakka yubordi. Shogirdi shaxsan oyisi, dadasiga uchrab taklif qilib kelgani aniq. Hatto besh-oʻn kishi boʻlib boringlar ham dedi. Ammo hech kim kelmadi. Dilida oʻzini aybsiz hisoblasa ham Sabohat Qodirova ular bilan yarashib ketishni istagan va oʻzi birinchi boʻlib — har holda yosh, keyin farzand — shunga harakat qilgan edi. Ammo uni kechirishmadi. Shundan boʻlsa kerak, Olimjon Komilovga boʻlgan nafrati, gʻazabi yanada zoʻraydi, oʻgʻliga dadasi halok boʻlib ketgan, deb aytganiga yana bir bor qanoat hosil qildi.

...Osma soat yettiga bong urganida odati boʻyicha oʻrnidan turib ketdi. Baxtiyor hovlining gir aylana asfalt yotqizilgan yoʻlkasida chopib yurardi. Sabohat Qodirova sevinib ketdi. Yoʻq, u hech qanday yetimlikni, uni xoʻrlaganlar, undan voz kechganlarni eslamaydi, hech kimdan xafa boʻlmaydi. Uning baxti, qoni va joni oʻgʻli bor! Shu unga kifoya! Shu bilan takdiridan mingdan-ming rozi. Ammo baribir koʻnglining bir chekkasi gʻash edi. Bu gʻashlik kecha, operatsiyadan keyin qoʻl yuvaturib birdan paydo boʻlib qolgan xavfning oqibati edi. U Olimjon Komilovga achindi, ovozsiz qolganiga, kasbini oʻzgartirishi lozimligiga achindi-da, choʻchib ketdi. Goʻyo siri fosh boʻlgandek, oʻgʻli otasi kimligini bilib qolgandek boʻlib ketdi. Albatta bunday boʻlishiga asos yoʻq edi. Baxtiyor unga ishonadi. Otasining halok boʻlganiga shubhasi yoʻq. Sabohat Qodirova baribir xavotirga tushdi. Olimjon Komilov haqida oʻylarkan, u sabab boshidan oʻtgan hodisalarni eslagani, kechasi bilan uxlamay chiqqani shundan edi. U butun vujudi bilan Baxtiyor otasi Olimjon Komilov ekanini bilmasligini, bunga ishonmasligini istardi. Shu paytgacha unga ota ham, ona ham oʻzi boʻldi, shunday boʻlib qolishi kerak. Iflos, pul uchun san’atkor, odam nomiga isnod bemazagarchiliklarga tayyor odam, odam emas, bir maxluq u kishi oʻgʻliga ota boʻlishi mumkin emas.

Qaysi bir yili hamkasblaridan biri uni uyiga taklif qildi. «Faqat xotinlar boʻladi, ma’qul boʻlib qolsa siz ham bizga qoʻshilasiz» — dedi. Bordi. Chindan ham yigʻilganlar ayollar edi. Oyda bir shunday, navbatma-navbat qizlar bazmiga kelishar ekan. Haddan tashqari shangʻillab, uyat soʻzlarni ishlatib gaplashishgani uchunmi, erlari, bola-chaqalari boʻlaturib, shunday hamkasbining iborasicha oʻzlarigina «yozilib» oʻtirganlari uchunmi, yigʻin yoqmadi. Bu ham mayli. Zamon ogʻir, tashvish koʻp. Ozgina asablarni shu yoʻl bilan tuzatib olishsa olishar. Ammo ularning chaqirilgan san’atkorlar bilan qilgan qiliqlari Sabohat Qodirovaga yoqmadi, koʻnglini aynitdi. Kayflari oshib qolgan ayollar oyoqlarining panjalariga ellik, yuz soʻmlik pul qistirib ashulachiga tutishdi. Choʻkkalab, shu pullarni tishlab oldi.

Qovurilayotgan yogʻliq xamir va yogʻ hidi endi dimogʻiga urilib Baxtiyor oʻchoqboshiga keldi. Sabohat Qodirova ona-bola yaxshi koʻrishadigan taomlari — qatlama qilayotgan edi. Chidamasdan bittasini sindirib, ogʻziga soldi.
— Nega chaqirishibdi, oyi? Sizni kutib oʻtirib uxlab qolibman.
— Ogʻir operatsiya boʻldi. Bir ashulachining ovoz yoʻllarini olib tashlashga toʻgʻri keldi.
— Kim ekan? Taniymanmi?
— Olimjon Komilov...
— Attang!.. Bir paytlar uni juda dovrugʻi chiqqan edi, deyishadi. Manda bitta kassetasi ham bor.
— Hozir-chi? — tusmollab soʻradi Sabohat Qodirova.
— Hozir koʻpchilik eslamaydi. Ashula aytmay ham qoʻygan edi. Betob deyishardi. Oyi, boshqa iloji yoʻqmidi? Nima qilgan ekan oʻzi?
— Ovoz kasali koʻpincha shamollashdan boshlanadi. Issiq-sovuqdan. Ovozni ayamaslikdan. Kasal ashulachiligiga qaramaydi, oʻgʻlim.

Baxtiyor oʻylanib qoldi. Sabohat Qodirova buni oʻzicha tushundi.
— Bu kasal faqat ashulachilarda emas, hammada boʻlishi mumkin.
— Olimjon akani filarmoniyadagilar yaxshi koʻrishmaydi. Ovozdan qolib bitta ansambl qilib beringlar, deb kelganida berishmagan. Ancha-muncha dimogʻdor boʻlgan deyishadi. Hatto filarmoniya rahbarlarini ham mensimas ekan.

Aftidan bu gaplarni Baxtiyor Olimjon Komilovni yomonlash uchun emas, oʻziga bir saboq uchun aytdi. Sabohat Qodirova uning toʻsatdan jiddiylashib qolgan nigohidan buni tushundi va ancha tinchidi. Yoʻq, yoshligida tashlab ketgan otasini u hech kimga, ayniqsa Olimjon Komilovlarga oʻxshaganlarga almashtirmaydi, hech qanday gʻiybat gapga ishonmaydi.

Nonushta payti u oʻgʻlidan bugungi kontsertini soʻradi.
— Mayli boʻlaqolsin shu kontsert. Saroy direktori va’da berib yuborgan ekan, — Baxtiyor onasiga iltimos nazari bilan qaradi, — siz bormang, xoʻpmi? Asosan yoshlar ekan bugun. Ba’zi aytadigan narsalarim sizga yoqmaydi.
— Nega? — hayron boʻldi Sabohat Qodirova.
— Yengilroq, nima desam ekan, sizning nazaringizda bachkanaroq boʻladi.
— Bachkana narsa aytma.

Baxtiyor jilmaydi.
— Shu kungi yoshlar talabiniyam oʻylamasa boʻlmaydi, oyi. Ular ham hali haqiqiy san’at nimaligini bilishmaydi. Kun boʻyi faqat pul dardida yurgan odamga shoʻx oʻynoqi, oyoq-qoʻllarning chigilini yozadigan narsalar kerak. Uch-toʻrt yil oʻtsin, ozgina bellarini baquvvat qilib olishsin, ana oʻshanda ular ham sof san’atni istab qolishadi.
— Eshitisharmikan? — soʻradi ishonqiramay Sabohat Qodirova.
— Nahorgi oshlarda eshitishadi-ku? Oshda, oyi, asosan klassika ijro etiladi. Bironta odam toʻpolon qilganini bilmayman.

Baxtiyor haq edi. O’gʻli shunga e’tibor berganidan Sabohat Qodirova xursand boʻldi.
— Mayli, unda bormayman. Nima ovqat qilib qoʻyay?
— Nimani koʻnglingiz tusasa, shuni...

Koʻcha tomon derazasi taqilladi. Sabohat Qodirova oʻrnidan turdi. Institut mashinasi kelgan edi.

Klinikada oʻz kabinetida Sabohat Qodirova boʻlim boshligʻining axborotini eshitdi.
— Komilovga nima berildi?
— Faqat bulon. Boshqa hech narsa yoʻq ekan. Endi soʻraymiz.
— Meva suvlaridan koʻproq buyuring. Keyin aytib qoʻying, hamshiralar hushyor boʻlishsin, ovqat naychalari burnidan chiqib ketmasin.
— Xoʻp boʻladi. O’zim qarab turaman. Sabohat Qodirova, xotinlari sizni kutib turibdi. Kirmoqchi.
— Mayli. O’zingizda boʻlib turing. Komilovni birga koʻramiz.

Boʻlim boshligʻi chiqib ketdi. Eshik ogʻzida yasangan yosh bir ayol paydo boʻldi.
— Assalomu alaykum!
— Keling! — taklif qidtsi Sabohat Qodirova uning kimligini fahmlab.
— Man Olimjon akani xotinlari boʻlaman. Kecha sizga telefon qiluvdim.
— Keling, oʻtiring.
— Rahmat, — ayol uyalinqirab kursining chetiga omonatgina oʻtirdi.
— Eshitaman? — Sabohat Qodirova unga qaradi.
— Siz albatta bilmaysiz. Sizzi men eshitganman. Manam qoratoshlikman. O’shatta hech kim tuzatmagan odamlarni tuzatvorgansiz. Olimjon aka ovozdan qolganlarida sizzi

koʻp gapirdim. Uch yilcha oldin rozi boʻldila. Keldik. Shundoq mashina eshigizzi ochdilaru, qochdilar. Ha, desam, eskichilik opa, xotin qishiga koʻrsatmiyman, dedilar. Mana baribir sizga keldilar.

«Demak meni biladi, — xayolidan oʻtkazdi Sabohat Qodirova ayolni eshitarkan. — Baxtiyorni ham bilarmikin?

Shunday oʻyladi-yu, kechagi xavfi diliga tushdi. Birpasning ichida bir olam mulohazalarni boshidan oʻtkazdi. Yoʻq, uning Baxtiyorga xaqqi yoʻq. Kap-katta xotin nimadan choʻchib ketdi oʻzi? Nega? Hech kim, hech qanday idora, sudga u borolmaydi. Baxtiyorning munosabatini boʻlsa eshitdi. Gap tamom. Tezroq davolab chiqarib yuboradi-da, boʻldi, esiga ham keltirmaydigan boʻlib ketadi.

Sabohat Qodirova ancha oʻzini tutib oldi.
— Bir narsani sizdan soʻramoqchiman, — yalinganomuz gapirdi ayol.
— Xoʻsh?
— Opa, jon opa, ayting... — ayol birdan koʻzlariga yosh olib yirlab yubordi. — O’lib qolmaydilarmi? Kecha juda qoʻrqib ketdim. A, opa?
— Eringizning umri qancha bilmayman. Buni Xudo biladi.

Ayol boshini likillatib, xoshiyali roʻmolchasini koʻzlariga tutdi. .
— Lekin bu kasal bilan u kishi besh yil, oʻn yildan keyin ham oʻlmaydi.
— Tilingizga bol, opa! Xudoyo aytganingiz kelsin! — ayol joyida bir qoʻzgʻalib oldi-da, eshikka qarab qoʻydi. — Opajon, mani tushuning, sizga rostini aytaman. Olimjon aka otam tengi odam. U kishi toʻsatdan olamdan oʻtib ketsalar, man koʻchada qolaman. Ikkita xotinlaridan yettita bollari bor. Man shoʻrlik yakkaman. Endi boshimga uchastka bitganda ular tortib olib qoʻyishadi. Qayoqqa boraman? Besh qizmiz. Kattasi manman. Kechasi bilan uxlamay chiqdim.

Ayolyana koʻzlariga yosh oldi.
— O’zingizni bosing, u kishi... — Sabohat Qodirova ensasi qotsa ham soddalik bilan dilini ochgan ayolga rahmi keldi. — U kishi yashaydi, Yuragi ham tuzuk. Faqat ovoz yoʻq.
— E, boʻmasin! Hamma gaplarini oʻzim qilaman. Paqat tirik oʻtirsalar boʻldi uyda.
— Singlim! — Sabohat Qodirova «oilaviy ishlaringizga men aralashmayman», deb uni toʻxtatmoqchi edi, ayol oʻzi oʻrnidan turib ketdi.
— Mastura! Mastura Inogʻomova! Boʻldi, opa, rahmat, manga boshqa hech narsa kerakmas. Nima qilishimni endi bilaman. Rahmat!

U otilib kabinetdan chiqib ketdi. Uning bu harakatida kirganidagi uyatchanligidan asar ham qolmagan edi.

Olimjon Komilov maxsus baland karavotda shiftga qarab yotardi. Kitob oʻqib oʻtirgan yoshgina hamshira professor bilan boʻlim boshligʻini koʻrib shoshib oʻrnidan turdi.

Sabohat Qodirova bemor tepasiga kelib salom berdi. Olimjon Komilov choyshab ustida yotgan qoʻlini silkitdi.
— Qalay ahvollari? Koʻp yoʻtalmayaptilarmi?
— Boya sok ichirganimizda bir-ikki yoʻtaldilar, xolos, — javob berdi hamshira, — Kechasi sirayam yoʻtalmadilar.
— Yaxshi, — Sabohat Qodirova bemorga qaradi, — Biz qoʻlimizdan kelgan hamma chorani koʻrdik. Umringiz uzoq boʻladi.

Bemor boshini ohista qimirlatib qoʻli bilan allaqanday ishoralar qildi.
— Bir narsa yozmoqchilar, — darrov uni tushundi hamshira.
— Bering qogʻoz, qalam, — taklif qildi Sabohat Qodirova.

Olimjon Komilov hali qimirlashi qiyin edi. Shunday boʻlsa ham koʻkragiga kitob qoʻyib sekin nimadir yozdi. Qogʻozni ikki bukladi. Ustiga «Professorga» deb yozdi. Boʻlim boshligʻi tushunib, oʻzini chetga oldi.

Sabohat Qodirova ojiz, titroq qoʻl bilan yozilgan xatni oʻqir ekan, lablarining ustida sovuq ter paydo boʻlganini sezdi. Darrov artdi. «Sabohatxon, men gunohkor bandani kechiring», deb yozilgan edi xatda.

Sabohat Qodirova bir zum oʻylanib qoldi. Nima qilish, nima javob qilish kerak? Kechirsa ham, kechirmasa ham uni taniganligini bildiradi. U buni mutlaqo istamasdi. Birdan kutilmagan, ammo uning nazarida odil bir fikr miyasiga urildi. U xatni ikki buklab bemorning qoʻliga qistirdi-da, jilmaydi.
— Odam odamga oʻxshaydi, — dedi baland ovozda, — Siz meni bilmaysiz. Kim bilandir adashtirdingiz. Tezroq sogʻayib keting.

Daxlizga chiqqanda boʻlim boshligʻiga tayinladi:
— Yolgʻiz qolmasin. Hamshira doim oldida boʻlsin.
— Xavotir olmang, — va’da qildi boʻlim boshligʻi.

Hamma palatalarni aylanib, oʻz kabinetiga kirganda, telefon jiringladi.
— Oyi, bu menman, — dedi Baxtiyor trubkani olganda.
— Tinchlikmi? — xavotirlanib soʻradi Sabohat Qodirova.
— Tinchlik. Oyi, ertalab notoʻgʻri gapirdim. Kim nima istasa shuni aytishim kerak emas. Har qanday joyda, har qanday sharoitda yaxshi narsa aytishim kerak. Siz haqsiz. Vaqtingiz boʻlsa keling.
— Xoʻp, — jilmaydi dili yorishib Sabohat Qodirova.
— Habibni yuboraman. Olib qeladi.

Sabohat Qodirova esladi: Habib — kechagi ma’mur yigit edi.
— Ovqatga nima qilay? Ertalab aytmading.
— Osh-da!..
— Kecha yeding-ku?
— Picha olataroq boʻlib qoldi. O’zingiz qilib bering. Kontsertdan birga qaytamiz. Xoʻpmi, oyi?
— Xoʻp, — dedi Sabohat Qodirova va ancha vaqt uzilgan telefon trubkasining kalta-kalta ovoziga quloq solib turdi. U oʻzida yoʻq xursand edi.

1993 yil, avgust.