OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiOyning oltin oʻrogʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm60KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oyning oltin oʻrogʻi (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

«Samarqand — Toshkent» avtoekspressi Yangiyoʻldan oʻtganda toʻxtab qoldi. Haydovchilardan biri ruldagi sherigi bilan allanarsalarni gaplashib, mashinadan tushdi. Yoʻlovchilarning koʻpchiligi olis yoʻl elitib, avtobusning bemavrid toʻxtaganiga e’tibor ham berishmadi, koʻzlarini yumganlaricha kreslo yostiqchasidan boshlarini koʻtarishmadi. Faqat Sanobar Kamolovagina oʻrnida bir qoʻzgʻalib oldi-da, beixtiyor soatiga qaradi. Kechki oʻndan qirq minut oʻtibdi. Avtobus grafik boʻyicha oʻn birdan chorak soat oʻtganda Toshkent avtostantsiyasiga kirib borishi kerak edi. U pastga tushib, orqaga oʻtdi, dvigatelni ochib tekshirayotgan shofyorning oldiga bordi.

— Tinchlikmi, uka?
— Hozir bilamiz-da, opajon, — deb javob qildi yigit fonarni ichkariroq tutib. — Avtobus yangi. Biron kontakti boʻshagan boʻlsa kerak-da.

Sanobar Kamolova xotirjam tortib katta yoʻldan chekkaroqqa chiqdi-da, beixtiyor tepaga qaradi. Kuzgi osmonda son-sanoqsiz yulduzlar charaqlab yotar, ular orasida choʻgari tilimidek oltinrang uch kunlik oy ohista suzar edi. Sanobar Kamolova yangi oyning oʻng tomoni bilan suzib borayotganini koʻrib, suyunib qoʻydi. Pushkinning qaysidir asarida, yangi oyni oʻng tomondan koʻrgan odam baxtli boʻladi yo uning hayotida quvonchli bir voqea yuz beradi, degan gap bor. Aytishlaricha, oʻzi ham shu ta’birga ishongan ekan. Sanobar Kamolova beixtiyor yana bir marta oyga qaradi. Nazarida, Pushkinning ta’biri toʻgʻriday edi. Uning ham uyidan koʻngli tinch. Eri qoʻshni mamlakatdagi olis komandirovkasidan omon-eson qaytdi. Oʻzining safari ham yaxshi qariyapti. Samarqand meditsina institutining studentlari, oʻqituvchilar kollektivi uning ma’ruzasini juda yaxshi qabul qilishdi. Rentgen va EHM imkoniyatlari... Bu mavzu Sanobar Kamolovaning ilmiy ishi boʻlib, besh yil burun himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasining davomi edi. AQSh, GFR, Moskva, Leningrad va Toshkent medik olimlari mustaqil ravishda shu yoʻlda olib borayotgan ishlar amalga oshsa, deyarli hamma miya kasalliklarini davolash imkoniyati ochilishi mumkin edi.

Ma’ruzadan soʻng, ancha vaqt savol-javob boʻldi. Shu bilan kechagi kun nihoyasiga yetdi. Bugun esa ertalabdan boshlab, ToshMIda birga oʻqigan kursdosh oʻrtoqlari ixtiyorida boʻldi. Bozorga tushishdi, Registonga borishdi. Bir necha marta koʻrgan boʻlsa ham, yana Ulugʻbek rasadxonasiga kirib chiqdi.

Qandaydir orombaxsh koʻngil toʻkliq bilan ekspressga oʻtirdi. Toʻrt soat nima degan gap, tagʻin, ish kuni boʻlmasa? Buning ustiga, Sanobar Kamolova mashinada yoʻl yurishni yaxshi koʻrardi. Eri bilan dam olish kunlari koʻpincha shahardan chiqib ketar, «Volga» mashinalarining orqa oʻrindigʻiga oʻtirib, lip-lip oʻtayotgan baland-past imoratlar, mevazor, ekinzorlarga qarab yosh boladek suyunar, hatto yangi haydalgan yerdan ham allaqanday zavq olar edi. Yer isi unga murakkab, ammo mazmunli hayotni eslatardi. Ular, er-xotin shunchaki — hech qanday ish, maqsadsiz ba’zan kun boʻyi mashinada yurishardi. Lekin medik boʻlgani uchun ularning oʻsha kungi olgan damlari butun kelasi hafta uchun beqiyos kuvvat ekanini yaxshi bilardi u.

Shuning uchun ham uyga oz qolganda avtobusning toʻxtab qolgani uning kayfiyatini buzmadi. Yana osmonga qaradi. Yangi oyning tagida dumli yulduz paydo boʻlibdi. Hozirgina U yoʻq edi. Yo bormidi? U yulduzga tikilib qoldi.

Mashinadan yana bir ayol tushdi. U ham xuddi Sanobar Kamolovadek avval mashinaning orqasiga — yigitlarning oldiga bordi. U yoqda endi ikkala shofyor timirskilanishardi.
— Yaqin-orada ketamizmi? — dedi ayol boʻgʻilib.
— Kim biladi, deysiz, opajon? — boyagi shofyor tagʻin javob berdi. — Tili boʻlsaki, aytsa, manavi yerim... deb. Xavotir olmang, uzogʻi bilan bir soatda yoʻlga tushamiz. Bu mashinaning karbyuratori nozikroq. Zapas berib qoʻyinglar, desak, berishmaydi.

Ayol Sanobar Kamolova tomon yurdi. Fonar yorugʻida uning hali yoshligi — qirq-qirq beshlar atrofidaligi qomatidan ham, yuzidan ham bilinib turardi. Sanobar Kamolova uning egnidagi belbogʻlik paltosiga e’tibor berdi. Quyuq qora qunduzli uzun duxoba palto unga juda yarashib turardi.
— Kechirasiz, Toshkentga yaqin qoldikmi? — deya soʻradi u Sanobar Kamolovaga yaqinlashib.
— Olis emas, yigirma-yigirma besh kilometrcha qoldi shekilli. — Keyin soatiga qarab qoʻshib qoʻydi: — Agar hozir tuzatishsa, oʻn ikkilarda yetamiz.

Ayol indamadi.

Avtobusdan yana besh-olti kishi tushdi.
— Keldikmi deyman? — deb soʻradi bir kishi.
— Yoʻq, hali bor, — dedi ikkinchisi. — Ancha mizgʻib oldilar chamamda, turtsam ham sezmadingiz?
— Hoʻv shofyor ogʻaynilar! Tinchlikmi yo shu yerda tunaymizmi?

Yana qandaydir savol-javoblar, hazil-mutoyiba gaplar boshlanib ketdi. Kimdir qaysi bir yili qahraton qishda yoʻlda yolgʻiz qolib ketib, boʻrilarga yem boʻlishiga oz qolgani haqida, kimdir olis yoʻllarda navbatchi avariya mashinalari yoʻqligi bemazagarchilik ekani haqida gapirardi.

Ayol ulardan chetrokda edi, aftidan gaplarni eshitmas, oʻz xayoli, oʻylari ogʻushida edi. Keyin chuqur bir esnab, qoʻllarini choʻntaklariga soldi-da, Sanobar Kamolovaga razm solib, u tikilib turgan tomonga qaradi.
— Nimani kuzatayapsiz? Yangi oynimi? — Uning ovozi boʻgʻiq boʻlsa ham ancha shirali, kishini darhol oʻziga tortadigan edi.
— Oyni ham, — deb javob qildi Sanobar Kamolova. — Koʻproq uning yonidagi yulduzni. Qarang, dumi yerga tegay deb turibdi.
— Rostdan ham! — Ayol hayratga tushdi. — Dumli yulduzlarni eshitgan edim-ku, lekin bunaqasini koʻrmagan ekanman. Oti nima bu yulduzni, bilasizmi?
— Bilmadim, — dedi Sanobar Kamolova. — Aftidan, bu yulduz emas.
— Voy! Anavi... uchar tarelkami yo?

Sanobar Kamolova kuldi.
— Uchar tarelka biz tomonlarda nima qilsin? Bular hammasi yoʻq gaplar. Nazarimda, bu yo yerning sun'iy yoʻldoshi, yo kosmik kema...
— Jonibekovlar uchib yurgan kema, deng? Muncha kichkina?
— Kichkina emas, shunday tuyulyapti-da olisdan. Avtobusimizdan qolishmas.

Ayol ham Sanobar Kamolova ham beixtiyor avtobusga qarashdi. Keyin yana osmonga tikilishdi. Dumli yulduz harakatga tushib, Oyning ustidan uchib oʻtdi-da, koʻzdan gʻoyib boʻldi.
— Qanday kunlar keldi-ya?!.. — dedi hayrat ichida ayol.

Sanobar Kamolova uni quvvatladi:
— Nimasini aytasiz! Agar kosmik kema boʻlsa, balki kosmonavtlar bizni koʻrishgandir? Sizni ham, meni ham...

Lekin ayol birdan oʻzgarib:
— E, mening kimga keragim bor, oʻzi odamlardan qochib yuribman-ku, — dediyu avtobus oldiga oʻtib ketdi.

Avtobus bir soat deganda ham tuzalmadi. Ba’zilar ikkita-uchta boʻlib, yoʻlovchi mashinalarda keta boshlashdi, ba’zilar avtobus ichiga kirib, uxlashga tushdilar.

Sanobar Kamolova zerikdi. U uxlayolmasligini bilardi. Shuning uchun bironta mashina toʻxtasa, ketaqolishni moʻljallab, avtobusdan sumkasini, dugonalari qoʻyarda-qoʻymay berib yuborgan Samarqand noni, shoʻrdanak solingan paketni olib tushib, mashina oldiga oʻtdi.

Notanish ayol avtobusga suyanib yigʻlardi. Sanobar Kamolova nima qilishini bilmay, turgan joyida toʻxtab qoldi. Koʻngil soʻrab borsa, jerkib bersa-chi? Ayollarning nimasi koʻp, siri koʻp. Ba’zan oʻzlari yolgʻiz boʻlgilari keladi. Shunday boʻlsa ham Sanobar Kamolova bu kelishgan, anchagina yoqimli, ammo ba’zi harakatlari bolalarnikidek sodda ayolga dalda bermoqchi boʻldi.
— Kechirasiz, — dedi yaqinroq borib, — men ham yoʻlovchi mashina tutib ketmoqchiman. Avtobusning qachon tuzalishi hali gumon. Istasangiz birga ketaylik.

Ayol yuz-koʻzlarini artib, jilmaydi.
— Shoshadigan joyim yoʻq. Mayli. Ketamiz, desangiz, ketamiz. Sumkamni olvolay.

U erinibgina orqasiga qaytdi va tezda havorang qoʻl sumkasi bilan Sanobar Kamolovaning yonida paydo boʻldi.
— Siz qaerda turasiz?
— Bogdan Xmelnitskiy koʻchasida. Shunday «Shodlik» atelesining orqasida.
— Boʻldi, yaqin ekan. Men S-12da turaman.
— Sizning uyingiz ham olis emas ekan, — dedi Sanobar Kamolova. — Men oldin sizni tashlab ketishim mumkin.

Ikkita yengil mashina koʻzlarni qamashtirib, vizillaganicha oʻtib ketdi. Uchinchi mashinaning chiroqlari koʻringanda, ikkala ayol baravar qoʻl koʻtarishdi.

Qizil «Jiguli» roʻparalariga kelib toʻxtadi. Sanobar Kamolova rulda oʻtirgan yigitga adresini tushuntirdi.
— Oʻtiringlar, — dedi yigit. — Bironta militsioner toʻxtatsa, qarindoshimiz deysizlar-da. Otim Islom.

Ayollar «xoʻp» deb mashinaga chiqishdi. Shofyor yigit magnitofon tugmachasini bosib qoʻydi. Mashina ichini mayin dutor ohangi bosib ketdi. Musiqaga berilib, shaharga kirib kelishganini bilmay qolishdi. Shota Rustaveli koʻchasiga yetganda, Islom:
— Avval Bogdan Xmelnitskiyda toʻxtasak, nima deysizlar? S-12dan qaytish qiyin. Oʻzim oʻsha tomonda turaman.

Sanobar Kamolova ayolga qaradi.
— Mayli, — dedi ayol, keyin Sanobar Kamolovaning oʻzigagina eshitarli qilib qoʻshib qoʻydi. — Siznikida qolaqolsam, maylimi?

Sanobar Kamolova avval hayron boʻldi. Lekin tuppa-tuzuk ayolning ra’yini qaytarmaslik uchun:
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Xavotir olishmaydimi, ishqilib?
— Xavotir oladigan oʻzim-da..

Ayol shunday deb kinoya bilan jilmaydi va xoʻrsinib qoʻydi.

Uyga yetib kelishganda, koʻcha chirogʻidan boshqa barcha uylarda chiroq oʻchiq, hamma uyquda edi.

Sanobar Kamolova eshikni ochib, ayolni ichkariga taklif qildi. Ayvonga oʻtib, chiroqlarni yoqdi. Erining harbiy kiteli osib qoʻyilgan stulni chetroqqa surib:
— Bemalol yechinib oʻtiring, — dedi-da, oʻzi ichkari xonaga kerib ketdi.

Yotoqxonaga oʻtib erining peshonasidan oʻpdi.
— Zabixilla aka! Men keldim. Xavotir olmadingizmi?

Zabixilla aka yotgan joyida uyqu aralash xotiniga Koʻllarini choʻzdi.
— Qozonda ovqat bor... Muncha kech?
— Avtobus yoʻlda buzilib qoldi. Men bir oʻzimmasman. Bugun endi yolgʻiz yotasiz. Bir ayol bor. Biznikida yotib qoladi. Kabinetingizga joy solamiz. Maylimi?

Zabixilla aka hafsalasi pir boʻlib, teskari oʻgirilar ekan, mayli, deb boshini qimirlatdi va yana uyquga ketdi.

Sanobar Kamolova roʻparadagi yoʻlak orqali qoʻshni xonaga kirib, ikkala oʻgʻliga qaradi, ustilaridagi choyshabni yaxshilab yopdi, yana yotoqxonaga qaytib kirdi. Javondan ikkita tungi xalat olib, ayvonga chiqdi.
— Pochchangizning kabinetlarida yotamiz ikkalamiz. Hozir choy qaynataman. Bir oshamdan osh yeymiz.

Sanobar Kamolova koʻzlarini bir nuqtaga qadab, xomush oʻtirgan ayolga murojaat etdi.
— Nega yechinmayapsiz? Paltongizni anavi qoziqqa iling. Judayam chiroyli ekan. Oʻzingizga biram yarashibdiki... Ayvonimiz issiq, keyin hech kim kirmaydi, pochchangiz ham;

ikkala oʻgʻlim boʻlsa dong qotib uxlab yotishibdi. Koʻylagingizni yechib, manavi xalatni kiyib oling. Mendan uyalmassiz?

Ayol jilmaydi.
— Yoʻq...
— Boʻling boʻlmasa!

Sanobar Kamolova joʻrttaga shoʻxlik bilan qoʻlidagi pushtirang xalatni ayolga otdi. Oʻzi ham shu yerda apil-tapil yechinib, yaxshi koʻrgan zangori xalatini kiyib oldi.
— Ana! Opa-singil boʻldik-qoʻydik. Men Sanobarman.

U shunday deb, ayolga qoʻlini uzatdi. Ayol ham qoʻlini choʻzdi. Uning barmoqlarida qoʻsha-qoʻsha javohir uzuklar bor edi.
— Irodaman.
— Xush kelibsiz, Irodaxon.

Sanobar Kamolova, olis yoʻlga bunday qimmatbaho narsalarni taqib nima qilardingiz, tagʻin bir oʻzingiz yoʻlga chiqqan ekansiz, deb soʻramoqchi boʻldi-yu, yana iymandi. Toʻgʻrirogʻi, havasi kelibdi, deb oʻylamasin, dedi.
— Sizni bilmayman-u, Irodaxon, mening qornim ochqab ketdi. Buning ustiga, pochchangiz oʻzlari osh qilsalar yemagan odamdan xafa boʻladilar. Yuring. Men oshni isitaman. Siz choy damlaysiz.

Ikkovlari ayvonning biqiniga tushgan qulaygina oshxonaga oʻtishdi. Ayolning anchagina ruhi koʻtarildi shekilli, xuddi oʻz uyidek yumushga berilib ketdi. Uning uy ishlariga epchil, ozoda, mehnatkash ayol ekanini Sanobar Kamolova darhol sezdi. Nima tashvish tushgan ekan bechoraning boshiga? Ammo shu zahoti oʻng qoʻlidagi uzuklarni, quloqlaridagi har bir toshining oʻzi hatto bir boylik boʻlmish, nihoyatda nozik ishlangan javohir isirgʻalarni koʻrib, uning oʻzi birovlarni bechora qilib qoʻymaganmikan, degan xayol Sanobar Kamolovaning miyasiga urildi, kimni olib keldim uyimga, deb bir oz oʻzini koyigan ham boʻldi. Lekin iloj qancha, boʻlar ish boʻldi. Shu fikr bilan u oʻzini chalgʻitdi-da, ayvondagi stolga dasturxon yozdi.

Osh shirin ekan, isitilgan boʻlsa ham yaxshigina yeyishdi. Choydan soʻng kabinetga oʻtishdi.

Sanobar Kamolova qoʻyarda-qoʻymay mehmonni divanga yotqizdi. Oʻziga yigʻma karavot olib kirib joy soldi.
— Siz divanda yotsangiz boʻlardi, — dedi Iroda. — Baribir men uxlayolmayman. Sizni bezovta qilaman agʻdarilaverib, eshikka chiqaverib...

Sanobar Kamolova koʻnmadi.
— Hechqisi yoʻq. Men ham kam uxlayman. Ammo, Iroda... meni kechiring-u, nima sizni qiynayapti? Men yordam berishim mumkinmi? e’tiboringiz uchun: men — vrachman.
— Rahmat. Menga vrach kerak emas. Menga hozir hech narsa kerak emas. Bir haftada hayoti agʻdar-toʻntar boʻlgan odamman men. Baxtsiz, yuzi qaro...

Iroda jimib qoldi. Sanobar Kamolova uning yuragi toʻlib, piq-piq yigʻlayotganini eshitdi.
— Suv olib beraymi? — dedi boshini koʻtarib.
— Yoʻq, rahmat, — dedi Iroda yigʻi aralash. — Menga shunchalik iltifot koʻrsatdingiz, uyingizda olib qoldingiz, rahmat. Men... men, kiritmassiz, deb oʻylagan edim.
— Nega kiritmas ekanman? — deya hayron boʻldi Sanobar Kamolova. — Odam odamga doʻst boʻlishi kerak, mehr-oqibatli boʻlishi kerak.

Iroda oʻzini tutolmay yigʻi aralash yoʻtaldi.
— Yoʻq. Mening kimligimni... menga nima boʻlganini bilganingizda edi!.. — Iroda hiqillab ancha yigʻladi.

Sanobar Kamolova hozir uni ovutish foydasiz, deb oʻylab, bir oz jim turdi. Keyin choy quyib uzatdi.
— Manavini ichib yuboring.

Iroda piyolani oldi, oxirigacha ichdi. Ogʻir bir tin olib, Sanobar Kamolovaga oʻgirildi.
— Bilasizmi, Sanobar opa... men... men toʻrt bolaning onasiman. Katta oʻgʻlim Baxtiyor yigirmada, keyingisi Eldor, oʻn sakkizda. Qizim Saida toʻrtinchi sinfda, Xolyor ikkinchi sinfga oʻtdi yaqinda. Oʻzim qirq beshga kirdim. Asli Jomboyda tugʻilganman. Otam men tugʻilgan yili urushga ketib, halok boʻlganlar. Urush, urushdan keyingi yillarni bilasiz, ancha qiyinchilik koʻrib oʻsganman. Lekin meni oʻqitishdi. Maktabni bitirgach, Samarqand meditsina institutiga kirdim. Koʻryapsiz, hamkasbmiz. Lekin kasbim foydasiz qolib ketdi. a’lo bitirdim institutni. Orzum Toshkentga kelib aspiranturaga kirish edi. Oʻqituvchilarim bolalardagi tutqanoq kasaliga oid diplom ishimni maqtab, shu mavzuda ilmiy ish qilsangiz arziydi, deyishdi. Toshkentga kelib aspiranturaga kirdim ham. Afsuski (albatta, endi afsus deyman), onam, togʻalarim meni uzatish dardiga tushib yurishgan ekan. Yigitni aytishdi. U ham samarqandlik boʻlib, ustozi ortidan Toshkentga koʻchib kelgan, yaxshi ishda ekan. Obroʻyi ham binoyi, topishi ham. Yoʻq deyishimga qaramay, bizni Toshkentda bir tanishimiznikida uchrashtirishdi. Rostini aytsam, yigit menga yokdi. Baland boʻyli, qoraqosh, qorakoʻz, quyuq sochlari bir oz jingalak boʻlib ketgan, ochiq havoda koʻp yurganidanmi yo oʻzi shunaqami — rangi qizilmagʻiz nondek... Qandaydir bir qurilish boshqarmasida injener boʻlib ishlar ekan. Birpas choy-poy ichib, gaplashib oʻtirgandek boʻldik. Tili burro. Bilmagan narsasi yoʻq. Ustiga ustak, mediklarni hurmat qilar ekan. Oshnalari koʻp ekan mediklardan. Gap orasida, har bir yangi tushayotgan massivda alohida poliklinikasi, medpunkti boʻlishini talab qilyapmiz, dedi. Xullas, menga u yokdi. Men ham yokdim, shekilli, bir hafta oʻtar-oʻtmas, toʻyimiz boʻldi. Ikki joyda — oldin Samarqandda, keyin Toshkentda. Samarqanddagisini nomiga oʻtkazdik. Ammo Toshkentdagi toʻy... men bunaqa dabdabali toʻylarni kam koʻrganman. «Toshkent» restorani sotib olindi. Stollarda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. Artistlar-chi? Butun Samarqand, Qarshidan eng dovruqli sozandalar, ashulachilar kelishgan. Toshkentdagilarni aytmaysizmi? Adashmasam, Faxriddin Umarov ham bor edi. Oʻshanda uning eng gurillagan payti edi.

Kuyovning ustozlari Sotimxon aka shunaqangi gapga chechan odam ekanlarki, bir qarasangiz, dunyo voqealaridan tushib hammani oʻylatib qoʻyadilar, bir qarasangiz, kutilmagan hazil gaplarni topib hammani kuldiradilar. Men ham oʻzimni zoʻrgʻa tutib oʻtirdim.

Yarim kechada bizni mashinaga solib, olib ketishdi. Qorongʻida qaerga kelganimizni bilmayman, har holda uzoq yurmadik. Mashinadan tushganimda Sotimxon aka Norboy aka bilan mening oldimga keldilar. Qolganlar orqaroqda turishdi.
— Norboy, uka! Mana, oila ham qurding. Goʻzal bir pari hayot yoʻldoshing boʻldi. Irodaxon! Kuyov bola men uchun oʻgʻildan ham aziz. Bir jon, bir tan boʻlib yashanglar. Keksalar, oilaning boshi er boʻlsa, tanasi xotin, deb bekorga aytishmagan. Qoʻshaqaringlar. Manavi kalit, kelin, sizga. Uz qoʻlingiz bilan oʻz uyingizni oching. Uchinchi qavat, 14-xona. Shu jez kalit keyinchalik oltin boʻlib ketsin.

Sotimxon aka kalitni menga berib, peshonamdan oʻpdilar. Norboy akani quchoqladilar. Qoʻltiqlashib yoʻlakka kirib ketmagunimizcha hamma ortimizdan qarab turdi.

Uy, Sanobar opa, men sizga aytsam, ertakdagidek edi. Albatta men uchun. Toʻylar ham, uy ham. Uch xona, poli parket. Ikkita lodjia. Hamma xonalarda bir xil kizil mebel. Boshim aylanib ketdi. Norboy aka meni quchoqlab koʻtardi-da, ikki kishilik karavot chetiga oʻtqizdi.
— Charchadingizmi? — deb soʻradi u oʻta muloyimlik bilan. — Bir bokaldan shampan ichaylik, hammasi oʻtib ketadi. Uyning kamchiliklari boʻlsa, kechirasiz. Tanlagunimizcha vaqt oʻtib ketdi. Sotimxon akamlarga rahmat, shu uyni keyin oʻzlari olib berdilar.
— U kishi kim? — dedim yosh bolalar onasidan sehrgar kim deb soʻragandek.
— Sotimxon akami? Soddaroq tushuntirsam, yigirmanchi asr kishisi. Hamma narsani biladi, hamma narsaga qoʻli yetadi. Yoʻlimizda shu odamning uchrab qolgani bizning baxtimiz.

Uch kundan keyin Yaltaga ketdik. «Oʻzbekiston» sanatoriyasida dam oldik. Biz tushmagan bironta teploxod qolmadi, eng yaxshi restoranlarning hammasiga kirib chiqdik. Aspirantura xayoldan koʻtarildi.
— Yaxshi vrach boʻlaman degan odam, aspiranturasiz ham boʻlaveradi, — dedi meni ovutib Norboy aka. — Qiyos qiling, men sizning bemoringizman. Qarang, boqing... Bor tajribalaringizni menda oʻtkazing. Aspirantura qochib ketmaydi. Hozir oʻynab oling.

Rostini aytganda, Norboy aka taklif qilgan hayotda aspirantura men uchun ortiqcha edi. Tushgacha bozor, magazin... Nima istasam olaman. Tushdan keyin kechqurunga tayyorgarlik... Keyin televizor, kino, teatr... Xullas, oʻrtoqlarimning koʻpi menga havas qilishardi. Ba’zan oʻzim ham oʻzimga havas qilib qoʻyardim. Shu alpozda kunlar oʻtaverdi. Yaltadan qaytib kelganimizdan keyin koʻp oʻtmay, Norboy aka koʻtarildi. Boshqarmaning bosh injeneri boʻldi. Yana bir oz vaqtdan soʻng, yangi bir boshqarmaga boshliq boʻlib oʻtdi. U nihoyatda xursand edi. Kunduz kuni shu xabarni aytgani keldi-da, kechqurun Sotimxon akam keladilar, tay-yorgarlik koʻrib qoʻying, dedi.

U ketishi bilan uyga yashik-yashik meva-cheva, soʻyilgan qoʻy koʻtarib kelishdi. Ikki kishi kabob, mantiga unnab ketdi. «Irodaxon! Oshni oʻzingiz qilarmishsiz!», dedi ulardan biri.

Qorongʻi tushganda kelgan Norboy aka oshpazlarning ishlaridan mamnun boʻlib:
— Boʻldi, bu yogʻini oʻzimiz qilamiz, — dedi-da, ularga javob berib yubordi. Menga esa:
— Sotimxon aka katta oʻtirishlarni yoqtirmaydilar. Notanish odamlarni ham. Qoʻraga six terishni oʻzim qotirib yuboraman. Manti vaqtidan oʻtib ketmasa boʻlgani. Qarab turing, — deya ta’kidladi.

Keyin ikkalamiz dasturxon tuzay boshladik.
— Oz-ozgina keragidan qoʻysak boʻldi. Toʻla dasturxon ishtahani boʻgʻadi.

Norboy aka shunday deb turgan edi, qoʻngʻiroq jiringladi.
— Keldilar! — dedi suyunib Norboy aka. — Oʻzingiz oching. Xursand boʻladilar.

Darhol fartugimni yechib, eshikni ochdim. Sotimxon aka bir oʻzlari edilar.
— Barakalla! Mana, haqiqiy uy bekasi boʻlibsiz-qoʻyibsiz. Salom!

U shunday deb, ikkala qoʻli bilan piyoz yuqi qoʻlimni labiga olib borib oʻpdi.
— Ayol uchun eng aziz va moʻ'tabar kasb — uy kasbi. Er uyga ming xil kayfiyatda keladi. Bir kayfiyatda ikki ogʻiz shirin gap, tabassum yetarli. Bir kayfiyatda bir osham oltindek palov boshni koʻkka yetkazadi. Xullas, erni er qiladigan ham xotin, kechirasiz, bu sizga mutlaqo taalluqli emas, yer qiladigan ham xotin. Bir koʻray, deb keldim. Bu, bizning kuyov bola, Norboy Norboʻtaevichdan shikoyat yoʻqmi?
— Yoʻq, rahmat. Qani, ichkariga kiring, Sotimxon aka!.. — dedim-u, uyalganimdan oʻzimni oshxonaga urdim.

Oshxonada boyagi hayajondan oʻzimni bosolmay, yuz-koʻzimga muzdek suv sepdim, u-buga unnadim, xullas, bir amallab, sal oʻzimga keldim. «Norboy Norboʻtaevich!..» Endi uni shunday deyishar ekan-da?! Chindan ham katta ishga oʻxshaydi, Sotimxon akaning oʻzi uni shunday deyapti. Sevinganimdan bu odamga qoʻlimdan kelgan yaxshilikni qilishga, Norboy akani esa, u bilan uchrashganimdan, yarim och, yetim oʻtgan bolaligim evaziga shunday, baxtli hayotga yetishganimdan boʻynidan quchoqlab oʻpib-oʻpib olishga aad qilib qoʻydim.

Qazi, qirilgan turp olib chiqib qoʻyayotganimda, Norboy aka shishalarni ochayotgan ekan. Sotimxon aka menga kulib bir qarab qoʻydi-da, Norboy akadan soʻradi.
— Iy-ya! Norboy Norboʻtaevich! Bizning suyganimiz qani? Yoʻq, u boʻlmasa koʻngil joyiga tushmaydi.

Norboy aka qip-qizarib ketdi. Men nima hakda gap ketayotganini tushunmadim.
— Buni qarang, shu esdan chiqibdi-ku. Kechirasiz, hechqisi yoʻq, besh minutda hozir boʻladi. Aybga buyurmaysiz, oʻzingizni yolgʻiz qoldiraman-da?
— Topmasangiz boʻlmaydi. Bugungi kayfiyatimiz oʻnta «Napoleon»ga arziydi! — dedi Sotimxon aka. — Boring!

Norboy aka yugurib eshikka chiqib ketdi. Men oshxonaga oʻtib, oʻz ishlarimga unnab ketdim. Oshga sabzi, piyozni bostirib, suv solib turganimda, oshxonaga Sotimxon aka kirib keldi.
— Iya, iya! Bu, qoʻlga nima qildi?
— Nima qilibdi? — deya qoʻrqib ketdim.
— Kesib olibsiz-ku! Shunday qoʻlni ham kesib boʻladimi?

Choʻmichni qozon yoniga qoʻyib, tirsagimgacha shimarilgan qoʻllarimga qaradim.
— Qani?

Sotimxon aka oʻng qoʻlimni bilagimdan ushlab, bashmaldogʻimdan bilagimgacha borgan ingichka qizil chiziqni koʻrsatdi.
— Mana! Buning oldini olish kerak.

U qoʻlimni qoʻyib yubormay yuziga yaqinlashtirdi va doʻrdoq lablarini choʻzib, puflay boshladi.
— Yod surish kerak, — dedim men.
— Yodning keragi yoʻq. Eng yaxshi davo labning shirasi.

U shunday deb, bilagimni oʻpa boshladi. O’zimni yoʻqotib qoʻydim. Buni u rozilik, deb tushundi, shekilli, belimga qoʻl yubordi. Bir siltanib chiqib ketdim, qoʻlimni tortib oldim.

— Nima boʻldi, qizim? Faqat baniyati shifo, deb, faqat shifo deb. Yoshlar-ey, yoshlar, yaxshilikni tushunmagan yoshlar...

U chiqib ketdi. Meni ter bosib ketgan edi. Nima qilsam ekan, chiqib urishsammi, haydab yuborsammi? Oʻzi yopishdi, desa nima boʻladi? Kim menga ishonadi? Norboy aka ishonarmikan? Bilasizmi, Sanobar opa, nazarimda oʻsha kuni, oʻsha topda, koʻzim ochildi. Norboy aka bilan oramizga sovuqlik tushdi, munosabatimiz darz ketdi.

Yer yutgur «Napoleon» keldi. Norboy aka qaysi bir restorandan topib keldi. Allamahalgacha ikkalovi ichib oʻtirishdi. Men chiqmadim. Kabob ham eslaridan chiqdi, manti ham. Osh dam yeganda, tishimni tishimga qoʻyib suzdim. Bir lagan olib chiqdim.
— Barakalla! Qizimning qoʻli gul... Norboy Norboʻtaevich! Qizimning koʻli gul! Unga ozor bersangiz, bizga ozor bergan boʻlasiz. Qani, bitta quying-chi!

Men ham ryumkani koʻtarishga majbur boʻldim. Sotimxon aka gapirdi.
— Norboy Norboʻtaevich! Sizni men oʻgʻlim deganman. Irodaxon — qizim. Shu kishining salomatligi uchun.

Ichishdi. Men labimga tekkizib qoʻydim.

Sotimxon aka oʻrnidan turdi. Norboy aka yugurib ichkari xonadan diplomat-sumkasini olib chiqdi. Undan katta bir paketni olib ustoziga uzatdi.
— Aytganingiz, Sotimxon aka. Bu yogʻiga biz qarzdor.
— Omon boʻlinglar.

Sotimxon aka paketni qoʻltigʻiga qistirib chiqib ketdi. Men yoʻlakda qoldim. Norboy aka uni kuzatib qaytib kelganida ogʻzi qulogʻida edi.
— Bilasanmi, ertadan boshlab men kimman? Eng yaxshi trestning boshligʻiman!
— Muborak boʻlsin! — dedim, lekin shashtim pastligini Norboy aka sezdi.
— Nima boʻldi?
— Shu odam ikkinchi biznikiga kelmasin.
— Nega endi? Bu hech mumkin emas! — deya hayron boʻldi Norboy aka. — Nima boʻldi oʻzi, ayt.

Aytib berdim. Norboy aka xaxolab kuldi.
— Shumi? Sharti ketib, parti qolgan chol-ku bu odam! Mayli, bitta masalada kelishib olamiz. U kelganda, men doim yoningda boʻlaman. Kelishdikmi?

Iloj qancha edi? Indamadim.
— Lekin bilib qoʻy, — dedi kat'iy ohangda Norboy aka. — Bir afsona bor. Antey degan grek pahlavoni tovoni yerga tegib turgan paytda hech kimdan yengilmas ekan. Yerdan uzib olingan Anteyda hech qanday kuch qolmas ekan. Sotimxon aka mening tovonim. Sotimxon akani qoʻzgʻatib qoʻyishsa, mening ishlarimdan putur ketadi.

Norboy akaning koʻzlari muzdek qotgan, ovozi dagʻal, menga e’tiborida mehribonlikdan asar ham yoʻq edi shu topda. Shuning uchun paketdagi nima edi, deb soʻramadim. Keyin bilsam, (bir marta emas, ikki marta emas, bunday paketlar biznikiga tez-tez kelardi, bizdan Anteynikiga ketardi) ular hammasi pul ekan.

Iillar oʻtdi. Ketma-ket farzand koʻrdik. Uy Norboy akaga torlik qildi. Yunusoboddan hovli olganlarini bir kuni aytdilar. Lekin hali u yerda turib boʻlmaydi. Picha remont qilish kerak. Yanagi yozga koʻchib boramiz, dedi. Yozda koʻchib bordik. «Sim-sim»ning oʻzi. Hatto kayfim uchib ketdi. Bunaqa hovli, bunaqa uyni sira koʻrmaganman. Bir tomoni gulzor, bir tomoni mevazor, uzun peshayvonining oldi tokzor. Soʻrisi oq tunuka tomga chiqib ketgan. Hovlining etagida ichi marmardan ishlangan, ikki tomonidan zinapoya tushgan hovuz. Har yer-har yerda, goʻyo betartib-u, lekin did bilan oʻrnatilgan favvorachalar oftobda atlas nusxa suv purkab otilib yotibdi.
— Adashmadimmi? — deb hayron boʻldim.
— Meni tanlashda adashmagan boʻlsang boʻldi. Tovonim hali yerda ekan, hamma narsa kaftingda boʻladi. Sotimxon akaning nusxasidan. Faqat men ayvonning ustunlarini oʻyma qildirmadim. Kattadan sal pastroq yurish kerak.

Norboy aka meni garajga boshlab, mashina ustidagi oq choyshabni tortdi. Eski «Jiguli» oʻrnida yangi oq «Volga» turardi.
— Shunday xotin... Ustozing ishbilarmon boʻlsa, senga ham yuqadi. Sassiq cholning bitta bilagingdan ushlaganiga xunob boʻlib yuribsanmi? Anteyga oʻnta bilak ham kam. Men senga aytsam Anteyda «bunaqalar» tiqilib yotibdi. Ne-ne bilaklar uning soyasiga salom beradi, uni koʻrganda baliq boʻlib ketadi.

Lekin men sizga aytsam, Sanobar opa, odam hamma narsaga koʻnikib ketar ekan. Ilgarilari uyga kelgan har bir yangi narsadan quvonar edim. Mehmon kutganda, erim aytgan taomlardan ziyodroq biron narsa pishirsam, odamlar uni maqtab yeyishsa boshim osmonga yetardi. Keyinchalik oʻzim bilar-bilmas hamma narsadan koʻnglim qoldi. Hech narsa quvontirmaydigan, dilni ochmaydigan boʻlib qoldi. Mabodo biron yumush bilan qoʻshnilarnikiga chiqib qolsam, oddiy qovurilgan kartoshkani ham huzur qilib yeydigan boʻlib qoldim.

Muhimi — Norboy aka oy sayin emas, kun sayin oʻzgarib ketadigan boʻldi. Unga ham hech narsa tatimaydi.

Pishirgan ovqatlarimni ilgarigidek ishtaha bilan, maqtab yemaydi. Bir ikki choʻqilaydi, qoʻyadi. Televizor koʻrib oʻtirib uxlab qoladi. Sezyapman, unga bir balo boʻlgan. Faqat mehmonlar, ayniqsa, Sotimxon aka kelganda chehrasi yorishadi, avvalgidek oʻzini shoʻx, betashvish tutadi. Ular ketishi bilan yana qovoq tumshugʻi osilib qoladi. Bir kuni hatto undan soʻradim:
— Sizga nima boʻldi? Shashtingiz past? Avvalgidek yorishib oʻtirmaysiz. Yo boshqa xotinni koʻnglingiz tusab qoldimi? Bemalol. Gʻiq etmayman. U jilmaydi.
— Ish koʻp. Hammaga ham ishonib boʻlavermaydi. Koʻp narsa oʻzimga qolib ketyapti.

Uyqusidan ham xalovat ketdi. Eshik tiq etsa, oʻrnidan sapchib turib ketadi. Tomdan mushuk oʻtib qolsa ham yuragi taka-puka. Hovliga chiqadi, xujralarda nimalarnidir tintiydi, garajga oʻtadi. U yerda ham oʻgʻriga oʻxshab gʻimirsilaydi. Chang-chung boʻlib kelib, oʻrniga chuziladi, «uh» tortadi. Ba’zi kunlari chidayolmay bolalarning xonasiga chiqib yotaman.

Ilgari qanday paytlar ekan, oyim bitta boʻz koʻylak olib kelsa ham boshim koʻkka yetardi, quvonchimga chek yoʻq edi. Endi hech narsa tatimaydi...
— Zerikmadingizmi, Sanobar opa? — deb soʻradi Iroda.
— Yoʻq, yoʻq, — deya ogʻir xoʻrsinib javob qildi Sanobar Kamolova. — Aytavering. Juda gʻalati, aql bovar qilmaydigan gaplar...
— Lekin, rost. Men sizni aldab nima qilaman? Yetti yot begonaman, — deya gapida davom etdi Iroda. — Yangi joyda ham turmush avvalgidek. Kunora ziyofat. Keldi-ketdi koʻp. Kimlardir, men tanimayman, ammo ularning hammasi meni biladi, «Irodaxon opa», deydi, nimalarnidir tashlab ketishadi. Kimlardir kelib, «Irodaxon opa!», deydi-da, olib ketadi. Shu alpozda kunlar oʻtaverdi, bolalar katta boʻldi, ikkala kattasini institutga joylab qoʻydik.

Ikki yildan oshdi, chamamda, bir kuni Norboy aka toʻrt kishini yetaklab keldilar. Xolyor bilan Saida maktabdan kelib hovuzda choʻmilishayotuvdi.
— Chiqlaring! — dedi Norboy aka sabrsizlik bilan. — Suv aynibdi. Kasal boʻlib qolasanlar.

Xolyor chiqqisi kelmay gap qaytardi:
— Top-toza-ku?!
— Chiq deyman! Boʻlmasa pes boʻlib qolasan.

Bolalar hovliqib suvdan chiqishdi. Avzoyi buzuq Norboy aka odamlarga nimalarnidir buyurdi. Haligilar bir-pasda hovuzning ustini taxta bilan yopib, tuproq tortib yuborishdi. Haligina bolalarni quvontirib turgan hovuz gulzor bilan tep-tekis boʻldi-qoldi. Ustiga gulbeor ekib tashlashdi. Favvoralarning ham besh-oltitasi tagidan sugʻurib tashlandi. Shundan keyin Norboy aka oylab minilmay turgan «Volga»ni minib chiqib ketdilar. Yarim kechada, darvozani oʻzim ochdim, shirakayf holda, qandaydir pachok «Jiguli»da qaytdilar.
— Hozircha shuni minib tursin oʻgʻillaring, Sotimxon akaning bir shoxi lat yedi. Ammo tovoni ostidagi yer hali baquvvat, patak bosib yotibdi. Qayogʻiga ketmon urma, koʻpchib chiqaveradi. Taqinchoqlaringning eng zoʻrlarini yigʻishtir, biron joyga koʻmib qoʻyamiz.

Yarmidan koʻpini yigʻishtirib berdim. Qoʻlimdagilaru qulogʻimdagilar qoldi. Shularni ham yechtirdi. Yoqut koʻzli tilla uzugim bor edi, oʻzimniki, onamdan qolgan, shuni ham barmogʻimning sirqirab ogʻriganiga qaramay sugʻurib oldi. Yarim kechagacha garajda ivirsib, bir mahal halloslab kirib keldi.
— Boʻldi. Iskovich it ham topolmaydi, — dedi oʻrniga yotar ekan.
— Muncha qoʻrqmasangiz?Sotimxon akadan qarzingiz boʻlsa, berib qoʻyaqoling.

Norboy aka ahmoqsan deganday yostiqqa ogʻzini tirab ingradi.
— Hech kimdan qarzim yoʻq. Topganim oʻzimniki. Oʻzimning aqlim, qoʻlim bilan topganman.
— Boʻlmasa tinchlaning, — dedim yupatgan boʻlib.

Ammo tinchlik qayda? O’zini qayoqqa qoʻyishni bilmaydi. Birpasda adoyi-tamom boʻldi. Bunday odamga oʻxshab gapla-shishlari yoʻqoldi. Azonda ketadi, kechasi qaytib, nomiga ovqat yegan boʻladi-da, hovlini aylanadi, garajda soatlab yoʻq boʻlib ketadi.

Taxminan bir oylar oʻtdi shekilli, Sotimxon aka — Oʻsha yer yutgur ajdaho qamaldi. Norboy akaning rangida rang qolmadi.
— Sotib qoʻymasa boʻldi, — dedi bir kuni u.
— Shuni poylab oʻtirasizmi? — dedim men. — Shu ham hayot boʻldimi? Hammamizni qiynab yubordingizku. Bolalar, kattasidan tortib, kichigigacha koʻzingizga duch kelgani qoʻrqishadi.
— Nima qil, deysan?
— Nimani sotib qoʻyishidan qoʻrqsangiz, shularni borib ayting oʻzingiz. Olib borib bering. Tinchiysiz.
— Meni qamatmoqchimisan? — deb kinoya bilan quldi u. — Keyin bor topganimni oʻynashlaring bilan yeb ichmoqchimisan?
— Voy, nima deyapsiz oʻzi? Toʻrtta bola bilan menda oʻynash nima qilsin? — Tutoqib ketdim men ham. — Topgan narsalaringiz oʻzingizga buyursin. Menga tiyiningiz gʻam kerak emas. Agar borib oʻzingiz aytmasangiz, men boraman. Toʻrttala bolamni yetaklab boraman.

Burnimga musht tushdi. Peshonabogʻim bilan ogʻzi burnimni berkitganimcha oshxonaga chiqib ketdim.

Shu kecha ming xayolga borib tong ottirdim. Sanobar opa, men bir narsaga hech tushuna olmayman. Qashqir ham qorni toʻqligida inida yotar ekan. Odam shunchalik ochofat boʻladimi? Hidlanib qolgan goʻshtlar, qurt tushgan qazi-qartalarni qoʻshnilar, qarindosh-urugʻga berolmay, kechalari itlarga tashlab yashashning nimasi yaxshi? Yillab zax yerda yotaverib chirib ketgan pullarni ishlatib boʻlmagandan keyin nima keragi bor? Kelini yo kuyovi, xotini yo qiziga yozdirilgan ikkita-uchta mashinani odamlar nima qiladi? Qorin toʻysa ham, koʻz toʻymaydi, degan gap faqat odamlarga, nomini, zotini, kimligini unutganlarga taalluqli ekan.

Ertalab xuddi hech narsa boʻlmagandek, Norboy aka oldimga kirdi.
— Kechir meni. Agar biror nojoʻya ish qilgan boʻlsam, ishon, avvalo seni deb qildim, keyin bolalarni deb. Mendan keyin ham, hech narsaga zor boʻlmanglar, deb jonimni jabborga berdim, ishladim.
— Ishlash bunaqa boʻlmaydi...
— Bilaman, ishlash bunaqa boʻlmaydi. Qani, toʻgʻri ishlab koʻr-chi, noning butun boʻlarmikin?
— Boʻladi, — deya qoʻshilmadim uning gaplariga. — Qolaversa, tinch, boshni gʻoz tutib yashash uchun yarimta non ham yetadi... Borasizmi yo yoʻqmi?
— Tushunsang-chi, axir, borolmayman. Ayniqsa hozir.
— Nega?
— Tergov bir yoqli boʻlsin. Tergov tugagandan keyin borsam ancha yengil boʻladi. — Norboy aka iymanib bir narsani aytolmay turdi, keyin aytdi. — Axir... bu yoqdagilar jim turishgani yoʻq. Harakat qilishyapti. Ajab emas, hammasi tinchib ketsa!..

Shu payt oshxonaga ikkala katta oʻgʻlim kirib kelishdi.
— Oyi, biz armiyaga yozilib keldik. Bir oydan keyin ketamiz.
— Qayoqqa?
— Harbiy xizmatga.
— Menga ham aytsalaring boʻladimi shu gaplaringni? — Norboy aka zarda bilan gapirdi. — Adashmasam, otalaringman shekilli?

Bolalar indamay, boshlarini egishdi.
— Kim quvyapti uydan senlarni? — Norboy aka bitta-bitta oʻgʻillariga qarab chiqdi. — Keyin... keyin, bilasanlarmi, osonlikcha senlarni oʻqishga kiritib qoʻyganim yoʻq. Har biring uchun naqd oʻn mingdan berganman!
— Shuning uchun ham ketyapmiz, — dedi Eldor. — Xizmatdan qaytgach, oʻzimiz kiramiz oʻqishga. Oʻz kuchimiz bilan.
— Bu uyda sogʻ odam qolmapti chamamda, — deb gʻoʻldiradi Norboy aka.
— Faqat siz sogʻsiz, dada, — dedi lablari qaltirab quti uchgan Baxtiyor. — Sogʻ odam faqat pul topishi kerak. Shunaqangi koʻp pul topishi kerakki, yerga koʻmib, uni albatta chiritishi kerak!
— Tirrancha! Oʻchir ovozingni!

Norboy aka musht koʻtardi. Ammo Baxtiyor ham, Eldor ham joylaridan jilishmadi. Boshlarini egganlaricha tek turaverishdi.

Norboy aka qoʻlini tushirib, menga nimadir demoqchi boʻldi, keyin hafsalasi pir boʻldi, shekilli, eshikni taraqlatib yopib, koʻchaga chiqib ketdi.
— Oyi, nima qilamiz? Rozimisiz? — deya soʻradi Eldor.
— Qilgulikni qilib qoʻyib, endi rozilik soʻraysizlarmi? — dedim achchigʻlanib.
— Sizga yengil boʻlarmikan, deb oʻylovdik-da.
— Yengil boʻlsin desalaring, xoli qoʻyinglar meni hozir.

Ikkalovi chiqib ketdi. Boshim ogʻrib ketdi. Nima qilay? Kimga nima dey? Hech mahal bunday ogʻir ahvolga tushmagan edim. Orzuimni nimaga almashdim? Birinchi kelgan fikr shu boʻldi. Ish bilan boʻlib ketganimda, kim biladi, bu firibgar, harom odamlar qafasiga tushmasmidim balki? Men oʻzimni yomon odam deb oʻylamayman. Lekin surishtirib qarasangiz, salkam chorak asr yomonlar bilan birga boʻlibman, hamyostiq boʻlibman, nima pok, nima iflos, nimada xalqning achchiq dardi bor — bilmabman! Sanobar opa, qarang, yigirma uch yil bironta odamga yaxshilik qilmabman, haromxoʻr, tekinxoʻr, yulgʻichlarning dasturxonini tuzabman, koʻziga shirin boqibman, shirin gapiribman. Qul xam egasiga bunday qilmaydi, juda boʻlmaganda nafratini dilida saqlaydi. Men shunday ham qilmadim. Ular meni qoʻgʻirchoqdek oʻynatishdi. Lekin bir narsa menga tasalli beradi. Bolalarim. Bolalarimni toʻgʻri oʻstiribman. Roziman ikkalovining ham ketishiga. Borishsin. Xizmat qilishsin. Keyin boshlariga tushganini koʻrishar. Lekin bir narsaga aminman. Halol yashashadi. Dadasiga aytgan gaplarini eshitdingiz. Ular aytganimni qiladi. Bahodirim, Eldorim, aziz bolajonlarim, faqat yoʻllaringda uchraydigan tovoni yerga tegib turgan alvastilardan nari boʻlsalaring boʻldi.

Oʻsha kuni tomogʻimdan hech narsa oʻtmadi. Uyqu ham qelmadi. Albatta men hech qayoqqa borganim yoʻq. Qayoqqa borardim? Nima derdim? Soʻroqdagi Sotimxon akaning javoblaridan erim qoʻrqib yuribdi, deymanmi? Allaqachon xabarlari boʻlsa kerak. Bir ish ochilsa, hammasi ochiladi. Innay-keyin, oʻz erimdan shikoyat qilib borarmidim? Yer yutgur olib kelgan oʻsha narsalarini yemaganmanmi, kiymaganmanmi? Faqat shu iflos kiyimlarni deb mehmondorchiliklarga, toʻy, teatrlarga bormaganmanmi?

Xullas, hech qayoqqa bormadim. Oqshom payti oʻzlari kelishdi.
— Protokolga vaqt ketmasligi uchun hammasini oʻzingiz koʻrsatganingiz ma’qul, — dedi ulardan biri Norboy akaga.
— Hamma narsa ochiq, oʻzlaring qarayveringlar, — deb javob qildi erim.

Tintuv boshlandi... Sanobar opa, bu falokat boshingizga tushmagan, bilmaysiz. Yer yorilsayu yerga kirib ketsang shu mahali. Qoʻshnilarim, bolalarimdan qandogʻ uyaldim, qan-dogʻ uyaldim!..
— Boʻldimi? — deb soʻradi nihoyat tintuv boshligʻi.
— Bori shu, — dedi Norboy aka tumshayganicha.
— Boʻlmasa, garajga oʻtaylik...

Garajda nima borligini ular qaerdan bilgan ekan? Men oʻgʻillarimga qaradim. Ular ham mendek, uyalganlaridan zoʻrgʻa oyokda turishardi, boshlari egik.

Ular Norboy akamni oldilariga solib garajga ketishdi.

Men bolalarim bilan ayvonda qoldim. Koʻp oʻtmay, mashinani surib chiqarishdi garajdan. Nimalardir u yerda taraqlab ketdi. Temir-tersak oʻlgur koʻp edi garajda. Bir mahal uchta ogʻzi mahkam berkiladigan sut bidonni ikki kishi koʻtarib, ayvonga olib chiqdi. Ogʻzilarini ochib agʻdarishdi. Uchala bidonning ichi chala-chulpa taxlanib, suv qogʻozga oʻralgan yuz soʻmlik, ellik soʻmlik pullar ekan. Bundan mutlaqo xabarim yoʻq edi. Uzun deraza tagida turgan divanning ustini pul bosib ketdi. Koʻpi mogʻorlab qanchasi chirib, titilib ketibdi.
— Bu yogʻini oʻzingiz aytasizmi, yo? — dedi yana tintuv qilayotganlardan biri.
— Aytadigan boshqa hech narsam yoʻq, — deb toʻngʻilladi yana erim.
— Hovuzni berkittirayotganingizda u yerga nima yashirgan edingiz?
— Hech narsa yashirganim yoʻq.
— Oʻjarlik qilib, chakki qilasiz.
— Opa, hovuz qayoqda?

Koʻrsatdim. Yarim soat oʻtar-oʻtmas, suvqogʻozga oʻralgan ikkita bir kilolik tunuka choy quti koʻtarib kelishdi. Ochishdi. Ichi toʻla tilla pullar ekan. Bu pullar qaerdan keldi? Nega bularning hammasini mendan yashirdi?

Shu payt kimdir qattiq ingradi, keyin hirildoq tovush eshitildi. Tintuv oʻtkazayotganlar yugurib ichkari xonaga kirib ketishdi. Biz ham kirdik. Qay koʻz bilan koʻrayki, yotoqxonada Norboy akam ikki qoʻliyu boʻynidan qon ketib yotardi. Bir qoʻlida chustiy pichoq. Tanidim: qaysi bir yili bir oʻrtogʻi sovgʻa qilgan edi. Qiyiqqa oʻralgancha shkafda yotuvdi.

Oʻzimni ushlab turolmay, Norboy akaning ustiga tashlandim! «Norboy aka! Nima qilib qoʻydingiz? Men sizga begonamidim? Aytganingizda qaytarsam boʻlmasmidi?..» Yana nimalar deb yigʻladim. Odamlar ovutgan boʻlishdi. Qani endi ularning gapi qulogʻimga kirsa?!

Chaqirilgan «tez yordam» foyda bermadi. Besh minut oʻtar-oʻtmas Norboy akam olamdan oʻtdi. Hech narsadan xabarlari yoʻq Saida bilan Xolyor muzika darsidan kelib, ichkariga kirishdi. Odamlarni yorib oʻtib, boʻlgan voqeani, qonga belanib yotgan otalarini koʻrishdi. Birdan «Dada! Dadajon!» deb qizim qichqirib yubordi. Shundagina men ularni koʻrib qoldim. Darhol ikkalovini bagʻrimga bosib, hovliga olib chiqib ketdim.

Ana shunday dahshatli kunlar ham tushar ekan odamning boshiga, Sanobar opa. Yettisini oʻtkazdik, hech kim kirmadi mahalladan. Ishxonasidan besh-oʻnta kishi kelgan boʻldi.

Norboy aka oʻzini oʻldirgan kuniyoq ikkala kichkinamni singlimnikiga joʻnatdim. U ham Toshkentda yashaydi. Bola bechoralar bu uyda qanday uxlaydi? Kattalari ham zoʻrgʻa turishdi. Hovliga joy qilib yotishdi. Yonlariga menga ham joy qilib berishdi.

Yettisi oʻtgan kuni, idish-tovoklarni yigʻishtirib boʻlib, katta oʻgʻillarimni yonimga chaqirdim.
— Nima qilamiz endi? Nima gaplaring bor?

Uzoq oʻylanib oʻtirishdi. Keyin Baxtiyor gap boshladi.
— Ishlaymiz, oyi. Sizni yolgʻiz qoldirmaymiz. Uqish boʻlsa sirtdan oʻqirman. Kunduzgida, Eldorni bilmayman, men oʻqiyolmayman. Uz kuchi bilan, zoʻrgʻa kirgan oʻrtoqlarimning koʻziga qanday qarayman?
— Men ham oʻqimayman kunduzgida. Akamdek ishga kiraman. Sirtdan oʻqiyman.
— Armiyaga ketmoqchi edilaring-ku? — deb soʻradim ichimda ulardan rozi boʻlib.

Ikkovi ham javob berishmadi.
— Yozilib kelganlaring rostmi? Yo... Eldor boshini qimirlatdi.
— Rost edi.
— Rost boʻlsa... harbiyda xizmat qilib kelish har bir yigitning boshida bor, — dedim men. — Xafa boʻlmayman. Borib kelinglar.

Baxtiyor bir narsaga ogʻiz juftlagan edi, toʻxtatdim.
— Yoʻq, yoʻq! Boringlar... Senlarniki halol... Oʻzimni tutolmay yigʻlab yubordim.
— Oyi! Sizda nima gunoh? Siz oʻgʻirlik qilibsizmi? Eldor yelkalarimdan quchoqlab, yuz-koʻzimdan oʻpa boshladi.
— Gunoh koʻp menda ham, bolam!.. Birinchi marta ikkita goʻrsoʻxta indamay soʻyilgan qoʻyni tashlab ketganida, olmasam yo koʻchaga uloqtirsam, balki hozir gunohim boʻlmasdi. Men oldim, birinchi martasiyam, ikkinchi martasiyam, har doim, har doim. Kim nima koʻtarib kelsa, surishtirmay olib qolaverdim. Dadangni egri ishlardan toʻxtatmadim, qaytaga sherik boʻldim!.. Oʻgʻirlikmasmi bu! Hech oʻzimni kechirmayman, senlar oʻqishda edinglar. Bir moʻysafid keldi. Dadangning trestida ishlar ekan. Duradgor ekan. Besh yildan beri kvartira deb yigʻlarmish, berishmasmish. Shu odam bir togʻora qovoq somsa qilib olib kelibdi. «Boshqasiga qurbim yetmadi. Bola-chaqa koʻp. Zax, eski uyda turaman. Norboyjon bitta ha, deb yuborsalar kvartiralik boʻlib qolardim. Beradigan hech narsam yoʻq. Uyimning oʻrtasida eski namat, hovlining burchagida bitta oriq sigir. Bor boyligim bolalarim. Yordam qiling, singlim», deb yigʻladi haligi moʻysafid. Kechqurun dadangga aytdim, hatto yalindim. Aralashma, dedi dadang. U odam oyogʻi bilan emas, tili bilan yuradi. Koʻrdilaringmi, shu kichkinagina bir savob ishni ham qilganim yoʻq dadangga qoʻshilib. Endi gap bunday, dedim ikkala oʻgʻlimga, yigit kishining gapi bitta boʻladi, armiya dedilaringmi, qaytmanglar. Qaytgunlaringcha ikkala ukang bilan xolalaringnikida turib turaman. Qaytganla-ringdan keyin bir gap boʻlar.
— Oyi, biz bu uyda turmaymiz, — dedi Eldor.
— Men ham, — dedim.

Ular ketishdi. Kavkazda hozir. Ikkala kichkinam singlimnikida. Men boʻlsam, bir betayin odam boʻlib qoldim. Xayolim parishon, yuragimga qil sigʻmaydi, nimaga qoʻl urishimni, qayoqqa borishimni bilmayman... Ittifoqo tintuv payti roʻyxat qilingan narsalar xayolimdan oʻtdi. Ular orasida taqinchoqlarim yoʻq edi. Topishmadi shekilli. Shunday oʻylab turib, oʻzim oʻsha narsalarni qidirib ketdim. Kechga yaqin hovuz ariqchasining quvuridan topdim. Termosga oʻxshagan qopqoqlik bir idishda suv qogʻozga oʻrogʻliq turgan ekan. Topishmadi, bular endi seniki, bolalaringniki, degan fikr oʻtdi yuragimdan. Lekin bolalarimni oʻgʻirlik mol bilan oʻstiramanmi yana, bu yogʻi peshonam teriga qolsin. Shu fikrda toʻxtadim. Hammasini stol ustiga yozib birpas tomosha qilib oʻtirdim. Keyin odmiroq sumkaga solib, koʻchaga chiqdim. Nazarimda shu ketishda militsiyaga ketyapman. Yarim yoʻlga yetganimda, orqaga qaytdim. Xuddi birov meni quvib kelayotgandek uyga yugurdim. Kira solib, eshikni qulfladim. Keyin oʻylab-oʻylab, yaxshi bir yoʻl topgandek ham boʻldim. Chiroyli kiyindim. Qoʻllarimga sigʻganicha uzuklarimning eng qimmatbaholarini taqdim. Yengil jemperimning ustidan ikki qator marvarid, bir qator tuyatishli durimni osdim. Eng yaxshi ziraklarni ham osib oldim quloqlarimga. Yaxshi koʻrinsin, deb kalta tik yoqa charm paltomni kiydim. Taqinchoqlarning qolganlarini paltom rangidagi sumkaga solib koʻchaga chiqdim.

Ateleni aylanib, Bogdan Xmelnitskiy koʻchasiga yetganimda — shu yerda katta gastronom bor — shunga bir kirib chiqdim. Uch-toʻrtta ayol, bir-ikki erkaklar meni kuzatishdi. Menga shu kerak edi. Gastronomdan chiqib, pedagogika instituti tomon yurdim. Sezdim, roʻparamdan bir keksa xotin menga tikilib kelyapti. Yaqinlashganimda u toʻxtadi. Men parvo qilmay oʻtib ketaverdim. Shunda orqamdan uning ovozini eshitdim:
— Aylanay! Ehtiyot boʻling. Yasan-tusan ham evida-da. Bitta-yarimta oʻldirib ketsa nima boʻladi?!

Indamay ketaverdim. Pedagogika koʻchasi bilan Shota Rustaveli muyulishigacha bordim. Hech kim menga boshqa parvo qilgani yoʻq, ilashgani ham yoʻq. Shu yerda birpas turib bogʻga yoʻl oldim. Bogʻning darvozasi oldida bir erkak kishi butilkadan pivo ichib turgan ekan. Meni koʻrib, ogʻzidagi pivosi tomogʻidan oʻtmadi, bir qalqib, shishani ariqqa uloqtirdi. Men unga ortiqcha qaramay oʻtib ketdim.

Bogʻ jimjit. Katta hovuzdagi suvda zanjirband qayiqlar boʻm-boʻsh turibdi. Bogʻning oʻrtasidagi yogʻoch imoratning ichidan bilyard toshlarining ovozi kelyapti. Boshqa tovush, shovqin-suron yoʻq. Bogʻning orqa tomonlari qop-qorongʻi. Qoʻrqib ketdim. Hovuz labidagi oʻrindiqqa oʻtirdim.

Shu tobda yaqinimda, orqamda kimningdir sharpasi paydo boʻldi.
— Charchabsiz-da, xonim? — dedi erkak ovoz.

Yalt etib qaradim. Bir qoʻli plashchining choʻntagida, bir qoʻli skameykaning suyanchigʻiga tiralgan haligi pivo ichayotgan odam orqamda turardi. Javob bermadim.
— Men ham charchaganman. Yoningizda birpas oʻtirsam maylimi?
— Utiring. Joy koʻp, — dedim.

Yuragim gupullab ura boshladi. U oʻtirishi bilan sassiq papiros va achigan ovqat hidi dimogʻimga urildi.
— Bu deyman, xonim, ishdan charchadingizmi, yo yolgʻizlikdan? — deb soʻradi u yaqinroq surilib.

Men qimir etmay oʻtiraverdim.
— A, nimadan charchadingiz? Bilsak boʻladimi?
— Ishdan, — dedim zarda bilan.

Nega zarda qildim, bilmayman. Oʻzim, axir, oʻgʻri yo odam oʻldirishdan toymaydigan odamga duch kelish uchun chiqdim-ku uydan. Bu odam xuddi shunaqalardanga oʻxshardi.
— Ishdan? — U hayron boʻldi va tikilib yuzimga, qulogʻim, qoʻllarimga qaradi, keyin jilmayib dedi:
— Yoʻq, meni aldab boʻpsiz!.. Ishga bunaqa yasanib bormaydi odam, kelmay qoldilarmi?
— Kim?
— Kim boʻlardi... haligi... — U koʻzini qisib kuldi. — Kelmagan boʻlsalar, xafa boʻlmang... Mana! Biz gotop!

U koʻkragiga zarb bilan musht tushirdi. Men hatto seskanib ketdim. U buni oʻzicha tushunib yelkamga qoʻlini choʻzdi.
— Qoʻlingizni oling! — dedim yana zarda bilan. — Toʻrtta bolam bor. Oladigan narsalaringizni oling-da, keting!
— Qanaqa narsalarni? — deb hayron boʻlib menga qaradi u.
— Manavi taqinchoqlarni. Zirak, uzuk. Sumkada ham bor. Mana.

Sumkani ochib koʻrsatdim. Sumkaning ichi yaltirab ketdi.
— Meni kim deb oʻylayapsiz, xonim! — U qoshlarini chimirdi. — Agar yuz gramm ortiqcha ichgan boʻlsam, ikki... atigi ikki ogʻiz shirin gap gapirmoqchi boʻlgan boʻlsam, darrov meni — tuppa-tuzuk odamni oʻgʻriga chiqarib doʻyasizmi?

U uh tortdi, gʻijim boʻlib ketgan roʻmolchasini olib burnini qoqdi va shu roʻmolchani koʻzlariga bosgan boʻldi. Buni men oʻyin deb tushundim. Vaqt, zarur vaqt poylayati, deb oʻyladim.
—Yoʻq, adashasiz, xonim!.. — U gapida davom etdi. — Ilgari men... rost, oʻgʻirlik qilganman. Orip chinoq desa Beshogʻochdan Koʻkchagacha meni hamma bilardi va hamma qoʻrqardi. Eshityapsizmi, qoʻrqardi. Yigirma yil boʻldi, tashlaganman. Innaykeyin, bunaqa tosh poshlar mening kasbim emas. Naqd karmon pul — mana, men nimani yaxshi koʻrardim. Tosh albatta birovning boshini yeydi. Pul-chi? Bugun bor, ertaga yoʻq. Tosh yoʻqolmaydi, qoʻldan qoʻlga oʻtadi va bir kuni qarabsizki, hurmatli xonim... Orip chinoq reshatkaning orqasida. Men... men... pulning ham faqat haromini oʻgʻirlaganman. «Janob 420»ni koʻrganmisiz, zoʻr film. Oʻsha oʻgʻri men boʻlaman. Menga ishonasizmi, yoʻqmi? — Men beixtiyor «ha» dedim. — Boʻlmasa, iltimos, oʻn soʻm berib turing. Uydan bepul chiqib ketganman. Uchta bolam bilan oydek xotinimni tashlab, chiqib ketganman. Yaramas, meni haydab chiqardi-ya ozgina ichganimga!

Men bu odam bilan uchrashganimga pushaymon boʻlib, oʻn soʻm qoldirdim unga.
— Rahmat, ertaga albatta qaytaraman, — dedi u va bir pasda koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Hafsalam pir boʻlib, oʻrnimdan turdim. Kap-katta shaharda oʻgʻri uchratish ham amri-mahol ekan. Tagʻin tayyor mol bilan tursang ham koʻrinishmaydi...

Iroda kuldi.

Sanobar Kamolova uning ancha yengil tortganini payqab qoʻshib qoʻydi.
— Oʻgʻri ham tanlab oʻgʻirlaydi.
— Shunaqa ekan. Uyga qaytdim. U yerdan singlimnikiga bordim. Saida bilan Xolyor singlimning bolalari bilan rosa toʻpolon qilishib, endi uyquga ketishgan ekan. Ikkalovining yuz-koʻzidan oʻpib, bagʻrimga bosib, tashqariga chiqdim. Sirimni singlimga bildirmadim.
— Bolalarga oʻzing qarab tur. Yoʻqligimni bildirma. Qaerdaligim ikki-uch kundan keyin ma’lum boʻladi, — dedim.
— Qayoqqa ketayapsiz? — deb xavotirlanib soʻradi singlim.
— Hozir aytolmayman.

U ortiqcha surishtirmadi. Erining tashvishi bilan yurgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi.

Yana koʻchaga chiqdim. Oyoqlarim oʻzidan-oʻzi «Minor»ga boshladi. Darvozaning yonidagi kichik eshik ochiq ekan, shundan kirib, Norboy akaning qabri ustiga bordim. Etlarim jimirlashib ketdi. Boʻshashib tiz choʻkdim. Tiz choʻkdimu bor alamim, nafrat va muhabbatimni loyshuvoq qabrga toʻkib soldim! Kim edim? Kim boʻldim? Meni kimlardan ayirding betavfiq? Toʻrtta bolani soʻqqa boshimga nega tashlab ketding? Qozonimiz haftalab qaynamasa ham, yirtiq-yamoq kiyinib yursak ham sendan ta’na qilmas edim. Oʻrtoqlarimdan ayrildim; kasbimdan ayirding. Meni oʻylaganlaring, menga gapirganlaring meni deb, bolalarni deb oʻgʻirlik qilganlaring, hammasi-hammasi yolgʻon! Sen bilan yashaganim yolgʻon! Yolgʻon! Yolgʻon!..

Uning qabri yonida yana qancha oʻtirdim — bilmayman. Aftidan, ovozimni chiqarib boʻzlagan boʻlsam kerak, kimdir kelib meni koʻchaga olib chiqib qoʻydi.
— Qoʻying, foydasiz, — dedi. — Bu yerga tiriklarni oʻylab kelish kerak.

Har holda, oʻylar meni mashinalar koʻproq yuradigan koʻchalarga boshladi. Aylanib, yana Shota Rustaveli koʻchasidan chiqib qolibman. Ulgurmadim. Yonimga qarasam, chiroqlarini toʻla yondirib mashina kelyapti. Yaqin qolganida yoʻlini kesdim. Mashina xuddi boyagi tramvaydek chinqirib yubordi-da, mast odamdek oʻzini bir-ikki u yoq-bu yoqqa tashlab, tizzalarimga tegib toʻxtadi.
— Opa! Jonizda qasdingiz boʻlsayam, bizni oʻylamaysizmi?! Juvonmarg boʻlib ketardim-ku hozir! — Shunday deb shofyor yigit mashinadan tushdi. — Urilmadingizmi?
— Yoʻq, — dedim uyalib men.
— Nahotki koʻrmadingiz mashinani? Buning ustiga, tez kelayotgan edik, — dedi mashinadan tushgan ikkinchi yigit.
— Kechiringlar!.. — Men boshqa hech narsa deya olmadim.
— Qayoqqa ketyapsiz? — deb soʻradi shofyor yigit.

«Samarqandga» degan soʻz ogʻzimdan chiqib ketganini oʻzim bilmay qoldim.

— Buni qarang-a? Yoʻlimiz bitta ekan. Qani, oʻtiring! — Shofyor yigit orqa eshikni ochib meni oʻtqazdi. — Paltongiz bir oz chang boʻlibdi, xolos.

U joyiga, ikkinchi yigit uning yoniga oʻtirdi Mashinani yurgizar ekan, shofyor yigit zoʻraki kulib qoʻydi:
— Tizzalarim haliyam qaltirab ketyapti. Ammo, opajon, bir falokatdan qutulib qoldik-da! Qani, ketdik!

Toshkentdan chiqilganda shofyor yigit sal orqaga oʻgirildi.
— Mening otim Ismat. Bu kishi oʻrtogʻim — Nurilla. Ikkalamiz ham fizikmiz. Ilmiy-tekshirish institutida ishlaymiz. Keliningiz Samarqand universitetida dissertatsiya yoqlayaptilar ertaga. Adabiyotdan. Navoiy bilan Jomiyning adabiy aloqalaridan.
— Men esa, Irodaman. Hamshira. — Qanday qilib ogʻzimdan shu gaplar chiqib ketganini sezmay qoldim, qip-qizarib ketganimni butun vujudim bilan payqadim, ammo mashina ichi qorongʻi edi, ular bilishmadi.
— Irodaxon opa! — dedi shofyor yigit yana. — Qorin qalay? Mashinada norin bor, qazi, pishgan goʻsht... Balki...
— Soʻrab beradimi? — deb jerkidi ikkinchi yigit. — Sangzorga yetaylik, toʻxtab, yaxshilab ovqatlanib olamiz. Nima dedingiz?

Men bosh irgʻadim. Keyin yigitlarga bilintirmay, sekin-sekin barmoqlarimdan, quloqlarimdan taqinchoqlarimni yechib sumkamga solib qoʻydim. Durlarimdan bittasini ham boʻynimda qoldirmadim.

Anchagacha jim bordik. Sirdaryodan chiqqanimizda, shofyor yigit sherigidan soʻradi.
— Dacha qilmoqchi edinglar, nima boʻldi?
— E, soʻrama, — deb javob qildi ikkinchi yigit. — Nanayning etagidan yaxshi joy tanlagan edik. Bir qurilish boshqarmasi bilan shartnoma tuzdik. Boshliqlari borib koʻrib keldi. Pulini ham kelishdik. Endi qurilish boshlanay deganda hammasi qamoqqa olindi. Boshliqlari ham. Norboʻtaevmidi, Norboevmidi — hozir esimda yoʻq.
— Nega?
— Hozir ma’lum emas. Aftidan, muttahamlik, qalloblik.
— Paxtani tuzatishgan edi, endi navbat qurilishga kelibdi-da!
— Nimasini aytasan. Gaplarga qaraganda, bular faqat aldash bilan kun oʻtkazisharkan.
— Yaxshi boʻlmadi-da, — deya xoʻrsindi yigit. — Besh-oʻnta kasofat hammamizga isnod keltiryapti. Bu nokaslarni...

Men bir seskanib tushdim. Lekin erimga qancha achinmay, ular haq edi.
— Yaramaslar, qachon ularning urugʻi tugaydi?!

Xuddi uning gapini eshitmagandek shofyor yigit dedi:
— Xafa boʻlma. Oz qoldi. Yomondan yaxshi koʻp... Ishlarimiz juda boshqacha boʻlib ketadi.

Sangzorda ovqatlanib, yana yoʻlga tushdik. Tong yorishganda Samarqandga kirib keldik. Men bozor oldida qoldirishlarini iltimos qildim. Shunday qilishdi. Boradigan joyim, qiladigan ishim yoʻq edi. Nega oʻzi Samarqandga borib qoldim — bilmayman. Institutda birga oʻqigan oʻrtoqlarim bor, ularnikiga kirsam, birpas dam olsam boʻlardi. Lekin nima deb kiraman? Qaysi yuz bilan kiraman?

Bozorga oʻtib, rastalarni tomosha qila boshladim. Kuz bozori juda allambalo boʻladi. Toʻgʻrimi, Sanobar opa? Ayniqsa, Samarqand bozori. Bir tomonda pista-bodom, shoʻrdanak... Bir tomonda quruq meva, bir tomonda hoʻl meva... Koʻzlaringiz qamashib ketadi.

Men Samarqand nonlariga juda ishqivozman. Tavba, qanday qoʻli gul odamlar yopar ekan-a bunday nonlarni? Hozir yesangiz ham maza qilasiz. Bir oydan keyin ham uning kusir-kusiri ruhingizni koʻtaradi. Bitta yangi uzilgan boʻrsildok non olib, qaymoq bozoriga oʻtdim. Qaymoqchilarning panasida bir sopol tovoq qaymoqqa uni botirib yedim. Bilasizmi, ancha oʻzimga keldim. Ayollardan biri achchiq koʻk choy uzatdi. Yaqin-yaqingacha yuragimning qaerinidir kemirib turgan dard yoʻqolgandek boʻldi. Registonga oʻtib oftob yaltiratib turgan madrasalarning hammasini shoshmasdan tomosha qildim. Keyin Afrosiyob muzeyiga bordim. Kun yarim boʻldi. Zarafshonga kelib ovqatlangan boʻldim. Keyin yana koʻchaga chiqdim. Goʻri Amir tomonga ona-bola qoʻl aravaga bosib gʻoʻzapoya olib ketyapti. Bola tortib ketyapti, kalishi oyogʻidan tushib qolay-tushib qolay degan ayol bor kuchi bilan aravani orqadan itaryapti.
— Kamroq ortsalaring boʻlmasmidi? Bolaga ogʻir-ku?! — dedim oʻzimni tutolmay.
— Men ham aytdim oxi ogʻir boʻldi deb. — Xotin toʻxtab tushuntira boshladi. — Aravaga ham, senga ham, bola, menga ham jabr, dedim. Ikki safar qilaylik, dedim. Yoʻq, deydi. Oʻqigan-da! Televizor koʻrar emish. Futbol bor ena, tezroq non yoping, deydi. Gʻoʻzapoyaga non zoʻr pishadi-da, aylanay, xuddi sizning oydek yuzingiz boʻlib ketadi. Bizning hovliga boʻling, ana, vodoprovod oqib turibdi. Shunga yetsangiz — boʻldi. Odilsho, chaqir opangni?

Aravaning oldida gʻoʻzapoya orasidan iljaygan kalla koʻrindi.
— Qani, yur boʻlmasa! — Kampir aravani itardi. Oldinda hech kim boʻlmasa ham, koʻshib koʻydi: — Qani, poʻsht! Odilsho toychok ketyapti, poʻsht. Qadami oltin ketyapti, poʻsht!..

Yashash qanday shirin shu odamlarga. Ona bolasiga u sevgan nonini yopib berish dardida, bola yangi uzilgan nonni yeb futbol koʻrish ishtiyoqida. Bundan katta zavq, baxt bormi? Ularning hayoti har kuni shunday, mehnat, zavq bilan oʻtadi. Nega shunday yashash mumkin emas? Shuncha yil yashab, nega men biron marta bunday zavq olganim yoʻq? Bolalarimga qanday zavq berdim?

Yugurib mehmonxonaga kirdim. Ikkita konvert, ikki varaq qogʻoz oldim. Oʻsha zahotiyoq ikkita xat yozdim. Mana ular...

Sanobar Kamolova yozuv stoli ustidagi chiroqni yoqib, xatlarni uning qoʻlidan oldi. Ikkalovi ham ariza edi. Biri — shahar sovetiga: hovlini olib, oʻrniga kvartira berish haqida; ikkinchisi — Toshkent pediatriya institutining bosh vrachi nomiga boʻlib, hamshira sifatida ishga qabul qilishlarini oʻtinib soʻralgan edi.
— Ikkala arizangiz ham yaxshi, — dedi Sanobar Kamolova. — Oqilona ish qilibsiz. Bittasini, qabul qilindi, deb oʻylayverasiz.
— Qaysinisini? — dedi shoshib Iroda.
— Hamshiralikni. Oʻsha kasalxonaning bosh vrachi men boʻlaman. Ertadan ishga boravering.

Iroda divandan sakrab tushib, yosh boladek Sanobar Kamolovaning boʻynidan quchoqlab oldi.
— Yuring, hovliga chiqaylik. Yulduzlar soʻnmaganmikin, koʻraylik.

U dast oʻrindan turib, hovliga tushdi. Ketidan Sanobar Kamolova ham hovliga chiqdi. Erta sahar edi. Hayot hali qorongʻilik ogʻushida. Yulduzlar charaqlab turibdi. Qay koʻz bilan koʻrsinki, yangi, endi toʻrt kunlik oy shunday ikkalovining oʻng tomonida edi.
— Voy! Qarang, — dedi Iroda. — Dumli yulduz yana qaytib kelibdi!

Rostdan ham oyning tagida kecha ular koʻrgan dumli yulduz turardi. Uning yorugʻi hovligacha tushgan edi.
— Sanobar opa? Ayting-chi, kanday odamni baxtli deb boʻladi? — deb soʻradi Iroda birdan.
— Nazarimda, baxtli odam — xalqqa, jamiyatga foydasi tekkan, odamlarga zarur odam boʻlsa kerak.
— Men ham shunday odam boʻlarmikanman?

Sanobar Kamolova unga qaradi. Irodaning koʻzlari yalt-yult qilib turgan dumli yulduzda va yangi oyning oltin urogʻida edi.

1986