OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Qadah (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiQadah (toʻqilmagan hikoyalar turkumidan)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qadah (toʻqilmagan hikoyalar turkumidan)
Oʻlmas Umarbekov

Bolaligimda buvim aytib bergan bir afsona hech yodimdan koʻtarilmaydi. Umrim oʻtib qoldi, ammo yarim asr burun shu eshitgan afsonam, buvimning tovushi hamon qulogʻim ostida...

Bir sahoba har kuni maktabga borib, oʻgʻliga bitta olma berib kelar ekan. Bir kuni maktabga borishning hech iloji boʻlmabdi. Nima qilishini bilmay, yoʻlda turgan ekan, yupun kiyingan bir odam oldidan oʻtib qolibdi.

Sahoba soʻrabdi:
— Mabodo maktabga ketmayapsizmi?
— Topdingiz, taqsir, maktabga ketayapman, — debdi yoʻlovchi.
— Unday boʻlsa bir iltimosim bor... Maktabda oʻgʻlim oʻqiydi. Mana shu olmani berib qoʻysangiz...
— Uni men qanday taniyman? — soʻrabdi yoʻlovchi.
— Kirishingiz bilak koʻzingiz tushadi. Eng chiroyli bola mening oʻgʻlim.

Yoʻlovchi indamay sahoba uzatgan katta, qip-qizil olmani olibdi.

Sahoba kechqurun uyiga qaytsa, oʻgʻli yigʻlab oʻtirgan emish. Sababini soʻrabdi.
— Nega bugun olma olib bormadingiz maktabga?

Sahoba uni aldashganini aytib, oʻgʻlini yupatibdi. Ertasiga oʻsha odamni koyibdi.
— Siz, meni, oʻgʻlimni xafa qildingiz. Nega olmani unga bermadingiz?
— Kechirasiz, — debdi yoʻlovchi. — Men sizni ham, oʻgʻlingizni ham xafa qilishni oʻylaganim yoʻq. Siz, menga eng chiroyli bolaga olmani bering, dedingiz. Mening koʻzimga oʻz oʻgʻlimdan chiroyliroq bola koʻringani yoʻq. Shuning uchun olmani unga berdim.

Sahoba hech narsa deyolmabdi.

Men hech qaysi xalq, hech qaysi millatni kamsitmoqchi emasman. Lekin mening uchun mening xalqimdan chiroyli, sabr-toqatli, bagʻri keng, koʻli ochiq xalq yoʻq.

Bir voqeani aytib bermoqchiman. Voqeaning toʻqima emasligiga, har bir soʻzimning haqligiga guvohim bor. Bu guvoh doʻstim, ulkan yozuvchi Shukur Xolmirzaev.

Taxminan oʻttiz yilcha burun meni Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasiga chaqirishdi.
— Uka, ancha-muncha hikoyalar yozib qoʻydingiz, — dedi uyushma rahbarlaridan biri. — Poytaxtda chiqarishga qaror qildik. Zudlik bilan yigʻishtirib olib keling. Yaxshi soʻzma-soʻz tarjima qiladiganlarga uyushma hisobidan haq toʻlaymiz, keyin xat bilan joʻnatamiz!

Hikoyalarni toʻplab olib bordim. Soʻzma-soʻz tarjima ham qilindi. Gapning qisqasi, oʻsha yili Yozuvchilar uyushmasining bosh rahbari atoqli yozuvchimiz Komil Yashin iltimos xati bilan hikoyalarim oʻsha yerga joʻnatildi.

Uch-toʻrt hafta hayajonlanib yurdim. Poytaxt nashriyotidagilar hikoyalarni olishlari bilan oʻqib chiqadilar. Darhol menga shartnoma loyihasini yuboradilar. Qarabsizki, yaqindagina adabiyotga kirib kelgan odamning uch yuz sahifali kitobi rus tilida chiqib turibdi! Ammo, uch-toʻrt hafta emas, yil oʻtib ketdi. Javob kelmadi. Ruscha chiqadigan kitobdan sovib ketdim, unutib ham yubordim.

Oradan yana ancha vaqt oʻtdi. Esimda yoʻq, bir kuni ishdan kelsam, xotinim pochta qogʻozini koʻrsatdi.

Banderol. Kitoblar boʻlsa kerak. Yozuvchilar doʻkoniga iltimoslarimizni yuborgan edik. Pochtaxonaga bordim. Banderol ancha ogʻir edi. Sezib turibman, qogʻozlikka qogʻoz-ku, lekin kitob emas.

Er-xotin ochdik. Poytaxtdan kelgan banderol — hikoyalarim edi. Ichida nashriyotning xati bilan ikkita, har biri besh-olti qogʻozdan iborat taqriz ham bor. Avval nashriyotning xatini oʻqib chiqdim: Hikoyalaringiz, taqrizlarni yuboryapmiz. Nashriyot bunday hikoyalarni chop etolmaydi. Xatning mazmuni taxminan shunday edi. Keyin taqrizlarni oʻqib chiqdim. Ularda hikoyalar hayot haqiqatidan yiroq, bunday voqealar boʻlishi mumkin emas, deyilgan edi. Adashmasam, taqrizlarni bittasi Toshkentdan joʻnatilgan edi.

Er-xotin biroz xafa boʻldik, jahlimiz chiqdi. Lekin nashriyot bilan bahslashishni oʻzimizga ep koʻrmadik. Buning ustiga xuddi shu paytda markaziy gazeta va jurnallarda hikoyalarimning ba’zilari bosiladigan, hatto bosilib ham turgan edi.

Yoz kunlarining birida oʻsha, Markazda hikoyalarimni kitob qilib chiqarish tashabbuskori boʻlgan akamiz uyushmada meni koʻrib qolib sevinib ketdi.
— Uka, juda yaxshi boʻldi sizni koʻrganim. Mashinangiz bor-a? Ishxonangizdan ruxsat olib beraman. Markazdan bir redaktor kelgan. Tarjimonlik ham qiladi. Shuni ikki kun aylantirib kelmaysizmi? Iltimos sizdan!

Men Shukur Xolmirzaevga qaradim. Birga edik. Shukur ixtiyor oʻzingizda, degandek yelkalarini sezilar-sezilmas koʻtarib qoʻydi.
— Mayli, — dedim men. — Mehmon qaerda?
— Mehmonni hozir pastga tushiramiz. Mening xonamda oʻtiribdi.

Koʻp oʻtmay uylarimizga xabar qilib, mehmonni oldik-da, dovon orqali Fargʻona vodiysiga qarab yoʻl oldik.

Moʻljalimiz boʻyicha kechqurun toʻqqizlarda Qoʻqondan Fargʻonaga oʻtish, mehmonxonada tunab, ertasi kun boʻyi vodiyni aylanish va kechki salqin bilan Toshkentga qaytish edi. Mehmon ham rejamizni ma’qulladi. U biz tengi yigit edi. Katta-katta yozuvchilarga oʻrganib qolgan boʻlsa kerak, uyushmamiz rahbari bizni tanishtirganda, anchagina sovuq koʻrishdi. «Kunim senlarga qoldimi?» degandek tutdi oʻzini. Mashinaning orqasiga oʻtirib olib, xuddi har kuni Fargʻonaga borib keladigan odamdek koʻzlarini yumib uxlab ham oldi. Tagʻin qiziq odati bor ekan, hech narsa bilan qiziqmaydi, soʻrasangizgina javob beradi.

Bu odati Shukur bilan bizni mutlaqo ranjitgani yoʻq. Ikkalamiz maza qilib gaplashib ketdik.

Toshkentdan joʻnayotganimizda mehmon bizdan jindek ranjib ham oldi.

Tanishib boʻlganimiz, qayoqqa borishimizni gaplashib olganimizdan keyin, mashinaga taklif qildim. Mehmon hech ikkilanmay oldingi eshikni ochib, oʻtira boshladi. Bu joyda har doim, hozir ham uyoq-bu yoqqa boradigan boʻlsa, Shukur oʻtiradi. Orqa oʻrindiqqa oʻtirib qalin sochlari toʻzgʻishini va hammaning oldida tarashni, umuman taroq tutishni u yomon koʻradi. Sezib qoldim, jahli chiqib, qoshlari bir pastda chimirilib ketayapti. Lekin-gapirishga ulgurmadi.
— Iltimos, Siz orqaga oʻtiring, — dedim mehmonga. Keyin hafa qilmaslik uchun qoʻshib qoʻydim, — yoʻl-yoʻlakay biz marshrutni, yoʻllarni maslahatlashib ketamiz.

Shukur tinchib, yonimga oʻtirdi.

Dovonga koʻtarilmasdan Tangatopdi qishlogʻiga kiraverishda, shunday suvning boʻyida shinamgina choyxona bor. Shu yerga yetib borganimizda, Shukur ikkalamiz beixtiyor bir-birimizga qaradik. Tushdik. Kabobpaz zira xidi anqib turgan qoʻy goʻshtini sixlarga tortayotgan ekan. Choyxonachi yigit bizni salqin bir joyga oʻtkazib bitta koʻk, bitta pamil choy keltirdi. Tandirdan yangi uzilgan ikkita barkashdek-barkashdek joydari non qoʻyib ketdi.

Kabobpaz kaboblarni koʻra ustiga terib oldimizga keldi:
— Ozgina achchiq-chuchuk ham qilib ham beraymi?

Minnatdor boʻldik. Achchiq-chuchuk bor joyda, ozgina boʻlsa ham ichiladi. Mashinaga bir-ikkita shisha solib olgan edik, bittasini keltirib, vodoprovod ostiga qoʻyib qoʻydim.

— Umarbekov! Bu qanday boʻlar ekan? — dedi Shukur jiddiy ohangda. — Siz ichmaysiz, ruldasiz. Bu odamni men birinchi marta koʻrishim. Indamay u bilan ichaveramanmi? Keyin nima boʻladi?
— Fargʻona tong otguncha boʻladi, — dedim men hazillashib, keyin unga oʻxshab jiddiy ohangda qoʻshib qoʻydim. — Agar mehmon ichmasa, siz ham ichmaysiz-da. Shu ham tashvishmi?
— Bu gapingiz ham ma’qul. — dedi Shukur. — Lekin fahmlashimcha, yaxshilab taklif qilinsa, rad etmaydi.

Men kulib yubordim. Kulgining boisini mehmonga tushuntirdim. Birinchi marta uning chehrasi yorishganini shunda koʻrdik.

Achchiq-chuchuk, barra kabob, muzdek aroq, issiq non, buloq suvi... Buning ustiga gʻir-gʻir esib turgan togʻ shamoli... Ancha qolib ketdik choyxonada. Moʻljal buzildi. Marshrutni oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Kechasi soat oʻn ikkilarda Katta Fargʻona kanalining Kuyganyordagi boʻlimiga kirib bordik.

Boʻlim boshligʻi Noʻ’monjon degan ajoyib yigit edi. Said Ahmad aka tanishtirgan. U bilan soʻrashdik. Kimdir mototsiklda kelib biz bilan koʻrishdi-da, orqamda yuringlar, deb mototsikliga oʻtirdi. Koʻp yurganimiz yoʻq. Ikki koʻcha aylanib, Usmon Yusupov muzeyi va shu yerdagi kichkina mehmonxonaga kirib bordik.

Koʻp oʻtmay, Noʻ’monjonning oʻzi yetib keldi. Quchoqlashib koʻrishdik. Shukurni, mehmonni tanishtirdim.

Mehmonxonaga koʻtarildik. Achchiq choy, ketidan katta bir laganda osh keldi.
— Qani olib turaylik, — dedi Noʻ’monjon va oʻzi birinchi oshga qoʻl uzatib boshlab berdi. — Rostini aytinglar. Uyqu bosayaptimi, yoʻqmi?
— Nima edi? — soʻradim tushunmay.
— Baliq ovlasak nima deysizlar? Tungi baliq ovining zap gashti boʻladi-da!

Men mehmonimizga aytuvdim, xursand boʻlib ketdi.

Oʻrnimizdan turganimizdan toʻgʻonning bir tarafidagi suv chiqarilib tizza boʻyi qolgan edi. Fonarlar, oy nurida kumushdek tovlanib, oʻzini har yoqqa tashlayotgan baliqlarni qoʻl bilan tutsa boʻlardi. Shunday qildik. Tutganimizni chelakka solib uzatamiz, zum oʻtmay, qovurib kelishadi... Yana tutamiz. Xullas, oyoqlar muzlaguncha ov qildik.
— Men birinchi marta qoʻl bilan baliq tutishim! — dedi mehmon. — Aytib bersam, oʻlay agar, ishonishmaydi!

Noʻ’monjon kulib qoʻydi. Oʻsha kuni u bizni xursand qiladigan yana bir ish qilib qoʻygan ekan. Buni ertalab bildik. Mehmonxonaning katta dahliziga dasturxon yozib, bizni taklif qilishdi. Bogʻda burnining uchlarigacha sharbat bosib shaftoli, uzum, yeb yurgan mehmonni yetaklab, koʻtarildik.

Dahlizda Noʻ’monjon bilan birga fargʻonalik hamkasb doʻstlarimiz Oxunjon Hakimov, Yoʻldoshali Sulaymonov turishardi. Peshinda Quyganyordagi mashhur, Oxunboboev, Usmon Yusupov, Yusufjon Qiziqlar tabarruk qilib ketgan Qoradaryo ustidagi choyxonada devzira palov yeb, Fargʻonaga joʻnadik.
— Toʻgʻri Adham akanikiga boramiz. Sizlarni kutib oʻtiribdilar, — dedi Yoʻldoshali.

Turgan-bitgani afsona, latifa, hazildan iborat boʻlgan, ogʻzaki tom-tom kitoblar yozib tashlagan atoqli yozuvchi, urush qahramoni, vodiyning erka farzandi Adham Hamdam bilan koʻrishmasdan boʻlmasdi. Avvalo u xafa boʻlardi. Keyin u bilan bir daqiqa boʻlishni faqatgina biz emas, koʻpgina qalam axli quvonch deb bilardi.

Adham aka hazul-huzul gaplar bilan bizni kutib oldi. Birpas Fargʻona rahbarlari haqida shoʻx, kulguli, ammo hech kimni haqorat qilmaydigan latifalardan aytib berdi.

Kelinoyimiz yarim kosa-yarim kosadan serqatiq mastava olib keldi.

Keyin ikkita mashinaga oʻtirib, baland kumushbarg teraklar soyasidagi tekis koʻchalardan yurib, ozoda, odamning bahrini ochadigan shaharni aylandik. Adham aka mehmonni tarixiy oʻlka muzeyiga olib kirib chiqdi. Soat beshlarda pedagogika institutida bordik. Zal toʻla odam edi. Bizni picha kutib qolishibdi. Shu sababli rektorning kabinetiga kirmay, uchrashuvni boshlab yubordik. Oxunjon hammamizni, shu jumladan mehmonimizni ham tanishtirib chiqdi. Savol-javob, rejalar haqida gapirib qorongʻi tushganini bilmay qoldik. Adham aka aralashmasa, uchrashuv tongotargacha choʻzilishi mumkin edi. U kishi jiddiy ishlarni bahona qilib, kechani tugatdi. Rektorning kabinetida choy ichdik. Hammamizning yelkamizga toʻn tashlandi.

Mehmon yelkasidagi banoras toʻnga havas bilan qarab, mendan soʻradi.
— Pulini kimga berish kerak?
— Shukurga, — dedim men. — Uning zakazi bilan olib kelishgan, yoqdimi?
— Juda ham, — dedi mehmon. — Yana bitta sotib olsam boʻladimi?
— Boʻladi, — dedim men.

Fargʻonalik hamkasblarimiz bilan terakzor tak’yada oʻtirganmizda Shukur yonimga keldi.
— Umarbekov, bu toʻn necha soʻm turarkan, bilmaysizmi?
— Nima edi?
— Mehmonimiz qiziqayapti.
— Adham akadan soʻrab koʻring.
— Hafa boʻladilar. Sovgʻaning ham bahosini surishtirasanmi, deb, koyiydilar.
— Mehmonga xuddi shunday tushuntiring. Aftidan men nojoʻya hazil qildim. Endi yaxshilab rostini tushuntirish kerak.

Shukur kulib yubordi.

Yarim kechada mehmon meni uygʻoq oʻtirganimni koʻrib yonimga keldi.
— Bugungi uchrashuv planlashtirilganmidi?
— Yoʻq. Eskpromt.

Mehmon indamadi. U nimalarnidir oʻylar, mulohaza qilar, ammo aytishga iymanardi.
— Yozuvchilarni yaxshi koʻrishar ekan.
— Ha, bizda adabiyotni, san’atni sevishadi, — dedim men.

Ertalab nonushtadan soʻng, uch-toʻrt mashina boʻlib, Shohimardonga ketdik.

U yerdan qorongʻida qaytib Qoʻqonda tunadik.

Mehmonimiz shu kunlar ichida sezilarli oʻzgarib ketdi. Avvalo oftob tegib, yuzlari, qoʻllari qoraydi. Ozgina toʻlishdi ham. Lekin gap bunda emas, gap uning birdan afsona ichiga tushib qolganligida va bu holatni yashirmayotganida edi. Biz, Shukur ikkalamiz unga ma’qul kelib qoldik, nima uni qiziqtirsa, xayratga solsa, eng yaqin doʻstlaridek bizga murojaat qilar, bilib olar, uchchalamiz qolganimizda oʻzining, onasining hayotidan ba’zi, oʻzi uchun qiziq tuyilgan voqealarni aytib berardi. Yolgʻiz oʻgʻil ekan. She’riyatga qiziqib, adabiyotchi boʻlibdi. Ammo undan shoir chiqmabdi. Yashash kerak, kasalmand onani boqish kerak. Nashriyotga shuning uchun ishga kiribdi. Hali yoshligini, shoir boʻlib ketishi mumkinligini aytib, biz uni yupatdik.

Xullas, ikki kunga yoʻlga chiqqan odamlar, toʻrt kun vodiyda qolib ketdik.

Tushlikda yana Qoʻqon tak’yalaridan birida osh yeb yoʻlga tushdik. Yoʻldoshali bizning mashinamizda Pungangacha bordi. Shu yerda u bilan xayrlashdik. Yana bir marta hammaga salom va minnatdorchilik bildirib, qoʻyishni mehmonimiz bizdan oldin iltimos qildi. Yoʻlga tushdik. Niyatimiz kechki salqinda Toshkentga kirib kelish, biznikida ovqatlanib, tarqalish edi.

Dovonga yetganimizda mehmon yelkamga qoʻlini qoʻydi.
— Biron salqinroq joyda toʻxtasak boʻladimi?
— Marhamat, — dedim men.
— Yoʻldoshali, Adham akalar mashina orqasiga nimalarnidir qoʻyishdi. Aftidan ichadigan narsalar ham boʻlsa kerak?
— Bor, — dedi Shukur. — Hali oʻzimiz Toshkentdan olganlarimiz ham turibdi.
— Men ichmoqchiman. — dedi mehmon.

Mehmon amri vojib. Chodakdan oʻtgandan soʻng, yoʻlning chap tomoni salqin edi. Tuzukroq joy qidirib oʻtirmasdan mashinani toʻxtatmoqchi boʻldim, mehmon koʻnmadi.
— Kabob yegan joydek joy boʻlsa yaxshi boʻlardi.
— Sizdan shoir chiqishiga shubha yoʻq, — dedi Shukur. — Men ham chiroyliroq joyda toʻxtasak deyman. Siz-chi, Umarbekov?
— Kemaga tushganning joni bir.

Dovondan tushaverishdagi buloq boshida toʻxtadik. Shu yerda choyxona bor edi. Lekin choyxonadan idish-tovoqdan boʻlak narsa olishga toʻgʻri kelmadi. Hamma narsani Fargʻonalik doʻstlarimiz ikkita tugun qilib, mashina orqasiga joylab qoʻyishgan ekan. Yaxna goʻsht, meva, ichimliklar, katta sopol tovoqda polov osh, non...

Shunga qarmay, choyxonachi amaki taomil deb, issiq non, qand-qurs keltirib qoʻydi.

Mehmon sabrsizlik bilan idishlarga ichkilik quyilishini kutardi. Nihoyat hamma tayyorgarlik koʻrib boʻlingach, Shukur piyolalarga toʻlatib aroq quydi.
— Mana, mehmon, oling.
— Mening gapim bor, — dedi mehmon. — Iltimos qilaman, eshitinglar. Men Toshkentga kelib sizlar bilan uchrashishimni bilganim yoʻq edi. Ammo uchrashganimdan xursandman. Endi xursandman. Shukur, sizning oldingizda men Oʻlmasdan kechirim soʻrashim kerak. Uning hikoyalarini men qaytarib yuborganman. Ichida taqrizlar ham bor edi. Nashriyotning xati ham bor edi. Oʻlmas, olganmisiz?
— Ha, — dedim men.
— Oʻqiganmisiz hammasini?
— Oʻqiganman.
— Mendan xafa boʻlsangiz arziydi, Nashriyotning xati ham, uyushtirilgan ikkala taqriz ham hikoyalaringizga, eng muhimi, xalqingizga tuhmat. Siz, oʻzbek yozuvchilari shunday koʻngli ochiq, kamtar, yozuvchiga hurmati baland xalqingiz bilan faxrlansangiz arziydi. Oʻlmas, hikoyalaringiz, qahramonlaringizga ishonchsizlik bildirib biz gunoh qildik. Men gunoh qildim. Qoʻlyozmalaringizni olib ketaman. Kitobingizni chop etishni talab qilaman. Biz Toshkentdan borgan bir taqrizga qattiq ishonib yubordik. Meni kechiring. Shu qadah oʻzbek xalqi uchun, Oʻlmas, Shukur siz baxtli yozuvchilarning qahramonlari uchun ichaman!

Moʻljalimiz qaytishda ham buzildi. Dovonda uzoq qolib ketib, Toshkentga yarim kechasi kirib keldik.

Bu voqeani men hikoyalarimni maqtash uchun gapirib berayotganim yoʻq. Siz ham, hurmatli oʻquvchi, men ham, bir narsaga sevinishimiz kerak.

Ajoyib xalqimiz bor. Uning aql-idroki, qadoq qoʻllari bilan hozirgi qiyinchiliklardan eson-omon chiqib ketamiz, har bir xonadonda «ochil dasturxon»lar paydo boʻladi, tanishmi, notanishmi, hamma mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olamiz. Eshik oldidagi odamga: «Kim kerak edi sizga?» demay, «Qani, ichkariga kiring», degan xalq hech qachon kam boʻlmaydi.

Xalqim! Olis, mashaqqatli yoʻling bexatar boʻlsin! Omad va baxt hamisha senga yor boʻlsin!

1994, may