OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiQaytar dunyo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaytar dunyo (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Yaqinda yuz bergan bir voqea sabab boʻlib, otamni eslab ketdim, uni bevaqt oʻlimga olib kelgan kulfat, kasalmand onam boshliq oilamiz chekiga tushgan ogʻir kunlar toʻgʻrisida oʻylab, yuragimdagi jarohat yangilandi.

Otam asli parkentlik, uch aka-ukaning kenjasi edi. Kenjaligi tufayli otasidan, ya’ni bobom Doʻsimbek polvondan qolgan uyda turar, amakilarim esa shu uyning ikki qanotidan oʻzlariga hovli-joy qilib olishgan edi. Qarindosh-urugʻlarning aytishlaricha, otam ham, amakilarim ham inqilobdan oldin, oʻsha davr sharoitiga chaqib aytganda, oʻzlariga toʻq yashagan ekanlar, har birining bitta-ikkitadan sigiri, besh-oʻntadan qoʻyi boʻlgan ekan, ota kasblari dehqonchilikda esa butun qishloqning ularga havasi kelar ekan. Har yili shirinligidan tilni yoradigan bozorning old qovun-tarvuzi ularniki boʻlarkan. Qurbilari yetganidanmi, yo tasodif yordam berdimi, ikki amakim uylarining tomini oq, yaltiroq tunuka bilan yoptirib olishgan ekan. Usta oʻzbek boʻlmasa kerak, baland tomdan yoʻlkalargacha tushgan oppoq tarnovlarning tepasiga bittadan tunuka xoʻroz qoqib qoʻyibdi. Bunday xoʻrozli tarnov Parkentda boshqa yoʻq ekan.

Amakilarimni men koʻrmaganman. Otamdan, hali aytganimdek, qarindoshlarimiz hikoyalaridan bilaman. Hamma ularni hurmat bilan polvon, der ekan. Shu jumladan, otamni ham. Bilishimcha, gap faqat hurmatda emas edi. Otamni koʻrgan odam uni chindan ham polvon derdi. Boʻyi baland, koʻkrak, yelkalari keng, qadam bosganida, yer gursillardi. Bir toʻyda qop-qop unni ustma-ust gardaniga qoʻyib, bolaxonaga olib chiqqanini oʻzim koʻrganman. Amakilarim otamdan ham tikroq, yoʻgʻonroq ekan. Ularni «polvon» deyishlariga yana bir sabab bor edi. Muhtojlik sezganda, Toshkentga borib, janggohda kurash tushib kelishar ekan, shu bilan, kam-koʻstlarini butlab olishar ekan. Qanchalik rost, bilmayman, lekin aytishlaricha, amakilarimning kurash tushib yelkalari yerga tegmagan. Faqat bir marta, katta amakim mashhur Saksovul polvonga oʻzi yiqilib bergan ekan. Oʻshanda Parkentda oq tunuka Saksovul polvondan yiqilgani evaziga, degan gap tarqalgan ekan. Bu, albatta, shunchaki mish-mishlardan. Lekin katta amakimning Saksovul polvondan yiqilgani rost. Shundan gap ochilganda, otam tutaqib ketardilar: «Tunukani Saksovul polvon olib kelib bergan boʻlsa bergandir. Bilmayman. Ammo-lekin akam shu tunukani deb yiqilmaganlar. Yerdan dast koʻtarib Saksovulga qarasalar, koʻzlari yoshmish. Rahmlari kelib, shundoq ustilariga tashlabdilar-qoʻyibdilar!»

Lekin oftobda koʻzni qamashtirib, olis-olisdan yaltirab koʻrinadigan shu oq tunuka tomli, sinch devor uylarda uzoq yashash amakilarimga nasib qilmadi. Toʻntarish shamoli Parkentni ham algʻov-dalgʻov kilib yubordi. Xalq ikkiga ajrab ketdi. Oʻz qoʻli, mehnatiga ishongan amakilarimga oshiqcha mol-mulk kerak emas edi, yarim och yashashni ham istashmasdi. Shuning uchun u tomonga ham, bu tomonga ham oʻtmay, oʻz ishlari bilan yuraverishdi. Ammo bu koʻpga choʻzilmadi. Yigirma uchinchi yili kechasi don-dun qidirib togʻdan tushgan qoʻrboshining yigitlari bilan olishuvda katta amakim, Toʻlaganbek polvon halok boʻldi. Yigirma toʻqqizinchi yilda Qoplonbek amakimning ham boshiga tashvish tushdi. Oʻz yerida qovun uzib turgan paytida qishloq aktivi va militsiya kelib, uni qamoqqa oldi. Otam oʻshanda oyogʻiga eski mahsi tortib, ogʻilxona tomiga qamish bosayotgan ekanlar. Eshitibdilar-da, mahsida militsiya idorasiga yuguribdilar. Ammo u paytda kim kimga quloq osardi? Hamma oʻzicha haq edi. Buning ustiga kamdan-kam odamda ikkita sigir, oʻnta qoʻy bor edi. Mardikor ishlatmay, oʻz xoʻjaligini oʻzi tebratib kelgan amakim kolxozga kirmagani, shuncha qoramoli boʻlgani uchun quloq qilinib, mol-mulki, uy-joyi kolxozga oʻtib ketdi. Oʻzi, xotini, ikkita bolasi bilan Ukrainadagi Nikolaev degan shaharga surgun qilindi. Oʻsha tomonda amakim kartoshka, yeryongʻoq ekishni oʻrganadi. Daryoning qirgʻogʻida sholikorlik qiladi. Uncha-muncha paxta ham ekib turadi. Uch-toʻrt yil deganda yangi sharoitga koʻnikib, turmushini tuzatib oladi, tanish-bilish orttiradi. Mehnatkashligi, mirishkor dehqonligi mahalliy xalqqa yoqib, ancha obroʻ-e’tibor qozonadi. Otamga uning oxirgi xati urushning ikkinchi yili kelib tekkan. Partizan otryadidan yozgan ekan. Urushdan keyin otam uni koʻp qidirdilar. Hatto Nikolaevga borib ham keldilar. Ammo na oʻzidan, na oilasidan darak topildi. Hatto uyidan ham nishon qolmagan edi. Qarindosh-urugʻ, tanish-bilishlar janoza ochishni bir necha bor maslahat berishdi. Otam koʻnmadilar. Birontasining daragi chiqib qolsa, yo oʻzi kirib kelib qolsa, koʻziga qanday qarayman, deb turib oldilar. Oradan, mana, shuncha yil oʻtib ketdi, ammo hech qanday darak chiqmadi. Ba’zilarning taxmini boʻyicha, Nikolaevda qolgan barcha bolalarni Germaniyaga haydab ketishgan, ayollarni xutorlarning oʻzida otib tashlashgan. Ba’zilar esa bombardimon payti hammalari halok boʻlishgan, boʻlmasa uylar bitta qolmay vayron boʻlmasdi, deyishadi. Amakim haqida yana bir taxmin yuradi. Goʻyo, nemislar kelishi bilan ularga qoʻshilgan emish. Ular bilan birga keyin Germaniyaga oʻtib ketgan emish. Sayyoh boʻlib borganlar uni koʻrganmish. Lekin hech kim otamning oldida, bizning oldimizda bunday degan emas. Amakimning biron jangda halok boʻlgani haqiqatga yaqin edi. Lekin qaysi jangda, qaerda, qachon? — hech kim bilmaydi.

Otam amakimni oilasi, ruxsat berilgan ikki boʻgʻcha yuki bilan temir yoʻlga kuzatib kelgan kunlariyoq, yarim kechada arava qoʻshadilar, oyimni, yetti yashar opamni oʻtqazib, Toshkentga yoʻl oladilar. Uydagi biron narsaga tegmaydilar, ogʻilxonada sigir-buzoq, qirda qoʻylar qolganicha qoladi. Nega hech narsa olmadilar, qancha soʻramaylik, hech qachon otam aniq bir javob bergan emaslar. Nazarimda, u kishining bu ishida tobutkash, bir lagandan osh yeb kelgan hamqishloqlariga zardasi, begunoh, qishloqning biron ma’rakasidan qolmaydigan, och-yalangʻochga doim yordam qoʻlini choʻzib kelgan akasiga achinish bor edi. Balki xato qilayotgandirman? Balki yangi hokimiyatdan norozi boʻlganlaridan shunday ish tutgandirlar? Lekin otamni yaxshi bilganimdan bunga qoʻshilishim qiyin. Oʻlimlarigacha boshlariga ne-ne kunlar tushmasin, otam hukumatga norizolik bildirganlari yoʻq.

Xullas, qup-quruq aravada uch kishi tonggi gʻira-shirada bobomning singlisi, ammamiznikiga kirib kelishadi.

Ammam Toshkentning Mirobod mahallasiga, ziyolilar xonadoniga kelin boʻlib tushgan, eri, qaynotasi yonida oʻqituvchilik qilardi. Qaynotasi oʻsha davrdagi ilgʻor fikrli ziyolilardan boʻlib, asrning boshida ota-bobosidan meros qolgan ichkari-tashqarilik katta hovlining yarmini ajratib, yangi usulda maktab ochgan edi. Maktabda faqat oʻgʻil bolalar emas, qiz bolalar ham bepul oʻqitilardi. Ammam shu qizlarga rahbarlik qilar, bundan tashqari hamma sinflarda oʻzbek tilidan dars oʻtardi. Uchinchi sinfni bitirgunimcha, men ham uning qoʻlida oʻqiganman. Ammamning olamdan oʻtganiga yarim asr boʻlganiga qaramay, men hamon uni yaxshi eslayman. U ham otamga oʻxshab novcha, burni katta, ammo oʻziga yarashgan edi, yirik koʻzlari doim kulib turardi. Boʻyi, jussasiga yarasha, ovozi ham bardam edi, shoshmasdan, soʻzlarni dona-dona qilib gapirardi uni eshitganimda, koʻz oldimda gʻalati bir manzara jonlanardi: keng, bepoyon choʻl. Boʻynilariga koʻngʻiroq osilgan qator tuyalar karvoni bitta-bitta bosib kelayapti... Bu manzarani eslatadigan, u oʻrgatgan bir she’r haligacha esimda:

Bu na kun boʻldikim, quloq kar, tilim lol,
Rus lisonin bilmayin koʻzimiz moʻltir-moʻltir.
Millat bari arbokashdir, yo hammol,
Afti-angori qaro, kiygani juldir-juldir...

Ammam, uning qarindoshlari qochoqlarni yaxshi kutib olishdi. Darrov bitta xona ajratib berishdi. Qudaboboning taklifi bilan otam oʻz ot-aravasi bilan maktabning xoʻjalik ishlarini qiladigan boʻldi. Keyin u shu maktabda qolib ketdi. Umrining oxirigacha xoʻjalik ishlari mudiri boʻlib yurdi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay otam shu mahallaning etagida boʻsh yotgan yerni sotib oldi. Otasidan qolgan besh gʻishtlik mashhur polvon qolipda oʻzi gʻisht quyib, imorat soldi. Havas qilib qoʻyganidanmi, yo oʻrtancha amakimni quloq qilganlarga oʻchakishgandanmi, oʻrtasiga katta ayvon tushgan ikki xonali uyning tomini — qaerdan topdi, bilmayman — oq, yaltiroq tunuka bilan yoptirdi. Ayvonning chekkalaridan tushgan ikkita tarnovning tepasiga ikkita tunuka xoʻroz ham qoqtirib qoʻydi.

Men shu uyda tugʻilganman. Uning har bir gʻishti, har bir yogʻochi menga aziz va qadrdon edi. Nonquti, idish-tovoqlar terib qoʻyilgan keng va baland tokchalar, ikkala xonaning toʻridagi gulli dorpechlar bilan toʻsilgan taxmonlarni hozir ham koʻrib turgandekman. Har kuni ertalab oʻrinlarni yigʻishtirib shu taxmonlarga taxlash opamning boʻynida edi. Koʻrpalarni koʻtarsa ham, bechora, toʻshaklarga kuchi yetmasdi. Meni chaqirardi. Ikkalamiz inqillab-kuchayib yigʻishtirardik. Men uyalardim, xotinlarning ishi, deb. Qochardim. Opam hovlini boshiga koʻtarib, orqamdan quvlardi. Tutolmasa, ayvonning ostonasiga oʻtirib olib, kap-katta, boʻyi yetgan qiz yigʻlardi. Oriq, kasalmand oyim aralashganlaridan keyingina qarashardim. Oyimning shu uydalik paytlari xotiramda qolgan. Qishda ayvonning oʻrtasiga quriladigan tancha yonida oʻtiruvdilar, yozda ostonaga yaqin joyda. Oldilarida doim sariq samovar shaqillab qaynab turardi.

Urush boshlanishidan bir-ikki oy oldin hovlimizning oʻrtasidan vodoprovod oʻtdi. Odam zoʻrgʻa hatlab oʻtadigan zovur qazildi. Qulochga sigʻmaydigan quvurlar yotqazildi. Otam ishchilar bilan gaplashib, oʻzimizga ham vodoprovod oʻtkazib oldilar. Urush boshlangan kuni suv keldi. Men bunaqa shirin, muzdek suvni sira bilmayman. Nima uchun bizning hovlimizdan oʻtkazilganini ham bilmayman. Oʻtkazishdi-yu, zovurlarning ustini yopish eslaridan chiqib ketdi. Quvurlar ochiq qoldi, yozdan kelasi yili erta bahorgacha hovlida togʻ-togʻ boʻlib, tuproq uyulib yotdi. Otam bir necha marta turli idoralarga borib keldilar. Hech kim yopishni oʻylamadi. Yomgʻirgarchilik tugashi bilan oʻzlari yopdilar. Hovli yana ochilib ketdi. Suvning ta’rifi mahallaga yoyildi. Qoʻni-qoʻshnilar ovqatga, choyga biznikidan suv olib ketadigan boʻlishdi. Yoz kunlarining birida, oʻqishdan kelsam, oyim vodoprovodni sharqiratib ochib, tagida oʻtiribdilar. Meni koʻrib uyalib ketdilar.
— Parkentdan ketganimizdan beri oqar suvda choʻmilgim kelardi. Bosimi yaxshi ekan, xuddi daryoga oʻxshaydi.

Hali-hali koʻrib turgandekman, oyimni soʻlgʻin koʻzlarida orzusi ushalgan odamning iliq tabassumi, taskini bor edi.

Oyim, otam singari odamlarning arzimagan narsadan tinim, quvonch topganini shu voqealarni menga eslatib yuborgan, oilamizning kulfatlariga sababchi boʻlgan kishi umrida biron marta koʻrganmikan? Shunday tinim, quvonchlar oʻsha odamlar uchun chinakam baxt boʻlganini tasavvur qilganmikan? Yo oʻz niyatlari yoʻlida hammani xor qilib, ustidan bosib, toptab ketaverganmikan? Shunday kishilarning chanqaganga bir piyola suv, ochqaganga bir burda non berganini, oʻlim chiqqan uydan borib hol soʻraganini bilmayman...

Avval men uni tanimadim. Oʻttiz yildan ziyod vaqt oʻtgan, unutgan edim. Keyin koʻrimsiz edi. Rangi ham buzuq edi, endigina zaxdan chiqqan qurbaqaning rangiga oʻxshardi. Ijroqomga ertaroq kelib, zarur hujjatlar bilan tanishib oʻtirsam, uyalinqirab kotiba qiz kirdi.
— Sizni bir odam soʻrayapti. Qabul qilarmishsiz.
— Qabul kuni kelsin, — dedim boshimni koʻtarmay.
— Juda iltimos qilyapti, — dedi yana kotiba. — Qabul qila qoling, veteran ekan.

Veteranlardan u qoʻrqardi. Ularning ba’zilari bilan gaplashishga esa mening toqatim yoʻq edi.
— Hay, kirsin.

Shu zahotiyoq past boʻyli, toʻladan kelgan, dumaloq yuzi koʻkimtir bir kishi pildirab xonaga kirdi.
— Salamalaykum, rais uka!

U uzun majlis stolini yosh yigitdek chaqqonlik bilan aylanib oʻtdi-da, roʻparamga kelib, qoʻlini uzatdi. Oʻrnimdan turib, qoʻlini oldim. Nazarimda barmoqlari birtekisda bolta bilan chopib tashlangandek, kichkina qoʻlining suyagi yoʻq edi.
— Keling, oʻtiring.

U taklifimni kutmasdanoq ikki qoʻli bilan stulni surib, oʻtirib oldi. Tezroq maqsadga oʻtish niyatida soʻradim:
— Keling?

U munchoqdek kichkina koʻzlarini menga qadab iljaydi.
— Rais uka, sizni koʻrganimdan xursandman. Koʻp yaxshi gaplar eshitaman. Baraka toping. Martabangiz bundan ham baland boʻlsin.
— Otaxon!..

Uni boʻlmoqchi edim, ammo gap bermadi.
— Bir paytlar Qorasuv odam nazar-pisand qilmaydigan kichkina rayon edi. Endi qarang, bay-bay, bay!... Ana qurilish, mana qurilish! Rais uka, men ham uzoq yillar ijroqoʻmlarda ishlaganman. Elliginchi yillarda hatto rayijroqoʻm raisining muovini ham boʻlganman. Butun qurilish ishlari menda edi. Mehmonxona, yoʻl, kombinat!..

Shu payt uni tanigandek boʻldim. Basharasiga tikildim.
— Frunze rayonida ishlamaganmisiz? — aniqroq bilish uchun soʻradim.

Savolimdan u xursand boʻlib ketdi.
— Ha-da! Oʻsha eng ogʻir rayonda, eng ogʻir yillari ishlaganman. Mehmonxonani koʻrsangiz hozir, havasingiz keladi. Koʻchalar-chi? Ikki baravar kengayib ketdi. Lohutiy, Shota Rustaveli... Joniz rohat qiladi.

Ha, bu oʻsha, otam ne-ne qiyinchiliklar bilan qurgan, men tugʻilgan uyni buzdirgan odam edi. Qoʻchqorov. Ali Qoʻchqorov. Oʻzini unutibman-u, ismi-sharifi yodimda qolibdi. Nima qilish kerak? Yoqasidan koʻtarib, tepib-tepib, haydaymi? Haqqim yoʻq. Bechora onamga, otamga koʻrsatgan hunarini eslataymi? Nima derdi? Topshiriqni bajarganman, deydi. Menda ayb yoʻq deydi, Qiziq, meni u taniganmikan? Oʻsha, uyi buzilib, bevaqt oʻlib ketgan devdek odamning oʻgʻli ekanimni bilarmikan? Taqdirni qarang, rayijroqom raisi oʻrinbosari buzdirgan uyning egasi hozir rayijroqom raisi boʻlib oʻtiribdi, va oʻsha, boshiga kulfat yogʻdirgan odamni qabul qilayapti!.. Qaytar dunyo, deb shuni aytsalar kerak. Nima ish bilan kelgan ekan? Shu savol xayolimga keldi-yu, alamlarimdan chiqish niyatida uning gapini boʻldim.
— Oʻrtoq Qoʻchqorov! Vaqt ziq. Xizmat?
— I-ya!? Meni bilasizmi? — u sevinib ketdi.
— Sizni Mirobodda koʻpchilik biladi. Ayniqsa, uyi buzilganlar. Men mirobodlikman.

U kinoyani tushunmadi. Dumaloq qoʻllari bilan birpasda nam boʻlgan koʻzlarini arta boshladi.
— Barakalla! Barakalla! Rahmat sizga, rais uka!..
— Ishga oʻtaylik. Xizmat? — yana soʻradim.

Bu gal qoʻpolroq soʻraganimni u sezib, maqsadiga oʻtdi.
— Bizni uyni ustidan koʻcha oʻtadigan boʻpti. Yoʻq-yoʻq, hech qarshi emasman. Koʻcha xayrli ish. Lekin... Lekin qariganimda bir parcha boʻlsa ham yerda boʻlay deyman. Opoqingiz ham shu gapni eshitib, tinchini yoʻqotib qoʻydi. Domda turmayman, deydi., Tobutimni qandoq olib chiqishadi, deydi. Bolalar boshqa gap. Ammo bizga, keksalarga rahm qiling, rais uka.
— Nima, koʻchani boshqa joydan oʻtkazaylikmi? — jahl bilan soʻradim. — Yo uchastka berishmayaptimi?
— Uchastka berishayapti, rais uka. Quloq soling. Ammo olisda. Innaykeyin qari odamni imorat qurishga qurbi yetarmidi? Yoʻlniyam boshqa yoqdan oʻtkazish kerak emas, joyida qolaversin...
— Nima deysiz, boʻlmasa? — hayron boʻldim.

Qoʻchqorov oʻrnidan turib, stol ustidan men.tomon egildi va sirli ohangda dedi: 

— Arxitektor bola uzoq qarindosh chiqib qoldi. Yoʻl sizning uyingizdan oʻtishini bilganim yoʻq, deydi. Agar rais rozi boʻlsalar, bir metr chetga burib yuboraman. Shunda uyingiz ham qoladi, yoʻlga ham ziyon yetmaydi, deydi. Ota-onangiz rohatingizni koʻrsin, rais uka, xoʻp deng. Bir ogʻiz gapingiz. Umr boʻyi duoyingizni qilib oʻtaman.

U joyiga oʻtirib, koʻzlariga yana yosh oldi. Chindan ham qaytar dunyo! Oʻttiz yil burun, men, student yigit, xuddi shunday koʻz yoshi qilib, xuddi shunday iltimos bilan shu odamning oldida turgan edim. Ammo mening koʻz yoshlarim achchiq alam yoshlari edi. Eslatsammikan?
— Arxitektor bilan gaplashaman, qani nima der ekan, — dedim zoʻrgʻa oʻzimni bosib olib.
— Gaplashib ovora boʻlasizmi? — Qoʻchqorov yana jonlanib ketdi. Kichkina koʻzlari oʻynay boshladi. Aftidan, meni, rozi boʻladi, deb oʻyladi shekilli. — Siz menga xoʻp desangiz boʻldi, uyogʻini oʻzim tinchitaman. Baraka toping, rais uka.
— Bari bir arxitektor bilan gaplashmasam boʻlmaydi, — Oʻz gapimda turdim men. — Yoʻlni bir metr chekkaga surib yuborish nimaga olib kelishini bilmayman. Surishtirishim kerak! Keyin bu loyiha ijroqoʻmda tasdiqlangan.
— E, uka! Ispolkomni biz ham bilamiz, — men tomon egilib oʻtirgan Qoʻchqorov gavdasini rostladi, kalta panjalarini stol ustiga tirab, yelkalarini koʻtardi. — Rais nima desa ispolkom a’zolari shuni qiladi. Qilmasa, keyingi safar saylanmaydi.

U miyigʻida kulib qoʻydi.
— Hozir ispolkomlar oʻzgarib ketgan, davr boshqa.
— Mening gapimga quloq soling, rais uka! Rais-rais! Shunday boʻlib kelgan. Shunday boʻlib qoladi. Aks holda hammayoq ostin-ustun boʻlib ketadi. Xoʻp, deng, jon uka!

Unga biron narsani tushuntirish foydasiz ekanini koʻrib, oʻrnimdan turdim.
— Arxitektor sizga javobimni aytadi. Boravering.

U menga angrayib qarab qoldi. Qoʻlini olib xayrlashayotganimda ham koʻzini mendan uzmadi. Undan oʻgirilib, joyimga oʻtirganimdagina, sekin soʻradi:
— Xoʻp deysizmi? Ishonsam boʻladimi? A, rais uka?
— Siz boravering. Maslahat qilamiz, — shunday deb, eshik tomonga qichqirdim. — Surayyo!

Kotiba qiz kirdi.
— Bularni kuzatib qoʻying. Meni, Poʻlatov, rayon arxitektori bilan ulang keyin.

Qoʻchqorov eshik oldida toʻxtadi.
— Rais uka, bir yaxshilik qiling. Savob boʻladi.

Yaxshilik, savob... Men ham unga oʻzim bilgan eng sara gaplarni topib yalingan edim. Kasal onamga rahm qiling, juda boʻlmaganda bir yil sabr qiling, degan edim.

Oʻshanda universitetning ikkinchi kursida oʻqirdim. Lektsiya ketayotgan mahali dekanatdan bir ayol kelib, meni chaqirib ketdi. Hayron boʻlib, dekanatga kirsam, opam yigʻlab oʻtiribdi. Qoʻrqib ketdim. Xayolimdan darhol onam oʻtdilar.
— Nima boʻldi?
— Uyimizni buzishvotti! Oshxonani buzib boʻlishdi!
— Kim buzvotti? Nega?

Oʻzini yoʻqotib qoʻygan opamning yelkalarini siltab soʻradim.
— Raispolkommi odamlari.
— Dadam uydamilar?
— Ha, chaqirib keldim maktabdan. Lekin dadam indamay oʻtiribdilar. Shuniychun senga keldim. Bir narsa qilish kerak. Endi qayoqqa boramiz.

Opam hoʻngrab yigʻlab yubordi. Sudrab koʻchaga olib chiqdim. Zoʻrgʻa bitta mashinani tutib, uyga keldim.

Chindan ham uyimiz toʻpolon edi. Tomda, devorlarning ustida lom, bolta koʻtargan odamlar yuribdi. Yana qandaydir odamlar hovlidagi daraxtlarni kesishayapti. Tomdan, hovlining burchagidagi yarim agʻdarilib boʻlgan oshxonadan chang osmonga koʻtarilayapti. Barzangi-barzangi yigitlar koʻchirilgan tunukalarni bir chekkaga taxlash yoʻq, taraqlatib hovliga otishayapti. Nima qilishni bilmay, angrayib qoldim. Keyin ovozim boricha, butun vujudimni titroq bosib, tomga qarab qichqirdim:
— Toʻxta! Toʻxtalaring!
— Foydasi yoʻq, oʻgʻlim.

Shunday yonimdan sokin tovush eshitildi. Bu otam edilar. Koʻcha devorga yaqin oʻrikning tagida oʻtirgan ekanlar, koʻrmabman.
— Foydasi yoʻq, — qaytardilar yana otam. U kishini men hech qachon bunday xomush koʻrmagan edim. — Melisa ham chaqirdim, hech narsa qilisholmadi. Qoʻllarida qogʻozlari bor.
— Qaerda turar ekanmiz?
— Chilonzorga, domga borarmishmiz. Istamasak, Doʻmbiroboddan olti sotix yer berisharmish.

Otam nihoyatda xotirjamlik bilan gapirdylar Ammo sezib turibman, ichlari yonib ketayapti. Hali-hali esymda, oʻzlarini ovutish niyatida yonlarida olib yuradigan oʻzbekcha pichoqlari bilan xivich yoʻnayaptilar. Dili vayron boʻlgan, hamma narsadan umidi uzilgan odamgina shunday ish bilan mashgʻul boʻladi.
— Nima qilamiz?
— Oyingizni bilasiz, oʻgʻlim, — otam meni doim sizlab gapirardilar. — Oyingiz domga chiqmaydilar. Menga ham bir parcha yer boʻlsa boʻlardi.

Shu payt nimadir gumburlab ketdi. Ijrokom ishchilari tunuka aralash toʻsinlarni ham buzib, hovliga tashlay boshlashgan edi.

Qanday qilib, tomga koʻtarilganimni, ikkinchi bir toʻsinni koʻchirayotgan odamning boshini koʻtarib turib, koʻkragiga musht tushirganimni bilmayman. U gandiraklab tomning zihiga yiqildi. Oʻrnidan turib hujum qilsa kerak, deb oʻylab, qoʻlimgʻa oyogʻim ostida yotgan lomni oldim. Lekin ishchi engagini ushlab sekin oʻrnidan turdi, uning buyrugʻini kutib turgan sheriklariga parvo qilmanglar, degandek qoʻl siltadi-da, menga qaradi.
— Bekor urding, oʻgʻlim. Bizda ayb yoʻq. Kichkina odammiz biz. Buyruqni bajaryapmiz. Sen raysovetga bor. Kattalar bilan gaplash. Qoʻchqorov bilan gaplash. Shunday mustahkam imoratni buzib, biz ham ezilib ketayapmiz. Hali yuz yil qilt etmay turardi uylaring. Bor, vaqtni ketkazma. Poylab turamiz kelguningcha.

Oʻsha zahotiyoq pastga tushib, koʻchaga yugurdim. «Qoʻchqorov, Qoʻchqorov! Kim ekan Qoʻchqorov?» Hansirab ijrokom tomon ketayapman-u, oʻzimdan oʻzim soʻrayman. Kim boʻlsa ham gapi gap boʻladigan, ishni hal qiladigan odam boʻlsa kerak. Ishqilib oʻzida boʻlsin. Oʻzida boʻlsa tushunishi kerak. Axir, nohaqlik, jinoyat yuz berayapti-ku? Tushunishi kerak? Shunday ishonch, shunday umid bilan rayijrokom binosiga yetib keldim. Qoʻchqorov ijrokom raisining oʻrinbosari ekan. Qabulxonasida yettitami, sakkizta odam oʻtiribdi. Ularga parvo qilmay. hansiraganimcha, eshikni shartta ochib, ichkariga kirdim. Uzun xonaning toʻrida qorachadan kelgan bir odam gazeta oʻqib oʻtiribdi. Tepasida Stalinning rasmi osigʻliq. Trubka chekib, menga qarab turibdi.
— Oʻrtoq Qoʻchqorov! Aka! — nafasim tomogʻimga tiqilib turganidan zoʻrra gapirardim. — Yerdam bering! Uyimizni buzishayapti. Ispolkomning qarori bor emish. Yordam bering, jon aka! Onam kasal yotnbdilar. Hozir boradigan joyimiz yoʻq. Dadam... Dadam...
— Qaerda uylaring? — soʻradi gapimni boʻlib Qoʻchqorov.
— Sapyornaya koʻchasida, — shoshib javob berdim. — Yigirma ikkinchi uy.
— Bekning uyimi? — u gavdasini rostlab menga tikildi.
— Ha, men Sulaymonbek akaning oʻrillari boʻlaman. — Yuragimda kandaydir iliqlik paydo boʻldi, shu odamning oʻzini topganimdan sevinib ketdim. «Bu hal qiladi, jinoyatni toʻxtatadi!» degan fikr yashin tezligida xayolimdan oʻtdi. — Oʻqishda edim. Kelishibdi-yu, buzaboshlashibdi. Tomning yarmini buzib boʻlishdi. Meni buyoqqa, sizning oldingizga kelganimni bilishadi. Javobingizni kutib turishibdi. Jon aka! Yordam bering. Shu yilcha qoldiring. Oʻzimiz buzib beramiz keyin.

Qoʻchqorov indamadi. Qoʻlidagi gazetani shildiratib, uyoq-buyogʻini koʻrgan boʻldida, oʻrnidan turdi, Shunda hayron qoldim. U pak-pakana, liliputdek odam edi. Buning ustiga semizligidan tep-tekis toʻnkaga oʻxshardi.

U keng stolni aylanib oʻtib, xonaning burchagida turgan, oʻzi kabi pakana seyf ustidagi ikki qulflik eski qora charm portfelini oldi-da, men tomon yurdi. Uning niyatini bilmay, roʻparamga kelgunicha yuragim ezilib ketdi. Roʻparamga kelganda, menga qaramadi ham. Jussasiga kelishmagan yoʻgʻon ovozda:
— Qani, yur! — dedi va eshik tomon yoʻl oldi.

Yuragim qinidan chiqib ketay dedi uning gapini eshitib.
— Rahmat. Rahmat, oʻrtoq Qoʻchqorov! — dedim sevinchim ichimga sigʻmay va orqasidan chiqdim.

Qabulxonadagilar gurr etib oʻrinlaridan turdilar. Qoʻchqorov hech kimga qaramadi:
— Ikki soatdan keyin kelaman.

Bironta odam soʻz qaytargani yoʻq.

Uyga yetay deb qolganimizda, Qoʻchqorov kimnidir koʻrib qoldi. Ikkovlari quyuq koʻrishishdi, keyin gapga tushib ketdilar. Qoʻchqorov ikki gapning birida qoʻllarini beliga tirab, kichkina dumaloq boshini orqaga tashlab kulardi va har zamon-har zamonda bizning uy tomonga qarab qoʻyardi. Men esa betoqat edim, ichimni it timdalardi, tezroq uyga borib, otamni tinchitgim kelardi. Oxiri chidolmadim, yaqinroq kelib ruxsat soʻradim. Qoʻchqorov ham, uning sherigi ham hayron boʻlib menga tikilishdi, lekin hech narsa deyishgani yoʻq. Men uyga yugurdim.

Otam hovlining oʻrtasidagi yaqindagina suvokdan chiqqan supaning zihida oʻtirardilar. Supaning oʻrtasidagi xontaxta yonida esa oyim ishchilarga choy quyayotgan edi. Opam yozgi oʻchoqboshda ovqat qilayapti.

Birinchi boʻlib meni haligi men urgan ishchi koʻrdi.
— Keldingmi, oʻgʻlim? Mana, hech narsaga tekkanimiz yoʻq. A, opa, toʻgʻrimi?

Oyim minnatdor boʻlib, jilmaydilar.
— Oʻrtoq Koʻchqorovning oʻzlari kelayaptilar! — dedim men ham minnatdor ohangda. — Yaxshiyam meni ispolkomga yubordingiz. Hozir oʻzlari keladilar. Koʻchada ushlanib qoldilar.

Otam mehribonlik bilan menga qaradilar.
— Rahmat, oʻgʻlim.

Koʻp oʻtmay Qoʻchqorov kirib keldi. Hamma beixtiyor oʻrnidan turib ketdi.

Qoʻchqorov hech kim bilan soʻrashmadi. Toʻppa-toʻgʻri haligi men urgan ishchining oldiga kelib baqirdi:
— Samad! Nega yalpayib oʻtiribsanlar? Bir hafta burun kelishlaring kerak edi bu uyga. Plan nimaligini bilasanlarmi senlar?! Turlaring! Bugunoq tugatlaring!

Uning gaplaridan men hang-mang boʻlib qolgan edim. Makkorlik bilan meni yosh bola qilib addagani ham mayli, ota-onam oldida, ishchilar oldida meni u bu gaplari bilan sharmanda qilgan edi. Hech kimga qarolmay, iliklarimgacha boʻshashib, supaga oʻtirdim.

Qoʻchqorov otamga oʻgirildi.
— Sulaymonbek! Bekligingizni tashlang. Sal yerga tushing. Bil’aks akangizning yoʻlidan ketasiz. Faqat Ukrainaga emas, Sibirga. Hukumat sizga, bir oy burun qaror yubordi. Tamom-vassalom! Odamlarni oʻrtaga qoʻyib, oʻgʻlingizni ispolkokga yuborib nima qilasiz? Bilib qoʻying, uyingizning ustidan sovet koʻchasi oʻtadi, sovet mehmonxonasi tushadi shu yerga!

Oʻzidan ikki baravar baland odamga boʻyni singudek boʻlib pastdan yuqoriga qarab, savlatliroq koʻrinish uchun oyoqlarini yirib, dagʻal muomala qilayotgan koʻrimsiz pakana bir kishining holati gʻayri tabiiy, kulgili holat. Ammo oʻshanda bunday koʻringani yoʻq. Hammamiz ichimizda gʻazabimiz qaynayotgan boʻlsa ham jim uni eshitardik.
— Hamma toʻpolon qilsa ham, siz qilmang. — U hovridan tushgandek boʻlib maslahat berdi. — Urushda bedarak ketganlarning koʻpi qaerdaligini yaxshi bilamiz. Oʻshayoqlarda ham dushmanlik qilib yurishibdi. Akasi dushman boʻlgandan keyin, ukasi kim boʻlardi?

Men yalt etib otamga qaradim. Shu paytgacha, ogʻirlik qilib, sukut saqlab turgan otamning yirik qoʻllari musht boʻlib tugildi. Shundan keyingi uning harakatlarini aniq aytib berolmayman. Bir mahal Qoʻchqorovning kalta oyoqlari tepamizda, boshimiz ustida pildiray boshladi. Otam uni boshlari uzra dast koʻtarganlaricha, koʻcha eshik tomon uch-toʻrt qadam bosdilar, keyin bir siltanib uloqtirdilar. Koʻchqorov uchib borib, somon tiqilgan qopdek doʻp etib yoʻlkaga tushdi. Bir-ikki dumalab oʻrnidan turar ekan, yoʻtal aralash «melisa! melisa»! deb qichqirdi va oqsoqlanib koʻchaga qochib chiqib ketdi.
— Haromi!

Otamning aytgan gaplari shu boʻldi. Birdan gandiraklab ketdilar. Yugurib borib qoʻltiqlaridan oldim. Bir amallab supaga oʻtkazdim. Ammo oʻtirolmadilar, yotib, oyim uzatgan yostiqqa boshlarini qoʻydilar. Opam muzdek vodoprovod suvida sochiq hoʻllab keldi. Peshonalariga qoʻydik. Doktor chaqirishga koʻnmadilar. Esimni taniganimdan beri birinchi marta, u kishini shunday, betob holda koʻrishim edi, xoʻrligim kelib ketdi. Ichimda yigʻladim ham. Hovlida esa taqira-tuqir yana boshlangan, ijrokom ishchilari endi hech ikkilanmasdan, hech narsani ayamasdan uyni buzishga tushgan edilar.
— Kamolbek, — chaqirdilar bir mahal otam. — Shu yerdamisiz?
— Shu yerdaman, dada!

Koʻkraklariga qoʻlimni qoʻydim. Otam koʻzlarini ochmoqchi boʻldilar, ammo ocholmadilar. Timiskilanib, tirsagimdan ushladilar,
— Bitta ishingiz bor, oʻgʻlim...
— Xoʻp boʻladi, dada! — dedim qoʻllarini silab.
— Ahmadjon tunukapurush degan odam bor. Maktabning roʻparasida turadi. Shundan ikki yarim ming qarzim bor. Uzib qoʻyish kerak.
— Xoʻp boʻladi, dada, — dedim men, ammo gapimni eshitdilarmi, yoʻqmi, bilmayman. Tirsagimni ushlab turgan qoʻllari shilq etib koʻrpacha ustiga tushdi.
— Dada!!

Bor ovozim bilan qichqirib yuborganimni oʻzim bilmay qoldim.

Birpasda uyimizni qiy-chuv bosib ketdi. Otam oʻshanda oltmishga kirgan edilar. Mahalla imomi, keksalar ikki yosh qoʻshib, paygʻambar yoshida, deb chiqarishdi. Yettilarini ham shu, oʻzlari qurgan, endi esa yarmi buzilib vayron boʻlib yotgan uyda oʻtkazdiq. Ertasiga ammamning oʻgʻillari yana oʻz hovlilariga bizni koʻchirib olib ketishdi. Ijrokomning ikki xonalik kvartiraga bergan orderi supada, eski sholchaning tagida qolganicha qoldi.

Otamizga yil oshi berganimizdan soʻng, oyim, togʻalarimning qistovi bilan opam ammamizning nevarasiga turmushga chiqdi. Turmushlari yaxshi. Pochcham ikkalovi bobolaridan qolgan, ammo endi ancha kengaygan maktabda oʻqituvchilik qilishadi. Beshta farzand koʻrishgan. Hammasi oʻgʻil. Qonga tortar ekan. Jiyanlarim ham gavdali, polvon yigitlar. Endi oila qurib, bola-chaqalik boʻlib ketishgan. Oyimning maslahati bilan boʻlsa kerak — amakilarim, otam bir joyda yashaganlarini maqtab-maqtab gapirardilar, — Oʻsha hovlining oʻzida, opam bilan yonma-yon turishadi.

Opamning toʻyidan keyin yil oʻtmay, oyim ikkalamiz Doʻmbiroboddagi uchastkaga koʻchib bordik. Kanikul payti zominlik kursdoshim Abdukarim degan, xuddi mening jiyanlarimga oʻxshagan pahlavon yigit bilan otamdan qolgan polvon qolipda gʻisht quydik. Eski uydan deyarli butun gʻisht chiqmadi. Buldozer solib agʻdarilgandan keyin butun chiqarmidi? Tunukalarning ham yarmidan koʻpi qoqishga yaramadi, lom bilan koʻchirib ilma-teshik qilib yuborilganidan chiqindiga chiqib ketdi.

Oyim imorat bitganini koʻrmadilar. Hovlining etagida omonat qurilgan hujrada otamning oʻlimidan oʻn yil oʻtgach, qanday tinch yashagan boʻlsalar, shunday tinch qazo qildilar. Uyni xotinim ikkimiz bozordan bittadan yogʻoch, bittadan taxta tashib, qurib oldik. Hali ham bitdi deyish qiyin, hali ham chalasi koʻp. Ammo uyning ikki chetidan yoʻlkalarga tushgan ikkita tarnovni tom yopilgan yiliyoq qoqtirib qoʻyganmiz. Ikkalovining tepasida otamdan qolgan ikkita xoʻroz turibdi. Shamol koʻtarilgan paytlari ikkalovi tebranadi. Qanot yozib, qichqirgandek boʻladi. Ularning ovozini eshitaman, otam koʻz oldimga keladilar, bolaligim oʻtgan eski hovlini eslab ketaman.

Uchinchi kursga oʻtganimda dilimda turgan otamning vasiyatini bajarish imkoniyati tugʻiddi. Matematikadan oʻtkazilgan konkursda gʻolib chiqib, ikki ming soʻm mukofot oldim. Boʻlajak xotinim bilan Ahmadjon tunukafurushning uyiga bordik. Otam tengi odam ekan. Shunga qaramay, biz borganimizda, baland paxsa devorga minib olib tunuka karnizni tuzatayotgan edi. Ezilib ketdim. Hech ish qilmasalar ham, otam oʻz tengdoshlari qatori yursalar boʻlmasmidi?!

Ahmadjon ota avval olmayman deb turib oldi. Qistaganimizdan soʻng olib, duo qildi, bizga baxt tiladi.
— Otangiz yaxshi odam edi, — dedi ketayotganimizda, — Mabodo, zarurat boʻlib qolsa, keling. Men yo uyda boʻlaman, yo otangiz, Sulaymonbekning choyxonasida.

Hayron boʻlib unga qaradim.
— Ha, otangiz bosh boʻlib, choyxona qurganmiz, — dedi usta meni tushunib. — Shundoq Mirobodning belida. Har kuni qari-qartanglar oʻshatda boʻladi...

Mana shunga chorak asrdan oshdi. Ahmadjon tunukafurush oʻlib ketdi. Otamning tengqurlari, tanish-bilishlaridan deyarli hech kim qolmadi. Qoʻchqorov yuribdi. Yurish-turishidan, gaplaridan hali tetik. Men unga oʻlim istaganim yoʻq. Yashasin, bola-chaqasining rohatini koʻrsin. Lekin nega yaxshi odamlar kam yashaydi? Nega ularning hayoti koʻpincha azob-uqubatda oʻtadi? Kimning adolatsiz hukmi, qanday bemantiq qonun shunday qoladi? Yaxshiga kun, yomonga oʻlim yoʻq.Kim buni toʻqigan?

Oʻsha, Qoʻchqorov kelib-ketgan kuni arxitektor bilan gaplashdim. Yoʻl bir oz surilsa boʻlar ekan. Shunday qiling, dedim. Dedim-u, oʻzimdan xafa boʻlib ketdim. Chap yuzingga urganlarga oʻng yuzingni tut, deganlari shu boʻlsa kerak. Nima zarurati bor edi? Kim meni urishardi yoʻl loyihadagidek qolsa? Hech kim. Lekin bilaman, oʻzim azob chekardim.

Ertasiga ertalab ishxonaga kelsam, ijroqom eshigi oldida Qoʻchqorov turibdi. Meni koʻrib qarshimga yurdi.
— Sizni kutib turuvdim. Rais uka, rahmat! Martabangiz bundan ham baland boʻlsin, dard koʻrmang.

Men indamay yonidan oʻtib ketmoqchi edim, toʻxtatdi.
— Uka!... Sizga aytadigan zarur gaplarim bor... Rayon...

Oʻzimni tutolmadim, tutoqib ketdim:
— Xalq dushmanining oʻgʻliga qanday gapingiz boʻlishi mumkin? Men Sulaymonbek akaning oʻgʻliman.
— Toʻxtang, toʻxtang, uka! Qaysi Sulaymonbek? — U dakkam-dukkam qoshlarini chimirib menga yopishdi. — Hali-gi...
— Oʻsha, oʻsha! — dedim zarda bilan va yumshoq qoʻllarini siltab qoʻlimni boʻshatdim-da, ichkariga kirib ketdim.

Kun boʻyi oʻzimni bilmay, qilgan ishlarymda tayin boʻlmay yurdim. Shu kichkina, badbashara, doʻppisini deb kel desa, boshi bilan olib keladigan beshafqat odam tufayli koʻrgan kulfatlarimizni xayolimdan haydayman, lekin yana boʻlmaydi. Qaytar dunyo! Nimasi qaytar? Yaxshining bevaqt oʻlimi-yu, yomonning umri boqiyligimi? Qaytar emas, vafosiz dunyo.

Shunday, noxush xayollar bilan kunni kech qildim. Uyga ketay deb turganimda, kotiba qiz kirdi.
— Bir guruh qariyalar siz bilan uchrashishni iltimos qilishayapti.
— Kimlar?
— Mirobodliklar. Borishga qiynalamiz. Iloji boʻlsa oʻzlari kelsalar, deyishayapti. Sulaymonbekning choyxonasida kutisharmish. Borasizmi?

Bu gapni eshitib, yengil tortib ketdim, koʻkragimdan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Sulaymonbekning choyxonasi... Demak, otam tirik. Yaxshilik qolar ekan, toptab boʻlmas ekan uni.
— Boraman, albatta boraman. Qaytar dunyo!
— Nima? — hayron boʻlib soʻradi kotiba.
— Xalkda shunday gap bor, — tushuntirdim oʻzimcha. — Qaytar dunyo. Bir kun gapirib beraman.

U hech narsani tushunmadi.

1990